OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNormat Yoʻldoshev
Asar nomiYoniq qalb munaqqidi
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Normat Yoʻldoshev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Ochiq xatlar va maktublar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 1-sonidan olindi
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yoniq qalb munaqqidi
Normat Yoʻldoshev

Atoqli munaqqid Ozod Sharafiddinov adabiyotshunoslik maydoniga oʻtgan asrning elliginchi yillarida kirib keldi. Bu xususda, ulugʻ yozuvchi Abdulla Qahhorning ushbu soʻzlarini eslash joizdir: «Ozod Sharafiddinov adabiyot ilmiga, aniqroq qilib aytganda, adabiy tanqidchilikka yonib kirdi va hozirgacha mana shu fazilatni saqlab qoldi». Darhaqiqat, Ozod Sharafiddinov umrining oxiriga qadar ushbu e’tiqodida sobit turib: adabiyotga, ijodga, haqiqatga sadoqat ila xizmat qildi.

«Zamon, Qalb, Poeziya»

Ozod Sharafiddinov «Zamon, qalb, poeziya»dan to «Ijodni anglash baxti»ga qadar yigirmadan ortiq kitoblar yozdi. Oʻzbek adabiy tanqidchiligida oʻziga xos maktab yaratdi.

Munaqqid totalitar tuzum davrida, elliginchi yillarda filologiya fanlari doktori Umarali Normatov qayd etganidek, «ustozi Abdulla Qahhordan ruhlanib adabiyotdagi xalturaga, oʻrtamiyonachilikka qarshi mardona kurash olib bordi. 40-50-yillarda keng tarqalgan oʻta siyosatlashgan, nuqul mustabid tuzum mafkurasi targʻibotiga qaratilgan quruq ritorika, va’zxonlikdan iborat she’riyatning astar-avrasini chiqarib tashladi. Ulardan koʻplab misollar keltirib: «She’rmi shu asarlar, poeziya bormi ularda», degan keskin savolni qoʻyadi va teran ilmiy tahlil, rad etish mumkin boʻlmagan dalil va mantiq asosida, «yoʻq», deya javob bera oladi. 50-yillar sharoitida bunday fikrni aytish mislsiz jasorat edi». Haqiqatan ham Ozod Sharaffiddinov «Zamon, qalb, poeziya» kitobida eng nomdor shoirlarning she’rlaridan misollar keltirib, ularning kamchiliklarini xolisona isbotlab bergan.

Munaqqid: «Poeziya nima? Uning mohiyati nimadan iborat, chinakam san’at, chinakam poeziya, chinakam iste’dod qanday boʻlishi kerak?» degan savollarga oʻtgan asrning oltmishinchi yillaridayoq javob bergan edi. «Chinakam san’at, poeziya hamisha san’atkorning voqelikka yangicha munosabatidan, yangicha qarashidan, yangicha fikrlashidan boshlanadi... Chinakam shoir, birinchi navbatda, mutafakkirdir, hayot haqida fikrlovchi, uning ustidan hukm chiqaruvchi faylasufdir.

Chinakam poeziya esa hammavaqt his-tuygʻuga aylanib ketadigan fikrdan yoki fikr­ga aylangan his-tuygʻudan iboratdir".

Munaqqid she’riyatga munosabatida jahon adabiyotining eng yuksak mezonlari asosida yondashdi. Chinakam poeziya bilan nazmbozlikni bir-biridan farq qilish kerakligini, poeziya-talantdan boshlanishini, talant esa hayotning hech kim koʻrmagan tomonlarini koʻra olish qobiliyati ekanligini har jihatdan asoslab berdi.

«Zamon, qalb, poeziya» kitobiga kirgan «Poeziyaning bagʻri keng», «Chamanzorda gullar koʻpaysin» maqolalarida, lirik qahramon muammosi haqidagi bahsu munozaralarga oydinlik kiritdi. She’riyatimizda ovozlar, sozlar har xil jaranglashini, har bir shoir oʻz ovozi va soziga ega boʻlishi kerakligini Mirtemirning xalqona, Asqad Muxtorning intellektual she’riyati misolida asoslab berdi. «Zamon, qalb, poeziya» nihoyasida munaqqid: «Men faqat poeziyamizning ijobiy tendentsiyalarini va ularning oʻsishiga xalaqit berayotgan ayrim hodisalarni tahlil qildim», deb yozgan edi.

