OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNormurod Norqobilov
Asar nomiBoʻron qopgan kun (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Normurod Norqobilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm17KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Boʻron qopgan kun (hikoya)
Normurod Norqobilov

Kelinining alomat fe’li bor — hushi toblagan kunlari, he yoʻq-be yoʻq, birdan tushlik koʻtarib kelib qoladi. Soʻng esa, shu gapni iddao yoʻsinida takror etadi: «Ikkitagina somsaga qorningiz toʻyadi. Shu issiqda ovora boʻlishim shartmidi». Qaynonasi Eshqulning somsasidan yemasligini yaxshi biladi. Bilgani bois, bu gapni ta’kidlashni xush koʻradi.

Sanam xola esa kelinining gʻamxoʻrligidan quvonmaganidek, gapidan ham ranjimaydi. Bu vaqtda uning koʻzi naridagi doʻkonlarda, aniqrogʻi, erkaklarda boʻladi.

U doʻkonda, qator osilgan goʻsht nimtalari ortida gumbazday boʻlib oʻtirgan Bahrom qassobga, manglayi tirishib tandir kovlayotgan Eshqul somsapazga, kir-chir stolni tevaraklab, qarta oʻynashayotgan boshqalarga bir-bir boqarkan, soʻngra asta deydi:
— Hammaning koʻzini oʻynatib, kelishing shartmidi...

Kutubxona peshayvoniga qoʻyilgan uzun yogʻoch oʻrindiqqa omonatgina choʻkkan kelini issiqdan nolirkan, beparvo ohangda toʻngʻillaydi:
— Qaramay, koʻzlari teshilsin! Nima, ularni deb endi koʻchadayam yurolmaymizmi?

Kelinining bu gapidan ogʻirsinib, unga boshdan-oyoq koʻz tashlaydi. Juvonning boʻliq qomati gʻashini keltirayotganini his etib, tagʻin erkaklarga yuzlanadi. Yana oʻsha hol — u qarashi bilan Bahrom qassob koʻzlarini olib qochadi, Eshqul somsapaz, qoʻlida uzun temir koʻsov, qirlarni tomosha qilayotgan boʻladi. Negadir ular bu xoksorgina ayoldan iymanishadi. Biroq bu iymanish zamirida nimadir yotganini ayol yaxshi anglaydi. E’tibor bermaydi. Yakkash kelini koʻtarib kelgan tugunni ichkariga olib kirmoqni oʻylaydi.

Kutubxona ichi peshayvondan koʻra salqinroq, qaynoq garmsel epkinidan xoli. U, odatda, kitoblar terilgan javonlar orasiga bir amallab joylashtirilgan stolda tushlik qiladi. Yilning sovuq fasllarini ham shu xonada oʻtkazadi. Kunlar sal ilishi bilan esa, peshayvonga chiqadi. Uzun oʻrindiqning bir chekkasiga toʻshamcha tashlab, kunini eskirgan kitoblarni yelimlashu mutolaa bilan oʻtkazadi.

Ajib fe’li bor — ishga vaqtida kelib, vaqtida ketadi.

Oʻrindiqni esa tushdagina bir zum tark etadi. Biroq kelini tushlik koʻtarib kelgan kunlari bu yumush unga oʻlimdan qiyin tuyuladi. Qani endi, quloqlari tom bitsa-yu, tashqi shovurni eshitmasa. Ammo, aksiga olgandek, qaynoq epkin qanotiga ilashgan oʻsha xunukdan xunuk ishorali sas, u ostona hatlamayoq izidan quvib yetadi. Qulogʻiga tirmashib, miyasiga oʻqdek qadaladi. Shunda ayolning shuuri koʻzga aylanib, tashqaridagi holatni aniq koʻra boshlaydi: ana kelini yoʻgʻon qoʻymichini lorsillatib, asta ketib bormoqda. Bahrom qassobning boʻgʻzidan koʻchgan xunuk ishorali sasdan, ya’ni ma’nodor tomoq qirishidan sergak tortgan boshqa erkaklar juvonga yeb qoʻygudek tikilishgan. Har biri xayolan uni...

