OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNormurod Norqobilov
Asar nomiDashtda (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Normurod Norqobilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Dashtda (hikoya)
Normurod Norqobilov

Ena yer mushtlab qargʻanadi.
— Bundan koʻra oʻsha dashtda jondor yeb ketsa boʻlmasmidi seni! Yerdi kamginasi tortibgina ketsa boʻlmasmidi! Ne degan gap bu, halitdan xotin kishining etagiga tirmashib. Kimga tortding oʻzi sen! Ne degan odam boʻldik! Ne deb qishloqda bosh koʻtarib yuramiz endi! Hali otang kelsa, nima deydi. Oʻldiribgina qoʻyadi-ku seni...

Girdi toshdan koʻtarilgan pastak supa labida chimirilib oʻtirgan Berdimurod, qanshari ostidan enasiga xoʻmrayib boqadi. Ich-ichidan hayqirmoq istaydi: «Yetar endi!» Biroq nimadir xalaqit beradi. Hayqirmoqdan koʻra, ichdan ezilishni ma’qul topganday, churq etmaydi. Bunga sari, enaning figʻoni koʻkka oʻrlaydi. Yakkash sannaydi. Yotigʻi bilan soʻrab-surishtirishni xayoliga keltirmaydi. Surishtirgan taqdirdayam, qaysar oʻgʻlidan tayinli bir javob olishi qiyin. Kecha oqshom dashtdan yuz-koʻzini koʻkartirib qaytganda ham bir soʻz demagan, yigitchilikda, deya qoʻya qolgan. Ne gapligi esa tongda ayon boʻldi: kecha oʻgʻli dashtda notanish bir kelinchakka yopishgan ekan, xeshlari oʻlasi qilib urib ketishibdi.

Berdimurod jigʻibiyron boʻlayotgan enasidan koʻzini olib, mollarini podaga qoʻshish bahonasida maydon chetiga yigʻilayotgan erkaklaru, koʻcha yuzidagi ayollarga boqarkan, hovlisi tevaragi devor bilan oʻralmaganidan oʻkindi. Devor yaxshi-da, begona koʻzdan asraydi. Unday desa, bu qishloqda devorli hovlining oʻzi yoʻq. Doʻng betiga betartib tushgan qishloq xonadonlarida ne sir, ne sinoat — bari hammaning koʻz oʻngida.

Yashirmoqning hech iloji yoʻq.

Yigitning alamnok nigohi erkaklar orasida koʻhna, nimdoshgina toʻniga oʻranib, bamisoli musichaday qunishib turgan Suvonqulga tushgachgina mish-mishni kim tarqatganini anglaganday boʻldi. Oʻrnidan irgʻib turganini bilmay qoldi.
— Bari yolgʻon! — deya hayqirib yubordi.

Choʻchib tushgan enaning koʻzlarida umid uchqunlandi.
— Sen bola, mani ado qilasan, — dedi hiqillab.
— Sizni ado qiladigan hech bir ish qilganim yoʻq! — deya choʻrt kesdi Berdimurod. — Koʻp javramay, xurjunni hozirlang! Ketdim men podaga.
— Choy...
— Rahmat, toza choy ichganday qildingiz!
— Axir men... — Ena uzun yengi bilan koʻzyoshlarini artdi. — Ichim kuyib ketayapti-da, bolam. Kimga ishonay?
— Ana, ularga ishoning! — Yigit zarda ila odamlarga ishora qilarkan, dedi: — Inson bolasiga qayishganim shu boʻlsin! Menga desa... oʻlib ketmaydimi bari!

Berdimurod keyingi gapini qasam yoʻsinida qat’iy ta’kidlarkan, yuragida ulkan bir oʻpirilish yuzaga kelganini sezdi. Tugun tortgan panjalari boʻshashib, qomati allanechuk shalvirab tushdi. Oyoqlarini sudrab bosib, ayvon tomon yurdi. U yerdan sirtiga qalin namat sirilgan koʻzachani olib, chelakdan unga suv quydi. U qaddini rostlaganda, qir boshidan quyosh moʻralay boshlagandi. Odatdagidek, u bu manzaraga befarq qarayolmadi, mahliyo boʻlgandek bir zum termulib qoldi.

