OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNodar Dumbadze
Asar nomiYuragimning bir parchasi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Gruzin adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Nodar Dumbadze
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonOrif Tolib
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yuragimning bir parchasi (hikoya)
Nodar Dumbadze

Joʻka daraxtining ostida boshini quyi solgancha buzoqchalarining arqonini ushlab yaltirbosh bolakay oʻtiribdi. Yoshovsiragan koʻzlarini loy-balchiq qotib qolgan yalang oyoqlariga tikib oʻy suryapti: «Bu chol dadamning xuddi oʻzi! Oppoq sochlari... Qop-qora qoshlari... Keng burni... Chiroyli koʻzlari... Ovoziyam mayin, shirali... Koʻzimni yumib tursam tovushidan dadam deb oʻylayman!..»

Bola koʻzlarini yumdi.
-Men shuning uchun sizni bezovta qildim, azizim Kishvardi... Ortiq darmonim qolmadi. Umuman qoʻldan chiqib ketdi bu yaramas. Hamma bolalar bir goʻr – kitobga yaqin yoʻlamaydi, buyam shu. Kechasiyu kunduzi mana shu buzovlari bilan birga. Uchinchi chisloda nima qilganini bilasizmi? Gospodzedagi mahalla qudugʻiga xumday tarvuzni uloqtiribdi! Mana, bir haftadan beri ikkita xonadon suv oʻrniga sharbat ichib oʻtiribmiz!..
-E xudoyim-ey! Shunaqami, oʻgʻlim?! Mayli, siqilmang, azizam Yuliya. Men uni Guriyaga opketaman, chinorning uchiga oyogʻidan osib qoʻyaman. Qoʻyday yuvosh boʻlib qoladi!
-Nimaga uni osib qoʻyasiz bilmadim-u, lekin bir gap xayolimga keldi: onasining juda baxti kulgan ekan – bu yaramasni koʻrmay oʻtib ketdi. Aytganday, otasiniyam baxti kulgan...
-Nima deb oʻylaysiz, qadrdonim Yuliya, uni eplay olarmikanman?
-Bilmayman, hech baloni bilmayman... Oʻzingiz oʻylab koʻring: yaqinda uni tegirmonga bergandim. Eng zoʻr, saralab qoʻyilgan makkajoʻxorini oʻgʻirlab gumdon qilgan. Qoʻlida besh funt, yelkasida un bilan qaytib keldi. Qolgan narsalarni Valiko Kukulashivlining sayoq arzandalariga boʻlib bergan, menimcha. «Bola chaqam koʻp, och-nahor oʻtiribdi», deb zorlanardi bechora. Eh, tavba-ey!
-E xudoyim-ey! Shunaqami, oʻgʻlim?!
-Bu hali holvasi! Avvalgi kuni Kukuri Ugulava degan betayin oʻrtogʻi bilan oʻzining geografiya oʻqituvchisi Datiko Sveravaning bogʻiga oʻgʻirlikka tushgan. Oʻylaganiyam qoʻrqib ketasan odam!.. Shaftoli terishgan-da oborib tovuqqa almashtirishgan! Eh, tavba-ey!
-E xudoyim-ey! Shunaqami, oʻgʻlim?!
-Ha, buncha «shunaqami», «shunaqami» deb takrorlab qoldingiz! Meni aldayapti deb oʻylayapsizmi?
-Nega endi, nega endi, azizam Yuliya! Nahotki, uni bu yoʻldan qaytarib boʻlmasa?! Nahotki, diydasi qotib boʻlgan boʻlsa?!
-Yoʻq, nima deyapsiz... Uni qutqarish mumkin, albatta. Ammo bunga mening qurbim yetmaydi. Buning uchun erkak kishining qattiq qoʻli kerak. Bundan tashqari, peshanamda yana ikkitasi bor – Zurab bilan Vaxtang, Koliginamning bolalari, ular sal tuzuk.
-Him... Nima desam ekan sizga, azizam Yuliya. Ota-onasi hayotlik payti meni bolaga zigʻirchayam yaqinlashtirmasdi. Men unga begonaman, tushunyapsizmi, begona!..
-Bunday demang, azizim Kishvardi. U nima qilsayam oʻgʻil bola, erkak bilan erkakning til topishishi osonroq... Buning ustiga u naslingiz davomchisi...
-Ha, albatta... Oʻqishlari qanaqa uning, azizam Yuliya?
-Him!.. Oʻz oʻqituvchisining bogʻiga oʻgʻirlikka tushgan, «Dekameron» degan uyat kitob uchun buvisining kumush qoshiqlarini sotib yuborgan bolaning oʻqishi haqida nima deyish mumkin?! Bir oʻylab koʻring-chi, azizim Kishvardi!
-Shunaqami, oʻgʻlim?! Boʻldi! Uni Guriyaga opketaman, chinorning uchiga oyogʻidan osib qoʻyaman!
-Buni qarang, biz uning tashvishini chekayotibmiz, pinaginiyam buzmaydi-ya! Kimga gapiryapsan demaydi!