Sirasini aytganda, kelinigina emas, oʻtgan-qaytgan barcha qizu juvonlar kunda shu xil «koʻrik»dan oʻtmoqqa majbur. Boz ustiga, narida bekat. Oʻtkinchilarning keti uzilmaydi.

Aslida esa, hammasi mana shu bekatdan boshlangan. Qir oralab kelib, qishloq yoqalab oʻtadigan katta yoʻl boʻyida bekat qurildiyu, ilgari bu sayhonlikda yolgʻiz boʻlgan kutubxona qatoriga Bahrom qassobning doʻkoni tushdi. Bir emas, ikkita. Birida oʻzi, ikkinchisida ukasi Abray qiltiriq oʻtiradi. Akasining gʻirt aksi boʻlgan bu bandaning ayollar bilan sira ishi yoʻq. Kunda-shunda ulfatlar uzatgan bir piyola, yarim piyola ichimlikni liqqa yutadi-da, manglayi terlab, mudrab oʻtiraveradi. Soʻng esa, Eshqul somsapaz keldi. Toʻrt-besh xodadan yemakxona qurib, tandir oʻrnatdi. Bekatga har avtobus kelib toʻxtaganda, qichqirib qoʻyadi: «Qaynogʻidan bor, kep qoling!» Ba’zan esa somsadan boʻshagan togʻorasini childirma qilib, chiyildoq ovozda maqtanib qoʻyadi: «Kasbimdan oʻrgilay, bizdi narsa koʻchadayam pul boʻlaveradi».

U bu gapni aytarkan, har safar Sanam xola tomonga koʻz tashlab qoʻyishni kanda qilmaydi. Nega deganda, allaqanday kitobxonlarni poylab kunini kech qiladigan ayolni hech tushunolmaydi. Oʻzicha unga achingan boʻladi. Bahrom qassob esa, ayol qolib, kitobxonlarga achinadi. Qorin toʻygʻizmaydigan bu zormandaga namuncha oʻch boʻlishmasa bular. Eshqul somsapazdan farqli oʻlaroq, u kutubxonani doʻkonga aylantirishni oʻylaydi. Peshayvonli kattagina bino... Shu bahonada ayolning qarashlaridan ham qutulishgan boʻlardi. U borida juvonlarga tikilish qiyin.

Azbaroyi mahliyo boʻlganidan, gohida Bahrom qassob yomon qovun tushirib qoʻyadi, ya’ni ichkaridan qaytib chiqqan Sanam xolani sezmay qoladi. Ayol zina bosib pastga tushadi. Odatdagi ogʻriqni sezmaydi. Bir oy muqaddam uni it talagan boʻlib, zinadan tushib-chiqishda, oʻng tizzasidagi jarohat izi simillab azob berardi. Bu gal buni sezmaydi. Oshiqmay borib, qassobga tiklanadi. Bahrom qassob goʻyo uni endi koʻrayotgandek, beoʻxshov iljayadi: «Etdan tortaymi, xola?» Sanam xola indamaydi. Indamagani sayin Bahrom qassob battar taraddudlanadi. Ayol uning jundor koʻksiga, yoʻgʻon bilaklariga, goʻshtdor aftiga bir-bir razm solarkan, koʻzlarida ma’no yoʻqligidan ajablanadi. Buni yaxshi bilsa-da, negadir har gal taajjublanaveradi.

