OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNilufar
Asar nomiBeoshyon yaralgan ayol (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Nilufar
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm176KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/11/30
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
«Шарқ юлдузи» журнали, 2011 йил, 1-сон


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Beoshyon yaralgan ayol (qissa)
Nilufar

Tasodifmi Yo Taqdir?

Oltin kuzning safari qarimoqda.

Daraxt shoxlaridan uzilgan barglar jajji varraklar kabi aylanib uchib, yoʻlaklar, maydonlar uzra yastangan uyum-uyum xazonbarglar ustiga tushib, quyosh nurida oltindek tovlanadi. Hali havo iliq. Qish kech keladiganga oʻxshaydi.

Mashinasini yoʻl chetida toʻxtatgan Rustam toʻp-toʻp aylanib yurgan talabalarni kuzata turib, soatiga qaradi, vaqt boʻb qopti, kirish kerak, lekin sira oyogʻi tortmayapti. «Kim bilan chiqishi ma’lum, baribir shu yerdan oʻtadi, yaxshisi, mashina ichida poylab, koʻrib keta qolaman», degan qarorga keldi va mashinaning yaraqlayotgan oppoq derazasidan uzilib tushayotgan barglarga tikilgancha qoldi. Sargʻaygan barglar taqdirga tan berganday shoxdan uziladi-yu, atrofni keza-keza oʻziga atalgan joyga borib qoʻnadi. Shoxdan uzilishni hecham xohlamasa kerak.

Qarshi tomondan mayda-mayda, lekin tez-tez qadam tashlab, yerdan koʻz uzmay kelayotgan qizga koʻzi tushib, xayoli boʻlindi. Etagi tizzasidan yuqori, chiroyli tim koʻk koʻylak kiygan, oyogʻida oqish tufli, qoʻlida oppoq sumka, oqimtir tasmasi yelkasiga osilgan. Qop-qora sochlari boʻynini oʻrab turibdi. Oyoqlari chiroyli ekan, yuzi oppoq, hech qanaqa boʻyoq surilmagan. Ortiqcha bezak taqinchoqlariyam yoʻq. Faqat boʻynida ingichka zanjiri bor, uyam koʻylakka koʻrk berib husnini yanada ochgan. Judayam bejirim, chiroyli malak, qaragan koʻzni oʻynatadi.

Rustam joyida bir qoʻzgʻalib, xoʻrsinib qoʻydi. Goʻzal qiz mashina yonidan oʻtib, sal narida toʻxtadi va kimnidir intiq qidirdi, topolmadi shekilli, bir chekkada turib kuta boshladi. Mashina oynachasidan Rustam kuzatuvni davom ettirdi. «Jiddiyligi bilinib turibdi, likillaganlardan emas ekan». Qiz bir joyda turgancha atrofga alangladi, koʻzini pirpiratib, burnini sekin-sekin tortib qoʻydi. «Allambalo qiz, tannozligiyam yoʻq, yuz-koʻzi gʻuborsiz, yurish-turishida, qarashlarida nozlanish yoʻq, lekin qaragan yigitni oʻziga tortadi, tushib gaplashib koʻrsammikan?! Zebo koʻrib qolsa gap koʻpayadi. Lekin... shunaqayam chiroyli qiz boʻlarkan-da!»

Qiz kimgadir qarab jilmaydi.

Rustam unga tomon chopqillab kelayotgan togʻasining qizini koʻrdi-yu, «Aytganlari shu qiz ekanmi?!» – degancha joyida angrayib qoldi. Gohida oʻzing kutmagan, sira xayolingga kelmagan voqealar roʻy beradi. Tasodifmi bu yo taqdir?!

Ikki Oʻt Orasida

– Bola degani umringni zavoli ekan, xuddi menga kerakdek, zambarak bilan qoʻzgʻatib boʻlmaydi. Nahotki, uch kundan beri bitta qizni koʻrib kelish qiyin, bolani oʻzida boʻlmagandan keyin, qancha harakat qil bir tiyin, men seni soʻqimga boqdimmi oʻzi, nima qil deydi, dardi boʻlsa aytmaydi, bu uyni uy qilguncha ado boʻluvdim, seni uylantirguncha goʻrga kiraman shekilli, bu ahvolda nima boʻladi, a? Erta-indin oʻttizga chiqasan, yuraverasanmi, itning keyingi oyogʻi boʻlib, ogʻaynilaring qiz uzatadi, sen qarab turavergin, ertaga ammalaring gap chiqarsin, akam boʻlmasa, kennoyim bir oʻzi, hech baloni eplolmaydi, bitta oʻgʻilni uylantirolmayapti desin, senga oʻzi shu kerak. Peshonamga oʻq tegsa boʻlmasmidi? Oʻz bolam oʻzimga dushman!

Ishtahasi allaqachon boʻgʻilib boʻlgan Rustam, qoshiqni aylantirib-aylantirib oxiri toʻxtatdi, kosani nari surishga yuragi betlamay koʻz qiri bilan onasiga qaradi. Roʻmolini jahl bilan yechib, qayta oʻragan onasi:

– Oʻzi asli peshonam shoʻr, xudo urganni paygʻambar hassasi bilan turtadi! – dedi hasratli ovozda.

Nodira onasining yelkasini siladi.

– Oyi? Hadeb nolimang, xudoga xush kelmaydi.

– Oʻchir! Endi sen qoluvding menga aql oʻrgatmagan!

Dami ichiga tushib ketgan Nodira ukasiga bir nima desangchi, deganday qaradi.

Rustam boshlanajak janjalning oldini olishga shaylanib:

– Oyi, bugun navbatchiman! – deya bahona qildi.

– Ana, ana boshlandi, qachon men gapirsam bu yo navbatchi boʻladi, yo tuzatgan kasali oʻlib qoladi. Qaysi gunohlarimga xudo menga bu kunlarni ravo koʻrdi! – Onasi peshonasiga shapatiladi. – Ichimdan tushgan bolamga soʻzim oʻtmasa-ya! Yo astagʻfirillo!

Rustam onasining dardini yengillatishni istab:

– Oyi, boʻldi, koʻrib keldim, hozir oʻsha yerdan kelib turibman! – dedi.

Shusiz ham jazavaga tushib turgan Dilorxonni alam toʻgʻoni bostirib, dodga keldi:

– Koʻrdingmi, koʻrdingmi! Yoʻq, bu meni oʻldirib qutuladi, menda qasdi bor! – koʻrpachaga uzala tushib, dodlay boshladi.

Bu holni koʻp bora koʻraverib, koʻnikib qolgan Rustam oʻrnidan turib, doim tayyor turadigan shpritsga papaverin, dimedrol tortib, onasining bilak tomiriga yubordi. Hovliga chiqib piyolada suv olib kirgan Nodira valerianka tomizib ichirdi va onasining kuragini ishqay boshladi.

Uyni yurak dorisining oʻtkir hidi tutdi. Xonaga choʻkkan ogʻir jimlikni avval oʻng koʻzini, soʻng chap koʻzini ochib, Rustamga gʻalati qaragan onasining boʻgʻiq tovushi buzdi:

– Koʻrgan boʻlsang, endi nima deysan?! Nima bahona topib kelding yana? Kar ekanmi yo gʻilay? Yo gapirganda tupugi oqarkanmi? Gapir!.. Bahonalaringni eshitaverib, xudo hamma qizlarni shunaqa sovuq yaratgan ekan, deb oʻylab qoldim.

– Oyi birpas dam oling, hozir yana yuragingiz...

– E, quruq mehribonchilik qilma menga.

Nodira nimaga ham gapira qoldim deb, tilini tishlab, oʻzi oʻtirgan koʻrpachaning chetini asabiy gʻijimlashga tushdi.

– Shundoq joy a, shundoq joy, kimdan kam! Hali bersa jon degin, quruq savlatiga osmondagi oy kerakmi, bolamas balo boʻldi, qandoq kunda tuqqan ekanman oʻzi!

Sabr kosasi toʻlgan Rustam:

– Boʻldi, xoʻp bilganingizni qiling! Boʻldimi, qutuldimmi endi?! – deya oldidagi kosani toʻq etib nari surib qoʻydi.

Dilorxon unga chaqchayib qaradi:

– Doʻq qilma menga!

Nodira jim turolmay yana gapga aralashdi:

– Oyi-i?.. Xoʻp dedi-ku, yana nimaga urishasiz?!

– Ey, men bugun koʻryapmanmi buni, koʻchaga chiqib aynab keladi, nechtasini shunaqa qildi, ertaga yoʻq deb, ikki oyogʻini bir etikka tiqib turib oladi.

Nodira astoydil oʻrtandi:

– Yoʻq demaydi endi, demaysan-a? Rustam, bir narsa degin! Aynab kelmaysan-a?

Rustam xayolga choʻmdi: institut hovlisi, oppoq sumkasini ushlagancha, yolgʻondan burnini tortib, koʻzini pirpiratayotgan chiroyli Nigora; oppoq boʻyni, dumaloq yuzi, chiroyli yelkasi, keyin... lablari... Dilorxon tagʻin jazavaga tushdi:

– Ogʻziga talqon solgan bu! Odamni ezishdan boshqa narsani bilmaydi!

– Xoʻp endi aynimayman! – xayoli boʻlingan Rustam past ovozda javob berdi. Tagʻin koʻz oldida Nigora jonlanaverdi... keyin yana birov... Ayni paytda Rustam oʻzini ojiz sezdi. U ikkilanardi. Xayolida jonlanayotgan qiyofalarni bir-biri bilan solishtirish toʻgʻri boʻlmas. Bugun koʻrib kelgan qizning goʻzalligi oldida hamma narsa ikki pul. Bunaqa chiroyli qizni birovga berib boʻladimi? Ammo ikkinchi qiyofa-chi? Unda nima bor? Unda na husn, na muomala bor. Ammo eng katta yutugʻi – hayotiga singigan, koʻngliga oʻtirgan: koʻz oʻngida jilmaygan yoqimtoy Nigora qilt etmay turar, uning goʻzalligi borgan sari yigitning yuragini oʻz zabtiga olmoqda edi. Oʻsha zahoti Nigoraning yonida ikkinchi qiyofa: « – Men-chi, men borman-ku», deyayotgandek oʻzini eslatib turardi.

Oʻgʻliga tikilib qolgan Dilorxon rost aytyaptimi yo shunchakimi deb koʻnglidan oʻtkazdi, rostligiga ishonch hosil qildi shekilli, sekin oʻrnidan turib:

– Gaping rost boʻlsa, baxtli boʻlgin, qoʻsha qarigin, men unda harakatimni qilay, kim bilan borsam ekan, seni qaynonang birga borarmikan? – deb Nodiraga yuzlandi.

– Bilmasam oyi, men ham bora qolay, bogʻchaga kech qolaman, oyim bilan oʻzingiz telefonlashing.

– Seni qaynonangdan yorugʻlik chiqqanmi oʻzi hech, faqat olishni biladi. Oʻzi uchta quda qilib yolchimadim, zora bunisidan rohat koʻrsam. Juda baquvvat joy ekan, orzu-havasli deyishadi. Boʻpti, sen boraqol, bolaga kech qolma. Men bir amallarman.

Qaynonasidan berkitib, birrov xabar olishga kirganiga ming pushaymon boʻlgan Nodira ichida oʻzini-oʻzi qargʻab-qargʻab koʻchaga chiqdi.

Dugonalar Bor Boʻlsin

Sentabrning moʻ’tadil havosi yozning jazirama kunlaridan keyin tanni yayratib, kishiga xush yoqadi: issiqni ham, sovuqni ham pisand qilmaydigan yoshlarning gʻovur-gʻuvuri institut hovlisini tutib ketgan.

Oxirgi saboqdan dugonalaridan orqada qolib chiqqan Zebo chopqillagancha oldinda ketayotgan Nigora bilan Lazizaga yetib olib:

– Sartaroshxonaga kiramizmi, yoʻqmi? – deb soʻradi hansirab.

– Bugun kech boʻldi, koʻp oʻqidik, ertaga kiraqolaylik, – Laziza qoshini chimirib ensasi qotganini yashirmay javob qildi.

– Bugun kirishim kerak, – Zebo yalingannamo Lazizaga qaradi.

– Nuqul oy eshikka, arava teshikka qadalganda aytasan, shuni vaqtliroq aytsang, manqa domlani darsiga kirmasdik. Shu bugun shartmi?

– Shart!

– Uchrashuving borga oʻxshaydi, bizdan berkityapsanmi? Boʻldi, endi biz ham senga hech narsa aytmaymiz! – dedi Laziza va jahl bilan bejirim sumkasini yelkasiga osdi-da, ters oʻgirilib toʻmshaydi.

– Qoʻysang-chi Lazi, hali nima gap, nima soʻz, oldindan doʻmbira qilib chalgim kelmadi, oʻzi shularga boʻlmasayam kerak, ammalarimga yoqmay turibdi, adasi ishdan ketgan ekan, kecha adamga rosa gapirib ketishdi. Opamga onasi yoqqan edi, miq etolmay qoldilar.

– Ammalaringni bir qaynovi ichida-a, adasi ishlasa – xoʻp, ishlamasa – alvido ekan-da?!

Boyadan beri jimgina ketayotgan Nigora, Zeboning ammalari haqida soʻz ochilishi bilan yuragi hapqirdi. Tiliga chiqarishga qoʻrqib, bir oz taraddudlandi, keyin sekingina soʻradi:

– Ammangni oʻgʻli koʻrinmaydi?

– Ibratmi?! Kasal-ku u! Oʻqishga kechroq tushadi... Baribir sochimni toʻgʻrilatib ketishim kerak, bu ahvolda chiqolmayman. Opam urishib beradilar. Birpasgina meni kutsang¬lar, nima qipti?! Qani, oldimga tushinglar-chi, yalqovlar!

Oʻqish boshlangandan beri dilidagini sezdirib qoʻyishdan qoʻrqib, soʻrayolmay yurgan Nigora xabar topganidan suyunib, itoatkorlik bilan Zeboga ergashdi. Lekin yana bir savol koʻndalang turib oldi: qanaqa kasal ekan? Soʻrasammikan? Bilib qolishsa, Zebo-ku boʻyi baland, yetib borishi qiyin, Laziza darrov aylantiradi. «Nega tergovchiday tergab kolding? Bir baloying bormi?» Siri oshkor boʻlishidan qoʻrqqan Nigora miq etmay qizlarga ergashib ketaverdi.

– Mana shu kishini oʻzimiz bilan olib ketsak boʻlardi! – Laziza qorovul amakiga ishora qildi.

– Uni nima qilasan? – Zebo Lazizaga «rostdan ham birga olib ketasanmi?» deganday ajablanib qaradi.

– Soch-soqolini olib, moʻylovini kaltalatamiz, savob boʻladi, nuqul gʻashimga tegadi, ertalab uydan har kuni xursand boʻlib chiqaman, oʻqishga kelib shu amakimni koʻrishim bilan hayotdan xafa boʻlib ketaman.

Zebo:

– Oʻzing ham tekkanga tegib, tegmaganga kesak otadigan boʻlib qolibsan, amaking bilan nima ishing bor? Meni oʻylasang-chi? – dedi tutaqib.

– Seni oʻylasam yuragim battar qisiladi.

– Nega endi?!

– Bordiyu, falonchini oʻgʻliga tegsang, bir oydan keyin adasi ishdan ketsa, ammalaring borib ajratib olisharmikan?

– E, nafasing qursin, sovuq!

Institut hovlisidan chiqqan uchala qiz kulishib sartaroshxonaga qarab ketishdi.

Yomgʻirda Qolgan Yigit

– Ertaga vaqtliroq kela olasanmi, qizim? – soʻradi oyisi Nigoradan chala pishirib olingan karam bargiga guruchli qiyma oʻrarkan.

Tizzasida jiyanini oʻynatib oʻtirgan Nigora gap tagidagi nimkosani darrov sezdi.

– Oyi, ertaga darslarim koʻp! – deya bahona qildi noiloj.

Gapga kelinoyisi aralashdi:

– Uch marta kelishdi, uchalasidayam rasmingizni koʻrsatvordik. Hadeb birovni ovora qilish yaxshimas, Nigorxon! Kechroq kelinglar deyolmasak, ular kelib ketaveradi, oyijonim xijolat boʻlaveradilar, endi bir amallang.

Nigora jiyanini koʻtarib oʻrnidan turdi:

– Ovqatgacha ozgina aylantirib kelaman.

Uy ichidan oyisining bir oz tushkunlik bilan:

– Noshukurchilik boʻlmasinu, sovchi kutish ham jonga tegdi. Gohida vahm bosib ketadi odamni! – degan ovozi baralla eshitildi.

– Nega unaqa deysiz, oyijon! – tilyogʻlamalik qildi kelinoyisi. – Xolalarim: «Qaynsinglingga sovchi koʻp keladimi?», deb soʻrashganda, qaynsinglimga sovchi kelmaydi, yogʻiladi dedim! Nasib qilgan kun, albatta, uzatamiz bu erkatoyni, oyijon!

– Oʻgʻillarimdan koʻnglim toʻq, hammasi tengini topib, oʻzidan tinchib oʻtirishibdi – oyisi chuqur xoʻrsindi – qizimni oʻylasam yuragim shuv etib ketadi. Ishqilib baxtini bersin.

Ovqatdan soʻng jiyanini kelinoyisiga berib, Nigora: «Darslarim koʻp!», deya xonasiga kirib ketdi. Lekin dars tayyorlash qayoqda?! Qani endi miyasiga bir nima kirsa. Oldida kitob-daftarini ochib qoʻyib xayol surgancha ancha oʻtirdi, adasi bilan akasi haliyam kelishmadi. Kelinoyisi oshxonada ertangi sovchilarga pishir-kuydir qilish bilan ovora. Sovchilarning keti uzilmaydi, kelinoyisi stoldagi pishiriq yeyilmasa ham almashtirishdan erinmaydi. Oʻziyam ajoyib yangasi bor-da, hech kim aytmasa ham hamma ishni bajonidil bajaradi. Mehmon kutishni yaxshi koʻradi, sovchilarni-ku bosh ustiga qoʻyadi. Gohida xijolat tortib: «Tagʻin, kelinoyim mendan tezroq qutulmoqchi ekan, deb oʻylamang, bersak-bermasak bizni maqtab ketishlarini yaxshi koʻraman», deydi sodda, samimiy ohangda. Nigora kuyovlikka nomzod bilan uchrashadigan boʻlsa deydi: «Husningizga ishonmang, muomala yaxshi boʻlmasa qolgani bir tiyin, aynab ketmasin! Toʻng-toʻng qilmang, kulib borib, kulib keling! Sizga yoqmasa, biz yoʻq deymiz, lekin yoqishingiz shart, bir umr armonda oʻtmaysiz!». Bu gap Nigoraga yoqmaydi, birovning koʻngli bilan hazillashib boʻladimi?

Nigora boshqa toifa qizlardan: birovga zarracha ozor berishni istamaydi. Qalb degani – oyna, unga darz yetkazib, nimaga erishish mumkin?! Kelinoyisi tinmay javraydi, uning koʻz oldida esa yomgʻirda qolgan odamdek dildirab turgan Ibrat jonlanadi. Shu yigitning oʻrnida boʻlganida, jon deb tegardi. Nega u boshqa yigitlardek shilqimlik qilmaydi? Hecham yoqmasmikanman unga? Kursdoshlarining yarmidan koʻpi uni yaxshi koʻradi, nechtasi sovchi yubordi, lekin Ibrat jim. Cababi nima? Yo boshqasi bormikan? Soʻrolmasam! Qaniydi gapirsam, gapira olsam! Sezdirib qoʻymay deb, qoʻrqqanimdan bemalol gaplasha olmayman, unga tegishli gaplarni faqat Zebodan eshitaman. Ular nimagadir bir-birlariga oʻxshaydi. Ibrat Zeboni hurmat qiladi. Umuman, kursdosh qizlarga hurmat bilan qaraydi. Sekin gapiradi. Uch yildan beri biror marta ovozi qattiq chiqqanini eshitgan emas. Boshqa bolalarga oʻxshab soʻkinmaydi ham. Zeboning aytishicha, adasi juda qattiqqoʻl ekan, bolalariga mahkam turarkan, oilasida qiz yoʻq, faqat oʻgʻil bolalar emish. Shuning uchun onasiga juda mehribon ekan.

Oʻshandan beri Nigora beorom. Javobsiz sevgisini nima kiladi? Bir umr qalbida saqlab yuradimi? Sevgisi unga javob bermasa ham, bir umr sodiq qolib, qalbida pinhon asrashga, unga gard yuqtirmaslikka, hammasiga astoydil rozi edi. Ammo, ana shu ammo soʻnggi paytlar Nigorani qiynab yubordi. Ketma-ket kelayotgan sovchilar… kunda «baxting ochilsin» deb duo qiladigan buvisiga, onasiga dardini aytolmaydi! Nima deb ham aytadi? Kursdoshimni yaxshi koʻraman deydimi? Turgan gapki, tanlagani boʻlsa sovchi yuborishsin deyishadi. Tanlagani esa sukutdan boʻlak narsani bilmaydi. Ibrat, Ibratim nega gapirmaysan? Bir martagina gapirsang-chi! U gapirmaydi, chiroyli qoshlarini chimirib, uzun kipriklarini qoqib, qarab turaveradi, zoʻr kelsa miyigʻida kulib qoʻyadi. Yaqinimdan oʻtsa, oppoq yuzi qizarib ketadi, buni sezganman, qiziq uni koʻrganda men ham qizarib ketarmikanman? Adam unga berarmikanlar? Soʻrasa beradilar! Tagʻinam, koʻnglimga qarab turibdilar, lekin bu uzoqqa choʻzilmaydi. Buni bilaman. Balki unga bir amallab bildirish kerakmikan? Keyin-chi? Bordiyu, xohlagani boʻlsa, yo meni yoqtirmasa, ana keyin tomosha boʻladimi?! Lekin bu voqealarning nima bilan tugashi noma’lum. Yutqazishimga bir foiz gumon boʻlsa ham oʻynamayman! Yaxshisi umrbod ichimga yutib yashayman. Tugʻilgan kunimga oʻgʻil bolalarni ham chaqirsammikan? Uyimdagilar Ibratni yoqtirib qolishardi, bu aniq. Oʻzi uni hamma yoqtirib qoladi. Tarbiyali, ogʻir, bosiq, yana chiroyli. Boʻyi ham baland. Ayniqsa, oq xalatini kiysa, juda ochilib ketadi. Kim kuyov qilgisi kelmaydi bunday yigitni? Dadamgayam yoqib qolgandami? Baribir oxiri borib hamma narsa Ibratni oʻziga taqaladi. Eh…

Nigora dilidagi tuygʻularini goh shodlik daryosiga otdi, goh ilojsizlik jariga uloqtirdi va oxiri toliqib, uxlab qoldi.

Ostona Soyasi

Kuzning dilgir oqshomi.

Bugun Nigoralar hovlisiga tumonat odam yigʻildi. Ha, serurugʻ oila, hech kim kelmaydi, deganda ham faqat yaqinlarining oʻzidan yigirma-oʻttiz kishi yigʻiladi. Bugun qarindosh-urugʻ tanishlardan tashqari, kursdoshlari ham kelishdi. Talaba boʻlgandan beri dugonalarini ilk bora uyiga chaqirdi. Koʻcha tarafdagi ikki qavatli imorat, hashamatli darvozani koʻrib, «Voy-boʻy!», degan hayrat bilan ichkari kirishdi. Hovlining pastki tarafi – uch qavat, marmardan ishlangan chiroyli aylanma zinapoyalar, toʻrtta burchakda suv purkab turgan jimjimali favvoralar, lekin bittayam mevali daraxt yoʻq, hammasi tropik mamlakatlarda oʻsadigan manzarali daraxtlar. Dugonalari: «Oʻzimizdayam oʻstirsa boʻlar ekan-da», deya marmar pillipoyalarga toʻshalgan gilamlarni bosib, mehmonxonaga kirishdi. Oʻrtada katta stol, nozu ne’matga toʻla dasturxon. Laziza dugonalariga koʻzi bilan imladi: rosa harakat qilishibdimi!

Derazalarga zamonaviy pardalar tutilgan, devorda zarhal ramkalarda qimmatbaho suratlar, oyoq ostidagi choʻgʻdek gilamlar koʻzni oladi. Bular uy egasining serhafsala, didli ekanini koʻrsatadi.

Nigoraning oyisi, buvilari fotiha oʻqib, chiqib ketishgach, Laziza mingʻirlab yonidagi Zeboga gapirdi:

– Nigorani shunaqa dangʻillama hovlida turadi, deb oʻylamovdim! Pismiq, indamay yurishini qara!

– Senga maqtanishi kerakmidi?! Boyning qiziman deb e’lon berishini kutganmiding? Bittasi sal maqtansa, darhol tishlab, uzib olasan!

– Toʻgʻri aytasan: manmanlarni jinim suymaydi, birov sal maqtansa, popugini pasaytirib qoʻygim keladi, Nigoraga boʻlsa, qoyilman, juda kamtar ekan, endi bildim, yanayam yaxshi koʻrib ketdim. Shu turishda indamay avtobusgayam chiqib ketaveradi. Anavi, dimogʻiga qurt tushgan oʻrtoqlaring karillamasayam boʻlarkan, – Laziza toʻrga chiqib, shumshayib oʻtirgan Nafisani imladi. – Oʻqishga mashina haydab kelaman deb, ja osmon¬daydi, Nigorani uyini koʻrib, suvga tushgan mushukdek boʻldi-qoldi.

Zebo Lazizaning oyogʻiga turtib qoʻyib:

– Jim, eshitib qoladi, – dedi.

Shaddod Laziza qoʻyarmidi:

– Juda yaxshi boʻldi-da, ertadan ogʻzini ochirmayman, oʻzi anchadan beri jigʻimga tegib yuruvdi.

– Menga qara, Nigorani oʻzlariga oʻxshagan joyga berisharmikan? Bunaqasini qayer¬dan topishadi?

Adrasdan kalta koʻylak-shim kiyib olgan Nigora choynak koʻtarib kirganda, ularning suhbati uzildi. U zarhal hoshiyalari nafis piyolalarga choy quyib uzatgach, «olinglar yeb oʻtiringlar!» deya qistalang qilib, xil-xil pishgan, oʻtkir zira va qazi hidi ufurib turgan norinni alohida-alohida taqsimchalarda solib, ularning oldiga qoʻydi, soʻng stol chetida terib qoʻyilgan yogʻli patirdan bittasini boʻlakladi, qizlar chugʻurlashib: «Sindirmang!» desa ham koʻnmadi, kulib, jilmayib: “ – Olsanglar-chi!” dedi yana va: «Menga uzr!» deya orti bilan chiqib ketdi.

Laziza nafis labini xunuk burdi, guyo nozikkina burni ostida mayda-mayda chuvalchanglar lipilladi :

– Esingdami, Nafisaning uyiga borib itday boʻlib keluvdik!

Zebo yon-veriga qarab qoʻydi-da:

– Yana mehmondorchilikka chaqirmoqchi! – dedi pichirlab.

– Bormanglar! Masalan, men qaytib uning uyiga qadam bosmayman, deb kelganman. Toʻyi boʻlsa, toʻyigayam bormayman. Mehmonniyam fe’li keng odam kutsin. Bunga kim qoʻyibdi. Chaqirsa ham bormanglar! Mani aytdi dersizlar: xor qilib kutadi. Tannoz, uyidagilari oʻzidan battar. Qarindoshlarini koʻrdingmi, Chigʻatoydagi norinchilarga oʻxshaydi. Labi-labiga tegmaydi. Nigoranikilarni qara: hammasi – aristokratka!

Oyoq tovushlari eshitilib, qizlar sergaklik bilan eshik tomonga tikilishdi. Nigora kalta soch, oq koʻylak, oq tufli kiygan, kulcha yuzi bejirim qizni boshlab kirdi-da, uni qoʻshnimiz, maktabda birga oʻqiganmiz deb, tanishtirdi.

Odatda koʻngil yaqin kishilar oʻtirgan davraga begona kelib qoʻshilsa, oshga pashsha tushgandek, dil gʻashlanadi. Qizlar nafaslarini ichlariga yutib, jim qolishdi. Nigora ikki-uch marta: «Olinglar, yeb oʻtiringlar!» desa ham miq etishmadi, guyo ogʻizlariga talqon solib olishgandek edi. Qoʻshni qiz ham bu yerda ortiqchaligini bildimi, koʻp oʻtirmadi, bir piyola choy ichgach: «Oyim senga sovgʻa berib yubordilar» – dedi-da, yaltiroq qutichani Nigoraning qoʻliga tutqazgancha chiqib ketdi, Nigora hang-mang boʻlgancha qolaverdi.

– Nega dovdiraysan, ochib koʻr! – deya shangʻilladi Laziza va bu ham yetmaganday qutichani tortib olib ochdi: bir juft zirak bilan uzuk yarqirab koʻzini oldi. – Voy bu-u-u! Zoʻr-u! Brilliantmi? Ha, ha, brilliant!

Dugonalari uning qoʻliga yopishishdi:

– Berchi, bizlaram bir koʻraylik!

Laziza piching aralash yana chiyilladi:

– Qoʻshnilaring kuchaygan koʻrinadi! Topganlarini nima qilishni bilmaydigan boʻlib qolishganmi, nima balo! Qoʻshni brilliant sovgʻa qilsa-ya?!.. Yo senda ilinjlari bormi?!