Bola joʻka daraxtining ostida koʻzlarini yumib oʻtirar va oʻylardi: «Bechora Yuliya buvim charchadi. Oldin ovozi qanaqangi yoqimliydi, hozir shangʻillaydi. Yo menga shunaqa tuyulyaptimikan? Bobom boʻlsa shoshmasdan, hovliqmay gapiryapti... Ha, koʻrinib turibdi, buvim charchagan. Agarda meni hozir bobom bilan joʻnatib yubormaganda edi, hech qachon uni qiynamagan boʻlardim. Qaniydi... Qaniydi...»
-U yetim, azizam Yuliya... Faqat jazolash yaramaydi, mehr ham kerak.
-Yetimdan yetimning farqi bor! Keragicha mehr koʻrsatdim, qani bilsa! Mehrmish-a...
-Shunaqami, oʻgʻlim?! Men uni Guriyaga opketaman, oyogʻini osmonga qilib osib qoʻyaman... Qachon olib ketishim kerak, azizam Yuliya?
-Hoziroq! Tayyorlanishiga hech qancha vaqt ketmaydi.
-Shunaqa deng... Hech balosi yoʻq-da, a?
-Oʻtgan yili Avchaladan qanday olib kelgan boʻlsam shunday yuribdi, azizim Kishvardi... Xohlasangiz oʻzingiz shohona sarpo olib berarsiz...
-Bechora bolam...
-Yoʻl oldidan ovqatlanib olsalaring boʻlardi, azizim Kishvardi...
-Ha yoʻq, tashvishlanmang, azizam Yuliya... Samtrediada tamaddi qilib olamiz, uyogʻiga xudo poshsho.
-Ixtiyoringiz... Oq yoʻl sizga. Xizr yoʻldoshingiz boʻlsin!..
-Xudo quvvat bersin, azizam Yuliya!..
-Aytmoqchi, mana bularni ham ovoling.
-Nima bu?
-Uning har xil hujjatlari. Menimcha, sentyabrda maktabga olib borasiz. Shunga kerak boʻladi. Toʻrtinchi sinfga oʻtdi... Ma’lumotnomada xato ketib qolgan: Lomjariya Nodari oʻrniga Lomjariya Nadiri[1] deb yozishibdi. Menimcha, bu xatoyammas, aslida, toʻgʻri yozishgan.
-Shunaqami, oʻgʻlim?! Men uni Guriyaga opketaman, chinorning uchiga oyogʻidan ilib qoʻyaman...
-Qaeridan ilsangiz iling, lekin ortiq koʻzimga koʻrinmasa boʻlgani.
-Oyogʻidan ilaman, ogʻidan...
-Xudo quvvat bersin.
-Uni shunday koʻyga solayki, holiga maymunlar yigʻlasin.
-Xoʻp, xayr boʻlmasa, azizim Kishvardi.
-Yaxshi qoling, azizam Yuliya.

Mazkur oldi-berdi marosimi 1938 yil avgust kunlarining birida, tush payti Xoni qishlogʻida Nodar Lomjariyaning buvisi, aniqrogʻi, onasining onasi qadrli Yuliya Mikeladze va guriyalik bobosi, aniqrogʻi, otasining otasi janob Kishvardi Lomjariya oʻrtasida boʻlib oʻtdi.

Bir soat oʻtgach bola, aniqrogʻi, 1928 yilning 14 iyulida Tbilisi shahrida xizmatchi oilasida tugʻilgan Nodar Lomjariya tandirday qizigan tuproq yoʻl boʻylab bobosining ortidan gʻamgin sudralib borardi...

* * *

Bobo bilan nevara Xonidan Kulashgacha foytunda, Kulashdan Samtrediaga lineyka[2]da yetib olishdi. Keyin tamaddi ham qilmasdan Choxatauridan oʻtadigan choy fabrikasining yuk mashinasiga chiqishdi. U yerdan Intabueti qishlogʻigacha piyoda ketdilar.

