OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNe’mat Arslon
Asar nomiTumanli mintaqa (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ne’mat Arslon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm27KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 6-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tumanli mintaqa (hikoya)
Ne’mat Arslon

I

Quyosh toʻla tutilganga oʻxshar, unga oyning soyasi emas, oydan ham ulkan boshqa bir sayyoraning koʻlankasi tushib turganday notabiiy bir manzara zuhur etgan, butun borliq qoʻngʻirtob ranglarga qorishib yotganligi sababli hamma narsa vahimali va ayni tobda sirli koʻrinar, Tushning yolgʻiz oʻzi (u hamisha yolgʻiz edi) ana shu manzaraga bir boʻlak shisha sinigʻi orqali qarab oʻtirardi.

Saltanat ajoyibu gʻaroyib voqea-hodisalarga naqadar boy boʻlmasin, ulardan foydalanishga Tushning haqqi yoʻq. Ularning hammasi Miyabekaning tasarrufida va Miyabeka oʻz saltanatini gʻoyat qattiqqoʻllik bilan boshqarib tunda oʻz a’yonlari bilan uyquga ketishdan oldin oʻsha ajoyibu gʻaroyib voqea-hodisalar vodiysi ustiga ulkan choyshab yopib ularni uxlatib qoʻyardi.

Qarib quyulmagan donishmand va ayni paytda boladek oʻyinqaroq Tushning tunkezarligi hamma uxlagandan keyin dunyoni boshqarishga oʻzicha behuda urinib saltanat koʻchalarini aylanishi, choyshab ostidan uchi chiqib qolgan bitta-yarimta voqeotni topib olib turli-tuman shakllarga solishi Bekaga ma’lum boʻlsa-da, bundan hech kimga jiddiy zarar yetmasligini hisobga olib indamasdi.

Dekabrning uzun kechalaridan birida Miyabeka va uning saltanati uyquga ketgandan soʻng Tush odatdagidek chiroqlari oʻchgan uylar derazasidan moʻralagancha boqarkan, xarobgina bir kulbada ertangi darsga hozirlik koʻrib oʻtirgan ikkinchi toifa oʻqituvchisi Qurbononi koʻrib qoldi. Darhol qoʻliga siniq shishasini olib koʻziga tutib qaradi.

Shunda Qurbono ham odatdan tashqari nimadir yuz berishi muqarrarligining dastlabki belgilari zuhur eta boshlaganini payqadi va ishga borish oldidan har ehtimolga qarshi shimini dazmolladi, javondan eng yaxshi koʻylagini olib kiydi. «Krokodil» firmasida tayyorlangan bu koʻylak andek shalvirab qolgan boʻlsa ham shuni ma’qul koʻrdi. Toʻgʻrirogʻi koʻylakning oʻzi emas, yoqasi va choʻntagi ustiga tushirilgan koʻk timsohning suvrati unga yoqardi. Shu koʻylakni kiyib, havorang boʻyinbogʻini bogʻlab chiqqan kuni oʻzini dadilroq sezardi u.

Kiyinib boʻlgach taqvimga qarab kunni belgiladi: chorshanba, 1899 yil, dekabr.
– Oktyabr, barqut mavsum, – deydi Tush deraza rapiga bemalol joylashib olib, – oktyabrning oʻrtasi, adashma.

Qurbono derazadan qarab yaproqlari za’faron tus olgan tutni koʻrdi. Uning yonida lovullagan gulxanga aylangan zardolu va yaproqlari qirmizi rangga boʻyalgan terak. Ammo bu ranglarning hammasi qoʻngʻir shisha orqali namoyon boʻlayotgani sababli tumanga choʻlgʻanganday taassurot qoldirardi.

Qurbononing hayrati oshdi, qoshlarini chimirib, «yo tavba!» degancha choʻzinchoq qotma yuzini siladi, maktabga borgach bu gʻaroyib manzara toʻgʻrisida oʻquvchilarga gapirib berishni oʻylab jilmayib qoʻydi.
– Yoʻq, – dedi Tush, – sen maktabga bormaysan, maoshing kam, hayoting nochor, tun boʻyi uxlamay konspekt yozasan, daftar tekshirasan, koʻrgazmali qurol tayyorlaysan, sen bu ogʻir mehnatdan qutilib, hech boʻlmaganda maorif sohasining rahbari boʻlishing kerak. Bu xomxayol Qurbononi chalgʻitolmadi. Shunday boʻlsa-da, shirin bu orziqish ichra iyagini silay boshladi, soqoli olinmagandi, erindi, bir kun ishga oʻzi xohlagandek borsa osmon uzilib yerga tushmasligi xayolidan oʻtarkan, boʻyinbogʻini yechib tashladi. Nazarida boʻyinbogʻ soqoli olinmaganini boʻrttirib koʻrsatadiganday.

