OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Nazar Eshonqul. Istilo (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNazar Eshonqul
Asar nomiIstilo (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Nazar Eshonqul
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm55KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Istilo (hikoya)
Nazar Eshonqul

«
Sen bu dunyoga xaloskor oʻlgan
kuni kelgan eding...
»

U uch kundan beri tuz totmagan, tobora holsizlanar, koʻngli aynimoqda edi. Soʻl xiyobondagi ta’qibdan soʻng battar tinkasi qurib, yurishga ham madori qolmagan, oʻpkasi kuyib ketayotganday achishar, garchi ta’qib etuvchilarni bir soatcha oldin chalgʻitib ketgan boʻlsa ham hamon oʻzini bosib ololmas, olazarak boʻlib, atrofiga qarar, har bir sharpadan choʻchib tushar, har bir qadamini shubha va ishonchsizlik bilan tashlar, koʻp yugurganidan shishib ketgan oʻpkasi hansirar, tizzalari qaltirar va bilinar-bilinmas boshi aylanardi . Bu ochlikdan edi; u uch kuncha avval shahar chekkasidagi axlatlar uyumi orasidan bir boʻlak chaynalmagan goʻsht parchasini topib olgandan beri hech vaqo tatimagan va oshqozoni oʻzini unutib qoʻyganidan norozi boʻlayotganday har dam-har damda quldirab qoʻyardi. Tushdan soʻng negadir ichi damlay boshladi. Endi esa butun vujudi qaltirardi. U oʻzi ham bilmaydigan qandaydir jinkoʻchadan oʻtar ekan, ufunot anqib turgan yashiltob iflos hovuzdan qonib ichib olgandi. Yoʻq, iflos suvdan irgangani uchun shunday boʻlayotgani yoʻq. U iflos va badboʻy narsalarga koʻnikib qolgandi. Kechalari bilan yegulik izlab, axlat unduqlarini titib yurar, agar sasiy boshlagan boʻlsa ham yegulik topilsa oʻylab oʻtirmay paqqos tushirar, bundan hatto vujudida lazzat ham tuyardi.

Uning oshqozon-u ichaklari xuddi ayiqning oshqozoniday tashlandiq va hidlangan xoʻraklarga koʻnikib qolgan, endi qoʻlansa goʻshtlarni tishlayotganda vujudida biron marta jirkanish tuymasdi: aksincha, ba’zi kunlari ana shu yegulikni topish ham amrimahol edi. Ertalab oftob tushmaydigan qandaydir koʻchadan (koʻchalar va xiyobonlarning hech qanday ma’nosi qolmagan edi) oʻtar ekan omborga oʻxshash, temir-tersak qalashib yotgan binoning oldida yashiltob, atrofini qurbaqa yoʻsini bosgan hovuz koʻrib qolgan va bu yerlarda oʻzini hech kim kuzatmayotganiga amin boʻlgach, hovuzdan toʻyib ichib olgandi. U ichib boʻlgandan soʻng suvdan magʻzava va balchiq hidi kelayotganini sezdi, nafasidan ham magʻzava hidi anqiy boshladi. Zoʻriqib qayd qilgisi kelar, lekin buning sira iloji yoʻq edi; Oshqozoni boʻm-boʻsh, qancha oʻgʻimasin ichidan koʻkarib ketgan suvdan boshqa hech narsa tushmasdi- u shundagina peshanasi terlab ketganini angladi. Bu noxush narsadan darak berardi: u shamollab yoki zaharlanib qolgan boʻlishi mumkin edi. Kasal ekanligini xayoliga keltirmaslik va oʻzida umidsizlik his etmaslik uchun tinmay yurar va atrofga hech kim ta’qib etmayaptimikin degan shubhada olazarak boʻlib koʻz tashlardi. Ta’qiblar uni mushukday sergak va chaqqon qilib qoʻygandi. U iloji boricha qorongʻuroq va ovloqroq koʻchalardan yurishga harakat qilar, yuzini koʻrsatmaslik uchun quloqchinini tushirib olgan, uvadasi chiqib, kir-chirga belangan yomgʻirpoʻshining yoqalari koʻtarib qoʻyilgandi.

Garchi dalv oyining oxirlarida kun toʻsatdan qish fasliga xos boʻlmagan tarzda isib joʻnagan boʻlsa-da, unga deyarli hech kim e’tibor bermasdi yoki e’tibor berishsalar ham oʻlgudek ichib olgan boʻlsa kerak, degan xayolga borishardi: kiyimi, isqirti chiqqan yomgʻirpoʻshini aytmasa, ish izlab, daydib yuradigan qora ishchilardan farqi yoʻq edi; u negadir hech kimga yuzini koʻrsatmaslikka yoki birov bilan duch kelmaslikka harakat qilar, agar qarshisidan yoʻlovchi kelayotgan boʻlsa, yuzini e’lonlar taxtasiga burib oʻzini xuddi oʻqiyotganday koʻrsatib turar va yana yoʻlga tushar, oʻzini kimsasiz koʻchalarga yashirardi. Birov bilan tasodifan roʻbaroʻ kelib qolsa, yerga qaragancha tez oʻtib ketishga harakat qilardi: kechalari esa shahar chekkasidagi tashlandiq saroyda yotib qolar va tuni bilan sovuqni yengish uchun yurib chiqardi. U juda ham ustasi farang edi; bir manzilda ha deb oʻralashmas, gʻanimlar diqqatini tortishni istamasdi. Koʻproq kimsasiz xiyobonlarda izgʻib yurar, shaharni besh panjasiday bilardi; biroq keyingi oylarda shahar tez oʻzgarayotgan, kundan kun begonalashib borayotgandi. Darvoqe, rostdan ham shahar unga gʻirt yot va chiroyli qilib qurilgan qatl maydoniga oʻxshab qolgandi. Shahar markazidagi maxluq esa har kecha tinmay oʻkirar va u ajal anqiyotgan tovushdan qochib shahardan uzoqlarga ketib qolgisi kelardi. Shahar begonalashgan sari u ham oʻziga begonalashib borardi: koʻchalarga serda’vat shiorlar va rangli lavhalar ilib tashlangandi. Gʻanimlar aftidan, bu shaharni shiorlar saltanatiga aylantirmoqchiga oʻxshardi – shiorlardagi har bir soʻzda nafrat va gʻazab ufurib turar, u shiorlarni oʻqiyverib, boshi aylanar, oʻzini oʻta ojiz va mahkum his etar, bu soʻzlar uning bagʻrini pora-pora qilib tashlar, shiorlardagi yopishqoq va shilqim soʻzlarga asir tushayotganini anglab qolardi. Shiorlarni esa koʻp jildli kitobday oʻqib tugatib boʻlmasdi: aslida ham shahardagi barcha shiorlarni bir joyga yigʻsa, misli koʻrilmagan ulkan kitob paydo boʻlishi mumkin edi. Hammasi buyruq, dav’at, xitob ohangida jaranglar, hammasidan shahar oʻrtasidagi maxluqning tovush sasi kelib turardi. Bular aslida ham maxluqning tovushsiz oʻkiriklari edi. Har bir koʻchada, har bir uyda maxluqning hayqirigʻi mavjud edi. Bu hayqiriq emas, qilich, maxluq qoʻlidagi istilo qilichi!

Gʻanimlar soʻnggi paytlarda yovuz niyatlarini yashirmay qoʻygan, ularning asl maqsadlari shaharning yangi qiyofasida koʻchalarda boshdan – oyoq qurollanib, majora izlab saf tortib yurishlarida namoyon boʻlar, shahar oʻtmishiga neki daxldor boʻlsa, hammasini yoqishar, vayron qilishar, buzishar, oʻrniga oʻz didlariga va ta’blariga mos qilib qurishar edi. Shahar keyingi ikki-uch oyda kuchuk katagiga oʻxshash avaxtanusxa binolar bilan toʻlgan koʻrimsiz manzilga aylangandi. U boshi ogʻriyvergach, shiorni oʻqimay qoʻydi - ularni oʻqib tugatishiga baribir butun umri ham yetmasligini nihoyat tushungandi, yangi uylarda hamon istilo va gʻalabalari sharafiga tantana davom etardi, ba’zan butun koʻcha mast –alast odamlarga toʻlib ketardi, shunday paytlarda u koʻchaga chiqmay qoʻyar, gʻanimlar mast paytlarida, ayniqsa, koʻproq hushyor boʻlishar hamda quturib ketishardi. Maxluq esa butun shaharni oʻkirigi va har bir uygacha oʻrnashib qolgan oʻzining mavjud va manguligini har lahza yodga solib turadigan badboʻy hidi bilan boshqarardi – aslida ham shaharni undan oldin mana shu mozor va shilta hidi zabt etgandi. Maxluq shaharga bostirib kirganda koʻchalarda hid aqlini ozdirgan bir-birining goʻshtini yeyayotgan quturgan olomonni koʻrgandi.