Bobo oldinda, nevara orqada. Bobo qeksalarga xos xasta tovushda yoʻtaldi, ihradi. Roʻparadan kelayotgan yoʻlovchini koʻrib jim qoldi, tezda imo-ishora bilan salomlashdi-da, soʻng yana yoʻtaldi, ihradi. Gohida u bolaga jim tikilib qoladi. Bu xuddi soʻnggi zurriyodini yoʻqotishdan qoʻrqqan qari otning nigohiga oʻxshaydi.

Bola qadam tashlar va oʻylardi: «Bechora chol nimjon, kasalmand... U meni daraxtga oyogʻimdan osib qoʻymoqchi... Bu chol – mening bobom. Dadamning dadasi. Bobom! Uning ortidan ergashib yurishga meni nima majbur qilyapti? Xuddi qulga oʻxshab indamay, hoʻshshayib ketyapman. Ikki marta sakrasam – tamom! Nima meni ushlab turibdi? Charchab, ochqab, issigʻu chanqovdan oʻlgiday boʻlsam ham qochib ketmayman. Nega? Bu kuchning nomi nima?»
-Nimalar haqida oʻylayapsan, oʻgʻlim? – oʻgirilib toʻsatdan savol berdi chol.
-Hech narsa haqida oʻlayotganim yoʻq! – dedi dovdirab qolgan bola. U hamma narsani kutgandi, lekin bunaqa savolni emas.

Chol yoʻlning chekkasiga borib oʻtirdi. Yoʻtalib, nafasini rostlab olgach bolaga tikildi, keyin barmoqlarini bukib sanashga tushdi: 28, 29, 30, 31, 32, 33, 34, 35, 36, 37, 38.
-Yigirma sakkizinchi yili tugʻilganding. Hozir oʻttiz sakkizinchi yil. Demak, oʻn birga kiribsan... Kap-katta yigit boʻp qolding... Qanday qilib hech narsa haqida oʻylamasliging mumkin? Yo oʻz bobongdan yashirasanmi?
-Yoʻq, nega endi, hech narsa haqida oʻylaganim yoʻq edi.
-Oʻylaydigan vaqting kelgan, oʻgʻlim, vaqting kelgan.

Chol yoʻtalib, inqillab turdi-da yoʻlida davom etdi. Bola bobosining ortidan xuddi yuki ogʻir aravaday boshini egib, qulogʻini ding qilib qadam tashlardi...

* * *

Bola - oftobda qoraygan, sochlari hurpaygan – chinor tagida belkurakka suyanib turibdi, koʻzlarini loy-balchiq qotib qolgan yalang oyoqlariga tikkancha oʻy suryapti: «Bir yilning ichida butkul qarib, munkayib qolibdi. Yuzida ajin toʻla. Ovozi qanaqadir boʻgʻiq. Lekin baribir u mening ayamga – yosh, chiroyli, muloyim, qorakoʻz, mehribon ayamga oʻxshaydi. Qadam tashlashiyam, ovoziyam... ... Koʻzimni yumib tursam tovushidan ayam deb oʻylayman!..»

