OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNorqobil Jalil
Asar nomi«Men yer bilan salom-alik qilaman»
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Norqobil Jalil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 47-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Men yer bilan salom-alik qilaman»
Norqobil Jalil

Biz uchun gʻayritabiiy tuyuluvchi bu «salom-alik» Togʻay Murodning shiori edi va u bir umr shunga amal qilib yashadi. Chunki u shunday fe’l-a’moli bilan, qolaversa, oʻziga xos hayot tarzi bilan boshqalardan ajralib turardi. «Bu dunyoda oʻlib boʻlmaydi» deya erta bashorat qilgan yozuvchining vafot etganiga bir yildan oshdi. Lekin turli ijodiy davralarda, oʻquvchilar orasida uning xalqona ijodi, kamtarona yashab oʻtgan hayoti tez-tez eslanadi. Men ham suyukli adib bilan bogʻliq ayrim hayotiy hikoyalarni eslashga urindim.

Birinchi Qoʻngʻiroq

Gazetada ishlab yurganimda bir topshiriq bahonasida Togʻay akanikiga qoʻngʻiroq qildim. Ayolini yaqindan tanirdim-u, lekin oʻzi bilan hech gaplashmagandim. Ma’suma opa men bilan samimiy soʻrashgach, biroz jim qoldi-da, juda xokisor ohangda: «Oʻzbekiston ovozi»da ishlaydigan jurnalist ukam siz bilan suhbat qurmoqchi ekan», dedi. Shunda u yoqdan: «Qaysi biri, Norqobil koʻp boʻlsa», degan javob eshitildi. Mening ham fe’lim oʻzimga yarasha boʻlsa-da, sabr qilib turdim. Negaki, Togʻay akaning qaysarligi haqida koʻp eshitgandim-u, biroq telefonga kelishidan avvalgi «soʻroq»lari sal ogʻir botdi. Nihoyat, telefonni koʻtardi.

Quyuq salomlashdim. U kishi boʻlsa gapimni choʻrt kesdi:
— Qanday mavzuda suhbat qilmoqchisiz oʻzi?

Izoh berdim: «Hayot, adabiyot haqida uch-toʻrtta savollarim bor edi. Qachon vaqtingiz bor?» Trubkani qoʻli bilan yopdi shekilli, ovozi past eshitildi. «Ma’suma, bu bola mendanam qoʻpolga oʻxshaydi-ku!» Soʻng «Ertaga opang shu tomonga oʻtarmish, aytib yuboraman», degan gapining orasidagi «opang» deya sensiragani negadir koʻnglimni koʻtardi.

Ertasi kuni Ma’suma opa keldi. Uzoq gaplashdik. Togʻay aka men haqimda obdon surishtiribdi. «Agar biror narsa yozgan boʻlsa, sendan berib yuborsin, oʻqiyin, keyin oʻzi bilan suhbatlashaman», debdi. Xuddi shu kuni ikki-uchta she’rlarimni koʻchirib oʻtirgandim, qoʻliga tutqazdim.

Peshindan keyin yana qoʻngʻiroq qildim. Bu safar Togʻay akaning oʻzi oldi. Endi uyim, ota-onam, oʻqishim haqida soʻradi va «Onadan erta yetim qolgan ekansan-da, she’ringni oʻqidim, meniyam boshimdan bunday kunlar oʻtgan, uka. Qaysi urugʻdansan oʻzi?» deb qoldi. Javobimni eshitib: «Meni enam qoʻngʻirotlardan, Dehqonobodning qaysidir qishlogʻidan edi. Togʻalarim, xolalarim togʻ oshib eshakda biznikiga kelishardi, hozir uzilib ketdik, bilmayman», dedi-da, yozib yuborgan savollarim ma’qul boʻlganini, ertaga suhbat tayyor boʻlishini aytdi...

Mukofot Olgan Kun

Shu kuni gazetada navbatchi edim. Bir kun avval Togʻay Murodga Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti berilganini oʻqib, juda suyundim.

Kech boʻlsayam uyiga telefon qildim. Odatdagidek, yana Ma’suma opa trubkani koʻtardi. Uyda mehmonlar koʻp ekan shekilli, Togʻay akaga «Ukangiz soʻrayapti», degach, u kishi trubkani oldi: «Mayli, suhbat chiqmasa chiqmas, sen hech xijolat boʻlma, men xafamasman, kitobga kiritaman, kelasanmi uyga?» deb soʻradi. «Navbatchi edim, bugun sal kechroq qolayapmiz» devdim, Togʻay akaning biroz kayfi bor ekanmi, «Qoʻysang-chi navbatchiligingni, menam dejurlik qilganman gazetda. «Oʻzbekiston fizkulturachisi» degan gazet boʻlardi bir zamonlar, bir marta uyga ketib qolsam, ertasi kuni chiqmay qolgan, rosa toʻpolon boʻlgan, Usmon Azimdan soʻrasang, aytib beradi. Xoʻp, kelasanmi-kelmaysanmi?» degan qat’i savoliga javoban boshqa kuni borishimni aytdim.

