OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNajib Mahfuz
Asar nomiAfsungar tovogʻimni oʻgʻirladi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Misr adabiyoti
Boʻlimlar
   - Ekzistensializm
Mualliflar
   - Najib Mahfuz
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonArab tilidan Bobur GʻIYOSOV tarjimasi
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/12/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Afsungar tovogʻimni oʻgʻirladi (hikoya)
Najib Mahfuz

Onam menga dedi:

– Endi foydang tegadigan vaqt boʻldi. Mana bu bir qirsh[1]ni olginda, borib ful[2] olib kelgin. Koʻchada oʻynab qolib ketmagin. Avtomobillardan nariroqda yurgin.

Tovoqni oldim. Taxta kavushimni kiyib, qoʻshiq xirgoyi qilgan holda, yoʻlga chiqdim. Sotuvchi oldida odam koʻp ekan. Marmar peshtaxta yonida boʻsh joy ochilguniga qadar kutib turdim-da, muloyimlik bilan murojaat qildim:

– Amaki, bir qirshlik ful bering.

– Fulni oʻzimi yoki oʻsimlik yogʻi bilanmi?

Nima deyishimni bilmay qoldim.

– Joyni boʻshat boshqalarga.

Uyga yerga kirgudek boʻlib qaytib, onamdan dakki eshitdim:

– Boʻsh tovoq bilan qaytibsan. Sen toʻpolonchi fulni yeb qoʻydingmi yoki bir qirshni yoʻqotdingmi?

– Oʻzi qanaqa ful olish kerak edi: fulni oʻzimi, oʻsimlik yogʻi bilanmi yoki mol yogʻi bilanmi, aytmagan ekansiz?!

– Ey yaramas bola, har kuni ertalab nima yeysan?

– Bilmadim.

– Ey shoʻrim... Ey shoʻrim. Ful oʻsimlik yogʻi bilan boʻlsin.

Sotuvchi oldiga qaytib bordim:

– Amaki, bir qirshlik fulni oʻsimlik yogʻi bilan bering.

U qovogʻini soldi.

– Oʻsimlik yogʻi issiq, yoki yaxshi zaytun yogʻi boʻlsinmi?

Nima deyishimni bilmay turgandim, baqirib berdi:

– Joyni boʻshat boshqalarga.

Jahlim chiqib uyga joʻnadim.

– Qanday ketgan boʻlsang, shunday qaytibsan. Nima uchun?

– Oʻsimlik yogʻimi yoki zaytun yogʻi boʻlsinmi, menga aytmabsiz-ku?!

– Oʻsimlik yogʻli ful deganim, bu issiq yogʻdagi ful boʻladi.

– Men qaerdan bilay?

– Sen nodonsan. Sotuvchi boʻlsa, bee’tibor odam. Unga issiq oʻsimlik yogʻidagi ful degin.

Tezda yoʻlga chiqdim.

– Amakijon, menga issiq oʻsimlik yogʻli ful bering.

Boshim marmar peshtaxtaga tegar-tegmas turib, shoshilganimdan ogʻir nafas olardim.

– Amakijon, menga issiq oʻsimlik yogʻli ful bering.

Sotuvchi choʻmichni qozonga solib gʻudrandi:

– Bir qirshni marmar peshtaxta ustiga qoʻy.

Qoʻlimni choʻntagimga soldim. Ammo pulni topolmadim. Tashvish bilan uni qidirishda davom etdim. Choʻntagimni tagigacha agʻdarib ham koʻrdim. Ammo undan asar yoʻq edi. Sotuvchi choʻmichni qozondan boʻsh holda chiqardi.

– Yoʻqotibsan. Sen bolaga ishonib boʻlmas ekan.

Oyoqlarimning tagi va atrofga sinchiklab qaradim.

– Yoʻqotganim yoʻq... Aniq choʻntagimda edi.

– Boshqalarga yoʻlni och. Ey Fattoh, ey Alim[3] degin.

Onamning oldiga yana qup-quruq qaytdim.