U xiyobondagi daraxtlar orasidagi oʻtgan yildan qolgan chirik xazonlar uyumiga kirib yotar va toki badaniga zax oʻtib, qaltiroq boshlanmaguncha bepoyon va ozod osmonni, har xil shakllarda koʻk yuzida suzib yurgan bulutlarni, bu bogʻ, bu yilgi qish, osmon haqida shodon chuldirab, emin-erkin uchib yurgan qushlarni, hozir uning ruhiyatiga yana ham yomon ta’sir qiladigan va xunuk koʻrinadigan hamda tinmay xavfli narsalardan darak berarak yoʻlaklarda noxush qagʻillab yuradigan qargʻalarni tomosha qilib, oʻzining bolaligi, bir paytlardagi osoyishta hayoti, doʻstu yorlari haqida oʻylab, xayolga gʻarq boʻlib yotishni xush koʻrar, doimiy ta’qibdan qochib, mana shu xazonlar saltanatiga yashirinar, oyoqlariga orom berar, biroq bir necha daqiqalardan soʻng ta’qib tuygʻusi uni yana ham bezovta qila boshlar, xuddi birov uni kuzatib turgandek yotgan joyidan sakrab turib ketar va tezda xiyobonni tark etar, boshi ogʻgan hilvat koʻchalarda izgʻib yurardi.

Sal oldin soʻl xiyobonda ana shu daraxtlar ostida qoʻlga tushirishlariga sal qolgandi: kimdir oʻziga tikilib turganini sezib oʻrnidan turib ketdi va yoʻlak tarafdan tajovuzkorona qarab turgan gʻanim koʻzlarini koʻrib qoldi. Gʻanim uni butun xiyobon boʻylab ta’qib qilib yurdi; aftidan, u hamon oʻzining koʻzlariga ishonmayotgan, ikkilanayotgandek edi. U xiyobondan chiqishda boshmogʻining bogʻichini bogʻlayotgandek egilib, oyoqlari orasidan iziga qaradi va ta’qib etuvchilar endi ikki kishi boʻlganini koʻrdi. Qubbasi panjara qilib qurilgan eshikdan burildi-yu, yaqindagi metro bekatiga yugurdi. U bekatda odamlar orasida yuzini yoqalari ichiga olib, yon atrofni olazarak boʻlib kuzatdi – ta’qib etuvchilar shundoq yonginasida turardi. U bir pas kutib turib, eshigi yopilayotgan vagonga oʻzini urdi va ta’qib etuvchilar ham yugurganini, lekin eshik ulardan oldinroq yopilganini koʻrdi. Keyingi bekatda u metroning nariga boshiga qarab ketayotgan vagonga chiqib oldi va to oxirgi bekatgacha vagondan tushmadi u metrodan chiqqanda quyosh botayozib qolgan, yerda soyalar choʻzilib yotardi. U katta, gavjum koʻchadan chiqib qolgan, qarshisida gʻayritabiiy manzara namoyon boʻlgandi: bir toʻda gʻanimlar koʻchani toʻldirib, harbiychasiga yurib borardilar: qandaydir tantanali musiqa yangrardi, gʻanimlar shodon qiyqirishar, har dam har damda chapak chalib qoʻyishardi. «Bunchalik koʻp bular», - deb oʻyladi u daf’atan maydonni toʻldirgan maxluqbashara olomonni koʻzdan kechirar ekan. Shunday deb oʻylashi bilan yuragi sanchilib ogʻridi va uni nogohan dahshat qamrab oldi. U shundagina butun shahar gʻanimlar bilan toʻlib toshganini va bular orasida oʻzi yolgʻiz ekanini his etdi – ham qoʻrquv, ham ochlik birdan miyasiga tepdi. Va butun dunyosi qorongʻulashib ketdi: koʻzi tushgan birinchi oʻtirgʻichga zoʻrgʻa yetib oldi-yu, bir yelkasi bilan unga deyarli agʻanab tushdi. U boshi aylanib, hushini yoʻqotayozgan edi. Hozir uning yuziga qaragan odam qoʻrqib ketardi – yuzi qizarib, lablari qaltiray boshlagan edi. Gʻanimlarni yaqindan koʻrganda u hamisha oʻzini tutolmay, iztirobdan behushlik darajasiga yetardi. U koʻzlarini yumib oldi. Shu holatda bir necha soniya elikib yotdi. Uning xayoliga qandaydir choh koʻrinib ketdi – yoʻq, bu choh nimaningdir oqibatidan paydo boʻlgani yoʻq, shunchaki oʻz-oʻzidan, hozirgi kechinmalariga aloqasi boʻlmagan holda paydo boʻldi. Bu choh ulkan, tikilib qarasang tub-tubida choʻgʻ alangalanib yotganini koʻrish mumkin edi. Balkim umidsizlik tufayli shunday xayolga borgandir?! Har qalay, hushi joyida emas, koʻziga yana allambalolarning vahmli va ulkan shakl-shamoyili koʻrindi; bu goh choʻchqa bolasiday keladigan chayonning soyasiga, goh egasining suyagini kemirib yotgan itning och koʻzlariga oʻxshardi. Isitmasi koʻtarilib, alahsirash darajasiga kelgandi.

U kimdir oʻzini chaqirgach va yelkasiga turtgach, koʻzini ochib, bir muddat hech narsaga tushunmay baqrayib qarab turdi – xuddi maymunning orqasiday avval qizgʻish basharaga koʻzi tushdi, soʻng bashara yoshgina ayolning biroz soʻlgʻin chehrasiga aylandi – uning oldida yoshgina gʻanim ayol turardi. Juvon unga nimadir deb gapirardi. U oʻzining kimligini birdan esiga tushib, sakrab turib qorongʻulik choʻka boshlagan binolar tomon yurib ketdi. Juvon nimalardir deb qichqirdi, lekin u qandaydir ulkan bino oldiga kelib chapga burildi-da, yer osti yoʻlidan oʻtib, har ehtimolga qarshi atrofga yaxshilab qarab olgach, oʻng tomondagi sersoya koʻchaga burildi. Xilvat unga biroz orom berdi: shunda u boyagi juvonni va «Sizga nima boʻldi?! Yordam kerak emasmi?!» degan soʻzlarini esladi-yu, yuragi shuv etib ketdi. Yaxshiyam ayol uning yuzini koʻzlarini tuzukroq koʻrishga ulgurolmadi, yoʻqsa, qanday qiyomat boʻlishini oʻzicha tasavvur qildi. Maydondagi gʻanimlarning hammasi unga tashlanishar, balkim burda-burda qilib tashlashardi. U hamisha oʻzini tanib qolsa nima boʻlishini tasavvur qilar ekan, yuragi urishdan toʻxtaganday quloqlari bitib qolardi. Dahshat! Soʻrab-surishtirib oʻtirishmaydi. Shafqat ularning xayoliga ham kelmaydi. U oʻz hayotini, vahima vasvasa bilan oʻtayotgan kunlarini oʻylab xoʻrligi keldi. «Qanday baxtli edim, tinchgina yashab yuruvdim, birovlarga yomonlik ham qilmagan edim. Qoʻlim ochiq edi. Doʻstlarim koʻp edi. Qani ular?!» U bu savollarga anchadan beri javob topolmasdi. Umuman, bu savolning javobi bormikan?! Uning shuuri, ongi ta’qibga, qoʻrquv va vahimaga moslashib borar, hatto oyoqlari ham chaqqonroq boʻlib koʻzlari oʻtkirlashgan, quloqlari har bir sharpani tutib yuradigan boʻlib qolgan edi – u kundan-kun oʻzining hayoti doimo xavf ostida boʻlgan qandaydir ojiz maxluqqa aylanib borayotganini his etardi. Soʻlagida ham keyingi paytlardi achimsiq hid paydo boʻlgan, tovonlari tuyoqday qotib ketgan, tili esa choʻzilib borardi. Ta’qib uni gung va ojiz maxluqqa aylantirib qoʻygandi. Faqat kunduzi emas, tunlari ham uni vahima tark etmas, nazarida hozir ushlab olib ketishadiganday, soʻng soʻrab-surishtirib oʻtirmay tilka-pora qilib tashlashadiganday tuyulaverardi. U butun boshli tarix xarobasiga oʻxshash shaharda daydib yurar ekan, jussasi kichrayib, terisini jun qoplab boryotganini sezardi: jun avval qoʻltigʻi tagidan oʻsib chiqdi, soʻng koʻkrak va boʻynini gurra qoplab oldi.

Kech tushib salqin boʻlib qoldi. Osmon ayoz, yulduzlar she’r satrlari kabi tizgin va soʻlgʻin miltillar, kecha dilbar edi. Havodan tez kunda har bir daraxtga tugʻ ilajak koʻklam hidi ufurardi. Zulmat uni biroz xotirjam qilgan, biron yerga oʻtirib biroz dam olib, soʻng saroyga joʻnasa ham boʻlardi. Biroq birdan shundoq yaqinda gʻoʻngʻillayotgan tovush eshitildi, - bir necha kishi bu tarafga kelayotgan edi, chamasi orqada chiroq bor edi, yoʻlkaning chetiga oʻtirgʻich oʻrnatilgan, birdan-bir bekinishga qulay joy oʻsha yer edi. U birpas taraddudlanib turib, oʻzini oʻtirgʻichning tagiga oldi – uning boshqa iloji qolmagan, gaplashib kelayotganlarning qorasi koʻringan edi. Oʻtirgʻich osti keng, qulay edi. U chalqancha tushib yotib ola qoldi. Shunday qilsa ham oʻzi dam olar, ham xavfsizligini ta’minlar edi. Ammo gaplashib kelayotganlar oʻtirgʻich toʻgʻrisiga kelib, bir zum toʻxtashdi-da, oʻtirgʻichni koʻrib shu tarafga yoʻl olishdi. Ularning suhbati oʻtirgʻichda ham davom etdi. U yassi poshnalarnigina koʻrib turardi – endi juda ham mushkul vaziyat paydo boʻlgandi: suhbatdoshlar ketmay turib, oʻtirgʻichning tagidan chiqib boʻlmasdi. U qoʻlini boshi ostiga qoʻyib, qattiqroq nafas olishga ham qoʻrqib, harakatsiz qotib yotdi.

