OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNormurod Norqobilov
Asar nomiAyriliq quvonchi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Normurod Norqobilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm19KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ayriliq quvonchi (hikoya)
Normurod Norqobilov

Bola doʻngda bobosi Norboy cholni kun qaytgandan beri kutadi. Choldan esa hanuz darak yoʻq.

Bola bundan siqilsa-da, lekin ajablanmaydi. Ora-sira qishloq tomonga koʻz tashlab, Bozor togʻam qoʻymayotgan chiqar, deb oʻylaydi. Nega deganda, Bozor togʻasi jahldor odam, cholning doʻngda qoʻnqayib, qotgan non shimib oʻtirishini yoqtirmaydi. Kishilar oldida nomusga oʻldirayapsiz meni, deydi. Uning gapida jon bor, qishloq ahli boʻlak mavzu qurib qolganday, keyingi paytda nuqul cholning gʻiybatini qiladigan boʻlishgan.
— Norboy chol oʻlibdi, kuni qotgan nonga qolibdi.
— Nonni oʻgʻli, kelinidan bekitib yerkan.
— Aytdim-a, buncha ozib-toʻzib ketdi deb. Boquvning mazasi yoʻq ekan-da?
— Qariganingdan keyin shu-da, nafas olishing ham birovga malol kelib qoladi.
— Kampir oʻldiyu choldan putur ketdi.
— Unga qiyin, tengqurlari yoʻq, boyoʻgʻliday boʻzrayib bir oʻzi qoldi.
— Oʻlsa, izidan izillab yigʻlagandan koʻra, hozir duosini olib qolish kerak cholning.
— Bu gapingni borib Bozorga ayt.
— Aytaman, kerak boʻlsa, qizigayam aytaman.

Cholning esa bu xil past-baland gaplar bilan ishi yoʻq. Kunning tafti sal pasayishi bilan hassasini doʻqillatib, qishloq biqinidagi doʻnglikka chiqib keladi. Yerga choʻkib, ogʻir uh tortarkan, oʻzicha gʻudranib qoʻyadi: «Voy jonimi-iy, tozayam siqilib ketdim-a uyda». Soʻng hassasini tizzalari orasiga olib, oshiqmay qoʻyniga qoʻl yuboradi. Timirskilanib, choʻntagidan nimadir qidiradi. Chetdan kuzatgan odamga nosqovogʻini izlayotganday tuyulishi mumkin. Yoʻq, cholning qoʻlida nosqovoq emas, hamisha suvi qochgan bir boʻlak non boʻladi. U nonni ogʻziga olib borishdan avval obdon oʻngu tersiga razm soladi, puf-puflab gardu gurddan tozalagan boʻladi, soʻng tishsiz milklari orasiga olib, koʻzlarini yarim yumgancha, tamshanib-tamshanib shimishga tushadi. Namlangan non uvoqlarini yamlamay yutadi. Qavatida tizzalarini quchib oʻtirgan bolaga gohida shunday deb qoʻyadi.
— Qotgan non yurakning selini oladi, ulim.

Chol yemak bilan andarmondek koʻrinsa-da, aslida ikki koʻzi kunbotishga choʻzilgan toshyoʻlda boʻladi. Yoʻlda biror qorani ilgʻashi bilan non shimishdan toʻxtab, sergak tortadi.
— Qara-chi, anavu kelayotgan Muso togʻang emasmi?

Muso — cholning ikkinchi oʻgʻli.

U uzoq shaharda turishiga qaramay, cholni koʻrgani tez-tez qishloqqa kelib turadi. Enasining oʻlimidan soʻng cholni shaharga olib ketmoqqa koʻp urinib koʻrdi. Biroq Norboy chol deganlari halimdek yumshoq, musichadek beozor koʻringani bilan oʻziga yetgancha qaysar — ketishga unamadi. Shuning uchun Muso avvalgidan koʻra serqatnov, gohida oʻzidek kamsuqum, xushroʻygina ayoli bilan keladi. Har qishloqqa kelganida cholni oʻzi yuvintirib, oʻzi kiyintirib ketadi. Ogʻziga tansiq yemaklar tutadi. Bolaning nazarida, chol koʻrinishiyoq odamning ishtahasini qoʻzgʻaydigan shirin taomlarga nisbatan qotgan nonni afzal koʻradiganday. U lablarini choʻlpillatib, qotgan non boʻlagini shu qadar uzoq, shu qadar huzur qilib shimiydiki, zerikkanidan bolaning yuragi tars yorilay deydi. Ba’zida doʻnglikka toʻrsillab-gursillab Bozor togʻasi chiqib keladi.
— Ota, nima oʻtirish bu, a?! — deydi achchiqlanib. — Koʻrgan koʻz nima deydi? Qishloqda bosh koʻtarib yurolmay qoldik-ku! Turing, uyga boring!
— Yoʻq, — deydi chol sarkash ohangda. — Ukangni kutayapman.
— Kechagina kelib ketdi-ku, — Bozor uning egnidagi ohorli libosiga ishora qiladi. — Kecha sizni oʻzi yuvintirib-kiyintirib, fason qip ketdi-ku. Nima, darrov esingizdan chiqdimi?

