OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNortoʻxta Qilich
Asar nomiZilzila (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Nortoʻxta Qilich
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm91KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/07/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 2-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Zilzila (hikoya)
Nortoʻxta Qilich

Erta tong mahali, hali Bahrom chol qotib uxlayotgan edi. Nogahon karavotning qattiq silkinishidan choʻchib uygʻonayotgani hamono, vassajuft shiftdan shuvillab tuproq toʻkilayotganligini eshitdi.

Uy ancha eski edi.

...tomni oʻyib birov tushdi-yov! – Beixtiyor shunday bir gumon xayolidan kechar-kechmas, Bahrom chol koʻzlarini katta-katta ochdi, quloqlarini ding qildi. – Yo tavba, badavlat deb oʻylabdilar-de!.. – Oʻsha asnoda rahmatli oʻgʻli bor boʻy-basti bilan koʻz oʻngida bir yolqinlandi: oʻgʻlining oʻtganiga ikki oydan koʻproq... sal kam uch oycha... yoʻq, toʻgʻrirogʻi, tong otsa, yetmish yetti kun boʻladi. – Poʻlat... Poʻlatjon!.. – deb shivirladi, tuganmas bir gʻam bilan. – Ha-a-ay-y, bolajonim-a!..

Yo piray, hammasi bir zumda – koʻz yumib ochguncha – roʻy berdi-qoʻydi: odatdagiday oʻgʻlining dilkash jilmayishidan chaqnagan yuz-koʻzlari xayolida namoyon boʻlar-boʻlmas, birdan osmondan, yoʻq... osmondan emas, yer komidan taralayotgan momaqaldiroqday gumbirlagan bir tovush aralash, – yo chindan ham momaqaldiroqmidi? – Olaboyning allatovur betoqat, zorlanib uvlayotgani qulogʻiga boshqacha chalindi. Irgʻib oʻrnidan turdi. Va, koʻngli yomon bir nimanidir sezib, beixtiyor boshyalang, oyoqyalang eshik tomon yugurdi. Ayni oʻsha asnoda ajabtovur yashin chaqnadiyu, uy ichi op-oydin nurdan koʻzni qaraqtirguday nurafshon boʻldi va oyogʻining tagida yer chayqalayotganligini sezdi.

...ermi yo oʻzim chayqalvommanmi? Yer... yer shekilli. – Bahrom chol aniq bir xu-losaga kelib-kelolmay, sarosar hovliga chiqib, endi ortiga oʻgirilgan ham ediki, dahlizning kunbotar tarafdagi devoridan boʻyraday joy poʻp etib oʻpirilib tushdi. – Yo tavba, yer qimirlavotti-ku! Subhonolloh...

Bahrom chol, ogʻzi yarim ochiq koʻyi, qoʻni-qoʻshnining gʻala-gʻovuri qulogʻiga olis... olislardanmi taralayotganday gʻalati chalingancha, bir muddat karaxtday angrayib qoldi.

Olaboy esa, oʻpirilib tushgan devor kesaklarini oldingi oyoqlari bilan nega-dir jonhovri tatalarkan, gʻingshib-gʻingshib, damba-dam koʻzlari choʻgʻday chaqnagancha, Bahrom cholga qarab-qarab qoʻymoqda edi.

Nogoh, qattiq toʻlgʻoq tutgan xotinday yer yana bir toʻlgʻandi.

Olaboy vangillab qochdi-da, hovlini zuv aylanib, betoqat iziga qaytdi, Bahrom cholning oyoqlariga toʻshini berib yotdi; tagʻin allanimadan zorlanayotganday chingsib, oyoqlarini yaladi.
– Xayriyat, Oʻzi bir asradi. – Bahrom chol xayolchan shivirlarkan, tagʻin Poʻlatjoni kulib-jilmayib koʻz oʻngidan oʻtdiyu, oʻgʻlining qazosi kunlari yeru koʻkka sigʻmay qolgani yodiga tushib, Bahrom chol tajanglik bilan toʻngʻilladi. – E, dunyosi tuf degan tupukka arzimas ekan-ku! Buncha?!.

Bahrom cholning yuragi sancha boshlagan edi, toʻngʻillagan koʻyi, chap koʻkragining ostiga kaftini bosdi. Voajab, yolgʻizining qazosiga qadar yuragining boru yoʻqligi yodiga ham tushmagan, endi esa bot-bot shunaqa xuruj qiladigan odat chiqardi.

Ishkom ostidagi kartga xomush oʻtirdi.

Olaboy orqa oyoqlariga choʻnqayib, choʻzib-choʻzib uliy boshladi.

Bahrom chol xoʻmrayib, itga: oʻchir, demoqchi boʻldi, lekin... demadi.

...mayli, uliyversin. Poʻlatimmi qazosi kunlaridayam jonivor...

Olaboy osmonga qarab uliyverdi.

Allaqachon tong yorishgan – tobora osmon oqish-kulrang tus olmoqda. Koʻchaga yopirilib chiqqan qoʻni-qoʻshnilarning gʻala-gʻovuri lahza sayin avj olayotgan edi. Oʻsha asnoda birdan bir nechta «Tez yordam» mashinasi olam-jahonga qiy-chuv solib, katta yoʻldan yelib oʻtdi.

Hamon Bahrom chol boshyalang, oyoqyalang edi. Turib, koʻchaga qaragisi, qoʻni-qoʻshni bilan omonlashgisi keldi. Lekin... buning uchun uyga kirishi... kiyinishi kerak edi, shu tobda uyga kirish-kirmaslikni hamda oppoq ishton koʻylakda oʻzining arvohday boʻlib oʻtirganligini oʻyladimi, oʻylaganday boʻldimi – bilolmay, borligu yoʻqlik aro mahv boʻlgan koʻyi, chap koʻkragining ostini xomush... xayolchan siypalayverdi.

Ishkom chekkasidagi quvur joʻmragi mahkam buralmay qolgan ekan, undan koʻz-yoshiday uzluksiz suv tomchilamoqda edi: chak... chak... chak!..

* * *

Bahrom chol, baribir, koʻchaga chiqmadi.

...chiqib ham nima qilardim, – deb oʻyladi. – Birovning koʻzi uchvottimi.

Xushlar-xushlamas nonushta qilganidan soʻng, Bahrom chol erinmay, elan-qaran unnab, sersomon loy qordi.

...qayoqqayam shoshilaman – borar manzilim aniq: ana, anetta kampirimu oʻgʻlim-ning mangu makoni yonidan tegadigani ikki gazgina joy; faqat, vaqti... noma’lum-de!.. Oʻzi, azaldan shunday: bandasi kelariyu ketar vaqtini bilolmaydi.

Bahrom chol tagʻin bir chelak suvni loyning ustiga shilta qilib sepdi. Endi loy bir oz damini olishi – yetilishi kerak edi.

Bahrom chol yuzlariga, peshonasiga koʻpchigan terlarini belbogʻiga artgan koʻyi, kartga borib, horgʻin... gʻamgin choʻzildi. Loʻla bolishga boshini qoʻyayotib, kampirini esladi: xoʻrsindi!..

