OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Nortoʻxta Qilich. Jumboq (hikoya)
 
Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNortoʻxta Qilich
Asar nomiJumboq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Nortoʻxta Qilich
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm56KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/11
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Jumboq (hikoya)
Nortoʻxta Qilich

Oʻqigan xabariga ishonib-ishonolmay, Shoir, koʻlida gazeta, bir mudtsat hayronsirab qoldi: bunga ishonmaslik — Gʻirt mutaassiblik boʻlar... Shu asno, xayolida oʻtmish bir xotirot ham gʻujgʻon oʻynayverib, battar dong qotdi: yopiray!.. Demak, hammasi rost ekan-da!.. Keyin, toʻshakka choʻzilib, takroran xabarga koʻz yugurtira boshladi.

Yana Noma’lum Ob’ekt Haqida

Avstraliyalik bir oila noma’lum uchuvchi predmet hujumiga duch kelganligi haqida mahalliy politsiyaga shikoyat qilgan. Aniqrogʻi, hujumga odamlar emas, balki ularning mashinasi uchragan.

Ayol mashinani ochiq joyda toʻxtatib, uch oʻgʻli bilan mashinadan tushgan. Shu payt toʻsatdan uchuvchi ob’ekt mashinaga yaqinlashib kelgan va uni yerdan koʻtarib, rosa silkigan, Nihoyat, gʻildiraklardagi havoni chiqarib, mashinani yerga qoʻygan. Mashina egalari butalar orqasiga berkinib, ob’ekt joʻnab ketgungacha kuzatib turganlar. Ob’ekt koʻzdan gʻoyib boʻlguncha, ona-bolalar ovozi xuddi sekin aylanayotgan magnitofon tovushiga oʻxshab chiqqanini politsiyachilarga aytib berishgan.

Yaroqsiz boʻlib qolgan mashinani koʻzdan kechirgan politsiyachilar uning kulga oʻxshagan modda bilan qoplanganligini aniqlaganlar.

Hozir bu modda bilan noma’lum uchuvchi ob’ektlar haqidagi ma’lumotlarni tadqiq qiluvchi xalqaro Markaz mutaxassislari shugʻullanmoqdalar. Tadqiqot natijalari kelajakda e’lon qilinadi.

Shoir xayolchanlik bilan gazetani chekkaga qoʻyayotib, dahshat, deb oʻyladi: agar shu rost boʻlsa, barcha toatu ibodatlar bir pul-ku!..

Noma’lum uchuvchi ob’ekt haqida oldin ham bir necha bor eshitgan, gazetalarda oʻqigan, lekin hech qaysisi manavi xabarchalik favqulodda ta’sir qilmagan edi. Negadir, tobora noxush bir hayratga tushyapti. Nazarida, bugunmi-ertami, muqarrar bir nimadir roʻy beradigandek.

Darvoqe, anavi voqea esa!..

Hammasi xuddi hozirgina sodir boʻlganday yodida, oʻshanda, — bundan yigirma besh yil avval, — otasiga aytganida ishonmay, bil’aks, qoʻl siltab, kallamni qotirma, tushingga kirgan boʻlsa kerak yoki koʻzingga koʻringandir, degan edi.

* * *

Nogoh, nimadir koʻz oʻngida harir parda yangligʻ titrayotganday tuyuldi. Oradan hayal oʻtmay, gʻijjak nolasiday inja bir sas ohista qulogʻiga chalina boshladi. Keyin, dabdurustdan qosh-qovoqlari ogʻirlasha-ogʻirlasha, uyqusi kelayotganligini sezdi.

Ayni peshin chogʻi. Issiq... Atrof-tevarakda hech bir zogʻ koʻrinmaydi. Ota hamda uka uyga ketgan. Adoqsiz uzumzorning kunbotaridagi shiypon ayvoniga osigʻliq toʻrqovoqlardan ahyon-ahyonda sayroqi bedanalarning xonishi eshitiladi.

Oʻrnidan turdi. Yon-veriga alangladi: biydek uzumzorning kunchiqar tegrasi olmazor bogʻ. Undan nari esa paxtazor — oppoq oqarib yotibdi. Bogʻ bilan uzumzor etagi Majnuntepa qabristoniga tutashib ketgan. Qabristonning u yer-bu yerida temir panjaralar bilan oʻralgan qabrlar, qalin yulgʻun butalari, oʻskin qamishlar koʻrinadi. Kamishzordan berirokda esa turfarang alamlar xilpiraydi... Hech kim yoʻk. Goʻyo, jimjitlik. Lekin, hamon uzumzor uzra simobiy nimadir betinim titrayotgandek, gʻijjak nolasiga mengzash inja bir sas esa tobora avjlanayotganday edi. Beixtiyor, — goʻyo, shunday qilsa qulogʻiga chalinayotgan sas tinib qoladigandek, — behishtiy ishkom-chayla tepasiga oʻrnatilgan tunuka shaqildoq chilvirini siltab tortdi. Birdan hammayoqni jaranglagan tovush tutib ketdi. Shu barobarida gur etib, gʻarq pishgan uzumzorning qabristonga tutash etagidan bir gala mayna, chugʻurchiq havoga koʻtarildi. Lekin, sas tinmadi, boʻshliqlar bagʻridagi allatovur simobiy titroq ham oʻsha-oʻshaligicha qolaverdi. Keyin, hafsalasiz kartga choʻzilib, uzumzorning kunbotar tomonidan oʻtgan kumloq yoʻl boʻyidagi adl teraklar osha osmonga mudroqli bir nazar tashladi. Va, ixtiyorsiz koʻzlari kattarib ketdi: bulutmi, tutunmi, — baayni halqa-xalqa boʻlib, — yaqkrl koʻrinib turardi. Xuddi birov atay qoʻl bilan yasab koʻygandek.

...yopiray, osmonda-ya?!

Hayratlanib qaddini tiklarkan, betoqatlik bilan ishkom-chayla butalarini surib, gʻaroyib halqalarga sinchkov tikildi, koʻzlarini yumib ochdi, kipriklarini pirpiratdi: yoʻq, xayolida emas. Ana, aniq-tiniq koʻryapti. Qiziq!.. Shartta kunbotar tarafga oʻgirilib, yanayam taajjublandi: ana, bir halqa ohista yerga yaqinlashyapti. Qiziq, nimaning oqibatiykin bu?! Hali otasiga aytib beradi, nima ekanligini soʻraydi. Otasi bilar buning sirini.

Ayni peshin. Issiq. Ishkom-chaylada esa havo yanayam dimroq. Harchand hayratga tushmasin, tobora uyqusi zoʻrayayotgan edi. Kartda kulala boʻlib yotdi. Xayolida gʻaroyib halqaga doxil fikrlar charx urgan koʻyi, allanechuk mubham bir xavotir bilan koʻzlarini yumdi. Oradan hayal oʻtib-oʻtmay, vujud-vujudi boʻylab taralayotgan allaqanday huzurbaxsh bir titroqni sezdi. Keyin... bir mahap, qumloq yoʻl boʻyidagi Tegirmonariqdan baxmaldek mayin ovoz eshitila boshladi: Shoir... Shoirjon, qaerdasan? Tezroq kelmaysanmi axir, seni kutyapman-ku, jonim?!

Beixtiyor hayrat aro Tegirmonariqning chogʻroq bir aylanmasi sari oyogʻi yerga tegib-tegmay yugurib borarkan, mana men, deb javob bergisi keldi-yu, lekin, tuyqus onasining bir oʻgiti yodiga tushib, taqqa toʻxtadi: aslo ariq boʻyida oʻynamanglar, bolam! Suv tagidan Suvpari otingni aytib chaqiradiyu, oqizib ketadi. «Suvpari keyin bizlarni nima qiladi, ona?» «Ruhingni suv ostiga olib tushadi... Eting baliqlarga yem boʻladi. Tushundingmi?» «Ona, ruh nima?» «Ruh — odamning joni...»

Tisarila-tisarila, Shoir ortiga qaytdi. Qocha boshladi. Nogoh, Majnuntepa kabristoni pastqamligida bazm qurgan oʻliklarni koʻrib qoldi. Oʻrtada gulxan gurillab yonyapti. Gulxan tevaragida kafani uvada oʻliklar, odamsiyoq suyaklar... Kafani uvada oʻliklarning sochlari toʻzgʻin, tirnoqlari oʻsib ketgan, koʻzlari qoziq oʻradek qorayib koʻrinadi. Odamsiyoq suyaklarning esa tishlari irshaygan. Qay birlari jazavasi qoʻzib qiyqirishadi, yana birlari esa, burgʻuyu balabon sadolari ostida jununvash raqs tushayotirlar.

Shoir battar qoʻrqib ketdi. Keskin ortiga burilib, ishkom-chayla tomonga yugurdi. Ichkariga kira-sola, eshik tepasidagi sholni tushirdi. Soʻng, shartta kartga chiqib, tagʻin kulala boʻlib yotib oldi.

...endi chirt koʻzni yumib, oʻlikka oʻxshab yotish kerak. Qimir etmay!.. Suvparisi, — qiziq, qanaqa boʻlarkin oʻzi? — shaklu shamoyili rasmlardagi yarim ayol, yarim baliqqa oʻxsharmikan? Uzoqdan moʻralab koʻrsa boʻlardi. Ah, mayli!.. Tinchib qoldi ishqilib. Uning ovozi bunchayam mayin, bunchayam shirali ekan... Iy-e, borgan sari burguyu balabon tovushi avj olyapti-ku!.. Ana, kimdir ichkariga kirdi! Ah, shu tobda Boʻynoq boʻlganda edi! Zohir tirmizak kelsin hali, Boʻynoqni ergashtirib ketgani uchun boplab adabini berib qoʻyadi... Ana, kim boʻlsayam asta yaqinlashyapti. Uzum oʻgʻrilagani kelgan bolalardanmikan-yo?..