Lekin bola koʻzlarini yummadi. Qoʻrqib ketdi.
-Tinchimni yoʻqotdim, azizim Kishvardi! Onasining bezovta nigohi oʻngimdayam, tushimdayam namoyon boʻlyapti... Uning ovozi har qadamda meni ta’qib qiladi... Uni olib ketgan kuningizdan beri yuragim sugʻurib olinganday tentirab yuraman... Bolani menga qaytaring, azizim Kishvardi!..
-Him... U, azizam, sizdan olgan vaqtimda bola edi. Hozir – kap-katta yigit, hamma narsani oʻzi hal qiladi. Agar siz bilan ketishni istasa men hech qanday qarshilik bildirmayman.
-U mendan xafa... Uni men bilan qaytishga koʻndira oladigan yagona odam sizsiz, azizim Kishvardi...
-Axir unga oʻxshaganidan sizda yana ikkita bor-ku, qadrdonim Yuliya... Hech boʻlmasa bittasini menga qoldiring!
-Nahotki, gap sonda boʻlsa?! Oʻnta boʻlsa oʻrni, qirqta boʻlsa qiligʻi boshqa. U mening nabiram, qadrdonim Kishvardi!
-Shundayku-ya... Lekin men nima qilishim kerak? Axir oʻlimimdan keyin avlodimizni davom ettiradigan yagona merosxoʻrim u...
-Men uning familiyasini oʻzgartirmayman! Mayli, ikkita Lomjariya boʻlaqolsin, lekin uni menga qaytaring.
-Demak, bolani olib ketgani kelibsiz-da, azizam Yuliya?!
-Narigi dunyoga gunoh bilan ketishimga yoʻl qoʻymang! U yerda onasining koʻziga qanday qarayman?!
-E, azizam Yuliya, xudo bilar kim oldin ketar. Agarda men sizdan oldinroq oʻlsam, onasi bilan dadasining koʻziga qanday qarayman?
-Xudo umringizni uzoq qilsin, azizim Kishvardi.
-Dalam ham, uzumzorim ham, tegirmonim ham, qabrim ham, xokim ham mana shu bolaniki... Yoʻq, oʻlsam ham uni sizga bermayman!
-Boʻlmasa men oʻzimni oʻldiraman. Hoziroq, koʻzingizning oldida!
-Xudo xayringizni bersin, azizam Yuliya, nimalar deyapsiz!.. Buving bilan ketasanmi, oʻgʻlim?
-Rostini aytarmidi... U sizdan iymanyapti!
— Shunaqami, oʻgʻlim?!
-Unga onaning mehri kerak, azizim Kishvardi! Oq yuvib, oq tarash lozim. Siz onasining oʻrini bosa olarmidingiz?..
-Nimalar deyapsiz... Men u bilan shu paytgacha, xudoga shukr, yomon yashamadim... Loaqal sizni yordamga ham chaqirmadim-ku...
-Siz haqsiz, siz haqsiz, azizim Kishvardi. Lekin baribir... Bolaning oyoqlarini uyqudan oldin yuvish, maktabga kuzatib qoʻyish... Bular erkaklarning ishi emas!..
-Bizning maktab azobxona emas... Unaqa narsalar sizlarning maktablaringda edi, bolani yovvoyiga chiqarishgandi, eslashimcha, siz ham ularning fikriga qoʻshilgan edingiz...
-Nega oʻshanda tilim uzilib tushmadi ekan, a!
-U mening qoʻlimda farishtaga aylanib qolmagan, shaftoli oʻgʻirlashniyam tashlagani yoʻq...
-Quyilib qolar!
-Yo endi un ulashmay qoʻydi deb oʻylayapsizmi?
-E, uniyam boshida qolsin! Hamma narsam uniki, menga desa xonumonimga oʻt qoʻyib yubormaydimi – gʻiring demayman!
-Chekyaptiyam, yaramas!
— Shunaqami, oʻgʻlim?!
-Siz, mana, mendan soʻrang! Tamaki xaltamniyam, hamyonimniyam ship-shiydam qildi!
-Mayli, sogʻlik uchun oz-moz chekib tursa hechqisi yoʻq. Axir oʻzingiz aytdingiz-ku – u endi kap-katta yigit!
-Yana bir oy sabr qiling. Pilla tutganim uchun mukofot puli olaman, bolani kiyintiraman... Bunaqa juldurvoqi ahvolda siznikiga ketmaydi!
-Siz faqat javob bering. Kiyim, poyabzal olib berish – mening ishim! Oʻzimnikini yechib boʻlsa ham unga kiydiraman!
-Him, sizning kiyimlaringiz unga rosa loyiq tushadi!
-Albatta, sizga hazil, oʻyin-kulgi. Mening esa yuragim qon boʻlib ketyapti!
-Axir, aytdim-ku: u allaqachon kap-katta yigit boʻlgan. Oʻzi hal qilsin!
-Siz – uning uchun avliyo darajasidasiz, nima desangiz ishonadi, nimani qil desangiz qiladi... Ayting unga, azizim Kishvardi!..
-Xudodan qoʻrqsangiz-chi, azizam Yuliya. Axir qanday qilib oʻz jigarbandimga, tomirida qonim oqib turgan bolaga uyimdan ket deb ayta olaman?!
-Nima, men unga begonamanmi? Axir u mening ham jigarbandim, yuragimning bir parchasi. Xudo biladi, bir yil umrim qoldimi-yoʻqmi. Oʻtinaman sizdan, ajalimdan besh kun burun oʻldirmang, bolani menga baxshida qiling!
-Azizam Yuliya!
-Oldingizda tiz choʻkaman, tiz choʻkaman!..
-Nimalar qilyapsiz! Turing oʻrningizdan! Xudo xayringizni bersin!..
-E qodir xudoyim, unga baxtu saodat in’om et!
-Endi mening ortiq shodligim ham, baxtim ham qolmadi...
-E bor xudoyim...
-Buving bilan ket, oʻgʻlim...

