OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Nazarmat. Fazilat (hikoya)
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNazarmat
Asar nomiFazilat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Nazarmat
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Fazilat (hikoya)
Nazarmat

Kupega qotma, qoratoʻri, qorday oppoq, siyrak sochi doka roʻmoli tagidan chiqib turgan bir keksa ayol kirdi. U bir qoʻlida chamadon, bir qoʻlida besh-olti yashar qizaloqni ushlab olgan. Eshik oldida turib menga, soʻng polkaga qaradi. Oʻrnimdan tez qoʻzgʻalib, keksa onaga salom berib, qoʻlidan chamadonni olib, yuqori polkaga qoʻydim.
— Rahmat bolam, baraka top, umring uzoq boʻlsin, — deya duo qildi, soʻng qoʻlida ushlab turgan qizaloqning peshonasidan oʻpib oʻrta qavatdagi oʻrindiqni koʻrsatdi:
— Lolaginam, senga shu yerga joy qilib beraymi, tashqarini tomosha qilib ketaverasan.
— Mayli, oyijon. Qoʻlimni qoʻyvoring. Qani bir chiqib koʻray-chi, qanaqa joylar ekan. Yaxshi boʻlsa-chi, unda tomosha qilib ketaveraman, oyijon.
— Kelaqol, yaxshisi yonimda, manavi pastdagi oʻrindiqda ketaver. Poezd ham tez yurib qoldi. Mabodo qalqib ketsa bormi, unda seni ushlab boʻlmaydi. Oyogʻimning naq ostiga agʻdarilib tushma yana, qoʻzichogʻim.

Lola allaqachon oʻrta polkaga chiqib olib, tashqarini zavq bilan tomosha qilardi. U lentaga bogʻlangan ikki oʻrim sochini selkillatib gapirdi:
— Bu yerdan tushmayman, rosa tomosha joy ekan. Yiqilmayman, yiqilsam-chi, oyijon, siz ushlab qolasiz, xoʻpmi?

Kampir menga qarab kuldi. Nevarasining bu qiziq soʻzidan mamnun kurindi. Oʻrnidan turib qizalogʻining ostiga odeyal toʻshadi, boshiga kattagina yumshoq tugunni qoʻydi.
— Rahmat, oyijon, endi men derazadan qarab ketaman, — dedi Lola. Uning ingichka ovozi chinniday jaranglab eshitildi.

Men termosni deraza yoniga qoʻyib, provodnik toʻshab ketgan oʻrindiqda chordona qurib oʻtirib olib, choy ichishga tutindim. Onaxonga piyolada choy tutdim.
— Rahmat, bolam, — deb u choyni qulimdan olib, piyolani nevarasiga uzatdi, — choy ichasanmi?
— Yoʻq, oyijon, bir dona konfet beraqoling. Kampir monpase qutisini uzatdi. Soʻng oʻzi choy ichishga tutindi. Men bamaylixotir oʻtirgan bu qariyaga, soʻng tashqarini tomosha qilib ketaetgan nevarasiga bir-bir qarab, buvilik qanday tabarruk va tashvishli davr deb oʻyladim ichimda. Kishi qarib qoʻliga hassa tutgan bunday paytda shunday nevaralari boʻlsa, hassani ham unutsa kerak. «Belimning quvvati, koʻzimning nuri» deb shuni aytadilar-da, dedim ichimda.

Choy pirovard boʻldi. Men bir mizgʻib oldim. Koʻzimni ochsam kampir koʻzoynak taqib olib, nevarasiga jun qoʻlqop toʻqib oʻtiribdi. U gohi-gohida deraza oynasidan tashqariga qarab, xomush qolardi. Soʻng yana toʻqishda davom etardi. Men yostiqdan boshimni koʻtarmay, kampirning nimadandir dardli, tashvishli ekanini sezib borardim.
— Oyi, dam olmaysizmi, toliqib qolasiz, — dedim yostiqdan boshimni koʻtarib.
— Charchash nimaligini bilmayman, bolam. Bekor oʻtirsam, zerikib qolaman. Innaykeyin yoʻlda hech uyqum kelmaydi. Shunaqa gʻalati odamman, bolam, — qoʻlqopdan koʻzini olmay gapirdi kampir. Soʻng boshini yuqoriga koʻtardi. Nevarasi yostiqqa boshini qoʻyib uxlab qolibdi. Kampir yana toʻqishga tushdi.
— Toshkentda kimingiz bor? Bu uxlab qolgan qizaloq nevarangizmi? — kampirning yuragidagi yashirin dardiga hamdard boʻlgim, unga qoʻlimdan kelsa yordam bergim keldi.