Aslida, e s l a d i deyish – sal toʻgʻri emas; chunki, eslasa-eslamasa, oʻylasa-oʻyla-masa, dam oʻgʻli, dam kampiri, goho har ikkala azizi dilining tub-tubidami yo miyasi-ning allabir qat-qatidami yonayotgan shamday bigʻillayotganini mayin bir ogʻriq bilan mudom his etib turadi. Biladiki, mana shunday paytlarda rahmatli kampiri darrovgina bir piyola iliq-issiq choy quyib uzatardi: mang, xalqumiyizzi hoʻllavoling, chol derdi.

Endi bunday oʻylab qarasa, kampirining ch o l degan shu birgina jumlasida ona-ning erkatoyiga b o l a m deganidagiday bir mehribon taft boʻlgan ekan; endi esa, oʻsha taft...

...yoʻq-de, yoʻq!

Shuni oʻylayotib, beixtiyor Bahrom cholning kampiriga ham havasi keldi, ham... Koʻz jiyaklari jimirlab ketdi. Yutindi.

...rahmatli vaqtida etak siltagan ekan, – deb koʻnglidan oʻtkazdi soʻng Bahrom chol, tirsagiga tiranib choy quygach, iliq choydan bir qult hoʻplayotib. Bahrom chol na-faqaga chiqqan yili, kampiri, ogʻrimay-netmay, bir peshin chogʻi qoʻlida dabdurust-dan qanot qoqib, jon taslim qilgan edi. – Oʻzbekning odatlari qursin ekan: onang – mahalla, otang – mahalla, deb oʻsha kuni qoʻyarda-qoʻymay, asr namoziga chiqargan edi-lar; tili tanglayida qotmay, mayitni joyi rostoniga topshirish kerak emish!.. Ana keyin – ikki yildan sal kamroq oʻtganidan soʻng, Poʻlat!.. Poʻlatjon, agar... Boyo-qishning yuragi yorilib ketardi-yov!

Bahrom chol – ota ekan, chidadi.

...e, chidaganim qursin! – deb shivirladi Bahrom chol, oʻzigagina ayon bir alamzadalik bilan, uf tortib. – Aytishga oson – farzand dogʻiga chidab boʻlarkanmi?!. Oʻshandan beri tong otadiyu kun botadi. – Ha, Bahrom cholning bilgani shu: tongi otmagan tun, quyoshi botmagan kun yoʻq ekan. – Bir nafas evrilmadi, davron mani komim bila, degani shu boʻladi.

Bugun... haliroq dahlizning oʻpirilgan devorini hamda chordoqqa chiqib, tom-ning teshilgan kaftday joyini suvaganidan soʻng, asr namozi paytini moʻljallab, qabristonga borishni diliga tugdi: kampirining ruhi poki haqiga, oʻgʻlining navqiron ruhi poki haqiga bilganicha tilovat qilib, koʻnglini sal yozib qaytadi.

Erta tongdan beri goh hud, goh behud xisr-pisr yuraverganigami, Bahrom chol rosa charchagan ekan, asta qoʻlidan piyolaning koʻrpachaga sirgʻalib tushganini ham payqayolmay, koʻzlari uyquga ilindi.

* * *

Tong yorishar mahalidan ancha avvalroq Bahrom chol tush koʻrdi: tushida – onasi!.. Onaginasi emish-ey!.. O, necha zamonlar boʻp ketgan edi tushiga onasining kirmaganiga.

...nechuk bunday?.. – Bahrom chol koʻnglida unutilayozgan bir minnatdorlikni tuydi. – Oʻzingga shukur-ey!.. Lekin, nimaning alomati boʻlishi mumkin bu-a?

Onasi uyda: eshikning oʻng tomonidagi toʻshakda oʻranib yotgan emish. Xona ichi goʻyo koʻzni qaraqtirguday yop-yorugʻ emish!.. Oyi, dedi Bahrom chol, asta onasi tomonga engashib. Va, ovozi tovlanib: oʻzingizmi, oyi? – dedi Bahrom chol yana. Oʻzimman, bolam, oʻzim! – dedi onasi, koʻzlarini ochmay... Qiziq, olis bolalik yillaridagi kabi onasining quchoqlariga kirmoqchi boʻldi, lekin onasi birpas orom olmoqchi ekanligini aytib, yoniga yaqin yoʻlatmadi.

Shu!..

Bahrom chol yostiqdan bosh uzib, qomatini tikladi. Boya onasiga gapirayotganida, negadir boʻgʻzi kuyishib, – yo piray! – boladay yigʻlagisi kelgan edi. Xayolchanlik bilan shuni eslarkan, koʻzlari jimirlab, parishon yonveriga qaradi: uyda emas, kartda – ishkom ostida tunab qolganini bildi.

...qiziq, nega uyda emas?

Kecha chordoqqa chiqib, tomning teshilgan tuynugini sersomon loy bilan suvayot-ganida, uyning bir necha joyidan darz ketganini koʻrib, koʻksi shilinguday ogʻrigan; keyin, radio ham: hali zilzila qaytalashi mumkin, deganga yaqin mujmal bir gap qilgan edi. Bildiki, uyda tunamaganligi shundan.

...sabil, jon – shirin-de!..

Tagʻin xayoli tushiga ogʻdi.

...nechun oyim koʻzlarini ochmadilar-a? – Boya beixtiyor tushida engashganida Bah-rom chol asta onasining yonoqlariga lablarini bosganini esladi. Va, goʻyo hamon du-doqlarida qadrdon bir nimanidir tuyadiganday lablarini yaladi: karch-karch yorilgu-day qurqshapti... – Ichimda tutayotgan gʻussamning hovuridan bu, – deb, Bahrom chol tagʻin lablarini yaladi. – Bitta oʻzim bilaman. – Tushida boʻlsa hamki, onasini koʻrganiga koʻp zamonlardan beri unutilgan bir iliqlikni koʻnglida his etdi. Lekin, kecha, asr namozi mahali qabristonga borib, kampirining, oʻgʻlining oyoq uchlarida koʻz yumib oʻtirganida onaginasi yodiga tushgan-tushmaganlarini eslolmay, xijillandi. Endi qiblaga yuzlanib, onasining ruhi pokiga uzoq duoyi fotiha bagʻishlashni niyat etarkan, hanuz taajjubda edi. – Nimaning alomati boʻlishi mumkin-a? Oyimning tushimga kirganlari bejiz emasdir axir?!.. – Kecha Bahrom chol kampirining yillar shamoliyu, yogʻin-sochinida yer bilan bitta boʻlayozgan joyi rostoniga, oʻgʻlining barra maysalar qoplayotgan goʻriga moʻlt-moʻlt termilib: ochigʻini aytsam, u yoqda mani qilar ishim qolmadi. Sizlarni juda... judayam sogʻinyapman. Maniyam yonlaringizga olinglar axir, deb tilangan edi. Shuni oʻyladi. – Balki, koʻzlarini ochib manga qaramaganlari yaxshilikkadir. Shoshilma, hali erta, bolam, deyayotganlaridir bu.

Bahrom chol kartdan tushdi. Kavushini kiydi.

Olaboy kart ostida yotgan ekan, chiqdi. Oldingi oyoqlariga tiranib, ogʻzini katta ochgancha esnab, uzoq kerishgach, koʻzlari chaqnab, erkalanayotganday xushhol hurib qoʻydi: vau-u-uv – yaxshi yotib turdingizmi, xoʻjayin?
– Hm-m, oʻzing-chi, Olaboy? – dedi Bahrom chol, dahliz tomonga jilib. – Man tu-shimda oyimni koʻrdim. Bildingmi, oyijonimni?..