– Bu qandoq gap boʻldi. Sen bola ahmoqmisan?

– Bir qirsh...

– Nima boʻldi?

– Choʻntagimda yoʻq.

– Nima, shirinlik sotib oldingmi?

– Xudo haqi yoʻq.

– Qanaqasiga yoʻqoldi?

– Bilmadim.

– Qur’on bilan qasam ich qani!

– Qasam ichaman...

– Choʻntaging teshikmikin?

– Yoʻq, aslo.

– Balki birinchi yoki ikkinchi safar borganingda sotuvchiga bergandirsan.

– Balkim.

– Aniqroq ayta olasanmi?

– Qornim ochdi!

Onam qoʻllarini qoʻllariga urib xoʻrsindilar:

– Nima boʻlsa Xudodan. Senga yana bir qirsh beraman. Ammo uni seni aqchadoningdan olaman. Agar yana boʻsh tovoq bilan qaytsang, boʻyningni uzaman...

Yugurib ketdim. Xayolim shirin nonushta orzusi bilan band boʻldi. Sotuvchining mahallasiga burilish joyida bir guruh bolalar va oʻspirinlarni koʻrib qoldim. Xursandchilik va kulgi ovozlarini eshitdim. Oyoqlarim birdaniga ogʻirlashib, yuragim ular tomonga talpindi. Hech boʻlmaganda, bir nazar tashlab qoʻygim keldi. Bolalarning orasiga kirib olgandim, afsungar meni yoniga chaqirdi. Men oʻzimdan ketib qoladigan darajada baxtiyor edim. Es-hushimdan butunlay ayrildim. Tuxumlar, quyonlar, arqonlar va ilonlar bilan tomoshani maza qilib koʻrdim. Afsungar pul yigʻish uchun yaqinlashganida, «menda pul yoʻq», deya pichirlab, orqaga chekindim. U menga vahshiylarcha qaradi. Zoʻrgʻa qutildim. Qochdim. Mushti orqamga tegdi. Ammo men juda baxtiyor edim. Ful sotuvchining doʻkoniga bordim.

– Amakijon, bir qirshga oʻsimlik yogʻli ful bering.

Sotuvchi indamay qarab turavergani uchun soʻrovimni qaytardim.

– Tovogʻingni ber...

Tovoq! Tovoq qaerga ketdi? Yugurayotganimda tushib qoldimikin? Afsungar olib qoʻydimikin?

– Sen bolaning boshingda aqling yoʻq!

Kelgan yoʻlim boʻylab yoʻqolgan tovoqni qidirishga tushdim. Afsungar turgan joy boʻshab qolganini koʻrdim. Lekin bolalarning ovozi uning qoʻshni mahallada ekanini menga bildirdi. Afsungarni oʻrab olganlar atrofida aylandim. Meni tanib qolgan afsungar baqirib tahdid qildi:

– Pulini toʻla, boʻlmasa, bu yerdan ket.

Umidsizlik bilan dedim:

– Tovoq!

– Qanaqa tovoq, ey shayton bolasi?

– Tovogʻimni qaytarib bering.

– Yoʻqol, aks holda, hozir ilonlarga yemish boʻlasan.

