OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNazar Eshonqul
Asar nomiBahoviddinning iti (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Nazar Eshonqul
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm46KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bahoviddinning iti (hikoya)
Nazar Eshonqul

«
...Shayx u goʻzalning jamolini
koʻrish umidida yor koʻchasidagi
itlar orasiga qoʻshildi...

Mantiq ut-tayr
»

Hammasiga muharrirning injiqligi sabab boʻldi. Aslida tashqi ovozlar-u shovirlarsiz ham radiopesa tuzukkina chiqqandi. Unga aktyorlar bilan oylab sayqal bergan, bastakor ataylab pesa uchun musiqa yozgan, men va yordamchim olti oy kecha-yu kunduz faqat shu asar ustida bosh qotirgan, tushimiz ham, hushimiz ham shu pyesa boʻlgan, mana endi mashaqqatdan qutuldik deganda, muharrirda birdan yangi fikr tugʻilib qolgandi. Aslida bu fikr yangi ham emasdi. Men pesaga ishlov berayotganda yoki montajda oʻtirganda, agar tabiiy shovqinlarni ham qoʻshsak, asar mukammal chiqadi deb oʻylagan, ammo ish koʻpligidan va yana vaqt ketishini bilganim uchun bu rejadan voz kechib qoʻya qolgandim. Endi esa birdan muharrir bizdan talab qilib qoldi.
— Asar juda yaxshi. Lekin biz tanlovda yutib chiqishimiz uchun bu yerga tabiiy shovqinlarni qoʻshishimiz kerak. Qushlar sayrogʻimi, daraxtlar shovqinimi, shamol, qoʻy-qoʻzilarmi...umuman, asarning sahnalariga qarab tabiiy shoʻx-shodon ohanglar qoʻshish kerak. Pesadagi quvnoq, xushnud ohanglarga uygʻunlashib ketishi, baxtiyorlik va xushanashinlik nafaqat qahramonlarga, balki butun tabiatga xos ekanini, tabiat ham biz bilan birga va u ham qahramonlarimizning iqbolidan quvonib, shoʻx sadolar taratayotganini koʻrsatib berolsak, mukofot choʻntakda deb hisoblayveringlar...

Bosh muharrir tanlovga oz muddat qolganini bildirish uchun ogʻiz juftladi-yu, ammo muharrirnnig «choʻntagingizda deb hisoblayvering» degan aniq ishonchidan soʻng birdan bosh irgʻadi.
— Albatta, qilish kerak. Shuncha mablagʻ sarflangandan soʻng yana biroz qiynalsalaring hech narsa qilmaydi. Xarajat oshsa, mukofotdan chiqarib olarsizlar. Ammo shoshilish kerak. Vaqt oz qolgan.

Norozilik bildirishga oʻrin qolmadi. Shusiz ham bosh muharrir radiopesaga sarflangan mablagʻ oshib ketgani uchun bizdan norozi boʻlib turgandi. Uning bu mukofotni qoʻlga kiritishimizni astoydil istayotganidan faqat biz emas, uning oʻzi ham manfatdor edi. U pesaga badiiy rahbar, tabiiyki, mukofotda uning ham ulushi bor edi.

Garchi yordamchim bilan men endi ishni tugatdik deb turganda yana boshogʻriq boshlangani yoqmayotgan boʻlsa ham ertasigayoq ishga kirishdik. Biz oldin oʻzimizdagi — radiofonddagi shovqinlar jamgʻarmasini koʻrib chiqdik. Shunda bu shovqinlarning birontasi ham yaramasligiga, bittasi yozilaverib, xiralashgan boʻlsa, boshqasida qandaydir sun'iylik borligiga amin boʻldik. Bularning birontasi biz kutgan xushanishinlikni tabiiy tarzda aks ettirolmasdi. Demak, shovqinni tabiat qoʻynidan yozib olishga toʻgʻri keladi.

Buning uchun biz turli joylarni koʻz oldimizga keltirib koʻrdik. Masalan, shaharga tutash qishlogʻu dalalar. Ammo bu qishloqlarning hammasida hozir dala ishlari qizgʻin, traktorlarning shovqini tushib qoladi. Mikrofonlarimiz shunchalik sezuvchanki, agar boshqa tovushlar tushsa, keyin tozalab olish amrimahol. Bizga qushlar yo hashoratlarmi, biri qoʻyib, biri sayraydigan, ayni uygʻonish fasliga xos baxtiyor va koʻtarinki shovurlar kerak: u qushniki yo daraxt-oʻsimliknikimi, hashoratu-arinikimi, farqi yoʻq, soadat saslarini oʻzida mujassam etgan makon kerak edi. Shu sababli qushlar shovqinini shahar chetidagi eski xiyobonda yozadigan boʻldik. Shaharda ularning ixtiyorisiz birorta gulning ham koʻkarishga haqqi yoʻq obodonchilik korxonasidagilar negadir uni tartibga solishni unutib qoʻyishgandi. Shu sababli xiyobonda daraxtlar shunchalik zich va tarvaqaylab ketgan, ustiga ustak, shaharning barcha qushlari ancha yillardan beri arra tovushini eshitmagan daraxtlarga uya qurishgandi. Yordamchim telefon orqali obodonchilik ma’muriyati bilan oldindan kelishib qoʻydi. Ma’muriyat ertalab oʻngacha xiyobonga hech kimni kiritmaydi. Sahardan soat oʻngacha bir olam shovqinlarni, daraxtmi, qushlar chugʻurimi yoki hayotdan minnatdor boʻlib, uni oʻzgartirishga astoydil bel bogʻlagan, oʻz oʻrni va baxtini topganlaridan ichlariga sigʻmay hammani baxtiyor qilgisi kelayotgan bizning pyesa qahramonlarimiz kabi shoʻx-shodon esayotgan shamolmi, hashorat ovozimi, yozib olishimiz mumkin. Bu taklif bizga ma’qul tushdi.

