OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Nazar Eshonqul. Qultoy (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNazar Eshonqul
Asar nomiQultoy (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Nazar Eshonqul
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm36KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qultoy (hikoya)
Nazar Eshonqul

«
..Ketsin mendan ohu voyim,
Obod boʻlsin mazgil joyim,
Duo qilgan, qiblagoyim,
Otam Qultoy, xush qol endi...

«Alpomish» dostonidan Alpomish soʻzi
»

Yuzi aralash tushgan qamchidan soʻng orqasidan tepki yedi — koʻpkarilarda oʻzlariga yoʻl ochish uchun oldini toʻsgan otlarning biqiniga tepib oʻrgangan qaynilar bu barzangi va na xotinni, na roʻzgʻorni biladigan, umri molning izidan tayoq sudrab, qir-u adirlarda oʻtayotgan va shunga yarasha kuch-quvvatga toʻlib turgan odamni boshqa joyiga tepib yiqitib boʻlmasligini, xotinidan boshqa hech kimga aytmagan sirini — aynan shu chap oyogʻini qirning ustida boʻri gʻajib, quvvatsiz boʻlib qolganini bilishganday moʻljaldan adashmay naq tizzasiga, boʻrining tishlari qolgan va besh yildan beri namgarchilik paytlari zirqirab, azob beradigan chandiq ustiga orqa tarafdan ketma-ket zarba berishdi — Uljonning koʻzidan oʻt chaqnab ketdi. U oyogʻim sindi deb oʻyladi va shuning uchun endi nima qilib boʻlsa ham momataloq boʻlib ketmasin deb, bir paytlar Rajab choʻpon bilan Tolli yaylovida muz yogʻayotgan doʻl ostida qolib, ustiga eshakning jabdugʻini yopinib qutulib qolishganday, doʻlday yogʻilayotgan qamchilardan himoyalanish uchun yuzini qoʻllari bilan toʻsgancha har qanday hoʻkizni orqa oyogʻidan bir tortib, qassoblarga bogʻlab beradigan chayir panjalariga agar birontasining aqalli balogʻi ilashib qolsa ham xuddi quturgan sherday tagiga tortib, tilka-pora qiladigandek, qaynilarining yaqin kelishini peshonasidan sizayotgan qondan achishib turgan koʻzlarini qisib olgancha poylab yotar, qaynilar ham ichidagini bilib turishganday oyoqlarini uning qoʻllari yetmaydigan masofada saqlab, xuddi paxta savalashayotganday biri qoʻyib, biri qamchilar, Uljon endi taqdirga tan bergan koʻyi, koʻz oldiga negadir hali qulogʻi kesilmagan kuchugi kelgan, keyin bular meni oʻldirib qoʻysa, izimdan yigʻlab qoladiganim ham yoʻq, anovi esi kirdi-chiqdi maymoqqa esa men oʻlamanmi, qolamanmi, farqi yoʻq, u mendan keyin ham etagiga tezak yigʻib, oʻtgan-ketganga ishshayib yuraveradi degan josusona fikr lip etib oʻtgandi-yu tomogʻiga alamli xoʻrsiniq tiqilib, hatto qarshilik qilish haqida oʻylashga ham qurbi kelmay, boʻshashgancha, oʻzi necha marta koʻziga qarab turib, boʻgʻizlab tashlagan novvoslarning jonholatda pishqirgani kabi hansirab yotarkan, birdan ayolning chinqirigʻini eshitdi-qaydandir maymoqlanib Arzixol paydo boʻlgandi; u qaynilarning ataylab uchiga qotirilgan teri oʻrnatilgan qamchilari momataloq qilayotgan Uljonning boshiga oʻzini tashladi: endi qamchilar ayolning yelkasi aralash vizillar, Arzixol bor ovozi bilan qishloqdoshlarini yordamga chaqirgancha, xuddi yosh goʻdagini bagʻriga olib, bostirib kelayotgan balo-qazolardan asrayotganday Uljonning boshini tovon-u barmoqlari birlashib ketgan mayib oyoqlar bilan tugʻilgani va ayni shu nuqsoni uchun sogʻlom va nuqsonsiz odamlar dunyosida bir umrga boʻynini qisib, boshini egib yurishga mahkum etilgani beri boshidan arimagan haqorat va xoʻrlikdan yilma-yil kichrayib borayotgan mittigina jussasi bilan toʻsib olgandi. Uljon naq burniga tegib turgan ayolning koʻkragidan achimsiq ter va oʻziga juda tanish boʻlgan koʻkrak hidini toʻydi: bir zum u bu hid qaerdan kelayotganini va bu hid dimogʻida qachon va qanday oʻrnashib qolganini anglolmay, oʻzini kaltaklashayotganini ham unutib, beixtiyor xuddi emayotgandek tamshandi. Tamshandi-yu, keyinchalik shu holatini eslab jahli chiqdi, sal boʻlmasa, ikkita sigirning oyogʻini gavroni bilan urib sindirayozdi. Ikki-uch oydan keyin xotini uyga qaytib, bolasini emizib turganini koʻrdi-da, yana oʻsha hid esiga tushdi. Bu hid juda tanish, shu bilan birga notanish edi. Qisir sigirdan farqi yoʻq, bir maymoq toʻqolning koʻkrak hidi oʻziga tanish boʻlishi gʻazabini keltirdi va otasidan oʻrgangan odatini qildi: podaga qoʻshish uchun sigirni yetaklab chiqqan Arzixolninng yelkasiga alam bilan gavron tushirdi. Bu marta ayolni ayadi, gavronning uchigina tegdi. Arzixol uning qoʻrs va qoʻpol muomalasiga oʻrganib ketgandi. Yelkasiga gavron tushganda mayishib ketar, ogʻriqni bildirmay unga ojiz va yalinchoq tarzda tikilgancha maymoq oyoqlarini sudrab, nari ketardi. Shunday paytlari Uljon Rajab choʻpondan oʻrgangan soʻzlar bilan «Enagʻar, maymoq!