OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNazar Eshonqul
Asar nomiSibizgʻa volasi (mif-hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Nazar Eshonqul
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm32KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 5-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sibizgʻa volasi (mif-hikoya)
Nazar Eshonqul

«
Qamishlar shovuriga quloq tut!
»

Goʻyo oʻz qilmishlarini quyoshdan yashirmoqchiday qalqonlari bilan yuzlarini oftobdan toʻsgancha nayzalarini quyosh nurida yaltillatib, shaharning tosh koʻchalarini xuddi nogʻora chalishayotganday bir maromda harbiychasiga toʻqillatgancha erinchoqlik bilan kelayotgan uchta soqchi va oqsoq darbon allazamonlardan beri saroy uchun unut manzilga aylangan bizning koʻchamiz boshida koʻrinishlari bilanoq men va navbat kutib turganlar, koʻchada oʻz yumushlariyu tashvishlari bilan band odamlar, orzu va xayollarini tepkilab oʻynab yurgan bolalar, darvozalari oldida hayotning yorqin xulosalari va saboqlari bitilgan sahifalarday bujmaygan aft-angorlari, musibatu hasratdan bukilgan tanalarini oftobda toblab oʻtirgan chollar, hammamiz, taqdir izmi bizning sartaroshxonaga va mening hayotimga qarab burilganini tushungandik. Endi mening navbatim kelgandi. Bunga shubha yoʻq edi. Bu shumoyoq darbon soqchilari bilan qaysi koʻchada paydo boʻlsa, oʻsha koʻchada sartaroshxonalar yopilar, keyin u bilan ketgan sartaroshlarni zabonlari sehru jodu qilingandek gung va garang mahkumlik kutib turar, bu darbon bilan birga koʻchalarga falakning achchiq va adolatsiz hukmi ham kirib kelishini shahardagi ona suti ogʻzidan ketmagan goʻdaklar ham bilib qolishgandi. Har doimgidek koʻcha boshida ularni dastavval bolalar koʻrishgandi va ular qiyqirib, koʻchani va bizni shum qismatdan ogohlantirgancha sartaroshxona tomon yugurib kelishardi. Bu koʻchada mendan boshqa sartarosh qolmagandi. Navbat kutib turgan mijozlar birin-ketin turib, uy-uylariga tarqay boshlashdi. Bundan keyin bu yerda navbat kutib turishlaridan hech qanday ma’no qolmaganini, hatto mening keyinchalik taqdirim nima boʻlishini ham ular yaxshi bilishardi. Ba’zilari kelib yelkamga doʻstona urib, hamdardlik bildirishganday boʻldi. Ularning koʻzlarida «Peshona ekan!» degan ifoda bor edi. Ba’zilari esa boshqa sartarosh izlab shahar koʻchalariga tarqab ketishdi. Ularning bugun sartarosh topishlari amri mahol. Ilgarilari har muyulishda koʻzga chiqqan chipqondek sartaroshxonalar qad kerib turardi. Sartaroshlarning koʻpchiligi ish yoʻqligidan pashsha qoʻrib, bir-ikkita mijozi bilan kun uzogʻi hasratu gʻiybat qilib kun oʻtkazishar, daromad kamligidan, sartarosh zoti koʻpayib ketib, tuflasa kasbdoshi boshiga tushishidan nolishgani nolishgan edi. Mana endi esa shaharda sartarosh zoti kamayib, anqoning urugʻiga aylanib borayapti. Anovi kelayotgan oqsoq darbon va navkarlar sartaroshlarni kun aro birma-bir olib keta boshlagach shaharda sartarosh qahatchiligi paydo boʻldi. Olib ketilgan sartaroshlar qaytib bu hunarini qilolmasdi. Iskandar huzuridan qaytganlarning telbaga aylanishar, xuddi jin chalgandek odamlar koʻziga koʻrinishdan qoʻrqishar, ovloqlarda pusib, toʻgʻri kelgan yerga agʻnab yotishar, ularga nima boʻlganini na oʻzlari, na yaqinlari izohlay olishar, bir tushunarli soʻz aytmay nuqul tushunarsiz ohangda gʻoʻngʻillashar, vaholanki toʻrt muchasi sogʻ, hamisha qon sizib yuradigan ogʻizlarini aytmasa, oʻzlari tishlayverganidan uzib olgudek darajaga kelgan tillari ham joyida, faqat ular nega bu xil dardga mubtalo boʻlishganining sababini sharhlab beradigan mardning oʻzi yoʻq edi. Ba’zilari rostdanam aqldan ozganini namoyish etib, bir toʻda bolalarga qoʻshilib koʻcha changitib yuradigan boʻlishdi, ba’zilarini jinnixonaga joylashtirishga toʻgʻri keldi. Iskandar saroyidan