OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MualliflarNorqobil Jalil, Ahad Berdiyev
Asar nomiSayyid Barakaning inisi
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Publitsistika
Mualliflar
   - Norqobil Jalil
   - Ahad Berdiyev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
"Hurriyat" gazetasidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sayyid Barakaning inisi
Norqobil Jalil, Ahad Berdiyev

Tarixning shafqatsiz bir haqiqati bor: u ham boʻlsa, oʻtmishni bugun yaratib boʻlmaydi, aksincha, oʻtmish bugunni yaratadi. Va biz bugun dunyoga koʻz-koʻz qilayotgan qadriyatlarimiz ildizlari ham moziyning, tarixning oʻlmas boʻlaklaridir.

Ana shu oʻtmish sahifalarida nomlari mangulikka aylangan zotlar koʻp. Shundaylardan biri Sayyid Ne’matulloh Valiy hazratlaridir. Xoʻsh, ­Sayyid Ne’matulloh Valiy hazratlari kim oʻzi? Dunyo xalqlarining ma’naviy-madaniy xazinasiga qoʻshgan tarixiy xizmatlari nimalardan iborat, degan haqli savollarga baholi qudrat javob topishga urinamiz.

Qashqadaryoning togʻli hududi boʻlmish Kitob tumanida Palandara (ayrim manbalarda Balandara ham deyiladi — muallif) degan manzil bor. Ana shu hudud shimolida, ya’ni togʻlar etagida shu yerlik odamlar ta’biri bilan aytganda, Xoʻja Ne’mati deb ataluvchi kattakon dara yastanib yotibdi. Aynan shu joyda bir vaqtlar (1924 yilgacha) Xoʻja Ne’mati nomidagi qishloq ham boʻlib, keyinchalik bu yerlik aholi Obikanda va Moʻgʻul qishloqlariga koʻchib tushishgan ekan. Xullas, bu dara va goʻshaning Sayyid Ne’matulloh Valiy hazratlari nomlariga bogʻliqligi tarixi juda uzun. Biz uchun esa hazratning makon tutgan manzillaridan koʻra, ibratli hayot yoʻli va boy madaniy merosi haqida xabardor boʻlmoq muhimroqdir.

Toʻliq ism-shariflari Shoh Sayyid (urugʻlari) Nuriddin (taxallusi) Ne’matulloh (ismlari) ibni Mir Sayyid Abdullo (otalari) islom olamida ma’lumu mashhur allomalardan biri sanaladi. U kishi milodiy 1330-1431 (ayrim manbalarda 1360 yil ham keltirilgan) yillarda yashab oʻtgan soʻfiylik martabalariga erishib, oʻz yoʻnalishiga ega boʻlgan avliyoullohlardan biri, soʻfiy shoir, muttaqiy, sohibi ilm edilar. Shuningdek, shariat sunnatlariga amal qilishda Paygʻambarimizning 19-avlodlaridan biri hisoblanadi. Halab shahrida tugʻilib, Iroqda tahsil koʻrganlar. 24 yoshlarida muborak Haj ziyoratiga borib, u yerda mashhur mutasavvuf olim, tarixchi Shayx Orifiddin Abdulloh al Yofe’iy (1367 yilda vafot etgan) bilan tanishadi va uni oʻziga ustoz deb bilib, silsilai sulukidan joy egallaydi. Va yetti yillik beminnat xizmatlari ma’qullangach, Yofe’iy hazratlariga xalifa boʻlganlar (manba: Abbosquli ibn Boqixonning «Gulistoni Eram» asari, Boku, «Elm» nashriyoti, 1991 yil, 130-bet). Shundan soʻng Iroqqa qaytib, keyinchalik Misrga, u yerdan Tabriz va Ardobel orqali Movarounnahrga keladilar...

Mashhur tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» kitobi («Kamalak» nashriyoti — 1994)da yozilishicha, «Sayyid Baraka hech qanday va’da va oldindan kelishuvsiz kutilmaganda Ulhumoyun manzilidan peshvoz chiqadi va podshohlik belgilarini anglatuvchi nogʻora va bayroq keltirib, hazrat Sohib­qironga sovgʻa qiladi». Bu voqea 1370 yili Termiz shahrida hazrat Sohibqironning Amir Husayn ustiga yurish qilib, Balx shahri tomon borishida sodir boʻladi. Bu marosimda Ne’matulloh Valiy ham akalari Sayyid Baraka bilan birgalikda ishtirok etadi (bu bizning mulohazamiz).

