OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNe’mat Arslon
Asar nomi1151 raqamli tramvay (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Ne’mat Arslon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm35KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/01
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





1151 raqamli tramvay (hikoya)
Ne’mat Arslon

I

«Men tramvayman» degan fikr shunchaki xayoliga kelib qolgan oʻtkinchi mushohadalar hosilasi boʻlib, dastlab Beshimning lablarida istehzoli, ammo yengil kulgu zohir etgan va lahza oʻtmay unitilgan-u, faqat xotiraning qaysidir puchmogʻida omonatgina, hatto sahobaning oʻziga ham sezdirmay oʻrnashib qolgan; agar hayot unsurlariga taqqoslaydigan boʻlsak, donasi tugab, tashlab yuborishga mahrum etilgan gugurt qutisidek qadrsiz bir narsa boʻlsa-da, oradan koʻp oʻtmay oʻsha oʻzi yashirib olgan «xona»dan boʻy choʻzib, boshqa kuchli hamda hayotning boshqa ikir-chikirlariga qorishgan-u, eng zarur ashyo sifatida (kundalik ikir-chikir boʻlgani uchun ham) xotira aslaha xonasida saqlanayotgan va har lahzada oʻzining mavjudligini bildirib qoʻyish uchun chinqirib-chinqirib ovoz berayotgan birinchi darajali fikrlar toʻdasiga qoʻrqa-pusa qarab qoʻyadigan boʻldi.

Beshim bekatda avtobus kutgancha shivalab yogʻayotgan yomgʻirda ivishni maqsad qilib olgandek, oʻzini toʻsin panasiga tortmay yoʻl qarardi. Yomgʻirning muzdek tomchilari yuziga, boʻyniga kelib qoʻnib, toliqqan va kun boʻyi qilingan aqliy mehnatdan choʻgʻ kabi qizib ketgan boshiga xush yoqar, buni butun vujudi ila his etgancha namiqib borayotgan asfaltdan koʻz uzmay turardi.

«Dzing-dzing» etgan tovush eshitildi. Bekatga kelib toʻxtagan tramvayni koʻriboq xayolan uning qaysi yoʻldan borishi va qaysi lahzalarni aylanib oʻtishini oʻyladi-da, vaqtdan qariyb yarim soat yutqizishini istamay, yoʻq, «avtobus kutaman» degan qarorga keldi. Ammo hali qarori dilida mustahkamlanib ulgurmay tramvay biqinidagi raqamga koʻzi tushdi: «1551». Sonlarda ramziylik borday tuyuldi. Odamlar ochiq eshiklardan tushib kelishar, bekatdagi yoʻlovchilar avtobus kechikkanligi bois tramvayga oʻtirishga majbur boʻlganidan ranjigan qiyofada koʻrinishardi. Beshim ham ularga qoʻshilib tramvayga chiqdi. Boʻsh oʻrindiqlar koʻp boʻlsa-da, yoshgina bir qiz oʻtirishga taklif qilganday nariroq surildi va koʻz ilgʻar-ilgʻamas harakatlar bilan yonidagi boʻsh joyga imo qildi. Beshim uning yoniga — eshikdan kirish joyda — chap qoʻldagi birinchi oʻrindiqqa oʻtirarkan, avval derazadan tashqariga qaradi. Soʻngra bekat maydonchasidan nigohini uzib hamrohiga nazar soldi: nigohi qizning turmaklangan sochini, oppoq va nozik boʻynini, turmakdan qochib uning yelkasiga ochilib tushgan bir oʻram sochini silab oʻtib, yana oʻz makoniga, ya’ni Beshim ismli jismning koʻz qorachugʻlariga qaytdi.

Tramvay oʻrnidan ogʻir qoʻzgʻaldi. Gʻildiraklar temir izlar ustida bir maromda taraqlay ketdilar. Beshim haydovchi oʻtirgan xonachaning temir devoriga, ochiq eshikchadan koʻrinib turgan, shu ogʻir ulovni boshqarish uchun xizmat qiladigan uskuna-murvatlarga, xonacha devorining boʻyogʻi koʻchib tushgan zax va qirralariga azbaroyi nimadir qilish ehtiyoji tugʻilgani sababli zerikkan qiyofada qarab borardi. Eskirgan tramvay patorot topish arafasida turganday. Roʻparadagi derazaning singan koʻzi va unga birkitilgan faner yamoq, zanglagan boltning ichkariga tomon turtib chiqib turgan uchi... bularning hammasi Beshimga oʻzining qirqyamoq tuflisini eslatdi.

«Menga oʻxsharkan bechora» degan oʻy koʻnglidan oʻtarkan, qizning nigohi qadalib turgan nuqtaga qaradi. Bu nuqta tomonlari yeyilib, shakli oʻzgarib yamalaverganidan makkajoʻxori soʻtasiday gʻadir-budir boʻlib qolgan oʻzining tuflisi ekan. Beshimning oyoqlari beixtiyor harakatga keldi, tufli oʻtirgʻich ostiga tomon bir qalqidi-yu, qaysarlik bilan oʻz oʻrniga, qizning oppoq va bejirim boshmoqchasi yoniga qaytdi.

«Yashirishning fodasi yoʻq, koʻrdi, endi yashirish aksincha, uning koʻnglidan kechgan taassurotni kuchaytiradi», xayolidan oʻtkazdi Beshim va qizning qoʻlidagi gulga qaradi. Bir dasta nastarin. Gulning binafsharang yaproqlaridan bahoriy toza xushboʻy taralmoqda. Nastarin va yomgʻir... shamsiya tutgan ayollar, deraza, tom boʻgʻotidan shovullab quyilayotgan suv — bularning hammasi qizning qoʻlidagi gulga va savsani koʻylak kiygan navniholga oʻxshardi. Nastarin ham, yomgʻir ham mana shu qiz ham.
— Nastarin...

Choʻchinqirab, hayajon ichra, pastgina ovozda aytdi bu gapni Beshim. Qizdan sado chiqmadi, faqat derazadan koʻz uzib u ham gulga qaradi. Beshim miyasidagi bor lugʻat boyligini titkilab koʻrib yana bitta soʻz topdi:
— Chiroyli...

