OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNilufar Turgʻunova
Asar nomiArgʻimchoq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Nilufar Turgʻunova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm3KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Argʻimchoq (hikoya)
Nilufar Turgʻunova

Derazadan moʻltirab turgan koʻzlar yomgʻir ostida qolgan eski argʻimchoqqa uzoq-uzoq termulardi.

Argʻimchoq ertalabdan beri tinmay yogʻayotgan yomgʻirda ivib ketgan. Eski qayragʻochga osilgan bu argʻimchoq akasi uchun Sabrinaning quvnoq xandalaridan yakkayu yagona yodgorlik. Bu bahorgi yomgʻirlar Behruzga yoshlik xotiralarini eslatardi. Oʻsha kungi voqeaga ikki yil boʻlgan boʻlsa-da, kechagidek koʻz oʻngida, yodiga muhrlangan…

Sakkiz yoshli Sabrina onasining oldida tinmay shoʻxlik qilar, kenja farzand boʻlganligi sababli oilaning erkatoyi edi.
— Salom, sariq qoʻgʻirchoq, quyonchalar oʻtlarini yedimi? — soʻradi Behruz.
— Sizning kelishingizni kutishyapti, axir siz katta quyonsiz-ku, — dedi singlisi. Behruz uning yumshoqqina betlaridan silab: — Quyonchaning kichigi, bu yoqqa kel-chi, birga oʻt yeymiz, — deb hazillashdi.
— Argʻimchoqda uchiring, — Sabrina doimgidek xarxasha qildi. Behruz jajji singlisining ra’yiga qarolmadi. Ishdan charchab kelganligi uchun Sabrina unga har qancha yalinsa ham argʻimchoq uchirmadi.

Sabrinani «Tongda tursang, albata uchiraman, ertalab qayragʻoch osti ham juda chiroyli boʻladi», deb ovuntirdi. Tongda uygʻonganida bahorning mayin shabadasi yomgʻirning shitir-shitirini xonaga olib kirdi. Sabrina oʻrnidan sapchib turib, oynadan argʻimchoqqa qarab afsuslandi:
— Bugun ham argʻimchoq uchirmaysizmi? — deya yuvinib kelib yuzini artayotgan akasiga yuzlandi.
— Uchiraman, albatta uchiraman, faqat quyosh chiqsin, maylimi, — dedi-da, shosha-pisha choyini ichib, ishga shoshilayotganligini onasiga aytib chiqib ketdi va birdan eshikdan qaytib kirib, Sabrinaga qaradi-da:
— Bugun argʻimchoq uchamiz, biror joyga ketib qolmagin, — deb xayrlashib chiqib ketdi.

Sabrina nonushta qilib boʻlgach, yomgʻir yogʻayotgan boʻlishiga qaramay, koʻchaga oʻynagani chiqib ketdi. Bir ozdan soʻng Sabrinaning onasi oldiga bir ayol yugurib kirdi.
— Qizingiz, qizingiz… — degancha ayolni koʻchaga boshladi. Onaning yuragi qoʻrqqanidan gursillab urardi. Jigarbandiga nima boʻlganini yonidagi ayoldan soʻray olmas, faqatgina uning orqasidan yugurib ketardi. Yoʻlning boshiga yetganda olomonga koʻzi tushdi va ular qurshovida qolgan sariq sochlari loyga belanib yotgan farzandiga koʻzi tushdi. Oyoq-qoʻli qonga boʻyalgan farzandini koʻrib, yuragi urishdan toʻxtagandek boʻldi. Yugurib borib, qizini bagʻriga bosdi. Qizchasining yuragi urmayotganini aslo his qila olmasdi…

Behruzga ham bu xabar yetib bordi. Behruz kelguncha faqat bitta soʻzni: «Men kelgunimcha, hech qayoqqa ketib qolmagin, kelganimda birga argʻimchoq uchamiz», degan gapnigina takrorlardi.

Sabrinani koʻrgach esa beixtiyor shu soʻzlarni takrorladi:
— Turaqolgin, argʻimchoq uchamiz. Argʻimchoq, argʻimchoq uchamiz, turaqol, eshityapsanmi, seni baland-baland uchiraman...

Behruz Sabrinaning hayotdan koʻz yumganini tan olgisi kelmas edi...

Bu voqeaga ikki yil boʻlgan boʻlsa ham, oʻsha argʻimchoq haligacha eski qayragʻochga osigʻliq…