OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNormurod Norqobilov
Asar nomiYetim qolgan gullar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Normurod Norqobilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yetim qolgan gullar (hikoya)
Normurod Norqobilov

Qaynoq garmsel har quturganda, shaharcha quyuq toʻzon ichida qoladi.

U biydek dashtning qoq kindigida boʻy rostlagan bu shaharchani yer yuzidan supurib tashlamoqqa ahd qilgandek, toʻlgʻonib, yulqinib quyun uyurib esadi. Soʻng shiddati andak susaygandek boʻladi-da, tagʻin yangidan kuch olib, koʻp qavatli qizgʻish gʻishtin uylaru koʻkka nayzadek sanchilgan quvuridan kunu tun koʻkish-qoramtir tutun arimaydigan korxonaning katta-kichik, baland-past binolarini qaynoq nafasi bilan yalab, shahar koʻchalari boʻylab och boʻriday izgʻirgan, oʻtkinchilarning yuzi-koʻziga qum sochgani yetmagandek, qandaydir moʻ‘jiza bilan omon qolgan yoʻl boʻyidagi yakkam-dukkam daraxtlarga yopishadi, ular vujudidagi oxirgi namlikni soʻrib olish payida kuyib-pishadi.

Garmsel azaldan yashil rangni yomon koʻradi.

Dasht sap-sariq.

Shaharcha ham shu tusda.

Daraxtlar esa yashil dogʻdek juda xunuk koʻrinadi koʻziga.

Yashil rangga esa, singlisi — sarin yel oʻch. U koʻklamda uygʻonib, saratongacha dashtda javlon urarkan, borliqqa bahor nafasini ufuradi. Bu paytda qaynoq garmsel qirning gadoy topmas biror oʻngirida biqinib yotadi. Havo qizib, sarin yel olisdagi togʻlar bagʻridagi archazorga chekinishi bilan garmselga jon kiradi. Toʻshov uzgan aygʻirdek irgʻishlaydi. Maysalarni quritib, chechaklarni qaqshatib, shunday quturadiki, uning oʻtli nafasidan yashil borliq sargʻish tus oladi. Koʻcha boʻylaridagi ariqchalar qurib, oʻt-oʻlanlar xas-xashakka aylanadi. Qisqasi, akasi — kuz shamoli qoʻzgʻolgunga qadar, u dashtda tanho hukmron — yashil tusda neki bor, barini quritib, mahv etmoqqa urinadi.

Har yili shu hol, shu ahvol.

Biroq bu safar shunday bir sinoat yuz berdiki, tongdanoq yer-koʻkka otash purkab kelayotgan garmsel hayratdan bir lahza dong qotdi. Qaynoq nafasi ichiga urib, bir qalqib tushdi. Soʻng koʻzlariga ishonmay, aylanib-oʻrgilib boqdi.

Yoʻq, koʻzlari aldamagan.

Shaharchaga kiraverishdagi toʻrt qavatli binoning chap qanotida, oppoq harir parda tutilgan eng quyi deraza tagidagi kaftdek yerda bir necha tup atirgul chamanday ochilib turardi.

Qip-qizil!

Shaharchaga xos boʻlmagan hol edi bu.

Sarin yelning erkasi boʻlmish bu gullar, oʻzlariga ne balo koʻz tikib turganidan mutlaqo bexabar, tong nurlarini xushnud qarshilamoqda edi. Garmsel ularning bu navozishidan qah-qah urib kuldi. Qaynoq nafas ufurib kuldi. Oqibat, kechga tomon atirgul yaproqlari shalvirab tushdi.

U tantana qildi.

Ammo ertasi gullarni tiyrak holda koʻrib, taajjubdan garmselning esi ogʻib qolayozdi. Bu jumboqning tagiga yetmoq niyatida, chir aylanarkan, tunda va tongda gullar sugʻorilganini payqadi, bildiki, atirgullar dashtdagi himoyasiz chechak emas, mehriboni bor ularning.

Qaynoq garmsel shundagina ilk bor kishi xonadoniga moʻralamoq istagini tuydi. Oppoq toʻshakda pish-pish uxlayotgan qizchasi tepasida xayolchan oʻtirgan xushroʻy juvonga koʻzi tushdi. Negadir gʻamgin edi u. Shaharchaga begona, garmsel ilgari uni hech uchratmagan. Yotligi — shaharcha ahliga xos loqaydlik yoʻq edi chehrasida. Turish-turmushidan nafosatga moyilligi sezilib turardi. Hayotga tashna, oʻz navbatida, gʻoyat ma’yus edi.

U goh juvonga, goh suv toʻla stakanga solib qoʻyilgan bir dona atirgulga, goh harir pardaning bejirim burmalariga, goh toʻshakda begʻam, betashvish uxlayotgan qizaloqning loʻppi yuzlariga oʻshshayib tikilarkan, birdan gʻazab-la ichkariga intildi. Ammo uning bu harakati deraza oynalariga behuda bosh urish bilan cheklandi. Keyin beixtiyor juvonning xayoliga ergashdi. Shu paytgacha oʻzini eng tezkor deb bilardi. Axir dasht bagʻrini qovjiratib, qir-toʻshini qaqshatib, shaharchani toʻzonga burkash uning uchun bir lahzalik ish edi-da. Buni qarangki, juvonning xayoli undan uchqur chiqib qoldi.

