OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNortoʻxta Qilich
Asar nomiOshiqdara tutqunlari (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Nortoʻxta Qilich
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm52KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oshiqdara tutqunlari (hikoya)
Nortoʻxta Qilich

Uyqusi buzildi. Koʻzlarini ochmadi, lekin negadir bemahalda uygʻonganiga taajjublandi... Shu asnoda allaqanday anglab boʻlmas tovushlar qulogʻiga chalina boshladi, kimlardir uvvos solib yigʻlayotgandekmi-ey, kimlardir qahqaha urib kulayotgandegu, tagʻin kimlardir tinmay balabonu surnay chalayotgandekmi-ey!..

Koʻzlarini ochmay, battar taajjublandi.

... qiziq, tush koʻrayapmanmi-yo? Uygʻoq holda-ya!.. Charchaganim uchun boʻlsa kerak.

Chindan ham juda charchagan, — avval samolyotda, keyin avtobusda, undan soʻng taksida uzoq yoʻl bosdi, uydan tong-saharda chiqib, bazoʻr xufton chogʻi manzilga horib-tolib yetib kelgan edi, — behuda aytishmagan axir, yoʻl azobi — goʻr azobi, deb.

Manzilga yetib kelib, shinamgina xonaga oʻrnashganidan soʻng, osmonu falakdan birdan yer komiga tushib qolgandek his etgan edi oʻzini. Avval samolyotda uchganiyu, soʻngra ulovlarda yoʻl bosgani uchun emas, yoʻq, aeroportdan to ushbu makonga qadam qoʻyganigacha adirlar, qirlar, togʻlar oralagan yoʻl nuqul pastlikka qarab esgani bois shunday tuyulgan edi... Keyin, uydan olib chiqqan yeguliklaridan yengil-elpi tamaddi qilib, uyquga yotgan va oppoq choyshablardan ohor hidi burqiyotgani esida, oradan hayal oʻtmay, dong qotib uxlab qolgan edi.

Mana, endi... Hamon ajabtovur tovushlar olislardan elas-elas qulogʻiga eshitilgandek boʻlayapti.

... yo dalada odamlar televizor tomosha qilishayaptimikan? Yoʻq, hozir tomosha payti emas, allaqachon tun yarimdan oqqan yoki hademay tong otib qolsa kerak.

Halovatini qizgʻanib soatga qaramadi. Yonboshiga oʻgirilib, oppoq choyshabli adyolni boshiga tortdi.

Ammo, hanuz oʻsha-oʻsha kimlardir uvvos solib yigʻlayotgandekmiey, kimlardir qahqaha urib qulayotgandegu, tagʻin kimlardir tinmay balabonu surnay chalayotgandek edi.

... ajab, roppa-rosa bir kechayu bir kunduz miriqib uxlagandekman-a! Nimaning sharofati ekan bu?

Toʻshagidan turdi. Kerishdi. Yengil kiyindi. Oynaband eshik qiya ochiq edi, chorgoh peshayvonga chiqdi. Va beadad bir hayratdan tek qotdi, chindan ham yer komiga tushib qolgandek tuyulganicha bor ekan, — gird tevarakni baland togʻ qoyalari halqadek oʻrab olgan, — istirohatgoh koʻrkam dara qoʻynida joylashgan edi. Qoyalarga tutashib ketgan dara yonbagʻirlarini yam-yashil maysalar qoplagan, siyrak jiyda bargli daraxtlar esa soyabonlargami yoxud tobora yuqorilab borayottan allanimalargadir mengzab koʻrindi koʻzga. Yassi qiyaliklarda oppoq togʻ echkilari daraxtlar oralab oʻtlab yuribdi. Kunchiqar tomondagi tikka oʻrlagan yoʻl boʻyida katta bir koʻl quyosh nurida tillalanib jimirlamoqda. Ammo, qiziq, nechundir koʻl sirli-sinoatli tuyuladi. Uning atrofinn ming kokilli majnuntollar, sershox-serbutoq oqqayinlar, koʻm-koʻk archalar qurshagan. Yomgʻir hidiga toʻyingan, namxush havo esa shu qadar mayin, shu qadar musaffoki, nafas olgani sayin odamning bahri dili yayraydi.

Koʻkragini kerib, toʻyib-toʻyib nafas olarkan, qishlogʻining turfa kuyindi islarga qorishgan achimsiq havosini eslab, oʻychan bosh irgʻadi. Keyin, peshayvon panjarasidan mahkam ushlab, pastga engashdi, dabdurustdan boshi aylanganini sezib, qomatini tikladi.

Tongda yomgʻir savalagan shekili, pastda bino roʻparasidagi namchil gʻishparchin yoʻlkada, — odamlar erinchoqlik bilan kezib, nonushta paytini kutishmoqda. Ularga sinchkov nazar tashlab, negadir koʻnglini gʻashlikkami, oʻkinchgami moyil bir nimalardir chulgʻayotganini his etdi.

... yopiray, halitdan-a? Kezib oʻrganlgaganligimdan boʻlsa kerak. Albatta-da!..

Hazil xoʻrsindi.

Yoʻlkadan quyiroqdagi ollchazorga tutash keng maydonchada koʻkraklari lorsillagan ayollar, xipcha bel juvonlar irgʻishlashib, badan tarbiya qilishayapti.

Istirohatgoh gʻaroyib bir sokinlik ogʻushida. Ushbu sokinlik esa goʻyo kishini erkalab allalayottandek.

Yengilgina entikdi.

... dunyoda jannatsifat joylar ham bor ekan-da!..

Orom kursiga yaslanib, dunyoning boqiyligiyu umrning oʻtkinchnligi toʻgʻrisida nadomat bilan oʻy surgan koʻyi, oppoq bulutlar orasida oqarib koʻrinayotgan qorli qoyalarga xomush tikilib qoldi.

Bir mahal, qoʻshni ayvonga sargʻish sochlari yelkasida mavjlangan, oʻttiz yoshlardagi durkungina bir juvon chiqdi. Dorga oppoq bir matoni osdi. Momiq xalati tugmalari oʻtkazilmagan ekan.

Juvonning shafaqrang badaniga nigohi tushar-tushmas, izza chekib, ilkis yuzini chetga oʻgirdi. Orom kursi gʻijirlab ketdi.

Juvon sergak tortib, oʻrtadagi pastak panjara toʻsiqqa yaqinlashdi:
— Salom, yigit, — dedi.
— Salom, — dedi yigit.

Juvon birin-birin xalati tugmalarini oʻtkazarkan:
— Kecha keldingizmi? — deb soʻradi.
— Ha, kecha kechqurun keldim.

Dabdurust koʻzlari ajabtovur chaqnab, juvon:
— Yaxshi, — dedi. Ovozi tovlanib ketdi. — Mening kelganimga uch kun boʻldi.

Tunda qulogʻiga chalingan gʻalati tovushlar yodiga tushib:
— Kechirasiz, uyqungizda bezovta boʻlmadingizmi? — dedi yigit. Juvon kulimsiradi. Indamadi. Lekin uning kulimsirashi bir qadar sirlidek edi.

... bu durkun juvon — Durkunxonim nimanidir biladi. Biladi. Joʻrttaga aytmayapti.
— Boyonlarga oʻxshab yalpayib oʻtiribsiz, — dedi Durkunxonim, yanayam navozishli jilmayib. — Nima, nonushta qilgani bormaysizmi yoki sizga opkelishadimi?
— Yoʻq... Boramiz, — dedi yigit.

Ayni kezda istirohatgoh radiosi zang chalib, nonushtaga chorlamoqda edi.

Nonushtadan soʻng, Yigit kecha kelgan oʻttiz chogʻli odamga qoʻshilib, birinchi qavatdagi kengroq bir xonaga kirdi. Oldiigi qatorga oʻtib, yumshoq oʻrindiqqa oʻtirdi.

Katta doʻxtirni kuta boshladilar.

Kattakon koʻp kuttirmadi. Miqti gavdali, qirq yoshlardagi yigit ekan. O’zini tanishtirgach, istirohatgohning joriy tartib-qoidalari haqida gapirdi. Biryula ming kishi dam olib davolanishini aytdi. Har un besh daqiqada istirohatgohdan shaharga maxsus avtobus qatnab turishini ma’lum qildi, rosa istirohatgohni maqtab:
— Gaplarimga ishonaveringlar, yaqin atrof-tevarakda bunaqasi yoʻq, — dedi. — Havosi nihoyatda sof, nihoyatda shifobaxsh. Sanatoriyamiz asosan yurak va asab kasalliklarini, takror aytaman, ayniqsa asab kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan. Ta’kidlashim kerakki, tabiiy muhitimizning oʻzi ham shuni taqozo qiladi, deb ochiq derazalar tomon ishora qildi u. — Ana koʻrib turganlaringizdek, sanatoriyamiz Oshiq-Ma’shuq togʻlari bilan qurshalgan...