Kechagi kunni chol unutgan, buguni bilan yashaydi. Shuning uchun boshida gʻoʻddayib turgan oʻgʻlining gap-soʻzlariga ortiq e’tibor bermaydi. Ufqqa sanchilgan toshyoʻlga ilhaq termulib oʻtiraveradi. Faqat non shimimoqdan oʻzini tiyadi, xuddi qoʻlidagini birov tortib olib qoʻyadiganday, yemakni kaftlari orasiga yashiradi. Togʻasining dagʻdagʻasi cholga ta’sir qilmasligini yaxshi bilgan bola uning tezroq ketishini istaydi. Togʻasining qorasi oʻchishi bilan u bobosiga suykalib, egnidagi ohorli libosini toʻyib-toʻyib hidlaydi. Chol qotgan nonni suyganday, u yangi gazmol hidiga oʻch. Biroq ikki-uch kundan soʻng bola sevgan hiddan asar ham qolmaydi. Cholning kiyimlari uniqib, undan ter isi anqiy boshlaydi. Bu holdan Muso togʻasining qattiq aziyat chekishidan boxabar bolaning yuragiga tashvish oralaydi. Cholni aldab-suldab naridagi pastak qir yoqalab oʻtgan Toshlisoyga olib tushadi. Uni quyosh taftida qizigan toshlardan biriga oʻtqizib qoʻyib, egnidagi jiydasi-yu yaktagini sidirib oladi. Quyosh nuri cholning keksaygan suyagiga xush yoqqandek, uning bu harakatlariga koʻpda monelik qilmaydi. Qitigʻi kelganday qih-qihlab kulib qoʻyadi, xolos. Bola ter hidi oʻtirib qolgan kiyimlarni oʻta uquvsizlarcha yuvarkan, oʻziga kalakaomuz iljayib qarab turgan cholga koʻz qirini tashlab, beixtiyor uning tezroq oʻlishini istaydi. Kiri malol kelganidan emas, koʻhnargan buyumdek yaqinlarining e’tiboridan mosuvo boʻlganidan oʻkinib, shu xayolga boradi va soʻng bu oʻyidan oʻzi qoʻrqib ketadi. Unga ortiq qaramaslikka tirishadi. Chol esa terisi halviragan oq badanini qoqsuyak barmoqlari bilan qashlab, silab-siypalab yana qih-qihlaydi. Epsizlarcha kir yuvayotgan bolaning harakatlarini masxaralab kulishda davom etarkan, deydi:
— Bu ishing boʻmadi. Undan koʻra meni biror jar-parga olibor-da, itarib yubor.

Bola qovoq osib, toʻngʻillaydi.
— Yoʻq, hech qachon!
— Mendan enang bezor, togʻang bezor, hamma bezor, nima qilasan kirimni yuvib. Biratoʻla qutulib qoʻya qolasan deyman-da.
— Muso togʻam sizni yaxshi koʻradi.
— Sen-chi?
— Yomon koʻraman.
— E, nechun? — chol battar qih-qihlaydi.
— Jardan itarib yubor deganingiz uchun.
— Itarib yubormaysanmi?
— Yoʻq!
— Itarib yuboraqol, — chol bu safar ermaklab emas, erkalanib kuladi.
— Yoʻq dedim-ku sizga! — bola chinqirib yuboradi.
— Oʻzimning ulimdan-da!
— Men sizga ul boʻlmayman endi, — bola tumshayib toshlardan biriga choʻkadi. — Kiringizniyam yuvmayman.
— Eya, nimaga endi? — chol ajablangan boʻladi.
— Oʻsha... Oʻsha gapingiz uchun, — bola beixtiyor qoʻlidagi kirni eza boshlaydi. — Muso togʻam kelsin, barini aytib beraman.
— Muso togʻang qiynalib ketdi-da, ulim, — chol jiddiy tortib, badanini siypalashdan toʻxtaydi. — Bola bechora meni deb hamma bilan qirqpichoq boʻlayapti. Uzilishib ketmasin deb qoʻrqaman.