« deb soʻkinardi. Rajab choʻpon odamovi va qahri qattiq odam edi. Unga mol bilan odamning farq yoʻq, kim jahlini chiqarsa, uzun gavroni bilan tushirib qolar, shuning uchun tersotaliklar uni koʻpam davralarga qoʻshavermas, u podasi bilan yaylovda qancha yursa, qishloq shuncha tinch boʻladi deyishardi. Uning ana shu qoʻrs va oʻziga yoqmagan har qanday masalaga gavron bilan aralashish odati, garchi pushti kamaridan tushgan farzandi boʻlmasa ham Uljonga toʻliq koʻchib oʻtgandi. Rajab choʻpon qahri qattiq boʻlgani bilan mijgʻov emasdi. Uljonning asrandi ekanini biron marta ham yuziga solmadi, shu sababli Uljon bu uyga asrandi ekani xayoliga ham kelmasdi. Bola qizi bilan koʻkrak talashib katta boʻla boshlagach, birovning farzandi ekani ham Rajabning esidan chiqib ketdi va u olti yoshga kirishi bilan oʻziga qoʻshib, podaga olib ketdi. Shundan soʻng goh Chit ustidagi, goh Tollidagi yaylovlarda oylab qolib ketishar, ota-bola poda ketidan yurib, oʻz izlaridan xuddi oʻz umrlarining yorqin va navqiron davrlarini birma-bir yoqib, keyin oʻchirishayotgandek tutab yotgan oʻchoqlar bilan birga mol tezaklari qoldirgancha, gavronlari bilan sigir oyoqlari-yu oʻzlariga yoqmagan odamlar yelkasiga jizzaki fe’llarining asoratlarini chizib, oʻzlarining goh yuvvosh, goh zardali kayfiyatlari kabi oʻzgaruvchan fasllar-u yillarni bu togʻ yaylovlari va dashtu-dalalarga birma-bir almashtirib chiqishardi. Uljon maktabda oʻqimadi, uning borligini birov eslamadi ham. Shuning uchun xuddi dasht boʻrisi kabi jizzaki va sirkasi suv koʻtarmaydigan qiziqqon boʻlib oʻsdi. Oradan yillar oʻtib, balogʻat yoshiga yetgandagina, hujjat kerakligi yodiga tushishdimi, Rajab choʻpon bir qoʻzili qoʻyga eski tanishi orqali tugʻilganlik guvohnomasini toʻgʻirlab oldi. Shunday qilib, Uljonning asrandi farzand ekani ham, kenja qizi ikki oylik boʻlganda, bahorning oxirlarida bezgak tutib yotgan xotini kasal holida otasinikiga ketib, qoʻlida bir haftalik bola koʻtarib kelgani ham esidan chiqib ketdi. Oʻshanda u xotinining qoʻlidagi eti hilvirab yotgan chaqaloqni koʻrib, otasinikida ikki kun qolib ketgani uchun gavron bilan savlamoqchi boʻldi-yu, ammo xotinining oʻziga yalinib, iltijo bilan titrab, bezgak tutib turganini koʻrgach indamadi. Ustma-ust qiz tugʻib, mendan kaltak yeyavergani uchun ham bu bolani olib kelgan deb oʻyladi oʻzicha. "Bir qarindoshimiz tuqqan kuni oʻlib qolibdi, qizing hali sutdan chiqmagan deb menga berishdi, bu endi bizning bolamiz, otasi" dedi Rohat. Rajab endi tugʻilgan qoʻzichoqday boʻlib yotgan chaqaloqqa qaradi-yu, boshqa bu bola kimning bolasi, qanday qarindoshi boʻladi, qaynotasi nega kasal xotinini aynan shu kunlari Chitga shoshlinch chaqirdi va xotini qanday qilib bu bolani olib keldi, qayta surishtirib oʻtirmadi. Hatto unga ism qoʻyish ham esdan chiqib ketdi. Oradan bir hafta oʻtmay xotini bezgakdan qaltirab ikkita chaqaloqni boqishga qiynalayotganini aytdi va otasining uyida oʻtirib qolgan maymoq singlisini olib kelishini soʻradi. Rajab choʻpon indamadi. Xotini kuvi pishishga ham qurbi yetmay qolganini va kundan kun xuddi kuzgi shuvoqdek toʻkilib borayotganini bilardi—Arzixolni qaynotasi bir soʻz demay, xuddi bu er olmas qizdan bezor boʻlishgandek, bitta eshak qulogʻicha keladigan boʻgʻchaga oʻralgan kiyimlari bilan tashlab ketdi. Hatto kuyovning koʻzlariga qaramadi ham. Rajabning maydakashlik odati yoʻq edi. Bunga e’tibor ham bergani yoʻq. Keyinchalik bola yura boshlaganda Rajab bolaning boʻliq oyoqlariga qarab turib, xotiniga »Bu endi bizning ul boʻldi, Uljon qoʻyaqol» dedi. Shunday qilib, Chitlik bola Rajab choʻponning merosxoʻri boʻlib qoldi va Arzixol ham qaytib otasinikiga ketmadi. Uljonning ham asrandi ekani ba’zida kelib, otasining uyi-yu moliga iddao qilib ketadigan qizlari demasa, hech kimning xayoliga kelmasdi. Ammo qizlar Rajab choʻponning Uljonga boʻlgan munosabatini koʻrib, bu haqda ochiq-oshkora ogʻiz ochishmasdi. Rohat toʻshakka mixlanib qolgandan keyin butun roʻzgʻor moʻylovi sabza urib, otasiday bagʻritosh va qoʻpol boʻlib voyaga yetayotgan Uljonning turtkilashlari-yu qamchilaridan qirqdan oshar-oshmay mushtday boʻlib qolgan shu maymoq ayolga, Rajab choʻpondan soʻng qishloqning podasi esa Uljonga qoldi.