hali hech kim sogʻ chiqmagan, sababini hech kim aniq bilmasdi. Ammo bizga mish-mishlar orqali yetib kelgan gaplarga qaraganda, Iskandar shu darajada ilohiy zotki, unga bandasining qoʻli tegsa, aqldan ozishi turgan gap, uning Axuramazdaga xos salobati, yuzidan, boshidan taralayotgan nur har qanday odamni gungu garang, zabonsiz qilib qoʻyadi. Bu ulugʻvorlik va zalvorga dosh berolmay miyasi chanoq ichida biqirlab qaynab-toshib ketadi. Soch va soqol oʻrnida nurlar taralib turadi, sartaroshlar bu nurlarni ustara tigʻlariga olaman deb, hushlaridan ayriladilar, deyishardi. U nuri ilohiydir, u nuri ziyodir, u koinot va olam mukammalligi namunasidir. Aqldan ozish, bir umr gungu lol boʻlish, hayrat va zavol topish, uning shamsiqamar tal’atiga qiyoslashning, Unga nafaqat tigʻ tekizish, balki, qarashning oʻzi yetadi bu dunyodan qoʻl siltab, ruh va xulyo dunyosiga oʻtib ketishga. U shunday mukarram, shunday ilohiy qudrat timsoli. Shu sababli Iskandarning sochini ikki marta olgan sartaroshni hali hech kim bu mamlakatda koʻrmagan, bu Quyosh oʻgʻliga ikkinchi marta sartaroshlik qilishga hech kimning aql-idroki dosh berolmagan. Har qanday iroda bu siymo oldida mumday erib ketadi, xuddi quyosh nurida erib ketgan qish sumalagiday. Shuning uchun yilma-yil emas, kunma-kun sartarosh urugʻi kamayib, noyob hunarga aylanib qoldi. Sartaroshga boʻlgan talab kundan kun oshib, oxiri odamlar soch-soqol olishni oʻzlari ham oʻrgana boshladilar. Ilgari bolalarini sartaroshlik hunariga oʻrgating deb eshik oldida navbat kutib turishardi. Endi hech kim bolasini bu hunarga oʻrgatgisi kelmasdi. Axir farzandi sartarosh boʻlib yetishsa, bir kuni boshqa sartaroshlarning kuni boshiga tushishini bilishardi-da. Ba’zi sartaroshlar Iskandarning roʻyxatiga tushmasdan shahardan va mamlakatdan bosh olib ketishdi. Mana, endi esa navbat menga kelib turibdi. Mening qismatim qanday boʻladi? Buni chekka-chukkada, uylarining derazalaridan menga achinib qarab turganlar ham, mening oʻzim ham yaxshi bilamiz. Darbon oʻz soqchilari bilan koʻcha boshida koʻringanda sartaroshxonada yigirmaga yaqin mijoz navbat kutib turar, yana shunchasi navbat olib, oʻz ishlari bilan ketgandi. Men keyingi oylarda kechayu kunduz tinim bilmay ishlashimga toʻgʻri kelayotgan, garchi horib-tolib qolsam ham kasbimga va mijozlarimga boʻlgan hurmatim sabab ularning birontasini soch-soqolini olmay qaytarolmasdim. Aslida ham shu. Mijozini norozi qilib joʻnatishga sartaroshning haqqi yoʻq. Biz ustara bilan ishlaymiz. Bizning pirlarimiz va ma’budlarimiz ana shunga oʻrgatgan. Mana, hozir ham soqolining yarmi olingan mijozimning sartaroshxona roʻparasiga kelib toʻxtagan darbonni koʻrib tipirchalashiga qaramay ishimni oxiriga yetkazishga qaror qildim. Soqolni qayta-qayta qirtishlab oldim, qoʻllarim bilan biron chala joyi qolib ketmadimikin deb silab-tekshirib koʻrdim. Keyin hoʻl lattada artib, mushk surib qoʻydim. Mijoz qutulganiga shukur qilib, irgʻib turib, haqimni ham berish esiga kelmay, oyogʻini qoʻliga olib qochib qoldi. Uning koʻzida qoʻrquv va xavotir alanga olgan, endi ana shu alanga bilan koʻchamizni, mahallamizni, butun shaharni yoqmoqchiday shashti bor edi goʻyo. Bu paytda darbon va navkarlar sartaroshxonamning eshigidan bosh suqishayotgandi. Darbon satroshxonaga koʻz yugurtirib, hech kim qolmaganiga ishonch hosil qilgach, oqsoqlanib, ichkariga kirdi va buyruq ohangida dedi:
– Axuramazda inoyati bilan senga Iskandarning soch-soqolini olishdek sharafli vazifa yuklandi. Hoziroq asbob-anjomingni olib yoʻlga tush.

Men bunday pallada nafaqat oilam bilan xayr-xoʻshlashishga, balki endi koʻchada bironta tanishim bilan bosh irgʻab, imo-ishora qilishga ham haqqim yoʻqligini bilardim. Qismatimga Iskandarga sartaroshlik qilish shon-sharafi uchun qurbon boʻlish mahkumligi yozilgandi.