U tovogʻimni oʻgʻirlagani aniq. Ammo yovuzligidan qoʻrqib, nari ketdim. Nochor ahvolda yigʻlab yubordim. Yoʻlovchilar nimaga yigʻlayotganim sababini soʻrashganida, barini aytdim. Oʻz tashvishim bilan ovora boʻlsamda, «ey tomosha qilinglar», degan ovozni eshitib qoldim. Orqamga qayrilib qarab, suratlar koʻrsatadigan qutini koʻrdim. Uni oldiga yugurib ketayotgan oʻnlab bolalar koʻz oldimda namoyon boʻlishdi. Tomosha qutisi oldiga saflandik. Quti egasi suratlarni qiziqarli tarzda tushuntira boshladi: «Mana botir chavandozni koʻrayapsiz, bunisi goʻzal xonim». Koʻz yoshlarimni artib, qutiga katta qiziqish bilan qaradim. Qiziqishimni hech bosa olmasdim. Bir qirsh toʻlab, qutining koʻzi oldida turdim. Yonimda bir qiz turardi. Koʻzlarim oldida birin-ketin maftunkor suratlar namoyon boʻldi. U sehrli dunyodan oʻz olamimga qaytganimda, bir qirshdan ayrilganim va tovogʻimni yoʻqotganim esimga tushdi. Afsungardan asar ham koʻrinmasdi. Meni chavandozlik, sevgi va kurash chulgʻab oldi. Qornim ochligini esdan chiqardim. Hatto uyda meni kutayotgan xavf-xatarlarni ham unutdim. Oʻz vaqtida moliya vazirligi va qozixona boʻlgan binoning tarixiy devoriga suyanib toʻxtab qoldim. Toʻlaligicha xayolot dunyosiga berildim. Uzoq vaqt chavandozlik, goʻzal xonim va iblisni oʻylay boshladim. Soʻng xayolimda nayzani uloqtirgandek qichqirdim:

– Buni sening yuragingga sanchaman, ey iblis.

Mayin ovoz menga javob qildi:

– Orqasidan goʻzal xonim otda paydo boʻldi.

Oʻng tomonimga qarab, surat tomoshasida yonimda turgan qizni koʻrdim. U kir kuylak va rangli taxta poyabzalda boʻlib, uzun tirnoqlarini oʻynardi. Boshqa qoʻlida «xonim bitlari» oq va qizil tuxumlarining donalari boʻlib, bir-birimizga qarab qoldik. Yuragim unga talpinardi.

– Oʻtir. Dam olamiz.

Uyalayotganga oʻxshagani uchun uni bilagidan ushladim. Tarixiy devor eshiklaridan kirdik. Bu zinapoyalar yuqoriga koʻtarilib, kenglikda tugardi. Uning orqasida koʻm-koʻk osmon va minora boshlanardi. Jimgina yonma-yon oʻtirdik. Qoʻlidan ushlab oldim. Jim oʻtiraverdik, nima deyishni bilmasdim. Meni qiziq, yangi va tushunarsiz hissiyotlar chulgʻadi. Undan atir-upanikiga oʻxshagan islar anqib turardi. Lablaridan oʻpdim. Nihoyat, oʻrnidan turishga harakat qildi.

– Men ketayapman.

Xafa boʻlib soʻradim:

– Qaerga?

– Doya Umm Ali[4]ning oldiga.

Shahar dazmolchisi uyi yonidagi hovliga ishora qildi.

– Nimaga?

– Unga tezda borishni aytish uchun.

– Nimaga?

– Onam uydan baqirdilar. Doya Umm Aliga borib tezda kelishi lozimligini aytgin dedilar...

– Keyin qaytasanmi?

Boshi bilan rozilik ishorasini qilib ketdi. Onasini eslagani uchun onamni esladim. Yuragim orqasiga tortdi. Tarixiy zinani tark etib, uyga yoʻl oldim. Ovozimni chiqarib yigʻladim. Bu sinalgan usul boʻlib, oʻzimni himoya qilish vositasi edi. Onam chiqishlarini kutgandim, daragi boʻlmadi. Oshxona va yotoqxonani qarab chiqdim. Ammo onam yoʻq edilar. Qaerga ketgan ekanlar? Boʻsh uyda siqilib qoldim. Birdaniga boshimga bir fikr keldi. Oshxonadan tovoq oldim, aqchadondan bir qirsh chiqardim va ful sotuvchinikiga yoʻlga tushdim. Sotuvchi doʻkon oldidagi divanda uxlab yotardi. Ful qozoni yopilgan, yogʻ idishlar tokchaga terib qoʻyilgandi, marmar peshtaxta yuvilgandi.

– Amaki...

Ammo faqat xurrak ovozi keldi. Yelkasidan ushlagandim, jahli chiqib, qoʻlini koʻtardi. Mast koʻzlari bilan menga qaradi.

– Amaki...

