OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNormurod Norqobilov
Asar nomiGʻanimlar (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Normurod Norqobilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm141KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/11/30
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
“Yoshlik” jurnali, 2006


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Gʻanimlar (qissa)
Normurod Norqobilov

Suyukli iti Dikkiquloq oʻldirib ketilgandan soʻng, g‘azabi koʻkka oʻrlagan Sarvar, itining qotili boʻlmish Yoldor boʻrining jonini olmoqqa qat’iy ahd qildi. Shu tog‘da yo sen turasan, yo men, deya bor ovozda hayqirdi. Keyin iti jasadini izzat-ikrom bilan tepalikka koʻmdi. Doʻppaygan «qabr»; ustida, tevarakdagilardan uyaldi shekilli, koʻzini yoshlamoqdan bazoʻr tiyildi. Mijjalari yoshlanmasa-da, yig‘lamoqdan beri boʻlib dedi:
— It emas, gavhar edi! Gavharimdan ayirdilar!

Atrofdagilar miyig‘ida iljayishsa-da, odob yuzasidan, sukut saqlamoqqa harakat qildilar. Shunga qaramay, kinoyaomuz tomoq qiruvchilar baribir topildi. Nega deganda, itning oʻlimi tog‘da fojea sanalmaydi. Jasadi bu tarzda izzat-ikrom bilan koʻmilmaydi. Eshakda biror oʻnqir-choʻnqirga sudrab oborib tashlanadi. Eti quzg‘unlarga yem boʻlib, suyagi tuproqqa qorishib ketadi. Binobarin, tog‘da it qahat emas, istalgan xonadonga bosh suqsang, yoʻq deganda, uch-toʻrttasi oldinga akillab chiqadi. Egasi bilan kelish-da, xohlaganingni tanlab olaver.

Itga aza ochish nimasi?

Biroq Sarvar deganlari qishloq itlarini bir chaqaga olmaydi. Bularda faqat jasad bor, fahm-farosatdan esa zig‘ircha yoʻq, deydi. Tulkisimon Dikkiqulog‘ini esa dunyodagi barcha itlardan afzal koʻradi. Bunda bor-yoʻg‘i zabon yoʻq, qolgan hamma narsani odamday ilg‘aydi, odamday fahmlaydi, ishonmasangiz sinab koʻring, deydi. Ammo Dikkiquloqning oʻziga xos a’lo jihatlarini odamlar bilishga ulgurmadi. Erta tonglardan birida u Yoldorning changalida, egasi aytmishli, fojeali ravishda nobud boʻldi.

Eng yomoni, bu hodisa Sarvarning koʻz oʻngida yuz berdi.

Tong g‘ira-shirasida qoʻra adog‘idan qora koʻlanka sirg‘alib chiqqanida, Sarvar odati boʻyicha hovlida nafas olish mashqini bajarmoqda edi. Iti qoʻradan beriroqdagi yalanglikda iskalanib yurardi. Qora sharpani qishloq itlaridan biri deb oʻylagan Sarvar avvaliga unga e’tibor bermadi. Qachonki, Dikkiquloq oʻzi tomon jonhalpida otilgachgina, diqqat qildi. Itini ta’qib etib kelayotgan koʻlankaning rosmana boʻri ekanligini angladi. U bamisoli qora quyunday bostirib kelardi. Ana, u hash-pash deguncha itini quvib yetdi. Sarvar es-hushini yig‘ib olguncha boʻlmay, uni jonsiz jasadga aylantirib, tog‘ tomon asta yoʻrtib keta boshladi. Hatto oʻq ovozidan soʻng ham harakatini oʻzgartirmadi.

Tabiiy, Sarvar uydan miltig‘ini olib chiqquncha u ancha olislab ketgandi. Yigit uning ortidan behuda yugurib, bekorga oʻq uzib, hiyla yergacha ta’qib etib bordi. Soʻng nafasi qisilib, taqron yerda choʻzilib qoldi.

Bu hodisani oʻzidan boʻlak fojea sifatida qabul qiluvchi boʻlmadi. Sarvar deganlari bu qishloq uchun begona. Tog‘ havosidan dardiga shifo izlab kelgan bir odam. Ammo u oʻzini begonaman deb turgani yoʻq. Kirishimli, pishiq-puxta yigit ekan.

Kelishi bilan kishilardan bir suruv qoʻy-qoʻzi sotib olib, Gʻuchchi pakanani choʻponlikka yolladi. Suyun cholning oʻrtancha oʻg‘liga atab qurdirgan uyini qoʻra-poʻrasi bilan ijaraga oldi. Haftada bir mashinada kelib, holidan xabar olib ketadigan oshna-og‘aynilarining turq-tarovatiga qaraganda, oʻziga toʻq odam.

Ammo hech betobga oʻxshamaydi. Kun boʻyi, yelkasida miltiq, tog‘ma-tog‘ sanqiydi, yo boʻlmasa, betdagi yovvoyi bodomzorda soatlab muk tushib oʻtiradi.

Gʻuchchi pakana esa unga itday sodiq. Suruvga qarashdan tashqari, oqshomgi kuydirish-pishirish ham uning zimmasida.
— Aka shaharga qaytishda meniyam oʻzi bilan olib ketarkan, — deydi maqtanib. — Shahardi jonon qizlaridan biriga uylantirib qoʻyaman oʻzim seni deyapti.
— Shu niyati bor ekan, qishloqdi qizlariyam teshib chiqmasdi, — deydi eshitganlar kulib. — Yo shahardi qizlari boshqacha boʻlarkanmi?
— Qishloqdi qizlari bizga toʻg‘ri kelmaydi. — Gʻuchchi pakana «akaxoni»; kabi tevarakka viqorli nazar tashlashga urinadi. — Endi biz, shu... shahardi enasi oʻpmagan qiziga uylanamiz-da. Shu ish peshonada bor ekan-da.
— Nazarimda, Tovqora zarangning qizi ketidan tilingni osiltirib yuruvding, nima, koʻnmadimi u?
— Aytdim-ku, qishloqdi qizi bizga toʻg‘ri kelmaydi deb. — Gʻuchchi pakana boʻsh kelmaslikka tirishadi. — Uning boshidan achigan qatiq isi anqiydi. Shahardi qizlari atirda choʻmiladi. Bizga shahardi qizi durust.
— Uzoqdagi quyruqqa intilib, yaqindagi oʻpkadan quruq qolmagin tag‘in. Eshitdingmi, unga Uchtoldan sovchilar kelayotganmish.

Biroq bu gap Gʻuchchi pakanaga zig‘ircha ta’sir qilmaydi. Soʻzlovchi qolib, tog‘larga boqadi, g‘alati tamshanadi.
— Har kech aka bilan maza qilamiz lekin, — deydi tomdan tarasha tushganday. — Akada aroq serob. Og‘aynilari tashlab ketishadi. Oʻzi kamgina ichadi-yu, lekin mendan hech ayamaydi.
— Odamga oʻxshab, uch-toʻrttasini qoʻyningga sob chiqmaysanmi, bizam maza qimaymizmi.
— Aka xafa boʻladi-da.
— Bilib oʻtiribdimi.
— Biladi. Aka yomon sinchkov.
— Zoʻr aka topding-da lekin.
— Xudoga shukr!
— Hazir boʻl, tag‘in choponsiz qoldirib ketmasin. Shahardi odami ayyor boʻladi.
— Xafa qilayapsiz, birodar. Aka siz oʻylagan odam emas.

Qishloq ahlining Sarvar haqida hozircha bilganlari shu. Koʻproq oʻz mayli va oʻz xayolida bradigan bu odam iti oʻldirilgan kunning ertasi oqshom erkaklar yig‘ilib oʻtiradigan doʻnglikka chiqib keldi. Kun boʻyi Yoldorning izidan sang‘agan shekilli, horg‘in va andak tajang edi.
— Nima, tutqich bermayaptimi, mehmon? — dedi Suyun chol hol-ahvol soʻragan kishi boʻlib. — Tutishingiz qiyin uni. Ergash bodigayam tutqich bermagan u. Oʻrta yerda Ergashning oʻzi oʻlib ketdi.

Sarvar javobga oshiqmadi. Tog‘larga bir muddat tikilib turarkan, tolg‘in bir harakatla choʻntagidan bir dasta pul chiqardi.
— Itimning huniga mana shuni tikaman! — dedi iddaoli, ham kibrli ohangda. — Sharti shu, jasadi oyog‘im ostida boʻlishi kerak! Tepkilab alamimdan chiqmoqchiman!

U, qoʻlidagi ozmuncha pul emasdi, odamlarning g‘imirlab qolishini kutgandi. Ammo u kutgan hodisa yuz bermadi. Davra ahli tebranmadi. U, yo bu kammi, degancha boʻlmay, kimdir bu yil qish erta kelishi mumkinligini aytib qoldi. Bir zum sukutga tolgan davra birdan jonlandi. Qishning erta kelish-kelmasligi haqida har kim oʻz bilganicha bashorat qila boshladi.

Sarvar sezdiki, buning hammasi shunchaki gap. Noqulay vaziyatdan qutulmoq uchun koʻtarilgan «g‘avg‘o»;. Odamlar goʻyo uning borligini unutganday, keraksiz bahsga berilgandi. Hartugul Suyun chol joniga ora kirdi.
— Choʻking, mehmon, turmang buytib, — dedi koʻzlari jovdirab.
— Boray! — dedi Sarvar, bu yerda men ortiqcha ekanman, degan ohangda. — Oʻtirib nima qildim, boray!

U ketmoqqa ulgurmadi. Bir chekkada chakmoniga oʻralib, gumbazday boʻlib oʻtirgan Shoyim yoʻg‘on toʻsatdan tilga kirdi. Sarvar hamisha xoʻmrayib yuradigan bu odamni jinidan battar yomon koʻrardi. Shuning uchun ensasi qotibroq unga yuzlandi.
— Oʻldirsangiz mayli, lekin jasadini xoʻrlashingizga yoʻl qoʻymaymiz, — dedi Shoyim yoʻg‘on tomog‘ini qira-qira.
— Nimaga deganda, Yoldor bizga begona emas, oʻzimizning jondor. Itlarga kun bermagani bilan, hozircha mol-holimizga tekkanicha yoʻq. Puldi esa kissaga soling! Pul degani oʻzimizdayam achib yotibdi.
— Ha, u oʻzimizning jondor, — Suyun chol oʻyindan oʻt chiqmasin degan oʻyda, shosha-pisha gapga aralashadi.
— Gʻuchchivoy sizga aytgan chiqar, a?
— Hozircha aytganicha yoʻq.
— U aytmagan boʻlsa, biz aytamiz-da, — Shoyim yoʻg‘on oʻsiq qoshlari ostidan oʻqrayib tikildi.
— Yoldorni Tolmas cholning nevarasi Safar degan bacha asrab olgan. Ikkisiyam rahmatli boʻlib ketgan. Avval bacha oʻldi, keyin boboy... Shundan beri Yoldor erkinlikda yuribdi. Toʻg‘risi, u bizdiyam rosa jonimizga tekkan. Itlarga hech kun bermaydi. Shu kuz ichi uchta itimni boʻg‘izlab ketdi. Bu turishda qishloqda bittayam it qolmasa kerak. Shuning uchun uni oʻldirishga izn beramiz. Lekin xoʻrlashga ruxsat yoʻq.
— Oʻldirilgandan soʻng... — Sarvar g‘ashi kelayotganini yashirib oʻtirmadi.
— Xoʻrlandi nima-yu, xoʻrlanmadi nima, baribir emasmi?
— Avval siz uni oʻldiring, — Shoyim yoʻg‘on sovuq kulimsiradi.
— Oʻldiramanam!
— Agar oʻldira olsangiz, betdagi anovu suruv sizniki.

Sarvar uning bu gapini hazilga yoʻyib kulmoqchi boʻldi. Biroq Shoyim yoʻg‘onning avzoyi bunga yoʻl qoʻymadi.
— Nazarimda, siz... garov oʻynamoqchisiz shekilli? — dedi shoshib.
— Emasam-chi! — Shoyim yoʻg‘on iljayishga tirishsa-da, koʻzlari kulmadi. — Siz nonni «nanna»; deb yurganingizda, Shoyim akangiz shaharning koʻzirlaridan biri boʻlgan. Vaqtida ahmoqlikni koʻp va xoʻp qilganmiz. Qisqasi, gap bitta, jondorni oʻldiring-da, suruvni olib ketavering!
— Demak, eplashimga ishonmayapsiz?
— Koʻp mayda gap boʻlmang, ukam! — Shoyim yoʻg‘on asta yonboshlarkan, unga g‘azabnok tikildi. — Oʻyinni boshlagan siz, men emas! Pul koʻrsatib bodilik qilgan men emas, siz! Shuning uchun gapni koʻpaytirmay, harakatingizni qiling! Muddat oʻn kun.
— Oʻyinga biz ham qoʻshilsak boʻladimi? — deb soʻradi kimdir.
— Yoʻq! — dedi Shoyim yoʻg‘on qat’iy yoʻsinda. — Yutqazsa, bu yigitning tashlab ketadigan narsasi bor. Xoʻsh, sening nimang bor? Yo qari enangni tikmoqchimisan?!
— Hay-hay, og‘izga egalik qilinglar! — Suyun chol kattalarga xos bosiqlik bilan davrani tinchitishga urindi. — Arzimas bir jondorni deb itday irillashmanglar! Uyat boʻladi-ya.
— Arziydi, aka, arziydi, — Shoyim yoʻg‘on tirsagini yerdan uzib Sarvarga qoshlari ostidan oʻqrayib tikildi. — Damingiz chiqmay qoldi, mehmon? Qani, qoʻlni tashlamaysizmi?!
— Qoʻl tashlash boʻlsa, qoʻl tashlash-da! — past ketishni istamagan Sarvar oʻtirgan odamlarni oralab oʻtib, uning qoshida toʻxtadi va zardali bir harakatda kaftini uzatdi:
— Tashlang!
— Uzinglar!

Yigitlardan biri sakrab oʻrnidan turdi. Qoʻlini havolatib, tutashgan panjalar ustiga urgan boʻldi:
— Uzdim!

Kunbotish tomondan toʻsatdan qoʻzg‘algan achchiq izg‘irin kishilarni ortiq ezmalanib oʻtirishiga yoʻl qoʻymadi. Avval Suyun chol oʻrnidan turdi, soʻng boshqalar.

Doʻngda yolg‘iz qolgan Sarvar tevarakka xomush boqarkan, toʻng‘illagancha, Shoyim yoʻg‘onning goʻriga g‘isht qalay boshladi...

* * *

Bu paytda Yoldor qishloqdan uncha uzoq boʻlmagan siyrak archali doʻnglikda yerga bag‘rini bergancha, loqayd choʻzilib yotardi. Nigohi toʻng esa-da, quloqlari ding, dimog‘i tiyrak edi. Dimog‘i ilg‘agan hidlarga qarab, tevarakni toʻla idrok etardi. Lanjligiga kelsak, hamma balo qorni toʻqligidan edi. Qorni toʻq kezlari u hamisha toʻng tortib qolardi. Bugun ham u Uchdarada chog‘roq toʻng‘iz bolasini qoʻlga tushirgan boʻlib, endi uning hazmi bilan ovora edi.

Yag‘rini tuklarini hurpaytirib esayotgan sovuq yel tog‘lar boshiga qor tushayotganidan darak berardi. Bu yerlarda qish erta va toʻsatdan tushadi. Daralardan kuz havosi arib ulgurmay, kutilmaganda qor tashlab qoladi. Kovlashga ulgurmagan kartoshkalar, terib olinmagan mevalar qor tagida qolib, sovuqdan nobud boʻladi. Shuning uchun aksariyat kishilar chorvani ma’qul koʻrib, yerga qaramaydi. Shuningdek, yerga umid bilan urug‘ qadovchilar ham yoʻq emas. Chorvadorlar qishda boʻrilardan aziyat chekkandek, ular havoning avzoyiga qarab, jonlari halak boʻlishadi. Bu yetmagandek, yerdagi hosil yetilib-etilmay «tungi qaroqchilar»; — toʻng‘izlaru ayiqlar tomonidan xomtalash qilina boshlaydi.

Bir qarashda, dunyoning bu tashvishlar bilan Yoldorning hech ishi yoʻqdek. Aslida esa...

Qoratepa biqinidagi olmazor tufayli tunlari uning ham halovati yoʻq. Olmazor Suyun cholga tegishli. Kunduzlari eshakda kelib, bog‘da tentigan boʻladi-yu, shom tushmay qorasini oʻchiradi. Tunda olmazorga qoʻng‘ir ayiq — Maymoq egalik qiladi. Yoldor undan olmazorni emas, Qoratepa etagidagi chog‘roq qabrni qizg‘anadi. Nega deganda, kaltafahm Maymoq boshqa yoʻl quriganday, nuqul qabrlar oralab yuradi. Chog‘roq qabr yoniga yetganda esa, tevarakni oʻrganish uchun albatta toʻxtaydi.

Ana shunda naq tumshug‘i tagida irillagancha Yoldor paydo boʻladi. U yon sakrab, bu yon sakrab, Maymoqni qabr yonidan uzoqlashtirmaguncha tinchimaydi.

Maymoq esa hamisha bir holdan taajjublanadi. Negaki, tumshug‘i tagida bamisoli iblisday irg‘ishlayotgan kulrang bu maxluq boshqa yerda, ya’ni tog‘u toshda roʻparu kelib qolsa, qayrilib ham qaramaydi. Qoratepada esa naq betidan oladi.

Ne sababdan?

U Qoratepada hamisha Yoldorga yon beradi. Axir bir necha metr narida olma hidi dimog‘ingni qitiqlab tursa, qaysi ahmoq bezbet bir maxluq bilan pachakilashib oʻtiradi. U olmazorga shoʻng‘irkan, albatta, ortiga qarab qoʻyadi. Yoldorni qabr yonida choʻnqaygan holda koʻradi. Ammo hakalak otayotgan nafsi ortiqcha oʻylarga izn bermaydi.

Yoldorga tirg‘almasligining asosiy sabablaridan yana biri shundaki, odatda, jonivorlar oʻzlarining qachon haq, qachon nohaqligini juda yaxshi bilishadi. Shuning uchun ham hamisha vaziyatga qarab ish tutishadi.

Olmazor esa oʻz mulki emas, odam bolasiga tegishli begona hudud. U, qulog‘i ding holda, har bir mevaga og‘iz solarkan, oʻzga hududdaligini, xatti-harakatidagi nohaqlikni doimo ichdan his etib turadi. Bunaqa paytda ortiqcha sharpa chiqarmaslikka urinadi.

Yoldorning kurakda turmaydigan qiliqlariga chidashining boisi shunda.

Ammo yaqinda Maymoqniki yomon tutdi. Tuproq titib qarshisida irg‘ishlayotgan Yoldorga birdan hamla qilib qoldi. Yoldor bazoʻr oʻzini chetga olgan boʻlsa-da, xiyol tegib oʻtgan zarbadan baribir bir yumalab tushdi. Ezib tashlash qasdida bostirib kelgan g‘animining changalidan bir amallab qutularkan, oxirgi daqiqada uning orqa soniga tish botirishga ulgurdi. Maymoq besoʻnaqay, Yoldor esa epchil, qabr tepasida olatasir jang boshlanib ketdi. Qabr qavatidagi chirigan choʻplar sindi, har yon sochildi. Aslida buni olishuv deb boʻlmasdi. Maymoq hujum qilar, Yoldor esa qochar, qocha turib goh uning yonboshida, goh ortida paydo boʻlib qolardi... Oxir oqibat, bu safar ham Maymoq bosiqlik qildi. Behuda hamlani tezda bas qilib, qabrdan uzoqlashdi. Zumda olmazorga singib yoʻqoldi.

Qabr yonida darg‘azab qolgan Yoldor andak zarbaning zalvorli kuchini keyin his qildi. Vujudi qaqshab, qabrlar orasida xiyla vaqt choʻzilib yotdi.

Hozir ham u yag‘rinining sim-sim og‘rishiga e’tibor bermaslikka tirishib, qishloqqa tikilib yotarkan, doʻngda yig‘ilib oʻtirgan odamlar yaqinida iskalanib yurgan malla itga koʻzi tushib, boshda ohista irillab qoʻydi. Soʻng, itning harakatlarini zimdan kuzatarkan, yuragida oʻsha tanish his-jon olmoqqa tashnalik tuyg‘usi qayta bosh koʻtarganini sezdi. Dahshatli jag‘lari shaqirlab, beixtiyor oʻrnidan turib ketdi. Ammo it olisda, yonida esa odamlar... U noiloj qayta joyiga choʻkdi.

Zanjirband etilgan murg‘ak jonivor qishloq itlari tomonidan ermakka emas, boʻri zotidan boʻlgani uchun beshafqat talanardi. Qalin taxtalardan qoʻpoldan-qoʻpol yasalgan ini va jonsarak bola — Safar joniga ora kirmaganida, u allaqachon itlar changalida jon taslim qilgan boʻlardi. Qiziq jihati, itlar unga ochiqda hujum qilishar, iniga esa birortasi bosh suqolmasdi. Bola hovlida paydo boʻlishi bilan hammasi tumtaraqay qochardi.

Barcha qishloq uylari kabi hovli girdi devor bilan oʻralmagani uchun it ham, bit ham bemalol kirib kelaverardi. Shalpangquloq itini ergashtirib yuradigan Ergash bodi g‘animlarining eng yomoni edi. Hovli egalari yoʻq paytlarida, u itini Yoldorga gij-gijlar, bu yetmagandek, uni inidan sudrab chiqarib, biqiniga ayovsiz tepkilardi. Xonadon sohiblari kelib qolsa, bahonasi tayyor edi.
— Shu keldi-yu, sigirimning suti qochdi, — derdi og‘zidan koʻpik sachratib. — Tezda yoʻqoting buni! Emasam, oʻzim yoʻqotaman!
— Qanaqasiga? — Tolmas chol hayron.
— Shunaqasiga! — Ergash bodi yanada balanddan kelishga tirishadi. — Siz uyda jondor saqlaganingizdan beri qishloqdan halovat ketdi. Qoʻylarim yem yemay qoʻydi. Bolalar koʻchaga chiqolmay qoldi.

Tolmas chol og‘ir odam, ammo nevarasi Safar uning g‘irt teskarisi edi. Qoʻliga tushgan toshu kesak bilan avval shalpangquloq itni, soʻng egasini siylardi. Joni og‘rigan Ergash bodi tutoqib quvlardi. Bola qochardi. Qocha turib, moʻljalga behato urardi. Oqibat, Ergash bodi bu xonadonni manglayi g‘oʻra holda tark etardi. Bola va boʻrivachchaga nisbatan yuragida adadsiz kek saqlardi. Negaki, bu hovlida odatdan tashqari hodisa yuz bergan, ya’ni xonadonda boʻri saqlanardi. Koʻnikmadan yiroq hol esa gohida kishida nafrat hissini qoʻzg‘otadi. Ergash bodi mana shu tuyg‘u yetovida Yoldorga ozor berishga tirishardi. Uning himoyachisini esa koʻrarga koʻzi yoʻq edi.
— Shoshma, hali ikkovingni ham yeyman! — derdi mavhum ohangda.