Uch navkar va darbon hamrohligida saroyga qarab ketarkanmiz, shahar koʻchalarining har ikki tomonida odamlar toʻplanib, bizni kuzatib turishar, ularning aksariyati hamdardlik bildirib, bosh irgʻab qoʻyayotganini, boshqa meni hech qachon hozirgidek xuddi bir ishni qoyillatib qoʻyishga ketayotganday magʻrur va masrur holda koʻrishmasligini, bir-ikki kundan soʻng telbalarga qoʻshilib, koʻchalarda bolalar bilan chopib, mingʻirlab yurganimga koʻzi tushishlarini, men kabi shahardagi barcha sartaroshlarni shu yoʻldan shu taxlit kuzatib, keyin ularning junun oʻynagan qiyofalarinigina koʻrishga oʻrganib qolishganini muhokama qilishayotganini sezib turardim. Ayrimlar esa garchi ertangi yozdigʻim oʻzlariga besh qoʻlday ayon boʻlsa-da, menga nadomat bilan boqib turishardi. Ularning qarashlarini ham tushungandek edim. Ular Iskandardek mukarram zotning qarshisida turish, balki uning tanasiga tegish, yuzi va tanasidagi ilohiy quvvatdan, mayli, keyin yoqib kul qilishsa ham bir necha soniya boʻlsa-da bahra olishdek baxtga musharraf boʻlish aynan menga nasib qilganidan ich-etlarini hasad kemirib turar, shu sababli atrofdagi xayrixohlik bilan guvillashayotgan olomonga norozilik bildirishgandek, menga yeb qoʻygudek tikilishar, ba’zida oshkora tarzda asbob solingan charm xaltamning abgorligi, ust-boshimning yupunligi, boʻyim kaltaligi, sartarosh boʻlaturib, sochlarimga tartib berilmagani, umuman, kamchiligu nuqsonlarim, koʻrsa tilanchi uyaladigan koʻrinishda Iskandardek mukarram zotning oldiga borish ilohlarga qanchalar hurmatsizlik ekani haqida jim yoki oshkora gʻayirlik bilan munosabat bildirishardi.

Ularni tushunsa boʻladi: Uning mu’tabar chehrasidan farogʻat olish, muborak moʻylarini qoʻllarida ushlash, abad va azal aks etgan koʻzlariga boqish, falakning marhamati va muruvvati bilan toʻyingan nigohlaridan bahramand boʻlish baxti shuncha odamlar ichida faqat menga nasib qilgan edi va men ham xayolan huzuriga borsam, uning qiyofasi taftidan koʻzlarim qamashib qoladi, u menga bani koinot qudurati aks etgan koʻzlarini tikadi, men esa ta’zim qilib, oʻzi bilan yuz koʻrishishdek baxtga kaminani musharraf etganidan minnatdor boʻlib, oyoq-qoʻlarini oʻpaman, toki holdan toyguncha etaklarini koʻzimga surtib, oyoq izlarini oʻpaman, uning ana shu munavvar chehrasini koʻrish uchun telba boʻlsam nima boʻlibdi, axir bu koinot tuhfasiga menga oʻxshaganlar ikki dunyosini ham hadya qilib yuborsa boʻladi deb oʻylardim va ana shu xayolimdan hamda Iskandarni koʻrish, uning karomat toʻla chehrasiga boqish baxtidan halitdan mastu mustagʻriq boʻlgandek, koʻringan har kimsaga baxt va surur bilan boqardim.

Saroyga kirishimiz bilan ulkan qushning qanotiga oʻxshash qoʻsh tabaqali darvoza yopildi. Qarshimda bahaybat ibodatxonani eslatuvchi saroy namoyon boʻldi. Hammasi oddiy va joʻn edi. Bu yerda aqlni oladigan hech narsa yoʻq edi. Faqat ortiqcha hasham va salobat meni lol qilib qoʻygandi. Har bir qadamda xuddi yer soti ilohlari manzilidek sovuq ruhiyat va sarob kabi jimjima toʻshalib yotardi. Darbon meni arshi a’loga olib chiqayotgandek oltin zinalardan yuqoriga boshlab borar, men esa atrofimdagi naqshlaru oppoq nafis marmarlardan hayratda qolgancha uning izidan yosh boladek ergashib ketayotgandim. Zina oxirida, eshik oldida bizni salobatli, sochi qirtishlab olingan, umrida quyosh koʻrmagandek tanasi koʻkimtir tusga kirgan odam kutib oldi.
– Ey, muhtaram eshik ogʻasi, sartarosh keldi! – dedi darbon unga egilib ta’zim qilarkan.

Eshik ogʻasi bosh irgʻadi, meni boshdan oyoq kuzatib chiqdi. Men ham uni kuzatdim: bir umr yashagan yer ostidan hozirgina chiqib kelib, koʻzlari qamashayotgandek quyosh taftidan oʻzini tortib turardi. Ammo har bir harakati aniq, hisobli edi.Keyin U «izimdan yur» degandek nigohi bilan ishora qilib, ichkari boshladi. Biz yana goʻyo oddiy pillapoyalar emas, arshu a’loga olib chiqadigandek haddan oshiq zebu ziynat berilgan zinalardan koʻtarildik, goʻyo osmonu falakni suyagandek mahobat bilan qad kerib turgan ulkan ustunlar qalashib yotgan xonalardan, dahlizlardan, boʻlmalardan oʻtdik. Nazarimda umrim bino boʻlib bunchalik koʻp yurmagandek edim. Goʻyo dunyoning bu chekkasidan narigi chekkasiga borayotgandek, – Iskandarniki boʻlsa kerak, – turli holatlari aks etgan haykallaru bosh qoliplari qalashib yotgan yoʻlak boʻylab uzoq yurdik. Nihoyat katta, hashamli, oʻrtada oltin taxt turgan xonaga kirdik. Taxt yonidagi naqshinkor kursida oʻrta boʻy, kaltabaqay, yuzlariga ilohiy boʻyoqlar surilgan, boshiga uzun kuloh kiygan kishi oʻtirardi. Kulohdan bildim, bu Iskandar edi. Faqat ugina Axuramazdaga xos shunaqa koʻk kuloh kiyishga haqli edi. Darbon