OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNormurod Norqobilov
Asar nomiTogʻdagi yolgʻiz odam (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Normurod Norqobilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm121KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/11/30
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
«Ёшлик» журнали, 2009 йил, 6-сон


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Togʻdagi yolgʻiz odam (qissa)
Normurod Norqobilov

Qishloq kayvonilaridan biri Hamidqul oqsoqol andak iddaoli, andak zardali ohangda raqibi – yakkaqayrogʻochlik Asilbekning nomini tilga olmaguncha Omonali tayinli biror gap aytmadi, tagidagi poʻstak junini barmoqlari bilan tarab, tortqilab hardamxayol bir alfozda miq etmay oʻtiraverdi. Negaki, uning nazarida, oqsoqolning diydiyosi e’tibor berishga arzimasdi. Suruviga yilda bir yirtqich oralasa oralabdi-da, endi shunga shuncha ota goʻri qozixonami.

U toʻrda qoʻr toʻkkanicha, tinmay chakak urayotgan oqsoqolning qavatidagi ikki cholga hamda poygakroqda choy quyib oʻtirgan oʻgay ukasi Berdiqulga manglayi ostidan birin-sirin koʻz tashlarkan, ularning yuziga soya solib turgan mahzunlikdan gʻashi keldi. Odam bolasining fe’li juda qiziq-da, deb oʻyladi poʻstak junini tortqilashda davom etib, oʻzi-ku osmondagini otib, suvdagini tutib, yerdagini qoqib yeydi-yu, lekin adashgan biron-bir jondor bexos qoʻtoni yonidan oʻtib qolar boʻlsa, darrov dodlab, olamni buzadi. Bu kamdek, qoʻliga yaroq tutadi, yaroq tutishga chogʻi yetmasa, yugurgilab oldingga keladi. Yaxshiyamki, jonivorlarning baxtiga togʻ-toshu oʻru qir bor, aks holda odamzodning bu qadar qirriqligidan yovvoyi jonzotlarning birortasi ham omon qolmasdi, qirilib-sirilib ketardi bari. Biroq bu oʻylarini u tiliga chiqarmaydi, bundan biror naf yoʻqligini allaqachon fahmlab yetgan. Va shuning uchun ham sukutni oʻziga esh tutib, churq etmaslikka urinadi.

U talqon yutgani sayin esa Hamidqul oqsoqolning figʻoni koʻkka oʻrlaydi.

– Agar suruvga qoplon emas, birorta jondor oralaganidami, mana shu oppoq soqolim haqqi-hurmati, gʻing demasdim, – deydi u moshguruch soqolini namoyishkorona tutamlab. – Kelgan balo-qazo shunga ursin deb qoʻya qolardim. Ammo qorli tovdan berman enmaydigan qoploni nimasi?! Bu olachipor maxluq qachondan beri bu tomonlarga oʻrlaydigan boʻlib qoldi? Undan bizni himoya qila oladigan bironta mard bormi oʻzi bu qishloqda! Eslasam, haliyam etim titraydi, toshlar orasidan ilonday sirgʻalib chiqdi-yu, koʻz oldimda semiz bir qoʻzimni oʻmarib ketdi! Menday bir goʻrsuxtani qoʻlidan nimayam kelardi, dod degancha qolaverdim!

Qishloq yaqinidagi suruvga boʻri emas, odatda, bu tomonlarga sira dorimaydigan qor qoplonining hujum qilishi hech xayolga kelmaydigan hol edi. Bundan hamma jiddiy tashvishda edi. Ayniqsa, Hamidqul oqsoqol, goʻyo qoplon erta-indin butun suruvini yeb-yutib qoʻyadigandek, oʻtirgani joy topolmay qolgandi.

Biroq u kelganidan beri qancha oh-voh qilmasin, qarshisida mum tishlab oʻtirgan yigitning biror moʻyi qilt etmasdi. Ana, kesak yangligʻ oʻtiribdi, tanasi boshqa dard bilmas qabilida, ostidagi poʻstak junini tarab, tortqilab. Bundan oqsoqolning yomon jini qurishadi. Omonalini boplab toʻzitib, changitib soʻkib tashlagisi keladi.

U xuddi soʻkishga bahona qidirganday, bir zumga tin oladi. Yigitga boshdan-oyoq sinchkov nazar tashlaydi. Shunda Omonalining qiyofasida olis oʻtmishda qolib ketgan bir siymo – Saragulning oʻktam ruxsorini koʻrganday boʻladi. Qoshidagi yigit koʻrinishda otasi Sarkor lochinga tortgan esa-da, lekin nimasi bilandir enasi Saragulga ham oʻxshab ketardi. U yigitga yanada sinchkovlik bilan razm soladi.

Ha, uning qimtilgan lablari, xiyol chimirilgan qoshlari va yana nimasidir, qoʻyib qoʻyganday enasiniki edi. Bu oʻxshashlikni dabdurustdan payqab qolgan oqsoqolning ichi dirillab, koʻksida necha yillardan buyon dimlanib, mogʻorlanib yotgan koʻhna alamlari tuyqusdan qayta bosh koʻtarganini sezadi. Bu yetmagandek, tanida oʻsha tanish azobli ogʻriqni bot his etib, xuddi yumshoq joyidan nimadir chaqqanday, oʻtirgan joyida bejo-bejo tebranib qoʻyadi.

Oʻshanda oʻta nozik joyidan tepki yeb, qalin archalar orasida kuchala yegan itday gʻingshib yotarkan, endi oʻlsam kerak, degan oʻyga borgandi. Yoʻq, kuni yetmagan ekanmi, oʻlmadi. Lekin oʻlgandan batttar boʻlib, necha yildirki Saragulning yuziga tik qarayolmay, undan nari qochib yurdi. Saragulning qazosi yetganida esa, oʻzida yoʻq quvondi. Ammo Saragul togʻda yuz bergan voqeani archalar orasiga manguga koʻmganday, u ham quvonchini ichiga yashirdi. U ming yomon koʻrsa-da, hozirgacha baribir marhumaga tan berib keladi. Toʻgʻri-da, agar uning oʻrnida boshqa bir ayol boʻlganida bormi, bu hodisani oqizmay-tomizmay eriga aytardi, xeshiga aytardi, el-ulusga sharmandayu sharmisor qilardi.

Saragul esa, shayton izmiga boʻysunib, hirsiga erk bergan kap-katta erkakni yolgʻiz oʻzi osongina tinchitgani yetmagandek, bu haqda birovga churq etmadi, ayolligiga borib qargʻanmadi, bor-yoʻgʻi, keta turib, archa tagida yetti bukilib, «enam» lab yotgan erkakka shunday bir qarash qilganki, oqsoqol oʻzining nechogʻli tuban, nechogʻli jirkanch kimsaligini uning shu birgina qarashidanoq anglab yetganday boʻlgan.

U hali-hanuzgacha bir narsani toʻla idrok etolmaydi: qiziq, Saragul shunchalar kuchlimidi, yo yaratgan Egam ojizaning badnom boʻlishini istamagani bois, ayolga bir lahzalik kuch-qudrat ato etdimikan? Agar Xudo chindanam Saragulni siylagan boʻlsa, nechun unda uning oʻzini shayton izmidan xalos etmadi? Yo iymon-e’tiqodi nechogʻlik toʻkisligini shu yoʻl bilan sinab koʻrmoqni istadimikan? Yo iymoni azaldan kemtikligini bilib, jazo tariqasida, ovloq yerda Saragulga roʻparoʻ qildimikan? Yo oʻsha kezlari dasti uzunligidan havolanib, uncha-buncha odamni mensimay, bosar-tusarini bilmay qolgani sababli, xuddi erkak zoti qurib qolganday, qandaydir bir ojizaning oldida tili qisiq, boshi egik holda yurishini xohladimikan?

Yaxshiyamki, qazosi yetib, Saragul bu yolgʻon dunyoni barvaqtiroq tark eta qoldi. Aks holda yurardi, umri oxirigacha ranggi chiqmay.

Agar qoplon balosi boʻlmaganida, oqsoqol bu dargohga oʻlaqolsa bosh urib kelmasdi. Saragul voqeasi tufayli bu xonadon ahlini unchalik xushlamasdi. Boz ustiga, Omonali royish yigitlardan emas, uning zamzamasini koʻtaradigan. Charslikda hattoki otasi Sarkor lochindan ham oʻtib tushadi. Shuning uchun oqsoqol, odatdagi, katta¬zanglikdan tiyilib, yonishi qiyin boʻlgan hoʻl oʻtindek obdon pisilladi, pisirladi, chisirladi va yigitdan sado chiqavermagach, oxiri zardasi qaynab, aytgan gapi shu boʻldi:

– Agar evini qilolmasang, uzringni ayt. Borib, Asilbekka yalinamiz. Otasi Boʻston rahmatli qadrdonimiz edi, iltimos qilsak, u yoʻq demaydi.

Bu gapdan Omonali, chayon chaqqanday, bir sapchib tushdi. Barmoqlari beixtiyor tugun tortib, changali junga toʻldi. U changalini toʻldirgan junni yulib, yulqilab duch kelgan tomonga, aniqrogʻi, oqsoqolning basharasiga otmoq istadi. Tortdi, tortqiladi, biroq poʻstak juni yulinmadi. Bu poʻstak togʻu toshlarda bearmon kezingan va oʻtgan yili tomdek novvos bilan suzishib qolib, ahmoqona bir tarzda oʻlim topgan qora takaniki edi. Terisi pishiq, juni boʻliq va qalin edi.

Omonali oqsoqolning tinchini buzgan qoplon – Oqmanglayni Quyidarada mana shu qora takaga hujum qilganida ilk bora koʻrgandi. Qay bir jangda orttirganmi yo biror ovchi otgan oʻq yalab ketganmi, uning manglayida koʻndalang tushgan bir enlik oqish tukli tirtigʻi bor edi. Oʻsha tirtigʻi tufayli bu laqabni unga Omonali bergandi. Oqsoqol ham uning manglayidagi oʻsha belgini yaxshi eslab qolgandi.

Oʻshanda qoplon takani ololmagan. Epchillikda uncha-buncha yovvoyi jonivorni bir choʻqishda qochiradigan qora taka oʻzini sertikanak butalar orasiga urib, uning hamlasidan osongina qutulib ketgan. Bu voqeaga favqulodda guvoh boʻlgan Omonali yirtqichga nisbatan adovat sezmagan, yoʻliga boʻlsa-da, baqir-chaqir qilmagan, takaning chaqqonligiga tasanno aytish bilan cheklangan, xolos. Shundan keyin u qoplonni Quyidarada boshqa uchratmagan.

Mana, bu yil u yana paydo boʻlibdi.

Omonali oʻzining gʻazabnok boqishidan sarosimaga tushib qolgan Hamidqul oqsoqolga ortiqcha bir soʻz demadi, mehmon hurmati, bir amallab oʻzini bosdi.

Andisha qildi.

Aksariyat hamqishloqlari qatori xasislikning etagidan mahkam tutgan va bir tiyin ustidan oʻmbaloq oshadigan bu xil kimsalardan u koʻpda xafa boʻlavermasdi. Biroq bunday odamlarning yomon bir odati bor, agar ishi tushar boʻlsa, iblisga borib yalinishdan ham toyishmaydi. Omonali yaxshi biladiki, oqsoqol arz bilan borsa, Asilbekning kuni tugʻadi, el talab qilayapti, deya oʻzida yoʻq oshqinlaydi. Togʻbegilarning koʻzini shamgʻalat qilib, togʻdagi koʻringan qoraga kun bermay qoʻyadi keyin. Uni bu tomonlarga oʻrlatgandan koʻra, oʻsha yirtqichni oʻzi tinchitgani ming marta ma’qul.

U shu xayolda oqsoqolga rizolik bildiradi.

– Bu tevarak-atrofda qoʻlidan ish keladigani faqat shu ikkovingda, – deydi bu orada sal oʻziga kelib olgan Hamidqul oqsoqol yaltoqlanib. – Yigitning asliyam, zoʻriyam silar!

Omonali yana bir tagdor qarash bilan uning unini oʻchirgach, negadir toʻrdagi miltigʻi tomonga koʻz qirini tashlab qoʻydi. Unda Asilbekka atalgan ikkita choʻchqa oʻq bor edi. Nahotki endi bu oʻqlar gʻanimi bu yoqda qolib, Oqmanglayga nasib etsa. Oʻziga qolsa-ku, har ikkisini ham allaqachon Asilbekning koʻksiga joylardi-da, keyin oʻsha boradigan joyiga oʻzi borardi.

U qasos ilinjida har safar qoʻliga qurol tutganida, naq qarshisida Gulasalning oʻychan va jiddiy siymosi namoyon boʻladi. Qiz har safar norozi qosh chimirgancha, tek, deydi, bu ishni aslo qila koʻrmang, deydi.

Gulasal tushlarida ham uni tinch qoʻymaydi: «Agar meni chindan suyar boʻlsangiz, qasos olishni xayolingizga keltira koʻrmang! – deydi oʻsha jiddiy qiyofada. – Ruhim halovat topishini istasangiz, bu oʻydan tezroq qayting! U menga barmogʻi uchini ham tegizgani yoʻq!..» Omonali sarkashlik qilmaydi, tortishmaydi, bosh egib, xoʻp, deydi. Shu soʻzni aytishi bilan kulbasi mayin yogʻduga toʻlganini his etadi, deraza pardalarini tebratayotgan yengil va yoqimli epkinni sezadi. Ruhini erkalayotgan bu yogʻdu ostonada endi kulimsirab turgan Gulasalning gulgun chehrasidan balqiyotganini fahmlagach esa, tirikligida aytmagan, aniqrogʻi, aytolmagan koʻngil rozlari hech bir qiyinchiliksiz, tilida osongina evrila boshlaydi.

– Seni sogʻindim, sogʻinib oʻlayapman seni, Gulasal!

Gulasal indamaydi, kulimsiragancha turaveradi.

– Suyishimni oʻshandayoq aytmaganimdan endi juda-juda afsusdaman, gulim! – deydi Omonali ovozi qaltirab. – Buni qaraki, aytish hech qiyin emas ekan! Nega vaqtida koʻnglimda borini ayta qolmadim-a!

– Aytmasangiz-da, qarashlaringizdan bilardim!

– Yoʻq, aytmaganimdan baribir armondaman!

– Armonga oʻrin yoʻq, men hammasidan bo¬xa¬barman!

– Rostdanmi?!

– Chin soʻzim!

– Seni juda sogʻinaman-da, gulim!

– Sogʻinishingizni bilib, keldim-da!

– Endi ketmaysanmi, jonim!

– Ketmaslikning hech iloji yoʻq-da, azizim!

Bu gapdan Omonalining bagʻri oʻpirilib tushganday boʻladi. U qizga intilib deydi:

– Yoʻ-oʻq, men uni baribir oʻldiraman!

– Yana oʻjarlik qilayapsiz! – Qiz nimtabassum-la uni oʻziga yaqinlashtirmaslikka urinadi.

– Chidayolmayapman-da! – Yigit hamishagidek qizga baqamti borolmay, berida toʻxtaydi.

– Siz bardoshli boʻling...

Eshikdan kirib kelgan mahbubasi har safargidek qizgʻish deraza pardasi qatida asta koʻzdan gʻoyib boʻladi.

Omonali uygʻonib ketib, hamisha oʻzini qop-qorongʻi xonada koʻradi. Quchogʻiga tushib qolgan bolishning namligidan tushida rosa yigʻlaganini sezadi. Ortiq choʻzilib yotishni istamay, asta tashqarilaydi. Ichi va tashi baravar yonishiga toqat qilolmay, chelakdagi muzdek suvni boshidan qoʻyadi. Muzdek sovuq suv jismidagi otashnigina pasaytiradi, yuragidagi olov va sogʻinch esa qolaveradi. Shundan soʻng boshdan-oyoq shalabbo boʻlgan holida mixda osigʻliq turgan miltiq yoniga keladi. Undagi oʻqlarni sugʻurib olmoqchi boʻladi. Biroq bu ishidan soʻng, ruhi tinchlangan Gulasal qaytib tushiga kirmasligidan choʻchib, yana niyatidan qaytadi.

Yigitning har tuni mana shu tarzda abgor kechadi.

Oʻzini yurtning gapi oʻtar, oldi kayvonisi deb biladigan Hamidqul oqsoqolning esa yigitning bu xildagi iztiroblari bilan mutlaqo ishi yoʻq, uni Oqmanglayning changalida jon bergan jonligʻiyu agar tezda buning oldi olinmasa, qoʻzi etiga mazaxoʻrak boʻlgan yirtqichning yana qaytib kelishi ehtimoli borligidan oʻzgasi qaygʻurtirmaydi. Uning bor gapdan boxabar boʻla turib, Asilbekning nomini tilga olishga jur’at etishining boisi shundan edi.

Omonali oʻzining rizoligini olganidan suyunishib, oʻzaro gurungga tushib ketgan chollarning tezroq daf boʻlishini istaydi. Aniqrogʻi, ularning nasihat qilib qolishlaridan choʻchiydi. Nega deganda, nasihatga bahona tappa-tayyor edi-da. Axir chimildiq koʻrmay turib qaysi yigit oʻz boshiga vatan tikadi. Bu kamdek, oʻgay enasi sigʻdirmaganidan, Omonali uyini boʻlak qipti, deganga oʻxshash gap-soʻzlar ham allaqachon qishloqda tesha tegmagan mavzuga aylangan. Bu esa, tabiiy ravishda, chollarning nasihat qilmogʻiga undaydi. Shuning uchun u uzr soʻragan ohangda dedi:

– Men ertagayoq uning izidan tushaman. Bugun esa kuch-puch yigʻib deganday... ozroq dam olishim zarur.

Oqsoqollar qoʻzgʻolishdi.

Omonali ularni darvozagacha uzatib bormay, ukasi izmiga topshirdi-da, oʻzi togʻlarga xayolchan termulgancha, hovli yuzida turib qoldi. Soʻng qoʻra chetida bogʻliq turgan ovchi iti – Boʻynoq tomon yurdi. Uning yagʻriniga shapatilab, picha erkalagan boʻldi va shu asnoda koʻzi supuriqsiz-sidiriqsiz qoʻra ichkarisiga tushib, ta’bi battar xiralashdi. Yaqinda otasi tomonidan ajratib berilgan suruv Omonali uchun izi-keti yoʻq bir dunyo tashvishni yuzaga keltirgandi. Molga qaramay desa, boʻlmaydi, qarashga esa unda na ishtiyoq, na hafsala bor edi. Qoʻli ishga bormay turgan shunday bir pallada, bu yoqdan Oqmanglay muammosi chiqib turganini qarang.

U devorga suyab qoʻyilgan kurakni qoʻliga olib, azbaroyi oʻlganining kunidangina qoʻrani tozalashga kirishadi.

* * *

Sarkor lochin farosatli odam edi. Koʻrdiki, toʻngʻich oʻgʻli qoyadan yiqilib oʻlgan shaharlik olima qizning fojeasiga chidayolmay, kuyib-yonmoqda. Agar vaqtida oldi olinmasa, qoyaday yigitdan bir siqimgina kul qolishi mumkin. Hozir unga na achchiq soʻz ta’sir qiladi, na pandu nasihat. Yigitni faqat biror ishga andarmonlik, ya’ni mehnatgina qutqara olishi mumkin. Shuning uchun ota uni mehnatga bogʻlashga qaror qildi. Oʻz qoʻrasidagi jonliqning teng yarmini va hatto koʻprogʻini oʻgʻlining qoʻrasiga haydab qamadi.

U bir yilcha burun Omonalini uylantirish niyatida hovlisi biqinidagi sayxonlikka yangi imorat tushirib, qoʻra egirtirgandi. Bu urugʻning manglayiga kech uylanish yozilgani bois, shu paytgacha oʻgʻlini uylanishga koʻpam qistamagan, oʻzidan biror sado chiqishini kutgan. Keyinroq oʻgʻlining koʻngli togʻu toshlarda chechaklaru oʻsimliklarni oʻrganadigan, koʻnikmagan koʻzga juda gʻalati koʻrinuvchi keng soyabonli shlyapa boshidan tushmaydigan charos koʻzli, qoramagʻiz yuzli olima qizga moyilligini sezgach esa, hayratdan yoqa tutgan.

