OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Norali Ochilov. Darcha (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNorali Ochilov
Asar nomiDarcha (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Norali Ochilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/05
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Darcha (hikoya)
Norali Ochilov

Norali Ochilov 1976 yilda Shofirkon tumanidagi Temirchi qishlogʻida tugʻilgan. 1994-1999 yillarda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan. U turli yillarda mamlakatimizdagi qator nufuzli ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritib keldi.

Ayni paytda respublika Ichki ishlar vazirligida mas’ul vazifada mehnat qilayotgan iste’dodli jurnalist va yozuvchining adabiyotshunoslar nazariga tushgan «Darcha» hikoyasi hukmingizga havola etilmoqda.

Abdufattoh anchadan buyon odam oyogʻi yetmagan boloxona derazasini ochib yuborgandi, dimogʻiga toza havo urildi. Bir muddat vujudi qonib, koʻksini toʻldirib-toʻldirib nafas oldi. Yuqoridan hovli sahniga koʻz yugurtirdi. Daf’atan tonggi gʻira-shirada akasi ikkovining hovlisini ajratib turgan devor biroz ogʻib qolganini payqadi. Avvaliga ishonib-ishonmadi. «Qiyshiq koʻringan boʻlsa bordir«, degan oʻyga bordi. Biroq qor-yomgʻirda obdon sillasi qurigan soyabonning yotinqiraganini aniq-tiniq koʻrgach, shubha-gumoni tarqadi. »Qachon qiyshaya qoldi ekan?» shuuridan oʻtkazdi u. Anchadan buyon chegara — devorga razm solmagani, uning ortida umrguzaronlik qilayotgan jigargoʻshasini xayoliga keltirmaganini oʻylab ichidan zil ketdi.

Hovli sahnidan uncha-muncha koʻzga tashlanmaydigan bu oʻzgarish yuqoridan yaqqol koʻrinib turardi. Abdufattoh sinchiklab qarasa, qasddan qilinganga ham oʻxshamaydi. Devor-darmiyon qoʻshnisi — akasidan shubhalanishiga mutlaqo asos yoʻq. Devorning bu yoqqa emas, qaytanga, narigi tomonga ogʻishi ham bunday gumonsirashga izn bermaydi. Qolaversa, qondoshlari oʻzining ustiga devor yiqitadigan darajada nodon emas...

Xonaga yopirilgan salqin havodan eti junjikkan Abdulfattoh beixtiyor xayolini band etgan ayqash-uyqash fikrlardan tezroq qutulish ilinjida ishga tutindi. Moʻyqalamni suvga botirib, boʻyoqni yumshatdi. Koʻpdan buyon bitmay yotgan, ustini bilinar-bilinmas gʻubor qoplay boshlagan dagʻal matodagi eskiz ustidan qalam yurita boshladi. Ammo qiyshaygan devor haqidagi oʻy-xayollari tinchlik bermagach, qoʻli ishdan sovudi.

...Bir zamonlar Abdulxay bobodan meros hovlida bola-baqra qaynardi. Ayniqsa, hovli etagidagi qari tut daraxti hosil qilgan kezlarda mahallaning yitgan-yoʻqolgan bolasi borki, shu hovlidan topilardi. Shahar kengayib, dahadagi hovlilar buziladigan boʻlgach, bir-biri bilan etu tirnoqqa aylanib ketgan mahalla-koʻy hash-pash deguncha tariq donalaridek har tomonga tarqab ketdi. Koʻchish onlarida koʻz yoshi qilganlar, gina-kuduratini esdan chiqarib bir-birini bagʻriga bosganlar, xayr-ma’zurni qiyomatga qoldirganlar boʻldi. Oʻshanda Abdurasul bobo uy-joy qilib bu yoqlarga kelib qolgandi.

