OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNormurod Norqobilov
Asar nomiQuyosh tutilgan kun (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Normurod Norqobilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm28KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 4-5-sonidan olingan


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Quyosh tutilgan kun (hikoya)
Normurod Norqobilov

Qishloqda xunuk gap tarqaldi.

Emishki, yakkabuloqlik Boborayim gov hamqishloqlari Sobir polvonning qonini ichmoq qasdida yurganmish. U meni tuproqqa qorib ketdi, endi men uni qizil qoniga belayman, pichogʻim qayroq ustida, oʻchim toʻsh ostida, deganmish.

Sobir polvon bu gaplarni keng hovli oʻrtasidagi supada yonboshlagan koʻyi, qontalash oʻng manglayini silab-siypab, xayolchan bir tarzda tingladiki, avzoyidan ne voqea yuz berganini halizamon oshiqmay toʻkib soladigandek edi. Boshda, ya’ni joʻralari hovliga gurillab kirib kelishganida, shu istagi yoʻq emasdi. Soʻng birdan aynidi. Ogʻziga tikila-tikila, birin-sirin supaga joylashayotgan yigitlarning nigohlarida hamdardligu xavotirdan koʻra qiziqish alomatlari kuchliroq ekanligini sezgach, voqeaga sabab boʻlmish qizni «chaynash»laridan hadiklandi. Boz ustiga, qiz gʻanim oiladan. Bir koʻrpada tepkilashib ulgʻayishgan togʻasi Bahromning qotili Vahobga jondek singil... Hodisani eshitgach, yigitlarning har balo deb vaysashlari turgan gap.

Shu tobda Sobir polvonning ortiqcha gap-soʻzlarga tobi yoʻq. Koʻnglida kechayotgan gʻaroyib bir tuygʻudan taajjubda edi. Buni qarangki, kechagacha mavjudligini bilishniyam, sezishniyam istamagan qiz xayolidan ketmay qolgandi. Dastlab buni xavotirga yoʻygandi. Tunda uch bor qizning hovlisi atrofini aylanib kelishi shundan. Oʻzi aytmishli, «ul»lik vazifasini ado etgandi.

Davra yuzini koʻra boshlaganidan beri, u yigitlarni ikki toifaga ajratishni odat qilgandi. Derdiki, yigit bor-ul, yigit bor — toʻl. Fikricha, «toʻl» — shunchaki zurriyod, «ul», ya’ni «oʻgʻil» esa el gʻamida, orida yuradigan asil yigit. Bu aqidani u qaerdan kovlab topgani noma’lumu, lekin oʻzi bunga yurakdan sodiq edi.

Biroq bugun tongda qizni darvozasi oldida uchratgach, «ul»ligini paqqos unutib, qizga mahliyo termulib qolgan. Soʻng ich-ichidan quvonayotganini his etib, bundan gʻoyat ajablangan. Nechun? Boborayimning tajovuzidan xavotirlanib, tungi bedorligini tushunsa boʻladi. Xoʻsh, bu qadar quvonishning boisi nimada? Nechun qiz koʻziga bu qadar issiq koʻrindi? Demak, koʻnglida xavotirdan boʻlak yana nimadir bor ekan-da. Axir, oʻrtada hech bir kuch yiqa olmaydigan adovat devori qad rostlagan-ku. Nahotki, bu devor qizning birgina kulib qarashidan yemirilib tushgan boʻlsa?!

Sobir polvon oʻzini qiynayotgan savollarga behuda javob qidirib, yigitlarga bir-bir tikiladi. Yigitlar esa undan javob kutmoqda. Besabrroqlarining peshonasi tirishgan:
— Ayt, nima boʻldi oʻzi?
— Nega u quturib yuribdi?
— Nima, ogʻzingga talqon solganmisan?

Sobir polvon chuqur xoʻrsinib, bot xayolga toladi.

Kecha qiz tutzordan oʻqdek otilib chiqqanida, oʻrtadagi adovatni oʻylamaganini aniq eslaydi. Buning ustiga, vaziyat ortiqcha oʻylarga izn bermagan. Qiz, «Ogʻajon, qutqaring!» deya avval qichqirdimi, yo keyinmi, har holda jonhalpida quchogʻiga otilgan qaynoq vujudni beixtiyor quchmoqdan oʻzini tiyolmay turganida, uni lol qoldirib, tutzordan Boborayim gov yugurib chiqqan. Oyogʻida rangi uniqqan kirza etik, yoqasi yirtilgan, pichoqbozligi oqibatida orttirilgan xunuk chandiqlar ila «bejalgan» yuzi timdalangan. Bamisoli quturgan itday, dahshatli vajohatda bostirib kelardi. Sobir polvon bagʻridan panoh qidirgan qizni oʻzidan chetlatib, Boborayim govga bet boʻladi. Qiz esa uning ortiga bekinadi.

