OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNormurod Norqobilov
Asar nomiYongʻin (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Normurod Norqobilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yongʻin (hikoya)
Normurod Norqobilov

Tanasiga chirmashgan olovdan poyasi kuygan azim boboterak uzumzor ustiga gursillab qularkan, yigʻilganlar nazarida olamni jahannam otashi quchganday boʻldi. Yiqilgan daraxtdan chortarafga sochilgan choʻgʻu alanga nafaqat zaminni, balki osmonu falakni ham kuydirib yuboradigandek edi.

Olovning shashti baland edi.

Uning taftiga chidayolmay chet-chetga qochgan odamlar gʻalati bir sinoatni, ya’niki alangaga aylangan daraxtning oʻtli panjalari bamisoli ilonday bilanglab, tokzorni yanada kengroq qamramoq koʻyida gʻimirlayotganini sezmay qolishdi. Nega deganda, yarim tunda kutilmaganda yuz bergan bu hodisa barchani yomon dovdiratib qoʻygan. Boz ustiga, koʻpchilikning diqqati tomi gurillab yonayotgan moʻ‘jaz oqish binoga qaratilgandi. Yiqilgan terakka baqamti qad rostlagan bu binoning tomi anchadan beri yonayotgan boʻlsa-da, uni oʻchirmoqqa hech kim oshiqmas, oshiqqanlar esa olov taftiga chidayolmay ortga chekinishar, goʻyo chetdan madad kutishayotgandek, aksariyat kishilar besamar tentirashardi.

Tokzor ustiga uzala tushgan alanga esa, fursatdan foydalangandek, oʻtli panjalarini har tarafga choʻzib, yashil novdalarni beshafqat yamlar, toʻla pishib yetilgan uzum boshlari olovda pisillab-tisillab tutday toʻkilardi. Uzumzorning kulini koʻkka sovurmoqqa qasd qilgan boboterak alanga timsolida quturardi. U yonmoq va yondirmoq uchungina yaralganu, endilikda ushbu yumushni bekamu koʻst ado etayotgandek edi.

Aslida ham shu — tevarakda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalardan anchadan beri bagʻri tutab kelardi. Oqibat, arzimagan uchqundan alanga olib qoʻya qolgandi.

Yongʻinga kech oqshom tomi yonayotgan oqish binodan alamzada qiyofada chiqqan Toʻra uzun sabab boʻlgandi.

Atay emas, bexos.

U tashlagan sigaret qoldigʻidan avvaliga yerdagi xas yondi. Xasga ilashgan oʻt terakka yopishdi.

Boboterak juda keksa — poʻsti quruqsib, ichi poʻkillab qolgan emasmi, oʻtni jonidek qabul qildi. Keksa tanasiga ogʻuli ilondek chirmashgan alangadan minnatdor boʻlib, quyida yastangan tokzorga adovatli tikildi. Oʻch olmoqqa imkon tugʻilganidan quvondi.

Bu lahzada Toʻra uzun deganlari uyida hasrat koʻrpasiga burkanib yotardi. Amakivachchasi Zokir qoradan alamzada edi u. Bu ne holki, oʻz jigari uni qamatmoq istab qolibdi. Shoshma, oʻrtada ne gap oʻtgandi oʻzi? Ha, esida, amakivachchasi kayf holatda tirgʻaldi unga. Emishki, Orolning toʻyida piyoladagi arogʻiga suv qoʻshib, ustidan kulganmish. Toʻra uzun aroqqa suv qoʻshish nari tursin, oʻsha kuni uyiga qanday yetib kelganini ham eslayolmaydi. U bekorga tirgʻalayotgan qarindoshining soqol bosgan aftiga hayron tikilarkan, shunda birdan eski bir adovati yodiga tushadi-da, qoʻlidagi tokqaychi bilan uning yelkasiga urganini bilmay qoladi. Keyin bu ishga xotinlar aralashib, ish Haydar nozirgacha yetib boradi.

Haydar nozir odam bolasini qamatgan banda emas, nari borsa oʻn besh kunga berib yuboradi. Biroq ishni bosdi-bosdi qilguncha shunaqangi tavbangga tayantiradiki, alamdan dodlab yuborganingni bilmay qolasan kishi. Qiziq fe’lli, boʻralab soʻkishni yaxshi koʻradi. Har ikki gapning birida, tiqib yuboraman, deydi. Tiqib yubormasin tagʻin deb, qoʻlansa gaplariga chidamoqqa toʻgʻri keladi-da.