Gazoʻchoqni yoqib, Bahrom chol olovga bir chelak suvni qoʻydi.

Hali erta: tongotargacha ancha vaqt bor. Suv isigandan soʻng, maza qilib boshdan-oyoq bir quyinadi.

...gʻusul deydimi buning otini?.. Ana keyin, yuvib qoʻyilgan oppoq ishton-koʻylak-lardan birini kiyib... – Beixtiyor yuragi sugʻurilguday boʻlib, Bahrom chol, yoshiga yarashmagan bir zoriqish bilan: – Oyijo-on! – devordi baralla. – Iloyo?!.

* * *

Tavalloyu tilovatdan soʻng, ancha ruhiyatini tetik his etib, Bahrom chol boqqa oʻt-di: niyati – nonushta paytigacha bir oz unnab, qolgan ikki-uch pushta egatni shibbalab qoʻymoqchi; keyin, suv taraydi; yer yetilgach, ekadi: pamidor, bulgʻor qalampiri, baq-lajon. Uch yuz... uch yuzu ellikta koʻchat yetib ortadi. Bugun kech xufton paytiga dovur singgitib suvga qondirsa, ikki kun, uzogʻi bilan, uch kunda yetiladi.

...ermak-da, – deb shivirladi Bahrom chol. – Bekordan – Xudo bezor emish.

Yulduzlar birin-birin soʻnib, tong boʻzarmoqda edi.

Ikki tup gilos, ikki tup olxoʻri qiygʻos gullagan. Olma, shaftolilarning guli endi ochilayapti. Har ikkalovining ham guli ochpushti tusda. Gilos hamda olxoʻrining guli esa oppoq – yangi yoqqan qor yangligʻ... Tong yogʻdusida ajabtovur tovlanib-tuslanayotgan shoda-shoda gullarga suq bilan termilarkan, beixtiyor dilida Bahrom chol: – chiroyli-e! – dedi. Va, dimogʻida gullarning mayin iforini tuyub, yutoqib-yutoqib nafas oldi. Ayni oʻsha asnoda inja bir sas ham qulogʻiga chalindi.

...hoynahoy, asalari boʻlsa kerak, – deb taxmin qildi. Lekin, negadir, taxminiga oʻzining ishonib-ishongisi kelmay, sekin gilosga yaqinlashdi, boshini koʻtardi. Va, gʻuj-gʻuj gullarga burkangan novdalar orasida bir nechta asalarini koʻrdi: bari betoqat... behalovat gʻoʻngʻillab, guldan gulga uchib qoʻnayapti; barining jimitday orqa oyoqchalari allaqachon gulchanggiga toʻla. – Oʻ, qoyil-e!.. Mana, yashashni n i m a d a n oʻrganmoq kerak. – Kecha, asr namozi mahali kampiriga, oʻgʻliga qilgan vovaylosi yodiga tushib, Bahrom cholning koʻksi bir qalqidi. – San boʻlsang: bu yoqda mani qiladigan ishim qolmadi, deb... Odamning har narsa boʻlgani yaxshi-e!.. Nima qipti, yer qimirlasa qimirlapti-da, shungayam ota goʻri qozixonami. Xudoning ming bir ishlaridan birida buyam.

Olaboy gʻingshidi.

Xayoli chalgʻib, Bahrom chol ortiga oʻgirildi: sal narida jonivor orqa oyoqlarida choʻnqayib, nega angrayib qoldingiz, xoʻjayin, deyayotganday tik qarab turardi.
– Olaboy?.. – dedi Bahrom chol. – Boringga shukur-ey!..

Bahrom chol sekin egatlar oralab, ortidan Olaboyni ergashtirgancha, oxirgi uch pushtaga yetdi. Qoʻliga ketmonchani oldi: endi shoshilmay shibbalashi kerak; nonushta qilganidan soʻng, suv taraydi.

Olaboy avval chelda orqa oyoqlariga choʻnqaydi, soʻng xoʻjasining astoydil ishga kirishganini koʻrib, yerga toʻshini berib yotdi.

Tong otayapti.

Tarvaqaylagan, baland gilosning shoxlariga dam sayin, lahza sayin har yoqdan izma-iz pirillab uchib kelib qoʻnayotgan qushlarning, asosan chumchuqlarning chugʻur-chugʻuri avj olmoqda edi.

...qushlar – xufton kirar-kirmas uyquga ketadiyu, tong otar-otmas uygʻonadi, – deb, dilida qayd etdi Bahrom chol, ketmonning orqasi bilan kesaklarni maydalab, egatni shibbalarkan. – Lekin jonivor asalarilar baridan erta uygʻonarkan-ey!..

Ayni oʻsha tobda esa qushlarning tonggi bahsma-bahs xonishi har qachongidan ham shodon, har qachongidan ham ajabtovur yoqimli edi. Birpas Bahrom cholning qushlar bazmiga mahliyolik bilan termilib, dilkash sayrogʻiga quloq tutgisi keldi. Lekin, kesaklarni xayolchan tap-tup maydalab, egatni tekis shibbalayverdi.

Bu yil, negadir, ancha kechikdi. Bundan avvalgi yillari oʻn beshinchi, juda nari borsa – uzogʻi bilan, yigirmanchigacha ekib boʻlardi. Bugun – yigirma yettinchi. Kecha... yigirma oltinchi edi.

...26 aprel – zilzila roʻy bergan kun, – deb oʻyladi Bahrom chol. – Poʻlatimning qazosining yetmish yettinchi kuni. Hay, bolajonima-a – Poʻlatjonima-a!.. Raqamlardayam bir karomat boro-ov!

Oʻylab qarasa, bu yil qariyb oʻn... oʻn besh kunga kechikibdi.

...bir kun erta eksang – bir hafta oldin oʻrasan. Mirishkor oʻzbekning gapi bu. Demak, man... E, maniki – ermak. Nima, man bozorga opchiqarmidim.

Oʻgʻli ikkovi, odatda, bozor kuni choshgohda ish boshlab, quyosh botar-botmas, hava-sakka egat olib boʻlgach, suvni jildiratib qoʻyardilar. Ertalabgacha yer miriqib suvga qonardi. Ana keyin – yer yetilishi bilan, birpasda ota-oʻgʻil avvaldan kampiri chirigan goʻng toʻldirilgan yashiklarga sochma qilib ekib qoʻygan koʻchatlarni nonushta paytigacha qadab, tagʻin darhol suvni mildiratib qoʻyardilar-da, ishga joʻnardilar... Boyoqish kampiri esa, qoʻlida teshacha, to kech kuzak kunlarigacha har bir koʻchatni ermakka alohida parvarishlardi. Endi bari oʻziga qolgan.

...mayli, shunisigayam shukur, – deb oʻyladi Bahrom chol. – Yaxshiyamki, shu ermagim bor ekan.

Allaqachon tong yorishgan, qushlarning joʻrovoz xonishi tingan, oʻqtin-oʻqtinda goh u, goh bu daraxtdan chumchuqlarning churq-churqlagani eshitilar edi.