Yaqinlashaversin. Qoʻrqayotganligini sezdirsa boʻlmas. Oʻlikka oʻxshab yotaversa, kaytib ketar axir. Yoʻq, qaytib ketmoqchi emas shekilli. Ana, sekin koʻlidan ushladi. Kafti, barmoqlari issiq, yumshoq. Ana, nimadir deyapti.
— Tur deyapman!

...iy-e, bu... odamning koʻnglidan kechayotgan gaplarniyam bexato biladi chogʻi.
— Boʻlmasa-chi! — dedi, hamon koʻlidan ushlab turgan kimsa. Uning ovozi sal boshqacharoq — allatovur choʻziq edi. — Och koʻzingni. Oʻzingni oʻlikka solib yotganing yetar.

Shoir:
— Nima deysiz menga?— deb, koʻzini ochdi-yu, roʻparasida boʻyi kartdan sal tikroq, sochlari jingala, yuzlari tiniq, koʻzlari benihoya chaqnoq bir odamchani koʻrib, beixtiyor hayratdan dong qotdi: kim oʻzi bu?! Yoshi nechada buning?.. Qiziq, lekin judayam tanishdek — biror kinoda koʻrganmi yo togasidan eshitgan ertaklarida shunaqa odamcha haqida gap bormidi?.. — Kim kerak sizga?
— Sen keraksan.
— Men?
— Ha, sen.

Yoshi nechadaligi noma’lum, dam yoqimtoy bolakaydek, dam navqiron yigitday boʻlib tuyulayotgan, boʻyi pakanagina bu Odamchaning kafti allatovur yumshoq ham xiyla issiq edi.

Shoir qoʻlini tortib, kartda oyoqlarini tushirib oʻtirarkan:
— Men sizni tanimayman-ku? — dedi.

Odamcha soʻzlarni choʻzibroq shirador talaffuz etib:
— Seni tanishing shart emas,— dedi. — Ketdik!
— Qayoqqa?!

Odamcha, yanayam koʻzlari chaqnab, osmon sari ishora qilgan koʻyi:
— Arshu a’loga-da! — dedi.
— E, men nima qilaman u yoqda?
— Bu yerda nima qilmoqchisan?
— Uzumzorni qoʻriqlayman.

Odamcha bir sapchib, kartda oyoqlarini osiltirib oʻtirgach, bepisand kulimsirab:
— Bema’ni... behuda! — dedi. — Ana, koʻr. — Odamcha shunday deb, ishkom-chayla eshigi yonidagi gʻarq pishgan shivirgʻoni uzum tomon koʻrsatkich barmogʻini choʻzdi. Birdan uzumning tillarang barglari lovullab yona boshladi. — Koʻryapsanmi?

Beixtiyor tahlikadanmi, koʻzlari kattarib, Shoir sharp etkazib, Odamchaning koʻliga urdi:
— Oʻchir!
— Qoʻrqma, — dedi Odamcha kulib. — Xoʻsh, ketdikmi?
— Yoʻq... Oʻzing ketaver. Odamcha tagʻin gʻalati jilmayib:
— Odamzod umr boʻyi osmonga talpinib yashashini sen hali bilmaysan-da! — dedi. — Osmon qavatlarida qanday mavjudotlar borligini, ular nima ishlar bilan mashgʻulligani odamlarning juda-juda bilgilari keladi, lekin hech qachon bilolmaydilar. Agar hozir men bilan ravona boʻlsang, koʻp sirlarga oshno boʻlasan, uchib-kezib yurasan. Maza!
— I, ota-onam-chi? Ukamla-chi? Opalarim-chi? Nima, ularni sogʻinmaymanmi?
— Hech qachon!.. — dedi Odamcha. — Zamindan uzilganing sayin, osmonga koʻtarilganing sari, beparvo... begʻam boʻlaverasan.
— Keyin, meni topolmay, ota-onam yigʻlab yuradilar-a, shundaymi?
— Koʻrqma, jasadingni qoldirib ketamiz. Oʻzlari koʻmishadi.
— E, yoʻq!.. — dedi Shoir, keskin bosh chayqab. — Ketmaydi bunaqasi.
— Bilib koʻy, bari bir erta bir kun oborishadi. Lekin, unda qayoqqa tushishingni Xudo biladi.

Shoir yalt yuzlanib:
— Xudo bormi oʻzi? — deb soʻradi. Odamcha yanayam dilkash jilmayib:
— Bilib turibman, bor desam ham, yoʻq desam ham ishonmaysan, — dedi. — Chunki odamsan-ku!.. Odamzod har xil shubhayu xavotirlar bilan biri-birining boshini yeb yuraveradi. Ey, ins... inson, tushunyapsanmi gaplarimga?!

Shoir indamadi.

Odamcha asta kiftiga qoqib:
— Hozir eng begʻubor payting, hali dunyoning koʻp kirdikorlaridan bexabarsan, — dedi. — Erta bir kun davradoshlaringdan oʻzib ketaversang, olayib qarashadi. Agar qolib ketaversang, burun jiyirishadi. Keyin, bot-bot vijdonsizlarga duch kelib oʻrtanaverasan. Dardmand dilingga hamdamu dardkash izlaysan, lekin, topolmaysan. Doʻst deb bilganlaringning deyarli bari oxir-oqibat manfaatparast, ta’magir boʻlib chiqadi. Keyin, ne qilaringni bilolmay, bosh changshshab qolasan.
— Yoʻq... yoʻq!
— Yoʻq, dema, bolakay... Aytmoqchi, ukang qani — uyga ketganmi? Uning nopisand gap ohangi, tagʻin allanechuk oʻsmoqchilayotgani malol kelib:
— Kimsan oʻzing? — dedi Shoir.
— Aytdim-ku, osmondan tushgan farishtaman, — dedi Odamcha, yana jilmayib.
— Gapimga ishonaver!..
— Farishta emassan. Sen — shaytonsan!
— Mayli, shayton boʻla qolay. Lekin gaplarimga ishon: bu dunyoda hamma narsaning oʻz oʻrni, oʻz qadri bor. Ammo, Xudo haqqi, qasam ichib aytamanki, bu olamda faqat odamzod oʻz oʻrni, oʻz qadrini topolmay, nima uchun kelganiyu nima uchun ketib borayotganligini bilolmay oʻtadi. Shu bois odamzodning boshi umr boʻyi har xil gʻalvayu tuganmas ta’qiblardan chiqmaydi. Men esa seni muqarrar uqubatlardan, qaygʻulardan xalos qilmoqchiman... Xoʻsh, ketdikmi?

Odamcha sakrab pastga tushdi-yu, Shoirning qoʻlidan tortdi. Shoir kartdan uchib tusharkan, jonhovri Odamchaning oyogʻiga yopishdi.

* * *

— Shavkat!.. — deb qichqirdi xotini, tajanglik bilan. Soʻng, qiziga buyurdi. — Nodira, tur, qoʻl-betini yuvib, ukangni uyga olib kir. Loyda oʻynamasin. Ana, zor qolgur havo yanayam ayniyapti.

Shoir, xayoli toʻzgʻib, beixtiyor uf tortdi: xotin kasal. Ayniqsa, mana shunday beqaror bahor kunlari qoʻl-oyogʻining barmoqlari, boʻgʻimlari kaqshab ogʻrigani ogʻrigan. Oʻgʻilchaning ham sogʻligi chatoq... Hammasiga shu... qafasdaygina hovlicha sabab. Quyoshga terskayligiyu jarlik etagida joylashgani uchunmi, qishin-yozin zahxona. Mudom dahlizning devorlariyu xonalar shiftidan achimsiq bir rutubat ufurib turadi.

Aslida bu ikki xonalik hovlini olish fikri hatto xayolida ham yoʻq edi-ku, lekin ijaraxona uchun tish qoʻportirganday har oy sayin falon soʻm toʻlagandan tashqari, badfe’l ijaragirning qosh-qovogʻiga mutelarcha qarab yashash azobi ham rosa joniga tekkan edi; keyin, bu xovlicha uchun pulni oʻsha kunlarda mehmon boʻlib kelgan ota toʻlagan — u paytlarda oʻzi aspirant edi, ilmi tolibda pul nima qilsin!.. Xullas, yaxshimi-yomonmi, boshpanalik boʻlganlariga er-xotin benihoya suyungan edilar. Ammo, oradan uch-turt yil oʻtar-oʻtmas, sevinchlari ogʻriqli bir hasratga aylandi — avval xotin bedavo dardga chalindi, yaqinda esa oʻgʻilchaning ham xastaligi ayon boʻldi.

Tuyqus, huv oʻshanda Odamchaning choʻzib-choʻzib aytgan bir sitamkor gapi Shoirning kuloqlari ostida aks-sado berib jaranglayotganday tuyuldi: gaplarimga ishon — bu dunyoda hamma narsaning oʻz oʻrni, oʻz qadri bor. Ammo, Xudo haqqi, qasam ichib aytamanki, bu olamda faqat odamzod oʻz oʻrni, oʻz qadrini topolmay, nima uchun kelganiyu nima uchun ketib borayotganligini bilolmay oʻtadi.