Boborayim gov qarshisidan chiqqan yigitni endi koʻrayotgandek, ajabsinib boqadi. Qontalash koʻzlarini qisib, tishlarini gʻijirlatadi. Keyin suzangʻich buqaday boshini egib, olgʻa yuradi. Yigitning yelkasi osha qoʻl choʻzib, qizni tutmoqqa intiladi. Undan ter, vino, tamaki isi anqirdi.

Bu qadar nopisandlikdan, ayniqsa, qishlogʻi qiziga begona tomonidan boʻlayotgan tajovuzdan Sobir polvonning qahri keladi. Boborayim govni itarib tashlaydi. Gov qizni unutib, yigitga tashlanadi. U laqabiga yarasha hoʻkizday kuchli edi. Sobir polvon miqtiroq boʻlsa-da, undan baquvvat, ham yosh edi. Boborayimni yelkasidan oshirib uradi.

Qoq tush. Yozning jazirama issigʻidan dasht yonay deydi. Tevarakda qimirlagan biror zogʻ yoʻq. Tizza boʻyi tuproq yoʻlda bir-biriga tirmashgan ikki gavda-yu, yolgʻiz bir guvoh...
— Eshitdinglarmi, erta-indin quyosh tutilarkan.

Sobir polvondan tuzukroq gap olisholmagan yigitlar allaqachon oʻzaro gurungga kirishishgandi.
— Shisha topib, qoraytirib qoʻyish kerak ekan.
— Qora koʻzoynak ham boʻlaveradi.
— Salimning doʻkonida unaqasidan qomabdi, barini opqoʻyishibdi.
— Oxir zamon boʻladi-yov deb, chollar qoʻrqib yurganmish.
— Toza qiziq boʻladi-da oʻziyam.

Sobir polvon boshqalar bir qadar qiziqish, bir qadar xavotirda kutayotgan bu hodisaga ilgariyam duch kelgan. Yuragi siqilib, oʻzini juda noxush his qilgan. Mavjudligiga koʻnikilgan oftobsiz tiriklik bir chaqaga qimmatligini oʻshanda chuqur idrok etgan.

Nazarida, xuddi shu holatni kecha boshidan kechirgandek edi. Koʻkka oʻrlagan changdan bir odim narini koʻrmoqning iloji yoʻq. Oʻlarman hoʻkizday, boshini ekkan koʻyi, qayta va qayta tashlanayotgan Boborayim govning koʻlankasinigina bazoʻr il¬gʻar, nazdida, shu sozda ming yillardan beri mushtlashayotgandek edi. Tiriklik ma’nisini yoʻqotib, yashashdan yolgʻiz maqsadi qizgʻish, qalin tuman-toʻzon orasida harakatlanayotgan qora koʻlankani mahv etishdan iboratdek tuyularkan, «koʻlanka»ning bu darajada qaysarligidan tobora hayrati oshib borardi. Nomsiz bir balo edi u. Churq etmay yopisharkan, oʻldiraman, deya ora-sira gʻoʻldirab qoʻyardi. Tabiiy, yigit buni sezmas, sezadigan ahvolda emasdi. «Koʻlanka»ni mahv etishdan oʻzgasini oʻylamasdi. Kutilmaganda «koʻlanka» birdan gʻoyib boʻlib qoldi. Yigit uni qidirib oʻtirmadi. Yorugʻlik istab, tevarakka, soʻng koʻkka tikildi. Quyoshning yuzi kir, quyuq chang buluti orasidan yiltillab arang koʻzga chalinardi. Olam shu holatda qoladigandek, yigitning yuragi uvishdi. Keyin shuuri sekin-asta tiniqlashib, ne voqea sodir boʻlganini anglab yetdi.

Bu orada toʻzon bosilib, Sobir polvon hanuz bir chetda dahshatdan qotib turgan qizni koʻrdi. Tuproq orasida oʻlikday choʻzilib yotgan Boborayim govga nazari tushdi. Oʻlib-netib qolmadimikan, degan gumonga bordi. Yoʻq, raqibiga jon kirdi. Inqillab qaddini tikladi. Engil-boshidan shovullab tuproq toʻkildi. Negadir oʻrnidan qoʻzgʻalishga oshiqmadi. Yalpayib oʻtirgan yerida goh qizga, goh yigitga qahrli tikilarkan, sovuq va oʻta qoʻrqinchli ohangda dedi: «Bu tun ikkovingniyam boʻgʻizlayman! Avval seni, qanjiq! Keyin manovungni!»