Bir paytlar odam kunduz kuni yurishga qoʻrqadigan biyday dalalar oʻn-oʻn besh yilda binoyidek gavjum mahalla-guzarga aylandi. Abdurasul kosib uzoqni koʻra oladigan dono kishi edi. «Joʻjabirday jonmiz,bolalar ulgʻaygach, shoshib qolmaylik», degan mulohaza bilan hovlisini ancha keng qilib qurdirdi. Keyinchalik ana shu goʻshadan jondan aziz qizlarini uchirma qildi. Oʻgʻillarini uyli-joyli qilish mashaqqati ham yengil kechgani yoʻq. Kattasidan koʻngli toʻlmadimi, ishqilib unga oʻzining koʻz oʻngidan — hovlisining bir burchagidan joy berdi. Qolganlariga qoʻshni dahalardan yer-suv olishda koʻmaklashdi. Supraqoqdisi — Abdufattohning boshini ikki qilish fursati yetganida Abdurasul bobo kelinni oʻzlari oʻtirgan uyga tushirib, kampiri bilan hovli etagidagi zinasiz, xiyla pastqamroq uyga koʻchib oʻtdi...

Abdufattoh boʻyoq chaplanaverib ajabtovur ranglar kompozitsiyasini hosil qilgan fartugini yechib, oʻrindiq suyanchigʻiga tashladi. Ustaxonani, unga qoʻshib... koʻnglini tartibga solgisi keldi.

...Huv pastdagi, devor adogʻidagi uy bir paytlar suhbatxona boʻlardi. Ayniqsa, tizza boʻyi qor yogʻib, havo zaranglagan kezlarda chol kampiri va bolalari bilan tancha atrofiga yigʻilishib, gurunglashardi. Abdurasul bobo soqolini tutamlaganicha uzoq sukutga ketar, bir payt tomoq qirib, salmoq bilan gap boshlab qolardi. Uning oldida bolalari odob bilan tizilishganicha soʻzlariga some’ boʻlib turishar, ahyon-ahyonda supraqoqdisi namoyishkorona tantiqlik bilan suhbat oʻzanini burishga tirishardi. Davra ahli bunday beodoblikni Abdufattohning «kenjatoylik imtiyozi»ga yoʻyishar, uning bu taxlit urinishiga sabr-toqat koʻrsatish bilan javob qilishardi.

Abdurasul bobo bolalariga, jumladan, kenjatoyiga nisbatan haddan tashqari qattiqqoʻl boʻlgan. Oʻrtoqlari chillak yoki lanka oʻynagan kezlarda Abdufattoh kursidan uzilmay kavushdoʻzlik qilardi. Bobo tashqariga chiqarish u yoqda tursin, uning derazadan moʻralashini ham taqiqlagandi. Keyinchalik keksaligi gʻolib keldimi yo hayotning bemavrid zarbalariga dosh beraverib, irodasi shikast yedimi, har holda yuragi bir qadar yumshab qoldi. Garchi bobo oʻsha-oʻsha oʻjarligicha qolgan boʻlsa-da, bora-bora fe’lidagi qattiqqoʻllik xilmga, nafrat va gʻazab mehrga aylandi. Buni ayrim mahalladoshlari uning tabiatidagi zaiflikka, ayrimlar esa keksalik — nochorlikka yoʻyishdi.

Bobo maktabda dastroʻmolchasiga atir sepib oladigan, opalari bilan talashib-tortishadigan, ba’zan oiladagi dilxiraliklarda goh er-xotin, gohida opa-akalari oʻrtasiga tushib, ularni oʻzicha murosa-yu madoraga chaqirib yuradigan ana shu zumrashasidan durustroq odam chiqishiga ishonardi. Shu komil ishonch uni kenjasining ayrim shartakiliklaridan koʻz yumishga undardi.

Bolaligidan musavvirlikka ishqi tushgan Abdufattoh ulgʻaydi-yu soʻzamolligidan asar ham qolmadi. Ilgarilari davraning «guli» oʻlaroq, birovga gap bermagan yigitcha uch-toʻrt kunlab miq etmay yurishni kasb qilib oldi. U oʻzi chizgan kartinalarining ich-ichiga kirib ketadigan xayolparastga aylandi. Suxanbozlikdan koʻra tevarak-atrofdan manzara axtarishni xush koʻradi. Uylanganida ham fe’lida katta oʻzgarish kuzatilgani yoʻq. Qaytanga, ichidagi bor-budini sugʻurib oladigandek odamning koʻziga tik qaraydigan odat chiqardi. Shunday qilsa, portreti jonli chiqarmish...

Kechagidek yodida. Bir kuni u bisotidagi arzirli kiyim-boshini kiyib, xotini yetovida hovliga chiqdi. Ayvonda koʻnga ishlov berib turgan keksa otasiga yuzlanib, qaynotasinikiga borib-kelishga izn soʻradi. Oʻshanda bobo ishdan bosh koʻtarmay oʻgʻlini yomon izza qilgan: «Kiyinib boʻlibsanlar-ku, endi ijozat soʻrab nima qilasan?!».

