OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNargis Qosimova
Asar nomiQahrabo parchasi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Nargis Qosimova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qahrabo parchasi (hikoya)
Nargis Qosimova

Nilufar bexosdan uygʻonib, qaerdaligini ancha vaqt tushunmay, bir muddat turli xil ranglarda tovlanayotgan shiftga tikilib yotdi. Kecha nima boʻlganligini eslashga harchand urinmasin tarqoq, bir -biridan ikki musbat zaryad singari qarama-qarshi tomonga qochayotgan fikrlarini jamlay olmadi. Olis-olisdan bundan yetti yil ilgari ajrashib ketgan erining istehzo bilan tirjaygan basharasi koʻrinib: «Mensiz bir oʻzing yashab koʻr-chi, koʻraman holing ne boʻlar ekan? Tilanchilik qilasan, ikki bolang etagingga yopishib, chang kechib yurasan hali» degan soʻzlari yana bir bor jaranglaganday boʻldi.

Nilufar boshini toʻlgʻab goʻyoki, tirjaygan basharani koʻz oldidan haydadi. Sakkiz yillik turmushi davomida haqorat-u, kaltakdan deyarli boshqa narsani koʻrmay, ajrashib, endigina tinch yashayotganida bot-bot uni ta’qib etayotgan erining xunuk tirjaygan basharasi ba’zida unut boʻlayotgan xotiralarini yana esga solar, shunday paytlarda ayol Xudodan faqatgina oʻsha qora kunlarni yodiga solmaslikni soʻrar edi. Bashara uzoqlashib, qor pardasi ichida gʻoyib boʻldi, ammo tanasidagi horgʻinlik, boshining loʻqillab ogʻrishi yumgan koʻzlarini yana qayta ochishga majbur etdi. Tashqaridan eshitilayotgan shovqin Nilufarni sergaklantirdi. Xuddi dengizning shovullashiga oʻxshaydi-ya! Bu yerda dengiz nima qiladi? Nilufar yana uxlashga harakat qildi. Bu hammasi qulogʻining orqasida paydo boʻlgan shishdan. Kechasiyu, kunduzi azob berib, endigina izga tushayotgan shirin hayotiga zahar soldi. Boshidagi la’nati ogʻriq paydo boʻlganidan buyon biror bir boshlagan ishini oxiriga yetkaza olmaydi. Ertalablari xuddi kechasi bilan ketmon chopgan odamga oʻxshab charchab, jiqqa terga botib uygʻonadi.

Nilufar sekin oʻrnidan turib yonidagi karavotda yotgan oʻgʻlining ustini yopib qoʻydi. Endigina sakkiz yoshga toʻlgan oʻgʻilchasi sovqotib gʻujanak boʻlib olibdi. Boshqa karavotda yotgan qiziga termular ekan, boshida paydo boʻlgan ogʻriq bilan koʻnglida paydo boʻlgan xavotir yanada kuchaydi. Unga biror kori hol boʻlsa, hali bu shafqatsiz hayot ta’mini tatib koʻrmagan norasidalarining ahvoli nima kechadi? Yolgʻiz oʻzi yalab-yulqab katta qilayotgan farzandlari uchun uch joyda ishlaydi. Birovdan kam boʻlmasin, oʻksimasin deb istagan narsalarini olib berishga harakat qiladi. Shuncha yelib- yugurganiga yarasha Xudoyim unga yana ozgina umr, baxt bersa nima qilardi-ya?!

Nilufar yana oʻz oʻrniga choʻzilar ekan, boya qulogʻiga chalingan shovqin yana takrorlandi. Qiziqib, deraza pardasini chetga surdi. Vo ajabo! Oy nuriga choʻmgan borliqda bepoyon dengiz yastanib yotar, ketma-ket oʻrmalab kelayotgan toʻlqinlar qirgʻoqdagi toshlarga urilib, ularning ustida qolayotgan oq koʻpik bir daqiqadan soʻng jimirlab soʻnardi..

Nilufar tush koʻrayapman shekilli deb oʻylab, asta oʻzini chimchilab koʻrdi. Yoʻq, bu tush emas edi. Demak, aqldan ozayapti. Axir u shahar chekkasidagi toʻrt qavatli uyda yashaydi. Kecha kechqurun ishdan qaytayotganida axlatga toʻlgan kichkina arigʻu koʻp qavatli uylar oldida savlat toʻkib turgan azim qayragʻochlarning tagida oyoqlari qiyshayib, yogʻochlari chirigan oʻrindiqdan boshqa hech narsa yoʻq edi. Bu dengiz qayoqdan paydo boʻldi. Doimo dengiz qirgʻogʻida oʻzining katta uyi boʻlishini orzu qilardi. Nahotki, orzusi roʻyobga chiqayotgan boʻlsa?!

Pishillab uxlab yotgan farzandlarini uygʻotmaslik uchun ilgakda turgan charm kurtkasini tungi koʻylagi ustidan yelkasiga tashladi-da, asta tashqariga chiqdi. Tashqarida xaqiqatdan ham dengiz mavjlanardi. Oyogʻidagi kalishini yechib, suv yuvgan iliq qumga qadam bosgan Nilufar hamma narsani bir zumda unutdi. Achchiq hayotining bitmas-tuganmas tashvishlari, sogʻligʻining yomonlashgani – barchasi unut boʻldi. U baqirib kulgisi, ashula aytgisi, yosh qizaloqlarday yalang oyoqlarini yuvayotgan toʻlqinlar ichida yugurgisi kelardi. Sohil boʻylab ketar ekan, oy nurida yaltiragan allanarsa diqqatini tortdi. Engashib uni qoʻliga oldi. Qahrabo parchasi ekan. Bolaligida rahmatli buvisi oʻz sevgisiga yetisha olmagan goʻzal qizning suv parisiga aylanib, bir umr qirgʻoqda qolgan yori ishqida koʻz yosh toʻkkanligi haqida ertak aytib bergandi. Suv parisining koʻz yoshlari qahraboga aylanar, toʻlqinlar esa ularni qirgʻoqqa chiqarib tashlashar ekan. Bir kuni qahrabo parchasini topib olgan yigit zargarga olib borib undan uzukka koʻz yasatibdi. Har doim uzukka qarasa, qahraboda sevgilisining aksini koʻrar ekan…