Sobir polvon ne baloga yoʻliqqanini endi sezganday, ogʻir soʻlish olarkan, tutzor yoqalab yoʻlida davom etishdan boʻlak iloji qolmagandi. Biroq raqibining xirqi ovozi tinch ketishiga qoʻymay, ortidan quvlab yetdi: «Qanjigʻingni iskab-iskab ket! Bu yogʻi oz qoldi, ulgurolmaysan keyin! Oʻziyam zoʻr narsa-da!..»

U ketiga keskin qayrilgan yerida, izidan kelayotgan qizga toʻqnashib ketdi. Qiz qalqib, yigit uning bilagidan tutib qoldi. Qiz, kaftlari yigitning koʻksida, yolvoruvchan tarzda dedi: «Qoʻying, teng boʻlmang shu bilan!» Yigitning ensasi qotib, teng boʻp boʻldim oʻzi, deya zardali toʻngʻillarkan, beixtiyor qizga tikilib qoldi. Yirik-yirik koʻzlaridan cheksiz minnatdorchilik va mehr balqib turgan qizning ruxsori gʻoyat goʻzal edi. Buni endigina payqagan Sobir polvon qizdan koʻz uzolmay turarkan, uning yanogʻiga tushgan bir tutam sochini toʻgʻrilab qoʻygisi keldi. Biroq qiz undan ilgariroq harakatlanib, kaftidagi durrasini yigitning qontalash manglayiga bosdi. Bir zumga sarxushlangan yigit mayin durracha peshonasidan chekkasi tomon ohista siljiyotganini sezdi. Shunda u aftining kir-chirligini his qildi. Ammo bu lahza shu qadar yoqimli ediki, u ortiqcha oʻylarga izn bergisi kelmadi. «Boya... — dedi boshi aylanayotganini tuyub, — kun tutildimikan, deb oʻylabman... Keyin qarasam, chang-toʻzon... Kulga agʻnagan tayxarday, toza yumalashibmiz-da oʻziyam...»

«Akasi togʻasini pichoqlagan, — deya uning xayolini boʻldi Boborayim gov xe-xelab. — Singlisi esa jiyanini quchoqlagan. Zap zoʻr ishlar boʻlayaptimi, a?!»

Sobir polvon hushyor tort¬di. Qizdan chetlandi. Boborayim govning xirqi kulgisi ostida yoʻlga tushdi. Ortidan ergashgan qizning shikasta ovozi qulogʻini siypab oʻtdi: «Tutzorda qoʻylarga pechak yulib yurib edim. Birdan kep tashlanib qoldi». Yigit chatoq boʻpti, degan ma’noda «him-m» deb qoʻydi. Qizning ovozi bu gal sal uzoqroqdan eshitildi. «Betini timdalab, zoʻrgʻa qochib qutuldim...». Yigit oʻzini eshitmaganga oldi.

Ular qishloq biqinidagi ayri tol yonida jimgina xayrlashdilar. Qiz boshini eggancha ketdi. Yigit tolga suyangancha ortidan kuzatib qoldi. Oralarida nimadir paydo boʻldi, nimadir yoʻqoldi. Yuzaga kelgan narsaning neligi mavhumdek, yoʻqolgani ham noaniq edi. Sobir polvon tuyqusdan qizning himoyasizligini angladi.

Qiz, akasi qamoqda, yangasi bolalarini olib ketib qolgan, yolgʻiz onasi bilan turadi. Tarafini oladigani yoʻq. Oʻz navbatida, oldi-orti toʻla ogʻa-inisi boʻlgan taqdirdayam, Boborayimning hujumidan holi qilmogʻi qiyin. Negaki, Boborayim gov xudo urgan bir banda — na uyatni biladi, na andishani. Rahm-shafqat esa unga butunlay begona. Oʻtgan oyda hamqishloqlari bilan mushtlashib qolib, yagona buloqni koʻmib tashlashgacha borgan johil bir kimsa. Bu qilmishidan hozirgacha maqtanib yuradi. U bilan olishib charchagan odamlar, oxir-oqibat, tegmaslikni ma’qul topganlar. Tegsang — yo joningga tegadi, yo molingga, it teng kelsin unga.

Eshikdan Karim baqaloq pildirab kirib kelganida, Sobir polvon hanuz xayol daryosiga gʻarq boʻlganicha, parishon oʻtirar, yigitlar odatdagicha osh qilmoqqa tutingandilar. Ne bahonada yigʻilishmasin, ularning gurungi oshsiz yakunlanmasdi. Buni uch-toʻrt yil shaharda yashab kelgan Shodi burun rusum qilgandi.

Karim baqaloq supa tevaragini bir qur aylanib chiqarkan, Sobir polvonga sirli qarab, «piq» etib kuldi-da, turgan yerida irgʻishlab, «Soʻnggi axborot», dedi.