Kampir asta boshini koʻtardi, tuqishdan toʻxtadi, soʻng chuqur uh tortib, yorildi:
— Aylanay bolam, Toshkentda kimlaringiz bor deb soʻradingiz. Gapning sirasini aytsam, u yoqda hech kimim yoʻq. Men hozir Andijonga boryapman. Oʻz uyimga. Bu qizaloq kim boʻladi, deb soʻradingiz. Aslini aytsam, u menga hech kim boʻlmaydi.

Kampirning koʻzlari yiltirab ketdi. Men oʻzimni koyidim. Oʻrinsiz soʻroqlarimdan uyalib boshimni xam qilib oʻtirdim. Kampir menga koʻz qirini tashlab, yana soʻzida davom etdi.
— Haligi gaplarim yolgʻon, bolam, — dedi yuzi yorishib, soʻng pishillab uxlab yotgan Lolaning ustini yaxshilab oʻrab quydi. Oʻrniga oʻtirib yana soʻzladi: — bu nevaram boʻladi. Toshkentda kelinim bor. Oʻshanikidan kelyapman.
— Andijonda kimlaringiz bor. Otamiz bormilar? — dedim.

Kampir derazadan tashqariga xomush tikilib qoldi. Yuzi qish havosiday salqib turardi.

Oʻzimni koyidim. Savol bermay oʻtirsam boʻlmasmidi, deb xafa boʻldim.
— Andijonda hech kimim yoʻq. Erimdan yosh kelinligimda ayrilganman. Bir yashar oʻgʻlim — Tohirjonim bilan qolganman. Tohirjonimning dadasini dushmanlar traktorga bogʻlab oʻldirib ketishgan. Men oyimlarnikiga ketgan edim. Tohirjonimni kimning eshigiga olib boraman deb, yolgʻiz oʻtishni oʻyladim. Chok tiqdim. Mehnat qildim. Oʻgʻlim katta boʻldi. Oʻqitdim. Institutni bitkazdi. Oʻsha oʻzi oʻqigan institutda uni muallimlikka olib qolishdi. U, oʻz qoʻlida oʻqib yurgan Dilbar degan qizga bir yildan keyin uylandi. Lekin koʻp oʻtmadi. Urush boshlandi. Oʻgʻlim frontga ketdi. Men kelinim Dilbar bilan qoldim. Oʻgʻlim haqida qora xat keldi. Qora kunlar boshlandi. Kelin menga, men kelinga qarab yigʻlardik. Kelin erga chiqmadi. Oʻn besh yil kutdi oʻgʻlimni. Qiyin boʻldi bechoraga. «Men roziman, yosh umring bunday yolgʻizlikda oʻtmasin», dedim. Koʻnmadi. Oxiri kelinim bilan xayrlashib, Toshkentdan Andijonga, oʻz uyimga ketdim. Kelinim bir kuni meni qidirib bordi. Rozi-rizoligimni olib kelib mana shu Lolaxonning dadasiga — Sobirjon degan xotini oʻlgan muallimga turmushga chiqdi.

Sobirjon ochiq koʻngil, mehribon kishi. Lekin meni koʻrsa tortinib turadi. Menga balki shunday koʻrinar. Har holda oʻz oʻgʻlimday emas. Kelinim esa meni onam deb oʻzidan nari qoʻymadi.

Lekin men... Oʻzingiz tushunasiz... gohi-gohida chidab turolmayman. Dod falak, dastingdan, deb yuborgim keladi. Yana insofga kelaman. Kelinimni oʻylab ketaman. Unda nima gunoh. Urush boʻlmasa, oʻgʻlim Dnepr buyida halok boʻlmasa, kelinim birovga xotin boʻlarmidi. Yana insofli ekan, mana yigirma yildirki, meni esidan chiqarmaydi, deb oʻzimni oʻzim ovutaman. Mana shunaqa dunyo, bolaginam. Ichimni judolik kemirib, umrimning qolgan kunlari oʻtyapti.

Men kampirning tamshanayotganini sezdim. Uning eski dardi ochilib, ichi kuyayotgan edi. Yulakka chiqib, bakdan termosga choy damlab keldim. Kampir issiq choyni hoʻplab, uzoq xomush oʻtirdi. Soʻng mening boshimdagi chandiqni koʻrib, asta soʻradi:
— Bolam, siz ham urushda boʻlganmisiz? — Uning nursizlanib qolgan, yoshlangan koʻzlari mehr bilan tovlanganday koʻrindi. U hozir oʻgʻlining oʻrniga meni qoʻyib, jonimga achinayotganday edi.
— Ha, oyi, koʻpchilik qatorida men ham urushda boʻlganman. Bu chandiq Dneprni kechib oʻtganimda boʻlgan.