Bola nima deyarini bilmay boshini egadi. Muso togʻasini tinimsiz qaqshatadigan Bozor togʻasini-yu enasini yomon koʻrib ketadi. Ularni qoʻlidagi suvi silqib turgan kir yaktak oʻrnida tasavvur etib, obdon ezgʻilagisi, qoqib-suqib, eslarini kiritib qoʻygisi keladi. Keyin bu ish qoʻlidan kelmasligini anglaganday, cholga gunohkorona jovdirab qaraydi. Chol esa endi uni unutgan, toshlar oralab oqayotgan suvga xayolchan termulib qolgan, goʻyo umrning oʻtkinchiligini, oqar suvday tezobligini endi fahmlab yetganday, mahzun xayolga botgan boʻladi. U aka-ukalar jiqqillashgan kezlari ham mana shu tarzda xayolga choʻmadi. Lablari chetida esa ermaklovchi bir tabassum qanot qoqay-qoqay deb turadi. Biroq bu tabassumni boladan oʻzga hech kim payqamaydi. Negaki, bu paytda Bozor togʻasi payqaydigan ahvolda boʻlmaydi: «Ota faqat menga kerakmi, a? — deya baqiradi qoʻllarini paxsa qilib. — Ana, qiziyam qarasin, yasanib-tusanib, toʻyma-toʻy yurguncha! Axir bir yangang qay biriga boʻsin, roʻzgʻorga qarasinmi, yo... Qiynalib ketdi-ku u shoʻrlik!» Muso togʻasi enasiga roʻparoʻ kelganida, uning zardasi Bozor togʻasinikidan oshsa oshadiki, kam boʻlmaydi: «Otam bechoraning nafaqasi yaxshi-yu, oʻzi yomon boʻp qoldimi, — deydi qalin qoshlarini chimirib. — Qarasin, beliga tosh tegmagan oʻsha Oysanam semiz...» Enasi soʻzga chechan ayol, gap deganlarini tandir boshidagi oʻtinday qalashtirib tashlaydi. Shunda Muso togʻasining boshiga kutilmaganda bir ogʻriq kiradi, har holda bolaga shunday tuyuladi. U bu ogʻriqqa chidayolmay, boshini changallagancha u yon-bu yon tebranadi. Ingrashadi, ingrashgandayam yomon ingrashadi, soʻngra bu adadsiz dardga chidamoqqa bardoshi yetmagandek, toʻyqusdan qoʻllarini koʻkka koʻtargancha, alamli hayqirib yuboradi:
— Jaholat! Oh-h, qanchalik jaholat!

Bola bu soʻzning ma’nosi neligini anglayolmasa-da, tusi va sovuqligini butun vujudi bilan his etadi. Nazarida, soʻzga jamlangan harflar togʻasining koʻkka yoyilgan barmoqlari orasidan sitilib, sochilib, qishloq uzra mahobatli qoramtir qoya yangligʻ qad rostlagandek tuyuladi. Harflar shaklidagi bu dahshatli qoyalar halizamon naq ustiga qulaydigandek, u nozik yelkalarini qisib, koʻzlarini chirt yumib oladi. Quloqlari esa odatdagidan tashqari ding — qudratli bir toʻfonni kutadi. Biroq toʻfon oʻrniga dardchil bir nidoni eshitadi. Ajabsinib koʻzlarini ochadi va koʻradiki, hozirgina hovlini boshiga koʻtarib hayqirgan Muso togʻasining boyagi vajohatidan asar ham yoʻq — tuzalmas bemor qoshida nochor qolgan odamdek, shalvirabgina turibdi. Keyingi harakati esa bundan-da battar aftodahollik kasb etadi. Ezilgan, ezilib ketgan bir ahvolda asta choʻntagiga qoʻl yuborib deydi: «oʻsha zormandani men beray sizga, opa...»

