OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNabi Jaloliddin
Asar nomiXudobexabar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Nabi Jaloliddin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm22KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xudobexabar (hikoya)
Nabi Jaloliddin

«
Meni samo tushungaydir,
Sen, ey inson, tushunmaysan.

Muhammad Yusuf
»

-Ha, Xudo yoʻq! -deb yubordi u qoʻqqisdan ovoz chiqarib.

Soʻng qulogʻiga bir sukunat urildi. Haligina hammayoqni «visir-visir»ga oʻxshash yengil shovqin qamrab turganidi-ku. Aytganday, sinfxonadaydi-a. Koʻz oldidagi xira parda koʻtarilib, roʻparasida oʻn besh chogʻli bola paydo boʻldi. Ularning barchasi hayratdan chaqnagan koʻzlarini unga qadab oʻtirishardi. Nima boʻldi oʻzi? Nega bolalar kitob oʻqish oʻrniga unga tikilib turibdi? Xuddi qandaydir jumboqqa izoh kutayotganday. Esladi: bolalarga har doimgidek darslikni oʻqib oʻtirishlarini buyurib, oʻzi birpas sinf jurnaliga yozgan boʻldi. Keyin xayoli chalgʻidi, nelar haqidadir oʻyladi, oʻzicha mushohadalar qildi.

Bu toʻqqizinchi sinf -kap-katta bolalar emasmi, darslik oʻqish qolib, bir-birlari bilan gaplashishga tushib ketishgandi-da. U bunga koʻnikib qolganmidi yoki oʻyi chindan ham shirinmidi, qulogʻini gʻajiyotgan shovqinga-da parvo qilmasdi. Shu asno... Ha-ha, orada nimadir dedi. Ovoz chiqarib aytdi oʻsha gapni. Nihoyat, beixtiyor aytib yuborgan gapini esladi. Esladi-yu, gʻalati boʻlib ketdi -eti jimirladimi, seskandimi, shundagina bolalarning nigohlaridagi ma’noni uqdi.

-Hmm... -dedi dagʻal ovozda.. -Domla koʻrmaganmisanlar? Kitobingni oʻqilaring!

Bolalar bir-birlariga qarab olishgach, tagʻin «visir-visir»ni boshlashdi...

U tarix fanidan dars beradi. Aslida bolalarga dars oʻtishni yaxshi koʻrardi. Lekin endigina qirq yoshga kirayotganiga qaramay, ishidan bezdi. Darslik kitoblarining har yili yangilanishi joniga tegdimi yoki bugungi gapi ertaga yolgʻonga aylanayotganidan tarix asli yolgʻon-yashiqdan iborat, degan fikrga keldimi va nihoyat ikki yilcha burun onasi qazo qilgach, darsdan koʻngli qoldi. Sinfxonaga kiradi, bolalarga kitob oʻqib oʻtirishni buyurib, oʻzi sinf jurnalini toʻldiradi, goho esa bir-ikki bolani turgʻazadi-da, «senga necha qoʻyib beray», deya hammalariga oʻzlari aytgan bahoni qoʻyib beradi. Haytovur bolalarda insof bor, ya’ni a’lochisi -a’lo, yaxshi oʻqiydigani -yaxshi va boringki, undan narisi esa «oʻlmagulik» baholarni soʻrashadi. Hech biri oʻz qurbidan ortigʻini tilamaydi. Shunisi qiziq. Ammo birontasi nega dars oʻtmaysiz, deya soʻramaydi. Oʻzbek-da. Ehtimol koʻcha-koʻyda yoxud uylarida domlaning bu koʻyini oʻzlaricha muhokama qilishar, biroq yuz kelib bir soʻz aytmaydi. Dars oʻtilmasligi barcha bolalarga xush yoqadi, deyish haqiqatga zid boʻlsa-da, aslida ularning oʻqishni juda unaqa xushlayvermasligi rost. Mana, hozir noyabr oyi. Paxta terimi erta tugab, oʻqishlar erta boshlandi. Lekin bolalarning oʻtirishi manovi – oʻn yo oʻn besh kishidan nariga oʻtmaydi. Qoʻyingki, unga bu narsa ham ta’sir qilgandir.