Boʻyinbogʻsiz koʻchaga chiqdi-yu, koʻzga koʻrinmas allaqanday kuch ta’sirida yana qaytib hovliga kirarkan, devorlarga darz ketganini koʻrdi. Qansharidagi ogʻirlik (oʻsha kuchning ta’siri boʻlsa kerak) siljib ensasiga oʻtdi. Tut yaproqlari boshiga, yelkasiga qoʻndi. Daraxt tanasidan qop-qora suyuqlik oqayotganini koʻrib unga barmogʻini tekkizdi va yalab koʻrdi, noxush ta’m: achchiq-taxir, kakraday. Tutning qoni!..

Ichkarida suvaraklar dasturxonga hujum boshlagandi. Ular shu qadar koʻpayishgan ediki, bu yerda inson uyning egasi ekanligini xayollariga ham keltirishmasdi. Oyogʻini yerga tap-tap urdi Qurbono. Suvaraklar bir dam toʻxtab boshlarini koʻtarishdi, shoxlarini osmonga toʻgʻrilab qotib turishdi va non boʻlaklariga avvalgidan oʻn karra kuchli ishtaha bilan yopishdilar.

Qurbono ortiga tisarildi va qichqirdi:
– Zibijhavo!

Uning chorloviga hech kim javob bermadi. Aslida Qurbono yolgʻiz yashar, boʻydoqligini bilar, shunday boʻlsa-da, mana bir necha daqiqadirki, oʻzini Zibijhavoga uylangan deb hisoblardi.

Zilzila oldidan boʻladigan guvranishga oʻxshash ovoz eshitilar, davomli, bosiq, salobatli edi bu ovoz. Dunyodagi boshqa birorta kuchni tan olmaydigan zugʻum sezilib turardi unda. Vaziyat yomon, ishga borishim kerak. Ana shunday qaror bilan yana yoʻlga otlandi Qurbono. Hovliga chiqqanda daraxt yam-yashil barg yozib turardi. Beixtiyor jilmaydi Qurbono. Osmon zangor tusda. Quyosh. Devor ustida bir toʻp qizgʻaldoq. Yengil bir kuyni xirgoyi qilib ketaverdi.

«Agar qorningga bir tepsam,

Naqang... qurvaqadek sayrar...»

«Naqang» deganda qogʻozga yozish noqulay bir narsani koʻzda tutardi u. Ochiq aytishdan istihola qilardi. Ishxonaga yaxshi kayfiyat bilan kirib bordi. Lekin boshliq qovoq osib, hurpayib qarshi oldi. Shunda koʻzga koʻrinmas kuchning yana bir alomati «mana man» deb yaqqol koʻrindi. Boshliqning xonasida uzoq yillardan beri osilib turgan suvrat oʻrnini boshqa suvrat egallagandi. Koʻzlari chagʻir bir odam.

Xonaga boshliq oʻrinbosari va yana besh kishi kirib kelishdi.
– Xayolingiz joyida emas. – Tanbeh berdi boshliq.

Qurbononing peshonasi tirishdi. Beixtiyor soqolini siladi. Soqol qoʻygan kishilarning hammasi shunday qiladi. Soqol gohida vaziyatdan chiqishga yordam beradi, uni silab turib vaqtdan yutish, fikrni toʻplab olish, raqibni chalgʻitish mumkin.

Hammaning nigohi Qurbonoga qadalgandi. Buni payqadi Qurbono, shundanmi, barmoqlarining uchida titroq paydo boʻldi. Soqolini yuzidan sidirib tashlashga chogʻlangan kabi kaftini yuziga bosib avvalgi harakatini bir qadar tez va asabiy tarzda takrorladi-da, qoʻlini darhol stol ostiga yashirdi.
– Dam oling, – dedi boshliq.

Kimdir yengil xoʻrsindi. Qurbono bosh koʻtarib boshliqqa qaradi.
– Dam ola turing, – takrorladi boshliq.
– Qanday ma’noda? – soʻradi Qurbono.
– Toʻgʻri ma’noda, – javob qildi boshliq.
– Biror oʻzgarish yuz berdimi? – soʻradi Qurbono.
– Berdi.
– Gazeta oʻqimaysiz, – gapga aralashdi oʻrinbosar.
– Nima kerak oʻzi sizga shu dahmaza!