* * *

Rosa uch kun deganda yer yetilgach, avval pomidorni, oʻrtaga baqlajonni, keyin shirin qalampirni ekdi. Soʻngra, qaytadan qondirib sugʻordi.

Nihoyat, ekin-tikin ishlarini saranjomlagach, erinmay, bogʻni begona oʻt-alaf-lardan tozaladi.

Qarasa, nazarida, endi bogʻda paysalga solmay bajargulik biror bir ish qolma-gan; vaqti-vaqti bilan koʻchatlarning ostini yumshatib, suv tarab, begona oʻtlardan tozalab tursa boʻlgani.

9 may – bayram kuni, ertalab, odatdagiday xushlar-xushlamas, nonushta qilib boʻlganidan soʻng, choshgohdan avval shahar aylangisi keldi. Negadir oyogʻi tortmadi. Xayolparishonlik bilan kamzulini yechdi. Ustundagi gulmixga ilayotib, kamzuliga qadalgan qator nishonlar shodasiga birrov koʻngli sust ketib qarab qoʻydi: yaltir-yultir – koʻzni qaraqtiradi-e!.. Nishonlari qatorida qirgʻinbarot Girmon urushida – be­omon jang maydonlaridan birida tekkan jangovar Qizil yulduziyam bor...

Ayni oʻsha damda radio bir bigʻillab, ajab mardona ovozda harbiy qoʻshin turlari namoyishidan eshittirish berilajagini xabar qildi.

Olaboy – jonivor, avvalboshdan ishonmagan esa-da, hamon koʻchaga chiqishdan ta-yin umidvor boʻlib, kallasini xiyol qiyshaytirgan koʻyi, qarab turgan edi, negadir, xoʻjasining fe’li ayniganligini koʻrib, gʻalati hurib qoʻydi: vov-vov – ha, xoʻjayin, nima boʻldi, chiqmaymizmi axir?!.
– Olaboy, boringga shukur-ey! – dedi Bahrom chol, itiga bir qaragach, kartga emak­lab chiqayotib. – Paradni eshitamiz. Bildingmi, bayram paradini.

Olaboy xafa boʻldimi, xoʻjasining gapini oxirigacha eshitmay, boring-e, degan-day bir gʻingshib, kartning ostiga kirib ketdi.

Bahrom chol koʻrpachaga choʻzilib, boshini yostiqqa qoʻydi, koʻzlarini yumdi.

Oʻzi, aslida, radio xabarlariga u qadar ishqivozligi yoʻq; asosan – kechki mahal, uyqu oldidan oʻzimizning manzur qoʻshiqlarni tinglaydi: Hojixon Boltaev... Yunus Rajabiy... Mulla Toʻychi hofiz... Berta Davidova... Tamaraxonim... Koʻproq Berta Davidovaning qoʻshiqlari yoqadi. Ayniqsa, uning bir qoʻshiq avjida: dunyoning kori shul ekan, bildik, angladik: goho birov azizu goho birov xoru zor oʻlur, deb nola chekkanida, kampiri, oʻgʻli, oʻzining aziz boʻlgan davrlari beixtiyor yodiga tushib, nimalardir dimogʻini achishtirvoradi.

Bir mahal, bosh maydondan, mamlakat tank qoʻshinlarining jangovar vakillari bir necha qator tizilib oʻtayotganligini aytdi radio.

Bahrom cholning xayoli chalgʻib, beixtiyor koʻz oʻngida qirgʻinbarot janglardan biri bori kulfatiyu, dahshati bilan namoyon boʻldi: oʻshanda naq oʻlib ketayozgan edi-ya!.. E, necha martalab unaqa oʻlimlar bilan yuzma-yuz boʻlgan. Lekin, oʻsha gal ham... – urushdan qaytganidan soʻng, boshida bunaqa koʻrgiliklari bor ekan-u, shoshmay tur, degan ekan-da!.. – omon qolgan; agar zambarakchi Ivan... U hech balodan qoʻrqmas, hali uylanmagan, juda kuydi-pishdi yigit edi, Bahromni yaxshi koʻrib, Bagramyan, der, Bahrom esa uni: Ivan emas – Ivon, der, goho u jigʻibiyron tutaqib: Balda, ya – ne Ivon, a – Ivan, panimaesh, I-i-va-a-an?!. Skoro vayna kanchaetsya, a tы kagda nauchishsya nazvat menya pravilna?!. der edi, – qoʻlida qoʻsh granata bilan jonhovri otilib bormaganida, gurullagancha, osmonga sapchiguday vahshat solib yelib kelayotgan nemis tankining zanjiri ostida majaqlanishi tayin edi.

Hammasi hozirgiday yodida: Belorussiyani ozod qilayotgan edilar. Ayni ertalab chogʻi oʻrmon bagʻridan avval oʻntacha, sal keyin taxminan yana oʻshancha nemis tanki yopirilib chiqib, tish-tirnogʻigacha qurollangan son-sanoqsiz fashistlarni ergash-tirgan koʻyi, moʻr-malaxday shitob yopirilib kela boshladi. Rotalarida esa jangga yaroqli atigi toʻrttami, beshta zambarak qolgan edi. Oʻqlari ham sanoqli edi. Ana-mana deguncha, nemis tanklari keng maydonning teng yarmiga yetayozdilar; yoʻl-yoʻlakay avtomatlaridan tarillatib ajal oʻqini selday yogʻdirib kelayotgan fashistlar esa ularning panasida!..

Nihoyat, toʻpchiboshi – telpagining quloqchinini tushirib olgan Dato gruzin, bor ovozda: – Agon!!. – deyishi bilan, qiyomat-qoyim boshlandi: fashistlarning biri oʻq yeb yiqilgan, biri portlagan tankka qoʻshilib yonayapti, yana biri oʻq yomgʻiri ostida qoʻllarini boshi uzra toʻlgʻagancha, telba-teskari qochib borayotir... Oʻsha asnoda oʻqchi qozoq yigit – Muldaboy, qoʻlida zambarak oʻqi bilan sarosar yaqinlashayotib, yuz-tuban yiqildi. Gurs etib qulayotganidayoq, Muldaboyning joni uzilgan ekan, qimir etmadi, snaryad esa qoʻlidan uchib ketib, nari dumaladi. Ayni oʻsha damda, Ivan jonhovri baqirdi: – Bagramyan, davay! Snaryad davay, snaryad!!. U – oxirgi oʻq edi. Bahrom ila-chila oʻqni zambarakning oʻqdoniga joyladiyu, oʻlar-netariga qaramay, avvaldan bogʻlab qoʻyilgan qoʻshgranatalardan birini changallab, tobora dahshatli guvillab yaqinlashayotgan ikki tankdan biriga – oldinroqdagisi tomonga ildam emakladi. Agar shunday qilmasa, tank zambarakni bosib-yanchib oʻtishi, ana keyin, ehtimolki, egallab turgan istehkomlari qoʻldan ketishi yoki omonat boʻlib qolishi muqarrar edi.