Ergash bodining qorasi oʻchishi bilan Safar inga suqilib kirar, toʻrda qaltirab turgan Yoldorni silab-siypalar, erkalab ovutar, goho esa alami kelib yig‘lab ham olardi. Shu sabablimi Yoldor unga qattiq mehr qoʻygandi. Yonidan bir qadam nari jilmasligini istardi. Biroq bola bekorchi emas, uning oʻziga yarasha bir talay yumushlari bor edi. Maktab, oʻt-choʻp terish, qoʻy-qoʻzilarga qarash, ishqilib, uyda qadalib oʻtirishi qiyin edi. Yoldor esa uning qaytishini hamisha ilhaq kutardi. Ovozini eshitishi bilan inidan oʻqdek otilib chiqar, boʻynidagi og‘ir zanjirni shildiratgancha irg‘ishlar, soʻng yer bag‘irlar, etigini yalar va tag‘in irg‘ishlar, xullas, muhabbatini toʻlaligicha namoyish etishga tirishardi.

Bola uning tomog‘iga yaxshi qarardi. Yoldor yeganicha yeb, ortgan yemishlarni ini toʻriga koʻmib qoʻyardi.

Hozirda tog‘da uning ortgan yemishlari saqlanadigan bir necha hufiya joylari mavjud. Shulardan biri mana shu doʻnglik ortidagi oʻngir. Oʻn kun burun qoʻlga tushirgan oʻljasining qolgan-qutganini oʻsha oʻngirga bekitib qoʻygandi. Qishloq itlari topib, talon-taroj qilib ketishibdi. Yovvoyi tabiatning oʻzgarmas, shafqatsiz qonun-qoidalariga itlar buysunmaydi. Jonivorlar tomonidan qattiq amal qilinadigan hudud masalasiga munosabatlari ham shunga yarasha. Aks holda Yoldordek beshafqat jonivorning hududida bemalol daydishib, unga tegishli nasibani pok-pokiza tushirib ketishmasdi.

Yoldor haftada ikki-uch bor butun hududini aylanib chiqarkan, qishloqqa yondosh sarhadlar itlar tomonidan buzilganini sezgach, eski alamlari yangilanib, ulardan boplab oʻchini olardi.

Sarvarning iti Dikkiquloq ayni shu vajdan uning g‘azabiga duchor boʻlgandi.

Sarvar ovga hamisha itini ergashtirib chiqardi. Yoldor inson hidi qatori itning isiniyam tuyarkan, g‘azabdan qaltirab ketardi. Tajribadan bilardiki, hududni inson qavmidan asrash qiyin. Ammo manovi it nima qilib yuribdi uning mulkida? Yoqimsiz hidini buruqsitib, rosa tentibdi. Tag‘in belgisini qoʻyib ketganiga oʻlasanmi.

Uchdaradagi bukri archa tanasiga, soydagi kulrang xarsang sirtiga, yonbag‘irlikdagi siniq simyog‘ochga peshobini sochib ketibdi. Yoldor uning belgisi ustiga oʻz belgisini qoʻyadi: «Tutsam, oʻldiraman! Qorangni koʻrmayin boshqa!»; Ertasi esa Dikkiquloq tomonidan qoldirilgan quyidagi javobni oʻqiydi: «Yaxshisi, oʻzing qorangni oʻchir! Bu yerga keldim va yana kelaman!»; Yoldor qahrdan otash boʻlib yonadi. Ammo yaroq tutgan egasining oldida itga qotinishning hech bir iloji yoʻq. Natijada, u payt poylay boshladi va erta saharlarning birida osongina niyatiga yetdi.

U doʻnglikda yig‘ilib oʻtirgan odamlar orasida oʻzi haqida gap boʻlayotgani va joni garovga qoʻyilayotganidan bexabar holda tevarakni jimgina kuzatib yotarkan, ichki bir sezgi bilan Maymoqning shu yaqin atrofda oʻralashib yurganini tuydi. Maymoq olmazorga enishdan avval Boʻrijardagi butazorga tanda qoʻyadi. U yerdan tishga bosgulik meva-cheva qidirib, tezroq qorong‘u tushishini kutadi. Qish erta kelishini sezgan ayiq zoti hamisha oshiqadi. Qish uyqusiga ketish oldidan badanidagi yog‘ zahirasini koʻpaytirish ilinjida yemishga zoʻr beradi. Bunaqa paytda yuho nafsini tog‘dagi mevalar bilan qondirish mushkul, shuningchun moʻl-koʻl ozuqa qidirib qoladi. Agar anovu yaramas Yoldorning g‘ashiga tegishini hisobga olmasa, olmazor juda bop joy. Maymoq undan zig‘ircha choʻchimaydi. Choʻchimagani bois ham har galgi yoʻnalishini hech oʻzgartirmaydi. Binobarin, bundan boʻlak iloji ham yoʻq. Negaki, odam bolasiga tegishli hududga doimo pusib yaqinlashmoq va soʻng tevarakni obdon oʻrganmoq zarur. Kim bor, kim yoʻq deganday. U shu niyatda qabrlar oralab borarkan, chekkadagi chog‘roq qabr tepasida toʻxtashga majbur boʻladi. Chunki tepa yoqalab oʻtgan yoʻldan narisi olmazor. Oʻng panjasi qabr ustida, chap panjasini xiyol oldinga choʻzgancha, olmazorni diqqat-la koʻzdan kechira boshlaydi. Bunaqa paytda barcha jonivorlar kabi koʻproq dimog‘iga ishonadi.

Koʻmilgan oʻljasini kavlab yeyayotgan jonivorlar harakatini koʻp kuzatgan Yoldor uning bu qilig‘ini oʻzicha tushunadi. Maymoqni qabrga daxl qilayapti deb oʻylaydi. Qabrda esa uning sevikli odami Safar yotibdi...

U Maymoq bilan boʻladigan tungi uchrashuvni oʻylab, ezgin ovozda uv tortib yuborganini sezmay qoldi. Qishloq itlari hushyor tortib, akillashga tushdi. Odamlar esa bu nidoga e’tibor ham berishmadi.

Ular Yoldorning vaqt-bevaqt uv tortishiga koʻnikib qolishgandi...

* * *

Doʻngda hanuz dilgir choʻzilib yotgan Yoldor itlarning navbatdagi akillashidan hushyor tortdi. Quloqlarini dikkaytirgancha qishloq tomon tikildi. Koʻrdiki, qishloq oʻrtasidagi sayxonlikda bir gala it qandaydir suvoriy ortidan akillab kelmoqda. Otliq notanish shekilli, itlar uni qishloq chekkasigacha uzatib kelishdi. Soʻng nomiga bir-ikki akillab, eran-qaron tarqalisha boshladi.

Itlarni koʻrgan Yoldorning koʻzlari yovuzona chaqnadi. Bezovtalanib oʻtkir tirnoqlarini yerga botirdi. Boʻg‘iq irilladi. Qani endi manovi yaramas maxluqlarni ovloq joyda uchratsa-yu, boʻg‘ziga tish botirib, obdon xumoridan chiqsa. U har bir itni oʻldirganda qasosning totli bir hissini tuyardi. Biroq bu lahzaga yetishish mushkul, negaki, itlar hech qachon osonlikcha tutqich bermasdi. Boz ustiga, uning qishloq oralaganini sezgan odamlar varanglatib oʻq uzib qolardi. Uzoqdan turib «tishlaydigan»; bu yaroqdan Yoldor juda choʻchirdi. U yana shuni yaxshi bilardiki, bu yaroq yaydoq joyda xavfli, tog‘da esa uning yomonligi kam, istagan bir buta yoki xarsang joniga oro kirishi mumkin. Eplab yashirina bilsang boʻldi. Bunaqa paytda uning hid bilish sezgisi favqulodda ochilib, g‘animi qaerda va qancha masofada guvranayapti, barini bilib, anglab turadi.

Sezdirmay uzoqlashishga hamisha ulguradi. Boshqa jonivorlar singari vahimaga tushmaydi.

Itlarga qiron keltirayotgan boʻlsa-da, qishloqda uning joniga qasd qiluvchi kimsa yoʻq edi. Hatto Ergash bodi ham boshda bu oʻydan yiroq edi. Qachonki, Yoldor shalpangquloq itini oʻldirib ketgandan soʻnggina, uning mavjudligini, shu atrofda oʻralashib yurganini his qildi. Itimdan keyin navbat qoʻylarimga keladi shekilli, bu yaramas qoʻramni boʻshatmaguncha tinchimaydiganga oʻxshaydi, degan xayolga bordi. Bu yetmagandek, Suyun cholning gapi hammasidan oshib tushdi: «Azob yegan jondor oʻsha odamdan qasdini olmasdan qoʻymaydi. Buni hayotda koʻp koʻrganman. Shuning uchun oldi-ortingizga qarab yuring»;. Ergash bodi nopisand kulgan boʻlsa-da, yuragiga hadik oralagan. Unda avvalroq oʻzim tinchita qolay uni, deya yeng shimarib ishga kirishgan.

Ammo Yoldorni mahv etish oson emasdi. Ergash bodi shoxida yursa, u bargida harakatlanardi. Ana shunday kunlardan birida ular tasodifan toʻqnash kelib qoldilar. Ergash bodi bu safar yaroqsiz edi, Dovonorti qishlog‘ini janozaga aytib kelayotgandi. Gʻanimlar Qilsoʻqmoqning yuqori qismida uchrashdilar. Qilsoʻqmoq azaldan Xudo qarg‘agan joylardan biri hisoblanadi. Pichoqda kesilgandek tik jarlik betidagi bu soʻqmoq Dovonorti qishlog‘ini vodiy bilan bog‘lab turuvchi yagona yoʻl edi. Ikki otliq bazoʻr sig‘arli bu yoʻldan hali odam bolasi yiqilib oʻlmagan. Uning birinchi qurboni Ergash bodi boʻldi.

Agar Ergash bodi soʻqmoqqa xiyol kechikibroq yetib kelganida yoxud uning oʻrnida boshqa bir kimsa boʻlganida, fojea yuz bermasligi aniq edi. Negaki, havoda terchigan ot hidi burqsib, tuyoq tovushlari eshitilgan zahotiyoq Yoldor iziga qayrilgandi. Uzun soʻqmoqni ildam bosib oʻtib, yonbag‘irlikdagi archazorga shoʻng‘imoqchi edi. Ularni devordan turtib chiqqan qizg‘ish xarsang ajratib turardi. Avval g‘animining hidini oldimi, yo qiziqish usutun chiqdimi, har holda jadal quyiga enayotgan Yoldor birdan toʻxtadi. Boshini burib, suvoriyning xarsang ortidan chiqib kelishini kuta boshladi. Sergak tortgan otini qichab kelayotgan Ergash bodiga koʻzi tushgach esa, beixtiyor irilladi. Uning oʻtkir nigohi bir zumda koʻp narsani, ya’ni otning xurkayotgani-yu egasining beparvoligini, eng muhimi, egar qoshida yaroq yoʻqligini ilg‘ab ulgurgandi. Gʻanimi bu safar qurolsiz edi.Shunga qaramay, u, odatiga xos, loʻkillab qochmoqqa tushdi. Agar Ergash bodi oʻzi va otiga dalda berish uchun «Hayt!»; deb qichqirmaganida, Yoldor soʻqmoqni adoqlab, archazorga bekinmoqchi edi.

Ergash bodining hadik toʻla bu hayqirig‘i undagi eski alamlarni qoʻzg‘ab yubordi. Ayniqsa, quyidagi manzara bor boʻyicha xotirasida jonlandi.

Oʻsha kuni hovli kimsasiz edi.

Yoldor ini yonida choʻzilib yotardi. Yoʻldan oʻtib borayotgan Ergash bodi eshikda qulf koʻrgach toʻxtaydi. U yon-bu yon qaranib, xunuk tirjayadi. Soʻng ketidan ergashib kelayotgan shalpangquloq itini Yoldorga gij-gijlaydi. Iti hamlaga oʻtish oʻrniga uning chotiga suqiladi. Bundan uning qahri keladi. Gʻingshiyotgan itini boplab bir tepadi-da, Yoldor tomon yuradi. Yoʻl-yoʻlakay yerda yotgan kaltakni qoʻliga oladi.

Yoldor endi ulg‘aygan, kuchga toʻlgan. Avvalgidek iniga suqilmaydi. Shum niyatda oʻziga yaqinlashayotgan g‘animiga irrilagancha peshvoz chiqadi. Ergash bodiga xuddi shu narsa kerak edi. Hali senmi menga irillaydigan, deya qoʻlidagi kaltakni ishga soladi. Ammo tezda kaltagini oldirib qoʻygach, tosh qidirishga tushadi. Boʻynidagi zanjirni uzish darajasida tortqilab, oʻziga tomon intilayotgan Yoldorni toshboʻron qilishdan biror huzur topmagach, naridagi qoʻradan uzun kaltak topib chiqadi. Bu orada hovli hangomatalab bolalarga toʻladi. Yoldor ular orasidan xaloskorini behuda qidiradi. Tiyrak nigohli bolani topolmagach, shaloq soʻzlar bilan soʻkingancha, oʻziga kaltak koʻtargan g‘animiga tashlanadi. Orada boʻynini sirib turgan zanjiriga ham og‘iz solib koʻradi...

Agar qoʻshni chol aralashmaganida, bu ish ne natija bilan yakunlanishi noma’lum edi. Qoʻshni chol Yoldorni ayab emas, Tolmas cholning hurmati uchungina oraga tushdi. Ergash bodini hovlidan haydab soldi.

Ergash bodi soʻkina-soʻkina uzoqlasharkan, Yoldorning yuragida oʻziga nisbatan qasos oʻtini battar alangalatgani va bir kun kelib, bu oʻtda oʻzi kuyib ado boʻlishidan bexabar edi. Qaytamga oʻz qilmishidan g‘oyat mamnun edi.

Payt topib, jonivorga tirg‘alishlarini keyinchalik ham qoʻymadi.

Mana endi, loʻkillab ketib borayotgan joyida keskin ortiga burilib, vajohatli bir tarzda yoʻliga koʻndalang boʻlgan Yoldorning qarshisida tang ahvolda qolgandi. Iziga qaytay desa, tor soʻqmoqdan otini ortga qayirish qiyin. Boz ustiga, sakramoqqa shay turgan yirtqich har lahzada hamla qilib qolishi mumkin. U yaroqsiz chiqqan oʻziniyam, ayni shu kunda qazosi yetgan qoʻshnisiniyam goʻriga g‘isht qalarkan, orada tezgina tubsizlikka koʻz tashlab oldi. Pastga qulasa, tariqday sochilib ketishini oʻyladi. Birdan bir quroli qoʻlidagi qamchisini mahkam changalladi, raqibining harakatlarini kuzatarkan, uning nigohiga nazari tushgach, yuragi orqasiga tortib ketdi. Yovuzona chaqnayotgan bu koʻzlarda uzoq va ilhaq kutilgan lahzaga favqulodda yetishganda paydo boʻladigan shunday bir ifoda mavjud ediki, bu holat yovuzlikning oʻzidan koʻra ming chandon dahshatliroq edi.

Ergash bodining tagidagi ot qoʻrquvdan titrab-qaltirab ortga tisarilardi. Koʻzlari olayib, burun kataklari kerilib ketgandi. Tuyoqlari ostidan koʻchgan tosh quyiga uchardi. Ayni tobda roʻparasidagi yirtqichdan koʻra, ostidagi otning talvasasi xavfliroq edi. U har soniyada jarga qulashi mumkin edi. Xuddi shuni sezganday, Yoldor oldinga sakradi. Ot qattiq kishnagancha, oʻzini ortga tashladi. Yuganga yopishgan egasining barcha urinishlari besamar ketdi. Shoʻrlik jonivor ustidagi suvoriysi bilan jarga quladi.

Qishloq ahli bu fojeadan nimanidir sezgandek esa-da, Yoldorni ayblovchi topilmadi. Qilsoʻqmoqning boʻlgani shu — vaqt-bevaqt qurbonlik talab qilib turadi. Har yili bu soʻqmoqdan nechtalab qoʻy-qoʻzilar yiqilib oʻlmaydi deysiz. Choʻponlar bariga chidaydi, yuqori yaylovga olib chiqadigan boshqa yoʻl boʻlmagach, chidamay qayoqqa ham borishardi.

Gʻanimi jarga qulagandan soʻng, Yoldor darhol soʻqmoqni tark etmadi. Yuz bergan bu voqeadan hayron boʻlgandek, choʻnqaygan koʻyi jar labida uzoq turib qoldi. Soʻng oʻzining mungli qoʻshig‘ini boshlab yubordi. Tiyrak koʻzli bolakayni qoʻmsab, choʻzib-choʻzib uv tortdi. U bolakayni oʻngida emas, tushlarida ham sog‘inardi. Yag‘rinida uning iliq kaftini his etib, g‘ingshib-g‘ingshib qoʻyardi va uyg‘onib oʻzini qoʻnalg‘alaridan birida koʻrardi.

Yoldorning muqim ini yoʻq edi. Qoʻnolg‘alari esa serob edi. Oyog‘ini uzatmoq istasa, oʻsha qoʻnolg‘alardan birini tanlab, bahuzur choʻzilardi. Bu unga tutqunlikdan odat boʻlib qolgandi. Zero, tutqunlikda inidan ishonchliroq joyning oʻzi yoʻq edi. U ham oʻzga jonivorlardek, qoʻnalg‘alarini sir tutardi. Choʻzilmoqni istasa, avvaliga obdon tevarakni kuzatar va soʻnggina orom uchun yastanardi. Koʻzi ilinganda esa, goh itlarga talanayotganini, goh bolakayning silab-siypalayotganini tush koʻrardi. Qisqasi, tutqunlikdagi xotiralari uni mudom tinch qoʻymas, doimo ta’qib etgani etgan edi. Bolani qoʻmsagan kezlari esa choʻzib uv tortar, soʻngsiz bu nidolar uning dardli «doston»;i—alam va armonlari edi.

Yoldor bu «doston»;ni deyarli har tun kuylardi. U hanuz ikki sarhad oʻrtasida—kishilik dunyosi bilan yovvoyi olam oʻrtasida sarsonu sargardon kezinardi.

Qishloqni tark etolmaganidek, yovvoyi olam qoʻyniga ham toʻla singib ketolmasdi.

U qishloq itlari tomonidan «uzatib»; qoʻyilgan otliqni loqayd kuzatarkan, u yaqinlashavergach, oʻzini panaga tortdi. Buning uchun xiyolgina chapga surilish bilan kifoyalandi, ya’ni sovuq shamolda chayqalib, yelkasini siypalayotgan buta novdalari orasiga yaxshilab yashirinib oldi. Ammo quyidagi soʻqmoq boʻylab horg‘in odimlayotgan ot baribir hidini sezdi. Quloqlarini ding qilib, ketma-ket pishqirdi. Taysallandi va bu qilig‘i uchun serzarda suvoriy tomonidan achchiq qamchi bilan siylandi. Otning badaniga tekkan zarbani Yoldor oʻz tanida his etgandek, yomon tirishdi. Tumshug‘ini oyoqlari orasiga suqib, ingrashnamo g‘ingshidi. Haytovur, suvoriyga Xudo insof berib, otni qamchilashni bas qildi. Soʻkinish bilan cheklandi.

Yoldorning nazarida, odam bolasining turgan bitgani shu, salga qoʻliga erk beradi.

Tutqunlikda u buni koʻp kuzatgan. Oʻzining hovlida saqlanishi negadir koʻpchilikka uncha yoqmas va shu bois, bobo va nevaraning kayfiyati tez-tez buzilib turardi. Bobo odamlarning gap-soʻzlariga mayllik bildirardi-yu, lekin qaysar nevarasining koʻnglidan oʻtolmasdi. Shunday paytlarda girdini yomg‘ir yuvgan supa labiga mahzun choʻkib qolardi. Aksiga olganday, xuddi shu lahzada qoʻra biqinida qantarig‘li kulbet hanginiki tutib qolardi. Quloqni qomatga keltirib, hangrashga tushardi. Oqibat, chol bor alamini undan olardi. Xalachoʻp bilan rosa savalardi.

Lekin u biron marta ham Yoldorga qotinmagan. Uni boshqalar urishgan. Shuning uchunmi, miltiq ovozidan ham koʻra, kaltakdan koʻproq choʻchiydi. Choʻchiydi-yu, biroq qaytmaydi...

* * *

Miltiqni yelkaga osib, ermak uchun tog‘ma-tog‘ sanqish boshqa-yu, ma’lum bir jonivorning izidan tushish boshqaligini Sarvar birinchi kuniyoq anglab yetgandi.

Odatda, ov kishiga bir olam zavq bag‘ishlaydi. Biror oʻljani qoʻlga kiritsang-kiritmasang, uzzukun shu tuyg‘u izmida harakatlanasan. Horish neligini bilmaysan. Biroq maqsad aniqlik kasb etsa, bu hisni ortiq tuymaysan. Jonsaraklanasan, poylaysan, yurasan, qidirasan va oʻljang tutqich bermagani sari, fig‘oning koʻkka oʻrlab, g‘azab otiga minasan. Ov oʻzining odatiy sir-sinoatini yoʻqotib, oʻta yoqimsiz bir yumushga aylanganini sezasan.

Agar oʻsha kuni Shoyim yoʻg‘on bilan garov oʻynamaganida, Sarvar bu ishdan allaqachon voz kechgan va hatto ichgan qasaminiyam unutib yuborgan boʻlardi. Aslida bariga bodiligi aybdor. Shu fe’li tufayli hamisha yoʻq yerdagi g‘avg‘olar bilan boshini og‘ritib yuradi. Oʻshandayam kutilmaganda bodiligi xuruj qilib qoldi.

Puli bilan maqtangisi keldi. Ammo u kutgan hodisa yuz bermadi. Qoʻlidagi pulga qayrilib qarovchi boʻlmadi. Sezdiki, ovozidagi kibr ohangi yoqmadi ularga. Bundan xijolat tortmadi, qaytamga ich-ichidan istehzoli kuldi. Xuddi bir vaqtlar uyida mardikorchilik qilgan talaba yigitning ustidan kulganday kuldi.

Oʻshanda talaba yigit g‘alati gap qilgan. "Aka, xafa boʻlmang-u, shu-u, sizlarda hayrat yetishmaydi. Hamma narsani aniq oʻlcham va holatda koʻrasizlar.

Bolalaringiz ertakka, oʻzingiz afsonaga ishonmaysiz. Aniqlik ruhni oʻldiradi, afsona esa ruhga cheksiz parvoz bag‘ishlaydi. Ayni shu ruh yetishmaydi sizda...« Sarvar istehzoli tabassum bilan cheklanmagan, oʻzicha gap bilan uzib olgan: »;Afsonaga ishonganingdan mardikorchilik qilib yuribsan-da!" Talaba, sizga gapirish befoyda, deganday boshini eggan, soʻng manglayini qashlab, yangi tushayotgan qoʻshqavatli imoratga, hovlini kengaytirish maqsadida chopib tashlangan daraxtlarga, ikkinchi qavatga olib chiqadigan naqshinkor zinapoyaga berilib gul chizayotgan keksa ustaga bir-bir boqarkan, oʻychan nigohini yana uy egasiga qadagan. Achinishini yashirmagan. Bu holatdan Sarvar hang-mang turib qolgan. Qiziq, yupun bir talaba unga achinyaptimi?

Nima uchun?

Biroq bu xil mayda-chuydalar ustida bosh qotirishga koʻnikmagani uchun sababini soʻramagan. Nazarida, bajarishi lozim boʻlgan yumushlari shu qadar koʻp ediki, bir lazhaga chalg‘ishi mumkin emasdek edi. Lekin dard degani yomon ekan, har qanday orzu havasing va bu yoʻlda tinimsiz yelib-yugurishlaring bir chaqaga qimmat ekan. Xuddi shuni sezganday, tabib chol gapning loʻndasini aytdi-qoʻydi.
— Jon kerak boʻlsa, dardga bee’tibor qaramang, — dedi ortiq ezmalanmay. — Manovi damlamani kanda qilmay ichib turing. Tog‘dagi bodomzor havosidan nafas oling. Bahor yoki yozni kutib turmay, hoziroq joʻnang! Xudo xohlasa hech narsa koʻrmaganday boʻlib ketasiz.