«Dahmaza» deb soqolni aytayotgandi boshliq.

Qurbononing qoʻllari yuziga tomon koʻtarildi-yu, soqoliga yetib bormadi. Bir dam havoda muallaq qolib, soʻng yana stol tagiga kirib yashirindi. Dam olsam qaytangga yaxshi emasmi, xayolidan oʻtkazdi Qurbono. Oʻrnidan turdi, xayrlashdi va tashqariga chiqib eshikni asta yopdi.

II

Bir hafta uydan chiqmay yotdi, kitob oʻqidi. Xona devorida Leonardo da Vinchi bilan Lev Tolstoyning suvrati osigʻliq. Ikkala chol ham soqolli, ikkalasi ham gʻoyat buyuk. Oʻqiyotgan kitobini qoʻyib suvratlarga qaradi. Ikkalasining ham soqollari oq, paxmoq, bir quchoq. Oʻzinikini silab koʻrdi va oynaga qaradi. Soqoli qisqa kuzalgan, chekkasi boʻylab toki jagʻigacha toʻgʻri tushgan va iyakka tomon qayrilib kelgan, yunon nusxa. «Soqol qoʻygan bilan inson ahmoq boʻlib qolmaydi». Ana shunday xulosaga keldi Qurbono.

Boshliq aytgan muddat tugagan va endi ishga borishi kerak. Ertalab soat yetti boʻlmay oʻrnidan turdi. Nima uchundir tashqari hali yorishmagan. Xuddi derazalarning tashqi tarafidan qora parda tutib qoʻyganday. Eshikni ocharkan, yeru koʻkni tuman qoplab olganini koʻrib hayrati oshdi. May oyida ham shunday qalin tuman tushishi mumkinmi? Yoʻq, boʻlishi mumkin emas, oldi yoz. Aqlga sigʻmaydigan holat. Tumanmi oʻzi shu, degan shubha bilan qoʻlini choʻzgandi, qoʻli tirsagidan kesib tashlanganday tumtoq koʻrindi. Qoʻrqib ketib birdan qoʻlini tortib oldi. Soʻngra barmoqlarini silkitib loyqa suv betidagi xas-choʻplarni chaypayotganday harakatlar qilib koʻrdi. Qoʻlini toʻlgʻaganda tumanlik siyraklashar, chekinar, oraliq paydo boʻlar va qoʻl harakatdan tinishi bilan zarralar yana avvalgiday quyuqlashardi. Tuman ichkariga ham bostirib kira boshlaganini, uning bir boʻlagi eshik ortidagi kunjakni egallashga ulgurganini koʻrib eshikni darhol yopdi. Eng yomoni: tuman uning koʻzlaridan, burnidan, qulogʻi va ogʻzidan kirib bosh chanogʻini toʻldirayotgandi. Qurbono buni payqab sarosimaga tushdi. Balki biror xabar eshittirib qolishar degan umidda radio qulogʻini buradi.

Bir maromdagi guvillash orasidan kimdir xirqiroq ovoz bilan hayotning farovonligi, dasturxonning toʻkinligini maqtardi. «Axmoq oʻzini maqtaydi» ikkinchi bor xulosa chiqardi Qurbono va bunday paytda uyda qolishi mumkin emasligini tushundi. Vaziyatga uy emas, tashqi olam aniqlik kiritadi degan umidda koʻchaga otildi.

Tuman qalinlashgan, zulumot, hech narsa koʻrinmaydi. Dov-daraxtlar qani? Yoʻl boʻylab ulkan ilondek buralanib yotadigan issiqlik quvurlari qani? Koʻzlarini qanchalik yirib-yirtib qaramasin hech narsa koʻrolmadi.

Tumanlik ichida Niso turganini payqadi. Uni koʻrolmadi, lekin shu narsa aniqki, Niso shu oʻrtada. Nisoning oldiga borish uchun qora tumanlikni xuddi suvda suzayotganday qulochkashlab surib tashlab olgʻa intildi. Ammo Nisoni koʻrish imkoni boʻlmadi. Tuman borgan sari qalinlashardi. Niso esa shu oʻrtada. Havoni hidlab koʻrdi. Nisoning hidi. Faqat Nisogina shunday hid taratadi. Atrofga alanglash befoyda, chaqirdi:
– Niso, qaerdasiz?!
– Qurbono! – ovoz berdi qiz.