meni bu haqda ham ogohlantirgandi. «Toki soqolini olguningcha, Iskandarning boshidagi kuloh yechilmaydi. Rusumi shunaqa. Soqol toʻla olingach, kohin kelib, boshdagi kulohni oladi, Iskandarning boshiga muqaddas buloq suvini sepadi, bu paytda sen boshingni eggancha miq etmay oʻtirasan» degandi. Bu yerda men guvoh boʻlayotganlarim tashqarida kezib yurgan afsonayu mish-mishlarga hecham toʻgʻri kelmasdi. Bu yer ilohiy zot yashaydigan mehrobdan koʻra jinoyatchilar ustidan hukm oʻqiladigan va qatl etiladigan maydonni eslatardi. Iskandarda ham hech qanday mahobat yoʻq, xuddi yeb oʻtirgan noni tortib olingan qalandardek yuzida alamzadalik qotib qolgan, na nur, na ilohiyot taralardi. Bu meni biroz ajablantirdi. U qayoqqadir shoshilib turganini bildirmoqchidek yelkasiga qizil duxoba tashlagan holda soch-soqol oldirishga tayyor boʻlib turardi. Hozirgina uning yelkasiga duxoba tashlagan kohin men kirishim bilan tojni ushlagancha nari ketdi. Aftidan, bu yerda har bir soniya oʻlchovli edi. Hatto mening qadamlarim ham hisobga olinganday, eshikdan kirib, ostonaga birinchi qadamni tashlashim bilan toj boshdan olingan, oʻrniga kuloh kiygizilgan edi. Bunchalik batartiblik meni biroz esankiratib qoʻydi. Bu yerda har bir bosilgan qadam hisobli ekan, unda butun mahoratimni ishga solib, belgilangan muddatda ishimni yakunlashim kerak. Eshik ogʻasi menga «boshla» degandek yana nigohi bilan ishora qildi. Men hammasini tushundim. Bu yerda izoh soʻrash, surishtirish ortiqcha, tilu zabon ojiz. Darhol ishga kirishdim.

Iskandarni tashqarida xushsurat, alpqomat, ikki yelkasiga ikkita farishta qoʻnib turadi, siymosi tong oftobi kabi shafaq taratadi, deb ta’riflashardi. Koʻz oldimda anchayin xunuk, yuzi gezargan, koʻzlari oʻlja koʻrgan boʻrinikidek sovuq, kishiga hamisha shubha va gumon bilan boqadigan badburush kimsa turardi. Xizmatkor, eshik ogʻasi, ikkita xos soqchi va kohin mening har bir harakatimni sinchkovlik bilan kuzatishardi. Bunga ajablanmasa ham boʻladi. Ular Iskandarni har qanday suiqasddan asrashlari kerak. Avval bir sidra koʻpik bilan soqolini oldim. Buni menga darbon yoʻlda tushuntirgandi. «Iskandarning oldin soqolini olib, keyin sochiga oʻtasan. Tartib shunday», degandi u. Men soqolni qirtishlarkanman, chandiqlarni tilib yubormaslik uchun butun mahoratimni ishga solardim. «Iskandar Axrimanning koʻplab yovuz kuchlari bilan olishib, yuzida oʻsha ulugʻvor janglarning izlari qolgan, juda ehtiyot boʻlishing kerak, mabodo birontasidan qon ketsa, boshing ketadi», degandi darbon. Koʻklam jilgʻalari tilimlab tashlagan adirni va seldan soʻng yorilib qolgan qatqoloqni eslatadigan yuzni moʻylardan tozalab boʻlgach, yengil tortdim. Eng ogʻir ish orqada qolgandi. Endi buyogʻi oson. Sochni bir pasda qirib tashlash mumkin. Soch olish boʻyicha bu mamlakatda mening oldimga tushadigani yoʻq. Qolaversa, darbon meni soch olishning murakkabligi haqida ogohlantirmagan. Demak, qiyin ish ortda qoldi. Men oldingi sartaroshlar nega aqldan ozar darajaga yetganliklariga biroz ajablandim ham. Iskandarning na oʻzida, na yuzida, na xatti-harakatida aql oladigan hech narsa yoʻq. Oddiy, hatto terisi oʻta joʻn, qurumsiq, xuddi kalatakesakning terisini eslatadigan ozgina badboʻy hid ham anqirdi. Buning nimasi ularni aqldan ozdirdi ekan?! Iskandar xuddi qadimgi ma’budlarday xoʻmrayib, jim oʻtiribdi. Demak, ishimdan norozi emas. Men yengil tortdim. Soqol olib boʻlinganini bildirish uchun eshik ogʻasiga oʻgirildim, u kohinga qaradi. Kohin Iskandarga yaqinlashdi. Men xuddi darbon tushuntirgandek, yerga choʻkkancha, ta’zim qilib, bosh egib turdim. Kohin kiyimlarining shitirlashigina qulogʻimga chalinardi. Keyin yuziga purkalayotgan suv tovushi keldi, izidan Iskandar suvdan qultumlab ichib qoʻydi. Darbon bu suvni muqaddas «mada[1]» suvi deb aytgan edi. Bu suvni ichgan va unda choʻmilgan abadiy yashaydi, abadiy hukmronlik qiladi. Iskandarning qudrati shundaki, u bobomning bobosi davrida ham hozirgiday navqiron koʻrinishda boʻlgan, nabiramning nabirasi davrida ham men koʻrib turganday koʻrinishda qoladi. U bu dunyoga abadiy hukmronlik qilib, bizni adolat va ravnaq, hidoyat va taraqqiyot sari yetaklaydi. Bizni zalolat botqogʻidan xalos qilish uchun yuborilgan falakning inoyati, saxovati, himmati va shafqati u. Bu unut zaminda judolik uqubatiga gʻarq qilinganlar uchun ilohiy diydor tajassumi. U boshimizda balqib turgan quyoshimiz, mangu mehrobimiz, Axuramazdaning tal’ati, yoʻq, yoʻq, u oramizdagi Axuramazdaning oʻzi. Shafqat va inoyat uchun, muruvvat va marhamat uchun, sahro jizgʻanagida qolgan qalblarimizga obi hayot berish, chanqoq dillarni qondirish uchun oldimizga tushgan...