Opa boʻlmish, kerakmas, deb toʻngʻillasa-da, pulni oladi. Bu qiligʻini yoʻq yerdagi bahonalar bilan haspoʻshlashga urinadi. Muso uni eshitmaydi, boshini ekkancha darvoza tomon yuradi. Qarshisida pochchasi Yomonqul paydo boʻladi. U qaynisi bilan iliq-issiq koʻrishadi. Siz hech alagʻda boʻlmang, bu ishni oʻzim nazoratga olaman, deydi. Muso sodda, mehri tovlanib pochchasining yelkasidan quchadi. Bu gʻidi-bidilarning bir chetida aslida pochchasi turganini xayoliga ham keltirmaydi.

Yomonqul tabiatan pismiq odam. Oʻtgan yili koʻklamda qaynogʻasi Bozordan kaltak yeganidan beri ayolining urugʻiga zimdan adovat saqlab keladi. Oqshom koʻpchigan xamirday boʻlib, supada yonboshlab yotarkan, sekingina pisillaydi.
— Shu... odamlarda hech insof qolmayapti-da, nafaqani akang olsa-yu, boboyga sen qarasang, bir tovuqqa ham suv, ham don kerak deganday... odamlar yomon boʻp ketdi, — Yomonqul bu gaplarni shunchaki aytganday boʻladi. Aytgandayam tepasidagi ishkomga tikilib aytadi. Soʻng qoʻshib qoʻyadi: — Shu-u bu yil uzumning sal choʻgʻi pastroqmi deyman, xotin?

Ayolni esa uzumning choʻgʻi emas, shuningdek, cholning nafaqa pulini qurtdek sanab olayotgan akasining qilmishlariyam emas, yaqinda yigʻinda togʻorasiga arzimagan mato qoʻyib qaytargan yangasi Oysanam semizning qiligʻi koʻproq qiziqtiradi, ya’ni erining gapi hali eskirib ulgurmagan alamini qayta yodiga tushiradi.

Yomonqul esa endi goʻng, uzumu ishkomniyam unutgan, chakagi ochilgan ayolining gaplarini eshitmaydi — goʻyo pinakka ketgan. Ayoli yangasi Oysanam semizning ustiga bearmon magʻzava agʻdarishda davom etarkan, orada boʻy bermas, qaysar cholniyam yanib oʻtadi: Koʻchibgina kela qolsa, oʻshalarga zor qip qoʻymasdim. Oʻzim qarardim, oq yuvib-oq tarardim! Yoʻq, kelishni xayoliga keltirmaydi. Xuddi qizining uyidan ilon chiqqanday, bir piyola choyimni zoʻrgʻa ichib, hadaha ulinikiga qochishga tushadi. Ana, Mamarayim qiyshiq ulinikida emas, qizinikida turibdi-ku. Odamlar gap qilsa qilibdi-da, nima, biror yeri kamayib qolarmidi. Binoyidek yashab yuribdi qizinikida, nevaralariga qarabgina. Bu kishim esa biznikida turishdan or qilarmish, qizining tizza boʻyi yogʻliqqina oshidan ulining shildir shoʻrvasi afzal emish. Tavba, goʻrga kiray deb turgan odamning noz qilishiga balo bormi!»

Yomonqul ayolining shangʻillashidan uygʻonib ketgan boʻladi. Anqovsiraydi va koʻzlarini pirpiratib, sekingina yana olovga kerosin sepadi: «Ha-a, mehribonlikda senga teng keladigani yoʻq, topganingni otangning ogʻziga tutasan.» Ayol jigarlaridan yegan katta-kichik alamlarini esga olib, battar sannashda davom etadi. Yomonqul yoʻliga uni insofga chaqirgan boʻladi. Ammo ayoli endi osonlikcha tinchimaydi — Oʻzi yonib, oʻzi oʻchmaguncha hovuridan tushmaydi.

Bu xil holat koʻproq qishloqqa Sodiq pochtachi oralagan kuni roʻy beradi. U tarqatgan nafaqa puli Yomonqulga negadir koʻp koʻrinadi. Ayniqsa, bu pulni qaynogʻasi Bozorning qoʻlida koʻrsa, ichi oʻz-oʻzidan yonib ketaveradi.

Chol esa bu kabi ahmoqona gʻidi-bidilarga hamisha beparvo, nimtabassum-la qotgan nonini shimib oʻtiraveradi.

Bola doʻngda cholni kutib zerikdi.