Uljon Arzixolni boshidayoq yoqtirmasdi: u bu majruh ayol nega oʻzlari bilan yashayotganini uzoq vaqtgacha tushunmadi — keyin esa onasining oʻrnidan turolmay yotganda yolgʻiz shu mayib xolasi kuniga yarayotganini koʻrganda, battar gʻashi keldi: unga bu ayolning biron ishni eplab qilolmasligi, ish buyursa, hamisha chalasi boʻlishi, chiroq yoqqanda, shishasi yorilishi, idish yuvganda kosa sindirishi, non yop desa, xamir oqib ketib, nonsiz qolishlari, sogʻib olgan sutiga, albatta, mol goʻngi qoʻshilib qolishi, umuman, ayolga xos boʻlgan juda koʻp fazilatlar bu Xudo urganda yoʻqligi uning gʻashini keltirar, ustiga ustak bu ayolga rahm qiladigan, unga achinadigan odamning oʻzi yoʻq, otasidan tortib, opalarigacha Arzixolga bir keraksiz va ortiqcha buyumga qaraganday qarashar, bobolari bilan togʻalari ham Chitdan qidirib kelishganda Arzixol bilan nomiga soʻrashar, goʻyo u allaqachon oʻlib ketganday, bu mayib ayol bir begonaday, uning hali ham oʻsha otasi bilan olib kelgan boʻgʻchadagi kiyimlari ustiga ilinib turgan abgor qiyofasiga e’tibor ham berishmas, Rohat esa kasallik hech kimga keragi boʻlmagan bir maymoqni emas, aynan oʻzini tanlab, hayot shamlarini birma-bir oʻchirayotgani uchun alami kelgandek yotgan joyida Arzixolni «Sen toʻqol, meni oʻzingday beburd qilasan, meni isnodga qoʻyasan» deb qargʻanar, koʻzi tushgan joyda uni goʻrdan olib, goʻrga tiqar, shunda ham bu ayol xoʻrlik va haqoratga loyiqday biron e’tiroz bildirish tugul, hamisha qoʻrqib, hurkib, burchak-burchaklarga bekinib, birovlarning koʻziga koʻrinmay yashar, bu esa Uljonning gʻashini battar keltirar, uni koʻrgan joyda turtkilab oʻtar va oʻtirsa oʻpoq, tursa soʻpoq deb soʻkardi.

Qaynilarining qirdan oshib kelayotganini koʻrgandayoq Uljon bularning niyati buzuqligini bilgandi. Ammo tom aylanib qochishga yo bekinishga gʻururi yoʻl qoʻymadi. Otning abzalini tortgancha ularni poylab turaverdi. Birinchi qamchi kelib tushganda, ot hurkib, qochib qoldi. Qishloqda har kim oʻz ishi bilan band, toʻrtta barzangining qishloqdagi har qanday yigitni bir choʻqishda qochiradigan Uljonday odamni uyiga kelib kaltaklashi xayollariga ham kelmasdi. Ammo qaynilar bir soʻz demay kuyovni savalashga tushishdi. Tovuqlarga don berib, katakdan oʻrmalab chiqayotgan Arzixol koʻrib qolib, oʻzini ustiga tashlab, bor ovozi bilan butun qishloqni oyoqqa turgʻizgandagina qishloqdoshlari ajablangan koʻyi birin-ketin yugurib kela boshlashdi.

Boyqul chol Qoʻshkoʻllik qaynilarni jerkib berdi.
— Singillaringni haydab yuborgan boʻlsa, qamchi bilan qoʻshasizlarmi? He, oʻrgildim sizlarday orkashlardan.
— Singlimiz endi bu hoʻkizning uyiga oʻlsa ham kelmaydi! Bunga boshqa xotin topib beringlar! — dedi oʻrtancha qayni.

U jimitday gavdasi bilan Uljonning boshini toʻsib olgan Arzixolning yelkasi osha qamchi tushirganda akasidan bir qamchi yeb, boʻynini ushlab turardi.

Qaynilar ot chopib, qishloqlarining orini koʻtarib yurgan odamlar edi. Keksa chol bilan tortishib oʻtirishmadi. Bundan tashqari tersotaliklar ham oʻz qishloqlariga qamchi koʻtarib bostirib kelishganidan nafsoniyati qoʻzgʻalib, biri tayoq, biri panshaxa koʻtarib olishgan, vajohatlaridan aka-ukalarni gʻajib tashlagudek koʻrinishardi. Ular otlariga minib, bir soʻz demay joʻnab qolishdi. Arzixol yuzidan sizayotgan qon boʻyni orqali ichiga oqib ketayotganidan bexabar Uljonning yuzidagi jarohat izlarini roʻmoli uchi bilan artar, nariga uchib ketgan telpagini qoqib boshiga kiydirardi. Uning mehribonchiligi Uljonning jahlini chiqardi. U oʻziga kelib, ayolni itarib yuborib, hali qirga yetmagan qaynilariga bir koʻz tashlab, omborga qarab yugurdi. Arzixol uning nima uchun omborga kirganini bildi. Maymoqlanib, Boyqul cholga nimadir deb gʻulduragancha, izidan chopdi va omborning eshigiga tayoq oʻtkazib qoʻydi. Ichkaridan Uljon eshikni tepib baqirayotgani eshitildi. Uljon bir iloj qilib, eshikni buzib, qoʻlida miltiq bilan chiqqanda qaynilar allaqachon qir oshib ketgandi. Uljon alamiga chidolmay qoʻndoq bilan Arzixolni bir urib yiqitdi.
— Enagʻar maymoq, ularning oʻrniga seni oʻldiraman!

Uljon xotinining ketib qolishi-yu, qaynilarining oʻzini savalashgani alamini biratoʻla maymoq ayoldan oldi: har doim podadan qaytganda Rajab choʻpon oyoq ostida yotmaslik uchun oʻrgatgan joyga — ayvonning shiftiga tiqib qoʻyilgan uzun irgʻay tayoq bilan Arzixolni solib qoldi. Ayol sal boʻlmasa ikki qadamga, ayvonga terib qoʻyilgan bugʻdoy qoplari ustiga uchib borib tushdi: uning jimitday tanasi xuddi koptokday yuqoriga koʻtarilib tushganini bu yerga nafsoniyatlari qoʻzgʻalib emas, koʻproq tomosha uchun kelgan tersotaliklar aniq koʻrishdi. Arzixol Uljonga ojizona va zaif ovozda nimadir demoqchi boʻldi, musichaning qurillashiday ovoz chiqardi, ammo hech narsa demadi, tayoq tushishi bilan boshidan uchib tushgan roʻmolini olib, esiga tushgandagina qatiqqa yuviladigan sochi patak boʻlib yotgan toʻzgʻoq boshiga tashlab, Uljonning koʻzidan yashirinish uchun molxona tarafga pildirab oʻtib ketdi.

