OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNaim Karimov
Asar nomi41-yilning sovuq shamoli
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Naim Karimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 33-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





41-yilning sovuq shamoli
Naim Karimov

XX asr boshlarida dunyoga kelgan va shu davrning murakkab ijtimoiy-madaniy sharoitida qalam tebratgan yozuvchilar orasida Shokir Sulaymonning munosib oʻrni bor. 30 — 50-yillardagi siyosiy qatagʻon oqibatlari fosh etila boshlagan yillari Shokir Sulaymon hayoti va ijodiga ham birmuncha qiziqish paydo boʻldi: u haqda ba’zi bir maqolalar yozildi; «Oʻch» nomli hikoyalar toʻplami nashr etildi; Frantsiyaning Toshkentdagi Ijtimoiy tadqiqotlar institutida Sh.Sulaymon she’riyatiga qiziqish paydo boʻlgan boʻlsa kerakki, nemis olimasi I.Baldauf shu haqda ma’ruza oʻqidi... Lekin yozuvchi tugʻilgan kunning 100 yilligi faqat Pedagogika universiteti filologlarining kichkina bir davrasidagina eslab oʻtildi, xolos. Sh.Sulaymonga nisbatan bunday e’tiborsizlikning sabablaridan biri, shubhasiz, adabiy jamoatchilikning yozuvchi hayoti va ijodidan xabarsizligidir.

Shokir Sulaymon 1900 yili Qoʻqonda tugʻilgan. Afsuski, uning qanday oilada dunyoga kelgani, qaerda dastlabki ta’limni olgani, ijodi qachon boshlanganu, ilk asarlari qaerda e’lon qilinganligi toʻgʻrisida aniq ma’lumot saqlanmagan. Ammo shu narsa ma’lumki, u Orenburgdagi oʻsha davrning nufuzli bilim maskanlaridan biri — «Husayniya» madrasasida tahsil koʻrgan.

1941 yil 27 avgust kuni NKVD xodimlari tomonidan qamoqqa olingan Sh.Sulaymon 6 sentyabrda boʻlib oʻtgan tergov paytida tarjimai holiga oydinlik kirituvchi bunday ma’lumotlarni bergan:

«Oktyabr inqilobi yillari men oʻqituvchi va havaskor yozuvchi edim. Qoʻqon gazetalarida e’lon qilingan she’rlarim mahalliy millatchi ziyolilarning e’tiborlarini oʻziga qaratdi. Turli-tuman kishilarning takliflari bilan men oʻsha vaqtda oʻqituvchilar, yozuvchilar, jurnalistlarning yigʻilishlariga borib, sekin-asta ular doirasiga kirdim...

«Ittihodi tolibon» degan oshkora jamiyat ishlarida qatnasha boshlashim ham xuddi shu davrga toʻgʻri keladi. Bu jamiyat Qoʻqon oʻquvchilari va oʻqituvchilarini oʻzaro birlashtirgan boʻlib, u, masalan, eski va yangi oʻqituvchilarni milliy kadrlar uchun, Turkistonning ozodligi uchun ruslarga qarshi kurash shiori ostida jipslashtirishga qaratilgan ishlarni olib bordi. Jamiyat raisi ruhoniylardan chiqqan Otabekov Abdullabek (qamoqqa olingan), uning oʻrinbosari Hodi Fayziy esa (qamoqqa olingan) jadid ziyolilarining rahbarlaridan edi. Mazkur jamiyat vaqf mablagʻlari hisobidan oʻqituvchilarga moddiy yordam koʻrsatib turgan. Mening jamiyat ishlaridagi ikki yillik ishtirokim «Milliy ittihod»ga a’zo boʻlib kirishimga zamin hozirladi.

«Xalq gazetasi»ga Oqilov Zohid muharrirlik qilgan. Men bu gazetada millatchilik ruhidagi she’rlar, kapitalistlar — «milliy boylar» mol-mulklarining sovet idoralari tomonidan tortib olinishiga qarshi maqolalar bilan chiqqanman. Shular oqibatida meni ChKga chaqirishgan va men sovetlarga qarshi chiqishlarga chek qoʻyish toʻgʻrisida koʻrsatma olganman...».