Tabiiyki, Ozod Sharafiddinovning ayrim nomdor shoirlar haqidagi tanqidiy mulohozalari koʻplarga yoqmadi. Buning oqibatida, munaqqid malomatlarga ham duchor boʻldi. Ammo oʻz e’tiqodidan qaytmadi. Eng muhimi, Ozod Sharafiddinov oltmishinchi yillarda kirib kelgan iste’dodli yoshlarni himoyasi ostiga oldi. Abdulla Oripovning ilk she’rlariga «Oq yoʻl» tiladi. «Hayot bilan hamnafas» maqolasida Erkin Vohidov she’riyatini tahlil qildi. Oʻtkir Hoshimovning «Dunyoning ishlari» qissasiga taqriz yozdi. Shu asnoda, munaqqid adabiy jarayonning qaynoq nafasi bilan yashadi.

Bugunga kelib zamon, davr oʻzgardi. Adabiyotga qarash ham oʻzgardi. Koʻpgina ijodkorlarning shoʻro davrida yaratgan asarlari endilikda, adabiy tamoyillarga toʻgʻri kelmay qoldi. Ammo Ozod Sharafiddinovning aksariyat maqola va kitoblari bugungi kunda ham oʻz kuchini yoʻqotgan emas. Masalan: «Birinchi moʻ‘jiza» kitobidagi Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov ijodi haqidagi portretlari bugungi adabiyot uchun ham muhim manbadir.

Ozod Sharafiddinov «Zamon, qalb, poeziya»dan keyin yaratilgan «Adabiy etyudlar» (1968), «Iste’dod jilolari» (1976), «Talant – xalq mulki» (1979), «Adabiyot – hayot darsligi» (1980), «Hayot bilan hamnafas» (1983), «Goʻzallik izlab» (1985), «Abdulla Qahhor» (1988), «Haqiqatga sadoqat» (1989) kitoblariga qadar adabiyotshunos, munaqqid sifatida oʻz estetik printsiplariga sodiq qoldi.

«Istiqlol Fidoyilari»

1991 yil sentyabrining ilk tongi millat kitobiga zarhal harflar bilan yozildi. Millatning asriy orzulari ushaldi. Barcha millat farzandlari singari Ozod Sharafiddinov ham mustaqillikni quchoq ochib kutib oldi. Mustaqillik barcha ijodkorlar singari munaqqidga ham cheksiz imkoniyatlar eshigini ochdi. Munaqqid birinchi galda, koʻnglidagi eng buyuk armoni – millat istiqloli yoʻlida shahid ketgan, nohaq qatagʻonga uchragan adiblarning muborak nomlarini oqlab, asarlarini xalqqa qaytarishdek mas’uliyatli vazifani oʻz zimmasiga oldi.

1969 yilda Choʻlpon, Fitratlar qatorida nohaq qatagʻon qilingan shoirlar she’rlaridan jamlangan «Tirik satrlar» kitobi bevosita Ozod Sharafiddinov rahbarligida nashr etildi. Ammo bu kitobning boshiga qiyin kunlar tushdi. Bu haqda munaqqid «Tirik satrlar»ning qiyin qismati» maqolasida mufassal fikr yuritgan.

Ozod Sharafiddinov mustaqillikning ilk kunlaridan istiqlol fidoyilari haqida turkum maqola va risolalar yozdi. Ayniqsa, Choʻlpon ijodi munaqqid ijodining markazida boʻldi. 1991 yilda nashr etilgan «Choʻlpon» risolasida shoirning hayoti va ijodiy merosi ilk bor monografik yoʻsinda oʻrganildi. «Istiqlol fidoyilari» kitobida Turkiston istiqloli fidoyilari: Mustafo Choʻqaev, Otajon Hoshimov hayoti, ijodi, taqdiri haqida hikoya qilinadi. Choʻlponning adabiy-tanqidiy qarashlari keng tahlil nazaridan oʻtkaziladi.

Choʻlponni anglash borasida mulohaza yuritib, munaqqid shunday fikrni keltiradi: «Choʻlponni anglash – soʻz san’atining botiniy qonuniyatlarini teran anglash, ularning shoir ijodida qanday zohir topishini anglashdir. Choʻlponni anglash – uning umumbashariy gʻoyalarini, uning yuksak insoniy tuygʻularini yurakka singdirib olishdir. Choʻlponni anglash-Vatanni, koʻhna Turkistonimizni Choʻlpon koʻzi bilan koʻrib, Choʻlpon yuragi bilan seva bilmoqdir».

Ozod Sharafiddinovning oʻzbek professonal adabiy tanqidchiligiga tamal toshini qoʻygan Otajon Hoshimov haqidagi maqolasi ham xarakterlidir. Maqolada munaqqidning hayoti, ijodi, taqdiri qalamga olingan. Moskva, Sankt-Peterburg shaharlarining nufuzli oliy dargohlarida tahsil olgan, Osfald kabi sharqshunos olimlar nazariga tushgan Otajon Hoshimov 20-yillarning oʻrtalarida adabiyotga kirib kelgan, 30-yillardayoq ilmiy jamoatchilik e’tiboriga tushgan edi.