Mazkur suhbat biz boshda hikoya qilgan bobo-buvi ishtirokidagi voqealardan roppa-rosa bir yil keyin sodir boʻldi. Bu galgi jarayon oldi-berdi marosimi emasdi. Bu ikki qaynoq qonning toʻqnashuvi, ikki olovli yurakning volasi edi. Bu ikki mehr oʻtining kurashi sabab bolaning yuragi shiddat bilan tepa boshladi, tomogʻiga allanarsa tiqilganday boʻldi, tanasini sovuq ter bosdi, titroq butun vujudini lovullatib yubordi. Qandaydir koʻrinmas kuch uni zarb bilan buvisi tomon tortardi, biroq xuddi shunday shiddatkor ohanrabo uni bobosi tomon yetaklardi. Bola bir necha bor shunday ogʻriqni his qildi – goʻyo uning vujudi qaynoq suv ichida qoldi. Chol bilan kampir oʻrtasida kechgan qizgʻin, shiddatli bahs tugamaguncha bolani qandaydir qoʻrquv, allaqanday koʻngilsizlikni kutish azobi tark etmadi.

Buvi oʻrnidan turib bolaga yaqin keldi, uni quchogʻiga oldi.
-Bolaginamdan yodgorim, koʻzlarimning nuri, yur men bilan, kemtik bagʻrimni toʻldir, bolajonim!..

Kampir yigʻladi, uning issiq koʻz yoshlari bolaning boshiga tomchiladi. Oʻpkasini boʻshatib olgach, bolani sekingina bagʻriga tortdi, biroq u xuddi temir qoziqday, tomirlari yerning qa’r-qa’riga singib ketgan daraxt singari joyidan jilmay, harakatsiz turardi.
-Buving bilan ket, oʻgʻlim, bechora buvingni xafa qilma... Diydoringga toʻyib olsin, keyin mening oldimga yana qaytib kelasan... Men ungacha seni kutib oʻtiraman, gʻamga toʻlib oʻtiraman... Sen nima deb oʻylaganding? Mana shunaqa, nevara boʻlish osonmas! Ogʻir, juda ogʻir, ayniqsa men bilan buvingga oʻxshagan dardibedavolarning nevarasi boʻlish qiyin... Boltang, belkuraging, ketmoning, toʻqmogʻing, savating, sigiring, aravang hech qayoqqa ketmaydi, qaytishingni kutadi...

Bola boboning soʻzlarini eshitib hayron qoldi: bolta, ketmon, belkurak, savat hovlining boshqa-boshqa tomonida agʻanab yotardi, sigir, arava, echki boʻlsa umuman boshqa tarafda edi, lekin bobo ularga qaramay qoʻli bilan turgan joylarini aniq koʻrsatib berardi.

Bobo soʻzida davom etdi:
-Mana sumkang, darsliklaring – guruzin tili, tarix... Yana nimang qoldi? Hech nima... Shiming, koʻylaging, shippaging – egningda. Samtrediagacha yalangoyoq ketgin, boʻlmasa shippaklaring uygacha yetib bormaydi. Boʻpti... Boʻl endi tezroq!

* * *

Kishvardi Lomjariya nevarasi hozir temir qoziqqa, tomirlari yerning qa’r-qa’rigacha singib ketgan daraxtga aylanganini tushundi, juda-juda chuqur ketgan bu tomirlarni oddiy nasihat bilan sugʻurib boʻlmasdi. Boshqacha yoʻl tutish kerak edi. Lekin qanaqa?

Kishvardi Lomjariya nevarasi girdobning oʻrtasida chirpirak boʻlayotganini, ikki avlodning shiddatkor, jangovor qoni uni ikki tomonga zarb bilan tortayotganini ham angladi. Ularni qaysi biri ustun keladi? Qay bir qon gʻalaba qozonadi? Bu kurash nima bilan tugashini kutish foydasiz... Ularning qaysidir biri qaynoq qonlar koʻpirayotgan kurash daryosini yorib chiqishi, yangi oʻzanga qarab oqib ketishi kerak.

Va nihoyat... Kishvardi Lomjariya buvidan oldinroq harakat qildi:
-Hoʻsh, yana nimani kutyapsan? Sen bilan aytishishdan charchadim!