Saldan soʻng kohinnning qizil ridosi mendan uzoqlashdi. Shundan kohin Iskandarni soch oldirishga tayyorlab boʻlganini sezdim. Eshik ogʻasi yelkamga turtdi. Men endi sochni ola boshlashim mumkinligini angladim va xaltamdan soch ustaramni olib, uni qayishga bir ikki qayradim. Iskandarning oldiga kelib, sochni peshona qismdan boshlab olmoqchi boʻlib, old tomonga oʻtdim va qay yoʻsin qirtishlash qulayligini bilish uchun sochga razm soldim.. Va shunda butun badanimni qaltiroq bosdi. Koʻrganlarimga ishonmay, eshik ogʻasiga qaradim. Eshik ogʻasi mendan koʻz uzmay qarab turar, uning koʻzida hech qanday ajablanish yoʻq edi. Vaholanki, men koʻrganni u ham koʻrib turardi. Keyin kohinga qaradim. U ham xuddi haykalday, hech narsa yuz bermaganday qotib turardi. Ular uchun men koʻrib turganlarim odatdagi manzara edi. Ha, koʻzlarim aldamagandi. Iskandarning sochlari orasidan toʻrt enli shox oʻsib turardi. Qoʻllarim qaltiradi. Lablarim pirpiradi. Qoʻlimdan ustara tushib ketdi. Oq marmarga jaranglab tushdi. Qoʻrqib ketdim. Hozir Iskandar gʻazabga keladi, boshimni tanimdan judo qiladi degan xayol oʻtdi miyamdan. Ammo negadir bu holatimga hech kim e’tibor bermadi. Iskandar tushib ketgan ustaraga qayrilib ham qaramadi, qolganlar ham pinagini buzishmadi. Shundan bildimki, ular bunaqa holatga oʻrganib qolishgan. Nima qilib boʻlsa ham oʻzimni bosib olishim kerak edi. Chuqur nafas oldim. Koʻzlarimni yumib, bir pas turdim. Bu menga dadillik berdi. Keyin peshonamda borini koʻraman deb, sochni ola boshladi. Koʻzim shoxga tushganda qoʻllarimda qaltiroq turar, ammo darhol oʻzimni chalgʻitib, nima qilib boʻlsa ham bu yerdan sogʻ-omon chiqib ketishni oʻylardim. Nihoyat sochni olib boʻldim. Shoxning atrofini ham tozaladim. Iskandar boshini kafti bilan silab koʻrdi, keyin jilmaydi. Bu saroyga kelganimdan beri birinchi marta jilmayishi edi. Kohinning ham yuziga tabassum yugurdi. Demak, ishim bularga yoqqan. Kohin kelib, Iskandarga toj kiygiza boshladi. Tojdan oldin shoxni yopish uchun qalpoqcha kiydirishdi. Keyin unga yana oʻsha suvni tutishdi. Men serrayib qotib turardim. Eshik ogʻasi kelib yelkamga qoʻl qoʻydi. Shunda bu yerda ishim tugaganini, hammasi yaxshi oʻtganini angladim. Ustaramni va xaltamni yigʻishtirdim. Eshik ogʻasi bilan yana oʻsha uzun yoʻlaklar, aylanma dahlizlar va sirli boʻlmalar orqali orqaga qaytdik. Zinaga qaytib chiqqanimizda darbon pastda soqchilari bilan kutib turardi. Eshik ogʻasi haqimni berarkan, menga oʻta sovuq ohangda shipshidi: «Sen bu yerda koʻrganlaringni unut. Biron kishiga gullasang, oʻzingning va yaqinlaringning joni olinadi, moli gʻorat boʻladi. Shuni bilgilki, uyingning devorida ham, yurgan yoʻlingda ham quloq bor. Ogʻzingdan chiqqan tovushni ham bizga yetkazishadi. Tilingni tiysang yashaysan. Aksincha boʻlsa, oʻsha zahoti anovi jallod qarshingda paydo boʻladi.» U imo bilan saroy chetidagi supada oyboltasini koʻtarib, xuddi «qani, navbat kimniki?» degandek oldidagi kundani aylanib yurgan badbashara, bahaybat, odamdan koʻra devga oʻxshab ketadigan barzangini koʻrsatdi. Jallod har damda boltasini bir siltab olardi, goʻyo bu bilan xayolidagi mahkumning boshini tanasidan judo qilayotganday boʻlar va uning boltasidan atrofga vahimali «shuv...shuv» degan sas taralardi. Hammasiga tushundim. Menga bu yerda koʻrganlarim haqida gapirish ta’qiqlanayotgan edi. Avvaliga sogʻ-salomat chiqqanimga xursand boʻlib, bajonu dil bosh irgʻadim. Darbon bilan darvoza tomon yoʻl oldim. Endi buyogʻi ozodlik edi. Bu yerdan sogʻ-salomat chiqqanimga shukurlar qilib, qushday uchib borardim. Men ozod edim. Menga ham, zabonimga ham, sezishimcha, aql-idrokimga ham hech narsa qilmagandi. Demak, shuncha sartaroshlar ichida faqat men bu saroydan aql-hushi joyida boʻlib chiqib ketayapman degan xulosaga keldim. Bu taqdirning siylovi, tangrilarning inoyati, Iskandarning marhamati edi. Hayot yanayam goʻzal koʻrinib ketdi koʻzimga. Saroydan uyimgacha qushday uchib bordim.

