OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNormurod Norqobilov
Asar nomiSut sotuvchi bola (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Normurod Norqobilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sut sotuvchi bola (hikoya)
Normurod Norqobilov

Bolakay tong-azonda sut toʻla bidonlarini koʻtarib, mahalla adogʻidagi koʻp qavatli uylar tomon yurarkan, odatdagidek, muallimasining dargʻazab aftini koʻz oldiga keltirib, qadamini tezlatishga urindi. Oʻziga qolsa-ku, chopqillab ketardi-yu, biroq qoʻllaridagi ogʻir yuk bunga monelik qiladi. Boz ustiga, ming oshiqqani bilan sut tez sotilmaydi. Mijozlarga bogʻliq ish bu. U ovoziga zoʻr berib, eshikma-eshik yurarkan, horigan kezlari, toʻgʻri kelgan zinaga choʻkib, atigi bir zum tin olgisi kelardi. Ammo muallimaning zugʻumli nigohi bunga izn bermaydi: «Tagʻin kechikdingmi? Qachongacha davom etadi bu, a?!»

Qachongacha davom etishini esa bolakayning oʻzi ham bilmaydi. Hovlisida ikki sigiri bor ekan, bu yumushi hali-veri tugamasligi aniq.

Bunday paytlari bolakay tinimsiz kavsh qaytaruvchi bu jonivorlarni yomon koʻrib ketadi. Nega deganda, uning yumushi tongda sut sotish bilangina cheklanmaydi. Darsdan soʻng aravachasini sudrab, bozorga chopishi, oʻzi kabi bolalar bilan talashib-tortishib, odamlarning ozuqabop nashxoʻrdlarini yigʻishi, ariq boʻylaridan oʻt-oʻlan yulib qaytishi lozim. Yuho sigirlari esa toʻydim demaydi, tinmay yumlashgani yumlashgan. Bolakayning esa boshqa tengqurlari qatori oʻynagisi, daraxtlarga osilgisi, koʻkka tikilib xayol surgisi, rasm chizib, shoʻxlik qilgisi keladi. Ammo mudom yemish talab qiladigan jonivorlar uning bu koʻngil xohishlariga erk bermaydi. Negaki, ochofat bu jonivorlar onasining ardogʻida, otasining e’tiborida, bolakay botinib bir soʻz deyolmaydi. Ichdan yomon koʻradi ularni. Nari borsa, mushtchalari bilan, zimdan doʻpposlaydi. Biroq uning zarbalari sigirlarga chivin chaqqanchalik ta’sir etmaydi.

Bolakayning bu ahvoli bilan muallimaning zigʻircha ishi yoʻq. Doska yoniga turgʻazib qoʻyib, sinfdoshlari koʻz oʻngida tergagani tergagan. Bolakay, boshi xam, koʻz ostidan muallimaning egnidagi bejirim libosiga, oyogʻidagi ingichka poshnali tuflisiga alohida e’tibor beradi. Koʻhlik, lekin sovuqqina bu juvonni singlisi qoʻlidan qoʻymay oʻynaydigan qoʻgʻirchoqqa oʻxshatadi. Shunda birdan oʻzini ham qoʻgʻirchoq boʻlgisi kelib ketadi. Maza-da, hech kim tergamaydi, tong azonlab kishilar eshigida sargʻaymaydi, bozorda bolalar bilan yoqalashib yurmaydi, sutchi xotinlardan, ayniqsa, Oysha qoradan huda-behuda turtki yemaydi.

Oysha qorani eslasa, gʻazabdan titrab ketadi. Nega deganda, u bolakayning hududiga bezbetlarcha bostirib kirgan-da. Ilgari u narigi mahallada sut sotardi. Yaqindan beri bu tomonlarga ham suqiladigan boʻlgan. Qanday boʻlmasin, dahadan bolakayning izini quritsam deydi. Biroq bolakay ham anoyilardan emas, imkoni yetguncha unga qarshilik qiladi. Oqibat, ular oʻrtasida tez-tez janjal chiqib turadi.

Bolakay mehribon amakini oʻshanday janjallardan birida uchratdi. Jilmayganda koʻzlari qisilib, ikki chekkasidagi mayda ajinlari quyosh nuridek har yon taraladigan amakini eslasa, koʻngli allanechuk oroyish topib, ich-ichidan yayrab ketadi. Muallimasi tergasa yoxud onasi shangʻillab, otasi koyisa, bolakay nuqul amakini oʻylaydi. Ertaga borsam, hammasini aytib beraman, deydi. Ammo uchragan kezlari barini paqqos unutadi. Negaki, amakining xonadoni har qanday dilgirlikdan xoli, ichkarida qandaydir iliq nur suzib yurgandek tuyuladi. Yomoni, amaki uni hech vaqt uzoq tutib turmaydi. Idish tubidagi qolgan-qutgan sutni yelim tovoqqa agʻdararkan, endi yugur, darsingga kechikma, deydi. Amaki uni darsga kechikishini istamaydi. Bolakay esa uning xonadonini hamisha hayron tark etadi: «Shuncha sutni nima qilarkin u?» Onasi bu haqdagi hikoyasiga e’tiborsiz, otasi esa beparvo qaraydi. Oʻqib, nima, shahar olib berarmiding, deydimi-ey. Keyin mamnunlik bilan qoʻshib qoʻyadi: «Mana men, shofyor boʻp, kam boʻlmadim. Pul topishning yoʻlini topsang, hech qachon kam boʻlmaysan. Sal boʻy choʻzgin, yana bir sigir oberaman».