Kechga yaqin Oʻrol usta qop-qorayib ketgan tayoq oʻrnini koʻrib, zaiflashib qolgan tirsakni ushlab koʻrarkan, ayolchalish qilib qargʻandi:

— Hoʻkizday boʻlmay oʻl-da, sen, Uljon. Kelib-kelib bir mayibga kuching yetdimi? Qoʻlini sindirib qoʻyibsan-ku, juvonmarg.

Arzixolning ogʻriqdan koʻkarib ketgan yuziga qarab, oʻzi ustani boshlab kelib, oʻzi dakki eshitayotgani jahlini keltirdimi, yo qilgan ishidan uyaldimi, Uljon cholga bir ogʻiz gap qaytarmay nari ketdi.

— Uni qargʻamang, usta bova, — dedi Arzixol ogʻriqdan terlab, inqillarkan. — Ayb oʻzimda. Oʻzim yiqilib tushdim. Xotinini men sigʻdirmadim. Meni deb ketib qoldi. Nima qilay, men bir Xudo urgan ayol ekanman. Bunga ham dardisar boʻldim. Oʻzi opamning oʻrniga men oʻlib ketsam boʻlardi.

Tersotaliklarning birontasi Uljonni koyiy boshlasa va u haqda yomon fikr bildirsa, Arzixol birdan uni «Aslida ayb menda, opamning oʻrniga men oʻlib ketsam yaxshi boʻlardi« degan soʻzlar bilan himoya qilishga tushardi. Rohat odam tanimay, koʻzlari orqali rozi-rizolik qilib yotarkan, Arzixol rozilik soʻrash oʻrniga »Sizning oʻrninigzda men oʻlsam yaxshi boʻlardi, Uljon ham shuni istayapti», deb yigʻlaganini hali haligacha qishloqdoshlari eslab yurishardi. Tersotaliklar bu majruh ayolning hamisha oʻzi qilmagan aybni boʻyniga olishi va hamisha hurkak, bir narsadan xavotirda yurganday doimo Uljonning oldida qaltirab turishi, Uljon desa kasalligiga qaramay oʻrnidan turib ketishi, Uljon kelmasa kechalari toki u kelguncha mijja qoqmay chiqishi, ba’zida och ketganda, ovqat koʻtarib, mayib holiga qaramay, ikki qir nariga — yaylovga piyoda borib kelishi, bolalari va xotinining tayyor choʻrisi boʻlib qolganining sababi — ayol unga oʻrganib qolgan, shu sababli Uljonning uydan haydab yuborishidan qoʻrqadi, poda izidan yuraverib, oʻzi ham hoʻkizga oʻxshab qolgan bu yovvoyi uni haydab yuborishdan ham qaytmaydi, shuning uchun ham bu ayol oʻziga shuncha azob bergan odamga baribir mehribonlik qilaveradi, chunki bu asrandini chaqaloqligidan oʻzi koʻtarib katta qilgan, oʻz bolasiday boʻlib qolgan, bir uyga beka boʻlish baxtidan mahrum boʻlgan shoʻrlikning shu choʻpondan boshqa bu dunyoda ovunchogʻi qolmagan, faqat shu Uljonga boʻlgan mehrgina bu bebaxtni dunyoda ushlab turibdi deyishardi. 

