OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNodirabegim Ibrohimova
Asar nomiAzon (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Nodirabegim Ibrohimova
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Azon (hikoya)
Nodirabegim Ibrohimova

Aeroport gavjum edi. Hamma qayoqqadir shoshar, negadir barcha shodon, titroq qoʻllari bilan hassasini tutgancha, xira tortgan koʻzlarini odamlarga tikib oʻtirgan bu chol bilan hech kimning ishi yoʻq edi. Ba’zi koʻngli boʻshlar esa uning yonidan oʻtayotib chaqa tashlab ketishardi, lekin chol tangalarga qarab ham qoʻymasdi. U bu yerga koʻp keladi. Ayniqsa, oxirgi paytlarda tongdan kechga dovur shu yerda. Quyosh nurlarini baland binolar ostiga ola boshlagach, istamaygina uyi tomon yoʻl oladi. Kelini Lizaga bildirmay xonasiga qamaladi. Tunlari esa xotiralar qiynaydi. Negadir otasi yodiga tushaveradi. «Iloyo, oʻzingdan qaytsin», deb oʻtkir nigohlarini tikkan edi u. Hartugul, otasiga uncha qiyin boʻlmagandi. Ismat «kerakli joylarga» otasining «qilmishlari» haqida yetkazdi: oʻtmish sarqitlari — bolaligida onasi uzun kechalarda mutolaa qilib beradigan dilgir gʻazallar, diniy oʻgitlar, hadislarni xufyona saqlashini sotib berdi. Tugʻri, oʻsha payt «sotdim» demasdi, nima boʻpti, otammi, boshqami, muhimi, davlatni bitta dushmandan tozaladim, deb oʻylardi. Partiyam uchun xizmat qildim, deb majlislarda koʻkragini kerardi, hammaga «namuna» boʻlardi. Otasini koʻp siquvga olishdi. Oʻrtaga onasini tiqishtirishgach, Mahkam ota indamay imzo chekdi. Ha, baribir otasiga oʻzi kabi qiyin boʻlmagandi, axir yonida hamdardlari bor edi. Onasi suyanch boʻldi, opasi, ukalari tirgak edi, yolgʻiz qoʻyishmadi to qamoqda vafot etguncha… Ismatni-chi? Yonida kimi bor? Xotinga yolchimadi. Toʻrt marta uylandi. Toʻgʻri, ular oʻzbek ediyu… lekin qandaydir Enaxonga oʻxshamasdilar. Enaxon boshqacha edi, Ismat buni kech angladi, juda kech…

Ismat boʻgʻilib derazani ochdi. Quyoshning chiqishini kuta boshladi. Shu payt qaerdandir azon ovozi eshitildi. Ismat avvaliga anglamadi. Keyin tuyqus esiga tushdi. Otasi azon aytardi. Oxirgi marta qachon eshitgandi? Ellik yildan oshdi-yov. Balki undan ham koʻpdir… lekin unutmapti, unutolmaydiyam. Ha, otasi masjidda azon aytardi. Ovozida yurakni entiktiruvchi bir nima bor edi. Keyin masjidlar yoʻqotildi. Ismat ham qanchasini aniqlab, buzdirtirib tashladi. Qizik, bu ovoz qaerdan kelayaptikin? Yo qulogʻiga chalinyaptimikin, bilolmadi…

Ismat birdan nabirasini koʻrgisi kelib ketdi. Yigirma yil burun ota-onasi uni harbiy internatga yuborishgandi. Avval koʻp kelardi. Ulgʻaygach, kelmay qoʻydi. Yaqinda uylandi, deb eshitdi. Lekin Liza buni toʻydan qaytgach aytdi. Ismat baribir xursand boʻldi. Avlodining davomchisi shu axir…

Ismat uchta xotinidan ham farzand koʻrmadi. Oxiri, sal yengiltakroq boʻlsa-da, toʻrtinchisiga uylandi. Undan oʻgʻil koʻrdi. Va koʻp oʻtmay xotini oʻgʻlini tashlab, Ismatning bor-budini shilib oʻynashi bilan qochib ketdi. Ismat oʻgʻli bilan shumshayib qolaverdi. Uni katta qilaman, deb kirmagan teshigi, qilmagan ishi qolmadi hisob. Oqibat nima boʻldi? Oʻgʻli ham onasiga tortdi. Dadasi topgan pulga ichadigan gʻirt takasaltang boʻldi. Harholda, Lizaga uylangach, sal odamga oʻxshab yashay boshladi. Ismat oʻgʻlini kam koʻradi. Oʻgʻli ham uni yoʻqlab xonasiga kirmay qoʻygan.