Abdufattoh bolaligini, oʻsmirligini, yigitlik davrlarini kinotasmadan bir-bir oʻtgan lavhalardek uzuq-yuluq yodga oldi. Rahmatli otasi, onaizori, aka-opalari bilan oʻtgan hayotining eng totli lahzalarini eslab, qadrdonlari diydorini sogʻindi. Ular bilan xuddi oʻsha uzundan-uzoq qish tunlaridagidek, suhbatlashishni qoʻmsadi...

Chamasi oʻshanda bahor fasli edi. Abdufattoh mehri iyib, akasining oʻgʻliga hovlidagi daraxtdan bir-ikki hovuch dovuchcha terib berdi. Xom mevadan koʻproq yegani ta’sir qildi chogʻi, jiyani ogʻrib yotib qoldi. Shu voqeaning ertasi kuni akasi otasiga arz-hol qildi: «Xotinlarning gʻidi-bidisi koʻpaygandi, endi bunisi oʻtib tushdi...«. Bobo boshini xam qilganicha chuqur oʻyga toldi. Otasining tili kalimaga kelmay qolganidan foydalangan oʻgʻil »kashfiyoti»ni oʻrtaga tashladi-qoʻydi:
— Mashettan, — qoʻlini nuqib hovli oʻrtasini koʻrsatdi u, — devor tortsak, qandoq boʻlarkan-a, ota?

«Bechora bolam qiynala-qiynala, nihoyat, dilidagini tiliga koʻchirdi«, yuragidan oʻtkazdi bobo. Toʻngʻichining gapi unga xuddi »devor tortsak, uyimga balo-qazo yoʻlamaydi», degandek tuyuldi. Ilgarigi holi-quvvati boʻlganida-ku oʻgʻlining esini kiritib qoʻyardi. Biroq bobo endi ogʻziga zoʻr berishga yarasa ham katta gap edi.
— Koʻzim ochiqligida-ya? — Oʻpkalandi ota.

Ammo oʻgʻli otasiga quloq tutmadi. Chunki u otasidan maslahat soʻramagandi, niyatini bildirgandi, xolos. Devor tortish hukmi esa oilasi davrasida allaqachon oʻqib boʻlingandi.

Oʻgʻlining devor qurishga qurbi kelmadimi yoki insof qildimi, har holda hovli oʻrtasidan simtoʻr tortdi. Otasini «andisha« qilib simtoʻrning bir chekkasini ochiq qoldirdi. Hovli ikkiga boʻlingach, aka-ukalarning oʻzaro qatnovi ancha siyraklashdi. Yangi topilma akaning oilasida yaxshi qabul qilindi, uka xonadonida »arzimas» koʻngilsizliklarni keltirib chiqardi. Shu voqeadan soʻng boboning yegani ichiga tushmay qoldi, oʻz hovlisida oʻzini begona his eta boshladi...

Abdurasul bobo boqiy dunyo eshigini qoqqan kunning ertasiga simtoʻr chetidagi shartli eshik vazifasini oʻtab turgan yogʻoch panjara olib tashlanib, uning oʻrni berkitildi-yu bordi-keldi barham topdi. Akasining bu navbatdagi yangiligi Abdufattohga ogʻir botdi. Hatto, u otasining bir marosimida jigargoʻshasining qiligʻini betiga solmoqchi ham boʻldi. Ammo akasining ahvolini koʻrib-kuzatib ich-ichidan ezildi, alamini ichiga yutdi...

Bir ota-onadan tugʻilgan aka-ukalar yagona hovlida bir-birovi bilan bosh silkib hol soʻrashib yursa gʻalati boʻlarkan. Nachora, koʻnikishdan osoni bor ekanmi. Simtoʻr mashmashasi tufayli oʻrtaga tushgan sovuqchilikka qaramay, Abdufattoh jiyanlarini «chegara»ga chorlab, ular bilan hazil-mutoyiba qilishga vaqt topardi. Poʻlat simlar ortidan boʻlsa-da, ularni oʻziga yaqin olib erkalar, bir amaki sevganichalik sevardi.