Ertasiga quyosh endi bosh koʻtarayotganda yordamchim va ovoz rejissyori bilan birga borib, mikrofonlarni xiyobonga oʻrnatdik. Yaqin-atrofda katta mashina va temir yoʻllari boʻlmagani uchun bu yer xuddi biz istagandek osuda edi. Daraxtlar sekin shovullab turar, bogʻni qushlar chugʻuri qoplagan, goʻyo parranda ahli odamlar bu yerga yigʻilmasdan burun bir yayrab qolmoqchidek, bor ovozlari bilan chugʻurlashar, daraxtdan daraxtga uchib, oʻziga xos saodatmand sayroqilar xorini tashkil qilgandi. Ba’zi-ba’zida gullarga kelib qoʻnayotgan arilarning yoki ninachilar va soʻnalarning gʻungʻillagan ovozlari bu shovqinni bir pas bosib ketgandek tuyular, lekin bu hashoratlar ovozida ham bizning pesamizga mos uygʻunlik va koʻtarinkilik bor, shu sababli hammasi tabiiy va goʻzal edi. Men rejissyor sifatida hamisha ishlatilaverib, qolaversa, atayin texnik jilo berilgan, biroz sun'iylashgan «Shovqinlar jamgʻarmasi«dagi ovozlardan foydalanganim uchun bu yerdagi ovozlarning tabiiyligidan hayratlanib turardim. Shu paytgacha ortiqcha ish koʻpayganidan norozi boʻlib yurgan yordamchimning yuzida ham tabassum paydo boʻldi. U qushlar chugʻuri-yu, hashoratlar navosi, oʻsimliklar shitirlashi, daraxtlarning mayin shovullashi uygʻunlashib ketgan, goʻyo biz yaratgan pyesa bilan baxtiyorlik bobida bas boylashgandek taralayotgan tabiatning musiqiy «pesa»sini berilib eshitarkan, menga qarab qoʻyar, ovoz rejissyorining esa yuzida mamnuniyat zuhurlangan, qushlar chugʻuri, daraxtlar shovqinidan ilhom olgandek, berilib ishlar, har-har damda magnitafonga quloq tutib, ovoz qanday yozilayotganini eshitib koʻrar, ishidan qoniqib, bizga qarab qoʻyardi. Osmonda oq bulutlar suzib yurar, lekin bu bulutlar ham koʻm-koʻk osmonga endi gard boʻlolmasligini bilib, sekin togʻ taraf siljirdi. Bahor oxirlab qolgan boʻlsa ham hali maysalar yam-yashil, daraxtlar gullab, xiyobonni gulu-chamanga aylantirib yuborgandi. Yordamchim bekorga bu xiyobonni tanlamaganini endi sezib turardim. Bu yerda boshqa xiyobonlarda uchramaydigan mevali daraxtlar bilan birga hali taroshlanmagan, tartibga solinmagan, oʻn yillardan beri oʻz holicha shoxlab, gullab, emin-erkin tarvaqaylab ketgan daraxtlar ham bor edi. Ehtimol, aynan shuning uchun qushlar bu yerni makon tutgandir? Butun vujudimni quloqqa aylantirib ovozlarning qaysi biri ariniki, qaysi biri qaldirgʻochniki, qaysi biri oddiy chumchuqniki deya oʻzimcha ajratib olishga tirishib, koʻzlarimni yumib yotardim. Qushlar chugʻuri bilan birga yana qandaydir tushuniqsiz sas ham elas-elas chalinardi. Lekin men bu sas nimaligini ajrata olmadim, u itning ham, boʻrining ham yoki biron yaqinidan ayrilgan jonivorning iztirobli nolasiga oʻxshardi. Ehtimol, bu shaharning xiyobonga oʻrmalab kirgan yer osti yoʻllari shoviridir? Nima boʻlganda ham bu sas qushlar shovqiniga xalal berolmayotgan, qolaversa, bu mening qulogʻimning shangʻillashi boʻlishi ham mumkin edi.
— Boʻldi, yetadi, — degan ovoz eshitildi yonimda.

Koʻzlarimni ochib, tepamda menga qarab turgan ovoz rejissyorini koʻrdim. U allaqachon asboblarini va magnitafonni yigʻishtirib boʻlgan, endi ketishga tayyor turardi.
— Yetadi. Bu yerda sizga zarur ovozlarni ikki marta qayta yozdim. Yana oʻnta pesaga ishlatsangiz ham bu ovozlar tugamaydi.

Xuddi gʻayrishuuriy lazzatdan bemavrid bebahra qilgandek, unga soatimni koʻrsatib, norozilik bildirmoqchi boʻldim. Ammo soat oʻn besh daqiqasi kam oʻnni koʻrsatib turardi. Yana oʻn besh daqiqadan soʻng bu yerga quyoshdan qochgan bekorchilarning hammasi bostirib keladi. Ketishdan boshqa ilojimiz qolmaganini tushundim.

Biz xiyobon oʻrtasiga kelganimizda darvozadan bir toʻda quvnoq yoshlar kirib keldi. Ular xiyobonga kirishlari bilan turli tomonlarga tarqab ketishdi va birdan bogʻda oʻziga xos shodonlik boshlandi. Radiokarnaylardan quvnoq va shoʻx qoʻshiqlar, musiqa, sotuvchilarning chorlovlari, charxpalak, halinchaklarning gʻiyqillashi bir pasda xiyobonni tutib ketdi. Goʻyo xiyobonning biz boyagina his etgan va guvoh boʻlgan manzaralari, har bir oʻtirgʻichigacha oʻrnashib qolgan qushlarning saodatmand chugʻurlari, daraxtlarning mahobatli va gʻolibona shovullashlari, bizga nenidir anglatmoqchidek hashoratlarning xiyobon uzra shodon taralayotgan navolari radiokarnaylar shovqinlari oldida birdan gʻoyib boʻlgandi. Bu narsa ta’bimizni biroz tirriq qilsa ham, nochora, biz ishimiz bitganidan xursand boʻlib, ishxonaga yoʻl oldik.
— Siz bu shovqinlarni kelishgan sahnalarimizga qoʻyib chiqing, — dedim men tramvayga chiqqach ovoz rejissyoriga. — Yordamchim yoningizda boʻladi. Men boshliqlarni topib, ularni tushdan keyin eshitishga taklif qilaman.

Ovoz rejissyori va yordamchim bosh irgʻashdi. Ular bu ishdan tezroq qutulib, bir-ikki kun ta’til olishni soʻrashgani uchun ham men ularni shoshiltirayotgandim.

Tushdan keyin odatdagidek mening xonamga yigʻildik. Bosh muharrir oromkursiga yaxshilab joylashib oldi. Kengash a’zolari boʻlmish quloqlari ogʻirlasha boshlagan ikkita keksa rejissyor esa magnitafonga yaqinroq oʻtirishdi. Muharrir odatdagidek bosh muharrirning yonidan joy oldi. U oʻzining taklifi bilan shuncha ishlar qilingani va hammasiga oʻzi bosh-qosh boʻlib turganidan mamnun boʻlib, biroz gerdayib qoʻyardi. Ovoz rejissyori xuddi ishni doʻndirib qoʻygandek, eshik ortidagi kursida choy hoʻplab oʻtirar, roʻmolcha bilan yuzini yelpib, bizga «hozir men yaratgan moʻ'jizani koʻrasizlar» deyotganday pisanda bilan qarab turardi. Yordamchim biz ertalab bogʻda yozib olgan shovqinlar bilan boyitilgan sahnalarni qoʻyib bera boshladi. Oldiniga men hech narsa tushunmadim. Balki menga shunday eshitilayaptimi deb oʻyladim va sekin koʻz ostim bilan bosh muharrirga qaradim. Yoʻq. Quloqlarim aldamayotgan edi. Bosh muharrir ham negadir hech narsa tushunmay, muharrirga va menga savol nazari bilan qaray boshladi. Ikkita keksa rejissyor esa quloqlariga qoʻllarini qoʻyib, ogʻizlarini lang ochib turishardi. Yordamchimning esa dami ichiga tushib ketgandi. U magnitafon tugmasini bosishni ham, bosmaslikni ham bilmay menga qarab, dovdirab turardi. Biz koʻtarinki kayfiyat aks etishi kerak boʻlgan va tabiatning shodon navolariga uygʻunlashgan sahnada qandaydir mungli, mustar va yurakni ezadigan bir dardli, ertalab xiyobonda qulogʻimga elas-elas eshitilgan sas-uvillash eshitilardi. Men hech narsaga tushunmay yordamchimga qaradim.
— Bu nima?! — nihoyat bosh muharrirning qahrli ovozi yangradi. — Bizni masxara qilayapsilarmi?

Yordamchim ovoz rejissyoriga qaradi. Ovoz rejissyorining yuzi gezarib ketgandi. U irgʻib turib, yordamchimga jahl bilan tikilib, u qoʻyib berayotgan tasmaning raqamiga yaqin borib qaradi. Keyin ajablangandek, choʻntagidagi daftarchani olib, u yerdan nimanidir, aftidan, tasmaning raqamini izladi. Keyin topdi, shekilli, yana tasmaga qaradi. Birpas hech narsaga tushunmagandek, bezrayib turib qoldi.
— Shu tasmaga yozgandik, chogʻi. Aniq shu tasma edi. Qiziq... — dedi u dovdirab.
— Bizning bekorchi vaqtimiz bormi, — zarda qildi muharrir. — Aniq shu tasmamidi?
— Ha, — dedi oʻziga ishonmay ovoz rejissyori. — Shu edi... Yana kim biladi.. Balki adashib...