... e, oti juda qiziq ekan: Oshiq-Ma’shuq! Albatta biror qiziqarli rivoyati ham boʻlsa kerak:
— ... Ustimizda toʻxtovsiz aylanib turgan salqin shifobaxsh togʻ havosi shahardan uzluksiz yopirilib kelayotgan zaharli islarni mutlaqo yaqin yoʻlatmaydi. Demak, qadimgi sharq maqoli bilan aytadigan boʻlsak, toza havo — tanga davo. Bu yerda oʻzingizni bir oy baxtiyor hisoblashingiz mumkin. Xoʻsh, endi bizga savollar bormi?

Ana shunda Yigit tungi gʻaroyib tovushlar toʻgʻrisida soʻrashni oʻyladi. Ammo, ikkilandi: mabodo tushida yo xayolida... Yoʻq, aniq-tiniq eshitgan edi. Mana shu tobda ham nozik bir sas quloqlari ostida titrayotgandek... Yoki, u yoqda achimsiq islar, turli tashvishu havotirlar iskanjasida zoʻriqqan asablari bu yoqda musaffo havodan shishinib, endi nagʻma koʻrsatayaptimikan-a? Yoʻgʻ-e, anov Durkunxonimning haligiday ishshaygani ham bejiz emasdir axir. Ha, shubhasiz bu yerda nimadir bor... nimadir boʻlishi kerak.

Tezroq soatning uch boʻlishini kutayapti — ruhiy ta’sir vositasida davolovchi doʻxtir huzuriga borishi kerak. Vaqt esa imillab oʻtmoqda. Zerikayotganini his etib, ogʻir entikdi. Keyin, bekorchi bekor oʻylaydi, deganlaridek, chetdan begona nazar bilan oʻziga razm soldi: ana, sham «paypogʻ»u sham «belbogʻ»dan soʻng toʻshakda oʻranib yotibdi. Peshonasn hamda koʻz ostlarida siyrak ter rezalari yiltiraydi. Koʻrinishidan dam olib davolanayotgan baxtiyor odamga aslo oʻxshamaydi, xuddi bandining oʻzi horgin, xomush.

... nega, nima uchun shunday? Koʻngilda na bir sevinch va bir hayajon.

Nazarida, ikki-uch kundan beri emas, allazamonlardan buyon ushbu daraga tushib qolgandegu, endi hech chiqib ketolmayotgandek edi.

Avval-boshdanoq xushlar-xushlamas yoʻlga otlanayotib, hardam xayol bir holatga tushgan, leknn allaqachon yoʻllanma hamda samolyotga patta olib qoʻygani bois, — goʻyo uydan uzoqda turmush tashvishlaridan xalos boʻladigandek, jannat sifat joylarda rosa yayrab hordiq chiqaradigandek, — qani, boraveraylikchi, deb kelavergan edi.

Ammo, asli oʻshanda koʻngli sezgan ekan: mana, roʻzgʻor tashvishlaridan qutulish qayoqda! O’zi bu yerdayu, yodu xayoli oilasida. Ozib-yozib shaharga tushib qolsa, goh xotiniga, goh bolalariga nelar xarid qilarini bilolmay, boshi qotadi. Xali ota-ona, ogʻa-inilar ham bor. Qoʻl esa qisqa. Qashshoqlik qursin-a, qashshoqlnk!.. O’lganni tepgan, deganlaridek, istirohatgohdagi galatiyu garoyib dahmazalar ayni dard ustiga chipqon boʻlayanti: na kunida halovat bor, na tunida — allamahalda uygʻonib ketadi: quloqlari ostida qandaydir ayqash-uyqash tovushlar elas-elas eshitilgan koʻyi, yomgʻir sevalayotgan qoramtir osmonga xayolchan tikilib yotadi, tong boʻzararga yaqin uxlab qoladi, keyin ertalab ajab uyqudan tetik turadi. Lekin... ayvonga chiqmoqqa yuragi bezillaydi-yu, baribir chiqadi. Oradan hayal zamon oʻtib-oʻtmay, Durkunxonim ishshayib paydo boʻladi-da, och gʻunajinchadek moʻltirayveradi... Tepa qavatdagi sarisoch Guloyim esa, yopiray, xuddi oshigʻu beqaror boʻlgan oʻn toʻrt yoshli boʻysara qiz kabi dam qizil gul tashlaydi, dam sariq gul!.. Battar boʻl-e!.. Roʻparadagi xonada yashayotgan doʻndiqchaga nogoh duch kelib qolsa, oʻzini qayga urarini bilolmay qoladi. U esa ma’yus tabassumdan yuzlari yashnab, shartta qoʻltigʻidan oladiyu, toshbagʻirlikda ayblay ketadi. Oshxonaga-ku noiloj boradi. Bordimi, tamom — poytaxtlik oppoqbilak Afrika qahvasiyu faranggi konyagini bot-bot maqtab, mehmonlikka taklif qilgani qilgan. Xudoning bergan kuni ahvol shu.

... yo tavba! Yo Parvardigor, bu ojizalaring bu qadar behayo, bu qadar beqadr!.. Axir, jannat — ayollar poyidadir, demaganmisan?! Agar jannating shu ayollar poyida boʻlsa... Qoyil-e!.. Ayolning xudosi ikkita biri... ayoq, yana biri tayoq. Xalq toʻqigan buni. Xoʻsh, xalqni nimalar, kimlar bu darajaga tushirib qoʻydi axir?.. Asli jamiyat ichdan chirib bitgani rost shekilli. Boʻlmasa... Yopiray, anavi munkillagan rais ham ikkinchi xotinini, ham oʻynashini olib kelganmish. Rais — xalqning otasi-ya!.. Navjuvon oʻynash bechora endi duch kelgan ayoqqa qashinib yuribdi... Bunaqa joylarga oʻzi ayollarning asosan badbaxti kelar ekan chogʻi. Rost-da, baxtiyor ayollarning istirohatgohlarda tentiramoqqa illo xohishi yoʻq. Shunday!..

Darvoqe, bu manzil-makonning oʻzida odamni har koʻyga solib tentiratadigan nimadir boʻlsa kerak. Binobarin, Oshiq-Ma’shuq toʻgʻrisidagi rivoyat ham behuda toʻqilmagan va ruhiyatidagi ajabtovur beqarorlik ham bejiz emas. Chunki uyda uyquga yotardiyu, toshdek qotib uxlab qolardi. Soʻnggi marta uyda qachon tush koʻrganini ham aniqroq eslayolmadi. Bu yerda esa, — davomli tushkar koʻradimi-ey, alahsiraydimi-ey, — hamon durustroq orom ololgani yoʻq.

... iy-e, soat uchdan oʻtayapti-ku!..

Qani, borsin-chi, ruhshunos doʻxtirdan biror ma’nili gap chiqar ehtimol.

Yoshi ellikni oralagan, baqaloq doʻxtir ayol:
— O’tiring, — dedi sovuqroq ohangda. — Nima uchun koʻzlaringiz bejo?

Yigit soʻrok nomani uzatib:
— Shunchayam savol boʻladimi! — dedi. — Yuztadan koʻproq. Ba’zilari judayam kulgili. Chet elda boʻlganmisiz? Qiziq, bemorning chet elda boʻlgan yo boʻlmaganligining xastalikka nima aloqasi bor?
— Bu anketani biz emas, Minzdrav tuzgan, — dedi doʻxtir, soʻroqnomaga sinchkov koʻz yugutirarkan. — Shuni bilib qoʻyingki, tuzumlar oʻrtasidagi tafovut bemorning dunyoqarashiga, pirovardida ruhiyatiga ham keskin ta’sir qilishi mumkin.

Yigit bir zum oʻylanib qoldi, koʻnglida doʻxtirning fikriga qoʻshilgach:
— Doʻxtir, siz ruhiyatga ishonasizmi? — deb soʻradi. Baqaloq doʻxtir yalt qarab:
— Kelishib olaylik, — dedi, soʻroqnomani chetga surib. — Men savol beraman, siz javob berasiz.

Yigit soʻroqnomaga ishora qilib:
— Ana, men javob berib qoʻyganman, — dedi. — Koʻpchilik qatori qoʻngʻir, qizil ranglarni yaxshi koʻraman, koʻk, yashil, ranglarni yoqtiraman, qoraga toqatim yoʻq. Kunning tong payti menga judayam yoqadi. Lekin, rostini aytsam, shu kunlarda tongdan ham, shomdan ham, hatto dunyosidan ham koʻnglim sovib ketdi. Ayniqsa, ayollarning bu qadar beqadr boʻlib qolganligini koʻrib, qiynalayapman.
— Shoshmang!.. dedi doʻxtir. — Psixoterapiyaga ishonasizmi?
— Psixoterapiyaga, psixoanalizga doir asarlardan ancha-munchasini oʻqiganman.