Shoir, hamon xotini diltang koyinayotganligini eshitgisi kelmay, xayolchanlik bilan koʻzlarini yumdi: qiziq, Odamcha oʻshanda tushiga kirganmidi yoki... Agar tush boʻlsa, nega bari bu qadar ravshan xotirida muhrlanib qolgan? Mana, shu tobda ham Suvparisining mayin, shirali ovozini aniq eshitayotgandek; Majnuntepa qabristoni pastqamligidagi oʻliklar bazmini ayon koʻrayotgandek... Undan keyingi gʻaroyib manzaralar ham, ana, yasov tortib koʻz oʻngidan oʻtmoqda.

* * *

Kimdir kiftiga turtyapti.

Shoir asta koʻzlarini ochib, tumshugʻi kirlanib-koʻkarib ketgan latta etikni koʻrdi: tagin kim boʻldiykin bu? Odamcha... qip-yalangʻoch edi shekilli. Ana, tagʻin kiftiga nuqiyapti.
— Tur, oʻgʻlim.

Shoir otasining ovozini tanidi: iy-e, etik axir otamniki-ku!
— Nima uchun yerda yotibsan? — deb soʻradi otasi.

Shoir taajjublandi: chindan ham nega tap-taqir yerda yotibdi, kartda edi-ku?! Ha-ya!..
— Uyqungda bosinqirabsan-da, a?

Shoir turayotib, maykasi hamda ishtoniga ilashgan chang-chungni qoqdi:
— Zohir qani? — dedi.
— Shiyponda, — dedi otasi.

Kunbotardagi shiypon tomondan bedanalarning xonishi eshitilib turardi. Nima uchun Boʻynoqni ergashtirib ketdingizlar? — dedi Shoir. — Oldimga bitta Odamcha keldi. Boʻynoq boʻlganda kelolmasdi.
— Qanaqa Odamcha ekan u?
— Bilmayman... Arshu a’lodanman, dedi. Farishta emish.

Otasi kulib:
— Esing joyidami, oʻgʻlim! — dedi.
— Rost aytyapman, ota. Ishonmasangiz, ana, koʻring oʻzingiz!..

Shoir yugurib, ishkom-chayla eshigi oldidagi shivirgʻoni uzum yoniga bordi. Va, hayrat ichra tek qotib, kiftlarini qisdi: uzum gurullab yonmaganday edi, aslidagi holicha barglar xiyol tillarang tusda tovlanib turardi.
— Ha, tinchlikmi? — dedi otasi. — Jim boʻlib qolding?
— Oʻsha Odamcha oʻzining osmondan tushganligini menga bildirib qoʻymoqchi boʻlib, barmogʻi uchini toʻgʻrilashi bilan ana shu uzum lovullab yongan edi. Men, oʻchir, deb uning qoʻliga urgandim, olov oʻchib qoluvdi. Keyin, Odamcha meni oʻzi bilan olib ketish uchun koʻlimdan tortganida, kartdan uchib tushib, oyogʻiga yopishgan edim. Hoynahoy... sizni koʻrib qolib, Odamcha qochib ketgan boʻlishi kerak, ota.

Bir oz jimlikdan soʻng, otasi chimirilib, qoʻl siltadi:
— Qoʻy, togʻangga oʻxshab ertak toʻqima, oʻgʻlim! — dedi. — Kallamni qotirma, tushingga kirgan boʻlsa kerak yoki koʻzingta koʻringandir.
— Yoʻq, ota... Gapirgani qoʻymay, otasi:
— Bas qil, oʻgʻlim, — dedi. — Oʻzing tuppa-tuzuk bolasan-u, lekin, ba’zan oshirvorganing yomon-da!

Shoir, gaplari chinligiga otasini qanday ishontirarini bilolmay, ensa qashidi. Kuldi. Ex, ota, dedi... Keyin, Suvparisi chaqirganini ham, oʻliklar bazmini koʻrib qoʻrqqanligini ham aytmadi — bari bir, otasi ishonmaydi.
— Shiyponga bor, — dedi otasi, sochlarini silab. — Oʻsib ketibdi, pokida oldirishing kerak... Ukang ovqat keltirdi. Qorinlaringizni toʻygʻazgandan keyin, oʻt teringlar.

Shoir xayolchan alfozda shiypon tomonga yurib ketdi.

* * *

Namozshom chogʻi hovliga qaytganlaridan soʻng, hammalari soʻrida davra qurib ovqatlanishgach, negadir, Shoir bemahat uyqu elitayotganligini sezdi. Keyin, esu xushdan begona, koʻrpachaga choʻzilib, uxlab qolganligini bilmadi.

Bir mahal, gangur-gungir ovozlar olis-olislardan qulogʻiga chalinayotganday eshitila boshladi:
— Uygʻotma, onasi, uxlayversin... Boshiga yostiq qoʻy, ustiga koʻrpa tashla.
— Oʻzingiz bilan birga olib ketmaysizmi?

Beixtiyor Shoirning koʻzlari xiyol ochildi: yulduzlar!.. Tomga tegay-tegay deb turibdi. Tong otyapti...
— Bugun peshin payti behishtiy uzum ishkom-chaylada uxlab qolgan ekan, tush koʻrib, kartdan yiqilib tushibdi.
— Vuy-ey!.. Otasi, koʻrqmaptimi ishqilib?

Nogoh, Shoir vujudida oniy bir rohatbaxsh titroqni tuydi-yu, oʻzini yulduzlar sari parvoz qilayotganday his etib, yana uxlab qoldi.

Allamahalda rosa uyquga qonganday koʻzlarini ochdi: yulduzlar koʻtarilib ketibdi. Tepaga kelgan toʻlin oy esa hammayoqni sutday oydin nurga chulgʻagan. Daf’atan qaerda yotganini bilolmay, sekin qaddini tiklab, yon-veriga sergak koʻz yugurtirdi: soʻrining chap tomonida onasi, opasi, u yoqda ukalari qator uxlashyapti. Oʻzi esa... Nega onasining oyoq uchida tunab kolgan? Axir, otasining yonida boʻlishi kerak edi-ku? Qiziq, nima uchun otasi birga obketmabdi?

Tagʻin toʻshakka choʻzilib, yostiqqa bosh qoʻydi.

Yaxshi — uzoq uxlagan kabi uyquga qongan. Ruhi tetik. Ajab, nimadir qilgisi kelayotganday edi. Lekin nima qilishi kerakligini bilolmayapti... Endi hadeganda uxlayolmasa kerak. Oyga tikildi: oʻrtasida... togʻmi? Ha, xuddi toqqa oʻxsharkan. Oyda... odam bormikan-a?

Dabdurustdan osmonga uchgisi kelib qoldi. Entikdi. Nazarida, dast oʻrnidan turib, shitob qoʻllarini yoysa — shuv etib uchib ketadigandek... Yana beixtiyor entikdi: uchsa... uchaversa. Yulduzdan yulduzlarga qoʻnib, sayr qilib yursa... Bugun, peshin vaqti, oʻsha Odamcha bilan Arshu a’loga uchsa boʻlarkan. Oyda, yulduzlarda nimalar borligini, nimalar boʻlayotganligini koʻrib tushardi. Yoʻq, keyin qaytib tushmaysan, dedi-ku!.. Otasi ishonmadi. Mayli... biror kun oʻzlariga yoʻliqib qolsa, soʻngra ishonib qolarla... Hozir shiyponga borish kerak.

Shu fikr koʻnglidan kechgani hamono, irgʻib oʻrnidan turdi. Onasiga, opasiga, ukalariga bir-bir qaradi: hammasi miriqib uxlayapti... Soʻng, soʻri chambaragiga chiqib, qoʻllarini yoygan koʻyi, pastga sakradi. Qiziq, negadir yerga tap etib tushmadi, goʻyo qushday ohista qoʻndi. Suyunib ketdi. Chambarakka hardamxayollik bilan nigoh tashladi. Soʻng, bir zum osmonga orziqib tikildi: balaaand... Adogʻi bormikan-a?.. Yulduzlar... Ular buncha koʻp. Ana, bir yulduz pizillab uchib, yana osmon bagʻriga singib ketdi.

Oyoq yalang yurib, darvozaga yakinlasharkan, qaerdadir bir itning gʻayirlik bilan hurganini eshitdi, shu asnoda, tagʻin bir gala it vovulladi. Va, xiyoldan soʻng, itlarning uni uchdi.

Jismu jonini atlanechuk bir xavotir chulgʻayotganini his etarkan, bari bir qoʻrqmaslik kerakligini oʻylab, sekin darvozani ochdi. Koʻchaga chiqdi.

Hammayoq opoydin. Koʻchada hech bir zogʻ koʻrinmaydi. Jimjitlik. Ammo olisdagi sharsharaning boʻgʻiq shovullayotgani kuloqqa elas-elas eshitiladi.

Darvozani mahkam yopgach, mayda toshlar tovoniga qadalayotganini sezib-sezmay, zarang koʻcha oʻrtasidan ildam yurib ketdi. Zipillab borarkan, sovqatayotganini sezdi. Junjikdi. Maykasi ustidan koʻylak kiymaganiga afsuslanganday boʻldi.

Shu paytda...

...ana... Odamcha!

Odamcha koʻcha adogʻidagi keng maydonlik oʻrtasidan gazlama doʻkoni tomonga shamolday yelib oʻtdi.

Yo koʻziga koʻrindimikan-a?

Allaqachon Shoir haykalday tek qotgan edi. Ikkilana boshladi: ancha yurib qoʻygan, ortiga qaytgisi yoʻq. Biroq oldinda xavf borga oʻxshayapti. Qaytsa-chi? Yoʻq, qoʻrqmaslik kerak. Nimadir gʻurulladi!