Bu yerda hech qanday kuch-qudratning yoki yovuz boʻlishning ham keragi yoʻq,- derdi oʻtirganlardan bittasi; u oʻtirgʻichning soʻl tomonida oʻtirgandi. Ular taglarida kim yotganlaridan bexabar bemalol suhbatga berilgandilar. – Men shaxsan qirgʻinlarga qarshiman. Bugungi madaniy dunyo insonparvar tuzumni yoqtiradi. Insonparvarlik – barcha gʻoyalarning shu jumladan bizning ham tayanchimizdir. Boshqarishni takomillashtirish kerak, xolos. Nazorat qanchalik kuchli boʻlsa hokimiyat shunchalik kuchli boʻladi. Jamiyatning har bir a’zosiga nazorat tuygʻusini singdirish kerak. Nazorat tuygʻusi fuqaro koʻnglidagi hokimiyatning qiyofasidir. Nazoratga barcha fuqaro jalb etilishi, fuqaroning oʻzi hokimiyatni boshqarishi kerak. Men tavsiya qilgan loyihamda xuddi mana shu fuqarolar hokimiyati joriy etish maslasi koʻrilgan. Xususan, fuqaro oʻzini hokimiyatning odami deb hisoblashi va kimnidir nazorat qilishi kerak. Bir fuqaro ikkinchi fuqaroni, ikkinsi fuqaro uchinchini, uchinchisi toʻrtinchini va soʻnggi fuqaro esa birinchi fuqaroni nazorat qiladi. Buni doira shaklidagi idora usuli deyish ham mumkin. Bu usulda hamma bir-biriga mas’ul va bir-biriga nazoratchi boʻladi. Boshqacha aytganda bir fuqaroga boshqa bir fuqaro dushman, hokimiyat uchun xavflidir, bu tuygʻu nazorat mas’uliyatini oshirish uchun kerak. Xullas, birinchi fuqaro ikkinchi fuqaroni ta’qib qiladi – ya’ni nazorat qiladi ikkinchisi uchinchini ta’qib etishi hokimiyat xavfli boʻlgan fitna va qoʻporuvchilikning oldini olishi zarur. Agar hokimiyat barcha fuqarolarni mana shu boshqarish usuliga jalb etolsa u juda kuchli hokimiyat boʻladi. Chunki hokimiyatni bir-birini nazorat qiluvchi ommaning oʻzi boshqaradi. Ishonchsizlik bor joyda boshqaruv kuchli boʻladi. Bir fuqaro boshqa fuqaroga ishonmaydi, aksincha, hokimiyat xavfsizligi uchun uni ta’qib qiladi. Mening loyihamda hatto ota bolasini ham yoki bola otani ta’qib etish huquqi beriladi. Ta’qib bor joyda boshqa hamma jamiyatda uchraydigan fitna, gʻalayon qonunbuzishlar va boshqa jinoyatlar sodir boʻlmaydi, ta’qib etish hokimiyat pokligi uchun kurashdir. Mening loyihamda ta’qib idora usuli juda mukammal ishlab chiqilgan: hokimiyatni qaysidir kuch emas, ta’qib boshqaradi. Ta’qib ulugʻ va gʻoyat samarador mashinadir. Ana shu mashinani oʻziga tayanch qilib olgan hokimiyat hech qachon tanazzulga yuz tutmaydi. Ta’qib bor joyda oliy tartib-intizom qaror topadi. Faqat odamlarga ta’qib etish ilmini oʻrgatish kerak. Tasavvur qiling: bir oʻquvchi boshqa bir oʻquvchini, u oʻquvchi esa uchinchini nazorat qila boshlaydi; hokimiyatchilikning ilk kurtaklari shu yerda shakllanadi. Biz oʻz fuqarolarimizni bolaligidayoq hokimiyatni boshqarishga tortgan va ularning miyasini har xil buzuq gʻoyalardan tozalagan boʻlardik. Qaysi hukumat uzoq yashashni istasa, ta’qib usulini gʻoyat mukammallashtirmogʻi zarur.
– Men ham ularga bir necha marta aytdim, - dedi oʻng tomondagisi xirilloq ovozda – Biznikilar zamondan orqada qolishayapti deb. Menimcha, sizning loyihangiz hayotiy va ilmiy asosga qurilgan. Sizga ovoz berishlariga shubha qilmayman.
– Qonun – itning dumiga oʻxshagan narsa, - dedi birinchisi maqtov oʻziga yoqqanini yashirmay. – It dumiga qarab qancha intilsa, dum itdan shunchalik uzoqlashadi. Zamonaviy tuzumning qonunlari ana shunday boʻlishi kerak. Hamma narsasi oydin boʻlgan qonun hukumatning boshini yeydi. Qonun ham tushunarli, ham tushunarsiz boʻlsin. Qonunning ta’siri uning tushuniqsizligidadir. Sizga, jigarim, maslahatim shu, qonunni hech qachon tushunarli qilib yozmang. Dunyo oʻzining sirliligi bilan maroqli; mushtingizni koʻrsatingu ichida nima borligini hech qachon bildirmang.

Bular gʻanimlarning qonunshunoslari edi, chogʻi, tillarida qonun kabi salobatli va mavhum atamalar koʻp edi. Ular turli islohatlar, mafkuraviy rejalar, loyihalar haqida uzoq suhbat qurdilar, bora-bora qonunshunoslarning bahsi unga mutlaqo tushuniqsiz tusga kirdi. Kunduzgi ta’qiblar va ochlik uning sillasini quritgan edi, koʻzi ilinib beozorgina uyquga ketdi.

O, tush kemasi, sen qaylarga suzib bormaysan, sening yelkanlaring qaysi yurtlarda hilpiramaydi, langaringni qaysi mamlakatlarga tashlamaysan?! Senga hamdu-sano oʻqishning hojati yoʻq. Sen shusiz ham qudratli va ulugʻsan. Tilsimli koʻzgu yangligʻ goh-goh umrimning men taygʻonib ketgan qirlarini koʻz oldimga xuddi kecha sodir boʻlganday bot-bot boshlab kelaverasan, meni bolalikning buloqlariga choʻmiltiraverasan. Bu dunyo shafqat qilmagan bandaga nega sen muruvvat qilmaysan, ey, ulugʻ tush! Menga eslatish va koʻnglimda toʻnib qolgan boʻronlarni qoʻzgʻatish senga shartmidi? Senga zururmidi meni ul vahm orollariga boshlab borish, meni uyquda ham ta’qib etish ey, ulugʻ tush!

