OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Najmiddin Kubro. Ruboiyot
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNajmiddin Kubro
Asar nomiRuboiyot
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/qadimgi adabiyoti
Boʻlimlar
   - Lirika
Mualliflar
   - Najmiddin Kubro
Uslub
   - She’riyat
Shakl
   - Ruboiylar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/18
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ruboiyot
Najmiddin Kubro

Najmiddin Kubro (1145—1221)

Mashhur shayx, yirik tasavvuf olimi, xalq qahramoni va otashnafas shoir Najmiddin Kubro Xiva yaqinidagi hozirgi Sayot qishlogʻida tugʻilgan. Uning toʻliq ismi - Ahmad ibn Umar Abuljannob Najmiddin al-Kubro al-Xivaqiy al-Xorazmiy. «Shayxi valiytarosh» - «Avliyolar yetishtiradigan shayx» nomi bilan shuhrat qozongan bu ulugʻ inson tasavvufdagi mashhur kubraviya tariqatiga asos solgan. Bu tariqat ahllari xufiya zikrni targʻib etganlar. Kubraviya ta’limoti asosan Markaziy Osiyo va qisman Eronga tarqalgan.

Najmiddin Kubroning oʻnga yaqin asarlari fanga ma’lum. Uning, ayniqsa, «Al-usul al-ashara» («Oʻnta usul»), «Favoyih ul-jamol va favotih ul-jalol» («Jamol xushboʻyliklari va jalolning kashfi»), «Risolat ul-hoif ul-hoim an lavmat il-loim» («Qoʻrquvchi ovvoralar va malomat etguvchi malomatiylar haqida»), «Tafsir», «Sharh us-sunna val-masolik» («Sunna va ezguliklar sharhi») kitoblari mashhur. Kubro oʻz asarlarini asosan arab tilida yozgan. Faqat boshlovchi soʻfiylar uchun qoʻllanma sifatida yaratilgan «Fi odob us-solikin» («Soliklar odobi haqida») asari va ruboiylarini forsiyda bitgan. Ingliz sharqshunosi J.S.Trimingem «Soliklar odobi haqida» asari tasavvufning eroniylashuvida muhim bosqich boʻlganligini qayd etadi.

Najmiddin Kubro islom ahkomlari va tasavvuf talablarini xalq oʻrtasida nazariy jihatdan targʻib-tashviq qilish bilangina kifoyalanmay, oʻzining mardona xatti-harakati bilan uni amalda ham koʻrsatadi. Gap shundaki, moʻgʻul galalari Xorazm tuprogʻiga bostirib kelganida u boshqa oʻlkalardan kelgan muridlarining begona zaminda oʻlib ketishlarini istamay, ularni tugʻilgan yurtlariga joʻnatib yuboradi, oʻzi esa shahar mudofaasiga otlanadi. Shogirdlarining birga ketish toʻgʻrisidagi takliflariga javoban: «Men shu yerda shahid boʻlaman. Menga Xorazmni tark etishga ruxsat yoʻq!» - deydi va qoʻliga shamshir tutib, qoʻyniga tosh toʻldirib, yov qarshisiga chiqadi. Ularga tosh otadi, bir nechtasini nayza bilan urib yiqitadi. Dushmanlar unga kamondan oʻq uzadilar. Oʻqlardan biri Shayxning koʻkragiga sanchiladi. Shahid boʻlayotgan paytda u dushman qoʻlidan bayrogʻini tortib olib, shu darajada mahkam siqib ushlaganki, oʻn kishi boʻlib ham uning qoʻlidan bayroqni olisholmagach, barmoqlarini kesishga majbur boʻlishgan.