Shoir ilkis maydonlikning narigi betidaga tor koʻchaga tikilib qaradi: qorongʻiroq... Kitob doʻkonining soyasi koʻcha yarmini egallagan. Oldinda daraxtlar qorayib koʻrinadi. Daraxtlar ohista shovullayapti.

...e, gʻurullasa — Gʻurullar! Qoʻrqmaslik kerak. Onasi rost aytadi: qoʻrqqanga qoʻsha koʻrinar. Qoʻrqmay, dadil yurish kerak.

Beixtiyor qoʻllarini musht qilgan koʻyi, sekin joyidan jildi. Keyin, agar biror kori hol roʻy berguday boʻlsa, zuvillab qochajagini oʻylab, tobora chaqqonroq yurdi. Ayni maydon oʻrtasiga yaqinlashayotganida, tunqus bir it yana gʻayirlik bilan vovulladi.

Goʻyo Odamcha itga aylanib tashlanmoqchi boʻlayotgandek, Shoir keskin oʻgirilib karadi: bir gala koʻppak tut soyasida bir qanjiqni oʻrab olgan ekan. Tapashishyapti.

...uf-f! Boya doʻkon tomon yelib oʻtgan ham... Yoʻq, Odamcha edi. Aniq!.. Qoʻrqmaslik kerak. Vuy, yurakning olatasir urishini: duk-duk, duk-duk!.. Qoʻrqmaslik kerak. Buyogʻi oz qoldi endi. Anavi daraxtzordan keyin, Tegirmonariq koʻprigidan oʻtsa — u yogʻi bogʻ.

Shoir, yon-veriga alanglagan koʻyi, ildam yurib bormoqda edi. Bir zumda maydonlik ortda qoldi, keyin chaqqon tor koʻchadan oʻtdi.

Daraxtzor oralagan soʻqmoq oy nuridan goʻyo bexad-behisob kumush tangalar sochilib yotganday boʻlib koʻrinadi. Shabadada ohista shovullayotgan daraxtlar orasida nimadir pinhondek, negadir Odamcha qadam-baqadam poylayotganday tuyulaveradi. Qovjiroq oʻt-oʻlanlar bagʻridagi bedor hasharotlar esa koʻngilga yanayam gʻulu solib shitirlaydi.

Bexos, bir boyqush tun sukunatini tilkalavordi: qiyuv-v!..

Shoir beixtiyor seskandi. Shu asnoda, birdan bir necha qush potirlab uchdi. Shoir gʻudranib soʻkinarkan, birga ergashtirib qaytmaganlari uchun dilida otasidan oʻksidi... Keyin, Tegirmonariq koʻprigiga yaqinlasharkan, jismu jonida beorom kezayoggan koʻrkuv hissini utgutganday boʻldi: qurbaqalar basma-basiga sayrashyapti. Yeru koʻkni jonivorlarning yoqimli bir nagmasi tutib ketganday edi. Qirgʻoq boʻyidagi oʻskin qieqlar betinim titranadi. Qurbaqalar choʻlp-choʻlp suvga kalla tashlaydi. Toʻlib oqayotgan simobiy suv yuzasi esa quyosh tigʻida qolgan kumush la’liday jimir-jimir yaltiraydi. Bunaqasini hech kachon koʻrmagan edi. Ajoyib!.. Oydin kecha.

Qumloq yoʻl betidagi adl teraklar oy nuriga choʻmilib, mayin shovullaydi. Yoʻldan nari mevazor bogʻ. Bogʻ uzumzorga tutashib ketgan. Ajab, atrof-tevarakda koʻngilga allaqanday xotirjamlik aralash zavq-shavq bagʻishlovchi bir osudalik kezayotganday edi. Garchi, ushbu goʻzal tabiatning bir zarrasi ekanligini Shoir ayni kezda idrok etmayotgan esa-da, unga vujud-vujudi bilan qoʻshilib-qorishib ketgandek, endi qoʻrquv hissini tamomila unutgan — to hanuz fikru yodini band etib kelayotgan Odamcha xayolidan butunlay koʻtarilgan edi.

Bir mahal, roʻparadan oʻynoklab Boʻynoq koʻrindi.
— Boʻynoq! — dedi Shoir suyunib. — Boʻynoq!

Jonivor, allatovur yer bagʻirlab, oyogʻiga suykaldi, soʻng yalinchoqlanayotganday gʻingshib, qoʻllarini yaladi.
— Meni tashlab kelaveribsan-a, Boʻynoq! — dedi Shoir, uning kallasiga beozor shapatilab. — Yoʻlda bir gala kuchuklarga duch keldim. Eh-h, Boʻynoq!..

Boʻynoq tagʻin ixtiyorsizligidan noliyotganday chingsib, qoʻllarini yalab, qurib qoʻydi. Nogoh, bezovta boʻlgandek, ariq boʻyidagi bostirma ostida eshak bir pishqirdi. Qoʻtondagi qoʻylarning oromi buzildi.

Otasi shiypon ayvonidagi kartda yotgan edi, sekin qomatini tiklab:
— Kim? — dedi.
— Ota, — dedi Shoir.

Otasi, ovozi allanechuk tovlanib:
— Qoʻrqmadingmi? — dedi.
— Yoʻq, qoʻrqmadim, — dedi Shoir.
— Qoʻrqqandirsan-ov, oʻgʻlim... Bu yoqqa kelganingni onang biladimi?
— Uygʻotgim kelmadi.

Boʻynoq tagʻin bir suykalib, narida choʻnqaydi.

Shoir kart chekkasida oyoqlarini sholga artdi, soʻng otasining quchogʻiga kirdi. Toʻshak issiqqina edi. Kiftiga otasi mehrchan qoqib:
— Uxla, — dedi.

Hammayoq jimjit. Yeru osmon op-oydin. Yulduzlar ajab bir sehrkorlik bilan jimirlaydi. Terak barglari esa, allalayotgan kabi mayin shildiraydi. Negadir, Shoirning uyqusi kelmayotgan edi:
— Ota... — dedi. — Erta qanaqa kun?
— Nimaydi?
— Bozor kuni «Alifbe» olib beraman, devdingiz.
— Bozorgacha hali uch kun bor.
— Besh kundan keyin maktab, ota.
— Nasib!.. Endi uxla, oʻgʻlim. Shoir koʻzlarini yumdi.

Keyin, tuyqus O d a m ch a hamda oʻ l i k l a r bazmi yodigʻa tushdi-yu, shartta koʻrpani boshiga tortdi.

Xiyoldan soʻng, nimasidandir ayro tushayotganligini his etib-etolmay, tobora uyqu gʻolib kelayotganligini sezdi.

Keyin...

...allamahalda, tushidami yoxud xayolidami, turnalar bilan osmonu falakda uchib yurganday tuyuddi. Va, oradan hayal oʻtar-oʻtmas, birdan koʻngli aynib, shartta kart chekkasiga choʻzilar-choʻzilmas, qayt qilvorarkan, turnalar alyori qulogʻiga boʻgʻiq chalindi: qur-ey! Qur-ey!..

A’zoyi badani qalt-qalt titrarkan, ogʻzidan qusqi aralash soʻlak oqqancha, behol koʻkka tikildi: tong boʻzarib otmoqda, osmon bagʻrida qator tizilishib uchayotgan turnalar qatdirgʻochlarday kichrayib koʻrinadilar: qur-ey! Qur-ey!..

Shu paytda otasi ariq tomondan ildam kelib, muzday kaftini peshonasiga bosarkan:
— Aytgandim-ku, qoʻrqqansan, deb! — dedi. — Ana, lablaringga uchuq toshipti. Tagʻin birdan koʻngli aynib, ichak-chavogʻi ogʻziga kelganday boʻldi. Lekin, qayt qilolmadi.
— Qus! — dedi otasi, uning boshini kaftlari orasida tutib. — Qussang, yengil tortasan.

Shoir yanayam qalt-qalt titrab:
— Kelmayopti, — dedi. — Sovuq yeyobman.
— Isitmaniki... Oʻtib ketadi. — Otasi yelkasidagi belbogʻni olib, lablarini artdi, yuzlarini siyirdi. Temir choynakdan piyolaga sovuq choy quyib, ogʻzini chaydirdi. Soʻng, toʻshakka choʻzilgach, koʻrpani ikki qatlab ustiga yopdi. — Xudo xohlasa, yaxshi boʻp ketasan, oʻgʻlim. Oʻylama... hech nimani oʻylama, otday boʻp ketasan hali.

Shoir, oradan lahza kechar-kechmas, alaxsiray boshladi: ana, O d a m ch a... odamsimon s u ya k l a r... Ana, kimdir chaqiryapti. Iy-e, Suvparisi-ku! Qochish... qochish kerak!... Nogoh, yaydoq bir qizil ot paydo boʻldi... Ot tomon yugurish... Otga minib qochish... qochish kerak!..

Keyin...

... jiqqa terga botib uygʻondi.

Choshgoh mahali. Quyosh qizdirmoqda. Teraklar shoxida gʻuj-guj chumchuqlar chugʻurlashyapti. Shoir sekin toʻshakda choʻnqayib oʻtirdi. Xiyla bedarmon edi. Yon-veriga xastahol qaradi: ota koʻrinmaydi. Aqlu shuurini quyuq tumanmi, nimadir oʻrab-chirmab olganday edi... Nima qilsaykin-a? Sekin kartdan tushdi. Shiypon ayvoniga tutash xona eshigini ochib qaradi: ota bu yerda ham yoʻq. Qaerda boʻlishi mumkin?.. Boʻynoq-chi?