U bizga uzrxohlik bilan qaradi-da, shoshib xonadan chiqib ketdi. Uning dahlizda yugurib ketayotganini hammamiz eshitib turardik.
— Bularning xayoli joyida emas, — dedi bosh muharrir norozi boʻlib. — Mana shundan ham ishga boʻlgan munosabatni bilsa boʻladi. Tasmaning raqamini ham adashtiradimi esi joyida odam?

Hamisha oʻzim bilan ishlaydigan guruhning yonini olganim uchun u menga iddao qilib gapirardi. Bu marta unga qarshi hech narsa demadim: u haq edi. Eng muhim paytda yordamchim bilan ovoz rejissyori meni uyaltirib qoʻygandi. Saldan keyin bir quchoq tasma koʻtargan ovoz rejissyori kirib keldi.
— Mana, bugungi ovoz yozgan va montaj qilgan tasmalarim. Balkim charchab, raqamni adashtirgandirmiz...

Shunday deb u birin-ketin tasmalarni qoʻyib koʻra boshladi. Ammo u qoʻygan bironta ham tasmada biz kutgan shovqinlar yoʻq edi. Ovoz rejissyori bundan battar ajablanar va dovdirardi.
— Menga qarang, — dedi oxiri muharrir. — Sizlar ertalab yozib kelgan tasmani qoʻyib bering. Bizning oʻzimiz qaysi shovqinlarni qoʻyishni aytamiz. Qaytadan qoʻyib chiqasizlar. Bu ketishda bizga butun jamgʻarmadagi tasmani qoʻyib berasiz, chogʻi.

Bu gap menga ham ma’qul boʻldi. Mulzam boʻlib oʻtirgandan koʻra ertalab yozib olgan shovqinlarni qoʻyib, qaysi shovqinni qaysi sahnaga qoʻyishni kelishish osonroq edi. Ovoz rejissyori ma’qul degandek, bir tasmaning ustiga qaradi-da, oʻsha tasmani magnitafonga qoʻydi. Endi bunisi ustimizdan bir chelak suv quyib yuborganday ta’sir qildi. Tasmadan biz boyagina pyesa sahnalarida eshitgan nola toʻla uvillash aniq-tiniq kelib turardi. Ovoz rejissyori behol oʻtirib qoldi. Uning yuzlari oqarib, rangida rang qolmagandi.
— Axir ertalab shu tasmaga yozgandik, bu shovqin qaerdan paydo boʻldi?
— Balki oxirrogʻiga yozgandirmiz. Aylantirib koʻringchi, — dedi yordamchim umid bilan.

Ovoz rejissyori tasmani oldin boshiga, keyin oxiriga qarab aylantirdi. Ammo butun tasmaga oʻsha nola yozilgan, xuddi ustimizdan kulgandek, qaerida toʻxtatib, tugmachani bossa, oʻsha yerdan eshilib-buralib, gʻayritabiiy nola chiqib kelardi. Bu shunchaki nola emasdi. Qandaydir tabiatdagi jami gʻamgin va muztar tovushlar, sayrashlar va shovullashlar uygʻunlashgan oʻta gʻamgin, dilni oʻrtaydigan, odamni gʻamgin va dilgir qilib qoʻyadigan, bizning pyesamizga mutlaqo zid anduh toʻla nola — egasidan ayrilgan itnning uvillashiday nola edi.
— Bu nima?! — endi oʻrnidan turib tutoqib ketdi bosh muharrir. — Sizlar bizni mayna qilishga chaqirdilaringmi?

U koʻproq menga koʻzlarini loʻq qilib, vajohat bilan qarab turardi. Men yelkamni qisdim.
— Bugun ertalab biz eng zarur shovqinlarni yozib kelgandik. Bilmadim, nima boʻlayapti?

Shunday deb, ovoz rejissyoriga va yordamchimga qaradim. Ular shoshib qolishgan, bir tasmani olib, ikkinchisini magnitafonga tiqishar, eshitib, kutilgan ovoz kelmagach, yana boshqasini tiqishardi. Nihoyat ovoz rejissyori charchadi. U bizga qaramay kursiga oʻtirib, nimanidir eslamoqchidek oʻyga toldi.
— Sizdan soʻrayapman, nima boʻldi? Yana tasmani oʻchirib yuboribsizlarmi? — bosh muharrir studiyada tez-tez boʻlib turadigan vaziyat boʻlgan, bular tasmani bilmasdan oʻchirib yuborgan deb oʻylayotgan edi.

Ovoz rejissyori unga jahl aralash lablari titrab bilan qaradi. U endi boshliqdan hayiqmayotgan, toʻgʻrirogʻi, unga nimadir juda qattiq ta’sir qilganidan oʻziga kelolmayotgan, endi yoʻqotadigan narsasi yoʻq odam kabi ters va qoʻpol boʻlib qolgandi.
— Yoʻq. Biz adashib, oʻchirib yubormadik. Agar oʻchirsak, yozib kelgan ikkala tasma turardi. Bogʻdan yozib olingan tasmaga ham shu shovqin yozilib turibdi.
— Tushunmadim, — dedim men endi battar ajablanib. — Yarim soat oldin, boʻldi, shovqinlarni sahnalarga qoʻydik, endi eshitsak boʻladi degan siz emasmi?

Ovoz rejissyori koʻzlarini yumib-qayta ochdi.
— Ha, shunday degandik. Lekin koʻrayapsiz-ku...
— Ertalabki tasma-chi?
— Ertalab har ehtimolga qarshi ikkitadan tasmaga nusxasi bilan yozib olganman. Ammo ikkalasi ham oʻsha uvillash bilan toʻlib turibdi. Axir bu uvillash ham, yaqin atrofimizda it ham yoʻq edi... Shunga hayron qolayapman. Boya sahnalarga qoʻyayotganimizda ham hammasi oʻz joyida edi. Buni kim qilishi mumkin, bilolmayapman.

Bosh muharrir gapimizdan hech narsani tushunmagan boʻlsa ham ammo murosa qilgandek, ufladi.
— Mabodo ertalabdan halqumni hoʻllab olmaganmidilaring? Balki bu shovqinni kayf aralash yozib kelgandirsizlar?

Unga «tuhmat qilmang!» degandek zarda bilan qaradim. U mening ichkilikka oʻch emasligimni, ayniqsa, ertalabdan ichib olmasligimni bilardi. Shuning uchun mendan koʻzini olib qochib, ovoz rejissyoriga tahdid qildi.
— Yetar. Tasmalarni topsangiz, toping, boʻlmasa, ertaga qaytadan yozib keling. Bu marta yoningizga boshqa ovoz rejissyorini ham olvoling. Ehtiyot shart. Shusiz ham ishni choʻzib yubordilaring...

Shu gapni aytib, norozi va asabiy qiyofada chiqib ketdi. Uning izidan muharrir va ikkita keksa rejissyor ham chiqib ketdi. Biz endi tasmalarni olib, shoshilmay birma-bir eshita boshladik. Ammo yozib kelgan shovqinlardan asar ham yoʻq edi. Ertalab shu ish uchun atayin raqamlagan tasmalarda ham oʻsha mungli, mustar nola-sohibini yoʻqotgan it uvillashi eshitilib turardi. Kim biz bilan hazillashagan boʻlsa ham qoʻpol hazillashgan edi.
— Balkim biz tushlikka chiqqanda kimdir oʻchakishib, ustiga yozib yuborgandir? — dedi yordamchim.
— Koʻrolmaydiganlar qancha?