Ming afsuski, bu orada necha yillar oʻtib ketdi. Togʻay aka bilan koʻrisholmadik. Men boraman deganimda, u kishini topolmadim, u kishi uyiga chorlaganida mening ishim chiqib qolardi.

Togʻay Murodning Izi

Uch yilcha avval Denovga bordim. «Chagʻoniyon» gazetasi tajribasi haqida koʻrsatuv tayyorladik. Zoyir Mamajonov gurungimiz orasida betoqat boʻlaverdi. Nihoyat yorildi: «Men bugun Xoʻjasoatga boraman, deb odamlarga va’da beruvdim. Qolaversa, qahramon buvayam sizlarni kutayapti. Gullagan ketmonini koʻrsatmoqchi...».

Xoʻjasoat Togʻay akaning qishlogʻi. Denov qaydayu Xoʻjasoat qayoqda?! Bu jurnalist oʻzi nima deyapti, deb oʻyladim. Oxiri oʻzi gap ochib qoldi: «Togʻay men bilan toʻn kiyishmagan boʻlsa-da, eng qadrdon va dildosh joʻram. U oʻqigan maktab haqida «Chagʻoniyon»ga biron maqola yozmoqchiydim. Bu ishniyam beliga tepdilaring. Mayli endi, keyin boraman. Ketdikmi Sobir Rahimovga?» deya denovlik Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Fayzullaev dalasiga chorladi.

Katta bir tepalik yonidan oʻtayotganimizda Zoyir aka haydovchining yelkasiga qarsillatib urib: «Toʻxta, toʻxta oshna, manavi, qishloqda tugʻilib qishloqni unutganlarga bir Togʻay Murodning dalalarini koʻrsatayin, — deb qoldi. — Qani, tepaga chiqib, bir Denovni tomosha qilinglar. Huv, narigi tarafdan Xoʻjasoat ham koʻrinadi. Togʻay bilan bu yerlarni qancha aylanganmiz. Lekin shunday roman yozayotganini hech sezdirmagan. Gap-gap bilan boʻlib har zamonda «Nima yozayapsiz, joʻra?» deb soʻrasam, «Oʻqiysiz hali, Surxonu Qashqaning, Fargʻonayu Xorazmning yelkasidan ketmoni tushmagan, peshonasi bir umr shoʻr boʻlib kelgan DYeHQONI haqida yozayapman», deb qoʻyardi».

Xullas, oʻsha kuni Ibrohim Fayzullaevning dalasiga sal kechikib bordik. Gap orasida yana Togʻay Murod haqida soʻz ochildi. Ibrohim aka joʻshib ketdi: «Qoyilman Togʻayga. «Otamdan qolgan dalalar»ini oʻqib menday diydasi qattiq odam ham toʻyib yigʻladim. Nega denglar-da? Axir, shunday kunlar hammamizning boshimizdan oʻtmaganmidi? Asli his qilish kerak ekan. Toʻgʻri, boshqalaram dehqonning ogʻir hayoti va mehnati haqida yozgan. Nimasidandir koʻnglim toʻlmagan-da. Togʻaydi kitobini oʻqib, suyundim, bor ekan-ku mardi, deb yuribman haliyam.

Bir narsani aytay sizga. Men yetmishdan oshdim, butun umrim dalada kechdi. Ota-buvam ham kengliklarda yashab oʻtgan. Lekin Togʻay Murod meni, sizni, butun xalqning dardini, armonini doston qipti, qoʻshiq qipti, otasiga rahmat. Lof emas, hammasi chin, meni hayron qoldirgan narsa, u qaerdan shuncha gapni, voqealarni topgan ekan-a!»

Zoyir aka boʻlsa qahramonning gapini eshitib, egat oralab ketib qoldi. Yonimizga qaytib kelgach, soʻradim: «Nima, oʻzlariga tegib ketdimi Ibroyim akaning gaplari, oxirigacha eshitmadingiz, axir, sizam katta yozuvchi edingiz-ku», degandim, doim har qanday gapni hazilga buradigan choʻrtkesar Zoyir Mamajonov bu gal bosiqlik bilan soʻzlay ketdi: «Menam Togʻayning romanini bir kechada oʻqib chiqdim, bir kechada... kerak boʻlsa, yuz yillik, ikki yuz yillik xalqimizning armonlari koʻz oldimdan oʻtdi. Bilaman, bu romanni yozish Togʻay uchun oson kechmagan. Necha oʻn yillardan beri tayyorgarlik koʻrgan ekan u. Xalqimizga haykal qoʻyaman desa, kulardim. Bir haykal boʻlsa, shuncha boʻlar-da. Shu romanni oʻqigach, necha kunlab oʻzimga kelolmadim. Qaerga bormayin, qaysi paykalga kirmayin, kim bilan gaplashmayin, Togʻayning oʻsha gaplari qulogʻim ostida jaranglab turaveradi». Togʻay Murodning ma’rakasida Zoyir Mamajonov yana ogʻir armon bilan shunday deb qoldi: «Endi uning kitobini oʻqiy desam, yuragim betlamayapti. Nega desangiz, uning yozganlari hammasi haqiqat va endi har egatda, har paykalda, kerak boʻlsa, har bir qishloqda Togʻayning izini koʻrganday boʻlaveraman. Kimdir aytibdi, undan biron zuryod qolmadi-ya, deb. Tan olaylik, axir, Togʻay Muroddan qolgan yodgorlikni nima bilan oʻlchab boʻladi?»