Otajon Hoshimov hayoti va ijodining murakkab, ziddiyatli tomonlari, ilk adabiy-tanqidiy maqolalari, Oʻzbekiston adabiyoti, madaniyatini yuksaltirishdagi xizmatlari Ozod Sharafiddinov tomonidan keng qamrovli tahlil qilinadi. Munaqqid Otajon Hoshimovning «Dialektika va dialektika usulida oʻylash», «Adabiy meros va Chigʻatoy adabiyoti» maqolalarini, folklor boʻyicha tadqiqotlarini zukkolik bilan tahlil nazaridan oʻtkazadi.

«Ijodni Anglash Baxti»

Ushbu kitobni yangi oʻzbek adabiyotining yarim asrlik manzarasi deb izohlash mumkin. Kitobga yozgan soʻzboshisida Umarali Normatov haqli ravishda ta’kidlaganidek, «... Ozod Sharafiddinovning soʻnggi yillarda yaratilgan adabiy-tanqidiy asarlari, suhbat va badialari (adabiy-tanqidchilik asarlari) mustaqillik davri milliy adabiyotimizda, ma’naviy hayotimizda jiddiy hodisa boʻldi, deyish uchun toʻla asos beradi...»

Darhaqiqat, istiqlol Ozod Sharafiddinovga ijod imkoniyatlarini keng ochdi. Yillar davomida qalbida oʻylab, yozishga undagan ogʻriqli nuqtalarini bayon qilishga imkoniyat berdi. Shu sa’y-harakatlarning natijasi oʻlaroq yuzaga kelgan – «Ijodni anglash baxti»ning ilk rukni – «Istiqlol nurlarida evrilayotgan adabiyot»da yangi milliy adabiyotimizga tamal toshini qoʻygan – Choʻlpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Hamza ijodining yangi qirralari qalamga olinadi. Jadid adabiyotining oʻziga xos xususiyatlari belgilab beriladi.

Ozod Sharafiddinovning ijod va ijodkorning adabiyot hamda jamiyat oldidagi burchi toʻgʻrisidagi qirralari, ayniqsa, suhbat-maqolalarida yorqin ifodalangan. Ustoz istiqloldan keyingi yillarda juda koʻp adabiyotshunoslar, yozuvchilar, jurnalistlar bilan adabiy hayot haqida qilgan suhbatlarida hozirgi adabiy jarayondagi muammoli masalalarni qalamga oldi. «Istiqlol adabiyoti eng ilgʻor adabiyotdir...», «Boqiy moʻ‘jiza», «Iste’dod bilan uchrashish bayram» kabi muloqotlarida yuksak badiiy asarlar yaratish uchun ijod erkinligi va, eng muhimi, yuksak iste’dod birlashgandagina, biror natijaga erishish mumkinligi ta’kidlanadi.

Mustaqillik davrida adabiyotda ijobiy qahramon, ya’ni, zamonamiz qahramonini yaratish masalasi qoʻyildi. Munaqqid adabiyotning ijtimoiy funktsiyasi haqida gapirar ekan, qahramon masalasiga ham oʻz munosabatini bildirib oʻtgan: «Adabiyotning asosiy predmeti – inson. Bu jihatdan adabiyot dunyodagi eng demokratik hodisalardan boʻlmogʻi kerak. Unga shoh ham, gado ham, yosh ham, qari ham, cholu kampir ham, buyuk sarkardayu oddiy askar ham, davlat arbobi va talaba ham, dunyodagi mashhur aktrisayu turli sabablar bilan tanini sotib tirikchilik qiladigan fohisha ham baribir. ...Xullas, adabiyotda inson yoxud qahramon muammosini samarali hal qilmoq uchun, birinchi navbatda, falsafiy planda inson kontseptsiyasini mukammal ishlab chiqmoq kerak...» Haqiqatan, istiqloldan keyingi yillarda yaratilgan badiiyat namunalarida insonning murakkab ruhiy olamini kashf etish tamoyillari koʻzga tashlanayotir. Bu hodisalarni Erkin A’zam, Omon Muxtor, Nazar Eshonqul, Ulugʻbek Hamdam kabi adib­lar nasrida: Usmon Azim, Ikrom Otamurod, Bahrom Roʻzimuhammad, Faxriyor kabi shoirlar she’riyatida kuzatish mumkin.

