OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

4 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNazar Eshonqul
Asar nomi«Mutolaa ezgulikka boshlaydi»
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Nazar Eshonqul
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Adabiy suhbatlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Mutolaa ezgulikka boshlaydi»
Nazar Eshonqul

– Nazar aka, ijodingiz borasida adabiyotshunoslarning Gʻarb adabiyotining ta’siri sezilib turadi degan fikrlarini koʻp eshitganman...
– Oʻsha adabiyotshunoslar ancha sichkov boʻlishsa kerak. Bunday fazilatga havas qilsa arziydi. Shaxsan men asar oʻqiyotganda bu gʻarbniki, bu sharqniki degan fikr xayolimga kelmaydi. Shuning uchun savolingizga oʻsha adabiyotshunoslarning oʻzlari javob berganlari ma’qul. Biron narsa yozayotganda yozuvchi bir sharqcha yo gʻarbcha qilib qoyillatib tashlay deb oʻylamaydi. Koʻngliga kelganni, oʻzini toʻlqinlartirganni yozadi. Uni turli shaklga solish mumkin. Ya’ni oʻz dardini toʻkish uchun turli vositalar izlashi mumkin. Men shaxsan bunaqa vositalarni koʻproq oʻz ertak, dostonlarimizdan olaman. Hozir asar sal boshqacharoq yozilsa boʻldi – bu gʻarbcha adabiyotga taqlid deb baho beradiganlar ham bor. Bunaqa baho berishlarda menga koʻproq «mana, koʻrayapsilarmi, men gʻarb adabiyotidan ham xabardorman» degan iddao borday tuyuladi. Agar sal boshqacha ifoda, boshqacha yondashuv uchrasa yoki koʻnikmadan chiqilgan shakl topilsa, bu gʻarb deganimas, oldin oʻzimizni bir tekshirib koʻraylik. Yana oʻsha ertagu dostonlarga bir qarab koʻraylik. Gʻarbcha ta’sirlarni «fosh» qilishga vaqtimiz yetadi. Qolaversa, biz ham Gʻarbdagi intellektual salohiyatli odamlardan qolishmaydigan, ular bilan bir davrda yashab, ular foydalanayotgan vositalardan foydalanib, ular kabi fikrlay va oʻylay boshlaganimizga ancha boʻldi. Bir davrda yashab, bir zaminning havosini olyotgan insonlarmiz. Bir-birimizga oʻxshab oʻylashiiz, iztirob chekishimiz, sevishimiz tabiiy. Lekin muhimi bu emas. Muhimi nima deb baho berishsa ham asarning oʻqilayotgani. Yozuvchining yutugʻi shu. Biron adabiyotning ta’sirini sezishi uchun ham oʻqish kerak. Hozirgi paytda ta’sir izlab boʻlsa ham oʻqib turishganiga shukur qilish lozim.
– Oʻzbek adabiyotining zabardast vakillari Abdulla Qahhor, Said Ahmad, Shukur Xolmirzaev oʻzbek hikoyachiligida oʻziga xos maktab yaratganlar. Ulardan keyingi avlod vakillari ijodiy ishlarida yutuqlar qoʻlga kiritilganmi? Kuzatganmisiz?
– Oʻzbek hikoyachiligida maktab yaratish yo ma’lum bir oʻrin qoldirish uchun yuzlab hikoya yozish shartmas. Bitta hikoya bilan adabiyotda oʻringa ega boʻlish mumkin. Men Shukur Xolmirzaevning, Abdulla Qahhorning hikoyachilik maktabiga daxl qilmagan holda aytmoqchimanki, ulardan keyingi avlod vakillarida ham hikoya maktabi bor. Endi bu adiblar kammahsul boʻlgani uchun ham maktab yaratmagandek tuyulishi mumkin.Adabiyotda bitta hikoyaning oʻzi bilan maktab yaratgan yozuvchilar boʻlgan va bundan keyin ham boʻladi. «Dashtu dalalarda» hikoyasining oʻziyoq Murod Muhammad Doʻstni oʻzbek hikoyachiligida oʻziga xos yoʻnalishdagi, oʻziga xos maktabdagi asar yaratgan, yangi shakl, ohang, ruh olib kirgan adib sifatida tan olishga toʻliq asos beradi.
– Hozirgi (keyingi uch-toʻrt yili ichidagi) oʻzbek adabiy jarayonida hikoyachilik qay holatda?