Oʻrol usta oʻshanda qariyib oʻttiz yildan beri Rajab choʻponning uyida yarim jon va mittigina boʻlishiga qaramay, qoʻli kosov, sochi supurgi boʻlib qolgan ayolning yiqilib tushganiga ishonmagandi: tayoqning oʻrni bilinib turardi. Arzixol hech qachon biron kishiga aytmagan boʻlsa ham uning goh peshonasi, goh yuzi shilinib, koʻkarib yurganini koʻrgan qishloqdoshlari bu Uljonning ishi ekanini bilishardi. Usta Oʻrol tuxum surtib, Arzixolni dodlatib, tirsakni xuddi munchoq terayotganday silab-ishqaladi, singan suyaklarni qoʻli bilan tekislab boʻlgach, chorchoʻp qilib bogʻlab qoʻydi. Ogʻriq qolgandek boʻldi-yu, ammo Arzixolning tirsagi yillar oʻtishi bilan qaltiraydigan, keyin esa, salga chiqib ketadigan darajada moʻrtlashib qoldi. Oradan yillar oʻtib, Arzixolning chiqib ketgan tirsagini xuddi qoʻgʻirchoqning qoʻlidek joyiga solib qoʻyishga Uljonning bolalari ham oʻrganib ketishdi, tirsakni joyiga solish payti ayol dod-voy qilib turganda, Uljon sekin uydan chiqib ketar, shuncha yillar oʻtgan boʻlsa ham negadir qaynilari kelib ketganda alam ustida Arzixolni kaltaklagani yodidan chiqmas va oʻsha kungi ter hidi kelayotgan koʻkrak hidini dimogʻida tuyardi. Vaholanki, u bu maymoqni jahl ustida tayoq bilan solib, mayib qilib qoʻyay degan holatlar umri davomida koʻp boʻlgan, bularning birontasi ham esida qolish tugul, hatto bir moʻyini qilt ettirganini eslolmasdi. Nega aynan oʻsha kungi voqea yodida bunchalik uzoq saqlanib qolganini tushunmasdi. Eng kayvoni kampirlaru oqsoqollarning ham qoʻlidan kelmagach, tersotaliklarni hayratga solib, poyu-piyoda maymoqlanib Qoʻshkoʻlga kirib borgan Arzixol bilan birga uyiga qaytgani sababli singillari bilan yuz koʻrishmas boʻlib ketgani uchunmi yo turmush degani chimildiqdagi entikishdan boshqa narsa ekanligi tufaylimi, xotinining tobora injiq va mijgʻov boʻlib borayotganiga qaramay izma-iz tugʻilayotgan bolalar oʻsha kungi kaltaklanganining alamini ham, xotinining zaif joyini sotib qoʻyganini ham, qaynilari uni urish uchun aynan oʻsha zaif joyidan foydalanishganini ham, oʻsha kuni Arzixolni jahl ustida urib, birinchi marta chekkan xijolatini ham uning xotirasidan surib chiqarishdi, ammo achimsiq, ter ta’mi bor koʻkrak hidi esidan chiqmadi. U bu hidni ilgari qaerda hidlaganman deb keng vodiyda yoyilib oʻtlayotgan podalarga xuddi oʻz mulkini kuzatib turgan shahonshohday sersolib qaragancha, Arzixolnining goh yelkasi, goh oyogʻiga tushaverib, oʻzi ham ayolning bilak va yelkalariga qoʻshilib, yilma-yil yeyilib-silliqlanib borayotgan tayoqqa suyanib, azobli oʻyining tagiga yetishga urinardi. U yillarning uvalanib ketgan kesaklari va suvoqlari ostida qolgan yiltillab turgan oʻsha xotirasini topgandek boʻldi: Arzixol maymoq chaqaloqligida oʻzini ovutish uchun koʻkrak bergan, shu yoʻl bilan Rohat onasi yoʻq paytlari, keyin esa, kasal boʻlgandan keyin hamisha ter hidi kelayotgan, oyoqlaridek zaif va hayot asari yoʻq, xuddi suzmasi achib qolgan xaltadek soʻlgʻin, sassiq koʻkragini ogʻziga tutgan, hid oʻshandan dimogʻida qolgan deb oʻyladi va bu uni battar tutoqtirib yubordi — u bu maymoqni er ham olmagandan keyin menga koʻkragini berib, oʻzini ovutgan, shuning uchun meni xuddi oʻzi tugʻib qoʻyganday mehribonlik qilgan, bu hid oʻsha paytlardan xotiramda qolgan degan xulosaga keldi: bu uning jahlini battar qoʻzgʻadi, agar shu payt maymoq oldida boʻlganda, gavroni bilan yelkasiga solib qolishdan va sogʻ qoʻlini ham mayib qilishdan qaytmasdi. Shuning uchun u keyinchalik ham Arzixolning mayib oyogʻiga qoʻshilib, oʻng qoʻli ham butunlay ishlamay qolganda, biron marta oʻzini aybdorday his qilmadi: aksincha, uning bir paytlar, onasi oʻrniga oʻzining shoʻrlangan teriday koʻkragini tutgani uchun kechirolmadi. Uljonning ayolga boʻlgan bunday munosabati keyinchalik uning bolalariga ham oʻtdi: esini taniyotgan bolalari ham chaqaloqlarning ishtonini yuvishmi, tezakdan guvala qilishmi, qozon ostiga olov yoqishmi, qish kunlari qurigan yulgʻun terib, toʻqayzor titib yurishmi, hammasi maymoq ayolning chekiga tushganidan zarracha ham ajablanishmay qoʻyishgan, uni momolarining singlisi deb emas, uylaridagi oʻzlari qilishga irganadigan yoki qoʻllari bormaydigan qora ishlarni bajarishga mahkum etilgan choʻri deb tasavvur qilishar, Rohat oʻlgandan keyin Arzixol sichqon hidi bosib ketgan omborga koʻchib oʻtgan — Uljon nozik mehmonlarga ataylab togʻda otib kelgan, shamolda quritib, qotirish uchun omborni toʻldirib ilib tashlagan va qotgani sayin shuncha mazasi chiqadigan toʻngʻiz etlari bilan birga bu ayolning umri ham kichkina hujrada yilma-yil quruqshib borardi. 