U sovuq qotib alahsiradi. Tushiga qatl etilayotgan maydon kirgandi. Gʻanimlar bobosi va otasini tutib olgan va endi ularni namoyishkorona qatl etish uchun yigʻilishgandi. Bu hali qalligʻini qatl etmasdan koʻp yillar burun sodir boʻlgan edi. Gʻanimlar qatldan oldin yosh bolalarni maydonga yigʻishgan va oʻzlariga gʻanim boʻlganlarni ne kunlarga sola olishi mumkinligini bolalarga ham koʻrsatib qoʻymoqchi edi. Ular qatl etilayotgan odamlardan emas, maydonda qator tizilishib, hayrat va qoʻrquvda turgan bolalardan qoʻrqishar va bu xil «tarbiyaviy soatlar»ni tez-tez oʻtkazib turishardi. Maxsus yogʻoch toʻshakka yotqizilgan bobosi va otasining avval bosh chanogʻini kesib oldilar: bobosi va otasi irodali edi, kesishayotganda biror marta miq etishmadi. Faqat bobosi har kuni ertalab bozorga ketishdan oldin qiladigandek maydonda yum-yum yigʻlab turgan unga qarab koʻzini qisib qoʻydi. Otasi qayrilib ham qaramadi; u aftidan oʻgʻliga qarab, irodasizlik qilib qoʻyishdan qoʻrqardi. Bosh chanoqlarni olishgach ikkalasining ham archa bujuriga oʻxshash kulrang-oqish miyalari ochilib qoldi. Gʻanimlar qaydandir (avval tayyorlab qoʻyishgan, chogʻi) ikkita ilon topib kelishdi. Ilonlar tinmay dumini likillatar va tilini chiqarib vishillardi. Jarroh gʻanim ilonlarni bosh chanoqqa solib, uni qaytadan joyiga tikib qoʻydi: u ishiga juda usta edi, hammasini koʻz ochib yumguncha bajardi. Avval otasi chinqirib yubordi. Uning qoʻl-oyogʻini yechib qoʻyishdi. U boshini ushlagancha, baqirar, silkir, boshiga mushtlar va maydonda uyoqdan-bu yoqqa dumalardi. Saldan soʻng bobosi ham qoʻshildi. Ilonlar miyaning titigʻini chiqarishayotgan va duch kelgan joyga zahrini sochishayotgan edi, chamasi. Gʻanimlar ularning dumalashlarini koʻrib, hiringlab kulishar va bu manzara bolalarga qanday ta’sir koʻrsatayotganini bilish uchun ularga zimdan koʻz tashlab qoʻyishardi. Qandaydir bola ogʻzini katta ochib baqirib yubordi – uning chinqirigʻida telbavor ohang bor edi. Tezda ogʻzidan koʻpik kelib, u yiqilib qoldi va yerda bulkillay boshladi. Gʻanimlar bolaga parvo ham qilmadi. Faqat qandaydir barvasta gʻanim uning yelkasidan bosib turar, u shu turishda odamdan ham koʻra oʻljasini changallab turgan yovvoyi maxluqqa oʻxshardi. Bobosi yotgan yerida irgʻib turdi – uning yuzi koʻm-koʻk edi. Koʻzlari ogʻriqdan kattalashgan, ifodasiz tusga kirgandi. U boshida miyasini kemirayotgan (boshchanoqqa nima solishayotganini oʻzlariga koʻrsatishmagandi) ochafotni bir urishda yoʻq qilmoqchidek, yugurib borib, boshini nariroqda turgan bosh devorga urdi – boshining qatigʻi chiqib ketdi – oʻzi ham bir-ikki qimilladi-yu, soʻng jimib qoldi. Jarroh gʻanim uni agʻdarib koʻrib oʻlganiga ishonch hosil qilgach soʻkindi. U qatlni boshqarayotgan gʻanimga «Ilonni oʻldirib qoʻyibdi, ablah» dedi. Otasi maydon oʻrtasida choʻzilib yotar uning boshi doʻmbiraday shishib ketgandi. Jarroh uni bir-ikki tepib koʻrgach, ikki gʻanim yordamida yana yogʻoch toʻshakka olib keldi. Bosh chanoqni kesib ilonni chiqarib oldi. Ilon miya yogʻiga belangan, quyoshda tanasi yiltillab tirikligini koʻrgan gʻanimlar guvrab yubordi. Jarroh ilonni oʻpib qoʻydi va uni maxsus qutichaga solib, qaygadir olib ketishdi. Jasadlarni esa aravaga ortishdi va aravani shaharning janub tomoniga yetaklab ketishdi.

Oʻshanda unga yuragi kichrayib qolgandek tuyulgandi, goʻyo ilon uning yuragining yarmini yeb qoʻygandek edi. U yuragi sanchilib ogʻriganda, ular koʻkragimga ilon solib qoʻyishganmikin deb choʻchib tushardi. Oʻsha kuni uning sochi bitta qolmay oqarib ketgandi...

U tagidan zax oʻtib, sovuq qotgach, uygʻondi va bir soniya oʻzining qaerda yotganini anglolmay turdi; soʻng, aloha, atrofga quloq tutdi – hech kim yoʻqligiga ishongach, oʻtirgʻich tagidan chiqdi va koʻchaning xilvat tomoni bilan shaharning sharqiy qismiga yayov yoʻl oldi – tashlandiq saroy oʻsha yoqda edi.

* * *

U shahar zabt etilgach, qabristonda yashirinb yurdi. Qabrlar orasida oʻziga xiyla keng lahm qazib olgan, u yer issiq va bexavotir edi. Tunlari tanasini ayoz va izgʻirindan asrash uchun ustiga tuproq tortib uxlar, uzun va tubsiz xayollarga choʻmardi. Bu xayol surishlar uning baxtli lahzasiga aylanib qolgandi. Biroq qaysidir kechasi itlarning qattiq hurishidan uygʻonib ketdi. Nazarida butun dunyoni it bosganday edi; hurish chor tarafdan kelar, ba’zida tantanavor baqiriq-chaqiriqlar eshitilardi. U gʻanimlar yana nimanidir boshlaganini angladi va lahmdan sekin bosh koʻtarib qaradi – Oy sutday yorugʻ edi va qabriston ustiga tirqirab toʻkilardi. Gʻanimlar bir toʻda it ergashtirib olishgan va qabrlarni ochib, u yerdagi suyaklarni itlar oldiga tashlashar, naq eshakday keladigan hiroday itlar suyaklarni qasirlatib chaynashar: atrofga birrov koʻz yugurtirib, irillab qoʻyishar, tumshuqlari bilan ochiq qabrlarni titishar va hadeb dumini likillatishardi. U koʻrgan manzaradan dahshatga tushdi, nazarida suyaklar emas, arvohlar faryod qilayotgandek edi. Gʻanimlar qabristonni boshdan-oyoq agʻdar-toʻntar qilib chiqishdi – shunda u tinchgina, xotirjam oʻlib ham boʻlmasligini tushunib yetdi: oʻlim ham uni xoʻrligu haqorat, tajovuzu ta’qibdan xalos qilolmasdi, uning suyaklari ham ta’qib etilishiga mahkum edi. Shundan keyin u boshpana izlab shahardan bosh olib ketdi va mana shu tashlandiq saroyni makon tutgandi – u shaharga biron yegulik izlab borar, qolgan paytlari saroyda choʻzilib yotardi. Saroy xuddi boshiga shuncha balolar solgan dunyo yoki bosib oʻtgan umri kabi sassiq, qoʻlansa, zax va qorongʻu edi. Aslida ham saroy va dunyo aynan bir narsa boʻlsa, ne tong!

U saroyga tuynuk orqali kirdi – bu har doimgi ehtiyot chorasi edi: garchi saroy gʻanimlarning e’tiboriga tushmaydigan joyda boʻlsa ham u oʻz odatini kanda qilmasdi. Saroyning ichi zax, ustiga ustak xaltalarda qandaydir kuyimtik dorilar sochilib yotar, oʻtkir hidi dimoqni oʻtday koʻydirardi. Agar boshqa boʻlganda bu saroyda yashagandan koʻra gʻanimning qoʻlida qiyma-qiyma boʻlishni afzal koʻrgan boʻlardi. Lekin uning tabiatidagi oʻjar bir fe’l-atvor qon-qoniga singib ketgan, ochdan yoki mana shu dorining hididan boʻgʻilib oʻlish mumkin edi-yu, lekin hech qachon oʻz ixtiyori bilan gʻanim qoʻliga tushishni istamasdi, ta’qiblar borgan sari kuchayar, unga ajablanib, shubhalanib qaraydiganlar soni kundan-kun oshib bormoqda edi.