Doʻxtirlardan uncha naf koʻrmagan Sarvar tabib cholning aytganiga koʻndi. Tavakkal deya toqqa keldi. Kelganda ham dardmand kishi sifatida emas, yarog‘iyu ovchi iti Dikkiquloq bilan keldi. Keliboq shuni bildiki, bu yerda qoʻy-qoʻzilar juda arzon ekan. Uzoq oʻylab turmay, kishilardan bir talay jonliq xarid qildi. Olganlari chog‘roqqina bir suruv boʻldi. Agar tomog‘iga jindek yaxshi qaralsa, har bir jonlig‘i shaharda birga uch tashlab turibdi-da. Mana foyda qaerda!

Endi esa oʻsha «foyda»; xavf ostida qolgandi. Yoldorni aytilgan muddatda tinchitmasa, suruvni qoʻsh-qoʻllab Shoyim yoʻg‘onga topshirishiga toʻg‘ri keladi. Agar yutsa... Ammo hamma balo shundaki, Yoldor deganlari anoyi jonivorlardan emas ekan. Xudoning balosi, qidirganingda yoʻqolib, qidirmaganingda qarshingdan chiqib turadi, xuddi kalaka qilayotganday.

Bu yetmagandek, oqshomlari Gʻuchchi pakana yarasiga tuz sepgani sepgan edi. Derdiki, bugun uni Oʻtovlisoyda koʻrdim. Oʻsha kuni Sarvar Toshlisoyda tentigan boʻladi. Ertasi umid bilan Oʻtovlisoyga borsa, Yoldorni butunlay boshqa bir manzilda koʻrishganini aytishadi.

U Gʻuchchi pakana ustalik bilan qovurgan etdan bir boʻlagini og‘ziga solarkan, xunobi oshganidanmi, ishtahasi yoʻqolganini sezadi. Shishadan oʻziga aroq quyadi.
— Ellik grammdan oshirmayman degandingiz-ku, aka, — deydi Gʻuchchi pakana uning bu qilig‘idan ajablanib.
— Negadir yuragim siqilib ketayapti, — deydi Sarvar nafsini tiyishga tirishib. — Shaharda buni yashiklab ichardik.
— Shuning uchun ham tovga davo qidirib kep oʻtiribsiz-da...

Sarvar oldidagi aroq toʻla piyolani istar-istamas nari suradi. Gʻuchchi pakana xuddi shuni kutib turganday, piyoladagini liqqa yutadi. Chapillatib et chaynaydi. Bugun suruvni yaxshi oʻtloqda boqqanini aytib maqtanadi. Ertangi rejalarini bildiradi. Sarvarning esa qulog‘iga gap kirmaydi. Uning ovqat yeyishini havaslanib kuzatadi. Bu temirniyam hazm qilib yuborsa kerak, deb oʻylaydi. Soʻng xayoli yana Yoldorga og‘ib, kayfiyati battar tundlashadi. Beixtiyor shishaga qoʻl choʻzadi...

Mana shunday oqshomlardan birida Gʻuchchi pakana Yoldorga xiyonat qildi. Uning ayrim tunlari Qoratepaga kelib turishini og‘zidan gullab qoʻydi. Atay emas, shunchaki befarosatlik qildi. Holbuki, qishloq ahli buni Sarvardan sir tutishgandi. U esa og‘zini toʻldirib sotdi. Bariga Sarvarning boʻri haqidagi ayrim hangomalariga ishonmasligi sabab boʻldi. Oʻziga ortiq darajada bino qoʻygan bu odamning osmonga qarab qah-qah otishi Gʻuchchi pakananing nafsoniyatiga tegdi. Qizishib, andak tutaqib, oʻzi guvoh boʻlgan bir voqeani soʻzlab berdi. Har ikki gapning birida, biz bandalar shu jondorcha emasmiz, deya ta’kidlab turdi.

Bola jon bergan tunda Gʻuchchi pakana Tolmas cholnikida edi. Chol uni faqir va xokisorligi uchun yaxshi koʻrardi. Kelsa, izzatini qilardi.

Oʻsha tunda Yoldor qattiq bezovtalanadi. Gʻingshiydi, ingraydi va uvlab olamni buzadi. Tolmas chol undan yirtqichni zanjirdan boʻshatishini soʻraydi. Mayli, ketsa ketsin, deydi. Biroq zanjirdan boʻshatilgan Yoldor hech qayoqqa ketmaydi.

Gʻuchchi pakana kutgandek, tun qoʻyniga singib yoʻqolmaydi. Toʻg‘ri bola yotgan xonaga kirib boradi. Bemorni tevaraklab oʻtirganlarni lol qoldirib, bolaning bosh tomoniga oʻtib choʻnqayadi. Yuziga termulgancha turib qoladi.

Saharga yaqin bolaning joni uzilgach, uni uydan haydab chiqardilarmi yo oʻzi ketdimi, Gʻuchchi pakana buni eslayolmaydi. Ammo bolaning tobuti yerdan koʻtarilishi oldidan yana hovlida paydo boʻladi. Somonxona devori yonida choʻnqayib, koʻzlaridan duv-duv yosh toʻkadi. Buni Gʻuchchi pakana koʻrmagan, eshitgan. U ikki yigitni qavatiga olib qabr kavlagani ketgandi. Dafn marosimi paytida Yoldorni mozor yaqinida koʻrgani chin. Jonivor ezgin bir holatda kishilarning hatti-harakatlarini sinchkovlik bilan kuzatib turgan.

Qishloq ahlining yuragini oʻrtagan ikkinchi hodisa sal keyin yuz berdi. Tuproq yoʻldan g‘amgin odimlashayotgan odamlar ortdan eshitilgan hazin nidodan ajablanib, xushyor tortishadi. Bunaqa paytda ortga, Qoratepaga qayrilib qarash taomilga toʻg‘ri kelmasa-da, hamma iziga oʻgirilishga majbur boʻladi. Qarashsaki, yangi qabr boshida Yoldor koʻkka tumshuq choʻzgancha, hazin uv tortmoqda. U shu qadar mungli uv tortadiki, yurakning bardosh bermog‘i qiyin edi.

Odamlar orasida boshi egik borayotgan Tolmas chol ortiq chidayolmaydi. Oʻkrab yuboradi. Qoratepada Yoldor, tuproq yoʻlda Tolmas chol basma-bas «uv»; tortmoqqa tushadilar.

Hamma shoshib qoladi.

Mijjalar yoshlanadi.

Tolmas cholga qiyin edi. Kimsasiz qolgandi u. Yolg‘iz oʻg‘lidan yolg‘iz yodgor boʻlmish nevarasidan judo boʻlgan chol aytib-aytib yig‘laydi. Hademay qavatingga boraman, kutgil meni, bolam, bolajonim, deya boʻzlaydi.

Haqiqatan u uzoq kutdirmadi. Bolaning qirqi oʻtib-oʻtmay, bu dunyoni tark etdi.

Chol dafn qilingan kuniyam Yoldor tuni bilan Qoratepada uvlab chiqdi.

Gʻuchchi pakana buning bariga guvoh edi. Hammasini bila turib, Yoldorning Qoratepaga kelib turishini yetti yot begonaga aytib qoʻydi. Soʻng esa shosha-pisha xatosini toʻg‘rilashga urindi.
— Lekin Qoratepada oʻq otmaydilar. Gunoh boʻladi!

Sarvar u toʻlqinlanib hikoya qilgan voqeani loqayd eshitdi. Ammo Yoldorning Qoratepaga kelib turishini e’tiboridan qochirmadi. Gʻuchchi pakananing keyingi gapidan esa quturib baqirib yubordi. Gʻuchchi pakana xokisor, biroq anchagina oriyatli edi.
— Nimaga menga baqirasiz?! — dedi koʻzlarini chaqchaytirib.
— Men sizga xizmatkor emas, ukaman! Sizdan uka sifatida iltimos qilayapman. Otmang shuni! Yuraversin oʻz maylida. Toʻrt-besh itni oʻldirgan bilan qishloqda kuchuk kamayib qolarmidi. Ertan Shoyim yoʻg‘onning oldiga oʻtaman. Garovingdan kech deyman! Yoldor bizga begona emas deyman!
— Kechmasa-chi!
— Kechmasa, oʻldiraman uni! — Gʻuchchi pakana mushtini doʻlaytirib, mastona chayqaladi. — Aslida u odam emas, yoshligida gunohni koʻp qilgan deyishadi. Hozir ham odam bolasiga qayishmaydi. Toʻg‘ri, soʻzida turadi, bergan va’dasini bajaradi. Shunga qaramay, baribir inson emas u. Qachon qaramang, qovog‘ini osib yuradi. Ertan borib, garovdan kech, deyman! Kechmasang oʻldiraman deyman!

Sarvar qizlardan hech omadi chopmagan bu odamchaning behuda chiranishlaridan ichida kularkan, uning popugini pasaytirish uchun nozik gap qildi.
— Unda men topgan qiz hali-veri erga tegolmas ekan-da.
— Nima deganingiz bu, aka? — Gʻuchchi pakana hushyor tortdi.
— Gapingizga qaraganda, uylanish niyatingiz yoʻqqa oʻxshaydi.
— E, yoʻq, ertagayoq uylanishga tayyorman, — Gʻuchchi pakananing ovozi qaltirab ketadi. — Men tengilar uch-toʻrt bolaning otasi boʻldi! Men yuribman itning orqa oyog‘i boʻlib. Bu yog‘iga bir akalik qiling. Butun umidim sizdan, akajon! Bu dunyodan xotin quchmay oʻtib ketmaylik.
— Men sizga tushunmay qoldim, — Sarvar ajablangan kishi boʻladi. — Bir uylanaman deysiz, bir Shoyim yoʻg‘onni oʻldiraman deysiz, qaysi biriga ishonay?
— Uni oʻldirish menga ne zaril, kayfda odam nimalar demaydi, aka.
— Unda bu yoʻlda Yoldorni qurbon qilamiz.
— Qanday qilib?
— Qoratepada otib oʻldiramiz.
— El nima deydi?
— Tunda birov bilib oʻtiribdimi?
— Gunohdan qoʻrqaman, aka!
— Men otaman, siz shunchaki yonimda boʻlasiz.
— Tunda mozordan qoʻrqasizmi?
— Har holda...
— Men ham qoʻrqaman!
— Yorning vasliga yetishmoq uchun odam hech narsadan qaytmasligi kerak.
— Toʻg‘risi, Yoldorga achinayapman! — Gʻuchchi pakana xomush tortadi. — Keyingi kunlarda yomon achinayapman.
— Garovda yutqizsam, kim menga achinadi?
— Halitdan yuragim uvushib ketayapti lekin...
— Jononga yetishsangiz, hammasi esdan chiqib ketadi.
— Qiz-qiz deb toza jonimni olayapsiz!
— Jon oladigan hurliqoda ular, — Sarvar ovoziga sirli tus beradi. — Bitta emas, oʻnta jonni tikishga arziydi.
— Shunchalik zoʻrmi?

Sarvar bu gapga e’tibor bermagan kishi boʻlib, iddao qilishga oʻtadi:
— Siz esa Yoldorga achinaman deysiz. Biz otmasak, erta bir kun baribir boshqa birov oʻldirib ketadi.
— Shunchalik zoʻrmi, a, aka?! — Gʻuchchi pakana uning gapiga e’tibor bermay, battar tipirchilaydi.
— O-o! — Sarvar koʻzlarini yumib, boshini sarak-sarak qiladi. — Sutga chayilganday bari. Tanlab-tanlab olaverasiz.
— Oʻh-h, oʻlib qolaman hozir! — Gʻuchchi pakana qaltirab dasturxon chetidagi shishani qoʻliga oladi. — Yuz gramm ichmasam, yuragim tars yorilib ketadi!

Bari sutga chayilganday deng?! Voy, akami-iy, siz uchun unday jondorlarning oʻntasini qurbon qilib yuboramiz! Sizgayam quyaymi? Ozgina, koʻp emas, ozgina. Ertan qavatingizda boʻlaman. Uning qaerdan kep, qaerga ketishini yaxshi bilaman. Doim bolaning qabri tepasiga kelib ketadi. Toʻg‘ri aytasiz, biz otmasak, baribir boshqa birov oʻldiradi. Shuning uchun koʻzni chirt yumamiz! Koʻzni chirt yumib... Keyin esa uni izzat-ikrom bilan koʻmamiz!
— Ha, unga aza tutamiz, — Sarvar kafti bilan qansharini qashlagan boʻlib, miyig‘ida iljayadi.

Gʻuchchi pakana kalaka boʻlayotganini sezmay, bu gapni qizg‘in ma’qullaydi. Soʻng Yoldor haqidagi gurung yana qizlarga ulanib, Sarvar yigitni entiktiruvchi yolg‘on-yashiq taassurotlarga erk beradi. Gʻuchchi pakana esa bolishni quchoqlab, tuni bilan uxlayolmay chiqadi.

* * *

Maymoqning navbatdagi tashrifi boʻlmaganida, Yoldor bugun Qoratepaga enishni xayoliga ham keltirmagandi. Nega deganda, shusiz ham tashvishlari yetib ortardi. Peshinda Yashildaraorti boʻrilar galasining hidini olganidan beri, oʻzini qoʻyarga joy topolmay qolgandi.

Mudom koʻchib yuruvchi bu toʻdani eski g‘animi Boʻzboʻri boshqaradi. Sharqdan qoʻzg‘olgan izg‘irin olib kelgan bu hidni tuygan Yoldor dastlab taajjublanadi. Keyin sergak tortadi. Havodagi isga qarab, gala allaqachon unga qarashli hududga qadam qoʻygani va lallayib oʻtiraversa, ular yanada hadlaridan oshishlari mumkinligini fahmladi. U birdan quturib ketadi. Tirnoqlarini yerga botirib, vahshatli irillaydi. Bu bilan qanoatlanmay, archa tanasini timtilaydi. Soʻng archa tubiga peshobini sochib, sharqqa intiladi.

Hudud uchun kurash hech qachon oson kechmagan. Hudud egasi yo g‘olib, yo mag‘lub boʻlishi kerak. Shuningdek, uchinchi yoʻli ham bor. Bu — xoʻrlik. Ammo xoʻrlik bilan oʻlim orasi hamisha bir odim. Yoldor xoʻrlik qurboniga aylanib, hayotdan erta koʻz yumgan jonivorlarni koʻp koʻrgan. Oʻziga qolsa, xoʻrlikdan oʻlim ming marta afzal. Odatda, kuchi taniga sig‘maydigan yovqur jonivorlar doimo ikki yoʻldan birini tanlaydi. Ular uchun uchinchi yoʻl yoʻq.

U soylardan sakrab, archazorlardan quyunday uchib, hududining sharqiy chegarasi hisoblanmish tor yalanglikka yetib kelganda, hanuz g‘azabdan quturmoqda edi. Uchragan qorani burdalash vajohatida edi. U itlar kabi qahrga erk berib, boʻrilarga xos viqor va sovuqqonlikni butunlay unutib qoʻygandi. Bu yaxshilik alomati emasdi. Negaki, g‘azab kuchni qirqib, aql-idrokka pand beradi. Qonli toʻqnashuvlarda esa kuch qatori, idrok hamisha muhim rol oʻynaydi.

Biroq bunda Yoldorni koʻpda ayblab boʻlmasdi.

U tutqunlikda ne balolarni boshidan kechirmadi. Kimlar uning g‘ashiga tegmadi. Oʻtgan ham qotingan, qaytgan ham. Oqibat, u itlardek serzarda maxluqqa aylangandi. Itlardan farqli jihati, koʻringan qoraga irillayvermaydi. Inida tinchgina yotishni oʻylardi. Biroq uni oʻz holiga qoʻyishmasdi. Endigina bohuzur choʻzilganda, boʻynidagi zanjirning tashqarida qolgan qismi shildirab, kimdir uni tishga torta boshlardi. U murosa ilinjida asta irillaydi: «Tinchimga qoʻysang-chi!»; Bunga javoban ermaktalab kimsa battar irshanglaydi. Boʻynidagi tasma tomog‘ini boʻg‘a boshlagach, u tahdidli irillaydi: «Chiqsam, chatog‘ingni chiqaraman! Gʻashimga tegma koʻp!»; Bu ifodani barcha jonivorlar, hatto eng kaltafahm it ham ilg‘ashi mumkin. Lekin odamzod undagi ma’noni hech qachon tushunmaydi. Yoldor inidan boshini chiqarishi bilan ura qochishnigina biladi. Ba’zilari ortiq tirg‘almay, darrov keta qoladi. Ayrimlari esa naridan turib toshboʻron qilishga tushadi. Yoldor tumshug‘i, yag‘rini va biqiniga kelib tushayotgan zarbdan chinakamiga quturadi.

Xuddi qopag‘on itlardek olg‘a sapchiydi. Burdalash qasdida toʻlg‘onadi.

Bu xil qotinishlar tufayli undagi boʻrilarga xos tabiiy viqorga putur yetgandi. Itlardek jizzaki bir maxluqqa aylangandi. Ammo tinch paytlarida yana asliga qaytardi. Tunlari yulduz toʻla osmonga boqqancha, hazin va mungli qoʻshig‘ini boshlab yuborardi.

Bunday vaqtlarda u olamni unutardi. Xayolan tog‘larda erkin chopqillab yurardi.

Holbuki, tog‘larda emin-erkin chopqillab yurish unga nasib etmagan. Koʻz ochib koʻrgani og‘zi tor, toʻri keng oʻngir boʻlgan. Oʻngirda oʻzidan boʻlak yana toʻrtta og‘a-inisi bor edi. Bari bir-biridan shoʻx edi. Yorug‘ olamga, ya’ni tashqi dunyoga birinchi boʻlib u intilgan. Koʻzlari quyosh nuridan qamashib, bir zumga garang turib qolgan. Olamda hidlar koʻpligini shunda anglagan. Shabadada chayqalayotgan buta novdasiga, xarsangtosh ustidan yoʻrg‘alab borayotgan kaklikka lolu hayron tikilib turganida, qaerdandir onasi paydo boʻlgan. Yelkasidan beozor tishlab qorong‘i iniga olib kirgan. Onasining bu harakatida u tahlikaga oʻxshash nimadir sezgan. Ayrim paytlarda ota boʻrida ham shu narsani his etish mumkin edi. Bu esa uning jimitdek yuragida tashqi olamga nisbatan qiziqishni yanada kuchaytirardi. Xullas, quyoshli olamni koʻrishga ulgurgan Yoldor shu kundan e’tiboran inida tinch oʻtirolmay qoldi. Bir kuni oʻngirdan ancha uzoqlashib ketdi.

Og‘zi qalin buta bilan ihotalangan oʻngir quyuq archazor doʻnglikda joylashgandi. Doʻnglik pasti toshloq sayhonlik boʻlib, sayhonlikdan soʻng yana archazor boshlanardi. Archazorda yovvoyi jonivorlar yurishidan hosil boʻlgan chalkash soʻqmoqlar serob edi. Yoldor ana shunday soʻqmoqlardan biriga tushib qolib, pildiragancha boshi oqqan tomonga keta boshlaydi. Bu kamdek, u yoʻlda kakliklardan biriga alahsiydi. Kaklik quloqlari dikkaygan bu beoʻxshov jonivorni hiyla yergacha ergashtirib borib, birdan uchadi ketadi. Yoldor anqaygancha qolaveradi.

U adashib qolganini keyin sezib, g‘ingshimoqqa tushadi. Tumshuqchasini oldinga choʻzib, tanish va qadrdon hidlarni qidiradi. Onasining iliqqina quchog‘ini shu qadar qoʻmsaydiki, yuragi toriqqanidan zorli ovozda ingillab yuboradi. Xuddi shu payt oʻngir tarafda nimadir ketma-ket qarsillaydi. Soʻng oʻlik sukunat choʻkadi. Qoʻrquvdan oʻzini archa payiga urgan Yoldor toshdek qotadi. Qimirlasa yana nimadir yuz beradigandek, hatto koʻzlarini ochishdan hayiqadi. Saldan soʻng gumburlagan ovozdan esa oʻtakasi yorilish darajasiga yetadi. Umrida eshitmagan bu sadodan tog‘lar qaldirab, archa tanasi titrab ketganini sezadi.

Dahshatdan archa payiga qapishgan Yoldor shu sozda qancha yotdi bilmaydi. Lekin dunyoda qoʻrquvdan ham kuchliroq shunday bir narsa bor ediki, u har qanday tirik jonni harakatlantirmasdan qoʻymasdi. Buning oti ochlik edi. U ochlikka toqat qilolmay, biqingan joyidan asta chiqadi. Duch kelgan soʻqmoqqa tushib, pildirab keta boshlaydi. Bir ozdan soʻng sharpani sezib, oʻzini tovatosh panasiga oladi. Biroq sharpa-Safar uni allaqachon payqab ulgurgandi...

Mana shu tarzda Yoldor tog‘lardan ayro tushadi. Odam bolasining asiriga aylanadi. Ota-onasi va oʻngirdagi og‘a-inilarining taqdiri ne kechganidan bexabar qolaveradi.

Aslida voqea bunday boʻlgandi. Oʻngirdagi jonivorlarni payqab qolgan choʻponlar katta boʻrilarni otib tashlab, uyani portlatib yuborishgandi. Quyidarada oʻralashib yurgan geologlar bir qoʻzi uchun ulardan portlatgichlarini ayamagan.

Shu tariqa, esini tanib-tanimay, uning koʻrgani devorsiz hovli, yotog‘i qoʻpol taxtalardan naridan-beri yasalgan kenggina in boʻldi.

U tutqunlikda zohiran oʻzligini yoʻqotganday esa-da, botinan aslicha qolgandi. Negaki, u oʻz vaqtida tog‘larga dahshat solgan keksa boʻri Oqtishning zurriyoti edi. Unga ota boʻrining kuch-qudrati, ziyrakligi va yovqur tabiati meros boʻlib oʻtgandi. Shuning uchun Yoldorning ichida doim bir quyun oʻynardi. Bu quyun uni tog‘u toshlarga undar, koʻnglida adoqsiz va anglarsiz tuyg‘ularni uyg‘otardi. Oysiz tunlari koʻkka boqib uvlarkan yuragida kechayotgan bu hislarni tushunolmay garang boʻlardi. U kunduzlari bir oz tinchlanar, tunda esa bari yana qaytadan boshlanardi.

U tunda bu olamga sig‘may qolardi.

Yoldor tor yalanglikka itday g‘azabkor vajohatda yetib kelarkan, tabiiy idrok baribir ustivorlik qildi. Qahrga erk berib, katta xatoga yoʻl qoʻyganini anglab yetganday, hayratli darajada osoyishtalik bilan tevarakni oʻrgana boshladi. Toʻda bu yerda kattakon toʻng‘izni tinchitib, iziga qaytmay, qoʻshni hududga oʻtib ketganini tezda aniqladi. Yoldor qoʻshni hudud egasi Kulbet boʻrini yaxshi taniydi. Chog‘roq toʻdani boshqaradigan bu jonivorning yaxshi odati, oʻzgalar mulkiga hadeganda suqilavermaydi. Shuningdek, oʻz yeriga qadam qoʻyganlarni ayab oʻtirmaydi. Boʻzburi toʻdasi esa uning aksi, tog‘ qolib, keng dashtga ham enishadi. Doim hammadan dakki yeb yurishadi.

