OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNikolay Gumilyov
Asar nomiStradivarius skripkasi (novella)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Rus adabiyoti
Boʻlimlar
   - Akmeizm
Mualliflar
   - Nikolay Gumilyov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Novellalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonOygul Suyundiqova
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Stradivarius skripkasi (novella)
Nikolay Gumilyov

Metr Paolo Bellichini skripka uchun solo yozdi. Kuylayotib, lablari titrab ketdi, oyoqlari asabiy holda taktga urinar, uzun-uzun, oppoq va nozik qoʻllarining shoʻxligi tutganday, beparvolik bilan kamonchani qayirmoqchi boʻlardi. Metrning minglab oʻquvchilari uning xuddi mana shu - oppoq hind ilonlariga oʻxshash qoʻllaridan qoʻrqishardi.

Keksa meetr mashhur edi. Hech kim uning sehrli musiqasidan a’loroq biron-bir ish qilolmagan. Hukmdor gertsoglar u bilan tanishishni sharaf deb bilar, shoirlar unga she’rlar, poemalarini bagʻishlar, ayollar uning yoshini ham unutib, tabassum va gullar hadya etishardi. Shunga qaramay, turli gap-soʻzlar musiqachining sarxush shuhratiga soya solib oʻtardi. Uning iqtidori, avvalo, xudo yuqtirgan iqtidor emas, aksincha, u oʻylamay-netmay, qaysarlik bilan ulugʻ san’atkorlar ruhini jodugarlik yoʻli bilan yorib oʻtadi, bezovta qiladi, deyishardi. Metr muxlislari bunday gaplardan qanchalik achchiqlanmasinlar, ulardan hasad, kamsitilgan hamiyat hidlari kelib turibdi, demasinlar, baribir bu gap-soʻzlarda ham jon bor edi. Chunki keksa metr musiqalari allaqanday qoʻl yetmas nimalargadir, qaylargadir uchayotgan havoyi va telbavor, ehtimol, ta’qiqlangan parvozlarga oʻxshar. Bundan tashqari, u shunday ojiz va uquvsiz, baland boʻyi, ozgʻinligi janubiy mamlakatlarda yashaydigan gʻamgʻin botqoq qushini eslatardi.

Metrning kabineti musiqachi xonasidan koʻra koʻproq qora rangli kitoblar sotuvchisinikiga oʻxshab ketardi. Balandda tovushlarning yaxshi taralishi, eshitilishi uchun anglab boʻlmas egri-bugri chiziqli gumbaz va arklar oʻrnatilgan.Ulkan violonchellar, eski temir musiqa asboblari hali ham jozibasini yoʻqotishmagan, ayni paytda tush koʻrishayotganday, alahsirayotganday Lorrena, Kollaning ajoyibu gʻaroyib asarlari singari qorongʻu burchakda tiqilib turishardi. Devorlarga esa murakkab algebraik tenglamalar, qiyshiq burchaklar, uchburchaklar, aylanalar chizib tashlangan. Keksa metr matematiklarga oʻxshab, oʻz ijodini hisoblar chiqar, musiqa algebraning yuragi deb bilardi. Bu xonaning yagona bezagi - qizil baxmal bilan qoplangan skripka futlyari edi. Bu skripka - mashhur Stradivarius yaratgan eng sevimli, eng soʻnggi soz edi. Usta bu asbob ustida oʻn yil ishladi. Bu sozning shuhrati tugallanmasidanoq oliy doiralar tiliga tushdi. Uni qoʻlga kiritish uchun hukmdorlar bahslashishar, hatto Frantsiya qiroli bir eshakka yuk boʻladigan oltin berishni ham va’da qildi. Papa esa - parli kardinal shlyapasini! Biroq ulugʻ usta bu takliflarga uchmadi, poʻpisalardan qoʻrqmadi. Uni oʻsha paytda yosh, hali nomi chiqmagan Paolo Bellichiniga tuhfa qildi. Faqat skripkadan hech qachon ayrilmaslikni talab qildi. Paolo qasam ichdi. U oʻzining eng baxtli damlari uchun faqat shu skripkadangina minnatdor edi. Skripka goʻzal mahbubasi, sevimli yoriga aylandi. Soz uning oppoq qoʻllarida goh qotib qolar, goh yigʻlab yuborardi. Hatto eng ashaddiy oshiqlar ham bu sozning ovozi suyuklilarining ovozidan-da dilbarligini tan olishar, anglab yetishar, his qilishardi.