Yigitlar baravariga u tomonga oʻgirildilar. Karim baqaloq tagʻin Sobir polvonga zimdan boqib qoʻyarkan, bu safar xoxolab kuldi.
— Bu yoqqa kelayotib, — deya gap boshladi soʻng. — Salimning doʻkoni yonida Bobur sariqni koʻrdim. Gʻirt piyon. Bu qishloq menga harom, ketaman boshimni olib, deydi. Nimayakan desam, suygan qizini Boborayim gov buzib qoʻyibdi. Joʻramiz Sobir polvon sherik chiqib, u bilan toza yoqalashibdi. Xullas, qiz oʻrtadagi nimta-yu, bular boʻri boʻpti.
— E - ha, gap bu yoqda ekan-da, — dedi Shodi burun ham shum tabassumini yigʻishtirolmay. — Aytdim-a, ulush kam tekkan odamday shumshayib oʻtiribdi bu, deb.

Davrada kuchli qahqaha yangradi. Sobir polvonning oshigʻich, gʻazabli e’tirozi umumiy gʻala-gʻovur ichida izsiz yoʻqoldi. Keyingi urinishlari ham besamar ketgach, kuchi yetgani paxta gulli piyola boʻldi. Ammo shovqinlashayotgan yigitlar na uning ulkan panjalari orasida qirsillab boʻlaklangan piyolaga, na vajohatiga e’tibor berdilar. Bobur sariqning ustidan kulib, qizning gʻiybatini qilisharkan, ora-sira Sobir polvonning sha’niga ham qochirim gaplar aytishar, u esa jon-jahdi bilan qizning sofligini, hech kim daxl qilmaganini isbotlagisi kelardi. Keyin birdan bu harakati bekorligini, yigitlar ishongandek boʻlishsa-da, baribir oʻz fikrlarida qolaverishini anglab yetdi. Azaldan shu — gʻiybatu gumon boʻy choʻzgan joyda haqiqat majruh etiladi.

Yigitning titroq lablaridan uchgan alamli soʻzlarni qaynoq havo yutib yubordi:
— Ha, silar ul emas, toʻlsilar!

U shoʻrlik qizning keyingi taqdirini oʻylab, iztirob ogʻushida mum tishlab oʻtirarkan, shu paytgacha anglab yetilmagan bir haqiqat shuuri qatidan yuzaga qalqib, ma’yus jarangi quloqlari ostida sas berganday boʻldi: «Togʻangning qotili Vahob emas, odamlar... odamlar!»

Bu nidodan Sobir polvonning vujudiga muz yugurdi. Havo yetishmayotgandek, ogʻzini kap-kap ochib, keng koʻksini siypaladi: «Aslida togʻamning hech qanaqangi aybi boʻlmagan!..». U yuz bergan voqeani toʻlaligicha koʻz oʻngida gavdalantirishga urinarkan, hodisa mohiyatini idrok koʻzgusiga solib koʻra boshladi.

Yana oʻsha la’nati tutzor. Daladan qaytayotgan togʻa yoʻlini qisqartirish niyatida tutzor oralab yuradi. U yerda barg sidirayotgan juvonga duch keladi. Togʻa barg toʻldirilgan qopni yelkasiga oladi. Tutzordan boshlashib chiqayotganda, ne falokat boʻladi-yu, befarosat ayol etagini toʻgʻrilaydi, engil-boshini qoqadi. Bu manzarani tasodifan koʻrib qolgan qishloq kampirlaridan biri tishsiz ogʻzini qiyshaytirib, gap tarqatadi: «Falonchilarni zino ustida koʻrdim. Kuppa-kunduzi-ya! Odamlarda na sharm qopti, na hayo...» Natijada na togʻa, na juvon oʻzini oqlay oladi. Shubha-gumon iskanjasida qolgan Vahob koʻp qiynaladi, koʻp azob tortadi. Ayolini siquvga oladi, togʻaning yoqasiga yopishadi. Qishloqda esa gʻiybat koʻpchigandan koʻpchiydi. Va Shovruq posonning toʻyida aytilgan bir ogʻizgina gap hammasiga yakun yasaydi: «Ana, kundoshing kelayapti.» Hamma qatori yeb-ichib oʻtirgan Vahob boshini koʻtarib, toʻyxonaga kirib kelayotgan togʻani koʻradi. Keyin yon-veriga alanglab, gap egasini qidiradi. Lablar chapillab, barmoqlar yoqqa botgan, goʻyo hech qanaqa gap aytilmaganday. U nochor bosh egarkan, et toʻla lagan qavatidagi moy yuqi uzun pichoqqa koʻzi tushadi. Negadir unga tikilib qoladi. Shunda kimdir «piq» etib kuladi. Endi Vahob pichoqqa ayricha nazar tashlaydi. Joniga faqat shugina ora kiradigandek tuyuladi. Birgina harakat bilan barcha iztiroblariga nuqta qoʻymoq istaydi. Pichoqni yengiga yashirib, mastlikdan xiyol gandiraklagancha togʻa tomon yuradi. Hamma oʻzi bilan oʻzi ovora. U toʻgʻri boradi-da, toʻy egasi bilan chaqchaqlashib turgan togʻaning koʻksiga pichoq qadaydi...
— Lekin sen maladessan!

