OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNabijon Boqiy
Asar nomiGoʻroʻgʻli sulton huzurida
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Nabijon Boqiy
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 31-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Goʻroʻgʻli sulton huzurida
Nabijon Boqiy

Toʻra Sulaymon bahorda bir koʻrinish berib, qoʻynimizni puch yongʻoqqa toʻldirib ketgancha dom-daraksiz ketdi. Nima balo, bedarak yoʻqoldimikan, deb oʻyladik. Unday desak, goh Iqboldan, goh Asqar Mahkamdan, «uyoq-buyoqqa ketib qolmang, Toʻra buva tashrif buyurmoqchilar», degan xushxabar eshitilib qolardi. Labimizni yalab, yuzimizga tabassum yugurib, uch-toʻrt kun mayin kekirib yuramiz: doʻstlar, parhezni mahkam tutingiz, Goʻroʻgʻli Sulton kelyaptilar, ziyofat boshqacha boʻladi... Qayoqda! E-e, bu cholning tamannolari jigar-bagʻrimizni ezib yubordi-ku! Undan koʻra, yuring, Sadriddin joʻra, oʻzimiz Goʻroʻgʻli Sultonning yoniga bora qolaylik; juma kuni doʻkoningiz yopiladimi, shanba kuni ish yoʻqmi?.. «Ish yoʻgʻ-u, lekin tashvish bor; Dogʻlarja Oloy bozoriga yaqin joyga bir moshin qovun tushirgan ekan, oʻshani...» deb Sadriddin ham chaynaladi. Qoʻying, ana, Farhod bor, qarashib yuboradi, bozor-oʻcharni Dangʻara ham qotiradi. Ketdik!

Xullas, Sadriddin joʻramiz bilan shanba tongida Gulistonga yoʻl olamiz. Yangierga ketaverishda, yoʻlning oʻng qanotida soʻlimgina oromgoh (sihatgoh) bor. Bogʻ qoʻynida. Nomini Saptakmi, Spitakmi deyishadi. Hoynahoy, Spartak boʻlsa kerak. Choshgoh mahali oʻsha goʻshaga kirib bordik. Hovlidagi soʻrida taniqli adabiyotshunos Umrzoq aka Oʻljaboevni uchratdik. Yuragimiz «shigʻgʻ» etdi: nima balo, Toʻra buvaning ahvoli jiddiymi?..
— Ie, Nabijon, Toʻra aka ham shu yerdami? — deb soʻradi Umrzoq aka ajablanib. — Qachon yotibdi? Xabarim yoʻq ekan...

Yengil tin oldik. Xayriyat, jiddiy emasga oʻxshaydi.
— Kennoyingizning mazasi yoʻq, hozir olib kelib joylashtirdik, — deb izoh berdi Umrzoq aka. — Toʻra aka nechanchi palatada?..
— Eski joyida boʻlishi kerak, — deb ikkinchi qavatga koʻtarildik.
— Men shifokor bilan ikki ogʻiz gaplashib chiqaman, Toʻra akaga salom aytib qoʻyinglar, — deb Umrzoq aka Mustafoqulning huzuriga kirib ketdi.

Yoʻlakda yurgan Elbek (boboning toʻngʻich nevarasi) darhol bizni lyuks-palataga boshladi: Toʻra aka koʻzoynakni burniga qoʻndirib olib, karovotdan oyoqlarini osiltirib, jurnal stoliga engashganicha bir nimalarni yozib oʻtirgan ekan. Biz kirganda boshini ham koʻtarmasdan:
— Elbek, futbol tamom boʻldimi? — deb soʻradi.

Oʻsha kunlari futbol boʻyicha Yevropa chempionati avj nuqtaga koʻtarilgan, ana ketdi-mana ketdi deb yurganimiz Yunoniston (Gretsiya) terma jamoasi Frantsiya, Chexiya kabi asosiy da’vogarlarni yigʻlatib-yigʻlatib, finalgacha yetib kelgan, maydon egalari — Portugaliya bilan yuzma-yuz qolgan edi. Erta-indin final uchrashuvi boʻlishi kerak, bu galgi bashoratlar ham Yunoniston foydasiga emas edi.
— Bugun futbol yoʻq, ertaga boʻladi, — dedim. — Siz qaysi jamoaga balet qilyapsiz?..
— Menmi?.. — deb koʻzoynak ustidan ajablanib qaradi: birdan lablariga kulgi yoyilib, yuzlari aji-buji boʻlib ketdi. — Rosa sogʻingandim, keling, kelinglar!..

