OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNorali Ochilov
Asar nomiAtomdan qudratli kuch
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Norali Ochilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
"Hurriyat" gazetasidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Atomdan qudratli kuch
Norali Ochilov

Xirosima. Gazeta-jurnallarda bu shaharning nomi bilan bogʻliq biror satrga koʻzim tushsa yoki radio-televidenie axboroti qulogʻimga chalinsa, beixtiyor yuragim uvishadi. Garchi oʻqib-eshitganlarimning atomga daxli boʻlmasa-da, maktabda tarix fani oʻqituvchimizning Xirosima va Nagasakida sodir etilgan dahshatlar bilan bogʻliq mavzudagi saboqlari xotiraga qoʻrgʻoshindek quyilganidanmi, Kunchiqar yurtning har ikki shahri kaminaga mas’uma va jafokash boʻlib tuyulaveradi.

Mana, oradan roppa-rosa oltmish yil oʻtdi. Biroq atom qurboniga aylangan shaharlar timsolida kurrai zamin oʻz bolalaridan shafqat oʻtinayotgan mushtipar ona misoli mungʻayganicha insoniyatga umid koʻzlarini tikmoqda. Tiriklikka chang solishga hoziru nozir atom xavfi hamon Ona Yerni vayron etmoq uchun payt poylaydi. Dunyoga hokimlik da’vosigidagi gegemon hukumatlar raqib tomonni oʻzining atom tugmachalari bilan dahshatga solishdan zavqlanadi. Ana shunday adoqsiz mulohazalar ardoqli shoirning quyma satrlarini yodga soladi:

Zarrani ijod etib,
Dahshat balo bunyod etib,
Oqibatni yod etib,
Hayron oʻzing, hayron oʻzing...

1945 yil 6 avgust. Ertalab soat 8.15 da Xirosima osmoni uzra (erdan 580 metr balandlikda) Amerika Qoʻshma Shtatlarining atom bombasi portladi. Insoniyat hayotida birinchi marotaba sodir etilgan «dahshat balo»si 3000-4000 daraja harorat bilan bir lahzada yeru koʻkni kunpayakun qildi. Yam-yashil shahar koʻz ochib yumguncha yaydoq choʻlu biyobonga aylandi, unda hayotdan asar ham qolmadi. Oqibatda 140 ming kishi hayotdan koʻz yumdi, minglab turar-joylar, savdo va sanoat ob’ektlari yer bilan yakson boʻldi. Oʻlganlar orasida 20 ming koreys millatiga mansub kishilar, 10 ming AQSh harbiy asirlari va minglab yuqori sinf oʻquvchilari, Janubiy Osiyoning boshqa davlatlaridan kelgan talabalar ham bor edi. Bulardan tashqari, mudhish falokat yuzlab, minglab insonlarning qalbiga umrbod bitmas-tuganmas jarohat solib ketdi.

Xirosimadagi Tinchlik muzeyidamiz. Yaponlar tarix xatolaridan saboq chiqarib yashaydigan, oʻz suyagini e’zozlab, ajdodlariga ehtirom koʻrsatadigan oqibatli xalq. Buni Tinchlik muzeyi va unga tutash Tinchlik xiyoboni, Tinchlik koʻli va boshqa oʻnlab yodgorliklarni oʻzida jamlagan ulkan majmua — tarixiy qadamjo ham isbotlab turibdi. Atom qurbonlari xotirasiga tashkil etilgan eksponatlarga boy muzey bu yerga tashrif buyurgan eng diydasi qattiq kishini ham koʻzini yoshlamay qoʻymaydi. Atom hayqirigʻidan roppa-rosa 8.15 da qotib qolgan qoʻl soati, nimalar boʻlayotganini tushunib yetmay koʻzlari qoʻrqinch-xavotir bilan yumulgan maktab oʻquvchisining kuyik kiyimlari, qutichadagi hali yeb ulgurilmay koʻmirga aylangan tushlik, oʻta yuqori haroratdan erib turli shakllarga doʻngan shisha idishlari, kuchli larzadan darz ketgan ulkan toshlar atomning vayronkorlik kuchi-shiddatini ochiq-oshkor namoyon etadi. Dunyoning taloshlari bilan bir pullik ishi boʻlmay zavq bilan velesipedchasini hayday turib, bir lahzada joni uzilgan norasidaning oʻzi bilan qoʻshib koʻmilgan, keyinchalik qazib olinib muzeyga topshirilgan uch oyoqli velosipedini koʻrib, butun vujudingiz muz qotadi. Zangga belangan jajjigina ulovcha egasini kutib zerikkan toychoqni eslatadi. Kishnab-kishnab sakrayotgan toychoqni...