Kech tushdi. Tun bogʻ ichida olis va qadimiy davrlardagi soʻz ustalarining nutqlari singari oʻsib bordi, qizil, moviy va oq bargli giatsintlar kabi sochilib yotgan yulduzlar ostida gullab ketdi. Venetsiyaning baland derazalari qarshisiga kelib, chayqalib ketdi, asta-sekin chiqib keldi-da, osmon ostida turib qoldi. Shu tun bilan birga-birga metr qalbidagi notinchlik kuchaydi, suvning yengil, sovuq irmogʻi kabi ilhomga sokin olov quyildi. Kuyning boshlanishi goʻzal edi. Mayin kuylarni kuchli toʻlqin bir zumdayoq egallab oldi, bu tovushlar bir-birini quvib, bir-biriga gal bermay, shitob bilan koʻrinmas choʻqqiga intilishar, u yerdan qoʻlida dunyoning eng goʻzal guli - ulugʻvor musiqa ohanglari bilan qaytishni istashardi. Biroq aynan shu soʻnggi qat’iy parvozni keksa metr uddalay olmas, oxiriga yetolmas, yetkazolmas, tuygʻulari qanchalik shiddatli boʻlmasin, soddagina matematik hisob-kitoblar uni bor kuchlari oʻshal goʻzallik sari qanchalik yetaklashmasin, u ucholmasdi. Birdan uning xayolidan qoʻrqinchli oʻy kechdi. Ehtimol, daho ustoz oxirgi nuqta - yuksaklikka koʻtarilib boʻlgandir? Paoloning bunga kuchi yetmasa-chi? Qachon keladi mukammallik, komillik?! Biroq kutish unga toʻgʻri kelmaydi - buning uchun keksalik qiladi. Kutolmaydi, ibodat qilish esa faqatgina oddiy va kundalik ishlarda yaraydi, yordam beradi, xolos. Ijod iztiroblari esa - chin yozmishdir,qismatdir. Uning oldida bolasini dunyoga keltirayotgan ayolning-da azoblari arzimasdek koʻrinadi.

Keksa metr telbanoma umidlar iskanjasida skripkaga qattiq yopishdi - goʻyoki u uning sirgʻalib tushib ketayotgan tuygʻularini, ohanglarni ushlab qoladiganday, qoʻli yetmas narsasini olib beradiganday. Hammasi behuda! Skripka har doimgiday itoatkor va mayin jilmaydi, kuyladi, oʻylaridan sirgʻalib tushdi, ammo oʻshal mash’um nuqtaga yetmay, yetolmay, yengil suvluq bilan bogʻlangan toza qonli arab tulporiday toʻxtadi. U doʻstidan uni tinglashni erkalanib, yolvorib soʻrayotgandek koʻrindi. Devorlarda terilib turgan qadimgi magʻrur shoirlarning ogʻir jildli kitoblari qorayib ketdi, ular skripkaning iztiroblarini his etishganday, san’atning muqaddasligini yana bir bor eslatishganday, uning davomli, barhayotligiga ular-da daxldorligini aytishayotganday edi. Biroq qahri qattiq metr hech narsani tushunmadi va unga yordam bermagan skripkani zarb bilan futlyarga otib yubordi.

Oʻringa kirib, biroz orom olmoqchi boʻldi. Uzoq toʻlgʻondi, ammo uxlay olmadi. Tugallanmagan solo oʻyi dahshatli qip-qizil burgutday boshi uzra osilib turardi. Nihoyat,uyqu keldi, ogʻriqlari yoyilib ketdi. U oxiri yoʻq yoʻlak boʻylab keta boshladi. Yoʻlak kengaygandan kengayib, yorugʻlashib, uni olislarga olib ketdi. Chor-atrofda allalovchi, unutilib ketgan nafaslar eshitildi, tovushlar chalindi. Qanotli kalamushlar singari nimadir sokinlashgan, hech nrasani eshitmayotgan Paoloning butun vujudidan sizib oʻtganday boʻldi. U kutilmaganda yolgʻiz emasligini his etdi. Yonida oʻrta boʻyli, qora soqol, qarashlari oʻtkir, jingalak soch notanish odam borar, u qadimiy nemis minnezingerlariga oʻxshab ketardi. U egniga kulrang, qora va binafsharang marvarid iplari bilan oʻralgan matoni tashlab olgan, uning yelkasida tovlanayotgan afsonaviy alvon ipak Konstantinopol sultonining eng nozikta’b va injiq, tanti va sevimli asirasining ham aqlini olardi.