Otasi bu gaplarni toʻrdagi televizorga tikilgan koʻyi aytadi. Begʻam, betashvish, loqayd bir tarzda soʻzlaydi. Ona esa ota gapini tugatar-tugatmas, birpasda foyda-ziyonni xomchoʻt qilib tashlaydi. Foyda-ziyon haqidagi gaplardan bolakay zerikadi. Ogʻilxonada yana bir tomdek sigirning paydo boʻlishini oʻylab, yuragi orqasiga tortib ketadi. Negaki, sut, sutga qoʻshilib adoqsiz tashvishlar ham ortadi-da. Shunda u onasini Oysha qoradek oriq boʻlmaganidan oʻkinadi. Onasi oriq va chaqqon boʻlganida, balki sutni oʻzi sotarmidi. Keyin u kattakon qornini osiltirib, yonboshlab yotgan otasiga umidvor tikiladi. Yoʻq, otasi ozadigan emas, ozmaydimi, demak, bidon koʻtarib sut sotishga ham chiqmaydi.

Soʻng uning koʻzlari xona boʻylab sarson kezadi. Uydagi buyumlarning joylanishi yoqmay, yuragi siqiladi. Javon toʻla chinni idishlar, ustida qandaydir qutilar. Devorni boʻylagan gilam tepasida ota-onasining yoshlikda yonma-yon tushgan suratlari. Suratda ular hozirgidek baqaloq emas, koʻzlari ham boshqacha. Endi ular oʻzga bir odamlarga almashtirib qoʻyilgandek. Uydagi buyumlardek juda zerikarli.

Amakining uyi esa bu xil buyumlardan xoli, qandaydir tarovatli. Burchakdagi ixcham javon kitoblarga liq toʻla. Javonga taqabroq qoʻyilgan divan suyanchigʻida doimo orasiga koʻzoynak qistirilgan qandaydir kitob yotgan boʻladi. Amaki uni hozirgina qoʻlidan qoʻyganligini bolakay ichdan his qiladi. Eshikdan chiqishi bilan qoʻliga olishiniyam biladi. Devorga esa oʻzini emas, qandaydir oʻquvchi bolalarning son-sanoqsiz suratlari tartib bilan osilgan. Bundan uning oʻqituvchi boʻlganligi ayonlashadi.

Bolakay har gal amakining ortidan toʻgʻridagi oshxonaga oʻtarkan, chap yondagi ayni shu xonaga havasi kelib ketadi. Divanga choʻkib, bir zum nafas rostlagisi, devordagi suratlarni maroq bilan tomosha qilgisi, keyin chiroyli terilgan kitoblarni varaqlab, rasmlarini tomosha qilgisi keladi. Azaldan u kitob sahifalariga chizilgan suratlarni tomosha qilishni yoqtiradi. Nazarida, bu suratlar uni boshqa bir olamga chorlayotgandek tuyulaveradi.

Zimmasiga sut sotishdek zerikarli vazifa yuklanmasdan burun darsliklardagi rasmlarga oʻxshatma chizishni yaxshi koʻrardi. Oʻxshatolsa oʻzida yoʻq quvonardi. Bora-bora uning oʻz quyoshi, oppoq parqu bulutlari, suyukli qahramoni — ogʻzini katta ochib kulib turadigan bola, seroʻrkach togʻlari paydo boʻlgan va ularni qayta-qayta chizishdan hech erinmasdi. Ammo oppoq sut tashvishi bu shirin ermakka chek qoʻydi. Otasining gʻoyat salmoqlab aytishiga koʻra, es-hushli bolaga bu xil ishlar yarashmasmish.

Uylarida sumkasidagi darsliklardan oʻzga kitob yoʻq. Oqshomlari uydagilarning tikilgani burchakdagi televizor. Allamahalda mudroq otaga birdan «jon» kiradi: «Joyimni sober, yomon charchabman bugun». Ona ogʻir gavdasini bazoʻr koʻtarib, oʻrnidan qoʻzgʻalarkan, bolakayni eslab qoladi: «Yot, sahar turishing kerak!» Shu bilan kun adogʻiga yetadi.

