OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNajoti Jumali
Asar nomiJoʻxorizorda (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Najoti Jumali
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonHikoyat Mahmudova
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Joʻxorizorda (hikoya)
Najoti Jumali

Agar qishloqqa borganingizda Xalildan yangiliklarni soʻraydigan boʻlsangiz, qishloqda hech narsa oʻzgarmaganini, hatto odamlari ham bundan ikki yil avval qanday boʻlsalar shundayliklaricha qolganlarini aytadi: yaxshilar — yaxshiligicha, yomonlar — yomonli-gicha, ishyoqmaslar — ishyoqmasligicha, mehnatsevarlar — mehnatkashligicha, firibgarlar — firibgarligicha, halollar — halolligicha. Lekin agar mulladan eshitadigan boʻlsak, ishlar Xalilning aytganlarining butunlay teskarisi boʻlib chiqadi. Uningcha, qishloq aholisi — yoppasiga gunohkor. Necha yillardan beri ollo taoloni eslashmaydi, xudodan qoʻrqmay gunohga botib ketishgan, machitga borishmaydi. Ulardan birortasi beshvaqt namozini oʻqimaydi, oʻlganlarga duoyi fotiha qilib, qur’on buyurishmaydi. Xotinlari hamda qizlariga bosh yalang, yuzlarini ochib, shuningdek, qoʻl va oyoqlarini berkitmay yurishga ruxsat berishadi.

Hammalarining bogʻ va tomorqalari bor, ular dehqonchilik qilib bugʻdoy oʻstirishadi, lekin birortalarining aqliga oʻz xoʻjaligi boʻlmagan, butun hayotini ollo taologa beminnat xizmat qilishu birovlarning gunohlarini soʻrab olish, ya’ni umumbaxtiga bagʻishlagan mullalariga bir savat uzummi, meva-chevami yoki bir gʻalvir-yarim gʻalvir bugʻdoymi olib kelish kelmaydi.

Ammo-lekin yangi mulla bunday hol bilan murosa qilib ketaveradiganlardan emas, odamlar undan mol-dunyolarini yashirishga qanchalik urinmasinlar, duch kelib qolganlarida koʻzlarini olib qochmasinlar — uning nazaridan hech nima qochib qutulmasdi. U kimning uyida nimasi bor-yoʻqligiyu maxfiy fikrlarigacha, shuningdek, kimning qoʻshnining qizi yoki xotiniga qaysi koʻz bilan qarashigacha besh barmoqday bilardi. Haqiqatanam hamma qishloqilar janjalkash odamlar; boʻlar-boʻlmasga shunaqangi shovqin-suron koʻtarishadiki, asti qoʻyaverasiz. Hammalari birday xudosiz, xasis, ayyor, suyak-suyagigacha qurumsoq, qisqasi — gunohkorgina boʻlib qolmay, barcha qilayotgan ishlari ham nahsli. Albatta, bularning hammasi yaxshilikka olib bormaydi. Shundan keyin mulla hammani ogohlantirib, tahdid ham qila boshladi. Masalan, agar yomgʻir kam yogʻib, yoz quruq keladigan boʻlsa, mullaga xudo berardi: «Ha, yomgʻir kam yogʻyaptimi? Sizlarday gunohga botgan xudo-bexabarlarga shuyam koʻp! Faqat shu yoʻl bilangina jazolagani uchun xudoga shukur qilinglar!» Bunday tahdidlar, albatta, dehqonlarning diliga gʻulgʻula solardi va ular xuddi qoʻy podasidek mullaning atrofiga yigʻilib, rahm qilib, oʻz himoyasiga olishini yalinib-yolvorishardi.

Bu orada havo oʻzgarib, yomgʻir yogʻa boshlardi, lekin bu hol mullani qittayam xijolat qilmas, aksincha, u mash’um avliyolik qilib: «Yomgʻir shu yoqqanicha. tinmay yogʻaveradi, naq qiyomat kunigacha toʻxtamaydi. Suyaklaringizgacha ivib ketasizlar, shundayam xudoning qah» ridan qochib qutulolmaysizlar!»—derdi.

Dehqonlar qoʻrquv-tahlikaga tushishardi, shunda mulla mana hozir ular mening etagimga yopishib:

«Endi nima qilamiz, hoji afandi? Endi nima qilish kerakligini oʻrgat?»—deb yalinib-yolvorishadi deb oʻylab, huzur qilardi.