Ovoz rejissyori boshini irgʻadi.
— Yoʻq. Boʻlishi mumkin emas. Men bu tasmalarni oʻzimning seyfimga solib, tushlikka chiqqandim. Birov qilishi mumkin emas.
— Nima, seyfingizning kaliti boshqada yoʻq deyapsizmi? Odamlarning seyfi ochilmasdan puli yoʻqolayapti-yu...

Men ularning bahsiga qoʻshilmadim. Ertaga ertalab yana boqqa borishimizni, qayta ovoz yozib olishimizni va oʻzlari bilan yana bitta ovoz rejissyori va qoʻshimcha magnitafon olib olishini tayinlab, uyga joʻnadim. Tramvayda ketarkanman biz eshitgan mung qulogʻim ostida jaranglaganday boʻldi. Qiziq, men shuncha yil radioda ishlab, ovozlar va musiqa jamgʻarmasini besh qoʻlday bila turib, bunday uvillashni hech eshitmagan edim. Bu kimning hazili yoki oʻchakishishi oqibati ekan? Xayolimdan mukofotga nomzod boʻlgan boshqa studiyadagi hamkasblarim birma-bir keldi. Ammo ularning bu darajada pastkashlik qilishlariga ishongim kelmasdi.

Ertasiga biz yana oʻsha xiyobonda ovoz yozib oʻtirardik. Bu safar ovoz rejissyori ikkita, yozish uskunalarimiz esa uchta edi. Ovoz rejissyori oʻzi bilan ikkinchi magnitafonni ham olib kelgandi. Biz yana oʻsha tonggi nabotot, hashorat va parranda ovozlarini — tabiatning ulugʻvorligini madh etayotgan, borliq bilan uygʻunlashib ketgan tiriklik va yaratuvchilik ohanglarini yozib ola boshladik. Men koʻzlarimni yumib yotarkanman, birdan qushlar va hashoratlarning quvnoq ovozlari ostida kechagi tasmadagi uvillash kelayotgandek boʻldi. Choʻchib, boshqalarga qaradim. Ular indamay ishini davom ettirishardi. Demak, kecha asabiylashganim uchun qulogʻimga eshitilayapti deb oʻyladim. Ammo bu sas endi menga aniq eshitilayotgan edi. Qushlar chugʻuri ostida u birdan quloqqa chalinmas, ammo butun vujudingizni shu shovqinlarga bersangiz, unda ana shu shodonliklar ostida mahzun uvillash kelib turar, u bir yoʻqolib, bir paydo boʻlar, goʻyo baxtiyorlik va shodonlik bilan bahs boylashib, yutqizayotgandek edi. Men har ehtimolga qarshi chakalakzorga qaradim: u yerda bironta it yoʻqmikin? Shuncha mehnatimiz yana zoe ketsa degan fikrdan koʻz oldim bijirlab ketdi-nazarimda, chakalakzor ichida qandaydir katta bir it menga qarab, masxara qilib, tilini chiqarib turgandek tuyuldi. Koʻzimni yumib ochdim — itga oʻxshab hurpayib turgan shoxga koʻzim tushdi-da, kulgim keldi. Lekin men it uvillashini aniq eshitdim. Bu itning uvillashi ekani kunday ayon-ku. U qanaqa it ekan, bunchalik bagʻri xun boʻlgan?! Ovoz rejissyorlari shovqinlarning tiniq va aniq yozib olinayotganiga guvoh boʻlish uchun quloqlarini uskunalarga tegizib turishar, keyin mamnun bosh irgʻashardi. Demak, hech qanday gʻayritabiiy narsaning oʻzi yoʻq. Mening qulogʻimga shunday eshitilayapti, buning hammasi kechagi mojaroning ta’siri. Biz endi bu marta ishimiz yurishishga zarracha shubha qilmasdik. Shuning uchun men sahnalarga qoʻyilgan shovqinlarni ertaga eshitamiz deb, xiyobondan chiqishda xayrlashib, uyga ketdim.

Kechqurun yordamchim telefon qildi. U judayam hayajonda edi.
— Aytsam, ishonmaysiz. Barcha tasmalar yana oʻsha uvillashni yozib olibdi. — U, aftidan, yigʻlamoqdan beri holatda, u telefon qilayotgan xonada ovoz rejissyorlari boʻlsa kerak, asabiy ovozlar kelardi. — Kelmasangiz boʻlmaydi.

Men tezda kiyinib joʻnadim. Ovoz yozish studiyasida endi boshqa rejissyorlar ham yigʻilgan, muharrir ham shu yerda edi.
— Sira aqlim yetmayapti. Bu qaerdan keldi? Axir biz boshqa shovqinni yozib olgandik? — Ovoz rejissyori asabiy gapirardi.
— Balki boshqa kanalga yozgandirsizlar? — kimdir, menimcha, muhandislardan biri soʻradi.
— Hamma kanalni tekshirdik. Shu uvillashdan boshqa ovoz yoʻq.

Rostdanam tasmalardan yana oʻsha-mungli va mahzun nola — eng qizigʻi, xiyobonda menga shunday tuyulayapti degan uvillash kelardi. Men endi tong qotdim. Va gap tasmada ham, yozish uskunasida ham emasligini sezib turardim. Xiyobonda mening koʻzimga koʻringan it aslida boʻlgan va u oʻsha daraxtlar orasida turib uvillayapti, biz garchi qancha urinmaylik, faqat uning ovozini yozib olyapmiz. Bu yerda qanday sir bor? U qanday it boʻldi? Uning uvillashida bizni nimadandir ogoh qilmoqchi boʻlayotgandek, sirli nola bor edi. Uskunalarimiz garchi qushlar ovozini yozayotgandek tuyulsa-da, aslida quloqqa elas-elas chalinadigan oʻsha sirli uvillashni yozib olyapti. Nega? U qanday nola boʻldiki, oʻziga zamonaviy uskunalarni ham boʻysundirib, bizni mastu-muztar qilgan saodatmand ohanglar oʻrniga asriy gʻam-anduh aks etgan itning uvillashini taqdim etayapti? U qanday it? U qanday uvillash, nola?

Muharrirning figʻoni falakka chiqdi. U bir paytlardagi kelishmovchiligimizni esladi, chogʻi, meni ataylab shunday qilyapti deb oʻyladi. Menga baqrayib tikilgancha koʻrsatkich barmogʻini bigiz qilib koʻrsatdi:
— Siz... siz bu ishingiz bilan javob berasiz. Bu bilan nima demoqchisiz? Bu masxarabozlikning tagida nima yotibdi oʻzi?! Hali tinglovchiga it uvillashini qoʻyib berasizmi? It nega uvillayapti? A?
— Men ham shuni bilmoqchiman, — dedim favqulodda oʻzimni bosiq tutib. — Bu oʻzi nima? Tabiat bu uvillash orqali bizga nima demoqchi? Mening ham aqlim yetmayapti. Lekin bu judayam gʻaroyib nola. Buni ataylab yaratib boʻlmaydi. Bu tayyor kuyning oʻzi.

