OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNaim Karimov
Asar nomiDoʻrmon hangomalari (komediya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Dramaturgiya
Mualliflar
   - Naim Karimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Komediyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm87KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 5-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Doʻrmon hangomalari (komediya)
Naim Karimov

Ishtirok etuvchilar

Gʻafur Gʻulom – 59-60 yoshlarda.
Sobir Abdulla – 57-58 yoshlarda.
Habibiy – 72-73 yoshlarda.
Yunus Rajabiy – 65-66 yoshlarda.
Gʻayratiy – 59-60 yoshlarda.
Mahmudxon – Gʻafur Gʻulomning bolalik doʻsti, aptekachi, 59-60 yoshlarda.
Noma’lum yigit – 20-22 yoshlarda.
Saodatxon – Sobir Abdullaning rafiqasi, qirchillama yoshda.
Mustafo – Gʻafur Gʻulomning shofyori, 44-45 yoshlarda.
Yozuvchilar, sozandalar va boshqalar.

Birinchi Parda

Birinchi koʻrinish

Sobir Abdullaning bogʻi. Kuz kunlarining biri. Erta tong. Gulzor orasida atlas koʻrpacha va bolishlar qoʻyilgan soʻri. Oʻng tomonda dangʻillama uy eshigi. Eshik yaqinida chetan stol va uch-toʻrtta stul. Etakdagi turli-tuman mevali daraxtlar va anvoyi gullarning za’faron chehrasi hovliga oʻzgacha koʻrk bagʻishlab turibdi.

Uy ichidan radioning tonggi ovozi eshitiladi. Bir ozdan soʻng kimdir deraza tabaqasini ochishi bilan ovoz kuchayib eshitiladi: «Assalomu alaykum, hurmatli vatandoshlar! Kuz quyoshining ilk nurlari bilan boshlangan yangi ayyomingiz muborak boʻlsin, azizlar!» Nafis cholgʻu kuyi yangray boshlaydi.

Tashqaridan «Pobeda» mashinasining kelib toʻxtagan ovozi keladi. Uy eshigidan ustiga toʻn tashlagan Sobir Abdulla chiqib, koʻcha tomon yoʻnaladi. Koʻp oʻtmay, shovqin-suron bilan bilan Sobir Abdulla va Gʻafur Gʻulom kirib keladilar.

Gʻafur Gʻulom (eshikdan kirayotib). Dushanbeda doʻst­lar diydoriga toʻyib, oʻtgan azizlar ruhini obod aylab keldim. Sayr ham sayr, sargardon ham sayr, deganlaridek sayru sayohat farogʻatini totdim. Ammo oʻzimizning koʻhna Shoshimizdan qoʻymasin, Sobirjon! Hirotga borsam ham, ikki kunda Toshkanni sogʻinaman, Toshkanni...

Sobir Abdulla. Meni aytmaysizmi, Gʻafur aka! Bir kun-yarim kun oydek qizlarimni koʻrmay qolsam jinniday boʻp qolaman.

Gʻafur Gʻulom. Jinniday emas, jinnining oʻzi boʻlasiz, mulla Sobir. (Kuladi.)

Sobir Abdulla (oʻziga ogʻir olib). Farzand shirin boʻladi, Gʻafur aka. Oʻzingizni ham koʻrganmiz, qizingiz...

Gʻafur Gʻulom (uning soʻzini boʻlib). Hazilni koʻtarmaydigan boʻlib qolibsizmi, Hoʻqondi Latifning erkatoyi?! Nima, «qizingiz»?

Sobir Abdulla. Olmosxonni qanaqa sogʻinganingizni koʻrganman. Shuni aytmoqchiydim, xolos. (Sukut.) Qani (stol va stullarni koʻrsatib), togʻu daryolarni oshib kelgan oyoqlaringizga dam bering.

(Oʻtirishadi.)

Gʻafur Gʻulom. Sogʻingan boʻlsam sogʻinibman-da, Sobirjon! «Sogʻinish – mehr-oqibatning doyasi», degan mashoyixlardan biri. Bu dunyo – odamning bir-birini sogʻinishi bilan dunyo. Ikki kunga boʻlsa ham safarga chiqqan odam, agar onasini sogʻinmasa, xotini-yu bola-chaqasini sogʻinmasa, doʻst-yorlarini sogʻinmasa, hayvondan farqi qolmaydi, okosi.

Sobir Abdulla. Hattoki hayvonlar ham sogʻinish tuygʻusidan mahrum emas...

Gʻafur Gʻulom (uning soʻzini boʻlib). Olimlar buni instinkt, deyishadi, mulla Sobir! Hayvonlarda tuygʻu boʻlmaydi. Akademik Pavlovni eshitganmisiz?..

Sobir Abdulla. Akademik Palov, dedingizmi? Shunaqayam akademik bor ekanmi? (Kuladi.)

Gʻafur Gʻulom. Boʻlganda qandoq! Faqat Palov emas, Pavlov.

Sobir Abdulla. Shunday demaysizmi? Palovni ham bilaman, Pavlovni ham. (Hazillashib.) Bir oz sabr qilsangiz, avval sizga sergoʻsht, seryogʻ akademik Palovni chinni laganga solib olib chiqaman.

Gʻafur Gʻulom (hazilni ilib olib). Siz aytayotgan akademik Palov ota-bobolarimdan qolgan jigarim boʻladi. Muharrama opangiz bu qarindoshimizni azbaroyi hurmat qilganidan har kuni laganga solib dasturxonga qoʻyib ketar edi, «olishib-suhbatlashib oʻtiringlar», deb. Yodingizdan chiqdimi, doʻstingizning Arpapoyadagi uyi­da sizni yogʻliq qoʻllari bilan kutib olishlari?

Sobir Abdulla (boʻsh kelmaslikka urinib). Qaysi akademik Palovni aytayapsiz, Gʻafur aka?

Gʻafur Gʻulom. Qaysi Palov boʻlardi, Sobirjon. (Kerilib.) Menkim, akademik Gʻafur Gʻulom bunaqa akademiklarni kun ora uch-toʻrttasini tayyorlab turgan boʻlsam…

Sobir Abdulla. (pichingnamo) Hov 44-yilda, Hamid Olimjonning uyida, Jizzaxdan kelgan bochkani yarimlatib tayyorlagan akademikingizni ham bilamiz. Oʻshanda akademik Palov emas, akademik Kuyganboev boʻlib qolganini koʻrib, shataloq otib qochganingiz yodingizdan chiqdimi? Bechora Hamid Olimjon...

(Gʻafur Gʻulom, achchigʻi kelibmi, oʻrnidan turib ketadi.)

Gʻafur Gʻulom (uning soʻzini boʻlib). Nima, Hamid Olimjon osh koʻrmaganmidi? U yuzimga solmagan narsani siz gapirib oʻtiribsiz-a, baqrayib! (Bir oz turib.) Oʻtgan ishga salovot, degan gap bor. Xotira yaxshi voqealarni saqlab yurish uchun berilgan odamzodga. Agar inson butun umr koʻrgan yomonliklarini eslab yuraversa, odamgarchilikdan chiqib ketadi. Gitler bilan Stalinlarning millionlab kishilarni qirib tashlagani sababini bilasizmi? (Sobir Abdulla unga «bilmayman», degan ma’noda qaraydi.) Chunki, ularning miya hujayralarida ota-bobolarining, olis ajdodlarining yomon voqealar, xunrezliklar bilan toʻla xotirasi joylashib qolgan edi. Yomon xotira bilan zaharlangan miya hujayrasi ota-onaga hurmat, beva-bechoraga shafqat, qarindosh-urugʻlarga mehr-oqibat singari insoniy fazilatlarni sitib chiqaradi. Shuning uchun ular XX asrning Zahhoki Moronlari edi. (Yana sukut qilib) Mana shunaqa, Mirsobir Mirabdullaev! Xotira sandigʻini tez-tez ochib, shamollatib turish lozim. Aks holda mogʻollab ketadi.

Sobir Abdulla. Keling, oʻtirib suhbatlashaylik. Tik turganingizda, xayolingizga nuqul jiddiy fikrlar kelib Aflotun boʻlib ketasiz. (Oʻtirishadi. Sobir Abdulla uyga kirib, bir choynakda choy damlab chiqadi.) Bugun shanba. Siz aytganingizdek, ozgina miyamizni shamollatib, shanbalik qilsak...

Gʻafur Gʻulom. Qanaqa shanbalik? Tomsuvoq bormidi?

Sobir Abdulla. Tomsuvoq qilmay qoʻyganimizga ancha boʻldi, Gʻafur aka...

Gʻafur Gʻulom (uning soʻzini boʻlib). Afsus. Men bolaligimda qip-qizil lola­qizgʻaldoq, koʻm-koʻk oʻt-oʻlan bilan qoplangan tomlarda varrak uchirishni xush koʻrardim. Qani endi oʻsha damlarimga, oʻsha lolazor tomlarga bir kun boʻlsa ham qaytsam. Hozirgi bechora bolakaylar buning gashtini qayoqdan bilishcin. E!..

Sobir Abdulla. Men oʻtmishni eslasam, keksalik qoʻngʻirogʻi chalingandek, gʻoyibdan: «Marhamat, poezddan tushing, soʻnggi bekatga yetib keldingiz!» degan ovoz eshitilgandek boʻlaveradi.

Gʻafur Gʻulom. Yoshlikning yam-yashil niholiga yana qurigan shoxni payvand qil­moqchisiz-a, Sobirvoy!.

Sobir Abdulla (qoʻl koʻtaradi). Boʻpti, men qoʻl koʻtardim. Boshqa keksalikdan gapirish yoʻq... Ha, aytgandek, safar yaxshi oʻtdimi? Tojik birodarlar sogʻ-salomat yurishibdimi? Kimlarni koʻrdingiz?

Gʻafur Gʻulom (oʻychan). Safar koʻngildagidek oʻtdi. Doʻstlaringiz sizni koʻp yoʻqlashdi. Tursunzoda, Mirshakar, Boqi Rahimzoda... Hammasi... «Sobir Abdulla chakki qildi, bizga koʻchib kelishi kerak edi. Hovli-bogʻ berardik, mashina berardik. Hukumat doʻkonidan sarxil mollarni arzon-garov olardi», deyishdi. Men: «Oʻzbekiston hukumati Sobir Abdullaga yosh, huriliqo xotin olib bergan, buning ustiga bir-biridan goʻzal kanizaklarini aytmaysizmi yana», dedim. «Shaharda dangʻillama uyi-yu kavsar suvlari sharqirab turgan bogʻ hovlisi bor», dedim. (Ikkalasi xoxolab kulishadi.) Rost aytibmanmi? Saodatxonni sizga kim olib bergan? Toʻyingizda hukumat boshliqlari qatnashganmidi? Qatnashgan. Oʻshalar olib berishganmidi, olib berishgan!.. Hozir yashayotgan uyingiz katta xolangizdan qolmaganini ham hamma biladi. Yo notoʻgʻrimi?

Sobir Abdulla (oʻylanib). Toʻgʻri, toʻgʻri aytasiz..

Gʻafur Gʻulom. Onasining atrofida parvona boʻlib yurgan qizlaringiz kanizak boʻlmay, kim boʻlsin!.. Xullas, tojik doʻstlaringiz sizning jannatda yashayotganingizga ishonishdi, xursand boʻlishdi. Boqi Rahimzodaning sizga havasi kelib, «Oʻzbekistonga koʻchib borsam, menga ham shunday sharoit yaratasizlarmi?» deb soʻradi. «Sizga yoʻl boʻlsin, dedim, avval «Tohir – Zuhra»ga oʻxshagan bir asarni yozib, oʻn toʻrtta mamlakat sahnasida qoʻydiring, kino qilib butun dunyoni aylantirib chiqing. Keyin Oʻzbekistonni havas qilsangiz yarashadi», dedim. Toʻgʻri aytibmanmi?

Sobir Abdulla. Toʻgʻri, toʻgʻri aytibsiz.

Gʻafur Gʻulom. Xullas, sizning jannatda yashayotganingizni ta’rif-tavsif qila­man, deb esim ketdi.

Sobir Abdulla (sirli jilmayib). Siz ham ikki-uch kun jannatda yashagan koʻri­nasiz.

Gʻafur Gʻulom. Jannat qayda? Majlis boshlangan kundan tugagunicha eshitganim «zindabod, zindabod» boʻldi.

Sobir Abdulla. Nima, «zindabod» yomon soʻzmi? Yashasin, degani. «Zindabod Gʻa­fur Gʻulom!» degani – «Yashasin Gʻafur Gʻulom!» degani. Buni siz mendan yaxshi bilasiz.

Gʻafur Gʻulom. Ha, sizdan yaxshi bilaman. Ammo men har bir soʻzidan «Pravda» gazetasining hidi anqiydigan kishilardan charchadim. Juda charchadim. Bir Sobirvoyning uyiga borib, Mahmudxonga oʻxshagan sodda, begʻubor, hazilni koʻtaradigan yor-doʻstlar bilan otamlashib oʻtirsam, dedim oʻzimga. Hozirgi zamonda doʻxtir bergan dori-darmonlarni ichishdan koʻra, Mahmudxonga oʻxshagan koʻnglida kiri yoʻq ulfatlar bilan diydorlashishga nima yetsin, Sobirjon!

Sobir Abdulla. Mahmudxon aptekachi bilan oʻtgan bozor kuni koʻrishib, rosa bitingiz toʻkilgan edi-ku.

Gʻafur Gʻulom. Tevarak-atrofga qarasang, devday-devday pixini yorgan odamlarni koʻrasan, kishi. Mahmudxon – soddalarning soddasi. Goʻllarning goʻli. Sodda odamning dili pok boʻladi. Men poklikni, musaffolikni sogʻindim, Sobirjon.

Sobir Abdulla. Xoʻsh, nima demoqchisiz? Uni borib olib kelaymi? Yoki oʻzimiz boramizmi?

Gʻafur Gʻulom. Yoʻq, uni olib kelish uchun yaxshi bahona topish kerak.

Sobir Abdulla. Bahonaning koni oʻzingiz-da, Gʻafur aka. Koʻrsatkich barmogʻingizni chakkangizga mixlashingiz bilan she’r ham oqib keladi, bahona ham!

Gʻafur Gʻulom (kuladi, soʻngra koʻrsatkich barmogʻini chakkasiga qoʻyib, bir zum xayol surib). Yozing!