Muzeyning bir qancha nomlar bilan atalgan boʻlimlarida yadro quroli va uning insoniyat boshiga solgan, soladigan beshafqat savdolari birma-bir tushuntirib berilgan. Qay uslubda - audio-tushuntirish boʻladimi, mutaxassisning hikoya qilib berishi boʻladimi yoki muzey zallaridagi video-televizion usul yordamida voqealar rivojini kuzatish boʻladimi - bari tomoshabinlarga mash’um falokat oqibatlarini tahlil etish imkonini beradi, yuraklarga hayajon soladi.

Boyagina qiziqsinib tanishganim - amerikalik uch-toʻrt chogʻli sayyohlar bir eksponat qarshisida yum-yum yigʻlab turishganini koʻrib, ta’sirlanib ketdim. Ota-bobolar xatosi farzandlar vijdonini qiynayotgandir ehtimol, degan oʻy kechdi koʻnglimdan...

Tinchlik xiyobonidagi atom qurbonlari xotirasiga oʻrnatilgan yodgorlik — Kenotafda «Tinch orom olinglar, oʻtmish takrorlanmaydi» degan yozuv bor. Umuman olganda, xiyobon oralab yurilsa, atom qurbonlari xotirasiga ehtirom tariqasida bunyod etilgan koʻplab yodgorliklar, jumladan favvoralar koʻzga tashlanadi. Ana shunday obidalardan biri — Tinchlik bolalar yodgorligi begunoh qizaloqning ayanchli qismati bilan bogʻliq.

...Atom bombasi portlaganida Sadako Sasaki ismli qizaloq ikki yoshda edi. Yadro qurolining shafqatsiz oqibati endigina atak-chechak boʻlgan mana shu begʻubor goʻdakni ham oʻz domiga oldi. Leykemiya — oq qon kasalligi tashxisi bilan uni kasalxonaga yotqizishdi. Sekin-asta ulgʻaygan qizaloq qancha koʻp turna yasasam, shuncha tez tuzalib ketaman, degan umidda har kuni turli qogʻoz boʻlaklaridan, dori-darmondan boʻshagan qogʻoz-qutilardan turna yasadi-yasayverdi. Biroq, yuzlab qogʻoz turnalari uning sogʻayib ketishiga yordam berolmadi... Qizaloqning umri bor-yoʻgʻi yana oʻn yil davom etdi, xolos. 1955 yilning 25 oktyabrida Sadakoning umid toʻla koʻzlari mangu yumildi.

Qizaloqning bevaqt oʻlimi sinfdoshlarini va minglab tengdoshlarini chuqur qaygʻuga soldi. Mamlakatning tuli puchmogʻlaridan bolalar tomondan yigʻilgan xayriya pullari evaziga xotira haykali yuzaga keldi. Boshi uzra ulkan turna qanotlarini tutib turgan qizaloq siymosida bolalarning osuda kelajak xususidagi sof umidlari aks etdi. Bu yerga tashrif buyurgan bolalar oʻz qoʻllari bilan yasagan minglab qogʻoz turnalarni yaqin-atrofdagi buta va daraxt shoxlariga ilib ketishi an’ana tusini olgan. Jajji bolakaylar tengdoshlarini shu tariqa yoʻqlashadi, uning ruhini shu tariqa shod etishga oshiqishadi.

Chexiyalik mutaxassis Yan Letsel loyihasi asosida 1915 yilda bunyod etilgan koʻpqavatli yirik bino bir paytlar Xirosima prefekturasi sanoat tovarlari koʻrgazmasiga, umuman savdo-sanoatning rivojlanishiga xizmat qilgan. Suyagi baquvvat ekanmi, portlash epimarkazidan bor-yoʻgʻi 160 metr masofa oraliqda boʻlishiga qaramay, binoning tirkamalari omon qolgan. Atom uyi deb ataladigan bu mashhur bino Tinchlik xiyobonining toʻrida mudhish fojea shohidi sifatida mungʻayib turibdi.