-Qani, -dedi u dab-durustdan va bir necha bolaning familiyasini aytib turgʻazdi. -Kimga nechchi qoʻyib beray?..

Maktabning yelkasi bukriga oʻxshab koʻringuvchi qotma qorovuli oʻz hujrasining oldida turarkan, xuddi bir ishi borday unga tikildi. Uning «boʻpti, boʻmasa», deya beparvo oʻtib ketganini koʻrib, «yaxshi boring», degancha qolaverdi.

Avvallari u ishdan uyga qaytishni yoqtirardi. Darslari tugadi deguncha uyiga yugurardi, uyda onasi, xotini va qizi orziqib kutayotganday tuyulardi. Ayniqsa, onasi hamisha sogʻinadigandek, birpas koʻrmasa yillab koʻrishmagandek tutardi oʻzini. Ehtimol buni ataylab qilmas, balki onajonining jonu jahoni sogʻinchdan iboratmidi. Xotini boʻlsa... oddiygina qishloq ayoli. Xotini uni sevmasdi, deyish erish tuyulsa-da, koʻpda mehri sezilmasdi va ba’zi xatti-harakatlaridan ayon boʻlardiki, unchalik tushunmasdi ham. U ona-bolaning gap-soʻzlaridan oʻzi istamagan holda hayratga tushar, oxiri qanday tugarkin, deya kutib yashardi. Qizchasini tugʻishda rosa qiynalib, qaytib farzand koʻrmaydigan boʻlib qolgach ham bu fe’li-xoʻyi oʻzgarmadi.

U esa onasi borligi uchun, toʻgʻrirogʻi, onasini oʻlmaydi, deb oʻylagani, ehtimolki onasining oʻlimini xayoliga ham keltirmagani uchun bitta farzand – yolgʻizgina qizaloq bilan qolganligiga-da parvo qilmadi.

Ishdan kela solib, hovlisidagi u-bu narsalarga, bittagina oshingan tuyogʻi -buzogʻiga qarab-netgan boʻlardi-yu, onasining yoniga oʻtirib olardi. Onasi bilan gaplashish unga juda-juda xush yoqardi. Yo onasi dunyodagi borki narsalardan boxabar, yoki suhbatdoshini rom qilib oladigan sirli-sehrli nimasidir bor edi. Onasi koʻp va gohida mutlaqo gapirmasdi. Ammo unga suhbatlashayotgandek tuyulardi. U mayda-chuyda gaplardan tortib, tarixga oid narsalardan va ba’zan siyosatdan soʻzlanib qolsa, onasi jimgina eshitar, ora-sira javob tariqasida aytgan gaplari oʻrniga tushganday boʻlardi. Masalan, turkiy sulolalarning hukmronlik davrlarini yoki har qanday tirik tuzilma hujayra va unsurlarga, ular esa yana-da maydaroq unsurlarga boʻlinishini onasi bilmasligi mumkin edi. Lekin, nazdida, ular haqida gapirilsa, koʻrpaga mangʻiz qadashni bilgani kabi, hech bir zahmatsiz tushunayotgandek koʻrinardi.

Endi esa hech kim yoʻqligi bois uyiga oshiqmaydi. Onasi olamdan oʻtgach, xotini bir yilga ham chidamadi, he yoʻq-be yoʻq tashlab ketdi. Yo domlavachcha bilan yosh umrini xazon qilishni istamadi, yoki qaynonasining qazosidan soʻng uyidan nimadir yoʻqolganday boʻldimi, eri indamasga aylangach, uning onasi bilan qiladigan ajabtovur suhbatlarini qoʻmsadimi, qizini yetakladi-yu, onasinikiga joʻnavordi. Xotinini yoqtirmasligi yolgʻon, ammo uyidagi til-zabonsiz buzogʻi bilan suhbatlashishi mumkin edi-yu, bu baxtni xotiniga ravo koʻrmasdi. Ehtimol u bilan gaplashganda koʻnglida oʻzi istagan halovat tugʻilmasmidi. Buni ayoli his qildi va toʻrva-xaltasini koʻtarib...