U tergarkan, shikoyatchining arizasi solingan stol ustidagi yupqa jildlikni namoyishkorona ochib-yopadi. Joning mening qoʻlimda deganday, jildga nuqib-nuqib qoʻyadi. Soʻngra, yana chaqiraman yoki chiqib tur, deya haydab soladi.

Uning huzuridan chiqqanlar esa terak ostidan panoh topadi. Ovloq joy. Alamdan koʻz yoshi toʻksang-da, birov koʻrmaydi. Ikkinchidan, Haydar nozirga xudo insof berib qolsa, gunohingdan kechib yuborishiyam mumkin. Buning uchun terak ostidan jilmay, uning tashqariga chiqmogʻini kutmogʻing darkor. Ne sababdan soʻppayib turganingni yaxshi biladi u. Eshikni oshiqmay qulflarkan, shu tomonga kishi bilmas koʻz tashlab qoʻyadi. Soʻng zinalarni bir-bir bosib tusharkan, bexos nigohi tushganday, qovoq uyub qaraydi. Agar gap qotsa, vaziyatning yumshagani, churq etmasa, demak hali koʻp garang qiladi. Terakdan uzoqlashayotib esa, gʻuldirab qoʻyishni kanda qilmaydi:
— Bu qishloqqa nima boʻlgan oʻzi, a?!

Bu qishloq ahliga nima boʻlgan yoki boʻlishi mumkinligini boboterak oʻzicha yaxshi biladi. Bu endi koʻp jihatdan tokzordagi hosilning choʻgʻiga bogʻliq. Haqiqatda, hosil kam yili qishloq ahli allanechuk yuvosh tortib qoladi. Hosil moʻl yili esa, xudo uradi ularni. Uzumdan xirmon yasab, qop-qop mayiz quritishgan odamlar goʻyo toʻqlikdan aynishadi. Uzun-uzun kekirishib, bir-birlarini nazarga ilmay qoʻyishadi. Sabab-besabab ziyofatlar uyushtirib, soʻng obdon yoqalashadi. Keyin to bahorgacha qozilashib yurishadi. Bu gʻashavadan ularni koʻklam yumushlarigina chalgʻitadi. Tokzorga ketmon koʻtarib chiqqan bandasi gʻidi-bididan vaqt qizgʻanadi. Arazini kech kuzgacha yuragi tubiga asrab qoʻyadi. Kuzakda qoʻliga moʻmaygina pul tushgach, bunday yoni-veriga qarasaki, falonchining dimogʻi shishib, davrada birovga gap bermay oʻtiribdi. Odam bolasini pisand qiladigan siyogʻi yoʻq. Bu narsa bunisining gʻashiga tegib, sendan men kammi, degan oʻyga boradi. Oqibat, davralarda shishalar jiringlab, gurunglar choʻziladi. Gurunglar choʻzilgani sayin, eski alamlar jonlana boradi. Keyingi jarayonda esa, sen xesh, sen begona, deb turilmaydi. Umuman olganda, bu qishloqda begonaning oʻzi yoʻq. Bari bir-biriga chatishib ketgan.

Ammo yoqalashganda, yovdan battar hezlanishadi.

Shu vajdan narigi qishloqdagi nozirlik idorasi bu qishloqqa koʻchirilgan.

Bu qishloq ahliga begona sanalmish Haydar nozir tiyrak odam, qishloqda qaysi yili koʻproq janjal qoʻpishini tokzorning avzoyiga qarab biladi. Ammo boboterak kabi uzumzorga adovat saqlamaydi. Taassuf-la miyigʻida iljayibgina qoʻya qoladi. Negaki, yoz boʻyi mehnatdan boʻshamagan odamlar kuzda koʻtarilgan hosilning ma’lum bir qismini gunohlarini yuvmoq uchun sarflashadi-da. Yuqorida jindek sha’ma qilganimizdek, bir-birlarining boshini urib yorishadi-da, soʻng har kuni shifoxonaga tovuq shoʻrva tashib yurishadi. Yohud jahl ustida birovning moliga shikast yetkazib qoʻyishadi-da, soʻng ziyonini toʻlashga urinishadi. Kishilar turlidek, janjalu uning oqibatlari ham xilma-xildir.