Muharrir menga nimadir demoqchi boʻlib, yana koʻrsatkich barmogʻini bigiz qildi. Uning musiqadan umuman savodi yoʻqligini eslab, gaplarim behuda ketganini sezdim. U aksar hollarda eshittirish matnini berib, keyin rejissyorlarga «oʻqilgach, bir tingʻin-tingʻir qoʻyib yuboringlar» derdi. Rejissyorlar «Aslida eshittirishda ana shu tingʻir-tingʻirdan boshqa narsa ham yoʻq, tinglovchi faqat oʻsha tingʻir-tingʻirni eshitadi», deb izidan mayna qilishardi. U rejissyorlarning oʻziga munosabatini bilar, lekin ular bilan gap talashib, obroʻsini ketkizmasdi. Hozir ham hushyor aqli birdan ishlab ketdi. Zahrini ichiga yutdi.
— Besh daqiqadan keyin bosh muharrirning oldida uchrashamiz.

U eshikni zarb bilan yopib chiqib ketdi. Men ovoz rejissyoriga qaradim. U yelka qisdi. Biz yana bir marta yozib kelgan tasmalarni eshitib koʻrdik. Barcha tasmalarni oʻsha uvillash bosib ketgandi. Yordamchimga bu ohanglarni audio tasmaga koʻchirib, oʻzimga berishini tayinlab, bosh muharrirning oldiga yoʻl oldim.

Ertasiga bizni asarga bezak berishdan chetlatishdi. Itning uvillashini yozib kelganimiz uchun boshimizga it kunini solishmoqchi edi, ammo tanlov yaqin qolgani sababli istisno qilishdi: boshqa guruh pesaga shovqinlar ishlovini beradigan boʻldi. Bizga ham aynan shu kerak edi. Endi gʻirt bekorchi edim. Yordamchim yozib bergan tasmadagi itning uvillashini yana bir necha kun eshitib yurdim. Eshitganim sayin bu it nega uvillayapti, u kimni chorlayapti, kimga nola qilayapti degan oʻy butun fikru xayolimni egallab oldi. Endi faqat nola qilayotgan it haqida oʻylar va erta-yu-kech qulogʻim tagida faqat oʻsha itning figʻoni jaranglardi. U qanday it? Egasi bormikin? Nega u bunchalik nola chekayapti? Bir necha kunlik savollarimga xuddi tashlandiq bogʻ javob beradigandek, oʻsha itga oʻxshab hurpayib olgan shoxlar orasida meni javob kutib turgandek, xiyobonga yoʻl oldim. Quyosh endi shaharning toqqa tutash qismidan bosh koʻtarib kelardi. Bogʻ qushlar va parrandalar, umuman, tiriklikning goʻzal qoʻshigʻiga toʻlgandi. Men yana oʻsha ovoz yozgan joyga borib oʻtirdim. Maysa hidi kelardi bogʻdan. Shudring hovurida dimoqqa urilib, keyin qushlar chugʻuriga qoʻshilib ketardi. Bu yerda hamma narsa baxtiyorlik, yashnash va uygʻonishdan darak berardi. Gʻayritabiiy narsaning oʻzi, ayniqsa, bu atrofda itdan darak yoʻq edi. Unda uvillash qaerdan kelayapti? Qanday qilib tasmalarga joylashib oldi? Men daraxtlar orasini, orqadagi, dala bilan tutash, shabbalab ketganidan chakalakzorga aylangan dafnazor va tutzorni birma-birma koʻzdan kechirdim. Bogʻda shoxlar orasini titib yurganimni koʻrgan tanishlarim esdan ogʻibdi deb oʻylashlari mumkin edi. Qaerdaki xilvat va it bekinib olishi, qaerdaki yotishi, pusishi yoki uya qilishi mumkin boʻlsa, hamma joyni izlab chiqdim. Hech qanaqa it yoʻq edi. Unda uvillash qaerdan kelayapti? Holdan toyib, sinib yotgan daraxtga oʻtirdim. Xuddi telbalarday xiyobonni axtarganim oʻzimga nash'a qilardi. Shu bilan birga men oʻsha sirli uvillashning tagiga yetishni istardim. Tin olmoqchiday koʻzlarimni yumdim. Atrofimni qurshagan xushanishin chugʻurlardan kuch olish uchun birpas ularning sehriga berildim, keyin har qanday tovushlardan oʻzimni uzib, yana oʻsha uvillashni eshitish uchun elas-elas kelayotgan shovurlarga quloq soldim. Shu holatda uzoq oʻtirdim. Xayolim orqali bogʻning men hali yetib bormagan ichkarisiga kirib ketdim. U yerlarda anvoyi gullar gurkirar, hamma narsa oʻz holicha va oʻz erkicha oʻsib yotardi. Daraxtlar chirkinlikni inkor etib, yangi barglar chiqarar, keyin toʻkilgan gullar oʻrniga yangi gʻunchalar ochilar, minglab ranglar boqqa zeb berish uchun shaylanib turardi. Bu yerda goʻzallik bilan xunuklik, zavol bilan yasharish, tubanlik bilan yuksaklik oʻrtasida kurash ketardi. Bir mahal koʻzim ilindimi, yo menga shunday tuyuldimi, birdan tasmalarda eshitgan nola oldin sekin, keyin baralla eshitila boshladi. Saldan keyin men uvillashni aniq eshitdim. Uvillash bir olisdan, bir yonimdan eshitilar, koʻzimni ochib qaragim, uvillayotgan itni koʻzim bilan koʻrgim kelar, ammo birdan it ham, nola ham yoʻqolib qolsa-chi degan xavotirda koʻzlarimni ochgim kelmasdi. Uvillashda munis anduh bor edi. Undan dard, musibat, iztirob, gʻam-uqubat taralardi. Bu dardga va bu gʻamga chidab boʻlmasdi. Uni eshitgan sayin shunchalik dard koʻpayar, musibat ulugʻlashar, gʻam yurakni toʻldirar, yigʻlagim kelardi, ammo uvillashdan taralayotgan xoʻrlik oldida yigʻi nima boʻlibdi deb oʻzimni ovutardim. Odam qanday chidaydi bu nolaga deb oʻkirib yuborging kelardi. U oʻzining anduhi bilan sehrlar, anduhi bilan maftun qilar, musibati bilan jodulab qoʻyardi. Bu uvillashni eshitgan odam boshqa ohangni qayta eshita olarmikin? Bu nola, bu mahzunlik boshqa barcha ohanglarni fosh qilib, soxtalashtirib qoʻyardi. Nega men shu paytgacha bu anduhni eshitmaganman, nega shu paytgacha bu musibatdan uzoq boʻlganman? Nega bu nola oʻzlarini xushanishin ohanglar tagiga yashirdi ekan? Nega uvillayotgan it odamlardan oʻzini pinhon tutyapti ekan? Uvillashdagi anduh ta’sirida koʻzlarimdan yum-yum yosh oqayotganini bilardim. Yigʻlagan sayin yengil tortar, yanayam oʻkirib yigʻlagim kelardi. Yigʻiga gʻarq qiluvchi bu nola qaydan kelayapti, qayga ketayapti? Nega u meni mungga va musibatga oshno etayapti?