Bu gapdan oʻsal boʻlgan Nigora boʻgʻzidagini zoʻrgʻa yutib, Lazizaga qaradi. Baloyu ofat bu qiz. Hech narsani yashirib boʻlmaydi undan. Boshqalarning xayoliga ham kelmagan boʻlsa kerak, bu-chi, darrov bildi. Bu gʻalva qayoqdan chiqdi? Qoʻshnisi anchadan buyon sovchi boʻlib keladi, adasi yoʻq degan, boʻldi-da! Oʻgʻli gʻirt takasaltang. Haligacha biror ishning boshini tutmagan. Bugun oʻylab topganini qarang, hammaning oldida. Oyisiga aytish kerak. Endi nima qiladi?

Nigora dugonalarini ham unutib, ayollar oʻtirgan xonaga yugurdi. Zinapoyadan tushayotib, patnis koʻtarib chiqayotgan kelinoyisini koʻrib, koʻngli joyiga tushdi. Oʻzi boplaydi, juda yaxshi kelinoyisi bor-da! Unga vaziyatni tushuntirib, qoʻliga qutichani tutqazdi-da, soʻng darhol ortga qaytdi.

Bazm yarim tungacha davom etdi.

Otasining haydovchisi dugonalarini uy-uylariga oborib qoʻydi. Qarindoshlarini kuzatib qaytgan dadasi Nigoraga hovlida toʻqnash kelib, uni qayta tabrikladi.

– Oʻrtoqlaring yaxshi oʻtirishdimi? – soʻradi otalarcha mehribonchilik bilan bagʻriga bosib. – Xursandmisan, qizim?! Toʻyingda bundan ham yaxshi kutib olamiz.

– Rahmat, dadajon, rahmat! – dedi Nigora va koʻngli koʻtarilgan holda oshxonaga yoʻl oldi. Idish-tovoqlarni yuvib, barcha yumushlarni bajarib boʻlgach, xonasiga kirib, maza qilib uxlashni xayolga tugdi, ammo hamisha ham oʻylaganing boʻlmaydi, uning ham aytgani oʻngidan kelmadi: garchi ancha toliqqan boʻlsa-da, hadeganda uyqusi kelmadi. Xayolida bugungi voqealar birma-bir takrorlanar, ularni tahlildan oʻtkazib, oʻzicha mulohaza qilardi. Uzuk voqeasini aytmaganda, hammasi yaxshi, hammasi joyida, faqat dadasidan uyalib, yigitlarni chaqirolmadi, tabiiyki, Ibrat ham kelmadi, koʻngli huvillab turibdi, lekin bugungi mehmondorchilikdan mamnun.

Begona Baxt

Osmonu falakda qanot qoqib parvoz qilayotgan qush kabi shirin orzulari ogʻushida mast yurgan Nigora jiddiygina muammoga duch keldi. Bu unga atalgan ilk sinov edi.

– Zebo sen bilan juda qiziqib qoldi! – dedi Laziza darsdan soʻng uyga qaytayotganlarida. – Uyingga borib kelgandan buyon, sen toʻgʻringda koʻp gapiradigan boʻlib qoldi. Bir baloni boshlamoqchi shekilli! Bilishimcha, senga sovchi oboradi-yov!. Akasi yoʻq-ku, qarindoshlarigami? Qaysi biriga ekan? Bugun bekorga bizdan oldin ketmadi, balki u allaqachon uyingdadir!

Nigoraning yuragi tez urdi. Ibratgami?!

Lazizaning qolgan gaplari qulogʻiga kirmadi. Oʻz oʻyi bilan boʻlib, hatto dugonasi bilan qachon qayerda xayrlashganini, uyiga ne alfozda yetib kelganini ham bilmay qoldi. Darvozalaridan nariroqda turgan mashinaga koʻzi tushib, badaniga titroq yugurdi. Nazarida, eshikdan kirishi bilan devorlaru tomgacha taraqlab ustiga qulaydiganday, avaylab qadam bosdi. Hovliga kirishi bilan aylanma zinapoyadan tushib kelayotgan ayollarni koʻrib joyida toʻxtadi. Sovchilarni kuzatib chiqayotgan oyisi kulib:

– Kelib koʻrishaver, qizim, begonalar emas ekan, uyalma, – dedi. Ayollar ham ming yillik qadrdondek quyuq soʻrashishdi.

Onasi ayollarni kuzatgani koʻchaga chiqib ketdi. Ushatilgan nonlarni patnisga solib, mehmonxonadan chiqayotgan kelinoyisini, koʻrib, salom berdi-yu, yengil tortdi. Kelinoyi¬sining odatini yaxshi biladi, bunaqa paytlarda ichidagini yashirib oʻtirmay, darhol suyunchi olishga oshiqadi.

Kelinoyisi uning qoʻltigʻiga kirdi:

– Menga aytmagan ekansiz, Nigorxon!

– Nimani aytmagan ekanman! – dedi u taajjublanib.

– Zeboni ammalari ekan-ku, kursdosh dugonangizning! Ikkalasiyam ammasi boʻlar ekan. Oʻgʻli bor ekan, doʻxtir!

– …A !!!

Nigora yer bilan osmonning farqiga bormay qoldi: uchyaptimi, yuryaptimi? Yer paxtadek yumshoqmi yoki bulutlarda suzib yuribdimi? Baxtga yetish shunchalar osonmi, yo bu orzusiga yetishganimi? Tilagi ijobat boʻldimi? Xudo unga shunchalar xursandchilik tayyorlab qoʻygan ekan-u, besabrlik qilib yuribdimi? Nahotki, shu kunga yetdi. Baxtli qiz ekanman! Laziza toʻgʻri aytgan ekan: rostdanam Zebo balo qiz. Lekin u Ibratni yaxshi koʻrishimni bilmagan, Ibrat-chi? U ham uyalganidan sovchi yuborayapman, deb aytmagan. Lekin Laziza, uyingga borib kelib, Zebo sen bilan qiziqib qoldi dedi-ku! Demak, bu Zeboning ishi. Rostdanam uyimga kelib… Ey, farqi nima, muhimi kelishdi. Ibrat xohlamasa kelisharmidi? Endi-chi, endi nima boʻladi? Dadam xoʻp dermikanlar? Desalar kerak! Ishqilib koʻnsinlar-da. Toʻy boʻladi.

Hovliga chiqsa kulib yuborib, xursandchiligini oshkor qilib qoʻyishidan choʻchigan Nigora «ovqat yegim kelmayapti» dedi-yu, darsini bahona qilib, xonasiga qamalib oldi. Ortidan yangasi hovliqib kirdi:

– Voy, sizga soʻnggi axborot olib keldim. Ayvonda nima gaplar boʻlayotganidan bexabar oʻtiribsiz.

Nigora jon qulogʻi bilan eshitayotgan boʻlsa-da, oʻzini befarq koʻrsatishga urinib, daftarlarini titkilashga tushdi.

– Dars ham oʻlsin, birpas qoʻyib turing. Adajon bilan oyijon bugun kelgan sovchilar toʻgʻrisida gaplashishdi. Kuyovning oʻqimishli, yana doʻxtir, nufuzli oiladan boʻlgani adajonga ma’qul tushdi. Onasi ham ba’mani xotin ekan. Oyijon shunaqa dedilar, menga ham yoqqanday boʻluvdi. Menimcha, kuyov boʻlmish sizni koʻrgan boʻlsa kerak, boyagi xotinlarning gapidan shuni payqadim.

Nigora «voy sodda kennoyima, albatta koʻradi-da!» deb dilidan oʻtkazganicha jilmaydi.

Kelinoyisi gapida davom etdi:

– Yana bir marta kelishsa, keyin yaxshilab surishtirib, adajon kuyov bilan koʻrishar ekanlar. Oyijon aytdilarki, adajonga ma’qul kelsa, siz yigit bilan koʻrishsangiz boʻlar ekan, agar kuyov sizga yoqsa, molu davlatiga qaramay, ziyoli oila boʻlgani uchun rozilik berarkanmiz.

«Nega yoqmas ekan?» Nigora qalb siri tashqariga chiqib ketayotganday labini tishlab oldi.

Yangasi oʻz dardi bilan ovora edi.

– Uchrashuvga olib chiqarkanmiz sizni! Qaysi koʻylagimni kiysam ekan? – Yangasi hozir uchrashuvga ketayotganday oyna oldiga borib, sochlariga qarab qoʻydi. – Ertaga qirqtirib kelsam boʻlar ekan.

Shodligi ichiga sigʻmay turgan Nigora bahona topilganidan suyunib, kulib yubordi:

– Kuyov men qolib, sizni tanlasa-ya?

– Hazilingiz qursin! – dedi yangasi uning yelkasiga ohista shapatilab. – Xullas, hamma bir-biriga yoqsa, bahorga chiqib toʻy qilarkanmiz!

Shu kecha Nigora hammaning bir-biriga yoqishini istab, yaratgandan yolvorib soʻradi.

Faqat… faqat kuyovni oʻziga yoqishini soʻrash negadir xayoliga kelmadi.

Bahorni tezroq kelishini istadi… Oʻzini xayolan oppoq koʻylakda, kelinlik libosida koʻrayotgan Nigora, xursandligi ichiga sigʻmay, allaqanday kuyni xirgoyi qilib xonada aylanib, raqs tushdi.

Kelin boʻladi… «U» esa kuyov.

« – Eng baxtli kelin boʻlaman, – oʻyladi u. – Oq koʻylakni qayerdan olsam ekan? Uzun fata taqaman!»

Kimdir uni yashirin tomosha qilayotganday tuyulib, qiligʻidan uyalib, oʻzini karavotga tashladi-da, yuzini yostiq bilan berkitib oldi. Koʻzlari quvonchga, qalbi iliq hislarga, yuragi baxtga limmo-lim edi…

Zarb Va Taskin

Kuz tongi. Havo bir oz izgʻirin. Quyosh nurlari haroratsiz, ammo istarasi issiq qizday yoqimli jilmayib turibdi.

Nigora uyqudan tetik uygʻondi, nazarida qalbiga oʻzi kutgan baxt qushi tezda kirib keladigandek edi.

Undagi joʻshqinlikni yangasi ham sezdi. «Jayron! Jayronning naq oʻzi!» deb oʻyladi tashqarida uni kuzata turib va qaynonasiga uning bugun boshqacha ekanligini, kecha suhbatlashganida ham kulib oʻtirganini, ertalab oyna oldida bir soat oʻtirganini va buni birinchi marta koʻrganligini, necha xil kiyimlarni saralab oʻziga tanlaganini ham aytib, suyunchi ola qoldi.

Sovchilarni kutishga astoydil kirishgan onasi: « – Iloyo baxtining ochilgani rost boʻlsin» deya yuziga fotiha tortdi.

Quyoshning kulgani rost, Nigoraning nazarida, hattoki, kechasi yogʻib oʻtgan yomgʻirdan keyin asfalьtga yopishib yotgan xazonlar, loy sachragan taxta oʻrindiqlar, katta yoʻlda tizillatib suv sachratib oʻtayotgan, yuvilmagan, kir mashinalar ham – hamma-hammasi koʻziga fayzli koʻrindi. Ohudek tez ildamlab borarkan, qorovul amakiga koʻzi tushib, «bugun sochini tarab kelibdi, soqoliyam olingan, Laziza koʻrganmikan?» deb xayolidan oʻtkazdi. Oʻzidan-oʻzi jilmayotganini bilib, gʻalati boʻlib ketdi. «Lab-lunjimni yigʻishtirib olmasam, sharmanda boʻlaman», deya oʻylab, oʻzini bosishga harakat qildi. Qadamlari oʻzinikimas guyo. Xuddi bulutlar ustida raqs tushayotganday yengil yurib, auditoriyaga kirdi. Kirishi bilan koʻzi allakimlarni qidirdi. Bir xoʻrsindiyu, shalvirab tushdi. Yoʻq, kelmabdi. «Bir hisobda koʻrinmagani ham yaxshi boʻldi, qochishga joy topolmay qolardim».

– Ha, farishtam, koʻzing olma-kesak teryapti, kimni qidiryapsan?

Dunyoda Lazizaday sezgir qiz boʻlmasa kerak. Nigora har yer-har yerda toʻdalashib oʻtirgan kursdoshlari bilan soʻrashib, uning yoniga choʻkdi.

– Kimni qidirardim, seni-da, – dedi keyin choʻzib.

– Meni koʻrmay qoldingmi? – Lazizaning ovozi doʻrilladi. – M-en-i-ya!

Nigora yolgʻondan horgʻin esnadi:

– Zebo qani, kelmadimi?

– Tushingga kirdimi? Bir chelak suv bilan ketdi. Domla yoʻq, uxlab qopti, uyiga uygʻotgani yubordim.

Nigora kulimsiradi:

– Qoʻysang-chi shunaqa hazillaringni!

– Hazili yoʻq, domla uygʻonmasa, darsni men oʻtarkanman, hozir dekan aytib ketdi.

– Hazillashganing, hazillashgan. Sal jiddiyroq boʻlgin, – Nigora chiroyli koʻzlarini suzib, dugonasiga qaradi.

– Quvnoq odam doimo xushchaqchaq yuradi. Men boʻlmasam, zerekib qolasizlar! Notoʻgʻri deb koʻr-chi?!

Nigora ba’zi qizlarga oʻxshab ichki kayfiyatini yashirishga noʻnoqroq. Nimani oʻylasa shuni aytib qoʻya qoladi. Toʻgʻrisi bu jihati unga koʻpincha pand beradi. Hozir ham dugonamga aytishim kerak, deb oʻyladi. Zebodan eshitsa, tumshugʻi osilib, mendan yashirdi, deya xafa boʻladi. Aytaversa-chi? Nima deb aytadi? Baribir, Zebo kelguncha aytishim shart, degan qarorga keldi-da, koʻzini eshikdan uzmay sekin shivirladi:

– Lazi, bir narsa aytsam…

– Gapir, ertalabdan jiddiylik toʻnini kiyib kelibsan, ichingda qolmasin.

– Sen kecha toʻgʻri aytibsan.

– Kecha deganing nimasi, men har doim toʻgʻri gapiraman, toʻgʻri soʻz – qilichdan oʻtkir.

– Shu maqollaringni qoʻyib tur!

– Maqol soʻz koʻrki.

– Zarur gap etmoqchiman.

– Qulogʻim oʻzimda, gapiraver! – Laziza ixcham sumkasidan oynacha bilan bir talay boʻyoq olib, labini boʻyay boshladi.

– Kecha uyga borsam, Zebo ammalarini yuboribdi.

Oynachadan koʻzini uzib Nigora tarafga burilgan Laziza qalam surtilgan qovoqlarini kergancha baqrayib qoldi:

– Mana buni yangilik desa boʻladi, kechadan beri yorilmaganingni qara, nega telefon qilmading? Lekin Zebo kelsa, jensovetga masalasini qoʻyamiz, bizdan bemaslahat ish qilgani uchun! Xoʻsh, kimiga oboribdi?

Nigoraning koʻzlari yulduzdek chaqnadi. Lablari javobga shaylanganda, eshikda sumkasini quchoqlagan Zebo koʻrindi.

Auditoriya talabalarga toʻlib boʻlgan, gʻala-gʻovur avjida edi. Kimdir domla kelguncha vaqtni gʻanimat bilib, imi-jimida juftakni rostladi, kimdir bir yoqadan bosh chiqarib qochishni taklif qildi.

Dugonalari yoniga kelib salomlashgan Zeboni Laziza ochiqdan-ochiq chaqib oldi:

– Shuncha ishni yasab qoʻyib, miq etmaganingga qoyilman! Yuraging tosh ekan!

Xuddi shunaqa gaplar boʻlishini bilib, tayyorlanib kelgan Zebo dugonasining zaharli pichingidan xafa boʻlmadi, qaytanga kulib:

– Oying maqol etib tuqqanmilar seni!

– Oyim baqirib tuqqanlar, savollar bormi? – dedi uzun kipriklariga tush surtayotgan Laziza, – lekin seni bu qilmishingni hech qachon kechirmayman, nima, aytsang men borib ammalaringni aynitib kelarmidim?

Kelgandan beri Nigoraga xavotirlanib qarab-qarab qoʻyayotgan Zebo undan soʻradi.

– Sen-chi ? Sen kechirasanmi, xafa boʻlmadingmi?

Zebo dik oʻrnidan turdi:

– Uni nomidan men kechirmayman, juda xafa, oʻzi senga aytolmayapti, ustingdan arz qilamiz.

– Xafa boʻlmanglar, shunaqa boʻlib qoldi. Oldiniga nima gap, nima soʻz dedim. Kecha toʻsatdan boramiz deb qolishdi. Uydagi ahvolni bilasan-ku, ammalarimni gapi-gap, qaytarolmaymiz, u-bu desam, oʻzing topib, endi oʻzing oborging kelmayapti deyishdi!

Dam-badam eshikka qarab-qarab qoʻyayotgan Nigora oʻzida bir kuch, jasorat hosil qilib, oxiri soʻrashga botindi:

– Ibrat keladimi?

– Bilmadim, gaplashganim yoʻq, – Zebo negadir uning savoliga ahamiyat bermay gapida davom etdi. – Xullas, kecha xursand boʻlib kelishdi. Ammam hoynahoy kechasi bilan uxlamay chiqqan boʻlsalar kerak. Meniyam rosa duo qildilar. Onasi ham qudang bormi desa bordek, onasini koʻrib qizini ol, kennoying ham rosa yoqibdi, mulozamatni oʻrniga qoʻyarkan deyishdi. Senga-ku, oshiq boʻlib kelishdi. Oʻzing ham rosa koʻzga yaqinsan-da, hammaga yoqasan. Qara, hammasi yaxshi oʻtdi, oldindan aytganimda, nima boʻlarkin, deb oʻylab yurarding-ku, toʻgʻrimi? Rustam akamga ham oʻzingga bildirmay turib koʻrsatdim, bilsang uyalib, xijolat boʻlarding. Ularga ham juda yoqibsan!

Butun vujudi quloqqa aylangan Nigora talmovsirab qoldi. Koʻzlarini pirpiratib, burnini yolgʻondan tortib qoʻydi.

– Kim deding?

– Rustam akam! Ismlari – Rustam, endi koʻrsang kerak. Qalay, yaxshi ish qipmanmi?

Nigoraning tomogʻiga bir narsa tiqildi, nafasi yetishmagan kishidek esankirab, boshi aylandi. «Nima deyapti?! Rustam? Qanaqa Rustam?»

Shu asnoda xonaga domla kirib kelib, hamma oʻz joyini egalladi.

Nigora uch para dars qanday oʻtganini bilmadi, qulogʻiga raxit, suyak sistemasi, koʻkrak qafas, katta liqildoq kabi soʻzlardan boshqa hech narsa kirmadi. Tizzasida qaltiroq turib boʻshashdi. Yonida oʻtirgan Zebo labi-labiga tegmay nimalarni gapirar edi, lekin hech nimani eshitmadi, hech nimani anglamadi. Yo tavba, bu qanaqasi boʻldi, oʻzi kim sodda ekan, onasimi, yangasimi yo oʻzimi? Qulogʻida kelinoyisining kechagi gaplari aylanaverdi. «Agar kuyov boʻlmish Nigoraga yoqsa, bas! Kuyov boʻlmish uni zimdan kuzatgan ekan». Gap bu yoqda ekan-u, hammani soddaga chiqarib oʻtibdi-ya! Eng yomoni, kuyov dadasiga yoqsa, bahorda … bahorda toʻy boʻlishi aniq!»

Nigora ilon chaqqandek, qattiq chiyraldi. Rustam kim oʻzi? Yana Zebo yaxshi qilibmanmi deydi-ya, nima ish qilib qoʻyganini bilmayapti. Endi nima boʻladi? Oʻzicha sir saqlagani bilan uyidagilari sezib boʻlishdi. Kecha jinniga oʻxshab ashula aytib oʻynaganimga oʻlaymi, eng birinchi kelinoyisi sezgan, onasi ham laqma emas, dadasiga darrov yetkazgan, Nigor xursand boʻldi, kulib yuribdi degan. Adasiga xuddi shu kerak, tamom, qoʻlga tushdim, oʻzimga oʻzim qildim, toʻxtatish kerak, bir amallash kerak. Ibrat qayerlarda yurganikin? Oʻzi kelsa boʻlmasmidi? Xoʻp, kelganda nima? Gapira olarmidim, uzoqdan koʻrsam duduqlanaman-ku! Ey xudo, buyogʻi qandoq boʻldi? Ibrat eshitganmikan, nahotki hech narsa demagan, demak menga… befarq…

Nigora issigʻi chiqib, asablari toliqqan kishidek, koʻngli choʻkkan holda uyiga joʻnadi. Yoʻl-yoʻlakay Zeboning jagʻi tinmadi: ammasining oʻzidan tortib, hovlilari qanaqa, nech¬ta uyi bor, kelinga nechta xonani berishgani, katta kelinining yonidagi hovliga koʻchib chiqqani-yu, Rustam akasining yoshlikda oʻta shoʻx boʻlib, hammaning undan dodga kelgani, hozir esa ancha quyilib, hammaga yoqadigan yigit boʻlganligi, toʻrt yildan beri qiz tanlab, onasini qiynab yuborganligini va, nihoyat, Nigorani bir koʻrishda yoqtirib qolganligini birma-bir gapirdi. Va oʻzi bilmagan holda Rustamni Ibratga oʻxshashishini ham gap orasida qistirib oʻtdi, ammo shu gapi bilan Nigoraning yuragidagi yarasiga tuz sepganini sezmadi. Yana nimalar dedi, lekin uning keyingi gaplari qulogʻiga kirmadi. Dugonalari bilan xayrlashgan Nigora yuragi ezilib, uyiga borgisi kelmay, vaqtni oʻtkazish uchun xayol surib piyoda ketdi. Oyoqlari ostidagi oltinrang xazonbarglar unga juda sovuq tuyuldi. Bularning nimasi oltin?! Odamlar oʻzlarini aldash uchun shunday oʻxshatishlarni oʻylab topishadi. Mana bu daraxtlar-chi? Barglari boʻlmasa, quruq xodaning oʻzginasi! Xazonbargli yoʻlkalarga ham gʻashi kelib qaradi, nega hammayoq iflos? Kuzda hammayoq isqirt boʻlib ketarkan. Shuni endi angladi shekilli!. Mashinalarning shoshilishini. Nariroqqa borib urib olishsa, keyin bilishadi tez haydash nimaligini. Odamlar-chi, hamma bir-biri bilan urishganmi? Namuncha jahl qilishmasa, hamma yer tepib yurganga oʻxshaydi.

Uyga borishga yuragi bezillab turgan Nigora, tomchilayotgan yomgʻirga parvo qilmay ketaverdi. Har bir qadam uni umidsizlik jariga yaqinlashtirayotgandek edi. «Ibrat, senga mehrimni bergim kelgandi, yulduzlarni tortiq qilgim bor edi. Koʻzlaringga qalbimni joylamoqchi edim, bir qarashingga dunyoni alishmoqchi edim. Seni baxt gullari bilan oʻramoqni niyat qilib edim. Bir ogʻizgina soʻzingga borimni bagʻishlashim aniq edi. Nega shuginani ham qizgʻonding, qizgʻongan kim, senmi yo dunyo?! Mendan yulib, seni kimga tortiq etmoqchi endi? Senga men kerak boʻlmadimmi?! Endi men…

Oradan bir hafta oʻtdi.

Kuz yomgʻiri yeru-koʻkni tushgacha ayamay savaladi, peshinga borib esa qorga aylandi. Derazadan qor uchqunlarini beparvo tomosha qilib oʻtirgan Nigoraning boshida ogʻriq turib, oʻrniga choʻzildi. Necha kunki, oʻqishga bormadi. Bu orada dadasi rozilik berdi. Noiloj, yangasi bilan uchrashuvga bordi. Rustam Ibratga oʻxshar ekan. Nimalar boʻlganini oʻzi ham anglolmay qoldi. Tush koʻrayotganga oʻxshardi. Sovchilar kelishdi. Oh dedi, voh dedi. Na dadasi, na oyisi va na yangasi dardiga quloq berishmadi. Buning oʻrniga nomiga, uyalganidan noz qilyapti, deya unga parvo ham qilishmadi. Endi nima boʻladi? Baxtdan baxtsizlikka bir qadammi bu? Xudoga ohlari yetmabdimi, dunyo shunchalar xasismi? Yonimdagi, yonginamdagi baxtimni ravo koʻrmadi. Yonginamda edi. Har kuni koʻrib turardim, yonginasida nafas olardim. Ovozini eshitardim, bir bahona bilan boʻlsa-da, koʻzlariga qarab olardim. Xayolan suhbatlashardim. Endi shundan ham mahrum boʻldimmi, endi u bilan qanday yuz koʻrishaman?

Yumshoq yostiq unga toshdan ham qattiqroq tuyuldi. Boshini urib-urib olgisi keldi. Oʻzini holsiz sezdi. Yuragi erinib-erinib zoʻrgʻagina urdi. Soʻlgʻin koʻzlari yoshga tashna edi: quyilib kelaverdi, kelaverdi, oxiri selga aylandi.

Shomga yaqin buvilari kelishdi. Fotihaning daragi chiqqandan beri kampirlar serqatnov boʻlib qolishgan. Koʻz yoshidan yostigʻi jiqqa hoʻl, Nigora xonasiga buvisi kirib kelganini sezib, oʻrnidan turmoqchi boʻldi. Ammo kampir «yotaver» degandek uni oʻrnidan qoʻzgʻatmay, yuzlarini, hoʻl sochlarini, peshonalarini siladi.

– Yigʻla, koʻnglingni boʻshatib ol, keyin bir narsani aytib beraman, – dedi.

Shu koʻyi uzoq oʻtirishdi.

– Bolam, unashilgan qizlar har doimo yigʻlashadi, yigʻlamasa ayb qilamiz, – sekin gap boshladi buvisi. – Seniki boshqacha yigʻimi, buncha ezilib yigʻlading, yo bir darding bormi?

Nigora labini tishladi. Dilidagini buvisiga toʻkib solgisi keldi-yu, boʻgʻzi¬da¬gisini ichiga yutdi. Nimani aytadi: javobsiz sevgisinimi, yo adashganinimi?! Bilmay xursand boʻlibman, ertasi aniqlasam, boshqasi ekan, men sevgan yigit faloncha deydimi? Birovga aytadigan gapmi shu?!

Nigora alam bilan boshini har yonga tashladi.

Buvisi uning koʻnglini angladi shekili:

– Bunchalik yigʻiniyam xosiyati yoʻq, bolam, onang ezilib ketadi, – dedi nasihatli ohangda. – Ne orzuda toʻy boshladi, dilini xira qilib qoʻyma. Yolgʻizgina qizisan, endi buvingni eshit: xudo xohlasa bir kuni senam nevaralaringga aytib berarsan… Ayol boʻlish ogʻir, biz ayollar beoshyon yaralganmiz, ana shu beoshyonligimiz baxtimiz boʻladi. Sababi tugʻilganimizda – otamizning uyida, erga tegsak – erimizning uyida, qariganimizda – bolalarimizning uyida yashaymiz. E’tibor bergina baxt qayerda! Oshyoni bor ayol – baxtsiz boʻladi. Yo otasi yoʻq, yo eri yoʻq, yo farzandi yoʻq. Men shu beoshyonligimga allohga minglab shukronalar aytaman. Otangning uyida tugʻilding, unding, oʻsding, vaqt keldi, nikohga kirasan, seni nikohing sulolamizga yangi halqa ulaydi. Nikoh ostonasining u yogʻidagi murakkab dunyo – oila. Shunisi esingda tursinki, oilangdagi ozgina quvonch yoki tashvish hammaga barobar. Oila qurib, farzandli boʻlishing kerak. Ayollarning burchi – naslni davom ettirish. Farzand – oila umrining davomi. Men hayotga keldim, oila qurdim, bir umr Toshkandan chetga chiqmadim, bir kun bir joyda ishlamadim, hayotim beiz ketdi deysanmi? Agar shundoq fikr qilsang bu notoʻgʻri, men juda baxtli kampirman, sakkizta farzandni tarbiyaladim, uyladim, joyladim, oʻzim oʻqimagan boʻlsam ham ularning hammasini oʻqitdim, yigirma ikkita nevara, oʻn toʻrtta evara koʻrdim, nasib qilsa chevara ham koʻraman, hayotim mazmunli oʻtdi. Mazmuni – togʻalaring, onang, xolalaring. Umrim shularda, mana sendek ajoyib nevaramda davom etadi. Qani endi ayt-chi, nazaringda, men qanaqa yashabman?

Nigora buvisiga hayrotomuz tikilib qoldi. Demak, hayotning mazmuni – farzand. U shuning uchun ham oila qurishi kerak, naslni davom ettirish uchun… Nimanidir tushunganday edi u. Notinch qalbiga sokinlik tashrif buyurganidan oʻzi ham lol boʻldi.