Doʻxtir qoʻrslik bilan gapni boʻlib:
— Psixoterapiyaga ishonasizmi, deb soʻrayapman, — dedi. — Nimani oʻqigan-oʻqimaganligingiz meni qiziqtirmaydi.

Yigit koʻzlarini pirpiratdi:

— Lekin savolga javob bermadi.

Tuyqus doʻxtir xatosini anglab yetgan kabi mayinroq ohangda, lekin jiddiyat bilan:
— Xoʻp, menga ishonasizmi? — deb soʻradi.
— Sizgami?... Siz mening savolimga javob bermadingiz. Endi oʻrtamizda samimiyat boʻlishiga ishonolmayman.
— Ancha ta’sirchan ekansiz... — Doʻxtir zoʻraki kulimsirab, soʻroqnomaga ishora qildi. — Koʻnglingizda xavotiringiz kuchli ekanligini qayd etgansiz. Aytingchi, aynan nimadan xavotirdasiz?
— Birinchi marta bunaqa olis safarga chiqishim. Bundan keyin sirayam chiqmasam kerak. Kutilmagan biror falokat...
— Shoshmang! — dedi ayol, tagʻin gapni boʻlib. — Savolga... savolga javob bering?

... iy-e, bu doʻxtirning oʻzi davoga muhtoj-ku! Bunaqa fe’li charsligiyu betoqatligi bilan xoʻppa semirgani qiziq. Hoynahoy, choliniyam qil qilvorgandiro-ov!
— Xoʻsh, nima sizni koʻproq xavotirlantirayapti?
— Doʻxtir, iltimos, avval siz mening savolimga javob bering?

Tagʻin doʻxtir zoʻraki kulimsiradi:
— Nima uchun ruhga ishonish-ishonmasligim sizni bu qadar qiziqtirib qoldi?
— Bilasizmi doʻxtir, men bu yerda atigi bir necha kundan beri emas, balki allazamonlardan buyon yashab yurgandekman, keyin, kechalari allaqanday tovushlar qulogʻimga chalinib uygʻonib ketaman-da, allamahalgacha oʻnggimda ham oʻsha tovushlarni elas-elas eshitayotgandek boʻlaman. Nazarimda, Oshiq-Ma’shuqning bezovta ruhlari bizlarni...
— Bizlarni emas, sizni! — dedi doʻxtir. Bir zum Yigit doʻxtirga tikilib qoldi.

... hm-m, demak, ruhga ishonmas ekan. Soʻng, yigit parishon bosh irgʻab:
— Mayli, meni ta’qib qilayotgandek, deylik, — dedi. — Tagʻin bir mulohazam bor bu yerdagi ayollar yengiltakligi Ma’shuqaning haliginday ruhi ta’siridan emasmikan?
— Bunday oʻylashingizga jiddiyroq asosingiz bormi?
— Oshiq-Ma’shuq rivoyati shu yerda toʻqilgan. Rivoyat bejiz emasdir axir. Toʻgʻrimi?
— Lekin siz shuni unutmangki, bu yerning havosi salomatlik uchun zarur boʻlgan gazlarga nihoyatda boy. Bundan tashqari, narzan degani — polvon suv degani ekanligiii ham nazardan soqit qilmang-da!.. Narzan vannada yotganingizda oʻzingizni qanday his etayapsiz?
— Xuddi limmo-lim shampan toʻla hovuzchada choʻmilayotgandek maza qilaman. Vijillaydi. Iliq-issiq puffakchalar mavjlanib qitiqlaydi. Kayf!..
— Juda toʻgʻri! — dedi. — Albatta, shifobaxsh havo, togʻ bosimi, narzan vanna — erkagu ayol shahvatini qoʻzgʻab yuboradi-da!..

... qiziq, oʻzi ruhiy usul bilan davolovchi doʻxtir-u, lekin ruhga ishonmas ekan. Ammo, gapida jon bor. Bir zum jimlikdan soʻng:
— Men koʻproq Kashpirovskiyga ishonaman, — dedi Yigit. — Chunki u ijtimoiy kelib chiqishingiz bilan halq, chet elda boʻlgan-boʻlmaganligingiz bilan ham qiziqib oʻtirmay, muolajani boshlayverarkan. Hatto televizor orqali ham davolay oladi. Siz boʻlsangiz yuzdan ortiq savolga yozma javob olganingizga ham qanoatlanmay, yana soʻrab-surishtirayapsiz.
— Agar menga ishonmasangiz, mashgʻulotlarimda qatnashishingizdan foyda yoʻq, — deb, doʻxtir soatiga nigoh tashladi. Sekin oʻrnidan turdi. — Mabodo fikringiz oʻzgarsa, ertaga shu paytda kelarsiz.
— O’zgarmasa-chi?
— Baribir kelishingiz kerak.

Zinhor kelmasligiga ishongan koʻyi, indamay, xomush chimirilib, Yigit xonadan chiqdi.

Tushlikdan soʻng, Doʻndiqchaga chap berib, gulzorlar oralagancha, sekin dara adogʻi tomon yurdi. Doʻndiqcha boya, birga shahar aylanib qaytaylik, deganida, — yuz amri shirin, — xushlamayroq rozi boʻlgan edi. O’sha zahoti taklifni rad etolmaganiga endi afsuslanayapti. Nachora, biror bahona toʻqib, uzr soʻrar. Yoki, shundan keyin uning oʻzi ma’shuqona sa’y-harakatlari behudaligini anglaru, qayta suykalmay qoʻyar.

Togʻ poyida parishon turib qoldi. Keyin... atrofga xayolchan koʻz yugurtirdi. Bir-biriga mingashib ketgan choʻqqilarga tikilib, ayni chogʻda oʻziii tabiatning bir boʻlagi ekani-yu, lekin tabiatga uygʻunlashib ketolmasligini oʻyladi, yoʻq, bunday sharafga ojiz bandasi munosib emas. Zero, ona tabiat bilan uygʻunlashib ketolganlar — hurdirlar, ya’ni baxtiyordirlar. Odamzod baxtiyor boʻlmogʻi uchun juda koʻp toʻsiqlarni yengib oʻtmogʻi kerak. Loaqal oʻzligidan oʻzib, xokisoru loqayd, begʻamu beparvo... Yoʻq, yoʻq... tabiatdan, jamiyatdan nimalarnidir kutib yashayotgan odam aslo xokisor boʻlolmaydi.

Ushbu fikr koʻnglidan kecharkan, Aziziddin Nasafiydan oʻqigan bir hikmati yodiga tushdi. Darvesh, sen— kichik odamsan, butun olam — bepoyon olam, sen — har ikki olamning bir zarrasisan. Darvesh! O’zligingni angla, tashqi va ichki olamingni tushun. Zero, anglash — bepoyon olamning ibtidosi va intihosidir... Bundan oʻzga yoʻl yoʻqdir.

Nasafiyning hikmati chinligiga yana bir karra iymon keltirib, boshini koʻtardi.

Nogoh, taajjubdan koʻzlari kattarib ketdi.

... i, ana, Oshiqning papogʻi!

Burksimon kattakon bir tosh ulkan xarsang chekkasida toʻntarilib yotardi.

... ana, Oshiqning oʻziyam choʻzilib yotibdi. Bechora!.. Biqini bilan tushgan ekan.

Chindan ham, burksimon toshdan ancha yuqorida odam-siyoqli bir xarsang yaqqol koʻzga koʻrinib turardi.

... O’sha tobda Oshiq nihoyat oʻzini baxtiyor his etgan boʻlsa kerak. Albatta-da! Hademay ruhlari qovushib-chirmashib ketaridan umidvor boʻlgan axir.

Xayolidan gʻalati manzaralar kecharkan, Oshiq-Ma’shuqning soʻnggi lahzadagi alamli, armonli rozlari quloqlariga ohista chalinayotgandek tuyuldi: modomiki bu dunyosida bizga qovushish nasib qilmas ekan, kel, u dunyoga birga ravona boʻlaylik, Ma’shuqam!.. Tanu jonim bilan senikiman, Oshigʻim!.. Ketdik, Ma’shuqam!..

... ana, Oshiq toshdan toshga, choʻqqidan choʻqqiga urilib, pastga uchib borayapti.

Bexos dahshatga tushib, birdan qichqirib yuboradi: Ma’shuqaaaaa!..

Va beixtiyor orqaga qayriladi.

Keyin, Ma’shuqaning jonhovri qochib borayotgaiini koʻrib turgan qoʻylar, koʻzgilar, hatto shayton echkilar ham dong qotib, alamdan toshga qoʻnishadi. Oshiq... chala oʻlik Oshiq esa Ma’shuqaning nogahoniy xiyonatiga bardosh berolmay ingrab yuboradiyu, koʻzlaridan yosh aralash qon toma boshlaydi.