Darvozadan xatladi-yu, qulogʻiga tanish huvillash urildi, kuppa-kunduz boʻlsa-da, hovlisi qop-qorongʻidek tuyulib ketdi. Avvaliga xiyol toʻxtalib, soʻng yurish malol kelayotgandek odimlab, loy suvoqli ayvonga koʻtarildi va kitob-daftarini soʻriga tashlab, hovlining etak tomoniga yurdi. Qaytishida buzoqning ostidagi goʻnglarni beti-yu sopigacha goʻng tegib, qotib ketgan ketmon bilan toʻplab olib tashladi. Bu yumushni hafsala bilan bajardi va «mol-paqir»ni koʻtarib, qoʻlda chiqariladigan suv quvuri -«kachalka» oldiga keldi. Suv chiqarib, buzogʻini sugʻordi, oʻt soldi. Yuz-qoʻlini yuvdi va ayvonning bir chetida turgan qoʻlbola plitani elektrga ulab, choy qoʻydi. Axir taomilga binoan nimadir yamlab olishi kerak-ku. Uning tushligi nima ham boʻlardi – choyu non-da... Soʻrining chetiga oʻtirib, choyning qaynashini kuta boshladi. Shu payt darsda aytib yuborgan gapi miyasiga urildi. Tavba, nega u gapni aytdi? Nima haqida oʻylayotuvdi oʻzi? Chatoq boʻldi-da... Lekin esini tanibdiki, Xudoni koʻp oʻylaydi. Faylasuf boʻlib ketadi. Bir kuni onasiga shuni aytgandi, oʻsha qishloqigina kampir nima dedi, deng. «Ollohni oʻylash ham ibodat, bolam», dedi. Bunaqa gapni hech kimdan eshitmagandi va hali hanuz eshitmadi. Shuning uchun onajoni boʻlakchaydi-da... Xudo yoʻq emish!.. Shu gap oʻzidan chiqdimi? Axir bir paytlari...

Oʻshanda institutni bitirib, maktabga yaqindagina kelgan kezlari edi. Yurtda shoʻroning aqlpeshalari quturib, qayta qurish bahona, hokimi mutlaq firqaning farmoyishlaridan ilhomlanib, dinga, milliy urf-odatlarga gʻorat sola boshlagan zamon kechardi. Hatto erkakkepata xotinlar uyma-uy sanqib, kelinlarning sepiga tushgan koʻrpa-toʻshakdan tortib, koʻylak-lozimlarigacha sanab chiqardi. Firqaning boshqa qiladigan ishi qolmagandi, chogʻi, yugurdaklari eru xotinlarning yotoqlarigacha bostirib kirishardi. Ana oʻshalar qishloqdagi tarixi yuz yildan nariga boradigan, aslida koʻmirxona-yu axlatxonaga aylangan masjidga ziyrak nigohlarini olaytira boshlashdi. Koʻhna masjidni buzib, oʻrniga doʻxtirxona quradigan boʻlishdi. Bunaqa paytda odatda oʻqituvchilar targʻibotchiga aylanishadi. U esa bir-ikki imonparast keksalarning gapi bilan masjidning buzilishiga qarshi chiqdi, yigʻilishlarda oshkora gapirib yubordi. Shov-shuvlar firqa kotiblarigacha yetib bordi. Ular nima qilishardi, ishni eng avvalo rahbarlarga dagʻdagʻadan boshlashadi-da. Oʻshandayam maktabda hozirgi direktor rahbar edi. Yaqindagina lavozimli boʻlgani uchun firqaning keyingi muruvvatlaridan umidvor boʻlib yelib-yugurardi. Unga «bitta domlangni eplab ololmasang, nima qilib oʻtiribsan u yerda», deya doʻq urishdi. Kapalagi uchib, majlis chaqirdi, tarix muallimini buzgʻunchilikda aybladi. Muallim ham boʻsh kelmadi, keksalarning imzosi bilan Toshkentga xat yozdi. Direktor uni oldiga chaqirib, yalinganday boʻldi:

-Sizga nima keragi bor shu gʻalvaning? Ashi choldevor machitni otayiz qurmagan-u!.. -deya boʻgʻriqdi.

-Ashi choldevor, bilsayiz, qishlogʻimizni tarixi, -dedi u. -Bundan tashqari, chollarning gapiga qaraganda, machit Xudoni uyi boʻlarkan. Xudoni uyini...

Direktor yigʻlaguday alpozda uning gapini boʻldi:

-Ey-y, sizi Xudoyizi deb ishdan haydalib ketaymi, uka!..

Firqaning kuni bitib qolganmidi, Toshkentdan oʻris-oʻzbek aralash odamlar keldi-yu, masjidni tarixiy ahamiyatga ega, deya roʻyxatga olib ketdi.

U direktorning gaplarini onasiga aytib berganda.

-Ashnaqa dedimi-ya... -degandi onasi tavba ohangida. -Hm-m... Xudoni ishlarida hikmat koʻp-da, bolam. Ashi diriktiring sakkiz oylik tugʻilgan. Oʻzi yetti oy, toʻqqiz oylik tugʻilgan bollar yashab ketadi, ammo, sakkiz oyligi oʻladi, deyishadi. Diriktiringni oʻlmay qoganida gap bor ekan-da...

Oʻsha yili uylandi. Ana endi alamzada direktorning boplab oʻch olganini koʻrsangiz edi. Uning islomiy nikoh oʻqitganini «fosh etib», firqa tashkilotiga «signal» yozdi. Oʻshanda oʻqituvchilarga ham shar’iy nikoh oʻqitmaslik toʻgʻrisida maxfiy topshiriqlar berilgan ekan, uni maktab jamoasi oʻrtasida muhokama qilib, komsomol safidan oʻchirdilar. Xayriyatki, komsomolu firqaning ham va hatto ularga panoh davlatning ham paymonasi toʻlib, zamon bir evrildi-yu, joni omonda quyoshli kunlarga chiqib oldi. Onasi yana sirli jilmayib, oʻgʻlini nigohi bilan donishmandona erkaladi-da, dedi: «Yaxshiyam zamon aylandi, bolam, boʻmasa, sening nomingdan «Xudoga ishonmayman», deb yozishib, suratingminan gazitaga chiqarishardi».

Plitadagi suv qaynadi. Xayoli boʻlindi, erinibroq oʻrnidan turib, uydan choynak va piyola olib chiqib, suvda chaydi va shama aralash suvni ayvondan nariroqqa sochdi. Choynakni qaynoq suvda ham chaydi-da, choy damlab, plitaga qoʻydi. Biroz dogʻlansa juda oʻtadi-da. Yana uyga kirib, yarimta suvi qochgan non koʻtarib chiqdi va taxtadan yasalgan pastak qoʻlbola oʻrindiqqa oʻtirdi. Xotini shunda oʻtirib, kir yuvardi. Unda hovlining chetidagi olma ostida yotardi. Xotini boʻlmagach, unaqa hafsala bilan kir yuvish qayda, ust-boshiniyam oʻzi apil-tapil mijgʻilab oladi. Shuning uchun oʻrindiq hozir plita yonidan joy topgan. U plita yonida mana shu oʻrindiqda oʻtirib, tamaddi qilishni yoqtiradi. Bu kuzning ayozli kunlarida juda xush yoqadi, chunki plitaning qip-qizil choʻgʻidan taralgan taft tanni huzurli ilitib turadi.