Aslida xotinining ketib qolishida Arzixolning aybi yoʻq edi. Arzixol kelinni haydatib yuborish tugul, unga oʻqrayib qarashga ham yuragi betlamagan, aksincha, kelin kelgan kunidanoq bu maymoq ayolga butun jasadini tashlab olgandi. Oldiniga nomiga boʻlsa ham Uljonning onasi oʻrnidagi xolasi, shularning xizmatini qilasan deyishdi kelinga. Ammo Arzixol kelinga xizmat qildirishga imkon ham qoldirmadi. Hali chillasi chiqmagan deb uy yumushlarini oʻz zimmasiga oldi — kelinning baxti bor ekan — chimildiqdaligidayoq tekin xizmatkorga ega boʻldi. Kelin poda izidan ketgan, ba’zi kechalari tuni bilan ham yaylovda tunab qoladigan kuyovni kutib oʻtirgan tunlarda Arzixol uni ovutishga urinardi — hali hech kimga, hatto oʻz opasiga ham aytmagan sirlarini shivirlab aytib, kelinning kuyovi kelmayotganidan paydo boʻlgan hijronini biroz boʻlsa ham bosishga urinardi. Kelin birinchi bor koʻrgandayoq bu ayolning oyogʻini toʻgʻrilab bosishdan boshqa armoni boʻlmasa kerak, bunday ayolda orzu-havas nima qiladi deb xato oʻylaganini oʻsha kunlari bilib qoldi. Zero Arzixolning ana shu siridan boshqa bironta ham boshqalarga aytishga arzigulik xotirasi yoʻq edi. Shuning uchun chillasining chanqogʻini bosolmagan kelinga shu xotirani aytib, chimildiqdan chiqmasdan kuyovdan norozi boʻlayotgan kelinni chalgʻitishga uringandi. Shundan boshqa niyati yoʻq edi. U kelinga uyalibroq, lekin xoʻrsiniq bilan bir chavondoz yigitga koʻngli tushganini, oʻzlariga maymoq kelinni munosib koʻrmagan ota-onasidan nolib, u yigit hu anovi qir ortidagi qishloqdan kelib, toʻqayzorda uchrashib turganini, Arzixol ham uylaridagi suv toʻla chelaklarni oʻraga agʻdarib, tez-tez suv olib kelish uchun daryo boʻyiga—oʻsha toʻqayga tez-tez borib turishini, yigitning qamchisiga kashtali bandak toʻqib berganini, keyin nima boʻlib, chavondoz yigit koʻrinmay qolganini, oradan oylar oʻtsa ham undan xabar boʻlmaganini, u esa yurak yutib birovga bu haqda gapirolmaganini, hali ham oʻsha yigit navqiron va oʻktam qiyofada, yulgʻun va zirk bilan toʻlgan toʻqayda yurgandek, oʻsha toʻqayga borgisi, uni koʻrib, koʻkragiga bosh qoʻyib shuncha yillik ayriliq uchun gina qilib, toʻyib-toʻyib yigʻlagisi kelishini aytib qoʻydi. Oʻsha payti kelin bu gaplarni biron kishiga gullab qoʻymaslikka va’da bergandi. Ammo bolalar tugʻilib, Uljonning xolasiga boʻlgan qoʻpol-qoʻrs muomalasi asta-sekin kelinning ham betini qotirdi—u ham Arzixolga eriga oʻxshab muomala qilishni oʻrgandi. Oldinma-ketin tugʻilayotgan bolalarning beshigini tebrataverib ayolning qoʻllari chilvirday eshildi, keyin esa koʻtaraverib, yelkasining yagʻiri chiqdi. Ammo buni ayol bir marta ham na Uljonning, na kelinning yuziga solgani yoʻq. Aksincha u xuddi oʻz nevaralarini bagʻriga olib, tarbiya qilayotganday bolalarning na xarxashasidan, na toʻpolonidan bezor boʻlar, bolalar uni qiynagan sayin ayolning ularga mehri iyib, koʻproq suyib borar, bolalar uni goh ot, goh eshak qilib minib, butun hovlini aylanib yurganini koʻrganda Uljon asli bu maymoqning esi yoʻq, buning oʻzini tarbiyalash kerak oldin, u tomonidan bu tomoni yaqin qolgan kampir ham shunaqa qilib bolalar bilan oʻynaydimi deb oʻylar va shunday bir ayolni oʻziga dardisar qilib tashlab ketgan onasidan norozi boʻlib, qoʻlidagi gavronni gʻazab bilan ushlab qoʻyardi. Kelin ham endi unga bir xizmatkorga qaraganday qarar, uy ishlari-yu, supur-sidir, mol-holga va bolalarga qarash Arzixolning zimmasida edi. Yillar oʻtishi va chimildiqdan uzoqlashib, turmushning betiyiq ehtiroslariga oʻralashib qolgan kelin bergan va’dasini unutdi. Bir kuni Uljon dasturxon ustida qir ortidagi bir chavondozni baytali tepib oʻldirganini aytib, janozaga borayapman deb, xotinini shoshira boshladi.

— Enagʻarni bedov emas, baytal tepib oʻldiribdi. Xuddi oʻch olgandek, naq qanshariga tepibdi, — dedi u.—Boyqul chol kutib turibdi. Xuddi oʻzi borsa qirda boʻri yeydiganday... Tez boʻl...

Shunda kelin befarosatlik qildi.
— Bu, haligi, siz bilan va’dalashib yurgan chavondoz emasmi, — dedi piching aralash kelin bir chetda Uljonning xurjunini ombordan olib chiqqan Arzixolga. — Hali pochchamning azasiga borayapman deng...

Uljon ajablanib xotiniga qaradi. Arzixol esa taxtaday qotib qoldi — u hozir hammasi tugaydigandek, Uljon uning sirini bilib, terisiga somon tiqadigandek gezarib-qaltirab turardi. Uning yuzi bunchalik oqarib ketganini va bunchalik sarosimaga tushganini hali hech kim koʻrmagandi. Uning yuzi kechirib boʻlmas gunoh ustida qoʻlgan tushgandek oqarib ketgandi. Ammo Uljon xotinining gapidan boshqa ma’no tuydi: bir hafta oldin kelinning xolasi toʻy qilganda Uljon «Pochchangning oldida toʻy qarzim yoʻq, men toʻy qilganimda ham kelgani yoʻq, oramiz ochiq» degandi. Bir haftadan beri toʻmtayib yurgan xotini qosh qoʻyaman deb koʻz chiqarganini kech angladi, pichingi qimmatga tushdi.

Bezrayib turgan Arzixol aralashishga ulgurmadi, kelin faqat qarindoshlarining toʻy-azasiga bormay qoʻygani uchun emas, eri yilning uch faslini yaylovda oʻtkazayotgani va oʻzining gulday umri ikkita churvaqaning bigʻillashi bilan oʻtib borayotgani uchun toʻlib turgan ekanmi, tiliga kelganini ogʻzi charchaguncha gapirdi, Uljon ham qoʻli charchaguncha uni savaladi. Uljon ketgach, yelkasi mamataloq boʻlgan kelin bolalarini olib, Qoʻshkoʻlga, otasinikiga ketib qoldi. Arzixol Qoʻshkoʻl qirigacha yalinib borsa ham kelin qayrilib qaramadi: u kelinning izidan toki qosh qorayguncha qarab oʻtirgan qir ustida ertasiga toʻrtta otliq paydo boʻldi....