Buvisi bosiq, ammo shirali ohangda davom etdi:

– Eng baxtli kunim qaysi, bilasanmi? Togʻalaring bir uyga toʻplanishgan kun! Qachon xursand boʻlaman, bilasanmi? Hali u xolang, hali bu kelinoying olib ketib qolganda. Birining kelini tugʻadi, birining qiziga sovchi keladi. Bir ishga yaramasam ham bosh-qosh boʻlib oʻtirganim, bolalarimga madad boʻlganim uchun quvonaman. Qara, qancha quvonchli damlarim bor. Kel, endi sen menga va’da ber, oʻzing chiroylisan, nevaralarimning ichida eng chiroylisisan, toʻyingda bundanam chiroyli boʻlasan-u, meni shundoq nevaram bor deb, kerilib oʻtiraman. Quda menga sarpo qoʻyadi. Oilali boʻlasan – oilangdagi sadoqat baxtning kaliti, esingda tursin, uyingda yaxshilik yashasa, yomonlik kira olmaydi. Sabr¬li boʻlib, irodani qoʻlga olasan, irodali odam har qanday baxtsizlikni yenga oladi. Qoʻsha-qoʻsha farzand koʻrasan, oʻqishingni oʻylamay tugʻavergin, onang boqishadi, boshqa nima ish ham qilardi? Qariganingda bir etak nevara-chevaralaring ardogʻida yayrab-yashnab oʻtirasan. Xuddi oʻzingga oʻxshagan nabirang boshi boylanganda hunar qilsa, meni gaplarimni xuddi oʻziday qilib yetkazasan, keyin uyning toʻriga osib qoʻyilgan suratimning oldiga kelib, buvijon, va’damni bajardim deysan. Soʻz berasanmi?

– Buvijon! – Nigora buvisini qattiq quchoqlagancha yigʻlab yubordi.

– Yigʻlama, ikkalamiz birga suratga tushsak boʻlarkan.

Nigora buvisini yanayam qattiq quchoqlab oldi.

– Kelishdikmi, va’da berasanmi?

Nigora ohista bosh irgʻadi.

– Oʻzim oʻrgilay, bu yigʻing boshqacha chiqdi, endi xotirjamman. Nikohim kuni men ham shunaqa yigʻlagan edim. Boʻldi endi, chehrangni ochib yur. Yur, men bilan qaynonang qilgan kiyimliklarni koʻramiz, bu yogʻi toʻy, bolam, xudo quvvat bersin. Iloyim borgan joyingda tup qoʻyib, palak yoz, omin.

Kampir yuziga fotiha tortib, hansiragancha oʻrnidan turdi.

Toʻy

Oppoq gullagan sershox bodom daraxtining guldor qoʻlchalari orasidan jilma¬yib qaragan ona quyosh toʻrt tomoni gir aylana imoratli hovli uzra zar kokillarini taraydi, yengil shabada yam-yashil maysalar yuzini silab oʻtadi. Oynavand uy yonidagi temir oʻchoqning kuli olinmagan, yarim yongan oʻtinlarning uchlari asalarining qornidek taram-taram oq, qora aylana holatda qolgan. Hovlida kuymalanib yurgan ayollarning biri supurish-sidirish, boshqa birlari idish-tovoqlarni yuvish, yana birlari bugun oʻtkaziladigan kelinsalom marosimining kam-koʻstlarini toʻldirish, toʻgʻrilash bilan ovora.

Toʻy-marosimlarning ob-havosini yaxshi bilgan qoʻshni ayol – Rahbar xola oʻchoqboshiga kelib, tayyorgarlik ishlarini birma-bir kuzatib, hammani savolga tutadi:

– Toʻqqiz-toʻqqizga qoʻyiladigan narsalar qani? Obchiqib ravonga terib qoʻyave¬ring¬lar, ayb boʻlmaydi! Qudalarning patnislari tayyormi? Dilorxon, qaymoqqa odam joʻnatdingizmi?

– Qaynegachim yoʻldan biratoʻla olib kelaman degandilar, aya!

– Undoq boʻlsa yaxshi, Dilorxon! Bittada yaxshi kutmasangiz, qiz bergan joyi das¬turxonli emas ekan, deb ketishadi. Qaynegachingizni esidan chiqaradigan odati yoʻqmi ishqilib? Oʻchoqboshini taxt qilib, sarpo-surugʻingizni bir qarab beraman, kimga nima qoʻyasiz? Ovsin-ajinga yaxshi narsa qoʻying, opa-singil gap chiqarmaydi! Qayinboʻyinining ishi qiyin, qudasiga shu aytgan, ovsinimga boʻlaveradi degan! Qudaning yuzini shuvut qilib qoʻymaylik, qudachilik ming yilchilik aylanay!.. Somsani qaynoq kirgizamiz.

Oʻchoqboshidan chiqib tavonxonaga yoʻl olgan kampir bir nima esiga tushgandek ortiga qaytib, sekingina qaynonadan soʻradi:

– Koʻrmanangizni tayyorlab qoʻyganmisiz? Tagʻin shoshganda yugurgilab qolmaylik!

– Xavotir olmang, aylanay, hammasi taxt!

Quyosh qiz uzatib kelgan ayollarning oldiga quyilgan taomlarni oppoq nurlari bilan siypalab oʻtib, ularning koʻngliga hovlini tomosha qilish zavqini soldi. Kecha yugur-yugur bilan hovlini koʻzdan kechira olishmagan edi. Toʻy oʻtdi, hammayoq tinchidi, qorin ham toʻydi, endi qiz tushgan joyni bir aylanib koʻrishmasa, ayol zotining koʻngli tinchirmidi?!

Hovli unchalik katta emas. Oltitagina pogʻonadan iborat sement zinapoyadan koʻtarilib, panjarali uzun ayvonga, undan mehmonxonaga kiriladi. Mehmonxona derazalariga nafis neylon pardalar tutilib, toʻrga ancha-muncha qimmatbaho mebelь qoʻyilgan. Ulardan oldin kelin tushgan uyga kirgan ayollar: «Bunisi falon pulli garnitur ekan, chinniyu-idishlar, yapon servizlarini, oyoq tagiga solingan gilam ham yomon emas», deb oʻzlaricha shivir-shivirlashib yurishardi.

Yon tarafdagi eshikdan yotoqxonaga kiriladi. Oʻrtacha kattalikdagi xonaga toʻq rangli yotoqxona mebeli oʻrnatilib, devorlariga palak, choyshablar osilgan, baland oynavand javon yoniga ikkita sandiq yonma-yon qoʻyilgan, ustiga duxoba, atlas, koʻrpa-koʻrpachalar tekis taxlanib, yostiqlar qator terilgan.

Oʻzini kuzatayotgan ayollarni katta toshoyna orqali koʻrib turgan kelinchak oqchil-tekis yuziga, bu yaqin orada mung nimaligini bilmagan ohu koʻzlariga, chiroyli tabassum uchun yaralgan nozik lablariga, nafis nim qizgʻish boʻyoq surtilgan yonoqlariga, uzun qora kipriklariga nazar tashlab, yuziga nomigagina upa surtdi-da, qomatiga moslab tikilgan adras koʻylak ustidan quyuq zar berib ishlangan peshmatini kiyib, yelkasiga tushgan tim qora sochlari ustidan doʻppisini bostirdi. Shu asnoda beqaror koʻzlari bilan koʻzgudagi aksiga tikilib, oʻz husni malohatidan mamnundek shirin jilmayib qoʻydi. Qaysi goʻzaldan kam? Xudoga shukr, oydek husni, oʻziga yarashgan qaddi-qomati, hammaning havasi keladigan chiroyi bor. Yaxshiki, bir ozdan keyin yuziga roʻmol yopib olib chiqishadi, aks holda, koʻz, nazar, kinna degan qora-qusurlar oʻrab olishi, oyoqdan yiqitishi tayin.

Tashqarida boshlangan qoʻshiq bir oz erish tuyulib, koʻngliga hayajon soldi.

Kelinchak-o, kelinchak, bu dunyo bir halinchak,

Chimildiqqa kiraver-o, kuyov bagʻri belanchak!..

Boyadan beri goʻzalligidan mamnun, koʻzgudan oʻzini ololmayotgan kelinchagimiz koʻzlarini yashirishga joy topolmay qoldi: tundagi shivir-shivirlar...

Eshik ochilib, qoʻlida bir dasta dastroʻmol bilan yangasi kirdi:

– Boʻp qoldingizmi, qizposhsha?

Kelinchakning yuragi duk-duk urdi, qulogʻi devorga, tili kosovga aylandi. Lov-lov yongan yuzini koʻtarsa, yangasi koʻnglidagini bilib qoladiganday tuyulib, boshini qoʻyi egdi.

Yangasi uni sekin turtdi:

– Boʻla qoling, salomga chiqamiz!

Doʻppisi tagidan dastroʻmollarni qistirib, eshik oldiga borganda, uzun yaltiroq yopinchigʻini yopar ekan, yangasi tayinladi:

– Salom manavunaqa boʻladi deb, ja-a egilvormang! Yarim egilsangiz, chiroyli chiqadi. Men qanaqa salom qilganim, esizdadir-a?

Dastroʻmol tagidan chinni jarangidek yoqimli kulgi eshitildi.

Uzoq-yaqin amma-xolalar, qoʻni-qoʻshnilar, egachi-singillar ataganlarini qoʻl¬la¬rida tutganlaricha navbat kutishyapti. Kattayu-kichik tartib bilan kelib, salom olib qaytmoqda. Quda taraf sovgʻa qaytarish bilan ovora. Kimdir mamnun, kimdir hayajonda, kimningdir esa ensasi qotgan, kimdir shu yerda ham tanish-bilishchilik deya norozi toʻngʻillaydi.

Ilk bahor gulidek oppoq ochilgan kelinchak oʻz baxtidan yayrab-yashnab salom qilyapti.

Toʻqqiz qizning xaridori,
Yigitlarning sardori
Qaynogʻalariga salom!
Makkatillo yoʻlida,
Joynamozi qoʻlida
Amma poshshalariga salom!
Oʻgʻil tugʻib kerilgan
Qaynonalariga salom!

«Qaynonam?» Kelinchak bir damgina boʻshashdi, titradi. Qaynonadan xushboʻy atir hidi taralib, shirin hisni tuydi. Qoʻllari issiqqina, muloyim ekan. Uzukni avaylab taqib, oppoq yopingʻichini salgina ochib, yuzidan oʻpdi.

Qosh-koʻzlari pilikdek,
Oshga solgan ilikdek
Ovsinlariga salom!

Ovsini hayallamadi, zuv yetib kelib, koʻrmanani berdi-yu, yuzini shart ochdi... bu xonadondagi birinchi chehra, charaqlab kulib turibdi. Koʻz-koʻzga tushganda quvonib ketishdi. Ovsini koʻrishganda u ham yuzidan oʻpib oldi. Koʻzida mehr koʻrib, yuragi birpas tin olganday boʻldi.

Yuzocharga jajji bolachani koʻtarib kelishdi. Uning doʻmboq qoʻllariga koʻzi tushib «vuy shirinligini, meniyam shunaqa...» deya havas bilan intikdi.

Kelinsalom marosimi nihoyasiga yetgach, buvisi uzundan uzoq duo qildi: «Yuzing iboli, koʻzing hayoli boʻlsin, qoʻsha-qoʻsha farzand koʻrib, uvali-juvali boʻlib, oʻzingdan koʻpaygin, omin».

Bahor oqshomi tashrif buyurganda, moʻ’jaz hovlida qadam tovushlari siyraklashib qolgandi.

Onasini kuzatgan Nigora koʻngli buzilib, koʻz yoshi qildi. Begona joy kishiga bir oz yomon ta’sir qilar ekan.

Yangasi uning qizargan koʻzlariga qarab, nasihat qilishga oʻtdi:

– Qiz zotining boʻlgani shu! Oyijonimizning dillarini xufton qilib joʻnatdingiz. Oʻzlari bir ahvolda edilar. Ovsiningiz kirsa, nima deyishni bilmasdan qoldim. Yaxshi juvonga oʻxshaydi, ishqilib yulduzinglarni issiq koʻrsatsin! Boʻldi endi, hadeb yigʻlasangiz boshingiz ogʻrib qoladi. Keling, undan koʻra narsalaringizni joylab beraman. Siz qarab turing! – Ular birgalikda sovgʻa-sarupolarni taxlay boshladilar. – Menga qarang, – dedi yangasi. – Supurgini ushlashingizdan bilib olishadi qanaqaligingizni. Hamma narsaga hushyor turing, uy yigʻsangiz, avval qaynonangiznikidan boshlang, kir yuvsangiz ham qaynonangiznikidan boshlang, uxlab qolsangiz bir chetda dovdirab turmasdan, kechirasizlar deb, darrov ishga kirishing, oyoq kiyimlarni kechqurun tayyorlab qoʻying, him... yana nimaydi? Ha-ya, moʻljalni hali bilmaysiz, goʻsht-yogʻni loʻmba-loʻmba ishlatib yubormang, soʻrab keyin soling, oʻzi nima qilsangiz ham oyijoningizdan soʻrab, keyin bir ishga kirishing, tushundingizmi? Oʻshanisi tinch, oʻzboshimcha deyishmaydi. Bir joyga boradigan boʻlib qolsanglar, imillamay otlaning, lekin darrov eshikka chiqib olmang, koʻchaga desa doim tayyor turadi deyishmasin.

Oqshom shamoli oʻz qoʻshigʻini boshladi. Unda kelinchakning qalb titrogʻi, hayajonga toʻla koʻzlari, intikib nafas olishi va visol zavqi ham bor edi.

Doʻstmi Yo Duxtir?

Baland boʻyli yigit ancha vaqtgacha tugʻruqxona atrofini aylanib yurdi. Qoʻlidagi sigaretni yoqishni xayol bilan yo unutdi, yo xohlamadi, qoʻlida aylantira turib, uloqtirib yubordi, bir oz fursat oʻtib esa boshqasini oldi, soʻng daraxtlar panasiga oʻtdi va bir ozdan soʻng jadal qadam tashlab, bosh bino tarafga ketdi.

Hozirgina konsiliumdan chiqqan Rustam bilan Xayrullo shifokorlar xonasiga kirishdi. Ortdan qadam tovushlari eshitildi. Eshik zarb bilan ochildi-yu, xonaga hech kim kirmadi. Chamasi eshikni tortgan odam fikridan qaytdimi, joyida qotdi.

– Kiraver, Umid ! – dedi Xayrullo.

Barvasta yigit kirdi va iztirob bilan unga tikildi. Aytadigan gapi ogʻirligidan, ichidagini sirtiga chiqarolmadi.

Xayrullo unga dalda berdi:

– Uka, sal qovogʻingni ochib yur, koʻrganlar nima deydi? Boya shuncha gaplashdik, hozirgina professor bilan ham maslahatlashib chiqdim. Hozir yana xotiningning oldiga kiramiz. Sen ishingga boraver, tirikchilikdan qolma, bu yogʻi yaxshi boʻladi!

Yigit miq etmay chiqib ketdi.

Xayrullo uning ortidan achinib qarab qoldi:

– Ertalabdan beri ketmaydi. Nosirovaning eri. Xotini operatsiyaga koʻnmayapti!

– Nima boʻladi endi?

– Aslida operatsiya bilan tugʻdirishga qarshiman. Koʻp kuzatdim, tabiiy yoʻl bilan tuqqan ayollarga qaraganda, keserevo bilan tuqqan ayollar, nisbatan bolasiga bemehrroq boʻlishadi. Ammo mana bunaqa holatlarda... bilmadim... boshqa iloji boʻlmagandan ke¬yin... Men professor bilan oldiga kirib chiqaman. Sen, hoynahoy, kirmasang kerak?!

Rustam kresloga suyanib, iljaygancha bosh chayqadi. Xayrullo kasallik tarixini koʻtarib chiqib ketdi.

– Nosirova yigirma bir yoshda, birinchi homiladorlik, birinchi tugʻruq, nefropatiya, qirq birinchi hafta….,

Professorga erinmay bayon qilgan Xayrullo, ayolni koʻzdan kechirdi, «shishgan, anchagina shishgan, qovoqlari osilib turibdi, koʻzlari kichkinalashib ketgan, bir paytlar juda husndor boʻlgan koʻrinadi. Beozorgina, muloyim. Xuddi ayb ish qilib qoʻygandek, xijolat tortib, har bir savolga javob berishdan oldin, uzun-uzun kipriklarini pirpiratib olib, keyin koʻzlarini bir nuqtaga qadab, ohista gapiradi. Dardga ogʻir ekan».

Professor koʻzoynagini taqib, Xayrulloning qoʻlidan kasallik tarixini oldi. Bir boshdan, shoshilmay varaqlab, qaytadan oʻqib chiqdi.

– Otangiz yo onangizning qon bosimlari osharmidi?

– Adam… qon bosimidan vafot etganlar.

– Homilador boʻlmaguncha oshmaganmidi?

– Yoʻq.

Keksa professor quyuq qoshlarini chimirib xayolga toldi. Umr boʻyi ilm bilan mashgʻul boʻlgan odamlar hissiyotga berilishmaydi. Balki shuning uchunmi, odamning koʻnglidagini seza olish qobiliyatidan mahrum ular. Ba’zilari gapga noʻnoq. Aslida birov gapni yogʻlab gapiradi, birov tikanak bogʻlab gapiradi. Butun hayoti davomida inson salomatligi va hayotini hamma narsadan ustun qoʻyib yashagan, buni shogirdlariga ham singdirishga harakat qilgan professor ham gapga gul oʻrab gapira olish xislatidan yiroq edi. Shuning uchun ham, toʻsatdan:

– Nega operatsiyaga rozilik bermayapsiz? – deb soʻradi.

Ayol avvaliga jim qoldi, keyin odamning yuragini ezar darajada ogʻir xoʻrsindi, shiftga qarab yotgancha, ikki koʻzidan bir tomchidan yosh sizib chiqib, sochlari orasiga dumalab ketdi. Professor ham, Xayrullo ham savol berilgan boʻlsa-da, javob qaytarilmasligini bilib, uni ortiq qistashmadi. Xonada ogʻir sukunat choʻkdi.

– Qizim? – professor guldiragan ovozda mehr bilan salmoqlab gap boshladi. – Kelganingga bir oydan oshibdi, ahvoling… qoniqarli emas. Qon bosiming baland, kamqonsan, buyraging anchadan beri kasal ekan, koʻpincha qizlarda buyrak kasalligi bilintirmay kechadi. Yo turmushga chiqqach, yo homilador boʻlgachgina oʻzini bildiradi. Sen hozir ikki kishi hayoti uchun javobgarsan. Ona boʻlish arafasidasan, ona boʻlish mas’uliyat, buni his qilmaslikka haqqing yoʻq! Bunaqa ishda qaysarlik yaramaydi. Eng muhimi, farzandni sogʻlom dunyoga keltirish. Gaplarimni oʻylab koʻr. Rozi boʻlsang, ertaga operatsiya qilamiz. Choʻzishdan naf yoʻq. Salomat boʻl.

Professor ogʻir qoʻzgʻalib, eshikka qarab yurdi, Xayrullo unga ergashdi. Saida oʻzini qiynab yurgan ogʻir xayollar girdobida qolaverdi.

Kasalxonada kunlarning oʻtishi juda qiyin. Shiftga qarab yotish ham, derazani kuzatish ham bir zumda joningga tegadi. Xayolida yana oʻsha savol charx urdi: «Hech iloji yoʻqmikan?» Qon bosimi koʻtarildi shekilli, boshi loʻqillab ogʻridi. Ana, hozir hamshira dorisini koʻtarib yugurib kelib, tomiriga ulab qoʻyadi. Shu bilan qimirlamay ikki soat yotadi. Uyiga ketsa, yaxshi boʻlib qolarmidi?!.. Eri qachon kelarkin? U ham qiynalib ketdi. Toʻtidek bitta gapni qaytaradilar: «Qahramonlik qilmay operatsiyaga rozilik beraver!». Koʻproq oʻzidan xavotir olyapti. Xoʻp, ana, operatsiya-ku bir zumda oʻtar, lekin keyin-chi? Tigʻ tekkan odam yarim jon boʻlib qoladimi? Buni oʻzidan boshqa hech kim tushunmaydi. Keyin u yogʻi dardisar, hisobli! Yana qachon farzand koʻradi, koʻradimi, yoʻqmi, tugʻishi muammo boʻlib qolmaydimi?! Oʻgʻillari koʻp boʻlishini xohlaydi. Operatsiya qildirsa, toʻrt-besh yilsiz tugʻmay yuradi.

Shu ogʻir oʻylovlar iskanjasida Saida kechgacha yotdi. Har zamonda bolasi qimirlab qoʻyadi. Bechora rostdan ham havo yetmay qiynalyaptimi?! Tezroq yorugʻ dunyoga chiqqisi kelgandir. Xudbinman shekilli! Oʻz manfaatimni koʻzlab, bolani oʻylamayapmanmi! Keserevosi qursin. Kim oʻylab topgan ekan…

Qaysar… Yuliy Sezarь birinchi boʻlib ona qornidan yorib olingan bola. Sarkarda, davlat arbobi, yana yozuvchi ham boʻlgan. Uning ham bolasi shunaqa aqlli boʻlarmikan? Oʻzi oʻgʻilmikan yo qizmi? Qiziq, oyim qizligingni sezganman derdilar! U-chi? U hech narsani sezmayapti.

Eshik ochilib, yengil shippak tovushi eshitildi, xonaga kirgan odam ichkaridan eshikni berkitdi.

Saida koʻzlarini ochdi. Xona nim qorongʻi edi.

– Nega qorongʻida yotibsan? – Xayrullo chiroqni yoqqach, karavot tepasiga keldi. – Iye, yigʻlayapsanmi?

Saida hazin jilmaydi.

Ajoyib odam! Goh sizlaydi, goh ming yillik qadrdondek sensirashib ketadi. Muomalasi samimiyligidan Saida unchalik ogʻrinmaydi. Xalati yoʻq, hali ketmabdimi yo navbatchimi? Saida oʻrnidan turmoqchi edi:

– Yotaver, qimirlama, faqat boshingni sal koʻtarib ol! – dedi . – Xoʻsh, yemay-ichmay, tarki dunyo qilib yotibsanmi? Seni oʻrningda boʻlsam bunaqa qilmasdim.

Saida ogʻir nafas oldi.

Xayrullo uni savolga tutdi:

– Ering bilan baravarmisizlar?

Saida «ha» ishorasini qildi.

– Oʻxshab ham ketasizlar, qarindosh emasmisizlar?

– Yoʻq, birga oʻqiganmiz.

– Muhabbatmi?!

Saida uyalib, kulimsiradi.

– Endi senga jiddiy savol!

Saida nima savol berarkin deya, koʻzlarini katta-katta ochib hayratlandi.

Xayrullo uning koʻnglini sezgandek:

– Sen hayron boʻlma, savollarimni tugʻishingga aloqasi yoʻq. Shunchaki sen bilan bir dardlashib oʻtirgim keldi, bugun navbatchiman, toʻyingga qancha boʻldi? – deb soʻradi.

– Ikki yil.

– Yaxshi yashaysanmi?

Saida yelkasini qisdi.

Xayrullo:

– Birovdan oldin, birovdan keyin degin, – dedi va oʻzi javob berib qoʻya qoldi: – Shu ikki yil ichida eringga tekkaningdan hech afsuslandingmi, yoʻqmi?

Saida bu qanaqa be’mani savol, degandek ensasi qotdi. Xayrullo buni pisand qilmay savoliga javob kutdi. Saida javob qaytarishni xohlamasa-da:

– Yoʻq, – dedi.

– Eringni yaxshi koʻrasan, koʻrinib turibdi, bilasanmi, Ibn Sino kasallariga nima derkan? Biz uch kishimiz, men – tabib, sen – kasal, u – kasallik. Agar sen, men tarafga oʻtsang, u yengiladi. Bordiyu, u tarafga oʻtib olsang, ikkalangni yengishim qiyin. Men ham shundoq buyuk odamlarning usulini davom ettirib, seni oʻz tarafimga taklif qilaman, nima deysan?

Saida yoyilib kuldi, bosh ogʻrigʻi sal yozildi.

Xayrullo unga jiddiy qaradi:

– Xoʻsh, senga aytsam, koʻnglim aldamaydi. Nimalarni oʻylayotganingni aytib beraymi? Gaplarimga e’tiroz bildirib, ovora boʻlma, chunki haq boʻlib chiqaman. Hozir ering uchun fidoyilik qilib yotibsan, sen qoʻrqoq emassan, qoʻrqoqlar tugʻishdan koʻra, operatsiyaga osongina rozi boʻlib qoʻya qolishadi. Sen eringni oʻylab, operatsiya qildirmayapsan, toʻgʻri topdimmi? Endi, Saida, oʻzingdan qolar gap yoʻq, mendan oʻn yosh kichik ekansan, sendan koʻra koʻproq koʻylak yirtganman, meni gaplarimga kir, kam boʻlmaysan: birinchidan, ering bunaqa fidoyilikni baribir bilmaydi, erkaklar tabiatan shunaqa yaralgan, buni oʻzgartirish qiyin. Men senga shifokor sifatida emas, erkak boʻlganim uchun aytyapman, ikkinchidan, qon bosiming oshgan sari bola qiynaladi, kundan-kunga ahvoli ogʻirlashib boradi, oʻzing kamqonsan, bu bilasanmi, nima degani, bola qorningdaligidayoq bir nechta kasalga yoʻliqadi degani.

Saida gʻalati ahvolga tushdi. Hech qachon bunaqa gaplarni eshitmagan edi. Ajoyib doʻxtir ekan! Xuddi ichimga kirib chiqqanday, yo tavba, nima oʻylayotgan boʻlsam, shuni aytib turibdi. Gipnozchimi? Gaplarini… hammasi toʻgʻri, izohga hojat yoʻq. Birinchi marta bunaqa odam bilan gaplashishim. Hech ham bunaqa suhbatdoshni uchratmagandim.

Saida yoʻqotib qoʻygan qadrdonini topib olgan odamday yayrab ketdi. «Hayotga real qarab yashashni oʻrgan. Xoʻp, hozir seni aytganingni qildik deylik, keyin nima boʻlishini bilasanmi? Oʻzing bir amallab tugʻarsan, hay-haylashib tugʻdirib olishar, bola-chi? Tugʻilish oson jarayon emas, qancha-qancha bolalar tugʻruq paytida kasallik orttiradi. Keyin-chi, kasal bola boqishdan ortiq azob yoʻq! Oʻzingni kechira olmaysan, boshqalarni sogʻlom farzandiga qarab oʻzingni yeb yurasan, sal kattaroq boʻlganda, nega palonchini bolasi yaxshi oʻqiydi, meniki bunaqamas, palonchiniki unaqa, meniki bunaqa deb yurasan. Operatsiya bilan tugʻsam, keyin nima boʻladi deb, oʻylayapsanmi? Lekin bilib qoʻy, birinchi bolang kasalvon tugʻilsa, qolganidan oʻzing voz kechasan, chunki adoyi tamom boʻlgan boʻlasan, gaplarimni tushunyapsanmi? Kasal bola gʻurbatning oʻzi!»

Saida yengil tortib, boʻshashdi. Yuragini siqib, changallab yotgan sim toʻrlar bitta-bitta yechilib qoʻyvordi. Keyin xotirjam tortdi. Yaxshi odam ekan! Xayrulloning koʻzlariga chuqur mehr bilan tikilib, nigohi bilan javob qaytardi.

Xayrullo uning rozi boʻlganini sezdi va soʻradi:

– Ertaga chorshanba, yaxshi kun! Nima deysan?

– Shunaqa qilsam, toʻgʻri boʻladi deysizmi?

– Avvalo har bir ishni xudoga tavakal qilish kerak, undan keyin, senga boya aytdim, gapimga kirsang, kam boʻlmaysan, menga ishonsang ishon, seni zoʻrlash yoʻq.

– Erimdan…

– Ering ikki soatdan beri xonamda oʻtiribdi.

Saida butunlay xotirjam tortdi.

– Kechasi uxlay olasanmi yo…

– Kerakmas, – Saida keskin bosh chayqadi.

– Unda ertalab koʻrishamiz, yaxshi yotib tur.

Bugun quyosh tongni barvaqt uygʻotdi.

Tong Saidaga qizaloq hadya qildi. Xuddi eriga oʻxshaydi. Ingalayotgan chaqaloqni xira yorugʻlik ortidan koʻrdi-yu, yelkasidan togʻ agʻdarilgandek, xotirjam holda uyquga ketdi.

Sirti Tinch, Tubida Gʻalayon

«Shaftolini guli toʻkilganda ham chiroyli, tuproqqa belansa ham rangi oʻzgar¬maydi».

Uzun, jimjimador yengli oppoq koʻylak, lozim ustidan tim koʻk peshmat kiygan Nigora hovli supurayotib daraxtlarni koʻzdan kechirdi. Olma, gilos bor, lekin anor ekishmagan ekan, uning guli juda chiroyli, hidi ham boshqacha!

Ayvondagi telefon jiringlab xayoli boʻlindi.

– Labbay!

– Salomalaykum, Rustam akani chaqirib bering.

Nigora erini zoʻrgʻa uygʻotdi. Hovliga chiqib supurishda davom etarkan, kiyimlarini tezda egniga ilib, koʻchaga otilgan erining orqasidan borishni ham, bormaslikni ham bilmay hayron qoldi. «Choy ichmadilar!»

