OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Nazokat Azim. Tengsizlik (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNazokat Azim
Asar nomiTengsizlik (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Nazokat Azim
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm50KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tengsizlik (hikoya)
Nazokat Azim

«
«Tengsizlik» bilishimcha, Nazokatxonning dastlabki mashqlaridan. Lekin bundan bexabar odam uni bemalol nasrda ancha-muncha qoʻli kelib qolgan muallifning asari deyishi mumkin. Demak, aslida qizimizning zuvalasida yozuvchilik ishtiyoqi boʻlgan-u, kitobni koʻp oʻqib, hayotning past-balandini koʻp koʻrgachgina yuzaga chiqqan:yozmasang boʻlmaydi!
 

Menga hikoyadagi zamon manzaralariga tiyrak, shoʻx nazar bilan qarash, ba’zi ijodkorlarga xos boʻlgan siyqaliklardan dadil qochish, tasvirdagi noziklik (oʻziyam Nazokat-da!) xislatlari ma’qul koʻrindi.
 

Nazokat yozuvchi ekan! Yaxshi adiba boʻlib yetishsin!

Erkin a’zam
»

1

Men oʻsib-ungan «mahalla« baland va hashamatli edi. Mantiqozonni eslatuvchi "mahalla"miz oʻn ikki qavatli, minorasimon bino boʻlib, uning har bir qavati ulkan qasqonga oʻxshardi. »Qasqon»da doira boʻylab joylashgan xonadonlarni esa shirin, tuzsiz, achchiq, katta, kichik, dumbali, yogʻsiz, koʻkatli mantilarga qiyoslasa boʻlardi.

Binomizning qulf-kalit nimaligini bilmagan yakkayu yagona darvozasi toʻqson olti xonadonga kirib-chiquvchilarga doimo ochiq edi. Kimdir darvoza tabaqalarini tepib oʻtar, kimdir ehtiyotkorlik bilan ochar, kimdir bu darvozaga parvo ham qilmas, kimdir uni hatto joʻngina qilib, «eshik» deb ham atardi.

Ikkita muzqaymoqni lazzatning choʻqqisi deb biladigan, bir kunning oʻzida ham tsirkka, ham hayvonot bogʻiga borishni buyuk baxt, deb oʻylaydigan ajoyib bir davrlarda yuksaklikka oshno yosh qalblarimiz, bir qarashda, oddiygina boʻlgan eshikka nisbatan «darvoza»dan oʻzga soʻz qoʻllashimizga yoʻl qoʻymasdi.

Oʻsha davrlarda darvozamiz va uning atrofi «haqiqat koʻzgusi« vazifasini oʻtardi. Formula, tenglama, shior, qargʻish, soʻkish shaklida muhabbat, rashk, nafrat kabi tuygʻular bitilgan yozuvlar sakkiz yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan mahalla ahlining qadr-qimmatini belgilar, xayolda yoki haqiqatan shakllangan munosabatlarni elu xalqqa namoyon qilardi. Harf taniganimdan beri kamolot sari intiluvchi yosh jamoaning eng inobatli fikrlari bitilgan mazkur ommaviy axborot vositasini muntazam ravishda kuzatib borarardim. Oʻlsam ham birov oldida tan olmaydigan zoʻr hayajon bilan avval oʻz nomimni, soʻngra mundayroq his-tuygʻular ogʻushida yaqinlarimning ismlarini qidirardim-da, soʻng loqaydlik ichra boshqa, menga umuman bogʻliq boʻlmagan yozuvlarni oʻqishga kirishardim. Bunday nomalarning eng koʻp nusxaga koʻchiril¬ganlaridan biri — »M + Z = S» tenglamasi nafaqat darvoza oldi-orqasini, balki beshinchi qavatimizdan to sakkizinchi qavatga eltuvchi zinalar atrofini ham koʻrkamlashtirgan edi.

Bilasiz, koʻp qavatli uylarda qoʻshnilar zinaxona¬larga boʻlinib kirdi-chiqdi qilishadi, ammo bizda qoʻshnichilik ishlari qavatlarga ajralib amalga oshirilardi. Yuqorida keltirilgan tenglama esa beshinchi qavat bilan sakkizinchi qavatni qoʻshnichilik doiralaridan chiquvchi munosabatlar bilan bogʻlab turardi.

Ammo, keling, bir boshdan...

Ifodaning birinchi qoʻshiluvchisi Mohidil bilan bitta qavatda turardik. Uylarimizning eshigi yonma-yon boʻlgani yetmagandek, yana ikki oiladagi kir yuvish tadbirlaridan keyin togʻoralarda paydo boʻluvchi bujmaygan kiyim-kechaklar ham maxsus umumiy ayvonchaga osilardi. Onam kir osganlarida etaklariga oʻralashib yuradigan chogʻlarimdayoq Mohidilni koʻrib qolsam, boʻldi, janjal-toʻpolon bilan unga yopishib olardim. Uncha-muncha darslarini akam yo opamga bajartirgani uyimizga kirganida ham, oyisi chiqib olib ketmaguncha, uni qoʻyib yubormasdim.

Oʻzim ham bir necha barobar ortigʻi bilan ularnikiga javob tashriflari buyurishni yodimdan chiqarmasdim. Chunki, birinchidan, Mohidilning aka-singillari boʻlmaganligi uchun, faqat oʻziga tegishli alohida xonada kechadigan oʻyin-kulgularimiz tartib, vaqt kabi shart-sharoitlar bilan chegaralanmasdi. Ikkinchidan, ota-onam maktabga chiqqanimdan keyin, bitta-yarimta boshqotirma oʻyinlardan tashqari hech qanday oʻyinchoqlar bilan meni siylamay, kitobni ermak qilishimga imkoniyat yaratishgani sabab, Mohidilning yumshoq-qattiq jonivorlar, uxlaydigan, gapiradigan, suv ichadigan qoʻgʻirchoqlari; ularning uylari, mashinalari, garajlari va hokazolari bilan liq toʻla xonasi kattalar orasidagi zerikarli hayotimga rang-baranglik kiritardi.

Ammo, bilasiz, hayot lazzatlari hisob-kitobni yaxshi koʻradi. Toleimga Mohidil bilan doʻst boʻlish yozilgan ekan, darrov bu saodatim uchun tovon toʻlashimga toʻgʻri keldi. Koʻcha-koʻyda ham, uyida ham mehmonga shaylangan qizaloqdek yasanib, koʻylaklariga mos sochbogʻlardan taqib yuradigan Mohidilga boʻlgan sodiqligim orqasidan, menga baxtiyor yoshligimning eng qora dogʻlaridan biri boʻlmish, hatto hozirgacha dilimni tilka-pora qiluvchi laqab taqilgan edi: Zulik-xunik, Zulik-xunik!..

Shunday qilib, mazkur laqab egasi «M»ning yuqorimi, pastkimi koʻrsatkichi hisoblanardi, xolos.

Tenglamaning ikkinchi qoʻshiluvchisi esa sakkizinchi qavatda yashovchi Gulya opaning oʻgʻli Zikir edi.

Oʻgʻli Zikirni kiyimlariga monand shirinsuxan va sertabassum Mohishga qoʻshib qoʻyadigan Gulya opa, meni uncha xushlamasdi. Zikirning qoʻliga pul tutqazib, «oʻzing yakka borma, Mohishka bilan muzqaymoq yeb kelinglar«, deya ularni qoʻl ushlatib doʻkonga joʻna¬tishlari mening hasadimni keltirar edi. Shoʻxlikni haddan tashqari oshirib yuborgan chogʻlarimizda Mohidilni oldiga chaqirib, "kiyimlaringni qara, shu ish senga yarashadimi?" deya dugonamning boshini silashlari, menga esa qovogʻini solib, »Zulxumor, uyingga bor. Yuvinib chiq!» deb turtkilashlari jahlimni chiqarardi.

Ammo men nafaqat Mohidil oʻylab topgan oʻyinlarda, balki Gulya opa tomonidan tashkil etiladigan muzqaymoq yeyish shodiyonalarida ham faol ishtirok etishni kanda qilmasdim. Bitta mayizni qirq kishi boʻlishib yeganini mubolagʻa deguvchilar, bilingki, ikki bolakayning bitta muzqaymoqni paqqos tushirishida ham hikmat koʻp. Chunki shaxsiy kuzatuvlarimga qaraganda, kimdir tezda ogʻizga solinmasa, erib ado boʻluvchi mana shu baxtni qoʻlida mahkam ushlagancha yeydi, kimdir ahyon-ahyonda yalaydi...