Shokir Sulaymonning bu soʻzlari tergovchi tahriridan oʻtganligi sababli undagi mahalliy ziyolilar sha’niga aytilgan «millatchi», «qamoqqa olingan» singari ifodalarga duch kelamiz... Umuman, 30 — 50-yillari tuzilgan tergov qaydnomalarida berilgan aksar ma’lumotlarga ishonish qiyin. Shunga qaramay, Sh.Sulaymonning «Ittihodi tolibon» va «Milliy ittihod» tashkilotlariga a’zo boʻlganligi haqidagi ma’lumotda jon boʻlishi mumkin. Zero, bizga ma’lumki, Sh.Sulaymon 1917 yil noyabr-dekabr oylarida Turkiston Muxtoriyat hukumati gʻoyalarini Fargʻona vodiysi aholisi oʻrtasida tarqatgan va ularda muxtoriyatchilarga nisbatan xayrixohlik uygʻotgan Qori Yoqubov boshchiligidagi «badiiy brigada» tarkibida faollik koʻrsatgan. Muxtoriyat tugatilgandan keyin esa bunday kishilar turli aksilshoʻroviy va aksilinqilobiy tashkilotlarga a’zo boʻlib, sovet davlatiga qarshi faoliyat olib borganlar.

Endi «Xalq gazetasi»ga kelsak, bu gazeta 1917-1918 yillari Qoʻqonda oʻzbek va rus tillarida nashr etilgan. «Xalq gazetasi»ning 1-soni 1918 yil 4 dekabrda, Sh.Sulaymon ma’lumot berganidek, Zohid Oqilovning emas, balki milliy ishlar komissari Ahmad Devishevning muharrirligida nashr etilgan.

Sh.Sulaymonning tergov paytida bergan ma’lumotidan ma’lum boʻlishicha, 1919 yili «Milliy ittihod» tashkiloti yigʻilishlarida qoʻqonlik yoshlarni kelajakda Germaniyaga oʻqishga yuborish uchun nemis tilini oʻrganish boʻyicha maxsus kurslar tashkil etish, ayrim yoshlarni esa Bokudagi dorulfununlarga yuborish haqida qaror qilingan. Shunday qarorlarning natijasi boʻlsa kerak, Sh.Sulaymonning oʻzi ham 1920 yili Toshkentga kelib, oʻlka maorif institutiga oʻqishga kirgan. U Turkiyada tahsil olgan Xolid Said direktorlik, Salimxon Tillaxonov va Shokirjon Rahimiy muallimlik qilgan institutda ikki yil tahsil koʻrgach, 1922 yil Turkiston Markaziy ijroiya qoʻmitasining yoʻllanmasi bilan Moskvaga borgan. Shu yili bir guruh yoshlar Germaniyaga, 17 kishidan iborat boshqa bir guruh esa Moskvaga oʻqishga yuborilgan. U dastlab Moskvadagi ishchilar uchun ochilgan fakultetlarning birida, keyin pedagogika institutida tahsil koʻrgan. Moskvaga kelgan yoshlar orasida, Sh.Sulaymondan tashqari, Saidgʻani Valiev, Otajon Hoshim, Naim Said, Sharif Tolipov va boshqalar bor edi. Turkistonning Moskvadagi vakolatxonasi ularga koʻz-quloq boʻlib turgan. Saidahmad Nazirov, Qamchinbek, Botu singari Moskvaga biroz avval oʻqishga borgan yoshlar esa ularning moddiy ta’minoti uchun javobgar boʻlganlar. Botuga, bundan tashqari, Moskvaga oʻqishga kelgan yoshlar guruhi bilan Berlindagi guruhni oʻzaro bogʻlab turish vazifasi ham topshirilgan.