Mashinasini koʻchaga olib chiqqan Rustam oynasini tushirayotib:

– Ishga chaqirishdi, ogʻir kasal bor ekan. Men kechroq qaytsam kerak, – deya koʻz qisib qoʻydi. Unga javoban jilmaygan Nigora «yaxshiyam qayerga deb soʻramaganim» deb xayolidan oʻtkazdi-yu, chiroyli tabassumi bilan erini kuzatdi. Kelinlik baxtining begʻubor osmonida parvoz qilayotgan kelinchak ayni damda nega ayol kishi tong saharda erimni chaqirtirdi, deb oʻylab ham koʻrmadi.

Asr vaqti boʻldi. Quyosh ertalabdan beri bulutlar orqasiga berkinib, arazlaganday yuzini koʻrsatmaydi. Havodan yomgʻir hidi keladi. Nigora oʻqishga borib qaytdi-yu, har kungidek oshxona, uy yumushlari bilan mashgʻul boʻlib, kun oʻtganini sezmay qoldi. Kech¬qurungi ovqatni qozonga dimlab, koʻchani supurib qaytgach, bekor turmay deb, gʻimirlagancha hovlida ish qidirib yurdi. Qaynonasi ichkarida televizor koʻrayotgan edi.

Gulga kirgan daraxtlar e’tiborini tortdi. Bunchayam chiroyli-a!

Olma daraxtining toʻp-toʻp boʻlib gullagan shoxlariga qancha tikilsa ham koʻzi toʻymadi. Kichkinagina shoxchani sindirib olib, gullarini yuziga qoʻyib, silagisi keldi. Bekorga uvol qilmay, deb sindirgani koʻzi qiymay, pastrokdagi shoxchani salgina egib toʻyib-toʻyib hidlab, keyin qoʻyib yubordi. Uy ichidan qaynonasi chiqib kelayotganiga koʻzi tushib, oshxonaga kirib ovqat suzishga tutindi.

Yomgʻir tomchilay boshladi. Ovqatdan keyin kiyim-boshini almashtirib, pardoz qilgach, qaynonasining yoniga kirib birpas oʻtirdi. Qaynonasi indamay televizordan koʻzini uzmay oʻtiravergach, iymanib, uy ichida ish qidirgandek boʻlib, sekingina yana hovliga chiqdi. Yomgʻirning shivir-shiviriga quloq tutdi. Qorongʻi tunning sadolari ham gʻalati: goh yuragingga quvonch soladi, goh vahima!

Rustamdan haligacha darak yoʻq, kech kelaman degandi. Kelib qolar. Unga oʻrganib ham qoldi. Avvaliga yomon koʻrgani rost. Keyinroq hayiqib ham yurdi. Unaqa yomonga oʻxshamaydi. Ozgina oʻtib iliqlik tuydi. Hozir koʻnglida mehrmi, sogʻinishmi, allanimalar aylanib yuribdi. Ishdan qaytadigan payt boʻldi, deguncha, yuragi betoqat uradi. Gohida… uyda yolgʻiz qolishsa, qafasdagi qush oʻzini u yoqdan-bu yoqqa urganday, qochib chiqishga urinadi. Qachon kelarkin?

Nigora yogʻayotgan yomgʻirga erkalanib, hovlida uzoq qolib ketdi. Boshini osmonga qaratib, koʻzlarini yumdi. Yuziga bitta-bitta kelib urilayotgan tomchilar, xuddi Rustamning nafasi kelib urilayotganday badanini jimirlatdi…

Entikib nafas oldi…

Bir zamon Rustamning qaynoq nafasi kuchliroq urilgandek boʻldi. Qoʻllari belidan quchib, lablari boʻynidan qulogʻigacha sekin koʻtarildi. Shivirlagan ovoz:

– Nega yomgʻirda turibsan? – deb soʻradi.

– Voy?! – choʻchib tushgan Nigora erining kuchli qoʻllaridan chiqishga urindi. Yuragi dukillab ketdi. «Sharmanda boʻldim, kelib qolganlarini!»

Rustam qoʻyvormadi, shivirlashda davom etdi.

– Sogʻindim, meni oʻylab turganmiding?

Nigoraning lavlagidan farqi qolmadi.

– Qoʻyvoring! – yalindi u.

– Uyga yur, koʻylaging hoʻl boʻlib ketibdi, almashtirasan.

– Oyijon koʻrib qoladilar, qoʻyvorsangiz-chi!

Rustam bexos qoʻllarini boʻshatdi, hurkak Nigora ohudek bir sakrab, jilmaygan koʻyi uy tarafga yurdi.

Tuni bilan shivalab yomgʻir yogʻdi. Azonda jiringlagan telefon Rustamni yana ishga shoshirdi.

Xayrullo uni hajv bilan kutib oldi:

– Ha, kuyov bola, bugun kech qolding, kelin qoʻyvormadimi? Kelinga tushuntirib qoʻy. Seni kasallaring boshqacha: poylab oʻtirisholmaydi. Xohlagan payt dardi tutib, xohlagan payt tugʻaveradi.

Rustam pinak buzmadi:

– Navbatchilik qanaqa oʻtdi?

– 6-palatadagi tugʻdi, 11-palata meni tugʻdirdi.

– Yaxshi, eson-omon qutulibsan.

– Eri gʻirt ahmoq ekan, bolasi dimiqib, xotini oʻlay deb yotibdi. Operatsiya qilmaysan, xotinim juda baquvvat, deb onasini boshlab kelibdi. Kechasi bilan talashib, azonda baribir operatsiya qildik, toʻnka, ikki oʻrtada xotini bilan bolasini qiynagani qoldi. Hali rodzaldan chiqmadi, bolasi tepada, ahvoli yaxshimas – asfiksiya. Hozir xabar olib tushdim. Glavrachdan kasal keldi. 6-boʻshagan, oʻsha yerga yotqizdim. Puf desang, tugʻadigan. Qarab turarsan. Men ketdim, xotinim poylab oʻtirgandir. Uch kundan beri koʻrmadim.

– Senga qiyin boʻpti.

– Nimasini aytasan, juda javr boʻldi. Sen uylanganingdan beri uyimga borishim katta muammo boʻlib qoldi, chillang chiqdimi oʻzi? Boʻpti, shundoq uyimga oʻtib kelaman.

Xayrullo polni, hatto eshik-derazalarni ham zirillatib xonadan chiqib ketdi. Eshik yopilishi bilan telefon jiringladi. Xalatini endi kiyib boʻlgan Rustam goʻshakni koʻtardi. Nigora qoʻngʻiroq qilmasligini bilsa-da, oʻzicha tusmolladi, ammo goʻshakdan Umidaning nozli ovozi eshitildi:

– Rustam aka, sogʻindim Sizni-i-i!

– Birpasda-ya, hozirgina oldingdan keldim-ku!

– Nima qilay, rostdanam shunaqa boʻlsa?

– Nima qilishingni aytaymi? Kechga qolmasdan ishga bor. Kechroq koʻrishamiz, xayr.

U tarafdan qisqa-qisqa gudok eshitildi.

Rustam Umidaga qanday ilakishib qolganini esladi. Qizning ota-onasi bu dunyoda kun ham koʻrishmadi. Akasi bevaqt qazo qilib, yurak oldirib qoʻyishdi, shu bois ham bor e’tibor va diqqatlarini yolgʻiz qizlariga qaratib, xudodan unga faqat uzoq umr soʻradilar. Bu orada avtohalokat roʻy berib, ular ham olamdan oʻtishdi.

Umida endi qarib-qartayib qolgan kampir qoʻlida qoldi. Kampir bu gʻamni koʻtara olmayman deb oʻylagandi. Umri bor ekan, farzand dogʻida bir kuysa, oʻsha falokatda nabirasining oyogʻi qattiq jarohatlanib, nuqsonli boʻlib qolganiga yana kuyib yashadi. Oʻgʻli bilan kelinini ma’rakalarini oʻtkazib, bor-buduni beliga tugib, nabirasini katta doʻxtirlarga koʻrsata boshladi. «Qiz bola axir, bolamdan qolgan omonatni nogiron qilib qoʻysam, qiyomatda oʻgʻlim bilan kelinimning koʻziga qanday qarayman», deb eridan qolgan bilaguzuk, kelinining tilla asboblari – barini sotdi.

Lekin Umida tuzalmadi. Oxiri haqiqatni oʻzi ham tan olib, shu mushtiparginani joni sogʻ qolganiga shukr qilib, yashay boshladi. Xudo bir tarafdan siqsa, ikkinchi tarafdan moʻl-koʻl qilib beradi, degan ilinjda yashadi. Tunlari uxlamay, egasiga oʻz qoʻlim bilan topshiray, jonimni olmay tur deb, xudoga nolalar qildi. Ammo nabirasini oʻqishdan qaytishini poylab oʻtirib, omonatini topshirdi

Umida hayhotdek hovlida yashab, tibbiyot bilim yurtini bitirdi, soʻng Rustam yashaydigan kasalxonaga ishga keldi.

Rustam oqsoqlanib yuradigan bu qoracha qizga dastlab koʻpam ahamiyat bermadi. Keyinroq bu qiz unga boshqalardan koʻra, oʻzgacharoq qarashini bilib qoldi. Bu sevgi-muhabbat emas, uni muomalalarida qanaqadir samimiyat, oʻziga yaqin olish, jigariday insonga mehr koʻrsatish kabi harakatlar bor edi. Buni Rustam oradan juda koʻp fursat oʻtib his qildi. U boshqa qizlarga oʻxshab, sharaqlab kulmaydi, biron narsadan qattiq ta’sirlanganda miyigʻida kulib qoʻya qoladi. Hech qachon oʻz fikrini talashib-tortishib, isbot qilishga yoki birovlarga singdirishga harakat qilmaydi. U qanaqadir oʻzga olamda yashaydi.

Esida, oʻshanda sharros yomgʻir yogʻayotgan kun edi. Yomgʻirdan oʻzini pana qilib zoʻrgʻa mashinasiga oʻtirib olgan Rustam, kasalxona darvozasidan chiqayotib uzoqda oqsoqlanib ketayotgan Umidaga koʻzi tushib, hayron boʻldi. Yo tavba, oʻzi sogʻmikan bu qiz? Qoʻlida zontigi yoʻq, oʻzini panagayam olmayapti, na avtobus bekatida turadi, na qoʻl koʻtarib mashina toʻxtatadi. Xuddi ustidan ayamay savalayotgan yomgʻirga qasd qilganday qaddini tik tutib toʻxtamay ketyapti. Astagʻfirullo deya, Rustam mashinasini toʻxtatib qarab turdi. Bu ketishda chaqirsa chiqmaydiganga oʻxshaydi. Rustam ozgina yurib, yana toʻxtadi. Qiz tagʻin oʻsha alfozda ketaverdi. Bir-ikki qattiq-qattiq signal berdi. Jala tovushidan Umida hech nimani eshitmadi. Rustam mashinasini aylantirib, ust-boshi shalabbo boʻlib ketgan qiz qarshisiga koʻndalang qilib qoʻydi. «Oʻtirsangiz-chi, ivib ketibsiz», dedi qat’iy ohangda. Xijolatdan yorilay degan Umida mashinaga oʻtirib: «Yomgʻirda yurishni yaxshi koʻraman», deb qoʻydi.

Rustam qaysi tarafga yurishni soʻrab oldi. Manzilga yetib borguncha ikkalasi ham churq etmadi. Koʻcha boshiga yetganda Umida Rustamning yoʻq deyishiga qaramay, mashinadan tushib qoldi. Eshikni yopa turib: «Yomgʻirni yaxshi koʻraman», deb qayta qistirib oʻtdi. Yomgʻir tovushidan Rustam hech nimani eshitmasa-da, rostanam gʻalati qiz ekan deb, mashinasini haydab ketdi.

Uning nimasidir Rustamni oʻziga tortardi. Qizlarning hech birida undagi fazilatlar yoʻq, ularning hech biri uningdek sadoqatli boʻlmaydi. Magʻrur va fidoyi, vazmin va bosiq. Xuddi sokin daryo. Rustam aynan oʻxshatgan edi. Tinch oqqan suvning tubi shunaqangi gʻalvali ediki… Umidaning koʻngil tubidagi hislar bosh koʻtargandagina – qismat unga nimalarni ravo koʻrganini keyinroq angladi.

Mehr Nima Oʻzi?

Rost aytisharkan, bolaning koʻziga qarasang – mehr quyilib keladi. Bolani emizish rohat, quchogʻiga olish huzur-halovat. Dunyodagi hech bir yumushni, yo hech bir xursandchilikni bolani emizishga tenglab boʻlmas.

Huzur bilan qizini emizayotgan Saida, erini kutib, kelavermaganidan xavotirlanayotgan edi, onasi keldi. Unga qarab, Saidaning doim yuragi achishadi. Qizlariga dadasining oʻrnini bilintirmaslikka tirishib, oʻzini oʻtgayam-choʻqqayam uradi, bechora. Hozir ham sanitar xotindan liq toʻla sumkani berib yuboribdilar: bitta idishda qatiq, bittasida sut, ozgina pechenьe, ikkita chiroyli patir, olma, banan; qavat-qavat oʻralgan bankani ochib qaradi, atala! Sovimabdi. Qaynoqqina kepti. Shakar bilan qaymoq qoʻshib, aralashtirib tayyor qilingan tvorog, sumkaning tagidan ustiga likopcha toʻnkarilgan kosa chiqdi. Doʻmpaygan tugunni yechib likopchani oʻgirdi: tok! Onasi doimgiday yaxshi koʻrgan ovqatini obkepti. Juda yaxshi onasi borda. Saidaga hali ovqat mumkinmas. Inqillab tok tugayotgan onasi koʻz oldiga kelib, ovqatni qaytarib bergisi kelmadi. Ne hasratda olib kelganlar deya dilidan oʻtkazib, idishlarni boʻshatib, avaylab oʻrab sumkaga joyladi. Halloslagan sanitar qora xotin sumkani olib chiqib ketar payti, oynadan onasi chaqirdi:

– Sa-a-ida!

Deraza yoniga yugurgudek boʻlib borgan Saida oynani ochmoqchi edi, onasi baqirdi.

– Ochma, koʻkragingga shamol tekkizasan.

– Tuzukmisan. Bola yaxshimi?

Saida koʻzlarini gʻiltillab bosh irgʻadi.

– Darrov turib, yurib ketmagin bolam, hali moʻrtsan, belingni issiq qilib yur. Paypogʻing bormi?

Boʻgʻziga yigʻi tigʻilib gapirolmadi. Derazadan qaragancha boshi bilan faqat «ha», «yoʻq» ishorasini qilib turdi.

– Koʻp-koʻp sut choy qilib, issiq-issiq ichgin, atalani sovutmasdan darrov ich, qaynogʻida simirvogin, quvvat boʻladi. Suting koʻpayadi, bolam! Chaqalogʻing yigʻloqmasmi, kechasi uxlayaptimi?

Orqasiga oʻgirilib pish-pish uxlayotgan qiziga qaradi. Beozor-ku! Emizmasayam miq etmay uxlayveradi. Saida kulib boshini qimirlatdi. Onasining turishi gʻaribgina boʻlsayam, baxtiyor koʻrinardi. Nabira koʻrish baxt! Nabira boqish – huzurlanish! Onasi Saidadan ham koʻproq xursand boʻlsa kerak. Eng kenja qizining bolasini koʻrdi. Bu kunlarga kim yetdiyu, kim yetmadi. Boshi tepaga qarayverganidan orqasiga sirgʻalib tushayotgan roʻmolini tuzatib:

– Hali opalaring kelishadi, men ertalab nima obkelay? – deb soʻradi.

Onasi xayrlashib ketgach, Saida atala mumkinmasligini bilsa ham, mazza qilib ichdi. Idishning tagida qolgan qiymalarni qoshiq bilan yeb qoʻydi. Shu payt koʻkragiga quyilib sut kelganini sezib, emizgisi keldi. Onasi uyga yetib olganmikan? Qaynonasi hali bir martayam kelgani yoʻq. Onasi doim yoʻq boʻlsayam borday, qaynonasi teskarisi, oshib-toshib yotsayam tomizmaydi. Onasi eri oʻlib bolalariga biror marta noligan emas. Bolalarining koʻnglini oʻksitgisi kelmaydi. Qaynonasi esa noligani-noligan.

Qizini joyiga yotqizib, yana erini kuta boshladi. Nega kelmayaptiykan? Doimo tes¬karisi boʻladi: kutganing kelmaydi.

Xonaga yuzidan mamnunligi bilinib turgan Xayrullo bamaylixotir kirib keldi.

– Xoʻsh, Oybarchinday qiz tugʻdim deb kerilib, kelganlarga xohlaganingni buyurib oʻtiribsanmi? Hazillashdim. Tuzukmisan? Qizing qalay? Onalik hissiyotlaring bilan oʻrtoqlashmaysanmi, ona boʻlish yaxshi ekanmi, ayniqsa kechasi uxlamaganda?

Saida chaqnab javob berdi:

– Kechasi yaxshi uxlayapti!

– Iye, zoʻr-ku! Oʻzing ham omadli ekansan, chilladan keyin kuningni koʻrsatmasa boʻldi. Kindigi tushdimi?

– Kindigi tushsa ketamanmi?

Xayrullo jahli chiqqanini yashirmay ters javob qaytardi:

– Muncha shoshasan, uyingda nima bor? Qiynalasan. Ozgina oʻzingga kelib ol, quvvatga kir. Yaxshiman deb, uyingga shoshilaverma. Ipini olish kerak. Qiynalayotgan boʻlsang ayt, bolaga qarab berishadi. Dorilaringni vaqtida olyapsanmi, u-bu kaming boʻlsa aytaver, tortinma.

Saida roʻparasidagi shifokorga cheksiz mehr bilan tikildi:

Bunchayam mehribon! Shunday mehribon erkaklar ham boʻlar ekan-da. Tomogʻiga bir narsa kelib tiqildi. Zoʻrgʻagina «ha, bor» deya oldi, xolos. Dilining tub-tubidan bir nimalar qaynab chiqa boshladi. Bir ogʻiz shirin soʻz bilan odamning dilini qanchalik koʻtarish mumkin-a!

Xayrullo sekin borib chaqaloqni avaylab koʻtarib, «Senday begʻam boʻlib yuraylik», deb joyiga qoʻydi.

– Uyingga borvolib, polvonlik qilma, oʻzingni ayagin, xoʻpmi? Ovsining bormi? Yaxshi gapirib aldasang, qarashib yuboradi.

Saida bosh irgʻib:

– Men alohida turaman – dedi.

– Obbo, bu yaxshi-ku, lekin manavinaqa paytlarda juda yomon qiynalasan-da. Mayli, eplab ketasan. Boʻlar-boʻlmasga siqilma! Bolaga yaxshi qara. Koʻp-koʻp emiz, yaxshi koʻrib emizsang, suting koʻpayadi. Tagʻin eringni qizgʻanaverib, bor sutingniyam qochirib yuborma.

– E, boring-e ! – Saida qip-qizarib teskari qaradi.

– Toʻgʻrisiyam-da: xotin zoti borki, erini qizgʻanib umri oʻtadi, ikki orada bola sutsiz qoladi. Mayli, qizingni avayla, sal kattaroq boʻlsa, hoʻl meva bilan koʻp-koʻp oqlik bergin, esingda tursin, koʻp oqlik yegan bola, yaxshi odam boʻladi. Chiroyli narsalarga qarab oʻzingni xursand qilib yur. Sen bilan xudo nasib qilsa, toʻrt-besh yildan keyin koʻrishamiz. Tagʻin bir yilda yugurgilab kelmagin, urishib beraman. Buyragingni yaxshilab davolash kerak. Gaplarim qulogʻingda qolsin. Sogʻ boʻl. Muammo chiqsa, bexijolat kelaver. Yordamim tegsa, men xursandman.

Xayrullo chiqib ketar chogʻi, Saida unga chuqur hurmat, cheksiz minnatdorchilik tuygʻusi bilan qarab qoldi. «Qandoq yaxshi odam-a!» Chin dilidan unga qandaydir mehr koʻrsatgisi keldi. Eshik ochilib, yoʻlakka qadam tashlashi bilan ortidan ovoz eshitildi:

– Xayrul… – bu yogʻi juda past chiqdi – …lo aka…

Orqasiga oʻgirilgan Xayrullo nima esingdan chiqdi, deganday qaradi. Saidaning indamay qotib turganini koʻrib, eshikni yopib, qaytib kirdi:

– Nima gap?

– Bir narsa…

– Soʻramoqchimisan? Soʻrayver.

– …

– Gapir, gapir ichingda qolmasin.

– Sizga, siz…

Xayrullo xaxolab kulib, keyin chaqaloqni choʻchitib yuborishdan choʻchib, uygʻotdimmi, yoʻqmi deb, unga qarab qoʻygach:

– Hayajonlanyapsanmi? Bemalol gapiraver, darding borga oʻxshaydi! – dedi past ovozda.

Boya Xayrullo chiqib ketayotganida Saidaning yuragida toʻlib-toshib soʻzlar quyilib kelayotgandi. Minnatdorligini allaqancha gaplar bilan izhor qilmoqchi edi. Aytar mahali kelganda, tili aylanmay qoldi.

– Tavba, bitta tugʻib tildan qoldingmi? Oʻzi bitta tugʻishli holing bor ekan, yana operatsiya qilsangiz, koʻp tugʻa olmayman deb dod solasan! – Xalatining choʻntagiga ikkala qoʻlini solib yaqin keldi.

Saida Xayrulloni birinchi bor koʻrganda juda qoʻpol koʻringandi. Undan keyin u paytda oʻz dardi, xayollari bilan boʻlib, birovning fe’lini oʻrganadigan ahvolda ham emasdi.

Hayotning hamma qonunlari teskari. Uncha yoqtirmagan odami unga hamdard boʻldi. Xayrulloning katta ochilib turgan koʻzlariga qarab, oʻzini tutib olib, sekin gap boshladi:

– Yaxshi odamligingizni koʻnglim sezgandi.

Xayrullo kuldi:

– Men yaxshi odamman oʻzi!

– Men sizdan judayam… qanaqa qilib rahmat aytishni…

Xayrullo uning soʻzini shart boʻldi:

– Menga qara, minnatdor ona! Hayotda shunaqa narsalar borki, odamlarni bir-biriga boʻlgan munosabati, aytadigan rahmati, yo beradigan narsasi bilan oʻlchanmaydi. Odamlar orasida bundanam balandroq turadigan narsalar bor. Sen sogʻ boʻlgin, qizing katta boʻlsin, ering bilan qoʻsha qari. Menga shu kerak. Salomat boʻl.

Saida yuragida toʻlib yotgan hurmat, mehr, minnatdorchilik tuygʻulariga yana bir qanchasini qoʻshib orqasidan qarab qoldi. Suyukli eri tutgan hashamdor guldastadan, hashamdor mashina, yaqin qarindosh-urugʻlarning davrasi bir tomon-u, koʻz oldida kulib turgan Xayrullo bir tomon edi.

Qari Qizning Qismati

Tanholikka mahkum qilingan qizning yegan oshi – zahar, kunduzlari qorongʻi; odamlar orasida kulib yursa-da – bari yolgʻon. Dil tubini yolgʻizlikning xarsang toshlari egallab yotaveradi. Nogiron boʻlib qolganida, ota-onasidan, keyinroq buvisidan ajralganida umid qilgan edi. Hamma narsa tashlab ketsa ham, orzu va umid ketmadi. Oʻsha xarsang toshlar ustida orzu-umid gullari ildiz otdi. Uni oʻsha mudhish kunlardan umidi olib oʻtdi. Shirin bolachali boʻlishni diliga tugib yashadi. Janda koʻngilning ham umidi kimxob, axir!

Unga hech kim rosmana xaridor ham boʻlmadi. Yoshi oʻtib qoldi. Bu orada Rustamni qattiq sevib qolishga ulgurdi. Togʻ-togʻ bilan uchrashmas, lekin Umida …Rustam bilan qovushdi. Taqdirning hukmiga tan bermay iloji yoʻq ekan. «Dilozorlarning barchasi doʻzaxga mahkumdir». Bu hadisda hikmat koʻp. Ozor topgan dil gohida alamga chiday olmay shunaqangi gunohga botadiki, ayniqsa, madda olgan qalb undan qutulish uchun malham izlashga majbur boʻladi.

U yakshanbani yomon koʻradi. Bir kun uyda qolsa, erta qachon kelarkin deb, tars yorilar holatga keladi. Boradigan joyi, keladigan odami boʻlmasa. Haftasiga yetti kun ishlasa ham mayli, ishxonada odamlar orasida yursa boʻldi.

Ertalab vaqtli uygʻongan boʻlsa ham, turgisi kelmay yotaverdi. Quyosh nuri derazadan oʻynoqlab kirib, tursang-chi deb qistalang qildi. Avval peshonasini, keyin yuzini qizdirib, yelkalariga tushganda, beixtiyor turib ketdi. Oqsoqlanib hovlida aylanib yurdi. Qaqrab yotgan hovliga qarab suv sepish kerak deb oʻyladi-yu, erinib oshxonaga kirdi. Bir narsa esiga tushdimi, qaytib chiqdi. Bitta-bitta yurib, koʻcha eshikni ochib keldi. Oʻzini u yoqqa tashlab, bu yoqqa tashlab, oxiri choy qoʻydi. «Biron nima pishirsammikan, xoʻsh... quymoq!» Jovondan un, muzlatgichdan tuxum olib, stol ustiga qoʻydi. Deraza tabalarini ochdi. Kimningdir hovlisida tovugʻi tinmay qaqagʻlayapti. Oynalarga koʻzi tushib, kir boʻlib ketganini payqadi. Qachon artganini eslay olmadi. «Bugun artib olsam boʻlarkan», deb oʻyladi. Quymoq pishirish fikridan qaytib, tayyorlagan narsalarini joyiga qaytarib qoʻydi. «Qayerdadir eski-tuski lattalar bor edi». Oyna yuvishga tutingan Umida, hovlida bolasini yetaklab kirib kelayotgan yon qoʻshnisini koʻrib, yuziga xursandchilik yugurdi.

– Kelinglar! – Umida oqsoqlanishiga qaramay, zinadan yugurgudek tushib, bolachani koʻtarib oldi. Poʻmpillagan yuzlaridan choʻlp-choʻlp oʻpib: – Meni koʻrishga chiqdingmi? – dedi xursand ohangda, soʻng ayolga yuzlandi. – Yaxshi yuribsizlarmi, koʻrinmaysizlaram?.

– Yuribmiz, – Umida bilan birgalashib oshxonaga kirarkan ayol: – Oyijonim, adamiz bilan bozorga tushib ketishdi. Kattam ham ergashib ketdi. Shu bahonada ozgina oʻtiraylik deb chiqib kelaverdik! – dedi.

– Yaxshi qilibsiz, zerikib oʻtirgan edim, – bolachani stulga avaylab oʻtqazib soʻradi: – Nima yeysan? Hozir senga zoʻr narsa pishirib beraman, yeysanmi?

Umida boya joyiga qaytarib qoʻygan narsalarini qaytadan olib, quymoq pishirishga kirishib ketdi.

– Voy nima qilasiz, zarilmi? – dedi qoʻshni ayol va stulning oyogʻiga turtinib, bolasining oldiga keldi, ovqat qilayotganida yogʻ sachrayverib, qorni dogʻ boʻlib ketgan shtapel koʻylagining etagi bilan oʻgʻlining burnini artib qoʻydi.

Umida stolga choynak-piyola, pechenьe, sariyogʻ, qotganroq boʻlsayam non qoʻyarkan:

– Xadichangizni yoʻtali qoldimi? – soʻradi.

– Qoldi opasi, qoʻlingiz juda yengil-da, birpasda tuzatasiz.

– Oling, Dilfuza, choy ichib turinglar, men hozir! – dedi va tovadagi yogʻni qizdirib, jazillatib quymoq pishira boshladi.

Shu ayol Umidaning buvisi oʻlgan yili kelin boʻlib tushgan edi. Maktabni bitirayotganida fotiha qilingan qiz, turmushga chiqib ketma-ketiga bir qiz, bir oʻgʻil koʻrib, roʻzgʻorga kerakli buyumdek, uy ichidan chiqolmay, toʻrt devorning malikasi boʻlib oʻtirib qolgan edi. Lekin axborot yigʻishda undan oʻtadigani yoʻq, qobiliyati zoʻr: kimning hovlisida nima boʻlganidan doim voqif. Kimning kelini nimaga ketib qoldi, kimning eri kim bilan yuradi, muhimi, kimga qanday xabar kerakligini bilib, vaqtida yetkazadi. Gohida kurakda turmaydigan gʻiybatlaridan Umidaning ensasi qotsa ham, yolgʻizlikdan qutqargani uchun eshitaveradi. Nima deyapti, ahamiyati yoʻq, javrab tursa boʻldi. Osh-ovqatni ham eplolmaganidan bolalari ochin-toʻqin gʻingshib yuradi. Qaynona uyda boʻlmasa, bolalarining shoʻri quriydi. Yaxshi qaralmaganidan goʻdaklarning boshi kasaldan chiqmaydi. Ikkala bolasiga qishin-yozin Umida tinmay ukol qiladi.

– Uyga bormaganimga ham ancha boʻlibdi! – dedi Dilfuza piyoladagi ivitilgan pechenьeni bolasiga yedira turib. – Oyimga etsam yoqmagandayroq boʻldi. Birpasda bozorga tushadigan boʻlib qolishdi. Men ham indamay qoʻya qoldim.