Ajab, oʻshanday qaltis lahzalarda kishi mutlaqo oʻlimni oʻylamas, hatto, xayoliga ham kelmas ekan: baribir, odam oʻlimga chap berishiga – ajaldan ustun kelishiga ishonar ekan-ey!.. Oraliq masofa yigirma qadamlarcha qolganda, shartta qomatini tiklab, bor kuchi bilan qoʻshgranatani uloqtirayotganida... Hammasi ana oʻshanda roʻy berdi: yon-yoqdan jaladay yogʻilgan ajal oʻqlaridan bir nechasi koʻksini ilma-teshik qilvordi!.. Hayal oʻtmay – koʻz yumib ochguncha boʻlmay, ortidan Ivan yetib keldi; to oʻsha dahshatli lahzalargacha oldinma-keyin oʻqday uchib kelayotgan ikki tankning birini – orqadagisini yer tishlatgan: endi u gurillab yonayotgan edi; Ivan qoʻshgranatani mahkam changallab, choʻzala tushib yotgan koʻyi, shitob tankning gʻildiraklari ostiga irgʻitdi.

Ana, hozir... hozir!..

Qiziq, oʻshanda qoʻqqis qizi Mahliyo... oʻgʻli Mehribon koʻziga aniq-tiniq koʻrinib ketganday tuyulgan va beixtiyor: nahotki, ajalim yetgan boʻlsa-ya?! – degan vahimali bir oʻkinch koʻnglidan kechgan; shuning barobarida, qishloq Shoʻrosining hovlisidan qator saf tortib chiqayotganlarida biri uzun, qora charm plash, qora charm shapka kiygan, ikkinchisi uzun shinel, qizil shapkali ikki oʻris kishi urushga joʻnayotgan oʻn yetti yigitga, negadir, hech kimni yaqin yoʻlatmagani; boshqa qari-qurri, yosh-yalang hamqishloqlari qatori, koʻzlarida jiqqa yosh bilan onasi, akasi, qizi Mahliyo, oʻgʻli Mehribonning ham kuzatib qolganlari bir zumgina xayolida yalt namoyon boʻlgan; oʻgʻli Mehribon esa, onasining boʻynidan mahkam quchgancha, oʻshanda otani oxirgi marta koʻrib qolayotgandek, adda-addalab boʻzlagan; tajjubki, hademay qoʻshgranataning gʻildirak ostida portlashini intiq, ilhaq kutarkan, oʻgʻilchasining shirin, aziz yigʻi tovushi ham qulogʻiga ma­yingina chalinayotganday tuyulgan edi.

Ana, ayni oʻsha asnoda, birdan gumburlagan tovush taralar-taralmas, tankning gʻildiraklari ostidan quyuq chang toʻzgʻib, zanjiri uzilib tushdi... Va, loaqal kip-rik qoqquli lahza kechib-kechmay, shundoq koʻz oʻngida Ivan chalqanchasiga agʻdarildi: uning chap koʻzi hamda bosh chanogʻining yarmi, qoʻshgranataning biror parchasi tekkanmi, oʻpirilgan, katta ochilgan ogʻzi tomonga esa quyuq qonday oqish-sargʻish nimadir oqmoqda edi...

Tamom, qadrdoni Ivanning yuzi... koʻzi... boshining abjagʻi chiqqanini koʻrib, – ruhimi-hushidanmi ayro tushayotganini ham sezolmagan!.. – uyogʻini eslolmaydi.

Keyin...

...ertasimi, indini dala gospitalida hushiga kelgan edi. Oʻshanda oʻlmay qolga-niga daf’atan ishongisi kelmagan: negadir, hanuz koʻzlariga hammayoq quyuq-oqish tuman pardasiga chulgʻanganday koʻrinarkan, qulogʻiga esa oʻgʻilchasining yigʻi tovushi ma­yingina eshitilayotganday tuyulavergan edi.

Endi bunday oʻylab-chamalab qarasa, oʻgʻilginasi oʻsha kunlarda uzilgan ekan-da!.. Boʻlmasa, nega koʻziga koʻringanu nima uchun yigʻi tovushi quloqlarida jaranglay-vergan?.. Mayli, buyam bir jumboq. Oʻzi, aslida, dunyosining ishlari turgan-bitgani jumboq ekan; hatto, bandasining nima uchun kelishiyu, nima uchun ketishiyam.

Jangovar Qizil yulduz nishoni Bahrom cholga ana oʻshanda nasib qilgan. Xolisanlillo aytganda, oʻsha nishon Ivanniki... Muldaboyniki... Shunday. Lekin, shahidi a’lo­larning har biriga Belorussiya oʻrmonidagi nomsiz tepalikdan ikki gazdangina yer tekkan xolos. Ha... ne alamki, shunaqa.

Voajab, bir qoʻshiqda kuylanganidek, – Berta Davidova aytadimi oʻshani? – um-ri davomida na bir lahza oʻynabdi, na kulibdi: koʻzlarini yumib, kechmishiga bunday-roq sin solsa, bahri dili tatalanib ketadi – boshi gʻussadan chiqmabdi-e!

...qoyil... Qoyilman-e!

Otasi?.. Otasiniku eslayolmaydi. Onaginasi, – iloyo, ruhi poklari to abad Jan-natida yayrasin! – tishida tishlab, yemay yedirib, kiymay kiydirib, aka-ukani oyoqqa qoʻydi. Hamon oʻsha kunlarini eslasa, beixtiyor koʻksidan achchiq bir xoʻrsiniq toshayotgani barobarida, shukur... behisob shukur, oʻtgani chin boʻlsin u kunlarning, deb qoʻyadi.

Birov aytgan ekan: kambagʻalning aql tishi sut tishidan avval chiqadi, deb. Amal-taqal uylanib, qarzu qavoladan qutilgach, endi eru xotin – qoʻsh hoʻkiz, nafas rostlamoqqa chogʻlanayotganlarida Katta urush barchaning tinkasini quritib, juda koʻp yoshu qarining umriga zomin boʻldi: toʻgʻri-da, Mahliyosiyam, Mehriboniyam oʻsha oti oʻchgur urushning qurboni!.. Oʻgʻil-qizining oʻtganini esa to urushdan qaytgunigacha bilmabdi: ayashganmi – yashirishgan.

Urushdan qaytganidan keyin, – o, qaqshatqich qonli janglar paytlaridagidan-da koʻproq gangib!.. – karaxtday boʻlib qolgan; avval kattasini, oradan yil oʻtib-oʻtmay, kenjasiniyam tuproqqa topshirgach, bechora xotin, negadir, – avvalboshdan ovsini bi-lan chiqisholmay yurganigami? – ketib qolgan ekan.

Biladi: kelinoyisining fe’li chars, tili chatoq... Boʻlarkan-da, koʻngliyam shunga yarasha. Asli oʻshanda urushga joʻnab ketayotgan qaynukani kuzatgani bormay, hovlida xayr-xoʻsh qilib qolganiyam shundan.

Mayli, shunisigayam shukur qiladi: oʻrtada aka bor, aka!.. Akasiga bir emas, besh birday oʻgʻil tugʻib bergan.