2

Oramizda sakkiz yillik farq boʻlgan opamga nisbatan menga yosh jihatdan ham, ma’naviy jihatdan (ya’ni tantiqlik darajasi boʻyicha) ham ancha yaqin boʻlgan Mohidilni avval oyisi opamga qoʻshib maktabga yuborardi, keyinchalik, opam maktabni bitirgach, meni Mohidilning oʻzi maktabga olib boradigan boʻldi.

Adashmasam, ayni oʻsha paytlardan boshlab, sakkizinchi qavat sahnida eshiklarimizning ochilishini kutib turadigan Zikirning zinalarni dupurlatib sakrab tushishi eshitilardi. Soʻng u maktabga yetgunimizcha uch qavatga teng masofaning tekislikdagi proektsiyasini saqlagan holda bizni maktabgacha kuzatib borardi.

Mohidildan ikki sinf pastda oʻqiganligim uchun darslarim ertaroq tugardiyu dugonamni kutish bahonasi bilan maktab hovlisida arqondan sakrash, chiziqda dikirlash kabi oʻyinlarni maromiga yetkazib turardim. Ba’zan boʻ oʻyinlarimizga Zikir ham qoʻshilardi. Qor-yomgʻir tufaylimi, popkamdagi bitta-yarimta «uch« tufaylimi, oʻyinga hushim boʻlmay turgan paytlarda, Zikir yonimga kelib meni gapga solardi. U bilan suhbatlarimiz taxminan: »— Mohidil qani? —Darsda. —Uyga qachon ketasizlar? —Ishing nima?» tarzida qisqa va qoʻrsroq shaklga ega boʻlsa-da, yuqori sinfdagi boʻyi uzun, sochlari doimo tekkis taralgan, sheriklari singari yelkasiga rang-barang xurjun emas, toʻrtburchak portfel osib yuruvchi xushroʻy bolaning aynan men bilan gaplashishi sinfdoshlarim oʻrtasida oʻzgacha hurmat qozonishim uchun yetarli edi.

Kattaroq sinflarga oʻtganimizda Mohidil musiqa ohangiga uncha-muncha qoʻl qimirlatadigan qizlar qatori maktabimizda ochilgan raqs toʻgaragiga tanlab olindi. Uni endi mashgʻuloti tugaguncha kutadigan boʻldim. Dugonam poylayverib zerikkan itoatgoʻy koʻzlarimga rahmi kelibmi yoki qizlarga xos sezgirlik bilan shu atrofda oʻralashib yurgan Zikirdan har ehtimolga qarshi meni nariroqda tutish uchunmi, kaminani ham tanish-bilishchilik bilan toʻgarakka yozdirib qoʻydi-yu, men bechoraning haligi laqabim oʻz dolzarbligini yangi kuch bilan namoyon qila boshladi: Zulik—xunik, Zulik-xunik!..

Jismoniy tarbiya darsining me’yorlarini arang «uch«ga bajara oladigan "chaqqonligim" bilan raqs harakatlarini betinim buzishim orqasidan eshitmagan dakkilarim qolmaganiga qaramay, ikki yil ichida toʻgaragimiz oldi boʻlmish toʻrtta raqqosaning biriga aylandim, Mohidil esa hamma odobli qizlar yubka kiyganda "mini"da, hamma shimga oʻtganda "shortik"da yuruvchi, »gap-soʻz» degan balolarni pisand qilmaydigan jasur qiz boʻlib yetishdi.

Orada Mohidilning otasi oilasini tashlab, boshqa ayolga uylandi, men esa kelin va kuyovlarga ega boʻlgan hurmatli oilaning kenjatoyi sifatida «bir oz erka boʻlsa ham, yaxshi qiz» degan yangi maqomni oldim.

Mohidil maktabni bitirib, san'at insti¬tutigami, madaniyat universitetigami hujjatlarini topshirdi. Uning ijodiy imtihonlarning oʻzidayoq yiqilgani oilamizda har tomonlama oʻrganilganidan soʻng, menga maxsus oʻqituvchilar yollanadigan boʻldi, yangi kiyim-kechaklaru ortiqcha teatr-kinolarga qoʻshib, raqsga oʻxshash «bekorchilik»larim ham tag-tugi bilan kesib tashlandi.

Keyingi bir yil ichida opamni erga berishimiz, akamning uylantirilishi bilan bogʻliq tashvishlar; mening oʻqishga mukkasidan ketishim Mohidil bilan aloqalarimizning susayishiga olib kelmagan boʻlsa ham, har qalay, keyingi rivojiga toʻsqinlik qildi.

3

Shunday boʻlishiga qaramay, bir kuni Mohidil uyimizga bir savat olma koʻtargancha kirib keldi. Hamjihatlik bilan ikkovlon murabbo tayyorlashga kirishdik.

Men yuvib berayotgan olmalarni chaqqonlikcha poʻstidan xalos etarkan Mohidil maqsadga koʻchdi:
— Zulxumor, bugun-erta biror ish-pishing bormi?

Mohishning soʻzlarni juft-juft qilib gapirish odatiga taqlidan:
— Olma-polma olib kelmaganingda hech narsa bilan shugʻullanmagan boʻlardim, — dedim. Dedim-u, kecha domlam ertagacha yechishni buyurib ketgan oltita masala kabi «hech narsa»lar yodimga tushdi.
— Bitta ish bor edi, — dedi u. — Ham dam olib kelamiz, ham oz-moz pulli boʻlib olardik.
— Zoʻr-u! Shunaqasi ham boʻlarkanmi? — deya qoʻlimni sochiqqa artgancha Mohishga tikildim.

Mohidil esa spiralsimon lentalarga aylangan olma poʻchoqlaridan koʻzini uzmay yuragini yordi:
— Senga aytmoqchi emasdim... Ammo ilojim yoʻq. Men bir-ikkita qizlar bilan raqs dastasi tuzganman... Uch-toʻrt oydan beri restoran-pestoranlarda raqs tushyapmiz. Oʻqish-poʻqishga kirishga hali vaqt bor, bir narsa bilan shugʻullanish kerak-ku! Aksiga olib, bugun bitta sherigimiz kasal boʻlib qolibdi... Yordam-pordam bermasang boʻlmaydi.

Mening hayratim yanayam oshdi. Voy, Mohidil-ey! Zoʻr dugonam bor-da!.. Ammo nima uchun shu paytgacha bunday muhim narsalardan xabarim yoʻqligi birdan xayolimdan oʻtdi-yu, ichimdan otilib chiqayotgan zavqni bekitish uchun qovogʻimni solib oldim.
— Men bora olmasam kerak, — dedim, uning qiziqarli hayotiga havasim kelsa ham yasama behafsalalik bilan. — Biznikilarni bilasan...
— Bilaman. Ammo zoʻr buyurtma edi-da... Bitta boyvachchaning Chorvoqdagi dalahovlisiga borishimiz kerak. Ikki soatda boʻshaymiz. Keyin oʻzimiz ham choʻmilib-poʻmilib qaytamiz. Har birimizga ellik dollalardan toʻlarkan. Oʻzing oʻylab koʻr! Bu unaqa-bunaqa pulmas. Har doim ham shuncha toʻlashavermaydi.

Buncha pulni hatto qoʻlimga ham ushlamaganligimdan dovdirab:
— Yarim yildan beri raqs bilan shugʻullanmayapman, chiqib qolgan boʻlsam kerak, — dedim ikkilanib.
— Qoʻysang-chi, Zulxumor, raqs ham velosipeddek gap, bir marta oʻrgangan odam...
— Oyimga nima deymiz?
— Bizning dacha-pachamizga ketyapmiz deymiz-qoʻyamiz.
— Seni oyingdan soʻrasalar-chi?
— Ular kasalxonadalar. Kelganlarida haqiqatdan ham dachaga borgan edik, deb pishitib-netib qoʻysam boʻldi, — dedi Mohidil.