Tovushning qaysi tarafdan kelayotganini bunday tumanda anglash qiyin. Qurbononing yuragi orziqib tumanning bu qadar qalinligidan xursand boʻlib ketdi. Juda soz! Nisoni bemalol quchoqlash mumkin, hech kim koʻrmaydi! Qizni avval biror marta boʻlsin quchoqlamagan, hatto qoʻlidan ushlashga ham jur’ati yetmagan. Mana endi imkoni bor. Faqat uni topsam bas, quchoqlab olaman. Indamaydi. Chunki... shu joyga kelganda biroz oʻylab qoldi Qurbono, nega indamaydi? Indamasligi aniq, lekin nega indamaydi? Chunki bugun odatdan tashqari kun. Tuman. Nimadir yuz beradiganday. «Yuz bera boshladi» oʻz fikrini tuzatdi Qurbono. Agar tuman koʻtarilsa yer yuzida hech vaqo qolmaydiganday, hammasini tuman oʻzi bilan osmoni haftumga olib chiqib ketadiganday. Shunday ekan, Niso nega ayasin oʻzini, ayamaydi. Shunday oʻylar xayolida charx urib yana chorladi:
– Nis-o-o!
– Men bu yerda, Qurbon-noo! – qichqirdi qiz uning yonginasidan. Qoʻl choʻzgandi Qurbononing barmoqlari qizning koʻksiga tegdi. Ushladi. Qiz indamadi. Ammo shu lahzada ishga borishi yodiga tushdi.
– Xayr! – dedi Qurbono va qulochkashlab suza ketdi.

Qiz indamadi.
– Seni ishdan keyin «Toʻkin dasturxon» yemakxonasida kutaman degan qichqiriq eshitildi tumanlik ortidan. Qiz bunga ham javob qilmadi.

Suzib borarkan, oʻz-oʻzidan quvonib ketdi Qurbono. Chunki endi suzib borayotganini aniq payqagandi. Bunday holatda boshmoq yirtilmaydi, koʻpga chidaydi.

III

Ishxonada koʻp narsa oʻzgargan. Boshliqning xonasida yana boshqa kishining suvrati.
– Xoʻsh, xizmat? – dedi boshliq soqolini silay turib.
– Ishga, – javob qildi Qurbono.
– Qanaqa ishga? – ajablandi boshliq.
– Oʻzimning oʻrnimga, – javob qildi Qurbono.
– Siz kimsiz oʻzi? – soʻradi boshliq.
– Men Qurbono.
– Tanimadim.

Xonaga uch nafar xodim kirib keldi. Hammasi notanish. Soqol qoʻygan yoshlar. Hammasining yuzida ajablanish. Yana ikki kishi kirib keldi. Ikkalasi ham soqollik. Ularning biri tanish, boshliq muovini. Oʻrnidan turib qoʻl choʻzdi Qurbono. Muovinning koʻrinishi oʻsha-oʻsha, oʻzgarmabdi, bir haftada oʻzgarib qaerga ham borsin. Quyuq soʻrashdi Qurbono, shu odamga xushomad qilgisi keldi.

Boshliq soʻradi:
– Bu kishi kim?
– Bir paytlar bizda ishlardi, – javob qildi muovin.
– Nega bir paytlar? – ajablandi Qurbono.
– Yetti yillar boʻldi-yov, – dedi muovin Qurbononing gapiga e’tibor bermay.

Dam boshliqqa, dam muovinga jovdirab qaradi Qurbono.
– Ishdan ne sabab ketgansiz? – soʻradi boshliq.
– Ketganim yoʻq, – javob qildi Qurbono.
– Ketmagan boʻlsangiz endi ketasiz.

Muovinga savol nazari bilan qaradi Qurbono.
– Gazeta oʻqimaysiz, – oʻpkaladi muovin.
– Shtat qisqargan, – yakun qildi boshliq.

Qurbononing xoʻrligi keldi.

IV

«Soqolimni qirib tashlamaganimda balki shunday boʻlmasdi» dedi Qurbono oʻziga oʻzi. Xodimlar boshliq xonasini tark etishdi. Nega soqolimni oldim oʻzi, birov meni majbur qilmagandi-ku! «Nima qilasiz shu dahmazani» degandi oʻshanda muovin, bor gap shu. Ularning soqoli yoʻq edi, bir haftada devordagi suvrat oʻzgarishi hamon soqol qoʻyvorishibdi.
– Sizga ruxsat, – dedi boshliq.

Darhol oʻrnidan turdi Qurbono.
– Bugun tuman tushgan, – dedi koʻnglida paydo boʻlgan mubham ilinj bilan. Tabiat kuchlarining odatdan tashqari shiddati inson koʻnglini yumshatadi, odamlarni bir-biriga mehribon qilib qoʻyadi.