Ozod Sharafiddinov nazaridan, adabiyotda yilt etgan hodisa-da, chetda qolmas edi. Ayniqsa, adabiy tanqidchilik bobida aytilgan fikrlar bugungi tanqid uchun nihoyatda muhimdir. Nozikta’b adabiyotshunos Ibrohim Gʻafurov oʻrinli ta’kidlaganidek, «Ozod Sharafiddinov – tugʻma tanqidchi edi». Ozod Sharafiddinovning tanqidchilik kasbi haqidagi maqolasi 1976 yilda yozilgan. Vaholanki, maqola bugungi kunda ham tanqidchi boʻlaman, degan ijodkor uchun ma’lum darajada dastur vazifasini oʻtaydi. Tanqidchi qanday boʻlishi kerak, degan savolga munaqqid shunday javob beradi: «Tanqidchi boʻlishni istagan odam adabiyotni butun vujudi bilan sevishi, unga sidqidildan fidoyilik bilan xizmat qilishi lozim. Chinakam soʻz san’ati tanqidchi uchun olamdagi eng muqaddas, eng qutlugʻ narsa boʻlmogʻi darkor! ...Tanqidchining adabiyotga muhabbati uning adabiyot yutuqlaridan quvona bilishida, adabiyot uchun iftixor tuygʻusida, uning qusurlaridan iztirobida, adabiy asarga ehtiromli munosabatida, san’atkorga nisbatan ichki izzat-ikromida namoyon boʻladi...» Ozod Sharafiddinov tanqidchi uchun nihoyatda zarur boʻlgan uch element – estetik tuygʻu, fikrlash qobiliyati, soʻz san’atiga nisbatan ehtirosni alohida ta’kidlab, bularsiz tanqidchi talanti tarbiya topmasligini asoslab beradi.

Ozod Sharafiddinov munaqqidlik faoliyati davomida haqli ravishda qahramonga aylandi. Nafaqat ijodi bilan, balki amaliy faoliyati bilan ham. Adabiy hayotimizning biror nuqtasida yilt etgan iste’dod boʻlsa Ozod Sharafiddinovning nazaridan chetda qolmadi. Buni bugungi kunda tanqidchiligimiz qiyofasini belgilab berayotgan – Umarali Normatov, Ibrohim Gʻafurov, Ibrohim Haqqulov, Dilmurod Quronov, Ahmad Otaboev, Bahodir Karim, Rahmon Qoʻchqor kabi tanqidchilar haqidagi fikrlari tasdiqlab turibdi.

Ozod Sharafiddinov «Adabiy tanqid va yangi tafakkur» maqolasida musta­qillikning adabiy tanqidga bergan imkoniyatlaridan toʻlqinlanib soʻz yuritadi: «Mustaqillik adabiyot kabi adabiy tanqidda ham eski qoliplar va iskanjalarni uloqtirib tashlab, erkin ijod qilishga imkon yaratdi».

Hozirgi adabiy jarayonda modernizm, absurd adabiyoti bilan bogʻliq bahslar davom etmoqda. Bu haqda Ozod Sharafiddinovning «Modernizm – joʻn hodisa emas...» maqolasini alohida ta’kidlash joiz. Ayrim adabiyotshunoslarning mazkur masalaga biryoqlama munosabat bildirganini e’tiborga olsak, Ozod Sharafiddinovning bu muammoga xolisona yondashganini maqola sarlavhasidan-da anglaymiz. Munaqqid nazarida adabiyotdagi barcha oqim va yoʻnalishlar yashashga haqli. Qachonki, u oʻzining adabiyot oldidagi, jamiyat va xalq oldidagi vazifasini unutmasa. Har bir davrning oʻz modern ijodkorlari boʻladi. Masalan, Choʻlpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Oybek ham oʻz davri uchun modern ijodkorlar boʻlishgani ma’lum. Hozirgi milliy adabiyotimizda tobora nash’u namo topib borayotgan modern adabiyotining kelajagiga katta umid bogʻlagan munaqqid suhbatni: «Yashasin erkinlik, yoʻqolsin qoliplar», deb xulosalaydi.

«Ijodni anglash baxti» kitobida Ozod Sharafiddinovning ustozlari – Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Said Ahmad haqidagi etyudlari kitobxonlar uchun qimmatli ma’lumotlar beradi. Eng muhimi, ulugʻ adiblar hayoti va ijodining oʻquvchiga noma’lum boʻlgan jihatlari yorqin, yumorga boy, obrazli tilda ifoda etiladi.

Yuqoridagi mulohazalardan chiqadigan xulosa shuki, Ozod Sharafiddinovning hayot va ijod yoʻli, nafaqat, adabiyot ostonasiga qadam qoʻyayotgan har bir ijodkor uchun, balki, har bir insonning ma’naviy kamoloti uchun ibratli yoʻl hisoblanishi, shubhasiz.