U qassobni nigohi bilan «nimta»lab, nari oʻtadi. Yemakxonaga yetib-etmay toʻxtaydi. Koʻzlari Eshqul somsapazni gangitib, stol tevaragida oʻtirganlarda qoʻnim topadi. Nechundir faqat tuk bosgan ensalaru yagʻir yoqalarnigina koʻradi. Oʻtirganlar qiyofasini ilgʻamaydi, toʻgʻrirogʻi, ilgʻayolmaydi. Shunda olam kir, tiriklik chirkin tuyuladi. Najot istab, ufqqa koʻz tashlaydi. Ufq tuproq rangida, osmon ham shu tusda. Qaynoq garmsel borliqni toʻzonga burkamoqchidek, oʻqtin-oʻqtin quturadi. Oqibat, kishilik qiyofasi changga belanganu, ularda mana shu tuk bosgan ensalaru yagʻir yoqalargina qolgandek goʻyo. Bundan uning yuragi battar siqiladi va beixtiyor tiliga shu gaplar koʻchadi: «Xudoyimi-iy, bularni yaratib nima qilarding, a?!» Dardli bu sasni hamma, hatto naridagi Eshqul somsapaz ham eshitadi. Bunga javoban kimdir barmogʻi uchi bilan chekkasini qashlaydi: «Kitob oʻqiyverib, miyasi suyulib bitgan». Boshqalar buni zimdan tasdiqlaydi. Toʻgʻri-da, fe’li hech ayolnikiga oʻxshamaydi, na qargʻanadi, na urishadi. Ayol degani ichidagini toʻka qolsa ekan, nimadir deb javob aytsang. Bu esa sumrayib joningni oladi.

Sanam xola taassufli qiyofada peshayvonga qaytadi. Qanshariga koʻzoynakni qoʻndirib, qoʻliga sahifalari orasiga soʻligan rayhon novdasi solingan kitobni oladi. Rayhonni qulogʻiga qistirib, tagʻin mutolaaga tutinadi. Biroq harflar chalkashib, miyasi hech narsa oʻqimaydi. Oʻzining kitobga termulib oʻtirishi tevarakdagilarning istehzoli iljayishiga sabab boʻlayotganini ich-ichidan his etib, uzoqdagi mozortepaga ma’yus termulib qoladi. Quloqlar ostida enasining hazin ovozi sirgʻalib oʻtganini sezganday boʻladi: «Otang oʻr edi, qizim...» Sanam xola esa otasini eslayolmaydi. Sargʻayib ketgan kichkina suratini koʻrgan, xolos. Suratdagi odam qaysarga oʻxshamas, qarashlari qat’iyatli, ziyolinamo kishi. Enasining ovozi quloqlarini siypalashda davom etadi: «Otang oʻlganda uch oylik chaqaloq eding. Otangni uying kuygur Berdi oʻpur urib oʻldirgan. Mozorga ikki qop kitob yashirgani uchun qamab olib urishgan. Topib berasan kitoblarni, deyishgan. Otang oʻr edi, qoniga belashsa-da, churq etmagan. Xoʻsh, nima boʻldi. Bekitgan kitoblarining huzurini yer koʻrdi...» Shu orada ovozlar almashinib, shuurida quyidagi soʻzlar jarangi sas beradi: «... kitoblar chiqdi, eski imloda ekan... Qoʻlga olgiligi yoʻq... Barmoq tegishi bilan titilib, toʻkilib ketadi deng. Qoʻrqdim men. Qulqoraning goʻrini boshqa yerdan qazidim. Kitoblarni shundaygina joyiga koʻmib qoʻya qoldim...»

Jamol goʻrkov bu gapni uzoq vaqt gapirib yurdi. Ammo bu kitoblarni kim koʻmganu va qanaqa kitobligi bilan hech kim qiziqmadi. Negaki, xotiralar nihoyatda eskirgan, kitoblar qatori oʻtmish qa’riga allaqachon koʻmib yuborilgan. U faqat Sayqal kampirning yuragida yashab kelardi. Keyin uni qizi Sanamga meros qoldirdi. Sanam xola har gal mozorga termularkan, oʻzi umrida koʻrmagan Berdi oʻpirning goʻriga gʻisht qalamoq istaydi. Biroq bu borada ham u boshqa xotinlarga oʻxshayolmaydi. Andisha qiladi, oʻlib ketgan odamning nimasini yanasan? Enasining ovozida bu safar mamnunlik seziladi: «Oʻpirman deb toza quturib ketgandi. Odil hukumat otib yubordi uni. Sen unda uch yashar eding. Qizamiqdan ana ketdi-mana ketdi boʻlib yotarding. Berdi oʻpir otilibdi degan kuni shu yigʻlabman-shu yigʻlabman, hech aytgiligi yoʻq.»