U qizchasi boshida qolgan juvonning xayoliga ergashib, unga zoʻr-bazoʻr yetishib yeldi. Xayol uni koʻm-koʻk vodiy bagʻridagi yam-yashil qishloqqa boshlab keldi. Biroq bu yerda uning shashti pasaydi. Negaki, bu oʻlka katta singlisi — mayin shabada tasarrufida edi. Singlisi boʻliq boshoqlar boshini siypab, koʻm-koʻk daraxtlar yaprogʻini oʻynab, bu tomonga yoʻl yoʻqligini nazokat ila anglatdi. Koʻz oʻngida yastangan yam-yashil manzaradan toriqqan garmsel singlisidan juvonning kimligini soʻradi. Derazasi tagiga gul ekib, yomon gʻashiga tegayotganidan nolidi.

Mayin shabada daraxt yaproqlarini erkalab, ariq boʻyidagi maysalar boshini silab, ma’yustob bir holatda qishloq hovlilaridan biriga imo qildi.

Garmselning olovkor koʻzlari oʻtkir edi. U hovlida ivirsib yurgan qandaydir bir yigitni koʻrdi. Uning didsiz va hissizligini bir qarashdayoq ilgʻadi. Ammo biror yomon ma’no topmadi. Axir oʻz hududidagi shaharchada bu xil kimsalar kim qancha. Shu bois, singlisining ma’yus tortishidan oʻzicha kuldi. Faxmlagani shu boʻldiki, juvon bu xonadonga sigʻmay qishloqdan bosh olib ketgan. Unga qolsa, juvon dunyoning narigi chekkasiga uloqib ketmaydimi. Necha pullik ishi bor bu bilan uning. Yoqmayotgani, derazasi tagidagi atirgullarga nisbatan boʻlakcha mehri edi.

Oʻsha atirgullarni qovjiratmasa, koʻngli sira joyiga tushmasligini bot sezgan garmsel, singlisiga xayr-ma’zurni nasiya etib, shiddat-la iziga qaytdi. Qir betidan yalab, yaydoq dashtdan supurib olgan toʻzonni shaharcha ustiga socharkan, deraza tagidagi gullarga shu qadar gʻazab bilan tashlandiki, uning bu bemisl qahridan dala chechaklari zumda qovjirab tushgan boʻlardi. Atirgullar esa pinak buzmadi. Bunga sari, garmselning juvonga nisbatan adovati orta bordi. Negaki, juvonning qarovi boʻlmaganida, atirgul deganlari bir kundan ortigʻiga bardosh berolmasdi-da. Bundan ham yomoni, jazirama issiq tufayli lanjlik balosiga yoʻliqqan shaharcha ahli juvondan ibrat olgudek boʻlsa, shaharcha gulga toʻlib, bu hudud oʻz-oʻzidan singlisi mayin shabada tasarrufiga oʻtib ketishi mumkin.

Bunga esa chidash qiyin.

Garmsel hadik ogʻushida shaharchani bir aylanib chiqdi. Yoʻq, havotirli hech narsa ilgʻamadi. Derazalarini qalin pardalar bilan toʻsib olgan shahar ahli oʻsha-oʻsha lanj va mudroq holatda edi.

Hatto itlar qimir etmas, qushlar qanot qoqay demasdi.

Butun borliq jazirama issiq izmida, yolgʻiz atirgullargina olovday yashnab turardi.

Keyingi tongda dashtdan quvvat olib, shaharchaga oshiqarkan, odatdagidek, koʻchalarda izgʻib, binolar sirtini yalab-yulqadi. Uzun quvurdan burqsiyotgan tutunni toʻzonga qorishtirdi. Changga belangan koʻrimsiz daraxtlar yuragiga vahima solib oʻtdi. Qarovsiz bolalar maydonchasida quyun koʻtarib, bamisoli ilonday eshilib, toʻlgʻanib, bearmon oʻynadi.

Va soʻng birdan yana atirgullarni eslab qoldi.

Ular tomon oshiqdi.

Binoni yonlab oʻtayotganida, toʻrtinchi qavat derazalarining biridan oʻgʻrincha uloqtirilgan chiqindilar garmselning qanotiga ilashdi. Garmsel bir yulqinib, ularni chor-tarafga sochib yubordi. Qogʻoz parchalari, piyoz qobiqlari havoda oʻynab, et va baliqdan boʻshagan konserva bankalari yerga dumalab ketdi.