Haydar nozir esa, raqibini jazolatmoq istagida boʻlganlarga gʻalati yoʻsinda ta’sir oʻtkazadi. Shu bir kuni toʻsatdan uni huzuriga chorlaydi-da, atay anqayganicha, hayrat toʻla ohangda deydi: «Surishtirsam, anovi senga qarindosh ekan-ku, a? Atigi ikki qorin alishgansilar. Bunchalik yaqinsilar deb oʻylamovdim men...» Xeshligi endi esiga tushganday, da’vogar bir muddat baqrayib qoladi. Keyin shu qishloq ahliga xos ginaxonlik bilan tutaqib soʻkinmoqqa tushadi: «Unaqa xeshning padariga la’nat...» Haydar nozir uning xumoridan chiqmogʻiga qoʻyib berarkan, soʻng stol chertib deydi: «Tiqib yuborish-ku qiyin emas-a. Ammo keyin, falonchi oʻz qarindoshini qamatibdi, degan gapning chuvalishi yomon-da». Bu endi jiddiy gap edi. Da’vogar birdan boʻshashadi. Haydar nozir oʻylab koʻrmoqqa izn beradi. U tashqariga chiqib oʻylaydi, terakka suyanib oʻylaydi, uning poyiga choʻkib oʻylaydi. Kechiray desa alam oʻtgan, kechirmay desa...

Boboterak unga insof tilaydi. Yaproqlarini shitirlatib, uzumzorni tag-tomiri bilan qoʻporib tashlashga undaydi. Ammo undashlari bekor ketib, tokzorga kulgu boʻlgani qoladi. Qishloq ahli uning gʻashini keltirib, tokzorni jonidek ardoqlaydi. Tagini yumshatib, shoxlarini taraydi, har-har joyga kapa tikib, uni qushlardan asraydi. Bunga sari, boboterakning jini tirishadi. Dardkash topolmay, arzini yelga aytadi. Yelga esa baribir, shoʻx-shodon yelib, uning yaproqlarini oʻynaydi, novdalarini silab-siypaydi. Yelning bu erkalashlaridan tokzor ham benasib qolmaydi. Shunga qaramay, gohi yillari nimadandir gʻazablanadimi, erka yel boʻron bobosini boshlab keladi. Ana unda koʻring tomoshani. Boʻron bobo bir hamla bilan tokzorni ship-shiydam qilib ketadi. Natijada, oʻsha yili qishloq ahli yumshoq tortib, Haydar nozirga ish qolmaydi. Oqish binoga oylab birov oyoq bosmaydi.

Ammo bu xil yillar kam, juda kam.

Erka yel esa boboterakning bu qadar kuyinishlaridan ba’zida juda hayratda qoladi. Senga nima, deydi, soʻng oʻsha-oʻsha shoʻx-shodon yelib, tokzor, tokzorga qoʻshib, boboterakni ham «silab-siypash»da davom etadi. Uning beqarorligiga koʻnikkan boboterak izoh bermoqqa oshiqmaydi. Nega deganda, yel tushmagur shu qadar betayinki, na oʻzini biladi, na oʻzgani. Uning uchun hamma bir.

Mana hozir ham eski qadrdoni boboterakka joni achish oʻrniga, puflab alangani battar kuchaytirmoqda. Terakka qoʻshib, tokzorni ham alangaga koʻmib tashlashga urinmoqda. Unga qolsa butun dunyoga oʻt ketmaydimi. Yonayotgan tokzoru, boboterakning hasratlari bilan uning necha pullik ishi bor? Yonib kul boʻlmaydimi, barisi.

Erka yel qanchalik betayin boʻlmasin, boboterak uning erkalashlaridan hamisha sarxush tortib kelgan. Gohida suhbatlari qovushib, u saodatli oʻtmishi haqida toʻlib-toshib hikoya qilardi. Erka yel bu xil hikoyalarni tokzorga singgib, boboterakning toʻshiga bosh qoʻyib tinglardi. Soʻng esa asta xoʻrsinardi. Uning xoʻrsinishidan tokzor chayqalib, boboterak yaproqlarini silkitgancha, beixtiyor kuylab yuborardi.