Ba’zi bir tadqiqotchilar Kubroning «Ruboiylar» kitobi ham mavjudligi toʻgʻrisida ma’lumot bergan boʻlsalar-da, bu noyob toʻplam hali topilgan emas. Biz faqat atoqli sharqshunos Ye.E.Bertel's tomonidan Kubro qalamiga mansubligi taxmin qilinib, turli tazkira va bayozlardan tanlab olingan va olimning «Tasavvuf va tasavvuf adabiyoti» kitobida keltirilgan 25 ta ruboiygagina egamiz[1]. Eronda nashr etilgan «Ruboiynoma» toʻplamida ham shayx-shoirning 8 ta ruboiysi keltirilgan boʻlib, ulardan faqat bittasi Ye.E. Bertel's keltirgan ruboiylar orasida uchramaydi[2]. Demak, hozirgacha bizga buyuk vatandoshimiz ijodiga tegishli 26 ta ruboiy ma’lum.

Bu ruboiylar nisbatan qisqa fursat ichida uch marta oʻzbek tiliga oʻgirildi. Dastlab Jamol Kamol ularni an’anaviy vazni va mumtoz uslubini saqlagan holda oʻzbekchalashtirdi[3]. Keyin Najmiddin Kubro tavalludining 850 yilligi munosabati bilan Matnazar Abdulhakim bu ruboiylarning yangi tarjimasini amalga oshirdi[4].

Najmiddin Kubro qalamiga mansub ruboiylar, asosan, tasavvuf dunyoqarashi targʻibiga - Haqiqatni izlash, Ollohga boʻlgan ishqni kuylash, Haq yoʻliga da’vat qilish, Olloh muhabbatini qozonish maqsadida tariqatga kirgan solikning hol va maqomotning turli bosqichlaridagi oʻy va kechinmalari, ranju iztiroblarini tasvirlash, soʻfiy-darveshlarni ulugʻlash, Haqning mazhari boʻlmish ma’shuqa goʻzalligini ta’rif-tavsif etish, goh visol umidi, goh hijron azobidagi oshiq holatini ifodalashga bagʻishlangan. Bu ruboiylarda ishqni tark etish tilagi, butxonaga mayl, shahid boʻlish orzusi, faqru fano va boshqa tasavvufiy holat-kechinmalar xususida ham soʻz boradi.

Ruboiylar

1

Har narsaki, yoʻqmi — yoʻq oʻshal misli shamol,
Har narsaki, bormi — oqibat topdi zavol.
Bor narsani olamda gumon et yoʻq deb,
Yoʻq narsani bor debon biroq ayla xayol...[5]

2

Yoʻlingda aql hadis va afsona topar,
Koʻying sari yoʻl mardumi devona topar.
Savdoying ila men kabi ming dilsoʻxta
Ka’badan ilik tortar-u, butxona[6] topar.

3

Yo Rab, oʻzing asra, dil judolik istar,
Sendin kechib, oʻzga-la oshnolik istar.
Ishqingdin ilik tortsa — tutar doʻst kimni?
Koʻyingdan oyoq tortsa — xatolik istar.

4

Haq yoʻliga har lahza sa’y etmak lozim,
Dunyodan etak tortmag-u, ketmak lozim.
Diydangni davola, zero, olam hama — Ul,
Koʻrmak Uni — asroriga yetmak lozim.

5

Oshiq kishining koʻngli toʻla dard boʻlgay,
Dil dardi bilan mard yana ham mard boʻlgay.
Oʻz ishqi oʻtida u yonarkan, bul dam
Doʻzax oʻti oʻzgalar uchun sard boʻlgay.

6

Ey diyda, oʻzingsan begumon dushmani dil,
Sen bois uchar yelga hama xirmani dil.
Bas, solma nazar begona yuzlarga sira
Jurm[7] ostida qolmasin, desang, gardani dil.

7

Ul bodani ichmadimki, hushyor oʻlsam,
Ul mast emasman dagʻi bedor oʻlsam.
Tark etsam adam birla vujudni, tong yoʻq,
Bir jilvai husning ila xummor oʻlsam.

8

Naqsh etsam-u toatimni parcha nonga,
Bersam uni itga — yotibon zindonga,
Kelgan esa-da ochligidan afgonga,
Urmas tishini nomus etib ul nonga.