U choyni bir-ikki qaytarib, yana plita ustiga qoʻydi. Birozdan soʻng ishtahani qoʻzgʻar darajada dogʻlangan xushboʻy choydan piyolaga quyib, bir toʻrgʻam qotinqiragan nonni botirdi. Xiyol muddat oʻtgach, non ividi va u xuddi tanqis taom yeyayotgandek havasli ishtaha bilan yamlashga tushdi. Bunchalar mazali boʻlmasa-ya! Har kuni anvoyi taomlarni tanavvul qilguvchi boyu boyonlar ham bunaqa maza qilmasa kerak. Xudoning hikmatiyam shunda-da -eyilajak taomning barakoti, harom-halolligi va nihoyat tanaga singish-singmasligi oʻzining ixtiyoridadirki, bu borada bandasi ojizdir. U istasa, bir dona xurmodan nafsing orom oladi, istasa, togʻ-togʻ ne’matlarni yamlamay yutsang ham yana ochligingcha qolaverasan yoxud agar istasa, halol taomlarni sen uchun harom va aksincha, harom taomni sen uchun halol qilib qoʻyguvchi Zotdir. Oʻh-hoʻ, deya jilmaydi oʻzicha, ancha-muncha masjid imomini ham oʻsal qilgulik alpozing bor ekan-ku, bola, ja falsafa soʻqib qolding. Oʻzing haligina «Xudo yoʻq», deb turuvding-ku. U yonida hech kim boʻlmasa-da, rostmona xijolat tortdi va yana maktab direktorini esladi. «Sizni Xudoyingizni deb ishdan boʻshashni istamayman», degan odam yaqinda butunlay boshqacha sayradi.

Qishloqning fermerga aylangan yangi boylaridan biri mahalladagi toʻyda rosa maqtandi. Oʻquvchilarga issiq ovqat, a’lochilarga stipendiya beryapman, deya ogʻzini koʻpirtirdi. Uningcha, domlalar juda noshukur boʻlib ketganmish, shuncha yaxshiligini bilmasdan uni «kovlashayotganmish». Boʻlmasa, domlalarga ham ancha-muncha muruvvat koʻrsatmoqchi ekan. U davrada oʻtirgandi, fermerning gapi ogʻir botdi. Til suyaksiz-da, erk berib yubordi. He, oʻsha minnatli shoʻrvangdan oʻrgildim, dedi-da, ogʻzidan koʻpik sachratib maqtanayotgan ishlari bari qogʻozda ekanligini, direktor ikkovi til biriktirib, ham pul, ham obroʻ orttirayotganliklarini aytib soldi. Ha-da, bolalar haftada bir ovqat yesa yeydi yoki yoʻq. Ammo qogʻozda har kuni yedi, deb yoziladi. Buni koʻpchilik biladi, lekin... Oʻzbekchilik-da... Ertasiga direktor xonasiga chaqirib, ancha u-bu, dedi. Qishloq bolalariga gʻamxoʻrlik qilayotgan shundayin fermerning qadriga yetmayotganlikda, tuhmatchilikda aybladi. Agar bolalarning haqqini yesa, albatta teshib chiqishini aytib, oʻdagʻayladi, «Shuni bilmasayiz, xudobexabar odam ekansiz», deya chekchaydi. U esa kulib qoʻya qoldi...