Sobir Abdulla. Mana, bahonani ham topdingiz. Agar sizga haykal qoʻyadigan boʻlishsa, sizga emas, shu koʻrsatkich barmogʻingizga haykal qoʻyish kerak!

Gʻafur Gʻulom. Gapni choʻzmang. Dovot, qalam, qogʻoz olib chiqing.

(Sobir Abdulla uyiga kirib, qogʻoz-qalam olib chiqib, yozishga oʻtiradi.)

Gʻafur Gʻulom (aytib turadi). «Hurmatli Mahmudxon aka! Hamma zaruru nozarur ishlaringizni bir chekkaga qoʻyib, biznikiga marhamat qilishingizni tabiatning nozik joylaridan yolvorib soʻrayman. Men va doʻstingiz Gʻafur Gʻulom uchun tabarruk boʻlgan, ya’nikim jannatmakon shoir Muqimiyning ustozlari boʻlmish Mutasharrif domla bugun tong birlan Latifi Xoʻqonddan kelib, avval siz azizu mukarramni, keyin Gʻafur Gʻulomni yoʻqlamoqdalar. Shuning uchun avval mashinani siz janoblariga yuborayapman. Sizdan soʻng mashina shoiri davronni olib kelajak. Ustoz Mutasharrif domlani uzoq kutdirmagaysiz. Kamoli ehtirom bilan Sobir Abdullo Xoʻqandiy».

Sobir Abdulla (yozishni tugatib). Bahonani ham, xatni ham bopladingiz. Mahmudxon aka bu xatni olishi bilan qanot qoqib uchi-ib keladi.

Gʻafur Gʻulom. Qani endi bu xat ham uchi-ib borsa! (Chaqiradi.) Mustafo! Ho, Mus­tafo!!

Sobir Abdulla. Men oʻzim chiqib, berib kelaman. (Chiqadi.)

Gʻafur Gʻulom makkajoʻxorilar boʻy choʻzib turgan joyga borib, ular popugini yulib, soqol-moʻylov yasaydi. Qoshiga ham popuk yopishtiradi.

Sobir Abdulla (hovliga qaytib kirib, dastlab Gʻafur Gʻulomni topa olmay, u yoq-bu yoqqa alanglaydi, soʻng koʻrib). I-e, Gʻafur aka! Tinchlikmi?

Gʻafur Gʻulom. Tinchlik. Sandigʻingizda Xudoyorxondan sizga meros boʻlib qolgan banoras toʻn bor, deyishardi. Shu gap rostmi? Muqimiyning ustoziga yarashadigan boshqa sarpolar ham bordir? Bor boʻlsa, tezroq olib chiqing.

Sobir Abdulla. Tushundim. Ammo ehtiyot boʻling. Tagʻin Mahmudxon aka Muqimiyning ustozini koʻrdim, deb hushidan ketib yurmasin. Bu, uchinchi marotabami... hushidan ketishi boʻladi. Xudo saqlasin, bir kunmas bir kun...

Gʻafur Gʻulom. Bogʻingizga bulbul ham kerak emas, chogʻi. Juda yaxshi sayrayapsiz, Sobirjon! Faqat niyatingizni yaxshi qiling!

Sobir Abdulla uyga kirib, bir muncha vaqtdan soʻng bir quchoq kiyim-kechak, kitob-daftar olib chiqadi. Gʻafur Gʻulom ularni tanlab, kiyinadi va 100 yoshdan oshgan cholning qiyofasiga kirib, soʻriga koʻtariladi. Sobir Abdulla savlat toʻkib oʻtirgan «Mutasharrif»ning orqa tarafiga ikki-uchta yostiq qoʻyadi. «Mutasharrif» Daqqi Yunusdan qolgan koʻzoynakni taqib, bir qoʻlida tasbeh oʻgirib, oldidagi katta arabiy kitobni oʻqiyotgan kishi boʻlib oʻtiradi.

Shu payt mashina tovushi eshitiladi. Sobir Abdulla chiqib, Mahmudxonni boshlab kiradi.

Mahmudxon (hovliga kirayotib). Mavlono Muqimiyning domlasi meni qaerdan bilar ekan? Na Qoʻqonga borgan, na Muqimiyni koʻrgan boʻlsam. Sirasini aytsam, Muqimiyning ustozi u yoqda tursin, shogirdiga ham ishim tushmagan. U ham meni tushida koʻrmagan, albatta.

Sobir Abdulla. Unday demang, Gʻafur Gʻulom har safar Qoʻqonga borganida sizning ta’rifingizni qilardi. Qoʻqonda shoir zoti borki, sizni juda yaxshi biladi. Mutasharrif bobo ham sizning ta’rifingizni koʻp eshitganlar. Sizni koʻrsalar, balki shogirdlari Muhammad Aminxoʻjani koʻrgandek boʻlib boshlari osmonga yetar.

Mahmudxon (oʻzicha). Zarur ishlarim bisyor edi. Hammasini tashlab kelayapman-a. Hay, mayli. Muqimiyning domlasini har kuni koʻrmasak... (Sukut. Sobir Abdullaga.) Mulla Sobir, Gʻafur kelgani yoʻqmi?

Sobir Abdulla. Gʻafur akaga mashina endi boradi. Marhamat, soʻriga chiqing, sizning kelishingizni kutib mehmonga dasturxon yozolmay oʻtiribman.

Mahmudxon. E, qiziq-ku, Xoʻqondi Latifday olis joydan mehmon keladi-yu, mendek shoir zotining soyasiga salom beradigan kishini kutib oʻtirasizmi, mulla Sobir?

Sobir Abdulla. Mehmon: «Mahmudxon kelmaslaridan burun dasturxon yozmaysiz, choynak-piyola qoʻymaysiz», deb oyoq tirab oldilar. Ana, soʻrida oʻtiribdilar. Qani, qani (soʻrini koʻrsatib), koʻtariling.

Mahmudxon soʻriga chiqib, ikki qoʻlini koʻksiga qoʻygan holda mehmonga salom beradi.

Mahmudxon. Assalomu alaykum, taqsir. Xush kelibsiz Toshkandi azimga. Yaxshi kel­dingizmi? Sihat-salomatligingiz joyidami? Poezdda urinib-charchab qolma­dingizmi? Shu muborak yoshda bir Toshkanga boray, deb yoʻlga chiqibsiz-da. Borakallo, borakallo, qadamingizga hasanot.

«Mutasharrif» qulogʻi ogʻir boʻlgani uchun Mahmudxonning soʻzlarini eshitmay, Sobir Abdullaga qaraydi.

Sobir Abdulla («Mutasharrif»ga baland ovoz bilan). Mahmudxon sizga salom beryaptilar. «Xush kelibsiz», deyaptilar, «Toshkandi azimga yaxshi keldingizmi? Sihat-salomatingiz yaxshimi?» deyaptilar.

«Mutasharrif» ma’qul, degandek boshini qimirlatib qoʻyadi.

Mahmudxon (Sobir Abdullaga qarab, sekin ovoz bilan, oʻzicha). Muqimiy haz­ratlarining domlasi tushmagur kalovlanib qolganga oʻxshaydi. («Mutasharrif»ga murojaat qilib.) Taqsir, muchalingiz nima? Yuzdan oshgandirsiz-a? Muqimiy haz­ratlariga ustozlik qilganman, deng. Baraka toping, koʻp yashang. (Mutasharrifdan sado chiqmayotganini koʻrib.) Quloq masalalari chatoqqa oʻxshaydimi, taqsir?! Men ham mulla Sobirjonga oʻxshab baqirsam, qulogʻingizning qolgan pardasi ham yirtilib ketishi mumkin. Xudo kelib-kelib sizdek ulugʻ domlaning qulogʻiga paxta tiqib ketadimi-a? (Mutasharrif tushunarsiz harakat qiladi.)

Sobir Abdulla. Xudoga til tekkizmang. Domla xafa boʻldilar.

Mahmudxon. Xudoga til tekkizib jinni-pinni boʻldimmi? Shundoq tabarruk yoshdagi domlaning qulogʻiga Xudo paxsa urmaganida ota-bola boʻlib gurunglashib oʻtirgan boʻlarmidik, mulla Soobirjon. (Yana Mutasharrifda oʻzgarish.)

Sobir Abdulla. Yana xudoga til tekkizyapsiz, Mahmudxon aka. Domla ranjiyaptilar. Domlaga aytadigan bama’ni gaplaringiz yoʻqmi, Mahmudxon aka!

Mahmudxon (oʻzicha). Bu yerga kelmay men oʻlay. Tushimda kimningdir arvohini koʻrgandim-a! Otamning arvohi, deb ertalab uch karra «Yosin» oʻqigan edim. Mutakabbir, yoʻgʻe. Mutashakkir, yoʻq, Mutasharrif domlaning arvohi ekan! (Mutasharrifga baland ovoz bilan). Bugun sizni tush koʻrgan edim. Qarang, uchrashar ekanmiz. Tushda ham koʻp xosiyat bor-da, taqsir. Men, mana, oltmishga kirmasdan, quloqdan qolganman. Sizga havasim kelib turipti. Koʻz tegmasin, hali ham qulogʻingiz Mulla Toʻychi akaning qulogʻidek yaxshi eshitar ekan, koʻzingiz qalay, koʻzingiz ham yaxshimi?

«Mutasharrif» Sobir Abdullaga tushunmagan kishi boʻlib qaraydi.

Sobir Abdulla (Mutasharrifga baland ovoz bilan). Mahmudxon aka aptekachi emasmilar, oz-moz tibbiyotdan ham xabardorlar (Qizishib.) Ba’zan Gʻafur Gʻulomni ham (tomogʻini koʻrsatib) davolab turadilar...

(«Mutasharrif» jahllanadi.)

Sobir Abdulla. Mahmudxon: «Taqsir, men, mana, oltmishga kirmasdan, quloqdan qolganman», deyaptilar. «Sizga havasim kelib turipti», deyaptilar.

(«Mutasharrif» nimadir deydi.)

Sobir Abdulla (Mahmudxonga). Mutasharrif domla: «Koʻzim ham, qulogʻim ham baloning oʻqidek soppa-sogʻ», deyaptilar.

«Mutasharrif» (kutilmaganda soʻzlab yuboradi). Yoʻq, men Mahmudxondan: «Peshonangdagi koʻzmi yo supraning teshigimi?» deb soʻradim.

(«Mutasharrif» soqol-moʻylovini oladi, salla-choponini yechadi.)

Mahmudxon (hayratda). I-e, Gʻafurvoy, oʻzingizmi? (qotib-qotib kulishadi.) Men ham Muqimiyning domlasi allaqachon koʻkarib chiqqandir, degan xayolda edim... Hali sizlar Topchinskiy-Popchinskiy boʻlib meni laqillatgani chaqirgan ekansizlar-da? Sizlarni deb shuncha zarur ishlarni tashlab kelibman-a! (Oʻzini arazlaganga soladi.)

Gʻafur Gʻulom. «Meni hech kim laqillatolmaydi», deb keriladigan senmisan, Mahmudxon! Laqillatish mana munaqa boʻladi, okosi. Cholni koʻrsang buvam deydigan boʻlib qolibsan-u, yana bizdan xafa boʻlasan! Kel, endi bir quchoqlashib koʻrishaylik. (Tura boshlaydi.)

Mahmudxon. Yoʻq, kerakmas, meni mazax qiladigan arvoh bilan koʻrishmayman.

Gʻafur Gʻulom (soʻridan tushib, Mahmudxonga yaqinlashib keladi). Sen meni sogʻinmagan boʻlsang, men seni sogʻindim, doʻstim. Tojikistonda uch kun uch yildek tuyuldi. Kecha oqshom kelib, bugun ertalab seni koʻrgim, bagʻrimga bosgim keldi. Nahotki, Gʻafur Gʻulom degan ming yillik doʻstingni kechirmasang!

Mahmudxonda oʻzgarish. U ham soʻridan tushib, sekin-asta Gʻafur Gʻulomga yaqin­lashadi. Soʻng ikkalasi qattiq quchoqlashib ketadi.


Ikkinchi koʻrinish

Oʻsha joy. Oʻsha kishilar.

Parda ochilishi bilan mashina ovozi keladi. Shovqin-suron bilan shoiru xo­nan­da-yu sozandalar kirib kelishadi.

Sobir Abdulla mehmonlar kelayotganini koʻrib, uydan yangi bolish va koʻrpachalar olib chiqib, soʻriga toʻshaydi. Dasturxon yozadi.

Habibiy (kirib). Assalomu alaykum, azizlar!

Gʻafur Gʻulom (u bilan koʻrishib). Habibiy domla, yaxshi keldingizmi? Sizni koʻrsam, rahmatlik otamni koʻrgandek boʻlaman. Doim besh yuzinchi lampadek nur sochib, nuroniy otaxon boʻlib yuring-e. (Yunus Rajabiy bilan koʻrishib). Yunus togʻa, sizni ham koʻrar kun bor ekan-a. Sogʻ-salomatmisiz? Bir arava bola-chaqa, qozon-tovoqlardan ortib, soʻzimni yerda qoldirmasdan kelganingiz uchun tashakkur …

Yunus Rajabiy (uning soʻzini boʻlib). Gʻafurvoy, sizni kechadan beri axtaraman, Sobir Abdullaning uyida oʻtiribman chilla qilib, demaysiz ham.

Gʻafur Gʻulom. Voy, togʻam tushmagur-ey, chillani sizga chiqargan. Yangamning etak­laridan haftalab chiqmaysiz. Katta tanburning qornini chertib yotganingiz yotgan. (Kulishadi.)

Yunus Rajabiy. Koʻzingiz tegdi, mulla Gʻafur, koʻzingiz tegdi. Qarib, hech narsaga yaramay qolganmiz.

Gʻafur Gʻulom. Sizni yaxshi bilaman, Yunus togʻa. Koʻz tegmasin, deb belingizga tumor bogʻlab yurasiz. Ne-ne sozandalar tanbur chertmay qoʻyishgan. Siz hali ham tanbur navosini tark etmay kelasiz. (Kulishadi.)

Yunus Rajabiy. Ob-bo, Gʻafurvoy-ey, askiyani sizga chiqargan. Lofni olib qochganingizda rahmatli Yusufjon Qiziq ham sizga yetolmasdi. Asli bu gaplaringizni Habibiy domlaga aytganingizda, oʻrinli boʻlardi.

Gʻafur Gʻulom. Nechuk?