Bosh egdi qiz. Bu harakat mazmunini sharhlolmadi Beshim, soʻzni tasdiqlamoqchi va buning uchun oxirigacha eshitmoqchi boʻlib davomini kutyaptimi yoki gulni hidlayaptimi?!

Tramvay qoʻngʻirogʻini chaldi. Uning yoʻliga «Ikarus» avtobusi koʻndalang kelib qolgandi. Tramvay qattiq silkinib qasirlab, gʻijirlab toʻxtadi. Buni kutmagan yoʻlovchilar baravariga qalqib oʻrinlaridan turib ketishdi. Kim qoʻli bilan, kim boshi yo yelkasi bilan, ba’zi birovlar koʻkragi bilan oʻzidan oldingi kishiga tayanib qoldi. Eng oldinda oʻtirgan kampir haydovchi xonasining devoriga borib qapishdi. Beshim esa chaqqonlik koʻrsatib eshik yonidagi tutqichdan tutib qolishga ulgurdi. Qizning holati mutlaqo oʻzgarmaganligi, qalqib ham ketmaganligi ajablanarli edi. Lablarida mahzun tabassum va koʻzlaridagi mung bilan gʻazabnok yoʻlovchilardan uzr soʻragandek bir qiyofada oʻtirardi. Gʻala-gʻovur boshlanib har xil gaplar va haqoratlar aytilardiki, bularni ham qizgina oʻziga olayotganday bir alpozda ohista koʻz yumib, bosh tebratish bilan qabul qildi.
— Siz tramvaychining qizimisiz? — soʻradi Beshim uning holatini oʻzicha tushunib.

Qiz unsiz jilmaydi. Bamisoli tonggi sabo, bargi qabo, ya’ni shukufta gul yaproqlarini avaylab oʻpganday va bu muloqotdan yaproqlar titrab ketganday uning dudoqlari harakatga keldi:
— Men tramvayning qiziman.

Bu gapni qiz aytdimi yoki oʻzining xayolida aks etdimi, farqlolmay qoldi Beshim.

Yoʻlovchilar tahlikasi tinib, yana har kim oʻy-tashvishlarga toʻla oʻz dunyosiga kirib ketarkan, pastda harakatlanayotgan temir qismlar nidosi baralla eshitilayotgan boʻlsa-da, Beshimning quloqlarida hamon oʻsha ovoz shivirlardi:

«Men tramvayning qiziman».

Derazadan tanish manzarani — kekirtaksimon qurilgan uch qirrali baland binoni koʻrib qolib ikki-uch bekat oʻtib ketganini angladi Beshim. Tanasining harakatlanuvchi barcha mushaklarida oʻrnidan turish istagi sizgʻirib oʻtdi-yu, ammo yonidagi xilqatdan ajralgisi kelmayotgani sababli bu taraddud nihoyasiga yetmay soʻndi. Gʻildiraklar bir maromda sado berar, chiroqlar temir izni, yomgʻir suvlaridan hosil boʻlgan yoʻlaklarni paypaslagancha qorongʻulik bagʻriga kirib borardi.

«Mayli, bunday goʻzal xilqat bilan hatto dunyoning narigi chetigacha borish mumkin» deb oʻzini xotirjam qilishga urindi yigit, ammo shu lahzaning oʻzida boshqa bir fikrdan dili xira tortdi: «Dunyoning narigi chetigacha unga hamroh boʻla olamanmi, axir tuflim oyogʻimdan uzilib tushib qoladi-ku, shunday qizning yonida ketayotgan yalangoyoq va notavon kishini koʻrib odamlar malomat qilmaydilarmi».

Xayolidan oʻtgan fikrga qizning munosabatini bilmoqchi boʻlganday unga qaradi. Latif va gʻamnok chehra. Oʻzicha mulohaza yuritib, yoʻq, gʻamnok emas, oʻychan va munis degan xulosaga keldi. Nazarida qiz u qadar gʻamgin koʻrinmadi. Uning yashash joyini, xonasini, toʻshagini oʻzicha tasavvur qilib koʻrdi: eri yoʻq, bola-chaqasi yoʻq. Xona va dahlizlarda sukunat. Burchakda javon, uning yonida yozuv stoli. Stol ustida binafsharang yogʻdu taratib tunchiroq yonib turibdi. Karavot poyida boʻyradekkina keladigan guldor gilamcha. Guldor patgilam. Uning ustida yumshoq ayollar boshmogʻi. Gullar allaqachon guldonga solib qoʻyilgan. Beshim qizning qoʻlidagi dastaga qaradi va undan koʻz uzib oʻzining boshmogʻiga qarab oldi. Qizning uzun va ingichka barmoqlari nastarin barglari orasida yanada nozikroq va oqroq boʻlib koʻrinardi. Bu vujudi oq va qora ranglardan tashqari kashtan mevasidek qoʻngʻir ranglar, qoʻlidagi nastarin gul barglariga xoslik bir-biriga nisbatan ziddiyat bilan oʻrin olgandiki, shu ziddiyatning oʻzi mutanosiblikni va uygʻunlikni baxsh etgandi.

«Temiryoʻlchilar xiyoboni» bekatida tushib qolib piyoda ortiga qaytarkan, oyoqlari chalishib ketayotganini, orzular va umidlar lazzatidan mastu mustagʻriq boʻlib yoʻldan chetga chiqa boshlaganini payqadi Beshim va dilini afsus oʻrtadi, mastlik tarqadi. «Izdan chiqsam yiqilaman» degan iqror dilini qamrab oldi. Tuflisini qattiq «ekspluatatsiya» qilgandi. Behuda xayollar deb yetti yildan buyon minib yurgan «otini» zoʻriqtirganiga achindi. Egilib qarab koʻcha chirogʻi yorugʻida yaqindagina yamalgan joy yonida uzungina qora chiziq paydo boʻlganini koʻrdi.

