OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNabijon Najmiddinov
Asar nomiSovgʻa (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Nabijon Najmiddinov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sovgʻa (hikoya)
Nabijon Najmiddinov

Telefon jiringladi. Dars tayyorlab oʻtirgan Rustam boʻynini choʻzib narigi xonaga qaradi. Onasi trubkani olib kim bilandir gaplashdi.
— Yana-ya?! Qachon? — dedi u norozi ohangda. Keyin trubkani asta joyiga qoʻydi-yu, bir zumda gʻamgin boʻldi qoldi. Anchagacha divanda harakatsiz oʻtirdi. Keyin turib karavot tagidagi katta chemodanni tortib oldi. Shundagina Rustam dadasining yana komandirovkaga otlanishini angladi.

Oqshomga yaqin eshik ochilib ostonada dadasi koʻrindi.
— Tayyor boʻldimi, kech qolyapman axir, — dedi u kira solib.
— Hozir, dadasi, axir oʻnta qoʻlim yoʻq-ku... Borarsiz shoshayotgan yeringizga...

Rustam onasining ovozida allaqanday zarda sezdi. Odatda shunday zardali gaplardan keyin Rustam uchun tashvishli kunlar boshlanardi: ota-ona arazlashib bir-biri bilan Rustam orqali muomala qilishardi. Arazlashgan er-xotinning bir-biriga otgan nayzasi avvalo Rustamga tegib oʻtardi. Shuning uchun ham u zardali gaplardan bezib qolgan edi. Onasining hozirgi gapi ham Rustamni zirillatib yubordi. Dadasi javob aptishga ulgurmay uning qoʻliga yopishdi.
— Dada, menga nima olib kelasiz, — deb soʻradi u javobga ogʻiz juftlagan dadasiga.
— Qani xonangga marsh, darsingni tayyorla, — dadasi shunday deb uning orqasiga shapatiladi-da, xonasiga yoʻl koʻrsatdi.

Rustam xoʻrsiidi. Qoʻlini stolga ustma-ust qoʻyib iyagini tiradi. Kitobga qaragisi ham kelmadi. Yoʻq, u dadasining poʻpisasidan, savolining javobsiz qolganidan oʻksidi. Chunki «nima olib kelasiz» deganida, dadasining «nima olib kelay» deya soʻrashini kutgan edi. Lekin... dadasi soʻramadi. Soʻraganida edi... Soʻramasa ham mayli. Har holda onasi bilan arazlashib qolmadi-ku...

Rustam bir amallab darsini tayyorlab boʻldi. Kitob-daftarlarini yigʻishtirib narigi xonaga chiqdi. Bu vaqt dadasi joʻnab ketgan, onasi oshxonada kechki ovqatga «jiz-biz» qilardi.
— Rustamjon, darsingni qilib boʻldingmi, oʻgʻlim, balki yordamim kerakdir, — soʻradi onasi.
— Yoʻq, qiynalmadim, darsni yaxshi tushungan edim, — dedi Rustam.

Shu vaqt eshik qoʻngʻirogʻi jiringladi.

Rustam chopib borib eshikni ochdi. Qarasa buvisi. U xursandligidan qichqirib yubordi. «Onajon, buvijonim keldilar, buvijonim keldilar», — deya oshxona tomon chopdi.

Oshxonadan qoʻllarini peshbandiga artgancha onasi chiqdi.
— Voy, onajon keling, yaxshimisiz, tan-joningiz sogmi, — onasi biriga javob olmay ikkinchi savolni berarkan, bunisiga koʻrpacha soldi.
— Koʻrib turibsanu bolam, otdakman. Qarigan sayin kuchga toʻlyapman chogʻi, uchinchi tominggayam hech qiynalmay chiqdim, — fotihaga qoʻl ochdi va: — tan-jonlaring sogʻ boʻlsin, Rustamjonam katta yigit boʻlib yursin, toʻylarini koʻray, — deya qoʻllarini yuziga tortdi.
— Rustamjop bolam, oʻqishlaring yaxshimi? — soʻradi pinjiga kirib olgan Rustamdan buvisi.
— Yaxshi deysiz-qoʻyasizmi, nuqul beshga oʻqiyapti buningiz, — dedi onasi Rustam uchun javob berib.
— Balli oʻgʻlim, balli, — buvisi erkalab Rustamning sochlarini siladi, — Nechuk, bunday kechda bizlarni yoʻqlab qolibsiz, tinchlikmi? — soʻradi onasi.
— Hah, bolam-a, shu tush koʻribman degin. Muqul yigʻlarmishsanu sababini aytmasmishsan... Shunga oʻzimni bosolmay, ukang kelishi bilanoq uyni topshirib bu yoqqa joʻnavordim. Oʻzing tinchmisan ishqilib, ering koʻrinmaydi...
— Komandirovkaga kettilar... — opasining tovushida ma’yuslik borligini Rustam sezdi.