Sanam xola otasini oʻldirgan kimsaning kelbatini tasavvurida tiklashga urinadi. Avvallari tasavvuri qatidan shopmoʻylov, qoratoʻri kimsa qalqib chiqardi. Soʻng uning oʻrnini Bahrom qassobga oʻxshash qiyofa egallardi. Qassob Berdi oʻpirga nevara. Ayol bu avlodga nisbatan adovat sezmaydi. Bahrom qassobning ayollarga behayolarcha tikilishinigina yomon koʻradi. Ba’zan oʻtmishda yashab oʻtgan ayollar kabi yovqur, shaddod emasligidan oʻkinadi. U munislikning aksi boʻlmish shaddodlikni jinidan yomon koʻradi. Ayolga munislik, erkakka oriyat yarashadi, deb oʻylaydi-yu, ammo goho oʻzining xokisorligidan juda gʻashi keladi. Xayolidagi yovqur ayollardan biriga oʻxshamoq istaydi va beixtiyor oʻzini biydek dashtda, ot ustida tasavvur etadi. Qavatida kim deng, oʻzi kitoblarda koʻp oʻqigan Toʻmarisga oʻxshash bir qiyofani koʻradi. Chaqnoq koʻzlari uzoqlarga tikilgan, qop-qora kokillarini shamol oʻynaydi... Ayol unga tomon talpinadi. Ammo chaqnoq koʻz juvonning oti quyundek uchqur, uni yolgʻiz qoldirib, biydek choʻl chetiga hoshiya tortgan qirmizi rang ufqqa singib ketadi. Ayol alamda qolaveradi. Ba’zida esa ufqqa singgan qora birozdan soʻng ancha burun oʻlib ketgan Oʻgʻiloy momo siymosida qayta namoyon boʻladi. Momo viqorli odimlar bilan tikka bosib kelarkan, unga norozilanib boqadi: «Ayolsan, erkaklarni sal tiyib qoʻysang boʻlmaydimi, lallaymay oʻlgur!» Ayol uning qarshisida oʻzini gunohkor sezadi: «Qanday qilib, momojon?» Biroq savoli javobsiz qolib, xotiralar girdobi uni oʻz domiga tortadi, Oʻgʻiloy momoning ayrim qiliqlarini endi tushunib yetayotganini anglaydi.

Momo darvozasi oldiga oʻrindiq qoʻyib, oʻtgan-ketganlarni kuzatib oʻtiradigan ayrim erkaklarni ayab turmasdi: «Nimasi bu, — derdi, — ayollarning etagini, qizlarning toʻpigʻini tomosha qilib, yo uyingdan ilon chiqqanmi?!» Koʻchada toʻdalashib, soatlab valaqlashib oʻtiradigan ayollarni ham nazaridan qochirmasdi. Hamma undan hayiqardi. Nimasidan hayiqardi? Siri nimada edi uning? Jiddiy bosh qotirilsa, oʻsha sirning tagiga yetish mumkindek edi. Biroq Bahrom qassobning ma’nodor tomoq qirishlari hamisha xayolini boʻladi.

Bahrom qassobning tomoq qirishidan, bekatga kelib toʻxtagan avtobusdan kim va qanaqa ayol tushganini qaramasdanoq ilgʻash mumkin...

Har kuni shu ahvol.

Bugun ham u yonida yelpinib oʻtirgan keliniga bezovta tikilarkan, qoʻlidagi tugunni ichkariga olib kirmoqdan yuragi bezillab turardi.
— Ichkariga yur, salqingina, — dedi oʻzi choʻchib kutayotgan noxush daqiqani imkoni boricha ortga choʻzish umidida.

Kelini, yoʻq, degan ma’noda bosh chayqarkan, ketmoq uchun oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Sanam xola, kutib tur, tugunni qoʻyib chiqay, deyolmadi. Shuningdek, kelinini kuzatib qolishniyam oʻylamadi. Shunchalik soddami u? Sirtdan qaraganda, shunday. Aslida esa, u tugun bahonasida qochardi. Biladiki, peshayvondan turib qanchalik qorovullik qilmasin, kelinini erkaklarning yerosti qarashlaridan asrayolmaydi. Erkaklarning qiligʻidan nomus qilib, qochardi. Eshikka yetmay, Bahrom qassobning boʻgʻzidan koʻchgan xunuk sas ortidan quvib yetadi.