Qoʻllari bilan zina tutqichiga tayangancha ogʻir-ogʻir yurib yuqoriga koʻtarildi. Toʻrtinchi qavat, buyogʻi yarqirab turgan eshik, yashil boʻyoq. Bir hafta avval bosmaxona omborchisidan soʻrab olgandi. Eshikning tarovati butun hafta davomida uning kayfiyatini koʻtarib turdi. Moy boʻyoqning hidi, umuman shu ishning uddasidan chiqqanligi, qoʻshnilarning eshik-derazalari boʻyogʻi koʻchib va rangi oʻchib abgor boʻlib turgan bir pallada oʻzining yarqirab turgan eshigi zarracha boʻlsa-da hayotiga yorugʻlik baxsh etgandi. Choʻntagidan kalit olib qoʻlining koʻnikib ketgan harakati bilan qulf tirqishiga tiqdi, buradi. Qulf harakatlanuvchi jismlarining beozorgina «shilq» etgan tovushi eshitildi.

Xona havosi dimiqib qolgandi. Derazani ochib karavotga oʻtirdi-da, tuflisini yechib qoʻliga oldi, koʻziga yaqinriq tutib qaradi, barmogʻi bilan siypalab koʻrdi. Tuflining charmi yuzakiroq yorilgan va hali ichki qismiga oʻtmagandi. Ertasi kun tanish etikdoʻzning oldiga borib tuflisini uning qoʻliga tutqazdi.
— Akoyi Beshim, ha, yana biror joyidan ketibdimi? — deya qarshi oldi usta va qoʻlini tuflining ichiga tiqib barmogʻi bilan charm betlikning yorilgan joyini paypaslab koʻrdi.
— Boʻpti, qoldiring, bugun shanba, erta bozor, dushanbagacha olasiz.
— Dushanba ishga boraman.
— Tayyor boʻladi, yakshanba kechroq xabar oling.

Shu gaplarni ayta turib usta tuflini yana qoʻliga oldi.
— Tuflingiz ham ammo uchinchi tramvaydan boʻlib qolibdi, — bosh chayqab kuldi usta.

Beshim ogʻrinmadi. Rezina choʻvagini shapillatgancha chiqib ketarkan «Nafaqat tuflim, oʻzim ham oʻxshayman» degan fikr yoʻl boʻyi uni tark etmadi. Shaharga kelganidan buyon uydan ishga, ishdan uyga qatnab bir xil hayot kechirayotgani toʻgʻrisida oʻyladi, ammo bunday oʻylar endi uning yuragida kuchli hissiyot uygʻotmasdi. Yetti yildirki, shu yoʻldan qatnar, qorin toʻydirish uchun zarur narsalarni yoʻl-yoʻlakay koʻchaning oʻng betidagi xiyobon boʻylab joylashgan doʻkonchalardan xarid qilardi. Tuflini shaharga kelgan yili yetti oylik qalam haqini yigʻib yurib olgan, va uni hech boʻlmaganda yana biror yil kiyishdan umidvor edi. Shu bois hamisha eng qisqa yoʻlni tanlar, zarurat boʻlmasa uydan chiqmas, xullas, oʻzini «sen«lab, tuflisini «siz»lardi. Tunda ustini artib, changdan tozalab nam sochiq yopib qoʻyardi.

II

Dushanba kuni ishdan qaytishda yana «1551«ga chiqdi. Oʻninchi yoʻnalish boʻyicha qatnaydigan «1941» hamda «1997» raqamli tramvaylarni ataylab oʻtkazib yubordi. Nihoyat, oʻzi kutgan tramvay bekatga kelib toʻxtashi bilan eshik yonidagi birinchi derazaga qaradi-yu, unga koʻzi tushdi. Tasodifmi yo Xudoning toʻgʻri keltirganimi, oʻsha kungi joyda oʻtirardi qiz. Yelkasi derazaga tegib turibdi. Koʻylagining sap-sariq bir dona guli xudi shishaga yopishtirib qoʻyilganday. Sochi oʻsha kungidek turmaklangan, faqat egnidagi libosi boshqa, oddiygina sariq gulli chit koʻylak. Sariq na’matak gulli. Na’matak pushti rangga moyilroq gullaydi aslida, lekin togʻlarda oʻsadigan yovvoyi na’mataklarning bir turi toʻq sariq, hatto aytish mumkinki, zargʻaldoq rangda gullaydi. Na’mataklarning hammasi oʻzi yovvoyi, ammo zargʻaldoq rangda gullaydigani yana ham yovvoyiroq.