Lekin yomgʻir oʻz-oʻzidan tinardi, norozi boʻlgan mulla yesa: «Shoshmay turinglar, bu gal oson qutulgan boʻlsanglar ham kelgusida qutulolmaysizlar. Bu yil boʻlmasa, kelasi yili oʻz jazolaringni olasizlar!»—deb vaysagani-vaysagan edi.

Sekin-asta dehqonlar unga quloq soladigan, machitga boradigan, uzum, meva-cheva hamda sabzavot olib keladigan boʻlishdi, lekin mullaning hamon koʻziyam, oʻziyam toʻymasdi. Tund holda, qoʻlini orqasiga qilib yoki qahrabo tasbeh donalarini oʻgirgancha, oʻzining roʻdapo qora jubbasida qishloq boʻylab hammaga yemoqda-ichmoqda boʻlib qarab yurardi.

Odamlar nima qilishmasin, hatto unga murojaat qilib, maslahat soʻrashganda ham, kasal bolalarni, zuryodsiz ayollarni qaytariq qilib bugʻlashga olib kelishsa ham bari bir uning koʻngli tinchimasdi. Agar bitta-yarimta betob boʻlib qolsa-yu, lekin mullaga murojaat qilishga shoshilmasa, uning oʻzi hoziru nozir boʻlib, barmogʻi bilan bola yoki bemorga niqtagancha: «Olib bor»—deb tahdid qilardi.

Dehqonlarning qalbiga qoʻrquv chuqurroq oʻrnasha borgani sari ularning oʻzlari ham oʻzgarib, xudojoʻy, riyokor, birovlarning gunohiyu kamchiliklarini topishdan boshqa ishi yoʻq aygʻoqchilarga aylanib borishardi.

* * *

Xalil — anchayin kambagʻallardan boʻlib peshanasida bir parchagina yeriyu bir etak yeyman-ichaman, deb turgan mayda-chuyda bolalari bor edi, xolos. Mullaga nazr qilishga na sabzavoti-yu, na meva-chevasi yoʻq. Xalil xoʻrozlar qichqirib tongdan xabar berganidan to qorongʻi kechgacha dalasida yoki tomorqasida ishlab, tinkasi qurib burnidan tortsa yiqilgudek boʻlib kelar, shuning uchun ham machitga borishga vaqti yoʻq edi. Oʻlganlarga obidiyda qilib, qur’on buyurtirganidan koʻra tiriklarni bir amallab boqib tursa bas!

Mullaning yolgʻon-yashiqlariga uchgan hamqishloqlari Xalilga, xuddi hamma baxtsizliklarining aybdoridek yomon koʻz bilan qaray boshlashdi. Xalil dehqonlarga, agar u dalasida ertadan-kechgacha ishlamay, yana boz ustiga, mullaga nazr-niyoz tashiydigan boʻlsa oilasi ochidan xarob boʻlishini aytib, qancha tushuntirmasin bari bir ular quloq tutib eshitishni xohlashmasdi: «Hammaniyam oilasi bor, sening ham bolalaring biznikicha yesa bir yeri kamayib qolmaydi. Sen avval ollo taolo-yu hoji oldidagi qarzingni uzib qoʻy!»—deb oʻzlarinikini ma’qullashardi.

Mulla Xalilning haq taolo yoʻliga yurishni xohlamayotganini koʻrib, dehqonlarni battar unga qarshi gijgijlardi. Har juma namozida bitta dahriyning kasri, hatto ular begunoh boʻlsalar ham minglab xudojoʻyga urishini uqtirgani-uqtirgan edi.

Dehqonlar Xalilga yomon munosabatda boʻla borganlari sari, u oʻzining yolgʻizligini koʻproq his qilardi, ich-etini yeb, adoyi tamom boʻlay dedi! Uning qalbi gʻam-anduhdan tars yorilay derdi: «Bizning ona qishlogʻimizga nima jin urdi-ya? Avvallari, xoh kambagʻal, xoh boy boʻlsin, doim shod-xurram boʻlib, hayotni jonidan ortiq sevardi. Hech kim odamlarni dahriyu taqvodor, deb guruhlarga boʻlmas edi. Hech qachon birov-birovni qoralashga jur’at etmasdi. Har kimniyam oʻziga yarasha kamchiligi boʻladi-ku, axir, ilgarilari biz bir-birimizning koʻzimizni oʻyishga harakat qilmasdik-ku? Yemgʻirlar ham, esimni tanibmanki, bir me’yorda yoqqan emas. Har doim yo judayam koʻp, yoki judayam kam yogʻardi. Oʻsha vaqtda ham hozirgidek kasallanardik: kimdir tuzalib ketardi, agar kimning vaqt-soati yetgan boʻlsa narigi dunyoga ravona boʻlardi. Misol uchun, oʻzim ham qanday boʻlsam, shundayligimcha qoldim, na ozdimu na semirdim, gunohim hamda savobli ishlarim na kamaydi-yu, na koʻpaydi.»