Tonggi nurlarni u azaldan yaxshi koʻradi. Ayniqsa, alvon rangga kirgan oʻrkachli qir choʻqqilariga koʻzi tushganida, hayajondan qaltirab ketadi. Va jismi tushuniksiz ajib bir quvvatga toʻlib, butun olamni quchgisi, oʻsha quvvatni esa kutilmagan bir ishlarga sarflagisi keladi. Otasi Sobir polvonning aytishicha, bu erlik, ya’ni korlik hissi emish, yigit kishi mana shu tuygʻusi bilan goʻzal sanalarmish. Keyingi paytlarda u tez-tez mana shu tuygʻu yetoviga tushib qolmoqda edi. Biroq qishloqda, xotinlarning janjalini demasa, favqulodda hodisalar kamdan-kam yuz berardi. Toʻydagi kurashlarda esa hozircha u oʻzini itning orqa oyogʻi deb biladi. Negaki, tovoqning oldi choʻng polvonlarda ketib, u tengqurlari qatori kichik sovrinlar bilan kifoyalanishga majbur edi. Qishloq obroʻyini saqlab qolishdek korlik hissi esa katta polvonlarning oyogʻi ostida toptalib ketayotgandek edi.

Biroq yaqinda korlikning gʻaroyib lazzatini totmoqqa nihoyat erishdi. Eslasa, hanuz huzur qiladi. Oʻshanda badanidagi ogʻriqlar oʻta yoqimli tuyulib, oʻzini yetmish yettinchi osmonda his qilgandi. Yoqmagani, oppoq yuzli qizning mehribonchiligi boʻlgan. Qizning «ukajon»lashidan rosa ensasi qotgan. Qizdan u minnatdorchilik istamagandi. Qiz esa, «ukajon»lashi yetmagandek, yumshoq barmoqlari bilan shishgan, qizargan yonoqlarini silab-siypalagan. Shunda u oʻzini bola sezgan. Bilaklari ingichka, boʻyi pastak tuyulgan. Holbuki, u boʻychan, pishiq va baquvvatgina yigit edi. Oʻn sakkizdan endigina xatlagan boʻlsa-da, unda yigirma yoshli yigitning tusi va kelbati bor edi. Chapdastligi tufayli qizga tirgʻalgan Bozororti mahallasining bezorisi sanalmish Adham darozni chekinishga majbur etgandi...

U suv toʻla koʻzachani supa labidagi xurjun yoniga qoʻyarkan, qashqani egarlashni unutganini esladi. Otni egarlash hamisha uning anchagina vaqtini oladi. Bu yumushni boshqalarga oʻxshab oʻlda-joʻlda emas, alohida ishtiyoq bilan ado etardi.

U shu yumushni bajarish niyatida ot tomon yurarkan, kechagi voqea esiga tushib, uni bu qadar e’zozga arzimaydi degan qarorga keldi. Qashqadan yomon koʻngli qolgandi. Jonivor doimo nozik paytda pand berib qoʻyardi. Sirasini aytganda, Qashqa u orzulagan ot emasdi. Xuddi kechagiday, oppoq yuzli qiz voqeasida ham uni xijolatga solgandi. Adham darozni qochirib, bozor chetidagi saroydan Qashqani yetaklab chiqarkan, tomoshaga yigʻilganlar koʻz oʻngida otda kerilib ketmoqni oʻylagandi. Buni qarangki, odamlar ham xuddi shuni istashgan ekan, dastlabki lahzadayoq buning aks-sadosini ilgʻadi.
— Oʻzi zoʻr yigit ekanu, mingan oti boʻmabdi.
— Voy, ipirisqi-iy, Adham darozga bas keldi-ya!
— Hozir oti munkiydi. Ana, aytmadim-mi...
— Eshakdan ham xarob ekan.
— Dalaning bolasi-da, chayir. Anovu daroz uch qoʻrga chidayolmay, darrov tili osilib qoldi.

Oʻshanda Qashqa tufayli, u bozor maydonini boshi egik holda tark etgandi. Ammo gʻolib emasmi, oʻzicha keyin qirchangʻini kechirgandi. Uning beoʻxshov qiliqlari haqida ortiq oʻylamay qoʻygandi.

Buni qarangki, kecha u tagʻin pand berdi.