Ana shu tarzda Sh.Sulaymon mansub boʻlgan «oʻn yettilar» guruhi Berlindagi oʻzbek talabalari hayotidan yaxshi xabardor boʻlish bilan birga, Botular guruhi bilan ham yaqin munosabatda boʻldi. Ayniqsa, 1924 yili, bir tomondan, Fitrat boshliq Buxoro xalq jumhuriyati sobiq rahbarlarining surgunga kelishlari, ikkinchi tomondan esa, shu vaqtda Nazir Toʻraqulov, Hodi Fayziy, Fayzulla Rahimboev singari vatandoshlarimizning markazda xizmat qilayotganlari tufayli Moskvada oʻzbekona ajoyib bir davra toʻplanib qoldi. Endi Shokir Sulaymon tengdoshlari bilan faqat Botuning yotoqxonasida emas, balki Fitratning ijara uyida kechgan gurunglarda ham ishtirok etib, badiiy didini oʻstirdi, bilim doirasini kengaytirdi.

«1924 yil yozida, — deydi Sh.Sulaymon koʻrsatma berar ekan, — men, Fitrat, Hodi Fayziy, Naim Said, Fayzulla Rahimboev ta’til paytida Moskvada qolib, chorbogʻda yashadik. Tatar millatchi yozuvchisi Olimjon Ibrohimov (hozir qaerdaligini bilmayman), Lutfiy (Turkiyaga ketib qolgan), Nazir Toʻraqulov (qamoqqa olingan) bizning huzurimizga tez-tez kelib turdilar.

Men 1926 yili Oʻzbekistonga qaytib keldim. Ikromov va boshqalar mendan avvalroq qaytishgan va mas’ul lavozimlarni egallashgan edi: Ikromov — Markazqoʻm kotibi, Inogʻomov Rahim — matbuot boʻlimi mudiri, Botu — xalq komissari oʻrinbosari, Nazirov Saidahmad — Oʻzdavnashr pravleniesi raisi. Men Rahim Inogʻomovning tavsiyasi bilan «Maorif va oʻqitgʻuvchi» jurnali tahririyatiga kotib etib tayinlandim. Jurnalga Ikromovning yaqin kishilari — Otajon Hoshim, Ramziy, Botu rahbarlik qilishgan, jurnalning nashr etilishida esa Miyon-Buzruk Solihov, Beregin, Boʻlat Soliev, Gʻozi Olim Yunusov va Nazrulla Inoyatov ishtirok etganlar.

1926 yili Samarqandda «Qizil qalam» yozuvchilar jamiyati tuzildi. Ikromov, Ramziy, Inogʻomov jamiyatning gʻoyaviy rahbarlari edilar. Ular meni jamiyatga rais etib tayinladilar».

Sh.Sulaymon bergan ma’lumotga qaraganda, jamiyatning oʻsha kezlari boʻlib oʻtgan yigʻilishlaridan biri Choʻlponga bagʻishlangan. Unda Vadud Mahmud shoir ijodi haqida ma’ruza qilgan. Kechada qatnashgan Akmal Ikromov yigʻilishdan norozi boʻlib, gʻazab bilan chiqib ketgan. Shundan keyin jamiyat rahbariyati tarqatib yuborilgan va rahbariyatga Otajon Hoshim, Botu va Sorokin kelgan.

Tergov hujjatlarini oʻrganish shundan dalolat beradiki, 20 — 30-yillari yashagan ziyolilar oʻrtasida ahillik boʻlmagan. Ular murakkab tarixiy jarayonda bir-birlari bilan jipslashgan holda ishlash oʻrniga bir-birlarining taglariga suv quyib turganlar. OGPU-GPU-NKVD xodimlari Oʻrta Osiyo xalqlari mentalitetiga xos ana shu illatdan gʻoyat ustalik bilan foydalanganlar. Ziyolilarimiz esa soxta ambitsiyalari va noahilliklari tufayli bu gʻarazli kuchlarning oʻz maqsadlariga oson erishishlarida hatto ularga yordam ham berganlar. 30-yillardagi qatagʻonning Oʻzbekistonda, ayniqsa, fojiali oʻtishiga sabab boʻlgan omil ham respublikaning ikki rahbari — Akmal Ikromov bilan Fayzulla Xoʻjaev oʻrtasidagi siyosiy kurashdir.