Oʻshanda xotini: dam koʻzlari chaqnab, dam achchiq-achchiq yoshlarga gʻarqob boʻlib, oʻgʻil-qizdan qanday ayrilgani hamda qanday ota-hovlisiga qaytganini koʻksiyu, boʻgʻzida bir dunyo alam bilan uzuq-yuluq aytgach, hovliyizga bormiyvuza, deb, uv tortgancha, koʻksiga boshini qoʻygan. Adamlanikida birga yashayvuza, yoʻq demang. Xoʻp deya qoling?!. Ana, bizani uyivuza koʻp!.. – deb, jigʻi biyron yalingan. Qaynotasi esa, rahmatli, xoʻp bir ajoyib – imoni but kishi edi, qizining qaysarlanayotganidan xabar topgach, yoʻq, ona qiziy, degan, dastasi burama hassasi bilan yer chizib; kuyov ham – oʻgʻil, lekin ayolinikida sigʻindi boʻlib yashash – erkakka yarashmaydi. Er – juvoldiz, xotin – ip. Xotin uchun erning aytgani-aytgan!.. Mayli, bugunchalik mehmon boʻliyla. Bahromjonning ajal komidan sogʻ-omon qaytgani uchun erta peshinda beradigan xayru ehsonimizni oʻtkaziylu, innaykeyin ota hovlingdan qorangni oʻchir, ona qiziy!.. – degan, naq hassa bilan yelkasidan tortvoradigandek, qiziga boshqacha qarab.

Keyin...

...to kech kuzak kunlarigacha, kelinoyisining tumshayishlariyu, chars-churslariga chidab, murosayi madorada yashaganlar. Lekin... har kecha tun allamahalda boyoqish xotin erinmay, azza-bazza bir togʻora suvni opchiqib, supa etagiga toʻkardi. Hoy, jinni, naga bunaqa qivossan oʻzi, deganida, xotini har gal qitmirlik bilan: qoʻyovuring, shiltani koʻrib, yashamagurning bir joylari xoʻp kuysin, derdi gʻalati kulib. Holbuki, oʻrusiyo qishlarining beayov qahratonlari savil pushtini urib ketgan ekanmi, urushdan qaytganidan beri tuzuk-quruq mardigarchilikdan asar ham yoʻq edi oʻzi.

...ovsin ovsinga paxta otarmish, deganlari shu-da!

Nihoyat, uzil-kesil ishga oʻrnashib, boʻsh vaqtlarida izlay-izlay, axiyri topganidan soʻng, zavodning yotoqxonasidan ijaraxonaga – mana shu hovliga – oʻtgach, xotinini ham shaharga koʻchirib qaytgan edi.

Mana, shungayam sal kam yigirma bir yil boʻlayapti.

Bahrom chol barini xuddi kechagiday yaxshi eslaydi: endi koʻchib kelgan chogʻlari bogʻda yovvoyi oʻt-oʻlanlar gʻovlab ketgan, ba’zi daraxtlar esa quriyozgan, tarvaqaylagan gʻumaylar, devorga chirmashgan chirmovuqlaru ilonpechaklar oralab kaltakesaklar, mov mushukday kalamushlar, barmoqday biqqi, bir qarichday keladigan echkiemarcha-lar koʻzlari chaqchayib devor kovaklarida oʻrmalab yurar edi. Eru xotin oʻzlari egal-lagan manavi bir dahlizu ikki xonani obdan pardozlab, yangi tushgan kelinchakning uyiday bezaganlaridan soʻng, uy egalari – oʻris cholu kampirning – roziligi bilan, bogʻni obod qilgani kirishganlar.

Oʻris chol – Pyotr Xristoforovich – SAGUda, kampiri – Ulyana Petrovna – Tosh-MIda domla; ularning yolgʻizgina qizlari esa Leningradda oʻqiyotgan ekan.

Pyotr Xristoforovich supa etagida – barq urib yashnayotgan gulzor boʻyida, labida trubkasi, koʻzida koʻzoynak, quyoshga betkay koʻyi oromkursida yaslangancha, gazeta va-raqlamoqda edi. Bir mahal, Pyotr Xristoforovich qattiq yoʻtaldiyu, shartta pastak stolchaga trubkasini taraqlatib qoʻyib, koʻksini changallagancha:
– Baxram, daragoy! – dedi, ovozi boʻgʻiq xirqiragancha, tobora koʻzlari kattarib. – Choto... shtota mne... Pazavi... pazavi!.. Pajaluysta, skoree... Skoree!..

Oʻshanda Bahrom chol ikki sakrashda uyga yetgan, kampir – Ulyana Petrovna, stolga muk tushib, nimadir yozib oʻtirgan ekan. Daf’atan gap nimadaligini anglayolmay, bir zum gangib qolgan; soʻng, sarosar xonadan halloslab chiqib, cholining bilagidan tutganu, birrov, bir lahza tahlikali angraygach, oʻsha zahoti Bahromga:
– Ulaji! – degan. – Na zemlyu!.. Bыstro!..

Supa gʻishtparchin, tongda xotini suv sepib supurgan – top-toza edi.

Pyotr Xristoforovichni dast koʻtarib, – rahmatli uzun boʻyli, ozgʻinroq kishi edi, – supaga yotqizayotganida Bahrom bildiki, cholning joni uzilgan!.. Pyotr Xristoforovichning koʻzlari xiyol kattaygan, qorachiqlaridagi nur esa allaqachon soʻngan edi.

...yo qudratingdan, bir zumda-ya?!. – Oʻzining kampiri ham tappa talosdan qanot qoqib, qoʻlida jon taslim qilgani yodiga tusharkan, Bahrom chol xayolchanlik bilan boshini sarak-sarak qildi. Mamlakatning harbiy qoʻshin turlari namoyishidan berilayotgan eshittirish tugagan, endi radiodan bayramga atalgan kansertdan oʻzbekcha bir qoʻshiq yangramoqda edi. – Boʻlarkan-da!..

Shartta Ulyana Petrovna cholining koʻkragidan bir necha bor kaftlari bilan bo-sib-bosib, burun parraklarini siqdi-da, ogʻziga ogʻzidan havo bera boshladi.

Bahrom – kechagi jangovar toʻpchi, yonginasida yuzlab halok boʻlganlarni koʻraver-ganidan diydalari qotib ketgan emasmi, angrayib turmay, darhol Pyotr Xristofo-rovichning chap koʻksini takror-takror bosgach, cholning chap qoʻli barmoqlarini siqib-siqib uqalamoqqa tushdi. Cholning barmoqlari yarim yumilayozgan, allaqachon soviy boshlagan edi.

Bir mahal, Ulyana Petrovna qaddini tiklab, soʻnik, titroq ovozda:
– Xvatit, – dedi. – Sarstvo nebesnova yemu!.. – Kampirning koʻzlari jiqqa yosh edi. – Teper... bezpolezno. Teper...

Kampirning koʻzlariga qarash... katta-katta yosh tomchilarining asta dumalayotga-niga hayratangiz tikilib turish... azob edi.

Bahrom ilkis engashib, cholning ogʻziga chuqur-chuqur puflay boshladi. Cholning ogʻzidan, lablaridan achimsiq tamaki hidi anqir, lekin hayot asari sezilmas edi.

Mana, oradan yigirma yillar oʻtganiga qaramay, ayni chogʻda ham oʻsha tanish ta-maki hidi hamon Bahrom cholning dimogʻidan ketmagandek!..
– Baxram, – deb, Ulyana Petrovna cholini uyga olib kirishni aytdi. – Baxram, xvatit muchat. Davay, ya pamagu tebe.

Taqir supaga yotqizayotganida sezmagan ekanmi, shiftga tekkuday javonlari tur-fa kitoblarga liq toʻla uyga opkirayotganida mayitning ancha ogʻirligidan inqillab qolayozgani hali-hanuz yodida.