Dashtda notanish kelinchakni kuzatib borarkan, oqshom bu ishi uchun juvonning xeshlaridan boplab kaltak yeyishini xayoliga ham keltirmagan holda egarda alplardek magʻrur oʻtirardi. Yomon tili tufayli eridan nasibasini olib, qishlogʻiga arazlab ketayotgan kelinchakning hadikli qarashlarini sezmas, qilayotgan bu ishidan masrur holda borardi. Axir, yigirma odimcha oldin pildirab ketayotgan ojizaga panoh edi-da. U bor ekan, biydek bu dashtda hech kimsa unga dahl qilolmaydi-da.

Berdimurod koʻzlarini uzoq-uzoqlarga qadab, otda gerdayib borarkan, kutilmaganda yaramas qirchangʻi munkib ketsa boʻladimi. Yigitning xayoli boshidan uchib, koʻm-koʻk maysalar ustiga gursillab tushdi. Kelinchakning oldida oʻzini sharmisor his etdi. Alamidan yigʻlash darajasiga yetdi. Bir oʻyi, uyalganidan, iziga qaytmoqchi ham boʻldi. Biroq kelinchakni yolgʻiz tashlab ketishga koʻngli boʻlmadi. Otiga qayta oʻtirib, kelinchakning ortidan yoʻlga tusharkan, saldan soʻng xijolati xiyol ariganday boʻldi. Nazarida, hozirgi ishi ortiqcha mayda-chuydalarga oʻrin bermasdi. Boz ustiga, tabiat, xuddi uning koʻnglidan andoza olgandek, gʻoyat fusunkor edi. Artilgan shishadek tip-tiniq osmonda ohista suzib yurgan bir parcha oppoq bulutni demasa, tevarak, qoʻyingki, butun borliq yam-yashil tusda edi. Bu yashillik kunchiqishdagi qir betiga sochilgan podani oʻz bagʻriga singdirib, halizamon yutib yuboradigandek edi. Oʻz navbatida, qarovsiz qolayotgan ayni shu poda yigitning koʻngliga andak xavotir solib turardi. Uning yoʻl-yoʻlakay poda tomonga bot-bot qarab qoʻyishi shundan edi.

Yigit uchun poda bamisoli bir kishan edi. Bu kishandan qutulmoqning esa hozircha hech bir iloji yoʻq. Yoz boshigacha bir amallab chidashi, soʻng hozir xurjuni tubida olib yurgan darsliklarini jamadonga joylab, shaharga, oʻqishga joʻnamogʻi lozim edi. Xayolida oldinda uni ulugʻ ishlar kutar, bu ulugʻ ishlarga esa faqat darsliklar orqaligina yetmogʻi mumkin edi. Ammo darsliklar shu qadar badiga urgandiki, zada koʻngli kutilmagan hodisalarni qoʻmsardi. Qani endi, loaqal podaga boʻri oralasa-yu, u joniga tekkan kitoblarni bir chetga uloqtirib, yirtqichlarga qarshi hujumga oʻtsa, yoki... bu yogʻi endi faqat xayol. Cheksiz-chegarasiz shirin xayollar...

Kecha biydek dashtda yolgʻiz oʻzi ketayotgan kelinchakka koʻzi tushganida ham xuddi shu kabi totli xayollar ogʻushida qir betida yonboshlab yotardi. Egnidagi qirmizi libosi quyosh nurida yal-yal tovlangancha, jadal odimlayotgan kelinchakka avvaliga loqayd tikildi. Keyin u koʻzlagan manzilni tusmollagach, hushyor tortdi. Juvon qora tortgan qishloq uzoqda, oraliqda esa xavfli jarlik koʻndalang yotardi. Bundan ham yomoni, boʻydoq choʻpon-choʻliqlarning uchrashi edi. Oʻtgan oyda shunga oʻxshash koʻngilsiz voqea sodir boʻlib, suroni hanuzgacha tinmagan.