U ikkilanayotganimni koʻrib, eng nozik joyimdan ushladi:
— Kiyim-piyimlaringga qara, opangning eski-tuskisini kiyib yuraverasanmi?
— Singilning fojeasi ham shu-da, — derkanman, ikki yil burun urf boʻlgan uzun tumshuqli tuflimning yoʻlakda poyma-poy mungʻayib turishiga oʻksib qaradim. Lekin baribir koʻnmadim, boshimni sarak-sarak qilgancha, Mohidilning gaplariga ham, tuflimga ham boshqa ahamiyat bermaslikka oʻzimcha ahd qilib, archilgan olmalarni toʻgʻrashga kirishdim.

Mohidil ishini toʻxtatib, suyanchiqsiz kursilarimizdan biriga oʻtirdi.
— Zulya, iltimos, «yoʻq» demagin. Oʻlay agar, boshqa ilojim yoʻq. Oyim oʻtgan yilgi opretsiyadan keyin hech oʻzlariga kelolmayaptilar. Har oy kasalxonadalar. Hozir shu buyurtmadan quruq qolsam... — derkan, Mohidilning koʻziga yosh keldi.

Ellik dollar... dars oʻrniga dam olish... Oʻyin-kulgi... yana bu yoshlar... Oʻlay agar, mening koʻnglim boʻsh emas... Ammo yoshligimizda singillari bor qizlarga havasi kelib, yogʻin-chochindan keyingi sayrlarimizdan soʻng «boʻtig«imdagi loylarni choʻp bilan tozalaydigan, rang-tusimni boʻgʻib qoʻyuvchi opamdan qolgan qora surma oʻrniga aft-angorimga yarashuvchi toʻq jigarrang qalam sovgʻa qilgan, doimo meni nafosat sari undovchi dugonamning menga zor boʻlib tikilgan nigohiga dosh berolmadim. »Xoʻp, mayli» deya ikkita tasdiq yuklamasini birdan qoʻllab yuborganimni oʻzim ham sezmay qoldim.

Mohidil sakrab oʻrnidan turdi-da, yuzimdan choʻppilatib oʻpdi.
— Gap bitta, — dedi u. — Kechqurun biznikiga chiqsang, qizlar kelishadi, raqs-paqslarni ozgina qaytarib olishing kerak. Kostyum-postyumlarni ham olib kelganman. Yuvib, dazmollab qoʻyamiz. Ertalabga taxt boʻlib tursang, oʻnlarda joʻnaymiz...

Soʻng olmalarni chaqqonlik bilan toʻgʻrab katta togʻoramizga joylay boshladi.

Bankalarga joylashtirilgan murabboni koʻrib, pishgan olmadek yumshagan oyimdan ikki toʻy xizmatida horigan, yana repetitorlarning qoʻliga tushib xoʻp azoblarni boshidan kechirayotgan qizlarining bir kungina dam olishiga ruxsat olish ancha oson kechdi.

4

Yoʻlovchilarning mavqei ularning mashinada egallagan oʻrinlaridan bilinadi. Orqa oʻrindiqning oʻrtasida, odatda, yoshi kichik odam oʻtiradi — bu men, albatta. Xoreografiya bilim yurtini bitirishganiga qaramay, kelajakda qoʻshiqchi boʻlish orzusida yonayotgan Fotima va Zuhralar ikki tarafimdan joy olishgan. Ular kechalari Mohidilning dastasida pul ishlasharkan, kunduzlari konservatoriya oʻqituvchilaridan ta’lim olib, estrada qoʻshiqchiligi fakultetiga kirish imtihonlariga tayyorgarlik koʻrishar ekan. Mohidil mashina egasiga eng yaqin odam sifatida haydovchining yonidagi joyni egallagan. Haydovchimiz esa sakkizinchi qavatda yashaydigan qoʻshnimiz — Zikirvoyning oʻzlari. Mohidil ertalab uni menga «dastamiz prodyuseri» deb oʻzicha boshqatdan tanishtirgan boʻlsa-da, u sharoitga qarab turlicha vazifalarni bajararkan. Ba’zida hozirgiday aravakashlik qilsa, ba’zan qoʻriqchi, ba’zan xazinachi, ba’zan ma’mur, mijozlar boʻyicha direktor kabi katta-kichik mansablardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlarga ega ma’sul xodim sifatida qizlarning ogʻirini yengil qilar ekan.

Bundan tashqari Zikir kamgap Zuhraga tegajogʻlik qilib, Mohidilni yarim chin, yarim hazil rashkini keltirib ham turar ekan.

Zikir yoʻl boʻyi Zuhraga «Zuhrusha, bitta ashula aytib ber!«, "Zuhratik, qoʻlingdan bitta ushlay, keyin katta ashulachi boʻlib ketganingda "shu yulduzu Zuhroni qoʻlidan ushlaganman" deb maqtanib yuraman" kabi iltimoslar qilar, Mohidil esa uning yelkasiyu bilagiga tarsillatib-tarsilattib shapaloqlar tushirardi. Zikir tarsakilardan battar quvonib kular, "Zuha, bunga ahamiyat berma. Mohidil kecha meni mantiga rashk qilgan, ishonasanmi? Manting oʻzingdanam shirin chiqibdi, deganimga ham kaltak yeganman", deb yana Zuhraga gap otishni avjiga chiqarardi. Zuhra esa uning suyuq-quyuq gaplariga "xumpar", "voy, xumpar", "xumpar-ey!", »oʻl, xumpar» kabi qisqa va loʻnda javoblar berardi.

Har xil tuzli-tuzsiz gap-soʻzlar bilan Chorvoqqa yetib kelganimizda quyosh tik boʻlgandi. Zikir «ish yuzasidan» bir kunga olingan dadasining mashinasini qirgʻoq tomonga ehtiyotkorlik bilan burib toʻxtatdi.

«Kimoʻzar«ga suvombor tomon choparkanmiz, orqada kimdir qoqilib yiqilganini eshitdim. Qarasam — Mohidil. Dugonam oyogʻini ushlagancha ingrayotgan edi. Endi uning oldiga borib yordam bermoqchiydim, Fotima qoʻlimdan tortib, meni oldinga sudradi-da, qulogʻimga: »klassik priyomlardan birini mahorat bilan bajardi, qoʻyaver», deb shivirlab, qiqirlagancha meni suvga itarib yubordi. Qoʻqqisdan suvga tushganimdan entikib, nafasimni arang rostlagach, atrofga qaradim. Togʻlar, tepaliklar, balandliklar... Xarsang toshlar, shagʻal, qum... Sal nariroqda esa Zikir... Zikirning qoʻlida Mohidil... Mohidilning uzun qora sochlari yigitning mushaklar oʻynagan yelkasini silagandek yengil hilpirar — goʻyo ikki yoshning tuygʻularini bizdan yashirishga urinardi.

Har bahor hovlingizdagi oʻrikning gullaganini koʻrgansiz. Ammo «ajoyib kunlarning birida« kilosi ikki ming soʻmlik meva soladigan daraxt koʻnglingizga shunday ajib iliqlik baxsh etadiki, unga mahliyo boʻlgancha, qandaydir moʻ'jizaga qaragandek tikilib qolasiz! Men ham shalabbosi chiqqan koʻylagimni tartibga solishga urinarkanman, Mohidil bilan Zikirdan koʻzlarimni uzolmayman. Ular goʻyo bir tana bir jondek ketib borishar, qiyin masalaning mohiyatiga yetib, "sevgi" deb atalmish mavhum »iks»ning qiymatini nihoyat topgan oʻquvchilardek baxtiyor edilar.

Ularning kayfiyatlari opa-singillarga ham oʻtdimi, yoki togʻning havosi hammamizga birdek koʻtarinkilik baxsh etdimi, bilmaymanu, lekin Fotima ham ularga qarab:
— Mana buni qoʻshiq desa boʻladi... — deb qoldi. — She’r bilan kuy bir-biriga mos kelsa...

Zuhra ham opasining gapini ma’qulladi:
— Xumparlar-ey...

5

Soat oltilarda mashina atrofida sochilgan ashqol-dashqollarimizni yigʻishtirgach, atir-upa xaltalarimizni chiqarib boʻyanishni boshlab yubordik. Upamni olib endi yuzimga surkashimni bilaman, Fotima bir nima surilgan nam paxtani burnimning tagiga suqqancha tanbeh bera ketdi:
— Fonogrammaga tusholmaydigan havaskor boʻlmay ket! Birinchi, mana bu bilan ertalab surgan boʻyoqlaringni artib tashla! Teri ham dam olishi kerak. Bunaqa ketishda oʻttiz yoshingda yuzing ajinga toʻladi.