Tuyqus, nimadir gurs etdi. Toʻrqovokdagi bedanalardan biri bezovta pitirladi. Shoir Majnuntepa tomon nigoh tashlab, ishkom-chayla yonida otasini koʻrdi. Ota qoʻlidagi allanima quyosh nurida yalt-yult qilmoqda edi. Otasi tomon jildi. Bir oz yurgach, charchadi. Namchil ariqcha boʻyidagi quruqshab yotgan kesak ustiga choʻnqaydi. Bemajol edi. Quloqlari shangʻillayapti. Koʻzlari tinayotganini sezdi. Majolsizlikdan xoʻrligi keldi. Keyin, nechundir allakimlardan koʻnglida oʻksidi. Va, asta uv tortib, yiglay boshladi: ota, menga nima boʻldi? Otajon!..

Shu paytda, qayoqdandir Boʻynoq yelib keldi. Xalloslab-xansirab oyoqlariga suykaldi. Soʻng, poyida choʻzilib, qoʻllarini yaladi. Chingsidi.
— Ha, Boʻynoq?..— dedi Shoir. — Mana... men nega yigʻlayopman, bilasanmi? Bilmaysan. Oʻzim ham bilmayman.

Boʻynoq tumshugʻini choʻzdi... Soʻng, oʻrnidan turdi-yu, ariqchadan oshib, ishkom-chayla sari yoʻl boshladi. Besh-olti qadam nari borib, ortiga qaradi. Choʻnqaydi. Gʻingshidi.

Shoir sekin ariqchadan oʻtib, yer bagʻirlab yotgan uzumlar oralagan koʻyi, ishkom-chayla sari yurdi. Chaylaga yaqinlashayotib, koʻrayotganlariga ishonib-ishonolmay, serrayib qoldi: kechagina peshin chogʻi hushidami-tushidami tokning gurullab yongan shoxidagi barglar chindan ham gulxanda qovjiraganday quvragan; shigʻil-shigʻil shivirgʻoni shingillar esa poʻlqitlanib yotar; otasi uni chopgan; chopilgan joydan endi koʻz yoshiday suyuqlik sizib oqmoqda edi.
— Nima uchun chopdingiz?

Otasi tokning yonbetida bir chuqur kovlayotgan edi, birdan seskanib qaradiyu:
— Ha, Shoirjon?.. — dedi. Soʻng, shartta ketmonni qoʻyib, kiftidan quchdi. — Peshonasidan oʻpdi. Lablaridagi poʻrsiq uchuqlarni ohista bosib koʻrdi. —Yigʻlabsan-ku, oʻgʻlim. Nima boʻldi?
— Oʻzim...
— Kap-katta bola-ya?! Uyat... uyat.
— Nima uchun uni chopib tashladingiz?
— Sen... bunga parvo qilma, oʻgʻlim.

Nazarida, otasi nimanidir payqagan, nimadandir bezovta edi.
— Chopmaslik kerak edi.
— Bogʻda qurigan daraxt, tok... xunuk koʻrinadi-da! — Ota shunday deb, bir kundayoq qovjirab-quvragan tokni chuqurga bosib, ustidan tuproq torta boshladi. — Bor, chaylaga kirib, damingni olib yot. Uxlab qolma lekin!.. Birga qaytamiz.
— Koʻmib tashlagancha, qoʻylarga bersangiz boʻlmasmidi, ota? Otasining koʻylagi terdan jiqqa hoʻl edi, peshonasidagi terlarni yengiga artib:
— Sen hozir bu yoqqa kelmasliging kerak edi, Shoirjon, — dedi. — Uchingansan axir, oʻgʻlim.

Tuyqus Boʻynoq irgʻib turdi-yu, gʻayurlik bilan yer tatalagancha, negadir qabristonga qarab hura boshladi.

Ota shartta bir kesakni olib otarkan:
— Boʻynoq! — dedi oʻshqirib. — Oʻchir!..

Shoir ilkis qabriston tomonga oʻgirildi, koʻziga biror zogʻ koʻrinmadi. Lekin, tagʻin ajabtovur burgʻuyu balabon sadolari qulogʻiga chalinayotganday tuyulib, boshi aylanayotganligini sezdi. Soʻng:
— Eshityapsizmi, ota? — dedi.
— Nimani? — dedi otasi, koʻzlari bejolanib.
— Balabon tovushini.

Ota indamay, tok zanga yonidagi oyboltani belbogʻiga qistirdi-yu, ildam borib:
— Opich yelkamga, Shoirjon, — dedi.
— Kerak emas, ota. Oʻzim...
— Boʻl, gapni koʻpaytirma!

Shoir xushlar-xushlamas otasining yelkasiga opichdi. Boʻynoqni ergashtirib, ishkom-chayladan ancha uzoqlashganlaridan soʻng, ota oʻychanlik bilan:
— Hademay, uzum uzishni boshlaymiz, — dedi. — Endi sen boqqa kelmasang ham boʻladi. Maktabga tayyorgarlik koʻrishing kerak.

Shoir indamay, Majnuntepa qabristoni tomon oʻgirilib qaradi: allatovur harir parda yangligʻ nimadir tagʻin jimirlab, kumushranglanib koʻrinayotganday edi.

* * *

Tusi uchib ketgan vassajuft shiftga Shoir xayolchan tikilgan koʻyi, olis oʻtmishni xotirlarkan, hamon hayronu ma’lul edi: oʻshandan keyin, — koʻp yillar keyin, — tapabalik kezlarida nimadandir siqilgan, kimningdir diydoriga ilhaq damlarida, ba’zan esa dabdurustdan uchib ketish uchun bot-bot osmonga talpinganlari yodiga tushdi. Tagʻin beixtiyor otashin entiqtsi. Qani edi, qulochini yoysa-yu, uchiiib ketsa!..

Nega... nima uchun shunday — hanuz biror-bir joʻyali javob aytolmaydi. Ammo, shu armonli istak har gal koʻnglidan kechgani hamono, sirli-sinoatli samo judayam yovuq tuyulib, ruhiyatida allanechuk sururbaxsh bir titratmani his etadi. Va, koʻzlarini yumadiyu... quloqlari ostida shamol guvillayotgandek, jismu jussasi esa tobora yengil tortayotganday uchib ketaveradi.

Bu gʻalati holdan yaqin-yaqinlargacha bahri dili yayraganligini hali-hamon entikib eslaydi. Oʻshanday kezlarda: salom, toʻlin oy!.. Mana, menman, deb hayqirgisi kelganligi yodiga tushib, hali-hamon xurram jilmayadi. Biroq, bu ajabtovur holni hech qachon birovga aytmagan. Biladi: aytsa — hangomatalablar esariga yoʻyib qoʻymasalar hamki, albatta kulishlari tayin. Darvoqe, oʻshanda nima uchun ishkom-chayla yonidan sarosar joʻnaganlari boisini bilolmagan, otasi esa dabdurustdan sarosimalanganligi sababini aytmagan edi.

Otasining tabiati oʻzi shunaqa: kamgaproq.

To xanuz qoʻqqisdan Boʻynoqning gʻayurlik bilan yer tatalagancha, Majnuntepa qabristoniga qarab yovqur hurgani-yu, daf’atan otasining koʻzlari bejolanganligi hamda nogoh oʻzining quloqlariga allaqanday sadolar chalinganligi sirini bilolmaydi.

Ha, garchi tahlika ichra bir kori holni kutgan esa-da, oradan bir yil oʻtgunga dovur hech nima roʻy bermagan edi. Keyin, roppa-rosa bir yildan soʻng, ayni uzum pishigi kunlarida biri-biridan dahshatliroq bir necha voqea ustma-ust sodir boʻlgan edi.

Hamon oʻsha kunlar yodiga tushgan zahotiyoq, O d a m ch a maydonlikni kesib oʻtgan oydin kechadagidek, birdan yuragi olatasir ura ketdi.

* * *

Peshin payti edi, tuykus darvoza ochilib, hovliga avval qoʻngʻizdek qop-qora bir kuchukcha yugurib kirdi-yu, tarvaqaylagan tut ostida mudrab yotgan Boʻynoqni koʻrib, choʻchonglab hura boshladi: chav-chav-chav!..

Kuchukcha tanish edi: oti — Tozigul. Boʻynoq erinchoqlik bilan gʻurillab qoʻydi. Tozigul hurishdan tinib, ogʻilxona ayvoni ustunini hidladi. Soʻng, orqa oyoqlaridan bittasini koʻtarib, ustun poyini hoʻlladi.

Shoir bogʻdan oʻt terib kelgan, endi soʻrida oʻtirib, qulfak somsa yemoqda edi, onasiga qarab:
— Ana, qovogʻingiz uchib turgan boʻlsa, joʻgi xolangiz keldi, — dedi. — Turing, kutib oling.

Zohir esa, shishib ketgan xasta oegʻini soʻri chambaragi ustiga qoʻyib yotgan edi, bir ingranib:
— Ana, joʻga xolangizning Toziguli allaqachon ish bajarib qoʻydi, — dedi.

Ona oʻgʻillarini beozor koyidi:
— Jim boʻlinglar-e, musulmonlar!..

Shu asnoda, yelkasiga xurjun tashlab, koʻliga uzun hassa tutgan, baland boʻyli, qoraparang, oltmish yoshlardagi bir loʻli xotin darvozaxonaga tutash ayvondan oʻtib, soʻri sari ildam yaqinlashaverdi.
— Assalom, Mayram xola!.. — dedi ona, ieshvoz yurib. — Keling... Xush keldingiz. Mayram loʻli xurjuni hamda hassasini yerga qoʻyib, salomga alik olgach, atrof-tevarakka bir qur koʻz yugurtirarkan:
— Adol, molu joning sogʻmi? — dedi. — Boyingu bachalaring eson-omonmi?
— Shukr, Mayram xolajon. Soʻriga chiqing. Chalob qilib qoʻyibman. Muzdekkina.