Qizning yoniga oʻtirarkan, uning qoʻlidagi gulga e’tibor qildi Beshim. Binafsharang nastarin. Gulga ham, qizning yuziga ham bemalol, dadil qaradi. Usta tuflisini yamagan va oʻxshatib moylagandi. Shu bois oʻzini jasoratliroq sezdi, tortinmadi, hatto oyogʻini qizning oyogʻiga yaqinroq qoʻydi. Soʻngra xotirjam oʻtirib atrofni koʻzdan kechirarkan, haydovchi oʻtiradigan xonaning boʻyogʻi koʻchgan sirti, siniq derazaga qoqilgan faner, uchi zanglagan bolt ham koʻziga unchalik beoʻxshov koʻrinmadi. Hech narsa oʻzgarmagan. Hatto yoʻlovchilar ham oʻsha-oʻsha. Yon tarafdagi birinchi qatorda koʻrinishi abgor bir oʻris ayoli, uning ortidagi oʻrindiqda yosh bolali bir oʻzbek xotin, undan keyingisida ola doʻppili ikki oʻspirin, ulardan keyingi joylarda oʻn besh chogʻli oʻquvchi qiz. Mirshablar libosidagi kishilar esa chap tarafdagi oʻrindiqlarni toʻldirib oʻtiribdilar. Ularning ham shu tramvayga chiqishgani yoqmadi Beshimga. Sababini aniq bilmagani holda qat'iyatli yuzlarga, yangi va ixcham liboslarga iztirob ichra qaradi. Chetki qatorda joy olgan mirshablarning oyoqlaridagi tumshugʻi oʻtkir, tagcharmi qalin chiroyli tikilgan mustahkam tuflilariga koʻzi tusharkan, qanchalar baxtli bu odamlar degan oʻy miyasiga urildi. Mirshablarning sogʻlom yuzi, qip-qizil rang-roʻyi, mustahkam jagʻlari, boshlarining kattaligi, quloqlarining solinchogʻigacha qon gupurib turishi choʻchitdi uni. Sogʻlom narsalardan xavfsirab yashardi. Bular ataylab «1551«ga chiqishmagandir-ku, hech kim tramvayning shaxsiy raqamiga qaramaydi, chunki yoʻlovchilar uchun faqat tramvay peshonasidagi yoʻnalish raqamigina ahamiyatli. «1551» esa faqat birgina mana shu tramvayga tegishli boʻlib, uning «nomini» har bir odamning oʻz ismi boʻlganidek anglatadi, degan oʻy-xayolda borayotgan boʻlsa-da, yonida oʻtirgan qizni bir daqiqa ham unutmagandi. Uning goʻzal hamrohi esa koʻzlarini haydovchi oʻtirgan xonaning ochiq eshigiga tikkancha borardi. Betinim silkinib, zirillab kelayotgan «temir vujud» titroqlari tinib, gʻildiraklar aylanishdan toʻxtab, chor tarafga tinimsiz yugurayotgan yengiltak mashinalar shovqiniga quloq tutganday sukut saqlab turardi. Tramvayning bemavrid toʻxtashi yana yoʻlovchilar noroziligiga sabab boʻldi. Haydovchi pastga tushib arqonni tortqiladi. Ikki-uch bor shu harakatni takrorladi, soʻngra oʻz joyiga tomon oʻtarkan, tok kelmay qolganini aytib «biroz kutamiz» dedi. Qizning koʻzlarida oʻkinch ifodasi koʻrindi. Rangi oqarib ketganday, lablarida titroq zohir etgandek boʻldi. Bu holatni tiniq koʻrdi Beshim, ammo sababiga aniq tushunmadi. Biror joyga kechikayotgan boʻlsa ham bunchalik iztirob chekmasligi kerak edi, tushib ketib qolsa-ya degan xavotir oʻtdi koʻnglidan va goʻyo unga dalda bermoqchidek shivirladi:
— Hademay yuradi.

Qiz holatini oʻzgartirmadi. Mirshablar qadlarini gʻoz tutgancha avvalgi alpozda oʻtirishardi.

«Bular qaysi bekatdan chiqishdi va qaerda tushisharkin?» oʻyladi Beshim. Oradan yigirma daqiqa oʻtib tramvay harakatga keldi. Qiz qoʻlidagi gullarga tikilgancha jimgina borar, deraza tirqishidan kirayotgan pichoq damidek shamol oqimi uning peshonasi atrofidagi soch tolalarini hamda chekkasidagi zulfagi tolalarini yulqilab oʻynardi. Bu qiz faqat qora «Limuzin»da yurishga loyiq, xayol qildi Beshim va ayni paytda uning sovqotmayotgani, shamol oqimiga beparvoligidan ajablandi. Oshkora havas bilan, balki intiq hissiyot bilan qattiq tikildi.

Bu paytda tramvay oʻz yoʻnalishidagi eng gavjum mintaqalardan biriga yetib kelgan va tezligini susaytirib ohista burila boshlagan, shu bois uning temir vujudi nola qilganday ogʻir va hazin gʻijirlardi. Beshim qizning derazadagi aksiga qaradi. Tashqari qorongʻu boʻlganligi sababli uning aksi oʻzidan ham sohirroq boʻlib koʻrinardi. Shishaning tun parda tortgan sirtida tramvayning ichki qismi ham qoramtir bir tarzda aks etar va qiz ham ana shu qoramtir roʻyoga qarab borardi.

Gʻijirlashlar tinib gʻildiraklarning bir maromdagi «taqa-taqa»si eshitila boshladi. Tramvay tezligining oshgani, chiroqlarni yana ham yorqinroq yondirib qorongʻulik pardasini yorib shiddat bilan olgʻa intilayotganini ana shu gʻildiraklar sadosiga qarab anglash mumkin edi. Koʻp oʻtmay yomgʻir yogʻa boshladi. Tepadan oqib tushayotgan suv derazadan yuvindiq rangiday qoramtir va beqaror parda hosil qilgan, tun oynasida aks etayotgan manzara bundan bir qadar xira tortgan, egrilangan, oʻzgargan boʻlsa-da, qizning koʻzlari chaqnab koʻrinib turar, faqat suv oqimi shu chaqnoq nuqtalarni turli tarafga siljitar va bu allaqanday afsonaviy koʻrinish kasb etardi.
— Shumilov koʻchasi! — e’lon qildi konduktor.