* * *
Oʻziga tengdosh ayollar allaqachon kelinli boʻlib, bolalar-u nabiralar, kelinlaru qizlar parvarishida, yetti qavat koʻrpa ustida sogʻliklaridan noliy boshlaganda ham Arzixol na sogʻligidan, na turmushidan nolir, hali ham otasi Rajab choʻponnikiga opasining xizmatini qilish uchun tashlab ketgan oʻsha sunbula oqshomidek tongdan shomgacha Uljonning yilma-yil kattarib borayotgan gʻalvali roʻzgʻorida, qoʻzi izidan toʻqayzoru bahor paytlari xuddi dunyo oʻtkinchiligini ta’kidlayotgandek shoshib-toʻliqib oqadigan daryo boʻyida, poda tezagi tushgan qiru adirda, qishloqning mish-mishlaru gʻurbat koʻmilgan chang koʻchalarida oʻzining shum taqdirini yetaklab yurgandek kuymalanib yurar, uni mayib qilib yaratgan taqdir xuddi uni endi siylayotgandek yoshi oʻtgan sayin u tetiklashib, kuchga toʻlib borar, yanayam jonsarak boʻlib qolgan, kechasi hammadan keyin yotar, ochilib qolgan bolalarning va Uljonning ustini yopib qoʻyar, sovub qolgan pechkaga tezak tashlar, uxlab yotgan kelinning uygʻonib qolishidan xavotirlanib, nafasini ichiga yutib beshik tebratib chiqar, keyin allamahalda yillar-u fasllar qor va yomgʻir qiyofasida yemiraverib, kalamushning uyasiday gʻarib qilib qoʻygan omborga kirib ketar, ertalab esa maymoqlanib yo oftobani, yo sut toʻla kadini agʻdarib yuborgan shovqin bilan boshqalarni uygʻotar, endi tovushi doʻrillay boshlagan Uljonning bolalari ham uni xuddi otalariday jerkir, kelin esa tinim bermay yumushga koʻmib tashlar, u esa yaroqsiz boʻlib qolgach tashlab yuboriladigan buyumga oʻxshab bu uydan haydalishdan choʻchigandek hech bir ishdan boʻyin tovlamas, u oʻzini keraksiz boʻlib qolayapman deb oʻylagani sayin Uljonning bolalaridan tortib, oʻzi ham kampirga koʻproq suyanib borar, uning ogʻrib yo kasal boʻlib yotib qolishini tasavvur ham qilisholmasdi. Xuddi oʻzi chiqmasa, qishloq moli oʻrmaydigandek, Uljonni poda izidan Azlar qirigacha kuzatib qoʻyar, agar kech qolsa, hech kimga aytmay yana oʻsha qirga, chayir va temirday mustahkam ildizlari toshlarni yorib, qoyaga chirmovuqday yopishib olgan, shoxlari qurib-qaqshab ketganiga qaramay eng baland novdasida hali joʻshqinlik va koʻklam hidi barq urib turgan, bir juft gʻuddasini xuddi butun dunyoga koʻz-koʻz qilayotganday silkitib qoʻyadigan va tabiatning fasllar qiyofasida goh izgʻirin, goh jazira, goh sel boʻlib keladigan barcha sinovlariga matonat bilan dosh berib kelayotgan yolgʻiz keksa zarang daraxti yoniga borib, xira torta boshlagan koʻzlarini olis yaylovlarga tikib, choʻkkalab oʻtirib olar, goʻyo keksa zarang bilan sabr va matonat borasida bahs boylashayotganday toki uzoqlardan kelayotgan podaning changi koʻrinmaguncha shu holatda qilt etmay oʻtiraverar, poda koʻrinishi bilan maymoqlanib, turtinib-surtinib, peshvoz chiqar, qariyb ellik yildan beri yolgʻizlikdan zerikkan daraxt esa uni qoʻyib yubormaslik uchun juldur kiyimlaridan bir parcha yulib qolganini ham, keyin asov shamolda xuddi gʻoliblik tugʻiday laxtakni hilpiratib turganini ham sezmay, Uljon sari otilardi. Ayol qarigan sayin jonsarak, harakatchan, sergʻayrat boʻlib borar, endi uni boshqa tersotalaklarning ham xizmatini qilib, turli hovlilarda gʻimirlab yurganini koʻrib qolishardi. 

Uni koʻrganda oʻz qismatdoshini topganday shabada tili bilan ovoz chiqaradigan zarangning zorlanishlari ham, maymoq kampirning xuddi jandasini sudrab yurgan darvishday oyma-oy toʻkilib borayotgan tanasini boshqalarga bildirmaslik uchun azod koʻtarib yurishi ham endi peshonasiga yozilgan taqdiri azal hukmini oʻzgartirolmadi: Arzixol bir umr qoʻrqqan narsa kuzning oʻrtalarida tegirmondan yarim xalta un torttirib kelgandan soʻng sodir boʻldi — u birdan yotib qoldi — xuddi jon tomiri uzilib ketganday kundan kunga yuzlaridan hayot asari yoʻqola boshladi. Shu yotish bilan xazonrezgini oʻtkazib, qishning naq chillasida qaytish qildi. Tuflasa tupuk muzlaydigan tongda uni soʻnggi manzilga kuzatishga oʻntacha tersotalik va hali betlari qotmagan qarindoshlar yigʻilishdi: bu yerga yigʻilganlar azaga kelgandan koʻra chet qishloqdan kelib, boshqalar bir necha kunda egallab oladigan tersotaliklarning koʻngliga qirq yildan ortiq yashab ham kirolmagan, kirish u yoqda tursin, kirish eshigini taqillatib ham koʻrmagan va shuncha yillardan beri oʻzining maymoq oyogʻini, qirq yilcha birga yashab ham sirli va noma’lum boʻlib qolgan koʻnglini oʻzlaridan yashirib oʻtgan majruh ayolning hech qursa soʻnggi kunida, xuddi qulagan qal’aga bostirib kirgan qoʻshinday, uning bor sirini endi fosh qilish maqsadida yigʻilishganday edi: Uljon ham ayni shunday kunda oʻzini tashvishga qoʻyganidan norozi toʻngʻillardi.
— Bu maymoqning oʻlgan kuni ham oʻziga oʻxshagan tashvish boʻldi-ya...