Bu nimasi, qishloq toʻla oy yuzli, loʻmbillagan-loʻmbillagan qizlar boʻlsa-yu, u kimga koʻngil qoʻyib yuribdi. Tavba, yoʻq yerdagi ishlarga roʻju qoʻygan bu qora chigirtkaning nimasi yoqdi ekan unga? Lekin shundayam ota, ne gap oʻzi, deb soʻramadi, uning oʻzi biror nima deyishini kutdi. Biroq oʻgʻlidan bir sas chiqqancha boʻlmay, qizning qoyadan uchib oʻlganini eshitdi. Shundan soʻng oʻgʻli bir muddat shaharga yoʻq boʻlib ketdi-da, qaytishi bilan hech gapdan hech gap yoʻq, uyini boʻlak qilib oldi.

Oʻsha kuni ota qoʻy-qoʻzilarni qoʻraga qamab, dagʻal taxtalardan ishlangan eshikni zichlab yoparkan, hovli oʻrtasida yuzi gʻamdan qorayib oʻtirgan oʻgʻliga aytgan birdan-bir gapi shu boʻldi:

– Mollarga qarash kerak, ulim...

Shu paytgacha mollar umum edi. Dabdurustdan chorvaning ikkiga boʻlinishi kutilmagan hol edi. Omonali uning niyatini darrov fahmladi, ota uni mehnatga bogʻlamoqchi, andarmon qilmoqchi. Ota, odatda, nimagadir qaror qildimi, tamom – unga monelik qilish, qarshi gap aytish befoyda. Biroq bu ishga Omonali qanchalik loqayd qarasa, oʻgay ukasi Berdiqul ichidan shunchalik zil ketdi. Yarim qoʻra molning he yoʻq-be yoʻq oʻgay akasi tasarrufiga oʻtib ketganidan yuragi tars ikki yorilay dedi. Biroq bu haqda uy xoʻjasiga botinib bir soʻz aytolmadi. Bor dardini oʻchoqboshida bamisli ilonday toʻlgʻonib oʻtirgan enasi Erkinoyga borib toʻkishdan oʻzga chora topmadi. Shusiz ham alamdan oʻt tushgan nam xashakday tutab, tutaqib turgan ayol battar oʻrtandi, bariga oʻgʻli aybdorday, qoʻlidagi temir kosov bilan Berdiqulning qoq yelkasiga bir tushirdi-da, soʻng yer mushtlab, vishillagancha, qoʻshni hovlida yurgan eri va oʻgay oʻgʻlini qargʻab qoʻyaverdi.

Erkinoy deganlari aqli kalta, tili uzun ayollar toifasidan edi. Shu fe’li sababli erining qamchisini tez-tez tatib turardi.

Qamchi oldida hamisha oʻzini musichaday beozor tutardi. Ammo bu «musicha»ning tili ayri edi, har qulay fursatdan foydalanib, zahar solmoqqa hozir turardi.

Sarkor lochin bu ayolga gʻamdan karaxt boʻlib yurgan paytida uylangandi. Uni Saragulday ajoyib yostiqdosh boʻladi deb umid qilgandi. Yoʻq, bu dunyoda Saragulga oʻxshashlar kam, aqli noqis kaltabinlar esa juda serob ekan. Bunaqalar yoʻq yerdan nam olib, jigarlar oʻrtasiga nifoq solmoqqa oʻta usta boʻlarkan. Eng nochor jihati, bunaqalar oʻz qilmishlarining gunoh ekanligini anglab yetmoqqa noqodir va fe’li torlik ularga meros ekan.

Sarkor lochin odamzod fe’lidagi bu qusurlarni anglab yetguncha boʻlmay, Erkinoy ergashma oʻgʻli Berdiquldan soʻng hash-pash deguncha bir etak farzand tugʻib berdi. Sarkor lochin fe’l-atvori enasi Saragulga tortinqiragani uchunmi, yo boshqa sababdanmi Omonalini boshqa farzandlariga nisbatan ayricharoq suyardi. Lekin buni hech qachon oshkor etmasdi. Bor-yoʻq amali, ozmi-koʻpmi uning ra’yiga qarardi, xolos. Sarkor lochinning oʻrnida boshqa bir ota boʻlganidami, el nima deydi, deya oʻgʻlining bu qiligʻiga, ya’ni roʻzgʻorini boʻlak qilishiga tish-tirnogʻi bilan qarshi chiqardi. Sarkor lochin, tabiatan farosatli odam emasmi, darrov fahmladiki, oʻgʻli tanholik istayapti. Bundaylar gʻamini pinhon tutadi, oʻzi kuyib, oʻzi yonib, oxiri bir amallab qaddini tiklab oladi. Saragul bu yorugʻ olamni tark etganida, Sarkor lochinning oʻzi ham kishi koʻziga goʻyo tosh boʻlgan, yolgʻiz qolganida esa, manglayini qattiq devorga tirab, mumday erib yigʻlagan.

Oʻgʻli ota hovlini tark etgan kunning ertasi Sarkor lochin asta uning kulbasiga moʻralagan. Qarasaki, keng xonada ranggi uniqqan eski sholcha-yu ikki bolish hamda nimdosh koʻrpa-koʻrpachadan boʻlak hech vaqo yoʻq. Bu holdan otaning yuragi titrab ketadi va oʻsha kuni ayoli va qizlarini doʻqlab, kulbani kelinchakning uyidek yasattirib qoʻyadi. Biroq bundan Omonali zarracha quvonmadi, qaytamga battar ezildi. Negaki, bezalgan uy kelinsiz, kelinlikka yagona nomzod Gulasal esa bu tiriklik dunyosini tark etib boʻlgan. Shunday ekan, bu ortiqcha hasham nimaga kerak, yoʻq boshga doʻppi tanlashdek bir gapda buyam. Ammo aql-hushi qatori tili ham karaxt emasmi, bu haqda bir soʻz demaydi. Oʻzidan maqtov kutib, ostonada qator turgan singillarini koʻradi-yu, lekin ularni akalarcha alqab qoʻyish lozimligini idrok etolmaydi. Xullas, bu qiligʻining sababini ota soʻramadi, oʻgʻil esa oʻzidan bilib biron anglatish bermadi. Zero, u birovga izoh beradigan ahvolda emasdi.

Omonali qizni soʻnggi yoʻlga uzatib, shahardan qaytishi hamon Asilbekni qidirib, toʻgʻri uning toʻqayzor orasiga biqingan pastqam kulbasiga urib bordi. Bir soʻz demay, qoq peshonasiga miltiq tiradi. Poʻpisaga emas, chinakamiga otmoqchi edi. Biratoʻla ikki oʻqni boʻshatib, xumoridan chiqmoqchi edi. Biroq barmoqlari tepkiga yetib-etmay, miltiq mili qarshisida terchigan, oftobda qoraygan, kir-chir qarimsoq manglayni emas, boʻshliqni koʻrdi. Ajablanib bunday qarasaki, qora yuz Asilbek tiz choʻkib emas, yer quchib yalinmoqda. Qizning oʻlimida mening aybim yoʻq, deya zor qaqshamoqda.

Bungacha Omonali qizning qoyadan yiqilishini koʻrgan yagona guvoh mulla Said bilan yuzma-yuz boʻlgandi. Aniqrogʻi, mulla Saidning oʻzi uni qidirib kelgandi.

– Turqingga qaraganda, sen bola bir baloni boshlamoqchisan shekilli! – deya unga bet boʻlgandi. – Agar niyating shu boʻlsa, koʻp chakki ish qilasan lekin.

U Omonalini yaxshilab koyib qoʻymoqchi edi. Ammo bunday qarasaki, yigitning nigohi tumanli, badaniga tigʻ sanchsang-da, sezmaydigan bir ahvolda. Mulla Said otasi Qosim qoriday orqali odam edi, orqasi tutib qolar boʻlsa, katta-kichikni ayab oʻtirmasdi. Belida doim qistirigʻli yuradigan mayda oʻrim qamchisini qoʻliga olib, tuyqusdan savalab qolardi. Keyin, yelkangga jin-ajinalar oʻtirib olgan ekan, barini haydab soldim, derdi va bu gapiga boshqalar qatori oʻzi ham chippa-chin ishonardi. Shuning uchunmi, uning bu ovkorligi koʻpchilikka ogʻir botmasdi.

Mulla Said qarshisida ogʻziga suv olganday, churq etmay turgan yigitga qattiq tikilib, beixtiyor belbogʻidagi qamchisiga qoʻl yuborarkan, soʻnggi daqiqada yigitning yelkasiga allaqanday mayda-chuyda jin-ajinalar emas, haybatli bir dev oʻtirib olganini payqadi. Bu devning bir oti «gumon», ikkinchisi «qasdu qasos» ediki, uni oddiy bir qamchi bilan haydab, quvlab boʻlmasdi. Shuning uchun qoyada yuz bergan fojeaga guvoh boʻlgan kishi sifatida koʻrganlarini qayta takror etib, dediki, oʻzing boxabarsan, oʻsha kuni men Qizilqoya qoshidagi doʻngda qoʻylarimni yoyib yurib edim, u qiz, rahmatli, it quvganday, qoya yoqalab pirpi¬rakday yelib keldi-da, Oqartoshga tushib qolib, payraxaday pastga enib ketdi. Oʻzing bilasan, Oqartoshning komiga tushgan tirik jonning omon qolmogʻi qiyin.

U shu gaplarni ayta turib yigitga qattiq tikilarkan, uning koʻzlarida quyidagi ma’noni oʻqidi: «Kimdir quvlaganki, qochaman deya, Oqartoshga tushib qolgan». Kim emas, kimdir quvlaganini mulla Said elasgina ilgʻab qolgandi. Lekin kim, buni u ham bilmasdi. Negaki, quvlagan kimsa yalanglikka bir rovga otilib chiqib, soʻng qizga yetolmasligiga koʻzi yetdimi, yo birov koʻrib qolishidan choʻchidimi, harnechuk, tezda oʻzini archalar panasiga olgandi. Muhimi, oʻsha kimdir atay qizni qoyadan itarib yuborgani yoʻq, Oqartosh oʻzaniga tushgan uning oʻzi. Umuman olganda, qizga Qizilqoyada pishirib qoʻyibmidi? Kal echkiday dikonglavermay, joyini bilibgina yursa boʻlmasmidi! Shuning uchun qizning oʻzini aybdor sanab, jiddiy dedi: «Yoʻq, uni birov quvlasa, koʻrardim. Axir bari hodisa koʻz oʻngimda sodir boʻldi-ku.» Biroq Omonali yaxshi biladiki, togʻda hech kim oʻz mayliga yugurmaydi, ayniqsa, Gulasalday oqila qizlar pastu balandga qarab, har bir qadamini oʻylab va oʻlchab bosadi. Buning ustiga, oʻsha kuni Asilbekni togʻda jonsarak holatda koʻrganlar bor. Mulla Saidga kelsak, u hamisha va har ishda tinchlik tarafdori – koʻrsa-da, koʻrmadim deyishi tayin. Boz ustiga, bu ishda Asilbekning qoʻli borligini koʻngli aniq aytib turibdi.

Oʻsha kuni alamdan otash boʻlib yonayotgan esa-da, u baribir Asilbekni otolmadi. Qarovsizlikdan chakalakzorga aylangan qarshidagi bogʻdan bir dasta shox-shabba koʻtarib chiqib kelgan keksa enasi dodlagancha koʻksini miltiqqa roʻparoʻ qilgach, Asilbekka atalgan oʻqlar yana oʻz joyida – yaroqda qolaverdi.

Qisqasi, Gulasal ushalmas orzular qatida, gʻamgin va armonli xotiralar ogʻushida qolgani bois, Omonali gʻam-alam ummoniga boʻgʻziga qadar botmoqchi edi. Gʻam degani juda totli tuyulib, uning bagʻriga butunlay singib ketmoqchi edi. Uning nazdida, tiriklik allaqachon toʻxtab, tosh qotib qolgandek edi. Biroq, buni qarangki, u toʻxtamagan, oʻz maromida davom etayotgan ekan: ana, qor qoploni Oqmanglay suruvga hujum qilibdi. Suruv egasi Hamidqul oqsoqol esa koʻmak soʻrab huzuriga yugurib keldi... Xullas, oʻz maylida evrilayotgan tiriklik hatto tanholikda tinchgina koʻzyoshi toʻkmogʻiga izn bermayapti. Undan harakatni va dadil oyoqqa qalqishni talab etayapti.

U oʻzi sezmagan holda qoʻlidagi kurakni, xuddi unda qasdi borday, tez va chaqqon ishlata boshladi.

Togʻdan endigina qaytgan Sarkar lochin oʻgʻlini yana eski holida – ezgin va xayolchan holatda koʻraman deb oʻylagandi. Agar shunday boʻlsa, bu safar biroz burovga olmoqchi edi. U shu xayolda devorga yaqinlasharkan, soʻnggi daqiqada bu niyatidan qaytdi, qoʻy, kuyib turgan jonini battar kuydir¬mayin.

Sarkor lochin oʻrtadagi pastak eshikdan egilib oʻtishdan avval devor osha hovliga moʻralarkan, oʻgʻlining qoʻra tozalayotganini koʻrib, tashvishmand yuziga tabassum yugurdi. Mamnun yoʻtalib, oʻzidan darak bergan boʻldi. Soʻng nimadandir malollanganday, asta egilib ichkariga oʻtdi. Oʻgʻlining roʻzgʻorini koʻzdan kechirayotgandek, hovli oʻrtasida bir zum turib qoldi. Shunda u naq yelkasida ayoli Erkinoyning oʻtkir qarashini his etdi. Bildiki, ayoli devor osha ortidan moʻralab turibdi. Koʻzlarida mehrdan asar yoʻq, shubha, gumon va qahrga toʻla. Bari boʻlingan chorva vajidan. Hozir orqasiga oʻgirilishi bilan ayoli devor ortiga yashirinadi va agar bekinishga ulgurolmasa, oʻlganining kunidan jilmaygan kishi boʻladi, lekin yuzi kulsa-da, koʻzlari kulmaydi. Yaxshiyamki, uyidagilar otaning gʻazabidan zir titraydi, aks holda bu xonadonda allaqachon qoʻzgʻolon qoʻpishi aniq edi.

– Oqsoqollar kepti deb eshitdim, – dedi Sarkor lochin oʻgʻli yoniga kelgach, qiyalik boʻylab sochilgan qishloq uylariga shunchaki bir nazar tashlab. – Tinchlikmi?

Omonali sezdiki, otaning bari gapdan xabari bor. Shunga qaramay izoh bergan boʻldi.

– Qoplon doribdi deyishayapti.

– Mazaxoʻrak boʻptimi?

– Shunga oʻxshayapti.

– Unda... bir yoqlik qilish kerak uni.

– Men ham shu oʻydaman.

– Oson emas-ov bu ishing.

– Oson emas...

Shu bilan gap tugagandek edi. Aslida esa tugamagan, endigina boshlangandi. Ota, nega suruvni Bozorqulga ishonib, oʻzing pashsha qoʻrib oʻtiribsan, demoqchi edi. Faqat bunga joʻyaliroq biror bahona topolmayroq turardi. U oʻgʻlining jon joʻrasi Bozorqulning oʻta halolligi va doʻstga nisbatan sadoqatini juda qadrlardi-yu, biroq ayni damda oʻzining butun rejasini puchakka chiqargani uchun, undan bir oz xafa edi.

Ota chorvani ikkiga boʻlgan kunning ertasiyoq Bozorqul doʻsti Omonalining uyiga urib kelgan. Bilaman, hozir sen molga qaraydigan ahvolda emassan, shuning uchun qoʻylaringni suruvimga qoʻshib, oʻzim boqib turaman, soʻng surishib-koʻrishib ketaveramiz, degan. Otaning nazarida, u doʻstlik qilaman deb, dushmanning yoʻlini tutgan, ya’ni joʻrasini gʻam-alam girdobiga yolgʻiz tashlab qoʻygandi. Omonaliga esa bu xil gʻamxoʻrlik emas, mehnat deb atalmish achchiq qamchi darkor edi. Ana shunda u xiyolgina boʻlsa-da, qaygʻudan chalgʻirdi. Biroq Bozorqul goʻl, buni qayerdan ham bilsin. Shu narsa Sarkor lochinning gʻazabini qoʻzitmoqda edi. U ichidagi bor zardasini oʻgʻliga sochib, molingga oʻzing egalik qil, demoqchi edi. Agar Omonali, ertadan boshlab qoplonning iziga tushaman, deb qolmaganida, Sarkor lochin bu safar uni siypalab oʻtirmagan, aytadiganini aytardi. Qoplon ovini eshitgach esa, koʻngli darrov xotirjam tortdi. Negaki, tirik inson uchun ovdan zoʻr ermak yoʻq. U shunday bir koʻngilli mashgʻulotki, odamzod qaygʻu tugul, oʻzini unutib qoʻyadi.

Shuning uchun ham Sarkor lochin taskin bir kayfiyatda oʻgʻil uyini tark etdi.

* * *

Ertasi tongda Omonali gʻanimi Asilbekka atalgan qoʻsh oʻqni miltiqdan boʻshatib, tokcha burchagidagi tunuka qutichaga alohida qoʻyib qoʻydi-da, soʻng yarogʻini yelkasiga osib, yolgʻizoyoq soʻqmoqdan toqqa qarab joʻnadi.

U oshiqmasdi, oshiqishni xayoliga ham keltirmasdi. Nega deganda, bundan biron naf yoʻq edi. Axir qoplon degan jonivor seni tayinli biror joyda kutib turmaydi, shuningdek, lop etib oldingdan ham chiqib qolmaydi. Uning iziga tushmoq uchun avvalo u yuradigan manzilni obdon oʻrganib, yoʻnalishlarini aniqlab olish lozim. Shu bois, bunaqa ishda foydasidan koʻra ziyoni koʻproq boʻlgan itini ergashtirmadi. Ana, u zanjirini tortqilab, butun qishloqni boshiga koʻtarmoqda.

Omonali ota tomondan uzoq qarindosh hisoblanmish, sodda va dalli-gʻuli, oʻz navbatida, anchagina sinchi boʻlgan Meliqul togʻbegiga sezdirmay togʻdan ozmi-koʻpmi nasibasini terib yursa-da, ayrim noinsof ovchilardek bu ishga haddan tashqari ruju qoʻymagan, qisqacha qilib aytganda, insof doirasidan chiqmasdi. Shu sababmi, Meliqul togʻbegi bir safar degandi: «Shu vijdoningga andakkina gʻubor qoʻnganini demasa, sen asli yomon yigit emassan. Yaxshiliging manglayingdan ma’lum. Ammo-lekin shu gʻubor... Qani endi, chogʻim yetsa-yu, vijdoningni ana shu gardu gurtdan tozalabgina qoʻysam. E, shunda kishi havas qilarli bir yarqiragan yigit boʻlarding-ki, hech u yoq-bu yogʻi yoʻq... Faqat men gʻuborni aritadigan soʻzlarni bilmayman-da. Agar bilganimda bormi, ichingni chinniday tozalab qoʻyardim-a».

Omonali koʻngildan gʻuborni aritadigan soʻzlarni keyinroq, ya’ni yomgʻirli kunlarning birida, shiptidan suv chakillab turgan Kungaybet gʻorida tasodifan tanishgan Gulasaldan eshitdi.

Shu kungacha bu yorugʻ olamda boshida soyaboni keng oqish shlyapa, egnida esa jinsi shim va shu matodan tikilgan serchoʻntak kaltaroq kamzul, qorachadan kelgan yuzi doim kulib turadigan, yoniq nigohli, xushbichim qaddi-bastli qiz borligini hatto tasavvuriga ham sigʻdirolmasdi. U ezib yogʻayotgan yomgʻirni la’natlagancha, boshpana ilinjida qoʻriqxona chekkasidagi toshloq yonbagʻirlikni yoqalab, archazor betlikdagi Kungaybet gʻorini qoralab borardi. Gʻorda oʻt yoqib, jiqqa hoʻl engil-boshini quritish niyatida edi. U oʻzidan kam ivimagan itini ergashtirgancha, sirpanchiq tanggu tor soʻqmoqdan yuqoriga oʻrlarkan, quyidagi archazorda qantariqli otlarga va gʻor ogʻzidan koʻtarilayotgan yengil tutunga koʻzi tushgach, bir oz taraddudlanib qoldi. Biroq bu atrofda shundan boʻlak pana joy boʻlmagani bois, ichkariga bosh suqmoqdan boʻlak chora topmadi.