Tarixchi olim Ahmadjon Chorievning «Hazrati Sulton tarixi va Hazrati Bashir manoqibi» («Sharq» nashriyoti — 1996) kitobida bu uchrashuv xususida shunday mazmundagi hikoyat keltiriladi: Hazrati Temur alayhirrahma Iroqda boʻlgan urushda nihoyatda ogʻir ahvolga tushib qoladi. Shunday mashaqqatli sinovlarda iroqlik mashhur zotlar aka-uka Sayyid Baraka va Sayyid Ne’matulloh butun mol-dunyolari hamda oʻzlariga tobe odamlari bilan birgalikda Amir Temurga yordam beradilar. Iroq ishgʻol etilgach, Sohibqiron bobomiz oʻz zamonasining ulugʻ piri komillari boʻlmish aka-uka ­sayyidlarga chin dildan ixlos qoʻyadi. Sohibqiron ham Movarounnahrga mutlaq hukmdor boʻlgach, ikkalalarini oʻzlari bilan Samarqandga kelishlarini iltimos qiladi va birga qaytib kelganlaridan keyin doimo yonlarida olib yuradilar. Har qanday mashvaratu maslahatlar Sayyid Baraka va Ne’matulloh Valiysiz oʻtmaydi. Biroq ular Samarqandga kelgunlaricha jahongirning yonida yana ikki eronlik ishonchli kishilari ham bor edi. Kutilmaganda saroyga tashrif buyurgan aka-uka ­sayyidlarga Amir Temurning qoʻyayotgan qattiq e’tiqodi va koʻrsatilayotgan katta hurmat-ehtiromi ularga yoqmaydi. Va qanday qilib boʻlsa-da, ikki oʻrtaga nifoq, adovat solish yoʻllarini izlashadi. Xullas, koʻrilgan jiddiy hiyla va fitnalar ish berib, oradagi ishonch-e’tiqod sal pasayganini sezgan aka-uka sayyidlar Samarqanddan chiqib ketmoq uchun yoʻlga tushadilar. Qoratepa togʻi bilan Koyni togʻining oʻrtasidagi Xoja Ulugʻ degan joyga yetganlarida Amir Temur izlaridan yetib boradi. Sayyid Barakani poytaxtga qaytishga koʻndirgan jahongir oʻz pirlari bilan maslahatlashib, ukalari Sayyid Ne’matulloh Valiyni Kesh viloyatida makon tutishlariga izn soʻraydi... Shu-shu xalq orasida «Baraka Samarqandda, Ne’mat Keshda» (ya’ni, Qash­qadaryo vohasida noz-ne’mat bisyorligiga, Samarqandda esa baraka koʻpligiga ishorat boʻlsa kerak) degan ibora tarqalib ketgan ekan...

Rivoyat qilishlaricha, Ne’matulloh Valiy dovondan tushgach, Kosatarosh degan qishloqqa qadam ranjida qiladilar. Shu yerlik ilmi sohib Xoja Hasan degan kishinikida mehmon boʻlganlarida gʻaroyib karomat roʻy beradi. Ya’ni oʻzaro gurungda chol-kampirning farzandlari yoʻqligini anglagan Ne’matulloh Valiy Tangri taolodan bu mushtipar insonlarga bir solih farzand soʻraydi. Oʻzlari shu goʻshada makon tutib yashay boshlaydilar. Oradan koʻp oʻtmay toʻqson yoshli Xoja Hasan oilasida oʻgʻil dunyoga keladi. Sakson yoshli Malakot ona keksaligi bois chaqaloqni emizolmaydi va bola sutsiz katta boʻladi. Yaratganning tengsiz marhamati tufayli tugʻilgan bolakay sutsiz ulgʻaygani uchun uni odamlar Beshir (sutsiz) deb nomlashadi. Bu taqdir sohibi esa bugun barchaga ma’lumu mashhur boʻlmish zot — tavajjuhiga koʻra yassaviya tariqatiga mansub boʻlmish Sulton Sayyid Ahmad Valiy, kunyalari Hazrati Bashirdir. Bugungi kunda Kitob tumanidagi Bashir qishlogʻida ul zoti sharifning ayni istiqlol yillarida obod etilgan ziyoratgohlaridan yurtdoshlarimiz qadami uzilmaydi.

Sayyid Ne’matulloh Valiy taxminimizcha, besh-olti yil oʻz xizmatiga kelganlar hisobiga shakllangan Xoʻja Ne’mati qishlogʻida yashaganlar. Soʻng Hirotga koʻchib borib, Hirot hokimi Imoiddin Hamza al-Husayn al-Harvoniyning qiziga uylanadi. Keyin esa Yazidda biroz yashab, Kermon viloyatiga oʻtadi. Nihoyat soʻnggi 25 yillik umrini Kermon viloyatining Maxon qishlogʻida oʻtkazadilar. Bular haqida manbalarda soʻz boradi.