Nonni yeb, choyni oxirigacha qurra-qurra ichdi. Qoʻy yogʻi, qoʻy goʻshtiga osh yeganday maza qildi. Plitani oʻchirib, choynak-piyolani tokchaga qoʻydi. Tokchada hamisha bir quti sigaret bilan gugurt turadi. Har zamonda – ovqatlanganidan soʻng yoki araq-paraq ichganda tamaki chekish odati bor. Labiga sigaret qistirib, gugurt chaqarkan, sandalga oʻtni haliroq qilarman, hozir solsam, yarim kechaga bormay sovib qoladi, degan gap xayolidan oʻtdi. Noyabrning oxiri-qishning ostonasi, kechalari tuzukkina sovuq turadi. Bosib-bosib tutun soʻrarkan, ayvondan pastga tushdi. Ogʻzi-burnidan tutun burqsitib, nigohi hovlining allaqaerida tentiradi. Ozgʻin, buning ustiga, sovuqdanmi, mungʻayib turgan buzogʻiga birpas tikildi. Nazdida, buzoq zerikayotganday va hatto gʻamginday tuyuldi. «Ha, jonivor-a, bu kimsasiz huvhuvistonda sengayam jabr boʻldi-da». Gapi oʻziga ta’sir qilib, jilmaydi -huvhuviston. Qoyil! Yo sotib yubora qolsamikin-a? Buzoq boqib nimayam qilardi. Ilgari oshinganim, deb asrardi. Endi oshinganining kimga keragi bor? Toqayta (aksincha), jonivorni qiynagani qoladi. Yuragi siqilib, uf tortdi. Tentiragan nigohi «kachalka»dan beriroqda beton suvoqni yorib chiqqan maysada toʻxtadi. «Yo Olloh, shu tobda -kuz ayozida jon talashib nima zaril-a senga?!» Maysaga yaqinlashib, enkaydi. Makkajoʻxorining niholiga oʻxshagan uchta uzunchoq yaproqli yam-yashil oʻt. Betonni yorib chiqibdi-ya shu nozikkina holiga. U tesha bilan eski mix topib keldi-da, choʻnqayvolib, maysaning ostini yumshata boshladi.

-Erta yo indin qor yogʻadi, sovuq tushadi. Baribir oʻlasan-ku, jonivor! Bemahal dunyoga kelib nima qilasan? Yo bahor kirdi, deb oʻyladingmi?..

Ertalab kiraverishda yana qorovulga roʻpara boʻldi. U bilan soʻrasharkan, qoʻliga pul qistirib, dedi:

-Beshinchi soatdan keyin boʻshayman.

-Xoʻp, domla, -qorovul battarroq bukchaydi. -Bemalol chiqovrasiz.

Uning koʻngli gʻash edi, nima bilandir andarmon boʻlib, yozilmasa, kunning qarishi mahol koʻrinardi. Shuning uchun qorovulning va u bahona topilajak huzurning «vaslini» kutib, darslarini tugatdi. Qorovul allaqachon unga mushtoq turardi. Omadini qarang -qorovulxonada hech kim yoʻq, kirchimol sochiq ustida bir toʻrgʻam non, kichkina likobchada hafsala bilan mayin qilib toʻgʻralgan piyoz.

-Charchamay chiqdiyizmi-ey, domla? -dedi qorovul oʻtirishga undab va burchakdagi taxta quti ostidan bir shisha araq chiqardi. Ichi sargʻayib ketgan piyolalarga salkam toʻlatib quydi-da, shishani tagʻin quti ostiga yashirib, shivir aralash xiringladi: -Doʻst kelib, dushmanning ishini qimasidan, qani, urdik!

Araqni bir nafasda sipqordilar. Nonni ikkiga boʻlib olgach, piyozni aralashtirib yeyishga tushdilar.

-Omma dirixtir bilib qomasin, -deb qoʻydi u balki yuzinchi bor, qorovulning sotmasligiga ishonsa ham.

-Ie, domla, qizigʻmisiz... -Qorovul shishani olib, boyagichadan quydi-da, tagʻin joyiga berkitdi. -Oralaringdagi gaplardan xabarim bor-ey.

Piyolani boʻshatgach, bir burda nonni piyoz aralash ogʻziga solarkan, dedi:

-Menga boʻldi, qoganini oʻziz...

-Ie-ie!.. -dedi qorovul uning fe’lini bilsa ham. -Bizga koʻplik qip qolar.

-Kechqurun ichas-da, aka.

Non ham, piyoz ham tugadi. Nafslari orom olmagan boʻlsa-da, ogʻizlarida nordonroq yoqimli ta’m qoldi.