Ismat biladi… bu barcha gunohlari uchun berilayotgan jazolar. Bu dunyodagisi shu boʻlsa, oxirat haqida oʻylasa yuragi orqaga tortadi. U qoʻrqadi, juda qoʻrqadi… Ogʻir xayollar bilan tong ottirgan Ismat oʻsib ketgan soqolini siladi-da, qandaydir hafsala bilan qirtishlay boshladi. Keyin uniqib ketgan kiyimini alishtirdi, qoʻli bilan dazmol qilgan boʻldi. Va yana aeroport tomon yoʻl oldi. Nega bu yerga kelaveradi, oʻzi ham tushunmaydi. Balki turli davlatlardan turli xil odamlarning tashrifi, ularning oʻz yurtlari nafasini olib kelayotgani uchundir. Axir ular orasida Oʻzbekiston ham bor… Ismat doimiy oʻrindigʻiga choʻkdi. Qoʻliga kitobini olib, qiyshiq koʻzoynagini taqdi: soʻnggi paytlarda Mashrabni oʻqiydi. Asli oʻzining tilida bor-yoʻq kitobi ham shu. Ikki yil burun xuddi mana shu yerda bir oʻzbek otaxon bergan edi. Avvaliga chang bosib yotdi. Ammo keyinchalik bu misralarsiz turolmay koldi. Onasining ohangi yodiga tushaveradi. Sohir ovozda shu gʻazallarni oʻqir edi-ya…
— Otaxon, oʻzbekmisiz? — bir cholga, bir uning qoʻlidagi kitobga qarab turgan notanish yigit uning xayollarini toʻzgʻitib yubordi.
— Ha… — Ismatning yuragi tez-tez urib ketdi. — Oʻzbekman…
— Samolyotdan tushiboq, dunyoning u chekkasida oʻz yurting odamini uchratish… — yigit sevinib ketdi. Keyin qoʻlini uzatdi. — Ismim Azamat, ota, sizga Oʻzbekistondan alangali salomlar!

Ismat oʻrnidan turdi.
— Oʻzbekiston… mustaqil boʻldi, deyishadi, rostmi, oʻgʻlim? — Ismatning koʻzlari gʻiltilladi.
— Albatta. Anchadan beri bormagan koʻrinasiz?
— Ha… koʻp boʻldi.

Yigit juda odamoxun, xushchaqchaq ekan. Oʻzbekiston haqida ancha soʻzlab berdi. Keyin esa ketdi. Bu yerga ish bilan bir haftaga kelgan ekan. Ismat yana ogʻir xayollar ichida qoldi.

Bir hafta oʻtgach, Ismat yigit qaytar, deb sahardan beri odamlarni kuzatardi. Maqsadi, unga bir omonat gap yetkazish… Enaxon va oʻgʻli Abdukarimga…
— Ie, ota sizmisiz? — yon tomondan kelgan ovozdan Ismat quvonib ketdi. Bu Azamat edi.
— Oʻgʻlim, seni kutayotgandim. Yurtimga, bir odamga omonat gapim bor…

Azamat oʻylandi.
— Ota, oʻzingiz bora qolganingiz durustdir, balki. Ona yurtga ketish vaqti yetdi, endi erkinmiz. Men bilan keting, ota.

Ismat yerga qaradi.
— Ketolmayman, oʻgʻlim…

Azamat cholning yelkasidan tutdi.
— Oʻzim olib ketaman, otaxon. Savob ham kerak. Xarajatini oʻylamang…

Ismat yarq etib unga qaradi. Goʻyo hozir yurtini koʻradigandek yuragi hapqirib ketdi.
— Axir… oʻgʻlim, senga tagʻin ogʻirligim tushib…
— Omanatingizni oʻzingiz yetkazasiz, ota. Keyin qaytaman, desayiz oʻzim kuzatib yuboraman.