Ochomlashib koʻrishdik.
— Qachon semirasiz? — dedim qoq suyak yelkalarini silab.
— Yaxshi qoʻchqor semirmaydi, — deb qulogʻimga shivirladi.

Birdan xoxolab yubordik.
— Nima, nima dedingiz, Toʻra aka? — deb soʻradi Sadriddin jilmayib. — Biz ham eshitaylik.
— Aytadigan gap emas, — dedi Toʻra aka. Soʻng nevarasiga yuzlanib: — Tezda Mirzoni top, Qahhorga qoʻngʻiroq qil, mehmonlar keldi de...

Elbek Sadriddinning «sotka»sidan amakilariga telefon qildi. Dahlizga chiqib stol atrofiga joylashdik. Duo-fotihadan soʻng:
— Siz qaysi jamoaga balet qilyapsiz? — deb qayta soʻradim.
— Biz doim yutgan komanda tarafdorimiz.
— Toʻgʻri. Biz zoʻr tomon gʻolib boʻlishi kerak deb, oxirida chapak chalib qolaveramiz. Aslida, siz aytgan pozitsiyadan ma’qulroq yoʻl yoʻq.
— Mayli, — deb beparvo qoʻl siltaydi Toʻra aka. — Xoʻsh, Ibrohimjonning sogʻligi yaxshimi, yuragi bezovta qilmayaptimi?
— Yaxshi. Salom aytib yubordi.
— Lekin «Tafakkur»da chiqqan essesi... Bay-bay! Obbo, azamat-ey, azamatning ishini qilibdi! Otasiga rahmat!
— Mirtemir domla haqida ham kattaroq bir narsa yozishga tayyorgarlik koʻrib yuribdi. Bir uchrashsak, bafurja gaplashsak, deyapti.
— Arziydi, arziydi! Boʻpti, men oʻzimni «remont» qilib olay, Botanika bogʻiga boraman, oʻshanda bemalol gaplashamiz... Erkin qalay? «Xalq soʻzi»da lekin... E-e, balli azamat! Bir portlabdi, bir portlabdiki, uyoq-buyogʻi yoʻq! Erkinning maqolasiga luqma joʻnatgan edim, chiqibdi. Koʻrdimikan?.. Erkinga alohida rahmat aytib qoʻying, oʻzim uchrashganimda ham aytaman... Nurali yangi romanini tugatibdimi?
— Tugatdi, hozir sayqal beryapti. Toʻra akamga salom aytasiz; ayting — kelsin, uyimizning toʻri u kishiga muntazir, men bunaqa goʻzal insonni umrimda uchratmaganman, deb qoldi.
— E-e, mening nimam goʻzal! Gʻijimlab tashlangan qogʻozga oʻxshayman-ku! — deb kuldi Toʻra aka.

Hamshira kirib uch-toʻrtta tabletka berib ketdi.
— Shu dorilarni uyingizda ichib yotsangiz boʻlmaydimi? Kasalga ham oʻxshamaysiz-ku?!
— Ie, bu nima deyapti? — deb Sadriddinga qarab piching qildi. — Kattalar faqat kasal boʻlgani uchun shifoxonaga yotadimi? Qolaversa, men bekorga yotganim yoʻq, qoʻlyozmalarimni tartibga solyapman.
— Koʻrdim, loʻliga oʻxshab butun koʻch-koʻroningizni koʻtarib kelibsiz...