U qiziqsinib, asta gʻor ichiga moʻralarkan, dastlab koʻzi tushgani kiraverishdagi keng ayvon oʻrtasida biqirlab qaynayotgan chogʻroq osma qozon boʻldi. Olovning bir chetida esa biqini xiyol pachoqlangan qoraqumgʻon jigʻillab turardi.

Koʻzi nimqorongʻilikka oʻrgangach, oʻchoqdan nariroqdagi pastak supamisol qizgʻish tosh ustida, qoʻlfonar yorugʻida allanimalarni chizib-yozib oʻtirgan ikki ayolni va gʻor devoriga orqa tiragan koʻyi, bahuzur mudrayotgan Meliqul togʻbegini ilgʻadi.

Omonalining tashrifi ayollardan biri – mallasoch Irinaga yoqmadi. Shu yomgʻirli havoda sen yetmay turuvding deganday, xoʻmrayib bir qarab qoʻydi-da, yana ishida davom etdi. Ammo Gulasal bee’tibor boʻlolmadi. Xuddi uyiga kutilmaganda mehmon kelgan bekaday, avvaliga jindek besa¬ronjamlandi, soʻng oʻrnidan ilkis qoʻzgʻalib, goʻyo mehmonga koʻrpacha tashlamoqchiday, beixtiyor bir sira yon-beriga koʻz yugurtirdi va qachonki koʻzi toshoʻchoqqa yaqin yerdagi kursi monand toshga tushgandan keyingina, chehrasidan xijolatga oʻxshash noqulaylik arib, jilmaydi, keling, oʻtiring, deya toshga ishora qildi. Tabiiy, yigitning obdon ivigan engil-boshi ham uning nazaridan chetda qolmadi. Omonalining paxtaligini yechib, shundoqqina oyogʻi ostiga tashlab qoʻyishi yoqmay, yengil bir harakat-la uni qoʻliga oldi-da, olovga yaqinroq toshlardan biri ustiga yoyib qoʻydi. U bu ishlarni shunday bir oʻziga xos savqi tabiiy ila ado etdiki, gʻirt nodon odam ham uning bosaronjom oilada kamol topganini anglamasdan iloji yoʻq edi. Biroq qizning bu xil jonsarakligi Irinaning gʻashiga tegmay qolmadi, chalgʻima, dedi norozilanib. Gulasal esa uning toʻngʻillashiga e’tibor ham bermay, oʻchoqqa yaqinlashdi. Qozonda bilqillab qaynayotgan taomning tuzini tatib koʻrdi, soʻng bir maromda yonayotgan olovning bir qismini oʻchoqdan beriroqqa tortdi-da, tutay boshlagan oʻtga yana oʻtin tashladi. Bu harakatlarning bari oʻzi uchun ekanligini anglagan yigit battar xijolat tortdi. Baxtiga Meliqul togʻbegi uygʻonib qolib, uning noqulay vaziyatdan chiqmogʻiga imkon yaratdi.

– E, qarindosh, senmisan, – deya ogʻzini karrakday ochib esnarkan, koʻzi gʻor devoriga suyab qoʻyilgan yaroqqa tushgach esa, ham togʻbegi, ham xesh sifatida, odatdagiday, uni tergay boshladi. – Shu yomgʻirda Xudo deb uyingda oʻtirmaysanmi! Buytib sanqib yurishing nimasi, a? Qoʻriqxonada yana koʻrsam, qarindosh-parindosh deb oʻtirmayman, tozagina xafa qip qoʻyaman demaganmidim! Xoʻsh, endi nima qilay, a?

– Birinchidan, qoʻriqxonada emas, undan chetdamiz, – dedi Omonali hazil ohangida. – Keyin... urasizmi, soʻkasizmi, faqat hozircha mehmonlarning oldida odamni uyaltirmay turing.

– Bular mehmon emas, olimlar! – dedi Meliqul togʻbegi andak gʻurur bilan. – Tovdagi barcha oʻsimliklar bilan tillashadigan odam bular. Shundaymi, Irinaxon?

Biroq endi yozuv-chizuvini yigʻishtirib, tizzalarini quchganicha, tashqarida sharros quyayotgan yomgʻirni kuzatib oʻtirgan juvon uning gapiga hech bir munosabat bildirmadi, ya’ni togʻ odamlarining sodda va doʻlvor gap-soʻzlariga unchalik ham hushi yoʻqligini anglatishdan iymanmadi. Uning bu nopisandligidan sal shashti qaytinqiragan Meliqul togʻbegi nima deyarini bilmay, nosqovogʻini qoʻliga oldi va kaftiga moʻlgina nos toʻkdi, soʻng uni tili tagiga tashlasammi-yoʻqmi deganday, bir muddat hardamxayol turib qoldi.

Gulasal esa yuzaga kelgan bu noqulaylikdan xijolat tortganday, andak oshiqish-la qumgʻonni olovga yaqin surdi, nima ichasizlar, choymi, qahvami, deya hazil-huzul qilgan kishi boʻldi. Keyin bu bilan qanoatlanmay, naridagi xaltalarning biridan chinni idishlarni olib, ularni birma-bir chayishga tushdi. Orada togʻbegini savolga tutib, chalgʻitishga urindi. Undan allaqanday oʻt-oʻlanlarni soʻradi. Ular orasida qayta jonlangan gurungdan Omonali shuni fahm¬ladiki, bu ikki ayol haqiqatdan ham oʻsimlik¬larni oʻrganadigan ilm kishilari ekan. Bundan uning taajjubi battar ortdi. Ayol boshlaring bilan bu ovloq togʻu toshlarda silarga pishirib qoʻyibdimi, degisi keldi. Agar boshdayoq uning tashrifini unchalik xushlamagan Irina gʻor devoriga suyogʻli miltiqqa ishora qilib, brakonьermi bu, deya toʻsatdan toʻngʻillab qolmaganida, shunga yaqin gap qilishi tayin edi.

– Yoʻq, – dedi togʻbegi allanechuk shoshqaloqlik bilan. – Bu yigitning tovga hech ziyoni yoʻq. U qoʻriqxonadan chetda ov qiladi.

– Tarafini olayapsizmi, demak, bu yogʻi tanish-bilishchilik, – dedi Irina janjal qoʻzgʻashni yaxshi koʻradigan ayollarga xos qosh chimirib. – Qoʻriqxona hududiga qurol bilan yaqinlashdimi, bas, qonunni buzgan hisoblanadi...

Shu payt Gulasal ilon chaqqanday chinqirib yubordi:

– Voy, qahvani unutibmiz-ku!

Irina, chamasi, qahvasiz turolmaydiganlar xilidan shekilli, rang-quti uchib ketdi. Boʻlishi mumkin emas, deya irgʻib oʻrnidan turdi-da, qoplardan birini shoshib-pishib titkilay boshladi. Bu orada Gulasal, miyigʻida kulimsirab, ikkinchi qopdan kichkina yaltiroq shisha idish chiqardi. Keyin, qalay, bopladimmi, deganday togʻbegiga shoʻxchan koʻz qisib qoʻydi. Irinaning bobillashiga esa, koʻnikib ketganidanmi, hatto e’tibor ham berib oʻtirmadi.

Omonali ularning taomiga sherik boʻlishdan tortinib, tezgina paxtaligi va yarogʻini qoʻliga olib, tashqariga yoʻnalarkan, shu havoda qayoqqa borasiz, degan sasdan soʻng yalt etib ortiga qaradi va oʻziga hayron boqib turgan qizga koʻzi tushdi.

– Keldingizmi, taomimizdan totinmasdan ketish yoʻq, – dedi Gulasal nigohini tabassumga toʻldirib. – Yo sizlarda eshikdan kirgan odamni quruq ogʻiz bilan qaytarishadimi?

– E, yoʻq, – dedi Omonali shoshib. – Biz borgan odamga qoʻy soʻyamiz.

– Unda qoʻyga qarzdor qip qoʻyish niyatida, sizni bir piyola choyga taklif etsak boʻladimi? – dedi qiz yurakni oʻrtaydigan darajada jilmayib. – Mabodo kamtarona dasturxonimizni nazarga ilmayotgan boʻlsangiz, nima ham derdik, zorimiz boru zoʻrimiz yoʻq. Yo qoʻyga qarzdor boʻp qolishdan qoʻrqayapsizmi?

– Nimalar deyapsiz! – yigitning oriyati qoʻzib, qoʻlidagi yaroqni gʻor devoriga suyab, iziga qaytdi. – Yuring, hoziroq oyogʻingiz ostiga qoʻy soʻyaman! Soʻymagan nomard!

– Unda yomgʻir tinishini kutishimizga toʻgʻri keladi. – Qiz kulganicha epchillik bilan qahva tayyorlay boshladi. – Hozircha esa bizning xushboʻy qahvamizga sherik boʻlmoqdan boʻlak ilojingiz yoʻq. Qani, marhamat, olovga yaqinroq keling.

Shu payt tashqaridagi xarsangtosh panasida qolgan Boʻynoq ichkariga bosh suqib, ularning gapi boʻlindi. Itni koʻrishi bilan Irinaning toʻng afti yorishdi. Boʻynoqni erkalab yoniga chaqirdi. Biroq Boʻynoq aksariyat itlar kabi dum silkitmadi, oʻzini chorlayotgan notanish ayolga sergak tikilib, sil¬kindi, yalandi, soʻng egasining buyrugʻiga itoat etib, gʻor ostonasiga choʻkdi.

Omonaliga qolsa-ku, itni hayallatmay tash¬qariga haydardi, ammo ayollar bunga izn berishmadi. Ayniqsa, Irina xuddi tugʻishgan ukasini himoya qilganday, baqirib berdi.

Ularning vagʻir-vugʻirini nimtabassum-la kuzatib, hanuz yonboshlab yotgan Meliqul togʻbegi oʻziga uzatilgan idishni qoʻliga olarkan, norozi ohangda dedi:

– Mana shu nordon ichimlikni ta’miga hech oʻrganolmadim oʻrganolmadim-da, singlim. Buning choy boʻlib, choy emas, zahardan berman bir balo. E, buning toza achchiq-ku! Ozgina shakardan qoʻshi-iy. Ha, barakalla!

Omonali oʻchoqboshida kuymanayotgan qizga qarashgan boʻlib, oʻtga choʻp-poʻp tashlab oʻtirarkan, bu orada ularning suhbati hayratli darajada tez qovushib ketdi. Gurung asnosida qizning asli shaharlik ekani, uch kundirki, togʻu toshda tentib yurganiyu ikki yildirki, oʻsimliklar boʻyicha ilmiy ish qilayotgani bilib oldi. Qizning, ayniqsa, togʻda hali hech kimga ma’lum boʻlmagan biror oʻsimlik turini kashf qilib, unga onasi nomini berish orzusida yurganini eshitib, butunlay dong qotdi. Axir togʻda oʻz maylida oʻsib-unib yotgan giyohlarni oʻrganish va hali fanga ma’lum boʻlmaganlarini aniqlab, unga biron-bir nom berish tasavvuriga sigʻmaydigan ish edi-da. Negaki, u togʻlardagi barcha oʻsimlik turlarini mollarga oziq boʻladigan shunchaki oʻt-oʻlanlar deb bilardi-da. Buni qarangki, bu dunyoda oʻt-oʻlanlarga boshqacha koʻz bilan qaraydigan va hatto ularga oʻz ismini berishga hozir va shuningdek, mavjud narsalarni boshqacha nomlaydigan tentaklar ham bor ekan.

«Suvorov shirachi» deydimi-ey. «Ulugʻ lola» deydimi-ey. Axir shirach oʻz nomi bilan shirach-da. Unga nomingni berding nima-yu, bermading nima, shu bilan uning shakl-shamoyili oʻzgarib qolardimi, yo boshqacha tus olarmidi. Bular oʻzi juda gʻalati odamlar ekan, hamma narsani oʻzlaricha nomlab tashlashaverarkan. Emasam, lolaga nom berishi nimasi. «Ulugʻ lola» emish...

U shularni xayolidan oʻtkazar ekan, qavatida notanish terminlar bilan boshini qotirayotgan, toʻgʻrirogʻi, gurung berayotgan qizni jerkib, shu sizga zarilmi, nimaga kerak buning barisi, degisi keladi. Lekin deyolmaydi. Sababi, Gulasal oqshomlari buloq boʻyiga yigʻilib, gʻiybatning uyini kuydiradigan va hayotga nisbatan qarashlari manovu mudroq togʻlardan nariga oʻtmaydigan, eng yomoni, orzu va qiziqishlari bir tutamgina boʻlgan qishlogʻi qizlariga sira oʻxshamasdi. Agar hozir yonidagi olima qizning oʻrnida qoʻshni qizlar – Salima doʻndiq yoki Oysara chittak oʻtirganidami, Omonali hech istihola qilib turmay, hay tentak qiz, koʻhlikkina, boʻylikkina ekansan, buytib togʻu toshlarda tentib yurmay, er-perga tegib, uyingda beshik quchib oʻtirsang boʻlmaydi, deyishi aniq edi. Biroq Gulasalga bu xil muomala qilish qiyin edi. Qandaydir boshqacha edi u. Bir qarashda, judayam yaqin, oʻz navbatida esa, qoʻl yetmas darajada uzoq edi u. Bolalarcha begʻuborligi va soddaligi ortida uncha-bunchaga qayishmaydigan qandaydir qat’iy fe’l yashirin edikim, bu narsa istagan paytda oʻzini namoyish etishi mumkin edi. U, qobil boʻlsang, erkalayman, mabodo yomon xayolga borsang, tezda tanobingni tortib qoʻyaman, deyotgandek tuyulardi.

Omonali qizning suhbatiga andarmon boʻlib, qahvadan boʻshagan idishlarga Irinaning jindek-jindek aroq quyganini payqamadi. Qachonki togʻbegi xushnud va xushomad ohangida, bunday havoda aroq ichmaslik gunoh, Irinaxon, degandan soʻnggina oʻziga uzatilgan idishga e’tibor berdi. U shu yoshgacha ayol kishi qoʻlidan biron marta qadah olmagani bois, Irinaning bu ishi unga juda erish tuyuldi, hatto andak nafsoniyatiga ham tegdi. Shuning uchun bir oz qoʻrslik bilan ayolning qoʻlini nari itardi. Irina esa uni ortiq qistab turmadi, xohishing, deya narida koʻzlari oʻgʻri mushukning koʻzlariday yonib-yolqinlanib oʻtirgan Meliqul togʻbegining qavatiga borib choʻkdi va ikkisi choʻqishtirib ichishdi.

– Ovqat oldidan goh-gohida ozgina ichib turadigan odatlari bor, – dedi Gulasal hamro¬hining bu qiligʻi yigitga yoqmaganini fahmlab va soʻng sekin shipshib qoʻydi: – Lekin, sal qoʻrsligini demasa, oʻzi ajoyib ayol. Ajoyib olima!

– Siz esa... olmadingiz? – dedi yigit ayol haqida ortiq izoh eshitishni istamay, yarim chin, yarim hazil ohangda.

Qiz goʻyo bu gapni eshitmadi, uning e’tibori gʻor ogʻzida choʻzilib yotgan itda edi. Aslida u boshdanoq Boʻynoqdan nazarini aritmay turardi.

– Sodiqlikka qasam ichmagan, lekin hamisha sodiq boʻlib qolaveradigan ajoyib jonivor! – deb qoldi bir mahal allanechuk xayolchanlik bilan. – Nazarimda, uning mana shu xususiyati tufayli qadimda odamzod boshqa hayvonni emas, aynan itni qoʻlga oʻrgatgan. Lekin oʻzi sodiqlik borasida undan ibrat olmagan. Oqibatda esa... Bittasi, ana, Irina, bevafolik jabrini koʻraverib, oxiri ilmga suyanib qolgan. Qoʻrs koʻringani bilan oʻzi ajoyib ayol.

Omonali jindek ichganidanmi, favqulodda ochilib, togʻbegi bilan bearmon chaqchaqlashayotgan Irinaga zimdan qarab qoʻyarkan, yonida oʻtirgan qiz oʻzidan yanada uzoqlashganini his qildi.

U shu paytgacha bu xilda fikrlaydigan ojizani uchratmagan, koʻrgan va bilgan ayollari esa toʻylarda arzimas latta-putta ustida talashib-tortishib, soʻng buni yillab gap-soʻz qilib yuradigan qishloq xotin-xalajlari emasmi, qizning bu tarzdagi gap-soʻzlarini hazm qilmoqqa qiynalmoqda edi. Uning tilida har bir soʻz alohida ma’no kasb etib, tirik¬lik gʻaroyib bir tusda tovlanayotgandek tuyulardi.

Qizning fikrlarini qiziqsinib tinglashda davom etarkan, Omonali oʻzini beixtiyor ulfatlari davrasida tasavvur etib, uning gaplarini xayolan soʻzma-soʻz takror etib koʻrdi. Yoʻq, joʻralari bu xil gurungdan tez zerikadilar, aytilayotgan har bir soʻzni aql tarozisiga tortib koʻrishdan koʻra, uning ustidan qah-qah otib kuladilar. Bundan ham nochor tomoni, bu xushbichim qiz bilan joʻn tilda gaplashib boʻlmasdi. U bilan suhbat qurmoq uchun alohida hozirlik lozimdek edi. Keyinchalik u oʻzi sezmagan holda qizni noma’lum xavf-xatarlardan qizgʻanadigan boʻlib qoldi. Nega deganda, togʻda koʻzi qizarib yurgan choʻpon-choʻliqlar, notanish qizil etakni koʻrishi bilan aql-hushini butunlay yoʻqotib qoʻyadigan kimsalar yoʻq emasdi. Ammo bu haqda qizga aytolmasdi, uni hurkitib qoʻyishdan choʻchirdi.

Yigitning nazarida, suhbati maroqli bu qizga koʻngil qoʻyish aql doirasiga sigʻmaydigan ishdek tuyulardi. Gʻalati engil-boshi, ya’ni boshidagi soyaboni keng oqish shlyapasi va qomatini siribroq turgan libosigina emas, balki togʻma-togʻ tentib yurishlari ham gʻayritabiiydek edi. Agar u haqda otasi Sarkor lochinga gap ochgudek boʻlsa, hayratdan uning baroq qoshlari tepaga sapchishi aniq edi. Boisi, qizning yurish-turishi qishloq ahli koʻnikkan andozaga sira toʻgʻri kelmaydi. Toʻgʻri, u togʻma-togʻ sanqib, oʻzicha ulugʻ bir ishlar qilayotgandir hamda boshi toʻla aql va ilmdir. Biroq, eng muhimi, u qishloq qizlariga oʻxshamaydi. Boz ustiga, nasl-nasabi qanaqa, ota-onasi kim va shuningdek, otasi qanaqa nomard odam ekanki, shunday dilbar qizni kimsasiz bu togʻu toshlarga bemalol qoʻyib qoʻyibdi. Qisqasi, Gulasalday zukko va erkin qizlarni qishloq ahli osonlikcha hazm qilolmaydi.

Ularning qiz haqidagi ahmoqona tasavvurlarini yemirish esa oʻlimdan ham qiyin. Bunday qizlarni faqat buyuk muhabbatgina oʻz bagʻriga singdira oladi, xolos. Ayni shu muhabbat dastlabki onlardayoq qalbida chechak otganini Omonali sezmagan, buni shunchaki qizning suhbatiga oshuftalik deb oʻylagan.

Omonali soʻngsiz xayollar ogʻushida gʻorga yaqinlashganini sezmay qoldi.

U gʻor joylashgan betda bir zumga toʻxtadi.

Negadir unga kirmoq istadi.

Archazor oralab asta yuqoriga oʻrlay boshladi.

Gʻor ichi oʻsha-oʻsha nimqorongʻi. Oʻrtadagi toshoʻchoq uning kuygan yuragidek qorayib turardi. Bir chetda kimlardandir qolgan yarim dasta oʻtin.