…Ismat samolyotda oʻtirar ekan, negadir tush koʻrayapman, deb oʻylardi. Nahotki… bir necha soatlardan soʻng…
— Ota, agar bobom hayot boʻlganlarida ularga yaxshi hamsuhbat olib kelayotganimdan quvonardilar…
— Ha, keksachilik, oʻgʻlim.
— Bobomni koʻrish nasib qilmagan-da, ota. Ular otam ikki yasharligida olamdan oʻtganlar. Xudoga shukur, buvim hayotlar. Bobom vafot etgach, turmush qilmay, otamni oʻstirdilar. Koʻp qiynalganmiz, deydilar. Hozir dadam ham, onam ham ularni yeru koʻkka ishonishmaydi. Yaqinda Hajga yuborishmoqchi…
— Niyatlariga yetishsin, — Ismat Enaxonni esladi. Qiziq, u turmushga chiqqanmikin? Shuncha bergan azoblariga miq etmay chidardi. Lekin bir kun gʻazabdan titrab pichirlagan: «Iloyo, mana shu qoʻllaringiz…». Yoʻq, qargʻamagandi, hatto gapini tugatmagandi ham. Oʻshanda Ismat Qur’oni Karimni uloqtirgandi!
— Farzandlaringiz bormi, ota? — iymanib soʻradi Azamat.
— Ha, bor… Ikki oʻgʻlim bor. Biri u yerda, biri bu…
— Diydor shirin-da, — Azamat shunday deya biroz oʻtib uyquga ketdi.

Ismat yana azobli xotiralar girdobida qoldi. Otasi qamalgach, hamma qarindosh-urugʻi undan yuz oʻgirdi. Faqat Enaxon negadir uni tashlab ketmadi. U qandaydir umid bilan yashardi. Erim bir kun iymonga kirar, derdi. Ba’zan yurak yutib «Ollohga shak keltirmang», deb Ismatga soʻz qotardi. Ketidan kaltak yerdi. «Agar tepadagilar eshitsa bormi, sen dinparastga qoʻshib meniyam yoʻq qilishadi. Kimsan Ismat Xoltoevning xotini shunday desa? Yigʻishtir safsatangni!». Ismatning «siri» baribir ochildi. Bir ikki gʻalamislar Ismat uyida Qur’onni saqlashini oshkor qilishdi. Ismatning oʻzi ham bilmasdi bu haqda. Enaxonga ona meros bu kitobni koʻrpa qatidan izlab topdi-da, xotinining qoʻliga osilib yolvorishiga qaramay, koʻchaga — daraxt yonidagi anhorga uloqtirdi. Boʻtana loyqa suv uni bir yamlab yutdi. Enaxon shunda tushundi: bari umidlari bekor ekan… Ismat baribir qutulib qolmasligini angladi. Endi uni tinch qoʻyishmaydi. Ishonishmaydi… shuncha yillik xizmatlari bir pul! U qochdi. Ha, bor pulini choʻntakka joylab hech kimga hech nima demay tunda uyidan chiqib ketdi. Darvozadan chiqar ekan, ichkaridan oʻgʻlining uygʻonib xarxasha qilganini eshitdi. Enaxon uni ovutdi. Ismatning negadir ichkariga kirgisi, oʻgʻlini bagʻriga bosgisi keldi. Lekin oyoqlari koʻcha tomon boshladi.
— Keb qoldik, ota, — Azamatning oʻktam ovozi Ismatni koʻzini ochishga majbur kildi. — Oʻzbekistondamiz!

Ismat negadir qoʻrqa boshladi, qoʻllari titradi. Onasi Ismat 4-5 yoshligida musichaga ozor berma, qoʻllaring qaltiroq boʻlib qoladi, deb uqtirardi. Ismat bu gaplarga amal qilardi. Oʻrtoqlari rogatkada musichaga tosh otganini koʻrsa, ular bilan yoqalashardi ham. Ha, qushlarga ozor bermasdi Ismat. Lekin… necha-necha oilalarning shoʻrini quritdi, qancha musichadek beozor bolalarni tirik yetim qildi.