Bu saroy - ta’qiblardan holi boʻlgan joy – unga biroz mizgʻib olish uchun qoʻnalgʻa edi. Saroy uning qanchadan qancha kechinmalariga, sirlariga va tushlariga sherik boʻlmadi?! Agar uning koʻrgan tushlarini bir boshidan izohlab berilsa, dunyoning yaralishidan to uning yoʻq boʻlib ketishigacha boʻlgan oʻtmish, hozir va kelajakni aks ettirgan bir butun yaxlit bir asarga aylangan boʻlardi. Tushlarida u nimalarni koʻrmasdi?! U tushi orqali Momohavo kulbasigacha kezib borgan va bir necha marta falak qabulida ham boʻlgandi. Tushning koʻz ilgʻamas arqonlariga osilib, ul oliy dargohga bosh urib borar, yuragida paydo boʻlgan vahima-yu hasratlarni toʻkib solar, umidsizlik va tushkunlik nimtalab tashlagan pora-pora tanasini silkitib, qish oqshomi kabi kunma-kun qorayib, ifodasiz, boʻlib borayotgan koʻzlaridan alam va qaygʻu yoshlarini oqizib, u siymo oldida qon-qon yigʻlar, ta’qib qilinaverib, toshday qotib qolgan yuragi negadir bu dargohda toʻlqin yemirgan qoya yangligʻ oʻz-oʻzidan uqalanar, hayotida yuz bergan son-sonoqsiz falokatlar, kulfatlar, yoʻqotishlar, alamzadaliklar, qasos tuygʻusi asabiy ingrashlar, ruhiy ezilishlar, oʻlim vahimasi, yolgʻizligida chekkan azobu uqubatlar tufayli yamalaverib, quroqqa aylangan choklari soʻkilar va u yerdan Xaloskor oyogʻi ostiga cheksiz hasratlar toʻkilib tushar,» Meni u dunyoda yolgʻiz qoldirar ekansan, nega yaratding? «deb yolvorar, iltijo qilar, u xilqatdan biron sado boʻlmagach, boʻyniga tushgan sovuq koʻz yoshidan choʻchib uygʻonib ketar va oʻzini yana oʻsha badboʻy va isqirt saroyda koʻrardiyu U oʻzini aldash va ovutish uchun uzoqlarga yoʻl olgan va olis-olislarda koʻz ilgʻar-ilgʻamas nuqta boʻlib koʻrinayotgan alvon yelkanli kemadek endi oʻzidan asta-sekin yoʻqlik qa’ri tomon suzib borayotgan saodatli damlardan qolgan elas-elas xotiralarni ongining sahnasiga tortib chiqar va bu tashlandiq kemada bolaligining ovloq va xushvaqt qirgʻoqlarigacha suzib borar, soʻng oʻsmirlik, yigitlik va muhabbat koʻrfazlari boʻylab, yana oʻzi turgan yolgʻizlikning xaroba bandorgohiga qaytardi: bular uning yuragi toʻriga koʻmib qoʻygan eng sevimli xotiralari edi; qiladigan ishi boʻlmaganidan ayanchli shaharda oʻzining kuni bitib borayotganini, koʻksidagi sham ta’qib, vahima, ochlik, tushkunlik, bayroqlari ostida sekin-sekin soʻnayotganini anglagani sayin idrokining qorongʻulik qoplagan burchaklarini qaza-qaza bu xotirani topib olar va xazina topgan dehqonday bu xush saodat lahzalar oldida bir zum garangsib turib qolardi; gohida u badboʻy hid anqigan xonada butunlay aqldan ozar, hid uni kun uzogʻi ta’qib etib yurar, boshda osilib turgan qilich kabi vahm va jazava solardi. U oʻzini ta’qib etayotgan hidmi yoki koʻzlari chaqchaygan odamlarmi, bilolmay qolardi. Maxluq qanchalik qoʻrqinchli boʻlsa, hid ham shunchalik badboʻy edi. Hid uni quturtirib yuborar, vujudida yovvoyi bir yovvoyi gʻalayon bosh koʻtarar va u minglab yillar oʻziga qarab uvillayotgan ajdodlarining chorlovini eshitganday boʻlar, oʻzi ham bor tovushi bilan xaroba saroyni qomatga keltirib, boʻriday uvlay boshlar, bu uvlashda yolgʻiz hayotidan zorlanish ham, gʻanimlarga cheksiz nafrat ham aks etar, goʻyo bu sado ming yillar narida turgan, hali koʻrinishlari hayvondan kam farq qiladigan, koʻzlari ochkoʻzlik va gʻazabdan titrab, toqatsizlik bilan oʻljasini poylayotgan, koʻzlarida yashash uchun kurashning eng mudhish qonuniyatlari aks etgan, hamda ming yillardan keyin oʻzi toʻgʻrisida uydirmachi tarixchilarning choʻpchaklari orqaligina biladigan, osmon oʻpar imorat tepasidan qarab turgandek, oʻziga asrlar osha loqayd va masxaromuz tikilib turgan avlodlarigacha borib yetganday, qonida ajdodlar ruhi alanga olar va u tinmay uvlay boshlar, goʻyo oʻzi bilan butun ajdodlari ham qoʻshilib nola qilayotganday boʻlardi; ular oʻz naslining tugab ado boʻlayotganidan nola va faryod qilardi. U esa ojiz va mahkumi ekanligidan nola qilardi; biroq birinchi uvlash bilan soʻnggi uvlash bir-biridan farq qilardi; birinchisida baxtiyorlik va sha’n mujassam edi, ikkinchisida hasrat va sogʻinch yotardi. Bu uvlash uning kundalik vahimalardan kichrayib borayotgan tanasiga huzur bagʻishlar, koʻz oldidagi mavhumlik va ta’qib pardalari surila-surila behisht koʻlidagi qil koʻprikdek uni qaygadir boshlab boradigan, gʻaltakka uquvsizlarsa oʻrab tashlangan ipdek, chuvalatma, aylanma, xuddi ajdodlari uvlayotgan oʻrmondan keyin ota-bobolari bosib oʻtgan yoʻldek chigal soʻqmoq paydo boʻlar, birdan qoniga oʻrmon havosi tepib yoʻlga tushgisi, yiqilib, sudralib boʻlsa ham koʻnglining bir chetida ochilgan bu yoʻldan oʻsha olis manzillar tomon yugurib ketgisi kelar, zero bu yoʻl unchalik noma’lum yoʻl ham emas, u uvlagan sayin tobora yaqinlashib borayotgan, bobolari tashlab chiqib kelgan oʻsha olis oʻrmon ketidagi yoʻl edi. U qanchalik uvlasa bobolari oʻrmonni tashlab chiqqandan soʻng bosib oʻtgan zamonlar va asrlar mobaynida bir ulugʻ va yemirilmas qoʻrgʻon kabi tiklagan , sayqal bergan aql va shuurdan qiyofa va vujuddan shunchalik uzoqlashib borardi-aslida odam qiyofasini yechib tashlayotgan odamzot yaratgan va tartib solgan dunyodan na zakovat, na aql bovar qilmas qaylargadir qochib borayotgan ojiz va mahkum jonivorga oʻxshardi.

Birinchi boʻlishdan koʻra soʻnggi boʻlish naqadar ogʻir. Sen ota-bobolaring yozib kelgan, zamonlar changalida beshafqat va quturgan sellar hayot qoyasidan ulkan-ulkan xalqalarni ham surib ketgan, vaqti-vaqti bilan yogʻib turadigan tarix yomgʻirlari ham oʻchira olmagan, qissaga soʻnggi nuqta boʻlishingni eslashning oʻziyoq dahshat? Nechogʻli alamnok boʻlmasin, sen oʻz ajdodlaring yaratgan dostonning soʻnggi varaqlarisan-sendan keyin bu jumla davom etmaydi, tabiat sening ajdodlaringga bergan hayot sha’mi mana shu jumla bilan birga mangu oʻchadi!

Ta’qiblar va uvlashlar uning a’zolprini ham asta-sekin oʻzgartira boshlagan edi- uning qoʻli va oyoqlarida bilinar-bilinmas panjasimon tuyoqlar oʻsib chiqayotgan, tovushi tiliga boʻysunmasdi, o darigʻ uning uvlashga moyil boʻgʻzidan ma’rashga oʻxshash tovush otilib chiqayotganini anglagan paytda naq telba boʻlib qolayotgan edi. U uch kecha oʻzining shubhasini yoʻqqa chiqarish uchun tinmay «uvladi«. Shubhaga hojat yoʻq edi, uning boʻgʻzidan qudratli va shijoatkor uvlash emas, ojiz va zaif ma’rash otilib chiqayotgan edi. Uning tovushida ham ta’qib asorati sezilib turardi. Shundan soʻng u uvlashni bas qildi. Endi ta’qiblardan eson-omon qutilib kelgan kunlari nuqul xayol surib yotar va tushida ham xayoliy manzaralarni koʻrardi. Uning xayollari ham ayanchli edi; unga gohida birdan yer yorilib oʻzini qa’riga tortib ketadigan, gohida qandaydir odamnusxa maxluq uni bir yamlab yutib yoki uni yutish uchun quvlab kelayotgandek boʻlardi. U mana shu dahshatlar ichra yolgʻiz qolgani, oʻlim koʻziga koʻringani sayin hayot va yashashning qadrini anglagandek boʻlardi. Ilgari oʻziga zerikarli, shavqsiz boʻlib tuyulgan lahzalar unga endi lazzat bagʻishlar va uni endi hech qursa, bir marta xotirjam va osoyishta hayotning qoʻynida bola onaning quchogʻida agʻnagandek agʻnab yotsam, mazmunsiz, siyqa boʻlsa ham eng zerikarli kitoblar oʻqisam, koʻchalarni hech kimning ta’qibisiz xuddi oʻzimni u yerning xoʻjayiniday sezib oyoqlarimdan mador ketguncha kezsam, xunuk va baxtsiz qizlarga muhabbat izhor qilsam derdi. Bir paytlari unga bachkana tuyulgan kechinmalar endi uni oʻziga chorlardi, u oʻz vaqtida qadriga yetmagan narsalar endi unga qadrdon va qalbiga allanechuk yaqin edi.

O, qanchalar goʻzal edi hayot!

O, qanchalar shukuhli edi bu hayot! Uni shahar oʻrtasida sasib yotgan maxluqning tanasi kabi dagʻallashtirish va vahimalarga burkash kimga zarur boʻlib qoldi?! Nahot falak shuni istasa?! O, sen qaydasan? Meni nega tashlab ketding? Oʻsha daryoda nega choʻmila qolding? Undan koʻra mening koʻz yoshlarimga choʻmilsang boʻlmasmidi? Mening koʻzlarimga choʻmilsang boʻlmasmidi? Maydon uzra sazoyi qilib olib oʻtishar ekan, men butalar orasidan seni kuzatib turardim; butun shahar sening olovday badaningdan chaqnagan alanga ichida qolgan edi - bu alanga hammadan ham koʻproq meni kuydirar edi. Sening alangang bu shaharni kuydirib kul qildi, endi xaroba bu shahar, mening koʻz yoshlarimga gʻarq boʻlgan bu shahar.

Oʻ, kipriklaring mening yuragim chokini yamasang boʻlmasmidi? Yulduzlarni boʻyningga munchoq qilib bermasmidim?! Sening ikki kokling mening ikki yoʻlbarsim edi, yoʻq, yoʻq, ikki sherim edi!