Qoʻlidan paxtani olib artarkanman:
— Nima bu oʻzi, Fotima opa? — deb soʻradim.

Opa-singil menga hayron boʻlib tikilishdi.
— Xumparmisan, nima balo? — dedi Zuhra birinchilikni qoʻlga olib.

Fotima esa xaltasidan moʻralab turgan chiroylikkina idishga ishora qilib:
— Loson, — dedi.

Soʻng kiprik yopishtirishga kirisharkan, menga «nasihat» qila boshladi:
— Xali aytganlarimiz esingdan chiqmasin, mijozning darvozasidan kirishimiz bilan, men Loraga, Zuhra Noraga, Mohidil esa Kamilaga aylanadi.
— Eng asosiysi, oʻzingning otingni esingda tutsang boʻldi. Tagʻin Karina deb chaqirsak, kim ekan deb anqayib-panqayib oʻtirmagin, — deb sherigimizning gapini davom ettirdi Mohidil.

Soʻng opa-singillar orasida nimadan ish boshlashimni bilmay turganimni koʻrib, meni yoniga oʻtqazdi-da: «koʻzingni yumib tur«, "gapirma", "qoshingni ker", "labingni tiling bilan hoʻlla", »oz-moz ogʻzingni och» kabi buyruqlar bilan oʻn besh daqiqa oʻtar-oʻtmas oʻn olti yoshlik jamolimni yigirma beshga tenglashtirdi-qoʻydi.

Boʻyash davomida ota-onam qoʻygan ismimning ularga nimasi yoqmasligini izohlashga ham ulgurdi:
— Qoida shunaqa. Restoranda ham, klub-mlublarda ham hech kim haqiqiy ismlarimizni bilmaydi. Bundan tashqari, u yerdagilar bizni faqat boʻyangan, yasan-tusangan holda koʻrishadi... Agar seni raqs shaydolaridan birortasi koʻcha-koʻyda tanib-netib qolguday boʻlsa ham, — dedi istehzo bilan Mohidil, — ismingni eslay olmaydi, chunki ismlar oʻxshash: Kamila-Karina, Lora-Nora... Keyin «meni kimdir bilan adashtiryapsiz, shekilli» deysan, ayniqsa, oldingda xijolat-sijolat boʻladigan odaming boʻlsa... Baribir raqqosa, qoʻshiqchi-poʻshiqchilarga munosabat yaxshi emas. Bunday nayranglarsiz boshing balodan chiqmaydi... Boʻldi, Zulik-xunik! Bir tamosha qiling-chi oʻzingizni...

Oynaga qarasam, haqiqatdan ham Zulik-xunik menga qarab turibdi. Aft-angorimning tabiiy rangi tugul, qovogʻimni solsam ham, yigʻlasam ham yuzimga ajabtovur xushchaqchaqlik baxsh etib turuvchi sepkillarimdan hatto nom-nishon qolmabdi. Qoshlarim kuya surkalgandek qop-qora. Kipriklarimning notabiiy uzunligi, qovoqlarimning jigarrangning uch xil tusida doʻrdayishi uncha-muncha kitob koʻrgan koʻzlarimni qandaydir bema’no qilib qoʻygandek. Avval qizil qalam bilan yangi shakl chizilib, keyin boʻyalgan lablarimning choʻchchayishini endi haqiqatdan ham laqabimdagi zulukka oʻxshatsa boʻladi. Achchigʻim chiqib, oynani Mohidilga otib yubordim:
— Mohish, tentakmisan? Nima qilganing bu? Gʻirt anundaqa qizlarga oʻxshab qolibman-ku!

Mohidil otilgan oynani chaqqonlik bilan tutib oldi.
— Oʻzing tentaksan. Nima, sop-sodda koʻzlarimu onasi oʻpmagan lablarim bilan Mohish sahnaga chiqarib qoʻyadi, deb oʻyladingmi? — dedi u menga sinchkovlik bilan qararkan. — Uchrashuvga ketmayapsan, bilib qoʻy! Maqsad — sahnada chiroyli koʻrinish, qolgani bilan ish-pishing boʻlmasin.

Atrofimda oʻtirgan Fotima-Zuhralar ham parvoyi falak meni tomosha qilisharkan, kattasi yarim hazil, yarim chin makiyajimga baho berdi:
— Zulya, san'at muzeyiga bormaganmisan? Oʻzingga eng yoqadigan rasmning yaqiniga borib qarasang, suratlar alqash-chulqash boʻlib ketadi, uzoqroqqa oʻtib tomosha qilsang, ular yana oʻziga keladi. Sen ham hozir oʻshanaqa rasmdeksan.

   Uning e’tirozlarga oʻrin qoldirmaydigan tushuntirishidan soʻng, Zuhraning «Mana shunaqa, xumparlar ...« deb boshlangan gapini eshitgim ham kelmadi. Mendek "san’at asari"ni yaratgan »muallifim»ga oʻqrayishdan ortiq hunarim oʻtmasligini tushunib, mashinadagi joyimni egalladim. 

6

Baland devorlar bilan oʻralgan kattagina hovliga kiramiz.

Birdan boshlangʻich sinfdagi ustozim qoʻlimizga olishni ham qat'iyan ma’n etgan «Diktantlar toʻplami»ni oʻgʻrincha ochib oʻqiyotganimdagi hayajon va sarosima meni chulgʻadi.

Atrofga qarayman. Kiraverishda biror geometrik shakldan koʻra koʻproq lotincha «S« harfini eslatuvchi sayozgina hovuz. Tubidagi toshlarga boylangan nilufar gullarini masxaralayotgandek jipirlagan baliqchalarning oʻynoqlashi suv betidagi sokinlikka putur yetkazolmagandek, bizning bu yerlarda dikirlab paydo boʻlishimiz ham na birovni sarosamaga soladi, na tinchini buzadi. Yalangni goʻyo tartibsiz ravishda bir necha qismga boʻlgan bir qancha tosh yoʻlkachalar hovli oʻrtasiga solingan uch qavatli qasrchaga olib borarkan, yerdan bir qarich koʻtarilgan fonuslarni goh aylanib oʻtadi, goh toʻqnash kelib ikkiga ajraladi. Yerga yotqizilgan koʻm-koʻk chimning bir tekisda oʻrilgan "olifta"ligini hisobga olmasa, binoning bor koʻrkini yashirmaslik uchun ahyon-ahyonda ekilgan odam boʻyidan pastroq butalar, shoxlari tarvaqaylagan bahaybat gullar, pakana archalar, »katta» odamning kamtar xizmatkorlari kabi boadab. Yoʻlakchalarning u yon-bu yonidagi boʻyi mana shu archalardan past boʻlmagan xumlar ham qorindor boʻlishlariga qaramay, ba’zilari darz ketganligi, ba’zilari esa ranglarining oʻchiqligi orqasidan kamsuqumlikda yuqoridagilar bilan bahslashadi.

Zikir koʻrinishi bilan bizni ichkariga kiritgan, yuzlariga moʻmin-qobillik yarashmagan ikki yigitdan biri yoʻl boshlab, hammamizni qasrcha ichidagi ellik besh yoshlar chamasidagi ayolga topshirdi. Ayol e’tirozlarimizga ahamiyat bermay yigitning qoʻlidan yuklarimizni bir qismini yulqib oldi-da, tatarcha chaqqonlik bilan ikkinchi qavatga qarab ketdi. Hammamiz uning orqasidan oʻzimizni zinaga urdik. Mohidil tepada ayolga yetib olgach, bizga ikkinchi qavat noqulayligini, har bitta raqsga alohida kiyinib chiqishimiz uchun xonamiz iloji boricha sahnaga yaqin boʻlishi kerakligini tushuntirarkan, men panjaraga osilib pastdagi kattagina mehmonxonani tomosha qilishga tushdim. Chap tomondagi kichkina sun'iy sharsharaning atrofini oʻrab, xonani shartli ravishda ikkiga boʻlgan oqish divan-kreslolaru xuddi shu rangdagi paxmoq gilamdan boʻlak zamonaviy jihozlardan xoli bu xonada koʻrgazma uyushtirilgandek edi. Bu yerda ham hovlidagi singari eski xumlardan bir nechtasi oʻz odmiligi bilan gerdayardi. Devordagi tokchalarga, chetroqdagi uzun-qisqa kursiyu stolchalarga terilgan turli hil haykalchalar, qanaqadir qadimgi idish-tovoqlar, mis patnislar, laganlar, qumgʻon va koʻzalarga tushgan koʻzim qaysi biriga diqqat qilishini bilmay sarson edi.
— Yana bir qoida, — dedi Mohidil meni pastga sudrar ekan, — mijozlarning narsa-parsalariga anqaymaslik kerak.