Beshimning yuragi siqildi. Qizning qaysi bekatdan chiqqani va qaerga tushishini soʻramoqchi boʻlardi-yu, jur'ati yetmasdi. Xayol bilan boʻlib «Mirobod bozori» bekati allaqachon ortda qolib ketganini ancha kech payqadi. Shunday boʻlsa ham oʻrnidan qimirlamadi. Nima boʻlsa boʻldi, keyingisida tushib orqaga qaytaman degancha ketaverdi. Soat oʻnga yaqinlashib qolgandi. «Bunday boʻlishi mumkin emas-ku, nahot besh soat yoʻl yurgan boʻlsam» degan oʻy bilan xavfsirab atrofga alangladi. Yoʻlovchilarning yuzlarida loqaydlikdan boʻlak alomat koʻrinmasdi. Shoshqin harakat asnosida oʻrnidan turarkan, qiz derazadan koʻz uzib unga qaradi. Qoʻllaridagi gullar toʻpidan bir dona nastarin ajralib chiqib oyoq ostiga tushdi. Qizning manzilini aniqlab olish uchun shanba kuni ishchilar shaharchasidan Obraztsova koʻchasigacha qirq toʻrt daqiqali yoʻlni bosib oʻtishga, zarur boʻlsa kun boʻyi tramvaydan tushmaslikka qaror qilgancha navbatdagi bekatga tushdi Beshim. Qiz qorongʻulik qoʻyniga ma’yus tikilgancha oʻtirardi. Faqat eng soʻnggi daqiqada anglab boʻlmas bir holat yuz berdi. Qiz goʻyo ogʻir uyqudan uygʻongan kabi tegrasiga olazarak nazar tashladi. Derazadan qarab bekatda yolgʻiz oʻzi turgan odamni koʻrdi. Butun vujudi bilan unga talpinganday, va hademay derazaning shaffof koʻzidan suzib oʻtib yerga qoʻnmoqchiday dalaga tomon intildi. Xuddi shu soniyada tramvay ham harakatga keldi. Tepada, uning qayrilgan temir shoxlari ustida yashin chaqnadi. Qarsillagan ovoz eshitildi. Beshimning nazarida bu olov odatda simning uloq joylarida qisqa tutashuv oqibatida chiqadigan uchqunga oʻxshamasdi. Atrof yorishib titroq shu'lalar anchagacha soʻnmadi. Koʻm-koʻk yogʻdudan tramvayning ichi ham kunduzgidek yorishib ketdi. Shunda ichkarida qizdan boʻlak hech kim yoʻqligini koʻrib Beshimning hayrati oshdi, aqli shoshdi. Tramvay olov olib yonib ketishi muqarrardek tuyuldi. Qizni qutqarish kerak degan ichki bir da’vat uning hayratdan qotib qolgan vujudini harakatga keltirdi. Qoʻllarini choʻzib oʻrnidan qoʻzgʻalayotgan ulkan naqliyotni toʻxtatib qolmoqchidek deraza zehiga tirmashdi. Tepada ikkinchi bor olov chaqnadi. Shunda qizning dokaday oqarib ketgan yuzlarini aniq koʻrdi. Goʻyo havo yetmayotgandek, nafas ololmayotgandek entikardi qiz. Iltijo bor edi uning koʻzlarida.

Deraza zehiga mahkam yopisharkan, kuch bilan orqaga tortib yurib borayotgan tramvayni toʻxtatmoqchi boʻlardi Beshim. Bir talpinib qizning qoʻllaridan tutdi. Nastarin gullari sochilib yerga tushdi. Yerga va temir izlar ustiga tushayotgan gullar jaranglab sado berardi. Barmoqlari qizning bilagidan tutarkan, oʻz vujudida kuchli zarb titroqni tuydi. Goʻyo sochlaridan, tirnoqlari ostidan, ogʻir va burnidan olov chiqib ketayotganday. Shunday boʻlsa-da, gullarning jaranglashi gʻayritabiiy hol ekanligini, qoʻllari esa derazani sira qarshiliksiz osongina teshib oʻtib qizning bilagiga chirmashgani ham haqiqatga toʻgʻri kelmasligini xayolidan oʻtkazdi.

Tepadan yana qarsillash eshitilib qorongʻulik bagʻri yashil yogʻdudan yorishib ketdi. Zulumot qa’ridan va koʻrsatgan uylar, daraxtlar titrab-titrab yuzlariga yana qora parda tortdilar. Beshimning oyogʻi yerdan uzilgan va havoda muallaq uchib borardi. Qizning yuziga tikilib qarab nimanidir tushuntirmoqchi boʻlayotganini angladi, shunda uning soʻzlarini eshitish uchun yuqoriroq koʻtarilishga urinib koʻrdi Beshim va qoʻllari bilan derazaning yuqori qismidan tutmoqchi boʻldi, ammo kuchli havo oqimi uning vujudini zarb bilan yulqib olib, tramvay ketayotgan yoʻnalishning tegrasiga shiddat bilan goʻyo tezob daryodek yugurayotgan yoʻl ustiga tashlab yubordi. Toshdek qattiq yerga qulab tusharkan, qizning oʻkinch va iltijo toʻla ovozini aniq eshitdi:

«Men tramvayning qiziman!»

Ilojsizlik ham bor edi bu ovozda.

III

Shanbagacha Beshimning sabri chidamadi. Yuz bergan voqeani qayta-qayta tahlil qilib koʻrarkan, nazarida bundanda qoʻrqinchliroq voqealar yuz beradiganday va juda qadrdon kishisidan ajralib qoladiganday tuyulaverdi. Shuning uchun ham ertasi kuniyoq shosha-pisha tushlik qildi-yu, ishxona bilan katta yoʻl oʻrtasidagi temir panjaradan oshib oʻtib Xurshid koʻchasiga chiqdi. Uzoqdan tramvay koʻrindi. Oʻninchi! Oʻsha! Yuragi hapqirib derazaga qaradi, qiz koʻrinmasdi. Uning oʻrnida oq doka roʻmol yopingan kampir. Aylanib oʻtib boshqa derazalarga ham koʻz tikdi. Odamlar tushib boʻlishi hamon ichkariga kirib oʻtirganlarga olazarak nazar tashladi va koʻngli choʻkkan holda qaytib chiqarkan, tramvayning old tomoniga oʻtdi-yu» «1553» raqamini ilgʻashga arang ulgurdi. Shu yoʻnalish boʻyicha qatnaydigan boshqa tramvay edi bu. Hozir tushlik payti deya muhokama qildi Beshim, u ishda, axir kun boʻyi sayr qilib yurmaydi-ku, buning ustiga yoʻnalish bir boʻlgani bilan raqami boshqa, bu boʻlak tramvay!