O, bu sherlar mening qoʻynimda na’ra tortsalar netardi?! U dunyoning turfa gullari sening yonogʻingdan gurillab ochilardi. Axir sening manziling mening quchogʻim edi-ku?! Sening taxting mening yuragim edi-ku?! Sensiz qolgan taxtga kimlar oʻtirmoqchi? Sensiz qolgan bu saltanatni kimlar boshqarmoqchi? Qani sening kipriklaring- mening –xanjarlarim? Qani sening koʻkraklaring –mening qal’alarim? Qani sening xayollaring-mening toʻshagim! Qani sening qoboqlaring - mening kafanim! Qani sening orzularing - mening tulporim! Qani sening hayratlaring - mening boʻstonim! Qani sening gʻazablaring-mening kamarim! Qani sening nigohlaring-mening bojxonam! Qani sening tabassuming-mening boshpanam! Koʻzlaringni mozor etib, meni koʻmsang netardi! Bu shahar shahar emas, bu dunyo dunyo emas, sening kovushingning izlari, izingning gʻuborlari bu shu’la, bu quyosh quyosh emas, sening qalbingning toʻzonlari...

...U qaltirayotgan a’zoyi badanini sal isitish uchun saroy ichini changitib, tez-tez u yoqdan bu yoqqa yurib turar, saroyni gʻuborlashgan dori hidi qoplagan edi. Sal isigach, qogʻozlarni tagiga toʻshadi-da, ertaga holdan toyib qolmaslik uchun mizgʻib olmoqchi boʻldi: boshi ham tars yorilib ketay deb ogʻrirdi. U koʻzlarini yumishi bilan uxlab qoldi; biroq ora-chora koʻzini ochib, eshik va tuynuk tomonga qarab qoʻyar, hech qanday xavf yoʻqligiga ishongachgina yana uyquga ketardi. U alogʻ-chalogʻ tush koʻrardi; tushida onasining etagiga yuzini yashirib nimadandir noxaq xoʻrlangandek yigʻlab yotgan emish. Onasi nimadir deb ovutarmish, u esa battar yigʻlarmish. Keyin tushi mutlaqo boshqa manzaraga aylanib ketdi.

U seskanib uygʻonib ketdi, oʻziga kelolmay, garangsib turdi

«Qaerdaman?» degan savol miyasiga qalqib chiqdi va tuman tarqaganday ongi biroz yorishgach, olti oy oldingi manzara qanday yuz bergan boʻlsa shunday tushiga kirganini angladi-yu, vujudi larzaga keldi.

Doʻstini gʻanimlar choʻmilayotgan joyida-badanidan tanib qolib ushlab olishgan ekan. Shundan keyin u nuqul oʻlim haqida oʻylaydigan boʻlib qoldi; hech narsaga ishonmay va umid qilmay qoʻygandi. Doʻsti oʻzi bilan bu dunyodan uning butun oromini va umidini olib ketgandi. Doʻstining jasadi shahar oʻrtasida uch kun osilib turdi- uning bugʻdoyrang tanasi zanglagan qilichga oʻxshardi, hatto jasad ham gʻanimlarning koʻngliga tahlika soldi shekilli, jasadni tezda shahar tashqarisidagi jarga apil-tapil koʻmib kelishdi-koʻmgan joyidan doʻstiniing mushti monand butalar oʻsib chiqqach, gʻanimlar qabristonni toshqum bilan suvab tashlashdi- u yovuz kuchlar va tahlikalar orasida yolgʻiz qoldi.

Tashqarida gʻira-shira tong oʻrmalab yurardi. U saroydan chiqdi va oyogʻi tortgan tomonga qarab joʻnadi. Shahar endigina uygʻona boshlagan edi- tramvaylar taraqlab oʻtib qolar, avtolar yoʻlni asta-sekin ishgʻol qilishayotgan edi. U yana har kungi odati boʻyicha qandaydir koʻchalarni sarosar kezib chiqdi-qaerlarga borgani oʻzining ham esida yoʻq edi. Aylanib-aylanib shaharning sharq tomonidagi anhorning boʻyidan chiqib qoldi-anhor juda ham sayoz, iflos, har xil chiqindilar tashlanganidan oʻzan yuzakilanib balchiq boʻlib qolgan, qopqora suv oʻziga zoʻrgʻa yoʻl topib yurar, anhorda suvdan koʻra neft oqib yotganga oʻxshardi. Anhordan sakrab oʻtilgach ayanchli ravishda birdan quya boshlagan tolzor boshlanardi. Bu yerda koʻklamdan nishona berarak, xazon va churuk novdalarni yorib yam-yashil maysalar koʻtarilib, yashnab joʻnagandi. U beixtiyor tolzor oralab yurib ketdi. Havo rutubatli, novdalar oyoq ostida qirs-qirs sinar, osmonda buluq quyuqlashib borardi. U tolzor ichiga kirib bir zum tin olmoqchi boʻldi. U kunduzdan juda qoʻrqar, kunduz tahlika bilan bostirib kelayotgan sherdek unga har daqiqa ta’qibni, oʻlimni eslatib turardi – umuman, kalamush tushida faqat oʻz uyasini koʻrganidek, u ham hayotda ta’qibdan oʻzga narsalar borligini tasavvur qilolmasdi – hatto tushining shiftlari-yu, koʻpriklari ham hozir oʻpirilib tushadigandek, unga vahima bagʻishlab turardi. Zero, u hamma narsa omonat, yoʻqlik, sarobdan iborat ekanligini anglab qolgandi. Bu dunyo- sarob bir dasht. Bu dunyo- oxiri ulkan va besarhad yoʻqlik bilan tugaydigan ulkan sahro. U mana shu yoʻqlik va sarobga qorishib yashashga mahkum etilgan.

U birdan xayolining yertoʻlasiga tushib oldi. O, bu yertoʻlada kimlarni koʻrmasdi, qanday dahshatlarning izi qolmagandi bu yertoʻlada? O, endi mana shu sokin va olis yertoʻlada ham unga orom yoʻq. Bu yertoʻla ham ta’qib ruhi bilan toʻlgan. Bu yertoʻla ham unga har daqiqa gʻanimlarni va maxluqni eslatib turardi. Bu yertoʻlaga ham maxluqning nafasi bostirib kirgan.

U anhor boʻylab ketar ekan, nariga betdagi yam-yashil chimzor e’tiborini jalb etdi. Maysalar bu yerda yana ham soʻlimroq edi. Qadim zamonlarda ulugʻ daryo boʻlgan anhordan hech qiynalmasdan sakrab oʻtgani oʻziga shavq qildi; bir paytlar bu anhordan eng baquvvat otlar ham suzib oʻtolmasdi. U anhordan sakrab, maysazorga oʻtdi-yu, oʻzini yerga tappa tashladi; bir qadam narida uchta tol tigʻiz qilib ekilgan, ularning shoxlari sinib, yerga osilib tushgandi. U har doimgi odatiga koʻra tevarakka bir nigoh yugurtirdi. Olti yuz qadamlar naridagi binoning tagida gʻanimlar yigʻila boshlagan, ular ikki barmoq orasidan beoʻxshov chiqib turgan bosh barmoq shaklidagi bayroqni koʻtarib olishgan, koʻrinishlari tajovuzkor edi. U e’tiborni tortmaslik uchun oʻzini tol panasiga oldi – shoxlar orasiga kirishi bilan qandaydir sharpani sezib toʻxtab qoldi.
- Keldingmi! – dedi jarangdor va quvnoq ayol ovozi va unga oʻgirilib qararkan, yuzi quv oʻchdi – Voy, kimsiz?

U bir zum esankirab turdi: qarshisida koʻzlari chiroyli, oʻzi ham kelishgan yoshgina ayol unga choʻchib qarab turardi. Ayolning koʻzlarida oʻzga kishiga atalgan mehr, intiqlik porlardi – u bunday koʻzlarni koʻrmaganiga ham ancha zamonlar boʻlib ketgandi. Birdan yuragida nimadir erib borayotganini sezdi.
- Voy, siz...siz... koʻzlaringiz bunchalar...- gapini tugatmay irgʻib turdi ayol, - sizga nima kerak? Voy, xudoyim...-ayol chinqirib yuborib oʻtirib qoldi. Aftidan, ayol uni tanib qolgan, bir necha soniyadan soʻng oʻzini boʻgʻizlab ketishini tasavvur qilib, behad qoʻrqib ketgan edi: titroq kirgan ovoz bilan javrar va orqaga sekin siljirdi. – Sizga nima kerak? Keting, men sizga hech narsa qilganim yoʻq... hech narsa. Hatto qargʻaganim ham yoʻq.. Keting... Hozir baqiraman, keting...

U ayolning koʻzlaridagi mehrni koʻrish uchun unga tobora yaqinlasha boshladi. U hozir gʻayrishuuriy holatga tushib qolgan, ta’qib, gʻanimlar, oʻzini poylab yotgan son-sanoqsiz vahimalar hammasi esdan chiqqan, ayolni erkalagisi, quchgisi, ta’qib va tahlika toʻla dunyo haqida, faqat vahima va ta’qibdan iborat urush haqida gapirib bergisi, koʻnglidagi yillar qotirib qoʻygan tosh eriguncha yigʻlagisi keldi. Uning yuragida birdan betizgin tuygʻular joʻsh urgandi; chekkan azob-uqubatlari koʻnglidagi barcha mayllarni yoʻq qilib yuborgan boʻlmasin, tabiat qoʻrquvlar va vahimalar uy qurib olgan besarishta va toʻzgʻoq qalbidan bu maylni yana qiynalmasdan yuzaga tortib chiqara olgan va uni ham halokat xavf solib turgan, erta-indin oʻlishi muqarrar boʻlgan qandaydir maxluqqa emas, tabiatning azaliy qonunlariga rioya qiluvchi va unga boʻysunuvchi jonzotga aylantirgan edi. Ayolning koʻzlarida chorlov, saodat va baxt qorishib yotardi; u odam erkak ekanligini toʻsatdan eslab qolgan, ayolning xayoli, nozi, erkaligi yashiringan sirli qal’aga kirish uchun uning issiq, titroqli qoʻllarini oʻziga tortdi.
- Sizga nima kerak, - ayolning koʻzlarida endi uning koʻzlarini bir zum tark etmagan qoʻrquv va vahima yondi – Keting, boʻlmasa... hozir chaqiraman... Qoʻyib yuboring... keting...