Sobir polvon yagʻriniga bexos tushgan shapatidan choʻchib ketadi. Yoniga oʻgirilib, supa labida tizzanlab turgan Karim baqaloqni koʻradi. Qoʻlida aroq toʻla piyola, afti boʻgʻriqqan.
— Bugundan boshlab sen judayam maladessan! — dedi u yana. Singlisini buzib, togʻangning oʻchini oldingmi, demak, sen chin yigitsan! Shuning uchun manovuni ob yubor!

Sobir polvon, bu nimalar deb aljirayapti, degan oʻyda davradagilarga qararkan, boshqalarning ham koʻzlarida shu ma’noni uqqach, koʻngli shu darajada vayron boʻldiki, nazarida, quyosh nursizlanib, olam zimiston tortgandek tuyuldi. Ammo ichki bu azob quyidagi gapni dangal, oʻz navbatida, xotirjam ohangda aytmogʻiga hech monelik qilmadi.
— Togʻamni Vahob emas, silar, silarga oʻxshaganlar oʻldirgan!

Bu gapdan yigitlar, hatto daraxtdagi qushlaru hovli yuzidagi tovuqlargacha dong qotib, gʻir-gʻir esayotgan kuchsiz epkin bir zum toʻxtaganday boʻldi.
— Endi esa qizning boshini yemoqchimisilar?! — deya gapida davom etdi u. Yoʻq, silarga yedirib qoʻymayman uni! Endi joʻna baring!

Yigitlar norozi qoʻzgʻolisharkan, kimdir baribir tilini tiyolmadi:
— Rahmat, qandaydir bir qanjiqni bizdan ustun qoʻyganing uchun rahmat!

Sobir polvon zabt ila uloqtirgan piyola gap egasining qansharini siypab oʻtdi.

* * *

— Erkaklar mushtlashayapti!

Dashtdan tezak terib qaytayotgan bola yetkazgan bu xabar guzardagilarni oyoqlatmay qoʻymadi. Kimdir tashvishda, kimdir qiziqishda, kimdir esa shunchaki tomosha ilinjida dashtga oshiqdi. Ular orasida kecha Sobir polvon tomonidan hovlidan haydab chiqarilgan yigitlardan ham bor edi.

Aslida Sobir polvonning qishloq yaqinida janjal qoʻzgʻash niyati yoʻq edi. Boborayim bilan Yakkabuloqning oʻzida gaplashmoqchi edi. Jonini garovga qoʻyib boʻlsa-da, uning, qizga tuhmat qiluvdim, degan iqrorini olmoqchi edi. Nazdida shu birgina gap qishloqda tobora urchiyotgan turli mish-mishlarga barham beradigandek edi. Bu oʻy ilgariroq miyasiga kelmaganidan hatto hayratda edi. Boborayimning kutilmaganda hujum qilib qolishidan xavotirlanishga xavotirlanibdi-yu, tuhmat oʻzga bir yoʻsinda amalga oshirilganligini xayoliga keltirmabdi.

Kecha oqshomga yaqin bunga toʻla amin boʻlgandi. Qizning koʻchasida bemaqsad tentirayotgandek esa-da, aslida uni istab chiqqandi. Ichki bir tuygʻu aql-idrokdan ustivorlik qilmoqda edi. Hayotida ilk bor qizning darvozasi koʻziga sirli va issiq koʻrinardi. Ammo darvoza oldida uzoq hayallab boʻlmasdi. Olgʻa jiladi va saldan soʻng muyulishdan suv toʻla chelagini koʻtarib chiqqan qizga roʻpara keladi. Qizning koʻrinishi shu qadar ezgin ediki, chelak emas, bir olam gʻam koʻtarib kelayotgandek edi. Qiz soʻlgʻin nigohini yerdan uzarkan, yigitga koʻzi tushib, yuziga qizillik yuguradi. Quvonchga oʻxshash nimadir porlagan koʻzlari qa’ridan shu ma’no aks etadi: «Ne kunlarga qoldim, ogʻajon?!» Yigit ogʻir soʻlish oladi. Qiz esa nigohi ila soʻzlashda davom etadi: «Bundan koʻra oʻlganim yaxshiroq edi. Hatto oʻz tuqqan enam menga gumonsirab qarayapti!»