-Bitta sigaret boʻgandami... -deb qoʻydi u tamshanib.

Qorovul shoshib turdi-da, deraza yorigʻiga qistirilgan bir dona sigaretni olib, uzatdi.

-Biz nos chekamiz-u, omma sizga yes qilamiz-da, poshsho yigit, -dedi ulfati odamlar ohangida.

U yayrab ketdi.

-He, yashang, aka, mana shunaqa odatlariyzga borman-da!

Birovi nos chekib, biri tamaki tutatib, u yoq-bu yoqdan gaplashib oʻtirdilar. Uning koʻngli xiyol yorishdi, qoʻngʻiroq chalinganda oʻrnidan turdi. Darvozadan chiqarkan, ertalabdayoq xayoliga kelgan orzusini esladi: uyda ikki dona tuxum bor, bitta kartoshka toʻgʻrab, qovursa, shohona tushlik boʻladi-da. Ustiga bitta piyoz ham toʻgʻrab qoʻyadi. Oh-oh, non bilan qoʻshib, bir maza qilsin. Aytganday, guzardan ikkita non olvolishi kerak.

Peshin namozi tugagan chogʻi, hov narida har yoqqa tarqayotgan odamlar koʻrindi. U beixtiyor bir seskandi, ammo bu koʻyini tushunolmadi, tushunishga-da urinmadi. Naqshinkor peshtoqlari koʻchadan ham koʻrinib turgan masjid roʻparasiga yetganda uning hashamatli darvozasidan imom chiqib qoldi. Oʻzi tengi yigitning boshida ixcham salla, soqol-moʻylovi hafsala bilan qirtishlangan, bagʻoyat ohorli kiyingan. U hamisha shu toifa din peshvolarini uchratganda oʻtgan asrning boshida paydo boʻlgan oliftaroq odamlarni eslaydi. Xalq ularni «faranglar» deb atardi. Lekin bu gapni tiliga chiqarmagan, bilib boʻladimi... Qoʻlini koʻksida tutib, imomga salom berdi. Imom allaqachon unga qarab turardi va qiroat bilan alik olarkan, bir muddaosi borday u tomonga qadam tashladi. Ob-bo, dedi ichida gʻashlanib, soʻrashmoqchi, shekilli. Manovining hidi...

-Domla, sizda ikki ogʻiz gapim boriydi, -deya imom qoʻl uzatdi.

U esa nafasini yutib, qoʻsh qoʻllab koʻrisharkan, darrov oʻzini nari oldi va «eshitaman», deganday imomga tikildi. Nazdida, kayfi oshib borayotganday tuyuldi.

-Kecha xuftonda bir-ikkita oqsoqollar gapirib qolishdi... -dedi imom salmoqlab gapirishga urinib.

Uning diqqati oshdi.

-Maktabda bollarga gʻalati bir gap aytibsiz. -Endi imom unga sinovchan boqdi. -Bu gapni eshitib, oqsoqollar ancha ranjishdi. Sizni...

Uning miyasiga qon urdi, ichidan toshib kelayotgan gʻazabini koʻzlari oshkor qilib qoʻydi.

-Siz imommisiz yoki prokurormisiz, hoji aka? -dedi ovozi titrab.

Imom dovdiradi.

U esa oʻzini toʻxtatolmasdi:

-Siz bir yerda ishlamaysiz, imomlik qilas, xolos. Omma uch milyon sarflab, Hajga borib keldiyiz. Ilohi, hajiyiz qabul boʻsin. Men esa esimni taniganimdan beri ishlayman, lekin buncha pulni bir umr ishlasam ham toʻplolmayman!.. -U imomga koʻzlarini olaytirib, gʻazab bilan boqardi. -Ana shunaqa, hoji aka? Siz bor boʻgani uchun ishonasiz, men esa yoʻq boʻgani uchun.. -Biroq «ishonmayman» deyolmadi va ortidan ushbu fikr miyasiga urildi: -«Nima demoqchiman oʻzi? Tavba!» Mastlikda goho ajabtovur gaplar xayolga kelib qoladi-da va aksar hollarda koʻndalang turgan savolga ayni javob boʻladi.