Ayol uning qoʻlidan sirgʻalib chiqdi-yu, yerda yotgan bir qulochcha shoxni olib oʻzini himoya qila boshladi; huvullib oʻtgan xivchinning uchi qoʻliga tegib, shilib oʻtganday achishtirib ketdi va birdan xushyor tortdi, qaerda va qay vaziyatda turgani esiga tushdi, koʻz oldiga yana sanoqsiz gʻanimlar qaytib keldi. Ayolga bir zum qarab turdi-da, uning oʻzidan qoʻrqib, shafqat soʻrab ojiz tikilib turganini koʻrib, qoʻrqib ketdi va iziga shart burilib, katta –katta qadamlar bilan yurib ketdi; anhorning narigi betiga sakrab oʻtgach, u qirgʻoqqa nima maqsadda oʻtganini eslay olmadi. Izini chalgʻitish uchun u uchta jin koʻchaga kirib chiqdi va gavjum koʻchani kesib oʻtib, yana qandaydir fayzsiz bogʻ oldidan chiqib qoldi.

Bu uning gʻanimlariga qilgan ikkinchi muruvvati edi. Qalligʻini sazoyi qilishgach, u alam va gʻazabdan payt poylab turdi; sal payti kelsa, yuzlab gʻanimni boʻgʻizlab ketmoqchi, qalligʻining qasosini qon bilan olmoqchi edi; shunday payt keldi – tumanli kunlarning biri xiyobonni kesib oʻtayotgan sakkiz yoshlardagi bolaga duch keldi va uni imlab daraxtning quyuq joyiga ergashtirib bordi, uni imo-ishora bilan avrab, shartta sochidan ushladi-yu boʻynini iziga qaytardi; shunda oʻziga tikilib turgan beozor koʻzlarni koʻrib titrab ketdi. Xotirasiga bolaligi va qaysidir yoz kechasi otasidan nohaq shapaloq yegani, ertalabgacha onasining ovutishiga koʻnmay yigʻlab chiqqani tushdi, bilagidan mador ketdi, koʻz oldi tindi. Xanjar tutgan qoʻli oʻziga boʻysunmay qoldi – bola qoʻrqib yigʻlab yubordi. «Nega» degan savol miyasidan guldirab oʻtdi va bu savolga yolgʻiz oʻzi javob topolmadi. Bolalar gʻanim boʻlolmasligi haqida qandaydir shoirning she’rini esladi. Har qalay, bola shu koʻzlari bilan oʻzidan kuchli ekanligini his etdi. Bolani qoʻyib yubordi-yu unga qaramay tez-tez yurib xiyobondan chiqib ketdi. U uzoq vaqtgacha bolaning koʻzlarini unutolmadi – bu koʻzlar u keyingi paytlarda koʻrgan soʻnggi begunoh koʻzlar edi.

U bogʻda kechgacha qolib ketdi – chiqib ketishning hech iloji boʻlmadi - bogʻda guruh-guruh boʻlib gʻanimlar yurardi: aftidan bugun ular qandaydir sanani nishonlayotgan edilar. Boya bino oldidagi kabi bu yerda ham bayroq koʻtarib olishgandi. Koʻchalarda kajava bilan harbiylar oʻtib qolardi, darvoza oldida oʻta sinchkov kishilar aylanib yurishardi: bu odamlarning koʻzlari oʻljasini sekin nishonga olayotgan miltiqning qoʻshogʻziga oʻxshardi. U bu sinchkov kishilardan juda qoʻrqar: ular haddan tashqari sershubha edilar. Ularni koʻrgan daqiqalarda gʻanimlar shaharni egallagan birinchi kun esiga tushardi – ular shaharga oʻzlari bilan birga qurbaqanusxa ulkan maxluqni ham yetaklab kelgandilar. Maxluq shu darajada ulkan va xunuk edi-ki, shaharga kirganda unga yoʻl ochish uchun koʻchalardagi uylarni buzib tashlashga toʻgʻri keldi. Maxluq xarobalik ustidan zoʻrgʻa sudralib oʻtdi va shaharga kiraverishda birdan koʻzlarini chirt yumib oʻkirib yubordi. Uning oʻkirigi koʻpgina binolarning tomlarini uchirib ketdi – u bularning hammasini koʻprik tagidan kuzatib turardi – oʻkirikni eshitib ruhlangan gʻanimlar shaharga qiyqirib bostirib kirdilar. Maxluq keng maydonda qon ustida oʻtirgancha koʻchalarda ketayotgan jangni jimgina kuzatib turardi- uning boʻyi shahardagi eng ulkan binodan ham balandroq, unga shahar kaftdagiday koʻrinib turardi. Maxluqning terisi zirhday qalin, gʻadir-budir edi. Qorni koʻkuzak boʻlib gezarib ketgani uchun, qizil yaltiroq mato bilan yopib qoʻyilgandi. Ulkan va mislsiz ogʻzini ochar ekan, tishlar minglab qilich qinidan birdan sugʻurilganday yaltirab ketgandi. Oʻsiq tirnoqlari yerni timdalab tashlagan, oyoqlari ostidagi qon xalqoblarida sinib yotgan yarim oy aksi koʻrinadi. Dumi oʻynoqlab goh u binoni, goh bu binoni xarobaga aylantirar, boshida koʻm-koʻk toj va hozirgina oʻzi yanchib-bosib oʻtgan odamlarning qoniga botirib olingandek tugʻ hilpirardi. Koʻzlari esa sinchkov odamlarning koʻzlari kabi chaqchaygan va sovuq edi. U bu maxluq nima deb atalishini, maqsadi nima ekanligini bilmasdi. Axir faqat buzish bilan koʻngilga orom berib boʻlmaydi yoki faqat buzish uchun shaharlar zabt etilmaydi-ku. U keyinchalik gʻanimlar orasida pusib-yashirinib yuraverib, maxluqni gʻanimlar rahnamosi ekanligini bilib oldi. Maxluq shahar oʻrtasidagi bahaybat boshpanasidan chiqmas, garchi shaharni uning tanasidan anqiyotgan chirkin hid tutib ketgan, koʻchalarda qon xalqoblaridan koʻtarilgan shilta isi kezib yurgan boʻlsa-da, u oʻzining badburish qiyofasini qaytib koʻrsatmadi: ba’zi-ba’zida maxluq oʻz boshpanasida turib, mastona oʻkirib qoʻyar, goʻyo shaharning barcha nogʻoralari birdan urilgandek, koʻchalar bir zum harakatdan toʻxtar, uni unitib, oʻz ishlari bilan mashgʻul boʻlayotganlarga, hech bir xavf-xatarni sezmay osmonda emin-erkin uchib yurgan qushlarga, goʻzallik va yashnash ishqida bosh koʻtara va nish ura boshlagan maysa-yu navdalarga maxluq oʻzining mavjudligini va abadiy mavjud boʻlishini bir koʻrsatib qoʻymoqchidek boʻgʻiq va tajovuzkor oʻkirardi. Shahar oʻlaksaxoʻr quzgʻunning uyasidek toʻzib, murda va tahlikaning hidi bilan toʻlgan, bosh suqqan har koʻchada maxluqning och koʻzlari kuzatib turganday boʻlardi. Oʻlim va qoʻrquvni his etish va soʻng bir umr shu hisga bandi boʻlib qolish uchun maxluqning sassiq va qoʻlansa oʻkirigining oʻzinigina eshitish kifoya edi. Shu oʻkirikning oʻziyoq gʻanimlar nimalarga qodir ekanini yaqqol namoyon qilardi.

Oradan yillar oʻtib, koʻchalarda maxluqsifat, lekin hali tanalaridagi hid unchalar badboʻylashmagan, ammo maxluq kabi koʻcha-kuyda uvillab, mozor isi anqitib yuradigan tirranchalar paydo boʻlganda u hammasi barbod boʻlganini anglaydi; maxluq barcha ayollarni homilador qilib ulgurgan va qorni qappaygan, injiq, asabiy, yuzlarini dogʻ bosgan ayollar shaharda kundan-kun koʻpayib borardi – butun shahar maxluqning oʻzi kabi ochkoʻz va yovuz vorislari bilan toʻlib tashlayotgandi. Maxluqbachchalar koʻchalarda oʻkirishib, majoro izlab sudralib yurisharkan ularning turqlaridan hozirdan tajovkuz va tahlika anqirdi – shaharning kelajagi qanday boʻlishini u yaqqol tasavvur qilardi. Uning koʻngli nafratdan karaxt boʻlib qolgandi.