Yigit gunohkorona yerga tikilarkan, koʻzlarini olib qochmoqdan naf yoʻqligini anglab, tagʻin boshini koʻtaradi. Qizning qaygʻuga toʻla nigohi yuragini oʻrtab yuboradi. Beixtiyor uni bagʻriga tortib, ovutmoq istaydi. Biroq buning aslo iloji yoʻq.

Nigohlararo bu soʻzlashuv lahzaning oʻndan biri ulushida boʻlib oʻtgan esa-da, yigitning chamasida, yilga choʻzilganday tuyuladi. Alamini yerdagi toshdan oladi. Zarb bilan tepilgan tosh koʻcha chetidagi loyxandakka borib tushgach, u yerdan aftini soqol bosgan, irkit bir kimsa bosh koʻtaradi. «Boshimni teshay dedingiz-ku, polvon», deya xandak chetiga suyanarkan, u voqeani oʻzicha tusmollab, xunuk iljayadi. Soʻng tanglayini ma’nodor taqillatib, qayta loyxandakka shoʻngʻiydi. Sobir polvon bugun tongda Yakkabuloqni qora tortib, otda yoʻlga chiqarkan, qizning hovlisiga ilhaq nazar tashlab oʻtdi. Hovli oʻlik chiqqan uyday sukunatda edi.

U Yakkabuloq chetidagi kulbaga yetgachgina, qizni bir zumga unutdi. Otdan tushmay, bir yonga tob tashlagan eshikni taqillatdi. Devor osha ichkariga moʻralab, hovlining raftoridan koʻngli aynidi. Qarovsiz hovli yuragidagi gʻashlikni battar oshirdi. U hovli yuzini qoplagan oʻt-oʻlanlarga, singan koʻzlariga qogʻoz yopishtirilgan derazaga, otning kallasidek qulf osilgan eshikka, ayvon ustunidagi mixga iligʻlik xurjunga bir-bir razm solarkan, bu goʻshada odam bolasining turishiga ishongisi kelmadi.

Yigitning qishloq oralab soʻrab-surishtirishlari ham natija bermagach, iziga qaytdi va Boborayimga hech kutilmagan yerda — qishloq yaqinidagi podayotoqda duch keldi.

Boborayim gov, qoʻltigʻida chogʻroq tarvuz, chamasi, adirdagi palakdan qaytayotgan ekan, Sobir polvonni koʻrib koʻzlari chaqnab ketadi. Tarvuzni chetga itqitib, etigi qoʻnjidan pichogʻini chiqardi.
— Uyingga oʻtmoqqa erinibgina turuvdim, — dedi hamlaga shaylanib. — Zap uchrading-da! Qani, otdan tush!

Sobir polvon qamchi bilan dashtga ishora qildi.
— Sal nari oʻtaylik.
— Yoʻq, shu yerda qoningni ichaman! — Boborayim gov xirqirab kuldi. — Agar choʻchiyotgan boʻsang, etigim uchidan bitta oʻp, balki shunda gunohingdan oʻtishni oʻylab koʻrarman!

Sobir polvon otdan sakrab tushdi. Yugan tasmasini egar qoshiga ilib, otni qishloq sari haydarkan, vahshiyona iljayib turgan raqibiga bet boʻldi.
— Agar qiz haqidagi gaplaringiz tuhmatligiga iqror boʻlsangiz, etigingizni emas, ketingizni oʻpaman!
— Zoʻrsanu, lekin ketimni bulgʻash niyatim yoʻq, — Boborayim gov tagʻin kuldi. Soʻng kulgisi zumda oʻchib, afti qahrli tus oldi: — Bilsang, Vahobda mening qasdim bor. Qamoqdan chiqadigan kunlarim qattiq ranjitgan meni, sheriklari bilan... Yo xotiningni, yo singlingni bulgʻayman deb, qasam ichib qoʻyganman. Tunov kuni niyatim ushalay deganda, yoʻlimga gʻov boʻlding. Qasam yerda qolmasligiga aqling yetsa kerak?! Shuningdek, seniyam tinch qoʻymayman. Oʻz boshingga oʻzing balo orttirding, bola!
— Bir boshga bir oʻlim! — Sobir polvon ogʻir boʻlishga tirishdi. — Ammo akaning oʻchini singildan olmoq uchun boshga roʻmol yopinmoq kerak! Erkaksiz, borib Vahobning oʻzi bilan orani ochdi qiling. Axir, sizga har ikki tomon ham bir-ku...
— Boshingni olsam, bahonada borib turibman-da, u yoqqa, — Boborayim gov sovuq iljaydi. — Zoʻr-da u yoq. Noning tayin, joying tayin. Qishloqda nima bor. Mana, bitta xom tarvuzni deb qaerlarga borib kelayapman. Lekin qizni...
— Lekin bu qishloqning oʻz egalari bor, oʻlmagan ular! Qizni senga xafa qildirib qoʻymaymiz!
— «Sen»lab qoldingmi?
— «Siz»lashga arzimaysan.
— Axir, uning akasi togʻangni...
— Ul yigitga bu bahonamas...
— «Ul-ul»lab oʻlarkansan-da, bu dunyoda ul qoptimi.
— Bor ekan-ku, qoshingda turibman.
— Sal haddingdan oshmayapsanmi?
— Borim shu!
— Qizni deb hatto ketimni oʻpmoqchisan?
— Agar iqroringni aytsang!
— Aytmasam-chi?
— Tilingni kesaman!
— Tilimni kesadigan odamning boshi ikkita boʻlishi kerak! Senda esa bitta! Uyam boʻlsa omonat.
— Demak, olishamiz?!
— Emasam-chi!
— Unda pichoqni tashla!