Yoldor yoʻqolib ulgurmagan hidlar orasidan Boʻzboʻrining tanish isini uchratmadi. Bundan chiqdi, toʻdani oʻzga boʻri boshqarmoqda ekan-da. Koʻp oʻtmay u bunga toʻla amin boʻldi. Notanish toʻda boshlig‘i kulrang xarsang sirtiga oʻz belgisini qoldirib ketgan ekan.

Belgi, odatda, turlicha ma’noni ifodalaydi. Hududga da’vogarlik, tajovuzkorlik, nopisandlik va hatto mazaxli belgilargacha boʻladi. Belgisiga qarab, jonivorning nelarga qodirligini aniqlash qiyin. Ammo nopisand belgi egasi koʻpincha ahmoq, oʻpkasi yoʻq jonivor boʻlib chiqadi. U taxminan mana shunday belgi qoldiradi: «Hozircha shoshib turibman, lekin albatta qaytaman!»; Haqiqatdan u qaytadi. Lekin to qaytguncha hudud egasini qoniga tashna qilib yuboradi.

Yoldor xarsang sirtiga boplab oʻz javob belgisini qoldirgan boʻlsa-da, bundan koʻngli tariqcha taskin topmadi. U yaxshi biladiki, raqibi bilan qonli toʻqnashuv yuz bermaguncha, halovat topishi mushkul. Ammo hamma gap shundaki, u bilan qachon uchrashadi?

Ertami yo indingami?

Balki biror soatlardan soʻngdir?

Gʻolib boʻladimi yo mag‘lub?

Ayni shu mavhumlik Yoldorni qiynab yuborgandi. U kun boʻyi shuning ta’sirida yurdi. Soʻng suyukli maskanlaridan biri, qishloq yaqinidagi oʻsha siyrak archali doʻnglikdan qoʻnim topdi.

Hududi keng boʻlsa-da, u boʻsh vaqtining koʻp qismini mana shu doʻnglikda oʻtkazardi. Qishloqni qoralab yashardi. Boʻzboʻri galasini dovonortiga quvib, ulkan hududga allaqachon ega chiqqan esa-da, hanuz qishloqdan uzoqlashib ketolmasdi. Qishloqqa oʻz mulkidek qaramasa-da, haddi sig‘ib uni bemalol oralardi. Oralamagan tunlari kam boʻlardi. Oralarkan, tutqunlik davri oʻtgan hovliga albatta bosh suqib oʻtardi. Eshik va derazalari zich yopiq kimsasiz kulba tevaragini uzoq aylanardi. Bolaning izlarini qoʻmsab, ichdan nola tortardi. Bu yerda hamma narsa oʻz holicha saqlangan, faqat ini oʻg‘irlab ketilgandi. Oʻg‘rilar bir tun eshik va derazalarni ham qoʻporib ketishmoqchi boʻlishgan, biroq hovlida Yoldorga duch kelishib, juftakni rostlashgan. Qishloqda, Yoldor tuni bilan kulbani qoʻriqlab chiqarkan, degan gapni tarqatishgan. Bu gapga kimdir ishondi, kimdir yoʻq, ammo tekshirib koʻruvchi biror mard topilmadi. Qishloq itlari esa uning sharpasini ilg‘ashi bilan in-inlariga urib ketadi. Hatto ba’zida ovoz chiqarishga yaramaydi.

Yoldorning qishloq oralashidan boxabar kimsalar, uning bu xil tashriflarini favqulodda hodisa deb bilishmaydi. Ularning birdan-bir bilganlari, Yoldor tutqunlikdan xalos boʻldi-yu, qishloqqa oʻzga boʻrilar dorimay qoʻydi. Biroq bundan odamlarni minnatdor deb boʻlmasdi. Ular uchun Yoldor shunchaki bir boʻri va munosabatlari ham shunga yarasha edi: «Jondor zoti hech qachon kishiga el boʻlmaydi, hushyor turmasang, koʻzingni oʻyib ketishi mumkin»;. Yoldorning esa bu gaplar bilan ishi yoʻq, yovvoyi olam qonuniga boʻysunib yashardi. U yovvoyi olamga hurkak jonivor sifatida emas, yovqur bir maxluqot sifatida kirib keldi. Boʻzboʻri uning raftorida oʻta xavfli bir raqibni koʻradi va boplab ta’zirini berib qoʻyishni istaydi. Bundan sal avval bu hududning haqiqiy egasi Yassiboshning tavbasiga tayantirgandi. Yassibosh bu oʻlkaga qanjig‘i Oqsiyna bilan hukmronlik qilardi.

Agar Boʻzboʻri Oqsiynaga dahl qilmaganida, Yassibosh bu tizginsiz toʻdaga roʻparu kelib oʻtirmasdi. Nari borsa, odatdagidek, oʻzini koʻrmaganga olardi. Negaki, Boʻzboʻri toʻdasi biror hudud etagini muqim tutmagan, nuqul koʻchib yurardi. Qish chillasida dashtga enib, bu tomonlarda kun ilish oldidan paydo boʻlardi. Ba’zi yillari esa dashtni unutib, Dovonortida qishlab qolardi. Bu endi dasht boʻrilariga qanday jonivorning yetakchilik qilishiga bog‘liq edi. Qisqasi, Boʻzboʻri zoʻrlardan «kaltak yeb»;, bundayroqlarni tanobini tortib yuradigan jonivor edi. Yassiboshni shunchaki talabgina qoʻya qolmay, uni qanjig‘iga qoʻshib, tog‘ning janubiy qismidagi serqishloq hudud tomonga haydadi. Biroq uning bu zoʻrovonligi Yoldorga oʻtmadi. Yoldor xavfli raqibligini birpasda namoyish etib, butun toʻdani tirqiratib yubordi. Keyingi uchrashuvda esa ularni butunlay Dovonortiga surib tashladi.

Yoldor tabiatan oʻta ziyrak va ehtiyotkor jonivor. Sinalmagan raqibi oldida hech qachon havolanib ketmaydi. Ayrim kezlari tuyqusdan tutib qoladigan itlarga xos jizzaki fe’lini hisobga olmaganda, qolgan payt har qanday vaziyatda sovuqqon boʻlishga tirishadi. Hovliqmaydi. Raqibining zaif jihatlarini ilg‘ashga urinadi. Birinchi boʻlib hujumga tashlanmaydi. Agar bunga zaruriyat tug‘ilsa, eng avvalo toʻdadagi «zoʻr»;larni safdan chiqarishga harakat qiladi. Toʻdada esa «zoʻr»;lar uncha koʻp boʻlmaydi, bitta yoki ikkita. «Zoʻr»; mag‘lublikka yuz tutishi bilan, qolganlari oʻz-oʻzidan toʻzib ketadi.

U Boʻzboʻri toʻdasini mana shu xilda parokanda qilgandi.

Hozir esa butun fikr-oʻyi xarsang sirtiga oʻz belgisini qoldirishga jur’at etgan oʻsha notanish toʻdaboshida edi. U kun boʻyi xayolidan ketmay qolgandi. Uning Boʻzboʻriga nisbatan yosh va baquvvatligini idrok etayotgan boʻlsa-da, kelbatini jonlantirolmay garang edi. Bunga goʻyo Maymoqning mavjudligi xalaqit berayotgandek edi.

Yoldor bu tomonga kelayotib, Maymoqning Chuqurdaradagi butazorda g‘imirlab yurganini koʻrgandi. Demak, u bugun tunda yana Qoratepaga oʻralashadi. Yoldor uning qay tarafga yoʻnalishiga qaraboq, maqsadini anglaydigan boʻlib qolgandi. Deylik, agar Maymoq Suvlidara yoxud Yashilvodiy boʻylab harakatlansa, uni faqat yuqoridagi archazorda uchratish mumkin. Belgilarini yangilab, hududini koʻzdan kechirish bilan band boʻladi. Negaki, archazor oʻta notinch sarhad — Ulkan ayiq tomonidan tez-tez buzilib turadi... Qoʻtirbuloq yoʻnalishi zirk toʻla Ayriirmoq boʻylariga olib chiqqanday, Tuyaqoya bag‘ri oʻzining mazali yong‘oqlari bilan Maymoqning diqqatini tortadi. Qishloq tomon choʻzilgan uzundan-uzun, vahimali Chuqurdara boʻylab qilingan safari esa olmazorda qorin toʻydirish bilan yakunlanadi. Chuqurdarada turli mevalar unchalik serob emas, lekin tishga bosgulik biror yemish hamisha topiladi. Agar istasa, soztuproqli oʻngirda bir oz oyoq uzatib olishi mumkin. Qolgan ishlarni esa tun qorong‘usida bemalol eplaveradi.

Yoldor uning bu harakatini oʻzicha tushunadi. Faqat Maymoq allaqanday Boʻzboʻri emas, har toʻqnashganda juda hushyor boʻlish lozim. Aks holda...

U Chuqurdaraga tutash Boʻrijarda Maymoqning sharpasini ilg‘aganida, tun allaqachon yarimlagandi. Yoldor asta oʻrnidan qoʻzg‘oldi. Huzur qilib, uzoq kerishdi. Soʻng esa asta yoʻrtib, Qoratepa tomon yoʻlga tushdi.

* * *

Yoldor xavfli hid—inson va yaroq isini Qoratepaga yetmasdan burun sezdi. Yozda tuprog‘i oʻynab yotadigan Kaltatepa yoqalab borib, Qoratepa etagidagi toshloqda toʻxtarkan, dimog‘iga chalingan bu hiddan yag‘rin tuklari hurpaygancha turib qoldi. Ammo iziga qaytmoqni xayoliga ham keltirmadi. Qaytamga toshlar orasiga choʻzilib yotib oldi. Tumshug‘ini oldinga choʻzgancha, tevarakni obdon oʻrganishga kirishdi. Va bir ozdan soʻng Qoratepaning olmazorga tutash qismida ajal yashirinligini toʻla anglab yetdi. Miltiq isi—ajaldan darak. Tog‘da undan choʻchimaydigan jon zotining oʻzi yoʻq. Hatto Maymoqdek kuchli, anchayin surbet jonivor ham yaroq hidini ilg‘ashi bilan yuvosh tortib, yoʻrg‘alagancha qorasini oʻchiradi. Har holda miltiq tutgan kimsadan doimo uzoqroq yurish ma’qulligini tog‘dagi barcha jonivorlar yaxshi biladi.

Ajal hidining kutilmaganda Qoratepada paydo boʻlishi dastlab Yoldorni choʻchitdi, soʻng taajjublantirdi. Keyin esa qiziqtirib qoʻydi. Axir shu paytgacha Qoratepada bu hidga hech roʻparoʻ kelmagandi-da. Bu sirning tagiga yetmoq uchun u kutishga qaror qildi. Biladiki, odam bolasining bardoshi uzoqqa choʻzilmaydi. Hademay oʻzidan ogoh etadi.

U tutqunlikda odamzodning fe’lini xiyla oʻrgangandi. Uni oʻziga dahshatli g‘anim deb bilmasdi. Lekin yarog‘ning yoʻrig‘i boʻlak. Yaroq tutgan odam... Eslasa, hanuz tanasi tirishadi.

Tolmas cholning yon qoʻshnisi Ulash bir kuni unga dabdurustdan miltiq oʻqtalib qoldi. Kayfining zoʻrligidan zoʻrg‘a oyoqda turganligi bois, birinchi otgan oʻqi tuproqni toʻzg‘itib yubordi. Ikkinchisi katakning chekka taxtasini uchirib yubordi. Uchinchi oʻqni uzishga ulgurmadi. Eshakda allaqaerdan kelib qolgan Tolmas chol uning qoʻlidan miltiqni tortib oldi. Quloq chakkasiga oʻxshatib bir tarsaki tushirdi.
— E, ichmay oʻl! — deb soʻkdi.
— Ichaman! — dedi Ulash yosh boladay hiqillab. — Shuningiz bor ekan, ichaman va yana ichaman!
— Buning senga nima og‘irligi tushayapti, ahmoq?
— Tunda uvlab kayfimni qochiryapti.

Aslida esa gap butunlay boshqa tomonda edi. Hamisha shirakayf yuradigan bu banda bir kunmas bir kun Yoldorga yem boʻlishdan choʻchirdi. Uning nimasi koʻp, ichishi va duch kelgan yerda dumalab qolishi koʻp. U mastlikda Yoldorning yonida choʻzilib qolishidan qoʻrqardi. Ikki bor boʻlgan. Ikki safar ham koʻzini ochib, boshida Yoldorni koʻrgan. Yirtqichning nigohida qahr va qiziqishga qorishiq g‘alati bir jiddiyatni payqagan. Qoʻrquvdan ishtonini hoʻllab, undan nari qocharkan, boʻrilarning koʻz qarashlari itlarnikidan tubdan farq qilishini oʻshanda bilgan.

U yoʻq yerdagi gaplar bilan jonivorga tirg‘alib oʻtirmagan. Shartta miltiqqa yopisha qolgan...

Oʻshanda tasodif tufayli muqarrar bir oʻlimni chetlashga muyassar boʻlgan Yoldor yaroq va oʻq-dori hidini bir umrga eslab qolgan. Keyinchalik esa oʻzining mungli qoʻshig‘i bilan Ulashni soʻnggi manzilga uzatib qoʻygan.

U hech vaqt bu qadar hazin kuylamagandi.

Yoldor qalin qor kechib toʻydan qaytayotgan Ulashni boshda irillab qarshilagan. Ammo Ulash, kayfi zoʻrligidan, uni payqamagan. Cholning hovlisini kesib oʻta-oʻta, indan sal narida gursillab qulagan. Yiqilarkan, oʻrnidan qaytib qoʻzg‘olmagan. Gupillab yog‘ayotgan qor bir zumda uni koʻzdan bekitgan. Ana shundagina Yoldor odatdan tashqari nimadir yuz berganini ichdan his qilgan va uvlashga tushgan. Biroq tunda uning nolasiga e’tibor beruvchi kimsa topilmagan.

Ertasi tushdan soʻng Ulashning muzlab qolgan jasadini qor tagidan topganlar, dastlab Yoldordan shubhalanishgan. Murda tanasida tish izlarini koʻrishmagachgina, sovuqda qotib qolganini fahmlashgan. Biroq yuz bergan bu fojeadan butunlay esini yoʻqotgan Ulashning shallaqi xotini erining oʻlimiga Yoldorni aybdor deb bilgan va qarg‘anib qishloqni boshiga koʻtargan.

Bu voqeadan Yoldorning andak anglagani shu boʻldiki, itlar koʻringan qoraga akillaganday, odam bolasiyam yoʻq-bor narsaga tirg‘alaverar ekan. Agar esi butun toʻrt-besh yigit Tolmas cholning tarafini olmaganda, Yoldorning holiga maymunlar yig‘lashi aniq edi. Murda bir chetda qolib, olomon unga hezlangan. Buning boshida Ergash bodi turgan. Qachonki, yigitlardan biri, agar hadeb sakrayversangiz, Tomlisoydan sigir oʻg‘irlaganingizni hammaga aytaman, deya shipshigandan soʻnggina uni oʻchgan.

Oʻsha tun odamlarning g‘ala-g‘ovuridan qattiq yurak oldirib qoʻygan Yoldor qishloq oralagan jinsdoshlarini juda yaqindan koʻrgan. Qutqaringlar meni, deya zorli g‘ingshigan. Yassibosh qilt etmagan, hadik va adovatla bezrayib turavergan. Ammo urg‘ochi boʻri Oqsiyna negadir ancha royish bildirgan, hatto beriroq kelishga jur’at etgan. Yoldorga, uning boʻynidagi zanjirga, qoʻnqaygan katakka hayron-hayron boqqan. Agar xalaqit berishmaganda, kelib iskalanishiyam mumkin edi. Biroq toʻsatdan kulba eshigini ochgan Tolmas chol barcha ishning beliga tepgan. Ularni choʻchitib yuborgan.

Shundan keyin, oradan ancha vaqt oʻtib, ular Qoratog‘ning belida qayta uchrashdilar. Ammo endi Yoldor bir paytlar zorli-zorli g‘ingshigan chorasiz tutqun emas, Boʻzboʻri galasini quvib, ulkan hududga ega chiqqan, yanada aniqrog‘i, uzoq kutilgan ozodlikdan mast yurgan yovqur bir jonivor edi.

Oʻsha kuni u hech bir sababsiz, Yassiboshni tappa bosib talagan. Holbuki, Yassibosh ortiqcha biror harakat qilmagandi. Bor-yoʻq aybi, Qoratog‘ yoqalab keta-keta, Boʻzboʻriga boy bergan qadrdon hududi sarhadida bir zumga toʻxtagani va bilib-bilmay salgina ichkarilagani edi. U g‘ussaga berilib, Yoldorning paydo boʻlganini payqamay qolgandi.

Oqsiynaning nazarida, shu kuni Yoldor kuchi va kelbatiga yarasha ish tutmadi. Yassiboshdek oʻrtamiyona jonivorga bu darajada quturib tashlanish shart emasdi. Birgina doʻqning oʻzi kifoya edi. Yassibosh oʻlaqolsa u bilan yoqalashib oʻtirmas, darhol qorasini oʻchirardi. Negaki, shusiz ham uning ahvoli ancha xarob, quymichini yalab oʻtgan oʻqdan qattiq aziyat chekib yurgandi.

Oqsiyna archa yonida g‘oʻddayib qolgan Yoldorga qaray-qaray, Yassiboshning ortidan loʻkillab borarkan, birdan uni tanib qoldi. Iya, bu tutqundagi boʻri-ku! Zoʻrlikka zoʻrakan-u, lekin juda tezob va beodob ekan. Bu borada Oqsiyna haq edi. Hali-hanuz yovvoyi olamga toʻla singgishib ketolmagan Yoldor, tez-tez quyushqondan chiqib, «tarbiyasiz»;ligini bot-bot namoyish etib turardi. Aks holda Boʻzboʻridek jiddiy raqibni sovuqqonlik bilan yenga bilgan Yoldordek jonivor allaqanday Yassiboshni itday talab oʻtirarmidi. Bu esa uning tutqunlik asoratlaridan hali toʻla qutula olmaganidan darak berardi.

Endilikda Yoldor bu noxush odatlardan deyarli soqit boʻlgan, oʻtmishidan esa sabr-toqatnigina oʻziga meros qilib olgandi. Shuning uchun ham toshlar orasiga behuzur joylashib, Qoratepada yashiringan sirning tagiga yetish ilinjida edi. Bu yumushga butun diqqatini qaratganidanmi, Maymoqning Qoratepaga yetib kelganini payqamay qoldi. Payqagan vaqtda esa, Maymoq tumshug‘ini oldinga choʻzgancha havodan hid olayotgandi. Ana, u xavfni darrov ilg‘adi. Bir zum hang-mang bulib turgandan soʻng, tezgina iziga qayrildi-da, ortiga qaramay, jadal joʻnab qoldi.

Maymoqning qorasi oʻchgach, Yoldor yengil tortdi. Xayriyat, bugun u bilan yoqalashib yurmaydigan boʻldi. U yana Qoratepa tomonga oʻgirildi. Bir muddatdan soʻng havodagi hidning tebranganini sezdi. Koʻp oʻtmay Qoratepadan toshloq tarafga qayrilgan yoʻlda ikki koʻlankani koʻrdi. Yoʻl toshloqni yonlab kelib yassi tepalikka oʻrlardi.

Yoldor chekinmoqni xayoliga ham keltirmadi. Xuddi bir paytlar ini toʻriga biqinganday, yerga yanada mahkam qapishdi. U oʻz tajribasidan shuni yaxshi bilardiki, odam bolasi hid olmaydi, harakatsiz qoraniyam ilg‘ashi qiyin. Shu bois, u ortiqcha tahlikaga tushmay, koʻlankalarni kuzatishda davom etdi.
— Buytiblar sarson yurgandan koʻra, qopqon qoʻygan ma’qul, aka, — derdi koʻlankalardan biri — Gʻuchchi pakana sovuqdan tishlari takillab. —Qaytamga uyqudan qoldik.
— Keladi degansiz... — derdi Sarvar norozi toʻng‘illab. — Qor yog‘ib bersa zoʻr boʻlardi-da, izidan birpasda topardim.
— Iziga tushganingiz bilan... — Gʻuchchi pakana chaynaldi. — Lekin havoda qorning zahri bor. Sovuqni qarang! Teshib yuboray deydi.

Ular gangur-gungur soʻzlashgancha Yassitepa ortida koʻzdan g‘oyib boʻlishdi. Yoldorni tashvishga solgan ajal hidiniyam oʻzlari bilan birga olib ketishdi.

U oʻrnidan qoʻzg‘alishga oshiqmadi. Uzala tushib yotgan joyida baquvvat panjalarini oldinga choʻzib, obdon kerishdi. Soʻng ildam oyoqqa qalqib, Qoratepa tomon yoʻnaldi. Tanish soʻqmoqdan qabrlar oralab borarkan, yoʻlda Maymoqning eski tezagiga duch kelib, asta irillab qoʻydi.

Bolaning doʻppaygan qabriga yetganda, butunlay xotirjam tortgandi. Biroq xotirjamligi tezda taajjub bilan almashindi. Boyagi kimsalar hidi qabrning shundoqqina biqiniga oʻtirib qolgandi. Achchiq izg‘irin uni oʻchirishga ulgurmagandi.

Yoldor qabr tevaragini norozi aylanarkan, oʻsha tanish g‘ussa-ayriliq hissi yana yuragini chulg‘ab oldi. Ingranib g‘ingshidi. Bu xil g‘ingshishi koʻpincha mahzun nolaga aylanib ketardi.

Hozir ham shunday boʻldi.

* * *

— Ana keldi, aka!

Endigina oʻringa choʻzilgan Gʻuchchi pakana ustidagi koʻrpani uloqtirib tashlab, turib oʻtirdi. Soʻng gapi toʻg‘ri chiqqanidan xursand boʻlganday, qoʻshib qoʻydi:
— Aytdim-ku, keladi deb!
— Balki itdir, — Sarvar ishonqiramay, deraza ortidagi qorong‘ilikka tikildi. — Ba’zan itlar ham mana shunday ovoz chiqaradi.
— Jondorning ovozini itnikidan farqlayolmay oʻlibmanmi, aka!
— Aniq shu deb oʻylaysizmi?
— Emasam-chi! — Gʻuchchi pakana unga norozilanib qarab qoʻyadi. — U borakan, bu tomonlarga boshqa jondor doriyolmaydi. Dorib ham koʻrsin! Ammo-lekin yomon vafodor chiqdi bu! Qarang, haliyam bolaning dardida kuyib yuribdi. Ovozi yurakni ezadi! Oʻldirishga odamning qoʻliyam bormaydi. Balki... a, aka?! Nima deysiz?
— Aytdim-ku, anovu turqi sovuq akang garovdan voz kechsa, unga ortiq xusumatim yoʻq, deb.
— Yoʻ-oʻq, u garovdan voz kechmaydi.
— Unda qanday yoʻl bilan boʻlmasin uni tinchitishimiz kerak.
— Shoyim yoʻg‘onnimi?
— Uf-f...
— Tushundim, aka, tushundim, — Gʻuchchi pakananing boshi shalvirab tushdi. — Ertan oʻzim sizga qopqon topib beraman. Uzunqulning bevasida bir talayi bor. Eridan qolgan. Ota tomondan ozgina qarindoshligimiz bor, yoʻq demasa kerak. Ammo-lekin sizni akam demaganimda, Yoldorning yaqiniga yoʻlatmasdim. Boy boʻlganimda, uning xunini oʻzim sotib olardim. Afsus, qoʻlim kalta-da.