Ertasiga ham, keyingi kunlar ham men bogʻning bir chetida oʻtirib, koʻzlarimni yumgancha kunimni shu holatda, musibat va anduhdan titrab oʻtkazdim. Men uvillayotgan itni koʻrgim, uning gʻamiga sherik boʻlgim, musibat ezgan boshini silagim kelardi. Endi bir umr bu noladan ham, itdan ham ayrilolmaydiganday edim. Koʻzlarimni ochganimda uvillash yoʻqolar, yumib olishim bilan qulogʻim tagida paydo boʻlar, meni oʻz ohangiga olib kirib ketardi. Uvillashda xoʻrlik va haqorat toʻla edi. Mahkumlik va mutelik, ojizlik va zulm qorishiq edi. Bu xoʻrlik bilan odam yashashi mumkin emasdi. Men koʻzlarimni ochib, «Qaerdasan, nega meni bunchalik ezasan, kel, seni koʻray, maqsading nima?!» deb pichirlardim. Pichirlashim qulogʻim tagida xuddi hayqiriqday sado berardi. Oʻshanday lahzalarda men bir narsani bilib qoldim: koʻzimni yumishim bilan mening ichimdan nimadir tashqariga sakrab chiqib ketar, menga oʻsha sakrab chiqib ketgan narsa itday boʻlib tuyular, ammo mening ichimda it nima qiladi deya bu shubhani inkor qilardim. Asta-sekin boqqa kelishim bilan ichimdan sakrab chiqib ketgan sharpaning itga oʻxshashligiga ishona boshladim. Ichimdan chiqib ketarkan, koʻkragim it panjalari bilan tirnalgandek ogʻriqni his qilardim. Bir kuni koʻzimni yumgancha, itning nolasi boshlanishini kutib turarkanman, uvillash shunday yonginamdan kelayotganday tuyuldi. Beixtiyor, oʻzim kutmagan shiddat bilan koʻzimni ochdim. Sezgilarim aldamagan edi. Yonimda qopqora it turardi. Uning jussasi men oʻylagandan koʻra katta edi. Ammo koʻrinishining oʻzidanoq bu itni gʻam ado qilgan degan fikr kelardi. Uning koʻzlarida mung va hasrat qotib qolgan, oʻzi aftoda, ozgʻin, qovurgʻalari koʻrinib yotar, oyoqda zoʻrgʻa turganday tuyulgandi menga. Goʻyo bir necha kun emas, bir oydan beri tuz totmaganga oʻxshardi. Oʻrnimdan qimirlashga qoʻrqib, uni kuzatib turardim. It har doimgiday boqqa odamlar kirib kelguncha, shovqin boshlanguncha uvilladi, keyin sekin chakalakzor orasiga kirib ketdi. Men uning izidan yugurdim. U chakalakzordan chiqib, devorning tirqishidan oʻtdi-da, shaharga qarab ketdi. Devor oshib tushganimda, u allaqachon odamlar ichiga kirib, gʻoyib boʻlgandi. Men yengil tortdim. Tirikchilik shovqini-yu hamisha dumni likillatishga va ketni qimillatishga undaydigan kuy hamda shunga mos olomon bilan toʻlayotgan bogʻda itni koʻrganimdan va uni topganimdan xursand edim. Ertasiga it mendan oʻzini olib qochmadi. U endi meni har kuni shu yerda koʻrib koʻnikib qolgandek edi. Yonimga kelib, orqa oyoqlariga oʻtirardi-da, osmon-u falakka qaragancha yana oʻsha nolasini boshlardi. U nega aynan shu yerga kelib uvillayapti, sira aqlim yetmasdi. Ammo u har doim bir paytda bir joyga kelib uvlardi. Itning menga qarab turishining oʻzidayoq mung va hasrat bor edi. Ehtimol, u oʻzining qanchalar aftoda ekanini bilmas ham? Ehtimol, ana shu gʻaribligi bilan boqqa kelib, erta-yu kech oʻyindan boshqasini bilmaydigan takasaltanglar-u oliftalarga nimadir ishora qilmoqchidir? Bilmadim, ammo bir qarashdayoq uning naqadar ojiz va mushfiq ekanini bilib olsa boʻlardi. U oʻziga hech chetdan qarab koʻrganmikin? oʻzini bir marta boʻlsin kuzatganmikin? Buncha gʻarib va faqir boʻlmasa vujud degani? Unga qarab bu aftoda tanani ezgʻilaging, ezgʻilagan sayin tahqirlaging, tahqirlagan sayin uning oyoqlari ostida oʻzing tahqirlanging kelardi. Uning qoʻtir bosgan vujudida qandaydir sehrli bir kuch borday edi. Biz tezda bir-birimizga oʻrganib qoldik. Endi men ham it bilan birga devor tuynugidan emaklab, koʻchaga chiqar, keyin uning izidan sanqib yurardim. Birgalikda shaharning shuncha yillardan beri biron marta koʻrmagan gʻaribgina kulbalar, toʻkilay deb turgan masjidu madrasalar joylashgan eski tor koʻchalarini, qadimiy qal'alaru qasrlar xarobalari qolgan tepaliklarni aylanib chiqardik. Ancha kundan keyin men itning har kuni bir xil yoʻnalish boʻylab bir xil koʻchalarni aylanishini, faqat shahar chetida qolgan tor koʻchalarning biridagi oʻyma naqshlarini yillar yomgʻiri sidirib yuborayozgan ikkita darvoza tagiga chiqarib qoʻyilgan yegulikdan yeyishini, yana oʻsha yoʻl bilan iziga — boqqa qaytib kirishini oʻrganib chiqdim. It shaharning gullab-yashnab yotgan qismiga deyarli burilmas, boshqa biron joydan yegulik axtarib umidvor ham boʻlmas, yoʻlidagi daydi mushuklar va sangʻi laychalar oʻralashib yurgan oshxona-yu bazmxonalar oldidan indamay, boshini egib oʻtib ketardi. Suyak talashayotgan laychalarga bir koʻz tashlardi-da, yoʻlidan davom etardi. Agar oʻsha eski darvoza oldida yegulik boʻlmasa, indamay iziga qaytar, kun boʻyi och yursa ham, oʻzini xoʻrak talashib irillashayotgan laychalar ichiga urmasdi. Shuning uchun unga yegulik olib kela boshladim. U men kutganday yegulik deb dumini likillatib, suykalmas, ming bir mulozamat bilan bergan pishloq yoki boʻtqani oldin rosa hidlab, keyin bir boʻlak yer, qolganiga e’tibor ham bermasdi. Menga u kasalday tuyuldi. Ehtimol, shuning uchun u mana shu ovloqqa maskan qurgandir, ehtimol tanasidagi ogʻriqni yengish uchun nola qilar?! Axir sogʻ it xoʻrakdan oʻzini tiyolmaydi-ku. Shunday boʻlsa-da, uni oʻzimga oʻrgatish uchun yegulik olib kelar, uvillash marosimi tugagach, biz birgalikda shahar aylanardik. U mening tasavvurimdagi itga oʻxshamasdi—kamsuqum, gʻarib, va ustiga ustak oʻta qoʻrqoq edi. Xudi fil oldini toʻsgan qoplonlardek, daydi laychalar oldini hurib toʻssa, ular bilan talashib oʻtirmasdi — ular nimani talab qilsa, oʻsha yoqqa indamay burilib, beparvo ketaverardi. Uning biron marta tishini koʻrsatib, irillaganini, fe’lini koʻrsatib, birovga yot qarash qilganini koʻrmadim. Undagi kamsuqumlik va ozurdalik menga ham asta-sekin yuqa boshladi. Bir kuni uni uyimga olib ketdim. U men bilan ketishni istamadi. Ammo unga qarab, oʻzimning bor muhabbatimni izhor qilib, nimalardir dedim. Aslida ham itga mehrim tushib qolgandi. Uni endi oʻzimdan ayro tasavvur qilolmasdim. Sal koʻrmasam sogʻinar va unga maftun boʻlib qolgandim. U his-hayajonga toʻlgan gapimni tushunganday bir pas mulohaza qilib, koʻzlarimga tikilib turdi, keyin izimdan indamay ergashdi. Oʻsha kecha biz, toʻgʻrirogʻi men unga oʻzim haqimda hikoya qilib berdim. Xayolchan bolaligim, iztirobda oʻtgan oʻsmirlik, balogʻatning aldov va xiyonatlari, tirikchilikning mazaxomuz qulligi, doʻstlikning juda oson sotilgani, hayotning ayovsiz sinovlari va tabiiyki, erishilmagan muhabbat ham bu hikoyadan chetda qolmadi. U mening gapimni oyoqlari ustiga tumshugʻini qoʻyib eshitib yotardi. Koʻp marta doʻstlar bilan boʻlgandek va keyin nega shularga dardimni yozdim deb oʻzimdan nafratlanib yurgan paytimdagidek, hikoya davomida u uxlab qolmadi. Aksincha, aqalli biron marta ham mendan koʻzini uzmadi, yummadi ham. Unga gaplarim va oʻtmishim ta’sir qildi. Orada bir-ikki menga hamdarddek hurib qoʻydi. Soʻqqaboshligim ikkalamizga ham qoʻl keldi. It menikida qoldi. Biz endi xuddi tugʻishganday yoki oshiq-ma’shuqday bir-birimizsiz turolmaydigan holatga yetgandik. Ikkalamiz jimgina shahar koʻchalarini kezardik. Ikkalamiz ham tilsiz, zabonsiz bir-birimizni tushunardik. Ishdan chiqib, kechgacha koʻchalarni aylanar, yuzlari oʻzini fosh qilib qoʻyayotgan baxtiyorlikdan siniqqan va tashvishlardan gezargan izdihom ichida bir-birimizdan koʻzimizni uzmay, odamlarning bizga ajablanib qarashlariga parvo ham qilmay, yonma-yon ketgancha tilsiz-tovushsiz soʻzlashib ketardik.