Uzoq mulohazalardan keyin hammasiga yangi mulla

aybdor ekanligini tushunib qoldi. Uning sa’y-harakatlari orqasida qishloq koʻki zulmatga chulgʻandi-qoʻydi. U sobiq doʻstlarni bir-biriga dushman qilib qoʻygani mayli-ya, Xalilni butun qishloq oldida aybdorga chiqarib, uning qalbini gʻam-anduhga toʻldirdi. Dehqonlar mulla siyosatining tub mohiyatini tushunmay, koʻrmay va hatto namoyishkorona ravishda koʻrishni istamayotgan bir vaqtlarida Xalil uning asil basharasini bilib oldi: qishloqda mulladan ham buzuqi, ikkiyuzlamachi va ochkoʻz odam yoʻq ekan.

Shu taxlit ikki yil ham oʻtdi. Iyulning oʻrtalarida Xalil shaharga bir savat nok olib borib sotib kelayotgan edi. U otda qishloq yoʻlidan, ikki tomonida yastanib yotgan bugʻdoy hamda joʻxori dalalarini zavq bilan tomosha qilib kelardi. Bugʻdoy halitdan belga urib qolgan, joʻhori esa ba’zi joylarda hatto odam boʻyi boʻlib qolgandi. Oʻrim-yigʻim pallasi yaqinlashib qolganidan dalada odam zoti koʻzga chalinmasdi. Sukunatni faqat chumchuqlarning chirqillashi buzib turardi. Otliqning yaqinlashayotganini koʻrib ular qoʻrqqancha yoʻldan havoga koʻtarilib, samoda charx urishardi.

Xalil qishloq qorovuliga tegishli dalaning yonidan oʻtib ketayotganida, birdan joʻxorizorda qandaydir harakatni sezib qoldi. Undan oʻn besh-yigirma qadamcha naridagi bir nechta joʻxori poyasi bir me’yorda tebranib turardi. U sergaklandi. Bu nima boʻldiykin? Balki quyonmikin, balki ilon mushuk yoki kuchukni boʻgʻayotganmikin? Yoki boʻlmasa ilon uloqchani tutib oldimikin?

Xalil otini toʻxtatib, tevarak-atrofga qaray boshladi. Qilt etgan shamol yoʻq dalada joʻxori poyalari avvalgidek faqat bir joydagina tebranib turardi. Voajabo, u yerda nima boʻlishi mumkin axir?

Xalil shosha-pisha choʻntagidan kattakon pichogʻini oldi-da, ehtiyotla ekinzor oralab yurib ketdi, Joʻxori poyalari aro koʻrgan birinchi narsasi kattakon qora dogʻ boʻldi. «Yo echki, yo sigir, yoki mullamizning jubbasi»,deb oʻyladi u. Har ehtimolga qarshi pichoqni yana choʻntagiga solib qoʻydida, oʻzi esa pisgancha yaqinlasha boshladi. Mana shunda uning koʻz oldida gʻaroyib manzara namoyon boʻldi: podasidan adashgan echki ustida dam-badam qanot qoqib turgan burgutga oʻxshab, mulla oʻzining kengmoʻl qora jubbasi bilan yerga choʻzilgan qorovulning hotini — yoshgina Xanifaning ustida javlon urmoqda edi. Xanifaning cholvori toʻpigʻigacha sirgʻalib tushgan. Yerda ayol roʻmoli yotardi. Jubbaning choʻntagidan mullaning tasbehining kahrabo donalari osilib turardi. Xalil shu zahotiyoq qat’iy qarorga keldi-da, yugurib borib roʻmol bilan tasbehni changallab oldi. Uni koʻrishi bilan Xanifa: «Voy, shoʻrim quridi!»—deya baqirib, yuzini qoʻllari bilan toʻsib oldi. Bu qoʻqqis tasodifdan tili kalimaga kelmay qolgan mulla shosha-pisha ishtonini koʻtargancha, oʻrnidan turishga harakat qilardi.