Lekin boshliqning koʻngli yumshamadi.

Quyi Qavat dahlizida muovinni koʻrarkan, uning «etti yil boʻldi-yov» degani esiga tushdi. Nega bular bir haftani yetti yil deyishadi, meni mazax qilishayaptimi? Yo boʻlmasa ularniki Yer vaqti-yu, meniki koinot vaqtimi? Koinot vaqti! Koinot vaqti!

Ana shunday oʻylar ogʻushida koʻchaga chiqdi. Tuman tarqalmagan, ertalabkiday. Hech narsa koʻrinmaydi. Oʻzini qora qurum zarralari bagʻriga otdi Qurbono va har ikkala qoʻlini baravar ishga solib suza ketdi. Roʻparadan quloch otib kelayotgan keksa bir kishi salomlashib oʻtdi. Shunisi qiziqki, oʻz uyini adashmay topib keldi. Uyning devori va eshik-derazalari koʻrinmasa-da, qoʻli bilan paypaslab ayrim belgilarni tanidi.

Uyga kirib oyna oldiga bordi. Koʻzgu sathini qoplab olgan chang pardasi ortida ikkita qorachiq. Barmoqlari bilan changni silagancha oynaga goh oʻng, goh chap yoni bilan qarab Niso bilan oʻzi oʻrtasidagi munosabatlarning chuqurlashib borayotgani va bir kun kelib shu qizga hayotiy masalada gap ochishga zarurat tugʻilishi, qiz uyalib koʻzlarini yerga qadab «mayli» deb javob berishini oʻylarkan, afsus, shunday nozik damda uning yuzini, koʻzini, kipriklarini koʻrolmayman, la’nati tuman xalaqit beradi degan xayolga bordi-yu, koʻzgu oldidan shaxt ila uzoqlashib xona toʻriga, devorga taqab qoʻyilgan kursiga borib oʻtirdi.

V

Дедушка туман
Всё спрятал в карман
И леса, и поля…

Bolaligida yod olgandi Qurbono bu oʻrischa she’rni. Hech kim majburlamagan, oʻzi yod olgandi. Biroq shu asnoda davomini eslolmadi. Soʻzlarni ham toʻgʻri aytganiga shubhalandi. «Ha, xotiramning mazasi qochayapti» degancha boshini ushlab-ushlab qoʻyarkan, rangi uniqib ketgan ikki dona dorini ogʻziga tashlab sovuq choy bilan yutib yubordi. Yana oynaga qaraganda qorachiqlari kuchli haroratdan yogʻdulanib turganini koʻrdi. Chekka tomirlari odatdan tashqari kuch bilan loʻqillab urardi. Vujudida lohaslik. Doʻxtirga borish kerak degan oʻy bilan tashqariga chiqdi. Oʻttiz-qirq chogʻli odam baravariga qulochkashlab suzib oʻtdi oldidan. Ular zobitlar edi. Zobit degani zabt etuvchi, ya’ni bosib oluvchi degani. «Bular qaerni bosib olmoqchi ekan» degan oʻy lip etib xayol koʻzgusida bir koʻrindi-yu, darhol soʻndi. Bu toʻgʻrida oʻylashning zarurati yoʻq. Zobitlarni tanib boʻlmas, yuz-koʻzlari koʻrinmas, egnilaridagi liboslari hurpayib turardi. Siltab tashlayotgan qoʻllari havosiz boʻshliq va kuchli oqim hosil qilayotgani sababli tumanlik nisholdaday choʻzilar, dam qisqarar, qorongʻu kechada undan-da qorongʻiroq soyalar oʻynayotganday koʻrinardi.

Agar koʻzim lovullab alangalanib turmaganda balki ularni umuman koʻrolmagan boʻlardim, xayolidan oʻtkazdi Qurbono. «Karkidon» yemakxonasi yonida ikkita qora sharpa koʻrindi. Shakli-shamoyili odamday. Bir-biriga qapishib turibdi. Erkaklar bunchalik biri ikkinchisining pinjiga kirib turmasligi kerak, ayollar ham. Demak, ularning biri ayol. Shunday boʻlgach ikkinchisining erkak boʻlishi shubhasiz.
– Niso-oo! – chaqirdi Qurbono.