Bu uning ma’sud damlaridan yodgor boʻlib qolgan yagona qoʻshigʻi edi. U vaqtda hozirgi tokzordan asar ham yoʻq edi. Qishloq moʻ‘jazgina boʻlib, odamlar zigʻir yetishtirish bilan shugʻullanishardi. Teraklar esa moʻl edi. Huv adoq quyuq tolzor edi. U quyidagi tegirmongacha choʻzilgandi. O-o, qanchalik ajoyib damlar edi! Keyinchalik qishloq kengaya borib, kishilar uzumchilikka oʻtishdi. Teraklar tomga bosilib, novdalaridan ishkomlar yasaldi. Erka yel esa, boboterakka dilini xira qiladigan gaplarni yetkazadigan boʻlib qoldi:

«Abdutolib mayizning oʻzidan oʻn qop qipti. Endi odam bolasini chivin oʻrnida koʻrmay qoʻygan emish. Butun qishlogʻingni sotib olishga pulim yetadi, deganmish».

«Shodivoyning musallasi esni chappa qiladigan darajada oʻtkir chiqibdi. Ichgan odamning oʻrnidan turmogʻi qiyin emish».

«Sanaqul Xolyor bodroqni urgan ekan, ikki qop mayizning puli bilan zoʻrgʻa qutulib qopti. Xolavachcha boʻlmay oʻllaring».

«Geldiyor bodi qirq yoshini yubiley qilmoqchi emish. Shahardan artistlar chaqirib, oʻzi zar choponda toʻrda kerilib oʻtirmoqchi emish. Puli koʻp-da, qaerga qoʻyishini bilmaydi. Oʻzi bir Eshmat choʻtirning uli boʻlsa, yubileyni kim qoʻyibdi unga».

«Uzunqul xumlarini musallasga toʻldiribdiyu, oʻziyam gʻirt alkashga aylanibdi. Tunov kuni tugʻishgan ukasini «enangni» deb soʻkkan ekan, inisi ogʻzini yirib qoʻyibdi. Endi xotini ukasini qamataman deb yurganmish».

«Eshqobil uch qop mayizning pulini shaharda oldirib qoʻyibdi. Ichib olib maqtangan-da. Azaldan shu, ogʻziga ozgina tegsa bas — yigitning xoʻroziman deya, chiranishni yaxshi koʻradi. Xotini arazlab ketib qopti».

«Sharif koʻsa kayfda tokzorim otam, deb qoʻshiq aytgan ekan, otasi Soli maxsum hovlisidagi butun ishkomlarini kesib tashlabdi».

Bu xabarlar odamlar ogʻzidan uchardi. Erka yel esa ularni oqizmay-tomizmay boboterakka yetkazardi. Bundan uning gʻami ortardi. Negaki, qishloq uning koʻz oʻngida boʻy rostlagan, ahli unib-oʻsgan. Shu bois, bari unga jondek qadrdon. Yaxshidir, yomondir — hech begonasi yoʻq.

Begonasi uzumzor.

U zigʻirpoya oʻrnida yastangan bu «begona»ga avvaliga e’tibor bermagandi. Soʻng bunday razm solsaki, yerga qadalgan tok qalamchalari koʻkka boʻy choʻzgani sayin, teraklarga qiron yetmoqda. Shunda u talvasaga tushib qoladi. Axir oʻzining ham joni qil ustida edi-da. Keyinchalik bolta tutgan kimsalar tagidan necha bor oʻtib-qaytmadi. Kesmoq boʻlib, chamalab koʻrmadi. Haytovur, umri uzun ekan, tanasiga bolta tigʻidan shikast yetmadi. Shikastni u boshqa tomondan, ya’niki erka yelning sovuq xabarlaridan ola boshladi.

Oʻz navbatida, qishloq ahli uchun uning bir chaqalik qadri yoʻq edi. Toʻsinga yaramaydi, oʻtinlikka arzimaydi. Turibdi-da, soʻppayib. Baxtiga qavatida nozirning idorasi. Aks holda allaqachon kesib yuborishganam boʻlardi. Tarvaqaylagan shoxu butoqlari ishkomga yarab qolar. Xullas, sababdan kami bormi. Biron vaj hamisha topiladi.