Darhaqiqat, Toʻra akaning xonasida har xil qogʻoz-daftarlar uyum-uyum boʻlib yotardi.
— Ergash otaning xalq yoʻlida, ogʻzida yurgan dostonni topdim. Uch xil varianti bor ekan, shuni bir-biriga chogʻishtirib, optimal nusxasini tiklayapman.
— Tafovut juda kattami?
— Juda katta emas-u, biroq farq bor. «Bir musoviy bir elni afsun bilan oʻynatur» degan misrasi bor. Bu — birinchi nusxasida. Ikkinchi nusxasida «Bir musoviy bir elni shamshir bilan oʻynatur» shaklida keladi. Uchinchisida «Bir musoviy bir elni qamchi bilan oʻynatur» deb yozilgan. Qaysi biri toʻgʻri ekan, bilmayman.
— Demak, «Ergash Jumanbulbul el kezadi» turkumingiz davom etar ekan-da?
— Shunaqa shekilli... Ahror Ahmedovga navbatdagi kitobim nasriy boʻladi, deb va’da bergan edim, ammo bunisi ham nazmga tortib ketyapti.

Mirzo keldi. Bu — shoirning uchinchi oʻgʻli; bir tutam tepa sochi oqargan. Hol-ahvol soʻrashdik. Ibrohim ismli gapga chechan, haqiqatchi oʻgʻlini alohida soʻradim. Yaqinda Zomindagi lagerdan qaytibdi.
— Aka, keyin aytaman. Qiziq voqea boʻlibdi, — dedi Mirzo labini tishlab. — Faqat eslatib qoʻyasiz...

Chamasi, voqeadan Toʻra akaning xabari bor edi — kulimsirab qoʻydi.
— Toʻra aka, Milliy qomusdan tarjimai holingizni soʻrashyapti. Yozib qoʻydingizmi? «T»ga kelib toʻxtab qolishibdi...
— Yozib, Ravshanga bergandim, koʻchirtirib qoʻygan boʻlsa, bir nusxasini beradi.
— Qaysi Ravshan?
— Universitetda ishlaydi, prorektor. Mirzo taniydi, uchrashtirib qoʻyadi...

Bemorning holidan xabar olgani bosh shifokor Mustafoqul kirdi.
— Bu yigit Kievda nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan, noyob mutaxassis, — deb tanishtirdi uni Toʻra aka.
— Ha, Toʻra aka, qoʻymaysiz-da! — deb kuldi Mustafoqul.

Xiyla suhbatdan soʻng ular Sadriddin bilan tanish chiqib qoldi, umumiy oshna-ogʻaynilari koʻp ekan. Ilgari uchrashmaganiga ikkovi ham hayron boʻldi. Togʻ togʻ bilan uchrashmaydi, lekin odam odam bilan uchrashadi, deganlari shunda isbotini topdi goʻyo.

«Tixiy chas» boshlandi. Toʻra aka bilan vaqtincha xayrlashib, Mustafoqulning xonasiga tushdik. Birpas uyoq-buyoqdan gaplashib oʻtirdik. Soʻng Gulistonga yoʻl oldik.
— Ravshan akani tanimaysizmi? — deb soʻradi Mirzo.
— Yoʻq, — dedim.

Mashinasining bardachogidan bir kitob chiqarib uzatdi: «Ravshanbek Mahmudov, Odamlar — mening kutubxonam».
— Ie, faylasuf ekanlar-ku!.. Ma’naviy-ma’rifiy masalalar boʻyicha birinchi prorektor, dotsent, — dedim kitobning zarvaragʻiga koʻz yugurtirib.
— Doktorlik dissertatsiyasi ham tayyor boʻlib qolgan... Shu kitobida otam bilan suhbati bor, — dedi Mirzo.

Mundarijaga qaradim: «Shoir Toʻra Sulaymon bilan suhbat» sahifasini ochdim.

«R.M. — Sizning qator she’rlaringiz baxshiyona uslubda yozilgan. Adabiyotshunos, tanqidchilar ham Sizni baxshi-shoir deyishadi. Buning sababi nimada?

T.S. — Sababini oʻzingiz aytib qoʻydingiz-ku! Aniqroq javob beradigan boʻlsam, menimcha, yozganlarim sof baxshiyona boʻlib baxshiyona emas, yozma (klassik) boʻlib yozma emas, hozirgi davr she’riyatidan sal nari (tuban) turadi. Oʻrta-sarson bir narsa... Keyin, adabiyotshunoslaringiz ijodkorlarni boʻlib-taqsimlab olishgan. Biridan olib, biriga solib yotishadi. Men birorta ... shunos bilan «bor tovogʻim-kel tovogʻim» qilisha olmadim...