Mayram loʻli qars urib:
— Tozigul!.. — dedi.

Kuchukcha besabr hovli iskanib yurgan edi, zingʻillab borib, xurjun yonida choʻnqaydi. Keyin, Mayram loʻli soʻriga chiqayotib:
— Choriyorlar haqiga, aziz avliyoyu anbiyolar haqiga qozon osib, is chiqar, Adol! — dedi. — Kam boʻlmaysan. Tavba gunohni yoʻqqilar, sadaqa-baloni!..
— Yaratgan Qodir egamga ertayu kech shukur qilib yuribman-ku, Mayram xola.
— Noshukurlik — yomon, lekin yakkash shukronangning oʻzi kamlik qiladi. Bildingmi?.. Saxiy boʻl, saxovatli boʻl.
— Ha, endi imkon qadar-da, Mayram xola! — deb, ona Zohirni ozorsiz koyidi. — Hay, beadab, nariroq surilsang-chi!
— Qoʻy, yotaversin, — dedi Mayram loʻli soʻri chekkasiga horgʻin choʻkib. — Bachang xasta-ku, Adol?.. Ha, turkvachchalar! ..

Zohir choʻzala tushib yotgan koʻyi, xiyol surilgan boʻlib, «joʻgi xola»ga allanechuk bir qarab qoʻydi. Quruqshagan lablarini qimtidi. Mayram loʻli kaftlarini yoyib:
— Omin, Xudoyo xudovando sherimard jilovdoring boʻlsun, Adol... Bola-chaqangni rohatini koʻr. Ollohu akbar! — dedi.
— Iloyo aytganingiz kelsin, Mayram xolajon!..
— Koʻchangdan oʻtib ketayotuvdim. Tozigulim darvozangni oldida takqa toʻxtab, kirabiz, dedi. Xay, kirsak — kirayluk, dedim.

Zohir beixtiyor piq etib kuldi. Ona tagʻin unga noxush chimirilib:
— Hay, Zoyir!.. — dedi. Soʻng, Mayram loʻliga choy quyib uzatdi. — Hamisha mehmon uchun darvozamiz ochiq, Mayram xola. Keyingi paytlarda kamdiydor boʻlib ketuvdingiz oʻzi.
— Bu yil Samarqandda qishlab, Surxondaryoda amal-taqal bilan bahorni oʻtkazduk. Bilasan-ku, joʻgi xolangni oyogʻi boqadu, Adol! Mana, yoz... pishiqchilik. Kecha, xufton mahali dayravotga kelib qoʻnganbiz.
— Oling, bichak dan yeng, Mayram xola, choyni quruq ichmang.
— Yeyman, — dedi Mayram loʻli, choydan hoʻplab. — Oyogʻim tortmagan joyga kirmayman, koʻnglim tusamagan joydan tuz totmayman. Lekin, san yaxshisan, Adol. Dasturxoning manga begona emas. Koʻchangda oʻzingga oʻxshagan uch-toʻrtta diltortarim bor. Bugun bir-bir diydorlashib chiqaman.
— Mayli, murodingiz hosil boʻlsin, Mayram xola.

Mayram loʻli choy ichdi, somsadan yedi. Soʻng, dabdurustdan boshini sarak-sarak qilib:
— Aytsam — tilim kuyadi, aytmasam — dilim!.. — dedi, negadir Zohirga bir necha bor suq bilan nigoh tashlab. — Nega qosh-qavogʻing beqoʻnim uchishini, yuraging taka-pukaligi sababini aytaymi, Adol?
— Rost, ikki-uch kundan beri yuragim nimadandir bezillaydigan boʻlib qolgan, — dedi ona. — Agar... agar yomon gap boʻlsa aytmang, Mayram xola, kerak emas.
— Yomonni bilmay, yaxshiga yetolmaysan... Bu dunyosiga hammamiz omonatmiz. Lekin, man sanga hakki rosti aytar boʻlsam, anavi turkvachchang... sanga omonat, Adol.

Birdan rang-roʻyi boʻzarib:
— Iloyo tilginangizga chipqon chiqsin-a, Mayram xolajon! — dedi ona. — Bas qiling!.. Oʻzim sizga bir koʻylaklik asl libosdan olib koʻyibman. Bitta qora tovuq ham beraman. Bolaginalarimni duo qiling. Shuginalarim unib-oʻssin, oʻzidan koʻpaysin.
— Qoʻrqma, bu dunyosining oʻzi aslida omonatxona, — dedi Mayram loʻli, parvosiz qoʻl siltab. — Omonatini birov erta topshiradi, birov keyin...

Ona, yuz-koʻzlari asabiy pirpirab:
— Agar yana bitta yomon gap aytsangiz, qargʻayman lekin! — dedi.
— Soʻkaver, qargʻayver, Adol, — dedi Mayram loʻli, mayin kulimsirab. — Soʻksang bitim toʻkiladi, qargʻasang — gunohim... Lekin, man — esini tanigandan beri toʻgʻri gapini aytib kelayotgan joʻgi xolangman. Parilarim shu paytgacha mani aldamagan, shu paytgacha chiltonlarim manga pand bermagan. — Shunday deb, Mayram loʻli tagʻin Zohirning jarohati bogʻlab qoʻyilgan oyogʻiga uzoqdan razm soldi. — Koʻrib turibman, turkvachchangning oyogʻiga kizil jangalning tikani kirib, sinib qolgan. Toʻgʻrimi, bacham?

Zohir ilkis qaddini tiklab, ixtiyorsiz agʻrayarkan:
— Rost... rost! — dedi. — Ana, ona, sizga aytuvdim-ku! Mayram loʻli esa shartta onaga yuzlanib:
— Adol, darrov bir togʻoracha namakob tayyorla! Xamirdan kil sugʻurganday qilib, tikanni qoʻlingta olib beraman hozir.

Zohir keskin bosh chayqab:
— Yoʻq-yoʻq, kerak emas! — dedi — Qoʻrqaman... Ona, kerak emas, ogʻritadi.
— E, jon desang-chi, Zoyirjon!.. — Ona ildam oshxona tomonga oʻtarkan, Shoirga buyurdi. — Bor, tavanxonadan eski togʻorachani olib chiq, oʻgʻlim.

Mayram loʻli chakqon oʻrnidan turib, baxmal nimchasini yechdi, roʻmolini qayta turmaklab bogʻladi, soʻng yenglarini shimardi. Hayal fursat oʻtar-oʻtmas, ona namakob tayyorlab, yerga sholcha yozdi, koʻrpacha toʻshadi, soʻng Zohirni chaqirdi:
— Kel, oʻgʻlim... Imillama!

Zohir inqillab soʻridan tusharkan:
— Ona, oyogimni oʻziz ushlab turasiz, — dedi elanib.
— Qoʻrqma, bacham. — Mayram loʻli koʻrpachaga Zohirni chalqancha yotqizib, oyogʻidan dokani yechdi. Oyoqning ham osti, ham usti shishib, jarohat maddalab ketgan ekan. — Bay-bay, qanday chidading-a, turkvachcha?! — deya Mayram loʻli jarohat tevaragini silab-siypaladi. Soʻng, sekin oyoqni namakobga botira boshladi. — Kuydirmayaptimi?
— Yoʻq, bilinmayapti, — dedi Zohir.

Bir ozdan soʻng, oyoqni namakobdan chiqarib, Mayram loʻli allanimalarni pichirlagan koʻyi, jarohatga kuf-suf qilgach, tagʻin namakobga solarkan:
— Adol, endi san jinday kiyiz kuydirib kel, — dedi.
— Hozir opkelaman, Mayram xolajon, hozir!.. Tagʻin oradan xiyol fursat oʻtdi.

Mayram loʻli avaylabgina Zohirning oyogʻini kaftiga qoʻyib, takroran jarohatni silab-siypalay boshladi. Madda yanayam shishib, yanayam bilqillab qolgan edi.
— Ogʻriyoptimi, bacham?
— Yoʻq, sezmayapman, — dedi Zohir.

Mayram loʻli xonish qilaetgandek bosiq ohangda pichirlab:
— Mani qoʻlim emas, Luqmoni Hakimning qoʻli, madadkor bibi Gulyor parimning qoʻli... Kuf! — deya barmogʻi bilan tilib yubordimi yoki maddaning oʻzi yorildimi, togʻorachaga yiring aralash qon chakillab toma boshladi. — Ana boʻldi... Yana birpas jim yotasan.

Hamon Shoir kiprik kokmay, barcha xatti-harakatni kuzatib oʻtirgan edi, angrayib qoldi: Zohir loaqal qilt etmadi-ya!

Shu paytda ona shoshilinch pildirab, bir parcha doka hamda temir tovoqchada kigiz soʻxtasi keltirdi:
— Mana, Mayram xolajon...

Nogoh, Zohir tishlarini gʻich qilib, baqirib yubordi:
— Vo-ah-h-x!..
— Jim, turkvachcha, jim!.. Ana, tomosha tamom. — Mayram loʻli tishkovlagachdan xiyol nozikroq bir tikanni barmoqlari uchida tutib onaga uzatdi. — Ma, koʻrib qoʻy akun.

Tikanni qoʻliga olarkan, beixtiyor peshonasi tirishib, ona bosh chayqadi:
— Bolam bechoragina-ya! Rosa azob yebsan-ku, Zoyirjon. Umriginang uzoq boʻlsin-a, bolajonim!..