9

Ey dil, bu qadar muflis[8] ekansan, rasvo,
Sen loyiqi toza ishq emassan aslo.
Shiddatli alangadir bu ishq — ermas suv,
Ul ishq ila bulhavas[9] boʻlolmas oshno.

10

Ey tun, hademay saharga aylangaysan,
Bul dardi dilim quvishga shaylangaysan.
Maqsud sari yetkazishga dilni balki,
Ey tong, oʻzing, beshubha, saylangaysan.

11

Pinhon emas aslo — ichda bir dev bordir,
Boshini koʻtarmogʻi uning dushvordir.
Iymonini ming martaba talqin qildim,
Ul asli azal muslim emas, kuffordir.

12

Ishqingni bu mardonayu farzona koʻngil,
Bir soniya tark etmadi, jonona, koʻngil.
Ishq bodasini qoʻlimda tutgan lahza
Liq toʻldi jigar qoniga paymona, koʻngil.

13

Sendan hama shoʻxlik va parishonligimiz,
Sendan hama oshuftayu hayronligimiz,
Har toriga kokilingni dil boylashimiz,
Sendan hama gʻuncha kabi xandonligimiz.

14

Darvesh eliga aylama ta’naki, ular
Qanday tugʻilgan esa — shunday oʻlar.
Bir olam zar bergil-u, ol bir arpa —
Bilmoqchi esang kimligini asli ular.

15

Bir tal’ati mohki, olamoroyi hama,
Vasli kecha-kunduz tamannoyi hama.
Gar el kabi suymasa meni — voy menga,
Lek hammani suysa men kabi — voyi hama.

16

Bir kun koʻrasanki, jon tanimdan ketgan,
Boshimga figon chekib xaloyiq yetgan.
Koshki kelib boshimda oʻtirsang, aytsang:
Oʻldirgan oʻzim, oʻzim pushaymon etgan...

17

Vaslingdan oʻlib dil firoʻz[10] tun oxirida,
Hajringdan oʻlib didadoʻz[11] tun oxirida,
Ey, kokili kun soʻshtida tundek zulmat,
V-ey, orazi xuddi kunduz tun oxirida.

18

Soʻfiy boʻlib, ayla bir kecha ohu figʻon,
Dunyoni yaratgan haqqi, qoʻztol shu zamon:
Xanjarni qoʻlingga ol-u, et oʻzni shahid,
Yor vaslini istasa, netar jismni jon...

19

Ishqing mayini ichib, bu dil mast boʻlgay,
Hajring gʻamini chekib, u, bil, past boʻlgay.
Bir boqsang agar — koʻyingda tuproq boʻlgan
Jonsiz tanaga jon yana payvast boʻlgay!

20

Har kimki, qilar koʻrgali ul yuzni talab,
Yengib gʻururini, aylasin oʻzni talab.
Ul qayda-yu, biz qayda — koʻring qismatni:
Somon boʻlibmiz qilib yulduzni talab...

21

Ul mohliqolarki, asil yurti Chigil[12],
Tuproqmi asosi yoki nur, soʻyla-chi, gil?
Koʻnglingni olib qoʻlga, qilar qasd jonga,
Voh, bu ne baloki, etdi holimni chigil.

22

Sunbul sochidan men begumon qoʻrqarman,
Xatgi xushu fe’li beomon — qoʻrqarman.
Xalq qoʻrqsa yomon koʻzdan agar, men shoʻrlik
Yaxshi koʻzidan yorning yomon qoʻrqarman.

23

Har sabzaki, suvning boʻyidan joy olmish,
Ul tal’ati hur aksini yodga solmish.
Xorlik bila lolalar uza qoʻyma qadam,
Ul lola sanam vujudidan timsolmish.

24

Bandashta faqirlikni shior etmishsan,
Qam yorsizu mahramsizu zor etmishsan,
Bas, qaysi ibodatim uchun men birlan
Doʻstlik va yaqinlik ixtiyor etmishsan.