Yozning jazirama kunlaridan birida Abdufattoh ishdan erta qaytdi. Ostona hatlab hovliga kirganida gʻalati manzaraning ustidan chiqib qoldi. Uch-toʻrt usta gʻayrat bilan hovli oʻrtasidagi simtoʻr oʻrniga pishiq gʻishtdan devor tiklamoqda edi. Abdufattohning peshanasini reza-reza sovuq ter bosdi. Akasining yangi topilmasi unga yomon alam qildi. Qoʻlidagi toʻrxaltani qizchasiga berib, hovlining akasi yashaydigan qismiga oʻtdi.
— Akam qani? — soʻroqqa tutdi u kelinoyisini.

Kelinoyi mujmal javob qildi:
— Bugun navbatchilar, uyga kelmasalar kerak...
— Oqibatga oʻt tushsin, — Gʻudurlaganicha iziga qaytdi Abdufattoh.

Akasi uyida boʻlganida-ku, ichida yigʻilib qolgan bor gap-soʻzni ayamay toʻkib solardi. Qaytanga, yuragining chigili yozilardi, yengil tortardi.

U alamini oʻziga peshvoz chiqqan xotinidan oldi:
— Yana nima gap?
— Nodirjoningizning varragi antenalariga ilinibdi...
— Koʻzing qayda edi? Varrak uchirishga joy qahat ekanmi, oʻgʻlingga? Bu bir bahona... — vajohat bilan oʻshqirdi Abdufattoh.

U hali esini tanib-tanimagan boladan xafa boʻlayotganini mulohaza qilib damini ichiga yutdi. Kiyimlarini almashtirdi-da, toʻgʻri ustalarning oldiga shoshildi. «Kattalaring kim?« dedi oʻsha-oʻsha vajohat bilan. Savoliga javob ham kutmay yarimlab qolgan devor yoniga borib qat'iy ohangda: "Mana shu yerdan eshikka joy qoldirlaring!" dedi. Ustaboshi "Xoʻjayin bizga..." deb endi ogʻiz juftlagandi, Abdufattoh uning ogʻziga urdi: »Xoʻjayin-poʻjayiningni bilmayman, aytganimday qilasanlar, tamom-vassalom!».

U oʻsha kuni yoʻlning huv naryogʻidagi xiyobonda alla-pallagacha tentirab yurdi. Uyga qaytganida ham yolchitib uxlay olmadi. Tikanga agʻanagandek a’zoi badani zirqirab ogʻrirdi. Ming turli oʻylovlar iskanjasida qolgan boshi tars yorilgudek edi. Shu kech boqiyga rixlat qilgan ota-onasi-yu yana allakimlar tushiga kirib chiqdi...

Aka hafta-oʻn kun qorasini koʻrsatmay yurdi. Bu orada katta hovlini oʻrtasidan ikkiga ajratgan devor oqlanib, oʻrtadagi ochiq joyga ixchamroq eshik oʻrnatildi. Dastlab oʻtib-qaytish erish tuyulgan bu moʻ'jaz eshik keyinchalik ovsinlarning kunda-shunda boʻlmasa-da, ma’raka mavridlarda qatnaydigan ishonchli yoʻliga aylandi. Har holda ana shu eshik besh-olti qovun pishigʻigacha «bor tovogʻim, kel tovogʻim...»ga yarab turdi...

Xazonrez kunlarning birida qoʻshni hovlini ayol kishining dod-faryodi tutdi. Oyogʻini qoʻliga olib chopgan Abdufattoh bilan xotini gap nimadaligini soʻrab-surishtirganida kelinoyi yigʻidan toʻxtadi-da, bor kuchini koʻziga toʻplab ularga chunonam yovqarash qildiki, boyoqishlar hayratining zoʻridan tovonigacha muzladi-qoldi. Ayon boʻlishicha qoʻshni hovli bekasining ona-meros asl tilla uzugi yoʻqolgan edi...

Abdufattohning boshi xam boʻldi. Birovning halol luqmasi u yoqda tursin, «buzoqning haqi» deya sut ichishga botinolmaydigan, oila a’zolariga ham shu yoʻsinda talab qoʻyadigan kishi bugun jigargoʻshasi xonadonidan yoʻqolgan buyum uchun oʻzini aybdordek his eta boshladi. Abdufattoh, qoʻli egriligini tasavvuriga sigʻdirolmasada, xotini va bolalarini qiyin-qistovga oldi. Biroq qilayotgan ishini oʻylab oʻzidan xafa boʻlib ketdi. Norasidalari oldida oʻzini gunohkor sezdi. Yelkasini qisganicha boloxonasiga chiqib ketdi. To kechga qadar ishga koʻmilib, kuymalanib yotdi.