Zohir ma’nodor, mehrchan qarab qoʻydi. Indamadi. Mayram loʻli jarohatga soʻxta bosib, doka bilan bogʻlab qoʻygach:
— Manga chap qoʻlingni choʻz, — dedi. Va, uning kaftiga uzoq tikilib, negadir parishon bosh irgʻadi. — Akun shu oftobroʻyada uxla. Yum koʻzingni!

Zohir itoatkorlik bilan koʻzlarini yumdi.

Xiyoldan soʻng Mayram loʻli vazmin oʻrnidan turib, soʻriga yaqinlashdi. Omonat choʻnqaydi. Onaga savolchan tikildi: aytaymi, Adol?
— Ha, nima uchun jim boʻlib qoldingiz, Mayram xola?
— Adol, man sanga aytsam... shu hafta ichi boshingda bir koʻrgiliging bor.
— Yana boshladingizmi, Mayram xola!.. Shoshmang axir, Mayram xolajon, nafasimni sal rostlavolay.
— Gapimni boʻlma akun!.. Kuloq sol: koʻzimga bir bogʻ koʻrinayopti. Bogʻ oʻrtasida bir ishkom-chayla...

Birdan Shoir hayajonlanib:
— Ona, rost! — dedi. — Axir, u — Oʻzimizning chayla-ku!
— Man sanga aytsam... ana oʻsha chayla yonida oʻgʻlingga bir farishtaning nazari tushgan.

Beixtiyor Shoir entikdi, jim qoldi.
— Tikan ham oʻsha yerda oyogʻiga kirgan, — dedi Mayram loʻli. — Ana, ishonmasang oʻgʻlingdan soʻra.

Dabdurust besabrlik bilan ona:
— Zoyir? — dedi. — Zoyirjon?!
— Oʻgʻling uxlayopti, Adol, — dedi Mayram loʻli allanechuk kulimsirab. — Uygʻonganidan soʻgʻin soʻraysan.

Chindan ham Zohir allaqachon uxlab qolgan, bir maromda pishillab nafas olmoqda edi. Negadir ona shitob Zohir yoniga bordi, bir zum termilib turdi, soʻng chaqqon uyga kirayotib:
— Shoirjon, yugur, katakdan bitta qora tovuq tutib chiq! — dedi. Ogʻilxona ortiga Shoir yugurib oʻtdi-yu, zumda bir qora tovuqni qaqogʻlatib koʻtarib qaytdi.

Mayram loʻli tovuqni qoʻliga olib:
— Diding binoyi-ku, turkvachcha! — dedi. Soʻng, shartta dasturxon chetida turgan pichoq bilan tovuqning shalpaygan tojisini tilib, Zohirning jarohati bogʻlangan dokaga bir necha tomchi qon tomizdi. Keyin, kaftiga bir oz qon oqizib, avval Zohirning boshiga, soʻngra, qoʻyarda-qoʻymay, Shoirning ham boshiga surtdi. — Buning karomatini keyin bilasan, nodon!..

Shu paytda ona uydan ikkita non hamda bir koʻylaklik gazlama chiqarib uzatarkan:
— Mana, Mayram xolajon, bu pulniyam olib koʻying? — deb, elandi. — Bolalarimni duo qiling! Shuginalar ortimizda qolsinlar, iloyo dogʻu hasratlarini koʻrmaylik.
— Arzingni Olloh eshitgay, Adol, — deb, Mayram loʻli gazlama bilan nonni hamda tovuqni xurjunga soldi. Soʻng, nimchani kiyib, tagʻin kaftlarini yoydi. — Adol!.. Omin, aziz avliyoyu anbiyolar sani koʻllab, farzandlaring umrini ziyoda qilsin. Boying bilan qoʻsha piru badavlat boʻlgʻaysan. Ollohu akbar!..
— Omin, iloyo aytganingiz kelsin, xolajon!.. Agar yoʻlingiz tushsa, ertagayam kiring!
— Mayli... — Mayram loʻli xurjunni yelkaga osib, hassasini duq-duq yerga urdi. — Agar ertaga kelolsam, sanga bir rivoyat aytib beraman. Zoʻr rivoyat!

Beixtiyor Shoir betoqat bir hayajon bilan:
— Hozir ayting, joʻgi xola! — dedi yalinib. — Ayta qoling, joʻgi xolajon?
— Ertaga, turkvachcha, ertaga!.. Adol, Xudoyim bachalaringdi barining umrini ziyoda qilsin, lekin man sanga aytsam, shu oʻgʻling zoʻr odam boʻladi. Koʻrasan!.. Xayr, omon boʻl, Adol!
— Xayr, Mayram xolajon!..

Mayram loʻli Tozigulni ergashtirib, shaxdam xovlidan chiqib ketdi. Ammo, nima uchundir Mayram loʻli ertasi kelmadi. Indini, choshgoh maxali ota eshakka ikki chelak meva-cheva yuklab, layravotga yoʻl oldi.

Ota qoʻnalgʻaga borsa, buzib ketilgan chaylalardan qolgan parcha-purcha laxtagu kogʻozlar shamolda toʻzgʻib, oʻchokdarda chala yongan oʻtinlar tutayotganmish.

* * *

Ha, oʻsha kuni, — Mayram loʻli chiqib ketganidan soʻng, — nihoyat, hushiga kelgandek, ona bir mudtsat Zohirga oʻychan termilib turdi. Zohir jiqqa terga botib uxlamoqda edi. Ona sholchaga mungrayib choʻkdi. Soʻng, uning peshonasi, yuzlaridagi terlarni ohista artayotib:
— Shoir, bor, bolam, — dedi. — Joʻgi xolangdan eshitganlaringni oshirmay-yashirmay otangga yetkaz. Hayallama!.. Namozgar ertaroq qaytinglar.

Shoir dasturxonga oʻrogʻlik qulfak somsa, bir mashrapa ayron olib, boqqa joʻnadi. Sarosar yetib borgach, hamma gapni otasiga aytdi. Ota, birdan yurak-bagʻriga oʻt ketgandek, muzdek ayrondan simirib:
— Ukang haliyam uxlab yotibdimi? — deb soʻradi.
— Uxlayapti, — dedi Shoir.

Bir oz jimlikdan soʻng, ota gʻudranib:
— Aql bovar qilmaydi-ya!.. — dedi. Keyin, ta’kidli nazar bilan tikilib, tayinladi. — Ukangni yolgʻizlab qoʻyma, oʻgʻlim!

Shoir bosh irgʻadi: xoʻp boʻladi!..

Ota oyboltani belbogʻiga qistirib, qoʻlida tokqaychi, boshini quyi eggancha, Majnuntepa tomonga sekin yurib ketdi.

Shoir dasturxonni ayvon havozasiga osgach, bedanalarning suvdoniga suv kuydi. Keyin, oʻrokli olib, bokqa kirdi. Oʻt terayotib, otasining negadir xavotir bilan tayinlagan toshniriga xayolidan kechdi: demak!.. Va nogoh, atigi bir yil emas, goʻyo allazamonlar tushidami yoxud xushidami roʻy bergan oʻsha gʻaroyib voqea yodiga tushib, yana koʻz oʻngida tanish manzara yorqin namoyon boʻldi: ana, mayin ovozda kimdir chaqiryapti... Ana, qabriston pastqamligida oʻliklar bazmi. Ana, Odamcha!..

Bexos quloqlari ostida Odamchaning allanechuk choʻzinchoq ovozi eshitilayotganday tuyuldi:
— ...Odamzod umr boʻyi osmonga talpinib yashashini sen hali bilmaysan-da, bolakay! Arshu a’loda qanday mavjudotlar borligini, ular nima ishlar bilan mashgʻulligini odamlar juda-juda bilgilari keladi, lekin hech qachon bilolmaydilar. Agar sen hozir men bilan ketsang, koʻp sirlarga oshno boʻlasan, uchib-kezib yurasan. Maza!..

Xayolchan alfozda Shoir oʻtlarni ariqcha boʻyida chosh qilib, ustiga oʻtirdi. Havo issiq, terlab ketgan edi, terlarini artayotib, ishkom-chayla tomonga qaradi. Qaradiyu, hayratdan angrayib qoldi: iy-e, chayla qani?!.

Shoir dik etib oʻrnidan turdi: negadir ishkom-chayla yoʻq...Koʻrinmaydi.

Ota esa oʻsha atrofda kuymalanib yurardi.

Beixtiyor koʻksiga bir vahm oʻrlab, Shoir:
— Boʻynoq! — deb qichqirdi. — Boʻynoq?!

Boʻynoq teraklarning namchil soyasida mudrab yotgan edi, bir zumda yetib keldi.
— Qaramaysanmi axir, chaylani buzib ketishibdi-ku! Yugur!..

Goʻyo farmoyishni tushungandek, Boʻynoq ariqchadan sakrab oʻtdi. Shoir ildam itning izidan ergashdi. Yaqinlasharkan, otasi chayla yogʻochlarini yigʻishtirayotganligini koʻrib:
— Ha, ota, chaylani nima uchun buzdingiz? — deb soʻradi.

Ota belidan belbogʻini yechib, peshonasiyu yuzlarini horgʻin siyirgan koʻyi:
— Ana, shiypon bor-ku, oʻgʻlim, — dedi. — Yetadi oʻsha.

Javobdan qanoatlanolmay, battar Shoirning taajjubi ortdi: nega axir?! Yo chindan ham biror nimani payqaganmikanlar-a?..
— Ota, chalob keltiraymi?
— Ketamiz, — dedi ota, uzum toʻla savatni koʻtarib. — Bu yerda qiladigan ishimiz qolmadi endi, oʻgʻlim.