Xola esa endi uzr soʻray boshladi:
— Voy, men oʻlmasam, sizlarni xoʻjayinning mehmonlari deb oʻylabman, hozir sizlarbop joy hozirlayman, — deganicha, yana oʻsha chaqqonlik bilan birinchi qavatdagi xonalarning biriga ravona boʻldi.

Bizga ajratilgan xonaga kirib, kiyimlarimizni almashtirarkanmiz, qora oynali derazadan tashqariga moʻralab, raqsga tushishimiz kerak boʻlgan joyni chamalashga kirishdik. Qasrning biz hali oʻtmagan orqa tarafidagi hovlidan besh-olti qarich teparoq qilib koʻtarilgan, diametri besh-olti metrli raqs maydonchasi derazadan koʻrinib turardi. Maydoncha bilan kattakon toʻrtburchak choʻmilish havzasi orasiga qoʻyilgan dumaloq stol atrofida oʻntacha erkak bazmu-safo qilishardi.

Semiz, ozgʻin, pakana, novcha, kelishgan, xunuk odamlarni oʻz atrofiga yiqqan dasturxon turli xil taomlaru ichimliklar bilan limmo-lim. Dasturxonning boʻshab qolishidan qoʻrqqandek stol atrofida aylanib yurgan ikki yigitcha damba-dam likoplarni almashtirib turish, qadahlarni toʻldirish bilan ovora edilar. Toʻldirilishi zahoti ohanrabo kabi bir-biriga uriluvchi qadahlar zarbidan hosil boʻlgan «stolning tortishish kuchi« »raqs shaydolari»ni dasturxondan bir qadam ham nari jildirmasdi.

7

Yarim soatdan keyin dasturimizni boshlab yubordik. Avval Mohidilning oʻzi chiqib «Nastarin«ga tushdi, keyin biz dokaparanglarimizni silkitgancha, sekin unga qoʻshildik. Bosiqroq oʻyinlardan boshlangan nomerlarimiz, avval Xorazm raqsiga almashdi, keyin loʻlichasiga ogʻishdi. Stol atrofidagilarning ba’zilari kursilarini sahnaga qaratib oʻtirib olishdi, ba’zilari turib tomosha qilishga kirishishdi. Ular ora-sirada pul uzatishar, qizlar chaqqon harakatlar bilan barmoqlarining uchida besh yuztalik, mingtalik qogʻozlarni sugʻurib olishardi. Egizaklar bir-ikki marta stolni aylanib, pul chiqarish niyati boʻlmaganlarni ham »sogʻib» kelishdi.

Navbatdagi raqsga Mohidil ikkalamiz libosxonamizda tayyorgarlik koʻrarkanmiz, sherigim opa-singillarning likillashini kuzata turib, menga poʻpisa qildi:
— Stol-pstolning oldiga umuman yaqinlashma, eshitdingmi? Sen oʻzingni qanaqa tutishni bilmaysan. Tagʻin qovun-povun tushirib yurmagin!

Men ispancha yubkaning etaklariga oʻralashib, oʻzimni tartibga solarkanman:
— Koʻzim uchib turgani yoʻq haliyam. Ammo hov anovi semizni koʻrdingmi? Oʻyin tugashi bilan orqamdan yopishib, stolga taklif qilyapti, — dedim.
— Bunaqa paytda ularga ters gapirib-netib boʻlmaydi. Hammasi ichib olgan. Semizingga «xoʻp, yana bir soatlik dasturimiz bor, keyin gaplashamiz», degin.

Men unga hayron boʻlib qarayman.
— Anqayma, kiyin tezroq. Ikkita raqsimiz qoldi. Oʻynaymizu, orqa-porqaroqdagi eshikdan sekin joʻnab qolamiz...
— Unaqa desam, — deyman tashvishlanib, — yana bir soat raqsga tushmagunimizcha pul berishmasa-chi?
— Siz xavotir olmay qoʻya qoling endi! Pul-mullar hali kirishimiz bilan olib boʻlingan. Oldindan toʻlamasa, birov raqsga tusharmidi? Hammasini olganmiz, davrada tushgan pul-mullarni hali qaytayotganimizda birgalashib mashinada boʻlishamiz.

Oxirgi raqsni tugatib, hammamiz xonaning oʻrtasidagi katta katga uyulgan kiyimlar orasidan futbolkayu jinsilarimizni topib kiyarkanmiz, Mohish endi egizaklarni shoshiltirishga kirishdi:
— Tez-tez boʻlinglar, qizlar! Juftakni rostlash kerak. Anovilar, — dedi u stoldagilarga ishora qilib, — qoppa-qotib qolibdi.

Sumkasiga kostyumlarni shoshilmay taxlayotgan Fotima, har doimgidek singlisi ikkisi nomidan gapira boshladi:
— Zikir «xoʻjayinning shaxsiy studiyasi bor ekan», deyapti. Keyinchalik klipimizni yozishga yordami tegishi mumkin emish. Bugun qolishsin, gaplashib olamiz, deganmish. Keyin yana raqsga tushsak, pulni ikki baravar qilib berisharkan. Zikir kelishib qoʻyibdi. Biz qolsak kerak.

Mohidil ikki mushtini ogʻziga tiragancha Fotimaning gaplarini eshitarkan, tobora boʻshashib borayotgan barmoqlarini yoyib, yuzini ishqaladi. Yuzidagi boʻyoqlar bir-biriga chaplanib, endi haqiqatdan ham dugonamning san'at muzeyidagi rasmlardan farqi qolmadi. Xayolga botganday sekingina derazaning oldiga borib, bir oz tashqariga alanglagach, «koʻrinmayapti bu yoqda«, dedi-da divanning bir chekkasiga oʻtirdi. Bir ozdan soʻng meni »prodyuser»imizni chaqirib kelishga joʻnatdi.

Tashqariga chiqishim bilan haligi semiz kishiga duch keldim. Poylab turganmi, nima balo?
— Karina, Karina, devochka nimfetka..., marmeladka.., konfetka, — deya xirgoyi qilganicha, u men tomonga kela boshladi. — Vay-boʻ, ismingiz ham jismingizga mos ekan.

U menga panshaxadek qoʻlini choʻzdi. Menga tobora yaqinlashayotgan doʻrsillama panjalarga kimyoviy reaktivlarga qaragandek, bir oz hayro-o-o-n boʻlib qaradim-da, darrov yuzimga kimyo oʻqituvchimizda sinab koʻrilgan «bechora qiz» (bunda lablar bir oz tepaga koʻtariladi, qovoqlar ochiladi, koʻzlar iloji boricha kattalashtirilib, ularda iltijo aralash hurmat aks ettiriladi, kipriklar esa musichaning qanotlaridek titrashga tushadi) ifodasini berdim.
— Zikir akamni koʻrmadingizmi? — dedim soʻng ma’yusgina.

N2Odan boshqa narsani bilmaydigan boshimni «uch«li attestat balosidan saqlab qolgan jonsarak nigohimu oʻtsiz ovozim "semiz"ning ham choʻgʻini ancha susaytirdi chogʻi, u »hozir topamiz, hozir topamiz...» deya lapanglagancha qaergadir yoʻq boʻldi. Men esa qasrcha devorlarini yoʻlak bilan birlashtiruvchi bostirma tagiga oʻzimni oldim.

Shu payt dasturxon va dasturxon atrofidagilarga xizmat qilib yurgan «sun'iy yoʻldoshlar» oʻtib ketisharkan, ularning gaplari qulogʻimga chalinib qoldi:
— ... ustidan hamma mashmasha, — dedi ulardan biri patnisini chertarkan.
— Oʻziyam svejiy ekan-da! — ma’qulladi sherigi.