Ertasi ham xuddi shu zaylda davom etadi.

Ana shunday kunlardan birida bolakay mehr va qahrga toʻla ovozni eshitadi.
— Bolani koyimang!

Oysha qoraning qargʻishlariga koʻmilib, yoʻlak chetida «bez» boʻlib turgan bola, yoniga oʻgirilib, gʻoyat orasta kiyingan amakini koʻradi.
— Kap-katta xotin, uyalmaysizmi bolani qargʻagani! — deydi u ayolga jiddiy tikilib, soʻng bilagidagi soatga birrov koʻz tashlab, yumshoq ohangda soʻraydi: ¬— Darsga kechikmadingmi, bolam?

Bolakay oyoqlari ostidagi bidonlarga ishora qiladi.

— Sotishga ulgurmadim hali.
— Qancha qoldi?
— Ancha bor.

Amaki bir muddat oʻylanib turarkan, soʻng qat’iy deydi:
— Qani, men bilan yur-chi!

Bolakay Oysha qoraning yuragini kuydirib, unga ergashadi.

Amaki bidonlardagi sutni kattakon idishga agʻdararkan, choʻntagidan pul chiqarayotib tayinlaydi:
— Bundan soʻng suting qolsa, toʻgʻri oʻzimga olib kelaver.

Eringan yoxud tonggi salqin havodan junjikkan kezlari, bolakay sut bidonlarini koʻtarib, toʻgʻri uning uyiga bormoq istaydi. Ammo ichidan hamisha nimadir toʻsqinlik qiladi. Nimaligini bilolmasa-da, har holda bu ishi yaxshi emasligini anglaydi. Shuning uchun avvaliga boshqalarning eshigini qoqadi. Koʻpincha bidonlari tez boʻshab, amakinikiga oʻtishga hojat qolmaydi.

Shu keyingi toʻrt kun ichida bu hol ketma-ket sodir boʻlib, u amakining uyiga oʻtolmadi. Bugun ham eshikma-eshik yurib, sut sotarkan, negadir amakini tez-tez eslayotganidan ajablandi. Kecha va oʻtgan kuni ham shunday boʻlgandi. Buni shunchaki sogʻinchga yoʻyib, ortiq e’tibor bermagandi. Bu safar esa chidayolmadi. Idishi boʻshashini kutib turmay, amakinikiga yoʻl oldi. Muallimaning zardali qiyofasi endi uni tashvishlantirmas, biladiki, amaki uzoq tutib turmay, idishlardagi sutni oxirigacha quyib oladi. Bahonada amakini koʻrgani qoladi.

U chetdagi toʻrt qavatli gʻishtin binoga yetdi. Yoʻlaklardan biriga kirib, ikkinchi qavatga koʻtarildi. Tanish eshik yonida toʻxtab, bir zumga nafas rostladi. Soʻng qoʻngʻiroq tugmasini bosdi. Biroq hamisha tez ochiladigan eshik ortidan bu gal sado eshitilmadi. Bolakay qoʻngʻiroq tugmasini qayta va qayta bosdi. Keyin mushtchalari bilan eshikni gursillatib urmoqqa tushdi.

Qoʻshni eshik qiya ochilib, sochlari toʻzgʻigan ayolning toʻng basharasi koʻrindi.
— Amak yoʻq, oʻlgan u, — dedi u eshikni kattaroq ochib, xalati yoqasini toʻgʻrilarkan. — Suting boʻlsa, bir banka quyib ket! Ey, namuncha angrayasan?! Nima balo, ovsarmisan?

Taxtaday qotib qolgan bolakay ayolning javrashlarini eshitmadi. Ayol vaysay-vaysay oʻzi sut quyib oldi. Qoʻliga pul tutqazib, eshikni qarsillatib yopgandan soʻnggina bolakay oʻziga keldi. Karaxt bir holatda zinalarni bir-bir bosib pastga tusha boshladi.

U tashqarida Oysha qoraga roʻpara boʻldi.
— Mehriboning yoʻq endi, — dedi Oysha qora istehzoli hiringlab. — Sendan olgan sutni qoʻshnilariga bepul tarqatardi. Eshikma-eshik chorigʻingni sudrab yuraver endi!

Bolakayning madori yoʻlak chetidagi oʻrindiqqacha bazoʻr yetdi. Qaltiroq barmoqlari bilan shudring qoʻngan taxtalarni paypaslab, asta choʻkarkan, yelkalari titrab yigʻlab yubordi.

Narida esa sut toʻla bidonlarni koʻtargancha Oysha qora ketib borardi.
— Moloko! Svejiy moloko!

Bolakay esa nimanidir anglab, nimanidir anglayolmay, yigʻida davom etarkan, hech qayoqqa oshiqmas, negadir oshiqishni ham sira istamasdi...