Yigit kelinchakni mavhum tajovuzdan qizgʻandi. Oʻrnidan sakrab turib, oti tomon yurganini sezmay qoldi. Biroq iltifotini qay tarzda ifoda etishni bilmay, bir zum taraddudlandi. Negaki, dasht ayollarining aksariyati hurkak keladi, harakatini har xil anglashi mumkin. Shunda uning esiga bolaligida kechgan bir voqea lop etib tushdi. Tumanli havoda enasi ikkisi eshakda qoʻshni qishloqdan qaytishayotganida, dalaning oʻrtasida qarshilaridan chaqmoq telpagini qoshiga bostirgan, tund qiyofali bir otliq chiqqan. Otliq ular yonidan indamay oʻtarkan, birozdan soʻng ortiga qaytgan. Oraliqda oʻn besh-yigirma odimcha masofa saqlab, ularni qishloqqacha kuzatib kelgan. Enasi alqashga ulgurmay, otini shartta iziga burib, tuman orasida koʻzdan gʻoyib boʻlgan.

Berdimurod kelinchakning ortidan tusharkan, xuddi oʻsha suvoriydek ish tutdi. Soʻz qotgudek boʻlsa, harakatining sir-sinoati yoʻqoladigandek tuyuladi. Axir tumanda uchragan otliq sukuti bois, uning xotirasida hozirgacha saqlanib qolgan. Faqat kelinchakning jonsaraklanishigina bu huzurbaxsh lahzaga soya tashlab turardi. Esida, boshda enasi ham notanish suvoriydan juda qoʻrqqan, soʻng maqsadini anglagach, xotirjam tortgan. Kelinchak esa sira tinchlanay demasdi, alang-jalang qaragani-qaragan edi. Undagi bezovtalikni payqagan yigit, xavotirlanmang, sizga hech yomonligim yoʻq, jardan oʻtkazib qoʻyaman, xolos, degisi keldi-yu, demadi. Nechundir degisi kelmadi. Soʻng kechga yaqin uch otliq toʻsatdan bostirib kelib, olatasir urib ketishganda ham oʻzini oqlab oʻtirmadi. Ochigʻi, otliqlar ogʻiz ochirgani qoʻyishmadi, hali senmi, singlimizni qoʻrqitadigan, deya boplab savalab ketishdi...

Berdimurod Qashqani egarlarkan, maydonga yigʻilgan xaloyiq oʻzini zimdan kuzatayotganini fahmladi. Afti kaltakdan bejalgan yigitni kimdir ermak, kimdir achinish bilan tomosha qilardi. Negaki, bu kabi voqealar qishloqda favqulodda hodisa sanalib, «qahramon» anchagacha kishilar nazarida boʻladi. Chuvaladigan gaplarni-ku qoʻyaverasiz...

U odamlarning qarashlaridan gʻijinib, yuzini otning panasiga oldi. Keyin sarkashligi qoʻzib, qaddini rostladi va koʻzi echkilarini oldiga solib kelayotgan boʻychangina qizga tushgach, sergak tortdi. U qizga bee’tibor emasdi. Qiz ham buni sezardi shekilli, boqishlari boshqacharoq edi. Ammo hozir u juda tajang qiyofada edi. Echkilarini podaga qoʻsharkan, qoʻlidagi chiviqni ular ortidan uloqtirib, yigit tomonga shunday bir qarash qildiki, Berdimurod tuyqusdan tarsaki yeganday bir qalqib tushdi.

Sigirini haydab kelgan yoshgina juvonning qiligʻiyam unikidan kam boʻlmadi. Koʻpchilik, asosan ayollarning nafrati oshkora yuzaga tepchib turardi. Enasining bekorga kuyinmayotganini teran idrok etarkan, saldan soʻng erkaklar toʻdasida ham shu holni sezdi. Davraga keyin kelib qoʻshilgan echkisoqol amaki qoʻllarini paxsa qilganicha, yoshlar buzilib ketdi, deya va’zxonlik qilardi. Bu gapni boshqalar, jumladan, Suvonqul ham bosh irgʻab tasdiqlardi. Bunga sari echkisoqol battar avj qilardi: «Bu haliyam kam, oʻldirish kerak edi buni! Mening bolam boʻlganidami, nima qilishni oʻzim bilardim! Ha-da, oʻsha kelinchakning oʻrniga enasini qoʻyib koʻrsin, opasi yoki singlisini qoʻyib koʻrsin... Qalay?! Haliyam boʻlsa ayashibdi. Ertan ularning toʻyiga borarimiz bor, azasiga qatnashishimiz bor. Aytishmaydimi, oʻla, baring deb...»