Bir ogʻiz ham gapirmay, Xalil qoʻlida roʻmol bilan tasbehni ushlagancha tezda otining oldiga qaytib keldida, orqasiga qiyo ham boqmay qishloqqa ot choptirib ketdi.

Kechasi Xalilning eshigini taqillatib kelishdi. U eshikni ochib, xuddi oʻzi oʻylagandek mullaga koʻzi tushdi, Rangi devor boʻlib ketgan mulla qoʻli titragancha, shayton yoʻldan ozdirib zinoga mayl bildirganini tutila-tutila gapira boshladi. «Nima xohlasang, hammasini bajo keltiraman,— deya yalinib-yolvorardi u Xalilga,— faqat bu mashmasha qorovulning qulogʻiga yetmasa, qishloqdagilar bilib qolishmasa boʻlgani.»

Necha oylardan beri birinchi marta Xalil yengil nafas olgandek boʻldi. U mullaning gaplariga quloq solgancha jilmayardi.
— Men uning eriga aytib ahmoq boʻlibmanmi, hoji afandi.

Mullaning koʻzlarida umid uchquni porladi:
— Agar Xanifa senga yoqsa, u senga ham yoʻq demaydi. Shu daqiqadan boshlab Xanifa seniki,. Menga kelsak, men bundan buyon unga qoʻl tegizsam.

Xalil indamay turardi. Shunda mulla gʻijimlangan oʻn liralik qogʻoz pulni uzatdi.
— Manavini olginda, savob ish qilgin: tasbehimni ber.

Xalil hatto joyidan qimirlamadi ham. Mulla titroq qoʻllarini qoʻyniga tiqdi.
— Agar bu kam boʻlsa, men yana oʻn lira qoʻshib beraman.

Xalil qovogʻini uyib oldi.
— Menga Xanifangam, pulingam kerak emas. Mulla titrab-qaqshay boshladi.
— Boʻlmasa nima qilmoqchisan?
— Nima qilishni oʻzim bilaman.
— Axir, sen, har holda, uning eriga aytmassan?
— Aytib oʻlibmanmi!
— Nima qilmoqchiligingni ayta qolsangchi, nima qilasan meni qiynab?

Xalil shuncha yillar badalida yigʻilib qolgan gʻazab nafratini jilovlagancha, tishini girih qilib:
— Men uzoq vaqt sukut qildim, hoji afandi, mana, nihoyat, mening navbatim keldi,— dedi.

Hoji Xalilning oyogʻiga yiqilib, uning qoʻlini ushladi.
— Meni nima qilsang ham roziman, bir umrga quling boʻlay, faqat hech kimga aytmasang boʻlgani.

Xalil qoʻllarini tortib oldida, mullani itarib yubordi.
— Men hali esimni yeganimcha yoʻq, hoji afandi! Uning eriga aytishdan nima foyda? U ichiga yutib, indamay qoʻya qoladi, shu bilan yopigʻliq qozon yopigʻligicha qolaveradi. Undan koʻra, men, yaxshisi, juma kuni machitga borib butun jamoaga aytaman. Agar xohlasang, tasbehingni ham oʻsha yerda olasan. Roʻmolniyam qorovulga butun jamoaning oldida beraman.
— Senga q-q-qancha kerak?—duduqlangancha gʻoʻldiradi mulla.— X-x-xohlasang ellik lira beraman.
— Ellik lirang boshingda qolsin, yoʻqol bu yerdan!
— Yu-yu-yuz lira beraman!

Xalil oʻzini tutolmay baqirib yuberdi:
— Bu yerdan tuyogʻingni shiqillat! Men musulmonman, qachon xohlasam, oʻshanda machitga boraman Agar vijdoning sof boʻlsa, agar hech narsadan qoʻrqmasang, demak, juma kuni machitga kelasan.

U naq mullaning burni tagida eshiknn taraqlatib yopdi.

Bu voqea dushanbada boʻlgandi. Ertasiga, qishloqda mulla kasal boʻlib qolibdi, degan ovoza tarqaldi. Chorshanba, payshanba oʻtdi, u boʻlsa hanuz qorasini koʻrsatmasdi. Jumada, namozxonlar machitga yigʻilishganda, namoz boshlanishiga bir soat qolganda hoji afandining yuragi yorilib oʻlganligini xabar qilishdi.