25

Sensan ikki olamni yaratgan Birubor,
Koʻyingda oʻlib bandalaring xoku gʻubor.
Sendan ulashish rizqini har jonzotning,
Sendan yaratish — xohi moʻgʻul, xohi totor...

26

Yor ishqini kim koʻksi aro jo qildi,
Har ikki jahon mulkini paydo qildi.
Kim vaslidan ogohlik topsa bir dam,
Gar oʻlsa-da, xun haqqini ado qildi...
Ergash Ochilov tarjimalari

Shayx Najmiddin Kubro Ruboiylari

1

Chun har nekn noʻq... yoʻqdir u — bodi havas,
Chun har neki bor, bori — nuqsonu shikast.
Bilgilki, u yoʻq deganlari — bor, hayot,
Bilgilki, u bor demishlari — yoʻq, abas...

2

Poʻlingda samar hadis va afsona emish,
Koʻyingda kezib el bari devona emish,
Savdoying ila men kabi ming dilsoʻxta
Ka’ba sarimas, ozimi butxona emish...

3

Xoshoki, koʻngil sendin judoligʻ istar,
Bir oʻzgasi birla oshnoligʻ istar.
Har kimsaki doʻsti bor — kechar mehringdin
Koʻyingdaki kim kechar — gadoligʻ istar...

4

Chun haq va talab yoʻliga kirmoq joiz,
Dunyo etagin tutib, yugurmok joiz.
Koʻrmoqqa oʻzingni sa’y etgil, zero,
Olam koʻzi birlan uni koʻrmoq joiz...

5

Ishq yetsa koʻngilga, dilga u dard aylar,
Dardi dili mard mardni boz mard aylar.
Oʻz otashi ishqida yonar ul, vale
Doʻzaxni chu oʻzgalar uchun sard aylar...

6

Ey vasling oʻlib maoyina dushmani dil.
Kim yelga ucharmish ul hama xirmani dil.
Ul damki sanamlar yuziga termulsang,
Bilgilki, gunoh ostidadir gardani dil.

7

Ul boda ichib demasmen: hushyor boʻlayin,
Bul mastlig aro nainki bsdor boʻlayin.
Bir jomi tajalliyi jamoling menga bas,
Yoʻqligu borlikdin bezor boʻlayin...

8

Chun nonga chekib toatu taqvoi,
Soʻng suprada it oldiga qoʻysam oni,
Ul it agarchi och erur, zindoniy,
Nomus yuzidan ogʻziga olmas oni...

9

Ey dil, diyonatda ajab rasvosen,
Insof bila ayt, ishqqa nechuk oshnosen?
Ishq otashi tez erur, sendek suv emas,
Tuproq chu boshingtak-ki yetar, bilgosen...

10

Ay tun, qorongʻu tun, sahar boʻlgaysen,
Bu dardi dilimga sen samar boʻlgaysen.
Ay subh, otlanib kelarsan, oyo
Maqsudi dilim sari xabar boʻlgaysen...

11

Ul dev ichimdadir, chu pinhon ermas,
Kim bosh koʻtarib yurmagi oson ermas.
Iymonini ming martaba talqin qildim,
Ul kofir oʻzi, asli musulmon ermas...

12

Har lahza bu mardonayu farzona koʻngil,
Yongay sening ishqing bila jonona koʻngil.
Bir lahza muhabbat mayini tark etsam,
Toʻlgay shu jigar qoniga paymona koʻngil...

13

Bul shoʻxu parishonligimiz boisi ul,
Oshuftayu hayronligimiz boisi ul.
Har kokili toriga necha dil boylab,
Chun gʻunchai xandonligimiz boisi ul...

14

Darvesh eliga aylama ta’n: xor ular,
Har nechaki bor ular, chunin bor ular.
Bilmoq tilaging esa ular aslida kim —
Olam mayini buyurki, xummor ular...

15

Yuzing, malagim, olamoroyi hama,
Vasling tunu kun, bas, tamannoyi hama.
Xushdir menga el oldida ohlar urishim,
Lek elga yoqar ohi hama, voyi hama...