Ertalab ishga kech qolmaslik uchun avtobusda kelganiga juda afsuslandi. Kech boʻlishi va ish tugashini sabrsizlik ila kutdi. Daqiqalar imillab oʻtar, aprel quyoshi shahar ustidan ketishni istamaganday naq deraza roʻparasida pirpirab turardi. Oʻn beshta kam beshda xonasidan otilib chiqdi Beshim, ammo har doimgidek dahliz toʻridagi «Boshliq» deb yozib qoʻyilgan eshik oldida sigareta tutatib turgan «shef»ni koʻrib, sarosimaga tushib, ortiga qaytdi. Ishxonada tartib-intizom qattiq edi. Shef har kun kelish-ketishni nazorat qilib borar, xodimlar kun boʻyi goh u-goh bu xonada zerikib esnab yurishardi-yu, ammo vaqtidan bir daqiqa ham oldinroq ketisholmasdi.

Nihoyat, kutilgan daqiqalar yaqinlashdi. Shef mashinasiga oʻtirishi bilan derazadan uni kuzatib turgan oʻnlab koʻzlar xona ichkarisiga tomon chekindi, xodimlar apil-tapil ishni yigʻishtirishdi, har tomondan qulf-kalitlarning shaqir-shuquri eshitilib qoldi. Oradan besh daqiqa oʻtganda halloslagancha bekatga yetib keldi Beshim. Mashinalar koʻchani toʻldirib daryo kabi oqardi. Yoʻl oʻrtasida uzun beton supa, ikki tomonida temir izlar. Oʻninchi yoʻnalish boʻyicha bir nechta tramvay oʻtdi. Beshim ularning har biriga diqqat bilan razm solib raqamlariga qaradi. Avval «1670«, undan keyin oradan yetti-sakkiz daqiqa oʻtib «1997«, ulardan soʻng «1553» keldi. Toʻxtadi va joʻnab ketdi. Hech kimga keraksiz boʻlgan bunday tramvaylar faqat Beshimnigina qiziqtirardi. «1551»ni esa intiqlik bilan kutar, shunday boʻlsa-da, boshqa tramvaylarning ham derazalariga e’tibor qilardi.

Yarim soat kutdi, biroq ataylab qilganday «1551«dan darak boʻlmadi. Kutaverdi, odamlar siyrak torta boshladi. Soat oʻn birlarda bekat huvillab qoldi. Endi faqat shaharning tungi navbatchi tramvayigina kelishi mumkin. «Shaharning eng xokisor ulovi — tramvay«, xulosa qildi Beshim. Hatto trolleybus ham unga nisbatan erkinroq, yoʻldan sal-pal boʻlsada chetga chiqa oladi. Oʻtirgichlari yumshoqroq, koʻrinishi ham yomon emas, tezligi durust. Avtobusday shigʻillab ketmaydi-ku, har holda... odamlar avtobus yoki trolleybus bilan borish mumkin boʻlganda hech qachon tramvayga oʻtirishmaydi. Bechora kutib turadi, qolgan-qutgan yoʻlovchilarni yigʻishtirib boriga baraka deganday olib ketaveradi. Ayniqsa «1551» tutday toʻkilib qolgan. Unga nima boʻldiykin oʻzi?! Yoki boshqa yoʻnalishga oʻtkazishdimikin? Bunday boʻlishi mumkin emas, nazarimda. Demak, biror joyda buzilib qolgan. Oʻsha qiz bilan tramvay oʻrtasida qanday bogʻliqlik yoki mushtaraklik boʻlishi mumkin? Faqat shu «1551»da koʻrganman uni. Kecha uning qoʻllaridan ushlaganim-chi? Yerga jaranglab toʻkilgan nastarinlar-chi? Yana deraza singanmidi? Nega bu qadar gʻazablandi tramvay? Olovlar sochdi, titradi. Qizning yuzlaridagi ifoda, koʻzlaridagi iltijo... Meni uloqtirib yuborgan kuch... Axir bularning hammasiga guvohman, oʻzim ishtirokchiman, balki oʻzim aybdorman. Jabr tortgan ham oʻzimman. Endi uni uchratib qolsam bas, hammasi hal boʻladi. Kechagi xatti-harakatim uchun uzr soʻrayman va bor dardimni toʻkib solaman. Ilk marta uchrashganimizdan buyon uch hafta oʻtdi. Faqat oʻsha tramvayda, oʻsha joyda va oʻsha holatda uchratdim. Qoʻlida bir dasta nastarin...»

Uyga juda kech qaytdi Beshim. Kimsasiz va sovuq xona malomat toshlarini yogʻdirayotganday. Devorlar koʻrimsiz, derazalar hoʻmraygan, oshxona eshigi oʻrniga ilib qoʻyilgan qanor pardani yogʻ bosgan, tutunga burkangan koʻrinishini ochiq namoyish etib koʻngilga gʻashlik soladi.

«Yetti yildan buyon betinim mehnat qilib nima orttirdim? — Oʻz-oʻzidan qat'iy soʻradi Beshim. —Tramvayga aylanib qoldim. Bir xil va zerikarli hayot, bitta tufli, qorin toʻydirishning bir xil usuli. Hatto fikrlashim ham oʻzi koʻnikkan izdan chiqolmaydi».

Keyin uning nazari tuflisiga tushdi. Ostona tagiga toʻshalgan gilamchaning uchi qayrilib qolgan va tuflining bir poyi ikkinchisining ustiga almashinib tumshugʻini osmonga qilib turardi. Goʻyo yetti yildan beri ogʻirligi qariyb yetmish kilo chiqadigan inson vujudini koʻtarib yurganidan gʻururlanayotganday.

Tushkun va alamli oʻylar soʻngida hayot tarzini keskin oʻzgartirishga ahd qildi Beshim. Ammo buni nimadan boshlash kerakligini hal etolmadi, tuni bilan oʻylab sira aqli yetmadi. Avvallari ham bu haqda koʻp mulohaha yuritgan-u, yechimini topolmagan, natijada har kun hayot tarzini oʻzgartirish toʻgʻrisida oʻylash endi uning hayot tarziga aylanib qolgan. Oʻzini savdo-sotiqqa urish va odamlarning pulini aldab olishni istamas, istaganda ham uning jur'ati Kafkanikidan ortiq emasdi. Maoshi oz boʻlsada qornini toʻydirib turgan ishidan ajralib qolishdan qoʻrqardi. Buning ustiga keyingi paytda har bir xulosaning boshi-yu oxiri «1551» raqamli tramvayda uchragan qizga borib taqalaverar, va shu qizning qiyofasidan boʻlak hamma narsa nursizlanib ketaverardi. Hatto tuflisini ham u qadar avaylamay qoʻygandi endi. Karavotga choʻzilib koʻzlarini yumishi bilan yana uni aniq-tiniq koʻrdi. Gʻildiraklar sadosi qulogʻiga chalindi. Hatto nastarinning bahor havosi yangligʻ sof hidi dimogʻiga urildi-yu, yomgʻir shivirlashi eshitilganday boʻldi.