Yunus Rajabiy. Yozgan gʻazallarini oʻqimayapsizmi? Hali ham oʻldim-kuydimdan nariga oʻtmaydilar. Yangamizga hali hamon tinchlik bermaydilar chogʻi.

Gʻafur Gʻulom. Shoirlar shunaqa boʻladi oʻzi, Yunus aka. Toʻqson yoshga toʻlib, oyoq­laridan darmon ketib, choʻzilib yotishsa ham, tillaridan ishq-muhabbat navosi tushmaydi.

Yunus Rajabiy. Kecha oʻgʻillaridan yangi gʻazallarini yuboribdilar, Yunus togʻangga ayt, paysalga solmasdan kuy bastalasin, deb. Bu gʻazalda nima yozibdilar, deng:

Har zamon koʻrsam, yoshim ulgʻaysa ham, ey sarvinoz,

Qomatim xam boʻlmagay, qoʻlga aso darkor emas.

(Kulishadi.)

Yunus Rajabiy. Habibiy domla nimaga shama qilayotganlarini sezayapsizmi, mulla Gʻafur. «Qomatim xam boʻlmagay», deganlarini qarang! Shunday deyishga uyalmaydilar ham. Yana men bu gʻazalga kuy bastalar emishman-da, u kishim gʻazalni sarvinozga ashula qilib aytib yurar emishlar!

(Kulgi.)

Gʻafur Gʻulom. Habibiy domlaning sarvinozi kim ekanini nahotki bilmasangiz, Yunus aka! Mana, eshiting:

Har kishining ta’biga loyiq sevikli yori bor,

Toleimdan oʻrgilay, yorimga hech yor oʻxshamas.

Mana shunaqa. Habibiy domla begonaga koʻz qirini tashlayveradiganlardan emaslar. Oʻzlari bu gunohli dunyoda yashayotgan boʻlsalar ham, koʻn­gillari arshi a’lodan pastga tushmaydi. Bunday pokiza koʻngil bazmi jamshidni xush koʻrmaydi, Yunus aka!.

Habibiy. Mulla Gʻafur, bizni juda uzlatga chekinganlar qatoriga kiritib yubordingiz-ku. Bazmi jamshidga tushib qolsak, sizni uyaltirmaymiz, azizim. Piyola uzatasizmi yo…

Gʻafur Gʻulom (uning soʻzini boʻlib). Gul-lola koʻrsatasizmi...

Habibiy (eshitmaganga olib). Yo oyoq oʻyinga tushasizmi, siz nima qilsangiz, shuni eplashga urinib koʻramiz.

Yunus Rajabiy (chekkaga). Domlasi tushmagur hali ham qarib quyilmaganga oʻxshaydi.

Habibiy (sezib). Bir narsa degandek boʻldingizmi, Ushshoqvoy aka?

Yunus Rajabiy. Mulla Gʻafurning oʻziga oʻxshagan qirchillama yigitlarni yigʻdirib kelganini aytaman, domla.

Gʻafur Gʻulom. Hali ham uncha-muncha qirchillama yigitlardan kam joyingiz yoʻq. Kamtarlik qilmang, usta. Bir bitingiz toʻkilsin, deb sizlarni olib kelgani Mustafoni yuborgan edim-da.

Yunus Rajabiy. Baraka toping, mulla Gʻafur. (Mahmudxonga yaqinlashib.) Lutf-altofga berilib, Dori-Darmoniyni unutib qoʻydik chogʻi. (Mahmudxon bilan koʻrishadi.) Sogʻ-salomat yuribsizmi, Mahmudxon? Aptekangizga biz, moʻysafidlar bop dori-darmonlar kelib turiptimi?..

Gʻafur Gʻulom (uning soʻzini boʻlib), Kampirning dardi gʻoʻzada, deganlari shu-da. Aptekachini koʻrishsa, darmon dorini surishtirib ketishadi. Salom-alik ham oʻlda-joʻlda boʻladi.

Habibiy (hali ham uy bilan soʻri oʻrtasida yelib yugurgan Sobir Abdullaga qarab). Mulla Sobir, tepaga chiqib olib, tushgingiz kelmay qoldimi?

Gʻafur Gʻulom. Tepaga chiqib olganidan keyin qaysi ahmoqning pastga tushgisi keladi?! (Sobir Abdullaga.) Tushmang, Sobirjon, zinhor tusha koʻrmang. Kerak boʻlsa, siz bilan soʻrashgani soʻriga oʻzlari chiqishsin!

Yunus Rajabiy (hamrohlariga qarab). Sobirjon sizu biz oʻltiradigan joyni nozu ne’matlar bilan yasatayotgan koʻrinadilar.

Gʻafur Gʻulom (Sobir Abdullaga qarab)

Zohirni yasashdan dili vijdonni yasantir,
Vijdonni solib ishga, bu davronni yasantir.

Habibiy

Ijod ila ek choʻlu biyobonga qizil gul,
Koʻp meva ekib, choʻlu biyobonni yasantir.

Gʻafur Gʻulom

Mehnat ila zeb bogʻla layoqat-hunaringga,
Yulduz yaratib chaqna-yu osmonni yasantir.

Gʻafur Gʻulom

Minbarga chiqib, boshla qoʻshiqlarni baralla,
Qarsaklar ila xalq toʻla maydonni yasantir.

Gʻafur Gʻulom

Nur chashmasidur xalqing uchun qalbi xazinang,
Soch nur, bu yorugʻ qalb ila insonni yasantir!

Sobir Abdulla (soʻridan tushayotib)

Sen eldan agar shirayu sharbat umid etsang,
Bogʻboni boʻlu, bogʻ ila boʻstonni yasantir.

Pastga tushib, mehmonlar bilan quchoqlashib koʻrishadi.

Yunus Rajabiy (Sobir Abdulla bilan koʻrishar ekan). Borakallo, shoir doʻstlar. Sizlar hammayoqni bogʻu boʻstonga aylantirayotganingizda biz bir chekkada qoʻl qovush­tirib tursak yarashmas ekan. (Sozandalarga.) Qani, yigitlar, tezroq joylashib, asbob­larni gʻilofidan chiqarib olinglar.

Gʻafur Gʻulom. Hoy-hoy, Yunusvoy aka, uyat bormi sizda? Nimalar deyapsiz? Xotin-xalaj kirib qolsa, nima boʻladi?

Yunus Rajabiy. Buzuq xayolga bormang, Gʻafurvoy. Sozandalarning asbobini xotin-xalaj koʻp koʻrgan. Qani endi hamma asboblar ham tilga kirganda, hazrat Navoiy soʻzlariga bastalangan kuyu qoʻshiq sadolari hammayoqni jaranglatib yuborsa!

Habibiy. Dilimdagini aytdingiz, ogʻa. Dilimsiz, dilim. Ammo shoʻxrogʻidan boʻl­sa, Mulla Gʻafur bilan mulla Sobirjonning bir xirom aylaganini koʻrib, jannatga tushgandek orom olarmidik.

Gʻafur Gʻulom. Mahmudxon doʻstimning-chi? U kishim bir kuni toʻyda oʻrtaga tushib xirom aylaganida, Mukarramaxonim bu toʻyda menga hojat yoʻq ekan, deb toʻrva-xaltasini koʻtarib chiqib ketgan.

Sobir Abdulla. Qani, mehmonlar, marhamat! Kim soʻrini ixtiyor qilsa – soʻriga, kim Pushkin bilan Glinkaga oʻxshab oyogʻini chalishtirib oʻtirishni istasa – kursiga.

Hamma oʻzi istagan yerdan makon topib oʻtiradi. Sozandalar asboblarini sozlab, mumtoz kuylardan birini chala boshlaydilar.

Koʻchadan mashina ovozi eshitiladi. Sobir Abdullaning: «Mustafo, siz ketavering. Gʻafur aka bugun ham biznikida dam oladilar», – degan va shu zahoti Mustafoning: «Sobirjon aka, meni Muharrama aya yubordilar. Ertaga Hindistondan mehmon kelayotgan ekan. Gʻafur akani olib ketaman», – degan ovozi keladi.

Sobir Abdulla (kirib, Gʻafur Gʻulomga). Mustafo keldi. Ertaga hindistonlik mehmonlaringiz kelayotgan ekan. Gʻafur akani olib ketaman, deb eshikda oyoq tirab turipti.

Habibiy (Gʻafur Gʻulomga). Kim kelayotgan ekan, mulla Gʻafur? Neru janoblari emasmi?

Gʻafur Gʻulom. Yoʻq, Habibiy domla. Ikki keksa hind yozuvchisi kelib, men bilan, mening sizlarga oʻxshagan purhikmat yor-doʻstlarim bilan tanishishmoqchi. Ertaga kechqurun hammangizni kutaman. Mahmudxon, tagʻin biror bahona topib, meni mehmonlar oldida uyaltirib qoʻyma. Ular ham senga oʻxshagan sodda va samimiy kishilar...

Sahna qorongʻilashadi. Mashinaning ketayotgan ovozi. Shu payt radiodan Gʻafur Gʻulomning tovushi eshitiladi:

Olam bilar, Furqat degan yoʻli bor,
Beruniy maydoni, Yoshlar koʻli bor,
Muqimiy binosin xuddi soʻli bor,
Koʻrsatuvchi militsioner qoʻli bor.
Bizninng uyga qoʻnib oʻting, doʻstlarim!
Parda


Ikkinchi Parda

Sahna oldi

Ichkaridan Yunus Rajabiy ijrosida mumtoz oʻzbek xalq ashulalaridan biri eshitilmoqda. Ora-chora «Doʻst», «Baraka toping, Yunus aka!», «Salomat boʻling!», «Oʻzingizga ham, ovozingizga ham koʻz tegmasin, usta!» degan ovozlar keladi.

Shu payt Noma’lum yigit paydo boʻladi. U yoq-bu yoqqa moʻralab, ashula ovozi kelayotgan uyga kirmoqchi boʻladi.

Noma’lum yigit. Furqat yoʻli-yu, Yoshlar koʻlini ham, «Muqimiy» teatrining soʻli-yu militsionerning Arpapoyaga qaragan qoʻlini ham topdim! Topdim-u, lekin kiray desam, oltmish-etmishni urgan kishilar ashula eshitib, boshlarini sarak-sarak qilib oʻtirishipti. Ular orasiga suqulib kirib, boshimni sarak-sarak qilib oʻtirishga toqatim yoʻq. Kirmay desam, «Bizning uyga kirib oʻting, doʻstlarim», deb kechqurun ham, ertalab ham she’r oʻqidi shoir... Gʻafur Gʻulom. Kiray desam, «Senga koʻzim uchib turuvdimi, bola?!» deb haydab yuborsa, obroʻyim bir pul boʻladi. Kirmay desam, Gʻafur Gʻulomsiz ishim bitmaydiganga oʻxshaydi. Kiray desam...

Shu payt olisdan hushtak tovushi eshitiladi. Noma’lum yigit oʻzini panaga uradi.

Uchinchi koʻrinish

Gʻafur Gʻulomning uyi. Shinamgina boloxona. Sahna ortida bogʻ.

Gʻafur Gʻulom, Habibiy, Mahmudxon, sozandalar va boshqalar dasturxon atrofida suhbat qurib oʻtirishipti.

Sahna ochilishi bilan Yunus Rajabiy kirib keladi. «Hormang, usta!», «Yashang, salomat boʻling!», «Farishtalarimizning koʻnglini obod qilib chiqdingizmi?» degan ovozlar.

Yunus Rajabiy (mehmonlarga qulluq qilib, Gʻafur Gʻulomga). Xoʻp ajoyib ish qilibsiz-da, mulla Gʻafur! Bizga oʻxshash kaltafahm kishilarning aqliga kelmaydi bu qilgan ulugʻ ishingiz! Baraka toping, umringiz uzoq boʻlsin ilohi.

Gʻafur Gʻulom. Yaqinda rahmatli Hamid Olimjonni tush koʻrgan edim. Nima uchundir keyingi kunlarda uni bot-bot koʻradigan boʻldim. «Rahmat, doʻstim, bola-chaqamdan xabar olib turibsan. Ayniqsa, ayamning koʻnglini soʻrab turganingdan boshim osmonga yetayapti», dedi. Hamid bilan bir otamlashib gaplashmoqchi edim, shu payt momaguldirak ovozidan uygʻonib ketdim. Oʻsha kuniyoq Zulfiyaning uyiga tandirdan yangi uzilgan bir savat jizzali non koʻtarib bordim-da: «Zulfiya, aylanay, xushroʻy kelinim, men anchadan beri bir niyatni dilimga tugib yurgan edim. Shuni aytgani keldim», dedim. «Gʻafur aka, qanday niyat?» – dedi Zulfiya tortinib. «Niyatim shuki, – dedim, – sen yaxshi shoira boʻlib yetishding. Faqat Oʻzbekiston emas, butun dunyo biladi seni. Sen bizning iftixorimizsan! Shuning uchun men sening sharafingga ziyofat bermoqchiman. Bu fikrimni Muharrama ayang ham ma’qulladi. Kelayotgan shanba oqshomida seni kutaman», – dedim. «Faqat kimlar bilan, necha ayol boʻlib kelishingni ayt. Har biringga bir kiyimlik Margʻilon sakkiz tepki atlasidan tayyorlab qoʻymoqchiman», – dedim. Zulfiya bir oz oʻylab, dugonalarini sanay boshladi: (barmoqlarini birma-bir bukib) Halimaxonim, Mukarramaxonim, Soraxonim, Tamaraxonim, Bertaxonim, Xadichaxonim, Vasilaxonim, Habibaxonim, Saidaxonim...» Mana, hozir ular mehmonxonani gullatib, mening za’faron koʻnglimga koʻklam uforini purkab, yayrab-yashnab oʻtirishipti.

Habibiy. Ming tasanno sizga, mulla Gʻafur! Zulfiyaxonning oʻksik koʻnglini osmon baravar koʻtaradigan ish qilibsiz!

Yunus Rajabiy. Mulla Gʻafur, davrada qimtinib oʻtirgan ikki ayolni tanimadim. «Qaro koʻzim»ni yigʻlab eshitishdi. Ulardan birini rahmatli Hamidning onasi, desam, Komila aya barvastaroq edimi...