Musavvirni dunyoning barcha gʻam-anduhidan ana shu boloxona qutqardi. U bu yerni manzil tutgan mahalda oila a’zolaridan hech biri bezovta qilishga botinolmasdi. Qoʻngʻiroqlar, mehmon-izlom keldi-ketdisi, hatto tayyor boʻlgan ovqatga chaqirish uchun ham hech kim bu temir qonunni buzishga jur'at qilolmasdi. Zero, oila boshchisining diqqatini, tinchini buzish qanday koʻngilsiz oqibatlarga olib kelishi xonadon ahliga ma’lum edi. «Hech boʻlmasa oʻz uyimda erkin boʻlay?» derdi musavvir. Bu erkinlikka dunyo tashvishu quvonchlari ham daxl etolmasdi. Boloxonada Abdufattoh oʻz dunyosi bilan ovora baxtli insonga aylanardi-qolardi.

Oʻsha kuni ham ana shu daxlsizlik qonuniyati amal qilishda davom etmoqda edi. Qosh-qovogʻi solingan Abdufattoh yolgʻizxonasiga erta tongdan qamalib olganicha uni oqshom tark etdi. Oʻzigagina xos boʻlgan oyoq uchida yurish bilan hovli sahniga chiqdi. Oʻrtadagi devorga koʻzi tushdi-yu beixtiyor yuragi orqaga tortib ketdi: eshik olinib, oʻrniga gʻisht urib tashlangandi. U gʻishtlar orasidan chiqib qolgan loy-chiziqlarga termulganicha bir muddat serrayib turdi. Manzaraga dilgir nigoh tashlagani sayin unga bamisoli ota-onasiga olib boradigan eshik ochilmaydigan qilib yopib tashlangandek tuyulaverardi. Shu topda miyasining qopqogʻini goʻyo birov ochib-yopib oʻynaydi — boshi qizib ketdi.

Abdufattoh ostona hatlab koʻchaga otildi. Akasining darvozasiga yetganida bir xayoli ortga qaytmoqchi ham boʻldi-yu yana dadillashib, qoʻngʻiroq tugmasini asabiy bosdi. Unga akasi peshvoz chiqdi:
— Kel ukam, qaysi shamol uchirdi? — Uning burni qip-qizil edi. — Hoynahoy kenayingni uzugi masalasida chiqqandirsan-da, a? Palakat bosib eshikni olib tashlashga andak shoshilibmiz, ukam. Uzuk topildi. Jiyaning oyisiga havas qilib, maktabiga taqib ketgan ekan... Shuni yuvayotgandik, qani, kir ichkariga.
— Niyatiz eshik oʻrniga gʻisht urish ekan, jilla qursa darcha-parcha qoʻyib ketsangiz boʻlardi, — dedi uka boʻshashib. U akasining dilini xufton qilish istagidan voz kechgandi.
— Planda bor, — dedi akasi uning gapini boʻlib. — Nima, bizzi oqibatsizga chiqaravossanmi, uka?..

Abdufattoh iziga qaytdi.

Ertasi ishdan uyiga kelganida kecha eshik oʻrniga urilgan gʻishtlardan toʻrttasi olib tashlanganini koʻrib, yuziga qon yugurdi, koʻngli yorishdi. Shu kundan boshlab xuddi ana shu darichadan nafas olayotgan odamdek suyunib yurdi. Kuniga ikki-uch bor unga oʻgʻrincha koʻz tashlab qoʻyadi. Goʻyo osmondan tushgan farishtalar hovlisiga ana shu yerdan kirib kelayotgandek tuyulardi.

Bir gal kichikroq ma’raka qilganida darcha ish berdi: doshqozon akaning hovlisiga oʻrnatildi. Kosa-laganlar shundoqqina darchadan berib-olindi, qaytanga yaxshi boʻldi...