U qiz oʻtirgan toshga choʻkarkan, oʻt yoqish istagini tuydi.

Nega?

Havo iliq, oʻt yoqmoqqa hech hojat yoʻq edi. Oʻz navbatida, bu savolga javob ham yoʻq edi.

U tizzalarini quchgancha, chirsillab yonayotgan olovga ma’yus termulib oʻtirarkan, beixtiyor mijjalariga qalqigan yoshni tiyolmay qoldi. Aniqrogʻi, tiyishni xayoliga keltirmadi. Va yigʻi totli tuyulib turgan bir pallada esa, hech kutil¬maganda koʻksidan qaynoq bir oʻkirik tashqariga toshib chiqdi.

Buni toʻxtatib boʻlmasdi, toʻxtatmoqqa endi uning chogʻi yetmasdi va buni oʻzi ham istamasdi.

Bu ovloq goʻsha inson bolasi yaralganidan beri qancha-qancha odamga boshpana boʻlgan – kimdir yovdan, kimdir yomgʻirdan qochib, uning bagʻrida orom topgan. Lekin ulardan birortasi ham Omonali kabi yovvoyi nido taratib, oʻkirib-oʻkirib yigʻlamagan boʻlsa kerak.

Bu ayanchli sasdan gʻor devorlari sukutda, baland shiftdan esa unga hamdardlik izhor etayotgandek, tinimsiz tomchi tomardi...

* * *

Omonali ixtiyoridan tashqarida yuz bergan bu oʻtli oʻkirikdan soʻng, olovga tikilgan koʻyi, sassiz uzoq yigʻladi.

Aslida ota uyini tark etishdan maqsadi ham shu – holi joyda qaygʻuni toʻshak, gʻamni bolish aylab, toʻyguncha, koʻzyoshlari ado boʻlguncha yigʻlash edi. Ilgari agar birov, erkak zoti ham gohida yigʻlamoqni istab qoladi, desa sira ishonmasdi, koʻzyoshini ayollarga chiqargan, derdi. Mana endi bilayaptiki, erkak zoti ham yigʻlarkan, faryod urib emas, sassiz va sadosiz, oʻrni kelsa, oʻzini idrok etolmay, bamisoli ayiqday oʻkirib yigʻlarkan.

Omonali roʻzgʻorini boʻlak qilgani bilan istagini amalga oshirolmadi – xuddi birov derazadan moʻralab turganday, toʻyib-toʻyib koʻzyoshi toʻkolmadi. Ana shunda yigit kishi uchun yigʻlamoq oson emasligini angladi. Bunga sari yuragi gʻamga toʻlib boraverdi. Kungaybet gʻoriga esa yigʻlash uchun kirmagandi, nima uchun bosh suqqanini oʻzi ham bilmasdi. Yuragida dimlanib yotgan alam yoshlarini kelib-kelib shu ovloq goʻshada toʻkishi mumkinligini hatto xayoliga keltirmagandi.

U ancha yengil tortgandan soʻng, bir muddat nechun bu tomonlarda daydib yurganini eslashga urindi. Darvoqe, qoplonning izini topish ilinjida yoʻlga tushgandi-ku. Uf-f, ovchi xalqi uchun bundan noxushroq, bundan mashaqqatliroq mashgʻulot boʻlmasa kerak. Nega deganda, ma’lum bir jonivorning ketidan tushish ov emas, borib turgan dahmazaning oʻzi, ya’niki ipsiz, tizginsiz bogʻlanishdek bir gap: ming xayollasangda-da tashlab ketolmaysan. Agar qoʻl siltab ketar boʻlsang, oʻrningga Asilbekka oʻxshaganlar chiqadi. Unaqalar foydali yumushdan boʻyin tovlashadi, oʻz manfaatlari yoʻlida hatto itning qoʻltigʻidagi burgani ham tinch qoʻyishmaydi. Haqiqiy ovning yoʻrigʻi esa butunlay boʻlak, omading chopsa chopdi, chopmasa, imi-jimida izingga qaytib ketaverasan.

Qisqasi, togʻning qaysi bir puchmogʻida oʻz maylida yurgan qoplon Omonali uchun oʻlja emas, balki Asilbekka oʻxshash yomon oʻroqchilar tomonidan payhon qilinmasligi uchun koʻklab turgan maysalar orasidan avaylab yulib tashlanishi lozim boʻlgan yovvoyi bir oʻt edi. Qishloqda chorvasi yilning iliq faslida togʻdan beri tushmaydigan odam borki, qoplonga koʻz tikkan, tezroq uning bir yoqli boʻlishini istaydi. Qolganlar esa shunchaki hangomatalab, qani, Omonali bu ishni eplay oladimi-yoʻqmi deganday. Xullas, joʻyali bir fikr yurituvchidan koʻra, tomoshabin koʻp. Oqmanglay qorli togʻlardagi sanoqli qoplonlardan biri ekani va uni avaylab-asrash lozimligi xususidagi oʻy biror kimsaning boshiga kelmaydi.

Bu qoʻriqxona mutasaddilari, jumladan, Meliqul togʻbegining tashvishidek, qishloq ahli bu masalaga oʻgay koʻz bilan qaraydi. Obrazli yoʻsinda aytganda, sarhadsiz qoʻriqxona hududi kishilar uchun goʻyo begona bir bogʻ va har kim chogʻi hamda uquvi yetgancha bu bogʻdan koʻproq meva oʻmarish payida boʻladi. Bu ishda ular qanoatni bilishmaydi, «insof» degan tushunchani negadir unutib qoʻyishadi. Agar, mabodo, bu holatning teskarisi yuz bersa, ya’nikim kishilar oʻz «bogʻ»lariga begonalar oralaganini sezib qolishsa-chi, tamom – ular dodlab olamni buzishadi. Qoplonning esa yoʻq-bor aybi shu – oʻzga bogʻning «meva»siga koʻz olaytirgani. Mana, «bogʻ» egasi Hamidqul oqsoqol birgina «meva» – qoʻzisining alamiga chidayolmay, Omonalining huzuriga yugurib keldi. Menga uning joni kerak, emasam tinch qoʻymaydi u bizni, deya qaqshab-qaltiradi. Oqsoqolga olamdagi jamiki narsadan oʻsha savil ketgan qoʻzisi qadrliroq, unga qolsa, qoplon degan allaqanday bir jonivor noyob tur sifatida yer yuzidan butunlay yoʻq boʻlib ketmaydimi, unga desa, choʻqqisidan oppoq qor arimaydigan manovu choʻng togʻlarni yer yutmaydimi, eng muhimi, mulkiga birov dahl qilmasa hamda qoʻylari yiltillab semirib, sovliqlari yil sayin egiz qoʻzilab tursa bas.

Tevarak muhitdagi oʻzgarishlar boshqalar qatori oʻzining ham turmush tarziga dahl qilishi mumkinligini hatto tasavvuriga sigʻdirolmaydi. Bu toʻgʻrida gap ochsang, oʻzini dono bilib, ensasini qotiradi. Xullas, bunaqalar devordan narini koʻrmaydi, koʻra bilmaydi. Mabodo odam bolasi bilan yovvoyi jonivorlarni yuzlashtirishning iloji boʻlganidami, qoplon deganlari odamzotning kurakda turmaydigan qator kirdikorlarini ochib, birma-bir sanab tashlagan boʻlardi. U shunchaki gapirmagan, balki ajdodlari xotirasida jamlangan quyidagi ma’lumotlarni pesh qilib, soʻzlagan boʻlardi, derdiki, sizlar bu tomonlarga kelgunga qadar togʻlar kiyikka toʻla, daryo boʻylari qunduzga serob, oʻtloqlarda gʻujgʻon oʻynagan turli yerteshar jonivorlarning son-sanogʻi yoʻq edi. Sizlar kelib bariga qiron keltirdilaring. Yaylov toʻla qoʻylaring boʻla turib, eti mazali deya, kiyiklarni otdinglar, moyi dardga davo deya, qunduzlarni quritdinglar, olachipor moʻynamizga havaslaring kelib, bizga chang soldilaring. Oqibat, biz oʻta sanoqli qoldik, bu yoqda kiyiklar kamayib, qunduz deganlari, oq¬shomgi yulduzlarday, unda-bunda koʻzga chalinadigan boʻlib qoldi. Togʻda yemagimiz kamayib qolgach, endi olgan qarzlaringni qaytaringlar, deya suruv¬laringdan atigi bittagina qoʻzini oʻmargandim, shuniyam koʻp koʻrdilaring.

Omanalining xayolidan oʻtgan bu oʻylarni Gulasal aynan shunday ifodalagan boʻlardi. Umuman olganda, qiz balo edi, gohida shoʻxligi tutib, archalar tilidan soʻzlagani yetmagandek, chechaklar tilidan qoʻshiqlar ham aytib qoʻyardi. U derdiki, tabiatdagi barcha narsa jonli va har biri muloqot qila olish salohiyatiga ega, faqat biz odamzodgina buni idrok eta olmaymiz. Zero, inson yaralibdiki, yon-tevarak nari tursin, loaqal bir-birini anglab yetolmaydi. Holbuki shunday ekan, ular dov-daraxtlar dodini, oʻlanlar qaygʻusini, yovvoyi jonivorlar iztirobini qayerdan ham his etishsin!

Gulasal oʻzining bu tarzdagi fikrlari bilan bilib-bilmay, uning olis bolalik sarhadida qolib ketgan va hozirda ham onda-sonda yuzaga tepchib turadigan goʻzal tuygʻu torlarini tebratardi. Yigit¬ning asliga qaytishiga, tevarak-atrofga tiyrak bir nigoh bilan nazar tashlashiga undardi. Unutilgan holat va hodisalarni qayta esiga tushirardi.

Esida, ayni yoz chillasida otasi oʻgay enasi bilan janjallashib qolib, eshigi oldidagi yagona tokni kesib tashlagan. Omonali, bola emasmi, tok tanasidan oqayotgan selga boshqalar kabi bee’tibor boʻlmay, uni tokning koʻzyoshlari deb oʻylagan va bundan qattiq yozgʻirib, bu haqda aytmagan odami qolmagan.

Natijada, momosi Bahrinisoning qistovi bilan Sarkar lochin bolani otiga mingash¬tirib, negadir mulla Saidga emas, qoʻshni qishloq¬dagi mulla Doniyorga olib borgan. Mulla, nima gap, deya otaga qaragan, ota qolib, bola javob bergan.

– Men... oʻzim koʻrdim, eshik oldidagi tokimiz yigʻladi, uch kun tinimsiz yigʻladi!..

Mulla Doniyor ma’nodor bosh irgʻab, boshqa narsa soʻramagan, bolani qoshiga oʻtqazib qoʻyib, uzoq oʻqigan. Momosi esa bu bilan cheklanib qolmay, qora tovuq soʻygan, uning qoni bilan bolaning manglayi va tanglayini boʻyagan. Soʻng, senlarning janjallaring tufayli nevaramning esi ogʻay dedi, deya otasi va oʻgay enasiga rosa zahrini sochgan. Shunda bola Omonali bir narsani fahmladiki, agar tuygʻularini hadeb oshkor etaversa, kattalar orasida albatta janjal qoʻparkan. Keyinchalik bu xil tuygʻularini tengqurlariga izhor etadigan boʻldi. Afsuski, tengdoshlari kattalardan battar tosh edi, uni mutlaqo tushunishmadi. Oqibatda, butun his-toʻygʻulari ichida dimlanib qolaver¬ganidanmi, bola dagʻal tortdi. Bamisoli shaffof buloq koʻzini toshlar bosdi, bekitdi, oʻzga nigohlardan pana qildi. Gulasal esa oʻzining begʻubor fe’li va serjilo dunyoqarashi bilan oʻsha bekik buloq koʻzini ohista ochib yuborgandi. Qiz har qanday holat va vaziyatga, tabiat manzarasi va kishining ruhiyu ruxsoriga dilni quvnatadigan darajada baho bera olardi. Masalan, yakkatutlik Yodgor kal yargʻoq boshini yashirish uchun qishin-yozin boshidan telpagini qoʻymasdi. Xuddi taqir boshlik katta aybday, kuya yegan qozondek telpagini hamisha qoshigacha bostirib yurardi. Ittifoqo, kunlardan birida telpagi tezob soyga tushib, oqib ketadi. Bunga tasodifan guvoh boʻlgan Omonali yonida turgan qizning sharaqlab kulishini kutadi. Soʻng, unga joʻr boʻlib, oʻzi ham miriqib qah-qah otmoqchi edi. Biroq kulgu oʻrniga hayratli bir xitobni eshitadi.

– Voy, buni qarang, Suqrotning xuddi oʻzi! Keng manglay, taqir bosh... Quyib qoʻyganday, Suqrotning oʻzi!

Qizning hayrati shusiz ham boʻlari boʻlib turgan Yodgor kalning gʻazabini qoʻzitadi. Suvda oqib ketgan ming yillik qadrdoni boʻlmish telpagining alamini undan olmoqchiday qizga oʻqrayib qaraydi. Biroq Gulasalning nigohida oʻzi kutgan kinoya va istehzoni ilgʻamagach, qahri soʻnib, Suqroting kim, menga oʻxshash bir bedavo kalmi, deydi oʻksib.

– Suqrot buyuk donishmand! – dedi qiz uning shunday odamni bilmasligidan hayrati joʻshib. – Siz aynan shu odamga oʻxshaysiz! Bunaqa boshni telpak ostiga bekitmay, odamlarga koʻz-koʻz qilib yurishingiz kerak, amakijon.

Yodgor kal asalchi edi.

Uning bu yorugʻ olamga kelib bilgani mana shu togʻ-toshlaru ellikdan ziyod asalari qutilari hamda har kuzakda yiqqan-tergan asalini arzon-garovga koʻtarasiga olib ketadigan Hamidqul oqsoqolning shaharlik qudasi Mirkomil asalfurush edi. Yodgor kal ular bilan faqat foyda-ziyon xususida soʻzla¬shar¬di. Tanho qolgan kezlari esa, kunchiqishdagi choʻng togʻlarga xayolchan boqib, doim bir narsani, ya’ni asalari qutilarini yuksak vodiydagi archazorga olib chiqishni oʻylardi. Biroq keyin asalxoʻr ayiqlar tinch qoʻymasligini oʻylab, hamisha shashtidan qaytardi. Soʻng qirriqlikda bir-biridan qolishmaydigan qudalarning qutqusi va aldoviga uchib, asalni arzonga berib yubormadimmikan, degan shubhaga borardi. Oʻzicha ulardan picha arazlagan kishi boʻlardi. Uning hayot tarzi shu edi va bu dunyoda Suqrotdek buyuk shaxslar yashab oʻtganini esa hatto tasavvuriga sigʻdirolmasdi.

Eng qiziq jihati shu boʻldiki, qiz Suqrot haqida gapirgani sayin Yodgor kal Omonalining koʻz oʻngida sekin-asta boʻlak qiyofa kasb eta boshladi. Keng manglay, taqir boshi koʻziga ortiq xunuk koʻrinmay qoʻydi. Telpakda qarimsiq koʻringan kimsa yalangbosh holida anchayin yosh va bama’ni tus olayotganini tuygani sari e’tirofda gap koʻpligini, soʻzning qudrati oʻta beqiyos ekanligini yurak-yurakdan his eta bordi. Soʻz ila qora tuproqqa qorishtirmoq va shuningdek, soʻz ila yettinchi osmonga olib chiqmoq mumkinligini yana bir karra idrok etdi. Oʻshanda soʻz ta’sir qildimi, har holda Yodgor kal iliq kunlari qozondek telpak kiyishni bas qildi va oʻziga «Suqrot» degan laqabni orttirib oldi.

Gulasal hayratga yoʻldosh edi, loqaydlik esa undan yetmish yetti chaqirim nariga qochardi. U togʻlar bilan soʻylashardi, chechaklar bilan kuylashardi. Bunga sari qiz yigit uchun qoʻl yetmas bir malakdek tuyula borardi. Uni koʻrmoq va soʻylashmoq mumkin, lekin suymoq nojoizdek edi. U misli bir kapalak edikim, chechaklar uzra parvozini maroq-la kuzatmoq mumkin, xolos. Agar tutib koʻrmoqqa urinsang, tutday toʻkilib tushadigandek edi.

Oʻsha fojea yuz bergan kuni u dilidagini qizga izhor etmoqchi edi. Uch soʻzdangina iborat jumlani tongga qadar takror etib chiqarkan, aytadiganimni shartta-shurtta aytamanu hadaha izimga qaytaman, soʻng ertasi yana huzuriga boraman, agar chodiridan kulib chiqsa, baxtim, qovoq uyub, qoshini chitsa, oʻlimim, sharsharaning suviga tushib, yuragimning taftini bosmoqdan boshqa choram qolmaydi, deb oʻylagandi.

Shu kuni u qizni qidirib vodiyga bordi. Chodirda Irinaning yolgʻiz oʻzi allanimalarni yozib-chizib oʻtirgan ekan. Agar u, kut, kep qolar, deb tutib qolmaganida, bu falokatning oldi olingan boʻlarmidi. Nega deganda, Omonali uni chodirda uchratmagach, ortiq sermalanmay, yoʻl-yoʻlakay Yalang¬toshni bir rov koʻzdan kechirib, soʻng Toshloqsoy oʻzani orqali Qizilqoyaga koʻtarilmoqchi edi. Qiz oʻtgan safar shu tarafda noyob oʻsimliklar serob¬ligini aytganday boʻluvdi. U Gulasalning togʻda hech narsadan hayiqmay bemalol yurishidan doim hadikda edi. Bundan ham yomoni, Asilbekning shu atrofda oʻralashib qolgani edi. Bir gal oldidan chiqib, unga bet boʻlgan.

– Bu tomonlarga koʻp doriydigan boʻp qol¬dingmi, oshna?

– Yuribmiz-da shu endi, – Asilbek, sening nima ishing bor, deganday unga istehzoli qaradi. – Oyogʻi bor — yuradi, ogʻzi bor — gapiradi deganday, yuribmizda biz ham xudo deb. Yo sendan ruxsat soʻrab yurishim kerakmi?

– Tek yursang boʻldi!

– Tekmi, tek emasmi, har holda sendan soʻrab yurmasam kerak!

Azaldan ularning sozi chiqishmasdi, shunga yarasha, yuzlarida nimtabassum, adovat-la xayr-xoʻshlashdilar. Oʻsha kuni Omonalining koʻngli qandaydir yomonlikni sezganday boʻluvdi. Buning ustiga, fojea yuz bergan kuni Asilbekni Qizilqoya hududida koʻrganlar bor. Jumladan, oʻziyam, u tomonga qadam bosmadim deb emas, qizga hatto barmogʻimning uchini tekizmadim, deya zorillab turibdi. Har narsa boʻlganida ham kiyikday epchil qiz Oqartosh oʻzaniga bejiz tushib qolmagan, qandaydir tazyiqdan qochgan u. Ammo qoʻlga tushmagan oʻgʻri oʻgʻri emas degandek, buning tagiga yetish mushkul edi.

Shunga qaramay, Omonalining bor gumoni Asilbekdan edi.

* * *

Kungaybet gʻori tomonidan qaralganda, Qizil¬qoya deyarli tik jarlik. Jarlik betiga sezilar-sezilmas torsoʻqmoq chirmashgan boʻlib, toshi yengil odam undan bemalol yuqoriga oʻrlashi mumkin. Ammo esi bor odam bu soʻqmoqqa sira yaqinlash¬maydi, chetlab oʻtadi. Unda asosan togʻ jonivor¬larigina harakatlanadi.

Omonali dastlabki belgiga, ya’ni Oqmang¬layning tezagiga ana shu soʻqmoq belida duch kelgandi. Biroq bu narsa hech narsani anglatmaydi. Qoplonning izini bu manzildan emas, togʻu toshlar ichkarisidan qidirish lozimligini hatto qoʻliga umrida yaroq tutmagan odam ham yaxshi biladi. Soʻqmoqdagi belgi esa yirtqich quyiga Qizilqoya belidan enganini bildirardi, xolos.