– Hozirgi (uch-toʻrt yilgi) oʻzbek hikoyachiligi bormikin? Keyingi paytlarda chin ma’nodagi hikoya deyilishga arzigulik biror asar oʻqiganim yoʻq. Balki, bu mening aybimdir? Oʻqimay qoʻyganman desam, xato boʻladi. Chop etilayotgan hikoyalarni ilinj bilan oʻqishga harakat qilaman. Ammo yarmiga yetganda hafsalam pir boʻladi. Bu hikoya emas. Choʻpchak. Hozir choʻpchaklar davri. Kim qotirib choʻpchak yozsa, oʻshaning xaridori koʻp. Hikoya sotilmaydi. Choʻpchakni esa sotish, gazeta tirajini oshirish mumkin. Shuning uchun ikki yildan beri Sh.Xolmirzaev hikoyalarini qayta-qayta oʻqiyapman. Bu adibning soʻnggi hikoyalari oʻzbek adabiyotida oʻziga xos bir yoʻnalish, voqea sifatida hali oʻz bahosini olgani yoʻq. Shukur aka ichida quyun bor yozuvchi edi. Garchi ba’zi hikoyalarining boshi yo oxirini ortiqcha va keraksiz deb bilsam-da, har bir hikoyada adib ichidagi quyunni koʻraman. Aslida, iste’dod degani ichidagi quyunni soʻz bilan koʻrsatib berish boʻlsa kerak. Shukur aka ba’zi bir hikoyalarida quyunni boʻronga aylantirolgan. Hozircha (keyingi uch-toʻrt yillik) hikoyachilikda Shukur aka yoxud Xurshid Doʻstmuhammadning ancha oldin yozilgan hikoyalaridan tashqari siz aytmoqchi voqea boʻladigan hikoyalarni oʻqiyolganim yoʻq.
– Nazar aka, adabiyot... badiiy adabiyot san’atning bir turi sifatida e’tirof etiladi. Biroq san’at asarlarini iste’dodli ijodkorlar yaratadilar. Tarix tan olgan iste’dodlar koʻp: Sofokl, Shekspir, Navoiy, Tagor... Bu kabi san’at namoyandalari kamdan-kam tugʻiladi. Oʻtgan asrda yashab oʻtgan qaysi adiblarni mana shu daholar safiga qoʻshgan boʻlardingiz?
– Siz keltirgan daholar adabiyotning juda katta «togʻ»lari. Bu «togʻ»lar oldida «qirlar» boʻlishi tabiiy. XX asrda yashab ijod etgan Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Hamid Olimjon, Oybek va boshqa «qir»lar oʻsha «togʻ»larga borib birlashadi. Ayniqsa, 60–70- yillarda adabiyotga kirib kelgan juda koʻp shoir-nosirlar ham mahorat, ham adabiyot chegaralarini kengaytirgan adiblar sifatida «togʻ»lar yonida «qir»lar boʻlib turadi. Ularni sanasak, juda koʻp. Oʻsha «qir»lar boʻlmasa, «togʻ»ning salobati bilinmay qoladi. Tasavvur qiling, sahro oʻrtasida balanda togʻ qoyasi qoʻqqayib tursa, qulab tushishi mumkin. XX asrda Navoiy atrofida, mazkur «qir»larimiz, «qoya»larimiz koʻpaydi. Masalan, ham qissa, ham hikoyada tarixiy janrni boshlab bergan Mirkarim Osim, oʻziga xos eksperimental ijod qilgan (ham nasrda, ham she’iyatda), Asqad Muxtor va boshqalar bu adabiy chegaralarni kengaytirganlar.
– Siz milliy adabiyotimiz ustida toʻxtaldingiz. Men dunyo miqyosidagi adabiyot, katta doiradagi adiblarni nazarda tutgandim...
– Men milliy yo jahon adabiyoti deb farqlamayman, asar adabiy nuqtai nazardan zavq berolsa, boʻldi. Sizning yuqorida keltirgan roʻyxatingizga adabiyotga qoʻshgan hissasi, asarlari odamga bergan zavq nuqtai nazaridan koʻp adiblarni kiritish mumkin. XX asrda ham tabiiy ravishda «qir»lar roʻyxatiga kirishi mumkin boʻlganlar koʻp: adabiyotni oʻrgangan sayin chuqur oʻrgatadigan Kortasar, Robert Myuzel, xarakter va tipik nasriy timsol yaratib bergan Kafka, yaponlardan Kavabata, Kobo Abe, Ryunesko Akutagava, Tanidzaki Dzyunitiro, Lotin Amerikasidan Borxes, Markes, Sabota, Korpenterni. Ha, Onettini. U stilist (Bu yozuvchini juda qadrlayman). Yana Xeminguey, Tomas Vulf, Folkner, – bu adiblar bir Amerikaning oʻzidan chiqyapti. Yevropaning oʻzidan qancha. Sartr, Marsel Prust, Kamyu... Rus adabiyotida Pasternak, Bunin, Bulgakov, Sholoxov.

Bu adiblarni oʻqib zavq olasiz, adabiyotning sof, chinakam vazifasini teran anglaysiz, hayotni, jamiyatni, oʻzingizni oʻrganasiz. Bular bir ilm. Mazkur ilmni oʻrgangan sayin koʻnglingiz yuksalib boradi, aqlingiz teranlashadi, insonning mohiyati va vazifasini koʻproq anglaysiz.