...Oʻshanda jonni zirqiratadigan qahraton qish edi. Yangi yil kechasini oilasi bilan nishonlayotgan Abdufattoh nima boʻldi-yu toza havo istab hovliga chiqdi. Kerishdi, qoʻllarini oldinga uzatganicha pagʻa-pagʻa yogʻayotgan qorga tutdi. Pardek qor parchalari kaftlariga tushib erib ketaverdi. Bunday sururli manzaradan uning yuragi cheksiz zavq-shavqqa toʻldi. Qor yogʻishi zabtiga olgan kezlarida u hovli oʻrtasiga borib yosh boladek yotib olar, samo suprasidan qoqilayotgan uchqunlarga koʻmilib ketgisi kelardi.

Abdufattoh bir muddat hovli etagidagi uyga termuldi. Derazalariga oq surp tortilgan uy mungʻayib qolgan mushtipir kampirdek ma’yus turardi. Keyin darchadan qoʻshni hovliga koʻz tashladi. Birorta ham yoniq chiroq koʻrinmasdi. «Bayram tunida qayoqqa ketishdi ekan...» koʻnglidan oʻtkazdi.

U ertasi kuni toʻngʻich jiyanini koʻchada uchratib qoldi. Bayram oqshomi qanday oʻtganini surishtirdi. Qiz boyoqish xomush tortib dedi: «Adam bu bizning bayram emas, dilbuzar — bid'at, deb Yangi yilni nishonlashga qoʻymadilar». Abdufattoh boshini saraklatdi, jiyanlariga ichi achidi, keyingi paytlarda akasining oyoq olishi boshqacha boʻlib qolganini esladi.

Oradan hech qancha vaqt oʻtmay, kunlarning birida qoʻshni hovlida qiyomat qoʻpdi. Abdufattoh darchadan razm soldi. Akasi xotinini oldiga solib quvar, shoʻrlik ayol qorda yalangoyoq qochardi. «Yana asliga qaytibdi!« degan oʻy oʻtdi ukaning xayolidan. Oʻgʻil-qizlari boʻyiga yetib qolgan odamning mast-alast yurishi xunuk koʻrinardi. U "er-xotinning oʻrtasiga tushgan axmoq" degan gapni bir-ikki takrorlaganicha darchaga yaqin keldi. Hadiksirab ovoz berdi: »Tinchlikmi, aka? Kelinoyimni toza qiynab qoʻyibsiz-ku!».
— Olimligingni uyingda qil, bola! — Malomat qilishga tushdi aka. — Xotinchangga tishing oʻtmaganidan keyin uni sizlaysan, xumordan chiqquncha soʻkish, urish u yoqda tursin, burnidan baland gapirolmaysan. Tumshugʻingdan ip oʻtkazib olib yetaklagani-etaklagan. Xotin — maniki, bilganimni qilaman. Tak chto, ishimga burningni suqma, bola, yomon boʻladi...

Aka gap bilan toʻxtab qolgani yoʻq. Muzlab yotgan yerni chopib loy qordi. Toʻrtta gʻisht topib har ikki hovliga zeb berib turgan darchani yopib tashladi. Abdufattoh mast-alast akasiga bir nima deyishga botinolmadi. U goʻyo nafas yoʻli bekilib qolgan bemordek boʻgʻilib yurdi, bir muddat iztirob chekdi.

Darcha yopilib, qon-qarindoshlik yoʻllarini qum bosdi. Vaqt deganlari hovli oʻrtasida tekis devor bino qilganidek, Abdufattohning koʻnglidagi chandiqlarini ham silliqlab oʻtdi. U «Balki, shu daxmaza oldinroq yopilganda bir dunyo gap-soʻzga qolib yurmasmidik...» degan mulohazaga ham bordi-yu biroq bilib-bilmay otasining hamyoniga qoʻl solgan oʻgʻildek bema’ni xayolidan oʻzi uyaldi.

Abdufattoh xayol osmonidan tushgan pallada tong yorishib, qorongʻulik sekin-asta chekinmoqda edi. Shu payt darvoza beoʻxshov taqillab qoldi. «Bemahalda kim kelishi mumkin? Bugun mahallada osh beradigan kishi boʻlmasa...«. U boloxona zinalaridan shoshilinch tushdi. Yoʻlakdan oʻtib koʻchaga chiqdi. Darvoza oldida kelinoyisi tizzalarini mushtlab, izillab turardi. Abdufattoh "Tinchlikmi?" deb ulgurmay, ayol yigʻlaganicha oʻzini unga tashladi: »Akangizdan ayrilib qoldik, inim!».