Bir oʻyi, nima gapligini bilish uchun togʻasining uyiga bormoqni xayol qildi. Biroq enasi bilan urushigʻli yangasining sovuq qarashlarini koʻz oldiga keltirib, bu niyatidan qaytdi. Kerishgancha qishloqqa ilhaq tikildi. Bozor togʻasining hovlisi quyuq daraxtzor ortida, doʻngdan koʻzga tashlanmaydi. Xuddi shu payt daraxtzorga tutash koʻchada togʻasining mahmadona qizlaridan biri paydo boʻldi. U it quvlagandek yugurib kelardi. Koʻcha yuzidagi tovuqlarni hurkitib, «Qoʻngʻiroqcha» laqabli ushoq, oppoq kuchukchani akillatgancha, besh uy beridagi kattakon yashil darvozaga yetadi. Uni kuch bilan taqillatadi. Hamisha qiyin ochiladigan darvoza nolakor gʻiyqillab avval qiya, soʻng kengroq ochilib, uning qarshisida ammasining tajangtob qiyofasi namoyon boʻladi. Amma uyidagilar ta’siri tufayli keyingi vaqtda salomniyam yigʻishtirib qoʻygan jiyaniga hayron tikilarkan, lahzaning yuzdan bir ulushida xayolidan oʻtgani shu boʻladi. Shu qiz tugʻilganida amma sifatida qanchalik quvonmagandi u. Tuygʻulari marvarid yangligʻ goʻzal va serjilo edi. Ajab, bu tuygʻular ustiga qachon gard oʻtira qoldi ekan? Gohida u oʻsha yoqimsiz gardni yengil bir himo bilan sidirib tashlab, qalbining qay bir burchiga yashiringan serjilo tuygʻular yogʻdusidan bahra olgisi keladi. Biroq yuragiga qoʻrgʻoshinday quyilgan adovat bunga monelik qiladi. Hozir ham u adovatni oʻziga esh va qadrdon bilib, jiyaniga oʻqrayib qaraydi. Darvozani ilkis qoqib, choʻchitib yuborgani uchun nordon soʻzlar bilan siylamoqni oʻylaydi. Biroq halizamon uylarida yuz berishi ehtimoli boʻlgan musibatdan gangib qolgan qiz uning qovoq-tumshugʻiga qarab oʻtiradigan ahvolda emasdi. Ammasini koʻrishi bilan mijjalariga qalqigan koʻz yoshlarini tiyib-tiymay, «Bobom... tezroq yuring...», degancha iziga buriladi. Qizning yanoqlariga dumalagan koʻzyoshlari ayolning yuragidagi adovatni yuvib, qisqa muddatga boʻlsa-da, qon-qarindoshlik tuygʻusini qayta uygʻotadi. U oxir-oqibati yoʻqlik ermish bu bevafo dunyoda jigarlari bilan nimani talashib-tortishganini eslayolmayotganday, eslagan taqdirdayam maqsad va mohiyatini toʻla anglashga qurbi yetmayotganday bir muddat serrayib turarkan, agar narida tovuqlarni hurkitib, kuchukchani akillatib chopqillab ketayotgan jiyaniga yetishmasa, gʻamdan adoyib-tamom boʻladigandek, uning ortidan yugura ketadi.

Doʻngda oʻtirgan bolaga enasining avval yoʻrgʻalab, soʻng loʻkillab chopishi qiziq tuyuladi. Uning bu qadar hovliqishidan yuragi nimadir sezganday boʻladi. Va beixtiyor bobosining kechagi gaplarini eslaydi.
— Momong chaqirib qoʻymayapti, ulim, — degandi chol. — Musodan esa darak yoʻq.
— Yaqinda kep ketdi-ku, bovojon.
— Musoga tez xabar beringlar, — chol yoʻlga mahzun tikiladi. — Otangning safari qaribdi denglar.

Chol yoʻldan koʻz uzmagan koʻyi, qoʻlidagi non boʻlagini ogʻziga olib boradi. Tamshanib, shima boshlaydi. Ivigan non ushoqlari soqoliga ilashadi, yerga sochiladi. Uni zimdan kuzatib oʻtirgan bolaning esa yigʻlagisi keladi. Men hech qachon bovo boʻlmayman, bovo boʻlish juda yomon ekan, deb oʻylaydi.