Ammo yanglishgan ekanman. Ikki kundan keyin koʻrganlarim koʻz oldimdan ketmay qoʻydi. Qayoqqa qarasam, boshdagi shox koʻrinardi. Ustiga ustak ayolim, bolalarim va yaqinlarim menga saroyda koʻrganlarimni aytib berishni talab qilib, holi jonimga qoʻymas, men esa ularga nima deyishni bilolmay lol edim. Bu haqda gapiray desam bolalarim va yaqinlarimning boshiga koʻzim tushar, birdan fikrimdan qaytardim. Har burchakda josus ma’budlar mening ogʻzimni poylab turganday boʻlardi. Birdan tilimni tishlardim. Shu taxlit kunlar oʻtdi. Menga hech narsa yoqmas, ichimga kirib olgan Iskandarning siri menga tinchlik bermas, ammo uni oshkor qilishdan ham qoʻrqardim. Aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadigan holatga tushgandim. «Ey, odamlar, Iskandarning shoxi bor!» deyishim bilan oʻzimning va yaqinlarimning boshiga nima kunlar tushishini tasavvur qilib, yuragim orqaga tortib ketardi. Tilni tiyib koʻrganlaring, boshingdan kechirganlaring, guvoh boʻlganlaring haqida lom-mim demay yurish bunchalik ogʻirligini ilgari bilmagan ekanman: axir menga tilim, zabonim butun boʻla turib, koʻrganimni koʻrmadim, bilganimni bilmadim deyish, xuddi gungu kar odamlardek yashash, bir umr til tiyib yurish, boshqacha aytganda, Iskandar uchun tilimni, borligʻimni qurbon qilishim kerak edi. Ammo jim yurib ham boʻlmasdi. Jim yurish aqldan ozdirardi, telba qilardi. Xuddi ichimga jin kirib olganday edi. Bu jin ertayu kech xayolimni Iskandarning boshida turgan shox bilan band qilar, u haqda kimgadir aytish, bu sirni ochib, fosh qilish istagini uygʻotar, koʻringan har bir odamga «Ayt, ayt» deyotganday tuyular, bu istak ba’zida meni shunchalik qistovga olardiki, butun badanim qaqshay boshlar, boshimga ogʻriq kirar, paylarim tortishib, xuddi tutqanoq tutayotganday qaltiroq va azobdan bukilib qolar, ichimdagini aytib, hammasidan bira toʻla qutilish istagi paydo boʻlar, biroq meni bu istakdan eshik ogʻasi bolalarim va yaqinlarimning jonini qilga osib qoʻygan ogohlantirishigina saqlab qolar, chorasizlikdan bukilib olib, a’zoi badanimni qaqshatayotgan ogʻriqni bosaman deb gʻujanak boʻlib olar, ichimda goʻyo butun shaharni, butun mamlakatni yondiradigan alanga lovullab, meni taftida qovurib-qovjiratib turganday tuyulardi. Ichimdagi olovni hech narsa bilan oʻchirib boʻlmasdi. Oʻchirish uchun faqat ichimdagini aytishim kerak. Lekin bu mamlakatda birovga bu haqda gapirish oʻlim bilan baravar edi. Birontaga endi gap boshlayman deyishim bilan shunday yonimda kundani aylanib yurgan jallod paydo boʻlar va oyboltasini baland koʻtarardi. Uni koʻrib tillarim tanglayimga yopishib qolar, kalima kelmas, kiyimlarimni sovuq ter hoʻl qilib yuborardi. Bu qandaydir tavqi lan’atga oʻxshardi: qachon ichimdagini aytaman desam, vujudimda xuddi boʻron kabi qaltiroq boshlanar, oʻsha zahoti qarshimda jallod paydo boʻlar, «qani, boshingni kundaga qoʻy» deyotganday koʻzlarini loʻq qilib tikilar, jonholatda tillarimni tishlab olar va uni koʻrmaslik uchun koʻzlarimni yumar, toki ichimdagi qaltiroq pasayguncha shu holatda qotib turaverardim. Tushlarimda ham oyboltaning «shuv...shuv» etgan tovushini eshitib yotar, goʻyo oybolta boshimiz ustida sermalayotganday uxlab yotgan bolalarimning boshini tanam bilan toʻsgancha, yotib olardim. Mening tush va hush aralash bu holatim ayolim va bolalarimda qanchadan qancha noroziliklar, ajablanishlar uygʻotmadi deysiz. Keyinchalik ular ham meni boshqalar kabi aqldan ozgan deb oʻylay boshlaganini koʻzlaridan, yuzlaridan bilib turardim. Odamlargina emas, ma’budlar ham Iskandarga xizmat qilib, nafaqat soʻzlarni, har bir tovushimni yetkazib turishibdi. Aygʻoqchi shamollar ham atrofimda gap olish uchun gir-gir aylanib yuribdi, josus daraxtlar tunlari derazamga suyanib, tushlarimga