U bogʻ ichida soylik va anhor bilan bilan tutashgan tashlandiq daraxtlar orasida kechgacha tinmay, bir xil asabiy qadamlarda kezib yurdi: u yurib-yurib bu sertahlika bogʻdan gʻavgʻoli va talosh dunyodan koʻzga koʻrinmas zinalar orqali osuda va olis oʻzga olamga chiqib ketgisi kelardi. Ammo sershoh daraxtlar ham chirkin butoqlar ham, xazonrezgi bogʻ ham uning orzularini tushungisi kelmaganday hurpayib olgandi. Quyosh ham taftsiz va soʻlgʻin edi, anhorda uning burdalangan aksi jilvalanardi.

U kech tushgach, bogʻ etagidagi tosh jaridan oshib oʻtdi-yu qandaydir avtobusga chiqib oldi. Yuzini derazaga bosib turarkan, shundoq yonida gaplashayotgan ikki kishining gapi qulogʻiga chalindi.
- Yana paydo boʻlib qolishibdi... – derdi birovi,- bugun quyi dahada anhor boʻyida bir juvonni boʻgʻizlab ketishiga sal qolibdi.
- Qayoqdan paydo boʻlishdi bular? Gazetalarimiz juda shov-shuv qilishdi-ku. Bironta ham qolmadi, katta yutuqlarga erishdik, deb, - dedi ikkinchisi hiqichoq aralash.

Tovushlarda ham maxluqning oʻkirishiga taqlid borligini sezib, uning yuragi orqaga tortib ketdi.
- Bilmadim, - dedi yana birinchisi, - Bugun maxsus guruh tuzilgan. Ayol tasvirlab berganni har tomondan izlab yurishibdi.

U birdan hushyor tortdi. Eshikka qaradi – bir necha qadam kelar, biroq eshik ogʻzida barvasta gʻanim turardi. Biroz kutishga toʻgʻri keldi. Soʻng ochilishi bilan oʻzini eshikka urdi: kimgadir, aftidan, barvastaga surinib ketdi, kimdir soʻkindi; lekin u hech narsaga e’tibor bermay, oʻzini chiroqlar parchalay olmagan bekat orqasidagi tun qoʻyniga urdi.

U shahar chetidagi ochiq dalada uzoq aylanib yurdi, sekin jimirlab yomgʻir yogʻardi; shudgorlangan yerda yurish ogʻir edi; lekin u negadir oʻzini qiynab, nuqul shudgordan yurardi. Shunday qilsa, iz qolmasligini u yaxshi bilardi. U saroyga allamahalda qaytdi. Tuynukdan oshib oʻtdi-yu bir ichki tuygʻu bilan ichkarida kimdir yurganini sezdi. Shu payt «kelyapti» degan sekin shivirlash eshitildi: u bir zum toshday qotib qoldi. Tuynukdan sakrab tushib, ochiq dalaga qarab chopdi, biroq tezda bu xavfli ekanini bilgach, shaharga qarab burildi. Izidagilar avval shovqin-suron bilan yugurishdi, biroq zim-ziyo tunda bu qochoqqa qoʻl kelishini oʻylashdimi, tovush chiqarmay quvlashga tushishdi; ular oyoq tovushlariga qaraganda, toʻrt kishi edi. Ta’qibchilar tobora yaqinlashib kelardi. Ular qancha desa yugura oladigan va yugurganlari uchun boqiladigan kishilar edi. U tezroq yugurish uchun qanchalik harakat qilmasin, oyoqlari chatishib ketar, yiqilguday boʻlib surinar, qorongʻuda koʻlmaklarga kirib ketar, yomgʻir ivitib tashlagan yoʻlda toygʻonar, juda holdan toygandi – ikki kun oldingi peshona terlashi va qaltiragan vujudi bugun varajaga aylangan, agar joni xavf ostida qolganini oʻylamasa, qulay kelgan yerga tobora tashlab uyquga ketgan boʻlardi, - agar shu maromda ketsa tez orada holdan toyib yiqilishi va osongina qoʻlga tushishi hech gap emas edi. U izidagilarni chalgʻitish uchun qandaydir jin koʻchani aylanib oʻtdi, qaysidir kinoda tajribali josus shunday qilganini koʻrgan edi. Tor va devorlari yarim qulab tushgan jin koʻcha tugab, qandaydir qutilarsimon binolar boshlandi – binolar keng va koʻpqavatli edi, bu yerda aylanib yurish boshini jodiga tutib berish bilan barobar, har qanday eshikdan gʻanim chiqib qolishi mumkin edi. U yoʻlni chapga oldi va shaharning eski va tashlandiq qismiga qarab yugurdi. Ta’qibchilar iskovuch itday chaqqon edilar-izidan qolmay yuugurib kelardi. U qandaydir yarim vayrona hovli oldida nafas rostlash uchun bir zum toʻxtadi-yu, koʻchaning ikki tomonidan oʻziga qarab yugurib kelayotgan koʻlankalarni koʻrdi – yana bir necha soniyadan soʻng uning hayot-mamoti hal qilinardi – u soʻnggi kuchlarini toʻplab tavakkal qildi: hovliga yugurib kirdi va oʻylab oʻtirmay birinchi koʻziga tushgan toʻrdagi kichkina hujraga qarab yugurdi. Hujraning eshigi ichkariga qoʻporilib tushgandi, uni koʻlmak va mosliq hidi tutgandi. Bulutlar ostidan sekin sirgʻalib chiqayotgan xira oy nuri tushib turgan derazasida kattakon qush qafasi osigʻliq turar, bolalar oʻynab solib ketgan boʻlsa kerak, qafasda oyoqlari osmondan kelib, qafasning panjarasini tishlagancha xiyla yirik kalamush oʻlib yotardi – mosliq hidi qafasdan chiqayotgandi. Ta’qibchilar qulagan qoʻrgʻonga oʻxshash hovliga yugurib tushishganda u endi taqdirga tan berganday, hujraning qorongʻu qismiga chekindi, chekinarkan, hamisha ilon solib qoʻyishgan boʻlmasin tagʻin, deb xavfsiraydigan yuragi urayotibdimi, yoʻqmi bilolmadi, balki umuman yurakning oʻzi qolmagandir? U kalamushga qararkan, «hatto kalamush ham menga qaraganda mazmunliroq oʻlim topibdi», deb oʻyladi va xalqobga choʻkka tusharkan, «Hayot qafasdan ham torroq» degan gap xayolidan lip etib oʻtdi.
- Chamamda, shu hujraga kirdi, - dedi hujra oldiga kelgan izquvar.
- Menga ham shunday tuyuldi, - dedi sherigi.

Ular hujra eshigi oldida biroz gaplashib turishdi, soʻng barvastasi eshikni gavdasi bilan toʻsib ichkariga sal egilib kirdi. Sherigi eshik oldida qoldi. Barvasta nimagadir qoqilib, xalqobga yiqilib tushdi,u turarkan, juda yomon soʻkindi, choʻntagidan qoʻl chirogʻi olib, hujrani koʻzdan kechirdi.
- Nima gap, - dedi sherigi eshikdan bosh suqib. Agar uning shlyapasi va erkakcha kiyimi boʻlmasa, ovoziga qarab xotin kishi deb oʻylash mumkin edi.
- Hozir, - dedi barvasta xirillab va nimanidir tappa bosdi.
- Yordamga boraymi, - dedi sherigi olazarak boʻlib, ichkariga yana boʻy choʻzib qararkan.

Unga javoban barvasta qoʻltigʻida ichkaridan nimadir koʻtarib chiqdi.
- Nima bu, - soʻradi tovushi xotinchalishi.
- Qoʻzichoq, -dedi barvasta, - Biz adashibmiz. Bu yerda hech zogʻ yoʻq. Aftidan, bu qoʻzichoq adashib kirib qolganga oʻxshaydi.

U nimjongina, qoʻrquvdan dildirab turgan qoʻzichoqni qoʻltiqlab tashqariga chiqdi. Sherigi hassasi bilan qoʻzichoqning kichkina endi koʻzga tashlanayotgan dumbasini turtib qoʻydi.

Ikkalasi qoʻzichoqni qoʻltiqlagancha hovlidan chiqdilar. Bulut tarqab, tunni oyning yogʻdusi yoritib yuborgandi; koʻchadan yomgʻir va yer hidi kelar, endi ularga koʻnikkan qoʻzichoq esa barvastaning barmogʻini ochiqib soʻrardi.
-Och qolibdi, ustiga-ustak xalqobga yotib, hamma yogʻini hoʻl qilibdi, - dedi barvasta, ammo ajoyib qoʻzichoq ekan, bizga darrov elakishib qoldi.
-Ha, yuvosh ekan, - shunday deb sherigi qoʻzichoqning boshini silab qoʻydi. – Terisi juda noyobidan, shekilli, yaltirashini qara. Uni oʻzim parvarish qilaman.

Qoʻzichoq oʻzaro suhbatni tushungandek, koʻzlarini tantiqlik bilan yumib oldi; har-har damda u koʻzlarini choʻchib ochar, lekin hech qanday xavf yoʻqligini sezgach, yana barvastaning barmogʻini ochiqib soʻrardi.

Tamom