Bu gaplar Sarvarga malol kelsa-da, qilt etmadi. Negaki, Gʻuchchi pakana kerakli odam. Arazlab ketsa, qoʻylari qarovsiz qoladi. Qishloq odamlarining terisi yupqaligini kelgan kuniyoq bilgan. Sodda koʻrinishsa-da, gap koʻtarishlari qiyin. Bu hol Gʻuchchi pakanaga ham begona emas. Shuning uchun doim yaxshi gapirishga tirishadi, yoʻq yerdagi qizlarni oʻylab topadi. Gʻuchchi pakana bariga ishonadi. Sarvar esa ichdan kuladi: «Suluvga havasing ketmay oʻl, avval oʻzingga bunday qarasang-chi!»; Biroq Gʻuchchi pakanani unchalik ovsar deb boʻlmaydi, ming hayajonga tushmasin, ba’zan xijolatdan manglay qashlab deydi:
— Bu... aytgan qizlaringizni bari boʻychan ekan, shu... oʻzimizga oʻxshagan maydarog‘i yoʻqmi, a, aka?
— Bor, — deydi Sarvar ishonch bilan. — Turli soʻrti, turli markasidan bor. Tanlab-tanlab olaverasiz. Siz faqat chorvaga yaxshi qarasangiz boʻldi.
— Bundan sira g‘am yemang, aka. — Gʻuchchi pakana dag‘al kaftlarini oldinga choʻzadi. — Mening qoʻllarim barakali! Mening qoʻlimda qoʻylaringiz tez semiradi.
— Yashang, ukam, yashang!
— Shaharga tushgan kezlarim, yoʻl boʻyidagi choyxonada oʻtirib, qizlarni tomosha qilaman. — Gʻuchchi pakana negadir andak ma’yuslanadi. — Koʻzimni kuydirib, har qizlar oʻtadi, hali u yoqqa, hali bu yoqqa, nima yeb, nima ichayotganimni ham bilmay qolaman. Shunday paytda meni mayda qilib tuqqan enamdan yomon xafa boʻp ketaman. Tug‘ib nima qilardingiz deyman... ichimda.
— Onadan xafa boʻlish yaxshi emas. — Sarvar norozi qosh chimirgan boʻladi. — Bu ishda onaning hech bir aybi yoʻq. Ikkinchidan, boʻy-bastga bu yerda qarasharkan, shaharda buning uncha ahamiyati yoʻq. Muhimi, yurak toza boʻlishi kerak.
— Toza-toza! — Gʻuchchi pakana oshig‘ich e’tirof etadi. — Yurak top-toza! Lekin bizdi qishloq odamlarining yurak bilan uncha ishlari yoʻq. Shunisiga kuyaman men. Tunov yili maydaroq bir qizga og‘iz soldim. Nima debdi deng?
— Nima debdi?
— E, aytgiligi yoʻq, aka.
— Ayting-ayting.
— Pakanaga tekkincha, itga tegaman debdi.
— Boʻshlik qipsiz-da.
— Tegmayman desa, zoʻrlamaysiz-ku.
— Gohida zoʻrlash ham kerak.
— Keyin meni xeli-xishti tinch qoʻyar...

Sarvarning unga rahmi keladi. Yaxshilik qilib, birorta qari qizga uylantirib qoʻysammi deydi. Biroq bundan oʻziga hech bir naf yetmasligini oʻylab, tezda fikridan qaytadi. U nafi yoʻq yumushni jinidan yomon koʻradi. Gʻuchchi pakana esa hozircha arzon ishchi kuchi sifatida kerak. Ertaga uni hatto eslab ham oʻtirmaydi. Va’dalar nima, quruq soʻz, aytilishi bilan ketadi havoga singib. Uni na tutib boʻladi, na boshqa qilib.

Shunga qaramay, Gʻuchchi pakananing oʻta xokisorligiga ba’zida uning juda havasi keladi. Koʻziga u muammosiz odam boʻlib koʻrinadi. U choʻpchaklarga ishonadi, barcha narsadan faqat yaxshilik qidiradi. Hatto qoʻshnisining sigiri tug‘sayam oʻzida yoʻq quvonadi. Sarvarga esa bu hislar yot. Koʻngli hamisha nimadandir dilgir. Puli koʻpning tashvishi moʻl, deya oʻzini ovutmoqqa urinsa-da, chin dildan quvona bilmasligidan gohida xunob boʻlib ketadi. Oʻshanda negadir hamisha mardikor yigitni eslaydi. Uning achchiq gaplaridan ma’no qidiradi. Esida, qurdirayotgan imoratiga hammaning havasi kelgan, hamma maqtagan, faqat ugina pinak buzmagan, oʻtkinchi havas qullari, deya g‘udrangan. Oxiri u mardikor yigitni haydab solgan. Pulidan siqib, jahlini chiqarmoqchi boʻlgan. Ammo u g‘azablanmagan, qullardan xafa boʻlish yoʻq, deya ketgan-borgan. Keyin eshitsa, u shoir ekan. She’rlaridan oʻqib, usta shoʻrlikni koʻp xunob qilar ekan.

«Qul»; deya, u nimani nazarda tutgan, bu narsa Sarvar uchun hanuz qorong‘i. Buni, yupunning bodiligi, deb oʻylaydi.

U Gʻuchchi pakananing xurragiga quloq tutib, qorong‘ilik qoʻyniga tikilib yotarkan, dilgirlik sababini darddan qidiradi. Shu dardi tufayli tog‘u toshlar orasida sarson yurganiyu turqi sovuq Shoyim yoʻg‘onga duch kelganini oʻyladi. Bu yoqqa kelishni maslahat bergan tabib cholning goʻriga endi g‘isht qalay boshlaganida, kasali borgan sari kamroq bezovta qilayotgani yodiga tushib qoldi. Buni qarangki, Yoldor bilan andarmon boʻlib, dardiniyam esidan chiqarib yuboribdi. Nahotki tuzalyapti?! Agar oʻrtada suruv masalasi koʻndalang turmaganida, shu tobda oʻzini qanchalik baxtiyor his etardi-ya! Ming afsuski, suruvdan ayrilib qolish ehtimolligi, undagi bu tuyg‘u yuziga soya tashlab turardi.

U yotgan joyida bezovta toʻlg‘ondi. Yoʻq, suruvni bermoq jon bermoqdan yuz karra yomon. Qanday boʻlmasin Yoldorni tinchitishi lozim. Aks holda bir umr kuyib oʻtadi. Mol achchig‘i — jon achchig‘i deb bekorga aytishmagan.

* * *

Qoʻshni hudud boʻrilari mulkiga dahl qilganidan beri Yoldor tinchini yoʻqotgandi. Burun butun hududini uch-toʻrt kunda bir, juda nari borsa, haftada ikki bor aylanib chiqadigan jonivor Qoratepadan qaytishi bilan shu yumushga unnadi.

U hududini aylanib, zarur joylardagi belgilarni yangilab chiqarkan, qoʻshni toʻda qayta bosh suqmaganini sezdi. Ammo bundan uning koʻngli tinchib qolmadi. Negaki, toʻdaboshi shunchaki jig‘iga tegmoq istasa, bu qilig‘ini takror namoyish etardi. Tog‘da bu xil hodisalar koʻp uchraydi. Ayrim qitmir jonivorlar hudud egasining koʻziga tashlanmasdan chegarani buzib yuradi. Biroq kuchiga ishongan toʻda koʻpda qitmirlikni oʻziga ep koʻrmaydi. Demak, nopisand belgi qoldirishga haddi siqqan yetakchi boʻri qandaydir shumlikni oʻylagan.

Yoldor Soʻqirqoyada uzoq turib qoldi. Tevarakdan koʻz uzmay, dimog‘iga chalingan har bir hidni ilg‘ashga, oʻrganishga tirishdi. Yolg‘izligi kor qilganday, negadir alamli g‘ingshidi. Yaqinda oʻziga royish bildirib, g‘alati qiyshanglab ketgan Oqsiynani qoʻmsayotganini sezib, bundan g‘oyat ajablandi. Chunki bu tuyg‘u unga yot edi. Ilgari oʻzga jonzodni hech oʻylamagandi.

U ruhida qandaydir oʻzgarish yuz berayotganini his etib, dardmand ohangda uvlab yubordi. Ammo bu yoʻqlov emasdi. Yuragi tubidan ixtiyorsiz holatda yuzaga qalqiyotgan tuyg‘ularni idrok etmoqqa ojiz qolgan jonning fig‘oni edi.

U Oqsiynani oʻn kuncha burun yana uchratgandi. Mulkining shimoliy-sharqiy qismidagi Koʻksuv boʻylarini koʻzdan kechirayotib, yashin urgan archa yonida toʻxtagandi. Koʻksuv jonivorlarning serqatnov joyi boʻlib, oʻtgan-qaytgan hayvonlar archa tanasida oʻz belgilarini qoldirib ketardi. Yoldor oʻz belgisini yangilashdan avval archa tevaragini gir aylanib hid olar, ya’ni nima kelib, nima ketganini obdon oʻrganardi. U endigina shu yumushga unnaganida qoʻshni hududdagi zirk butalari orasidan qandaydir jonivorning oʻziga tikilib turganini payqadi. Shamol teskari esib, is olmoqning imkoni yoʻqligidan uning g‘ashi keldi. Oʻsha tomonga hushyor boqdi. Koʻzi ilg‘agani Yassibosh boʻldi.

Tanidan dardi arib, qayta kuchga toʻlgan Yassiboshning nigohi toʻla adovat boʻlsa-da, nimadandir hanuz ikkilanayotgani shundoqqina sezilib turardi. Chamasi betlashishga jur’ati yetmayotgan edi. Biroq hudud uniki, ortiq sustkashlik hamisha yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Xuddi shuni sezganday, u butalar orasidan chiqib, toshloq maydonga kelib choʻnqaydi. Bu tomonga faqat oʻligimnigina bosib oʻtasan deganday, g‘oʻddayib turib oldi. Bu bilan, ya’nikim, vaziyatni toʻg‘ri baholay olmaganidan, u jiddiy xatoga yoʻl qoʻygan. Gʻanimga eldan burun roʻparu kelgandi. Holbuki, Yoldor tomondan hozircha hech bir ortiqcha xatti-harakat sezilmasdi. Lekin vaziyat shu qadar qaltis ediki, uchqundan alanga chiqib ketishi hech gap emasdi. Buning uchun Yassiboshning birgina tahdidi, irillashi kifoya edi. Oʻz navbatida, Yassiboshni ham koʻpda ayblab boʻlmasdi. U hudud talashishlardan shu qadar yurak oldirib qoʻygandiki, oqibat, qoʻrqqan oldin musht koʻtarar qabilida avvalroq oʻzi maydonga chiqib qoʻya qolgandi.

Yassiboshning baxtiga Yoldor uni mensimadi. Viqorli bir qarash bilan cheklanib, archa tanasida qoldirilgan belgilarni «oʻqish»;ga tutindi.

Ayni shu paytda oqish xarsang ortidan paydo boʻlgan Oqsiynaga Yoldorning bu sokinligi juda yoqib ketdi. U ilgarigi jizzaki yirtqichga sira oʻxshamasdi. Ulg‘ayib, yanada haybatli tus olibdi. Harakatlari shu qadar oʻziga yarashardiki, Oqsiyna bir zum mahliyo turib qoldi. Keyin tumshug‘i bilan Yassiboshni turtkilab nari hayday boshladi. Orada Yoldorga kishi bilmas qiyshanglab qarab qoʻydi.

Oqsiynaning qiyshanglashlari Yoldorning nazaridan chetda qolmadi. Biroq bu narsa archa tanasiga belgi qoʻyishiga xalaqit bermadi. Bundan Oqsiyna qattiq og‘rindi. Alamidan uvlab yuboray dedi. Yoʻliga tixirlik qilib, maydonni tark etishga oshiqayotgan Yassiboshning yag‘rinidan g‘archcha tishlab, uni oldiga solib haydadi. Butazorga shoʻng‘iy-shoʻng‘iy birrovgina ortiga oʻgirildi. Yoldor uning koʻzlarida jamlangan araz, nafrat va mehrning qorishiq ifodasini koʻrib, hayrati battar oshdi.

Agar Maymoqning oʻkirigi xalaqit bermaganida, Yoldor anglarsiz tuyg‘ular iskanjasida qancha turardi, Xudo biladi. Ayiqning tahlikali boʻkirishi uning xayolini tariqday sochib yubordi.

U sergak tortdi.

Maymoqning ovozi Soʻqirqoya ortidagi soylikdan kelardi. Oʻkirigida g‘azabdan koʻra qoʻrquv va nochorlik ohanggi kuchliroq edi.

Yoldor voqeani tez fahmladi va asta irillab qoʻydi.

Shu kunlarda Maymoqning ahvoli ancha chatoq edi. Uning hududiga Ulkan ayiq tajovuz qilmoqda edi. Bir haftadirki, ular mushuk-sichqon oʻynashardi. Maymoq zaifligi bois, g‘animiga qarshi chiqishga jur’ati yetmay, poʻpisadan nariga oʻtmas, oʻz navbatida, Qoyalitog‘lar vodiysining hukmdori boʻlmish Ulkan ayiq bu hududni toʻla egallashga unchalik oshiqmas, goʻyo Maymoqning sillasini quritmoqqa ahd qilganday, hozircha dam-badam paydo boʻlish bilan cheklanmoqda edi.

Yoldor hadik va qiziqish bilan soylikka enarkan, qiziq manzaraning ustidan chiqdi. Ulkan ayiq muyulishdagi quyuq butazorda bamaylixotir kavshanib yurar, Maymoq esa ancha berida, har lahzada qochmoqqa shay holda, oʻkirib turardi. Aftidan uning boʻkirishlari Ulkan ayiqqa chivin chaqqanchalik ta’sir etmayotgan edi.

Uning harakati Yoldorning ham g‘ashiga tegdi. U xuddi shu soylikda Boʻzboʻri bilan qattiq olishgandi. Bu voqea esiga tushdimi yo egalik hissi ustivorlik qildimi, irillab yuborganini oʻzi ham sezmay qoldi. Tahdiddan yiroq, shunchaki qizg‘anish hissi ostidagi nido edi bu. Ammo bu narsa Ulkan ayiqqa g‘alati ta’sir qildi. U hang-mang boʻlib tevarakka koʻz soldi va koʻrdiki, allaqanday bir boʻri Maymoqning yonini olib, irillab turibdi. Bu esa jonivorlar hayotida kamdan-kam uchraydigan hodisa edi. Hudud, odatda, hamjins hayvonlar oʻrtasida talash boʻladi. Boshqa turdagi jonivorlar bu mojaroga aralashmaydi.

Agar bu hol Qoyalitog‘lar vodiysida yuz berganida, Ulkan ayiq g‘azabdan quturgan, ularga tashlangan, tutsa tiriklayin yeb-yutgan boʻlardi. Ammo u begona hududda, yovvoyi jonivorlar ichdan buysunadigan qonun-haqlik va nohaqlik tuyg‘usi izmida edi. Biroz ikkilanishdan soʻng, nohaqligini sezish tuyg‘usi baribir ustunlik qildi. U oʻkirayotgan Maymog‘u, irillayotgan Yoldorga taajjub-la bir-bir boqib, oshiqmay butazorni tark eta boshladi. Bundan botirlangan Maymoq bir necha odim ilgariladi. Undan ortig‘iga botinolmadi. Gʻanimini oʻchakishtirib qoʻyishdan qoʻrqdi.

Yoldor esa Ulkan ayiq ketishi bilan tinchlandi. Maymoq tomonga qarab qoʻyishniyam lozim topmay, yonbag‘irlik boʻylab yoʻrtib ketdi. Shuningdek, Maymoq ham unga e’tibor berib oʻtirmadi. Nega deganda, yuzaga kelgan bu hodisa ittifoqlik belgisi emasdi. Har qaysi oʻzini mulk egasi sifatida bilib, qoʻllaridan kelgancha uni himoya qilishga tirishgandi, xolos.

Yoldor Sarvar tomonidan qoʻyilgan birinchi qopqonga Ichaksoyda roʻparu keldi. U xatarning mavjudligini yaqinlashmayoq isidan sezgandi. Biroq bu narsa olg‘a yurishga monelik qilmadi. Qopqon ingichka soʻqmoqqa oʻta noʻnoqlik bilan oʻrnatilgan ekan. Ustiga ozgina xas sochilgan nam tuproq ostidan temir, xoʻrak va odam isi gupurib turardi.

U choʻnqaygan koʻyi, xavfli maydonchani obdon koʻzdan kechirdi. Ora-orada tevarakka nazar solishniyam unutmadi. Keyin ajal bilan oʻynashgisi kelganday, qopqon tepasidan sakrab oʻtdi. Soʻng yana ortga sapchidi. Bu qilig‘i oʻziga yoqqanday, birpas qotib turdi-da, toʻsatdan shartta ortiga oʻgirilib, orqa panjalari qopqon ustiga tosh va tuproq socha boshladi. Kutgani boʻldi. Tuproq va xaslarni toʻzg‘itib, qopqon qisqichlari qarsillab yopildi. Bundan oʻzi ham choʻchib ketdi.

U qopqonga ilk bor tutqunlikdan xalos topgan kunlari duch kelgandi. Boʻrikalla tizmasiga tutash vodiyda toʻng‘iz bolasiga koʻzi tushganida, ich-ichidan yayrab ketadi. Toʻng‘iz bolasi chiyillar, har yon talpinar, lekin hech nari ketolmasdi. Bu sinoatdan avvaliga u hayron boʻladi. Soʻng tumshuq yalab, oldinga intiladi. Ammo chakalakzordan chiqishga ulgurmay, qarshi tomondan kelayotgan ovchiga nazari tushadi. Chakalakzorda qolib, voqeaning davomini kuzatadi.

Aftini malla soqol qoplagan ovchi ishni choʻzib oʻtirmaydi. Tutqundagi jonivorni otib oʻldiradi-da, qopqonni qayta oʻrnatib ketadi.

Ovchi archalar orasida koʻzdan g‘oyib boʻlgach, Yoldor bekingan joyidan chiqadi. Temir va yana allambalolar hidi muallaq turib qolgan joyga asta yaqinlashadi. U choʻnqayib iskalanadi, yerbag‘irlab yotib iskalanadi, u yon-bu yon yurib iskalanadi. Odamzoddan hayiqmaydigan jonivor temir isidan choʻchiydi. Dimog‘ini qitiqlayotgan xoʻrakning xushboʻy hidi ortida qandaydir xatar yashiringanini sezadi. Nimaligini anglayolmay, boshi qotadi.

Agar shu tobda uzoqdan eshak mingan chol koʻrinmaganda, Yoldorning qopqonga tushishi aniq edi. Xoʻrakning xushboʻy hidi butun fikr-zikrini oʻg‘irlab qoʻygandi.

Baxtiga chol kelib qolib, u tag‘in chakalakzorga biqinishga majbur boʻldi. Cholning boʻshangina iti hidni sezib, oldinga oʻtadi. Iskalanib qopqonga yaqinlashadi va toʻsatdan vangillab yuboradi. Voqeani fahmlagan chol soʻkina-soʻkina eshakdan tushadi, soʻkina-soʻkina itni qopqondan boʻshatadi, soʻkina-soʻkina uni bir chetga uloqtiradi, soʻng soʻkina-soʻkina oqsoq itini ergashtirib ketadi.

Yoldor yerda zanjiri chuvalanib yotgan qopqonni kelib hidlaydi va tilsiz bu yovni xotirasiga mahkam mixlab oladi. Temir va xoʻrakning omuxta hidi—xatar! Keyinchalik juda ustalik bilan oʻrnatilgan qopqonlarni ham osongina aniqlaydigan boʻldi. Yaydoq va ovloq joylarda yemish bejiz yotmasligini va bu hid ortida albatta biror xavf yashiringanligini fahmlab yetdi. Koʻpincha, agar hafsala qilsa, tosh va tuproq sochib, qopqonni zararsizlantirib ketar, ba’zan esa uni chetlab oʻtardi.

U navbatdagi qopqonga Qoratepa yaqinida duch keldi. Bu qopqon Gʻuchchi pakananing qutqusi bilan qoʻyilgandi.

Yoldorning Qoratepaga kelishiga hanuz toʻla ishonmagan boʻlsa-da, Sarvar uning rayini qaytarolmagan, qopqonlardan birini shu yerga joylashtirgandi. Qolganlarini esa oʻz bilgicha, lekin Yoldor yuradigan soʻqmoqlarni tusmollab qoʻyib chiqqandi.

Yoldor bu qopqonga tegmadi. Uni chetlab oʻtdi. Olmazorda shovur sezib, qabrlar orasidan oʻsha tomonga moʻraladi. Suyun chol nevarasi bilan olma terib yurgan ekan.

U Qoratepada koʻp hayallamay, Yalangtosh orqali kunbotar tomon yurdi. Hududning shimoliy-g‘arbiy qismidagi asosiy «ustun»;lardan biri boʻlmish qayrag‘och yonida toʻxtadi. Unda qoldirilgan hidlarni obdon iskab oʻrgandi. Qandaydir ahmoq buqa daraxt tanasiga rosa ishqalanibdi. U bundan koʻpda ranjib turmay, belgisini yangiladi-da, nari borib choʻnqaydi. Tog‘larga boqdi. Beridagi choʻqqilarga ham qor tushganini koʻrdi.

U havodagi qor hidi qatorida, yuragida tag‘in oʻsha g‘alati hisni tuydi. Oʻziga araz, nafrat va mehr bilan qarab ketgan Oqsiynani yana qoʻmsay boshladi. Qiziq, ilgari bu xil tuyg‘ularni sezmasdi. Dastlab ozodlikdan boshqasini oʻylamasdi. Soʻng erkinlikdan sarmast yurdi. Keyin hudud masalasi bilan andarmon boʻldi. Agar qoʻshni toʻdaning beboshligini oʻylamasa, kunlari binoyidek oʻtmoqda edi.

Biroq kutilmaganda, mana tushunuksiz tuyg‘ular uni qiynoqqa sola boshladi. Totli, oʻz navbatida, mavhum bu hislarning neligini anglashga qurbi yetmay, u asta kelib qayrag‘och poyiga choʻzildi. Quyidagi ilonizi soʻqmoqdan ketib borayotgan eshakli cholga hardamxayol tikildi. Bu bir paytlar uni qopqonga tushishidan asrab qolgan oʻsha chol edi.

U eshakliga ergashgan boʻshang itga jiddiy boqarkan, ilk bor yuragida tanish tajovuzni his etmadi. Avvallari it zotini koʻrsa, butun vujudi intiqom oʻtidan lovullaydigan jonivorning, bu safar, biror tuki qilt etmadi. U hanuz tushunuksiz tuyg‘ular girdobida edi.

Yoldor bu yerda uzoq turmay, Egrisoyni qoralab yoʻlga tushdi. Egrisoyda toʻng‘izlarning katta oilasi yashardi. U alaqachon ularni koʻz ostiga olib qoʻygandi. Agar ovi baroridan kelmasa, Qizilqiya yoqalab Doʻngqoyaga oʻtadi. Qoya oʻngirlaridan birida g‘amlamasi bor.

U bir maromda yoʻrtib borarkan, Uchburundagi yovvoyi doʻlanazorda Maymoqni koʻrdi. U mevasiz buta tagida nimanidir ishtaha bilan chaynardi. Yoldor odatiga xos, asta irilladi. Maymoq esa unga e’tibor ham bermadi.