Xayolini cholning jonsarak ovozi boʻladi.
— Anovu kelayotgan Muso togʻang emasmi?
— Yoʻq, Qalandar amaki, — deydi bola va har doimgidek izoh beradi. — Muso togʻam piyoda emas, moshinda keladi. Oʻzining moshini bor-ku.
— E-e, Qoʻzivoyning ulimi? — chol har galgidek mashina haqidagi gapga e’tibor bermaydi. — Uning bizga uzoq qarindoshligi bor. Koʻrishganingda salomingni ayama. Bular oʻzi urugʻi bilan durust odamlar. Otangga oʻxshab pismiq emas.

Bu gapdan bolaning qovogʻi osildi. Lekin indamaydi.

Kechayam u, odatdagidek, cholni togʻasining darvozasigacha kuzatib borgan. Ichkariga kirishga yangasidan hayiqqan. Oʻzi choʻchiydigan xonadonda bobosini yolgʻiz qoldirib ketganidan ichi achib, enasiga yalingan.
— Ena, bobomni uyga olib kelaylik.
— Yoʻq, bizning uydan ilon chiqqan, chayon chiqqan, kelmaydi bobong, — degan enasi bobillab.

Otasiga aytishdan foyda yoʻq. Bu toʻgʻrida gap ochilishi bilan negadir u hali bogʻdan, hali togʻdan kela boshlaydi va juda boʻlmasa, bolani biror yumushga buyuradi.
— Koʻp bidillamay, bor, mollarga qara!

Bu safar bola hech narsani oʻylab oʻtirmadi. Enasi gavdasiga mos boʻlmagan loʻkillashda daraxtlar ortida koʻzdan gʻoyib boʻlishi bilan oyogʻini qoʻliga oldi. Qoqilib-suqilib chopdi. Bovom oʻlib qolgan boʻlsa-ya, degan hadikda yigʻlamsirab chopdi.

Lang ochiq darvozadan uchib kirdi.

Hovli suv quygandek jim-jit edi.

U hovli etagidagi hujra tomon oshiqdi. Ostonaga qoqilib, munkib ketarkan, toʻrda choʻzilib yotgan cholga-yu, uni tevaraklab oʻtirgan xeshlariga koʻzi tushib, baqirib yubordi.
— Bovojon!
— Muso! — chol shovqinni eshitib ingrandi. — Keldingmi, bolam!?
— Xabar berdik, hademay yetib keladi, — dedi Bozor togʻasi gʻoʻldirab.
— Muso! — cholning ovozi bu gal juda zaif chiqdi. — Muso-o!

Cholning boshiga borishiga bolani qoʻymadilar. Qoʻrqasan, mumkin emas, deb haydab soldilar.

Ertasi tong-azonda qishloq sukunatini yigʻi ovozi buzdi.

Bola yuzini chala-chulpa yuva solib, togʻasinikiga oshiqdi.

U gangib, supada toʻp boʻlib yigʻlayotgan xeshlari safiga borib qoʻshilganini sezmay qoldi. Kimdir sekin shipshidi.
— Izillab yigʻla! Ovozing boricha yigʻla!
— Emasam, odamlar uyat qiladi, — dedi boshqa biri. — Axir bovongni yaxshi koʻrarding-ku. Qani, bir bovomla-chi!

Cholning xesh-aqrobalari-yu nevaralari juda koʻpligi oʻsha kuni bilindi. Tayoq tutganlar serobligidan supada joy yetishmaydi. Qisqasi, keng hovlining deyarli chorak qismini tayoq tutganlar egalladi. Biroq ular orasida faqat ikki kishigina chinakamiga yosh toʻkardi. Biri — Muso, ikkinchisi esa, bola. Ammo u Muso togʻasi kabi ayriliqdan emas, quvonchdan yigʻlardi. Mana endi bovosini hech kim jerkimaydi, siltalamaydi, uyatga qoldiryapsiz, deb qoʻlidagi burda nonini tortib olmaydi.

Bola ezilib-ezilib, quvonib-quvonib yigʻlardi. Aytib-aytib, ichida esa kimlarnidir yanib-yanib yigʻlardi.

Deraza raxida esa kecha cholning qoʻlidan tortib olingan non boʻlagi yotardi. Allaqachon unga ega chiqqan chumolilar bandalarning bu yolgʻon uvvoslari bilan ishlari yoʻq, non uvoqlarini bir jonu bir tan boʻlib, imi-jimida oʻz inlariga tashirdi.