Gʻafur Gʻulom (qahqaha otib). Bu jannat gullarining kelishini eshitib, hindistonlik mehmonlarim tipirchilab qolishdi. «Mashhur oʻzbek shoiru san’atkor ayollari bilan bir davrada oʻtirishni istab qolishsa boʻladimi ular! Na iloj, xonadonimga Abu Rayhon Beruniy, Xusrav Dehlaviy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari tabarruk bobolarim ruhini olib kelgan mehmonlarga «yoʻq», desam ayb boʻlardi. Oʻylab-oʻylab bir hiyla ishlatdim. Tojikistondan Badaxshon goʻzallari kiyadigan ikki-uch koʻylak olib kelgan edim, baxtga qarshi, Muharramxonga torlik qilib qoluvdi. Buni qarangki, Gurbaxsh Sing bilan Navtej Sing degan ota-bola mehmonlarimga kiygizib koʻrgan edim, xudoning qudrati bilan xuddi oʻzlariga tikilgandek boʻldi. Biram ochilib ketishdiki, koʻrgan odam ularni Mukarramxonim bilan Tamaraxonimdan sira ajrata olmaydi Boshlariga margʻiloncha roʻmol tangʻib, mehmonxonaning toʻrida savlat toʻkib oʻtirishipti. Bu sirdan faqat Zulfiya xabardor. U mehmonlarimni hind shoirasi Amrita Pritamning opalari, deb tanishtirdi. Amrita Pritamning bu opalari «tishlari ogʻriyotgani uchun» ogʻiz ochmay, tomosha qilib oʻtirishipti hozir.

(Kulgi.)

Habibiy. Ana topqirligu, mana topqirlik! Gullar ham xursand, tikanlar ham.

Gʻafur Gʻulom. Hay-hay, Habibiy domla, nimalar deyapsiz? (Hazillashib.) Hali Hindistondan mamlakatimizga doʻstlik elchilari boʻlib kelgan muhtaram zotlarni tikanga oʻxshatasizmi?! Kamina bu oʻtirish toʻgʻrisida tegishli joyga hisobot yozib berishim kerak. Sirasini aytsam, oʻtirishga siz ham, Yunus aka ham, Mahmudxon ham (qoʻlini koʻkka bigiz qilib) ularning ruxsati bilan kelgansiz..

Habibiy (qoʻrqib ketadi). Tavba qildim, tavba! Agar hisobot yozadigan boʻlsangiz, biz, qoʻqonqishloqlik omi shoirning nomini ham, boyagi soʻzimni ham aslo xat qilmang, mulla Gʻafur!

Gʻafur Gʻulom (boshqalarga koʻz qisib) Nima, (yana qoʻlini koʻkka nayza qilib) ularni aldaymi? Buyuk hind xalqining vakillarini tikanga oʻxshatganingizni oʻzim aytdim, deb yozaymi? Oʻzim baloga giriftor boʻlaymi?

Mahmudxon. Yoʻq, yoʻq, mulla Gʻafur, siz oʻzbek xalqiga keraksiz. Oʻzingizni ehtiyot qiling. Sizni ehtiyot qilish bizning ham...

Gʻafur Gʻulom (soʻzini boʻlib va koʻzini qisib). Qanday ehtiyot qilay oʻzimni, Mahmudxon, sizlar meni ajdahoning naq ogʻziga roʻpara qilib turgan boʻlsangiz...

Habibiy. Hay-hay, mulla Gʻafur, odamni qoʻrqitmang. «Ajdaho» deganingiz nimasi? «Tikan» degan soʻzim qayda-yu «ajdaho» qayda! Yegan-ichganim tatisin, mulla Gʻafur! Men nihoyati aytmoqchi boʻlganimni tushunasiz, deb oʻylagan edim. Yopigʻliq qozon yopigʻliq qolsin, inim! Shundoq boʻlsin!

Yunus Rajabiy (oʻyin ketayotganini sezib). Endi, mulla Gʻafur, hammamiz ham xudoning oq sut emgan bandasimiz. Habibiy domla bu qaltis gapning oqibatini oʻylamay dabdurustdan aytib yubordilar. Shunaqami, domla?

Habibiy. Shunaqa-shunaqa.

Yunus Rajabiy. Agar oʻsha gap yozilayotgan boʻlsa, sekin tuzatib qoʻyishning ilojini toping! (Habibiyga qarab.) Shunaqami, domla?

Habibiy. Shunaqa, shunaqa.

Gʻafur Gʻulom. Qanaqa «shunaqa-shunaqa»?

Yunus Rajabiy. Ya’nikim, «Gullar ham xursand, tikanlar ham» degan (urgʻu bilan) mash’um iboradagi «tikanlar» soʻzini, masalan, «tuvaklar» degan soʻz bilan almashtirib qoʻying. Gul ham, gulning tuvagi ham xursand, degan ma’no chiqadi. Biz radioda koʻpincha shunday qilamiz.

Gʻafur Gʻulom (koʻz qisib). Yunusvoy aka, sizni oqil va dono akam deb hurmat qilib yursam, siz ham meni xiyonat yoʻliga boshlamoqchimisiz? Ichlaringda biror siyosiy hushyor odam bormi oʻzi?

Mahmudxon (jiddiy). Men. Men siyosiy hushyor odamman. (Gʻafur Gʻulomga qarab.) Yodingizda boʻlsa, Choʻlponning Hamza teatridan qanday haydalganini aytib bergan edingiz. Keling, biz ham majlis qilib, Habibiy domlani shu siyosiy xatosi uchun davramizdan oʻchiraylik. Habibiy domla uylariga borib, dori-pori ichib, oʻzlariga kelsinlar. Shunda ular ham jazolangan, biz ham siyosiy xatoga daxldorlikdan xoli boʻlamiz.

Gʻafur Gʻulom. Mana, bor ekan-ku siyosiy hushyor odam! Barakalla, Mahmudxon! Sen faqat aptekachi emas, zamonning nozikligini yaxshi tushunadigan sezgir odam ham ekansan!

Mahmudxon mamnun boʻlganini yashirmaydi. Habibiy domla karaxt holatda koʻzlaridan oqa boshlagan yoshni dasturxonning uchi bilan artadi.

Habibiy. Mulla Gʻafur, (sukut) uyingizga kelmay men oʻlay. Oʻzi oyogʻim tortmay turgan edi. Yunusvoy: «Birga boramiz. Kiyina qoling», deb qoʻymay olib kelgan edilar. Mana, Yunusvoy, biz ham devor boʻlmasa, koʻchani bemalol koʻradigan odamlar toifasidanmiz.

Yunus Rajabiy. Xafa boʻlmang, domla. Bu dunyoda oʻlimdan boshqa hamma narsaga davo topsa boʻladi. (Gʻafur Gʻulomga qarab.) Nima deysiz, mulla Gʻafur? Davo topiladimi?

Gʻafur Gʻulom. Habibiy domlaning holatini koʻrib, oʻzimning ham xoʻrligim kelyapti. Bir ilojini qilmasak boʻlmas. Tuppa-tuzuk odam keksaygan chogʻida qamalib ketsa, bizga ham kasri uradi.

Habibiy. «Qamalib ketsa»? (Jahl bilan.) Hali qamalamanmi ham?!

Yunus Rajabiy. Hoy-hoy, mulla Gʻafur. Habibiy domla qamaladigan ish qilmadilar-ku! Keksaygan chogʻlarida u kishini ham, bizlarni ham choʻchitavermang.

Mahmudxon. Toʻgʻri aytasiz, Yunus aka. Keksaygan chogʻimizda biz ham Habibiy dom­laga (oʻylab) pe... pee..peredacha eltib yurmaylik.

Habibiy (chetga). Nafasing qursin ...sen aptekachining!

Yunus Rajabiy (u yoq-bu yoqni tekshirib boʻlgach). Sirasini aytsam, bu gapni faqat oʻzimiz eshitdik. Mana, hammayoqni ilma-teshik qilib chiqdim. Biror yozib oladigan uskunani koʻrmadim. Bunaqa uskuna yoʻq! Yoʻq!! Binobarin, hamma narsa oʻzimizga bogʻliq. Qani, kim nimani taklif qiladi? Aytinglar!

Hamma Gʻafur Gʻulomga qaraydi.

Gʻafur Gʻulom. Agar biror idoraga borib gullamasanglar, yopigʻliq qozon yopigʻliq qoladi.

Yunus Rajabiy. Mana bu – mard odamning gapi!

Mahmudxon. Mana, bu vallomatlik! Mana bu, chin doʻstning ishi! Omon boʻl-ey, Gʻafurvoy!

Yunus Rajabiy. Mendan koʻnglingiz toʻq boʻlsin, mulla Gʻafur!

Mahmudxon. Mendan ham!

Habibiy. Rahmat, mulla Gʻafur! Umringiz uzoq, martabangiz yana ham baland boʻlsin!

Hamma xursand. Habibiy nimadir pichirlab, qoʻlini fotihaga juftlaydi.

Yunus Rajabiy (Habibiyga). Domla, baloi azimdan oson qutulganingiz uchun yaxshi bir oʻtirish qilib berasiz endi.

Gʻafur Gʻulom. Agar Habibiy domla oʻtirishdan qochadigan boʻlsa, mana men, akang qaragʻay sizlarni kutaman.

Mahmudxon. Nega endi siz? Ham Habibiy domlani ajdaho ogʻzidan olib qolasiz, ham oʻzingiz oʻtirish qilib berasizmi?

Habibiy. Qanaqa ajdaho? Men ajdaho ogʻziga tushadigan ish qilibmanmi?! Gapingizni oʻylab gapiring, Mmmm... Mahmudxon!. Nima balo, aptekangizdagi achchiq dorilarni ichib olganmisiz, ogʻzingizdan nuqul achchiq gap chiqayapti?!

Mahmudxon. Ajdaho ogʻziga tushay deb turganingizni hammamiz koʻrdik-ku, domla. Yaxshi hamki mulla Gʻafur ilojini topib, sizni (oʻylab) ...ilonning ogʻzidan olib qoldi. Mabodo sizning oʻrningizda boʻlganimda, men jon-jon deb oʻtirish qilib bergan boʻlardim.

Yunus Rajabiy. Endi qizishmaylik, birodarlar. Habibiy domla oshdan qochadigan odam emaslar. Yozgan bitta gʻazallarining qalam haqi bir emas, ikki-uch oshga yetadi.

Gʻafur Gʻulom. Unday boʻlsa, oʻtirishga boradigan joʻralarning, qolaversa dasturxonga tortiladigan noz-ne’matlarning roʻyxatini tuzaylik.

Mahmudxon. Yangi soʻyilgan qoʻy goʻshtiga qilingan oshni yemaganimga ancha boʻldi. Domla, molbozorda qora qoʻchqorlar serob boʻlib qolgan. Istasangiz, oʻgʻlingiz bilan bozorga birga borib, bir boʻrdoqi qoʻchqorni oʻzim tanlab beraman.

Yunus Rajabiy Mahmudxon, boʻrdoqi qoʻy boʻlishi shart emas. Domlaga jabr qilmaylik. Gʻazal qachon yoziladi-yu, qachon unga kuy bastalanadi? Qachon ashula boʻlib efirga chiqadi-yu, qachon qalam haqi tegadi?

Gʻafur Gʻulom. Nima demoqchisiz, usta? Bitta oshga shuncha oldi-berdimi?

Yunus Rajabiy. Aytmoqchimanki, inon-ixtiyorni Habibiy domlaning oʻzlariga beraylik. Biz qozonni yopishga yopdik. Agar u kishining oʻzlari boshqa qozonda jiz-biz qilib beraman, desalar, rozi boʻlmasdan ilojimiz qancha!

Habibiy. Oʻtirish boʻlsa, oʻtirish. Bitta oʻtirish sizlardan aylansin, siyosiy hushyor joʻralar!.

Yunus Rajabiy (Habibiyning soʻnggi soʻzini eshitmaganga olib). Bu boshqa gap! Rozimisiz, ...joʻralar?

Mahmudxon. Men ikki qoʻlimni koʻtaraman.

Habibiy (chetga). Qoʻling qursin koʻtarilib-tushaveradigan!

Gʻafur Gʻulom. Men ham roziman. Mana, Habibiy domla, qanday ajoyib, insonparvar doʻstlaringiz bor! Sizni, kerak boʻlsa, yerning tagidan olib chiqishadi. Bunday doʻstlar uchun bitta oʻtirish emas, oʻnta oʻtirish qilib bersangiz ham oz!

Habibiy (kinoyaviy). Ha, ajoyib, insonparvar doʻstlar ekanligingizni koʻrib turibman. Bitta tikanning ichidan bitta oʻtirishni osongina sugʻurib oldinglar. Sal boʻlmasa, bitta tikan deb jonimni sugʻurib olardingiz-a, insonparvar, ajoyib doʻstlarim!

(Kulgi.)

Shu payt ayol libosidagi ikki hindu mehmon xonaga kirib keladi.

Mehmonlar (ta’zim qilib). Namaste, namaste!

Dilgir Habibiy ularning kulgili qiyofalarini koʻrib, chehrasi ochiladi.

Gʻafur Gʻulom (mehmonlarga). Aziz mehmonlar, qalay, jannatga kirib chiqqandek boʻldinglarmi? Oʻzbek goʻzallarining nafis majlisi sizga manzur boʻldimi? (Yunus Rajabiyni koʻrsatib.) Yunusvoy akamiz: mehmonlar Mukarramaxonimdan koʻzlarini uzmay oʻtirishipti, dedilar. Shu rostmi? Gurbaxsh doʻstim, agar oʻgʻlingiz Mukarramxonimgami yo boshqa bir jonongami oshifta boʻlib qolgan boʻlsa, kaminai kamtarin sovchilik qilishga tayyorman. Faqat bir shart bilan: menga ham Nargis xonimnimi yo boshqa biror hind goʻzalinimi olib berasiz! (Kulishadi.).

Gurbaxsh Sing (hind tilida). Juda ajoyib anjuman boʻldi. Ayni paytda bu anjumanni anjuman emas, goʻzallar tanlovi desa ham boʻladi. Agar yoshroq boʻlganimda, oʻgʻlimdan oldin oʻzim shu goʻzallardan birini menga olib bering, deb sizga yopishib olgan boʻlardim.

Nantej Sing (hind tilida). Olgan taassurotlarimni dadamning oldida aytolmayman. (Hazillashib.) Musulmon olamida toʻrt xotin olishga ijozat beriladi. Shu ayollardan toʻrttasini menga olib bera olmaysizmi, Gʻafur doʻstim? Kerak boʻlsa, Kalkutta bilan Bombayni ham sotishga tayyorman.

Gʻafur Gʻulom. Samarqandu Buxoroni sotmoqchi boʻlgan Hofizga oʻxshab-a?