Tumanlik harakatga keldi.
– Nima ishi bor senda, – toʻngʻilladi erkak.
– Hozir, – dedi Niso unga va Qurbono tomon kela boshladi. Erkak ortidan ergashdi-yu, ikki qadamcha narida «nima gap» deganday qarab turaverdi. Soʻngra xuddi yoʻl torlik qilganday Nisoning qoʻlidan ushlab nariroq surib qoʻydi-da, oʻzi oldinga oʻtdi. Taqalib keldi. Soqoli tuman rangida boʻlgani uchun ham iyagidan yergacha osilib tushganday koʻrinardi. Qoʻynidan pichoq olib Qurbonoga xezlandi.
– Oʻldirma, – dedi Qurbono.
– Nima uchun? – soʻradi Soqolli.
– Oʻzim oʻlaman, – javob qildi Qurbono.
– Aldama, – poʻpisa qildi Soqolli.

Niso yuzini teskari oʻgirib turardi. Keyin sal nariroqqa borib tosh ustiga oʻtirdi. Tumanlik orasidan uni aniq va tiniq koʻrib turardi Qurbono. Pichoq taqab turgan erkakning harakatlarini nazardan qochirmagan koʻyi koʻz qiri bilan qizni ham kuzatmoqchi boʻlardi.
– Aldama! – vishilladi gʻazabi toshgan Soqolli.
– Hamisha rost gapirganman, – dedi Qurbono bosiqlik bilan.
– Hozir hech kim rost soʻzlamaydi. Rost gapirganman deganingni oʻzi aldov. Hatto anaviyam, – tosh ustida oʻtirgan qizga boshi bilan imo qildi Soqolli.
– Men oʻzim uchun javob beraman, – dedi Qurbono.
– Nima, undan kechasanmi?
– Undan boshqa hech vaqom yoʻq, kechmayman.
– U meniki.
– Men unga uylanaman. Seniki boʻlsa ham mayli, uylanaman.
– Besoqolga tegmaydi.
– Soqol qoʻyaman.
– Ulgurmaysan.
– Meniki tez oʻsadi.
– Avval joningni qutqaz. Oʻlikning soqoli oʻsmaydi.

Qurbono indamadi.
– Tezlatinglar, – qichqirdi qiz.

Nozu istigʻnoga toʻla bu ovoz erkaklarning diqqatini tortdi. «Hozir-hozir» deyishdi ular va tezlatish maqsadida bir-birlariga koʻz tikib, yuzlariga qat’iyat ifodasini berishdi.
– Soqolim bor edi, bir sabab bilan oldirishga toʻgʻri keldi, – murosa qila boshladi Qurbono.
– Oʻldiraman, – vishilladi nimadandir battar jahli qoʻzigan Soqolli.
– Aytdim-ku senga oʻzim oʻlaman deb.
– Qachon?
– Yaqinda.
– Kunini ayt.
– Bir kunga yetmaydi.
– Avjima.
– Rost aytayapman. Bir necha daqiqa qoldi.
– Men oʻldirarkanman-da unda?
– Yoʻq oʻzim oʻlaman.

Soqolli soatiga qaradi va soʻradi:
– Zahar ichganmisan?
– Shunday desam ham boʻladi.
– Unda nega azoblanmayapsan?
– Azobdaman. Hali biror kun rohat qilganim yoʻq.
– Kuraremi?
– Undan ham battar.
– Balki sinil kislotasidir?
– Ichganman.
– Margimush kerak edi senga, – maslahat berdi Soqolli.
– Yeganman.
– Lekin manavi pichoq ishni hammasidan tezroq bajaradi, pichoq yeysan.
– Xohishing, – dedi Qurbono afsus bilan, – besabr ekansan. Oʻzingga qiyin. Meni oʻldirsang oʻzing ham omon qolmaysan. Hech boʻlmaganda qamalasan. Nisodan mosuvo boʻlasan. Qoʻy, undan koʻra oʻzim oʻlay. Umrim qisqa, bor-yoʻgʻi bir necha daqiqaga yo yetadi, yo yetmaydi.
– Xoʻp, koʻramiz, – dedi Soqolli va pichogʻini qoʻyniga tiqib qiz tomon odimladi.
– Men koinot vaqti bilan aytdim – qichqirdi Qurbono uning ortidan.
– Menga baribir, – qoʻl siltadi Soqolli, – oʻlsang bas.