Imom tobora boʻzarib borar, lablari titrar, koʻzlari esa devorning kovagiga oʻxshab qolgandi.

-Qolaversa, -dedi u soʻnggi zarbani berib, -maktabimizda haliyam Darvin ta’limoti oʻtiladi, bilsayiz kerak. Demak, istaymanmi-yoʻqmi, haligi gapni aytishga majburman!.. -Shartta burildi-da, yoʻliga ketaverdi. Oʻn-oʻn besh qadam yurganda araqning ta’sirida ding boʻlib qolgan qulogʻiga imomning nafrat qorishiq ovozi urildi:

-Xudobexabar!..

Bir muddat toʻxtadi, ammo ortiga oʻgirilmadi. Ichida esa nimadir ortga qaytib, imomning yoqasidan tutmoqqa undardi. Yaxshiki, bu safar oʻzini yenga oldi, ehtimol rostdan ham shunaqadirman, degan gap xayolidan oʻtdi va achchiq jilmayib, boshini silkib qoʻyarkan, yana yoʻlga tushdi. Ammo endi ovqat pishirishni, non sotib olishni oʻylamasdi. Boshi, boʻgʻzi, koʻksi – butun vujudi qizib borardi. Oʻzi istamagan, idrok etmagan holda borligʻini uyat aralash nafrat qamramoqda edi. «Nima boʻlyapti oʻzi menga, deya oʻylardi u. Axir imomga haligi gaplarni aytmoqchi emasdim-ku! Axir!.. Yoʻ-oʻq, men asli unaqamasman. Nega hamisha barcha niyatlarim-u harakatlarimning teskarisi boʻlaveradi? Nega dilimdagi butunlay boshqacha holda tashqariga chiqadi? Nega odamlar aslimni bilmaydilar yoki ularga bildirolmayman? Nega?!.. »

Hovlisiga kirib, daftarini soʻriga tashladi-da, etak tomon yurdi. «Kachalka»ning oldidan oʻtayotganda kechagi maysaga koʻzi tushdi. Toʻxtadi. Tik turgan koʻyi unga tikildi: soʻlib qoptimi? Soʻng yana yura ketdi. Qaytishda, «mol-paqir»ni olmadi, hatto «intizor» kutayotgan buzogʻiga qayrilib ham qoʻymadi. Toʻppa-toʻgʻri maysa yoniga kelib, choʻnqaydi. Maysa soʻlib qolgandi. Bagʻri achishdi, kimdir kipriklarini yulib olayotganday tuyuldi. «Seni men oʻldirdim, -dedi xayolan va yotib qolgan maysani tiklashga urindi. – Men sen bilan gaplasha olaman... Sen ham meni tushunadigandaysan... Aslida senga yaxshilik qilmoqchiydim! – Boʻgʻziga nimadir tiqilganday betoqatlandi, ayanchli nigohi nimanidir izlayotganday atrofga termuldi. – Men buzoq bilan gaplasha olaman!.. Men uni... Men hamma narsani yaxshi koʻraman! Odamlarni yaxshi koʻraman. Nima qilayki, buni bildirolmasam?! Yoki ular ham bilolmasalar, anglamasalar ne qilay?.. Ey, Xudo!.. Sen mendan bexabarmisan yoki men sendan?.. »

Uning koʻzlaridan yosh otilib, ingrab yubordi:

-Menga nima boʻlyapti oʻzi, ey Xudo?!.. -Kaftining orqasi bilan koʻz yoshlarini artarkan, xiyol loylangan panjalarida boshini changalladi-da, salkam chinqirdi: -Buvv!.. (ona demoqchi) Sogʻinib ketdim, buvijo-on!..