Ularning orqasidan «semiz» ham Zikirni yelkasidan quchgancha qaytib keldi.
— Bratishka, bugun qolmasalaring boʻlmaydi. Vay-boʻ, mazza-ku! - dedi semiz kishi irshaygancha.
— Aka, gaplashib koʻraman, — deb javob berdi Zikir kalovlanib.

Menga koʻzi tushishi bilan «ichkariga kir» degandek ishora qildi-da:
— Ayting, xoʻjayin xafa boʻlmasinlar... Nasib qilsa, boshqa safar.., — deya «muzokara»ni davom ettirdi.

8

Zikir kirishi bilan Mohidil eshikni tarsillatgancha yopdi-da, uni koʻkragidan itarib divanga oʻtqizdi.
— Menga qara, Zikir, hozirgina menga «xoʻjayin» madaniyat institutining prorektori-mrorektorimi ekan, oʻqish-poʻqishga joylashtirib qoʻyishi mumkin ekan, deyayotgan eding-ku, endi media magnatga aylanibdi-da? Yoʻq dedim, shekilli, eshitmadingmi? Qizlarning boshini nega qotiryapsan?
— Mohish, sen qolging kelmasa olib borib qoʻyaman, gap yoʻq. Qizlar qolishadi. Hech kim zoʻrlayotgani yoʻq. Kim xohlasa qoladi. Pulini ham dvoynoy berishadi. Nimasi yomon?
— Mohish-pohishlama, bu yerda. Oʻzingni goʻllikka ham solma. Men mana bu ikkitasiga oʻxshagan ahmoq emasman. Hali xola biz bilan adashtirgan qizlar kelmadi. Bizni oʻshalarning oʻrnini bosishga chaqirishyapti. Balki senga ham qoʻshib-poʻshib beramiz, deyishgandir? Qoʻshmachiliging uchun, a?

Zikir boshini hovuchlab bir pas indamay oʻtirdi-da, keyin tilga kirdi:
— Mohish, qoʻyishmayapti, men ham nima qilay? Darvozani yopib qoʻyamiz deyishyapti. Bir kun ming kun emas-ku? Pulini ham beramiz...

Mohidil yana tutoqdi:
— Boʻldi qil. Puling ham, oʻzing ham... — Keyin hozir Zikir bilan pachakilashishning mavridi emasligini tushundi shekilli, hovurini ma’danli suv bilan oʻchirib, soʻradi: — Ikkalasi qolsa ularga yetarkanmi?

Bu gaplardan keyin Fotima yalingansimon ohangda:
— Voy, biz qolmaymiz, Mohish. Men axmoq bularni boshqacha tushunibman, — deya kiyimlarini koʻrilmagan chaqqonlik bilan yigʻishtirishga kirishdi. — Zikirning notani buzib ashula aytishi xayolimga kelmabdi.

Zuhra esa:
— Xumpar, baribir xumpar ekan! — deb, egnidagi raqs koʻylagini yirtgandek yechib tashladi.

Mohidil ularga ahamiyat bermasdan Zikirga qaradi. Zikir piypalanib:
— Ha, boʻladi, shunga ham xursand boʻlishadi, — dedi
— Boʻlmasa, bunaqa, hozir chiqasan-da, ikkitasi qolarkan, qolganlarini shaharga eltib-netib qoʻyishim kerak, deysan. Tushundingmi? Keyin mashinani tayyorlab tursang, biz chiqamiz. Bular ham bizni kuzata-puzatayotgan odamdek tashqariga chiqishadi. Hammamiz tez mashinaga oʻtirib olganimizdan keyin, gazni bosasan.

9

Reja oʻxshadi. Mohidil ikkalamiz orqa oʻrindiqqa joylashganimizdanoq, eshikni yopmasimizdan egizaklarning biri oldinga, ikkinchisi orqa oʻrindiqqa sakrab oʻtirishdi-da, darvoza yonidagi sarxush yigitlarning hushtaklariyu qiyqiriqlari ostida jilidik. Katta koʻchaga chiqib, endi nafasimizni rostlayotgan edik, orqadan mashinalarning toʻxtovsiz signali eshitildi. Mohidil bizlarni itarib tizzasi bilan oʻrindiqqa teskari oʻtirarkan, ikkita mashina izimizdan tushganligidan xabar berdi. «Mers«, deb qoʻydi Zikir. Barchamizning "gazni bos, tezroq, yetib olishadi" kabi baqir-chaqirlarimiz ostida Zikir bor haydovchilik uquvini ishga solsa ham, oʻn daqiqa oʻtar-oʻtmas, orqadagi mashinalardan biri oldimizga chiqib oldi. Ikki »nemis»ning oʻrtasida qolgan oʻzbek ulovimizni toʻxtatishdan boshqa chora qolmadi.

Men mashinamizni oʻrab olgan yigitlarning vajohatlaridan qoʻrqqanimdanmi, jahl ustidami «inson huquqlari«, "konstitutsiya", »qonun oldida javob berishadi» deya valdiray boshlagan edim, Mohidil tirsagi bilan belimga bir tushirdi-da:
— Oʻchir. Odamga oʻxshasang-chi! Basharang-masharangni yorib qoʻyishmasin tagʻin. «Semizing»ning vajohatini koʻrmayapsanmi? Hech kim mashinadan chiqmasin! Hozir oʻzim gaplashaman ular bilan, — deganicha oʻrnidan qoʻzgʻaldi.

Mashinadan tushishi bilan uni oʻrab olgan yigitlar bilan bir narsalarni gaplashgach, ikki daqiqa oʻtar-oʻtmas oldimizga qaytib kelgan Mohidil bizga qaramay Zikirdan:
— Pul-mullar qani? — deb soʻradi.

Zikir yonidagi oʻrindiqqa ishora qilib:
— Joyida, — dedi.

Fotima mashinadan tashqariga chiqmay, qoʻl tormozi ustidan hatlab orqaga oʻtib oldi. Mohidil oʻrindiqni koʻtarib piypalanarkan, ikki soat oldin stol atrofida bizlarni tabassum bilan olqishlagan kishilardan ikkitasi haydovchi tomondagi eshikni ochishdi.
— Ukam, hammasi koʻnadi, deb qoʻyuvding-ku! Kelishuv nima boʻldi? Qani, soqqalarni buyoqqa choʻz-chi! — dedi boʻyi pastrogʻi.

Boʻyi uzuni jirtakiroq ekan: rangi boʻzargan, qoʻllari qaltiragan Zikirni yoqasidan ushlab mashinadan tashqariga sudradi. Mohidil qoʻliga bir hovuch pulni olib, Fotimaning «Borma! Qayt, Mohish, qayt!» deyishiga qaramay, Zikirning ketidan yugurdi.

Zuhra ham:
— Xumpar, balo bormi u yoqda, — deganicha qoldi.

Shu payt Mohidilning ortidan sakrab mashinadan chiqib olganimni bilmay qoldim. Nima boʻlsa ham laqabim bekorga qoʻyilmagan-da!

Ammo tushishim zahoti yana haligi semiz kishining qoʻliga tushdim. Bu safar u nam qoʻli bilan bilagimdan qattiq ushladi.
— Vay-boʻ! Karinaxon! —dedi men kutmagan muloyimlik bilan.

U yoq-bu yoqqa oʻzimni tashlaganim bilan uning iskanjasidan qutulib boʻlarmidi?! Shimimning choʻntagiga bir narsa solib qoʻyganidan keyin, oʻzi meni mashinamizning ichiga itarib oʻtqazarkan:
— Yana kelinglar, albatta, — deb qulogʻimga shivirladi-da, mashina eshigini yopdi.

Men «semiz»ning qulogʻimga sal-pal tegib ketgan hoʻl lablaridan bir seskandimu, junjikib qaltiray boshladim. (Uzr, qoʻrqqanimdan boʻlsa kerak, mashinadagi sheriklarimning na yuz ifodasi, na harakatlari esimda. Oʻsha paytda yo men ularga ahamiyat bermaganman, yo ular beozorlik boʻyicha qoʻzichoq bilan bahslashishgan, yo u ham, bu ham emas: mashina saloni qop-qorongʻi boʻlgan). Faqat bir ozdan soʻng Mohidil yugurgancha kelib oʻzining ertalabki oʻrniga emas, bizning oldimizga oʻtirganidan soʻng sal oʻzimga keldim. Xursand boʻlib, uning pinjiga tiqildim. Orqasidan Zikir ham shoshilib oʻz joyiga sakrab oʻtirdi. Ta’qib qiluvchilarimiz yoʻlni boʻshatishgach, Zikir mashinasini ildamlatdi.