Paolo yoʻldoshiga ishonch toʻla tabassum bilan qaradi. U esa bir tekis ovozda soʻzlay boshladi:

«Muxtaram metr, hech narsadan qoʻrqma. Men san’at fidoyilarini hurmat qilishni bilaman. Menga qora niyatli hukmdor va gunohlar otasi deb tuhmat qilishadi. Aslida, men faqat goʻzallik yaratuvchi, shu goʻzalliklar shaydosiman, xolos. Dovruqli Kain bu yerlik boʻlmaganlar bilan hisob-kitobini qilib, dunyoni qurish ishiga kirishgan chogʻida unga ustozlik qildim. Ya’ni, ojiz soʻzlardan chinakam she’riy ohanglar, oʻtkir qirrali olmoslar bilan fil suyalaridan odamlar va jonivorlar qiyofasini yaratish, musiqa asboblarini yasab, ularga egalik qilish san’atini oʻrgatdim unga.U bilan birgalikda Livan togʻlaridagi quyuq kedrlar soyasida salqin kechalarda ajoyib ariyalar kuyladik. Dalalar boʻylab jonbaxsh shamollar esdi, ulkan-ulkan janub yulduzlari kiprik qoqmay bizni kuzatishdi. Tungi osmon ostida qop-qora kapalaklar qanotlaridan uchgan changning soyalari uchib ketdi. Pastda - oqim boʻylab gʻazallar oqdi. Ularni uzoq tinglab, hayratlanib,boshimizni koʻtardik, oydan oqayotgan nurlarni ichdik. Biz nurlar raqsidan shodlanar, suyunardik. Dunyo bundan keyin bunday musiqani boshqa eshitmadi. Orfey yaxshi chalardi, ammo u arzimas muvaffaqqiyatlar bilan qanoatlanguvchi edi. Uni tinglab toshlar yigʻlaganida, erinchoq arslonlar yuvvosh tortganidayoq mukammallikka, komillikka yetishishni toʻxtatdi, chunki u komillikka erishib boʻldim, deb oʻyladi. Holbuki, uning etagiga endigiga yetgan edi. Uning kuylari bilan yunonlargina ilhomlanishar, bu bilan ular oʻzlarini yanada aqlli va goʻzal insonlar deb bilishga, koʻrsatishga urinishardi,xolos.

Shu kundan boshlab, gʻamgin va koʻrimsiz damlar boshlandi. Negaki, odamlar ajoyib ohanglar sehrini unuta boshlashdi. Mantiq bilan shugʻullanishga kirishdim. Georgiy bilan suhbatlashar, gohida juda chuqur ketib, falsafa olamiga choʻkib ketdim. Telba monaxlar bilan birga Parijdagi Bogomater sobori minorasiga qoʻrqinchli mahluq haykalchasini qoʻyishni ham oʻylab topdik, eng jozibali Xonim suratini chizdim, uni Savanoronning yovvoyilari yoqib yuborishdi. Men hatto Avstraliyada boʻldim. U yerda uzun qoʻlli yoqimsiz odamlar uchun ajoyib oʻyinchoq - bumerang kashf etdim. Hozir bu haqda oʻylasam, kulgim qstaydi. Bu oʻyinchoq qahrli yovvoyining qoʻlida jonga kiradi, uchadi, qayriladi, buraladi va dushmanining boshini olib, xoʻjasining oyoqlari ostiga tashlaydi. Koʻrinishi shu qadar yumshoq va beozor, begunoh! Toʻgʻrisi, u sizning almisoqdan qolgan zil-zambil miltiqlaringiz va toʻplaringizdan ming marta afzalroq. Ammo bularning bari arzimas narsalar edi .Men ohanglarni qattiq sogʻindim. Stradivarius oʻzining ilk skripkasini yaratganida hayajonga tushdim, oʻsha zahotiyoq unga hamkorlikni taklif etdim. Biroq qaysar keksa chol hech narsani eshitgisi ham kelmadi. Aksincha, menga sirayam yoqmaydigan, qoʻl-oyogʻi mixlangan paygʻambariga soatlab iltijo qilar, sigʻinardi. Men dahshatli ishlarni koʻrib turardim. Odamlar eng yuqori, eng baland garmoniyani faqat men yaratgan skripka torlaridan olishlarini istardim.. Bu - faqat mening emas, Yaratganning nomidan edi! Meni qoʻlingda turgan shu skripka dahshatga solar, qoʻrqitardi.

Yana bir mingyillik oʻtib, shundayin shahd, ishtiyoq bilan shunday sozlar yaratilganida bormi, men abadiy qorongʻulikning gʻamgʻin tubsizliklarida yoʻq boʻlib ketardim. Ne baxtki, u sening qoʻlingga tushdi! Sen esa yana mingyilliklar oʻtishini sabr bilan kutishni istamaysan, kutolmaysan.Sen bugun kutilmaganda men chalgan kuyga tushib qolding. Men uni olis tunda - gunnlar franklar monastiri devorlari ortida yarim ming begunoh qizlarni qiynoqqa solishgan damda yaratgan edim. Bu - juda zoʻr kuy edi! Istasang, meni uni oxirigacha chalib beraman». Notanish odamning qoʻlida skripka paydo boʻldi. Toʻq qizil rangli, koʻrinishidan boshqalardan farqi yoʻqday. Ammo Paoloning sinchkov koʻzlari osonlik bilan bu skripkaning boshqalardan ajralib turadigan chizgilarini ilgʻadi, koʻrdi va keksa metr hayajondan qotib qoldi.