Koʻkka nayzadek sanchilgan qoya tepasidagi ulkan qizgʻish xarsang unga choʻqqi tusini bergandek esa-da, aslida qoyaning xarsangdan holi qismi yashil maysasi tizzaga uradigan, tevaragi archazor keng sayhonlik edi. Bu sayhonlik kunchiqish tomonga choʻzila borib, koʻndalang tushgan Archalidovonning qoq biqiniga borib tutashadi. Ayni shu dovon ortidan esa yuksak va sirli togʻlar saltanati boshlanadi.

Boshidan qishin-yozin oppoq qor arimaydigan uzoqdagi serviqor choʻqqilar Qizil¬qoyadan turib qaralganda, dastlab qoʻl yetar masofada juda yaqin tuyuladi. Biroq saldan soʻng bu saltanatning mahobati va cheksizligini, yaqin koʻringan choʻqqilarning esa olisdaligini dab¬durust¬dan fahmlab, uning qarshisida bir zum lol turib qolasiz. Shunga qaramay, togʻlar sizni asta aldashda davom etadi. Agar yana jindekkina olgʻa yursangiz, qarshingizdagi Archalidovon ortidan sir-sinoatga yoʻgʻrilgan yangi bir olam yuz ochadigandek, sayhonlik soʻlidagi tubsiz Toshloqsoy jarligi yoqalab, dovon tomon choʻzilib ketgan ensiz soʻqmoq boʻylab yoxud boʻliq maysali sayhonlikni tikkasiga kesib, beixtiyor holatda oʻsha tomonga intilasiz. Biroq sizning dastlabki bu jahdingiz yarim yoʻlga yetib-etmay, qattiq charchoq bilan almashingandan keyin, bu togʻu toshlar olamida barcha narsa qoʻl yetar masofada yaqin koʻringani bilan aslida juda uzoqdaligini qayta his etib, andak shashtingiz qaytadi. Agar izingizga qayril¬may, olgʻa yurishda davom etsangiz, sayhonlikning dovonga tutash qismida yana bir tanggu tor soʻqmoqqa duch kelasiz. Bu soʻqmoqning narigi boshi dovonga tirmashgan boʻlib, bergisi esa koʻrimsiz butalar oralab Toshloqsoyga enadi. Bu soʻqmoq Qizilqoyaga koʻtariladigan asosiy yoʻllardan biri hisoblanadi. Yoz oʻrtasi qurib, koʻklamda behad quturidagan Toshloqsoy suvi Qizilqoya poyini yalab-yulqab oʻtib, bir yarim chaqirim quyidagi Egrisoyga borib quyiladi. Egrisoydan narisi qishloq uylari chor tarafga sochilgan keng oʻrlik.

Bundan tashqari, Qizilqoyaga Archalidovonning uzviy va gʻarbiy qismi hisoblanmish Kattaqir orqali ham koʻtarilish mumkin. Bu ulkan qirlik kunbotish tomonga chuvalana borib, Asilbekning doʻppidekkina qishlogʻini oʻzining sanoqsiz oʻngir¬laridan birida qoldirib, yanada nariga choʻzilib ketadi.

Oqmanglay oqsoqolning suruviga Kattaqir¬ning Qizilqoyaga yaqin toshloq oʻngirlaridan birida hamla qilgandi. Mana endi, Omonali necha kundirki togʻma-togʻ daydib, sangʻib, uning izini qidirib yuribdi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, togʻ odami avvalo bir nimaga tikilmasin, tikildimi, tamom – oʻsha narsaning jonini olmay qoʻymaydi. Bunaqa paytda ta’qibdagi jonivorning joniga na qoʻriqxona dahlsizligi ora kira oladi, na uning qoʻriqchilari. Boz ustiga qoʻriqxona sarhadi hadsiz-hisobsiz, uning sanoqli nazoratchilari adadsiz bu hududning boʻyiga qaraydimi, enigami.

Bir qarashda, bir-biriga mingashib ketgan bu yuksak togʻlar, chuqur daralar, archazor oʻrmonlaru chigal chakalakzorlardan qoplonni izlash pichan orasidan igna qidirishdek bir gap. Biroq Omon¬ali¬dek serfahm ovchi uchun bu yumush unchalik ham mushkul emas. Buning uchun birinchi galda joni¬vorning harakatlanish maydoni va yurar yoʻllari aniqlanib, oʻrganib chiqilishi lozim, qolgani esa keyin oʻsha sayyodning ziyrakligi, fahm-farosati hamda sabr-toqatiga bogʻliq.

Omonali uni yuksak togʻlar bagʻridan qidirardi. Qizilqoyaga kelsak, yaqingacha u yigit uchun togʻlar¬ning shunchaki bir boʻlagi edi. Endilikda esa mudhish fojea yuz bergan xosiyatsiz bir makon sifatida yuragini dogʻlab, oʻrtab turardi. U Qizilqoyani koʻrarga koʻzi yoʻq esa-da, yoʻqotgan eng aziz kishisining izlarini koʻzlariga surtmoq¬chiday, negadir, beixtiyor, oʻsha tomonga intila¬verardi.

Shu paytgacha u bu manzildan necha bor oʻtib qaytmagan va bir kun kelib ayni shu hududda hali izhor etishga ulgurmagan ilk muhabbatini fojeali tarzda yoʻqotishi mumkinligini kim ham oʻylabdi deysiz. Bu-ku mayli, umrida koʻrmagan shaharlik bir qizga koʻngil berishi uning xayoliga kelibdimi. Uylanish deganda, u yaqin-yaqingacha qishlogʻi qizlaridan oʻzgasini koʻz oldiga keltira olmasdi. Bir kun kelib shulardan biriga uylanishiga imoni komil edi.

U shu oʻyda bamaylixotir yurganida, kutilma¬ganda uning hayotiga keng soyabonli shlayapa kiygan qiz kirib kelsa boʻladimi. Boshida qizning gʻayritabiiy koʻringan engil-boshi, ochiqligi hamda behad quvnoqligi unga erish tuyuldi, unchalik yoqtirmadi uni. Biroq qizi tushmagur Xudo bergan ulugʻ xususiyati – bu jonli olamni qizgʻin seva ola bilishi bilan yigitni butunlay oʻziga rom etib, sehrlab qoʻygandi. U, masalan, yigitga tevarakda guldan gulga uchib-qoʻnib yurgan kapalak¬lar yoxud tinib-tinchimas chumolilar, etik bilan bemalol toptab, yanchib ketsa boʻlaveradigan shunchaki hashoratlar emas, balki toʻlqinlanib, mavjlanib turgan chinakam hayot ekanini anglatdi. Yoz oʻrtasi oʻrilib, soʻng tomga chiqarib bosiladigan pichan gʻaramlari orasidagi turfa xil togʻ chechaklari shunchaki mol ozuqasi emas, balki oʻrganilishi lozim boʻlgan oʻsimliklar dunyosi ekanini uqtira bildi. Shusiz ham tabiatga juda yaqin boʻlgan Omonali azaldan shuni idrok etib kelardiki, bu olamdagi jamiki narsa bir-birga shu qadar chambarchas bogʻlanib ketganki, agar biror yerda jindek kemtiklik yuz bersa, buning oqibatida tuzatilishi qiyin boʻlgan ulkan oʻpirilishlar vujudga kelishi mumkin.

Buning uchun juda uzoqqa borishi shart emas, uning juz’iy bir alomatini oʻz taqdiri misolida yaqqol koʻrib turibdi: qizning oʻlimi tufayli u ota uyini tark etdi, ota uyini tark etishi bilan umumqoʻradagi qoʻy-qoʻzilar ikkiga boʻlindi, mollarning ikki boʻlinishi esa oʻgay ukalari koʻnglida adovatli tuygʻularning uygʻonishiga sabab boʻldi. Va shuningdek, bu togʻu toshlarning erkasi, kishilar ta’biri bilan aytganda, tiyiqsiz daydi iti boʻlgan Asilbekning erki va oyogʻiga ma’lum darajada tushov urildi. Endi u anchagacha yurak betlab bu tomonlarga kelolmasa kerak.

Omonali avvaldan hayot va tiriklik xususida oʻzicha mushohada yuritishni yaxshi koʻrardi. Shuning uchunmi, qishloqda hamma bilan ham osh-qatiq boʻlib ketavermasdi. U aksariyat joʻralarining oʻysizligi va fikrsizligini suymaganidek, ogʻaynilari ham uning «faylasuf»ligini koʻpam yoqtirishavermasdi. Yigitning uzoq-yaqin ogʻaynilari serob, lekin durustroq hamfikri yoʻq edi. Keng shlyapali qiz esa oʻsha boʻshliqni toʻldirganini dastlab anglab yetmadi. Anglab yetganida esa, yuragida boshqa nozik tuygʻular tomir otib ulgurgandi.

U oʻzini har qancha beparvo tutishga urinmasin, uning qizga boʻlgan munosabati bir oz oʻzgachaligini el-ulus bildi, xeli-xesh bildi, biroq qiz bilol¬may ketdi. Qishloq qizlari esa yigitni rashk qilib, ayrimlari hatto salom-alikniyam yigʻish¬tirib, ters qarab oʻtadigan boʻldi. Turgan gap, ular orasidagi bu yaqinlikdan Asilbek ham bexabar emasdi. Biroq uning kir koʻngli qiz va yigit orasidagi munosabatni chin muhabbat ekanligini idrok etolmadi. Omonalini oʻzi kabi «shirin luqma» ilinjida lab yalab yurgan bir sayoq it deb oʻyladi. U tarang shimda sonlari dirkillab turadigan moʻrchamiyon bu qizni ovloq joyda qoʻlga tushirish, yanada aniqrogʻi, uning oʻz iborasi bilan aytganda, togʻda kiyikday irgʻishlab yurgan bu «shirin luqma» ta’mini Omonalidan avvalroq tatib koʻrish istagida yona boshladi.

Asilbek azaldan nozik tuygʻulardan mosuvo, razil kimsa edi. Pana-pastqam joylarda yakka-yolgʻiz juvonlarga tashlanib, nafsini qondirishga odatlangan bir mal’un edi. U oʻz hayoti davomida bu jirkanch ishga bir necha bor qoʻl urgan va domiga tushgan ayollarning gap-soʻz boʻlishlaridan qoʻrqib, hamisha dardlarini ichiga yutib ketaverganligi bois har safar jazosiz qolaverardi. Lekin oʻsha ayollar hozirgacha uni beayov qargʻab kelishadi. Qargʻish tufaylimi, yo taqdiri azalmi, u hanuzgacha soʻqqabosh, doimo biror-bir qizga sovchi qoʻyadi, hatto toʻy kuniyam belgilanadi, biroq bitib turgan ish hech kutilmaganda buzilib ketaveradi. Bu sinoatdan hamma hayron, faqat ugina bu gʻalati savdoga e’tibor bermaydi, peshonaga bitgani boʻlar bir kun, deya parvoyu falak yuraveradi.

U Gulasalga koʻz tikarkan, kim bilan oʻynasha¬yotganini yaxshi bilardi. Omonali boshqalar kabi uloq chopmaydi, davralarda bel tutishmaydi, ammo changaliga tushgan odamning belini sindirmay qoʻymaydi. Biroq hamma balo shunda ediki, Asilbek¬ning koʻngli qizga juda yomon sust ketgandi, agar harom nafsini qondirmasa, turgan yerida til tortmay oʻlib qoladigandek edi. Boz ustiga, yetti yot begona bir qiz uchun Omonalining bu qadar quturib ketishini hatto xayoliga ham keltirmagandi. Mabodo qilmishi oshkor boʻlar boʻlsa, buyurganniki emas, yugurganniki deya, vaziyatdan osongina chiqib ketmoqchi edi. Eng yomoni, u qizni odam sifatida emas, bemalol dahl qilishi mumkin boʻlgan navbatdagi oʻlja oʻrnida koʻrmoqda edi. Jazosiz qolgan avvalgi qilmishlari tufayli u yanada surlashgandi. Bu togʻu toshlarda unga hamma narsa mumkindek edi. Togʻlar barcha nojoʻya harakatlariga imkon yaratgandek, bu galgi tajovuzini ham, odatdagidek, hammadan sir tutadigandek edi.

Ha, togʻlar barcha narsani sir tutadi.

Shu kunlarda u qoplonning izlarini Omonalidan sir tutmoqda edi. Biroq yigit ham anoyilardan emas, toptalgan oʻt-oʻlanlar, singan novdalar, yerga tushgan yaproqlar holatidan qaysi jonivor qay tomon va qachon oʻtganini adashmay aniqlaganidek, vaqt-soati yetib Oqmanglayni iziga tushishi tayin edi. U togʻdagi barcha baland-pastlikni, yaxshi va yomon makonlaru xosiyatsiz joylarni bamisoli besh qoʻlday bilardi.

Qizilqoya tubidagi, Toshloqsoy oʻzanidagi qirrador xarsangli maydon ana shunday xosiyatsiz joylardan biri hisoblanadi. Qoya tepasidagi Oqartosh komiga tushib qolgan har qanday tirik jon ayni mana shu toshlar ustiga yiqilib oʻlim topadi. Shuning uchun odamlar bu yomon yerdan nariroq yurishga harakat qilishadi. Bu holat Omonaliga ham begona emas. U har gal qirrador xarsangli maydonni chetlab oʻtarkan, toshlar yuzidagi qora dogʻlarni koʻrganday boʻladi va uni shahidlar qoni deb oʻylaydi. Kishilar gapiga qaraganda, yuqoridagi Oqartosh bilan quyidagi bu xarsangli maydon oʻrtasida qandaydir ilohiy bogʻliqlik bor emish, toshlar yuzidagi qon dogʻlari eskirishi bilan Oqartosh yangi qurbon talab qila boshlarmish. U bu gaplar bid’at ekanligini yaxshi bilardi-yu, lekin jondek aziz mahbubasi uning navbatdagi qurboni boʻlishini xayolining koʻchasiga ham keltirmagandi.

Qon dogʻlari...

Bu dunyoda suyukli kishingning qon dogʻlariga keyinchalik roʻparoʻ kelmoqdan ortiq azob yoʻq ekan. Bunaqa paytda inson bolasi bu yorugʻ olamga kelganiga, shu zaminga oyoq qoʻyib, shu havodan nafas olayotganiga ming-ming pushaymon yerkan. Eng dahshatlisi, bunaqa paytda bosh urmoqqa biror teshik topolmay qolarkan va buning azobi koʻp yomon boʻlarkan, ya’ni yerga bamisli tomchi kabi singmoq istarkanu, lekin zamin uni qabul qilmas ekan. Osmonga sapchib, oppoq bulutlar qatida koʻzdan gʻoyib boʻlmoqni xohlarkanu, lekin ona zamin, tolengda neki bor, barini bagʻrimda boshingdan kechirmoqqa mahkumsan, deganday koʻkka intil¬mogʻingga imkon bermas ekan.

U bu qoʻtir dunyodan har neki yomonlikni kutgan esa-da, quyosh charaqlab turgan ajoyib kunlardan birida mahbubasining qonga belangan jasadiga duch kelaman deb sira oʻylamagandi.

Oʻsha kuni Irina bilan xayrlasharkan, Gulasalning ruxsorini koʻrmoqqa imoni komil edi. U shu shirin umidda Toshloqsoy oʻzani orqali Qizilqoyaning dovonga tutash qismidagi tor soʻqmoqni qoralab borarkan, qoya qarshisidagi doʻnglikda sochilgan qoʻy-qoʻzilarga avvaliga e’tibor bermadi, choʻponi bilan qiziqmadi. Va qachonki qoya tubidagi xarsanglar orasida ilonga duch kelgan baqadek qotib turgan mulla Saidga koʻzi tushgachgina jindek hushyor tortdi.

Uning gapga tutib qolishidan choʻchib, astagina oʻtib ketmoqchi edi, boʻlmadi, mulla Said, qoʻl sermab, yoniga chaqirib qoldi.

– Buni qara, Oqartosh yana qonsirabdi! – dedi mulla Said u yaqinlashgach, gʻamgin ohangda: – Koʻz oʻngimda qoyadan yiqilib tushdi. Men huv doʻngda edim... Bu... xuddi it quvlaganday yugurib keldi-da, Oqartosh oʻzaniga tushib qolib... Yosh narsa... essiz juda yomon boʻldi-da!

Omonali uning gaplarini tuzukroq idrok etib-etmay, koʻngli gʻashlangan koʻyi, qirrador xarsanglar oralab, oldinga intilarkan, koʻz oʻngida yuz ochgan dahshatli manzaradan esi ogʻay dedi. U misli haykalday tosh qotib turarkan, hech koʻzlariga ishonmasdi, aniqrogʻi, ishonolmasdi. Bu aslo yuz berishi mumkin boʻlmagan hol edi. U suyganining bu ahvolda qoniga belanib yotishini koʻrgandan koʻra, olis osmon qa’ridagi oyning yiqilib tushishiga yoxud tunlari oʻzidan yorqin iz qoldirib, qorongʻi osmonni tilimlaydigan uchar yulduzlardan birining qoyaga urilib, togʻu toshlarni qattiq larzaga soli¬shiga mingdan ming rozi edi, faqat bu fojeaga emas. Yigit xuddi tush koʻrayotgandek edi. Nazarida, halizamon Gulasal, bir hazillashgim keldi-da, deya oʻrnidan dik sakrab turadigandek edi. Omonali shu umidda koʻzlarini ohista yumadi. Qizning shoʻxchan kulgusi quloqlarini siypalashini kutadi. Yoʻq, u kutgan hol yuz bermadi. Roʻy berishi mumkin ham emasdi. U asta koʻzlarini ochadi va qizning oʻsha-oʻsha qirrali xarsanglar orasida toshlarni lola rangga boʻyab yotganini koʻradi.

Oʻsha kuni Omonali asriy xarsanglardan ulgu olganday, tom ma’noda, tosh qotdi. Mulla Said keyin nima dedi, qizning jasadi yoniga kimlar keldi, kimlar ketdi – biror nimani anglayolmadi, hatto Irinaning faryod urib chinqirishlariyam uni oʻziga keltirolmadi.

Karaxt shuurida yakkash bir oʻy charx urardi.

Boʻlishi mumkin emas!

Qachonki, qizning jasadi oʻrab-chirmab olib ketilayotgandagina unga jon kirdi va qoqilib-suqilib odamlarga ergashdi. Yoʻlda telbanoma ravishda necha bor, beringlar menga, deya jasadga qoʻl choʻzdi. Lekin, rang koʻr-hol soʻr, deganday uni qizning yaqiniga yoʻlatishmadi.

Bugun ham Omonali Qizilqoya orqali yoʻlga tushgandi. U qoya tepasida bir zumga nafas rostlar¬kan, odatdagidek, nechun bu tomonda oʻralashib yuribman oʻzi, degan oʻyga bordi. Va oʻyini adoqlab ulgurmay, xayolchan bir tarzda tevarakka koʻz tashlar¬kan, odatdagidek, na xuddi nimadandir arazla¬ganday, sayhonlikning bir burchagiga qisilib olgan boʻliq archalarning gʻalati holatiga e’tibor berdi, na tonggi quyosh nuridan qirmizi tus olgan togʻlar boshidagi alvon rangni payqadi, na boshqa narsalarni. Holbuki, tevarak-atrof kishi aqli tong qolarli darajada goʻzal va fusunkor edi. U esa koʻz oʻngidagi bu goʻzallikni idrok etishni istama¬gandek, qoʻnim topgan joyida koʻpda hayallamay, qoyaning Toshloqsoy qismidagi Oqartosh tomon yurdi.

Togʻ jonivorlari solgan ensiz soʻqmoqqa koʻnda¬lang tushgan va quyidagi Toshloqsoy tomon keskin engan, jar labidagi toshloq oʻngur – Oqartoshning bir qarashda hech xavfli joyi yoʻqdek edi. Lekin ungur oʻzani sal turtkidan selday oquvchi chagʻir toshlardan iborat boʻlib, unga bexos tushib qolgan tirik jonning qutulib ketmogʻiga hech bir imkon yoʻq edi.

U birda Oqartoshning qonsirab, har yili qurbonlik talab qilishi haqida qizga aytganida, Gulasal kulib, yoʻq, biz tabiatning emas, ehtiyot¬sizlik qurboni boʻlishimiz mumkin, degandi.