Menga tikilib qaradi. Taniganidan keyin koʻpollik bilan soʻradi:

– Nima kerak?

– Bir qirshga issiq yogʻli ful bering...

– Nima?

– Pul va tovoq oʻzim bilan.

Sotuvchi oʻshqirdi:

– Sen bola jinnisan. Yoʻqol bu yerdan, boʻlmasa, boshingni yoraman. Joyimdan qoʻzgʻalmagandim, qoʻli bilan meni qattiq itarib yubordi. Orqam bilan yiqilib tushdim. Ogʻriqdan qiynalib turdim va yigʻlab yubormaslik uchun oʻzimni zoʻrgʻa bosdim. Qoʻllarim band edi: birida bir qirsh va boshqasida tovoq. Sotuvchiga gʻazab bilan qarab, tovogʻimni otdim. Tovoq uchib borib, boshiga tegdi. Hech narsaga qaramay yugurib ketdim. Chavandoz iblisni oʻldirgani kabi men ham sotuvchini oʻldirib qoʻydim, deb oʻyladim va tarixiy devorning yaqinida toʻxtadim. Nafasim tiqilganicha orqamga qarab, hech kim ta’qib qilmayotganiga amin boʻldim. Oʻsha yerda nafas rostladim. Keyin nima qilish kerak, deb oʻzimdan oʻzim soʻradim. Ikkinchi tovoqdan ham ayrildim. Nimadir meni toʻgʻri uyga qaytishdan tiyib turardi. Oʻzimni yerga urishlariga qoʻyib berganimdan hafa boʻlib ketdim. Baribir oʻz haqimni qoʻymasligimni bilardim. Uyga qaytishni esa ma’lum vaqt kechiktirib turish kerak. Mana, qoʻlimda bir qirsh bor. Bir amallab kunimni ana shu pulga koʻrsam boʻladi. Qilgan jinoyatimni esdan chiqarishga qaror qildim. Ammo afsungar qani? Suratlar qutisi qaerda? Ularni u yoq, bu yoqdan qidirishimning foydasi boʻlmadi. Befoyda qidirishdan charchab, tarixiy zinaga qaytdim. Oʻtirib olib, haligi qizni kuta boshladim va boʻlajak visolni xayol qildim. Xushboʻy xidlar anqigan jismini yana quchgim keldi. Oʻsha qiz menda avval boʻlmagan hissiyotlarni paydo qilganini e’tirof etdim. Men kutib, orzularga berilib turgan paytimda orqa tomondan pichirlash eshitildi. Sekin oʻrnimdan turdim. Zinaning tepasiga chiqib, chalqanchasiga yotib oldim va u tomonda nima boʻlayotganini hech kimga sezdirmay koʻrishga intildim. Baland devor bilan oʻralgan xarobani koʻrdim. U ham moliya vazirligi va qozixonadan qolgan bino qismi ekan. Zina tagida bir erkak va ayol oʻtirganini koʻrdim. Pichirlash oʻsha tomondan kelayotgan ekan. Erkak boshpanasiz kishiga oʻxshardi. Ayol esa qoʻy boqib yuradigan loʻlilar toifasidan edi. Ularning lablari boshqacha qimirlardi. Qarashlari va koʻzlari boshqacha edi.

Nihoyat yonma-yon oʻtirib olishdi. Ancha vaqt oʻtgandan keyin erkak gapirdi:

– Pul.

Ayol jahli chiqib qizishdi:

– Sen hech toʻymaysan.

Erkak noma’lum nuqtadan koʻz uzmasdi:

– Sen jinnisan.

– Sen oʻgʻrisan...