– Oʻzi qaynonani minnatdor boʻladigani yoʻq ekan, aytganday, – Dilfuza gap orasiga koʻpincha «aytganday» soʻzini qoʻshib gapiradi. Eriga non kerak demoqchi boʻlsayam, «aytganday, non ola keling» deydi. Umida shu odatini bilganidan, har galgidek, boʻlar boʻlmas gapidir deb ahamiyat bermay ishini davom ettiraverdi.

– Kecha opoqinikiga chiquvdik. Hovliga joy qilib berishibdi. Oldilarida oz-moz oʻtirdik. Xadicha yiqilib tushdi. Roʻmollaridan beruvdilar, tizzasini boylab qoʻydim. Shuni ustiga katta qizlari kelib qoldi. Osh damlashayotgan ekan, suzishguncha oʻtirdik. Gapdan-gap chiqib, anavi oʻlgan ovsinlarining eri bor-ku, shuni uylantirishar ekan. Shunga sizni moʻljallab kelishibdi. Opoqim etdilar, olsa baraka topadigan qiz, baxti ochilsa, arvohlar ham xursand boʻladi deyatuvdilar, qizlariyam qaynogʻamga koʻrsataveramiz deb turgandilar. Lop etib kelinlari : «Boʻlmaydi, oʻziniki bor», deb qolsami?!

Suyuq xamir yuqi togʻorachani yuvayotgan Umida yelkasi osha oʻgirilib:

– Nima oʻziniki bor? – deb hayron boʻlib soʻradi.

– Menam etdim, boʻlmagan gap desam, kelinlari: «Voy, Ahmad akam etganlar, shu choʻloq boʻlsayam yuradi, deganlar», oʻzimam moshinadan tushayotganini koʻrganman deb turvoldi. Unga Mavjuda opam: «Zotingga qirgʻin kelgur erkak zotiga farqi yoʻq, qingʻirmi-qiyshiqmi, nafas olsa boʻldi, yuraveradi» dedilar. Endi ular har zamonda mashinadan tushirib ketadigan boʻyi baland yigitni aytishvotti-da! – Dilfuza shu gaplari bilan Umidaning sirlarini bilib oladiganday bit koʻzlarini unga qadadi. Quymoqning oxirgilarini tovadan olib, laganga solayotgan Umida oʻzini yoʻqotib qoʻydi. Nimalar deb valdirayapti bu? Toʻqmoq tushgandek boshi aylanib, koʻz oldi tindi. Uning uchun bu yaxshi gap emasdi. Zahar ichgan odamdek koʻngli oʻqchib, joyida depsindi: yuzi qorayib, boyagi mehrdan asar ham qolmadi. Yil-oʻn ikki oy yolgʻizlik azobini tortib, baxtsizligidan oʻkinib yuradigan «qiz bola»… bu balo yukini qandoq koʻtarsin?!

Umida karaxt boʻlib qoldi. Uning ahvolini sezgan qoʻshnisi: «Zoyirjonga pishiruvdiz, koʻngliz qolmasin», deya likopchadagi quymoqlarni laganga soldi-da, bolasini yetak¬lab chiqib ketdi.

Umida bir zumda shilinib tushdi. Derazadan tashqari qararkan, quyoshning bulutlar orasiga berkinib, kunning xira tortganini koʻrib, dilini qorongʻilik qopladi. Oʻrnidan turmoqchi edi, nogiron oyogʻi azob berdi. Ixrab-sixrab bir amalladi. Bu nima degan gap? Opoqining oldida ham sharmanda boʻlibman-ku! Opoqi yurolmaydi, koʻchaga chiqmasa, qizi, kelinlarining gapiga ishonib qoʻya qolgan-da. Anavi telba har kuni har xil mashinada keladi degandir. Sharmanda. Qoʻni-qoʻshnilar meni shunaqa yomon boʻlib ketgan deyisharkan-da. Nega? Aybim nima? Yomon ish qilganim yoʻq-ku! Odamlar nega bunaqa gapirishadi? Notavonligim rost-ku! Dahshat. Ey xudo, nega? Ishga toʻgʻri borib, toʻgʻri kelsam, uyimga birov ostona hatlab kirmasa, ortiqcha u yoq-bu yoqqa bormasam. Qayerdan chiqdi oʻzi bu gap? Birov yolgʻondan koʻnglimni olay demasa, bayram oʻtadi, tugʻilgan kunlarim. Biron marta birov nomiga boʻlsa ham tabriklamagan. Oʻzing uchun oʻl yetim, oʻz kunimni oʻzim koʻrsam, birov ogʻirimni yengil qilmasa. Nega? Nega bunaqa gap chiqdi, qayerdadir xato qildimmi? Rustam bir-ikki marta obkelib qoʻygani uchun shuncha gapmi? Yaxshiki, darvozaning tagigacha obkirib qoʻymagani, boʻlmasa… balki koʻchani boshida tushganim uchun shunaqa gap qilishgandir.

Dod deb baqirgisi keldi, ammo baqirolmadi, hatto shu ish ham qoʻlidan kelmadi. Alamzada dil ustiga gʻazab oʻti toʻkilib battar yona boshladi. Yuragi kuydi. Yumshoq yostiqning bagʻri oʻtli koʻz yoshlaridan hoʻl boʻldi. Oʻksinib-oʻksinib, oxiri uxlab qoldi. Ertalab oynaga zoʻr-bazoʻr qaradi. Oʻh-hoʻ! Bir yil yotib yigʻlagan odamday yuz-koʻzlari shishib ketibdi. Bu ahvolda ishga borib boʻladimi? Noiloj kiyindi.

Yuragini qanchalik dard kemirmasin, mahalladan bemalol boshini koʻtarib chiqib ketaverdi. Alam bilan qoʻshilib yonib yotgan boʻlsa ham, hech kimdan uyalmadi, yomon ish qilgani yoʻq axir!

Kasalxona darvozasidan kirayotib Rustamning mashinasiga koʻzi tushdi. Ichkari kirsa, toʻqnash kelishini oʻylab, yuragini bir nima gʻijimladi.

Rustam akasi qadrdon boʻlib qolgan. Hammasini boʻlmasa ham, goho yuz dardining yarmini ayta oladi. Endi-chi? Hamshiralar xonasidan chiqayotib, yoʻlakning boshida bamaylixotir kelayotgan Rustamni koʻrdi-yu, indamay oʻtib ketdi. Bundan ajablangan Rus¬tam: «Kayfiyati yoʻqrogʻmi?» deb oʻyladi. Umida unga yaqinlashishdan choʻchidi. Negadir birinchi marta shunaqa boʻldi. Qoʻshnilarning igʻvosida Rustamning aybi yoʻq! Lekin gap-soʻzlarga qolmasligi uchun undan ayriladimi endi?! Ayriliq yomon. Bir paytlar dunyoda eng yomon narsa ayriliq deb eshitgan edi. Umida yosh boʻlsa ham, zaharli alamini koʻp tortgan. Ammo ota-onasi vafot etganda juda yosh, buvisidan ajralganda esa, yigʻlab-yigʻlab taqdirga tan bergan edi. Hozir bir narsani chuqur his qildi. Oʻlib ayrilish oson ekan, ammo tirik odamdan ayrilish – oʻlimdan yomon. Ayniqsa, zarracha suyanch unga togʻdek madad berib turgan bir paytda Rustam bilan yaqinlashib, omonatgina boʻlsa ham unga suyanib yurdi. Endi oʻz xohishi bilan ajraladimi?! Azob-ku! Bunga chiday olmaydi!

Har kungidek ishini tugatganlar kun qaytishi bilan uyiga oshiqadi. Umida hech qachon uyiga shoshmagan, kim ham kutardi uni uyda?! Rustam bugun navbatchi emas edi. Negadir ketmayapti. Reanimatsiya xonasidagi ayolni emlab chiqqan Umida:

– Bugun navbatchimidingiz? – deb soʻrab qoldi.

– Xayrulloni xotini kasal ekan, bolalarimga qaramasam boʻlmaydi deb ketdi. Men qoldim, siz ham qoling, – Rustam kulib hazil qilgan boʻldi.

Nomiga hazil qilib aytilgan gap, sahroga suv kelgandek, Umidaning qalbini junbishga keltirdi. Orqasiga qaytib, katta hamshiradan:

– Shohida opa, bugun oʻrningizga men qolaymi?! – deb soʻradi.

Yaqindagina tez yordam olib kelgan ayolning qon bosimini oʻlchayotgan Shohida opa koʻzoynagini tushirib qaradi:

– Uyingdan ilon chiqqanmi? Ishxonaga propiskaga oʻtib qoʻya qol, ovora boʻlib uyingga borib kelib yurasanmi!

– Hazillashmayapman.

– Bugun zaril ishim yoʻq, meni gʻamimni yemay qoʻya qol.

– Men qarzga turib bering demayapman. Rost!

Shohida opa oʻrnidan turdi:

– Mayli, sazang yerda qolmasin!

Umida garchi bu piching ogʻir botsa-da, ishi yurishganidan xursand boʻlib, achchigʻi ham chiqmadi. Opani uyiga joʻnatib yuborib, qorongʻi tushguncha Rustamning koʻziga koʻrinishdan qochib, berkinmachoq oʻynab yurdi. Hamshirani qidirib Rustamning jahli chiqdi. Boya tez yordamda kelgan ayolning ahvolini bilishga kirdi-yu, bir zumdan soʻng boshida qaqqayib turgan Umidaga koʻzi tushib:

– Siz navbatchi ekansiz-u, bilmabman, qayerda yuribsiz? – Rustam jahli chiqqanini yashirmadi, lunji pir-pir uchdi.

Botir bir marta oʻladi, qoʻrqoq – ming marta. Oʻzida jasorat paydo boʻlganini sezgan Umida:

– Oʻzingiz qoling dedingiz-ku! – deya koʻz qisdi. Umidadan bunday harakat koʻrmagan, hazil eshitmagan Rustam beixtiyor jilmaydi.

Tun olamni tobora oʻz ogʻushiga tortmoqda.

Yozuv-chizuvini tugatgan Umida Rustamni choyga chaqirdi. U yoq-bu yoqdan gaplashib oʻtirishdi. Rustamning tikka-tikka sochlariga, chiroyli koʻzlariga, tekis yelkalariga nazar solarkan: «Qandoq yaxshi yigit-a!» deya unga havas bilan tikildi.

Piyoladagi sovib qolgan choydan hoʻplagan Rustam roʻparasidagi muloyim kulib turgan Umidaga qarab, uning bugun “boshqacharoq” ekanligini sezdi. Qarashlari ham gʻalati! Tavba, shuncha paytdan beri gaplashib, oʻzgarganini sezmagan ekan. Oʻzi qiz bolamikin?! Har nechuk, shayton Rustamga ham ta’sirini oʻtkazib, shahvat olovini yoqib qoʻydi.

Vaqt allamahal boʻldi.

Bugun tinch, ogʻir kasal yoʻq, tez yordam hozircha hech kimni olib kelmadi. Reanimatsiyadagi kasallardan xabar olib qaytgan Rustam xonasidagi divanga yonboshladi. Ha-ya, Umidaga aytib qoʻyish kerak edi. Bugun kelgan kasalga koordiolog chaqirtirish lozim. Shuni hozir aytmasam, esimdan chiqib ketadi deb, oyogʻiga shippagini ilib, yoʻlakka chiqdi. Umida navbatchilikda qolsa, ba’zi hamshiralarga oʻxshab hecham uxlamaydi. Kechasi bilan yoʻlakda “Hamshiralar posti” deb yozib qoʻyilgan stolda yozuv-chizuvini qilib jimgina oʻtiradi. Kasallardan tinmay xabar olib turadi.

Ammo bugun stol boʻm-boʻsh. Birortasini mazasi qochganmi? Reanimatsiya tarafga yurib ketayotgan Rustam hamshiralar xonasining qiya ochiq eshikdan oʻtib toʻxtadi. Orqasiga qaytib, qop-qorongʻi xonada devorga taqab qoʻyilgan kushetkada gʻalatiroq oʻtirgan Umidani koʻrib, ichkari kirdi.

– Tuzukmisiz? – shivirlab soʻradi Rustam. Umida boshini yon tarafga burib, indamay unga gʻalati qaradi.

– Nega chiroqni yoqmay oʻtiribsiz?

Umidadan sado chiqmagach, mehribonchilik bilan soʻradi:

– Hech qayeringiz ogʻrimayaptimi?

Umida xoʻrsindi. Oʻrnidan turib eshikni berkitib keldi. Qop-qorongʻi xonada entikib unga yaqinlashdi. Rustam nima boʻlayotganini anglamay uni bagʻriga bosdi. Soʻzsiz uzoq quchoqladi…

Qiz Rustamning sochlarini silab, yanayam uning bagʻriga kirishga intildi.

Tun sokin. Jimlikni faqat enitikib-entikib olingan nafas buzadi. Onangni… qiz bola ekan.

Rustamning kayfi uchib, asablari taranglashdi, uni urib yuborgisi kelib, oʻzini zoʻrgʻa qoʻlga oldi. Boyagina koʻziga beozor, mushtipar koʻringan qiz, endi ilondek koʻrinib seskandi. Jahl qilib koʻnglini ogʻritib qoʻymay deb nomiga erkalab qoʻydi. Boʻlar ish boʻldi. Endi…shunga oʻylanadimi? Oʻsha kuni haqiqatan ham unga qiyin boʻldi. Choʻloq qizga uylanishga onasi ikki dunyoda ham rozi boʻlmaydi. Gulday farzandini shu qoracha qizga ravo koʻradigan onasi yoʻq. Otasining oʻlimidan soʻng oila deb yashagan Rustam tibbiyot institutini bitirib, ishga kirdi, kimsan falonchi doʻxtir degan nom oldi. Endi kelib-kelib, onasining yetti uxlab tushiga kirmagan qizga oʻylansa, odamlar, mahalla-koʻy nima deydi. To Nigoraga uylanguncha unga ana shu tikanli oʻylar azob berdi, juda ham azob berdi. Oldiga uylanish muammosi qoʻyilganda tarang qilib vaqtni choʻzgani shundan edi. Keyin qarasa, onasi kechgacha yolgʻiz, kelinoyisi vaqti-vaqti bilan qarashsa-da, asosiy yumushlar volidasining boʻynida edi. Uylanish kerak edi. Turgan gapki, Umidaga uylanolmasdi. Oxiri, onasiga: «Bilganingizni qiling!» deyishga majbur boʻldi. Onasi har kuni sovchilikka borib keldi. Lekin ona tanlagan qizlarning birortasi unga yoqmadi. Taqdirga yozgani uchramaguncha oradan ancha vaqt oʻtib ketdi.

Bu orada Umida unga norasmiy xotin boʻldi.

Oʻsha tun Rustam vijdonan qiynaldi. Nega bunaqa qildi? Endi olasan deb turib olsa, boshini qaysi devorga uradi? Qayerdan ham oldiga kirdi? E, onasini, nima boʻlsa boʻlar, men zoʻrladimmi, oʻzi yopishdi.

Kunda Umidani kuzatadi, oʻzini tutishiga, qilayotgan ishlariga nazar soladi. Yoʻq, xatti-harakatida oʻziga nisbatan zarda yo jahl sezilmaydi. Nima oʻylagan oʻzi bu qiz?

* * *

Kunlar oʻtaverdi, shayton qizni yana oʻz iskanjasiga torta boshladi. Boshida oʻzini-oʻzi qiynab yurgan Umida, xuddi oddiy holdek bunga koʻnikib ketdi.

Endi u yolgʻizmas. Gulga ham suv quysa ochiladi. U ham oʻzgarib, koʻzlari charaqlaydigan boʻldi. Xudo endi baxtimni berdi, atagani bor ekan: mana, homilador. Xayolan bolachani choʻmiltiradi, emizadi. Hovlisida aylantirib yuradi, oʻyinchoqlar olib beradi. Endi qorongʻi kechalari shiftga termulib yotishdan qutuladi. Bolasi yigʻlaydi. Koʻtarasan deydi.

Rustam uning ahvolini payqab qolib, muammoni hal etish uchun zudlik bilan chora izladi.

Umida boʻgʻriqdi:

– Nega axir? Nimaga?

– Gapni koʻpaytirma, xoʻp, shunaqa boʻpti, nega harakat qilmay oʻtiribsan, nimani kutyapsan? – Lunji pir-pir uchayotgan Rustam Umidaning tepasiga keldi. Yana nimadir demoqchi boʻlib, ogʻiz juftladi-yu, fikridan qaytdi shekilli indamay qoʻya koldi. Ikki qoʻlini choʻntagiga solib, stol atrofini aylandi.

– Nega? – Bu safar Umidaning ovozi judayam past chiqdi, stol ustidagi qoshiqni olib, teskari ushlab stolga chiza boshladi.

– Nima qilasan hammani barobar qiynab, shusiz ham yaxshi yuruvdik-ku!

– Siz yaxshi yuribsiz, men emas! –Umida qoʻlidagi qoshiqni taraq etib stolga tashladi. Bir nuqtadan koʻzini uzmay, past ovozda gapirdi. – Rustam aka, siz uyingizga ketasiz, bolalaringiz boʻlmasa, jiyanlaringiz bor, juda hech kim boʻlmasa, onangiz bor, siz hech qachon yolgʻiz qolmagansiz. Buni nimaligini his qilish u yoqda tursin, tushuna olmaysiz, men doim yolgʻizman. Endi shunaqa oʻtmayman-ku, men ham oʻzimni ayolday his qilgim keladi. Bir kun men ham qarib qolaman. Kim bilan qolaman, menga kim qaraydi? Nega bunaqa tomonlarini oʻylagingiz kelmaydi.

– Odamlar nima deydi? Oʻzi esing joyidami? Sen nega bu tarafini oʻylamaysan?

– Odamlar bilan ishim yoʻq, kim nima desa desin. Odamlar deysiz. Qani oʻsha odamlar? Kunduzi hammasi gʻiybatimni qiladi, kechasi yolgʻizlikdan siqilib, yo qorongʻida qoʻrqib oʻtirganimda bittasi jonimga oro kiradimi? Kasal boʻlsam, tepamda bittasi kelib qaraydimi? Oʻlib qolsam suv tomizishga odam topilmaydi. Qachon oʻlganimni birov bilmay ham qoladi. Odamlar deysiz. Tinchgina, tuppa-tuzuk yurganimda, bittasi yoʻq bu yaxshi qiz, qadamini toʻgʻri bosadi dedimi? Qaytanga oʻshalar…

Umida kafti bilan yuzini toʻsdi.

Rustam unga achindi. Rostdanam unga qiyin, juda qiyin. Lekin uyam nima qilsin, boshqa iloji yoʻq. Kelin qilib uyiga oborolmasa, koʻcha-koʻyda birga olib yurolmasa, Rus¬tam xohlaganda ham buning iloji yoʻq.

– Umida, hammasini bilaman, seni hech qachon tashlab ketmayman, esingda tursin. Lekin shuniyam bilginki, men nikohsiz tugʻilgan bolani yomon koʻraman. Eng yomon koʻrganim – nikohsiz bola. Endi oʻzingga qara, meni desang boladan voz kech, yoʻq desang, oʻzing bilasan, boshqa senga aytadigan gapim yoʻq. Vaqt kam. Ikki kunda menga javobini ayt. Qayerga borishingni aytaman. Oʻzing tanla.

Koʻz yoshlari shashqator Umida bosh silkidi. Ikki kunni kutgandan nima foyda? Nimadir oʻzgarib qolarmidi? Rustamdan ajralsa, keyin nima qiladi? Oʻttizga chiqib, shu oʻgʻri baxtga yetishdi. Shundanam ajrasa, yana birov unga qararmidi? Tagʻin Rustamdaqasi? Uniyam iloji yoʻq. Oʻzini oʻylayapti. Bolasi bor, onasi choʻloq, degan gap chiqib qolsa, birov qizini bermaydi. Meni deb uyam baxtsiz boʻlmasin. Mayli, keyin deyapti-ku. Bir bergan xudo yana berib qolar. Baribir, shuncha yaxshilik qildi, har holda koʻnglimni olib turadi. Yigʻlasam, yelkasiga bosh qoʻyadigan odam bor-ku!

Ayol qalbining cheki-chegarasi yoʻq. Uni hech qanaqa shaklga keltirib boʻlmaydi.

Adoqsiz, qolipsiz u!

Unda-munda hammadan berkitib bosh qoʻyadigan yelka uchun… boladan voz kechdi.

Shunga ham ikki-uch yil boʻlib qoldi.

Uchinchi Yo Toʻrtinchi Xotiningiz Chaqiryapti

– Ziyo, bitta kofe ichmaysanmi?

Bir dasta kasallik tarixini quchoqlab kirgan Ziyoda Xayrulloning hazilini tushunib qahva damladi.

– Oʻzing chaqqon, oyogʻing chaqqon, tiling chaqqon. Ceni koʻrsam, tilimga tegirmontosh bogʻlanadi.

Qahva tayyorlab, maqtov eshitishish umidida turgan Ziyodaning qovogʻi osildi. Xoʻmrayib Rustamga qararkan:

– Shu oʻrtogʻingiz juda qitmir, bir kun urishib qolamasak deb qoʻrqaman! – dedi achchiqlanib.

Xayrullo past tushmadi:

– Rustamga nima qilasan dardingni aytib, bechora yangi uylangan. Lekin men senga qarasam, nega oʻn toʻqqiz yoshimda uylangan ekanman, deya afsus qilaman!

Ziyoda gap kelganda otasini ham ayamaydi. Bir boplamaymanmi deb oʻyladi-yu:

– Shuniyam bordi-keldisi bormi? Musulmonchilikda toʻrttagacha mumkin-ku! – dedi kesatib, «yana boshqasiga uylana qoling» degan ma’noda.

Xayrullo gapni hazilga burdi:

– Toʻrttalasigayam uylanib boʻlganman, Ziyo!

Xonada qahqaha yangradi.

Hazili boshiga balo boʻlgan Ziyoda qip-qizarib: «Boring-e!» – deya xonadan chiqib ketdi.

Rustam miriqib kularkan:

– Shuni nuqul gʻashiga tegasan, – dedi qogʻozdan koʻzini uzmay va koʻngliga qoʻl solib koʻrdi. – Shu qizning senga koʻngli bor. Seni koʻrsa qizarib ketadi.

– Behuda gapirma, u – qiz bola !

– Aytdim-qoʻydim-da. Lekin nimadan siqilayotganini bilmasak ham ayb boʻladi. Bechoraga qiyin. Uylanguningcha rosa ogʻzingni poyladi.

– Nega poylaydi, u bilan hech qanaqa bogʻliqlik joyim yoʻq. Erga tegib ketaversin!

Ziyoda yugurib xonaga kirdi.

– Gapingiz toʻgʻriga oʻxshaydi. Uchinchi yo toʻrtinchi xotiningiz sizni chaqiryapti.

Xayrullo bezovtalanib, Ziyodaga qaradi:

– Esing joyidami? Uchinchi, toʻrtinching nimasi? Kim chaqirdi?

Xayrulloning gaplaridan Ziyoda, endi meni galim degandek, bemalol yayrab kuldi.

– Qoʻrqoq ekansiz-ku, rangingiz oqarib ketdimi? Ertalab tez yordam obkelgan ayolchi, – Ziyoda Rustamga qarab izoh berdi – hozir reanimatsiyaga kirsam, sizni chaqirib berishimni soʻradi.

– Shunaqa demaysanmi?! – dedi Rustamga qarab. – Sen koʻrganmiding?

– Qon bosimi bilan kelgan. Oʻn toʻrt haftalik, bachadon chandigʻi bor.

– Borib koʻray-chi! – Xayrullo oyna-eshiklarni zirillatib chiqib ketdi.

Burniga kislorod naychasi, bilagiga uzun rezina ichakdan dori ulab qoʻyilgan. Osma ukol tomchilab turibdi. Havorang ekranda raqamlar qon bosimini koʻrsatmoqda: muvozanat buzilgan. Oʻh-hoʻ, ishlar chatoq-ku! Bemor kim boʻldiykin? Karavotga yaqin borgan Xayrullo dabdurustdan ayolni tanimadi. Kasal bir nuqtadan koʻzini uzmay yotardi. Xayrullo uni tanidi:

– Iye, Saida! Oʻzingmisan?!

Saida hazin jilmaydi.

Xayrullo oʻpkalanganday boʻlib:

– Nega darrov chaqirtirmading?! “Tez yordam” obkelganini eshituvdim, senligingni bilmabman!

Saida gapira olardi, lekin istamadi, sukutni ixtiyor etib, ma’nosiz koʻzlarini bir nuqtaga tikib yotaverdi.

Ziyoda kirib ustma-ust bir necha dorini tomiridan yuborayotganida, Xayrullo “yotib tur, men hozir kelaman” deb chiqib ketdi.

Shifokorlar xonasiga kirib, Rustamdan: “Nosirova ekan-ku, tanimadingmi?” – deb soʻradi. Rustam yoʻq ma’nosida bosh chayqadi.

Xayrullo bezovta edi.

– Oʻn toʻrt haftalik ekanmi? – dedi xavotirlanib. – Besh oy boʻldi operatsiya qilganimga, tugʻishi mumkinmas, nega abort qildirmabdi?

Rustam noroziroq boʻlib doʻstiga qaradi:

– Kasalni darrov abortga tushirib boʻlarkanmi?! Yotqizish kerak, tekshirish kerak, davolash kerak, keyin homila olib tashlanadi!

– Tekshirib ovora boʻlishning keragi yoʻq. Homilani toʻxtatish kerak. Baribir boʻlmaydi.

Rustam bosh irgʻab tasdiqlab qoʻydi.

Kuchli uyqu dori ta’sirida bir uxlab turgan Saida koʻzini ochganida boshida Xayrullo gʻamgin turardi.

– Qahramon ona boʻlging kelib qoldimi?!

Saida miq etmadi. Ekrandagi raqamlar oʻzgarib, qon bosimi koʻtarilayotganini koʻrsatdi. Xayrullo hamshirani chaqirib ukol buyurdi-da, oʻzi tashqariga chiqdi. Hazil bilyaptimi bu juvon! Rostdanam tugʻmoqchi shekilli! Buyrak bilan hazillashib boʻlmaydi. Operatsiyaga koʻndirguncha esi ketuvdi, abort qildirguncha onasini koʻradi shekilli. Ahvolini bilib turibdi, baloga aqli yetadi. Lekin… gapira olmayapti, bir nimalarni oʻylab siqilgan, shuning uchun meni soʻragan, dardi bor, yorilgisi kelyapti-yu, yorila olmayapti. Gaplashish kerak.

Xayrullo uyga ketar chogʻi undan yana xabar oldi. Qon bosimi bir oz baland edi. «Yaxshi yotib tur, ertaga koʻrishamiz» deb chiqib ketdi. Uyga yetib kelgach, «Dadam keldi-la!» deb oyogʻiga yopishgan oʻgʻli bilan qizini nari-beri ovutgan boʻldi-da, ichkariga kirib ketdi. Orqasidan qoʻrqa-pisa kirgan xotiniga indamay, yuzini yostiq bilan berkitib yotib oldi. «Kayfiyati yomon, bir balo boʻlganmikan, qaynonamnikiga kirgan boʻlsalar, gʻidi-bidi qilgandir», degan xayolga borgan Goʻzal hadiksiragancha bolalarini ovozini chiqartirmay oshxonada olib oʻtirdi. Ozgina yotib oʻziga kelgan Xayrullo bolalarini sogʻinib, oshxonaga chiqdi. Lekin ovqatlanayotganida ham kechqurun bolalari bilan oʻynayotganida ham, xayoli faqat Saidada boʻldi. «Tugʻish hazilmi unga?!»

Qaysar Onaning Tashvishi

Rustam Nosirovaga tegishli analiz natijalarini, tekshiruv qogʻozlarini jamlab, uning ahvoli bilan qiziqdi.Oʻzgarish deyarli yoʻq. Qon bosimi dorilarning kuchi bilan pasayib, yana koʻtarilyapti. Bu ahvolda uzoqqa borolmaydi. Homila rivojlanishi juda sust. Gemoglobini past. Xayrullo haq – homiladorlikni toʻxtatish kerak. Darhol. Orqaga surib boʻlmaydi. Tushdan keyin Xayrulloga kasallik tarixini berib, nima qilamiz deganday qaradi.

Nosirova tugʻaman deb turib olishi kutilmagan hol boʻlib, hammani sarosimaga solib qoʻydi.

– Oʻzing yana bir gaplashib koʻr, har holda eski qadrdonsan! – dedi Rustam.

– Toʻgʻri aytasan, gaplashish kerak! Kasalning qornini yorib davolagandan koʻra, dilini yorsang, tuzatishing oson kechadi. Bu meni ta’limotim, qalay, fikrimga qoʻshilasanmi, Gippokrat?.

– Shu ta’limotingni amalda isbotlab bersang, yanayam qoʻllab-quvvatlardim. Dardisar kasallar bilan oson chiqishasan!

Xayrullo koʻpincha ichki sezgisiga ishonib, bemalol qaror qabul qilardi. Oldingi safar Saidani operatsiyaga koʻndirganda ham oʻziga ishonganidan bemalol gap boshlagandi. Bu safar koʻnishiga oʻzining ham koʻzi yetmay bir oz qiynaldi. Kechki payt koʻndirish ilinji bilan yana uning oldiga kirdi. Bu safar navbatchi emas edi.