Mana endi, qizning oʻzi uning qurboniga aylanib oʻtiribdi.

* * *

Nihoyat, toʻrtinchi kun deganda Omonali qoplonning iziga tusha oldi. Uning qayerlarda oʻrlab, qayerlarda qoʻnib oʻtishini obdon oʻrgandi. Jonivor eng koʻp qoʻnib oʻtadigan manzillardan biri qorli choʻqqiga tutash Boʻzbuloq darasi muyulishidagi uch asrlik keksa tol tagi edi. Lekin u haftaning qaysi kunlari va kunning qaysi paytlarida bu manzilga qoʻnib oʻtadi, bunisi hozircha noma’lum edi. Biroq yigit uchun buni aniqlash unchalik ham mushkul ish emas. Ozgina hafsala qilsa yoxud doimo qaltis paytlardagina yuzaga tepchiydigan ichki sezgisi pand bermasa, bu sinoatning tagiga yetmay qolmaydi.

Insoniyatga nisbatan yovvoyi olamga xeshligi koʻproq boʻlgan keksa tol oʻz bagʻrida tin olishni xush koʻradigan jonivorlarni tashqi nigohdan saqlash va ihotalash uchun uzun novdalarini yerga egib, oʻziga xos «oʻtov» hosil qilgandi. U azal-azaldan inson qavmini yoqtirmasdi. Nega deganda, togʻning bu qismiga kamdan-kam hollardagina oʻrlaydigan odam bolasi hech vaqt tinch kelib, tinch ketmaydi. Tagida olov yoqqani yetmagandek, shoxlarini sindirib-sidirib ketadi. Yovvoyi jonivorlarning esa yoʻrigʻi boʻlak, ular uning shox-butoqlariga daxl qilmaydi, pinjida tinchgina orom olish bilan kifoyalanishadi.

Axir bu qadar haybatli tus olmogʻi hamda uzoqdan-uzoq umr kechirmogʻi uchun keksa tol oʻz hayoti davomida nimalar qilmadi deysiz. U shu oʻtgan davr ichida necha bor oʻlib, necha bor tirilmadi deysiz. Toshlar orasiga chuqur ildiz otmoq unga oson kechibdimi, buning uchun ne bir mashaqqatlarni, ne bir kuymanishlarni boshidan kechirmadi deysiz.

Avvaliga zigʻirdekkina bir urugʻ edi u. Togʻ shamoli uni bu bepoyon togʻli hududning allaqayerlaridan uchirib kelib tashlagandi. U qoya yuzidagi bir kaftgina tuproqda nish urib, asta koʻz ocharkan, ungan joyi juda nobopligini darrov fahmladi. Uning qismatida kun koʻrmay nobud boʻlish yozilgandek edi. Aslida ham shu edi. Biroq u qismatga boʻy bermadi. Oʻta darajada qayishqoq va chidamli togʻ butalarigina oʻsa oladigan bu muhitda yakka-yolgʻizman deb turmadi. Avvaliga shu bir kaftgina tuproqqa mahkam tomir otdi. Baxtiga bu tuproq qum va mayda toshli yoriqqa tutash ekan. U ildizlari bilan paypaslanib dastlab oʻsha tirqishni topdi. Tirqish quyiga choʻzilgan boʻlib, uning nazarida, zaminga tutashdek edi.

Zamin toshloq esa-da, unda tuproqli qatlam va tarmoqlar kam emasdi. U keyinchalik oʻsha tuproqli tirqishlar boʻylab ildiz otish barobarida, chor-tarafga novdalar yoydi. Yerga yetgan ildizlaridan yangidan-yangi nihollar chiqarib, togʻning beshafqat iqlimi bilan tinimsiz kurashgan holda yashash va yashab qolish koʻnik¬malarini oʻzlashtira bordi. Chiniqqani sari qayishqoqligi ortib, dara muyulishida yovvoyi jonivorlar orom oladigan ajoyib bir xilvatgohni yuzaga keltirdi. Oʻtgan vaqt davomida uning quchogʻi ne-ne jonivorlarga boshpana boʻlmadi, yaralangan yoxud qarib-churib, umri poyoniga yetgan ne bir togʻ jonivorlarining soʻnggi nafasi shu yerda uzilmadi. Mana, ikki yildirki, qor qoploni Oqmanglay uning quchogʻini oʻziniki qilib olgandi. Lekin keksa tol tagi uning muqim maskani emas, qoʻnib oʻtar, gohida bir necha kunlab qolib ketar joyi edi.

Keksa tol Omonalining avzoyidanoq ne maqsadda tentib yurganini payqadi. Negaki, odam bolasi bu xilvat goʻshalarda hech vaqt bekorga aylanishmaydi. U odam bolasidan qoplonni qizgʻandi. Bu tomonda yilning har faslida tinimsiz esib turadigan tentak yel koʻmagida novdalari bilan uning yelkalarini savaladi, odam bolasini oʻz bagʻriga qoʻymaslikka urindi. Ming afsuski, novdalarini qayirib-sayirib, ichkariga bosh suqqan bu odam bolasida tirishqoqlikdan tashqari, fahm-farosat degani moʻl edi, tevarakka birgina razm solishdayoq bu manzilni qoplon makon tutganini darrov angladi.

Biroq qoplonning qoʻnalgʻasini topishga muyassar boʻlgan Omonalini quvondi deb boʻlmasdi. Yaqin kishini koʻmgandek, bugun u juda gʻamda edi. Nafsilamirini aytganda, shunday edi – bu tomonga kelayotib, Gulasal yiqilib nobud boʻlgan jar tubida ramziy qabr bunyod etgandi.

Qizning tosh yuzasida qolgan qon dogʻlari unga azaldan tinchlik bermay kelardi. Oʻsha tomonga borishni harchand istamasa-da, biroq xarsang yuzasidagi qoramtir qon dogʻlari negadir tinmay uni oʻziga chorlayotgandek tuyulaverardi. U tezroq jala quyib, toshdagi qon dogʻlarini yuvib ketishini istardi. Biroq, aksiga olgandek, shir etgan yomgʻirdan darak yoʻq, ikkinchidan esa, tosh betidagi qon dogʻlariga uncha-buncha yomgʻir kor qilmasligini avvaldan yaxshi bilardi. U nima qilarini bilmay, boshi qotib yurganida, birdan esiga katta yoʻl boʻyidagi ramziy qabrlar tushib qoladi. Bu xil qabrlar yoʻlda biror falokat tufayli nobud boʻlgan kishilarga belgi sifatida oʻrnatiladi. Shuning uchun bugun tong-saharlab yoʻlga chiqarkan, birinchi qilgan ishi qon dogʻlari qorayib turgan chogʻroq xarsang ustiga tosh qalab, ramziy qabr barpo etish boʻldi. Soʻng «qabr» poyiga tiz choʻkib, uzoq sukutga botdi. Mijjalarini yoshlagisi kelsa-da, negadir buning uddasidan chiqolmadi.

U shaharda, ya’ni Gulasalning qabri tepasida ham shu ahvolga tushgandi. Oʻshanda yigʻlaganda ham qizning tugʻishganlari yigʻlagan, Irina yigʻlagan. U esa tosh qotib turavergan. Buni qarangki, uning shundagi holatini Irina anglagan, bu falokatda oʻzini aybdor sanab, ich-etini yeb yurgan Meliqul togʻbegi his qilgan va har ikkisi ham qoʻllaridan kelgancha uni yupatmoqqa urinishgan. Holbuki, qizning jasadini shaharga olib ketishayotganida, ikkalasi ham unga roʻyxushlik berishmagandi. Birov unga «yur» yoki «qol» demagan. Garangsib, gandiraklab oʻzi mashinaga chiqib olgan. Qizning soyaboni keng shlyapasini qoʻliga tutib, dam-badam uni yuziga bosib borgan. Qizning xonadonida esa shlyapani yoʻqotib qoʻydi. Qoʻlidan birov oldimi, yo oʻzi biror yerda unutib qoldirdimi, hanuzgacha tuzuk eslayolmaydi. Oxiri Irinadan qizning suratini soʻrab olib, iziga qaytgan.

U «qabr» boshida gʻamga botib oʻtirarkan, qoʻynini paypaslab, choʻntagidan oʻsha suratni oldi. Qizning kulib turgan siymosiga uzoq tikilib qoldi. Soʻng surat yuziga ohista lab tekizmoqchi boʻldi. Lekin qizga muhabbatini izhor etolma¬gandek, suratni ham oʻpolmadi. Ichki bir iymanish bunga yoʻl qoʻymadi.

Omonali shu tushkun kayfiyatda togʻlar aro yoʻl tortgandi.

U keksa tol tagini tajribali ovchilarga xos sinchkovlik bilan qayta va qayta koʻzdan kechi¬rarkan, tugʻma ovchi emasmi, baribir bir zumga boʻlsa-da, gʻamdan chalgʻidi. Toshdek ogʻir yuragining bir chekkasida ov ishtiyoqi gʻimirlab qoldi. U shunday ovchilar toifasidan ediki, unda ichki his qilish qobiliyati kuchli edi. Keksa tol yirt¬qichning muqim qoʻnalgʻalaridan biri ekanini, agar qulay paytini topsa, uni shu yerda qoʻlga tushirish mumkinligini tuyganidan soʻng, yana ikki kun uning yoʻlini poylab, yirtqichning shu yerga qoʻnib oʻtishini, gohida esa uzoq qolib ketishini aniqladi. Shundan keyingina u Oqmanglayni ayni shu manzilda qoʻlga tushirishga qaror qildi.

* * *

Oʻsha kunning ertasi tongda ukasi Berdimurod yana bir oʻlib tirildi.

U qoʻylarini toqqa haydab chiqarkan, narigi betda yoyilib yurgan Bozorqulning suruvi orasida oʻziga tanish qoʻylarni koʻrib, yuragi alamdan bir qalqib tushdi. Agar bu yerdan tezroq olislamasa, akasining jondek ogʻaynisini behudaga xafa qilib qoʻyishidan choʻchib, qoʻylarini qichabroq haydadi. Supadek keng va yassi xarsang chetida qoʻlidagi tayoqqa iyak tirab oʻtirgan Bozorqul yoʻtalib oʻzidan darak berdi, joʻrasi Omonalining hurmatiga, u bilan hol-ahvol soʻrashgisi keldi. Biroq ichi tirnalib turgan uka unga roʻyxushlik bermadi, oʻlganining kunidangina bazoʻr tirjayib, qoʻl sermab salomlashgan boʻldi-da, agar yetishibroq yurmasa, qoʻylari chor-tarafga tirqirab ketadi¬gandek, suruvi ortidan zipilladi. Sal uzoqlash¬gandan soʻng esa toʻngʻillab, xumoridan chiqqincha soʻkindi. Keyin bunga ham qanoat etmay, ichidagi bor dardu hasratini kimgadir toʻkib-sochgisi keldi. Xudo ohini eshitdimi, Uchgaza betida donga toʻygan xoʻrozday gʻoʻddayib oʻtirgan Hamidqul oqsoqol duch keldi.

Hamidqul oqsoqol har tong qoʻylarini oʻzi yoyardi. Gʻiybatga suyagi yoʻqroq boʻlgani uchunmi Berdimurodni oʻziga ancha yaqin tutardi. Yanada aniqrogʻi, birovni tinglashdan ham koʻra, chakak otishni juda xush koʻradigan bu bandaga bekorchi quloq kerak edi. Chunki uning eng yomon odati – hech qachon hech narsadan koʻngli toʻlmas, har narsadan nuqson qidirishga usta edi. Zamon va odamlardan nolishga-ku sira suyagi yoʻq. Agar suhbatdoshi oʻzi kabi noshukr va nolakor kimsa boʻlsa, bas, oqsoqol¬ning kuni tugʻadi – gʻiybat botqogʻiga naq boʻgʻzigacha botadi. U borliqqa, hattoki tevarakdagi choʻng togʻlaru koʻkdagi quyoshga ham istehzoli boqadi. Oʻrni kelsa, ularni ham yomonlashdan toymaydi. Dunyo aynigan, odamlar yomon deydi-yu, biroq oʻsha yomonlardan biri oʻzi ekanini xayoliga ham keltirmaydi. Agar birov shunga shama qilar boʻlsa, u oqsoqolning chin dushmaniga aylanadi.

Hozir ham oqsoqolning nigohi goʻzal, qirmizi tong shafagʻini yoxud dara tubida bamisli oppoq bulutday yastanib yotgan ertangi tumanning ulugʻvor salobatini emas, yigit oldiga solib kelgan suruv¬dagi qoʻylarning odatdagidan koʻra ancha kamligini payqadi. Nechunligini yaxshi bilsa-da, xuddi hech narsadan xabari yoʻqdek, gapni aynan shundan boshladi.

– E... bu... choʻgʻi sal kamayibroq qoptimi, mulla Berdimurod? – dedi yigitning ichidan ne bir qirindi oʻtayotganini sezganday, boʻgʻiq hiringlab. Soʻng hazil yoʻsinda qoʻshib qoʻydi: – Ey-y, senga yarashmabdi bu ish. Qoʻy haydagandan soʻgʻin, mana, bizga oʻxshab oʻru qirni toʻldirib haydash kerak-da. Bu toʻrtta qoʻying yigit odamning ovora boʻlishiga arzimaydi.

– Hali bizam oʻru qirni toʻldirib haydab qolarmiz, amaki! – dedi Berdimurod hazilga toqati yoʻqligini bildirgan ohangda, toʻrsillab. – Hozircha shu boriga qanoat qip turaylik-chi. Keyin bir gap boʻlar

– Yo nasib! – Hamidqul oqsoqol qavatiga kelib choʻkkan yigitning yelkasiga yengilgina shapatilab qoʻyarkan, soʻng tusini keskin oʻzgartirib dedi: – lekin Sarkor lochin surluvni ikkiga boʻlib koʻp xato ish qildi. Bunday qimasligi kerak edi. Bekorga barakasini uchirdi. Bu deyman, akang Omonaliga uning mehri salgina balandroqmi deyman, emasam shuncha molni, ma senga, deb berib yuborarmidi. Men senga aytsam, mulk degani bunaqa taqsimlanmaydi, kishi boshiga qarab tengma-teng boʻlinadi. Tagʻin yana bilmadim. Bu kamdek, Omonali suruvga oʻzi egalik qimay, uni oshnasi Bozorqulga topshirib qoʻyibdi. Tavba, kishi oʻz moliniyam birovga ishonadami. Bozorqul ming yaqin oshna boʻlgani bilan baribir begona-da, qoni boʻlak. Shunday boʻlgach, oʻzganing moliga joni achib qararmidi. Mana, meni aytdi dersan, qishga qolmay yarimini oʻldirib beradi u.

Bu gaplar Berdimurodga oʻqday ta’sir etib, oʻtirgan joyida bejo tebrandi. Manglayini siqimlab, barmoqlari orasidan Bozorqul tomonga gʻazabnok boqdi. Qani endi, chogʻi yetsa-yu, akasiga qarashli qoʻylarni bitta qoʻymay uning suruvidan ayirib olsa, va agar bu ishiga monelik qilar boʻlsa, Bozorqul degan¬larining tumshugʻiga boplab bir tushirsa. Biroq, ming afsuski, buning sira iloji yoʻq – otasi naq terisini shilgani yetmaganday, doʻstiga qoʻl koʻtargani uchun, oʻgay akasi bir emas, ikki karra kafanini bichadi. Uning bor jur’ati shu kunlarda, mol achchigʻi-jon achchigʻi deya, oʻzi kabi zimdan tutab, zimdan yonib yurgan enasi Toʻlgʻonoyga zarda qilmoqqa yetadi, xolos. Shunga qaramay, uning past ketgisi kelmadi, koʻzlarini ola-kula qilib dedi:

– Agar bittasi yitsin, Bozorqulning naq boʻgʻzini yirtaman!

Oqsoqol yigitning ahvolini koʻrib, oʻzicha andak insof qilgan boʻladi. Boz ustiga, Omonali¬ning togʻma-togʻa sanqib yurishi oʻzining iltimosi tufayli ekani esiga tushib qolib, gʻiybatdan zoʻr-bazoʻr tilini tiyadi. Keyin esa barini unutgan holda, odatiga xos, istehzoli iljaygancha, zimdan oʻtga kerosin sepishda davom etadi.

– Mol akangniki boʻsa, nega endi sening keting kuyadi, a?

Berdimurod chuqur xoʻrsingancha togʻlarga alam¬nok boqadi. Misli qizil tugʻdek koʻkka sanchilib turgan Qizilqoya choʻqqisiga bu safar uzoq tikilib qoladi va beixtiyor koʻz oʻngida quyidagi manzarani jonlantiradi: ana, yelkasiga miltiq osgan Omonali qoya yuziga tirmashgancha yuqoriga intilmoqda, yana bir oz harakat qilsa, qoya labidagi pastak archaga yetadi, archa shoxlari chayir, faqat qoʻl yetsa boʻldi, biroq oyoq tagidagi toshlar ancha omonat, ana biri koʻchdi, keyin ikkinchisi... Berdimurod voqeaning bu yogʻini tasavvur etishni harchand istamasa-da, qoya tubida akasining jonsiz jasadini koʻradi. U taomilga koʻra, achinish lozimligini oʻylaydi. Biroq achinish qatori quvonchga oʻxshash yoqimsiz bir hisni tuyarkan, oʻzini juda yomon koʻrib ketadi. Qansharini qashlab, oʻzini chalgʻitishga urinadi. Biroq nogahon koʻzi yana Bozorqulning naridagi suruviga tushib, alami qayta junbushga keladi va dilidagi tiliga koʻchganini sezmay qoladi.

– Buni hali koʻramiz, kimga nasib etarkin!

Bu gap shu qadar sovuq ohangda aytildiki, bundan hatto Hamidqul oqsoqolning eti junjikib ketdi. Shundan soʻng u tezda suruv haqidagi gapni bas qilib, shu kunlarda hammaning ogʻzida obdon chaynalayotgan mavzuga oʻz munosabatini bildirishga tushdi.

– Men otangga bir emas, ikki bor aytdim, – dedi hamsuhbatini yomon vaziyatdan tezroq chiqarish niyatida, xuddi tomdan tarasha tushgandek qilib. – Katta uldi kechiktirmay, hadaha uylantiring deb. Yoʻ-oʻq, Sarkor lochin gapimga quloq somadi. Mana oqibat, akang shaharlik bir qizga elakishib, gap-soʻzga qolib oʻtiribdi. Oʻzimizda qiz quriganday, ilakishgan qizini qara uning, na urugʻini, na aymogʻini birov biladi.

Men senga aytsam, es-hushli qiz uyida oʻtiradi, ilm qilaman-bilim qilaman deb tovma-tov sanqib yurmaydi. Ilm deganni asli tus bekorchilarga chiqargan. Mana, men bilan sen ilm qilmasak ham, qornimiz toʻq, ustimiz but, binoyidek yashab yuribmiz-ku. Menimcha, yanayam bilmadimu, oʻsha shaharlik jiblajibonni bu tomonga ajal boshlab kelgan. Emasam, bu togʻu toshda pishirib qoʻyibdimi unga. Akang esa uyalmay-netmay uning dardida kuyib-yonib yuribdi. Lekin shu otanggayam qoyil emasman, omaydimi achchiq qamchi¬ning ostiga, nega meni elga sharmanda qilayapsan deb. Agar Omonalining oʻrnida men boʻlganimdami, oʻlganning ketidan buytiblar uv tortib yurmasdim, qishloqning soʻlqillagan oldi qizlaridan birini shartta bovrimga tortardim-da, bor alamimni unutardim qoʻyardim. Ay-y, bu yoshlarga gap uqtirib boʻmaydi, bari aynigan!

Oqsoqol bir vaqtlar oʻzini katta archa tagida kuchala yegan itday qilib tashlab ketgan Saragulning zurriyoti boʻlgani uchun ham Omonalini jini sevmas, har gapida uni chandib olishga urinar va shuning bilan birgalikda, qavatida xomush yer chizib oʻtirgan yigitning dil yarasini beayov tirnayotganidan mutlaqo bexabar edi.