Mashina kecha qa’riga kirgani yetmagandek, yana uzoq vaqt sukunat ichiga gʻarq boʻlgandek edi. Toʻrt kishi siqilib ancha joygacha borib qolganimizdan soʻng, oxiri tinchlikni Zikir buzdi:
— Mohish, mashinani toʻxtataymi? Oldinga oʻtirib olasan.

Mohidil indamay meni quchoqladi. Fotima bir Zikirga, bir Mohidilga qaradi-da, «oʻlsak ham musiqa bilan oʻlaylik» deya hali kelgan yoʻlidan qaytib, oldingi joyiga oʻtib olgach, magnitafonni yoqib yubordi.

«Xip-xop» ohanglari ostida shaharning yaqinlagidan darak beruvchi issiq shamolga yuzimni tutarkanman, muhojirlikdan ona yurtiga qaytayotgan sayyohdek betoqatlanaman, fikrlarimni jamlay olmay besaranjom xayollarga choʻkaman.

Oʻshanda nimalarni oʻylaganim, albatta, hozir umuman esimda yoʻgʻ-u, lekin poygadan soʻng sergaklangan koʻnglim, gʻayratini tonggacha kecha qa’riga yashirgan koʻchalar kabi ma’yuslashgani hamon yodimda.

Shaharga kirganimizda kun allaqachon tungi koʻylagini kiyib olgan, koʻcha-koʻyda odam siyraklashgan edi. Tashqarida qolganidan oʻpkalab boshini egib olgan koʻcha fonuslari zulmatga qarshi kurashlarda xiralashgan ma’yus nurlari bilan bezori mashinalarni beparvo kuzatardi. Shinamgina uylarga joylashib olgan chiroqlar derazalardan shoʻx jimirlar, mashina faralari bilan oʻynashib betinim koʻz qisardi. Koʻcha fonuslarii esa uyli-joyli qarindoshlariga qaragisi ham kelmay, uh tortgancha, boshpanasiz taqdiriga qasdma-qasd quyoshning otashin nurlaridan horigan asfalt quchogʻiga oʻz shu'lasini tashlardi.

Mahallamizga yetib kelganimizda soat oʻn ikkilar chamasi edi. Mohidilning Fotima-Zuhralar bilan uzoqdan-uzoq xayrlashyotganini koʻrib, uyimdagilarning qovoq-tumshuqlariga tezroq toʻyish ilinijida yugurganimcha tepaga chiqib ketdim...

10

Ertasiga kunduzi Mohidildan xabar olgani kirdim. Koʻzlarining tagi qop-qora, rangi ham siniq, gʻijim xalati ham «koʻrk«iga »koʻrk» qoʻshib turibdi. Oshxonasiga kirsam, qumgʻoniga sovuq-choy ham qoʻymagan. Bosh-poshi ogʻriyatgan boʻlsa kerak, deya tashxis qoʻyganimcha, uy bekaligini qoʻlimga olib, nonushta tayyorlarkanman, oldimda beparvo oʻtirgan dugonamdan hol-ahvol soʻradim. U esa javob berish oʻrniga indamay qoʻshni xonaga chiqib ketdi-da, bir pasdan soʻng qoʻlimga pul tutqazdi.
— Mohish, pullarni kecha berib yubording-ku anovilarga. Nima, oʻz pulingni tarqatyapsanmi? — deb e’tiroz qildim.

Mohidil arang iljaydi:
— Opachang hali oʻz pulini tarqatish darajasida boyib ketgani yoʻq. Sol choʻntagingga. Va’da-pa’da qilganimcha boʻlmasa ham, har holda...

Pulini olmaslikka urinayotganim unga jon kiritdi, chogʻi:
— Meni pulning hammasini berib yuboradigan ahmoq-paxmoq deb oʻyladingmi? — deya qoʻlimni qaytardi. — Qorongʻida pullarni gʻijimlab-gʻijimlab tashlaganimni koʻrgandirsan. Bari bir qoʻllariga tushishi bilan sanab olmasdi. Uning ustiga ular uchun puldan koʻra, kelishuv muhimroq edi.

U koʻziga kelgan yoshni mushti bilan artdi. Yaqin qarindoshini koʻmib kelgan odamdek ajib bir gʻussada boshini egdi:
— Zikirjon oldindan ham sal-pal boshqacha va’da bergan ekan...

Unga piyolada suv uzatdim-da, oldiga oʻtirib chakkasidan ohistagina oʻparkanman, shu paytgacha uning yuzida menga sezilmagan titroq lablarimga koʻchgandek boʻldi.

Mohidil suvni ichib bir oz oʻziga keldi, hatto, uning ahvolidan yigʻlashga shayligimni sezib, «qaygʻurma», degandek burnimning uchini chertib ham qoʻydi.

Mohishning ozgina boʻlsa ham chehrasi ochilayot¬ganidan xursand boʻlib pullarni ololmasligimning sabablarini tushuntirishga kirishdim:
— Mohish, bilasanmi, men bu pullarni baribir ishlata olmayman, — dedim birinchi «ish haq»imdan koʻz uzmasdan. — Biror yangi narsa sotib olsam, baribir, oyimmi, dadammi koʻrib qolib, pulni qaerdan olding, deb soʻroq qilishadi. Koʻchada yeb-ichishga ham yaqin-oʻrtada vaqtim yoʻq. Oʻzi kecha kech kelganimdan keyin, endi umuman hech qayoqqa chiqarishmaydi.
— Kiyim-piyim sotib olmoqchiyding-ku, — dedi Mohidil.
— Biror joyga boradigan boʻlsam, sening kiyimlaringdan olib turaman.

Mohidilning baribir pullarni men tomonga surayotganini koʻrib:
— Oʻzi menga birovlarning narsasi juda yarashadi, sezdingmi? — deya davom ettirdim.

Soʻng choʻntagimdan kecha semiz solib qoʻygan yuz dollarlikni chiqarib Mohidilga uzatdim.
— Mana buni senga berib qoʻyishimni soʻrashuvdi.
— Kim? — ishonqiramadi dugonam.
— Semiz kishi. Sizlardan pullarni olib qoʻyishayotganda berdi.
— Senga bergan boʻlsa, pul seniki, — dedi Mohidil qat'iylik bilan. — Yo bundan jirkanyapsanmi?

Nima deyishimni bilmay dugonamga qaradim. Odam puldan ham jirkanarkanmi? Onam yoshligimizdan pulni asrash kerak, unga non sotib olamiz, shuning uchun nonni qanday koʻzimizga surtsak, pulni ham shunday qadrlash kerak, deb oʻrgatganlar. Bu pulni nima uchun ololmasligimning asl sabablarini hatto oʻzim ham tushunmasdim. Balki bu mening birinchi ish haqim boʻlgani uchundir. Birinchi oylik... Birinchi oylik haqida orzu qilmaganning oʻzi boʻlmasa kerak! Men ham birinchi oyligimdan dadamga, oyimga, akamga, opamga qanaqa sovgʻalar olishim kerakligini necha marotaba xayol qilganman. Endi mana oldimda oʻsha men orzu qilgan oylik turipti-yu, uni na birovga koʻrsata olaman, na biror sovgʻa-salom sotib ololaman. Agar shu pullarni oladigan boʻlsam, pul nimaligini tushungan paytimdan beri koʻnglimga tukkan orzum chilparchin boʻladi.

Xayolimdan shunaqa narsalar oʻtgan boʻlsa ham, bu gaplarni nimagadir Mohidilga aytishdan tortindim, goʻyo bu gaplarni aytsam, u xafa boʻladigandek tuyuldi. Keyin oʻzimni «bechora« qilib koʻrsatishdan ham uyaldimmi-ey, bilmayman. Uning ustiga kechagi semizning hoʻl lablari tekkan qulogʻim... Har qalay oʻspirinlikdagi »idealizm» odamgarchiligimdan yuqori keldi.
— Ha, jirkanaman, — deb eshikni tarsillatib yopgancha chiqib ketdim.