VI

Shifoatxonaga yoʻl olgan Qurbono tumanlikda adashib jun jiyitish korxonasi oldidan chiqib qoldi. Yashil boʻyoq bilan katta-katta qilib yozilgan «J-J-J» harflari yuqoriga qarab baravar oʻrmalab ketayotgan qoʻngʻizlarga oʻxshardi. Jun jiyitish jamoasi deb har doimdagidek ichki ovoz bilan oʻqidi Qurbono. Togʻoralarning daranglashi, suvning shapirlashi, ivigan yungning shap-shap etib yerga tushishi qulogʻiga chalindi. Binoning zax bosgan va shoʻrlangan devorlari sharq tomondan teri qabul qilish omborxonasiga, gʻarb tomondan teri oshlash tsexiga tutash. Hovlining oldida oshxona, orqasida oʻt oʻchirishga moʻljallangan hovuz.

Qurbononing shuurida ikkilanish. Shunday boʻlaversa ishdan ajralib qoladiganday. Hech qurisa shu yerga ishga kiraman deb koʻnglidan oʻtkazdi. Darvozadan ichkariga kiraverishda «Ilgʻorlar» degan lavha. Narigi devorda «Jahon bizga tan berdi!» degan shior, uning yonida koʻrsatkichlar jadvali. Jadval yonida karmakda ivigan terini pichoq bilan qirtishlayotgan ishchi tasviri. Bamisli mijozning soqolini qirayotgan sartarosh qiyofasida. Beixtiyor jagʻini silab soqoli anchagina oʻsib qolganini payqadi Qurbono. Iyagining osti qichidi. Ikki barmogʻi orasiga olib ezgʻilab qichigʻini qoldirdi va yana suratga qaradi.

Soqoli tez oʻsayotganidan qoʻngli togʻdek koʻtarilib baland ruh bilan qaddini tik tutib ishxonasiga yoʻl oldi. Tumanlik yer sathidan ikki yarim quloch yuqoriga koʻtarilgan koʻyi qotib qolgan. Oʻzining eng sara liboslarini kiyib olgandi Qurbono. Kolorado qoʻngʻiziday yoʻl-yoʻl koʻylagi ancha kiyilgan boʻlsa ham hali yap-yangiday koʻrinar, malla tusdagi chiy baxmal shimi oʻziga yarashib turardi.

Yoʻl boʻyidagi yogʻoch oʻrindiqda qarta oʻynab oʻtirgan ikki chol xuddi moʻ‘jizani koʻrganday ogʻizlari ochilib Qurbonoga qarashdi.
– Dunyoni buzayotgan ana shular, – toʻngʻilladi chollardan biri.
– Bunga birorta ham ayol turmushga chiqmaydi, – pixillab kuldi ikkinchi chol, – soqolini qara!

Qurbono ortiga oʻgirilib qaradi. Chollarning shalvirab qolgan soqolsiz yuzlari takaki teriday tarovatsiz.

Ishxona darvozasi oldida turgan mirshab hujjat soʻradi.
– Shu yerda ishlayman, – dedi Qurbono.
– Uch yildan beri shu darvoza oldida turaman, sizni koʻrmaganman.
– Katta jamoa, hammasini tanimaysiz-ku?
– Taniyman. Bu yerda soqolli kishilar ishlamaydi.
– Boshliq ham, muovini ham soqolli, xodimlar ham.

Mirshab bilan uzoq tortishdi Qurbono va nihoyat besh daqiqaga ruxsat soʻrab oldi. Boshliq oʻz xonasida oʻtirardi.
– Xoʻsh, xizmat, – dedi boshliq salobat bilan.
– Ishga.
– Va’da berolmayman, – dedi boshliq.
– Soqolim bor-ku, – ajablandi Qurbono.
– Soqol hujjat emas. Undan tashqari koʻpchilikdan ajralib qolmaslik kerak. Bir oʻzing dono boʻlguncha, koʻp bilan devona boʻl, deydilar.
– Axir kechagina hammaning soqoli bor edi, – e’tiroz bildirdi Qurbono.
– Siz aytgan «kecha»dan buyon koʻp suvlar oqib oʻtdi.
– Boʻpti, qirdirib tashlayman, ishlashim kerak. Menga soqol emas, ish kerak. Bir kunda shuncha oʻzgarish, – dedi Qurbono devordagi suratga qarab.
– Zamondan ortda qolmaslik kerak, – nasihat qildi boshliq, – unga zid bormaslik ham kerak.
– Axir, soqolning qoʻlidan nima ham kelardi.
– Haliyam anglamadingiz, – deya oʻrnidan qoʻzgʻaldi boshliq. Suhbat tugaganini tushundi Qurbono.