Roviy rivoyaticha hamon Oshiqning koʻzlaridan yosh aralash qon tomarmish. Ana, qarang. Koyaga koʻtarilolgan odam toshga aylanib qolgan qoʻy-qoʻzilaru echkilarni ham albatta koʻradi.

... Chinmikan shu?.. Chin... chin boʻlsa kerak.

Balanddagi odamsiyoqli toshga kiprik qoqmay tikilib, uning koʻzdek qorayib koʻrinayotgan ikkita katta-katta teshigidan chindan ham zardobga oʻxshash allaqanday bir suyuqlik tomayotganiii koʻrdi. Har bir tomchi chak... chak tomayotib, quyosh nurida yalt-yult shu’lalanmoqda edi.

Nogoh, ingroq tovushga tasalli berguday, ayni kezda xoʻrsiniqni ham eslatadigan inja bir sas yuragiga oqib kirayotganini his etdi.

... yoki choʻqqilar, qoyalar oralab esayotgan shabadamikan-a?

Sekin soʻqmoqdan koʻtarila boshladi.

Bir mahal, qiyama tekislikda, qovjiragan oʻt-oʻlanlar ustiga adyol toʻshab, quyoshda toblanib yotgan — yopiray! — qip-yalangʻoch ayollarni koʻrdi. Koʻrdiyu uyalib ketdi... Tagʻin xiyol yurgach, yana bir yalanglikda xolos ovratpoʻsh kiygan uch erkagu uch ayolga nigohi tushdiyu, toʻxtab qoldi. Ular bir-birining badaniga nimadir surib, bir-birlarini uqalamoqda edilar.

Shu paytda, naridan kattakon bir echkiemar, tilini oʻynatgan koʻyi, koʻzlarini chaqchaytirib, oʻrmalab oʻtaverdi. Uning tili ilonniki singari qoramtir, leknn ancha uzunroq ekan. Unga qarab turib, seskanib ketdi. Ortiga qaytdi.

Hamon ingroq bir sas yuragiga oqib kirayotgandek edi. Soʻqmoqdan dara tomon qayta yotib, Oshiq togʻ ruparasidagi Ma’shuq togʻiga xomush tikilarkan, Ma’shuqa toʻgʻrisida eshitganlarini esladi, buni ustiga yosh xotin olganidan soʻng, Ma’shuqa huv bulutlar orasidan tumanlanib koʻrinayotgan qoyadan oʻzini pastga otgan ekan. Hali-hanuz dara boʻylab Ma’shuqaning ohu figʻoni betinim-beqaror kezarmish.

... tunlari goh yigit kulgiga mengzab tuyulayotgan tovushlar chindan ham... Odamning ishongisi kelmaydi-yu, lekin... Qiziq!

Yotoqxonaga horgʻin qaytarkan, tobora zerikayotganini sezdi. Nazarida, yayrab hordiq chiqarmogʻi uchun nimadir kam, lekin ayni paytda iimalardir keragidan ham ortiqcha edi. Ayniqsa, anov guli beorlardan shu qadar bezorki, har daqiqada qochvorishga tayyor. Ajab, agar hamkasabasi Anvar Oxun shunaqa joylarga kelib qolsa, nima qilgan boʻlardi-a?

Koʻnglidan gʻalati bir fikr kechdi. Anvar Oxunni zoʻravonlik bilan boshlab kelib, oʻng tomondagi boʻsh xonaga joylashtirsa-chi?...

Anvar Oxun juda ajoyib yigit. Birovning haqiga, birovlarning xasmiga koʻz olaytiradiganlardan emas. Hafta sayin ishxonada arzon goʻsht sotilyatganda, bismillosiz soʻyilgan, deb olmaydi hatto... Ammo, faqirning yuragi xasta.

Bir qadar hayajon hamda xayolchanlik bilan marmar zinalardan koʻtarilayotib, yuqoridan chaqqon tushib kelayotgan yigirma yoshlardagi chiroyli bir boʻtakoʻz qizning yoʻlini beixtiyor toʻsdi. Va hijolatangiz qizarib:
— Kechirasiz, — dedi. — Siz kecha kelgansiz-a? Qiz sirma koʻylak-shim kiygan, qaddi-qomati zebo, boʻta koʻzlari osmon rangligidanmi yanayam chaqnayotgandek edi:
— Yoʻq, — dedi Boʻtakoʻz, kift uchirib. — Bugun beshinchi kun... Nima edi?

Negadir battar oʻngaysizlanayotgan esa-da:
— Nechanchi xonada turasiz? — deb soʻradi yigit.

Boʻtakoʻz kulimsisirab, tagʻin kift uchirdi:
— 555-chida, — dedi.
— E... 553-chining roʻparasidami?.. Men 551-chidaman.
— Bilmas ekanman. — Boʻtakoʻz chetlanib oʻtmoqqa chogʻlanarkan, savolchan tikilib, yana yoqimli kulimsiradi. — Men sibirlikman, — dedi. — Tugʻma yurak qiynogʻi dardim bor. Shuning uchun hech qachon turmushga chiqmoqchi emasman. Yigitlar bilan tanishish istagim ham yoʻq... Marhamat, yana savolingiz bormi?
— Tashakkur! — dedi Yigit kulib. — Kutganimdan ham ziyodaroq javob berdingiz.

Yigit tavoze bilan Boʻtakoʻzga yoʻl boʻshatdi. ... yaxshi boʻldi! Anvar Oxunni Boʻtakoʻz bilan tanishtirib qoʻyaman.

«Vremya»dan soʻng, Yigit xonasiga qaytdi. Achchiq choy damladi. Shopirdi. Keyin, yumshoq kursiga choʻkib, qoʻliga gazetani oldi, erinchoqlik bilan varaqlay boshladi.

Eshik tiqilladi.

Noxush oʻrnidan turdi. Toʻngʻillab borib, eshikni ochdi. Ochdiyu, yengsiz, yoqasiz xalatda koʻzlari chaqnab turgan Doʻndiqchaga nigohi tushib, peshonasi tirishdi, lekin musulmonchilik yuzasidan:
— Marhamat, — dedi.
— Ha, qochoq! — dedi Doʻndiqcha jilmayib. — Mana taklif qilmasang ham, oʻzim keldim. Maylimi kiraversam?
— Mayli, kira qol.

Yigitning u qadar xushlamayotganini sezgandek, Doʻndiqcha bir zum navozishli mungraygach, sallona yurib, ichkariga kirdi. Xalati choʻntagidan shigʻildoq qogʻozga oʻrogʻliq nimadir chiqarib, stolga qoʻydi.
— Uf-f! Hoynahoy, aroq boʻlsa kerak.

O’shandan buyon, — birga shahar kezgani taklif qilingan kundal beri — Yigit uning koʻziga koʻrinmay yurgan edi.

Yigit kursiga ishora qilib:
— O’tir, — dedi.
— O’zing kursida oʻtira qol, men bu yerga... — deb, Doʻndiqcha adyol yopilgan toʻshak ustiga oʻtirdi.

... e, mol! Toʻshakniyam rasvo qildi.
— Bugun biz Polvon qoyaga chiqqani borgan edik, — dedi Doʻndiqcha. — Ajoyib! Salkam uch ming gaz-a! Bulutlar xuddi sochingizni, yuzlaringizni silab oʻtayotgandek. Shunaqayam yoqimliki!.. Lekin qor uchqunlab turgani uchunmi, ancha ayoz ekan.

Yigit choy quyib uzatarkan:
— Choy ichsang qiziysan, — dedi.
— Yoʻq, choy ichmayman, — dedi Doʻndiqcha. — Konyakni och, oʻshani ichamiz. Polvon qoyadagi qahvaxonadan sen uchun olganman.

Yigit bosh chayqab:
— Menga toʻgʻri kelmaydi bu, — dedi. — Shuningsiz ham oʻzi kechalari bazoʻr uxlayapman.

Doʻndiqcha istigʻnoli chimirilib:
— Ayol siylayotganda noshukrlik qilma, adabsiz, — dedi.

Yigit xoʻrsindi. Mujmal kulimsiradi. Soʻng, noiloj tiqinini ochdi. Piyoladagi choyni ichib, ozroq konyak quyarkan, endi muqarrar nimadir roʻi berarini oʻyladi.

... barcha kasofatlarning kaliti bu axir.
— O’ynashing bormi?

Doʻndiqcha, koʻzlari noxush chaqnab:
— Ataylab jigʻimga tegyapsan-a? — dedi. — Judayam bilging kelayotgan boʻlsa, oldin oz-ozdan ichaylik, keyin aytib berarman.
— Mayli!.. — Yigit chirt koʻzlarini yumib, konyakni koʻtardi. Soʻng, yana piyolaga konyak quyib, Doʻndiqchaga uzatdi.