Ne’matulloh Valiy oʻz targʻibotlarida buyuk yaratuvchi — Tangri taoloni dunyoning yagona shohi, deb ataydi. Bu gʻoya ul zot asos solgan birodarlik yoʻnalishining ajralmas qismi boʻlgan. U kishi oʻzining ruhiy targʻibotini Junayd al-Bagʻdodiy va Ma’ruf al-Karxiy orqali Ali Abu ibn Tolibga taqaydilar. Oʻz dunyoqarashlarida arabistonlik Ahmad al-Shazali hamda Abu Madyon fikrlarini singdirib, gʻoyalarida Najmiddin Kubro va Xojagon maktabi holatlaridan kelib chiqib, Ibn al-Arabiy yoʻnalishiga xos vahdad al-vujud gʻoyalarini targʻib etadilar. Ne’matulloh Valiy soʻfiylikdagi al-Junaydning «Hushyorlik maktabi», Boyazid al-Bistomiy hazratlarining «Mast boʻlish maktabi» gʻoyalarini oʻrganadi. Ul zot Allohga Faqir (kamtarinlik), Mehr (Allohni sevish, Uning gʻazabidan qoʻrqish, Unga talpinish), Taslim (topshirmoq, boʻysunmoq), Vara’ (man’ etilgan ishlardan tiyilmoq, parhezkorlik, taqvo), Rido (darveshlarning ustki kiyimi), Fano (ilohiyotga singish) kabi oltita pogʻonama-pogʻona davomiy yoʻl orqali yetib borilishini koʻrsatganlar.

Ma’lum boʻlishicha, Ne’matulloh Valiy hazratlarining arab va fors tillarida 544 turli xil masalalarni yoritgan merosiy yozishmalari boʻlgan va ulardan bizgacha 110 tasi yetib kelgan. Bundan tashqari, Ibn Arabiy, Faxriddin al-Iroqiyning soʻfiylik tariqatiga oid ta’limotlari bitilgan 1541 gʻazaldan iborat katta devon tuzgan, degan ma’lumot ham bor. Ul zotning boy meroslari Iroq va Kermonda hozirgi kungacha Amir Sayyid Nuriddin Ne’matulloh Mir Sayyid Abdullo Kermoniy nomi bilan toʻrt marta chop etilgan.

Sezib turibmiz, yurtdoshlarimiz koʻnglida yana bir savol ochiq qolayotir. U ham boʻlsa, ikki daryo oraligʻida umrining hisobli yillarini oʻtkazgan bu faylasuf soʻfiy insonning yashab oʻtgan manzillari, qadamjolari qay ahvolda yoxud u kishining avlod-ajdodlari ham bormi, deyishingiz tabiiy.

Tarixdan ma’lumki, Sohibqiron bobomiz vafotlaridan keyin uning oʻgʻli Shohruh Mirzo otasi vasiyatiga koʻra, Amir Sayyid Barakaning jasadini Andhoʻy shahridan olib kelib, Temuriylar xilxonasiga — jahongir Amir Temur hazratlarining bosh tomoniga dafn ettiradi. Ne’matulloh Valiyning hoklarini esa Kermon viloyatining Maxon shahridan olib keltirib, Keshda yashagan joylari — hozirgi Kitob tumanidagi Moʻgʻul qishlogʻi hududiga qoʻydiradi. Shu joyda maqbara qurishga buyruq beriladi. Bunday ma’lumotlar xalq orasida uzoq yillardan buyon yashab kelmoqda. 1447 yilda Shohruh Mirzoning vafoti oqibatida bu xayrli ish toʻxtab qoladi. Ya’ni qabr ustiga yodgorlik toshigina oʻrnatiladi, xolos. Qabr toshda u kishining ism-shariflari Sayyid Ne’matulloh ibn Abdulloh ibni Abdurahmon deb, vafot etgan yillari esa olti yilga farq qilib qolgan. Aftidan, toshga yozuvchi hattotga ma’lumot bergan odamlar ham ul zoti sharif xususida toʻliq tasavvurga ega boʻlmagan.

Yana bir ma’lumot: bilishimizcha, hozirgi paytda Samarqand va Qashqadaryo viloyatining ayrim hududlarida ul zotning 16-17-avlodlari umrguzaronlik qilayotgan ekan.

Shu oʻrinda yana bir mulohazamizni ham aytib oʻtmasak boʻlmas: biz tilga olgan ulugʻ zoti bobarokot qadamjolari koʻpchilikning e’tiboriga muhtoj. Toʻgʻri, kitoblik ziyolilaru aziz zot yashab oʻtgan qishloq ahli ham qarab turganlari yoʻq. Shu yil bahorida Sayyid Ne’matulloh Valiy ziyoratgohlarini obodonlashtirish yoʻlida xayriya hasharlari ham uyushtirildi. Ammo bular hali ulkan daryodan bir tomchi xolos. Oʻylaymizki, bu savobli ishlar viloyat miqyosida hali davom etadi. Ochigʻi, bizning qoʻlimizda u kishining hayoti, ijodiy faoliyatiga bevosita bogʻliq manbalar juda kam. Shul bois bugun soʻz yuritganimiz Sayyid Ne’matulloh Valiy hazratlari haqidagi mulohazalarimizni tugal xulosa deb aytish fikridan yiroqmiz. Biroq bir haqiqatni hech qachon unutmasligimiz kerak: u ham boʻlsa tomirlarimizda oqayotgan qonning zarra-zarralari buyuk ajdodlarimizga tutashligini va ularga munosib avlodlar boʻlmoqligimizni har on, har lahza yodda tutmoqligimiz ham qarz, ham farzdir.