Allaqachon yigit yoshiga yetib, koʻzi qizarib yurgan Berdimurodning ahvoli shu kunlarda havas qilarli darajada emasdi. Agar qoʻyib bersa, duch kelgan qizil etakka yopishib, dunyoning narigi chekkasiga uloqib ketishga ham tayyor edi. Tunlari behudaga bolishni ezgʻilamay, koʻz ostiga olgan qizlaridan biriga ogʻiz solay desa, orada akasi turibdi shofday boʻlib. Aka turganda, kim ham ukaga qizini berardi. Bu turishi boʻlsa, akasi haliveri uylanadigan emas. Ana, yuribdi yetti yot bir begonaning hajrida kosovday kuyib.

U tizzasiga iyak tirab, tagʻin oʻsha noxush manzarani qayta koʻz oldiga keltiradi, ya’ni oʻgay akasini qoya tubida tosh quchib yotgan ahvolda koʻradi. Qoʻradagi jonliq ikkiga boʻlingach, enasi alam ustida pisillab, bu yetim oʻlgur tov-povdan yiqilib oʻlsa qaniydi, oʻzim koʻkkinasini kiyardim, degani¬dan beri shu kabi qora oʻylar tez-tez miyasida charx uradigan boʻlib qolgandi.

Ayni shu lahzada esa Omonali soʻnggi hal qiluvchi qarorga kelib boʻlgandi. Uning rejasi anchayin joʻn, lekin ehtimolligi har tomonlama puxta oʻylangandi. Yigitning qoplonlar haqida qisman bilgani shu ediki, bu yirtqichlar, odatda, tong azonda hamda oqshomda ov qiladilar. Agar tongda ovlari baroridan kelsa, keyin kun boʻyi ini yaqinida yoxud qoʻnib oʻtishi mumkin boʻlgan biror ovloq goʻshada hazmi taom qilib yotadi. Buning aksi boʻlsa, uni ma’lum bir hududda uchratish gʻoyatda mushkul, oʻlja ilinjida juda keng maydon boʻylab togʻma-togʻ sanqib yuradi. Unga yana shu narsa ma’lum ediki, qoplonlar, agar roʻparoʻ kelib qolsa, odamdan koʻpam choʻchishavermaydi, sal ehtiyotsizroq boʻlishadi va oqibat, ayrim hollarda, ovchilarning oson oʻljasiga aylanadi. Shuningdek, har turdagi tirik jonzotda boʻlganidek, qoplonlar orasida ham oʻta tajovuzkorlari, ya’ni boltadan qaytmaslariyam uchraydi. Unaqalarga tasodifan duch kelib qolsang, qoʻlingdagi yarogʻing keraksiz matohga aylanib qolishi hech gap emas. Bunaqa qaltis paytda bilak kuching va belingdagi pichogʻingga tayanmoqdan boʻlak ilojing qolmaydi.

Qadimda ovchilar quchogʻida jon bergan qoplon¬lar, shuningdek, qoplonlar changalida umri poyoniga yetgan ovchilar koʻp boʻlgan.

Omonali yirtqichning qadam olishidanoq uning qanaqaligi va nimalarga qodirligini farq¬lay olish darajasiga yetgan ovchilar toifasidan emasmi, kuzatishlari mobaynida Oqmanglayning vujudida tiyiqsiz gʻazab va alam yashirinligini, agar betma-bet kelib qolar boʻlsa, bu yirtqich hech balodan tap tortmasligini allaqachon payqab ulgurgandi. Shuning uchun ham unga qoplon makon tutgan keksatol yoqmayotgan edi. Negaki, yerga shokiladay osilib tushgan tol novdalari ortida ne bor, ne yoʻq – koʻrish va bilish juda mushkul edi. Yigitning tavakkal qilmoqdan boʻlak chorasi qolma¬gandi. Buning uchun esa unga itini ma’lum masofada tutib turadigan va zarur onda jonivorni koʻmakka yoʻllay oladigan hushyor bir koʻmakchi zarur edi.

U bu ishga ukasi Berdimurodni tanlagandi.

Xuddi kutganidek, suruvdan chaqirtirib kelin¬gan ukasi bu ishdan boʻyin tovlay boshladi. Yoʻq yerdagi bahonalarni togʻday qalashtirib tashladi. Omonali yaxshi biladiki, oʻrlik va birovga qayish¬maslik ukalarining yurgagiga tekkan tuzal¬mas kasallik, to jiddiy doʻqlanmanguncha, yomon otdek taysallab turaverishadi. Odatda, bunaqalar oʻzidan zoʻrga kiprik qoqmay boʻysinishadi, bunday¬roqlarni esa hatto odam oʻrnida koʻrishmaydi. Agar qoʻltigʻiga ozgina suv purkasang, hech oʻylab turmas¬dan, istagan odamingni yoqasidan boʻgʻishi mumkin. Bular oʻz qilmishlari oqibati haqida oʻylamaydi va doimiy ravishda qoʻshni qishloq yigitlari bilan yovlashib, tarafma-taraf boʻlib urishib yuradilar. Va bundan yovvoyi bir zavq oladilar.

Omonali royish bermay turgan ukasining toʻng aftiga ensasi qotib, zimdan razm solarkan, qiz¬ning, huvv, birda aytgan gaplarini esladi.

Oʻshanda ikkisi choʻqqisida qadim qoʻrgʻon xaro¬basi joylashgan yuksak Ilonoʻrmas qoyasi yonidan oʻtib borishayotgandi. Yigit bu toshqoʻrgʻon qaysi qavm, qaysi zamonga tegishligini bilmasa-da, tasavvur dunyosiga imkoni yetganicha erk berib, birdan ajdodlarini osmon bagʻirlab suzib yurgan burgutlarga mengzab, bir maqtangisi kelib ketdi, dediki, qarang, ota-bobolarimiz quyidagi togʻu toshlarni pisand qilmay, xuddi burgutlarday choʻqqilarda yashashgan.

Qavatida xushhol odimlab borayotgan Gulasal bu gapidan soʻng bir lahzaga toʻxtab, qoʻrgʻonga hayratu havas bilan boqishi lozim edi. U shuni kutgan va qizni bir lol qoldirmoqchi edi.

U bilimdon bu qizni hayratda qoldirishni doimo istar va faqat bunga hech imkon topolmay kelardi. Nega deganda, yigit mahbubasini togʻu toshlardan, hattoki otasi tengi togʻbegidan qizgʻansa-da, hamisha ham yurak betlab yoniga kelavermasdi. U bilan uchrashmoq uchun doimo bahona qidirib yurardi. Bahona esa gohida anqoning urugʻiga aylanardi. Ikkinchidan, ayrim oshiqlardek, hadeb suyganiga suykalaverish yigitning tabiatiga mutlaqo zid edi. Shuning uchun ba’zida Gulasalni uzoqdan kuzatish bilan kifoyalanar, gohida esa goʻyo oʻz yumushi bilan ketayotgandek, qizning oldidan bexos chiqib qolgan kishi boʻlardi. Oʻsha kuni ham atay uning yoʻlidan chiqib, qizga hamroh boʻlgan va choʻqqidagi qoʻrgʻon xarobasi yonidan oʻtishayotganida esa yuqoridagi ta’rifi bilan Gulasalni lol qoldirmoqchi boʻlgandi.

Biroq qizning jon oʻrtovchi shiringina tabassumini demasa, u bildirgan fikrlar aytarli darajada yoqimli emasdi: «Siz meni tanganing bir tomoniga razm solishga undayapsiz, – degan qiz qoʻrgʻon xarobasiga shunchaki bir qarab qoʻyib. – Agar uning ikkinchi tomonini oʻgirib qaraydigan boʻlsak, bu kabi xarobalar timsolida insoniyatning johilligi va nodonligini, qolaversa, yovuzligini koʻrish mumkin». Shundan soʻng qizi tushmagur yengil bir tin olib, uning koʻz oʻngida quyidagi dahshatli manzarani chizib bergan: qadimda bu togʻli oʻlkada bir emas, bir nechta qavm umrguzoronlik qilgan, ular xuddi yer torlik qilganday, hamisha bir-biriga hujumlar uyushtirib turgan. U qavmni yer yuzidan yoʻq qilmoq uchun bu qavm qoʻlidan kelgan barcha yovuzlikni qilgan. Unisi esa, tabiiy ravish¬da, yoʻqlikka yuz tutishni istamay, qoya choʻqqi¬laridan panoh qidirgan, qal’ayu qoʻrgʻonlar qurgan. Oqibat, ma’nisiz janglar qal’a devorlari yoniga koʻchib, oʻtmishdan bizga mana shu xildagi toshxaro¬balar qolgan. Xullas, odam bolasi koʻk bagʻir¬lab parvoz qilayotgan burgutlarga havas qilib emas, omon qolish va nasl-nasabini davom ettirish ilinjida choʻqqilarni makon tutgan. Achinarli jihati shundaki, talashib-tortishib, urushib-soʻqishib bu dunyodan qancha qavmlar oʻtmadi deysiz, choʻng togʻlar esa insoniyatga tiriklik muvaq¬qatligini anglatmoqchiday, kaftidagi bu toshxa¬robalarni avaylab saqlab kelmoqda.

. Biroq odam bolasi bundan ibrat oladigan emas, hali-hanuz bir-biri bilan qirpichoq boʻlib kelmoqda. Bu kamdek, kimdir tabiatga, kimdir hayvonot dunyosiga zugʻum qilishda davom etmoqda, nozikkina shaharlik bir qiz esa togʻlar bagʻridagi turfa oʻt-oʻlanlaru rang-barang chechaklarga mahliyo boʻlib, ularni oʻrganish umidida issiq oʻrnini sovutib, togʻma-togʻ daydib yuribdi.

Qiz soʻnggi gaplarini kulimsirab aytarkan, negadir «nozik» degan soʻzga istehzoli ravishda alohida urgʻu beradi.

Gulasal oʻzining bu kabi qizgʻin mulohazalari bilan yigitni, odatdagidek, dovdiratib, uni narigi sohilga itqitib yuborganini mutlaqo sezmaydi. Omonali narigi sohildan turib, uning yonib turgan charos koʻzlariga hadikli boqarkan, qizni oʻziga emas, oʻzini qizga nomunosib koʻra boshlaydi, yoʻq, bu parivash mening uyimda kashta tikib, tappi yopib oʻtiradigan qiz emas, bu oʻzga bir dunyo malagi!

Omonali oʻsha kuni ana shu tushkun kayfiyatda qishlogʻiga qaytarkan, ukalari qoʻshni Haydar koʻsaning oʻgʻillari bilan jiqqamusht boʻlayotgani ustidan chiqib, bot qizning gaplarini esladi. Ularning arzimas narsani deb bu qadar quturi¬shidan, nodonligiyu benihoya qaysarligidan ham hayratlangan, ham gʻazablangan va soʻng zaharni zahar kesadi, deya gʻazab otiga minib, janjalni tezda bartaraf etgan. Soʻz va nasihat ila emas, balki qamchining kuchi bilan bir-biriga yovvoyi yirt¬qichday hezlanayotgan taraflarni har tomonga tumtaraqay qilgan.

Hozir ham u oʻziga boʻy berishni istamay, toʻrsayib, taysallab turgan ukasining anchayin sur va oʻr afti-angoriga qiziqsinib boqarkan, uning toʻng basharasida bir-biriga beomon qirgʻinlar keltirib, qoya choʻqqilaridagi toshqoʻrgʻon xaroba¬larida oʻz izini qoldirgan oʻsha qadim odamlar qiyofasini koʻrganday boʻldi. Axir shu ukasi emasmidi, Haydar koʻsaning oʻzidan battar ahmoq oʻgʻillaridan biriga pichoq oʻqtalib, darvozasini urib sindirgan.

Omonali miyasiga kelgan bu oʻy tufayli uka¬sini yomon koʻrib qolishidan choʻchiganday, tezda hovli burchagida bogʻliq turgan itiga koʻz tashlaydi. Boshini oyoqlari ustiga qoʻygancha, goʻyo ov shovurini sezganday, oʻziga umidvor tikilib yotgan Boʻynoq¬ning qarashlaridan koʻngli xiyol oroyish topib, tez boʻl, deya gapni qisqa qildi.

Oʻgay akasining izmiga boʻysinmoqdan boʻlak iloji qolmagan Berdimurodning manglayi tiri¬shib, gʻijinib, nihoyatda hushsizlik bilan bir Omonaliga, bir uning eski belbogʻ bilan chandilgan chap bilagiga qararkan, ichi qizib, nima gap, deya soʻramoq istaydi. Biroq akasidan joʻyali bir gap chiqmasligini anglab, tilini tiyadi.

Bu kechagi olishuvning asorati ekanini boshqalar qatori u ham bilmasdi.

* * *

Omonali oqshom Sangtoshdan enayotib, archazor qiyalik etagida Asilbekka duch kelaman deb sira oʻylamagandi. Avvaliga raqibining bu tomonlarda daydib yurganidan gʻazabi keldi, soʻng atay yoʻlini toʻsib chiqqanini payqab hayrati toshdi. Nega deganda, Asilbek hafta burun tiz choʻkib yalingan gʻanimiga sira oʻxshamasdi. Koʻzlari yovuzona chaqnab, tor soʻqmoqda oyoqlarini kergancha, gʻalati bir alfozda turardi. Shunga qaramay, oʻzidan oʻn odimcha berida hayron toʻxtagan Omonalining oʻtkir nigohiga bardosh berolmay, baribir hayajonini bildirib qoʻydi.

Omonali darrov sezdiki, qarshisida turgan gʻanimi nimaningdir qattiq ta’sirida, aks holda qarshisiga yurak betlab chiqolmasdi. Oʻz navbatida, oʻrtada oʻt chiqishi muqarrarligini anglab, tanida qasosga undovchi yengil bir titroq qoʻzgʻaldi. Lekin birinchi boʻlib gap boshlashni xayoliga keltirmadi. Muddoang nima oʻzi, deganday oʻqrayib turaverdi.

Asilbek bunday qarasaki, raqibi haliveri churq etadigan emas, turibdi xoda yutgandek qaqqayib, shuning uchun ilondek vishillab dedi:

– Avval miltigʻingni tashla, agar yigit boʻsang! Koʻrib turibsan menda qurol yoʻq.

Omonali oʻzi sezmagan holda, gʻayritabiiy bir itoatkorlik bilan yelkasidagi miltiqni yonidagi kulrang toshga suyab qoʻydi.

– Menga qara! – dedi Asilbek uning bu harakatidan qanoat hosil qilgach. – Nega sen yoʻq yerdagi tuhmatlar bilan uyimga bostirib bording, elga meni sharmanda qilding, a?! Koʻngling toʻla gumon ekan, hadaha boshimga miltiq koʻtarib bormay, biror ovloqqa chaqirsang boʻlardi-ku.

Boshqa bir odamga uning bu gaplari joʻyalidek tuyulishi mumkin edi. Biroq Omonali uning tullakligidan boxabar emasmi, arqonni uzun tashlab, gʻanimining da’voyu dostonlarini jimgina tinglashni ma’qul topdi.

Asilbek ikki qishloq bolalari oʻrtasida janjalni qoʻzgʻab qoʻyib, soʻng oʻzi suvdan quruq chiqib ketganiga bir emas, bir necha bor guvoh boʻlgandi. Oʻshandayam u ham gʻarlik, ham peshgirlik qilib, butun aybni qarshi tomonga yuklashga uringandi. Biroq Omonalini ajablantirgan narsa bu emas, oradan hafta oʻtib, uning tuyqusdan yoʻliga koʻndalang boʻlishi edi. Nimadan bunchalik ta’sir¬landi ekan bu?

Omonali xayoliga keltirmasdiki, hafta burun gʻanimini tiz choʻktirib ketishi qoʻshni qishloq yigitlari, ayniqsa Asilbekning joʻralari nafso¬niyatiga juda qattiq tekkandi. Qishloqni sharmanda qipsan deya, unga koʻz ochirmay qoʻyishgandi. Borib oraochdi qilib kelmasang, bu qishloqdan quri, deyishgandi.

Asilbekning oʻziga qolsa-ku, oʻlsa-da Omonali¬ga roʻparoʻ boʻlmasdi. Negaki, oʻz aybini yaxshi bilardi u. Biroq bu toʻgʻrida joʻralariga ogʻiz ocholmasdi. Agar aytar boʻlsa, ularning oʻzi surobini toʻgʻrilab qoʻyishardi. Shuning uchun uning oldida birgina yoʻl – raqibidan kaltak yeb boʻlsa-da, sha’nini himoya etmogʻi va koʻkargan afti-angorini ulfat¬lariga bayroq qilib koʻrsatmogʻi lozim edi. Uning bor botirligi shundan, ya’ni qanday qilib boʻlmasin joʻralari huzuriga yorugʻ yuz bilan qaytishdangina iborat edi. U shu tobda oʻz sha’ni va gʻururini tiklashni oʻylardi-yu, lekin iflos xatti-harakati tufayli bir banda fojeali tarzda yoʻqlikka yuz tutganini xayoliga ham keltirmasdi. Bundan vijdoni tariqcha ogʻrimas, qaytamga gezargan aftida, sen bola, meni bekorga ranjitding, degan iddaoli ifoda zuhur edi. Qansharidan esa qiz bergan zarba izi hanuz ketmagandi.

Oʻsha kuni u bir urinishdayoq niyatimga yetaman deb oʻylagandi. Maqsadiga yetishiga hatto bir bahya qolgandiyam. Biroq qiz nozik koʻringani bilan juda chayir ekan, qanshariga tosh bilan urib, uning changalidan osongina sirgʻalib chiqib ketdi. U qoya yoqalab qochib borayotgan qizning ortidan biroz yugurgan boʻldi-yu, soʻng xuddi qilmishini birov koʻrib qoladigandek, tezda oʻzini archalar panasiga oldi va yorilgan qansharini tutgancha shaloq soʻzlar bilan rosa soʻkindi. Qachonki Oqartosh oʻzaniga tushib qolgan qizning qattiq chinqirigʻini eshit¬gandan soʻnggina ne mudhish fojeaga sabab boʻlganini fahmlab, oyogʻini qoʻliga oldi. Odamlar koʻziga tashlanib qolmaslik uchun pana-pastqamlardan biqinib-siqinib, qishlogʻiga joʻnadi. Agar biror yaqin sirdoshi shu haqda gap ochgudek boʻlsa, oyoq bilan tepmadim, qoʻlim bilan turtmadim, Oqartoshga oʻz oyogʻi bilan borib tushdi, deya oʻzini aybdor sanamasligi tayin edi. Lekin qarshisida hanuz soʻzsiz-sadosiz turgan Omonaliga nisbatan boʻlgan kek-ginasi togʻdan-da yuksakroq edi. U, nega uyimga bostirib bording, degan da’voga shu qadar mahkam yopishib olgan ediki, nazarida, buning uchun Omonalining etini tilimlasada kamdek edi. Faqat birinchi boʻlib qoʻl koʻtarmoqqa uning jur’ati yetmayroq turardi. Agar Omonali hamla qilar boʻlsa, bamisli yovvoyi mushukday bigʻillab tashlanishga hoziru nozir turardi.

U tabiatan baquvvat edi, lekin Omonali undan koʻra bardam va vazminroq edi. Turgan gap, bosiq odamning qoʻzgʻalmogʻi uchun achchiq-tizziq gaplar tizimi kerak. Bunday gaplarga esa Asilbekning suyagi yoʻq edi. U doʻq-poʻpisalari behudaligini sezgach, Gulasalning pok nomini balchiqqa belab, shunday bir gap qildiki, Omonali deganlari chayon chaqqanday sakrab ketdi.

Ular avval obdon mushtlashdilar, soʻng tor soʻqmoqni toʻzgʻitib rosa olishdilar...

Omonali olisha-olisha, oxiri oʻziga qarshilik koʻrsatmoqqa chogʻi yetmay qolgan Asilbekning oyogʻini osmondan keltirib yerga urdi, soʻng tumshugʻiga boplab ketma-ket bir necha musht tushirdi. Raqibi ortiq qimirlamay qolgach esa, asta oyoqqa qalqib, tosh tilib yuborgan bilagini tutgancha, toshga suyab qoʻyilgan miltigʻi yoniga bordi. Uni qoʻliga oldi. Lekin oʻzida oldingi oʻtli qasosni – raqibini otish istagini tuymadi. Nimaga deganda, yerda choʻzilib yotgan gʻanimi oʻqqa emas, hatto tuzukroq tepkilashgayam arzimasdi.