...Nastarin hamisha yomgʻirni eslatardi.

IV

Keyingi bir oy it azobida oʻtdi. Mehnat ta’tili ham tatimadi. Vaqtning katta qismini koʻchada oʻtkazar, bekatda kutib turgan boʻlar yoki tramvayga oʻtirib oʻtkinchi yoʻnalish boʻylab kun boʻyi yurardi. Nozimxona nozimlaridan soʻrab «1551«ning nega yoʻqolib qolgani toʻgʻrisida aniq ma’lumot ololmaydi. Koʻpincha: «Bu nima deganingiz, qaysi yoʻnalish kerak sizga? Oʻninchimi? Marhamat, peshonasiga «10» raqami yozilganiga oʻtirasiz. Ishchilar shaharchasidan Obraztsovagacha olib boradi» degan javob boʻlardi, shunda Beshim boshini darchaga egib qayta soʻrardi:
— Menga «1551» kerak.
— Bunday marshrut yoʻq!

Darcha eshikchasi taraqlab yopilardi.

Haydovchilardan soʻrash, konduktorlardan surishtirish ham natija bermadi. Umuman, guvranib yotgan va shoshqin tarzda hayot kechirayotgan shaharda bunday savollar bilan birovning vaqtini olish ilojsiz ish. Haqorat eshitib qolish hech gap emas. Surishtirishdan natija boʻlmagach boshqa yoʻnalishlarga oʻtdi. Oʻtirgʻichlari bir muncha shinam charm qoplamali, boʻyoqlari tiniq tramvaylar paydo boʻlib qolgandi ba’zi dahalarda. Qaysidir bekatda biqiniga lotin yozuvi bitilgan tramvayga koʻzi tushdi. Oʻqishga harakat qildi. Yozuvlarni bor boʻyicha qamrab ololmadi nigohi, oraliqdan oʻtib-qaytayotgan avtobuslar xalaqit berdi. Buning ustiga tramvay shippillab yurib borardi. «Modern tramvays» boʻlsa kerak deya harflarni xayolida qayta tiklab xulosa chiqardi. Yozuv ham, tramvay ham juda chiroyli edi. Ammo bunday zebolikdan quvonmadi. Aksincha ularning salohiyati koʻngliga mahzunlik soldi.

Mehnat ta’tili oxirlab qolgan kunlarning birida uydan chiqdi-yu, qaysi tomon borayotganiga e’tibor ham qilmay, xayol surgancha ketaverdi. Bu tomonlarga hech oʻtmagan va orasta manzaralarni sira koʻrmagandi. Ayniqsa anhor boʻyidagi qalin daraxtzorlar, archalarning boʻyi kishini sarxush etardi. Xilvat goʻshalar visolga intiqlik hissini kuchaytirdi.

Anhor sohili boʻylab piyoda yurdi, yomgʻir bitta-bitta tomchilab suvda doirachalar chizardi. Koʻngli koʻtarildi, nazarida Toshkentday suluv shahar yoʻq edi dunyoda. Sohil panjarasiga suyangancha tamaki tutatdi. Bir necha yil tashlab ketgan chekuvchilikni yana boshlab yuborgandi, qalbiga ozib-yozib mehmon boʻlgan shodlik hissi esa mahzunlik pardasiga oʻralgandiki, bu Mirzo Bedilning gʻazalini eslatdi: «Bu shodliklar bari gʻamdan yaralgan». Chuqur-chuqur tutun tortib suvga jimgina tikilib qoldi, soʻngra sal nariroqda panjaraga suyanib turgan qora shamsiyali qizdan anhorga imo qilib shunchaki soʻradi:
— Chuqurmi?
— Nima, oʻzingizni oʻldirmoqchimisiz? — hozirjavoblik qildi qiz.
— Yoʻq, havo salqin, suv sovuq.
— Oʻladigan odam uchun bari bir emasmi?!
— Sovuq, — qaysarlik va biroz dagʻallik bilan javob berdi Beshim va oʻzida boʻy koʻrsatayotgan xarakterning bunday yangi qirrasini ilgʻab qizga minnatdor bir alpozda qaradi. Chunki odamlarning fikrini soʻzsiz ma’qullashga, hech qachon qarshi bormaslikka va rad etmaslikka koʻnikkandi u. Shamsiyasini aylantirib oʻynab koʻz suzdi qiz. Soʻng sumkachasini kavlab muzqaymoq oldi.
— Eski tramvaylarni nima qilishadi? — soʻradi Beshim tomdan tarasha tushganday.
— Yangisi bilan almashtirishadi.
— Eskisini nima qilishadi?
— Aytdim-ku. Nima qilishardi, qabristonga eltishadi. Ular oʻsha yerda temir izlar bilan vidolashadilar.
— Qaerda oʻsha qabriston?
— Buncha zerikarlisiz, boshqa biror mavzu yoʻqmi siz biladigan? Tramvay, tramvay. Qabriston, qabriston deyaverasiz, — labini burdi qiz. — Shu, shunaqa oʻzi, qishloqdan kelganlarning hammasi tramvayga qiziqishadi. Poezdning bolasi deb oʻylashsa kerak-da.

Beshim indamadi.