Samolyot qoʻndi. Ismat Azamatning yordami bilan zinalardan pastga tusharkan, unutilib ketgan xavodan toʻyib simirdi. Atrofga qorongʻulik choʻkkan edi. Afsus, quyoshni koʻrmadi-da.
— Uyimiz olis emas, ota, yana biroz qiynayman sizni. Borgach damingizni olasiz. Hoynahoy hamma kutib oʻtirgandir. Ayniqsa, qizcham…
— Oilaliman, degin…
— Ha, bir oʻgʻil, bir qizim bor, xudoga shukur.

«Xudoga shukur»! bu jumlani qancha boʻldi eshitmaganiga. Onasi har gapining birida takrorlardi. Hatto bir kun Ismat daraxtdan yiqilib qoʻli singanda ham «xudoga shukur-ey, boshqa yering sinmapti», deb bagʻriga bosgandi. Ismatning koʻzlari namlandi. Mashinadan tushishgach, Azamat cholni suyab oldi. Ismat tinmay qaltirar, yuragi gup-gup urardi.
— Mana, keldik, ota…

Ismat qarshisidagi baland darvozali naqshinkor uyga qaradi. Qoʻngʻiroq chalingach, ichkaridan xushroʻy bir juvon koʻrindi.
— Assalomu alaykum, dadasi, yaxshi keldingizmi? — soʻng esa mehmonga yuzlanib u bilan quyuq salomlashdi.
— Vaalaykum assalom, yaxshi oʻtiribsizlarmi? — Azamat ichkariga kirgach, xotiniga imo qildi — «Yaxshilab dasturxon tuza!».

Kelin ularni mehmonxona tomon boshladi. U yerda Azamatning ota-onasi oʻgʻlini kutib oʻtirardi. Ularning xuddi ancha yillar koʻrishmagandek quchoqlashib diydorlashishlaridan Ismatning yuragi orziqib ketdi. Azamatning dadasi mehmonni toʻrga boshladi. Shu payt eshik ochilib, bir qoʻlida choynak koʻtargan kelin va uning yonida bir keksa onaxon kirib kelishdi.
— Buvijon! — Azamat ular tomon oshiqdi.

Ismat bu kampirni qaerdadir koʻrganday boʻldi. Biroq eslolmadi… Xonani kuzatar ekan, birdan koʻzi devorda osigʻliq turgan eski bir suratga — Enaxonning va oʻzining suratiga tushdi. Ismat karaxt boʻlib qoldi. Qoʻllari titrar, chuqur-chuqur nafas olar, atrofdagilarning gaplarini umuman anglamasdi. Shu payt tanish ovoz eshitildi.
— Keling, mehmon…

Ismat ovoz kelgan tarafga alangladi. Qarashi bilan esa Enaxonni tanidi. Avvaliga Enaxon ham biroz tikilib turdi. Soʻng birdan hushini yoʻqotib yerga yiqilayozdi. Azamat uni suyab qoldi. Hamma ular tomon oshiqdi. Enaxonni olib chiqib ketishdi, gʻala-gʻovurdan foydalangan Ismat esa sirgʻalib darvozadan chiqib ketdi.

Mahalla kimsasiz… Ismat sal narida oqayotgan kichik anhorchaga koʻzi tushdi. Oʻsha gunohiga guvoh anhor-ku! Ismat suv yoqalab ketaverdi. Qaerga va ne maqsadda, bilmasdi. Enaxonga atalgan omonat gapi esa tilida tinmay aylanardi:
— Meni kechir, Enaxon… kechir nobakor otangni, oʻgʻlim…

Ismat bir uy qarshisida toʻxtadi. Shu payt u yerdan azon ovozi eshitildi. Ha… bu yer masjid, xufton namoziga chorlov edi.
— Ota, sizmi, ota?! — Ismat azondan sehrlandi. — Haliyam shu yerdamidingiz, otajon? Nihoyat topdim sizni. Toʻxtamang, ota, azon aytishingizni qoʻmsab keldim…

Ismat yerga choʻkdi. Bir siqim tuproqni olmoqchi boʻlib yerga kaftini urdi. Biroq titroq barmoqlarini qancha jamlashga urinmasin, tuproq toʻkilib ketaverar, bari urinishlari zoe ketardi…