* * *

Namozgar ona, koʻzlari jiqqa yoshga toʻlib, malomat bilan qarshi oldi:
— Baraka toping, otasi, keching bahridan oʻsha bogʻning!
— Esing joyidami oʻzi!
— Xoʻp... siz eslik boʻla qoling, otasi. Oʻtgan yili Shoiringiz aytganida ishonmovdingiz, Zoyir aytganda ishonmadingiz. Axir, bugun Mayram xolayam oʻt tushgur oʻsha behishtiy ishkom-chaylangizni tilga oldi-ku!..
— Folbinda, valaqlayveradi. Nima, hamma gapiga ishonaverasanmi axir. Bor, kallamni qotirma!

Shoir onasini yupatgisi kelib:
— Ona, chaylani buzdik, — dedi. Negadir, birdan koʻzlari kattarib, ona:
— Buzdingizlar?!. — dedi. Soʻng, yuz-koʻzlarida allatovur bir mayin tabassum jilolandi. — Ajab qilibsizlar!.. Otasi, manga qarang, endi oʻsha yerda bitta qoʻy soʻyib, Qur’on oʻqitsangiz?
— E!.. — dedi ota, chimirilib. — Zoyiring yaxshimi oʻzi?
— Yaxshi. Koʻchada oʻynab yuripti... Otasi, yengmishlik qilmang, bitta qoʻy bolalaringizning boshu koʻzidan sadagʻa. Jon otasi, yoʻq demang?
— Qoʻylar sal semirsin xay.

Otaning piching qilayotganini tushunib, ona qahr bilan: — Bilib qoʻying, bugundan boshlab bolalarimni boqqa borgani qoʻymayman! — dedi.
— Yoʻq! — dedi Shoir. — Zoyiringiz bormasa bormasin. Lekin, men shiyponda otam bilan yotaman.

Keyin ona yalinchoq ohangda:
— Bilmayman, oʻz-oʻzidan yuragim koʻyishgani koʻyishgan, — dedi zorlanib.
— Bejiz emasdir axir, otasi! Rahmingiz kelsin munday?..
— Mayli, — dedi ota, nihoyat yon bosib. — Agar ertaga Mayram xolang kelsa, bogʻdan meniyam chaqirtir. Childirmasini chatdirib, oʻzim bir fol ochtiray qani.

* * *

Peshin. Ota, kecha dayravotdan xomush qaytganidan soʻng, uyda bamaylixotir oʻtirolmay, boqqa kelgan, negadir, kechqurun ovqatlangani ham bormagan; mana, boyagina tushlik qilib, endi shiypon ayvonida mudramoqda edi.

Zohir, Fozil, oʻzi — uchovlashib, Boʻynoqni ergashtirgan koʻyi, Tegirmonariq yoqalab, qumloq yoʻldan xandon-xushon gurunglashgancha, Majnuntepa tomonga oʻt tergani borishyapti. Dabdurustdan Mayram loʻlining qayoqqadir gʻoyib boʻlganligini bilgach, ona ham, ota ham Zohirga yolgʻiz yurishni man etgan, shu bois, birga oʻt tergani Fozil joʻrasini hamroh qilib kelgan edi.

Fozil kecha okshom brigadaning dala shiyponida «Chapaev» kinosini koʻrgan ekan: ogʻir yaralanganiga qaramay, oʻq yomgʻiri ostida, qonday qip-qizil daryodan Chapaevning suzib oʻtganligini zavq-shavq bilan hangoma qilmoqda edi.

Atrof-tevarakda dilkash bir sokinlik hukmron... Adl teraklarning barglari ohista shitirlaydi. Ahyon-ahyonda, u yer-bu yerda chigirtkalar erinchoqlik bilan chirillab qoʻyadi.

Bir mahal...

Yopiray, hammasi bir zumda roʻy berdi-koʻydi: birdan Boʻynoq tahlikali gʻurullab, ura uzumzor sari qochdi. Ayni shu barobarida Zohir allakimgadir dargʻazab oʻqtalib:
— Onangni!.. — deya shitob oddinga yugurdi. — Hozir koʻzlaringni oʻyaman sani!.. Daf’atan Fozil nimalar sodir boʻlayotganiga tushunolmay-anglayolmay, hadik aralash yalt etib Shoirga qaradi: jin chaldimi uni?! Shoir esa jonhovri:
— Boʻynoq, bos! — deb baqirdi. — Boʻynoq!!.

Goʻyo birov boʻynidan sudrayotgandek, uzumzorda Boʻynoq oldingi oyoqlariga tiranib, tishlarini yovqur irshaytirib turar, koʻzlari xonasidan otilib chiqquday chaqnar edi.
— Zoyir, qayt! Orqaga qayt, ukajon?!

Nogoh, jin koʻchgan kabi allaqachon qumloq koʻchada duvalang koʻtarilgan, teraklar esa tomir-pomiri bilan qoʻporilguday karsillab shovullamoqda edi.

Hayal oʻtmay, quyun ichra Zohir koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Shoir jon-jaxdi bilan oʻkirib, quyun tomonga otildi. Yetib borgunicha, duvalang tinib, quyun bosildi. Va, koʻzlariga ishonib-ishonolmay, bir lahza Shoir haykalday qotdi-qoldi: uka qumga belanib yotar, peshonasida bir tomchi qon yiltiramoqda edi.
— Zoyir... Zoyirjon! — Shoir behud engashib, ukani kiftidan koʻtardi. Zohirning boshi shilq etib osildi. — Uka... ukajon! — Va, beixtiyor Shoirning boʻgʻzidan alamnok bir infok otilib chiqdi. — Ota-a!.. Otajooon!..

Koʻngli sezganmi, ota, yer bagarlagan uzumlar osha sakrab-sakrab, yelib kelmoqda edi.
— Ota, ukam-ukam!..

Otaning rang-roʻyi surpdek oqarib ketgan edi, daf’atan tili kalimaga aylanmay, asta choʻnqayarkan, Zohirni bagʻriga bosdi, qoʻli qaltirab, yuzlarini siladi, soʻng:
— Oʻgʻlim, och koʻzingni, oʻgʻlim? — dedi ovozi xirqirab. — Zoyirjon, bolajonim!..

Shu paytda Boʻynoq gunohkorona chingsib yaqinlashdi, sekin boʻynini choʻzib, Zohirning oyoqlarini yaladi, soʻng, osmonga qarab, choʻzib-choʻzib uvlay boshladi.

* * *

Tun qorongʻiligi chulgʻayotgan yotoq boʻlmada Shoir koʻzlari jimirlab, gazetaga tikilarkan, tagʻin bot-bot osmonga ruhan talpingan damlarini entikib eslab, odamzod tabiatning eng oliy mavjudotimi yoki yanayam oliyrogʻi bormikan, deb oʻyladi: bor... Boʻlsa kerak. Bordan yoʻq boʻlmaydi, yoʻqdan bor boʻlmaydi. Binobarin, jon — ruh bor-ku axir!.. Ehtimol, ruhlar yanayam oliyroq mavjudotlar uchun ozuqa yoki ermak manbaidir. Va nogoh, yana xayolida olis oʻtmish manzaralar yorqin namoyon boʻlaverdi: ana, O d a m ch a barmogʻini havoga nuqishi bilan tokning tillarang barglari lovullab yona ketdi... Ana, birdan ukasi allakimgadir oʻroq oʻqtalib, quyuq quyun ichra roʻeday koʻzdan gʻoyib boʻldi... Ana...

Tavba, tushiyu hushi bu qadar qorishigʻ-ey!.. Tushmi, hushmi — har ne boʻlsayam, hammasi aniq-tiniq yodida ekanligi gʻalat. Tagʻin Odamchaning allanechuk choʻziq ovozi qulogʻida aksu sado berib jaranglayotganday tuyula boshladi:
— ...Erta bir kun... yolgʻonchilarga duch kelib oʻrtanaverasan, zor-zor qaqshab hamdard izlaysan-u lekin topolmaysan. Ta’magirlar... manfaatparastlar... ta’qiblar... Gʻalvayu gʻurbatlar...

Ajab, hayot — kun bilan tun betinim charxpalaqday aylanayotgan qoʻnalgʻami yoki xiyonatu diyonat betoʻxtov kurashayotgan bir tomoshaxonami — nima oʻzi? Nega tomoshaxona, kimlar uchun tomoshaxona — yanayam oliyroq mavjudotlar uchun emasmikan mabodo?.. Nahotki, odamzod nima uchun dunyoga kelgani-yu, nima uchun dunyodan oʻtarini bilolmay ketsa?!

Oʻzi shu yoshga yetguniga dovur, shu darajaga erishganiga kadar ne-ne uqubatlarga, qanchadan-qancha xiyonatlarga duchor boʻldi. Agar umrining davomi ham uqubatlaru xiyonatlar ichra kechar boʻlsa... Qarama-qarshiliklar kurashining birligi — hayotdir, deganlari shumi-yo? Kurash?.. Xoʻsh, koʻrar koʻziday, shirin joniday ukaginasi nimalarga qarshi, kimlarga qarshi kurashda nobud boʻldi? Axir... qani mantiq?!. Nahotki, rost boʻlsa?!.

Nogoh, eshik ochilib, ostonada qizi koʻrindi:

— Dada, ovqat pishdi. Onam aytdila, peshayvonga chiqarmishsiz. Peshayvonda chiroq za’faron nur taratar, xona ichi esa nimqorongʻi edi. Gazetani gʻijimlab, xomush oʻrnidan turarkan, Shoir hamon xayolida javobsiz bir savol beqoʻnim charx urayotganini idrok etdi: nahotki, rost boʻlsa — xoʻsh, nima rostu nima yolgʻon?