Echkisoqol otasi bilan urushli, paytdan foydalanib, bor zahrini toʻkib sochmoqda edi.

Berdimurod toʻdaga qaramaslikka tirishib, podani dashtga qoʻzgʻotgach, Suvonqulga birov koʻz tashlashdan oʻzini tiyolmadi. U kecha jarda uchratgan odamga sira oʻxshamas, moʻmin va beozor edi.
— Sen bola, meni zoʻr maishatdan bebahra qoldirding-da lekin!

Kelinchakni jardan oʻtkazib, ortiga qaytayotgan Berdimurod bexos eshitilgan bu sadodan choʻchib ketdi. Ot tizginini torta-torta, tevarakka alangladi. Biror qora ilgʻamagach, qulogʻimga chalindi shekilli, degan oʻyga bordi. Yuragiga xavotir inib, otini qichamoqchi boʻldi. Ammo shu payt jar tubidagi butalardan biri silkinib kulgi ovozi eshitiladi. Ot hurkadi. Yigit qamchi dastasini mahkam siqib, oʻsha tomonga tikiladi va buta novdalari orasidan moʻralab turgan malla basharani koʻradi.
— Kimsiz?

Buta novdalari qattiq chayqalib, saldan soʻng uning qarshisida Suvonqul paydo boʻldi. Yelkasida miltiq, belidagi eski patrontashga tulki terisi osilgan.

U beoʻxshov tirjayarkan, tomogʻini gʻalati tiqillatadi.
— Yomo-on xalaqit berdingda...

Berdimurod hech narsa anglamay, unga boshdan-oyoq razm soldi. Aftini qoʻngʻir soqol bosgan bu odam ov bahonasida doim dala-dashtda sanqib yurar, gohida toʻrt-besh oylab yoʻqolib qolar, soʻng toʻsatdan yana paydo boʻlardi. Uyidagi toʻrtta bolaning tashvishi yolgʻiz xotinining gardanida, bu er boʻlmish dam-badam qayerlarga yoʻqoladi, ne ishlar bilan band, bunisi yolgʻiz xudoga ayon edi.
— Ammo lekin ikkimizga ham yetardi, — dedi Suvonqul yuzidagi ifodani oʻzgartirmay. — Jarda qimirlaysanmi desam... Yo doʻngda ishini bitirdingmi? Epladingmi ishqilib? Oʻziyam lekin zoʻr narsa ekan! Ilkillagan quyruqqa oʻxshaydi! Koʻkbuloqni ayollari azaldan xushroʻy boʻlishadi. Oʻtgan yili kuzakda bittasini Oqsoyda qoʻlga tushirganman. Tezak terib yurgan ekan. Erimga aytaman, akamga aytaman, deya xudoning zorini qildi. Qayda, qarab turadigan ahmoq bormi. Aytsang, urugʻingni quritaman, deya ishini tindirganman. Aytmadi. Qanaqa qilib aytadi. Aytsa, ersiz qoladi, sharmanda-yu sharmisor boʻladi. Agar xalaqit bermaganingda, bunisiniyam boplardim.

Qishloqda muloyimgina boʻlib yuradigan bu kimsani endi koʻrayotgandek Berdimurod anqayib qoldi. Suvonqul hunuk iljayib, yengil yoʻtaldi-da, butalar ortidagi doʻngga ishora qildi.
— Anovu doʻngdi bovrida tulki poylab yotuvdim. Qarasam, tepadan bir narsa tushib kelayapti, rang-quti uchgan. Izidan sen. Qayerda ishini tindira qolding-a? Jargacha sabring chidamabdi-da. Balo ekansan lekin! Ishqilib, sasingni chiqarma, deb tayinladingmi? Ichimni qizdirmay, gapir tezroq. Eshitib ham maza qilaveramiz biz!