Oʻzining yerdagi tezakchalik qadri yoʻqligini namoyish etganday, ana, soʻqmoqqa koʻndalang tushib yotibdi. Shunga qaramay, Omonali miltigʻi milini Asilbekka toʻgʻrilashdan oʻzini tiyolmadi. U dustaman tushib yotgan raqibining kuragini moʻljalga olarkan, beixtiyor koʻnglidan quyidagi olovli oʻylar oʻtdi: «U oʻziga oʻxshagan dilbar oʻgʻil-qizlar tugʻib berishi mumkin edi! Undan boshlangan avlodlar ipi choʻzilgandan choʻzilib, bu olamni chirmab olishi mumkin edi! Lekin sen mal’un tufayli uning hayot ipi qoq tubidan chirt uzildi! Butun boshli bir avlod tugʻilmasdan zavolga yuz tutdi!» Omonali oʻzining bu oʻylarini otash iboralarga jamlash niyatida lab juftlarkan, soʻnggi daqiqada fikridan qaytdi. Negaki, bunday tashbehlarni anglab yetmoq uchun kishi, kam deganda, oʻzidek boʻlmogʻi kerak. Asilbek kim – nodon bir jonzot, ursang, yaralangan buqaday boʻkiradi, quvsang, kaltak yegan qoʻtir itday gʻingshib qochadi. Odatda, Gulasal bundaylar haqida, Xudo yaratishga yaratib qoʻyib, soʻng oʻzi hayron qolib yurgan kimsalar, derdi. Ha, u teran mushohada yuritibgina qolmay, fikrlarini obrazli yoʻsinda ifoda etishgayam usta edi. Omonali uning ayni shu jihatini qadrlar, oʻz navbatida, choʻchirdi. U qiz bilan uchrashgan kezlari oʻzini togʻda kutilmaganda gavharga duch kelganu, biroq toshlar orasida jilo berib turgan oʻsha gavharni qoʻliga olmoqning hech evini topolmayotgan odamdek his etardi. Ming afsuski, Asilbek uning gavharini oddiy tosh oʻrnida qabul qildi va harakatlari ham shunga yarasha boʻldi. Mana endi, qilmishiga yarasha jazosini olib, yotibdi tosh yuzini qizil qoniga boʻyab.

Asilbek qon tuflab, turmoqqa qurbi yetib-etmay yerparchin boʻlib yotarkan, dunyoda ojizona bir tarzda yer iskab yotishdan yomoni yoʻqligini ilk bor angladi. Shunda oʻzi tomonidan zoʻrlangan yaqin ogʻaynisining ayolini esladi. Shoʻrlik juvon nomusdan yer bagʻriga singib ketgudek boʻlib izillarkan, yakkash, endi nima qilaman, el orasida qanday qilib bosh koʻtarib yuraman, buytiblar yashaganimdan koʻra oʻlibgina qoʻya qolganim yaxshi emasmi, derdi. Asilbek xas-xashakka qorishib yotgan ojiza tepasida hirsini qondirganidan mamnun holda turarkan, yoʻq yerdagi tuhmatni aytishdan iymanmagan: «Agar ering burnogʻi yili ammamning qizi Lolani zoʻrlab qoʻymaganida edi, senga barmogʻimning uchini ham tegizmasdim. Jigarim uchun oʻch olay deb qildim bu ishni! Sen koʻpam vahima qilaverma, bu sir oʻrtamizda chiriydi. Ana, ammamning qiziyam oilasi va bola-chaqasini oʻylab, butun dardini ichiga yutib, tinchgina yashab yuribdi-ku». Buni qarangki, bu gapdan keyin oʻlaman-kuyaman deb yotgan juvon birdan sergak tortgan, soʻng avval zinokor erini, keyin eriga qoʻshib dunyodagi barcha erkak zotini tutoqib qargʻamoqqa tushgan. Uning qargʻishidan hech bir gunohi yoʻq Lola ham benasib qolmagan. Asilbekning qilmishi haqida esa birovga churq etmagan, etolmagan.

Asilbek, yer hidlab yotgan esa-da, ayni damda oʻzini gʻolib sanardi. Axir u qoʻrquvni yengib, raqibiga roʻparoʻ boʻlmoqqa jur’at etdi-da. Ana endi u qishlogʻiga koʻkargan yuz bilan qaytarkan, oʻlaqol¬sa, kaltak yedim, demaydi, tengma-teng olishdim, deya rosa ogʻiz koʻpirtiradi. Darvoqe, buning unchalik ahamiyatiyam yoʻq, muhimi, u raqibi bilan orani ochib oldi. Hozircha raqibi qayta tirgʻalib qolmasligi uchun bir-ikki voy-voylab qoʻysa zarar qilmaydi.

U xoʻjakoʻrsinga inqillar ekan, oʻziga toʻgʻri¬langan miltiqqa koʻzi tushib, joni tovoniga tushib ketdi. Yer quchib yalinay, yolvoray degan joyida, haytovur, Omonali qurolini pastga tushirdi. Bunga javoban esa Asilbek choʻzib-choʻzib voy-voylab qoʻydi.

Omonali bu olishuvda oʻzi kutgan intiqom hissini tuymadi. Qaytamga jirkanch bir tuygʻuni, ya’ni katakdan tovuq oʻgʻirlagan sayoq itni kaltak¬laganday his qildi oʻzini. Kimsasiz biron joyga bosh olib ketgisi keldi. Binobarin, shusiz ham u kimsasiz makon – togʻu toshlar quchogʻida edi, qochib yana qayerga borardi deng.

– Manovu nimaning qoni ekan, a?

Oldinda oʻz oʻyi, oʻz xayoli bilan ketayotgan Omonali istamayroq ortiga oʻgirildi. Tengqurlari orasida oʻzini tuzuk ovchi sanaydigan Berdimurod kecha Asilbek choʻzilib yotgan yerda sergak tik qotgan, oqish siypaq tosh ustida qotib qolgan qon dogʻlari qorayib turardi.

– Biror hayvon-payvonning qoni boʻlsa kerak-da, – dedi Omonali tundlik bilan.

Biroq ukasi tevarakdagi izlarga qaraboq, bu yerda qandaydir olishuv yuz berganini allaqachon taxminlagan emasmi, oʻzining topqirligini tezroq namoyish etish uchun hovliqibiroq dedi:

– Yoʻq, bu hayvon qoni emas, bu...

– Yoʻq, u aynan hayvon qoni! – Omonali tuyqusdan qizishib, shartta uning gapini boʻldi. – Oʻta yirtqich hayvonning qoni!

– Tevarakdagi manovu izlar boshqacha ma’noni berayapti-da, aka, – dedi hanuz yerdan koʻz uzmay turgan Berdimurod sira boʻsh kelgisi kelmay. – Bu yerda birov birovni soʻyib ketganday...

– Unda qarab koʻr, jasadiyam topilib qolar.

Berdimurod tajribali izquvarlarday tevarakni sinchkov koʻzdan kechirgan boʻldi va hatto bu ishga naridagi archazorda iskalanib yurgan Boʻynoqniyam jalb etmoqchi boʻldi. Soʻng, odatdagidek, erinchoq¬ligi qoʻzib, bariga qoʻl siltab dedi:

– Balki haqiqatanam biror hayvon-payvonning qonidir.

– Topding, chindanam u hayvon qoni! – dedi Omonali ham.

Aka-ukalar shu ketishda olis dara bagʻridagi keksatolni qora tortgandi.

Koʻkka boʻy choʻzgan yuksak togʻlar esa bamisli chumolidek gʻimirlab borayotgan bu ikki jon boshqa bir jonzodning jonini olmoq oʻyida borayotgani bilan mutlaqo ishi yoʻq, oʻsha-oʻsha sokin mudrardi.

* * *

Omonali keksatol qad rostlagan Boʻzbuloq darasi muyulishiga yetgunga qadar, oʻz rejasi haqida ukasiga churq etib ogʻiz ochmadi. Qachonki, muyulish¬dan ancha beridagi tomdek ulkan xarsangtosh poyiga yaqinlashgandan soʻnggina, yarim yoʻldayoq tizginga tushgan Boʻynoqning arqonini ukasiga tutqazarkan, bosiqlik bilan maqsadini anglatdi, dediki, bu yirtqich anchagina alamdiyda va oʻta tajovuzkor, hozir obdon qornini toʻygʻazib, anovu ulkan oʻtovsimon tolning panasida choʻzilib yotgan boʻlishi mumkin. Agar avval itni qoʻyib koʻrsak, keyin uning changiniyam tutib boʻlmaydi. Eng chatoq tomoni, sezdirmay yaqinlashgan odamga toʻsatdan tashlanib qolishiyam mumkin. Bunday holda otishga ulgursang ulgurding, ulgurmasang keyin dodingni Xudoga aytaverasan. Gapning qisqasi, «hayt» deyishim bilan itni boʻshatasan. Boʻynoq aqlli jonivor, nima qilishini oʻzi yaxshi biladi, yirtqichning chotiga yopishib, menga madad beradi. Biroq bir soniya ham hayallay koʻrma. Hayallasang, men uni emas, u meni bir balo qilib qoʻyishi mumkin.

Bu gapdan Berdimurodning yuragiga qoʻrquv ingan boʻlsa-da, sir bermaslikka tirishdi.

– Uning shu yerdaligiga ishonchingiz komilmi? – dedi keksa tol tomonga hadikli boqib.

– Boʻlmasligiyam mumkin, – dedi Omonali etigi qoʻnjidagi shopday pichogʻini beliga taqarkan. – Lekin men uni ancha-buncha oʻrgandim, koʻnglim sezib turibdi, u aniq shu yerda.

– Boʻlmasa-chi, unda nima qilamiz?

– Unda vaziyatga qarab ish tutaveramiz.

– Yurar ekanmizda togʻma-togʻ sanqib.

– Aka kerak boʻlsa yurasan-da! – Omonalining manglayi tirishib, unga yomon qarab qoʻydi. – Agar senga jigar kerak boʻlmasa, marhamat, hoziroq qorangni oʻchirishing mumkin!

– Yoʻgʻ-ay, nimalar deyapsiz, aka.

– Unda gapni koʻpaytirma! – Omonali qoʻlidagi yaroqni yana bir karra sinchkov koʻzdan kechirdi. – Takror aytaman, u juda qahrli va tajovuzkor yirtqich. Hushyor boʻl-a, tagʻin men ham rahmatli Mirsalim ovchining holiga tushib oʻtirmayin. Aytgancha, uni shu atrofda nobud boʻlgan deyishadi.

– Boʻlishi mumkin, – deya yelka qisdi Berdi¬murod. – Ammo men chollarning oʻtirigiga koʻpam ishonavermayman.

– Bu oʻtirik emas...

Uzoq yillar burun yashab oʻtgan bu afsonaviy ovchining ta’rifini ular, qish oqshomlari sandal atrofida, koʻp va xoʻp eshitishgan. Aytishlariga qaraganda, Mirsalim ovchi deganlari alp kelbatli, chumchuqning koʻzidan, qargʻaning tilidan bexato uradigan zoʻr mergan boʻlgan ekan. Afsuski, shunday odam biron-bir quturgan ayiqning emas, jasadi oʻrtacha itnikicha kelmaydigan qandaydir jangari bir qoplonning changalida nobud boʻlgan. Biroq endigilar bu gapga koʻpda ishonishavermaydi, ertak deb oʻylashadi. Omonali esa zabonsiz togʻ jonivorlaridan har baloni kutish mumkinligini oʻz tajribasidan yaxshi biladi. Buni hatto yon qoʻshnisining targʻil mushugi misolida ham koʻrgan. Oʻshanda haybatli bir it bostirma tagidagi bola¬lariga tashlanganida, tabiatan ancha yuvosh boʻlgan ona mushuk qochmagan, eshakday keladigan it bilan olishib, uning changalida jon bergandi. Ona mushukning oʻsha paytdagi jangovar holati, itga bigʻillab tashlanishlari va soʻng asta jon bergani haligacha uning koʻz oʻngidan ketmaydi. Qishloq odamlari esa ona mushukning gʻayritabiiy haraka¬tiga emas, shunchaki voqeaga urgʻu berishgan, ya’niki falonchaning mushugini pistonchaning iti gʻajib tashlabdi, tamom-vassalom.

U bir mushuk ekan, vajohatda tengsiz boʻlgan qoplondan bundan batta¬rini kutish mumkin emasmi.

– Avval itni qoʻyib koʻrsak-chi, aka, – dedi Berdimurod ovozi titrabroq.

– Itni qoʻysak, keyin uni qayerdan qidi¬ramiz...

U ukasi bilan itini xarsangtosh poyidagi bir parcha yalang yerda qoldirib, oʻzi yengil shabadaga yuz tutgancha, butazor oralab keksatol tomon jildi. Oraliqdagi yuz odimdan oshiq oʻngur qalin butalar bilan qoplangan boʻlib, bu tomondan keksatolga yaqinlashish xiyla qulay edi.

Akasi butalar orasida koʻzdan gʻoyib boʻlishi bilan Berdimurod boyagi hadik va qoʻrquvni deyarli unutdi. Qoplonning keksatol tagida choʻzilib yotganiga ishongisi kelmadi. Omonalining hademay, la’nati, bu yerda yoʻq ekan, deya qaytib kelishini kuta boshladi. Akasining shuncha tayinlashiga qaramay, hushyorlikni xayolidan mosuvo qilgan holda, oyogʻi tagidagi toʻnkadek toshga bamaylixotir joylashib oʻtirib oldi.

U butazorga tikilgan koʻyi, quloqlarini ding qilib turgan Boʻynoqqa mehri iyimayroq koʻz tashlarkan, hech sababsiz uni soʻkib qoʻydi. Qoʻradagi jonliq ikkiga boʻlingan kundan e’tiboran akasiga bogʻliq hamma narsa, hatto shugina it ham unga begona tuyulib qolgandi. Bu yetmagandek, bugun sahardanoq u enasi Erkinoyning odatdagi mingʻir-mingʻiri va pisir-pisiriga keragidan ortiq toʻyingandi. Kamini Hamidqul oqsoqolning «nasihat»lari toʻldirgandi. Erkinoy deganlari pastkashlikning tirik timsoli edi, u har kuni ovga ketayotgan oʻgay oʻgʻliga oq yoʻl tilash oʻrniga, iloyim tovdan oʻliging qaytsin, deya pisillab qargʻab qolardi. Berdimurod ham shu onaning bolasi emasmi, yerga bosh egib turgan keksatol tagidan qoplonning emas, dargʻazab ayiqning irillab chiqishini tasavvur qila boshladi. Ana, u akasiga hamla qilib, togʻu toshlarni qaldirata boshladi...

Har nechuk, ukada xiyol boʻlsa-da, insof bor edi, voqeaning u yogʻini xayolidan quvlashga tiri¬shadi. Bezovtalana boshlagan itning tizginidan mahkam tutib, uni tinchlantirishga urindi.

Keksatolni qoralab, pusib borayotgan Omon¬alining oʻzida ham qoplonning shu yerdaligiga unchalik ishonchi yoʻq edi. Lekin aksariyat ovchilarga xos ichki bir sezgi bilan u yerda qandaydir tirik jon mavjudligini his etib turardi. U nima, qoplonmi yo toʻngʻizmi yoxud qanoti shikast yegan biror-bir omadsiz burgutmi yo oʻz soyasidan oʻzi hurkadigan shalpangquloq quyonmi?

Buni u bilmasdi, bilolmasdi.

Uning yuragi sezgan narsa quyon yoki omadsiz bir burgut emas, keyingi paytda yolgʻiz qolga¬nidanmi, oʻta serzarda hamda oʻta beshafqat joni¬vorga aylangan Oqmanglayning aynan oʻzi edi. U tongdanoq qursogʻini toʻygʻazib, odaticha, hazmi taom qilish niyatida keksatolni qora tortgandi.

Keksalik sarhadini endigina hatlagan bu jonivor avvalgi holatining aksi oʻlaroq koʻpam hayotga ishtiyoqi yoʻq va vaqt oʻtgan sari, oʻlar hoʻkiz boltadan qaytmas, deganday qandaydir jizzaki va tajovuzkor bir maxluqqa aylanib bormoqda edi. Shu boismi, gohida oʻlimni uning oʻzi qidirib qolardi. Oʻlim esa undan nari qochardi. U oʻlimga chang solgisi, piypalagisi va oxirida oʻtkir tir¬noq¬lari bilan uni tilkalab tashlagisi kelardi. Oʻlim ne holat, ne tusda yuz koʻrsatishini bilmasa-da, unga roʻparoʻ kelmogʻiga juda oz fursat qolga¬nini yuragi sezib turardi.

U bir vaqtlar bu choʻng togʻlarning sultoni, chogʻroqqina qoplonlar toʻdasining yetakchisi edi. Biroq xiyolgina kuchdan qola boshlashi bilan hamjinslari uni tark etishdi. U yolgʻiz qolgan zahotiyoq bu nurli olam oʻz tarovatini yoʻqotganini darhol angladi. Uning keyingi kunlari ham biror quvonchli onlarni va’da qilolmasdi. Shuning uchun u nafs ilinjida uchragan jonga changal solishga urinar, goho esa ermakka oʻldirardi. Nafs uni harakatga undab, tinchgina oʻlmogʻiga izn berma¬ganidek, toʻq kezlarida esa doim bir xil tush koʻrar va tushida ulkan bir qoplon tinmay uni oʻziga chorlardi. U tomonga faqatgina kulrang va koʻkimtir tusdagi oʻlim vodiysi orqaligina oʻtish mumkin edi.

Bu vodiyga tushmoq uchun avvalo oʻlmoq kerak edi.

Oʻlimdan esa haligacha darak yoʻq edi.

Oqmanglayning koʻzi ilingan ekan, ichki bir turtkidan yengil seskanib, uygʻonib ketdi va mudroq nigohlari ila oʻlimni koʻrdi. Ana, u odam shaklida asta yaqinlashib kelmoqda. Ularni yergacha egilgan tol novdalarigina ajratib turardi. «Oʻlim» uni koʻrmas, Oqmanglay esa ohista shitirlayotgan tol yaproqlari orasidan uni aniq-taniq koʻrib turardi.

U yolgʻizlikdan, binobarin, yashashdan juda horigan edi. Shu sabab, ajaldan choʻchimadi. Bor kuch-quvvatini baquvvat panjalariga jamlarkan, oʻzi tomon gʻoyatda ehtiyotkorlik bilan bir-bir bosib kelayotgan «oʻlim»ni piypalab va tilkalab tashlash ishtiyoqida sakrashga hozirlana boshladi. Buning uchun unga soniyaning yuzdan bir ulushi yetib ortdi.

Qoplonning yashin yangligʻ harakati oʻlim timsoli boʻlmish Omonalini butunlay dogʻda qoldirdi. U qoʻlidagi miltiq tepkisini bosish u yoqda tursin, hatto «hayt» demoqqa chogʻi yetmay, gʻayritabiiy bir sas chiqarishgagina ulgurdi, xolos.

Keksatol tomonda nimadir sodir boʻlganini it darrov sezdi. U boʻyniga bogʻlangan tasmaning ikkinchi uchini bilagiga oʻrab-chirmab olgan Berdimurodni ilkis surgab-sudragancha, jon holatda olgʻa tashlandi.

Boʻynoqning izidan qoqilib-suqilib tol yoniga yetib kelgan uka oʻta dahshatli manzaraning ustidan chiqdi: bel va umurtqasi sindirilgan qoplon chalqancha tushib yotgan yigitning baquvvat bilaklari orasida, aniqrogʻi, koʻksida oʻlib yotar, boʻyin tomirlari titib yuborilgan Omonali ham allaqachon bu yorugʻ olamni tark etib ulgurgandi.

– Akam-a!

Biroq ukaning bu nidosida zigʻircha dard yoʻq edi.

Buni sezgan keksa tol toʻsatdan qoʻzgʻolgan tentak epkinga yuz tutgancha, novdalarini sollantira-sol¬lantira, azaliy marsiyasini boshlab yubordi.

Saldan soʻng unga it qoʻshildi.