...oʻrisning oʻligiday ogʻir ekan, degan gap kimdan qolgan ekan-a? – deb oʻyladi Bahrom chol, bir-bir oʻsha kunlarni xayolidan oʻtkazayotib. – Xudo yarlaqagur, xushfe’l, xushsuhbat, olim odam edi... Cholu kampir umr boʻyi topganiga kitob olganmi, kitob­lari koʻp edi.

Oʻsha kuniyoq hayal-zamon oʻtmay, hovli odamga toʻlib ketgan: bari qora kiyingan olimlar – ayoliyam, erkagiyam; shaharning kazolari, bozor kuni ekanligiga qaramay, hatto, hukumat a’zolari ham kelishgan.

Rosa uch kun marhumning tobuti atrofidan motamsaro odamlar arimagan: sho-girdlari, hamkasabalari...

...bari, yo tavba, goʻyo – roʻyoday, – deb oʻyladi Bahrom chol, oʻsha kunlarning manzara-lari ovozsiz kino lavhalariday koʻz oʻngidan oʻtayotib. – Uch kun hayhotday hovlidan tiq etgan tovush yo biror bir sas-sado eshitilmagan-a!..

Kechki paytlar esa, tun allamahalgacha Bahrom xotini bilan Ulyana Petrovna-ning yonida boʻlardi.

Uch kunda boyoqish Ulyana Petrovna mungʻayib, soʻlib qolgan edi. Shungami, marhumga kuyganidan ham koʻra koʻproq kampirga yuragi achishganidan, Pyotr Xristoforovichga – koʻzlari chirt yumiq; yuzlari, peshonasi, koʻkragi ustida qovushtirilgan qoʻllari mumrang marhumga – qarayolmay, xotini dam-badam dimogʻini tortib-tortib, yum-yum yigʻlar edi.
– Lola, tebya volnavatsa nenada, – derdi Ulyana Petrovna, oʻshanday lahzalarda soʻlqim lablari titrabgina; eru xotin olima kampirning uzoq muolajasidan soʻng, nihoyat, navjuvon kelinu navqiron kuyov kezlaridagi kabi xush-xurram edilar. – Lolichka, ne nado, ne plach...

Uchinchi kuni ertalab mayitni mashinaga yuklab, SAGUga joʻnagan edilar.

SAGUning binosi Nikolay poshsho zamonida qurilgan; hashamatli, gʻishtin; bi-noning keng-moʻl doloni oʻrtasida baland joy tayyorlab, qizil duxoba toʻshashgan ekan. Tobutni oʻshaning ustiga qoʻygan edilar.

Keyin, tirsagidan yuqorisiga alvon bogʻlagan, tepa sochi toʻkilgan, besh-olti moʻy-safid olim tobut atrofida motamsaro tek qotgach, marhum bilan vidolashuv marosimi boshlangan.

Quchoq-quchoq gullar, gulchambarlar koʻtarib kelayotgan vidolashuvchilarning izi peshingacha uzilmagan: koʻcha tarafdagi lang ochiq eshikdan kirgach, sekin... xomush odimlagan koʻyi, kimlardir koʻzyoshlarini tiyolmay, kimlardir marhumga gʻamgin termila-termila, hovli tarafdagi eshikdan chiqaverganlar.

Ana oʻshanda bilgan edi Bahrom chol: professor Pyotr Xristoforovich ham, Ulyana Petrovna ham SAGUning ilk tashkilotchilaridan boʻlgan; keyinchalik kampiri Tosh-MIga oʻtgan ekan.

Umri bino boʻlganidan beri Bahrom chol uningday ulugʻ motam marosimini – katta yoʻlni toʻldirgan, adogʻi koʻrinmas motamsarolar izdihomini koʻrmagan; yetib borganlaridan keyin esa, qabristonga odam sigʻmagan... tobut ortidan ergashganlarning koʻpchiligi koʻchada qolib ketgan edi.

...ha-ya, bugun man ziyoratga... Ziyoratga borishim kera-a-ak!.. – deb oʻyladi Bah-rom chol, beixtiyor qabriston darvozasi yonidagi hamisha gavjum gul bozori koʻz oʻngi-dan oʻtayotib. – Albatta-de!..

Borishi kerak. Boradi. Qadrdonining qabri atroflarini oʻt-oʻlanlardan tozalagach, barq urib ochilib yotgan oq, sariq, qizil atirgullarning ostini yumshatadi, chelaklab suv quyadi. Soʻng... odatdagiday dilkash, unutilmas, ham olisu ham aziz oʻt-mishni armonla xotirlab, birpas xayol suri-i-ib oʻtiradi.

Qarz qiyomatga qolmas, deganlari shu boʻlsa kerak. Xudo yarlaqagur cholu kampirning sharofatlari bilan... arzimas bir hovuch pulga eru xotin, mana, tayin boshpanalik boʻlgan. Boʻlmasa, to hanuz oʻz yurtida ijarama-ijara sigʻindi boʻlib sarsirmidi?..Toʻgʻri-da, yaqindagina qirgʻinbarotdan qaytgan sobiq jangchida hovli-haramga yetgulik sarmoya nima qilsin edi oʻshanda.

Oʻsha yili yozda Pyotr Xristoforovichning qabriga SAGU haykal oʻrnatgan: koʻr-sangiz, hayron qolasiz – olim, haybatli oromkursida, chap kaftini peshonasiga bo-sib, xayol surayapti.

...yo qudratingdan-ey, ayni oʻzimi, deysiz, – deb oʻyladi Bahrom chol, koʻzlari yumuq holda lablari shivirlab. – Qizgʻish marmarning toshday chagʻirligini demasa, xuddi tirikdek!

Oʻshangacha – cholining qabriga haykal oʻrnatilgunigacha, Ulyana Petrovna ikki uy toʻla javonlardagi kitoblarining barini – choliga qarashlilarini SAGUga, oʻzini-kilarini esa ToshMIga topshirib, endi qizining hamrohligida oʻz yurtiga joʻnash taraddudiga tushgan edi.

Qizlari, – Tanyajon! – Tatyana, boʻychangina, sochlari qoʻngʻiroqday, mallarang, koʻzlari koʻm-koʻk; oʻzi juda xushfel, onasidan ham koʻngilchanroq, onasidan-da saxo-vatliroq ekan. To joʻnab ketgunlarigacha, Lola, – hm, oʻshanda Poʻlatga ogʻiroyoq – endi... endi qorinchasi doʻmpayayotgan kunlar edi, – ikkalasi opa-singilday inoqlashib qolgan; Lola oʻrischani suyak gʻajiganday: saniki-maniki – tvayo-mayo qilib gapirar, Tanya esa, xush-xandon kulib-jilmayib, bolaligi oʻzbek mahallasida kechganigami, yarim oʻzbekcha, yarim oʻrischada fikrini tushintirar edi; joʻnab ketayotganlarida esa, yoʻlovchilar bilan gavjum perronda har uchala ayol, bamisoli bir tanu bir jonday boʻlib, ancha paytgacha koʻzyoshlarini tiyolmaganlar; hatto, oʻzining ham jonu dili jimirlab, koʻzlarining jiqqa yoshga toʻlgani hozirgiday yodida.