(Kulgi.)

Mehmonlar (hind tilida). Endi bizga hordiq olishimiz uchun ijozat bersangiz.

Gʻafur Gʻulom. Sizlarni doʻst-yorlarim bilan tanishtirishga ulgurmadim. Bu kishi (Habibiyni koʻrsatib) mavlono Habibiy boʻladilar, oʻzbekning katta shoiri (mehmonlar Habibiy bilan quchoq ochib koʻrishishadi). Bu muhtaram zotning yonlaridagi – mashhur oʻzbek bastakori va hofizi Yunus Rajabiy, mumtoz xalq ashulalarining benazir ijrochisi (mehmonlar Yunus Rajabiy bilan quchoq ochib koʻrishishadi). Mana bu tarvuzga oʻxshagan dumaloq kishi – mening bolalik doʻstim, mashhur aptekachi Mahmudxon Hushyorxonov (mehmonlar Mahmudxon bilan quchoq ochib koʻrishishadi). Bular (sozandalarni koʻrsatib) Oʻzbekistonning mashhur sozandalari (mehmonlar ikki qoʻllarining uchlarini koʻkraklariga yaqinlashtirib koʻrishgan boʻladilar.) Mayli, sizlarga ijozat.

Mehmonlar chiqadilar.

Toʻrtinchi koʻrinish

Oʻsha joy. Oʻsha kishilar.

Yunus Rajabiy sozandalar joʻrligida mumtoz xalq ashulalaridan birini aytayotgan paytda parda ochiladi.

Gʻafur Gʻulom (ashula tugagandan soʻng). Yashang, usta. Shu ashulangizni Gʻayratiy yaxshi koʻrib, doim sizga joʻr boʻlardi.

Yunus Rajabiy. Darvoqe, Gʻayratiy koʻrinmaydi. Salomatmi?

Gʻafur Gʻulom. Biroz betob edi. «Tuzalib qolsam, albatta, boraman», degan. Balki oqshomga qadar kelib qolar.

(Shu payt Noma’lum yigit eshikdan moʻralaydi, soʻngra kiradi.)

Noma’lum yigit. Assalomu alaykum, hurmatli ustozlar! (Yunus Rajabiyga.) Ashulangizning tugashini kutib turuvdim. Ammo mazza qilib eshitdim, ustoz!

Gʻafur Gʻulom (Noma’lum kishiga). Kim boʻlasan? Mana, koʻrib turibsan: bugun men bandman. Xudo shoir zotiga ham yakshanbani bergan, boshqalar qatori, sen ham hordiq ol, deb! She’r-per soʻrab kelgan boʻlsang, chakki qilibsan. Ertaga kel!

Noma’lum yigit. Ishim zaril, Gʻafur dada. Ertaga kech boʻladi.

Gʻafur Gʻulom. Qanday ish ekan, yakshanbada bitishi lozim boʻlgan ish?

Noma’lum yigit. Meni haydashyapti.

Gʻafur Gʻulom. Qaerdan haydashyapti?

Noma’lum yigit. Institutdan.

Gʻafur Gʻulom. Qaysi institutdan?

Noma’lum yigit. Teatr-rassomchilik institutidan.

Gʻafur Gʻulom. Mening bu institutga nima daxlim bor?

Noma’lum yigit. Institut direktorining kabinetida sizning katta suratingiz osigʻliq turipti.

Gʻafur Gʻulom. Agar direktoringning kabinetida Stanislavskiyning surati osilib turgan boʻlsa, oʻsha teatr arbobining goʻriga borib yalingan boʻlarmiding?

Noma’lum yigit. Direktorimizning kabinetida Stanislavskiyning surati osilib turmaydi. U teatrni emas, poeziyani sevadi! U sizning muxlisingiz!

Gʻafur Gʻulom. Shunday degin.

Noma’lum yigit. Shunday.

Gʻafur Gʻulom. Xoʻsh, mendan nimani istaysan? Men senga nima bilan yordam berishim kerak?

Noma’lum yigit. Shu muxlisingizga bir ogʻiz aytib qoʻysangiz.

Gʻafur Gʻulom. Nima deb?

Noma’lum yigit. Falonchi mening oʻgʻlim boʻladi, uni oʻqishga tiklab qoʻy, deb.

Gʻafur Gʻulom. Barcha oʻgʻillarim institutni bitirib, allaqachon professor boʻlishgan. Buni butun olam biladi. Agar direktoring chindan ham muxlisim boʻlsa, buni ham biladi.

Noma’lum yigit. Yosh paytimda uyingizga kelganimda meni «oʻgʻlim», degan edingiz. Esingizdan chiqdimi?

Gʻafur Gʻulom. Bu yogʻi qiziq boʻldi-ku. Qachon kelganding? Kim bilan kelganding?

Noma’lum yigit. Otam bilan yosh paytimda kelgan edim. Oʻshanda boshimni silab: «Oʻgʻlim, oʻgʻlim», degan edingiz.

Gʻafur Gʻulom. Otang kim boʻladi?

Noma’lum yigit. Adham Hamdam!

Gʻafur Gʻulom. Fargʻonaning afandisi Adham Hamdamning oʻgʻlimisan hali!

Noma’lum yigit. Ha, Adham Hamdamning oʻgʻliman.

Gʻafur Gʻulom. Otang mening oldimga huda-behudaga kelavermasdi..

Noma’lum yigit. Tushunmadim.

Gʻafur Gʻulom. Bemavrid kelding, deyapman, bolam.

Noma’lum yigit. «Oʻgʻlim!» deng, dadajon..

Gʻafur Gʻulom. Otangdan ham battar shilqim koʻrinasan, Adhamning oʻgʻli!

Noma’lum yigit. Direktorimizga qoʻngʻiroq qilsangiz, dadajon! Mana, telefoni! (Bir parcha qogʻozni uzatadi,)

Gʻafur Gʻulom. Yunusvoy aka, Gʻayratiyni sogʻindim, deganmidingiz?

Yunus Rajabiy. Ha, kelsa, yaxshi boʻlardi.

Gʻafur Gʻulom. Shu bolani yuboraylik Gʻayratiyning uyiga. Oʻlikni ham tiriltirib keladigan abjirga oʻxshaydi.

Yunus Rajabiy. Agar tezroq kelsa, unga ham Badaxshon qizlarining liboslarini kiygizib, ayollar davrasiga kirgizib yuborgan boʻlarmidik.

Gʻafur Gʻulom Yunus Rajabiyga «qoyil», degandek imo qilib, tokchadan qogʻoz-qalam oladi va xat yozishga tushadi.

Gʻafur Gʻulom (Noma’lum yigitga). Bor, sen chiqib tur! Shoir Gʻayratiyga xat yozib beraman. Olib borasan. Direktoring Gʻayratiyning jiyani boʻladi! Aytsang, qoʻngʻiroq qiladi.

(Noma’lum yigit chiqadi.)

Gʻafur Gʻulom (ovoz chiqarib yozadi).

«Gʻayrato, yoningdagi shilqimni barbod aylagil,
Adresim Arpapoya, sen buni yod aylagil.
Mahmudxonu Habibiy toʻtiqushdek intizor,
Tez kelib, suhbat aro bazmimni obod aylagil.

Yunus Rajabiyning ism-sharifini she’rga qoʻshmadim. Bunga sabab u kishi zayomda yuz ming soʻm yutganlar. Yomon niyatli odamlar sezmasligi kerak. Hozircha Usta Yunus Rajabiy - sekret.

Senga hurmat bilan Mirzo Abdul Qodir Gʻafur Shoshiy, sobiq Qoratoshiy».

Yunus Rajabiy. Mulla Gʻafur, men ham oshga tushadiganga oʻxshab qoldimmi?

Gʻafur Gʻulom. Xotirjam boʻling. Sizning zayomdan 100 ming soʻm yutganingiz hozircha sir.

(Gʻafur Gʻulom xatni konvertga solib, olib chiqadi.)

Gʻafur Gʻulom (ovozi). Shuni Uritskiy degan koʻchaga borib, «Gʻafur Gʻulomning doʻsti shoir Gʻayratiyning uyi qaerda?» desang, hamma aytib beradi. Koʻk darvoza! Albatta, oʻzining qoʻliga ber!

(Gʻafur Gʻulom bir necha soniyadan soʻng qaytib kiradi.)

Gʻafur Gʻulom. Uzoqdan ayollarimizni koʻrdim. Hovlini aylanib, gulu rayhonlarni iskab yurishipti. Kuz kunlari, ayniqsa, oqshom tushishi bilan odamzod gʻaroyib xayollar ogʻushida qoladi... Qani, koʻraylik-chi, bizning ayollarimiz qanday xayollar qanotida parvoz etishar ekan!

Yunus Rajabiy. Faqat shoir emas, ruhshunoslikdan ham xabarim bor, deng.

Habibiy. Shoir zoti avvalo ruhshunos boʻladi, usta. Kishi ruhini bilmagan, shu ruhning nozik torlarini chertolmagan shoir – shoir emas!

Gʻafur Gʻulom. Afsuski, shoir oʻz ruhining hamma harakatini va oʻz qalbining hamma jilvalarini qogʻozga tushira olmaydi. She’rga shoir qalbidagi hayajon va boʻronlarning oʻn foyizigina tushadi, usta.

Mahmudxon. Nega? Masalan, sizdek katta shoir koʻrgan-bilganlaringizni bizga yuz foyiz qilibgina emas, qoʻshib-chatib ikki yuz foyiz qilib ham aytib berasiz-ku!

Gʻafur Gʻulom. Aytib berish boshqa, she’r yozish boshqa. Mana, Zulfiyaxonni olaylik. Hamid Olimjonning oʻlimi munosabati bilan u qanday ruhiy boʻronlarni boshidan kechirmadi! Agar biror shoir shunday boʻronlarning hammasini qogʻozga tushirsa yo tushirishga urinsa, jinni boʻlib qoladi.

Shu payt ayollar xonasidan qoʻshiq sadolari eshitila boshlaydi. Bu sadolar yoqimli boʻlgani uchun Gʻafur Gʻulom eshik va derazalarni lang ochib yuboradi. Halima Nosirova ijrosida «Tanavor»ning dilbar mavjlari xonaga oqib kiradi. Hamma lol holatda. Ayniqsa, Gʻafur Gʻulom.

Gʻafur Gʻulom. «Tanavor»!.. Ota-bobolarim yaratgan musiqiy san’at moʻ‘jizasi!..

Sekin-asta ashulaga Gʻafur Gʻulom, Yunus Rajabiy, Habibiy va Mahmudxon ham qoʻshiladilar. «Tanavor» baland pardalarda yangrab, butun olamni egallagandek boʻladi.

Endi sendek, jono, jonon qaydadur,
Koʻrib gul yuzingni bogʻda bandadur,
Saqlay ishqing toki jonim tandadur,
Oʻzim har joydaman, koʻnglim sandadur..


Beshinchi koʻrinish

Oʻsha joy... Gʻafur Gʻulomdan boshqa barcha ishtirokchilar shu yerda. Ularning birlari choy ichib, birlari kitob javonini titkilab, birlari derazadan shoir bogʻini tomosha qilib turibdilar.

Shu payt uy oldiga kelib toʻxtagan mashina ovozi keladi. Bir ozdan soʻng tovushlar eshitiladi.

Gʻayratiyt (ovozi). Gʻafur, bu xira elching, betob boʻlib yotganimga qaramay, toʻshakdan turgʻizib olib keldi. Shoshirganidan, pul olmay chiqqan ekan, taksichi eshikda moʻylovini burab, dargʻazab boʻlib turipti. Bir-ikki soʻm berib yubor unga.

Gʻafur Gʻulom (ovozi). Ma, olib chiqib ber. Taksi bu pulga oʻzingni ham Hirotgacha eltib qoʻyadi. (Bir ozdan soʻng.) Ha, yana keldingmi? Kattalarning etagida oʻrmalashib nima qilasan, bola?

Noma’lum yigit (ovozi). Dadajon, men ham sizga oʻxshash qaysarman. Bola dadasiga oʻxshamay, kimga oʻxshasin!

Gʻayratiy, Gʻafur Gʻulom va ularga ergashib Noma’lum yigit ham kirib kelishadi.

Gʻafur Gʻulom. Hoy, bola, bu gapingni otang eshitmasin! Seni ham oʻtmas pichoq bilan soʻyadi, meni ham zugʻumga oladi.

Noma’lum yigit. Otam soʻysa, meni shunday deganim uchun emas, oʻqishdan haydal­ganim uchun soʻyadi. Agar menga rahmingiz kelib, direktorimga qoʻngʻiroq qilmasangiz, institutdan haydalgan talaba boʻlib uyingizda xizmat qilib yuraveraman, oʻlgunimcha.

Gʻayratiy. Qip-qizil dardisar ekansan-ku! (Gʻafur Gʻulomga.) Gʻafur, bu bolani qaerdan topding?

Gʻafur Gʻulom. Men-ku undan qutula olmay, senga yuborgan edim. Sen ham biror joyda adashtirib kelmabsan-da, bu xira pashshani!

Gʻayratiy. Kel, doʻstim, qoʻngʻiroq qilmasang, bari bir qoʻymaydi. Qoʻngʻiroq qila qol, oʻsha institutining direktoriga. Balki shu bolaning odam boʻlishiga sababchi boʻlib qolarsan! (odamlarni koʻrib). O, jamoat jam-ku! Mushoira boʻlayaptimi yo maqomxonlik? Mahmudxonning borligiga qaraganda, koʻproq gurungga oʻxshaydi. (Hammalari bilan koʻrishadi.)

Habibiy. Kelib, yaxshi qildingiz, Gʻayratjon. Bular uchovlashib menga agʻyorlik qilishayotgan edi. Bekordan-bekorga bitta oshga tushib turipman, shu chogʻda.

Gʻayratiy. Nechuk? Duo oʻqib, kelayotgan balo-qazolarni qaytarmadingizmi?

Habibiy. Yelkamga osh tushganiga ham shukur qilib turibman. Osh qolib, palaxmon toshi ham tushishi hech gap emas edi.

Gʻafur Gʻulom. Domla keksaygan chogʻlarida noshukur boʻlib qoliptilar. Qoʻpol siyosiy xato qilganlarini aytmayman senga. Yopigʻliq qozon – yopigʻliq qolsin.

Yunus Rajabiy. Oʻtgan ishga salavot, azizlar. Mana endi jamoat jam boʻlib, yaxshi-yaxshi gaplardan soʻzlashsak yarashadi.