Rustam charchadi, esnogʻ tutdi. Onasi uni uxlashga qistadi. Rustam buvisidan ajralishni istamaygina oʻrnidan turdi.
— Kirib uxlayver, bolam, ketib qolmayman, — ishontirdi uni buvisi.

Rustam oʻrniga kirib yotdi, lekin uyqusi kelmadi. Onasi bilan buvisiniig oʻzaro sekin-sekin gaplashishayotgani va ayniqsa, onasining yigʻlamsirab aytayotgan soʻzlari eshitila boshladi.
— Turmush qurganimizga mana necha yil boʻldi. Ammo shuncha vaqtdan beri tugʻilgan kunim bilan tabriklash esiga kelmaydi. Har yili bu kunni orziqib kutaman... lekin kutgan kunim dilxunlik bilan oʻtadi... Chunki kuyovingiz yo komandirovkada boʻladi, yo indamay kirib keladi-yu, ishiga shoʻngʻiydi. Dardimni yutib oʻtiraveraman. Indinga tugʻilgan kunim, kuyovingiz boʻlsa yana ketdi... Nima qilay, meni tabriklang, sovgʻa keltiring deymi... Yoʻq, deyolmayman. Oʻzi bilishini, sezishini istayman. U boʻlsa shunaqangi loqaydki... Nuqul ishini oʻylagani-oʻylagan. Menku mayli-ya, Rustamjonni ham oʻylamaydida, oʻgʻli borligini hatto unutib qoʻyganday...

«Eh, — birdan oʻylab qoldi Rustam, — mana endi bildim onamning nimaga xafa boʻlganini... Mengagina sovgʻa olib bermaydi desam... Nima qilsam ekan? Tugʻilgan kunlariga biror narsa sovga qilsam qanchalik quvonardilar... Lekin pulni qaerdan olaman? Buvimdan olsam-chi? Ha, buvimdan olaman».

U xayol girdobida qanday uyquga ketganini ham sezmadi. Choʻchib uygʻondi. Uyda hech kim yoʻq edi. Onasi xat qoldiribdi. «Rustamjon, bufetda yumshoq non, qaymoq bor, choy sochiqning tagida. Biz buving bilan ketdik, maktabga kech qolma».

Rustam endi pulni qaerdan olishni bilmay oʻylanib qoldi. Birdan sopol mushukni esladi. Mushukni olib silkita-silkita uch-toʻrtta tanga tushirdi. Kami bir soʻm ekan. Pulni chuntagiga soldi. Shosha-pisha nonushta qilgach, tashqariga otildi.

U maktabga kelgan zahoti oʻrtoqlari Dilshod bilan Murodning sovgʻa masalasidagi fikrlarini bilmoqchi boʻldi.
— Menimcha atir, — dedi Rustamning muddaosini eshitgan Dilshod.
— Be, bunikisiz ham atirlari koʻpdir, keyin atir kip-kichkina boʻladi, — e’tiroz bildirdi Murod, — menimcha sovgʻa kattaroq, uyga kiraverishda koʻzga tashlanib turishi kerak.
— Axir katta sovgʻaga pulni qayoqdan olaman? — dedi Rustam choʻntagidagi bir soʻmni ushlab qoʻyarkan.
— Ha-ya. — hafsalasi pir boʻldi Murodning.
— Menimcha, eng yaxshi sovgʻa, gul — bu ovoz Salimaniki edi.
— Toʻppa-toʻgʻri, nega boyadan beri xayolimizga kelmadi-ya...