– Qizingni sogʻinayotgandirsan? Uyingdagilarga ayt, obkelishsin, aytib qoʻyaman. Yana sogʻintirib kasal qilib oʻtirma. Ering koʻrinmaydi? Tugʻishga yotganingda ketkazib boʻlmasdi. Yo men koʻrmayapmanmi?

Saida bu odamni juda hurmat qiladi. Avvalgi safar qizi tugʻilganidan keyin uyiga chiqqunicha juda koʻp gʻamxoʻrlik qildi. Xuddi oldindan qadrdon boʻlgandek, juda mehribon. «Shunchaki yaxshilik qiladigan odam ham boʻlarkan-da: dildosh-suhbatdosh».

Avvalgi safar Saidaning koʻnglidagini topib, mushkulini oson qilgandi. Bu safar-chi?! Bu safar ham koʻndiroladimi?! Saidaning iltijoli qarashlari Xayrulloning koʻnglini oʻrtadi.

– Shu odating qachon qoladi, a? – dedi unga astoydil achinib. – Oʻzingni oʻzing qiynayverasanmi? Yon-atrofingga qara, hamma yashayapti. Ering bor, oilang bor, bolang bor. Yana nimaga siqilaverasan?! Oʻzingni qoʻlga olsang-chi?!

Saida oxiri tilga kirib:

– Xayrullo aka, tugʻmasam boʻlmaydi! – dedi koʻz yoshi qilib.

– Sabab?! – Xayrullo har galgidek masalani koʻndalang qoʻydi.

– …

– Sabab yana ering, toʻgʻrimi?

Saida yutinib, gapirmoqqa chogʻlangan edi, Xayrullo qoʻymadi.

– Saida, sen singlimdaysan, qattiqroq gapirsam koʻnglingga olma, eng avvalo yurakni keng qilish kerak. Hamma narsagayam sal yurakni yoyib nazar sol. Yuragi tor odam yashadi nimayu, yashamadi nima? Unaqalarni doim koʻngli toʻlmaydi, nimadandir norozi boʻlib yuradi. Sen nega doim ikki oyogʻingni bir etikka tiqib yurasan? Dunyoga boshqacha koʻz bilan qaragin. Sen nima deb oʻylaysan: hayot birovga shirin, birovga achchiqmi? Yo kimgadir pul tutib, kimgadir musht tushiradimi? Yoʻq, hayot hammaga barobar, bir xil narsani – yashashni in’om qiladi. Faqat hamma har xil narsani oladi. Agar bilsang, aqlli odamlar yaxshi narsalarni oʻzlari hayotdan yulib oladilar. Boshqa iloji yoʻq. Shalvirab oʻtirsang, oʻtiraverasan. Bilib qoʻy, hayotga qanaqa koʻz bilan qarasang, xuddi shunaqa tuyuladi. Baxtsizlikdanam baxt topish mumkin, faqat kallani ishlatish kerak. Hozirgi ahvolingni qara, tuqqaningga yarim yil boʻlgani yoʻq, qoʻlingga guldek qizni olding, soppa-sogʻ. Xoʻp, xudo yana beribdi, sen qiynalmagin deb, homiladorlikni toʻxtatishmoqchi. Boshingda tupa-tuzuk ering bor, birovdan kam joying yoʻq, qiyshiqmassan, choʻloqmassan, aybing yoʻq. Lekin senga qaragan odam, katta ayb ish qilib qoʻyibdi deydi. Aft-angoringni tuzatib ol.

Xayrulloning chapani gaplari Saidaning yuziga tabassum hadya etdi.

– Xayrullo aka, gaplaringiz har doimgidek toʻgʻri. Faqat bilasizmi, yon-atrofim toʻla odam, lekin koʻnglimni hech kimga ocholmayman. Bundanam battar yolgʻizlik boʻlmas ekan.

– Toʻppa-toʻgʻri, bu – dahshat, siqilgan payting bemalol yuragingni ochib-sochaver, bexijolat.

Saida kuldi.

– Qizim tugʻilgandan beri umuman begona odam bilan yashayotgandekman. Unga sezdirmaslikka harakat qilaman, lekin bu holat borgan sari meni qiynayapti.

– Sabab?

– Chunki, hammasi yasama, hamma narsa omonatga oʻxshaydi. Yo men oʻzgarib qolganman, yo erim oldingidaymas. Hattoki qizim, uyim ham birovning omonatiga oʻxshaydi…

Depressiya… operatsiyadan keyingi holat, ruhiy jarayonlar sekinlashuvi, kayfiyatning buzilishi. Shuning uchun hech ochilmaydi. Siqilgani-siqilgan. Doim yomon narsalarni oʻylab yuradi, koʻngli gʻash. Yuragiga qil sigʻmaydi. Nazarida, dunyodagi eng baxtsiz, omadsiz odam. Tugʻruqdan keyin koʻp ayollar shu dardga uchraydi. Afsuski, kam, judayam kam foizi mutaxassisga murojaat qiladi. Oʻz ahvolini tushunmasligidan oilasida har xil mojarolar kelib chiqadi. Qoʻydi-chiqdilarning asosini ham shu holatga tushganlar tashkil qilar balki?

Xayrullo Saidaning ahvoliga qarab turib, oʻzini erkak qilib yaratganga tangriga shukrona aytdi. Nevropotolog, psixoterapevt maslahati kerak. Ertaga, yoʻq bugunning oʻzida chaqirtirish kerak. Operatsiya asab tizimiga qattiq ta’sir koʻrsatgan.

– Kel, ochiqchasiga senga aytib qoʻya qolay, hozir dod desang ham, voy desang ham tugʻa olmaysan.

– Nega endi?

– Birinchidan, hali vaqtli, bachadonning chandigʻi bitmagan, ikkinchidan, yana qon bosiming, uchinchidan buyraging yomon, hatto juda yomon, toʻrtinchidan yana kamqonliging, beshinchidan, bu ahvolda bola sogʻlom rivojlana olmaydi, undan keyin qanaqa onasan, qizingni oʻylagin, bechora qiynalib ketdi!

– Xayrullo aka, bir iltimosim bor.

– Bemalol.

– Oldingi safar, operatsiyadan qoʻrquvdim, hecham xohlamagandim, toʻgʻrisi… siz menga anchagina dalda boʻluvdingiz, endi, endi… yana bir marta… shu bolani tugʻib olishim kerak.

– Oilang tinchmi oʻzi?

Saida birdan hoʻngradi. Xayrullo ham bemalol yigʻlab olsin, deb qoʻyib berib, ekrandagi qon bosim koʻrsatkichlarini kuzatib oʻtirdi.

– Shu bolani tugʻmasam… erimdan… ajraydiganga oʻxshayman!

– Aniq sabab bormi?

– Bilmadim, lekin shunaqa deb oʻylayapman.

– Hech qanaqa asosing yoʻq. Oʻzing miyangga quyib olgansan. Bu – ruhiy holat, koʻp ayollarda tugʻruqdan keyin shunaqa boʻladi. Koʻryapsanmi, ruhiyating, asabing charchagan, bu ahvolda qanaqa qilib tugʻmoqchisan, hecham iloji yoʻq. Ke, homiladorlikni toʻxtatib, asablaringni davolaymiz. Mana koʻrasan: umuman boshqa odamga aylanasan. Hammasi izga tushib ketadi. Boyagi gapni miyangdan chiqarib tashla, ering tugʻasan deb majbur qilmayapti-ku! Senga hech nima deb da’vo qilmayapti… boshqa birovni topib olmaganmi?

– …

– Agar topib olgan boʻlsa, senga aytib qoʻya qolay, bola tugʻib ushlab qolaman deb oʻylama. Xohlasa, oʻnta bola bilan ham tashlab ketadi.

Bu gaplarni eshitish Saida uchun ogʻir edi.

– Men sizga ishonaman… shu bolani tugʻishim shart! – dedi u yalingan ohangda.

– Bunaqa narsani iltimos qilma, bunga haqqim yoʻq.

– Siz meni hammadan yaxshi tushunasiz.

Saida Xayrulloning koʻzlariga shunaqangi termuldiki, diydasi qattiq Xayrullo dosh berolmay uh tortib, chiqib ketdi.

Boʻlim mudiri Zahro Poʻlatovna Xayrullo, Rustam bilan boshlashib, professorning oldiga kirdi. Vaziyat jiddiyligini hamma yaxshi biladi. Oppoq sochli, qovogʻi soliq professor quyuq qoshlarini kerib, shunaqa boʻlishini bilardim, degandek ularga qaradi va:

– Ba’zida ayollarga tan beraman, ba’zida ulardan jahlim chiqadi. Gohida oʻylanib qolaman, biz boʻlajak onalarni – qizlarni toʻgʻri tarbiyalayapmizmi, yoʻqmi?

Rustam professorga ajablanib qaradi. «Nega endi ayollarni emas, qizlarni?»

Xonadagilar professorni gapidan chalgʻitib qoʻyishdan qoʻrqqanday, qimir etmay oʻtirishardi. Guldiragan ovozda, professor xuddi oʻziga oʻzi gapirib, qattiq ta’sirlanayotgan odamday bir nuqtaga tikilib davom etdi.

– Ayol boʻlding degani, orqa-oʻngingga qaramay yiliga tugʻ degani emas! Nosirovani bizdan ketganiga yarim yil ham toʻlgani yoʻq. Avvaliga operatsiyaga rozi boʻlmovdi. Kesar kesish usulini bizda koʻpincha qoralashadi. Tabiiy tugʻish hech qanaqangi muammo tugʻdirmasa-ku, bu eng yaxshi yoʻl. Ammo ona va bola, ikkisidan birining, yo ikkalasining ham hayoti havf ostida qolsa-chi? Aynan shu kesar kesish usuli bilan bir necha millionlab ona-bolalarning hayotga qaytgani ma’lum! Yoinki abort! Birovga qarasang, yiliga oʻnta abort qiladi, birovga qarasang, oʻn yilda bitta tugʻadi. Nahotki, shuncha harakatlarimiz evaziga ayollarimizni tugʻishdagi, oiladagi saviyasini oshira olmasak. Abort bu tugʻilmagan bolani oʻldirish degani. Dinda bu narsa qattiq qoralanishi bejiz emas. Ammo ayol hayoti havf ostida qolganda, qarshilik qilish oʻziga zulm qilish emasmikan? Ayollarimiz buning me’yorini belgilay oladigan darajaga yetib olisharmikan? Hamma narsani, shu jumladan, bolaniyam beradigan xudo. Nosirovaning homiladorligini toʻxtatishimiz kerak edi. Qattiq qarshilik koʻrsatgandan keyin majbur qilishga haqqimiz yoʻq. Endi oldimizdagi muhim vazifa tugʻishigacha sidqidildan davolab, eson-omon bolasini qoʻliga olib berish. Doimiy nazoratda qon bosimini bir me’yorda ushlab turishimiz kerak. Qoʻshimcha analizlar olib, buyragini davolash uchun dori-darmonlarni koʻpaytirish kerak boʻladi. Hozir oʻn oltinchi haftada boʻlsa, xudo xohlasa, oʻttiz toʻrtinchi haftalarga borib, operatsiyaga olamiz. Bolasi judayam kichkina, agar ketaman deb tixirlik kilsa, yigirma haftalardan keyin uyiga javob bersak boʻladi. Lekin nazoratni kuchaytirish kerak. Oʻshanda ham vaqtida qatnab turish sharti bilan javob beramiz.

Zahro Poʻlatovna nazarida professor hozirning oʻzida Nosirovaga javob berib yuborayotganday tuyuldi. E’tiroz bildirgisi keldi-yu, «shuncha gapidan keyin gapirganim bilan inobatga olarmidi» deb indamadi. Xonadan chiqar payti baribir chidab turolmay:

– Shuncha odam bitta jiblajibonday qizga gapimizni oʻtkaza olmasak, – deb min¬gʻirlab qoʻydi.

Qaynona – Qiyin Onami?!

Qaynonasining dargʻazab ovozi hovliga baralla eshitilmoqda edi.

– Kelin qilsam, huzurini koʻraman degandim, yoʻq, kelin qildim nima-yu, qilmadim nima? Qaytanga men unga xizmatkor. Kechgacha uyga kirvolib, bilmayman nima qiladi, onasi uyda tuqqanmi, nima balo?

«Nima ayb qilibman» deya xomush tortgan Nigora erini kuzatgani chiqishini ham, chiqmasligini ham bilmay beixtiyor deraza raxiga behol suyandi: yuragi tez¬-tez urib, ichida nimadir zirilladi. Titrogʻi bosilgach, ogʻir xoʻrsindi-yu, hovliga yugurib chiqib, darvoza oldini supurishga tutindi. Qaynonasiga koʻzi tushib qolishidan choʻchib, jon-jahdi bilan ishini tugatib, tushlik uchun ovqat boshladi. Xayolida «qaynonamning koʻngli toʻlmayapti, hali eri kelsa, nima derkin, birinchi toʻqnashuv boʻladimi?» degan gap charx urib, butun a’zoyi badani qaqshar edi.

Dasturxon boshida qaynonasi hech nima boʻlmaganday ochilib-sochilib ovqatlandi. Nigora esa yana gap eshitib qolmay, deya hovlida gʻimirsib yurdi. Boshqa ne iloji bor?

– Ishing tugadimi? – dedi Rustam unga va: – Oʻzi sogʻinasanmi hech? – deya uni bagʻriga tortdi. Kutilmagan muomaladan esankirab qolgan Nigora suyunishini ham, suyunmaslikni ham bilmay angrayib qoldi.

Kunlar bir-birini shitob bilan quvadi. Allaqachon jazirama saraton kunlari boshlanib, hamma salqin joy qidiradi. Qoq peshinda hovlida qilar ishning oʻzi yoʻq. Nigora muzdek uyga kirishga qaynonasidan choʻchiydi. Ertalabdan beri hovliga olti marta suv sepdi. Azonda yuvilgan kirlari allaqachon quridi, hatto ularni dazmollashga ham ulgurdi. Lang ochiq eshikdan koʻchaga koʻzi tushib, yuragi bir xapriqdi: qaniydi xohlaganda koʻchaga chiqa olsa? Uyini, onasini qoʻmsadi. Koʻngli ochiq eshikdan bir hatlasang bas, hammasidan qutulib, yengil boʻlasan deydi. Koʻzini chirt yumib, chiqib ketgisi keldi-yu, oʻzini tutdi.

Har kuni ahvol shu. Qaynonasi ovsininikiga chiqqan edi. Haligacha daragi yoʻq. Eri ishda. Ovsini uyi yaqin boʻlsayam qaynonasidan qoʻrqadimi, koʻp chiqmaydi. Chiqsayam bolasini bahona qilib, darrov orqaga qaytadi.

Nigora nima ish qilishini topganday suyunib, oshxonaga kirdi, ertalab pishirilgan somsasidan idishga solib, darvozaxonaga borganda toʻxtab qoldi. Bir oz turib, orqasiga qaytdi. Keyin oʻzicha, chiqqanim sababini soʻrab qolsalar, kechqurunga nima ovqatligini soʻrashga deyman, deya oʻyladi. Eshikni yopib koʻchaga shoshdi. Baland soʻrili, atrofi panjara bilan oʻralib, ichiga igna bargli daraxtlar ekilgan darvoza yoniga borib, eshikni taqillatmoqchi edi, ichkaridan qulflanmagan ekan, qoʻl tekkizgan hamono bir tavaqasi ochilib ketdi. Keng yoʻlakdan oʻtib borarkan, hovlidagi soʻrida oʻtirishgan shekilli, qaynonasining shangʻillagan tovushi keldi.

– Uzib-uzib gapiraman deyman, kel, qoʻy deyman, mulla Misrning tinimi yoʻq, qilgan ishini unumi yoʻq! Kelin deganni tovonidan oʻt chaqnasa, bu uyaqqa oʻtadi, buyaqqa oʻtadi, nima qilganini bilmayman, tirjayishni bilaman deb, tirjaygani tirjaygan. Qilgan ovqatini yegim kelmaydi, yuvgan kirini kiygim kelmaydi. Qayningizga shuncha gapirdim, talqon yutgan. Miq etmaydi. Bu boʻshashgani boshida ma’lum edi. Xotin eplolmaydi. Qoʻliga latta tutmagan, onasi ish oʻrgatmagan, yaxshiki, shu kunlarda oʻqishi yoʻq, boʻlmasa bu kunlaram holva boʻlib qolardi.

Somsa koʻtargan Nigora, birpas kaltak yegan boladay jovdirab turib, keyin orqasiga qaytdi. Koʻziga allaqanday xunuk koʻrinib qolgan hovliga kirib turib qoldi. Yuragi ezildi. Xoʻrligi keldi. Oʻziga oʻzini rahmi keldi. Dili poralandi. Aybi nima? Uzoq oʻylab baribir topolmadi. Najot qidirdi. Ogʻir xoʻrsinishdan boshqasi unga yupanch boʻla olmadi. Madad kutdi. Yigʻi yordamga kelmadi. Hovlining devorlari toʻrt tarafdan siqib kela boshladi.

Ish qilish kerak!

Shundan boshqasi miyasiga kelmadi. Hamma xonalarni koʻzdan kechirib ish qidirdi. Yuragi besaranjom urdi, qoʻli ishda-yu, xayoli qaynonasida: «Hali chiqsa nima derkin?»

Ichida qalt-qalt titroq turgan Nigora kechgacha qaynonasiga koʻzi tushib qolishidan qoʻrqib, chekka-chekkada berkinib kunni oʻtkazdi.

Uning kunlari, boshqaning emas, aynan uning kunlari shu tarzda gʻarib qaridi.

Baxtga nima bilan yetishiladi – faqat sabr bilan. Har qanaqangi tashvishlardan uzoq, umuman xotirjam oʻsgan Nigora sabr ulashilganda moʻl-koʻl qilib berilgan desak boʻladi. Bora-bora qaynonasining igʻvosiga koʻnikib, hattoki hayron ham qolmaydigan boʻldi. Koʻnikishga koʻnikdi-yu, lekin koʻngli xotirjam emas. Doim nimanidir kutib, xavotirlanib yashaydi. Xuddi qadam bossa portlaydigandek. Ogʻzidan gap chiqishi amri-mahol, yuragi pitirlagani-pitirlagan. Toʻydan keyin oʻtgan fursat ichida eri unga biror marta na qoʻpollik qildi, na ortiqcha mehr koʻrsatdi. Muomalasini oʻzgartirmaydi. Doim bir xil. Undan koʻra baqirib urgani, soʻkkani ming marta yaxshi edi. Yarim yildan oshsa-da, ota-onasiga biror marta gap koʻtarib bormadi. Har safar xuddi hammadan baxtli kelinday koʻrinishga harakat qildi. Sirtdan qaralsa-ku shunday, lekin ichida doim nimadir gʻalayon qilib, yuragini siquvga oladi.

Kechgacha dunyoning ishini qilib charchagan Nigora uyga kirib kiyimini almash¬tirmoqchi edi. Negadir holsizlandi. Xonadagi jihozlar koʻziga befayz koʻrinib, allaqanday qiymatsiz narsaga oʻxshab tuyuldi. Javondagi qimmatbaho servizlar, billur idishlarning hammasini onasi bilan ne orzuda saralab olishgandi. Qoʻyilgan joyida qimirlamay turibdi. Bu hovliga mehmon ham kelmaydi. Unda doim jimlik hukmron.

Koʻziga koʻringan hamma narsani olib otgisi, toʻyib-toʻyib yigʻlagisi keldi. Anchadan beri yigʻi undan yuz oʻgirgan. Ogʻir ruhiy holatda odam yigʻlash qobiliyatini yoʻqotadi. Shu darajaga yetib qoldimi?!

Nigora chuqur xoʻrsinib, yotoqxonasiga kirib, javonni ochdi. Nima kiysa ekan? Eri baribir ahamiyat bermasa kerak. Kiyimi bilan ishi yoʻq. Nima bilan ishi bor oʻzi? Kelgandan ketguncha onasi Nigorani yomonlaydi. U boʻlsa miq etmaydi. Bittasi yomonlashini qoʻymaydi, bittasi ogʻzini ocholmay eshitishini qoʻymaydi. Sogʻi bormi oʻzi bularning? Kelin boʻlgandan beri bu uyga nimaga kerakligini bilolmaydi. Bu uyda uning oʻrni bormi oʻzi? Ovqatni qaynonasi oʻzi ham eplaydi. Yigʻib-terarni kunda boʻlmasa ham, kunora qilib olaveradi. Faqat shuning uchun Nigora shu uyda turishi shartmi? Nigora boʻlmasa Rustamning hayoti boyagi-boyagiday oʻz yoʻlida davom etadi.

Oʻziga juda yarashadigan kalta xalatini lozimi bilan olib kiyib koʻrdi. Toshoyna qarshisiga bordi. Doimo qaddi-qomatiga havas bilan qaraydigan Nigora bu safar negadir ma’yus qaradi. Pardozga ham hushi kelmay turgandi, koʻcha taraf derazasidan qoʻshnisining ovozi keldi:

– Keliningizga yana nima kerak ekan oʻzi, uy-joyi tayin, qorni toʻq, usti but boʻlsa, bir xillaga oʻxshab qaynonalik qilavermasangiz, eri hadeb tergamasa, aslida kelin zotini boʻsh qoʻyib boʻlmaydi.

Qaynonasi Nigorani hali ham oshxonada deb oʻylagan boʻlsa kerak, bemalol igʻvosini davom ettirdi:

– Bir umr shu bolalarni deb, yigʻib-terib yashagan edim. Insofni oʻziga bermasa qiyin ekan.

Nigoraning oyoqlari qaqshab ogʻridi. Bu xotin sogʻmi yo jinnimi?! Kamchiligim boʻlsa, betga aytsin. Birovlarning oldida hech nima boʻlmaganday gaplashadi. Nima kerak oʻzi bunga? Qarindosh-urugʻ, mahalla-koʻyda yomonlamagan odami qolmadi. Jinni desa jinniga, sogʻ desa sogʻga oʻxshamaydi. Odamning aybini oʻziga aytmay orqasidan igʻvo qiladi.

Dod deb yugurib chiqib, qaynonasining sochini yulgisi keldi. Telbalardek oʻtirgan joyida atrofga olazarak qaradi. Oʻzi adashdi, boshqacha boʻlishi mumkin emas!

Qorongʻi tushsa-da, Rustamdan hamon darak yoʻq. Nigora har kungidek yana yolgʻiz. Qaynonasi oʻzining xonasida, yo allaqachon uxlab boʻlgan, yo televizor koʻryapti. Kutib-kutib charchagan Nigora, uyqusirashiga qaramay koʻchadan mashina tovushi kelishi bilan, dik etib oʻrnidan turib, derazadan qaraydi. Mashina toʻxtamay oʻtib ketsa, yana joyiga kelib yotadi.

Qaniydi, bittagina kitob boʻlsa. Oʻzi bilan faqat darsliklarni olib kelgan, yaxshi koʻrib oʻqiydigan kitoblarini yigʻayotganida, kelinoyisi «kelin narsa kitobga balo bormi, ishdan qoʻyadi» deb kitoblarini berdirmagandi. Karavot yonboshiga qoʻyilgan tumbochka tortmasini ochib, «Bolalar kasalliklari» kitobini varaqladi, turli jadvallar koʻngliga tegib, kitobni yopib qoʻya qoldi. Shu topda mahmadona kelinoyisidan ranjidi.

Vaqt allamahal boʻldi.

Hali Rustam kelsa nima deb aytadi? Nigoraning koʻnglida goh quvonch uygʻonadi, goh uning oʻrnini xoʻrsinish egallaydi.

Koʻz oldida bolacha paydo boʻldi, oʻgʻil boʻlarmikan, yo qiz? Qiz otani boy qiladi, deyishadi. Yana barakayam deyishadi.

Shunaqa xayollar bilan uxlab qoldi. Bir mahal koʻngli behuzur uygʻondi. Darhol turmasa, oʻrniga qayt qilib yuborishini bilib, hovliga yugurdi: tomogʻi, burni, qulogʻigacha achishdi. Toza havo olib, bir oz yengil tortib, qaddini rostlagach, orqasida turgan Rus¬tamni koʻrdi. Qachon kelgan ekan? Ikkalasi bir-biriga tikilgancha, jim qolishdi. Uyalib yerga qaragan Nigora yolgʻondan burnini tortib qoʻydi.

Rustamning koʻngliga iliqlik yugurdi. Yaqin kelib xotinining yelkasidan quchib, «oʻzingni ehtiyot qil» dedi. Boʻldi. Bor-yoʻgʻi shu. Nigora bundan boshqasini kutmagan ham edi-yu, lekin baribir noumid shayton, koʻngil tubida nimadir yiltillab turuvdi. Shu yilt etib turgan narsa Rustamning bir ogʻiz gapi bilan lop etib oʻchib-qoldi.

Ayolni Yolgʻiz Tashlamang!

Tuni bilan mijja qoqmagan Saida, azonga yaqin bir oz mizgʻigan boʻldi-yu, yana choʻchib uygʻondi. Koʻngli algʻov-dalgʻov, bezovtaligini qornidagi bolasi ham sezdimi, gʻimirlab tepa boshladi. Saida mehr bilan qornini silab qoʻydi. Ona qoʻli taftini sezgan homila orom topdi. Yonida beozorgina pishillab uxlayotgan qizchasiga tikilgancha suyundi va uni uygʻotib yubormaslik uchun avaylab, mehr bilan bagʻriga oldi. Unga uka keltirsa, bagʻri yanada toʻlishadi.

Oppoq tong jilmayib kirib keldi.

Qorni katta Saida, ogʻirlik qilsada, qizini joyiga yotqizgisi kelmadi, qoʻlida koʻtargancha tuni bilan yoquvli qolgan chiroqlarni oʻchirib chiqdi. Kecha eri uyiga kelmadi, kuta-kuta tunni bedor oʻtkazib, intiqlik bilan eshik poyladi. Qizini koʻtarib, balkonga chiqdi, derazadan koʻchaga tikildi, soatga qaradi, yana koʻchaga qaradi, yana soatga qaradi. Yuragi siqilib, qizini joyiga yotqizdi. Uygʻonsa biron nima yediraman, deb oʻyladi. Oshxonaga chiqib, boʻm-boʻsh muzlatgichni ochib, xuddi shunaqa qilsa, bir narsa topilib qoladigandek uzoq tikilib turdi. Soʻng behol sekingina yopib qoʻydi. Har doim shunaqa, hech nima yoʻqligini bilsa ham ochadi, yopadi. Idishda oxiri koʻrinib qolgan kartoshkadan ikki dona olib suvda qaynatdi. Qizi uygʻonguncha pishgan kartoshkani ezib, tuz qoʻshib aralashtirdi. Yogʻsiz, sutsiz kartoshka qiziga bemaza tuyuldimi, injiqlanib yegisi kelmadi, sut ichadigan shishasida iliq choy tayyorlab berdi. Yuragi ezilib ketib, qizini erkalab, shirin gapirishga ham holi kelmadi, bagʻriga mahkam bosib xona ichida aylanib yurdi.

Eshik jim. Telefon jim.

«Qayerda ekan, sogʻmikan oʻzi, nimaga bunaqa qiladi, qayerda boʻlsa ham qoʻngʻiroq qilib, bir ogʻiz gap bilan xotirjam qilib qoʻyish mumkin-ku! Tinchlik boʻlsinda ishqilib. Onasidan eshitgan gapi yodiga tushdi: «Yomon xabar tez tarqaladi. Tinchdir!» Oʻzini-oʻzi aldashga harakat qilsa ham, bu gap baribir koʻnglini tinchita olmadi. Mehmonxonaga kiraverishda toʻgʻriga chiroyli ramkada osilgan, ikkalasi toʻyida boshini-boshiga qapishtirib tushgan suratiga qarab dili yomon ezildi. Qandoq yaxshi kunlar edi. Birpasda oʻtib ketibdi. Endi yana qaytarmikan? Hozirgi boʻlayotgan voqealar oʻtkinchimikan? Oʻtmishi shirin tushni yodiga solgandek bir lahzagina boʻlsa-da, xayolini yarqiratib oʻtdi. Keyin yana odamni ezib qiynaguvchi xayollari ogʻushida qolaverdi. Emaklab xonada aylanib yurgan qiziga qarab rahmi keldi. Boshqa bolalarga oʻxshab toʻpolonniyam bilmaydi. Koʻcha eshikni birov tutqichidan tortgandek tuyulib yugurib bordi. Hech kim yoʻq. Orqasidan emaklab kelayotgan qizini poldan koʻtarib olishi bilan telefon jiringlab yuragini oʻynatdi, ham hadik, ham umid bilan trubkani koʻtargan Saida onasini tovushini eshitishi bilan hafsalasi pir boʻldi. Onasi xuddi eri kechasi kelmaganini bilib qoladiganday, qisqa-qisqa javob qaytarib, goʻshakni qoʻya qoldi. Xayoli erida boʻlgani uchun onasi bilan tuzukroq gaplasha olmagandek tuyuldi. Onasini dili ogʻridimi? Oʻzi qachon notinch boʻlsa, onasi yo darrov telefon qiladi, yo yugurib keladi. Eri kelmaganini bilib qolsa, yuragi qisilib yurmasin deb, uni ayagan boʻldi. Ayayman deydi-yu, oʻzi bilmagan holda nuqul ranjitib qoʻyadi. Onalar hamma narsani sezib turishadi.