Kampir boshimni egib chandiqni koʻrdi. Soʻng koʻzini artib gapirdi.
— Boshing toshdan ekan bolam, uzoq yashaysan. Sizlarni kursam oʻgʻlimni koʻrganday boʻlaman. Endi boshqa urush boʻlmasin, omon boʻlinglar.

Kampir termosni qoʻlimdan olib, oʻzi choy quyib ichdi. Men jim oʻtirardim. Xayolimda Dnepr jangi namoyon boʻlar edi. Daryoni kechib oʻtish uchun boʻlgan janglarda koʻp yigitlarni yoʻqotgan edik. Ularning orasida balki Tohirjon ham boʻlgandir.

Men yigirma yildan buyon kampirni oʻz yonidan jildirmagan, boshqa erga chiqqanda ham uni yoʻqlab eslab yurgan kelinni, marhum jangchi bevasini oʻylay boshladim. Uni koʻrgim, bilgim, ana shunday oqsoch ota-onalar nomidan unga rahmat aytgim keldi. Axir u haqiqiy inson, oʻz erining ruhiga vafodor kelin ekan. Kampir yoʻtaldi. Choyga rahmat aytdi. Meni xayolim joyida emasligini bilib oʻzi gap ochdi:
— Ketgan qaytib kelmaydi, bolam. Lekin oʻgʻlimning xoku gʻuborini koʻrolmay oʻrtanaman. Qabrini quchoqlab, koʻnglimni boʻshatsam mayli edi. Koʻrsam balki u yerdan qaytmasmidim. Men ham u yerda oʻgʻlim yonida qolarmidim. Koʻzimning nuri qolmayapti. Uni yumilgan desam ham boʻlaveradi. Lekin oʻgʻlim qabrining yulini bilolmayman, uni juda-juda olisda deyishadi...
— Dafn etishgan joylarini ma’lum qilishgandir qismidagilar.
— Ma’lum bolam, oʻsha yerlik maktab bolalaridan hozir ham xat olib turaman. Lekin u yerga borishning yoʻlini bilolmayman. Bir oʻzim qayoqqa ham bora olardim.
— Men yozda otpuskaga chiqaman. Siz soldat oyisisiz. Demak mening ham oyimsiz. Endi sizni oyi deyman, rozi boʻlsangiz oʻzim oʻsha yoqqa sizni olib boraman, — dedim. Kampir bosh chayqadi. Soʻng yuzi yorishdi.
— Hozir kelinimnikidan shu masalani pishitib kelyapman. Yordam beraman deganingiz uchun bu keksa boshimni egib qulluq qilaman sizga, bolam. Lekin kelinim dardimga malham izlayapti. Sizga aytgan gapimni unga ham aytganman. Kelinginam bechora ikkilanmay xoʻp degan. Yozda Kievga olimlik ishi bilan borishi kerak ekan. Shunda meni oʻzi bilan birga oʻsha yoqqa olib bormoqchi boʻldi. Lekin eri bilan maslahatlashib, uning roziligini olishni aytdi. Eri koʻnsa kerak. Nevaram Lolaxonning boshidagi tugunchada sovgʻalarim bor. Ularni menga kelinim olib berdi. Hammasi junli issiq kiyimlar. Tohirjonim yetgan joyga kiyib borar ekanman. Ha, bular safar sarposi.
— Keliningiz qizingizdan ham afzal ayol ekan. Bunday kelinlarga ming rahmat aytsa arziydi.
— Oʻgʻlim oʻrnida koʻraman. Bechora kelinim bir marta kuydi, ikkinchi marta kuymasin deyman. Huzur-halovatini, bola-chaqasining rohatini koʻrsin. Dunyoda menday yolgʻiz qolmasin. Baraka topsin, bolaginam. Uni kechalari ham, kunduzlari ham duo qilaman.
— Keliningizning ismi kim, qaerda ishlaydi? — Mening bu savolim kampirni choʻchitmadi, yo faxrlantirdimi u:
— Institutda muallim boʻlib ishlaydi, ismi Fazilat, — dedi gʻururlanib.
— Fazilat.

Kupe yorishganday boʻldi. Poezd Fazilat ismini takrorlab, kuylab yugurib yelayotganday tuyuldi. Deraza oynasidan qaysi bir shaharning parpirab yonib turgan chiroqlari koʻrindi. Lola uyqusidan uygʻonib, bizlarga salom berdi.

1975