Doʻndiqcha kulib:
— Xalqlar doʻstligi uchun!.. — deb, konyakni sekin simirib ichdi. — Yaxshi ekan-a?
— Bilmadim... Negadir bu oʻlkaning suvi shoʻrroq, mevalari nordon ekan. Konyagi ham shunaqaroq shekilli.

Doʻndiqcha nimadir dedi.

Ammo, Yigitning xayolini negadir yon qoʻshnisi Durkunxonning hasratli hangomasiyu ta’sirchan iqrori band etgan, lekin koʻzlarida esa Doʻndiqchaga yoʻnaltirilgap savol ifodalari izgʻimoqda edi.

Doʻndiqcha, allanedir nash’a qilayotgandek kulimsirab:
— Mayli, kim bilan hamtavoq boʻlayotganingni bilib qoʻy, — dedi. — Chala yarim erim ham, chala yarim oʻynashim ham bor.
— E, qiziq-ku?!
— Ha, nega ajablanayapsan?.. Konyakdan quy... Erim ham, oʻynashim ham shuning uchun chala yarimki, bizning rossiyalik yigitlarni aroqxoʻrlik, xotinbozlik kasali chinakam yor yoshiga yetgunigacha mayib qilib qoʻyadi. Ana keyin...
— O’ynashing borligini ering biladimi?
— Albatta biladi! Nega bilmasin axir — yoshman, chiroyliman, keyin... Hatto senga ochigʻini aytadigan boʻlsam, erim oʻynashimni juda hurmat qiladi.

Birdan yigit gʻijinib:
— Qoʻy, gapirma! — dedi.

... dahshat! Axir, bu ... Erkak uchun bundan ortiq xoʻrlik boʻlmas. Yoʻq, bu — kasallik emas, bu — halokat — Oʻlim talvasasidan oldin roʻy beradigan muvaqqat karaxtlik.

Yigit piyolani toʻlatibroq konyak quydi. Ichdi.

Gazak qilmadi.

Doʻndiqcha mastona oʻrnidan turib, birpas peshayvon yonida xayolchan tek qotgach, qizib borayotganligini aytdi, soʻng:
— Chiroqni oʻchirsam maylimi, azizim? — deb soʻradi.
— Shundoq yaxshi emasmi?
— Salqin boʻladi.
— Ixtiyoring.

Doʻndiqcha chiroqni oʻchirdi. Xonani sutdek oydinlik chulgʻadi.

Roʻparada sirli jimirlayotgan yulduzlar oralab, ohista toʻlin oy suzmoqda edi.

Doʻndiqcha toʻshakka choʻzildi.

* * *

Yigit guldek ayollarning bu qadar beqadrligini oʻylarkan, hamon yon qoʻshnisi Durkunxonning oʻsha — Gʻamgin iqrori xayolida soʻnayotgan shamdek lipillamoqda edi.

Durkunxon nimadir soʻrab kirgan paytda Yigit toʻshakda gazeta oʻqib yotgan edi. O’zidan bilib chiqib ketar, deb turmadi. Yotaverdi.

Nihoyat, Durkunxon ishshayib joyidan qoʻzgʻaldi-da, chaqqon eshikni qulflab qaytgach:
— Shuncha oʻzimni koʻz-koʻzlaganim yetar! — dedi...
— Xudbin ekansan. Boʻl, nariroq suril!

Tun edi. Allamahal edi. Ammo, Yigit mutlaqo bunaqasini kutmagan edi:
— Chiroqni oʻchirmaysanmi? — dedi, negadir ovozini oʻzi arang eshitdi.

Durkunxon esa xushhollik bilan:
— Menga baribir, — dedi.
— Ering yoʻqmi, Durkunxon?
— Durkunxoning nimasi?
— Senga oʻzimcha shunaqa ot qoʻyganman.
— Hm-m, yaxshi ekan... Erim bor. Polkovnik. Harbiy bilim yurti boshligʻi. Bittagina qizim bor. Bu yil beshinchiga oʻtdi. Hozir qizim Artekda... Bilasanmi, senga ochigʻini aytsam, bu yoqqa kelganimdan keyin shunday boʻldim: kechalari orom olib uxlayolmayman — quloqlarimga har xil tovushlar chalinayotgandek, nikoh toʻyim boʻlayotgandek, hali zamon toʻy tugaydiyu, kuyovim bilan yolgʻiz qoladigandekman... Lekin qani oʻsha kuyov?.. Endi oʻzing kuyovim boʻlasan, jonchigʻim!

... na chora. Ammo, negadir koʻngilda oʻlimtik hirsdan boʻlak biror bir yoqimli tuygʻudan asar yoʻq. Yoʻq!

Durkunxonning badanidagi nozik tirtiqqa ishora qilib:
— Nima uchun unday boʻlgan? — deb soʻradi Yigit.
— A-a!.. — dedi Durkunxon, soʻng hushlar-hushlamas qoʻshib qoʻydi. — Doyalar qornimni yorib, qizimni olishgan.

Nechundir tobora Yigitning koʻngli gʻashlanmoqda edi.

* * *

Bogʻning ovloq xiyobonidan yuqori koʻtarilib borishayapti. Atrof-tevarak poyonsiz oʻrmon kabi qalin daraxtzor. Siyrak yalangliklarda esa gulzorlar yashnab koʻzga koʻrinadi. Namxush havoda yomgʻir isiga omuxta turfa gullaru asriy argʻuvonlarning oʻtkir, yoqimli hidi anqiydi. Qayragʻochlaru oqqayinlarning tillarang barglari ohista pirpirab yerga qoʻnadi. Goho bargi gazonlarni shitirlatgancha hurkak olmaxon eppillab yoʻlni kesib oʻtadiyu, duch kelgan daraxtga tirmashib, zumda koʻzdan gʻoyib boʻladi, saldan soʻng yana iziga qaytib, qoʻl yetar balandlikda toʻxtaydi-da, xoʻrak ilinjida sergakkina moʻltirab turaveradi.
— Ana, yana bir olmaxon yoʻlimizni poylayapti, — dedi Durkunxon. — Yongʻoqdan qoldimi?
— Koʻproq olsak boʻlar ekan. Attang!.. Koʻzmunchoqdek koʻzlarini moʻltiratayotgan olmaxonga orqadan kelayotgan boʻychan bir qiz kaftida pista tutdi. Olmaxon qirs-qirs pista chaqqach, tagʻin yuqoriga oʻrmalab ketdi.

Zinapoyadan yana bir baland sayxonlikka koʻtarilishdi. Sayxonlikning oʻrtasi gulzor! Odamlar gulzor oralab, sayrona kezib yurishibdi. Tarvaqaylagan argʻuvonlar ostiga oʻrindiqlar qoʻyilgan.

Chekkaroqdagi oʻrindiqqa borib oʻtirganlaridan soʻng, Yigit:
— Sen sira oʻylaganmisan, kechalari uyqungni buzayotgan tovushlar nimaniki boʻlishi mumkin? — deb soʻradi.
— Axir, togʻ bosimi ostida a’zoi badan qizib, hadeb miyaga qon uraversa...
— Yoʻq, undan emas. Menimcha, chindan ham Ma’shuqaning arvohi tunu kun darada chirqillab yurgandek!..
— Ah-ha, mantigʻing chakki emas, — deb kuldi Durkunxon. — Ruh mavzusida dissertatsiya yozsang boʻlar ekan.
— Men behazil gapirayapman.
— Men ham behazil aytayapman!.. Sen juda ajoyibsan...
— Polkovniging koʻrib qolsa!..
— Menga desa general koʻrmaydimi! — dedi Durkunxon va negadir birdan ma’yus tortdi. — Kechir meni. Men seni aldaganman... Erim yoʻq mening.

... e, bechora!
— Qizing-chi?
— Qizim bor. Qizim aqlli. — Durkunxon xoʻrsindi. Boshini quyi egdi — Erim zaif edi. Yuradi deb oʻylardi meni. Axiyri ajrashdik... Keyin bir kuni uyga mast-alast keldiyu, kindigimdan pichoq tortvordi.
— Boshdayoq rostini aytsang boʻlmasmidi?
— Nima desam ekan?.. Sen baribir meni tushunolmaysan... Biz oʻz ixtiyorimiz bilan shu kuyga tushibmizmi?!

... bu qanday zamona, bular bunchalar xoru zor?!

Ushbu fikr koʻnglidan kechgani hamono, Yigit koʻksida achchiq bir ogʻriqcha sezdi. odamning xoʻrligi keladi-e!

Yigit tush koʻrmoqda edi.

Tushida koʻzlarini ochdiyu, yonida afsonaviy mnng kokilli ilonni eslatuvchi echkiemarni koʻrib, oʻsha zahoti chirt yumdi. Qimir etmay, tahlika ichra yotaverdi.