Botuning maorif xalq komissariga, ya’ni oʻziga oʻrinbosar etib tayinlanganini koʻrgan Ramziy xavotirga tushib, unga qarshi oshkora kurasha olmagan boʻlsa-da (Botuning orqasida A.Ikromov turgan), u bilan yaqin aloqada boʻlgan Sh.Sulaymonning payini qirqadi. 1929 yili Ramziyning buyrugʻi bilan «Maorif va oʻqitgʻuvchi» jurnali tahririyatidan ozod etilgan Sh.Sulaymon «Qizil Oʻzbekiston» gazetasiga ishga oʻtadi. Uning gazeta tahririyatida qancha vaqt ishlaganligi toʻgʻrisida biror ma’lumot yoʻq. Ammo ma’lumki, Sh.Sulaymon muayyan muddat Samarqanddagi Pedagogika akademiyasida (hozirgi Samarqand davlat universiteti) oʻqituvchilik qilgan. 1937 yili Akmal Ikromov va Fayzulla Xoʻjaevning qamalishi bilan u ham ishdan haydalgan...

1941 yil 27 avgustda qatagʻon navbati Sh.Sulaymonning oʻziga ham yetib keldi. Shu paytda u Oʻzbekiston Fanlar qoʻmitasi huzuridagi A.S.Pushkin nomidagi Til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim sifatida xizmat qilayotgan edi.

Shokir Sulaymonning ijodiy faoliyati asosan 1917 yil Fevral inqilobi tufayli Orenburgdan qaytib kelganidan keyin boshlangan. U shu davrda she’r, hikoya va maqolalar yozgan. 20 — 30-yillar matbuoti sahifalarida uning koʻplab she’r va hikoyalari e’lon qilingan boʻlsa-da, ularni badiiy jihatdan baquvvat, deyish qiyin. Ammo nomi yuqorida tilga olingan nemis olimasi professor I.Baldauf Sh.Sulaymonni oʻzbek she’riyatida sochma vaznning maydonga kelishi va shakllanishiga katta hissa qoʻshgan shoir, deb hisoblaydiki, bu fikr haqiqatga ozmi-koʻpmi yaqindir.

Sh.Sulaymon V.Mayakovskiy, D.Bedniy, S.Marshak, A.Toʻqay, H.Toqtosh she’rlarini oʻzbek tiliga tarjima qilishdan tashqari, «Erk kuylari» (1926), «Gʻalaba marshi» (1928), «Davr hayqirigʻi» (1932), «Tanlangan asarlar» (1934) nomli she’r va dostonlardan iborat kitoblarini e’lon qilgan. Uning «Qotil», «Parazitlar», «Hukm», «Lolazordagi shumgʻiya», «Oʻch», «Farmoza otasi», «Yamo bilan Hamo» kabi hikoyalari bor. U oʻrta va oliy oʻquv yurtlari uchun adabiyot fani boʻyicha oʻquv qoʻllanmalari va majmualar tuzishda ham faollik koʻrsatgan. Sh.Sulaymonning 1917-1918 yillari «Ishtirokiyun», «El bayrogʻi» gazetalarida bosilgan she’rlarida erksevarlik gʻoyalari jilva berib turadi. Ammo shoir keyinchalik zamonaviy mavzudagi asarlarida voqelikda kechayotgan jarayonlarni ma’qullashga, bu jarayondagi salbiy hodisalarga munosabatini esa xorijiy xalqlar hayotidan olingan asarlari orqali ifodalashga urindi.