Boborayim gov kuldi.
— Agar oʻzingni er bilsang, tashla pichoqni! — Sobir polvon jahl bilan yer tepindi.
— O-o, jon yerdan tutarkansan lekin, — Boborayim gov shunday deya koʻlidagi pichoqni chetroqqa itqitarkan, negadir tigʻ borib tushgan yerga zimdan qarab qoʻydi. Soʻngra yigitning qoʻlidagi qamchiga imo qildi: — Qamchi...

Sobir polvon qoʻlidagi qamchini zarda bilan uloqtirarkan, dargʻazab ohangda soʻradi:
— Soʻnggi marta soʻrayapman, iqroringni odamlarga aytasanmi, yoʻqmi?!

Boborayim gov irkillab kuldi.
— Aytmas ekansan, dunyo tugaguncha olishaman sen bilan!
— Dunyom tugadi deyaver...

Boborayim gov gapini tugatolmadi. Lunjiga tushgan kuchli zarbdan chayqalib ketdi. Qorniga tushgan ikkinchi zarbdan esa tizzanlab qoldi.
— Uh-h, mazza! — dedi u ogʻir-ogʻir nafas olarkan, qanshari ostidan yigitga oʻqrayib. — Yaxshi koʻraman kaltakni. Qancha koʻp kaltak yesam, odam bolasini yeb-yutmoqqa shuncha ishtaham ochiladi! Mana endi, seni yeyman!

Ular mushtlashishda davom etarkan, oʻtgan galgi olishuvdan tuzukkina saboq chiqargan Sobir polvon raqibini oʻziga yaqinlashtirmaslikka urinar, butun qahru gʻazabini mushtumlariga jamlab, uning duch kelgan yeriga gursillatib tushirar va shuningdek, oʻzi ham benasib qolmayotgandi. Boborayim govning mushti ogʻir, gohida u zoʻr-bazoʻr oyoqda turib qolardi.

Bora-bora Sobir polvon odam bolasi emas, qandaydir yovvoyi bir maxluq bilan kurashayotgandek seza boshladi oʻzini. Bu darajada ayovsiz mushtlashishga kishi bolasining bardosh bermogʻi tasavvurga sigʻmas holdek edi. Koʻzi raqibining vahshiylashgan aftidan oʻzgasini koʻrmayotgan esa-da, qishloqdan yugurgilab chiqishayotgan kimsalarni ilgʻamay qolmadi. Oʻz navbatida, oftobning xira tortayotganini ham payqadi. Biroq bu oyoq ostidan koʻtarilayotgan toʻzon emasdi. Negaki, ular olishayotgan yer ajriqzor boʻlib, koʻhna ariq oʻzanidan boshlangan maysazor huv naridagi podayotoq etagida tugardi.

Sobir polvon es-hushidan mosuvo bir holatda mushtlasharkan, ajratmoqqa uringanlarga begona ovozda oʻkirdi.
— Aralashmanglar! Aralashmanglar, deyapman!

Boborayim gov undan battar boʻkirdi.

Oraga suqilganlar ularning tahdididan emas, adashib tushgan mushtdan chetga qochdilar.

Sobir polvon shoshilardi. Kishilarning aralashuvidan choʻchib, oshiqardi. Hayvoniy quvvatga ega boʻlgan Boborayim govning tantana qilishidan, tuhmatu boʻhtonlarini bafurja tuflashiga imkon tugʻilishidan qoʻrqmoqda edi. Qanday boʻlmasin, uning iqrorini olishni oʻylardi. Bu esa ogʻir, juda ogʻir kechmoqda edi.