Mahmudxon. Shunday boʻlsin. Usta, bir tanbur chertib, xonish qilsangiz.

Yunus Rajabiy. Men ham xuddi shunday niyatdaman. (Gʻafur Gʻulomga qarab.) Mulla Gʻafur, shu topda yelkamga ilhom farishtasi qoʻnib, ikki qatorlik she’r toʻqidim.

Gʻafur Gʻulom va boshqalar. Qani, eshitaylik.

Yunus Rajabiy.

Davramizga kelib qoldi doʻstim Gʻayratiy,
Qoʻlga olib tanburimni endi sayratiy!

Mahmudxon. Shoir boʻlib keting-ey!

Habibiy (hazillashib). Yoʻq, usta, hamma oʻz kasbining etagidan tutsin. Agar shunday labi-burni kelishgan she’rlarni yozaversangiz, Gʻafur Gʻulomdek shoirni ham aro yoʻlda qoldirib ketasiz.

(Kulishadi.)

Gʻafur Gʻulom (qoʻliga tanburni olib, Yunus Rajabiyga). Men tanburning qulogʻini kam burab, torlarini kam chertayotganimning sababi ham shu: sizni yoʻlda qoldirib ketmay, deyman, usta!

(Kulishadi..)

Daf’atan kuz shamoli esib, deraza pardalarini shiddat bilan oʻynaydi. Kun sovib, havo oʻzgaradi. Soʻng ahyon-ahyonda toʻkila boshlagan yomgʻir tezda mayda qorga aylanadi. Qor tobora shiddatli tus oladi.

Habibiy (hayratlanib). Yaxshi odamning sadagʻasi ketsang arziydi. Oppoq qor olib keldingiz, mulla Gʻayratiy!

Gʻafur Gʻulom. Qarang, farishtalar osmondan parquv bolishlarining bogʻichini yechib, oppoq patlarni yaxshi niyat bilan siz bilan bizning ustimizga sochishmoqda. Qor – baraka belgisi! Qor – poklik va musaffolik alomati! (Baland tovush bilan chaqiradi.) Zulfiyaxon! Koʻryapsizlarmi, sizlarning sharafingizga qor yogʻmoqda! Birinchi qor!!..

(«Koʻrayapmiz!», «Qanday ajoyib oqshom-a!», «Gʻafur aka, qorni ham zakaz qilgan edingizmi?» degan ovozlar.)

Gʻafur Gʻulom (Yunus Rajabiyga qarab.) Usta, sizning yelkangizga qoʻngan ilhom farishtasi uchib, mening yelkamga qoʻngan koʻrinadi.

Yunus Rajabiy. Qani, boʻlmasa, sizdan eshitaylik....

Habibiy. Ilhom farishtasi qulogʻingizga nimalar deganini bizlar ham bilaylik!

Gʻafur Gʻulom (osmonga qarab).

Katta parquv bolishdek kelgusi ne’matlarning
Hammamizga sut bergan onaxon siynasi bu.
Oʻzbek shuhrat qozongan oftob-ma’rifatning
Bugungi xush oqshomda suvi, xazinasi bu...

(«Tasanno», «Salomat boʻling!» degan sadolar.)

Habibiy. Mulla Gʻafur, birinchi qor sizning uyingizga kelgan chogʻimizda yogʻayapti! Olloh sizni suyar ekan, muborak boʻlsin!.

Gʻafur Gʻulom. Qor ...uyimda yolgʻiz zerikib, yigʻlamoqdan beri boʻlib oʻtirgan chogʻlarimda ham yogʻishi mumkin edi. Lekin qor siz, azizlar, kelgan kuningiz yogʻayapti: Olloh avvalo sizlarni, qolaversa, qoʻshni xonadagi ayollarimizni suyar ekan.

Gʻayratiy. Qani endi tabiatning shu goʻzal moʻ‘jizasini Sobir Abdulla ham biz bilan birga koʻrganida!.. Darvoqe, Gʻafur, Sobirjon koʻrinmayapti? Betobmi?

Gʻafur Gʻulom. Bugun kechasi xotini Qoʻqondan poezdda bola-chaqasini olib keladi. Sobirjon bu dunyodagi eng jantilmen erlardan emasmi, kir-pir chayib, xamir qorib, qozonga olov yoqib, «Xotinjon, qachon kelasiz?» deb intizor koʻzlaridan duv-duv yosh toʻkib oʻtiripti.

Mahmudxon. Maza-maza, Sobirjonning xotiniga maza. Sobirjon er emas, xazina!

Gʻafur Gʻulom. Bitta Sobirjon emas, hammangiz ham xazinasiz!

Yunus Rajabiy. Agar Sobirjon ayol boʻlib tugʻilganida, unga oʻzim odam qoʻygan boʻlardim! (Kulishadi.)

Habibiy. Mulla Gʻafur, yoshroq chogʻimiz boʻlganida, bir gʻaroyib qorxat yozib, Sobirjonga yuborgan boʻlarmidik!

Yunus Rajabiy. Nima, qorxat yozishga ham yaramaydigan, «puf!» desa, yangi tugʻilgan mushukning bolasidek dumalab tushaveradigan chollar boʻlib qoldikmi?!

Gʻafur Gʻulom. Toʻgʻri aytasiz, usta. Qorxatni biz, shoiri davronlar, yozmasak, hali tuxumdan chiqmagan shoir bolalar yozadimi? Gʻayrat, qogʻoz-qalamni tayyorla! Birga qorxat yozamiz.

(Gʻayratiy oʻz uyida yurgan kishidek, shkafni ochib, qogʻoz, qalam, siyohdon va ruchka oladi-da, kelib oʻtiradi.)

Gʻafur Gʻulom (qor yogʻishiga bir oz mahliyo boʻlib, soʻngra ayta boshlaydi; Gʻayratiy yozib boradi). «Aziz doʻstimiz Sobirjon ibni Abdulloga yetib ma’lum boʻlsinkim:

Qoʻlingizda yarqirab turgan bu xat – qorxat, ukam,
Qoʻlga tushdingiz, ilojsiz, belni bogʻlaysiz mahkam.

Habibiy

Bisti gavjum yigʻilurmiz ulfati chor, oʻrgilay,
Harnaki topgan-tayangan boʻlsa nochor, oʻrgilay.

Gʻafur Gʻulom

Oʻn qadoq goʻsht, bir qazi – Toshkentcha «norin» deydilar,
Qoʻlga tushgach, xoh ranji, xohi ogʻrin, deydilar.

Gʻayratiy

Bitta xush xonish dutorchi qizgina boʻlsa farang,
Gʻozadin yuzlarda tobu oʻsmadin qoshlar tarang.

Gʻafur Gʻulom

Men-ku, ichmayman, aroqxoʻrning aroqdir shevasi,
Menga basdir bir yashik »Jigulevskiy» pivosi.

Habibiy

Issiq uyda siz mulozim, biz tarallo qilgumiz,
Miyani qoʻlga qoqib berguncha yallo qilgumiz.

Gʻayratiy

Voqean, yoddan chiqay debdir talabning tantisi,
Yaxna goʻsht, yaproq qazi, zakuskamizning mantisi…

Gʻafur Gʻulom

Sobiro, tan ber oʻzing ham, biz kabi mehmon qani?
Intizor koʻzlar-la kutgan sendayin mezbon qani? – deb Gʻafur al-Gʻulom».

Yunus Rajabiy. Agar Sobirjon sezib qolib, xatni qaytarib yuborsa-chi, unda nima boʻladi?.

Gʻafur Gʻulom. Gʻayrat, yoz: «Qoʻlga tushsam, javobgarman», deb. (Gʻayratiy bu soʻzlarni yozib boʻlgach, oʻzi qoʻl qoʻyadi.) Mana, qoʻl qoʻydim... Hoy. bola, qaerdasan?

Noma’lum yigit. Shu yerdaman.

Gʻafur Gʻulom. Sobir Abdulla degan zoʻr shoirni eshitganmisan? Uning pesalari qoʻyilmagan teatr yoʻq bu dunyoda! Sening direktoring ham mendan koʻra Sobir Abdullaning gapiga koʻproq quloq soladi! Mana shu xatni olib borib, shaxsan uning qoʻliga topshirasan-da, darhol quyon boʻlasan! Tushundingmi?

Noma’lum yigit. Tushundim, dadajon! Sobir Abdullaga quyonning rasmini koʻrsataman-u, shu zahoti uchib kelaman!

Gʻafur Gʻulom. Oq yoʻl senga, Adham Hamdamning Gʻirkoʻki!


Uchinchi Parda

Oltinchi koʻrinish

Doʻrmondagi Yozuvchilarning ijod bogʻi. Keng-moʻl xona. Stol-stullarning bir qismi joy-joyiga qoʻyilgan, qolgan qismi esa chekkada bir-birining ustiga taxlanganicha turibdi. Derazadan bogʻning soʻlim qishki manzarasi koʻzga tashlanadi.

Sobir Abdulla telefonda kim bilandir soʻzlashmoqda.

Sobir Abdulla (sahna chetida yurgan kishiga qarab). Gʻafur Gʻulomning istagi bilan qorxat oshini Doʻrmonga koʻchirdim. Bola-chaqaning vagʻir-vugʻiridan chetda, xilvatda kechgan gurung nash’ali boʻladi, dedi. Qolaversa, Shayx bilan Mirtemir ham shu yerda boʻlishsa kerak... Abdulla Qahhorni-ku onasi Doʻrmonda tuqqan – shu yerdan siljimaydi. Balki Shuhrat bilan Hamid Gʻulom ham bir-ikki tengdoshi bilan kelib qolar. Har holda 20-30 kishini qish kuni uyda kutishning oʻzi boʻlmaydi.

Chetdan ovoz. Yangam ham kelib qolarlar-a?

Sobir Abdulla. Yangangni Adham Hamdamning oʻgʻli olib keladi, osh masalliqlari bormi, pishiriqlar bormi – hammasini koʻtarib kelishadi! Kamina ularning kelishini kutib turibman.

Chetdan ovoz. Hademay, mehmonlaringiz kela boshlashadi. Masalliq hali kelmagani uchun qozonga olov yoqolmay turibman.

Sobir Abdulla. Yangangning kechikadigan odati yoʻq edi. Adham Hamdamning oʻgʻli-ku yulduzni benarvon uradigan shovvozlardan. Bir oz kutaylik-chi. Yangang noʻxotni kecha kechqurun uvitib qoʻygan. Maxora – yarim soatda tayyor boʻladigan taom. (Bir oz sukutdan soʻng.) Katta qozonga oʻt yoqib tursang ham boʻladi.

(Qoʻshni xonadan idish-tovoq koʻtarib chiqib ketayotgan kishining sharpasi.

Shu payt telefon jiringlab qoladi.)

Sobir Abdulla (goʻshakni koʻtarib). Labbay! Eshitaman.

Ovoz. Sobirjon, qoʻy bordimi? Qoʻlim kalta paytim edi, 200 soʻmgina berdim. Yana biror kishidan pul topdimikan?

Sobir Abdulla. Kim?

Ovoz. Kim boʻlardi? Adham Hamdamning oʻgʻli-da!

Sobir Abdulla. Nega 200 soʻm berdingiz? Adhamning oʻgʻli qoʻy uchun ham, bozordan olinadigan boshqa narsalar uchun ham mendan yetarli pul olgan-ku!

Ovoz. I-ya! Menga Sobirjon akam kamxarj ekanlar, qoʻyga pullari yetmay turipti, dedi-ku!

Sobir Abdulla. Mahmudxon aka, adashmayapsizmi? Adhamjonning oʻgʻli sizga shunday dedimi?

Ovoz. Ha, Adhamjonning oʻgʻli! Yana mehmonlar qish kuni shamollab qolmasin, deb ming xil dori-darmonlarni nasiyaga olib ketdi!

Sobir Abdulla. Hoy, Gʻafur akaning aptekachi hazilkash doʻsti! Meni qoʻrqitmang! Ular kechikib turganidan yuragim taka-puka boʻlib turipti oʻzi. Qayoqdagi gaplarni gapirgandan koʻra tezroq yetib keling!

Ovoz. Hazillashayotganim yoʻq, Sobirjon. Mening biror marta hazillashganimni koʻrganmisiz? Gapim chin! (Goʻshakda qisqa gudoklar)

Sobir Abdulla (oʻzicha). Bu bola xomlik qilib pulini oldirib qoʻydimikan? Tavba! (Uyiga qoʻngʻiroq qiladi.) Allo! Yashnaxon, qizim, oying uydami? Chaqir! Saodatxon, jonim, koʻzingizdan oʻrgilay, nega shu paytgacha kelmayapsizlar? Mehmonlar keladigan payt yaqinlashib qoldi-ku! Oshpaz qozonga oʻt yoqmay, sizlarning masalliq olib kelishinglarni kutib oʻtiripti!

Ovoz. Bekor oʻtirganim yoʻq, adasi! Adhamjonning oʻgʻlini kutyabman. Barvaqt kelaman, degan edi, hanuzgacha dom-daragi yoʻq. Moshina-poshina urib ketmadimikin? Biror falokat roʻy bergan boʻlsa, otasiga nima deymiz, degan xavotirdaman!..

Sobir Abdulla. Nafasingizni issiq qiling, xonim. (Xoʻrsinadi.) Kelishi bilan yoʻlga tushinglar!

Ovoz. Xoʻp boʻladi, adasi.

(Habibiy bilan Yunus Rajabiy kirib keladilar.)

Habibiy (koʻrishib), Assalomu alaykum, mulla Sobirjon! Qish kuni urintirib qoʻymadikmi sizni?

Yunus Rajabiy (koʻrishib). Charchatib qoʻymadikmi, Sobirjon? Yana oʻtirishni Doʻrmonga koʻchiribsiz. Koʻproq mehmonlarni aytgan koʻrinasiz?

Sobir Abdulla (tashvishli bir holatda). Gʻafur akaning maslahati bu... Ishqilib uyatda qolmay, usta!..

Yunus Rajabiy. Nega uyatda qolar ekansiz, Sobirjon? Yangamiz bilan birga qanchadan-qancha mehmonlarni kutaverib, tajribangiz oshib ketgan. Boshqa mamlakatda yashaganingizda bormi, kattakon restoranni ochib, millioner boʻlib ketgan boʻlardinglar!