Rustam onasiga gul sovgʻa qiladigan boʻldi. Orziqib kutilgan kun keldi. Oʻsha kuni Rustam sinfdan chiqdi-yu toʻgʻri maktab gulzoriga oʻtdi. Bogʻbon buvani izlab topdi-da, pulini uzatdi.
— Buva, shunga gul bering, judayam kerak... — Oʻtinib soʻradi Rustam.

Buva dam Rustamga, dam uning qoʻlidagi tangalarga qaradi. Keyin ogʻzidagi nosvoyini bir chetga tufladi-da Rustamdan soʻradi: Nega kerak boʻlib qoldi, a, oʻgʻlim?
— Haligi, bugun onamning tugʻilgan kuplari edi, gul sovgʻa qilmoqchi edim...

Rustam hamon pulni bogʻbon buvaga uzatgan koʻyi turardi.
— Pulingni choʻntagingga solib qoʻy, — buva shunday deb gulzor ichiga kirib ketdi...

Rustam bir dasta gulni quchoqlab uyga chopdi. «Onamning ish vaqti tugashiga hali ancha bor, ulguraman», deb oʻyladi. Uyga kirib guldon topib chiqdi va unga gullarni chiroyli qilib solib qoʻydi. Oʻzini sal orqaga olib gullarga qaradi. Nazarida uy mana shu gullar bilan judayam ochilib ketgan edi. «Endiyam xafa boʻlib koʻrsinlarchi», oʻyladi Rustam.

Birdan Rustam labini tishlab oʻylanib qoldi. «Axir onam mendan emas, dadamdan xafa boʻlyapti-ku! Gulni dadam hadya qilishi kerak edi!.. Rustam koʻrsatkich barmogʻini tishlaganicha uzoq oʻylandi. Nihoyat yoʻlini topdi. Ammo uning bu «topishida» yolgʻon bor edi. Lekin Rustam buning fatvosini biladi. Oʻqituvchisi «yaxshilikka xizmat qilsagina, ba’zan yolgʻon ham gapirish mumkin», degan edi-ku!..

Rustam toʻrttala xonani ham supirib-sidirib boʻlganida eshik qoʻngʻirogʻi jiringladi. U borib eshikni ochdi-da, tezda iziga qaytdi. Ajratib qoʻygan bir dona qizil gulni olib, onasiga peshvoz chiqdi. Oʻzini komandir oldida turgan soldatday gʻoz tutib tantana bilan soʻzladi:
— Onajon, sizni tugʻilgan kuningiz bilan tabriklaymiz. — Rustam shunday deya gulni onasiga tutqazdi.

Onasi aftidan bunday boʻlishini kutmagan edi... Rustamni bagʻriga bosdi, yuz-koʻzlaridan oʻpdi.
— Rahmat, oʻgʻlim, rahmat... — onasining koʻzlarida sevinch yoshlari koʻrindi,
— Ie, tugʻilgan kunidayam yigʻlaydimi, axir biz xafa boʻlamiz, — Rustam qoʻllari bilan onasining koʻz yoshlarini artdi.
— Shoshma-shoshma, axir sen bir oʻzingsan-ku, nega hadeb «biz-biz»laysan... — deb soʻradi onasi.
— Nega bir oʻzim boʻlay, gul dadam ikkalamizdan sovgʻa, — Rustam oldindan oʻylab qoʻygan soʻzlarini ayta boshladi.
— Dadang keldimi?
— Yoʻq, ertalab siz ketgandan keyin telefon qildilar. «Bugun onangning tugʻilgan kuni, hozircha ikkalamizning nomimizdan gul sovgʻa qil, sovgʻaning kattasini oʻzim olib boraman», deb aytdilar, — dedi Rustam yana hech bir tutilmay.
— Voy Rustamjon, rostdanmi? — onasi yana uni bagʻriga bosdi, — xayriyat, dadangga insof beribdi, rahmat... Dadang tugʻilgan kunimni bilmaydi, deb yurardim, bilar ekan-ku!.. — onasi shunday deya yana koʻziga yosh oldi, bu uning xursandligidan edi.