Bu xil chiqindi itqitishlar garmselga tanish holat boʻlgani sababli, u bundan ajablanib turmadi. Ammo atirgul pushtasiga toʻkib ketilgan chiqindi uyumiga taassuf-la tikilib turgan juvonga koʻzi tushgach, yuz bergan bu voqeadan oʻzida yoʻq quvonib ketdi. Gʻayrati joʻsh urib, gullarga yopishgandi, chiqindi uyumidan badboʻy hid taraldi. Juvon ogʻzi-burnini toʻsganicha ortga chekindi. Soʻng uyidan chelak va supurgi olib chiqib, toʻkindilarni supurib-sidirarkan, orada qaddini tiklab, zich yopiq derazalarga bir-bir koʻz tashlab chiqdi. Juvon, buni birov atay toʻkkan, degan gumonga borgandi. Garmsel uning bu oʻyidan kuldi. Bildiki, juvonga birovning qasdi yoʻq. Shunchaki erinchoq qoʻshnilaridan biri niridagi toʻkindixonaga borishga erinib, chelagini gullar tagiga agʻdarib keta qolgan.

Pana-da, birov koʻrmaydi.

Oʻsha kundan e’tiboran, u deyarli har tong juvonni atirgullar yonida gʻamnok holda uchratadigan boʻldi. Va qaramasdanoq anglardiki, yana kimdir gul pushtasiga chiqindi toʻla chelagini agʻdarib ketgan. Atirgullarni qovjiratib, suyukli tusi, sargʻish rang qatiga singdirolmasligiga allaqachon fahmi yetgan garmselga bu juda qoʻl kelgandi. Endilikda u alamini juvonning iztirobga toʻla nigohini tomosha qilish evaziga bosadigan boʻldi.

Juvonning alamnok koʻzlari esa har safar qator derazalar boʻylab behuda kezinardi. Oʻnlab xonadonlardan iborat bu uydan aybdorni topmoq mahol edi. Oxiri u haybatidan ot hurkadigan qoʻshnilaridan biriga dil yormoqqa majbur boʻldi.

Hozirgina muyulishdagi pastqamgina yemakxonadan yeb-ichib chiqqan kimsa juda beparvo edi. U tishini kavlay-kavlay, bir gullarga, bir juvonga tikilarkan, na gulning boʻyini sezdi, na juvonning dardini ilgʻadi. Qaynoq havoda nafas olmoqning oʻzi dushvor boʻlib turganida, qulogʻiga gap kirarmidi. Kimsa hissiz nigohini qayta gullarga tikarkan, qistalib turgan emasmi, tuygan birdan-bir istagi shu boʻldi: «Yengillashib olmoqqa zap pana joy ekan-da, lekin...» Soʻng tushga yaqin ziyofatga aytilganini, ungacha bir zumgini mizgʻib olishi lozimligini oʻyladi. Uning bu qadar boqibegʻamligi garmsel tomonidan qaynoq «oʻpich» ila taqdirlandi. Bundan betoqatlangan kimsa oʻzini salqin yoʻlakka urdi.

Garmsel esa tinmay quturishda davom etardi. Shaharchani toʻzonga burkab, bearmon charx urardi. Borliq yolgʻiz uning izmida edi.

Faqat atirgullargina ...

U tonglarning birida shaharcha chekkasida qizchasini yetaklagan juvonga duch keldi. Ajabsinib, shaharchani bir qur aylanarkan, atirgullar nolasidan, juvon shaharchani butunlay tark etayotganini payqadi. Bu xil nolalarni sezmoqqa inson bolasi ojiz. Garmsel esa har baloni anglardi. Jazirama issiqdan ingrashayotgan daraxtlar ohini, qaqragan ariqlar zorini, yashil maysalar faryodini, qisqasi, hamma narsani anglardi, fahmlardi.

U tantanavor qah-qah urgancha dastlab juvonga yopishdi. Etagidan tortqilab, yuzi-koʻziga qum sochib, obdon alamini oldi. Soʻng egasiz qolgan atirgullar tomon yeldi. Gullarni tortqilab, tagidagi chiqindilarni sochqilab oʻynamoqni boshladi.

Shu payt eshikda chelak koʻtargan bir yigitcha paydo boʻldi. U erinchoq harakat-la eshikdan berida toʻxtarkan, chelagini yerga qoʻyib, sigaret tutatdi. Soʻng keng maydonda bir-birlarini quvlashib oʻynayotgan mayda quyunlarga, toʻkindixona tevaragida oʻralashayotgan itlarga, toshyoʻlakni deyarli toʻsib qoʻygan pachoq mashinaga birin-sirin boqarkan, kir olamga koʻnikkan loqayd nigohi garmsel iskanjasida toʻlgʻonayotgan atirgullarni chetlab oʻtmadi. Shu orada bir zumga uzilgan koʻzlari qayta gullarga qadalarkan, bu safar xiyla uzoqroq tikilib qoldi. Chetdan qaraganda, u gullarga mahliyodek edi. Aslida esa, u gullarni emas, ular tagiga toʻkib ketilgan chiqindilarni koʻrib turardi.

U naridagi toʻkindixonaga oʻshshayibgina qarab qoʻydi-da, soʻng chelagini koʻtargancha, gullar tomon zipilladi.

Qaynoq garmsel esa hanuz tinmay qah-qah urar, u har qah-qah urganda, koʻkdan toʻzon yogʻilib, yerdan chang qoʻpardi...