* * *

Qoʻygan qopqonlaridan biror naf chiqavermagach, Sarvar chinakamiga tashvishga tushib qoldi. Gʻuchchi pakananing qarovidan, uning ta’biri bilan aytganda, yiltillab semira boshlagan qoʻylari ortiq uni quvontirmay qoʻydi. Ularga omonat sifatida qaray boshladi. Aslida ham shu. Agar Yoldorni tinchitmasa, bir necha kundan soʻng suruv Shoyim yoʻg‘onning ixtiyoriga oʻtadi. Qani endi, odam yollash mumkin boʻlsayu bu boshog‘riqdan tezroq qutula qolsa. Ammo shart boʻyicha bu mumkin emas. Shoyim yoʻg‘on hatto qopqonga qarshi chiqib oʻtiribdi.
— Qopqonga kelishmaganmiz, — dedi bugun ertalab. — Gʻirrom oʻyinni bas qiling!
— Qanaqasiga g‘irrom? — Sarvar yoʻq yerdagi bu da’vodan hayron boʻldi. — Nima qilaman, qanday qoʻlga tushiraman, nima farqi bor sizga?
— Judayam farqi bor-da! — Shoyim yoʻg‘on unga teshib yuborar darajada oʻqrayib tikildi. — Jondor boʻlsa-da, u yigitday bir gap! Biz uni yigit deb bilamiz.

Yigit bilan yigitday gaplashing! Hali qopqon qoʻyasiz, hali anovu pakanani ergashtirib chiqasiz. Baridan boxabarmiz. Gʻirrom oʻyinni bas qiling! Yoʻg‘asam yomon xafalashib qolamiz.

U deraza yonida shu gaplarni eslab oʻtirarkan, tund osmonga umidvor tikildi. Qani endi, bir enlikkina qor yog‘ib bersa-yu, Yoldorning iziga tushish imkoniyati tug‘ilsa.

Ovda iz olib, oʻljani qoʻlga tushirishni u amaldor og‘aynisidan oʻrgangandi. Ovga ishqibozlikniyam shu joʻrasidan yuqtirgan. Qish-qirovli kunlarda amaldor og‘aynisi vahimali xorijiy mashinasida gurillab kelardi-da, uni ovga olib ketardi. Sarvar boshda ovni shunchaki ovoragarchilik deb oʻylardi. Ammo nafi koʻp tegadigan amaldor og‘aynisining gapini hech ikki qilolmasdi. Ikkinchidan esa, ov bahonasida yaxshigina maishatga berilishardi. Amaldor mingan mashinaning yukxonasidan jondan boʻlak hamma narsa topilardi. Bu noz-ne’matlar dala-dashtda, qorda, gulxan tevaragida negadir boshqacha tatirdi.

Amaldor joʻrasi, uning oʻylashicha, pishqirib, guldirab, gumburlab yashardi. Boʻyi naq ikki metr, kuchi gavdasiga mos, agar chinakamiga istasa, har qanday qoʻyni bir oʻtirishda yeb tugatadigan azamat yigit edi. Sizdan ajal ham hayiqsa kerak, derdi ba’zida Sarvar uning kelbatiga havaslanib boqib. Biroq ajal deganlari qoʻtosday baquvvat bu yigitdan hech ham hayiqmas ekan, bir oʻtirishda sezdirmaygina jonini olib qoʻydi. Bu holdan hamma hayron. Kimdir u dedi, kimdir bu, orada devday bir yigit oʻldi-ketdi.

Sarvarga undan ovchilik meros boʻlib qoldi. U ovchilikning oʻziga xos sir-sinoatlarini toʻla oʻzlashtirolmagan esa-da, obdon zavqini totishga ulgurgandi. Shundan beri u ovni kanda qilmaydi.

Amaldor og‘aynisi, bu dashtda qimirlagan jon borki, bari bizniki, deyishni yaxshi koʻrardi. Ular shaharchaning kunbotish tomonidagi ufqqa tutash sarhadsiz choʻlni yayov va mashinada qadamba-qadam kezib chiqishgan. Ovning hadisini olgan joʻrasi qordagi izlarni bexato aniqlardi. Izga qarab yovvoyi jonivorning qachon va qay paytda oʻtganligini adashmay aytardi. Oʻljasining mazali qismini dashtning oʻzidayoq kabob qilishga tushardi. U gohida ovchi itlarini ishga solsa, gohida yirik jonivorlarni mashinada quvlab otardi. Oʻljasining ketidan tushganda, u butunlay oʻzgarardi, ya’ni yovvoyi bir ovozda boʻkirar, soʻkinar va bundan g‘oyat huzurlanardi. Itlarni esa juda yoqtirardi. Yaxshilarini erinmay ovga oʻrgatardi. Yoldor tomonidan oʻldirib ketilgan Dikkiquloq uning eng yaxshi koʻrgan itlaridan biri edi. Sarvar uni, joʻramdan esdalik deb, oʻziga olgandi. Og‘aynisining oʻlimidan soʻng, dashtma-dasht izg‘ishni bas qilgan boʻlsa-da, Qamishkoʻlga tanda qoʻygandi. Oʻrdak ovi bilan shug‘ullanardi. Hatto bir marta choʻloq boʻrini otgan. Ammo Yoldor deganlari u bilgan va tasavvur etgan boʻrilarga hech oʻxshamasdi. Uning qiliqlaridan hayratda edi. Odatda tirik boʻrini koʻrish har kimga ham nasib etavermaydi. Ular imkoni boricha koʻzga tashlanmaslikka urinishadi. Yoldorni esa necha bor qishloq yaqinida, doʻngda, buloq boʻyida va hatto qoʻrasi yonida uchratdi. Yarog‘ini qoʻliga olguncha boʻlmay, arvohday koʻzdan yoʻqoladi. Biroq uzoqlab ham ketmaydi. Qoratepada boʻridan tashqari, ayiq iziga duch kelganda, hang-mang turib qolgan. Ammo hayratini birovga aytolmagan. Negaki, qishloq odamlari juda g‘alati, ular oʻz his-tuyg‘ularini hech qachon oshkor etishmaydi, nari borsa, shuning nimasiga buncha hovliqasan, degan ohangda, tog‘da yashaymiz-da, deb qoʻya qolishadi.

Faqat Gʻuchchi pakanagina ularga oʻxshamaydi. Ichidagi tashida. Soddaligi bois, qishloqda unchalik obroʻyi yoʻq. Biroq doʻstga itday sodiq.
— Aka, bugun miltiqni menga bersangiz, — deb qoldi ertalab dab-durustdan. — Shoyim yoʻg‘onga beradigan qoʻyimiz yoʻq! Men unga qoʻy tugul, qoʻyning qulog‘ini ham ravo koʻrmayman!
— Namuncha yomon koʻrmasangiz uni.
— Men uni yomon koʻrmayman, men... — Gʻuchchi pakana gapning u yog‘ini aytishga iymanadi. Qizarib bosh qashlaydi-da, soʻng deydi: — Suruv qoʻldan ketmasin deyman-da. Axir siz akamsiz, kuyadi-da odam.
— Rostdan kuyasizmi?
— Emasam-chi!
— Miltiqni nega soʻrab qoldingiz? Yo Shoyim yoʻg‘onni...
— E, yoʻq, — deya Gʻuchchi pakana uning gapini boʻladi. — Yoldor uchrasa, otmoqchiman. Menga uchrab turadi-da u.
— Qoʻylarga ehtiyot boʻling.
— U qoʻylarga tegmaydi deganman-ku.
— Men uni tushunmayman.
— Uni hech kim tushunmaydi.
— Qani endi, bir enlikkina qor yog‘ib bersa...
— Men ham shunga ilhaqman.

Sarvar shularni eslab, tund osmonga, yonbag‘irlikdagi archazorga dilgir tikiladi. Gʻoʻldirab soʻkinadi. Nega deganda, u ertalabdan beri garang. Oʻtirib oʻtirolmaydi, turib turolmaydi. Yarog‘ini koʻtarib chiqishdan esa biror ma’ni yoʻq. Tog‘da Yoldorni qidirish, pichan g‘aramidan igna izlashdek bir gap ekaniga allaqachon aqli yetgan. Shuningchun qorni intiq kutmoqda edi. Havo esa yurakni siqar darajada tund, yog‘ib yog‘masdi, ochilib ochilmasdi.

U deraza yonida qancha turdi, bilmaydi. Orada pechkaga oʻtin tashladi. Miltig‘ini qayta tozaladi. Soʻng joyiga choʻkib, Yoldorni qaerdan qidirishni oʻylay boshladi. Keyin birdan koʻzlariga ishonmay derazaga yopishdi. Yoʻq, koʻzlari aldamagan, tashqarida qor uchqunlamoqda edi.

U quvonchdan baqirib yubordi. Xuddi amaldor og‘aynisidek bor ovozda hayqirdi. Keyin qoʻllarini beoʻxshov salanglatgancha, oʻyinga tushib ketdi.
— Kuning bitdi, Yoldor! Kunginang bitdi!

* * *

Yoldor tuni bilan yog‘ib chiqqan qorni mamnun qarshiladi. Qorli havo ichida dimlanib yotgan lanjlikni quvib, g‘ayrat quyunini solgandek, u yanada tetiklandi. Qor kechib daydidi. Qor kechgani sari g‘ayrati joʻshayotganini sezdi.

Odatdagidek, u qishloqdan uncha uzoqlashib ketmagandi. Saharga yaqin tingan qor ustida iz qoldirib, qishloqqa endi. Negadir cholning kimsasiz kulbasiga bosh suqqisi keldi. Eshik va derazalarni bir-bir iskab chiqdi. Oshxonaga kirib chiqishniyam unutmadi. Boʻm-boʻsh qoʻra yonida bir zum choʻnqayib turdi-da, soʻng qishloq itlarining yuragiga qutqu solib, yana iziga qaytdi. Bu safar itlar uni ortiq qiziqtirmadi. U hanuz anglarsiz tuyg‘u girdobida edi.

U buloq boʻyiga yetganda, ichdan nimadir uni tog‘lar tomonga chorlayotganini his etdi. Nima? Quvonchmi yo tashvishmi? Bu xil hisni ilgariyam ikki-uch bor tuygan. Hududiga begonalar oralaganini avvaldan sezgan va hamisha haq boʻlib chiqqan. Ammo bu safargi hislar toʻfonliroq edi. Bugun hayotida nimadir sodir boʻlishi mumkindek edi.

U Uchqizilda shumshayib turgan Maymoqqa duch keldi. Qor toqqa emas, Maymoqning ichiga yoqqandi. Tanasiga yog‘ zahirasini toʻla g‘amlashga ulgurmagan Maymoq juda g‘amgin edi. Hademay qish uyqusiga ketishi lozim boʻlgan bu jonivor zahiraning kamligi oʻzini ne kuylarga solishini yaxshi bilardi. Odatda, ochiqqan jonivor muddatdan ilgari uyg‘onib ketadi. Uyg‘onganda, koʻklamga hali uzoq, tog‘ esa qalin qor koʻrpasi ostida mudrayotgan boʻladi. Oqibat, u yegulik topolmay haftalab och yuradi. Uyquga toʻla qonmagani uchun karaxtlik qoniga tashna qilib yuboradi. Biror oʻngirda g‘ujanak tushib olib, panjalarini soʻradi. Ammo tanasida ortiqcha yog‘ yoʻq, nafsi qonmay alamnak oʻkiradi. Moʻrilaridan tutun oʻrlab turgan qishloqqa umidvor boqadi. Qishloqqa ensa nimadir topishini va shuningdek, jonidan ayrilib qolishi mumkinliginiyam biladi. Shu bois, qishloqqa enishdan tiyilib, tog‘lar oralaydi. Koʻklam kelishini zor-intizor kutadi. Nishabliklarda maysalar nish urishi bilan uning kuni tug‘a boshlaydi. Biroq bungacha necha haftalab ochlik azobini boshidan kechirishi kerak. Bunaqa paytlarda u har qanday oʻlaksadan tap tortmaydi. Ammo tog‘da oʻlaksalar hamisha ham topilavermaydi.

Yoldor muyulishda paydo boʻlganida, u g‘oyat ezgin holatda mung‘ayib oʻtirardi. Axir ezilmay boʻladimi, kuni kecha koʻzlarini yashnatib turgan mevalardan asar yoʻq, bari qor tagida qolgan. Qorni esa ertalabdan tatalamoqda. U alamdan Yoldorga qarab asta oʻkiradi. Yoldor esa uning zamzamasiga e’tibor ham bermadi. Qor kechib, qiyalik boʻylab yoʻlda davom etdi.

Yoldorning qadam ranjida qilishi Maymoq uchun foydadan xoli boʻlmadi. Kimsasiz tuyulgan tog‘da tirik jonni uchratish uning esiga harakat qilish lozimligini tushirdi. Negaki, tog‘ hissiz, tog‘ shafqatsiz—agar harakatdan erinsang, uning quchog‘ida yashashing qiyin, tirik qolishing gumon. Lanjlik va hafsalasizlik ortidan hamisha oʻlim poylab turadi.

U qordan egilgan butalarni silkilab, yemish qidirishga tushdi.

Hozircha qorin tashvishidan xoli boʻlgan Yoldor esa qorda iz qoldirib, tobora ilgarilarkan, qiyalikda bir zum toʻxtadi. Choʻnqayib tevarakni zimdan kuzatdi. Soʻng oshiqmay yana yoʻlda davom etdi.

Uning navbatdagi qoʻnim topgan manzili Qilsoʻqmoqdan beridagi Keng soʻqmoq boʻldi. Bu soʻqmoq Dovonortiga olib boradigan yagona yoʻlning boshlanish qismi hisoblanib, Qilsoʻqmoqdan uni archazor qiyalik ajratib turadi. U Kengsoʻqmoq deb nomlansa-da, aslida siyrak archali, uzun va enlik sayhonlik edi. Sayhonlikning bir yonida nuragan qoya, ikkinchi yoni esa qiyalanib borib, chog‘roq vodiyga borib tutashardi. Vodiydan narisi mayda tizmalar boʻlib, goʻzal manzara hosil qilardi.

Yoldor qarshisida yuz ochgan bu manzaraga — qor qoʻngan archalarga, moʻ’jaz vodiyga, bir-biriga ulanib ketgan tog‘ tizmalariga asta boqarkan, yuragini hapqirtirgan hisning boisini anglaganday boʻldi. Muzdek havoda qoʻshni toʻdaning ojiz hidini ilg‘adi. Ilg‘ashi bilan yag‘rin tuklari tikrayib, vajohatli irilladi. Oldingi panjalarini qorga botirib, tishlarini dahshatli tarzda shaqirlatdi. Lekin oʻtgan galgidek hovliqmadi. Qaytamga vaziyatni yanada aniqroq oʻrganishga urindi. Shamol olib kelayotgan hidga qaraganda, toʻda Qilsoʻqmoqdan narida harakatlanmoqda. Agar ular bu tomonni koʻzlagan boʻlsa, faqat mana shu yoʻnalishdangina kelishi mumkin. Shu tobda uning dimog‘iga oʻzga bir hid chalinmaganda, Yoldor ortiq sabr qilolmas, oʻpkasini qoʻltiqlamasa-da, har holda allaqachon toʻda sari yurgan boʻlardi.

U Oqsiynaning zaif, oʻta zaif isini birdan tanidi. Toqatsizlanib, beixtiyor g‘ingshib yubordi. Biroq bu hid dimog‘iga qanday chalingan boʻlsa, shunday tez yoʻqoldi. Bundan uning yuragi allanechuk gupurib ketdi. Sovuq havoni yutaqib hidladi. Zaif hid yana oʻzidan darak bergach, u Oqsiynaning manzilini aniqlashga harakat qildi. Qarshisidagi tog‘ tizmalariga, chog‘roq vodiyga, archazorlarga ilhaq tikildi.

Oqsiynani koʻrishga oshiqarkan, uning hamrohi Yassibosh haqida oʻylab ham koʻrmadi. Darvoqe, havoda uning isi sezilmas, demak, Oqsiyna bu tomonga yolg‘iz yoʻl tortgan. Yoldor urg‘ochi boʻrining soʻnggi uchrashuvdagi araz, nafrat va mehrga toʻla g‘alati qarashini eslarkan, kelbatiga yarashmagan bir ohangda angillab yubordi. Ichki hisga buysunib, oʻsha tomonga qanot chiqarib uchgisi keldi. Biroq buning sira iloji yoʻqligini tezda anglab, bazoʻr oʻzini bosdi.

U ikki oʻt oʻrtasida qolgandi. Oqsiynaga peshvoz yuray desa, bu yoqda g‘anim toʻda. Gʻanim toʻdaga qarshi boray desa, u yoqda Oqsiyna. Nazarida, u beri kelishga botinolmay, archalar orasida oʻzini intiq kutayotgandek edi. Oxiri, g‘anim toʻdaga nisbatan nafrati Oqsiynaga boʻlgan intilishidan ustun chiqdi. U shu yerda qolib, toʻdani kutishga ahd qildi, ham Oqsiynaning koʻz oʻngida boʻladi, ham ortiqcha harakatlardan qutuladi. Saldan soʻng, Oqsiynani yoʻq-bor narsalardan qizg‘ana boshladi. Bu endi uning uchun yangi va notanish tuyg‘u edi. Neligini hali toʻla idrok etolmagan boʻlsa-da, azobi qattiqligini sezdi. Bir joyda tik turolmay, archani aylandi, harsangga borib suykaldi. Soʻng yerbag‘irlab yotib, tumshug‘ini qorga tiqdi. Qor tagidan bir nima topganday, dahshatli tarzda irilladi. Oʻng panjasi bilan qulog‘ini timdaladi. Keyin oʻrnidan sapchib turib, sayxonlik boʻylab quturib yugurgisi keldi.

Ammo bunga ulgurmadi. Qiyalik boshida toʻsatdan paydo boʻlgan Sarvar uning ichki toʻlg‘onishlariga xalal berdi. Ovchini koʻrgan Yoldor Oqsiynani unutdi. Qorga uzala tushib yotgan holida unga noxush tikilib qoldi. Negaki, oʻzi tomon allaqanday toʻda emas, haqiqiy xavf yaqinlashib kelmoqda edi. Undan faqat qochib qutulmoq mumkin. Biroq u qochmadi. Oraliq masofa uzoq, qochishga esa bemalol ulguradi.

Ana odam bolasi qiyalikning yarmini bosib oʻtdi. Hademay sayhonlikka yetadi. Yoldor noiloj ketmoqqa taraddudlanarkan, ovchining xato yoʻldan kelayotganini sezib qoldi.

Yaroq tutgan odam u qoldirgan izdan yurmay, yoʻlni qisqartirish niyatida qiyalik bilan sayhonlik oʻrtasidagi doʻnglikni kesib kelardi. Doʻnglik chetida toʻplangan qor hamisha koʻzni aldaydi. Yovvoyi jonivorlar bu xil xatarni tez anglaydi. Ammo odam bolasi bu xususiyatdan yiroq. Ana u xavfli nishablikka tobora yaqinlashmoqda. Quyida esa vodiyga tutash qiyalikning tepa qismida oʻraga oʻxshash katta chuqurlik og‘iz ochib turibdi. Tushgan jonning chiqishi juda qiyin.

Ketmoq oʻyida boʻlgan Yoldor qayta joyiga choʻkib, ovchining xatti-harakatlarini jiddiy va sinovchan kuzata boshladi. Va xuddi u kutgan hodisa yuz berdi. Qor koʻchib, odam bolasi chinqirgancha oʻra tomon shoʻng‘ib ketdi.

Yoldor yotgan joyidan turib, bahuzur choʻnqayib oʻtirib oldi. «Qopqon»; —oʻraga tushgan odam bolasiga ortiq qayrilib ham qaramadi. Zero, usiz ham tashvishi yetib ortardi...

* * *

Sarvar chap oyog‘i singanini keyin, qor ostidan bir amallab chiqib olganidan soʻng sezdi. A’zoning sinishi qiziq boʻlarkan, doʻmbiraday shishib, izmingga buysunmay qoʻyarkan.

Boshda, qattiq qoʻrqqan emasmi, es-hushini jamlashi qiyin kechdi. Keyin oʻziga kelib, oʻrasimon keng chuqurlikda yotganini angladi. Qor zarralaridan oqargan devorlari xiyla baland, arqonsiz chiqishning iloji yoʻqligi aniq edi. U yotgan joydan Yoldor choʻnqayib oʻtirgan sayhonlikning bir qismi va nuragan qoya koʻzga tashlanib turardi.

Yoldorga nigohi tushishi bilan u birdan miltig‘ini eslab qoldi. Ammo yarog‘i hech qaerda koʻrinmas, chamasi qor tagida qolib ketgandi. U qaddini rostlashga urindi, chap oyog‘i bunga izn bermay, og‘riqdan ingrab yubordi. Yigit og‘riqdan ham koʻra, alamdan koʻproq ingramoqda edi. Nega deganda, garovda yutqizgani endi kunday ravshan. Singan oyoq bilan bir ish qilib boʻlmaganidan soʻng, ne hasratda yig‘nagan qoʻylarini Shoyim yoʻg‘onga qoʻshqoʻllab topshirishga majbur-da.

U qorni changallab ingradi, soʻkinib ingradi, tutaqib ingradi. Bu iztirobli holati koʻzi bot Yoldorga tushmaguncha davom etdi. Haybatli tarzda choʻnqayib turgan yirtqichga g‘azab-la boqarkan, birdan joni omonatligini payqab qoldi. Suruvni bir zumga unutdi. Qish-qirovli kunlarda boʻrilarga yem boʻlgan kishilar haqidagi hikoyalar esiga tushib, dahshatdan qaltirab ketdi. Bu yetmagandek, miltig‘ini ham yoʻqotib oʻtiribdi.

U yordam soʻrab baqirmoqchi boʻldi. Biroq kimsasiz bu tog‘u toshlarda baqirishdan biron naf yoʻqligini anglab, oʻzini tiydi. Ketiga siljib, toshdevorga suyanarkan, yonidan pichog‘ini chiqardi. Negadir, uning u yoq-bu yog‘iga qarab qoʻydi. Tig‘ini koʻzdan kechirdi. Harnechuk, pichoq ancha dalda boʻldi. Yoldorga, qorningni yoraman seni, deganday boqdi. Yoldorning esa u bilan ishi yoʻq, xuddi ov oldidan sheriklarini kutayotgandek, sharqiy-shimoliy tomonga tikilib qolgan, bir-ikki bosh burganni hisobga olmaganda, Sarvar tarafga qiya ham boqmayotgandi. Bundan Sarvarning koʻngliga kelgani shu boʻldi: «Bular meni galalashib yemoqchi!»; Shunda oʻzi uchun qopqonga aylangan «oʻra»; devorlari juda past tuyuldi. Nigohi bilan yoʻqolgan yarog‘ini yana qidira boshladi. Bu ishda Gʻuchchi pakanani aybdor deb bildi. Yoʻl oldidan har xil noxush gaplar qilmaganida, bu falokat yoʻq edi, deya uning yetti pushtini qoldirmay, bir-bir soʻkib chiqdi. Iloyim, xotinsiz oʻtgin, deb ich-ichidan yandi.

Sarvar oʻlgudek irimchi edi. Ovga joʻnarkan, ortiga qayrilib qaramas, ayolining kuzatishiga esa sira izn bermasdi. Ayol kishining «Vaqtliroq qayting»;, «Shu buguncha bormay qoʻya qoling»;, «Havoning avzoyi yomon-ku»; deganga oʻxshash gaplari ovchiga faqat omadsizlik keltiradi deb oʻylardi. Shuning uchun ham ovga hamisha imi-jimida joʻnab qolardi.

Bugun esa buning imkoniyati boʻlmadi. Ishchan bir qiyofada ovga hozirlik koʻrarkan, qoʻrada timirskilanib yurgan Gʻuchchi pakana kutilmaganda qoshida paydo boʻldi.
— Aka, negadir koʻnglim notinch, — dedi engil-boshiga ilashgan xas-xashaklarni qoqib-suqib. — Sizga hamroh boʻlsammi deyman...