Erkak ayolga qattiq tarsaki urdi. Ayol yerdan tuproq olib, sochib yubordi. Yuzlari ifloslangan erkak barmoqlari bilan ayolning boʻynidan ezishga kirishdi. Ogʻir kurash boshlandi. Ayol boʻynini uning qoʻllaridan ozod qilishga intildi. Ingrab ovoz chiqardi, koʻzlari ola-kula boʻlib ketdi, muallaq oyoqlari havoni tepardi. Burnidan ip kabi qon chiqayotganini ham koʻrdim. Birdaniga baqirib yubordim. Erkak boshini koʻtarmasidan orqaga emaklab ketdim. Zinadan tikkasiga uchib tushdim va telbalardek duch kelgan tomonga yugurdim. Nafasim tiqilib qolguncha chopdim. Shunchalik charchab qoldimki, atrofimdagi hech narsani koʻrmay qoldim. Oʻzimga kelib olganimda, qandaydir chorraha tagidagi yerosti yoʻliga kirib qolganimni angladim. Bu joyga birinchi bor kelishim edi. Shuning uchun mahallamiz yoʻlini topolmay adashdim va koʻzi ojiz odamlarni uchratdim. Ular ham har xil tomonga yurib, bir-birlariga e’tibor bermasdilar. Yoʻlni qanday topaman degan xayolda qoʻrqib ketdim. Birorta yoʻlovchidan soʻrab olsammikan? Ammo taqdir yana ful sotuvchisi yoki xarobadagi erkak kabi kishilarga roʻbaroʻ qilsa-chi?! Moʻ‘jiza yuz berib, onamni uchratsam, unda butun vujudim bilan oldiga yugurarmidim? Oʻzimcha yuraversam, balki yoʻl koʻrsatadigan birorta belgiga toʻgʻri kelib qolarman?

Tezroq hech ikkilanmay biror qarorga kelishim lozim. Hademay kunduz tugab, atrofni qorongʻilik qoplaydi.

«Sharq yulduzi» jurnalining 2011-yil, 3-sonidan olindi.
* * *

Taniqli va ardoqli Misr yozuvchisi Najib Mahfuz 1911 yilda Qohirada tavallud topdi. Uning ilk asarlarida an’anaviy, milliy qadriyatlar tarannum etildi. 1950 yillar oxirida chop etilgan «Qohira trilogiyasi» («Bayn al-Qasrayn», «Qasr osh-Shauq» va «as-Sukkarida») jahon adabiyotida keng e’tirofga sazovor boʻldi va kitobxonlar tomonidan iliq kutib olindi. Iste’dodli qalam sohibi 60-yillardan e’tiboran jamiyat evolyutsiyasi va umuminsoniy qadriyatlarga oid hikoyalar yoza boshladi. «Taqdir oʻyinlari», «Yangi Qohira», «Nil ustidagi safsata», «Toshoyna», «Muhtaram janob», «Ming kechaning tunlari», «Xeopsning donoligi» nomli romanlari hamda «Xudoning dunyosi», «La’natlangan uy», «Soyabon tagida» singari novellalari nodir durdona asarlar sirasidan joy oldi. 1988 yilda butun insoniyat uchun ahamiyatga molik boʻlgan realizm va arab hikoyanavisligini boyitganligi uchun Najib Mahfuz adabiyot sohasida Nobel mukofoti bilan taqdirlandi. Arab nasrining yorqin vakili 2006 yilning 29 avgustida vafot etdi.

Adabiyot dargʻasining talaygina asarlari bir qancha xorijiy tillarga tarjima qilingan, koʻpgina asarlari esa ekranlashtirilgan.

Tarjimondan


  1. Qirsh – Misr va boshqa bir qator arab mamlakatlarida mayda pul birligi. Voqea sodir boʻlgan paytlarda bir qirsh katta pul sanalgan (tarj).
  2. Ful – dukkakli ekin mevasidan (nisbatan loviyaga yaqin turadi) tayyorlanib, misrliklar tomonidan sevib iste’mol qilinadigan taom. (tarj).
  3. Fattoh, Alim - Allohning ismlaridan (tarj).
  4. Umm Ali - Misr va boshqa bir qator arab mamlakatlarida ota-onalarning ismlarini aytmasdan falonchining otasi yoki onasi deyish keng tarqalgan. Bunda katta oʻgʻilning ismi olinadi. Umm Ali degani Alining onasi ma’nosini anglatadi (tarj).