Onasi ketgach, yuragining sahroga aylanganini va unda achchiqlanish izgʻirinlari koʻtarilganini sezdi. Peshinga borib, asablari taranglashgan Saida «shunaqayam mas’uliyatsiz odam boʻladimi!» degan oʻyda qattiq tutaqib, chakkalari sirqirab ogʻridi. «Dadam qanilar?» deb soʻrayverib, yuzlari soʻligan qizning koʻzlariga qarab, battar ezildi. Bugungi kun shu zaylda oʻtib, shomga yaqin Umid kirib keldi. Bir kecha-kunduz davomida alam va xavotir oʻtida yongan Saida eriga ahvolini bildirishga ham kuchi yetmadi. Kalovlanib yurdi. Hech nima boʻlmaganday kirib kelib, tunni osoyishta oʻtkazgan eri yana hech nima boʻlmaganday ertalab chiqib ketdi. Oʻz yogʻiga oʻzi qovurilib, bir ogʻiz gap ham aytolmay qolgan Saida yana toʻrt devor ichida iztirob oʻtida yondi. Nimalar boʻlyapti oʻzi? Nega bunaqa qiladilar? Yoqmay qoldimi, nima balo?! Na meni sogʻligim bilan ishi bor, na qiziga mehri bor, hech narsaga qiziqmaydi, uyga faqat yotishga keladi. Umid akam uchun oila nima degani oʻzi, koʻchaga chiqib ketganidan keyin qizinimi, menimi eslarmikan? Erkak kishi uydan chiqib, yetti qadam yursa, boʻydoq deyishadi. Umid akam ... yoʻq, sayoq yurishi mumkinmas, meni yaxshi koʻrardi-ku. Bir qarasang binoyidek, bir qarasang, mana bunaqa hunarlari odamni ezib tashlaydi. Ertalab choy ham ichmay chiqib ketdi. Kechqurun ovqat bermaganiga indamadi, ovqat soʻrasa, hech narsa yoʻqligini aytarmidi... Kechasi bilan ogʻiz juftlab, baribir aytolmadi, oʻzi ham oʻlgudek noshud ayol, bitta nonga pul soʻrolmasa, bolaga ozgina sutga pul soʻrolmasa! Uf-f! Huvillagan uyning devorlari-da yuragini qisdi.

Shu oʻtirishda zimistondan nur qidirdi. Mehr nuri edi bu.

Umid cheksiz…

Hatto xazonning ham umidi maysa. Jimgina uxlab yotgan qiziga qarab, qornidagi beozorgina qimirlayotgan bolani ushlab qoʻydiyu, izlaganini, zimistondagi shu’lani topgandek boʻldi. Bolasini eson-omon tugʻvolsa yaxshi boʻladi! Koʻpayib qolishadi. Bolalari koʻpaysa, eri ham otaligini his qila boshlaydi. Shu oʻyi unga bir oz yaxshi kayfiyat, quvvat berganday boʻldi-yu, sal yengil tortdi.

Anakondami Yoki Zuluk?

Keng auditoriyada domlaning ovozi jaranglab eshitilar, ora-orada talabalarning pichir-pichirlari ham quloqqa chalinardi.

Laziza domlaning yaltiragan boshiga, mittigina oq koʻzoynagiga tikilgancha qoldi.

Domla bir tekis vazmin ohangda davom etdi:

– Talvasa sindromi koʻproq goʻdaklarda uchraydi. Talvasalar, ya’ni muskullarning tortishib, tirishib qolishi cheklangan va umumiy, bir marta tutadigan va qaytalanib turadigan, tabiati jihatidan klonik, tonik boʻlishi mumkin. Har xil sabablarga aloqador ensefalopatiyalarda, pnevmoniyalar, sepsisda, bakterial, virusli, parazitar kasalliklar, allergik reaksiyalarda markaziy nerv sistemasi zararlanganda talvasalar koʻp uchraydi. Talvasa sindromi…

Laziza Nigorani sekin turdi:

– Seni qaynonangdayam talvasa uchraydimi?

Nigora oʻz dardi bilan ovora edi.

Laziza javob kutmay, yana bidirlay ketdi:

– Uf, isib ketdim, tezroq tugasa boʻlardi. Uyga vaqtli bormasam qaynonamning talvasasi tutadi. Ertalabdan asab torlarimni chertib qoʻygan. Bu qaynonam yaqinda meniyam talvasa tutadigan qilib qoʻyadi. Juda mingʻir-singʻir, seniki unaqamasmi? Nega hech yomonlamaysan? Zeboga aytib qoʻyadi deb qoʻrqasanda, a?

Nigora kulib qoʻya qoldi.

– Kecha oʻqishdan borib togʻorasini pishirib berdim, – Laziza pichirlab hasratini davom ettirdi. – Kechqurunga ovqat qildim, qaynsingillarim toʻnkani oʻzi, ularni kirini yuvib berdim. Hovlini supurdim. Kechqurun toʻydan kelib yopishdi. Nima ish qildingiz deydi, koʻzini loʻq qilib, anakonda! Tiling tanglayingda qotgur. Kechasi erim bilan urishib chiqdim.

– Alamingni eringdan oldingmi?

– Boshqa kimdan olaman?

Nigora indamadi. Laziza bilan gap talashib baraka topmaydi. Yutqazishi aniq. Lekini shu turishda Lazizaga havasi ham keldi. Hecham oʻzini hafa qildirib qoʻymaydi. Biron narsadan koʻngli toʻlmasa darrov aytadi – qoʻyadi. Dilini ogʻritgan odam bilan joyida hisob-kitob qilib oladi. U nega shunaqa ekan?

– Talvasa sindromida qilinadigan davo, uni keltirib chiqargan sababning qana¬qaligidan qat’iy nazar, umumiy chora-tadbirdan boshlanadi.

Xayoli boʻlingan Nigoraning qulogʻiga dars kirmadi.

Anakonda. Lazizaning qaynonasi anakonda ekan. Meniki kim? Zulukni oʻzi. Boshqa narsa emas. Faqat qon soʻradi. Lazizaning qaynonasi nima qildingiz derkan, meniki shuniyam aytmaydi. Faqat orqamdan yomonlaydi. Yozi bilan ezilib ketdi. Yaxshiyam oʻqish boshlanib qoldi. Oʻqishdan chiqib qizlik uyiga kirsamikan, bilib qolishsa yaxshimas. Tinchgina uyga ketaveradi. Eriga bor-yoʻqligi bilinarmikan oʻzi? Shunchaligam sovuqqon odam boʻladimi? Bu oilaga kerakmi oʻzi? U boʻlmasa, nimadir oʻzgarib qolarmidi? Oʻzi borgan sari qaynonasi yo erini koʻrsa, Nigoraning yuragi bezillaydigan boʻlib qolyapti.

Iymonli Bir Yigit

Doimo tashvishlarga koʻmilib yuradigan Xayrullo, xotini bilan qizini maktabga, oʻgʻlini bogʻchaga tashlab, onasidan birrov xabar oldi. U yerdan ajoyib yangilik eshitib chiqdi. Katta opasi qizini fotiha qiladigan boʻpti. Fotiha oshining dasturxoni uning zimmasiga tushdi Xayrullo onasidan xotinining ajoyib xislatlarga ega ekanligini yana bir bor eshitib, ertalabdan kayfiyati kuchli boʻronga uchrab, ishga ketdi.

Yana Goʻzaldan berkitib bozor qilib berish kerak.

Maktabda birga oʻqishgandi. Goʻzal bosh qiz boʻlganidan, ota-onasi maktabni bitirishi bilan uzatish taraddudiga tushib qolishdi. Institutni endi ikkinchi kursiga oʻtgan Xayrullo hamma yoqni toʻs-toʻpolon qilib, axiyri onasini koʻndirdi. Onasi, bir balo qilib, boʻlmasga keltiraman, degan xayolda sovchilikka borib, Goʻzalning husniga oʻzi ham mahliyo boʻlib keldi.

Taqdirni qarangki, bir oyda toʻy boʻldi. Lekin bir oy oʻtar-oʻtmas orada mashmasha qoʻzgʻab, guldek kelinchak Goʻzal qaynonasining zugʻumiga uchradi. Oʻzi xohlab olgani ham Xayrulloning boshiga balo boʻldi. Hayotida halovat qolmadi. Bu orada birin-ketin bolalar tugʻilib, vaziyat yanada taranglashdi. Ne kunlarni koʻrishmadi. Axiyri Xayrullo oʻzini oʻtga urdi, choʻqqa urdi, qarzga botsada, ikki xonali uy olib, ota uyidan chiqib ketdi. Ikki oʻtni orasida sixni ham, kabobni ham kuydirmaslikka harakat qilib yashaydigan Xayrullo ba’zida dod deb hammasidan voz kechib yuborgisi keladi. Lekin uyi ostonasida Goʻzalning kulib chiqishini koʻrishi, bolalari baravar quchogʻiga otilishini koʻrib, shashtidan qaytadi va barcha tashvishlarni unutadi. Ba’zan bir yigitga bundan boshqa yana nima kerak, deya oʻziga tasalli ham beradi.

Onasining uyidan kayfiyati buzilib chiqqan Xayrullo ishxonaga kelib yana noxushlikka uchradi.

Saidani yana “tez yordam” olib kelibdi. Hushi oʻzidamas. Uyida davolanishni davom ettirmagan. Yoʻqsa bunaqa boʻlmasdi. Saidaning ahvolini bilgan Xayrullo oʻzidan gʻijindi. Shu tinchmasligini bilardim, nega xabar olmadim, qiyinmidi? Bittayam dorini ichmagandir. Oʻlarmidim, berdirvorsam!

Hamma yigʻildi. Ahvoli ogʻir. Buyrak faoliyati umuman ishdan chiqqan.

Vaziyat jiddiy. Shoshilinch operatsiya qilinmasa boʻlmaydi.

Operatsiyaga olib kirib ketilayotganda Saida koʻzlarini ochdi. Quyuq tuman orasida Xayrulloni koʻrib, tiliga chiqarolmasada, «Xayriyat» deb dilidan oʻtkazdi.

Xayrullo jonholatda:

– Hammasi yaxshi boʻladi. Eshityapsan-a? – dedi unga tasalli va madad berish uchun.

Saida oʻziga kela boshladi. Hamma narsani aniq-taniq koʻryapti. Uni operatsiya zaliga olib kirishdi. Operatsiya stoliga yotqizishdi. Hamshira bilagiga dori ulab qoʻydi. Qovogʻi soliq professor yuziga niqobini taqib kirib keldi. Demak, u opresiyaga tayyor.

Eng asosiysi-chi?!

Ana, Xayrullo ham kirib keldi. Judayam asabiylashyapti. Qoshigacha titrab ketyapti. Nega? Hozirgina aytdi-ku, xavotir olma deb. Yaxshi boʻladi hammasi. Qizini qoʻshnisi olib qoluvdi. Onasi tezroq borib u yerdan olsa yaxshi boʻlardi, qorni och. Uyga olib borsalar, albatta, qornini toʻydiradilar. Xudoga shukr. Shu bilan tugaydi hammasi. Keyin yaxshi boʻladi.

Bunisi oʻgʻil.

Tunda ozgina uxlab tush koʻruvdi.

Jingalak sochlari qop-qora, oʻziyam qoracha bolajon. Oldiga yugurib keldi. Saida endi qoʻlga olmoqchi edi, emaklab nariroqda turgan odamga qarab talpindi. Kim ekan u? Saida tanib-taniyolmay qoldi. Erimas. Kim boʻldi? Shu payt otasi chaqirdi. Chala bitgan imorat ichida turibdi. Saida xursand boʻlib ketdi. Juda sogʻingan edi. Oʻgʻli bilan qizi turgan tarafga bir qarab olib dadasini yoniga ketdi. Quchoqlashib koʻrishishdi.

Narkoz berishdan oldin Xayrullo Saidaning boshi ustiga egildi.

– Baravar harakat qilamizda, qahramon ona! – Xayrullo titraganini bildirib qoʻyishdan qoʻrqib, yutinib oldi, – eson-omon qutulasan, uxla. Uxlab turganingdan keyin koʻrishamiz.

Saida oxirgi kuchini yigʻib qonsiz lablarini qimirlatdi. «Albatta koʻrishamiz».

Xayrullo har galgidek koʻnglidagini topdi:

– Bir nima demoqchimisan?

Koʻzi bilan «ha» ishorasini qilgan Saida zoʻr-bazoʻr yutindi. Judayam past, faqatgina Xayrullo eshitadigan ovozda dedi:

– Bo-la... larim!..

Qolganiga kuchi yetmadi.

Narkoz berildi.

Bolani birpasda olishdi. Jingalak sochlari qop-qora, oʻziyam qoracha bolajon.

Kindigini Xayrullo kesdi.

Inga-ingasi olamni buzdi.

Toʻpolonchi boʻladi chamasi…

Operatsiya toʻrt soat davom etdi.

Professor taqdirga tan berdi. Ichida oʻzini aybladi. Shunaqa boʻlishi mumkin deb oʻylagandi.

Shifokorlarlar umid uzishdi.

Faqat Xayrullogina buni tan olmadi. Yoʻq. Bunaqa boʻlishi mumkinmas. Axir bolalari bor. Avval bitta edi, endi ikkita boʻldi. Qizi bor, oʻgʻli bor. Eri tashlab ketgan. Ularga kim qaraydi?! Onasi qarib qolgan. Yoʻq. Bu mumkinmas. Saida yashashi kerak. Yigirma ikkigayam kirmadi hali. Eri uchun tugʻmoqchi edi. Tugʻib erini qaytarmoqchi edi. Nega endi oʻzi ketarkan. Yoʻq!

Saida komadan chiqmadi.

Xayrullo qalbi koʻtarayotgan gʻalayonga chidash berolmay, yuragini sugʻurib tashlagisi keldi. Najot qidirib, avval tepaga, keyin murdaning rangsiz yuziga tikildi. Bir paytlar husndor boʻlgani bilinib turibdi. Koʻzlari … bilolmadi, yumuq ekan. Boshi ustiga asta egilib, oʻyga toldi.

– Bolalaring?!. – bir tomchi yosh murdaning qulogʻiga tomdi, bu safar titrogʻini bilintirishdan qoʻrqmadi, bemalol gapiraverdi, – Menga omonat, xabar olib turaman, xavotir olma.

Xavotir

Bu yil qish erta keldi.

Bogʻlarga qor erta tushdi. Qorni doʻppayib qolgan Nigora issiqqina uy ichidan oppoq qorning yogʻishini kuzatgancha xayolga berilgan. Hozirgina oʻqishdan keldi. Havo toza, lekin juda sovuqligidan hovliga chiqqisi kelmaydi. Oshxonaga borib ovqat tayyorlashi kerak. Qaynonasi oshxonaga kirdi. «Yuzimni qizargani hali ketmabdi, burnim ham isimagan, birpasgina isinib olay», Nigora oʻzini oqlagan boʻldi. Qaynonasi oshxonada taraq-turuqni boshladi. «Ataylabdan qilyapti, oʻzim ham anchagina bez boʻlib qopman. «Bezni ishi besh!» Qaynonasidan oʻrgangan iborani ichida takrorladi. «Oldingi payt boʻlsa, oyoq-qoʻlim akashak boʻlib qolsayam yugurib chiqib ish qilardim».

Chindanam oxirgi paytlar Nigora ancha oʻzgargan. Anchagina beparvo va loqayd. Qaynonasining igʻvosiga ham, piching kesatiqlariga ham, qaynegachilari kelganda uyga kirvolib pichirlashishiga ham, unda-munda zoʻrgʻa chiqadigan ovsiniga, «qizim senga aytaman, kelinim sen eshit» qabilida uzib-uzib gapirishiga ham, hattoki eri…

Bir necha oy oldin Rustamni oʻylasa yuragi pitirlaydigan boʻlib qolgan edi. Oʻzicha erimni sevib qoldim shekilli deb oʻyladi. Uyalsa ham Rustam unga yaqinlashishini juda xohlardi. Entikib ketardi. Keyinroq Rustamning xohishi faqatgina nimadan iboratligini tushunib qoldi. Negadir bundan xursand boʻlmadi. Qaytaga shuni tushungandan keyin oʻzini olib qochadigan boʻlib qoldi. Hozir u… bularning hech birini xohlamaydi. Faqat bolasini oʻylaydi, eson-omon qutilib olsa boʻldi. Beixtiyor tiliga qoʻshiq quyilib keldi.

Alla bolam, allalarga xumor, bolam
Taqib qoʻyay beshigingga tumor, bolam,
Alla aytsam, kunday yorugʻ yuz boʻlasan
Alpomishlar orzu qilgan qiz boʻlasan.

«Qaniydi qiz tugʻsam, chindanam alpomishlar orzu qilgan qiz qilib oʻstirardim, lekin… oʻgʻil boʻlsa kerak, koʻnglim sezyapti». Nigora koʻkragiga sut kelganini sezib rohatlandi. Xayolan chaqaloqni bagʻriga olib alla aytdi. Oshxonadagi taraq-turuq avjiga chiqqach, issiq kiyinib ichida boyagi kuyni takrorlagancha oshxonaga bordi. Qaynonasi bor alamini sabzi taxtadan olib jon-jahdi bilan piyoz toʻgʻrayotgan edi. Nigora qoʻrqqan oldin musht koʻtarar qabilida, qaynonasi biron nima deb qolmasidan sovuq qotib kelganini bildirib qoʻyish maqsadida uh-uhulab qoʻydi.

Qaynona-kelin bir-birini soʻzsiz tushunishadi. Ensasi qotgan qaynonasi:

– Doim harakatda boʻladiganlar umuman sovuq qotishmas ekan, oʻqishga yaxshi borib keldingizmi? – dedi.

Ma’noli gaplardan tovonigacha titrab ketgan Nigora burnini yolgʻondan tortib qoʻydi.

«Zuluk, shungayam gap topdi. Meni oʻrnimda Laziza boʻlganida hozir boplardi. Menam oʻlarmidim indamay kirsam». Ichida allasini qaytarib, sabzi artishga tutindi. «Alla bolam, allalarga xumor bolam, taqib qoʻyay beshigingga tumor bolam».

Havorang bezak berilgan chiroyli xona. Havorang parda tutilgan. Havo rangdagi shiringina bolalar karavoti qoʻyilgan. Karavot ichida doʻmboq bola oyoq qoʻlini tipirlatib oʻynab yotibdi. Yo tavba, karavotni toʻshagi yoʻq, yostiq-koʻrpasi yoʻq. Kim bolani bunaqa yotqizadi? Bolacha gu-gulab onasini chaqira boshladi shekilli. Hech kim yoniga kelmadi. Onasi qarasa boʻlmaydimi, qanaqa odam ekan. Nigora qarab turib, meni bolam-ku, degancha karavot yoniga yugurdi. Tavba, kichkinagina xonada yugurib yetolmasa. Bola chirillab yigʻlashga tushdi. Hozir boraman. Bola battar chirilladi. Nega hech kim qaramaydi? Nega bolamni hech kim koʻtarmayapti. Koʻz yoshlari sel boʻlgan Nigora yugurayotib yiqildimi, choʻchib tushdi.

Yuragi urib, nafasi tezlashib ketdi. Koʻrpasi zil tuyulib ustini ochib tashladi. Qop-qorongʻi xona ustiga bostirib tushayotganday boʻlib yonboshidagi tunchiroqni yoqdi. Yonida yotgan erini uygʻotib tushini aytib bergisi keldi-yu, lekin uygʻotmay qoʻya qoldi.

Nimaga bunaqa tush koʻrdi? Nigorani vahm bosdi. Yuragi dukillab, tushini bexosiyat hisoblasa-da, bolani yana koʻrgisi kelib, koʻzlarini yumdi. Ancha payt oʻtsa-da, uyqusi qaytmadi. Yostigʻini baland koʻtarib, suyanib oʻtirdi. Pishillab uxlab yotgan Rustamga qarab uxlashiga havasi keldi.

Qorni katta Nigora eri tepasida oʻtirib sochlarini, yuzlarini silagisi, quloqlariga yaxshi gaplarni pichirlab aytgisi keldi-yu, iymanib botinmadi. Xuddi qimirlasa erini jahli chiqadiganday, xoʻrsinishga ham qoʻrqib, shu oʻtirgancha tong ottirdi.

Alla aytsam, kunday yorugʻ yuz boʻlasan,

Alpomishlar orzu qilgan qiz boʻlasan!

Darvozaxonadan oʻtib, ovoz chiqarmay bitta-bitta qadam bosib kelayotgan Nigora baland ayvonning oynasidan oʻziga qarab turgan buvisini koʻrib yuziga tabassum yugurdi. Eshikni ochib qaragan buvisi, koʻzoynagini peshonasidan koʻziga tushirib, hali Nigora salom bermasidan avval:

– Nega kelding? – dedi.

Nigora kulib:

– Keldim-da! – dedi.

– Qayerdan kelding?

– Uyimdan keldim.

– Qayerga kelding?

– Uyimga keldim.

– Nega kelding?

– Sizni sogʻindim.

– Bu yerdaligimni qayerdan bilding?

– Bildim-da.

– Kimdan soʻrab kelding?

– …

Nigora kulib kelib, koʻpdan sogʻingan buvisini bolalarcha quchoqladi.

– Assalomu alaykum, buvijon, nega xavotirlanasiz?

– Eson-omon keldingmi? Uyingdagilar yaxshimi?

Ichkari uyga oʻtib, faqatgina buvilari kelganda oʻtiriladigan xontaxta atrofiga choʻkkalashdi. Xona betartib, chala bitgan beshik anjomlari sochilib yotardi.

– Ilohi omin, xonadonimizga tinchlik, baraka, sihat-salomatlik ato etsin, qoʻsha qarib, yuzga kirib bola-chaqalaringni rohatini koʻrgin. Etagingdan tushganday, eson-omon qutulib, bagʻringga bosib olib kelgin. Oʻzing yaxshi yuribsanmi, qaynonang, qayniboʻynilaring yaxshimi, kuyovim yaxshi yuribdimi?

Bir amallab oyoqlarini uzatib olgan Nigora jilmaygancha javob qaytarib oʻtirardi.

– Onang sen kelishingni bilmovdi, boʻlmasa uyda oʻtirardi. Tinchlikmi? Hech beoddix kelmasding-ku?

– Bugun ruxsat berishdi-da, buvi.

– Onang bilan yangang bozorga tushib ketishuvdi. Kelib qolishadi. Ungacha ikkalamiz oʻtira turamiz. Mana, evaramni koʻrpachalarini tikib oʻtiribman. Oʻzing ogʻirgina boʻlmay yuribsanmi? Anchagina pishib qopsan.

Nigora sekin ovozda:

– Buvi, ba’zida qoʻrqib ketaman – dedi bir oz tashvishli ohangda.

– Nega qoʻrqasan? Nimadan qoʻrqasan?

– Tugʻishdan!

– Tugʻmagan xotin bormi? Tishing ogʻriganmi? Boʻldi. Tish ogʻrigʻini bilganga tugʻish hech gap emas. Bildingmi?

– Buvijon, sizga hammasi shunaqangi oson koʻrinadiki!

– Nega oson boʻlsin bolam, senlarni shunaqa qilib yupatmasa boʻlarkanmi? Ha-ha qilib, uzatvoramiz, ha-ha qilib bolali boʻlasan, birpasda katta qilib olasan, qarabsanki oʻzing ham kap-katta xotin boʻlib qolasan.

– Shu bilan umrim ham oʻtib ketadi.

– Oʻtadi-da bolam, shunaqa oʻtgani yaxshi. Odamzod bolam katta boʻlyapti deb kun sanab, xursand boʻladi-yu, oʻzi qarib qolganini bilmay qoladi.

– Odamlar shuning uchun kelishadimi dunyoga?

– Kelgan odamning ketishi aniq boʻlgandan keyin sendan qoladigan narsa faqat bolalaring.

Buvi bilan nevara peshingacha gaplashib oʻtirishdi. Onasi bilan yangasi bozordan qaytishi bilan, Nigora uyini qoʻmsab qoldi. Negadir betoqat, joyini topolmasdi. Erini uyida yurganida onasinikiga ketgisi kelardi. Endi onasining uyidan erining uyiga borgisi kelib qoldi. Bezovta boʻlavergach, onasi ham boraqol endi, deb ruxsat berdi. Onalar hamma narsani sezishadi. Nigora oʻzini qanchalik baxtli koʻrsatishga urinmasin, onaning notinch qalbi haqiqatni bilib turardi. Qizining koʻzlari avvalgiday emas, kulib turibdi-yu, kulgisi ham boshqa. Oilasi bir tarafdan qaraganda tinchga oʻxshaydi. Ammo qizi nega baxtiyor emas? Yo joyini bilib bermadikmi? Yon qoʻshnilari bir emas, bir necha marotaba soʻragan edi. Yo shularni dili ogʻriganmidi? Xudo bilsin, koʻzi tekkanmi? Koʻzing qursin! Qizi shu ahvolda yurib, dardini ichiga yutaverib kasal boʻlib qolsa-ya? Dilida aylanib yurgan xavotirni quvib chiqara olmagan ona, oxiri eriga yorildi.

Eri uni jerkib tashladi:

– Nega podadan oldin chang chiqarasan, qizing hamma qatori yuribdi-ku!

– Shuni uzatganimizdan beri, koʻnglim algʻov-dalgʻov, dadasi.

– Senga bir narsa dedimi?

– Yoʻq!

– Unda nega vahima qilasan? Qornida bolasi bilan qaytarib olib kel¬moq¬chimisan?

– Voy, nafasingiz qursin! Nega unaqa deysiz?

– Boʻlmasa nima qil deysan? Har xil xayollarga berilib, gap chiqarib, ikki oraga sovuqchilik tushirma. Biron nimadan qiynaladigan boʻlsa, oʻzi aytadi.

«Aytadi emish, qizining fe’lini biladiku!» Xavotirlik oʻtida yonayotgan onaning koʻngliga bu gaplar taskin bera olmadi. Qaytaga erining koʻngliga ham gʻulgʻula solib, tashvishi ortdi.

Qora Qaror

Ayolga xohlaganini bering – boʻlmasa uni oʻzi oladi.

Umida bu iborani qachondir, qayerdadir oʻqigan edi. Tushunsa ham kulib qoʻya qolgan ekan. Keyin buni biratoʻla his qildi. Tushunish boshqa ekan. Yana ham aniqrogʻi nima xohlashini endi oʻzi tushunib yetdi.

Rustam uniki boʻlishi kerak! Boshqacha boʻlishi mumkin emas!

Qaytarib oladi. Nimalar qilib boʻlsa ham. Endi orqaga yoʻl yoʻq. Boshqacha yasholmaydi. Qanchalar qimmatga tushmasin, qanchalar gunohga botmasin, qanchalar malomatga qolmasin Rustamni qaytarib oladi.

Bir necha kundan beri koʻngli muzlab qoldi. Alam, alam yomon ezib tashladi.

... Umida Nigoraning homiladorligini bilib qoldi...

Rustam uylangan kezlari bir ikki oy, juda qattiq xavotirda yurdi. Gohida odam oʻzini oʻzi aldab ham biror nimaga erishadi. Umida ham boʻyida boʻlmayapti-ku, balki shu bahona ajrashib ketishar deb xayol qildi. Bunga oʻzi ham ishonmasa-da, chiqmagan jondan umid, shu xayol unga qanot berib turdi. Rustam xotinining homiladorligini berkitishi mumkinligini Umida oʻylab ham koʻrmagan ekan.

Alam oʻtida yondi.

Bir tarafdan rashk-alam, bir tarafdan – gʻazab, bir tarafdan – uni hech qachon tark etmaydigan, axir bir kun Rustamdan ajralib, yana yolgʻiz qolish hadigi uni haddan ziyod gʻajib tashladi!

Hamma, hammadan hafsalasi pir boʻldi. Demak, hamma bir xil ekan. Rostdanam odamzodni yaxshisi yoʻq ekan. Yaxshi boʻlsang birov bilmas ekan. Nega? Nega Rustam bunaqa qildi? Menikini… oldirib, xotinini… ablah!

U xudbinlik qildi. Men uni oʻylagan edim, oilasiga aralashmagan edim, obroʻsini toʻkmovdim. Shunaqayam razil boʻladimi? Endi oʻzidan koʻrsin! Koʻrguliklarimni ikki barobar qilib qaytarib olmasam, otimni boshqa qoʻyaman. Keyin nima boʻlsa boʻlar! Shusiz ham kunim yayrab-yashnab oʻtayotgani yoʻq!

Oʻzi shusiz ham hasrat oʻtida yonib yurgan Umida bir necha kundan beri oʻziga kelolmaydi. Xayolida faqat bir narsa – Rustam! Tuni bilan dagʻ-dagʻ titrab, azonda bir qarorga keldi. Shu bugun! Hammasi hal boʻladi!

Ilon Inidan Chiqdi

Nigora bu tushni avval ham koʻrgan edi. Aniq esida: aynan oʻsha tush. Tavba shunaqasi ham boʻlar ekan-da. Xuddi kinoni qayta koʻrgandek. Lekin hozir tushini qayta koʻrgani emas, tushining ta’biri koʻproq qiziqtirdi uni. Tushni qaysi tarafga yoʻysang, shu boʻladi deyishadi. Avval koʻrganimda nimani oʻylagan edim. Ma’lum edi. Oʻshanda ham ma’lum edi. Bugun-chi, bugun ertalab koʻrgan tushini esladi-yu, eti jimirlab, oʻrnidan turdi. Oxirgi paytlar tush koʻrishdan qoʻrqib uxlagisi ham kelmay qolgan. Ba’zida kunduzi koʻrganlaridan uyquda koʻrganlari ogʻirlik qilib charchatib yuboryapti. Nima qilish kerak.