Nilufar kaftidagi qahrabo parchasi oy nurida goh och sariq, goh qizgʻish rangda tovlanishini tomosha qilar ekan, buvisini, buzilgan turmushini eslab ogʻir xoʻrsindi. Qahraboni avaylab koʻylagining etagiga artib, kurtkasining choʻntagiga solib qoʻydi. Oyoqlariga kelib urilgan yangi toʻlqin ayolni choʻchitib yubordi. Axir, farzandlari uyda yolgʻiz qolishdi-ku, uygʻonib qolishsa, qoʻrqib, yigʻlashsa-ya? Nilufar kalishini qidirib orqaga yugurar ekan, hozirgina oʻzi chiqqan uyini topa olmay xunobi oshdi. Kalishi qoldirgan joyda yotar, ammo koʻp qavatli uylar, oʻzining mavzesi yoʻqolgan edi. Ularning oʻrnida bolaligi oʻtgan, tomi tunuka bilan qoplangan uyi qad koʻtarib turardi. Dadasi vafot etganidan buyon yoqilmaydigan chiroq uning xonasini yoritib turganini koʻrib, hovli tomon shoshildi. Darvoza ochiq, zinada mudrab yotgan kuchugi uni tanib, dumini likillatganicha oyoqlariga surkaldi.

– Tuzik, Tu-uzik, oʻzingmisan?

Nilufar kuchugini erkalab, sovuq burnidan oʻpib qoʻydi. Otasi vafotidan soʻng yolgʻiz ukasi xotinining «talabi» bilan hovlini ikkiga boʻlib, oʻrtadan devor urgan, yetmish besh yoshga kirib, kelin olib qoʻlidan bir piyola ham choy ichmagan onasi va singlisidan ayri boʻlib olgan edi. Oʻzi-chi, oʻzi. Boshqa shaharda nasibasini terib yuribdi. Onasi va singlisidan faqatgina telefon orqali xabar oladi. Hozir esa…oʻsha mash’um devor yoʻq, hammasi otasi hayot paytidagidek.

Nilufar atrofga boqib har doim tunda qulflanadigan dahliz eshigini tortdi. Ochiq ekan. Dada-sining xonasiga kirar ekan, shiftgacha kitob terilgan javonlar, deraza yonidagi yozuv stoli oldida oʻtirgan dadasini koʻrib qotib qoldi. Birdaniga sogʻinchdan, boshiga tushgan qiyinchiliklardan oʻpkasi toʻlib, koʻzlari namlandi.

– Nega yolgʻiz kelding, bolalaring qani?

Dadasi qoʻlidagi ruchkani qogʻoz ustiga qoʻyib, qayrilib Nilufarga qaradi.

– Assalomu-alaykum, dada… Siz…

– Bolalaring yoniga qayt. Ularni yolgʻiz qoldirma, keyinroq gaplashamiz. Hali buning vaqti emas, oʻzim seni olib ketaman.

Dadasi yana qogʻoz ustiga engashib allanimalarnidir yozishga tutindi.

– Dada..

– Bora qol… Keyin gaplashamiz, mening bu uyda ancha ishim bor ekan, qaytmasam boʻlmadi…

Nilufar quyilib kelgan koʻz yoshini yengi bilan artdiyu, qoʻlini tushirganida qop-qora pod’ezdda, xonadonining eshigi oldida turganini koʻrdi. Asta eshikni ochib uyga kirdi. Hammayoq suv quyganday jim-jit. Bolalari hamon uxlashardi. Sukunatni faqatgina oshxona devoriga osilgan soatning chiqillashi buzardi. Ustidagi kurtkasini yechib, allaqachon sovugan joyiga choʻzilar ekan, xoʻrsinib koʻzini yumdi.

… – E, Xudo, bolalar, tez turinglar, maktabga kechikasizlar.

Nilufar bolalarini gap bilan shoshirar ekan, ularga nonushta tayyorlab, shu orada oʻgʻlini ki-yintirishga, qizalogʻining sochini oʻrib qoʻyishga ham ulgurdi. Kechga borib sekinlashgan vaqt aksiga olib ertalab yugurib ketadi. Soat toʻqqizda oʻzining universitetdagi darsi boshlanadi. Bir soat oldin uydan chiqmasa, ulgurmaydi. Farzandlarini kuzatib, xontaxta ustida sochilib yotgan ma’ruza matnlarini sumkasiga soldi. Tezda kiyinib, sochini taradi. Sumkani yelkasiga ilib, aksiga olib doimo shoshilganida yoʻqolib qoladigan kalitini qidira boshladi. Kurtkasining choʻntaklarini titar ekan, nihoyat kalitni topdi. Shoda kalitlarni olishi bilan, ular orasidan nimadir yerga tushib ketdi. Eshikni qulflab, tushgan tanga boʻlsa kerak deya engashganicha qotib qoldi. Nilufarning oyoqlari ostida tunda sohil boʻyidan topgan qahrabo parchasi yotardi.