Sarvar g‘azabdan dodlab yuborayozgandi: «Miyang qursin sen eshakni! Befarosat maxluq! Ov oldidan ham shunday deydimi kishi! E, noxushlangan oʻsha koʻnglingga ming la’nat! Xudo farosat ulashayotganda, qaysi goʻrda lallayib yurgan eding? Basharang qursin, ahmoq! Pakana!»;

Ammo tilida butunlay boshqa soʻzlarni aytdi.
— Siz ishingizni qiling, ukam, — dedi har bir soʻzni tishlari orasidan sitib. — Ishdan qolmang. Axir qoʻylarga kimdir qarashi kerak-ku.
— Ishni qip boʻldim, aka, — dedi Gʻuchchi pakana uning tusi oʻzgarib ketganidan ajablanib. — Bu havoda suruvni tashqariga haydamagan ma’qul. Yemishini berdim, suvini berdim. Qoʻlim boʻsh endi.
— Yaxshisi, siz uyda qoling. — Sarvar uni jerkib tashlashdan bazoʻr oʻzini tiydi. — Birga yurganimizni koʻrsa, Shoyim yoʻg‘onga Xudo beradi. Gʻirromlik qilayapsanlar deb boshimizni qotiradi soʻng.
— Ukasining qorniga uning, gapiraveradi-da!
— U shunchaki gapirib qoʻymaydi...
— Siz ketsangiz, uyda oʻtirishim qiyin boʻladi-da, aka. — Gʻuchchi pakana jahllandi. — Tog‘ havosi bilan oʻynashganlarning holi ne kechganini yaxshi bilaman. Tog‘ yomon, u bilan hazillashib boʻlmaydi. Oʻtgan yili ikkitasining jasadini qor tagidan mana shu qoʻllarim bilan oʻzim kavlab olganman. Tarashaday qotib qolishgan ekan. Bunday havoda baland-pastni biladigan odam bilan yurganingiz ma’qul deyman-da.

Sarvar uning basharasiga miltiq qoʻndog‘i bilan tushirishdan zoʻr-bazoʻr tiyilsa-da, tilini tishlamoqqa oʻzida ortiq kuch topmadi. Og‘zidan koʻpik sachratib baqirishga tushdi:
— Ov oldidan shu gaplarni aytishingiz shartmidi! Qanaqa odamsiz oʻzi, a?! Irimim bor deb, sizga yuz marta aytganman-ku axir! Odam deganam shunchalik pandavaqi boʻladimi. E-e, odam boʻlmay oʻling!
— Koʻnglim notinchlansa ne qilay,— Gʻuchchi pakana yosh boladay qunishib oldi. — Bizdan xato oʻtgan boʻlsa, kechiring, aka.
— E, akalamay keting!
— Baribir koʻnglim notinch, aka.
— Yana gapirasiz-a!
— Mana, gapirmadik, — Gʻuchchi pakana arazlab qoʻra tomon ketdi.

Sarvar yelkasini toshdevorga tirab, Gʻuchchi pakanani changitib soʻkishda davom etarkan, oʻz navbatida, uni oʻzi bilan ergashtirib chiqmaganidan oʻkina boshladi. Bu yog‘iga nima qilarini bilmay boshi garang edi. Yoldorning shundoqqina qarshisida, miltiq oʻqi yetar-etmas masofada g‘oʻddayib turishi esa alamini qoʻzg‘amoqda edi. Qiziq, u na qochdi, na bekindi. Nega qochmadi ekan? Ilgari sharpasini ilg‘ashi bilan juftagini rostlab qolardi-ku. Yo nochor ahvoldaligini, endi qoʻlidan biror ish kelmasligini fahmlab yetdimikan? Unda bu boʻri emas, ins-jinslarning birodari ekan-da. Turishini qara! Bekorga turmaganligi aniq, sheriklarini kutayapti u. Ammo osonlikcha jon beradigan ahmoq yoʻq! Ustimga sakrashi bilan qorniga pichoq tiqaman! Tiqib-tiqib olaman!

Sarvar qoʻlidagi pichoqni havoda sirmab, yoʻq g‘animiga zarba bergan boʻldi. Ammo Yoldorning nechun sukutdaligini, sherigi koʻmagiga muhtoj jonivor bu tarzda jim turmay, uvlab ovoz berishi lozimligi haqida oʻylab ham koʻrmadi. Haqiqiy ovchi emasligi, bu borada ham pand bermoqda edi. U jonivorlarning hayoti va fe’l-xoʻyi xususida deyarli hech narsa bilmasdi. Bilishgayam urinmasdi. Jonivorlarga oʻlja sifatidagina qarardi. Bu illatni marhum amaldor joʻrasidan yuqtirgandi. Joʻrasi chatoq edi, osmondagini otib, yerdagini qoqib, suvdagini tutib yeyman, derdi, bu ishda menga hech kim monelik qilolmaydi, deya chiranardi.

Ammo uning amaliyu vajohatidan zig‘ircha choʻchimay, qarshilik qiluvchilar hamisha topilardi. Shulardan biri qishdayam dashtda oʻtov tikib oʻtiradigan Boyboʻri chol edi. Choʻlda ularning mashinasi koʻrinishi bilan otlanib chiqardi. Yoʻllariga koʻndalang boʻlishga tirishardi.
— Shu odamni hech tushunmayman, — derdi joʻrasi, toʻxta, deya qamchi silkib kelayotgan cholni osongina chetlab oʻtarkan. — Dashtni toptab tashlading, jondor zotining urug‘ini quritding deya, tirg‘algani tirg‘algan. Choʻl keng boʻlsa, qanaqasiga biz uni toptashimiz mumkin, a?

Sarvar tevarakka loqayd boqarkan, oʻzlari qoldirgan son-sanoqsiz mashina izlarini koʻrsa-da, oʻzini koʻrmaslikka oladi. Og‘aynisining koʻngli uchungina qaysar cholni soʻkkan boʻladi. Sirasini aytganda, choʻlda itday izg‘ish unga umuman yoqmaydi. U pistirmada yotib, ov qilishni xush koʻradi. Ammo bu haqda joʻrasiga churq etmaydi. Og‘aynisi esa uning aksi, kenglikda bamisoli boʻronday quturadi. Mashina g‘ildiraklari ostida toptalgan giyohlarga ichi achigan odamlar ustidan oshkora kuladi.
— Bugungi kuning naqd, ertangi kuning esa omonat, — deydi yolg‘iz qolishgach. — Anovi ahmoqlar esa allaqanday kelajakning tashvishini qilishadi. Ertani oʻylang emish, zamin toptalmasin deb ota-bobolarimiz duch kelgan yerda emas, ma’lum joyda koʻpkari chopganmish. Gʻalati-g‘alati gaplarni topishadi-ya ular. Qaysi goʻrlardan kavlab topisharkan bunaqa gaplarni, a? Qoʻyib bersang, butun choʻlga xoʻjayinlik qilishmoqchi boʻlishadi.

U qanchalik osmondan kelmasin, qaysar choldan xiyol boʻlsa-da hayiqadi. Buni bildirmaslikka tirishadi. Tirishgan sayin hadiklanishi battar seziladi. Bunday paytlarda Sarvar uni maqtashga tushadi.
— Bu dashtning xoʻjayini ular emas, siz, — deydi gulxanga oʻtin tashlab. — Buning bari koʻrolmaslikdan.
— Shuni ayting.
— Agar sezgan boʻlsangiz, ulardan yer isi keladi, sizdan esa hayotning hidi gurkuraydi, — Sarvar tiliga kelgan bu tashbehdan ruhlanib ketadi. — Sizdan hatto oʻlim qrqadi. Bu kelbatingiz bilan, ming yil desam yolg‘on boʻlar, ikki yuz yil yashashingiz aniq.
— Ikki yuz yil koʻp, zerikib oʻlaman, — deydi joʻrasi tutundan achishgan koʻzlarini ishqalab, maqtovdan mamnun boʻlganini yashirmagan holda. — Zerikmasligim uchun qariganimdayam ovni kanda qilmasligim kerak. Bizga yuz yiliyam yetib ortadi.

Sarvar uning kelbatiga havaslanib boqadi. Ikki yuz yil boʻlmasa-da, yuz ellik yil yashashi aniq buning, deb oʻylaydi. Ammo keyinchalik bu bashorati notoʻg‘ri chiqqanida, u dovdirab qoldi. Inson hayoti kiprikdagi koʻz yoshiday omonatligini anglab yetganday boʻldi. Ajal deganlari odamzodning na kelbatidan hayiqarkan, na amalidan. Lozim topgan kuni jonini olib qoʻyarkan.

Mana endi ajalning sovuq panjasi uning yoqasida. U yo boʻrilarga yem boʻladi, yo sovuqdan tarashaday qotadi. Darvoqe, sovuq halitdan oʻz zaptiga olmoqda. Bu yoqda oyog‘i azob bermoqda. U boʻrini oʻylabdi-yu, sovuqni xayoliga ham keltirmabdi. Axir tog‘da tungi sovuq boʻridan dahshatliroq-ku. Oyog‘i sinmaganida bir navi edi, «qopqon»;dan chiqishga urinib koʻrardi. Aytgancha, Yoldor bir uni deb shu oʻraga tusharmikan? U devorlarga sinchkov boqdi. Yoʻq, tusholmasa kerak. Yana kim biladi. Qorni ochgan yirtqichlar hech balodan tap tortmaydi deyishadi-ku.

U oʻzi sezmagan holda ingrab yubordi.

Yoldor uning ovozini eshitganday, yalt etib qaradi-yu, yana oldingi holatiga qaytdi. Nimanidir kutayotganligi butun vujudidan aniq sezilib turardi. Buni oʻzicha anglagan Sarvar bot ingradi.

Oʻlimga yuzma-yuz kelish naqadar noxushligini u ilk bor his qilmoqda edi. Shu paytgacha dashtda qanchadan-qancha jonivorlarning joniga zomin boʻlmadi. Quvlab otdi, poylab otdi, suyunib-suyunib, kulib-kulib otdi. Ovning zavqini obdon totdi. Toqqa kelib ham tek turmadi, kasalman deb oʻtirmadi. Yaroq koʻtarib oʻrga chiqdi, qirga chiqdi. Keyin itimning xuni deya, Yoldorning ketidan tushdi. Soʻng esa, uning joni evaziga qoʻliga tegishi mumkin boʻlgan qoʻylarni deya, tinim nima, bilmadi. Oxiri yetgan manzili shu — oʻrasimon keng chuqurlik uni oʻz bag‘riga oldi. Ingrashdan boshqasiga yaramay oʻtiribdi.

U yaralangan jonivorlarning mungli nigohlariga koʻp bor duch kelgan. Ularning jon talvasasida toʻlg‘onishlarini koʻp kuzatgan. Soʻng oʻzicha rahm qilib, pichog‘ini ishga solgan, gohida bir oʻq bilan tinchitgan. Bunday paytlarda joʻrasi uni maqtardi. U esa maqtovdan masrur tortardi. Usta ovchilardek tevarakka mag‘rur boqardi. Shunda butun choʻl yolg‘iz oʻziga daxldordek tuyulardi.
— Bolasi, lekin semizgina ekan, — derdi keyin, bundan zoʻr kabob chiqadi, degan ohangda.
— Onasining qochib qutulgani chin boʻlsin, — derdi joʻrasi mamnun qah-qah otib. — Lekin keyingi safar albatta jonini sug‘urib olamiz.

Ular jon olmoqqa mohir, lekin oʻsha jonning azoblanishini, uvolini his etmoqqa ojiz edilar. Bu toʻg‘ridagi gap-soʻzlar doʻstlar uchun choʻpchak tuyulardi. Choʻpchagingizni boshqa birovlarga borib ayting, deyishardi Boyboʻri cholga oʻxshaganlarga. Ammo qaysar chol sira boʻsh kelmasdi, shoshmay turlaring, uvoli tutadi hali bularning, derdi tutoqib.

Oʻrtada olov, havoda kabob hidi anqigan, narida esa vaysaqi otliq chol. Joʻrasi koʻpda parvo qilmasdi. Lekin Sarvarning ichi tor edi. Osmonga ketma-ket oʻq uzib, otliq cholni haydab solardi. Soʻng ortidan soʻkib-soʻkib qolardi.

Endi oʻylab koʻrsa, Boyboʻri chol haqqa oʻxshaydi. Joʻrasi erta oʻlim topdi. Oʻzi esa kimsasiz tog‘u toshda ajalga roʻparoʻ kelib oʻtiribdi. Boqishlari mungli, koʻzlari yoshli... Uyda bolalari kutayapti, xotinining fikr-xayoli unda. Hashamatli imoratning chap qanoti hali bitmagan, kichik oʻg‘li hali sunnat qilinmagan. Kelasi bahorda toʻy qilmoqchi edi. Qoʻshnisi Ziyod kaldan oʻtkazib ziyofat bermoqchi edi. Nahotki, endi hammasi sabil qolsa?! Hayotining intihosi bu qadar ayanchli-soʻnggi qoʻnim topgan manzili mana shu oʻrasimon chuqurlik boʻlsa!

U ich-ichidan xuruj qilib kelayotgan yig‘ini bosish uchun, tishlarini mahkam siqdi. Yig‘isi ingrashga qorishib, xunuk bir sas kasb etdi.

* * *

Yoldorning esa u bilan mutlaqo ishi yoʻq edi.

«Oʻra»;dagi odam bolasi sichqondek beziyon, ahvoli oʻta xarobligini ingrashidanoq sezgandi.

Odatda, ziyrak jonivorlar sasga qaraboq, holat va vaziyatni tez ilg‘aydilar. Shuning uchun ham ovloq joyda boʻriga roʻparoʻ kelgan tog‘liklar ovoz chiqarmaslikka urinadilar. Nega deganda, boʻri zoti ovozingdanoq kimliging va nimalarga qodirligingni tez fahmlaydi. Tabiiy, bu xususiyat Yoldorga ham begona emasdi. U chuqurlikdagi odam bolasining ingrashinigina emas, bir chaqirim naridagi archa novdasidan toʻkilgan qor sasiniyam sezib, bilib turardi.

Hozir uning butun diqqati shimoliy-sharqiy tomondan bostirib kelayotgan g‘anim toʻdada edi. Oshiqmayroq ilgarilayotgan galaning jirkanch hidini baralla tuymoqda edi. Oʻz navbatida, qarshisidagi chog‘roq vodiy tarafdan Oqsiynaning daragini sezmoqda edi. Yoldor goh yoʻqolib, goh paydo boʻlayotgan bu hiddan Oqsiynaning nozini payqab turardi. Biroq u bezbetlarcha bosib kelayotgan toʻda bilan ora ochdi qilmay, Oqsiynaga peshvoz yurolmasdi. Bir gap bilan aytganda, hududi xavf ostida turganda, koʻngliga «yor»; sig‘armidi.

U yuz berishi muqarrar boʻlgan toʻqnashuvga jiddiy hozirlik koʻra boshladi.

Xavf juda uzoq kuttirmadi.

Tog‘da achchiq izg‘irin kuchaygan bir pallada sayhonlikning narigi boshidagi xarsang ortidan besh-olti chog‘li boʻri, oshiqmay, birin-ketin chiqib kedi. Toʻdani Sariqtoʻsh degan arloni boʻri boshqarardi. Sariqtoʻsh u qadar jussador boʻlmasa-da, tabiatan ancha chayir jonivor edi. Tezob va bir oz tajangligi xatti-harakatidan sezilib turardi.

Uning koʻzi Yoldorga tushgach, xarsangdan beridagi tekis maydonchaga kelib choʻnqaydi. Sheriklari uni tevaraklashdi.

Toʻda kengasha boshladi.

Agar galada ona boʻri Oqmanglay boʻlmaganida, kengash uzoqqa choʻzilmasdi. Qiziqqonlik qilayotgan yosh boʻrilarni Sariqtoʻsh emas, Oqmanglay bosdi. Koʻp balolarni boshidan kechirgan bu keksa yirtqich qarshisida qanday jonivor turganini yaxshi bilardi. U Yoldorda bir vaqtlar bu tog‘larda dahshat solib yashagan Oqtishning timsolini koʻrgandi. Ammo buni boshqalarga uqtirish befoyda edi. Boʻri zoti oʻtmish bilan emas, buguni bilan yashaydi. Koʻz oldidagi narsalar bilan hisoblashadi. Oʻtmishda yashab oʻtgan alaqanday Oqtish bilan ularning necha pulik ishlari bor. Gʻoʻddaygan manovi ahmoqning boplab adabini berish kerak-da, yoʻllarida davom etishlari kerak, tamom-vassalom.

Keksa boʻri yana bir narsani his qilgandi. Butun vujudidan kuch yog‘ilib turgan Yoldor har qanday urg‘ochi boʻri orzulaydigan jonivor edi. Oʻzidan sog‘lom zurriyot qoldirishni istagan ona boʻrilar unga bee’tibor qarayolmasdi. Aslida vodiy tomondan yaqinlashayotgan Oqsiynaning dardi ham shu edi. Yassibosh oʻqqa uchib oʻlgandan soʻng, koʻnglida allaqachon tug‘ilgan maylni amalga oshirish uchun Yoldorni istab qolgandi. Faqat yaqin kelmoqqa yuragi chopmay, archalar orasida sandiroqlab, oʻzicha nozlanib yurardi. U Yoldor oʻzini birpasda topib olishini yaxshi bilardi. Oʻshanda qorga yotib erkalanmoqchi, qochgan boʻlib, kuydirmoqchi edi. Ammo u kutgan daqiqa choʻzilgandan choʻzilib, Yoldor joyidan qoʻzg‘olay demas, goʻyo qoya poyida muzlab qolgandek edi.

Keksa ona boʻri Oqmanglay esa Yoldorga moyillik istab emas, qandaydir ichki bir mehr bilan boqarkan, goʻzal va navqiron bu vujudga ziyon yetkazishlarini xohlamadi. Shu lahzada murakkab, sirli, qudratli bir sezgi ona boʻri yuragida toʻlqin ura boshlagandi. U Yoldordagi oʻziga xoslikni onalik tuyg‘usi bilan ilg‘ashga ulgurgandi. Yoldor kabi jonivorlar tabiatning ehsoni hisoblanadi. Boʻrilar naslining davomiyligini ta’minlaydigan zurriyotlar asosan mana shu xil jonivorlardan tarqaladi. Aks holda zot maydalashib, xashakilashib, bora-bora yoʻqlikka yuz tutishi mumkin. Qisqasi, sog‘lom va kuchli vujud mudom tebranishda boʻlgan hayotiy muvozanatni bir maromda tutib turishga xizmat qiladi. Tabiat esa bu haqiqatni ilg‘ay bilish tuyg‘usini deyarli barcha ona boʻrilar idroki va yuragiga joylagan va bu sezgi favqulodda hollardagina yuzaga qalqiydi. Biroq arloni boʻrilar bu hisdan yiroq, qaytamga ular «zoʻr»;ni tezroq gumdon etish payida boʻlishadi yoxud unga bir umr boʻysinib yurishadi. Har holda arloni boʻrilar oʻzidan zoʻrroqlarni unchalik yoqtirishmaydi. Imkon tug‘ilishi bilan qarshi chiqishga urinishadi. Shuning uchun ham koʻp hollarda jang taqdirini urg‘ochi boʻrilar hal etadi. Ortiqcha va zaruratsiz ziyonu shikastdan toʻdani omon saqlashga tirishadilar. Ayrim hollarda buning aksi ham boʻladi. Bu endi ona boʻrining kayfiyati va farosati, shuningdek, toʻdada tutgan oʻrniga bog‘liq.

Keksa boʻrining toʻdadagi mavqei havas qilarli darajada emasdi. Boʻzboʻri nobud boʻlganidan soʻng parokandalik yuzaga kelib, toʻda ikkiga boʻlinib ketgan. Sariqtoʻsh shu kichik toʻdani zoʻrg‘a boshqarardi. Yosh boʻrilar buysunishni istamagani tufayli oʻrtada tez-tez nizo chiqib turardi. Sariqtoʻsh tezob va anchagina farosatsiz edi. Aks holda bir vaqtlar Boʻzboʻridek kuchli boʻrini osongina yenggan raqibiga nisbatan ozgina andisha saqlagan, toʻqnashmaslikning chorasini qidirgan boʻlardi. U esa tezroq Yoldorni bir yoqlik qilib, yoʻlda davom etishni oʻylardi. Qolganlariyam shu istakda yonardi. Yoldorning viqorli xezlanib turishi ularning yomon g‘ashiga tegmoqda edi. Ayniqsa, ikkita yosh boʻrining toqat qilishlari juda qiyin kechmoqda edi. Toʻdaboshini sustkashlikda ayblab, irillab-irilab qoʻyishmoqda edi.

Aslida toʻda Yoldor bilan toʻqnashgani emas, uzoq, juda uzoqdagi dashtni qoralab yoʻlga chiqishgandi. Ular bu hudud orqali Oʻrtatoqqa yetish va soʻng Quratog‘ yoqalab borib, Burgutqoʻnmas qoyasi biqinidagi tor soʻqmoqdan Yalangqirga oʻtib, adirlik oralab dashtga tushishni moʻljallashgandi. Dasht boʻrilari bilan yuz berishi mumkin boʻlgan olishuvlarni hisobga olmasa, u tomonlarda kunlari yomon oʻtmaydi.

Agar toʻdaning izmi Oqmanglayning ixtiyorida boʻlmaganida, Yoldorning avzoyini koʻriboq, iziga qaytgan, galani Uzundaraga boshlab, Choʻngtog‘ni qora tortardi. Bu yoʻnalish uzoq boʻlsa-da, xavfsiz edi. Biroq uni tinglovchi yoʻq, yosh boʻrilar qonli jang xumorida tipirchilashardi. Bir hamla bilan Yoldorni mahv etish ishtiyoqida yonishardi. Odatda, yoʻlda uchragan har qanday g‘ov mana shu tarzda tez bartaraf etiladi. Ortiqcha pachakalashib oʻtirilmaydi. Ularning nazarida, kengash juda uzoq choʻzilganday edi.

Oqmanglay toʻdadagi ozgina mavqeidan foydalanib, soʻnggi chorani ishga soldi. Ularni raqibga qarshi yakkama-yakka jangga chorladi. Sariqtoʻshning gardaniga suykalib, qor toʻzg‘itib ketma-ket irilladi, ya’ni, qoʻrqsalaring oʻzim maydonga tushaman, degan boʻldi. Turgan gap, yakkama-yakka jang hamisha toʻdaboshining zimmasiga tushadi. Bundan u boʻyin tovlayolmaydi. Aks holda toʻda unga ortiq buysunmay qoʻyadi.

Toʻdaning kuchiga ishonib, oʻzicha zamzama qilayotgan Sariqtoʻsh qiyin ahvolda qoldi. Yolg‘iz oʻzining raqibga qarshi turishi ancha mushkulga oʻxshaydi. Vaqt yoʻqotmay, issig‘ida hujumga oʻtishi zarur edi. U boshlab berardi, sheriklari esa oxiriga yetkazardi. Koʻpchilik baribir koʻpchilik-da. U bu usuldan hamisha ustalik bilan foydalanib kelardi. Agar keksa ona boʻri ishni buzmaganida, bir hamladayoq Yoldorni yoʻldan olib tashlashgan boʻlardi. Endi qaltis bu vazifa yolg‘iz uning zimmasiga tushib turibdi. U bir zum taraddudlanib qoldi. Ammo uzoq hayallab ham boʻlmasdi. U yosh hamrohlarining oʻtkir va sinovchan nigohlarini butun vujudida his etarkan, noiloj jangga hozirlik koʻra boshladi.