Qiz oʻz hayoti toʻgʻrisida soʻzlab berishga kirishdi. Beshim qoʻllarini shimining choʻntagiga chuqur tiqqancha uning koʻngli uchun bosh irgʻab ma’qullab turaverdi. Eshitganlaridan juda oz narsa: qizning chet ellik bir kishiga erga tekkani, xato qilgani, erini sevmasligi uzuq-yuluq yodida qoldi va xayol ichra soʻradi:
— Oʻsha qabriston qaerda?
— Qanaqa qabriston? Nima qilasiz oʻtta?
— Boraman.
— Odamlar oʻzlari olib borishadi.
— Men jiddiy soʻrayapman.
— «Birinchi»ga oʻtirasiz, — javob qildi qiz suhbatdoshiga achinish va ijirgʻanish aralash qarab.
— Men qishloqi emasman, — dedi Beshim va qoʻl uzatib xayrlashdi.

Agar undan oʻsha paytda qizga nima uchun bunday deganligi haqida soʻralsa, tayinlik javob berolmasdi.

V

Derazani uzun boʻyli, malla soch oʻris yigit ochdi. Beoʻxshovgina bu yigitning moʻmin-qobil kishilar toifasidanligini koʻrib maqsadini aniq aytdi Beshim:
— Menga eng eski tramvay kerak.
— Mana shularning hammasi eski, — qoʻli bilan koʻzoynagini toʻgʻrilarkan, temir izdan darvoza tomon harakatlanayotgan tramvaylarni koʻrsatdi yigit.
— Men hisobdan chiqarilgan tramvaylarni koʻrishim zarur.

Bu atamani nozimxona xodimlaridan oʻrganib olgandi. Yigit hovli oʻrtasidagi shiyponsimon binoni koʻrsatib shu binoni aylanib oʻtgandan soʻng yana bir nechta ustaxonalar chiqishini va ularning ortidagi maydonda eski tramvaylar turganligini tushuntirdi.

Haqiqatan ham bino ortiga oʻtishi bilan ustaxonalar va ularning orqasida qalashib yotgan temir-tersak uyumlari orasida tramvaylar qatori koʻzga tashlandi. Eng eski tramvaylar qizil rangda edi. Oyoq ostida qalashib yotgan temir-taqalar uyumini oralab oʻtib kenggina maydonchaga chiqdi Beshim. Tramvaylar qator-qator boʻlib zanglab ketgan temir izlar ustidan xayol surganday turishar, shuning uchunmi, bu yerda ogʻir sukunat hukmronlik qilar, hatto ustaxonalarning shovqini ham eshitilmasdi. Pachaqlab tashlangan, derazalari sindirilgan, zarur qismlari yechib olingan KTMlar qatorining oxirrogʻida yarq etib «1551» koʻrindi. Bu yarqirash Beshimning intiq qalbida yuz berdi. Aslida tramvay qop-qora boʻlib kuyib yotar, patorot topgan va ulkan temir qutiga aylangan, vujudidan or qilayotganday yer shoxlab oʻzidan oldingi safdoshining ortiga peshonasini tiragancha turardi. Shoda-shoda sim oʻramlari haydovchi oʻtiradigan xona eshigidan pastga osilib tushgan, oʻtirgichlarning taxtalari qoʻporib olingan va sindirib tashlangan, shisha «koʻz»lar koʻr qilingan va umuman endi uning yarqiraydigan hech vaqosi qolmagandi.

Beshim ichkariga kirishi bilan eshik yonidagi birinchi oʻrindiqqa «Tramvayning qizi» oʻtiradigan joyga qaradi. Oʻrindiq yogʻochlari singan, bir yonga chayqalib, allaqanday temir ustiga orqa suyanchigʻi bilan tayanib qolgan holatda turardi. Shunisi ajablanarli ediki, hamma tomoni chang-toʻzonning qalin pardasi qoplab yotgani holda, birinchi oʻrindiq xuddi hozirgina artib qoʻyilganday toza. Orqa suyanchiqning temir dastasini silab koʻrdi Beshim. Bilinar-bilinmas atir hidi dimogʻiga urilganday boʻldi. Shunda uning yosh qalqib turgan koʻzlari oʻtirgʻich ostida yotgan gullarga tushdi. Nastarin! Gul hali soʻlib ulgurmagandi. Qizning moʻ'jazgina tuflichasi yonida yotardi ular. Yerga egilib gulni avaylab oldi Beshim va qizga tutdi. Dalada daraxtlarning bargi qilt etmasdi, shamol yoʻq, ammo qizning sochlari hilpirab, shabadada taralib turibdi. Zulfining uzun va qoʻngʻir tolalari, qoshi, koʻzi, kipriklari va oppoq yuzlarini yashirmoqchidek chekkasiga tomon quyilib tushgan bir oʻram soch tolalari shabada izmiga suysunib qizning yonoqlarini betinim savalaydi, kipriklariga ilashadi, lablarini silab oʻtadi. Bu manzaraga mahliyo boʻlib qarab turdi Beshim. Tili kalimaga kelmasdi. Buni payqadi qiz. Tepasida hayrat ichra qotib turgan yigitga qiyo koʻz tashladi, kipriklari pirpirab ketdi, oʻychanlik va mung toʻla koʻzlarida, nigohida yam-yashil yogʻdu chaqnaganday boʻldi. Ohista bosh egib yonidagi boʻsh joyga qaradi va deraza tubiga tomon surilibroq oʻtirdi.

Qizning lablarida mahzun bir tabassum erkalanib yotganini koʻrdi Beshim. Qoʻlidagi gulni unga tutdi va ehtirom bilan shivirladi:

«Oʻtirsam boʻladimi?!»

... Uzoq oʻtirdi. Yolgʻiz oʻtirdi. Ammo temir-tersaklar uyumi orasida tanholigini ham, vaqtning oqimini ham payqamadi. Tramvay jiddat bilan ketib borar, oldinda qorongʻulik tobora quyuqlashar, tepada«yalt-yalt» etib yashin chaqnardi. Manzillar lip-lip etib oʻtar va bekatlar ortda qolardi.

Tramvaydan tushishni xayoliga ham keltirmasdi Beshim. Uning tushadigan bekati yoʻq edi...