Soʻnggi Qoʻngʻiroq

Togʻay Murod bilan oʻn yil orasida koʻp bora suhbatlashdik. Gohi juda band yoki kayfiyati boʻlmasa gapni qisqaroq qilib: «Yana telefon qilarsan», deb qoʻyardi. Avvaliga bu muomalasi menga sal erish ham tuyulardi. Keyin koʻnikib ketdim va aksincha, oʻzimning ruhim tushsa yo ayrimlarning tilyogʻlamaliklariyu mayda gap-soʻzlaridan dilgir boʻlib qolsam, hech ikkilanmay Togʻay akaga qoʻngʻiroq qilardim. U kishi boʻlsa, mening dardlarimni boʻlmay eshitardi.

U kishi bilan soʻnggi marta, oʻlimidan bir haftacha avval gaplashdik. Uyida yolgʻiz oʻzi ekan. Menimcha, zerikibroq turgan ekanmi, yo kayfiyati chogʻmidi, bilmadim, bir soatcha soʻzlashdik. Men esa xijolat boʻlib gap orasida: «Aka, uzr endi, vaqtingizni oldim», desam ham negadir hech xayrlashgisi kelmadi. Oʻsha kuni men ham nimadandir qattiq siqilib, Togʻay akaga dardlarimni aytib berdim. Shunda u kishi: «Esingdami, bundan sakkiz yilcha avval senga bir gapni aytuvdim. Yana takrorlayman, u qulogʻinggayam, bu qulogʻinggayam quyib ol, hali eslab yurasan, akam bekorga bu gaplarni aytmagan ekan, deb. Men bilan ham, sen bilan ham oshnam, doʻstim, ogʻam deb oʻpishib, quchoqlashib koʻrishadi va sal nariga borib izimizdan ming xil fisqu fasod, igʻvo tarqatishadi. Parvo qilma, undaylar bilan oʻchakishib oʻtirma, qoʻyaver. Oʻzingga ishon. Yana bir gapni aytayin, odam ahyon-ahyon boʻlsa-da, oʻzi bilan oʻzi gaplashib, dardlashib turishi kerak ekan. Qachonki mayda-chuyda gap-soʻzlarga oʻralashib qolgan boʻlsang, oʻzing ham mayda odamga aylanasan. Bir she’ringda «Olti yil yashadim Yolgʻizlik bilan», deb yozibsan-ku. Biz hammamiz qismatning odamlarimiz. Nimadir yozaman, yarataman, deb qishloqdan kechib kelganmiz. U yoqda senu menga koʻz tikib oʻtirgan qancha qorakoʻzlar bor. Shularning yuzini yerga qaratmaylik...». deya uzoq nasihat qildi.

Baribir hayron boʻldim. Nega kam gapiradigan, ustiga-ustak salom-alik tugar-tugamas: «Nima gap oʻzi, biron narsa yozayapsanmi? Uylar tinchmi?» deya gapni qisqa qiladigan Togʻay aka bunchalik ochilib ketdi, deya ajablandim ham. Kim biladi, balki rahmatli oʻziga meni yaqin olib koʻnglidagi bor hayratu hayajonlarini oʻsha kuni toʻkkandir.

Bir haftadan soʻng...

Kuzatish

Oʻshanda may oyining adogʻi edi. Erta tongdayoq Togʻay aka yashaydigan uy yoni odamlarga toʻlib ketdi. Mahalla oqsoqoli marhumning yaqinlarini shoshiltirardi: «Tez boʻlinglar, kun yorishib kelyapti, Chigʻatoydayam kutishyapti bizlarni». Sirojiddin Sayyidning mungli ovozini eshitdim: «Yolgʻizgina singlisi kecha kechqurun yoʻlga chiqqan ekan, birpasgina kutaylik...». Kattayu kichik avval bir-biriga, keyin soatiga qaraydi. Nihoyat...

Togʻay Murod oʻz uyi ostonasidan qoʻlma-qoʻl boʻldi. Oʻnlab mashinalaru avtobuslar liq toʻldi. Soʻzsiz, ogʻir nigohlarim bilan karvonni kuzataman. Nazarimda, shu kuni tanigan-tanimagan, bilgan-bilmagan odamlar bir-biriga yaqin, ogʻa-inidek boʻlib qolganday.

Chigʻatoy qabristoniga yetib kelganimizda bu yoqdayam ta’ziyaga kelganlarning adogʻi koʻrinmadi. Janoza oʻqildi. Tumonat odam joʻr boʻlib «Rahmatlik yaxshi inson edi», deya ovoz berdi. Qabriga tuproq tortilayotganida kimdir «avval yaqinlari tashlasin» degandi, birdaniga yuzlab qoʻllar belkuraklarga yopishdi...