VII

Boshliqning xonasidan chiqib atrofni diqqat bilan kuzatdi, odamlarga razm soldi va dunyoda nimalar boʻlayotganini bilish uchun shaharning sharqiy mintaqasi tomon yoʻl oldi. Tuman xuddi kechagidek yer sathidan ancha yuqori koʻtarilgancha quyuq qora tim hosil qilgan koʻyi qotib turardi. Toʻrt nafar ayol «Ilo-yo soqoling goʻrda chirisin!» degancha yugurgilab oʻtayotganini koʻrib oʻzini panaga oldi. Ayollardan biri nimanidir payqab qolganday ortiga qaytib keldi. Chaqqonlik bilan simyogʻochga yopishib yuqoriga koʻtarila boshladi Qurbono. Va tumanlik ichiga kirib berkindi. Simyogʻoch ostida toʻxtab yuqoriga qaradi ayol va ogohlantirdi:
– Tokka ehtiyot boʻling!
– Siz meni koʻrayapsizmi? – ajablandi Qurbono.
– Hazilga balo bormi, – chiyilladi ayol va oʻz yoʻliga ketdi.

Yoʻlakdan pista chaqib kelayotgan qiz Nisoga oʻxshardi. Yonida durustgina kiyingan erkak. Ikkovi gaplashib kelishayapti. Simyogʻoch tagiga kelib toʻxtab yuqoriga qaragancha kula boshlashdi.
– Nima gap? – soʻradi Qurbono.
– Oʻzingdan soʻrasak, – dedi qiz hamrohiga koʻz qisib.
– Seni kutib turgandim.
– Qurbonomisan? – soʻradi erkak.
– Shunday, – javob qildi Qurbono.
– E... haliyam tirikmisan?
– Oʻzing-chi?
– Bu nima deganing, axir sen oʻlaman deb va’da berganding.– Soqoling qani?
– Davrdan ortda qolgansan, Qurbono, – kuldi qiz.
– Senga uylanish uchun soqol qoʻydim.
– Nahotki soqolli erkaklarning xotinlari qochib ketishayotganidan bexabar boʻlsang?
– Xabarim bor. Hozirgina erlarini la’natlab oʻtib ketishdi.
– Unda shunga qarab ish qil.

Ular qoʻl ushlashgancha uzoqlashdilar.
– Besoqolga tegmaydi deganding-ku, – qichqirdi Qurbono ularning ortidan va simyogʻochdan tushib orqasiga qaytdi.

Uyining derazasi tagiga bir uyum tuman choʻkib qolgandi. Oyogʻi bilan uni tepib koʻrdi, shunda guvranish kuchaydi. Qoʻrqib ketib oʻzini chetga oldi Qurbono. Soʻngra uyiga kirib ogʻir oʻyga choʻmdi. Balki umrida birinchi marta astoydil fikrlamoqda edi. Natija chakki boʻlmadi. Xayoliga shunday ajoyib fikr keldiki, hamma muammolarning yechimi ana shu fikrda oʻz tajassumini topgandi.

Shoshilinch tarzda ishga kirishdi. «Ha, inson ongi hamma narsaga qodir, faqat uni ishga solish kerak» dedi quvonchdan yuzi yorishib. – Zamon tez-tez almashinib turibdi. Ayollar bugun soqollilarni yaxshi koʻrishsa, ertaga besoqolga muhabbat qoʻyadilar. Ish masalasi ham xuddi shunday. Demak qarorim toʻgʻri».

Qurbono sira ikkilanmadi. Soqolining yarmini olib, yarmini qoldirdi. Endi chap yuzi soqolsiz, oʻng yuzi soqolli. Oynaga soʻnggi marta nazar soldi. Ajoyib! Iyagining oʻrtasigacha juda aniq chegara hosil qilgan soqolli hudud bilan soqolsiz mintaqa keskin ajralib turibdi. Koʻzguga yonboshi bilan turdi, soqolli odam namoyon boʻldi. Teskari tomonga oʻgrilgandi, besoqol yigit yuz koʻrsatdi.

Endi bemalol ishga boraversa boʻlardi.

Koʻchaga chiqib qoʻngʻir tusdagi bir boʻlak oyna oyoq ostida sinib yotganini koʻrdi. Tumanlik misli koʻrilmagan darajada qalinlashgan. Guvranish kuchaygan, goʻyo har bir zarra oʻzicha ovoz berar va ularning ovozi qoʻshilib umumiy guvranish hosil qilardi.

Afsuski, Qurbono ana shu guvranishga diqqat bilan quloq solmadi. Vujudini tumanlik bagʻriga otdi-da, qulochkashlab suzib ketdi.