U bu gaplarni atayin boshqalarga eshittirib aytdi, shu yoʻl bilan kasal onasi oʻlgandan soʻng ham Chitga qaytarib olib ketmay oʻzining boshiga majruh ayolni dardisar qilib qoʻygani uchun bobosi bilan togʻasini chaqib olmoqchi edi. Bobosining endi parti ketib, sharti qolgandi, uning gapiga parvo qilmadi — u oʻzining darmonsizlikdan osilib tushayotgan boshini zoʻrgʻa koʻtarib turar, togʻasi esa oʻzini eshitmaganga solardi.

Uljon nomiga boʻlsa ham chollarning qistovi bilan mayit yotgan omborxona tuynugi oldida turib, roʻmolcha bilan koʻzlarini ishqalagan boʻldi, tayoqqa suyanib, «xolam-ov« dedi. Uning bu yoʻqlovi tinch osmonda momoqaldiroq gumburlaganday ta’sir qildi, yoʻqlovdan koʻra zardaga oʻxshab eshitildi. Azaga kelganlarning kulgusi qistadi. Chollar yoshi qirqdan oshib ham el rusumini tushunmagan bu besoʻnaqay va qoʻrs odamdan norozi boʻlib bosh chayqab qoʻyishdi. Shunda kimdir kelib, Uljonning qoʻltigʻidan oldi. Uljon sekin burilib, kenja togʻasini koʻrdi. Togʻasi Chitdan ertalab ikki kishi otda suyab zoʻrgʻa olib kelgan va ayvonning bir chetida tagiga omonat toʻshalgan poʻstakda oʻtirgan bobosi chaqirayotganini shivirlab tushuntirdi. Uljon koʻpam jini suymaydigan va shuncha yildan beri onda-sonda boboligini eslab qoladigan, shunda ham birrov kelib, tez joʻnab ketadigan cholning oʻzida nima gapi boʻlishi mumkinligiga ajablanib, laylak yurish qilib, cholning oldiga bordi-da, »Nima deysiz?» deganday surlik bilan tayoqqa suyanib turdi. Bobosi xuddi aybdorday boshini egib olgandi. Keyin qarilikdanmi yoki baribir maymoq va majruh boʻlsa ham farzandi oʻzidan oldin dunyodan oʻtganidan ezilganidanmi, koʻzlari yoshga toʻlib, xirilloq tovushda dedi:
— Onam deb yoʻqlang, bolam. Onam deng.

Uljonning gʻashi keldi. Endi shu yetmay turuvdi deb oʻyladi.
— Nega ona deb chaqiraman? Onam oʻlib ketganiga oʻttiz yildan oshdi.

Bobosi chuqur xoʻrsindi. Koʻzlarini olib qochdi. Keyin pichirladi:

— Arzixol sizning tuqqan onangiz boʻladi, bolam. Salom chavondoz badnom qilib ketgach sizni Rohatga berdik. Aslida sizni Arzixolning oʻzi emizib katta qildi, bolam... U sizning haqiqiy onangiz...

Chol boshqa hech narsa demadi. Kunning ayozini junlar ichiga kirib olib yengmoqchiday, poʻstakni oyoqlariga oʻrab, koʻzlarini yumib oldi va shu bilan oʻzining soʻngsiz dardlariga va maymoq qizini isnoddan qutqarish uchun oʻylab topgan oʻsha olis xotirasiga koʻmilib ketdi.

Uljon esa «Bu esini yegan nima deyapti?!« degandek togʻasiga qahr bilan qaradi. Togʻasi boshqalar eshitib qolishidan qoʻrqqandek, otasining gapini tasdiqlab, »Shunday!» degandek indamay bosh irgʻadi va u ham bu betiyiq jiyani tayoq bilan solib qolishidan qoʻrqqandek nari ketdi. Uljon xuddi bu azali hovlining bezovta hilpirayotgan yaloviday yuzi pirpirab, atrofga ilinj bilan tikilar, kimdir bu gaplarni yolgʻon deyishini kutar, ammo hamma oʻz ishi bilan band va bu gapni inkor qiladigan mardning oʻzi bu hovlida koʻrinmasdi. Shunda avval qaynilari kaltaklashga kelgan kunda tuygan koʻkrak hidini dimogʻi tagida tuydi, keyin bu hid uning allaqachon zulmat qa’riga singib ketgan xotirasini — Oʻzining tamshanib emayotganini va oʻziga ham gunohkorona, ham qoʻrquv bilan boqib turgan yosh va opasining navbatdagi qargʻishidan dildirab turgan Arzixolni lip etib yoritib yubordi.

Uljonni qabr tepasida yolgʻiz qoldirishdi. Uning qirq yildan oshiq yelkasidan qoʻymagan va azada suyanib turgan tayogʻini bu ayolning ham izidan yigʻlab qolgan kishisi bor deyishganday shunchaki udum uchun qabrga tiqib qoʻyishdi. Endi Uljon dastlab Rajab choʻponning, keyin esa qariyb oʻttiz yil oʻzining qoʻli bilan goh oʻchoq boshida butun hovlini tutunga toʻldirib yuborgani, goh kuvi pishaman deb yogʻi bilan qoʻshib agʻdarib qoʻygani uchun, goh sigirni emib yotgan buzoq oldida, goh xamiri oqib ketgan tandir boshida Arzixolni ta’qib etgan, qachon jahli chiqsa, qachon qahri qoʻzisa, nuqul oyogʻi ostida oʻralashadigan, urgan sari urgisi, xoʻrlagan sayin xoʻrlagisi kelaveradigan, shuncha xoʻrliklarga indamay chidab, yana meni ur deganday qarshisida paydo boʻladigan, nimjon va majruh ayolni goh turtkilab, goh savalab, oʻzi ham endi savalagan sayin bir quchoq qurigan oʻtinday koʻtarib kelishib, manovi doʻmpayib turgan qabrga tiqishgan ayolning ustixonlari kabi silliqlashib-ingichkalashib qolgan va Uljon uchun bu hayotda podasining izidan ergashib yuradigan itchalik ham qadri boʻlmagan jimitday jussali ayolga berilgan shuncha yillik xoʻrliklariga «mana, men guvohman» deyotgandek qad kerib turgan tayoq bilan yuzma-yuz turardi.