... tavba, echkiemar xonada nima qilib yuribdi! Toʻrtinchi qavatda-ya!.. Yoki, togʻ soʻqmogʻida echkiemarga duch kelganim uchun, endi koʻzimga koʻrinayaptimikan?.. Qiziq, shu paytgacha har maqomda qulogʻimga chalinib uyqumni buzgan ham manavi mahluqning tovushimikan-a?

Bir mahal, tushki hushi uygʻanib, qadam tovushi kabi bir sas ohista qulogʻiga chalindi. Koʻzlarini ochgisi keldi, lekin ochmadi. Keyin, saldan soʻng, sekin eshikning ochilib yopilgani eshitildimi... eshitilgandek boʻldimi — bilolmadi.

Yalt koʻzlarini ochdi xona toʻlinoy nuridan sutdek oydin edi.

... jin ursin! Tezroq bu yerdan joʻnab ketish kerak... Ajab, shu tobda Anvar Oxun oʻzining 553-xonasida nima qilayotgan boʻlsaykin-a?

Ayni shu daqiqalarda Anvar Oxun botinan betoqatlanmoqda, agar hamon roʻparasida xumorlanib oʻtirgan Boʻtakoʻz malak xonasiga chiqib ketsa, kundalik odaticha, suyukli munaqqasha mashgʻulotini birpas davom ettirmoqchi, soʻng maza qilib uxlamoqchi edi.

... tur axir, Boʻtakoʻz, xonangga chiqa qol endi. Juda oshirvording-ku!

Boʻtakoʻz esa hayyorona kulimsirab:
— Yolgiz qolishni istayapsiz-a? — dedi, — Toʻgʻri topdimmi, Anvar?

Anvar qizarib:
— Yoʻq, nega?.. — dedi. — Uxlashga ulguramiz hali. Uyqu — Oʻlim, degan maqol bor bizda.
— Juda serma’no maqol ekan, — dedi Boʻtakoʻz. — Lekin siz bilan men oʻlim haqida oʻylamasligimiz kerak.
— Bizga shunday oʻrgatishganki, chinakam musulmon har kuni yetti mahal oʻlimni tan olishi kerak.
— Eh-ha, azobku bu, Anvar!
— Kim aytdi snzga, musulmonlik, rohat, deb?
— Axir, biz oʻzimizga berilgan imkoniyatlardan foydalanib, hayot ne’matlaridan rohatlanmogʻimiz kerak emasmi?
— Toʻgʻri, biz bunga haqlimiz. Ammo, Islom ta’limoti boʻyicha asl rohat-farogʻat u dunyoda, bu yoqdagilari... Oʻtkinchi. Ya’ni, biz bu dunyoda birodarlarimiz baxtu saodati uchun fidoynlarcha mashaqqat chekib, oʻtkinchi rohat-farogʻatlarga ruju qoʻymay, sabru qanoat bilan yashamogʻimiz kerak.
— Bemavrid qartayib qolgan odamga oʻxshaysiz, Anvar.

Anvar kulimsirab:
— Balki, — dedi.

Xiyol jimlikdan soʻng Boʻtakoʻz turishga chogʻlanarkan:
— Aytmoqchi, siz menga va’da bermadingizku, ertalab choʻmilgani borasizmi? — dedi. — Bilasizmi, ertalab chogʻi koʻl suvi qanday boʻladi — yangi sogʻilgan sutdek iliq, sutdek mayin!

Anvar chap koʻksini siypalab:
— Aytganman-ku, menga mumkin emas, — dedi. — Qoʻying, tavonimga qolishingiz mumkin.
— Anvar, — doktorlarga ishonmang!... Ular meni yigirma yil aldashdi tugʻma yurak oʻynoqi kasaling bor, deb. Yigirma yil-a!.. Men baribir ularga ishonmay, qishin-yozin choʻmilaverganman. Ana, oʻzingizning xabaringiz bor-ku, uch kun qatorasiga yapon apparatida tekshirishib, hech qachon siz yurak oʻynoqi kasali bilan ogʻrimagansiz, deyishdi.
— Mening yuragimda choklar bor ekan-da...
— Gapirmang!.. Ularga emas, koʻproq Kashpirovskiyga quloq solib, koʻproq choʻmilish kerak, Anvar, — deb Boʻtakoʻz oʻrnidan turdi. — Ertalab choʻmilgani boramiz-a?
— Koʻramiz.

Boʻtakoʻz xush-xurram jilmayarkan, eshik tomon yurib:
— Ertalab uygʻotaman baribir, — dedi. Anvar indamadi.
— Yaxshi tushlar koʻring, Anvar!..
— Tashakkur!..

Anvar eshikni qulfladi. Ortiga qaytdi. Stol ustidagi kitoblarga nigoh tashlab, xazin entikdi.

... yana bir kecha harom boʻldi. Esiz!..

Peshayvonga chiqdi.

Havo salqin, mayin. Osmon esa yulduzlar bilan charogʻon. Ana, bir yulduz vizillab uchib, Ma’shuq qoyasi ortiga oʻtib ketdi. Nogoh koʻl tomonda suv shaloplab, bir hovuch kumush tanga sochvorilgandek, uzoqdan oy nurida tomchilar yaltiradi.

Anvar xonaga qaytarkan, bugun samarqandlik bir xonimcha qoʻyarda-qoʻymay anavinaqa video-kinoga boshlab kirganini va kinodan qochib chiqqaniyu, soʻng kunboʻyi gʻashlanib yurganini esladi.

... qoʻtir echkiga oʻxshamay oʻlinglar-e! Tavba, nega bular bunaqa-ya!... Agar shu kunlarda koʻrgan-kuzatganlarimni bir hikoya qilib yozsam, hoynahay jipiriqilardan baloga qolib ketarmano-ov!.. Lekin nimadir yozmaslik... O’, xalq balo, xalq dono aytsam oʻldirurlar, aytmasam oʻlim!

Anvar shartta kitoblar ustidan daftarni oldi. Ochdi. Odaticha, satr boshidan uch yulduz qoʻyib, yoza boshladi.

* * *

Hikoya... Hikoyada maqsad-muddao boʻrtiqligi — siqiqlik-oʻquvtani ezib qoʻyishi mumkin.

Men shunday bir roman yozishim kerakki, unda voqealar aralash-quralashligidan gap nima haqda borayotganligini daf’atan anday-munday kitobxon anglab yetolmasin, toki u hayot qadar bema’ni, hayot qadar beshafqat boʻlsin.

* * *

O’z layoqatini bilolganlar — baxtiyordirlar.

Anvar shunday deb yozdiyu, bekor gap, deb oʻyladi. Keyin, bu yoqqa kelayotib, biror yigirma kuncha oʻz xayollari bilan yolgʻiz qolaridan umidlanib suyungani yodiga tushdi. Entikdi.

Tagʻin yozishda davom etdi.

* * *

Odam hech qachon tashqi kuchlar azobidan qutulolmaydi. Tashqi va ruhiy qiynoqlardan qutulmogʻi uchun hech boʻlsa odam esar boʻlmogʻi kerak. Binobarin, bu dunyoda odam ozod ham, baxtiyor ham boʻlolmaydi.

* * *

Yolgʻizlik — xomxayoldir ayniqsa, ushbu zamonda! Quloqlaringizga koʻzlaringiz orqali tashqi dunyo bor bulganchliklari bilan miyangizga suqilib kiraveradi, kiraveradi, kiraveradi. Yoki bekinib olgan makoningizga kimdir kirib keladi, yoki bekinib olgan makoningizdan nochor-noiloj chiqasizu, nopok kimsalarga duch kelasiz, jirkanch gʻalvalarga guvoh boʻlasiz. Oqibat, xayolingizda yaratgan yolgʻizlik olamingizdan yana mosuvo boʻlib qolaverasiz.

1989 yil.

Anvar oʻrnidan turdi. Tunchiroqni oʻchirdi. Yechindi. Soʻng toʻshakka horgʻin choʻzilarkan, tagʻin nima jin urib video-kino tomoshasiga borgani yodiga tushdiyu, koʻnglida bir gʻashlikni his etdi.

... dahshat, deb oʻyladi eng muhim san’atlardan biri anavinaqa fohishabozlikka chorlab tursa-ya!.. Hoynahoy kinoda koʻrganlarini samarqandlik xonimcha endi boplab amalda qoʻllayotgan boʻlsa kerak. Albatta-da!.. Yoʻq, hamisha odamlarni itoatda saqlaguvchi ilohiy bir kuch-qudratli bir kuch zarur ekan... Xoʻsh, ertalab yangi sogʻilgan sutdek iliq, sutdek mayin koʻlda Boʻtakoʻz bilan birga choʻmilgani boramizmi endi, mulla Anvar?.. Buzilayapsiz, mulla Anvar, buzilayapsiz!