Bir kuni men boshqa tomonimga agʻdarilib yotish uchun oʻgirilarkanman, toʻshagimning yarmida yotgan junli tanaga qoʻlim tegdi. Choʻchib uygʻonib ketdim. Qaddimni koʻtarib qaraganimda yonimda, yostigʻimning yarmiga tumshugʻini qoʻygancha uxlab yotgan itni koʻrdim. Shundagina it endi menga toʻla ishonganinini va it haqida nimani oʻylasam, it ham men haqimda shuni oʻylashini sezdim. Beixtiyor qoʻllarim bilan uning junlarini siladim. Kaftlarim endi dagʻallashib quriy boshlagan, sababi menga noma’ulum boʻlgan it kunlaridan darak berib turgan yaralarga tegdi. Etim jimirlashdi. Nazarimda bu yaralar oʻzimning tanamda va oʻz tanamni silayotganday tuyuldi. Bu tuygʻu keyinchalik ham tark etmadi. Har kecha uning yaralarini silarkanman, xuddi oʻz badanimni silayotganday boʻlar, kimdir hayotning adolatsiz soʻqmoqlarida orttirgan jarohatlarimni silab menga orom berayotganday edi. Bu itga ham xush keldi, chogʻi, u men bilan bir toʻshakda yotishga oʻrgandi. Unga har kecha itga oshno boʻlmagan va it boʻlmagan paytlarimning azob-uqubatlari, chekkan anduhlarim, hasratlarim haqida hikoya qilib berardim. U eng ogʻriqli kechinmalarimni gapirayotganimda gʻingshib qoʻyar, xotiram bilan birga uning ham joni azoblanayotganini sezib qolar, koʻzlaridan oqayotgan yoshlar yostigʻimni hoʻl qilar, ba’zan esa men u bilan bogʻga borib, unga qoʻshilib uvillar va uvlagan sayin vujudimdan ogʻriq va uqubatlar arib, ruhim yanayam yengillashib borayotganini sezar va beixtiyor koʻnglimda nega men bu lazzatdan shuncha yillar bebahra yurdim ekan degan nadomat paydo boʻlardi. Men shu uvlash orqali oʻzimni va atrofimni kashf qilayotganday edim. It koʻpincha meni ishgacha kuzatib borar, keyin qayoqqadir, menimcha, oʻsha ovloq boqqa ketar, ishdan chiqar paytim koʻcha yuzida kutib turardi. Tanishlarim mening it asrayotganimni koʻrib ajablanishardi. Atigi bir necha oy oldin itni koʻrsa ijirgʻanadigan menday kelajagi porloq, harqalay, bir siltov kam taniqli boʻlib qolgan yigitning qandaydir koʻrinishiyoq odamda yoqimsiz his va irganish uygʻotadigan kasalmand va qoʻtir it bilan yashashini tasavvur qilisholmasdi. Buni menga oshkora aytganlar ham boʻldi. Ammo mening parvoyimga ham kelmadi. Men ularga siz agar uning uvillashini bir eshitsangiz edi, degim kelar, lekin bu gapimdan uyalardim. Axir itning uvillashi ham odamni sehrlab qoʻyishi yoki odam it nolasiga ham oshufta boʻlishi mumkinmi? Bu ular uchun gʻirt bema’nilik boʻlib tuyulardi. Shuning uchun ularga javoban indamay qoʻyaqolardim. Menga ularning kulishidan koʻra mana shu kasalmand itning mehrini qozonish afzalday tuyulardi.

Bir kuni tushlikdan qaytishda dahlizda mening xonam oldida yigʻilib turgan hamkasblarimni koʻrdim — u yerda xuddi toʻpolon boʻlayotgandek edi. Qadamimni tezlatdim. Meni koʻrib yordamchim qarshimga yugurdi. Uning ranglari oqarib ketgan, anchadan beri meni izlab yurgan ekan.
— Sizni bosh muharrir xonangizda kutayapti — , dedi xavotir va hamdardlik bilan.
— Nima gap? Mukofotni boʻlishayaptimi, — dedim xonam oldida butun boshli jamoa yigʻilib olganiga ishora qilib.
— Yoʻq. Kimdir sizning xonangizda it yotganini koʻribdi, — dedi. — Boshqalar ham itni koʻrgan ekan. Hammasi guvohlik berishga yigʻilishgan.

Uning gapi mening kulgimni qistatdi. Hamkasblarim aqldan ozganga oʻxshaydi deb oʻyladim. Xonamga shoshib kirarkanman, u yerda bosh muharrirdan tashqari muharrir, yana xoʻjalik boʻlimidan ham ikki kishi borligini koʻrdim. Ular nimanidir shivirlashib gaplashishardi. Bosh muharrir qoʻlidagi roʻmolcha bilan burnini ushlab turardi. Meni koʻrishlari bilan jim boʻlishdi. Nima gap deganday bosh muharrirga va muharrirga qaradim.
— Siz ishxonaga it olib kelish mumkin emasligini bilasizmi, — dedi bosh muharrir oʻsmoqchilab, xuddi meni ayb ustida qoʻlga tushirganday.
— Bilaman, — dedim. — Bu yerga it olib kelganim yoʻq.
— Bekor gap, — dedi xoʻjalik boʻlimidagi kalta kishi. — Farroshlar bir oydan beri sizning xonangizdan it hidi kelayotganini aytishayapti. Qolaversa... — u bosh muharrirga aytaveraymi deganday qaradi. Bosh muharrir bosh irgʻagach, gapida davom etdi.— ... bu xonadan har kuni it tezagi chiqayapti.
— Boʻlishi mumkin emas, — dedim men. — Men hech qachon bu yerga it olib kirmadim. Bu tuhmat.