Darvoqe, oʻtgan oltmish yil binoda oʻz ishini qilib ulgurdi. Yopinchiqsiz qolgan xaroba bino yildan yilga yogʻin-sochin va boshqa tabiiy hodisalar tufayli yana ham puturdan ketmoqda. Inshoot ichidan qoʻshimcha tirkamalar berilgan. Ammo buning oʻzigina uni saqlab qolish imkonini bermaydi. Aytishlaricha, Atom uyining ustiga maxsus yopinchiq — ayvon qurish xususida ham loyiha tayyorlangan.

Oʻsha mahalda shaharda 85 dona tramvay yoʻlovchilar uzogʻini yaqin qilar edi. Oradan qancha suvlar oqib oʻtdi. Kuchli nurlanishdan zaharlangan zamin qayta jonlanib, undan yana gulu rayhonlar una boshladi. Atomdan omon qolgan tramvaylardan toʻrttasi hamon poʻlat izlarda.

Xirosimada mavjud koʻplab gazeta va jurnallarda, teleradiostudiyalarida boʻlib ishonch hosil qildikki, shahardagi mavjud OAVda atom mavzusi hamon dolzarb ahamiyat kasb etadi. Birgina NHK teleradio korporatsiyasining Xirosima boʻlimida yuqoridagi mavzu doirasida uchta yangi dastur yaratish moʻljallanmoqda. Dasturlar «Atom qurbonlari», «Tinchlik va atom muammosi» hamda atomni yashirincha tayyorlash bilan bogʻliq ma’lumotlar asosidagi koʻrsatuvlardan iborat.

Ayni mavzu «Xirosima terebi» televideniyasining ham doimiy yoʻnalishlaridan sanaladi. Mazkur televidenie boʻlim boshligʻi Uno Tomio Xirosimadagi voqealarni koʻpchilik zamonaviy yapon yoshlari bilmasligidan xavotirda ekanini biz bilan boʻlgan suhbatda yashirmadi. «Xirosima atomdan jabr koʻrganlar bilan aloqa qiladi. Oqibatlari koʻzga koʻrinmaydigan bu mash’um qurolni zamindan yoʻq qilish butun olam ahlining mushtarak maqsadi boʻlishi kerak» deb hisoblaydi Uno Tomio.

Xirosima meriyasi 1982 yildan buyon har yil 6 avgustda dunyo shaharlari merlarining yigʻinini tashkil etib keladi. Ayni paytda bu shaharda istiqomat qilayotgan 85 ming kishi atom qurbonlari maqomiga ega. Ularning oʻrtacha yoshi 72 yoshni tashkil etadi. Atomdan jabr koʻrganlarga turli tibbiy-moliyaviy koʻmak koʻrsatiladi.

Hozir Xirosimada bir million 140 ming kishi istiqomat qiladi. Shahar aholisi jihatidan mamlakatda oʻninchi oʻrinni egallaydi. Mashhur «Mazda» avtomobili ham aynan shu yerda ishlab chiqariladi. Shahar byudjeti bir necha milliard AQSh dollarini tashkil etadi.

Xirosimaning bugungi qiyofasi tamomila boshqacha. Bir lahzada choʻlga aylangan shaharda yil sayin yaponlarga xos mehnatsevarlik, bunyodkorlik va izlanuvchanlik hosilasi oʻlaroq aql bovar qilmaydigan ulkan inshootlar qad rostlamoqda. Shahar anvoi gullarga burkangan goʻzal chamanzorni eslatadi. Kechagina yadro quroliga nishon boʻlgan, uning behisob gʻam-anduhlaridan qaddi dol boʻlgan shahar bugun yana oʻnglangan, Yaponiya taraqqiyotiga sezilarli ulush qoʻshmoqda.

Eng muhimi, xirosimaliklar EZGULIK har qanday yadro qurolidan-da qudratli ekanini his etib yashamoqda. Atom balosidan zada minglab qalblar tinchlik, barqarorlik, taraqqiyotga intilish insoniyatning a’moliga aylanishi tarafdori. Bu ezgu maqsadlarga erishish uchun hali koʻp kurashishga toʻgʻri keladi.

Toshkent-Tokio-Xirosima-Toshkent