quloq tutadi. Bepoyon osmon «koʻngling kir sening» degandek koʻzlarimga loʻq boʻlib tikiladi, uyim atrofida chigirtkalar, qurvaqalar navbatchilik qiladi. Hammasining maqsadi meni gapga solib, keyin borib chaqish va xonumonimni kuydirish. Kimga qaramay, boshqa maqsad koʻrmayman. Ichimdagini aytishga, dardimni yoyishga munosib quloq, munosib hamdard yoʻq. Xuddi telba kabi kun uzogʻi shahar aylanib yurar, birdan boʻshalib ketmaslik, gapirib yubormaslik uchun tilimni mahkam tishlab olardim. Tilimga ishonmasdim. Toʻsatdan sirni ochib yuborsa, keyin bolalarimu yaqinlarimni koʻz oldimda qatl etishsa... Qatl manzarasini tasavvur qilib, xuddi tilim mendan qochib, aytib qoʻyadiganday, tilimni uzib tashlagim kelardi. Tilim yara boʻlib, ogʻzimdan qon oqib yuradigan boʻldi. Hamma qoʻlini bigiz qilib meni koʻrsatishar, meni ham aqldan ozdi deb oʻylashardi. Odamlarni koʻrdim deguncha menda aytish istagi kuchayar, oʻzimni zoʻrgʻa bosib, tilimni tishlagancha ogʻzimdan koʻpik va qon sachratib ulardan uzoqlashardim. Bora-bora ichimdagi istak kuchayib borar, ammo qarshimda biron tanishim yoki biron yot odam paydo boʻldi deguncha, qulogʻim tagida oyboltaning «shuv» etgan tovushi ham eshitila boshlar, u boshim uzra sermanganday tuyular, uning zarbidan olib qochaman deb boshimni egib olar, tanishim bu holatimni koʻrib, meni ham boshqa sartaroshlar kabi tuzalmas xastalikka yoʻliqqan deb oʻylagani uning achinish va ajablanish toʻla koʻzlaridan shundoq koʻrinib turadi. Bora-bora boltaning tovushi kuchayib bordi. Qaerda boʻlsam u meni ta’qib etar, bir lahza boʻlsin tinch qoʻymasdi. Gavjum joylarda istak avj olar, qaltirab, tilimni tishlab, oʻzimga ogʻriq berib, zoʻrgʻa qochib qolardim. Oxiri chidolmadim. Olomondan oʻzimni olib qochib, ovloq koʻchalarga, odamlar yoʻq joylarga chiqib keta boshladim. Odamlardan uzoqda bu istak va bolta tovushi ozroq boʻlsa ham pasayardi. Endi men shaharning huvillab qolgan kimsasiz koʻchalarini telbalarday kezib yurardim. Bu yerlarda ichimdagi qaltirash, qoʻrquv bosilar, ogʻriq yumshardi. Shunda hech kim tushunmaydigan ohangda xuddi itlardek alam bilan uvillab-uvillab qoʻyardim. Goʻyo shu bilan ichimdagi darddan butun dunyoni xabardor qilmoqchiday edim. Ammo dunyo gung va kar edi. U meni tushunmas, uvillashlarimga e’tibor bermas, atrofimdan meni masxara qilayotgan vaqt va olomon bilan birga qoʻshilib oʻtib ketardi.

Bir kuni dard yanayam zoʻraydi, qayga borsam, oʻtirsam ham, tursam ham bolta tovushi ta’qib qila boshladi. Nima qilib boʻlsa ham undan qutulishim kerak edi. Qulogʻimni kar qilgudek jaranglayotgan bu tovushga va tanamni qaqshatayotgan ogʻriqqa bir chora izlab, shahardan qochib dalaga chiqib ketdim. Dalada yurib-yurib, oxiri bir paytlar bolalagimizda mol boqadigan toʻqayga kelib qoldim. Uzoqlarda togʻ yastanib yotardi. Avvaliga oʻsha togʻlarga qarab ichimdagini aytgim keldi. Ammo atrofimda aylanib-oʻrgilib, barlarimni va sochlarimni oʻynoqlayotgan shabboda tovushimni Iskandarga yetkazishdan qoʻrqardim. Najot istab atrofga alangladim. Birdan esimga toʻqaydagi quduq tushdi. Bolaligimizda biz undan sado qaytishi uchun ismimizni aytib chaqirar, saldan keyin quduq tubidan ismimizning gʻalati ohangdagi aksi qaytib kelib, bizning kulgimizni qistar, ichagimiz uzilguday kulib, yana baqiraverardik. Boshimizni quduqqa tiqib qancha qichqirsak ham ovozimiz tashqariga chiqmas, quduq tubiga izsiz singib ketardi. Mana endi yana oʻsha quduq oldida turibman. Agar unga boshimni tiqib qancha baqirsam ham quduqdan boshqa hech kim, na shamol, na osmon, na qushlar eshitmasligi aniq. Atrofimga qarab oldim. Tovushim yetadigan kenglikda, tepamda hech zogʻ yoʻq edi. Shunda quduq boshiga keldim, boshimni quduqqa tiqib, xuddi bolaligimdagidek bor