Bola bobosiga qoʻrqa-pisa qaradi.
-Joʻna, orqangga qayrilib qarama! Tushundingmi?!

Bolaning qalbini bobosiga boʻlgan qattiq achinish va buvisiga boʻlgan shafqat hislari birvarakayiga zabt etdi. Ich-ichidan toʻlib kelayotgan yoshlar bolaning koʻzini xira parda bilan qopladi, boshi oʻz-oʻzidan koʻksiga egilib qoldi, bir ogʻiz soʻz aytmasdan xuddi yuki ogʻir aravaday Choxataurning tuproq yoʻliga burildi. Qarib-munkillab qolgan, boshdan-oyoq qora kiyingan buvisining ortidan ergashdi...

Kishvardi Lomjariya toshning ustiga borib oʻtirdi-da, mis idishdagi suvning qaynashini kuta boshladi.

Kishvardi Lomjariya olovga tikilgancha xayol surardi. Ayni damda noxush oʻylardan qutilishga, ulardan yashirinishga urinardi. Lekin oʻzingdan qayga qochib berkinasan? Axir odam ojiz banda-ku... «Bolani berib yubormaslik kerak edi... Lekin kampirning anduhiga dosh bera olmadim... Endi boʻlsa oʻzim xuddi oʻshanday holatga tushib oʻtiribman. Keyingi hafta kampirnikiga boraman, bolani qaytarib berishini soʻrayman. Bermasa, kuch bilan olaman... «Aytaman, jigarbandimni, yuragimning bir parchasini, tomirimdagi qonimni tortib olishga qanday haqqing bor?! Axir sen xudo emassan!» Lekin... u ham menga xuddi shu soʻzlar bilan javob qaytarishi mumkin-ku! Axir men ham ojiz bandaman... Axir bola menga qanday rishtalar bilan bogʻlangan boʻlsa unga ham shunday yaqin-ku. Eh, odam boʻlish qiyin, judayam qiyin. Ahvolim yaratganga ayon, bandangga oʻzing rahm qil xudoyim... Keyingi hafta boraman-da, kampirning oyoqlariga yiqilaman. Yoʻq, bir haftagacha sabr qilolmayman... Ertadan keyin boraman... Yoʻq, ertagayoq! Ertaga azon payti yoʻlga tushaman. E xudo, tezroq tong ota qolsaydi...»

Kishvardi Lomjariya toshda oʻtirib shunday oʻylar surardi. Mis idishdagi suv qaynagan payti darvoza toʻsatdan ochildi, boʻsagʻada bolaning egilgan boshi va yelkasiga boylangan shippaklari koʻrindi.
-E xudo! Oʻzingga shukur!
-Men qaytdim, - pichirladi nevara.
-Qaytishingni bilardim, - dedi bobo.

Soʻng mis togʻoraga qozonchadan issiq suv quydi-da, nevarasining horgʻin oyoqlarini uzoq yuvdi. Keyin unga deb soʻriga joy soldi, oʻzi boʻlsa kichkinagina uychasiga uxlagani kirib ketdi.

Cholni yarim kechasi bolaning ovozi bezovta qildi:
-Bobo, siz bilan yotsam maylimi?
-Kel, oʻgʻlim.

Bola bobosini quchoqlab oldi.

«Bechora, hamma yogʻi muzlab qolibdi!» – oʻyladi nevara.

«Qanaqa tafti bor, a!» – oʻyladi bobo.

Biroz vaqt oʻtgandan keyin bobo soʻradi:
-Bilasanmi, seni nima qaytardi?
-Yoʻq!
-Bilib ol, oʻgʻlim, tomiringda oqib turgan qon seni men tomon yetakladi. Qon, yurak qoni shunaqangi katta kuch, oʻgʻlim!..

Keyin butun tun davomida ular bir ogʻiz ham gapirishmadi. Hech nima haqida oʻylamadilar, hech nima haqida gapirmadilar.

Bobo va nevara shirin uyquga ketdi...

Ikki tanada oqqan bir xil qon – mehr qoni oʻyladi, gapirdi. Lekin u nimalar haqida oʻyladi, nimalar haqida gapirdi – yolgʻiz xudogagina ayon!..


  1. Soʻz oʻyini: Nodari – erkaklar ismi, nadiri – yovvoyi degani.
  2. Lineyka – koʻp oʻrinli uzun arava.