U tugunni stol ustiga qoʻyarkan, bu safar ichkarida koʻp oʻralashmadi. Oshigʻich iziga qaytarkan, tagʻin oʻsha tanish holatni koʻrdi. Maydonda neki erkak zoti borki, barining koʻzi keliniga qadalgandi. Qir bagʻrini yalab esayotgan qaynoq garmsel xuddi oʻchakishganday, juvonning etaklarini tortqilab, uning butun jismi-jahonini koʻz-koʻz qilmoqda edi. Stol tevaragida oʻtirganlardan kimdir beixtiyor «oh» tortib yubordi. Unga boshqasi qoʻshildi. Bu endi yangilik edi. Ilgari ular faqat koʻz bilan cheklanishardi. Endi nigoh bilan «paypaslashish»ga qanoat qilolmaydigan boʻlib qolishibdi.

Sanam xolaning bagʻriga oʻt tutashgandek boʻldi. Avvaliga zina bosib, pastga tushmoq istadi. Soʻnggi zinada fikridan qaytib, najot qidirgandek, ichkariga yurdi. Tizzasini stol qirrasiga urib oldi. Ogʻriq sezmadi. Koʻzlarini alang-jalang qilib, nimadir qidirdi. Javon toʻla kitoblar, devordagi adibu shoirlarning suratlaridan siljib oʻtgan nigohi burchakdagi pechkada, aniqrogʻi, uning yonidagi chogʻroq boltada toʻxtadi. Nima uchun? Axir xayolida bolta yoʻq edi-ku. Nechun uni qoʻlga olmoqni istayapti? U koʻzlarini tezgina boltadan olib qochdi. Shunda oqish devor tarhida Oʻgʻiloy momoning siymosini koʻrganday boʻldi. Momoning mahkam qimtilgan lablari quyidagi soʻzlarning sirgʻalib chiqishiga monelik qilolmadi: «Koʻz zinokor...» Darvoqe, momoga kuch bergan sir shu emasmikan? U umr boʻyi shu aqidaga amal qilib, sulloh erkaklarni koʻcha yuzidan quvib kelmadimikan? Uni yomon koʻrishardi, gʻiybatini qilishardi. Ammo u sira chekinmasdi. Chekinmas odamdan esa, turgan gap, hamma hayiqadi.

Sanam xola koʻzlarini bir zumga yumdi. Quloqlarini koʻzlari kabi yummoqning imkoni yoʻqligidan oʻkindi. Qaytamga butun vujudi quloqqa aylangan, tashqaridan kelayotgan ovozlar uning ich-etini kemirmoqda edi. Ana ensasini tuk bosgan yigitlardan birining, «bir kechagina...» degan gapini aniq eshitdi. Bunga javoban Eshqul somsapaz hiringladi. Bahrom qassob salobat-la tomoq qirdi: «Hadlaringdan oshmanglar-ov!»

Ayol shiddat-la tashqariga intilarkan, ostonadan hatlayotib, qoʻlida boltani koʻrdi. Qachon olishga ulgurdi, buni oʻylab turmadi. U yakkash bir narsani, bu hol ortiq davom etishi mumkin emasligini oʻylardi. Anchadan beri ichida dimlanib yotgan alam sirtiga tepkan, maydonni erkaklardan tozalash qasdida yonardi. Birinchi boʻlib stoldagilarni quvadi, keyin Bahrom qassob bilan gaplashib qoʻyadi. Eshqul somsapaz ana endi undan koʻradiganini koʻradi.

Ichkaridan bolta koʻtarib chiqqan ayolni dastlab hech kim payqamadi. Oʻrtaga endigina qoʻyilgan shisha bolta zarbidan chil-parchin boʻlgachgina, ulfatlar u tomon oʻgirilishdi va naq tepalarida dahshatli qiyofada turgan ayolni koʻrdilar. Kimdir jonholatda boltaga qoʻl choʻzdi. Ulgurolmadi. Boltaning toʻmtoq uchi tuk bosgan ensani qiyalab oʻtib, bu safar stol chetiga qarsillab urildi.
— E, bu quturibdi-ku!