ovozim bilan shuncha kunlar aytishni menga ta’qiqlashgan, shuncha kunlar xayolimni band qilib, meni telba qilgan sirni baqirib-hoʻngrab ayta boshladim: «Iskandarning shoxi bor. U Axuramazda avlodi emas, u Axrimanning zurriyodi ekan. Uning shoxi bor ekan!!!» Xumorim chiqquncha baqirdim. Koʻzlarimdan yosh potirlab oqardi. Bu sevinch yoshlari edimi yoki qaygʻumi, bilmadim. Lekin hoʻngrab yigʻlar va yana baqirib, Iskandarning shoxi haqidagi sirni quduqning tubiga oshkor qilardim. Ichimni kuydirayotgan, meni telba qilgan sirimni aytadigan, mayli, u jonsiz va tubsiz quduq boʻlsa ham dardimni eshitadigan topilganidan oʻzimda yoʻq baxtiyor edim. Har baqirganimda badanimdan, boshimdan ogʻriq, kasallik arir, vujudim yengillashar, tanamga quvvat va hayot qaytar, eng muhimi meni ta’qib qilib yurgan bolta tovushi ham mendan uzoqlashib borardi. Oxiri u tinib, qulogʻimga oddiy shangʻillash kela boshladi. Shu kuni kechgacha quduqqa Iskandarning saroyida nimani koʻrgan va his qilgan boʻlsam, hammasini aytib berdim. Shu yoʻl bilan oʻzimni muqarrar telbalikdan asrab qoldim. Ichim boʻshalgan, olov tafti bosilgan edi. Ichimda nimadir chiqib, quduqning tubiga dumalab ketganday, shuurim, vujudim yalangʻoch boʻlib qolganday edi. Ammo salomat, tetik edim. Tanamga yana quvvat va hayot qaytgandi. Butun dardimni, sirni va koʻrgan-kechirganlarimni shu yerga tashlab shaharga qaytdim...

...U shaharga ketdi. Keyinchalik eshitdik, uni Iskandarning josuslari va ma’budlar qahru gʻazabga toʻlib izlashibdi. Ammo uni boshqa hech joydan topisholmabdi. U quduqqa kelib dardini aytgach izsiz gʻoyib boʻlibdi. Aygʻoqchilar iz va is olib toʻqayga va bizning oldimizga ham kelishdi, ular quduq tublarini ham titkilashdi, ammo bu payt bizni qamish barglari oʻz hovuchiga yashirib qoʻygandi. Biz esa qamishning bargida uzoq uxladik va bir kuni qamishga aylanib, quduq tubidan oʻsib chiqdik. Oʻsha yili qurgʻoqchilik keldi. Ammo bizning tomirimiz suvga tegib turardi. Biz tez boʻy choʻzdik. Boʻyimiz quduqdan tashqariga chiqib, olis va vahimali shaharlarni ham koʻra oladigan darajaga yetdi. Osmonga intilgan doʻstlarim bilan birga shamolda tebranib, har oʻtgan-ketganlarga nimadir deb shovullardik. Ammo bizni hech kim tushunmas, hech kim shovurimizga quloq tutmasdi. Oradan oylar oʻtib, toʻqayga turli tomonlardan qismatlariga dunyoni oʻzgartirish bitilgan choʻpon bolalar kela boshlashdi. Oldin oʻyin ilinjida toʻqayni, keyin bizning atrofimizda aylanishdi. Boʻliq, tarsillab turgan tanamizni ushlab koʻrib, bir-birlariga nimadir deya boshlashdi. Oʻtkir pichoqlarini chiqarishib, bizni boʻlaklab kesishga tushishdi. Keyin ular bizdan sibizgʻa yasashdi. Endi biz qamishdan ohangga aylangandik. Sibizgʻani chalib koʻrishganda biz ichimizdagi hamma narsani toʻkib soldik. Choʻpon bolalar oʻzlari yasagan sibizgʻalarni yoʻl boʻyi boshqa bolalarga tarqatib ketdilar. Bolalar esa tun-kun sibizgʻa chalishar, sibizgʻadagi ohang eshilib buralib odamlarni ogoh qilardi:»Iskandarning shoxi bor... Iskandarning shoxi bor...» Tez orada biz oʻsgan quduqdan chiqmagan boshqa sibizgʻalar ham paydo boʻldi. Keyin yana boshqalari. Turli makonu manzillarda yasalgan bu sibizgʻalar ham bizga oʻxshab, shox haqida nola qilardi. Shundan keyin bildik, sartaroshning qismati mangulikka mahkum qilingandi: u hali hanuz dunyo kezib yurar, qaerda quduq boʻlsa, unga ichidagi sirni aytar, Iskandar josuslari koʻmib ulgirmagan quduqlardan qamishlar oʻsib chiqib, sibizgʻaga aylanardi. Bolalar esa tun-kun sibizgʻa chalishar, sibizgʻadagi ohang eshilib-eshilib odamlarni ogoh qilardi: "Iskandarning shoxi bor... Iskandarning shoxi bor..."


  1. Mada, boshqacha nomi xaoma – zardushtiylik dinida muqaddas suv. Bu suvni ichgan abadiy yashaydi deb hisoblangan.