– Gʻarb adabiyotshunoslari e’tiroficha, Yevropa adabiyotini uch ustun koʻtarib turarkan: Kafka, Jeyms Joys, Marsel Prust. Bu ta’rifga munosabatingiz....
– Bu uch buyuk yozuvchilarning Gʻarb adabiyotida tabiiy ravishda oʻrni bor. Buni hech kim inkor etolmaydi. Biroq Yevropa adabiyotini bu uch yozuvchi bilan cheklab qoʻyish notoʻgʻri. Agar Kafka ustunroq boʻlsa, Kamyu qaerga ketadi, Sartr-chi? Kafkada inson fojiasi, inson haqidagi ixtirolar koʻproq. Kamyuda esa shu iztirobni anglash, uni tahlil etish kuchli. Prust yaxshi. Ammo Sartr loʻndaroq va faylasufroq. Bu adiblarni bir-biridan ajratib, bunisi past, unisi baland deyishning oʻzi notoʻgʻri. Myuzelni olsak... uning ijodida ozod odamning qiyofasizlikka aylangan qiyofasi ochib tashlangan. XX asrda quldorlik yoʻqoldi, biroq jamiyatda har tomonlama qul qilingan, insoniylik qiyofasini yoʻqotgan odamlar koʻz oldingizda gavdalanadi. Qiyofasiz odam, ozod boʻlgani bilan, baribir ma’nan quldir. «Qiyofasiz odam» asari XX asrning ma’naviy tarixi, undan ham voz kechib, oʻrnini pasaytirib boʻlmaydi.
– Gʻarb adabiyotidagi oqimlarda ijod qilgan adiblarga ayrim tanqidchilarimiz taqlidchilik, «Gʻarb adabiyoti soyasida qolgan» kabi ayblarni taqashadi. Bunga siz qanday munosabat bildirasiz?
– Shunaqa ayb bilan chiqayotganlar na milliy adabiyotni yaxshi bilishadi, na gʻarb adabiyotini. Yana aytaman, biron narsa haida fikr bildrishdan oldin uzoqdagi minoraga qarab emas, yoningizdagi loysuvoq uyga qarab oling. Keyin minorlarga taqlidda ayblayverasiz. Ya’ni an’analarni oʻrganish kerak. Qaysi an’ana gʻarbcha, qaysi an’ana sharqcha, ajratish kerak. Umuman, shu asar zamirida iste’dod bormi? Agar iste’dod boʻlsa, uni hech qachon taqlidchilikda ayblab boʻlmaydi. Dunyoning rivojlanishi adabiyotlarning bir-biriga ta’sirisiz kechmaydi. Bir paytlar Gʻarbning oʻzi Sharqdan juda koʻp ta’sirlanib, koʻp narsalarni oʻzlashtirgan. Misol uchun, Lotin Amerikasi. Ham Sharq, ham Gʻarb, ham yapon an’analarini singdirib olgan. Adabiyotlarni bir-biridan uzib olib rivojlantirish imkonsiz.
– Modern, ong oqimi, absurd va shu kabi talay adabiy oqimlar Gʻarbda paydo boʻlgan. Adabiyot uchun belgilangan yuksak mukofot – Nobelni ham aksariyat gʻarblik adiblar olishadi. Milliy adabiyotimiz posangisi gʻarbnikidan shu qadar yengilmi yo bizda tarjima yoʻlga qoʻyilmaganmi? Yo boshqa sabablari bormi? Nima deb oʻylaysiz?
– Bu yerda hamma aytganlaringiz toʻgʻri. Zamonaviy adabiyotimizning posangisi ham yengil, iste’dod nuqtai nazaridan ham oqsaydi. Shu bilan birga ba’zi Nobel mukofoti olgan adiblarga muqoyasa qiladigan boʻlsak, bizda ham shu darajadagi adiblar bor. Nobel mukofoti hamisha adolatli boʻlgan emas. Nobelchilarning oʻziga xos oʻyinlari, talablari, fikrlari bor. Agar urxun Pomuk darajasidagi adiblarga mukofot berish kerak boʻlsa, unda talabgorlar topsa boʻladi. Deylik, Aytmatovga ham berishi mumkin. Shu bilan birga, tarjima tajribalarimiz ham deyarli yoʻq. Dunyoni oʻziga jalb qilgan asarlarimiz kam. Nobel mukofoti taftish qilinsa, shundan 30% adiblar mazkur mukofotga arziydigan adiblar boʻlib qoladi.

Modern, absurd, ong oqimi – bu yoʻnalish, oqimlarni adabiyotshunoslar oʻylab topishgan. Yozuvchilar qanday oʻylasa, shunday yozadilar. Boshqasi qiziqtirmaydi. Meni ham qiziqtirmaydi.