«Boboterak» degan nomiga kelsak, bu nomni unga Toʻra uzun bergan. Deganki: «Zoʻr teragimiz bor-da, olisdan qaytsang, qarshilaydi, ketsang, kuzatib qoladi. Momoterak, e, yoʻq, boboterak». Bu gapni aytganda, u shirakayf edi. Ulfatlari bilan tokzor etagida qaymoqlashib oʻtirishardi. Gapi yigitlarga ma’qul tushib, ular terakning sogʻligʻi uchun, ha, aynan sogʻligʻi uchun qadah koʻtarishgan. Soʻng boboterakligi uchun. Orada bir-birlariga tilak bildirishniyam unutishmagan. Keyin... Qisqasi, arzimagan bir gap ustidan yoqalashib qolmaguncha qadahlar «jiring»i tinmagan. Soʻng Toʻra uzun qoʻshni qishloqlik bir yigit bilan mushtlashib qolib, ikki tishini urib sindirgan.

Yomon voqeadan yaxshi nom qolgan.

Boboterak!

Oʻshanda, mehmon yigit begona boʻlsa-da, kechirimli ekan, ortiq tirgʻalishni oʻziga ep koʻrmagan. Yaqin qarindoshi sanalmish amakivachchasi esa oʻsha begonacha boʻlmadi. Andishaning yuziga tuflab, ustidan bir quloch da’vo arznoma bitdi. Ariza tomi gurullab yonayotgan oqish binodagi temir javonda. Ikki kundirki, Haydar nozir oʻshani roʻkach qilib jonini olmoqda edi.

Shuning uchun ham alangani uzoqroqdan tomosha qilib turgan Toʻra uzun yuz bergan bu yongʻindan gʻoyat mamnun edi. Axir binoga qoʻshilib, ariza ham yonib ketadigan boʻldi-da. Odamlar esa ikki oʻt oʻrtasida garangsib qolgan. Biri chelak koʻtarib binoga intilsa, biri uzumzorni peshma-pesh yamlayotgan alanga tomon talpingan. Boshqa birovi boʻlsa Toʻra uzun qatori tomoshabinga aylangandi.

Toʻra uzun alanga tevaragida besamar irgʻishlayotgan amakivachchasiga istehzoli tikilarkan, shu keyingi ikki kun ichida ilk bor yuziga tabassum qalqib, beixtiyor iljaydi. Iljayarkan, qavatidagi odamning ajablanib boqishidan uyalib, kaftini ogʻziga olib bordi, tutundan boʻgʻilib yoʻtalgan kishi boʻldi. Biroq koʻzlari quvonchini oshkor etib turardi. Nechun ham sevinmasin, axir koʻz oʻngida xeshdan dushmanga aylangan amakivachchasining tokzori yonmoqda edi-da. Olovning shashti esa juda baland, shu sur’ati boʻlsa, Sanaqulning uzumzori ham undan omon qolmaydi. Bu oʻydan Toʻra uzun sergak tortdi. Sanaqulnikidan soʻng oʻzining tokzori-da. Undan narisi Eshqobil bilan Uzunqulniki. U soʻpoq boshini oldinga choʻzib, tokzori tomon xavotirli boqdi. Xavotiri oʻrinsizligini fahmlagach, sigaret tutatdi. Yoʻliga kishilarni shoshirgan boʻldi. Oyoqlari ostiga kelib tushgan boʻsh chelakni nari tepib, yonida turgan kimgadir, ha, boʻl, dedi. Keyin bu xitobni baland ovozda qaytararkan, oʻrnidan jilishni hatto xayoliga keltirmadi.

Kimdir uni turtib oʻtdi, kimdir soʻkindi. Es-hushini yigʻib olishga ulgurgan odamlar endilikda bahamjihat holda harakatlanishmoqda edi.

Ulkan alangaga aylangan boboterak esa hanuz boʻsh kelmaslikka tirishar, oʻtli panjalarini har yon choʻzgancha gʻarq pishgan uzum boshlariyu yashil novdalarni yamlamay yutishda davom etar, erka yel esa goʻyo pishang bergandek, yongʻinni tobora avjlantirmoqqa urinardi...