U xoʻjakoʻrsinga jag‘larini keng ochib esnadi. Belini bukib uzoq kerishdi. Va soʻng vahshatli irillab, asta raqibi sari yura boshladi. Qolgan sheriklari eran-qaran unga ergashdilar.

* * *

Sarvarni uyqu elita boshladi. Yoqimli bu mudroq muzlash alomati ekanini u yaxshi bilardi. Agar vaqtida es-hushini yig‘ib olmasa, bu uyqu mangulikka aylanishi mumkin. Buning uchun esa harakat zarur.

U avval qoʻllarini qimirlatdi. Soʻng tanasini. Kesakka aylangan chap oyog‘ida kuchli og‘riq qoʻzg‘alib, u dodlab yubordi. Joni azoblansa-da, har holda uyqusi aridi. Lekin qachongacha? Peshonasida muzlab oʻlish bor ekan, qochib qayoqqa ham boradi? Bundan koʻra anovi la’natiga yem boʻlgani afzal emasmidi! Yoldor esa uni yeyishdan or qilganday, hatto qayrilib qaray demasdi. Xuddi muzlab qolganday, qilt etmasdi.

E g‘oʻddaymay oʻl!

Aslida ular allaqachon bir-birlariga koʻnikib boʻlishgandi. Yoldor uchun u yoʻqdek, Sarvar ham unga ortiq g‘anim koʻzi bilan qaramay qoʻygandi. Boshdagi xayollar uni endi taajjubga solmoqda edi. Shu paytgacha u boʻri deganda yirtqich va tajovuzkor maxluqni koʻz oldiga keltirardi. Uning irillab chuqur atrofini aylanishini va payt poylab, ustiga sakrashini kutgan edi. Axir u oʻz oyog‘i bilan «qopqon»;ga tushgandi-da. Qopqondagi jonivorni inson birpasda saranjom qilganidek, u Yoldordan ham shuni kutgandi. Yoldor esa loaqal joyidan jilishni lozim topmadi. Vahimada qolgan Sarvar, sheriklarini kutayapti, degan oʻyga borgandi. Biroq hanuz sheriklaridan darak yoʻq, turibdi yolg‘iz oʻzi qoʻqqayib.

Nimani kutayapti oʻzi bu?

Biroq bu savolga javob topishga uning aqli ojizlik qilardi.

Sarvar oʻzini zoʻr ovchi hisoblasa-da, boʻrilar haqida bilganlari odamlardan eshitgan turli rivoyatlaru afsonalar edi, xolos. Emishki, boʻri och qolsa, hatto tomni tesharmish, yana emishki, agar u qasdlansa, oʻchini olmasdan qoʻymasmish. Tomni teshgan jonivorga u yotgan chuqurga tushish nima boʻpti. Yengilgina bir sakrasa boʻldi-da.

Oʻzi qasdlangani uchunmi, Yoldorni ham qasdda yuribdi deb oʻylagandi. Pichog‘ini yalang‘ochlab, turli harakatlarni mashq qilgani shundan edi. Qaytamga, oʻrta yerda qoʻlining muzlagani qoldi. Oxiri u pichog‘ini qorga sanchib, kuh-kuhlab, kaftlarini isitishga tushdi. Orada chuqurning nishabroq boʻlib koʻringan devori tomon siljib, undan chiqishni oʻyladi. Oqibat, barcha urinishlari behudaligini, yarador oyog‘i bilan yuqoriga tirmashib boʻlmasligini anglab, sudralib yana joyiga qaytdi. Yoldorni koʻrib turishni istadi. U g‘animining harakatlaridan ogoh boʻlish uchun emas, yolg‘izlikdan qoʻrqdi. Har holda Yoldor tirik jon, yuragiga dalda berib turadi. Aks holda qor bosgan bu tog‘u toshlar oʻzini yutib yuboradigandek edi.

U bu tog‘lar qarshisida oʻzini qum zarrasidan ham mayda his qilmoqda edi. Holbuki, bir necha soat burun bu dunyoga sig‘maydigandek edi. Orzu-oʻylari ham bisyor edi. Garovda yutqazib qoʻyishi oʻlim bilan tengdek edi. Endi esa buning barisi oʻz ahamiyatini yoʻqotgan, jonidan oʻzgasi koʻziga koʻrinmasdi.

Soʻnggi onlarda uni ikki bor uyqu elitdi. Tevaragidan ketmay, asta aylanishayotgan ajal sharpasi g‘oyat makkorlik bilan oʻlim toʻrini tashlashga urinayotganini sezib turardi. Unga har gal chap berish qiyinligini, agar shu sozda miq etmay oʻtiraversa, ajal osongina oʻz niyatiga yetishini yaxshi bilardi. Yigitni, ayni damda u mahrum boʻlgan, harakatgina qutqarib qolishi mumkin edi. Bir safar choʻlda shu yoʻl bilangina omon qolishganini u hanuz eslaydi.

Ov paytida mashinalari choʻl oʻrtasida buzilib qolganida, amaldor joʻrasi koʻp oʻylab turmay, yoʻl tadorigini koʻra boshlagan.
— Mashina-chi? — degan u joʻrasiga ergashishni ham, ergashmaslikni ham bilmay. — Mashina qolaveradimi?
— Unga it ham tegmaydi, — degan joʻrasi. — Bu yerlarga hafta-oʻn kundayam birov oyoq bosmaydi.
— Harholda...
— Mashina jondan aziz emas-ku, birodar, — joʻrasi achchiq haqiqatni aytishga jazm qildi.—Agar bu yerda qolsak, mashinadangina emas, jondan ayrilamiz. Mashina yoqib ham bu balodan qutulishimiz qiyin. Bizni faqat harakat qutqaradi. Choʻponlar qoʻnolg‘asiga yetib olsak marra bizniki. Aks holda joningizdan umid uzavering!

Ular tuflangan tupuk yerga tushmay yaxlaydigan sovuqda yoʻlga tushishgan. Sarvar yura-yura g‘alati bir sarxushlikni his qila boshlagan, uyqu tortayotganini sezgan. Joʻrasining hay-haylashlari ortiq qulog‘iga kirmay qoʻygan. Shunda kutilmaganda qoʻymichiga kuchli tepki kelib tushgan.
— Agar yana mudrasangiz, qoʻndoq bilan uraman! — degan joʻrasi uzr soʻrash oʻrniga dag‘dag‘a qilib.— Uxlamang! Uyqu—oʻlim! Sabr qilsangiz, hademay choʻponlar qoʻnalg‘asiga yetamiz.

Joʻrasi miltiq qoʻndog‘i bilan urmagan-u, lekin yoʻl boʻyi yana uch bor oʻxshatib tepgan. Jahlini qoʻzitish uchun xunuk soʻzlar bilan soʻkkan. Xafa boʻlishga esa uning holi yetmagan, tepkilar kuchsiz, nordon soʻzlar ta’sirsiz, oppoq qor bosgan choʻl cheksiz tuyulgan. Keyin esa, og‘aynisidan anchagina oʻpkalanib yurgan, oʻshanda meni yomon tepgansiz, deb. Joʻrasi muzlab oʻlishning sir-asrorini yaxshilab tushuntirishga majbur boʻlgan. Uning aytganlari mana endi asqotayapti. Biroq harakatsiz odamga bu vaqtinchalik chora ekanini ham fahmlab turardi. Imkoni boricha uyqu toʻriga ilinmaslikka tirishardi.

Oʻshanda og‘aynisidan har tepki yeganda, u oʻksik oʻylarga berilgan. Nega men bunga dum boʻlib yuribman oʻzi, deb oʻylagan. Amaligayam, oʻzigayam tupuraman degan. Tupurishga qurbi yetmasligini sezgach esa, negadir talaba yigitni eslagan. Uning achchiq soʻzlarida qandaydir haqiqat mavjudligini his qilganday boʻlgan. Lekin neligini anglayolmagan. Anglashga eringan. Navbatdagi tepki tushib qolmasligi uchun yoʻrg‘alashga uringan. Keyin gaplashaman sen bilan, deya oʻzini tinchlantirishga harakat qilgan. Ana shunda karaxt shuuri qatidan talaba yigitning istehzoli chehrasi qalqib chiqqan: «Bekorga chiranayapsiz!»; degan. Quturib soʻkinmoqchi boʻlganida, u qumga singandek koʻzdan yoʻqolgan. Ortidan turtkilab kelayotgan joʻrasi esa buni oʻzicha tushungan.
— Soʻkining, soʻkinavering! Faqat uxlamang! — degan. — Onadan soʻkinasizmi, otadan soʻkinasizmi, mutloq xafa boʻlish yoʻq. Lekin uxlamang, iltimos!
— Sizni soʻkayotganim yoʻq. — U hushyor tortishga urinadi. — Sizni soʻkib oʻlibmanmi! Axir siz... Sizni soʻkib boʻladimi!
— Yoʻq, soʻkinavering.

Tun pardasi chulg‘ay boshlagan dasht qa’ridan yana talaba yigit tirjayib chiqadi: «Aytdim-ku, bekorga chiranmang koʻp deb! Soʻkolmaysiz! Chunki siz odamlarni tabaqalashtirib, shunga qarab muomala qiladigan pastkash bir kimsasiz. Erta bir kun bu amaldan ketsa, hol soʻrashga yaramaydigan bandasiz! Yana aytaymi kimligingizni?..»; Sarvar qoʻlini toʻlg‘ab, uni oʻzidan nari haydamoqchi boʻladi. Ammo yelkasiga kelib tushgan turtkidan munkib ketadi. Qaddini bazoʻr tiklab, qarshisida tag‘in sovuq dashtni koʻradi. Dashtning uzoq bir burchida lipillayotgan chiroqqa koʻzi tushadi.
— Endi oʻlmaymiz! — deydi hiqillab.
— Oʻlishingizga yoʻl ham qoʻymaymiz-da! — deydi joʻrasi shodon va tolg‘in ovozda. — Uxlasangiz, yana turtaman!

Buni qarangki, sovuq dashtda g‘ashiga tekkan talaba yigit bu yerda ham uni tinchiga qoʻymayotgan edi. Istehzoli kulimsiragancha nuqul uxlashga undardi.
— Uxlang-uxlang! Bahuzur uxlayvering!

Mudray boshlagan Sarvar toʻng‘igan lablarini bazoʻr qimirlatadi.
— Mumkin emas, uxlasam—oʻlaman.
— Bu bilan dunyo hech narsa yoʻqotmaydi, uxlayvering!
— Bilaman, qoʻyningda toshing bor.
— Menda tosh nima qiladi?
— Unda nega meni yoqtirmaysan?
— Dunyoqarashingiz juda kir-da...
— Lekin men ham seni yomon koʻraman!
— Siz oʻzingizdan boʻlak, hech kimni yaxshi koʻrmaysiz.
— Toʻg‘ri topding lekin.
— Shuning uchun ham uxlang deyapman-da.
— Tong otsin, sen bilan keyin gaplashaman!
— Sizning tongingiz otarmikan?
— Buncha tiling zahar-a?
— Boʻlarim shu.
— Ta’ziringni bermasimdan, qorangni oʻchir!
— Siz esa, uxlang.
— E, yoʻqol!

Sarvar munkib, uyg‘onib ketadi.

Koʻzlarini ochib, doʻngda bir gala qorani koʻradi. Qarasaki, bir toʻda boʻri. Umri bino boʻlib, buncha boʻrini bir yerda yig‘in holda uchratmagandi. Ammo yuragida qoʻrquv tuyg‘usini his qilmadi. Axir toʻng‘ib oʻlding nimayu, bularga yem boʻlding nima — bari bir goʻr emasmi. U narida yax qotgan qorga sanchib qoʻyilgan pichog‘iga koʻz qirini tashlab qoʻyadi. Lekin uni qoʻliga olishga intilmaydi. Boshini devorga suyagancha, yuqoriga loqayd tikiladi.

Bir ozdan soʻng doʻngdagi voqeani, ya’ni Yoldor g‘anim toʻdaga qarshi tish qayrab turganini sekin-asta fahmlay boshlaydi. Yoldorning holati juda bejo edi. Yag‘rin tuklarini hurpaytirgancha, qoya yanglig‘ qotib turardi. Gʻanim tomon esa bu «qoya»;ga urilib, chilparchin boʻlishdan choʻchiyotgandek edi.

Oxiri ulardan birining sabri tugadi shekilli, toʻdadan ajralib chiqdi. «Qoya»;ga birdan tashlanmay, irillagancha uning atrofini aylana boshladi. «Qoya»;—Yoldor, boshini bir oz burganini demasa, qilt etmay turaverdi. Chamasi, uning nazari taraddudlanayotgan boshqa boʻrilarda edi. Tevaragini aylanayotgan yirtqichni uncha pisand qilmayotgandek edi. Shunda Yoldordan sal narida choʻnqayishgan boʻrilar safidan yana biri oldinga intildi. Ammo u kutilmaganda ikkinchi bir boʻri tomonidan qayirib tashlandi.

Koʻz oʻngida yuz berayotgan bu manzara Sarvarga juda qiziq tuyuldi. Hayajondanmi, taniga qon yugurib, jindek isigandek boʻldi. Bu orada hanuz irillab aylanayotgan yirtqich toʻsatdan Yoldorga tashlanib qoldi. Oʻrtada olatasir olishuv boshlandi. Itlarning oʻzaro talashganini koʻp bor koʻrgan Sarvarning Yoldorga rahmi keldi. Negaki, odatda, begona it boshqa itlar tomonidan jamlikda ayovsizlarcha talanadi.

Biroq u kutgan hodisa yuz bermadi. Doʻngda saf tortgancha olishuvni kuzatayotgan boʻrilardan birortasi jangga aralashmadi.

Sarvar taajjubdan dong qotdi va xayoliga kelgani shu boʻldi: «E, tavba! Jondorlar yigitlarcha urisharkan-ku!»; Uning sinchkov nigohi manglayida qashqasi bor jonivorning harakatlarini nazardan qochirmadi. Oqmanglayli bu yirtqich jangni kuzatishdan koʻra, koʻproq safdagi boshqa boʻrilarga koʻz-quloq boʻlib turardi. Ana, u yana bir sherigini ortga haydadi.

Bu ikkisi esa qorni toʻzg‘itib, beshafqat olishardi. Gʻanimi zoʻr, Yoldor esa undan-da kuchliroq ekanligi tezda ayonlasha boshladi. Gʻanim toʻsatdan angillab yubordi. Yoldor navbatdagi hamlaga hozirlanguncha boʻlmay, u dumini qisgancha qochib qoldi. Sheriklari unga ergashdi.

Toʻda maydonda Yoldorni yolg‘iz qoldirib, bir zumda koʻzdan g‘oyib boʻldi.

Yoldor doʻngda bir oz choʻnqayib oʻtirdi. Tumshug‘ini choʻzib hid oldi. Qor bosgan vodiyga uzoq tikilib qoldi. Soʻng oshiqmay iziga qayta boshladi. «Oʻra»; yonidan oʻtayotganda, andak toʻxtadi. Sarvarga shunchaki bir koʻz tashlab, yana yoʻlida davom etdi.

Bu vaqtga kelib Sarvar boʻri zotidan umuman choʻchimay qoʻygandi. Yoldor haqidagi dastlabki oʻylari endi unga juda kulguli tuyulmoqda edi. Ammo uning kulmoqqa chog‘i yoʻq, boʻrilar olishuvi paytida hayajondan xiyol qizigan vujudi tag‘in sovqota boshlagandi. U Yoldorning oʻrnida iti boʻlmaganidan oʻkindi. Agar Dikkiquloq tirik yurganida, uni bu holga tashlab qoʻymagan, allaqachon qishloqdan odamlarni boshlab kelgan boʻlardi. Dikkiquloqning qotili esa unga shunchaki bir qarab oʻtdi-ketdi. Biroq u negadir Yoldorga nisbatan g‘azab his qilmadi.

Yuqorida muzlagan qorning qisirlashi eshitilganda, tag‘in uning koʻzi ilina boshlagandi. Oʻlimga chorlovchi bu uyqu shu qadar shirin ediki, ortiq koʻz ochishni istamay turganida, Gʻuchchi pakananing ovozi eshitildi.
— Iya, aka, nima yotish bu?!

Sarvar koʻzlarini ochib, «oʻra»; og‘zida angrayib, ham quvonib turgan Gʻuchchi pakanani koʻrdi.
— Izingizni olib kelayapman, — dedi u «oʻra»;ga tushmoq uchun qulay joy qidirib. — Koʻnglim sezgani boʻpti-da. Yomon yiqilmadingizmi ishqilib? Hozir oldingizga tushaman.
— Tushmang! — Sarvar jonlanib, qoʻli bilan, toʻxta, deganday ishora qildi. — Tusha koʻrmang! Baribir foydasi yoʻq. Oyoqni sindirib olganman. Arqon kerak.

Bu gapdan soʻng Gʻuchchi pakana chuqur og‘zida bir zum serraygancha turib qoldi. Negadir u yon-bu yon qarandi. Keyin soʻragani shu boʻldi.
— E, miltiq qani?

Sarvar shu tobda koʻziga har qanday tug‘ishganidan ziyoda boʻlib koʻrinayotgan yigitga jilmayib qarash bilan cheklandi.
— Tushunarli,— dedi Gʻuchchi pakana hech narsani tushunmagan boʻlsa-da. — Hozir odam boshlab kelaman. Arqon ham olib kelaman. Emasam, ketdim men.

U qasir-qusur qor bosgancha tezda koʻzdan yoʻqoldi.

Sarvar toshdevorga behol suyandi. Negadir yig‘lagisi keldi. Quvonchdanmi yo g‘amdanmi, har holda ich-ichidan nimadir toʻlqin urib kelmoqda edi.

U jilmaygan koʻyi yig‘lay boshladi.

* * *

U Gʻuchchi pakana butun qishloqni boshlab keladi deb sira oʻylamagandi. Qishloqda erkak borki, deyarli bari kelgandi.

Epchil yigitlar arqonga osilib, osilmay chuqurga tusha boshladilar. Turgan gap, Gʻuchchi pakana hammadan koʻra koʻproq jon kuydirardi. Baqirib-chaqirib yoʻl-yoʻriq koʻrsatishga tirishardi.
— Shuncha odamni ovora qilishingiz shartmidi? — Sarvar xijolat tortganini yashirolmadi. — Kishini uyatga qoʻydingizda.
— E, nimasi uyat buning!—Gʻuchchi pakana oʻktam ovozda shang‘illadi. — Odam odamga shunday paytda qayishmasa, qay paytda qayishadi. Men birovga yur demadim, ovoza qildim. Ammo lekin Botir aka bilan Sulton akaga yuring deganim rost. Boshqalarning oʻzlari kelishdi. Elchilik-da, elchilik! Eldan aylanay! I-i, og‘riyaptimi?
— Yigitlar, ehtiyot boʻlinglar! Zokir, sen pastdan tut! Juda imilladingda, Abdurayim! Ha, shunday. Barakalla! Arqonni qorindan emas, qoʻltiq tagidan sol, shunda tortib olish osonroq boʻladi.

U Shoyim yoʻg‘onga «oʻra»; og‘zida roʻparoʻ boʻldi. Shoyim yoʻg‘onning koʻzlaridan toʻnglik arigan, boshqalar kabi hamdardlik bilan boqib turardi. Yigitlar koʻkragini sirib turgan arqonni yecha boshlaganida, u Shoyim yoʻg‘onga yuzlandi. Hech bir ichki iztirobsiz dedi:
— Aka, siz yutdingiz.

Ammo Shoyim yoʻg‘on u kutganchalik quvonmadi, irg‘ishlamadi. Qarashlari bir oz tundlashdi-yu, lekin hech qanday oʻzgarish yuz bermadi. Og‘zidan oppoq hovur chiqarib, mushtumiga yoʻtaldi. Keyin birdan esiga tushganday, oshig‘ich bir harakatla ustidan qalin poʻstinini yechdi-da, sovuqdan qaltiray boshlagan Sarvarning yelkasiga tashladi.
— Bir nima deganday boʻldingizmi? — dedi soʻng hardamxayol ohangda.
— Garov...
— Esdan chiqaring!
— Axir...
— Koʻp mayda gap boʻmang!
— Labz...
— Suruv menikimi?
— Sizniki.
— Unda men uni omon qolgan joningizga siylov qildim. Kattazanglik qilmaganingizda shu balolar yoʻq edi. Bundan soʻg‘in davlatingiz bilan maqtanmang! Agar juda oshib-toshib ketgan boʻlsangiz, yarmini, ana, pakanaga bering. Kuymaysiz. Joningizni omon saqlab qolgan shu-da.

Odamlar orasidan Gʻuchchi pakananing norozi ovozi eshitiladi.
— Aka, mening otim bor!
— Uzr, Gʻuchchi aka, — Shoyim yoʻg‘on kuladi. — Til qurg‘ur besuyaklik qipti. Ming bor uzr.
— Sizga odamni kalaka qilish boʻlsa... — Gʻuchchi pakana toʻng‘illay-toʻng‘illay uning uzrini qabul qiladi. — Bundan soʻng eshitmay, qattiq xafa boʻlaman.

Qor ustiga yozilgan chakmonga avaylab yotqizilgan Sarvarning koʻzi naridagi nuragan qoyaga tusharkan, uning poyida sodir boʻlgan bugungi voqeani esladi. Nazarida, Yoldor uni boshqa boʻrilardan himoya qilgandek tuyuldi. Yoldor quvib solmaganida, ular meni tirik qoʻymasdi, degan xayolga bordi. Bu oʻy ilgariroq miyasiga kelmaganidan oʻkindi.
— Aka! — dedi Shoyim yoʻg‘onni yoniga imlarkan, ovozi tovlanib. — Shu... Yoldorga tegmasak! Oddiy jondor desam, zoʻr yigit ekan u! Qoʻying, oʻz maylida yuraversin!
— Bizam shu oʻydamiz, — dedi Shoyim yoʻg‘on nimanidir anglaganday. — Mayli, oʻz erkida yuraversin.

* * *

Oʻsha kuni oqshom Gʻuchchi pakana yangi gap topib keldi.

Bu paytda Sarvar issiq xonada, pechkada gurillab yonayotgan oʻtga xayolchan termulgancha, odamlarning g‘amxoʻrligidan erkalanib yotardi. Taxtakachlangan oyog‘i qoʻshni kampir qoʻyib bergan kursi ustida, qandaydir giyoh qoʻshib damlangan choydan mayda xoʻplab, g‘arq terga tushgancha, tom ma’noda, erkalanib yotardi.
— Yoldor oʻziga sherik topib olibdi,— dedi Gʻuchchi pakana eshikdan kira-kira. — Ikkisi Zarangbetda quvlashib yuribdi. Menimcha, topgani qanjiq, oʻzini tutishi boshqacharoq...
— Yaqinda sizam quvlashib qolasiz, Gʻuchchivoy, — dedi bunga javoban Sarvar akalarga xos salmoqli ohangda. — Yetar shuncha vaqt erkin yurganingiz.
— Nima deganingiz bu, aka?
— Sizni uylantiramiz deganimiz bu.
— E, odamni uyaltirmang koʻp!

Qoʻshni kampir laganda ovqat koʻtarib kirganida, ular shovqinlashgancha, reja tuzishar, ularning kayfiyatidan andoza olgandek, pechkadagi oʻt shoʻxchan chirsillar, tashqarida esa tungi boʻron qoʻzg‘olgandi.

U xuddi och boʻriday uv tortardi.