U raqibning navbatdagi qarshi zarbasiga bir amallab chap berarkan, koʻzi toʻsatdan odamlar orasida rang-quti oʻchib turgan qizga tushib qoldi. Ayni shu narsa jangning taqdirini hal etdi - qoʻydi. Sobir polvon bor kuchini oʻng mushtiga jamlab, chunonam urdiki, Boborayim gov koptokday yumalab, muk tushgancha choʻzilib qoldi.

Yigit gandiraklagancha, uning tepasiga bordi.
— Iqroringni ayt! — dedi xirqiragan ovozda. — Iqroringni ayt, deyapman! Balandroq ayt, hamma eshitsin!

U, koʻzi ajriq quchib yotgan raqibida boʻlsa-da, kunning tobora gʻuborlashayotganini sezdi. Gʻoliblik nashidasini surayotgan yuragi oʻsha tanish noxushlikni his etdi. Oftobga nima boʻlayapti, degan oʻyda bir zumga chalgʻidi. Keyin, iqrorimni hozir aytaman, deya gʻudranayotgan Boborayim govning ovozida piching, pichingdan ham koʻra tantanaga oʻxshash nimadir borligini payqab, u tomon hayron boqdi. Raqibi, oʻng qoʻli qornida, goʻyo behad ogʻriqdan azob tortayapti-yu, ammo shunga qaramay, oʻrnidan qoʻzgʻalmoqqa oʻzini majburlayotgandek harakatlanarkan, tagʻin dedi:
— Hozir iqrorimni aytaman!

Sobir polvon ichdan quvondi. Qizni yoniga chaqirmoqqa ogʻiz juftladi. Biroq ulgurolmadi. Taniga ustalik bilan sanchilgan tigʻdan oh tortib yubordi. Boborayim govning tirtiqlar bilan «bezalgan», terga botgan aftini juda yaqindan koʻrdi. U nafratomuz iljaygancha, nimalardir derkan, yigitning qulogʻiga chalingani shu boʻldi.
— Maboda oʻlmay qolsang, bundan soʻgʻin raqibingni «uxlatmay» hech vaqt chalgʻiy koʻrma!..

Kutilmaganda yuz bergan bu hodisadan dahshatga tushganlar boshda qotib qolishdi. Keyin kimlardir iziga qaramay qochdi, kimlardir yigit sari intildi...

«Ogʻajon!» degan chinqiriq quloqni qomatga keltirganda, Sobir polvon sarosimada guvranishayotgan odamlar orasida, yerda choʻzilib yotardi. U ovoz kelgan tomonga boshini burishga intildi. Biroq yonidagilar qizni undan toʻsib qoʻygandi. Shunda uning koʻzi qontalash quyoshga tushdi.
— Kun tutilayapti, — dedi alahsiragan ohangda. — Kun tutilsa, yuragim siqiladi, yomon siqiladi...

Qiz, ikkinchi chinqiriqdan soʻng, odamlarni surib, itarib, yigitning tepasiga keldi. Choʻkkalab, uning boshini tizzasiga oldi. Koʻzlaridan duv-duv toʻkilayotgan yosh yigitning yonoqlarini yuva boshladi.

Sobir polvon qizga kulimsirab tikildi. Qaltirayotgan oʻng panjasini choʻzib, qizning peshonasiga tushgan bir tutam sochini toʻgʻrilab qoʻymoqqa urinarkan, nimadir demoqqa chogʻlandi. Ammo ovozi Boborayim govning boʻgʻiq boʻkiriklari ostida koʻmilib ketdi.
— Yaqinlashmanglar! Qoʻlingni tort! Qonun bor! Men faqat qonunga boʻysunaman! Yaqinlasha koʻrmanglar! Tilaman! Tilib tashlayman! Uh-h, boshdi yeding-ku, enagʻar!..

Dupur-dupur — kimdir qochdi, kimdir quvdi.Qizga tikilib yotgan yigit uning koʻzlarida shu ma’noni oʻqidi: «Sizni yaxshi koʻraman! Jonimdan ortiq! Faqat... faqat tashlab ketmang meni!» Yigit, men oʻlmayman, degan ma’noda ohista kiprik qoqdi. Qiz uning boshini bagʻriga tortdi.

Sobir polvon dimogʻida qizning nafis, bokira hidini tuyarkan, tili soʻnggi jumlaga zoʻrgʻa aylandi: «Men ham seni yaxshi koʻraman!». Uning e’tirofini hech kim eshitmadi. Qiz buni bagʻrida, butun vujudida his qildi. His qilishi barobarida yigʻisi oʻkirikka aylandi...

Bu lahzada koʻkdagi quyosh toʻla bekinib, olam xira tortgan. Bu xiralik dashtning allaqaysi burchida hanuz yigitlarga tutqich bermaslikka urinayotgan Boborayim govning yovvoyi yirtqichdek gʻazabkor boʻkirishlaridan yanada mahzunlik, allanechuk vahima kasb etgandi.