– Nazar aka, yana ijodingizga qaytsak, aksariyat asarlaringiz mung, qaygʻu bilan sugʻorilgan. Personajlaringiz alamzada, hayotga nafrat bilan boqishadi. «Maymun yetaklagan odam» hikoyasidagi rassom chol aynan shunday tipdagi qahramon. Unda umid batamom soʻngan, ertangi kunga ishonchi yoʻq. Axir, odam kurashishda davom etsagina niyatiga erishmaydimi?
– Yoʻq, fikringizga qoʻshilmayman. Qahramonlar alamzadamas. Ular oʻz hayotlarining behuda oʻtganini, umrlari davomida ishonib kelgan e’tiqodlari singanini, ular sigʻingan ma’budlar qulaganini anglab qolgan, oʻzlarinin oʻzlari tahlil va soʻroq qilayotgan, boshqacha aytganda, hayotlarini boshqatdan boshlash uchun oʻzlaridan kuch izlayotgan odamlar. Odam oʻzini tahlili qilyaptimi, demak, u hayotinini yangidan boshlamoqchi. Hikoyalarimda shu umid va shunga ishora bor. «Maymun yetaklagan odam»dagi cholga nisbatan bu iborani qoʻllab boʻlmaydi. Bu yerda cholning nafrat bilan yashashi muhimmas. Muhimi chol oʻz e’tiqodining puchligini anglagani va bu tuygʻuni oʻquvchiga ham yuqtirolgani. Menga cholning hayotidan kelib chiqadigan saboq tufayli oʻquvchida tugʻiladigan taassurot muhim. Adabiyot inson haqida, insonning dunyosi va qalbi haqidagi fan. Shundan oladigan saboq. Asar odam haqida, koʻngil haqida ta’lim beryaptimi – shu saboqning oʻzi yetib ortadi. Oʻz hikoyalarimni judayam qorongʻu deb aytolmayman. Toʻgʻri, boshqalarga nisbatan gʻurbat, iztirob, odamga achinish nuqtai nazaridan, siz aytganday, mungli boʻlib tuyulishi mumkin. Lekin har qanday mungdan chiqqan saboq – odamlarga achinish, odam haqida qaygʻurish, hayot haqida oʻquvchining ma’lum bir xulosaga kelishi-shularning oʻzi men uchun yorugʻlik. Hikoyadan soʻng oʻquvchi koʻnglida tugʻiladigan tuygʻu men uchun yorugʻlik. Saboq yorugʻlik.
– «Lahad» degan roman yozgan ekansiz? Uni nega haligacha e’lon qilmadingiz?
– Bu romanning asosiy qismi 90-yillar boshida yozilgan. Romandan qulash arafasiga kelib qolgan, insonning botiniy quvvatini soʻrish evaziga yashab kelgan tuzumning badboʻy hidlari anqib turibdi. Men oʻtgan yillar davomida asarni faqat tahrir qilish bilan shugʻullandim, xolos. Necha bor urinmay, uni qayta yozish, voqelikni boshqa izga solish, hatto nomini oʻzgartirishga ham baribir kuchim yetmadi. Oʻtgan yillar ichida alohida asar sifatida oʻzini oqlamaydi degan shubhada bu mashqning ichidagi ba’zi boblarini mustaqil hikoya sifatida e’lon ham qildim. Uzoq ikkilanishlardan soʻng uni qay tarzda yaratilgan boʻlsa, oʻsha holatda qolgani ma’qul degan xulosaga keldim.Oʻzining mavjudligini isbot qilib berolmagan, odamzotni xoʻrlash va haqoratlash evaziga qurilgan mustabid tuzumdan chiqariladigan kichik bir saboq boʻlib qolishi uchungina uni yaqinda e’lon qilishga ham qaror qildim. Chop etilbi qoladi.
– Hozirda qanday ish bilan mashgʻulsiz? Ijodingizda nima yangiliklar?
– Ikkita hikoya, bitta qissa boshlaganman. Bitta roman ustida ishlayapman. «Izsiz» deb nomlanadi. U qanday tugallanishini bilmayman. Yozilyapti.
– Muxlislaringizga tilaklaringiz...

Koʻproq oʻqishsin. Oʻqigan odam hech qachon yomon odam boʻlmaydi. Koʻnglida, baribir yaxshilik qoladi. Oʻsha yaxshilik urugʻ boʻladi. Urugʻ oʻsib, ertaga meva beradi. Inson uchun gazetami, jurnalmi, kitobmi, «Bekajon»mi, oʻqishga arzigulik asar boʻlsa, koʻnglida nimadir uygʻonadi. Yorugʻlikka chorlaydi. Mutolaa odamni ezgulikka boshlaydi.

Umid Ali suhbatlashdi