1942 yil 24 iyunda tuzilgan Ayblov xulosasiga koʻra, Sh.Sulaymonga bunday ayblar qoʻyilgan:

«Sulaymonov Shokir Orenburg shahridagi «Husayniya» tatar maktabida oʻqigan, yoshlik yillaridan boshlab jadidlar va panturkistlarning tarbiyasini olgan, Oktyabr inqilobidan keyin esa Qoʻqondagi burjua millatchi unsurlar muhitiga bevosita aloqador boʻlgan.

Sulaymonov Shokir 1918 — 19 yillari burjua millatchilari tashkil etgan turli-tuman yigʻilishlarda ishtirok etib, panturkistlarning «Ittihodi tolibon» jamiyatiga kirgan, bu jamiyat esa milliy kadrlar uchun, Turkistonning ozodligi uchun, Turkistonning Turkiyaga qoʻshilishi uchun ruslarga qarshi kurash shiori ostida eski va yangi oʻqituvchilarni birlashtirishga qaratilgan ishlarni amalga oshirgan.

Sulaymonov Shokir 1919 yili taniqli qoʻqonlik millatchi Qodirov Ubaydulla Maxsum tomonidan «Milliy ittihod» yashirin tashkilotiga jalb etilgan, bu tashkilot esa oʻz oldiga Sovet hokimiyatini agʻdarib tashlash maqsadini qoʻygan. U «Milliy ittihod» tashkilotining a’zosi sifatida burjua millatchi kadrlarni tayyorlash, jamoatchilik fikrini chalgʻitishga qaratilgan aksilshoʻroviy-millatchilik mazmunidagi she’rlarni matbuotda e’lon qilish yoʻli bilan tashkilotning aksilinqilobiy faoliyatida faol ishtirok qilgan...»

Koʻramizki, Sh.Sulaymonga qoʻyilgan bu ayblarning birortasi ham uning 30 — 40-yillardagi faoliyatiga mutlaqo aloqador emas. Sirasini aytsak, ular quruq tuhmatdan iborat. Shunday ekan, «Nega u holda Shokir Sulaymon qatagʻon etilgan? Uning aybi nimada?» degan savollar tugʻiladiki, bu savollarga quyidagicha javob berishimiz mumkin: birinchidan, Shokir Sulaymon, yuqorida aytib oʻtganimizdek, ustozlari va yor-doʻstlari haqida NKVDga ma’lumot berib turmagan. Uning qamoqqa olinishi uchun 30 — 40-yillari shuning oʻzi ham yetarli boʻlgan. Ikkinchidan, sovet razvedkasi toʻplagan ma’lumotga koʻra, vermaxt shu yillari Eron orqali Oʻrta Osiyoga bostirib kirishni rejalashtirgan. Agar nemis armiyasi sovet davlati siyosatidan norozi boʻlgan Oʻrta Osiyoga bostirib kirgudayin boʻlsa, «Milliy ittihod»ga moyil kishilar nemislar tarafiga oʻtib, sovetlarga qarshi kurashishlari mumkin edi. Shuning uchun ham Stalin urushning dastlabki yillarida xalqning ma’lum bir qismini yana qatagʻon qilgan.

Shunday qilib, Shokir Sulaymon 1942 yil 8 avgustda oʻzi bilan birga qamoqqa olingan adabiyotshunos Sotti Husayn, shoir va jurnalist Yunus Latif hamda geograf olim Sharif Obidov bilan birga otib tashlandi. Mahbusning mol-mulki, shu jumladan, Shahrisabz koʻchasidagi xonadoni musodara etildi. Uning xotini Zaynab Mirsalimova Marat va Poʻlat degan ikki oʻgʻli hamda Nodira va Munira degan ikki qizi bilan birga Andijonga, qarindoshlarinikiga koʻchib ketishga majbur boʻldi. Shokir Sulaymonning Qoʻqon shahrida istiqomat qilayotgan Yahyo va Qodir degan ukalari ham oila a’zolari bilan gʻurbatda qoldilar...