Sobir Abdulla. Millioner boʻlishdan gapirmang. Bir burda non bilan tirikchilik oʻtkazgan kunlarimiz ham boʻlgan. Endi uchta-toʻrtta pesamiz qoʻyilib, dasturxonda qand-qurs paydo boʻlib qolgan. Shunga ham shukronalar aytamiz, ogʻa! Ammo hozir... (Toʻxtab qoladi.)

Habibiy. Nima «hozir»?

Sobir Abdulla. Adham Hamdamning oʻgʻli bozor qilib, xonimning pishirgan narsalarini olib kelishi lozim edi... (Toʻxtab qoladi.)

Habibiy. Nega toʻxtab qoldingiz? Gapiring. Biror voqea roʻy berdimi?

Sobir Abdulla. Kelmay turibdi...

Habibiy. Kim?

Sobir Abdulla. Adhamjonning oʻgʻli! Buning ustiga, Mahmudxon akadan qoʻyga deb 200 soʻm pul olipti! Mehmonlar shamollab qolishsa, asqotadi, deb ancha-muncha dori ham olipti, nasiyaga! Ya’ni mening hisobimdan!

Yunus Rajabiy. Voy, muttaham-ey!

Sobir Abdulla. Adhamjonning oʻgʻli har holda yomon yoʻlga kirganlardan boʻlmasa kerak. Moshina-poshina urib ketgan boʻlsa, shu topda biror murdaxonada yotibdimi, bechora! (Koʻziga yosh oladi.) Har xil xayolga borib, bezovta boʻlayapman.

Yunus Rajabiy. Moshina-poshina urmagandir. Bundan biror soat avval uyimga borib: «Yunusvoy amaki, Doʻrmonga ketayapman, mashinada olib ketaymi?» deb soʻradi. «Yoʻq, Habibiy amaking bilan oʻzimiz boramiz», dedim. «Unday boʻlsa, menga biror 200 soʻm berib tursangiz, Doʻrmonning yoʻlida yangi soʻyilgan qoʻyning goʻshtini, yangi tayyorlangan qazi-pazilarni olardim», dedi. Xullas, mendan 200 soʻmni undirib, Doʻrmonga allaqachon yetib kelgan boʻlishi kerak edi.

Sobir Abdulla. Ana, xolos! Yunusvoy aka, shuning uchun ham «uyatga qolmasam boʻldi», deyapman-da. Sharmanda boʻladigan boʻldim, ogʻalar!

Habibiy (Yunus Rajabiyga). Usta, rost gapni aytdingizmi? Sizning uyingizdan chiqib, menikiga keldi, u muttaham! Meni ham olib ketmoqchi boʻldi. Keyin ogʻilxonadagi qoʻyni koʻrib qolib: «Domla, bugun milisa mol bozorga hech kimni yoʻlatmayotgan ekan. Shu qoʻyingizni olib ketsam, pulini Doʻrmonga borganingizda Sobirjon amakim berardilar», deb qoʻyning arqonini yechib, olib chiqib ketdi. Hali men bechora qorxatning oshiga boraman, deb bitta qoʻyga tushgan boʻlsam-a!..

Sobir Abdulla. Nimalar deyapsiz, domla! Aytgan har bir soʻzingiz pichoq boʻlib bagʻrimga sanchilayapti! Yana biz hammamiz bir muttahamning tuzogʻiga ilingan boʻlmaylik!

(Telefon jiringlaydi.)

Sobir Abdulla (shoshilgancha goʻshakni koʻtarib). Allo, allo, Mahmudxon aka?

Mahmudxon (ovozi). Adham Hamdamning oʻgʻli bordimi? U muttaham Gʻafurvoyni ham shilib ketibdi-ku!

Sobir Abdulla. Nima, Gʻafur akani hammi? Nima qilipti?

Mahmudxon (ovozi). Mana, oʻzlariga beraman.

Gʻafur Gʻulom (ovozi). Sobirjon, bu Adhamning oʻgʻli deganimiz qip-qizil aferist ekan! Mahmudxonni-ku laqillatish qiyin emas, mening ham burnimdan ip oʻtkazib ketipti, bu ablah!...

Sobir Abdulla (yigʻlamsirab). Sizga nima qilipti, bu muttaham?

Gʻafur Gʻulom (ovozi). Nevaramning tugʻilgan kuniga bir togʻora somsa kelgan ekan, shuni koʻtarib ketipti! Doʻrmonga olib boraman, Gʻafur dadam aytdilar, deb!

Sobir Abdulla. Bu, sharmanda boʻlganim, Gʻafur aka! Siz boshliq yigirma-oʻttiz kishi keladigan! Ammo dasturxonda shashvor ham yoʻq. (Yigʻlamsirab.) Sharmanda boʻldim, sharmanda!

Gʻafur Gʻulom (ovozi). Xafa boʻlmang, men hozir shahar milisasini oyoqqa turgʻizaman! Yerning tagidan boʻlsa ham topaman, u aferistni! (qisqa gudoklar)

(Telefon jiringlaydi.)

Sobir Abdulla (goʻshakni koʻtarib, xasta ovoz bilan). Allo!

Ovoz. Sobirjon aka, kechirasiz, ishim chiqib qoldi...

Sobir Abdulla. Allo, kim bu?

Ovoz. Men, Said Ahmadman. Ishim chiqib qoldi, deyapman. Men borolmayman. Adham Hamdamning oʻgʻli olgan 200 soʻmni sizdan keyin olarman...

Sobir Abdulla. Nima, nima? Qanaqa 200 soʻm?

Ovoz. Adham akaning oʻgʻli, orkestrga deb men bilan Hamid Gʻulomdan 200 soʻmdan pul oluvdi.

Sobir Abdulla. Qanaqa orkestr? Qanaqa pul?

Ovoz. «Qorxat»ning oʻtirishiga orkestrni topib kelishni buyurgan ekansiz. «Toshkent» mehmonxonasining orkestrini gaplashib berdim! Shuning zakaladini Hamid Gʻulom bilan men berdik. Yetmaganini oʻzingiz berarsiz!

Sobir Abdulla. Hoy, Said Ahmad, jinni-pinni boʻlganingiz yoʻqmi? Qanaqa orkestr? Qaysi oʻtirishimizga orkestr chaqirganmiz? Yo meni oʻldirib, tepamda motam marshini chaldirmoqchimisizlar, bugun? A?! (Dodlab yuboradi.)

Ovoz. Sobir aka, yomon eshitilayapti, kulayotganingiz yoʻqmi?

Sobir Abdulla. Nega kular ekanman, yigʻlayapman, Said Ahmad, yigʻlayapman! Hammang bir boʻlib meni xonavayron qilayapsizlar! Xonavayron ham gapmi, sharmanda qilayapsizlar, sharmanda! (Goʻshakni jahl bilan qoʻyadi.)

Yana telefon jiringlaydi. Sobir Abdulla yigʻlab, telefondan uzoqlashadi.

Yunus Rajabiy kelib, goʻshakni koʻtaradi.

Yunus Rajabiy. Allo!

Ovoz. Sobirjon aka?

Yunus Rajabiy. Men Yunus akangizman. Nima deysiz, Mustafo?

Ovoz. Gʻafur akam Doʻrmonga bormadilarmi? Adham Hamdamning oʻgʻli meni kun boʻyi band qilib, hozirgina qoʻyib yubordi. Uyga kelsam, Gʻafur akam ketib qolgan ekanlar. Qaerdan axtarishni bilmay turibman.

Yunus Rajabiy. U muttaham sizni nega kun boʻyi band qiladi?

Ovoz. «Sobirjon amakim aytdilar, u yerga borarkanmiz, bu yerga borarkanmiz», deb jon-holimga qoʻymadi.

Yunus Rajabiy. Hozir qaerdasiz?

Ovoz. Yozuvchilar uyushmasida. Gʻafur akamni axtarib shu yerga kelgan edim.

Yunus Rajabiy. Oʻsha yerda tura turing. Gʻafur bizga qoʻngʻiroq qilib qolishi mumkin. Shunda aytaman, topishib olasizlar.

Ovoz. Men hozir birorta odamdan benzin pulini topmasam boʻlmaydi. Adham Hamdamning oʻgʻli: «Doʻrmonda beraman», deb kissamni tozalab ketgan!

Yunus Rajabiy. Obbo, Adhamzoda-ey, sizni ham tunab ketdimi, yaramas?!

Ovoz. Nima? Boshqalarning ham kissasini tozalab ketdimi?

Yunus Rajabiy. Mayli, buyogʻi bilan ishingiz boʻlmasin. (Goʻshakni qoʻyadi.)

(Eshik ochilib, Gʻafur Gʻulom, Gʻayratiy, Mahmudxon va uch-toʻrtta san’atkor kirib keladi.)

Gʻafur Gʻulom (oʻtirganlar bilan koʻrishib). Sobirjon, mayli, yigʻlayvermang! Bu aferistning adabini yaxshilab beraman. Gʻafur Gʻulomni laqillatadigan Yosumanni ushlab, shunday sharmanda qilayki, onadan tugʻilganiga pushaymon qilsin! (San’atkorlarni koʻrsatib.) Mana bu san’atkorlar toʻydan mayda-chuyda koʻtarib ketishayotgan ekan. Hoynahoy Sobir Abdullaning dasturxoni qup-quruq boʻlsa kerak, deb boshlab kelayapman. Qani, ustol-ustulni joy-joyiga qoʻyib, dasturxonni yozinglar!

(Hozir boʻlganlar chetroqda ustma-ust qoʻyilgan stullarni olib, stol atrofiga qoʻyib chiqishadi va dasturxon yozishadi.)

Gʻafur Gʻulom (Sobir Abdullaga). Uyga qoʻngʻiroq qilib koʻring-chi, mabodo aferis­timiz topilib, kelinim Saodatxon bilan birga kelishayotgan boʻlsa...

Sobir Abdulla (uning soʻzinini boʻlib). Xoʻp boʻladi! (Qoʻngʻiroq qiladi.) Allo, Saodatxon, jonim! Adhamjonning oʻgʻlidan darak-parak boʻlmadimi?

Ovoz. Yoʻq. Baloga yoʻliqqur aldab ketganga oʻxshaydi!

Gʻafur Gʻulom (goʻshakni uning qoʻlidan olib). Mayli, Saodatxon, koʻp kuyinmang, kasallanib qolasiz. Men bu ablahning onasini Uchqoʻrgʻondan koʻrsatib qoʻyaman! Bu shaytonvachcha bizni aldab-ahmoq qilib ketganiga qaramay, birinchi qor sharafiga bazmi Jamshid qilamiz! (Goʻshakni qoʻyib, qayta nomer teradi.) Allo, senmisan, general! Topdinglarmi?

Ovoz. Gʻafur aka, biz hammayoqni ilma-teshik qilib yubordik. Sizning uyingizga kelgan bolaning Adham Hamdamga hech qanday aloqasi yoʻq ekan. Familiyasi Hamdamov boʻlgani uchun oʻzini Adham Hamdamning oʻgʻliman, deb yurgan. Afsuski, bundan bir soat avval Toshkent-Moskva samolyotida uchib ketipti. Aeroportdan Yozuvchilar uyushmasiga, sizning nomingizga xat yuboribdi, yaramas. Mustafo xatni olib ketdi. Biz Moskva shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga murojaat qildik. Ular Hamdamovni ushlab, Toshkentga qoʻliga kishan solib qaytarib yuboradilar, deb umid qilaman.

Gʻafur Gʻulom. Shunday boʻlsin, general! Jinoyat jazosi qolsa, jinoyatchining urugʻi koʻpayadi. (Goʻshakni qoʻyadi. Yunus Rajabiyga.) Yunusvoy aka, shuncha mashmashadan keyin yurak chigilini yozmasak boʻlmaydi. Qani, soqiylik rutbasini qoʻlingizga oling!

(Mehmonlar dasturxon atrofiga kelib oʻtiradilar. Piyolalarga may quyila boshlaydi. Gʻafur Gʻulom piyolasini doʻstlarining piyolalari bilan choʻqishtirayotgan paytda eshikdan halloslaganicha Mustafo kiradi.)

Mustafo. Gʻafur aka! U badbaxt hamamizni kalaka qilib, Moskvaga qochib ketipti! Aeroportdan mana bu xatnimi, telegrammanimi berib yuboripti!

Gʻafur Gʻulom. (qogʻozni olib oʻqiydi). «Hurmatli dadajon!» (Chetga.) Oʻgʻlim boʻlmay toʻngʻiz qopgur! (Eshittirib.) «Sizning oldingizda ham, Sobirjon amakimning oldilarida ham, hammangizning oldingizda ham katta gunohkorman. Ammo, na qilayki, choram yoʻq edi. Siz direktorimga qoʻngʻiroq qilmaganingizdan keyin meni institutdan haydashdi. Oʻzimni qaerga qoʻyishni bilmay qoldim. Tramvayning tagiga tashlamoqchi boʻluvdim, allaqaerdan militsioner paydo boʻlib qolib, ushlab qoldi. Mahmudxon amakimga shunchalar yalindim: haligi doridan topib bering, deb. Doʻstingiz unamadi...» (Mahmudxonga.) Qanaqa dori?

Mahmudxon. Bachchagʻar bir yutum boʻlsa ham zahar topib bering, deb kelgandi.

(Gʻafur Gʻulom bir oz oʻylanib qoladi.)

Gʻafur Gʻulom. Shu gapni menga aytsang boʻlmasmidi? Hayotdan toʻygan ekan-da, bechora!

Ovozlar. Xatni eshitaylik.

Gʻafur Gʻulom. (oʻqishda davom etadi). «... Oʻsha kunlarda, baxtimga, Moskva gazetalaridan birida e’lon chiqib qoldi. Poytaxt teatrlaridan biri Xlestakov rolini ijro etish uchun tanlov e’lon qilgan ekan. Men Nabi Rahimovning shu rolini yaxshi koʻrib qolib, Xlestakovning barcha oʻzbekcha va ruscha monologlarini yodlab olgan edim. Hatto ikkinchi kursda domlam kurs ishi sifatida «Revizor»ni qoʻyganida, men bosh rolni ijro etgan edim. Barcha hujjatlarni, oʻsha oʻquv spektakldan olingan suratlarni yuborgan edim, tanlovdan oʻtibman shekilli, chaqirib qolishdi.