Bir mahal tush koʻra boshladi: osmon falakda, oppoq bulutlar oralab kinodagi momiqbadan qizlar bilan suzib yurganmish.

Yigit kiyinib, peshayvonga chiqdi. Soʻlib yotgan gullarni chetga surib qoʻydi.

Ertalab. Qoyalar orasidan quyosh moʻralab, moʻl-koʻl nur sochayapti.

G’ishtparchin yoʻlkalardan oshxona tomon tizilishib borayotgan odamlarni kuzatarkan, gʻanimat gʻamida gʻalla gʻarami sari oshiqlayotgan chumolilarga, ayni kezda ularni oʻtlagani taqir yaylov tarafga yoʻl olgan podaga ham taqqoslab, kulimsirab qoʻydi.

... hademay oʻzimiz ham ular safiga qoʻshilamiz... Bir toʻda ayollarga bir gala erkaklarni qoʻshib... Buning nimasi kurortmish-a! Kimdan chiqqan oʻzi bunaqa odat.

Boʻynini choʻzib, Durkunxonning xonasiga kirdi: Durkunxon peshayvon roʻparasida soch taramoqda edi.
— Salom berdik.

Durkunxon indamadi. Tumshaydi.
— V. I. Lenin iborasi.

Yigit atay beparvo ohangda soʻradi:
— Nonushta qilgani bormaysanmi?
— O’zing boraver.

Yigit achchiq kulib, ortiga burildi.

Xiyoldan soʻng, odamlar oqimiga qoʻshilib, oshxonaga kirib bordi.

Oshxona gavjum, lekin hamishagiday dasturxonlar huvillaydi. Toʻyish uchun emas, ochdan oʻlmaslik uchun nimadir tanovul qilish mumkin.

Stolga yaqinlashayotib, hamdasturxoniga bosh irgʻab yoqimli ishtaha tiladi.

Poytaxtlik Oppoqbika jilmayib:
— Marhamat, shoir janoblari! — dsdi. — Achchiq ayron, yorma boʻtqa va hokazo.
— Iltimos, kesatmang, — dedi yigit. — Men shoir emasman.
— G’alati ekansiz-ku, — dedi Oppoqbika qizarib. — Gazetada ishlayman, degan edingiz. Jurnalist... shoir baribir emasmi?
— Yoʻq, baribir emas.
— Men... meni kechirasiz. Koʻrmayapsizmi, yemoqqa arzigulik biror vaqo yoʻqligidan sizga arz qilmoqchi edim. Bizning nomimizdan gazetaga feleton yozarmikansiz deb.
— Salkam yigirma yil feleton yozganman, — dedi yigit, taassuf bilan bosh chayqab. — Feleton bilan hech nimaga ershiib boʻlmaydi. Faqat bitta yoʻli bor yoppasiga ochlik e’lon qilish kerak.
— Juda toʻgʻri! — dedi Oppoqbikaning roʻparasida oʻtirgan tepakal baqaloq pishillagancha, sanchqini havoga niqtab. — Siz oʻzbekistonliksiz-a?
— Ha, oʻzbekistonlikman. O’zbekman.
— «Literaturka»da bosilib chiqqan G’oyibovning sirli oʻlimiyu markazlik tergovchilarning kirdikorlari haqidagi feleton toʻgʻrisida qanday fikrdasiz?
— Jurnalist haq.

Baqaloq:
— Ana, aytmovdimmi senga! — deb, sherigi — qirra burun, qirq yoshlardagi yigitga qaradi. — Hali hammasi fosh boʻladi... O’sha davrlarda xalqingizga qarshi puxta oʻylangan jarayon boshlanib ketgan edi. Ha-ha!.. Hali hammasi fosh boʻladi. Men sizlarning respublikangizda boʻlganman. Bilasizmi...
— Bas! — Qirra burun Baqaloqni gapirgani qoʻymadi. — Hozir ogʻzingdan gullaysanu, keyin pushaymon boʻlib yurasan.

Oraga jimlik choʻkdi.

Saldan soʻng Qirra burun tovoqni nari surib, xayr ma’nosida bosh irgʻagach, vazmin oʻrnidan turarkan, sherigiga:
— Ketdik, — dedi.

Baqaloq uzrchan kulimsirab, shoshqaloqlik bilan uning izidan ergashdi.

Ular xiyol uzoqlashgach, Oppoqbika taqsimchadagi ulushi — chaqmoqqanddek saryogʻni uzatib:
— Marhamat... Qoʻlimni qaytarmang, — dedi. Yigit toʻymagan edi:
— Rahmat, — dedi va yogʻni pichoqqa ilib, nonga surdi.

Bir ozdan soʻng Oppoqbika:
— Baqaloq oshpazning gapiga qaraganda sizlarda ayollar hamda bolalar umuman goʻsht yeyishmasmish, — dedi. — Lekin kunora choyxonada erkaklar palovxoʻrlik qilisharmish. Toʻgʻrimi shu gap?

... suyuq. Alamzada! Parvo qilmaganim uchun endi zahrini sochmoqchi. Chayon!

Yigit yogʻ surilgan non boʻlagining yarmini yegan edi, qolgan qismini dasturxonga qoʻydi: Ogʻzidagi rizqini bazoʻr yutib:
— Ham rost, ham boʻhton, — dedi. — Rostligi shundaki, choyxonada palovxoʻrlik qiladigan erkaklarning xalqqa aloqasi kamroq. Ularning uyida hamisha bir pud goʻsht osigʻliq turadi. Boʻhtonligi hadeb gapiradigan boʻlsak, yaqin oʻtmishda ham xonadonlardagi xumlarda oʻz yogʻiga qovurilgan qoʻylar nimtalab bosib qoʻyilgan boʻlardi. Keyingi yillarda esa jumhuriyatimizda aholi jon boshiga atigi oʻn kilodan goʻsht toʻgʻri kelayapti. Bunga kim aybdor deb oʻylaysiz?

Oppoqbika koʻzlarini pirpiratib:
— Tushunarli, — dedi, soʻng. Mashinangiz bormi? - deb soʻradi.

Daf’atan Oppoqbikaning muddaosini anglayolmay:
— Bor, — dedi Yigit.
— Koʻpchilikdami?
— Koʻpchilikda.

Oppoqbika gʻalati kulib:
— Ana! — dedi.
— Nima ana?! — dedi Yigit.
— Demak, sizlardagi qandaydir noqonuniy daromad manbai toʻgʻrisidagi gaplar uydirma emas. Axir, birgina maoshning oʻziga mashina olish mushkul-ku?!

... bu chayonga nima deb javob berish kerak endi — bizning ayollarimiz bolalarini chirqillatib kurortlarda besar izgʻimaydilar, erkaklarimiz bolalari rizqidan qiyib shaharma-shahar kezmaydilar; ayollarimiz oddiygina kiyinadilar, erkaklarimiz ikki yuz soʻmlik kostyum toʻgʻrisida hatto oʻylamaydilar; farzandlarimiz bir-birlarining kiyimini kiyib ulgʻayadilar: topgan-tutganimizni yigʻib-terib toʻylar qilamiz, uylar quramiz: shulardan orttib qolsak, ana undan keyin mashina olamiz, desammi? Ammo, baribir tushunolmasa kerak bu chayon.
— Atrofiigizga bir koʻz yugurtiringchi, mana shu mingdan ortiq dam oluvchi odamlar orasida oʻzbeklar jami besh kishi chiqarmikan?

Merovsirayotgandek tagʻin Oppoqbika koʻzlarini pir-piratdi. Miq etolmadi.

Yigit indamay oʻrnidan turdi. Nimadir boʻgʻzidan boʻgʻayotgandek yoʻgʻriqib koʻchaga chiqdi. Sayrona kezayotganlarni, oshiqona juftlarni oralab, chetga oʻtdi. Olmazor yonidagi ariqcha yoqalab, xomush keta boshladi. Bir mahal, ohista yelkasiga kimdir kaftini bosdi. O’girilib qaradi, koʻmkoʻk koʻzlari bir dunyo hayajon bilan roʻparasida gulgun yashnab turgan sarisoch Guloyimni koʻrdi.
— Sezayapsizmi, bugun kechagidan ham issiq boʻladi, — dedi Guloyim qiqirlab kulib. — Karang, quyosh qanday qizdirayapti.

Chindan ham avji saraton kunlaridagi kabi qilt etgan shabada sezilmas, osmon tiniq, ufq tomonda esa alvon bulutlar suzmoqda edi.
— Toqqa chiqmaymizmi?
— Togʻda nima qilamiz?
— Menda xitoylarning giyohlaridan tayyorlangan ajoyib malhami bor. — deb, Guloyim uning bilagidan oldi. — Koʻrasiz, badanni rosa yayratadi. Chiqamizmi?
— Bilmadim... Hamshaharlar bilan bugun bir palovxoʻrlik qilmoqchi edik.