11

Oʻsha kuni darvozamizga, zinaxonamiz devorlariga bitilgan mashhur «M + Z = S« tenglamasi qip-qizil tirnoq boʻyogʻi yordamida madordan qolib yiqilayotgan toʻgʻri chiziq hamda mening shijoatu gʻayratim bilan tengsizlikka aylantirildi. Endi darvozamiz atrofi, zinaxona devorlarida  »M + Z = S» yozuvini oʻqish mumkin edi.

Kechqurun beshinchi qavatimizni supurib turganimda tepadan tanish dupur-dupur ovozlari eshitildi. Supurgimni tashlab bir uyga kirib ketgim ham keldi-yu, ammo tomoshaga oʻch fe’lim xolis niyatimdan baland keldi.
— Mohish qani? —menga koʻzi tushishi bilan soʻradi Zikir.
— Uyida.

U devordagi yozuvga qarab yana savol berdi:
— Kim qildi buni?

Men u bilan gaplashgim kelmayotganini anglatish uchun:
— Ishing nima? — deb supurishni davom ettirdim.

Zikir bir oz serrayib turgach:
— Mana endi bu yozuv haqiqatga aylanibdi, — deb qoldi.

Men boshimni koʻtardim-da, hayratlanib Zikirga tikildim. Zikir haftada ikki bor uyimga kelib dars beradigan domlam kabi mehribonlik bilan tushuntira ketdi:
— Mana, qara. «Mohidil«  qoʻshuv "Zikir" barobar »sevgi», deylik. Agar ushbu tenglamadan Mohidilning qiymatini topadagan boʻlsak, sevgidan Zikirni ayirish kerak boʻladi, tushundingmi?..

Albatta tushundim, bekorga yarim yildan beri «Axborotnoma» testlarini yechmayotgandirman! Ya’ni, M + Z = S boʻlsa, u holda M + S — Z boʻladi.

— Sevgidan ayrilgan Zikir qanaqa qilib Mohidilga teng boʻladi? — davom ettirdi ayriluvchiga aylangan «qoʻshiluvchi». —  Demak, tenglikdan koʻra, tengsizlik haqiqatga koʻproq toʻgʻri keladi. 

Ajoyib sevgi nazariyasi! Qaniydi uning amaliyotga talqini ham shunchalik oson boʻlsa!

Endi Zikir faqat oldingi qatorlardagi faol oʻquvchilargina emas, orqa partadagi bedavolar ham eshitishi uchun baland ovozda gapirishga odatlangan umumta’lim maktabi oʻqituvchisidek ovozini balandladi:
— Zulisha, sen baribir tushunmaysan. Bir sizlarni sinab koʻrmoqchiydim-da!

Unga ishonqiramay turganimni koʻrib, u yangi dalillar keltirishga tushdi:
— Mohishkani shunday qilib restoran, klublardan qaytarmasam boʻlmasdi. Oʻzing koʻrding-ku u yoqdagi ahvolni. Mohishga necha marta shu ishingni qoʻy dedim, koʻnmadi! Men nima qilay, unga gap ta’sir qilmasa?
— Boʻlmasam nega bizni mashinada quvishdi?
— Zulichka, oʻzing eshitding-ku!.. Anov semiz bilan gaplashib qoʻyuvdim!.. Pullaringni bir qismini qaytarib beraman degandim, ozgina «gonka» oʻynashga rozi boʻldi, — dedi Zikir, ovozini yana ham koʻtarib.

Shu payt eshikning gʻichirlab ochilgani eshitildi. Ostonada koʻzlari yigʻidan qizargan Mohidil paydo boʻldi. Mohidilning yuzida afsus-nadomat emas — nafrat, alam emas — Gʻazab bor edi.
— Alda, yana alda! —dedi u Zikirga oʻshqirib. — Qaytarding. Boplab qaytarding! Endi oʻynamayman.

Keyin menga qaradi, Zikirga yana bir bor oʻqraydi-da:
— Sizlar bilan oʻynamayman! — deb eshigini qulflab zinadan yugurib pastga tushib ketdi.

12

Oradan yillar oʻtdi.

Mohidil turmushga chiqdi. Aytishlaricha, ikkinchi xotin boʻlib...

Zikir uylandi. Aytishlaricha, oʻzidan oʻn yosh katta bir tillafurush ayolga...

Ammo bularning hammasi gap-soʻzlar, xolos. Odamlarning gapining qaeri rost, qaeri haqiqat ekanini bilib boʻlmaydigan davrlar ham keldi, oxiri! Axir «haqiqat koʻzgu»sida nomlarimiz aks ettiriladigan yoshdan ancha oʻtib qolganmiz!

Zinaxonamizu darvozamizdagi yozuv-chizuvlar, tenglama-tengsizliklarga keladigan boʻlsak, ulkan «mantiqozon»imiz devorlari, nihoyat, tirnoq boʻyagichimizdan ancha katta boʻlgan choʻtkalarni koʻrish baxtiga muyassar boʻldi! Bir avlod solnomasi yopilib, tarixning yangi sahifasi ochildi!

Ammo yaqinda Mohidilni koʻchada uchratib qoldim. Yoʻlni kesib oʻtayotsam, hadeb mashina signal chalaverdi. «Koʻrinishim zoʻr, shekilli, bugun» deb endi gerdayib oʻtib ketmoqchiydim, qarasam — yuzining oʻrtasidagi kulgichini oʻynatib Mohidil mashinaning ichida kulib oʻtiribdi.

Sanoqsiz oʻpichlaru tinimiz quchoqlashishlardan soʻng, u meni universitetga tashlab qoʻyadigan boʻldi. Orada oʻzimiz haqimizda gaplashib, umumiy tanishlarimiz haqida gʻiybatlashib ketarkanmiz, ushbu hikoya janri boʻyicha orqamizdan bitta mashina quvib signal chala boshladi. Bu safar bizni eski «Jiguli« ta’qib qilardi. Avval Mohidil bunga ahamiyat ham bermadi. Mening betoqatlanayotganimni koʻrib: "Yoʻlda boʻlib turadi. Bizning yigitlar rulda ayol kishi oʻtirishiga haligacha oʻrganisha olmayapti", dedi. Institutimiz eshiklari oldidagi svetoforning qizil chirogʻiga toʻxtaganimizda »Jiguli» chap tarafimizda toʻxtadi-da:
— Kennoyi, moshinalar zoʻru! Bizzayam haydardik! — deya haydovchisi shilqimlik qila boshladi.

Mohidil menga har doimgidek bir nima deb aql-paql oʻrgatib turgan edi, gapini kelgan joyida toʻxtatdi-da, haliga bolaga shartta qayrilib:
— Mening boshimdan oʻtganlar senikiga tushganda, sen ham haydarding, — dedi-da, deraza oynasini yopib qoʻydi.

Haydovchi gapning bunaqa burilishini kutmagan, shekilli, mashinasiga gazni ayamay bosdi-da, chapga qayrilib ketdi. Men esa beixtiyor Mohidilning yoʻlga qadalgan koʻziga tikildim. Yana oʻsha koʻz yoshlari... Ajabo! Tagida mashina, qoʻliyu bilaklarida qoʻsh-qoʻsh uzuklar...

Mohidil bekatga yaqinroq joyda mashinasini toʻxtatdi. Yana quchoqlashdik. Dugonam ruchka qidirib mashina salonidagi qutilarini picha titkiladi-da, uyining telefon raqamini yozib, choʻntagimga soldi. Uchrashib turishga va’dalashayotganimizda, u yozib bergan qogʻozni olib sumkamga joylarkanman, qogʻozning ichidan koʻkish rangli pul moʻralab turganiga koʻzim tushdi. Pulni koʻrmagandek, bamaylixotir Mohishning lablaridan uch marta oʻpdim. Biroq ichimdagi qora gʻashlik burushuvlariyu tirishuvlarini yuzimga koʻchayotganini sezarkanman, meni qandaydir xijolatlik chulgʻadi. Mohidil mashinasini jildirdi. Men esa odob yuzasidan mashina koʻzdan boʻlmasa ham, har holda oldimdan yoʻqolishini kutmasdanoq dugonamdan va balki, yoshligimdagi laqabimdan qochish uchun orqamga qaramay ketdim. Universitetimiz zinalaridan tepaga chiqarkanman, yomgʻirdan soʻng yerni yorib chiqqan zamburugʻdek paydo boʻlgan gʻururga oʻxshash gʻalati bir baloibad, koʻnglimning qaysidir chekkasida turib, nafasimni boʻgʻayotganini seza boshladim.