Oʻzingizdan qolar gap yoʻq, samolyot biletiga ham, mehmonxonaga ham, tramvay-pramvayda yurishga ham, uch-toʻrt kun tirikchilik qilishga ham mulla jiring kerak. Xullas, dadajon, siz hammangiz oʻzbek xalqining Hotamtoylari boʻlganingiz uchun bir erkalik qilgim keldi. Nasib qilsa, ota-ona mehrini koʻrmay, bolalar uyida yaxshimi-yomonmi tarbiya koʻrgan mendek nodon, mendek baxtsiz bolaning Nabi Rahimovdek mashhur artist boʻlganini koʻrasiz.

Sizlarning bugungi oʻtirishingizni ham, asablaringizni ham buzganim uchun men baxti qaroni kechiringlar! Xudo xohlasa, kelgusi yili «qorxat»ning oʻtirishini Doʻrmonda oʻzim qilib beraman!

Dadajon! Menga omad tilang! Mabodo Moskva teatrlari uchun xarakteristika kerak boʻlib qolsa, albatta, yaxshi xarakteristika yozib berasiz, deb umid qilaman.

Sizga Jambul umrini, Alpomish kuchini, hazrat Navoiyning obroʻsini tilab, bir ogʻiz soʻzingizni ayagan oʻgʻlingiz Hamdam Hamdamov». (Xatni stol ustiga tashlaydi.)

Sobir Abdulla. Hamdam Hamdamov boʻlmay, juvonmarg boʻlgur.

Yunus Rajabiy. Mulla Gʻafur, oʻsha iltimosini bajo keltirganingizda bu savdolar boʻlmasmidi?

Habibiy. Shu oʻltirishga kelishga ham oyogʻim tortmay turgan edi-ya.

Mahmudxon. Mendan bir botmon dori-darmon olib ketgan edi.

Gʻafur Gʻulom. Bu bola men oʻylagandek aferist koʻrinmaydi. Aferist boʻlsa, qochardi-ketardi, dumini tutqazmay...(Bir oz sukutdan soʻng.) Oʻsha she’riyat muxlisi boʻlgan, mening muxlisim boʻlgan direktoriga bir ogʻiz aytib qoʻysam, asakam ketarmidi?! Boshqa rollarini bilmayman-ku, Xlestakov rolini qiyvoradigan bola ekan! Teatrga shunaqa tugʻma artistlar ham kerak-da, Sobirjon! (Sukut.) Qani, olaylik! (Hamma nima uchun qadah koʻtarayotganini bilmay, hayron. Shu payt Gʻayratiy xatni olib, Gʻafur Gʻulomga deydi.)

Gʻayratiy. Xatning orqasida ham bir-ikki soʻz yozilgan ekanmi?

Gʻafur Gʻulom (xatni Gʻayratiyning qoʻlidan tortib olib oʻqiydi). «Dadajon! Habibiy domlaning qoʻylarini olishga oldim-u, moʻysafidga jabr boʻlmasin, deb yon qoʻshnilarining hovlisidagi tut daraxtiga bogʻlab ketdim. Sobirjon amakim, Yunus togʻamlar berishgan pul hisobiga Ijod uyining katta oshxonasiga dasturxon bezatib qoʻyganman. Oʻsha yerga oʻtib, bazmi Jamshidga marhamat qilsanglar! Bundan Saodatxon ayamlarning xabarlari bor. Ular mening iltimosim bilan Doʻrmon hangomasini sizlardan yashirib turdilar. Mening ham, ularning ham bir qoshiq qonimizdan kechinglar. Hurmat bilan oʻgʻlingiz Hamdam Hamdamov». (Bir oz sukutdan soʻng.) Voy, aferist-e!

(Sobir Abdulla qoʻngʻiroq qilish uchun telefon oldiga boradi. Shu payt

Saodatxon bir togʻora pishiriq koʻtarib kiradi.)

Saodatxon. Assalomu alaykum, azizlar! (Gʻafur Gʻulomga.) Gʻafur aka! Faqat siz emas, biz, qoʻqonlik ayollar ham ozgina boʻlsa-da hazil qilishni bilamiz. Bir sizlarni sinab koʻraylik, dedik-da, Hamdamjon bilan!

Habibiy. Ajab voqea boʻlyaptimi?

Yunus Rajabiy. Oʻngimmi, tushimmi, bilmay qoldim.

Mahmudxon. Hazil ham shunaqa besoʻnaqay boʻladimi, Saodatxon? Bir botmon dorining puliga tushdim, deb infarkt boʻlishimga oz qoldi.

Saodatxon. Mahmudxon aka, lof desa ola qopni olib qochadigan boʻlib ketibsizmi? Mana, doringiz. (Dasturxon orasidan kichik paketchani olib, stol ustiga qoʻyadi.) Yuragi moʻrtlar ichadigan dorilar ekan.

Gʻayratiy. Endi, birodarlar, oʻzbek bor joyda hazil ham boʻladi. Nozikmi, besoʻnaqaymi, ishqilib, hazilning tagi zil boʻlmasa boʻldi.

Yunus Rajabiy. Hamdamjonning yetim oʻsganligini eshitib, bir voqea yodimga tushdi. Urush yillari, deng, Yangiyoʻldagi teatrda ishlab yurgan edik. Bir kuni deng, Turgʻun Alimatov shaharga tushib, skripka koʻtarib chiqdi. Shahar bozorida leningradlik bir oʻris kishi tirikchilik taqozosi bilan muzikant otasidan qolgan skripkani sotmoqchi boʻlib turgan ekan. Turgʻun, deng, mirquruq boʻlsa ham havasi kelib, skripkani qoʻliga olib chalipti. Avval oʻzbekcha kuyni, keyin egasi ham bir maza qilsin, deb «Katyusha»ni. Haligi, deng, oʻris kishi urushdan qaytayotgan ekan. Yetim qolgan farzandi Oʻzbekistondan panoh topganini eshitib, axtarib kelgan ekan. Toshkentdagi bolalar uyidan topipti. Oʻzbek xalqi farzandining boshini silab, sogʻ-omon katta qilayotganini koʻrib, azbaroyi xursand boʻlganidan boyagi skripkani Turgʻunga sovgʻa qilipti. «Buni sotib, boy boʻlarmidim? Yaxshi odam koʻrinasiz, chalishni bilarkansiz, muzikant ekansiz. Zora otamdan qolgan shu tabarruk sovgʻa bilan oʻzbek xalqi oldidagi qarzimni ozgina boʻlsa ham uzsam», debdi.

Habibiy. Gʻaroyib rivoyat ekan.

Yunus Rajabiy. Rivoyat emas, naq boʻlgan voqea. Yetimning boshini silashdan ortiq savob yoʻq bu dunyoda.

Gʻafur Gʻulom. Muhammad paygʻambar roʻza hayiti kunlari masjidga ketayotgan ekanlar, yoʻlda yigʻlab, koʻzlari giryon boʻlib turgan bir yetim bolani koʻrib qoliptilar. Muhammad paygʻambar yetim bolaning qoshiga kelib: «Seni birov xafa qildimi? Nimaga yigʻlayapsan?» deb soʻraptlar. Yetim bola: «Hamma oʻrtoqlarimning tuyalari bor. Ular hayit namoziga tuya minib boryaptilar. Tuyam yoʻqligi uchun yigʻlayapman», deb javob beripti. Muhammad paygʻambar yetimning soʻzlarini eshitib, boʻyinlarini yer baravar egibdilar-da: «Kel, boʻtam, yelkamga chiqib oʻtir, men sening tuyang boʻla qolay», debdilar. Yetim bola Muhammad paygʻambarning yelkalariga chiqib, tuya qilib yura boshlabdi. Yetim bola yana armondan chiqish uchun Muhammad paygʻambardan tuyaga oʻxshab «afu», «afu» deb oʻkirishini soʻrapti. Muhammad paygʻambar bir marta «afu» deb oʻkiriptilar, bola xursand boʻlib, «yana, yana» depti. Muhammad paygʻambar ikkinchi marta «afu» deb oʻkirgan ekanlar, Xudodan nido kelibdi: «Bir marta «afu» deb oʻkirganingda odamzodning uchdan bir qismining gunohidan oʻtdim. Ikkinchi marta «afu» deb oʻkirganingda ikkinchi gunohkor qismini ham kechirdim. Endi bas qil, zero, yana bir marta «afu» desang, hamma bandalarimning gunohidan kechishga majbur boʻlaman va yer yuzida doʻzaxga tushadigan biror gunohkor qolmaydi». (Bir oz sukutdan soʻng.) Mana shunaqa, yetimning boshini silashdan ortiq savob yoʻq dunyoda. Yetimning boshini silagan kishi Parvardigor oldida har qanday gunohlaridan forigʻ boʻladi.

Habibiy. Gʻaroyib rivoyat ekan.

Gʻafur Gʻulom. Balki rivoyatdir, balki boʻlgan voqeadir. Buning sira ahamiyati yoʻq. Ammo shu narsa haqiqatki, yetim bolalarga mehr-oqibat koʻrsatish, ularni ona-ota mehriga zor etmaslik – ulugʻ fazilat. Faqat yetim-esirlarni emas, barcha bolalarni polopon paytidan boshlab voyaga yetguniga qadar mehr-muhabbat bogʻida parvarish qilish – siz bilan bizning Parvardigor oldidagi burchimizdir. Mehr koʻrgan avlodgina (shu payt xona devorlari kengayib, Ijod bogʻining navbahor kunlaridagi goʻzal manzarasi koʻzimizni qamashtirib yuboradi.) mehribon, samimiy, bagʻri keng, halol va aql-farosatli kishilar boʻlib ulgʻayadi.

Saodatxon. Ulugʻ gaplarni aytdingiz, Gʻafurjon aka. Boʻyningizni egib, «afu» demasangiz ham men bilan Hamdamjonni kechirgan boʻlsangiz boʻldi.

Gʻafur Gʻulom. Albatta, kechirdim. Hammamiz kechirdik.

Sobir Abdulla. Mening infarkt boʻlib, narigi dunyoga ketishimga bir bahya qoldi, Saodatxon. Hamdamjonni kechirgan boʻlsam ham...

Saodatxon. Nima, meni kechira olmaysizmi? (Sobir Abdulla boshini egib, biror soʻz aytmaydi.) Unday boʻlsa, unday boʻlsa... (Arazlab chiqib ketadi.)

(Noqulay vaziyat.)

Gʻafur Gʻulom (vaziyatdan chiqish uchun xirgoyi qila boshlaydi). Endi sendek... (Sukut.) Endi sendek jono-jonon... (Sukut.) Qaydadir... (Sukutdan soʻng.)

Endi sendek, jono, jonon qaydadur,
Koʻrib gul yuzingni bogʻda bandadur,

Mahmudxon. Robinzon Kruzo boʻlib ket-e, Gʻafur!

Yunus Rajabiy. Robinzon Kruzo emas, Karuzo. Enrike Karuzo, buyuk italyan hofizi.

Mahmudxon. Robinzon Kruzomi, Karuzomi – nima farqi bor?

Gʻafur Gʻulom (e’tibor bermay). Endi sendek..

Sobir Abdulla (oʻrnidan turib, sekin ashulaga qoʻshiladi), Endi sendek...

Hamma ashulaga qoʻshiladi. Ashula davomida Saodatxon ham kirib kelib, joʻrovoz boʻladi.

Hamma:

Endi sendek, jono, jonon qaydadur,
Koʻrib gul yuzingni bogʻda bandadur,
Saqlay ishqing toki jonim tandadur,
Oʻzim har joydaman, koʻnglim sandadur..
Parda.

Gʻafur Gʻulom. Dunyoda faqat bir narsa qoladi. Yaxshilik! Hatto yomonlik ham bora-bora unutiladi. Shuning uchun mashoyixlar: «Otangni oʻldirganga onangni ber!» deyishgan. Ahmad Yassaviy ham, Lev Tolstoy ham, Mahatma Gandi ham: «Hoy, insonlar! Sizlarga yomonlik qilganga ham yaxshilik qiling! Yaxshilik qilishda hikmat koʻp! Belingizga doim yaxshilik kamarini bogʻlab yuring!» deb oʻtib ketishgan. Nima, biz shu ulugʻlarning vasiyatiga amal qilsak, biror joyimiz kamayib qoladimi?!

Gʻayratiy. Gunoh qilgan odamni jazolash ham tarbiya, unga olijanoblik namunasini koʻrsatish ham. Doʻstim, yetimlik nimaligini sen ham, men ham yaxshi bilamiz. Kelinglar, ota-ona mehrini koʻrmay, shu koʻchaga adashib kirib qolgan bir bolaning qoʻliga kishan solib, koʻchama-koʻcha sazoyi qilmaylik!

Yunus Rajabiy. Hammamizning dilimizdagi gapni aytdinglar, ustozlar! Bu, chinakam insonparvar shoirlarning gapi!

Habibiy. Yaxshilikdan yaxshilik tugʻiladi, azizlar! Yomon bolani yomon degan bilan uning tuzalishi mahol. Bu xunuk voqeadan hamma – ota-onalar ham, yoshlar ham xulosa chiqarib olsalar ayni muddao boʻlurdi!

Gʻafur Gʻulom. (goʻshakni koʻtarib). General! Yana men, Gʻafurman!. Moskvaga qoʻn­gʻiroq qiling! Qoʻyib yuborisha qolsin. Biz kechirdik. Esi boʻlsa, bu yaxshilikni hech qachon unutmaydi. Balki butunlay boshqa odam – yaxshi odam, halol, mehnatkash va mehribon odam boʻlib ketar. (Goʻshakni qoʻyib.) Shundaymi?

Hamma. Shunday, shunday,

Gʻafur Gʻulom. Qani, san’atkorlar! Shoʻxrogʻidan olinglar!

San’atkorlardan biri. Nimadan boshlaylik, Gʻafur aka?

Gʻafur Gʻulom. «Tanavor»dan-da, nimadan boʻlardi! Bundan ham goʻzal ashula bormi, bu yorugʻ dunyoda?! Raqsi-chi, raqsi? Mukarramxonning «Tanavor»ga xirom aylaganini koʻrgansizlar-ku!!! «Tanavor», yashavor!

Ashula
Endi sendek, jono, jonon qaydadur,
Koʻrib gul yuzingni bogʻda bandadur,
Saqlay ishqing toki jonim tandadur,
Oʻzim har joydaman, qoʻnglim sandadur.

Ashula boshlanayotgan chogʻda davraga Abdulla Qahhor, Shayxzoda, Mirtemir kirib kelib, ashulaga joʻrlik qiladilar. Asta-sekin boshlangan ashula tobora avjlana boradi.

Parda