Berdimurod beixtiyor sermagan qamchi uning oʻng yonogʻini yalab oʻtdi. Suvonqul ortiga chaqqon tisarilib, qoʻlidagi yarogʻini oʻngladi. Yigit oʻziga oʻqtalgan miltiqdan emas, Suvonqulning vajohatidan qoʻrqib ketdi. Qarshisida oʻzi bilgan moʻmin odam emas, hech balodan tap tortmaydigan yovuz bir kimsa yeb qoʻygudek oʻqrayib turardi.
— Nima qiliq bu?! — Suvonqul yomon soʻkindi. — Yo qizgʻanayapsanmi? Agar qizgʻanayotgan boʻlsang, ahmoq ekansan!
— Maraz! — Berdimurod shundan boʻlak gap aytolmadi.

Suvonqul boshini bir yon qiyshaytirib, uning aftiga sinchkov tikildi. Soʻng kulimsiradi.
— Demak, eplayolmabsan...
— Siz...
— Men... — Suvonqul sovuq ishshaydi. — Suvonqul akang silar oʻylagan odam emas! Aslo oʻynasha koʻrma men bilan! Endi esa qorangni oʻchir!

Yigit uning ermaklovchi xiringlashi ostida jarni tark etarkan, bu uchrashuvdan qalbi larzaga keldi. Kechgacha shuning ta’sirida yurdi. Kelinchakni xayolan uning changalida tasavvur etib, kuzatib qoʻyganidan ming bor mamnun boʻldi.

Bu kechagi, ya’ni kelinchakning xeshlari bilan yuz bergan toʻqnashuvgacha boʻlgan holati edi.

Endi...

U podani qir betiga yoyib, maysalar ustiga xomush yonboshlarkan, na qoʻliga kitob oldi, na shirin xayollarga toldi. Nazarida, quyosh haroratsiz, tiriklik sarobdek edi. Qishloqqa qaytmay, noma’lum tomonlarga bosh olib ketmoqni istardi! Lekin qayoqqa? U shu oʻyda uzoqdagi togʻlarga boqdi, tubsiz osmonga tikildi. Tevaragida chugʻurlashayotgan toʻrgʻaylarning harakatidan ma’ni topmay, qarashlari loqaydlasha boshladi. Dashtning qirga tutash qismidagi ekinzorga tushgan echkilarni tirqiratgancha, uzoqdan turib oʻdagʻaylagan qorovulning baqirish-chaqirishlariga e’tibor ham bermadi. Pinakka ketsamu, qaytib uygʻonmasam, deb oʻyladi.

Yigit biydek dashtga ma’yus tikilib, yonboshlab yotarkan, koʻziga qandaydir qora chalinganday boʻldi. Soʻng bu qora eshak mingan ayolga aylandi. U jarlik tomon ketib borardi.

Berdimurod chuqur xoʻrsinib, nigohini pastga oldi. Oʻt-oʻlanlar orasida gʻimirlayotgan qurt-qumursqalar harakatini kuzatgan boʻldi. Soʻng beixtiyor yana ayol tomonga qaradi. Orada jar tarafga koʻz tashlab oldi. Xayolidan Suvonqulning istehzoli basharasi lip etib oʻtarkan, bu safar ayolga tashvishli boqdi.

Ayol esa bamaylixotir ketib borardi.

Biror yigirma daqiqalardan soʻng jarga yetadi. Tavba, uyida tinchgina oʻtirmay, nechun dashtda tentib yuribdi bu?! Dashtda pishirib qoʻyibdimi!

Bu oʻylar yigitning boʻshashgan vujudiga qayta quvvat bagʻishlaganday boʻldi. Oʻrnidan sakrab turganini ham sezmay qoldi. Yuragida oʻsha tanish korlik hissi tagʻin junbushga kelib, oti tomon ildam yurdi.

Otini qichab, birpasda ayolga yetib oldi.

Ayol soʻzamolgina ekan, gapga tutindi.
— Ha, yoʻl boʻsin, uljonim?
— Sizni jardan oʻtkazib qoʻyay, xola... xolajon.
— I-i, meni boʻri yermidi, bolajonim. Hay, mayli, qaytamga soʻylashibgina ketamiz.

Berdimurod soʻzlashmoqni istamadi. Ayoldan picha ortda qolib, uni qoralab boraverdi. Shunda u quyosh taftini, borliqning gʻoyat fusunkorligini qayta his eta boshladi. Tagidagi oti esa, odatdagidan koʻra tuzukroq yoʻrgʻalayotgandek edi.