Muharrir bosh muharrirning qulogʻiga bir nima deb shivirladi.
— Uyingizda it asrayotganingiz rostmi? — dedi bosh muharrir saldan keyin.
— Rost, asrayapman...— dedim muharrirning yaqinda uyimga borganda itni koʻrib, ostonamdan ham kirmay qaytib ketganini eslab, bor mojaroni shu olifta uyushtirdimikan degan shubhada.
— Unda siz bizga tuhmat qilayapsiz, — dedi bosh muharrir.— Xullas, gap shu. Siz yo itni, yo ishni tanlaysiz. Shu bugun hal qiling. Shusiz ham xodimlar ishxonani it hidi bosib ketgani haqida gap-soʻz qilib yurishibdi. Men bu gap yuqoridagilarning qulogʻiga yetib borishini istamayman.

U gap tamom deganday oʻrnidan turdi. U hamon qoʻlidagi roʻmolcha bilan burnini ushlab turar, xonadagi hiddan oʻziga kelolmayotgandi. Muharrirning ham burni jiyrilib turardi. Faqat men bu yerda hech qanday gʻayritabiiy hid sezmasdim.
— Xonangizni it hidi bosib ketibdi. Shamollatish kerak, — dedi xoʻjalik boʻlimidagi kalta kishi. Unga qarab zaharxanda qilib kuldim. Boshliq birontani tepsa, bular borib yanchib oʻtadiganlar toifasidan edi.
— Menga qarang, bu tasmadagi it uvillashi bilan sizning it asrashingiz-u mana bu hid oʻrtasida bogʻliqlik yoʻqmi? — soʻradi muharrir katta bir sirni ochganday. — Siz bizni it uvillashi bilan mazax qilganingiz yetmaganday endi itni xonangizga ham kiritib olib, ishxonani itxonaga aylantirayapsizmi?

Men indamadim. Ularga gapirish befoydaligini bilardim. Yoʻlakda majoraning qanday yakun topishini kuzatib turgan tomoshatalab hamkasblarimning yuzida ham muharrirning gapini tasdiqlashayotgani bilinib turardi. Ertasiga men kimni tanlaganimni aytib, itim bilan boqqa yoʻl oldik.

U yerga borib, itim uvillar, koʻzlarimni yumib, men ham uvillar, uvillash bilan tanamni bogʻda qoldirgancha, uvillashdagi musibatga qoʻshilib, olis-olislarga, oʻzim ham anglamagan, goʻyo hamma narsaning ibtidosi boʻlib tuyulayotgan olislarga ketib qolardim. Nola meni endi hali yaxlit boʻlgan ruhning jilvalarga qarab boshlab ketardi. Hali hech narsaga ism ham, nom ham berilmagan oʻsha yerda men itim bilan yana yuzma-yuz kelardik va shundagina biz bitta vujud ekanimizni sezib qolardim. Endi boqqa kelgan paytlarim ichimdan chiqqan va qaytib kirgan narsa itligiga sira shubha qilmasdim. Oʻsha daqiqalarda boʻlaklarga boʻlinib, bir qismim itga aylanib ketganini bilardim. Uvillash meni boʻlaklab, bogʻning turli burchaklariga sochib tashlar, keyin yana it qiyofasiga kiritib, sekin bir joyga yigʻar va yana sochib yuborardi. Shunda butun hayotim ana shu sochilish va yigʻilish orasidagi bir lahza ekanini his qilardim. It meni sochib yuborar ekan, men mashaqqatlar bilan turli tomonga adashib — uloqib ketgan oʻzimni yigʻib kelardim, u esa xuddi men bilan oʻynashayotganday yana sochib yuborardi. Tarqoq va taravaqaylagan holatda vujudimni tariqday sochib yuborayotgan kuchni koʻrmoqchidek, itga qarab «Kimsan, mendan nima istaysan, sen it, nega ichimga kirib olding?!» deb shivirlardim... Ehtimol, u ham menga shunday deb tikilayotgan va soʻrayotgandir? Biz yuzma-yuz turgancha bir-birimizning kimligimizni aniqlashga urinardik. U menga qancha bogʻlanib qolsa, men ham unga shuncha bogʻlanib borardim. Biz endi bir-biriga tikilib turgan bir vujudday edik. Bir vujud boʻla turib ayro-ayro edik. Menga undan taralayotgan ayriliq azob berardi. Biz qachon birga boʻlsak, ayriliq musibati bosilar, salgina ayrilsak, vujudimni anduh toʻldirardi. Men itga aylanishni, uning yonida boʻlishni, uning qoʻtir bosgan tanasini uzun, oʻzinikiday, xuddi muhabbat yaloviday osilib turadigan tilim bilan yalashni, uning ham gʻaflat yarasi bosgan tanamni yalab halovat bagʻishlashini istardim. Uning yonida xayol lazzatiga gʻarq boʻlib, shu lazzatga choʻkib ketishni orzu qilib oʻtirardim...

Bosh muharrirga, Rejissyor yordamchisi ...dan Bildirgi

e’lon qilingan tanlov boʻyicha bizning «Bahoviddinning iti» radiopesamiz «Eng yaxshi adabiy rejissyor» mukofotiga sazovor boʻlgani sababli menga rejissyorni zudlik bilan topishni tayinlaganingiz uchun uni qaerdan boʻlsa ham izlab topishga qaror qildim. Dastlab uyiga bordim. Uyni hech kim ochmadi. Qoʻshnilarining xabar berishicha, u bir necha haftadan beri uyga kelmayotgan ekan. Shuning uchun nima qilishni bilmay qoldim. Shunda yodimga uning ishdan haydalgach, kunini biz uch oy muqqadam ovoz yozgan ovloq boqqa borib oʻtkazayotganini aytgani esimga tushdi. Zudlik bilan oʻsha yoqqa yoʻl oldim. Qayta ta’mirlash maqsadida anchadan beri bogʻ ishlamayotgan ekan. Shunday boʻlsa-da, sizning topshirigʻingizni bajarish uchun qarovsiz boqqa kirib, rejissyorni izlashga qorovuldan ruxsat oldim. Ammo bogʻda hech kim yoʻq edi. Men biron ovloqroq joyda oʻtirgandir deb bogʻning xilvat joylarini axtara boshladim. Bir soatlar chamasi izlasam ham odam zotiga duch kelmadim. Hafsalam pir boʻlib, endi qaytmoqchi boʻlganimda devor tuynugidan kirib kelgan, bir-birini quvlab yurgan ikkita itga koʻzim tushdi. Ular goh mendan uzoqlashib bogʻ boʻylab yugurishar, goh bir-birini erkalab tishlagancha, yonimdan quvlashib oʻtar, xuddi ikki oshiqqa oʻxshar, bir-birlarining qoʻtirlarini tillari bilan yalashar, bir-birining yaralariga koʻzlarini surtishar, shu darajada baxtiyor ediki, mening yonlarida turganimni ham, izidan ancha yergacha ergashib borganimni ham sezishmadi: ular butun dunyoni unutishgandek, ular uchun faqat ikkalasidan boshqa hech narsaning, bogʻning ham, odamlarning ham, ulkan va shovqinli shaharning ham ahamiyati yoʻqdek edi. Ularning bir-biriga muhabbatiga qarab mening ham havasim keldi. Beixtiyor tasmalarga yozilgan uvillash yodimga tushdi. Balki shulardan birining nolasi bizning tasmaga tushib, bizni rosa ovora qilgandir deb oʻyladim. Eng qizigʻi va sizga bu narsalarni batafsil yozayotganimning sabab shuki, itlardan birining boʻynida men rejissyorning boʻynida koʻp marta koʻrganim — charm tumor osilib turardi. Bogʻda boshqa hech kimni uchratmadim... Rejissyorni topishning iloji boʻlmadi.»