Qaynonasini azonda kuzatdi. Kechasi bilan norin toʻgʻradi. Shuni tinchgina birovga buyurtirsa boʻlardi. Qaynonasining fe’li ma’lum, «it arazladi egasi bilmadi» degandek, oʻzicha arazlagan kishi boʻlgan Nigora, dami ichida, toʻy yuborarga yetadigan norinni bir oʻzi toʻgʻrayapti.

Azonga yaqin oʻrniga kirib yotib koʻzi ozgina ilindi-yu, tush koʻrdi.

Qop-qorongʻi boʻshliq… Havoda muallaq turganmish… Qorniga qarab hayron boʻldi. Nega tep-tekis? Qornim qani? Homilador boʻlsa… qornini paypaslayotib barmoqlariga qaradi. Oʻzi yaxshi koʻradigan katta koʻk koʻzli uzugi… oʻzidan-oʻzi tushib ketdi. Nigora paypaslay boshladi, oyogʻi yerda emas, qoʻli yerga tegmasa ham paypaslayverdi: bir, ikki, uch… qidirib, qidirib qorongʻilikka kirib ketdi. Keyin nima boʻldi deng. Keyin birdan atrof yorishdi va institut darvozasi yonidagi teshikdan kulrang ilon chiqib keldi va u bir dumalab qoracha ayolga aylandi.

Algʻov-dalgʻov tushidan fikri chuvalashib, uyqudan turib, karaxt holda hovliga chiqqanda yasan-tusan qilib olgan qaynonasi togʻora tugish bilan ovora edi. Uni sezmadi shekilli, Rustamga:

– Bir kun ming kun emas! Xotining bir marta oʻzi qolsa qolayapti? Onamnikiga borib yotaman deb boshingni aylantirsa, koʻnib oʻtirma, qizni onasi buzadi, qancha kam koʻrsa shuncha yaxshi. Havoni bahona qilib qoʻya qol, oʻziyam rosa quyadi shekilli! – Orqasiga oʻgirilgan Dilorxon oʻziga qarab turgan kelinini koʻrib, avzoyin oʻzgartirdi.

– Bunaqa paytda koʻz tegishi oson, koʻpchilikni ichiga bormaganingiz ma’qul – dedi oʻlganning kunidan yasama tirjayib.

Nigora eri bilan qaynonasini kuzatgach, oʻqishga otlandi.

Bugun bormasa ham boʻlardi. Hech oyogʻi tortmay zoʻrgʻa ketdi. Bugun toʻy. Ibrat qanaqa kuyov boʻlarkin. Ibrat. Meni Ibratim, qachonlardir shu soʻzlar dilida aylanib yurardi. Afsuski, tiliga chiqmadi. Baxtdanmi, baxtsizlikdanmi? Muhabbatning koʻnglingni toʻldirib yashashi baxt ekan. Meni muhabbatim-chi? Oʻlik tugʻilgan bolaga oʻxshadi. Tugʻildiyam – koʻmildiyam. Muhabbatni mayib qilgan ogʻrigʻini oʻzi tortadi deyishadi. Men muhabbatimni mayib qildimmi? Boshqa nima ilojim bor edi. Qiz bola boshim bilan undan muhabbat talab qilarmidim.

Ogʻir, odamni ezib tashlaydigan xayollar bilan Nigora auditoriyaga kirib keldi. Kursdosh yigitlarning yarmi yoʻq. Ibratga yaqinlari ertalabdan ketishgan shekilli.

Laziza negadir kelmabdi. Zebo toʻyga borishga yuragi toshib oxirgi para boʻlmasin, deb xudoga nola qilib oʻtirgandi, iltijolari inobatga oʻtmadi. Nigora behalovat uch para darsning qanaqa oʻtganini sezmay qoldi. Oxirgi dars tugasa ham koʻngil gʻashligi tarqamagan Nigora, shishgan oyoqlarini sudraguday boʻlib zinadan pastga tushdi. Orqasidan poʻmpillab tushib kelgan Zebo hansiragancha Nigorani qoʻltiqlab oldi.

– Toʻyga bormasliging yomon boʻldi. Borsang birga oʻtirardik. Rustam akamdan soʻrab beraymi?

Nigora kerakmas, deb bosh chayqadi.

– Bu qornim bilan bemalol oʻtirarmidim. Oʻzi hech narsa koʻnglimga sigʻmayapti. Tezroq tugʻib olganimda edi! ... – Roʻparasidagi ayolga koʻzi tushib, gapi boʻlindi. Uni qayerdadir koʻrgandi. Yaxshilab qaradi. Yoʻq koʻrmagan. Lekin taniydi. Ayol ular tarafga qarab kela boshladi. «Oqsoqlanarkan».

Umida Nigora bilan Zebo qarshisiga kelib toʻxtadi.

– Yaxshimisizlar.

– …

Nigora bir narsadan hadiksiraganday salomi tiliga chiqmadi. Zebo birovni soʻramoqchidir deb savol kutib qarab turdi.

– Siz… sen Nigora boʻlsang kerak?!

Avval sizlab, soʻng sensirashga oʻtgan bu ayolning muddaosini tushunmagan Nigora bir fursat karaxt holda qoldi, yuragini nimadir gʻijimlay boshladi.

Ayol unga oʻqrayib qaradi.

– Men Umidaman! Sizda gapim bor! – U Zeboga yuzlandi. – Nariroqqa borib turasanmi?

Nigora Zeboning qoʻltigʻiga qattiqroq yopishdi.

Zebo unga gʻoz qarash qildi:

– ¬Bizda ishingiz bormidi?

Uning kekkayishi Umidaga yoqmadi:

– Sendamas, oʻrtogʻingda gapim bor! Chetroq tursang-chi!

– Oʻrtogʻimmas, kennoyim boʻladi.

Umida uning gapini nazariga ham ilmadi.

– Juda yaxshi, unda birga eshit!

Gapiravering, eshitamiz.

Umida ularga gʻuddayib mensinmay qaradi:

– Men Rustam akamni birinchi xotiniman!

Boyadan beri Nigoraning yurak urishini butun olam eshitayotgandek edi. Endi goʻyo toʻxtab qoldi. Yoʻq, qulogʻiga bir balo boʻldi shekilli. Roʻparadagi ayol gapiryapti, ogʻzi qimirlayapti, lekin nega eshitmayapti? Angrayib Zeboga qaradi. U ham gapirayotgan ekan. Urishishyapti...

– Men hamma narsani bilaman, oʻzingdan oʻzing valdirayverma! Rustam akamning boshqa xotini boʻlsa, birinchi men bilardim!

– Nechuk shuni bilmay qolgan ekansan, yaxshisi bizga xalaqit berma. Nigora bilan gaplashib olishim kerak.

– Shunaqayam bezbet odammisan, bor, yoʻlingdan qolma, turqing qursin, shalava! – dedi Zebo vajohat bilan.

Nigora bejon qoldi. Boshi gʻuvillab, quloqlari tagida birov shishalarni qarsillatib sindirayotganday tuyulib, tomogʻi boʻgʻildi, ming gapiraman deb urindi, boʻlmadi, tili kalimaga kelmadi. Bazoʻr kuch toʻplab, Zeboga urishma, deb imladi xolos. Zeboga bu ta’sir qilmadi, jagʻi-jagʻiga tegmay bidillab urishaverdi.

– Bu nomeringni boshqa joyga borib koʻrsatasan, bizga oʻtmaydi, boshqaroq laqmani top, tuppa-tuzuk oilani buzmoqchimisan? Sendaqalar koʻpayib ketgan hozir. Aftingni qara, oynaga qaraganmisan oʻzing, shundoq chiroyli xotini turib, seni boshiga uradimi Rustam akam, oʻzing choʻlogʻakansan.

Umida vajohat bilan pishqirdi!

– Menga qara, moxov, tilingni tiymasang yeb qolasan, Nigorada ishim bor, gaplashib olishimga qoʻy!

– Kenoyimni senda ishi yoʻq, koptokdek tepilmasingdan joʻnab qol, ikkinchi yoʻlimizni toʻsma, basharangni yorib qoʻyamiz!

Nigora oʻtgan-ketgan talabalar, domlalarga qararkan, ikki beti lov-lov yondi. Bunisi ham bormidi hali? Orqa tarafga oʻgirilib, chiqib kelayotgan kursdoshlarini koʻrdi. Endi hamma biladi. Ey xudo, sharmanda qilma, qochish kerak, tezroq ketmasa hammaga gap boʻladi. Zeboga «hech kimga gapirma» degandek boshini liqillatdi, shu ahvolida tabiiyki, tili aylanmadi.

Nigora yoʻlakdan mashina yoʻliga chiqmoqchi boʻldi. Uning ketayotganini sezgan Umida qoʻlidan ushlab tortdi.

– Toʻxta sen bilan gaplashib olishim kerak.

Zebo oraga suqildi.

– Qoʻlingni tort, choʻloq!

Umida shu paytgacha esini yoʻqotayozgan edi, endi butunlay aqldan ozdi.

Kutilmaganda yuziga tushgan tarsaki zarbidan Zebo gangib ketdi. Nima boʻlganini idrok qilgunicha Umidaning ogʻzidan bodi kirib, shodi chiqdi. Dovdirab qolgan Zebo alamidan Umidaning sochini changallab oldi. Bu manzaradan Nigora dod degisi keldi. Jonholatda katta yoʻlga chiqib, mashinalarga qoʻl koʻtardi.

Kursdoshlari yetib kelib, Zeboni undan ajratib olishdi.

Vahshiy hayvondek quturib ketgan Umida alam bilan ortga qaytdi. Shu ketishda ancha-muncha yoʻl yurib qoʻydi. Allaqanday notanish koʻchada, ikki qavatli bino yonida toʻxtab atrofga alangladi, majolsiz yerga oʻtirib qoldi. Qilib qoʻygan ishi befoyda edi. Choʻkkalab oʻtirib, achchiq yigʻladi.

Oʻziga kelib yigʻiga tushgan Zebo dugonalarining «nima boʻldi oʻzi» degan savoliga javob bermay, u ham yugurib katta yoʻlga chiqdi. «Nigor endi ketib qoladi. Toʻxtatish kerak». Toʻyxonaga borib ammalarimga aytaman, olib qolishadi, oʻzi qayoqqa ketdiykin, biratoʻla oyisinikigami? Toʻxtagan mashinaga: « – Usta Shiringa!», dedi-yu, kabinaga otilib kirdi. Rang-roʻyini koʻrgan haydovchi katta tezlikda mashinani haydab ketdi. «Nahotki? Rostmi oʻzi? Nima deb ketdi? Isbotla desam boʻlarkan. Nima boʻlganikin oʻzi? Aldadimi? Aldagandan nima foyda? Nigor uni tanimasa, oʻzi Rustam akam tanirmikan uni? Ha-ya, Rus¬tam akam, nimaligini faqat Rustam akam bilishi kerak. Toʻyxonada nima bor, Rustam akamga aytish kerak». Zebo titrab-qaqshab haydovchiga yoʻlni boshqa yoqqa burishni aytdi. Ensasi qotsa ham, bir ahvol boʻlib oʻtirganini koʻrib turgan haydovchi indamay yoʻlni kasalxona tomon burdi. Kasalxonadan Rustamni topa olmagan Zebo, koʻchaga qaytib chiqib, katta yoʻlda ozgina merovsirab turdi-yu, soʻng Nigoralarnikiga qarab ketdi.

Hijronning Uyida Doimo Qish

Nigora xayol bilan eshikni ochiq qoldirib uyga kirdi. Endi hammasi uni tark etdi. Boshi ustida tinmay aylanayotgan qovogʻarilar, qulogʻi tagida shangʻillab baqi¬rishayotganlar, shishalarni sindirayotganlar, oyogʻidan tortib yiqitmoqchi boʻlayotganlar bari bir zumda qayoqqadir gʻoyib boʻlishdi. Faqatgina yuragini gʻijimlayotganlar mahkam changallab olgancha qoʻyvorishmadi.

Abgor ahvolda uyiga kirib, karavotga choʻzildi. U endi bor-yoʻgʻidan ajralgandi. Qalt-qalt titrab yota olmadi. Oʻrnidan turib, xona aylandi. Toshoyna qarshisiga kelib toʻxtadi. Ongi uni tark qilgandek hech nimani ilgʻamay aksiga tikilib kichkina stulchaga oʻtirib oldi.

Qancha turdi, bilmaydi.

Xira tuman tarqalib, toshoynadagi aksi yonida Rustamning koʻrindi. «Yo tavba, koʻzimga nimalar koʻrinyapti».

– Husningga toʻymay qoldingmi?

Nigora merovsirab yoniga oʻgirildi. Koʻzlarini katta-katta ochib baqrayib qaradi. «Rostdan kelgan ekan, koʻzimga koʻrinmapti».

– Ering keldi turmaysanmi? – Iljayib qarayotgan Rustamni koʻrgan Nigora birov boʻynidan boylab tortganday oʻrnidan turdi. Jonsiz oyoqlarini sudraguday boʻlib uydan chiqdi. Oshxonaga yoʻnalganini koʻrib, Rustam ovoz berdi:

– Ovqatlanmayman, Nigor, kiyimlarimni tayyorlab bersang boʻldi. Indamay or¬qasiga qaytgan Nigora Rustam hammomdan chiqqunicha kiyimlarini taxt qilib qoʻydi-yu, javonga suyanib turaverdi. Sochiqqa artinib kirgan Rustamning koʻziga xotini gʻalatiroq koʻrindi.

– Tuzukmisan? – deb soʻradi, Nigora indamagach: –Oʻtirsang-chi, – dedi.

Kiyinib boʻlgan Rustam Nigoraning oldiga kelib yelkalaridan tutdi. Oʻzicha ruxsat tegmaganiga xafa boʻldimikan deya oʻylab:

– Toʻyga borasanmi? – deb soʻradi.

Nigora bosh chayqadi.

Eri unga hayron boqdi.

– Soqov boʻlib qoldingmi? Kelganimdan beri bir ogʻiz gapirmading. Bugun navbatchiman. Xavotir olma! Toʻyga birrov kirib oʻtaman. Havoni qara: rosa jala quyadi shekilli. Ehtiyot boʻl, ertalab kelaman! – Eri uni qattiqroq quchib, labini titroq labiga bosdi. Gʻazabdan titrayotgan lablar goʻyo ilon chaqqandek zirillab ogʻridi. Kuchli qoʻllardan yulqinib chiqqisi kelsa-da, ilojini topolmadi.

Rustam yana unga qaradi.

– Boya eshikni ochiq qoldiribsan, qulflab oʻtir!

Bu gap Nigoraning battar nafratini oshirdi. «Bevafoga yoʻliqqan qiz yoki yigitning qismati achchiq». Nigora bu iborani magʻzini chaqib koʻrmagan edi. Qismatim achchiqmi? Yo bu fojiami? Nega bunaqa boʻldi? Sababi nimada? U aldamadi. Zebo unga ishonmadi, lekin oʻsha ayol aldamadi!

Qattiq shamol esdi.

Nigora Rustam chiqib ketganidan keyin ham turgan joyida bir nuqtaga tikilib turaverdi. Tushini eslab, ta’birini angladi. Nahotki endi eridan ajraladi? Bolasi otasiz oʻsadimi? Xudoning qahri keldimi? Qachondan beri tanir ekan. Rustam uni sevarmikan? U ayol oʻziga juda ishongan koʻrinadi. Nimasi bilan? Nimasiga? Erim meni sevmagan, bu aniq! Chiroyimga shaydo boʻlgan. Lekin oʻsha ayolda na husn bor, na muomala, kamiga choʻloq ekan. Oʻzi oʻrtalarida nima bor? Rostdanam xotinimi yo ... Didli odam yantoqning gulida ham goʻzallik koʻradi deyishadi. Rustam oʻta didlimi? Podshohning ishqi qurbaqaga tushgan ekan.

Nigora xayolan oʻzini kamsitib, u ayolni koʻkka koʻtara boshladi. Lekin qancha oʻylasa ham oʻzidan ortiq joyini topolmadi.

Boshida qattiq ogʻriq turgan Nigora joyiga yetib olmasa yiqilib tushishini bilib qoʻzgʻalmoqchi boʻldi, aksiga oyoqlari yerga mixlanganday yurishga qoʻymadi. Belida paydo boʻlgan kuchli sanchiqdan ogʻir ingragancha bor gavdasi bilan gilamga agʻanab tushdi. Boshi yerga tegib, ogʻriq toʻxtadimi, par yostiqqa bosh qoʻyganday rohatlandi.

Yugurgilab kelgan Zebo, hovlida hech kimni koʻrmagach, toʻppa-toʻgʻri yotoqxonaga otilib kirdi-yu, gilamda choʻzilib yotgan Nigorani koʻrib, esini yoʻqotayozdi. Jonholatda telefonga yopishib tez yordam chaqirdi.

Yomgʻirli Kun Fojiasi

Jala tinmay quyar, shamol xuddi jahl qilganday oʻkirib yoʻlida uchragan nimaiki boʻlsa, hammasini ayamay surib ketmoqda edi.. Momaqaldiroq vahshat bilan chor-atrofga suron soldi. Tunuka tomga tushgan yomgʻir tomchilari taraqlab, tarnovdagi suv sharillab oqqanidan telefonning toʻxtovsiz jiringlagani ham eshitilmadi. Bir qoʻlini beliga tirab, ikkinchisini eshik kesakisiga qoʻyib olgan Umida koʻzlarini chaqchaytirgancha Rus¬tamga alamli tikilib turardi. Shu turishda u koʻzoynakli ilonning oʻzginasi edi.

Joni xalqumiga kelgan Rustam, lunji pir-pir uchib, alamidan bor bisotidagi bor soʻzlar bilan yer tepinib soʻkindi.

Rustam beixtiyor qoʻl koʻtardi.

– Yo hozir oʻtkazvorasan, yo …

– Yo nima qilasiz? Qoʻlingizdan kelganini qiling, agar hozir chiqib ketsangiz bir umr pushaymon boʻlib yurasiz, ovora boʻlmang. Yerga kirsangiz qulogʻingizdan, osmonga chiqsangiz oyogʻingizdan tortib olaman.

– Kim seni tashlab ketyapti, uygamas, ishga borishim kerak, gʻalcha, mendan boshqa hech kim yoʻq, bugun navbatchiman.

– Bilaman qanaqa navbatchisiz, xotiningizni kuchoqlagingiz kelib qolgan. Bir kun oldida yotmasangiz, oʻlib qolmaysiz. Qaytanga yaxshi boʻldi. Endi sizni poylamaydi, yostigʻini quchoqlab yotaveradi, balki uyigayam ketib qolgandir.

Rustam shunaqa boʻlishi mumkinligini hozir aniq his etib, alamini Umidaga sochdi.

– Qanjiq, maraz, nega jim yurolmaysan, nima yetmaydi oʻzi senga?

– Mengami? Siz!

– Oʻzi sen hech qachon minnatdor boʻlmaysan, uylanib keyin ketvorsam qoʻlingdan nima kelardi, nima qilarding, senga birov koʻzi uchib turibdimi?

– Hali… yuzimga soladigan boʻlib qoldingizmi?

– Ha, xotinimni aralashtirishga haqqing yoʻq edi.

– Balki yaxshi koʻrib ham qolgandirsiz? Siz hali shoshmay turing, u endi umuman yura olmaydigan boʻlib qoladi.

Momaqaldiroq qattiq gumburladi. Rustam urmadi. Bor kuchi bilan koʻtarib, otib yubordi. Yonboshi bilan stolga borib urilgan Umida ikki bukilib, uvillab yigʻlashga tushdi.

Yomgʻir shaharni obdon yuvib shalabbo qilgan, kuchli shamol ba’zi daraxtlarni yiqitib ulgurgan. Yarim tunda juda katta tezlikda ketayotgan Rustam hech qaysi chorrahada toʻxtamadi. «Ahmoqqa oʻxshab, tez yetib keling desa, nega keldim oʻzi, hamma narsa chalkashib ketdi, ertaga nima boʻlarkin, tezroq borish kerak, ishxona tinchmikan oʻzi?! Ishxona tinch boʻlsa, Nigordan xabar olish kerak, nima qildiykin, ishqilib uyda boʻlsin». Mashinani xuddi birov boshqarayotganday hech nimani idrok qilmasdi. Kasalxona hovlisida mashinadan shoshib tusharkan, yoʻlakda yugurib kelayotgan Ziyodani oynadan koʻrib, unga tomon shoshildi.

– Nima gap Ziyo?..

– Rustam aka, nimaga telefonni olmadingiz? “Tez yordam” bittasini obkeldi. Ahvoli yomon. Kelavermaganingizdan keyin Xayrullo akani chaqirdim.

– Keldimi?

– Olib kirib ketdilar. Boshlashganiga ancha boʻldi.

Rustam operatsiya zaliga yugurdi. Jonholatda yuvinib, operatsiya xonasiga kirishi bilan Xayrullo uni soʻkib berdi:

– Qisib ishlasang oʻlasanmi?

– …

– Boʻlaqol. Bolaga kechikib boʻldik shekilli. Oʻziga ulgurishimiz kerak. Qon bosimi tushib ketyapti. Suv ancha oldin ketib boʻlgan. Hushsiz qolganmi, bu yoqqa kelgunchayam ancha vaqt oʻtib ketgan. Men kelganimda bolasi qimirlamayotuvdi. Rustam, eplolmaymizmi?

– Oʻzingni bos, eplaymiz.

– Neonatolog kelganmi?

– Chaqirdim, shu yerda! – Rangi oppoq Ziyoda telba-teskari javob berdi.

Xayrullo adashmagan edi. Jismi yaralib, hayot baxsh etilmagan goʻdakni joni bilan birga yigʻi ham tark etibdi. Xasis dunyo mittigina yurakchadan inga-ingani ham qizgʻanibdi.

– Oʻgʻil ekan.

Bolani koʻtargan Rustam kindigi kesilayotganda, qip-qizil qonga belanib, allaqachon murda qiyofasiga kirgan ayolning rangsiz yuziga…

Nima bu?

Nima?

Kim bu?

– K-i-i-m?

Vahshat ichida bolaga qaradi. Koʻzlari yumuq. Koʻm-koʻk chaqaloq. Oʻgʻil sochlari qop-qora, nafas olmaydi. Oʻgʻlim-ku! Meniki, nega nafas olmaydi? U jon holatda bolani silkita boshladi.

Hamma unga hayron boqdi.

Ziyoda qoʻlidagi asboblarni yerga tushirib yubordi. «Nima boʻlyapti oʻzi?»

– Qoʻy!!!

Xayrulloning tovushidan oʻziga kelgan Rustam shundagina jonsiz vujudga ozor berayotganini tushundi. Ongi uni tark etdi, vujudi boʻm-boʻsh qoldi. Qoʻllari titragancha goʻdakni avaylab neonatolog qoʻliga topshirdi.

– Nega dovdirayapsan?! – Xayrullo tirik murdaning qonsiz yuzi, rangsiz labiga, yumuq koʻzlariga qarab kimnidir esladi. Kim edi? Koʻz oldida tanish qiyofa jonlandi. Juda tanish. Burnini yolgʻondan tortib qoʻyadigan kelin!

– A!

– Eh!

Endi…

–He onalaringni… qimirlalaring tezroq. Professorni chaqirtiringlar, qon toʻxtamayapti.

– Qon quyish kerak!

– Qon gruppasi nechchi?

– …

– Nechchi qoni?

Rustamning jim turishidan qoni qaynagan Xayrullo bor ovozda baqirdi.

Karaxt ahvoldagi Rustamning tili javob berdi:

– Toʻrtinchi!

Xayrullo yer tepindi. Qoʻlidagi asboblarni tashqariga otgisi, ketidan oʻzi ham otil¬gisi keldi. Keyin oʻzini qoʻlga oldi. Bir ahvolda turgan Rustamga:

– Rustam, oʻzingni tut! Xotingga ulgurishimiz kerak! – deya oldi xolos.

Halitdan beri pastki labini tinmay tishlayotgan neonotolog, dovdirayotgan Ziyoda, akusherlar, nima gapligini tushunishdi-yu, dardlarini ichlariga yutishdi.

Qon bosimi tushib ketdi.

Qon toʻxtamayapti.

Hammasi bir necha soniyada boʻlib oʻtdi.

Butun bor mahoratini ishga solgan Xayrullo oxiri chekindi. Qaror, bir qarorga kelish kerak.

Qarorni Rustam qabul qilishi kerak edi.

Bunaqa paytda hech soʻzsiz ishga kirishgan Xayrullo, oʻzing tanla degandek, Rustamga tikildi.

Vaqt oz. Bunaqa paytda vaqt deganlari yurakni qiymalamaydi, qaytanga tomiringda oqayotgan qondan oldin yugurib, marraga yetkazib qoʻyadi. Shusiz ham jamiki iztiroblar olovida yonayotgan Rustam, ming azob bilan Nigoraning yuzlariga endi birinchi marta oʻzgacha mehr bilan tikildi. Xotinining qanchalik munis, beozorligi, mehribonligini, doimo nimadandir choʻchib, hadiksirib yashaganini his qildi. Qidirgani koʻnglidagi tuygʻulari, Umida emas, Nigorada yashaganligini tan oldi. Nigorasi turmush qurgandan beri hech kimdan mehr koʻrmagan edi, mehrga tashna edi. Qalbidagi iliq tuygʻular, ardoqlab oʻstirgan muhabbatini ulashishga odam topolmay hammasini farzandiga atab qoʻygan edi. Toʻqqiz oy mehr bilan kutgan goʻdagi bilan hattoki yuz ham koʻrishishmadi.

Tashqarida yomgʻir yogʻadi. Kechga tomon boshlagan yomgʻir bor alamini toʻkib solayotganday chelaklab quyardi. Rustamning koʻz yoshlar seli yuzidagi niqobini jiqqa hoʻl qilib yubordi. Shoshilish kerak. Boshqa iloji yoʻq. Koʻz yoshlari shashqator oqdi. Boshqa iloji yoʻq, xotinini qutqarish kerak edi. U ... ha, u oʻz qoʻllari bilan Nigoraning bachadonini olib tashladi.

Xotima Oʻrnida

Kunlar isib ketdi.

Gulini toʻkkan daraxtlar allaqachon mevaga kirgan. Bahor oʻz oʻrnini saratonga boʻshatishga shoshiladi.

Nigora oʻziga kelib qoldi. Qushlarni chugʻur-chugʻuri qulogʻiga yoqmaganidan derazani ochtirmaydi. Qushlar buni bilib jahl qilganday battar avjiga chiqarib chah-chahlashadi. Derazadan tiniq osmondagi pagʻa-pagʻa bulutlarga tikilib yotadi. Onasini ertalab kelgan yangasiga qoʻshib zoʻrgʻa uyiga joʻnatdi. Volidasi tuni bilan mijja qoqmay chiqishdi. Dam olishsin.

Oxirgi paytda hamma bir-biridan koʻzini olib qochadi. Haqiqatdan berkingan barcha koʻzlarning nigohida bir savol: «Endi nima boʻladi?»

Koʻzlari ich-ichiga botib ketgan, xalatining yelkalari osilib qolgan Rustam titrab-qaqshab palataga kirganda Nigora har galgidek oynadan tashqariga tikilib yotardi. Nima deyishni bilmay gʻoʻldiradi. Haroratini hozirgina oʻlchab chiqqan hamshiradan bilgan, qon bosimi oshmagan, tuzukmisan degani bilan nima javob berardi. Oʻz koʻnglida xotinining peshonasini ushlagan boʻldi-yu, tilidan baribir shu savol uchdi:

– Tuzukmisan?

Nigora tashqaridan koʻz uzmay, javob qaytarmadi.

Rustam mehribon tovushda:

– Ertaga chiqamiz, Nigor! – dedi-yu, koʻngli buzildi.

Rustam buni aytmasa ham boʻlardi.

Ertagacha oʻrtada yana bir tun bor.

Mashina darvoza yonida toʻxtaganda Nigor kipriklari nam edi. Hovlida qaynonasi bilan salomlashdi, kichik qaynegachisi bilan ovsini oshxonadan chiqishmadi.

Nigora bu haqda oʻylab ham koʻrmadi.

Mehmonxonasiga ovoz chiqarmay kirgan Nigora chinnilari qutilarga joylangan, boʻm-boʻsh qolgan mebellarga koʻzi tushib, yotoqxonaga kirdi. Karavot ustiga taxlab qoʻyilgan boʻxchalarga qarab indamay yerga oʻtirdi.

Hovliga kirishi bilan qaynonasining sovuq qarashidan hammasini sezgan edi.

Shu ahvolda harakatsiz oʻtiraverdi.

Oʻziga kelganda uy ichi ancha qorongʻilashib qolgandi. Uyiga qandoq kirgan boʻlsa, xuddi shu alfozda hovliga chiqdi. Oʻzini ta’qib qilayotgan nigohlarni hayratda qoldirib, gap-soʻzsiz bitta-bitta bosib hovlini tark etdi.

Koʻchaga chiqqanda quyosh botib qolgandi.

Nigora quyoshga yetib olishga shoshilganday ufq sari yurib ketdi.