Guloyim ayanchli mungraydi. Yigit hazin entikdi.

... ha, shoir haq meni xoru rasvo qiladurgʻon bu koʻngildir, bu koʻngil. (Alisher Navoiy satri).

Poʻpanoq togʻjiydalarining olachalpoq soyasida davra tuzishgan. O’rtada sharqona dasturxon, poʻltoni non boʻlaklari kosalab karjlangan qovun, yongʻoq, parraklangan qazi... Oshxonadan olingan ikkita chinni tovoqda esa oz-ozdan palov qolgan. Bir nechta shisha quvragan oʻt-oʻlanlar orasida dumalab yotibdi.

Bazm avjida.

Ammo, negadir Anvar Oxun pinhona betoqat, tezroq davra tarqasa, Boʻtakoʻz yoniga bormoqchi. Lekin, chamasi, haliberi davra davom etadigan. U esa nima qilariga hayron, oʻtiraversinmi yoki?..

Davrada kosagullik qilayotgan dogʻistonlik Musulmonqul:
— Qardoshlar, ichamiz!— dedi. Tut shinnisidan tayyorlangan aroq bu. Zoʻr!.. Toʻqsonga kirgan otam oʻz qoʻli bilan tayyorlagan — tabarruk. Olinglar, qardoshlar!
— Shoshma, Musulmonqul! — dedi qashqadaryolik savlatli yigit, dogʻistonlikning kiftiga shapatilab. — Biz alkagol emasmiz, ogʻaynim. Qani, kim tost aytadi, nima uchun ichamiz?
— Men aytam endi, men! — dedi samarqandlik xonimcha, sarxushlikdan quvnab, chayqalib. — Ya — internatsiopalistka. Papam — choʻqingan — rus, aniyim — tatarka, oʻzim oʻzbek naturi, erim — xaxul. Internatsionalizm uchun pit icharga kirak, druzya!
— Oling-e, qinizini goʻmiyn! — dedi xorazmlik qovunchi mastona kekirib. — Internasiyonalizminiyam sadagʻasi getay!..

Kadahlar jarangladi.

Keyin, gazak qilmay, Savlat bilan xonimcha oʻpishdi.
— Ey, Xonimcha, men-chi?!— dedi Qovunchi. — Joʻjjingdan aynanayin, manga muchchi bermaysanmi axir?!
— Al... al! — dedi Xonimcha, gʻamza bilan yonogʻini tutib. — Sinda silovat it indi, qiyashim!..

Beixtiyor yomon bir narsani koʻrgan kabi Anvar Oxun yuzini chetga oʻgirdi.
— Ey, Oxun, san nechun burningni jiyirasan, joʻra? — deb soʻradi Qovunchi. — Oyogʻim sasimaydi. Kunda ikki mahal joʻroi almashtiraman. Hovva, man bu yurtlara oʻynab-kulgani kelganman, soʻpilik qilgani emas joʻra. Axir, oʻzlaringiz har kuni erta azondan radioda qoʻshiq aytasizlar-ku — Ye, ich, oʻyna, kul!...

Toʻgʻrimi?

Anvar Oxun indamay bosh irgʻadi.

... buzilayapsan, mulla Anvar, buzilayapsan, birodar. Mana, oʻtiribsan-ku!.. Ustiga ustak xayolan Boʻtakoʻz huzuriga oshiqayottaningchi?... Be’mani davralardan ma’ni izlamoqchisan... Yolgʻon, yolgʻon, yolgon!

Birdan davrada kulgi, qiyqiriq yangradi.

Anvar Oxun sergak tortdi. Va davrada tamomila oʻzining begonaligini his etdi. Soʻng, sekin daraxtlar ortiga oʻtib, davra tomon eltuvchi soʻqmoq sari yurib ketdi.

Peshayvondagi orom kursida yaslanib, botib borayotgan quyosh nuridan allatovur shafaqlanib koʻrinayotgan koʻldan nigohini uzmay, negadir yigit bu yoqlarga kelganigami yoki hanuz ketolmayotganigami oʻkinmoqda edi. Koʻlda kimlardir yayrab choʻmilishayapti. Choʻmilgisi keldi. Ammo...

Ammo, allanechuk asablari tarang. Koʻngil gʻash. Boz ustiga nimadir movmushuk kabi dam koʻksini tirnab dam ishtiyoq bilan gajiyotgandek.
— ... ayamay gʻaji-e, la’nati!... Kiziq, sezgi birlamchimi yoki idrok? Qaering ogʻrisa joning oʻsha yeringda. Bu gap sezgi azobiga aloqador. Undan dori-darmon bilan qutulish mumkin, vaqt ham malham xizmatini oʻtaydi, jarohat bitib ketadi. Ammo, idrok azobi, idrok qiynogʻi-chi?

Bu yoqqa kelayotib, roʻzgʻor tashvishlariyu turfa gʻalvalardan ma’lum muddat ozod boʻlariga ishongan edi.

Biroq, mana, bilayaptiki, ozod boʻlolmas ekan — yuragi qa’ridanmi, miyasining teran qatlamlaridami oʻrtaguvchi nnmadir betinim gʻimirlayotgandek. Toʻgʻri, kelganiga necha kun boʻldi — bir haftami, oʻn kunmi — kelganidan beri, yoʻq... allazamonlardan buyon ushbu darada tutqun kabi kun kechirayotgandek.

... demak, idrok birlamchi. Zarur nimadir yetishmayotgandek jismu jonimda beadad bir ogʻriq kezayapti. Xoʻsh, nima boʻlishi mumkin oʻsha — zarur nimadir?

Otashin xoʻrsindi.

Darvoqe, muhit birlamchimi, axloq? Albatta, axloqshunos, axloq birlamchi, deb ishontirishga harakat qiladi. Lekin...

Hamon nigohini shafaqrang koʻldan uzmagan edi. Koʻnglidan boshqa bir fikr kecharkan, beixtiyor qaddini tiklab, tobora koʻzlari kattargan koʻyi, koʻlga tikilib qoldi.

... ana, kimdir choʻkib ketdi. Iy-e, mulla Anvar shekilli! Ha, aynan oʻzi! O’shaning oʻzi!.. Ana, Boʻtakoʻz! Boʻtakoʻz uvvos solib, zir yugurayapti. Koʻl tevaragi odamlar bilan tirband boʻlib ketdi.

Yigit irgʻib oʻrnidan turdi. Peshayvon panjarasidan mahkam ushlab, yana xiyol fursat koʻl tomon tikilib qoldp. G’alati kulimsiradi, koʻl tevaragida hech kim yoʻq. Odamlar... begʻam-beparvo odamlar qator tizilishib oshxona sari oʻtib borishmoqda edi.

Yuqoridan odamlarga nazar solarkan, negadir tagʻin kulimsiradi.

Shu paytda bekatga avtobus kelib toʻxtadi.

... bas, ketish kerak. Ermak ham tugadi — mulla Anvar choʻkib ketdi... Bunaqada aqldan ozish hech gap emas. Ana, avtobus tayyor. Biror soatlarda, mayli ikki soatda boʻlsin, aeroportga eltib qoʻyadi. Chipta masalasi bir gap boʻlar. Joʻnash kerak!

Yigit shartta xonaga kirdi. Shoshqaloqlik bilan kiyimlariyu lash-lushlarini yigʻishtirib, jomadoniga joyladi. Soʻng sarosar eshikni qulflab, pastga tushdi. Paypoq toʻqib oʻtirgan darbon kampirchaga kalitni topshirib, joʻnab ketayotganligini aytdi. Xoʻshlashib koʻchaga chiqdi. Tanishlardan birortasiga duch kelmaganiga suyundi. Va yugurib borib, avtobusga kirdi. Saldan soʻng koʻl yonidan oʻtisharkan, yanayam sirli-sehrlidek tuyulayotgan sokin koʻlga xomush tikilib, parishon bosh irgʻadi.

Mulla Anvar — joʻrajon, ermak uchun seni xayolan bu yoqlarga olib keldimu, mana, endi oʻzim qochib ketayapman. Agar maboda palakat bosib bu tomonlarga kela qolsang, suvga choʻkib oʻlmasang hamki, boʻgʻilib oʻlaring tayin ekan, joʻrajon!.. Hayriyat... hayriyat! Alvido, Oshiqdara!...

Birdan avtobus ichini nimtatir qorongʻilik chulgʻab, dimoqqa namxush, xushboʻy epkin urildi. Endi avtobus asriy chinoru argʻuvonlar bilan qurshalgan nishab yoʻldan koʻtarilib, tobora Oshiqdaradan uzoqlashib bormoqda edi.