Bu xitob oʻtirganlarga bolta zarbidan koʻra, kuchliroq ta’sir qildi. Ulfatlar bir zumda tum-taraqay boʻlishdi.
— Qoch, tishlasa oʻlasan!

Ayolning nazarida, bu gʻalaba edi. Ammo bundan zarracha quvonmadi. U alamu nafratdan otash boʻlib yonardi. Hayallamay qassobxona tomonga yurdi.

Bahrom qassob sochlari toʻzgʻigan, koʻzlari bejo chaqnagan koʻyi oʻzi tarafga bostirib kelayotgan ayolni odam bolasiga oʻxshatolmadi. Alvasti ham emas, nomsiz bir balo edi u. Dovdirab qolgan qassob qochmoq lozimligini angladi. Ogʻir gavdasini ilkis koʻtarib, ortdagi eshikka intildi. Eshikdan narisi qiyalik edi. U ostonada qoqilib, pastga dumalab ketdi.

Sanam xola buni koʻrmadi. Koʻradigan ahvolda emasdi. U qassobni joyidan topolmagach, shuursiz bir holatda somsaxona sari intildi. Eshqul somsapazni qidirdi. Biroq u, balodan yiroq, deya allaqachon juftakni rostlagandi.

Ayol boltani qiya tutgancha, tandirga borib turtildi. Alanga taftini his etarkan, Eshqul somsapazni yoʻqotmoq uchun, avvalo, tandirni buzmoq kerak, deb oʻyladi. Bu oʻy miyasida charx urarkan, tandirni yiqitmoq bilan oʻz maqsadiga erishgandek edi. Ammo tandir mustahkam, unda oʻt gurillab yonardi. U boltani tashlab, tandir ogʻzidan chiqib turgan shox-shabbalarga yopishdi. Ularni tutamlab duch kelgan tomonga itqita boshladi. Itqitilgan oʻtning bir qismi yemakxonaga borib tushganini sezmadi. Olov tili avvaliga epkin qaerlardandir surib kelgan qogʻoz parchalariga yopishdi. Boz ustiga, oʻt bor joyda shamolning jini quturadi degandek, dashtni quritib-qaqshatib esayotgan qaynoq garmsel bagʻridan yulqinib chiqqan chogʻroq quyun yonayotgan qogʻoz parchalariyu sochilgan choʻgʻlarni ogʻushiga tortib, maydonda bir muddat charx urdi-da, yemakxona ortida koʻzdan gʻoyib boʻldi. Undan doʻkon bilan yemakxona oraligʻida taxlangan shox-shabbalarda olovli iz qoldi.

Ayol esa bularni sezmas, gursillatib tandirni chopmoq bilan band edi. Eshqul somsapaz tandir girdini pishiq gʻishtdan koʻtargan ekan, bolta dami gʻishtga urilib qaytardi. Oxiri u toliqdi. Asabi battar qaynab, boshini koʻtardi va yemakxona bilan doʻkonga oʻt tutashganini koʻrdi. Beixtiyor qichqirib yubordi:
— Voy, yonayapti!

Oʻziga kelgan ayol jonholatda olgʻa intildi. Endi kech ekanligini anglab, qilmishidan qoʻrqib ketdi. Qoʻrquvi hayrat bilan almashindi. Dastlab koʻzlariga ishonmadi. Yoʻq, yonayotgan doʻkon ichida haqiqatdan kimningdir boshi likillab turardi.
— Chiq-iy, kasofat!

Abray qiltiriq gandiraklab tashqariga chiqarkan, ogʻzidan vino hidini burqsitib dedi:
— Uygʻonsam, hamma yoq yonayapti. Oʻzi nima boʻldi, a, xola?

Qishloq ahli va qochganlar es-hushini yigʻib, maydonga oshiqqanlarida, doʻkonlar tamomila oʻt ichida qolgan, bolta tutgan ayol, qavatida Abray qiltiriq, goʻyo sehrlanganday alangaga termulib turardi.