«Ajoyib narsa! - dedi notanish odam.- U Vizantiya malikasining koʻzlariday qaysar, qoʻllaridagi qimmatbaho uzuklari singari tantiq. Nimalarnidir xirgoyi qiladi, xayolingga ham kelmas ohanglar topadi u. Hatto menga ham uni boshqarish mushkul». Va u chala boshladi. Afrodita dengiz boʻyida oppoq qoyalarda boʻzlab, yuragini tirnab, Adonisni chorlardi goʻyo. Paolo hammasini tushundi. U buni qachonlardir sogʻinib izlaydi, bundan ham muhimi, u sogʻinishi mumkin boʻlgan yagona tuygʻu edi bu. Faqatgina u bu istagiga, bu sogʻinganiga yerdagi hayotida yetolmadi, yetisholmadi. Hammasi oʻzgardi. Kun yarmida quyuq, zardali bulutlar ostidagi tol barglari shamolda shovullar, boshoqlar rangi moviy, tillarang, donlar ichida yoqutlar ham yal-yal yonardi. Purviqor quyosh osmonga koʻrk bagʻishlab turar, daraxtlarga jon va rohat, moʻl-koʻl mevalar berar, gʻaroyib qushlar tinmay qichqirishar, kapalaklar uchayotgan gullarga oʻxshashardi. Oliymaqom skripka jaranglab kuylar, yeru osmonni larzaga solar, havo ham shunday sogʻinchli baxt bilan toʻlib ketgandiki, borliqni boʻlib-boʻlib yubordi.

Paoloning qalbi parchalanib ketdi. Bu dahshatli tushdan uygʻonganida koʻzlari yanada gʻamgʻinlashdi, oʻylari qorongʻulashdi. Tushida tinglagan kuyidan nimalar esida qoldiykin? Yer yuzida yana shunday skripkaning oʻzi bormikan? Iblis niyatiga yetdi , yaxshi oʻyin koʻrsatdi - ayyorona nutqlari, soʻzlari metrning ojiz va ochkoʻz yuragini zaharladi. O, Stradivariusning sevimli va bechora skripkasi! Seni eng baxtsiz, eng dilgir damda buyuk ustang Paolo Bellichini qoʻliga tutqazdi. Sen insoniyatning neki ezgu oʻylari, his-tuygʻularini noziq pardalarga joylading, odamlar bilan tillashding. Oqibati esa-qochib boʻlmas taqdir oʻyinida aybsiz qurbonga aylanding! Nadomatlar boʻlsinkim,inson yana shunday qudrat yaratguncha, uning qalbi, qoʻliga yana shunday muqaddas onlar kelguncha qanchadan-qandan asrlar oʻtib ketadi endi!

Metr Paolo Bellichini sehrli futlyarga yoʻlbarsday pisib bordi. U oʻzining sevimli, sadoqatli yoʻldoshini astagina chiqardi. Uning mukammal yaratilganini ilk bora sezib qoldi. Alami keldi. Skripkani oʻzidan soʻng kimgadir berishi zarurligini oʻylab, keksa metr rashkdan titrab ketdi. Yoʻq, yoʻq! Shunchalik nozik, shunchalik goʻzal va sevimli hilqatga hech kim hech qachon qoʻl tekizolmaydi. Ogʻir oyoq kiyimi poshnalarining kuchli zarblari ostida sinib ketgan skripkaning uchayotgan iztirobli ohanglari yangrab ketdi. Shovqinni eshitib, yugurib kelgan toliblar metrni aqldan ozganlar uyiga olib borishdi. Bu - shahar chetidagi qaygʻuli va qorongʻu bino edi. Tunlari bu yerdan qichiriqlar, oh-vohlar eshitilar, kutilmagan bosqindan qoʻrqib yurguvchi qorovullar sovut kiyib olishardi. Telba Paoloni pastdagi qorongʻu yertoʻlaga joylashtirishdi. Unga qoʻllari qonga belangan boʻlib koʻrindi. Har kuni ichish uchun beriladigan suvni qonni ketkazaman deb toshli devorga ishqalab tashlagan qoʻllarini yuvishga ishlata boshladi. Oradan besh oʻtib, qorovul uni oʻlik holda topdi - u suvsizlikdan jon bergan edi. Tunda chuqur qazib, hech qanday soʻzsiz, marosimsiz koʻmib tashladi. Stradivariusning moʻ‘jizakor skripkasi oʻlimi tillardan tillarga, ellardan ellarga, yillardan yillarga qaygʻuli qoʻshiqday koʻchdi. Uning qotili esa eng dahshatli oʻlim topdi.