Rustam onasini bunchalik xursand qilganidan nihoyatda quvonib ketdi. Onasi Rustamni qoʻyib yubordi-da, guldondagi gullarni qoʻsh qoʻllab ushlab hidladi.
— Qanday chiroyli, qanday xushboʻy-a!.. Voy oʻzimning oʻgʻilginamdan... — U yana Rustamning yuzlaridan oʻpdi-da ichkariga kirib ketdi.

Rustam stol ustiga chiqib mushukni oldi va tangalarni bir-bir tashlay boshladi. Shu payt onasi chiqdi.
— Ha, Rustamjon, nima qilyapsan?
— Dadam telefon qilgach gul uchun bir soʻm olgan edim, solib qoʻyyapman. Axir pulim yoʻq edi-da! Lekin baribir gulchi buva pulimni olmadi...
— Demak gulchi buva yaxshi odam ekan, — dedi onasi.

Shu kuni ularnikida katta bayram boʻldi. Buvisi, togʻasi, yana koʻpgina mehmonlar kelishdi, Bu bayramda birgina dadasi boʻlmadi...

Rustam endi dadasini betoqatlanib kuta boshladi. Lekin u oʻylaganday boʻlmadi. Uyga kirib kelgan dadasini ogohlantirishga ulgurmadi. Rustam labini tishladi. Dadasi chemodanini divanga qoʻyib ochdi. Rustam onasiga qaradi, onasi judayam xursand edi.

Rustam dadasining chemodan ochishidan, «rostdanam sovgʻa olib kelibdilar shekilli», deb oʻylagandi, lekin... Dadasi chemodanidan geolog asboblarini, kitob-daftarlarini oldi. Onasiga «kiyimlarimni yuvib qoʻy, kir boʻlib ketdi» degach, xonasiga kirib ketdi. Rustam beixtiyor yana onasiga qaradi. U xomush boʻlib qolgan edi...

Rustam dadasining orqasidan yugurib kirdi-da, eshikni, zichlab yopdi. Dadasi uning bu qiligʻidan hayron boʻlib tikilib qoldi...
— Dada... siz yoʻqligingizda oyimning tugʻilgan kunlari boʻldi. Buvim, togʻam, kelinoyimlar kelib hammalari tabriklashdi. Siz hecham tabriklamas ekansiz... Oyimning buvimga yigʻlab shunday deganlarini eshitib qoldim. Keyin ikkalamiz uchun gul sovgʻa qildim, keyin, keyin...
— Xoʻsh, xoʻsh... — dadasi unga yaqinlashib keldi.
— Keyin, — Rustam dadasi uchun qilgan ishlarini aytib berdi. — Axir tugʻilgan kunlarida yana xafa boʻlmasinlar devdim-da...

Dadasi tiz choʻkib Rustam bilan boʻy barobar oʻtirar ekan, oʻgʻlini endi koʻrayotganday tikilib qoldi. Nazarida oʻgʻli katta boʻlib qolganday edi. U oʻgʻli anglab yetgan nimalarnidir oʻzi tushunmaganligini fahmladi. Bir zum nigohini pastga qadab xayolga toldi. Ammo mana shu bir zum ichida juda koʻp narsalarni oʻyladi. Keyin sekin oʻrnidan turib eshikni ochdi. Rustam ham unga ergashdi.

Onasi divanda xomush oʻy surib oʻtirar, koʻzlarini pastga qadagan edi. Dadasi ohista yurib, uning yoniga oʻtirdi. Oʻgʻlining borligini ham unutib, xotinining yelkalaridan ushlab, oʻziga qaratdi... Rustam onasining koʻzlarida nam koʻrdi...

Dadasi onasiga nimalardir dedi. Qoʻlini koʻksiga qoʻydi. Rustamni imlab koʻrsatib bir nimalarni gapirdi. Onasining yuziga tabassum yugurdi...

Rustam onasini hech qachon bunday xursand koʻrmagan edi...