16

Bir kun koʻrasenki, men bejondirmen,
Tegramda xaloyiq toʻla afgʻondirmen.
Qabrim boshiga kelib oʻtirgil, aytgil:
Oʻldirdim oʻzim, vale pushaymondirmen...

17

Vasling ila toleim fuzundir kechasi,
Hajring bila bori diyda xundir kechasi.
Ay, zulfing oʻlib misoli kun soʻnggida shom,
Voy, ikki yuzing misoli kundir kechasi...

18

Sofiy boʻlibon bir kecha noloi — giryon,
Qoʻzgʻol ba hazrati xudovandi jahon,
Qon-yosh toʻkibon qoʻlingga xanjar olgil,
Soʻng urgil uni oʻzingga, tark et makon...

19

Chun sharbati ishqing bila dil mast boʻlgay,
Ham hajru firoqing ila ul past boʻlgay.
Ilking uzatib, sen bu yiqilganni koʻtar,
Nest boʻlgan oʻshal tan va koʻngil hast boʻlgay.

20

Ul silsilamoʻi ohudin qoʻrqarmen,
Ul nozu karashma, kulgudin qoʻrqarmen.
Har kimsaki koʻrqadir yomon koʻzlardin,
Men bechora shu chashmi jodudin qoʻrqarmen...

21

Har necha umrga mehri jon boʻldi talab,
Paydo va nihonga begumon boʻldi talab.
Koʻngil eshigin ochdiyu lekin koʻrgil —
Ul qaydayu bizga ne makon boʻldi talab...

22

Oy yuzli sanamlarki, chu oftob siypa,
Ul asli chigillardin emish, oʻylagin-a .
Koʻngil olishar va jonga xanjar solishar,
Ul jumla balo boʻlsa alardin ne gina...

23

Ey roziqi moru moʻru zogʻu bulbul,
Kul boʻldi hama ul senga boʻlganlar qul.
It panjasiga bahona bergan ssnsan,
Sendadir oʻsha ne qilsa totoru moʻgʻul.

24

Har sabzaki suv yaqosida yuz ochmish,
Bir ruhi farishtadir magar, koʻz ochmish.
Bir xoki parivashki, yomon qoʻyma qadam.
Bu goʻshaki chun lolavu nargis ochmish...

25

To ahli faqirga xamnishin etmishsen,
Bemunisu tolei zabun etmishsen.
Kim bunga yetishdim senga oshnoligʻ ila.
Aytgil, nega inchunin etmishsen...
Jamol Kamol tarjimalari

  1. Bertel's Ye.E. Chetverostishiya sheyxa Nadjm ad-dina Kubra // Izbranniʻe trudiʻ. Sufizm i sufiyskaya literatura. - Moskva, 1965. str. 324-328.
  2. Qarang: Ruboiynoma. Guzidai ruboiyot az Roʻdakiy Samarqandiy to imroʻz. - Tehron, 1372 (hijriy). S. 189-190; 449.
  3. 333 ruboiy (Forsiydan J.Kamol tarjimalari). - Toshkent, 1991. 49-53-betlar.
  4. Qarang: Shayx Najmiddin Kubro. Jamoling menga bas. Ruboiylar (Forsiydan M. Abdulhakim tarjimasi). - Toshkent, 1994.
  5. Bu ruboiy Umar Xayyomga ham nisbat beriladi.
  6. Butxona — lohut olamiga ishora, ya’ni vaxdati kull boʻlib, ahadiyat zotining mazhariyati ma’nosida ham keladi.
  7. Jurm — gunoh, ayb.
  8. Muflis — bechora, benavo; befahm.
  9. Bulhavas — yengiltak, beqaror.
  10. Firoʻz — baxtli, kishi.
  11. Didadoʻz — intizor.
  12. Chigil — qadimgi turkiy qabilalardan birining nomi. Chigil qizlari oʻz goʻzalliklari bilan mashhur boʻlganlar.