R.M. — Sizni Mirtemir domlaning shogirdi deyishadi...

T.S. — Mirtemir akaning shogirdiman deyish uchun u kishi qilgan ishlarning yuzdan birini qilish kerak boʻladi. Shogird darajasiga yeta olmadim. Lekin ota-bola singari, hatto undan ham ziyoda koʻnglimiz yaqin edi.

R.M. — Hozirgacha nechta toʻplamingiz nashr qilindi?

T.S. — Bu savolingizga, ijodkorning ijodkorligi uning qancha kitobi bosilib chiqqani bilan belgilanmaydi, deb javob bergan boʻlar edim».

Kitobni yopib Sadriddinga uzatdim. Sadriddin ham suhbatni oʻqib chiqdi.
— Malades, tarashlamasdan, qanday gapirgan boʻlsa, shundayligicha qogʻozga tushiribdi. Toʻra akaning hidi kelib turibdi! — dedi Sadriddin miyigʻida kulib.

Guliston Davlat universitetiga yaqinlashdik. Mashinani bir chetga qoʻyib, Ravshan akani izlab ketdik. Shanba — qisqa kun, peshindan keyin navbatchilardan tashqari oʻqituvchilar uylariga ketadi. Ravshan aka esa... sholi oʻtoqda ekan.
— Sholikor boʻlib ketibsiz-ku? — deb soʻradik Ravshan akadan hazil aralash.
— Rapqondan sinfdosh oʻrtogʻimni olib kelganman, yordam beryapti, oʻzi mirishkor dehqon, — dedi Ravshan aka. — Toʻra aka toʻgʻrisida oʻzimcha bir narsalarni qoralab qoʻyganman, faqat yana ishlov berish kerak. Sholini oʻtoqdan chiqarib olsam, qoʻlim boʻshaydi. Hozir oʻtoqdan keyin esnab-esnab uxlab qolganimni oʻzim ham bilmay qolaman. Oʻtoq qiyin boʻlar ekan, odamning sillasi qurib ketadi...

Oʻsha oqshom Yevropa chempionatining final uchrashuvi boʻldi: Portugaliya bilan Yunoniston uchrashdi. Hamidjon ikkovimiz Portugaliyaga, Ne’mat (toʻngʻich oʻgʻil) Gretsiyaga tarafdor boʻldi. Mirzo betaraf qoldi... Kutilmaganda Yunoniston maydon egalarini magʻlubiyatga uchratdi; Portugaliya terma komandasining aksariyat futbolchilari rosmana yigʻlab yuborishdi, tomoshabinlar ham yum-yum yigʻlashardi... Noiloj biz ham taqdirga tan berdik: biz kutgan natija boʻlmadi. Yunoniston bir tanu bir jon boʻlib harakat qildi va haqqoniy gʻalabaga erishdi. Bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishda gap koʻp ekan, hamjihatlikda gap koʻp ekan... Kayfiyatimiz bir pul boʻlgan esa-da, koʻhna haqiqat — hamjihatlik oldida bosh egib, gʻoliblarni gʻoyibona tabrikladik.

...Qaytishda shifoxonaga borib, Toʻra aka bilan dunyoning ishlaridan gurunglashdik. «Iloji boʻlsa, Xosiyat Rustamovaning keyingi «Najot», «Rido» kitoblaridan topib yuboringlar!» deb iltimos qildi. Xoʻp dedik. «Jiddiy shoiraga oʻxshaydi, lekin Vahob Roʻzimatov aytmoqchi, oʻzim oʻqib koʻrmasam ishonmayman», deb ilova qildi Toʻra Sulaymon.

Nazarimda, Toʻra Sulaymon tayanch nuqtani izlayotgan insonga oʻxshaydi. U ham Arximed bobo kabi odamlarning koriga yaraydigan kashfiyot yaratsa ajab emas. Ehtimol, biz hozircha allaqachon yaratib qoʻyilgan kashfiyotni anglamayotgandirmiz. Qaydam...