...e, unaqa kunlarni unutib boʻlarkanmi?

Poezd, – bir-biriga tirkalgan uzundan-uzoq qizil vagonlar, – bir siltanib, joyidan jilishidan sal avval yuraklarga allatovur gʻulu solgancha, uzoq chinqirgan; Lola... Lolasi esa, endi koʻrisholmasliklarini sezgandek, jamalaksoch qizaloqlar kabi piq-piq yigʻlagan edi oʻshanda.

Haytovur, xotira – soʻnmas... xotira – oʻlmas ekan: mana, hamon cholu kampir oʻtmagan – yashayotgandek, barhayotdek!.. Ana, chol supa labida, oyogʻining birini ikkinchisiga qoʻyib, quyoshlamada, allambalo trubkasi labida, oromkursiga yaslangan koʻyi, gazeta oʻqiyapti; ana, kampir, koʻzida oltin gardishli koʻzoynak, anavi ochiq de-raza roʻparasidagi stolga muk tushib, «baqa» peroda xat yozayotir... Aslida ham shun-day... Shunday. Chirt koʻzlarini yumib, koʻngliga sin solsa, bari bir-bir koʻz oʻngidan oʻtaveradi: ana, Pyotr Xristoforovich... Ulyana Petrovna... Lola... Lolaginasi... oʻgʻli – Poʻlati!..

...hay, Poʻlatjonim-a! – Beixtiyor Bahrom cholning jismu jonini zirqiratib, koʻksidan otashin bir xoʻrsiniq toshib chiqdi. – Tirikman – yodimdasan, oʻlsam – yoningdaman, oʻgʻlim. – Biladiki, shundan boshqasiga kuchi yetmaydi. – Mayli, shunisigayam shukur.

Ha, erta bahor kunlari edi, quyosh ufqqa oqqan mahali, pochtachi – baland boʻyli, yarimi chekilgan, uzun «Belomor»i labidan hech tushmaydigan oʻris kampir, xat tashlab ketdi.

Xat Tatyanadan ekan.

Oy kuni yaqinlashganigami, ertalabdanoq Lolaning oyoq olishi ogʻir, koʻzlari bejoroq edi.

Eru xotin hayajonlanib tanish xatni oʻqiyotib, birinchi jumladanoq onajonlariday kuyinchak kampirning – Ulyana Petrovnaning, oʻtganiga roppa-rosa oʻn kun boʻlayotganligini bilishi bilan, birdan Lolasining mazasi qochib, qoʻshqoʻllab qor-nini changallagancha, ingravorgan edi.

Keyin...

...hayal-zamon oʻtmay yetib kelgan «Tez yordam» Lolasini ToshMIga olib joʻnagan; Lolasi esa, hamshiraning koʻmagida mashinaga chiqayotib, bir qaragan edi.

O-o, hali-hamon Lolasining oʻsha lahzadagi moʻltirashini eslasa, Bahrom chol-ning koʻksi jizillayotgandek, shuning barobari, koʻzlari ham jimirlayotganday tuyulaveradi.

Poʻlati ana oʻsha kuni tugʻilgan edi.

...hay, Poʻlatjonim-a!.. – Birdan shamol-duvalang girdobida chirpirak toʻzgʻigan bargi xazonlarday bir-biridan dilgir xotiralar, – ana, qorniga mindirib oʻynata-yotganida, oʻgʻilchasining choptirvorgani; ana, bogʻda guldan gulga uchib qoʻnayotgan kapalaklarni Poʻlati shoʻx-shodon qiqirlab quvalayotgani; ana, boʻyi baravar toshoyna roʻparasida Poʻlat sochini tarayotgani; ana... ana... Uf-f!.. – bari... bari Bahrom cholning koʻz oʻngida gʻujgʻon oʻynab, koʻksi kuyishdi. Behud boshini chayqarkan, bot-bot tiliyu dilida beixtiyor alamangiz aylanadigan oʻsha gapini yanayam soʻnik, yanayam dilgir ohangda ogʻzi toʻlib aytdi. – Ha-a-ay, Poʻlatjonima-a! Hay, qadrdonima-a!..

Keyin, oqshom mahali bir farrosh xotin orqali Lolasi ikki enlikkina qogʻozga qoshqalamda aji-buji bitilgan xat chiqartirgan: yaxshiman, oʻgʻilcha muborak adasi.

Oʻshanda sarosar hovliga tushib, qayta-qayta xatchani oʻqirkan, dam-badam lab­lariga bosib-bosib, xuddi ayni tobdagiday Bahrom cholning, – kuni kecha qirgʻin ba-rotlarda qon kechib qaytgan sobiq jangchining-a! – koʻzlaridan qaynoq yosh toshib chiqqan edi.

...toʻgʻri-de, agar... agar Ulyana Petrovna chorasini qilmasa... O, oʻtdi umrim, vo darigʻ!..

Ha-ya, oʻsha-oʻsha, to yaqin-yaqinlargacha Lolasi, kampirning – Ulyana Petrovna oʻtgan kunning oqshom mahallarida boʻgʻirsoq pishirib, sham yoqib qoʻyar edi.

Mana, endi... baridan mosuvo.

Qoʻqqis Olaboy kartning ostidan chiqib, bir kerishdi-da, ogʻzini katta ochib gʻingshidi: bugun bayram-ku, xoʻjayin, u yoq-bu yoqqa chiqmaymizmi axir – vav-vav?!.
– Chiqamiz, Olaboy, chiqamiz, – deb, Bahrom chol yostiqdan boshini ogʻir koʻtara-yotib, itning zanjiriga birrov koʻz qirini tashadi: hamishagiday zanjir kartning ayvoni ustuniga ilib qoʻyilgan edi. – Boringga shukur-ey, Olaboy!..

Qardoshlar qabristoni uzoq emas, ana – yaqin, piyoda-piyoda itini ergashtirib boradi.

* * *

Qadrdonlari qabrlari tevaragidagi oʻt-oʻlanlarni tozaladi; barq urib ochilgan oq, sariq, qizil atirgullarni butadi, ostini yumshatdi, maxorka tutunidan moʻylovi tim qoʻngʻir boʻpketgan qorovul choldan ikkita chelak olib, barini qondirib sugʻordi; soʻng, qadrdonining haykalini obdon yuvib, artib-tozalagach, ziyoratchilar bilan xiy-la gavjum qabristonda qosh qorayar mahalgacha oʻrindiqqa lolu ma’lul choʻkib, borligu yoʻqlik aro xayol surgan edi.

Mana, oradan yana bir kun oʻtdi.

...ha-ya, kecha?.. – Kecha... kunni qanday kech qilgan edi?.. Ana, yodida yoʻq. Esida qolgani shuki, ekinlarning oʻtini yuldi, keyin... – E, birrov choyxonaga chiqqanimni demasa, xisr-pisr-da, shundan boshqa nimayam boʻlardi. Tong otib, quyosh botayapti, deymiz-u, aslida izsiz, samarsiz umr oʻtayotir, umr!..

Nimadir qilishi – albatta, koʻngilxushi bir ermak topishi kerak. Ushbu fikrni kecha... yoʻq – kecha emas, oʻtgan kuni qadrdonini ziyorat qilayotib, horgʻin xayol surib oʻtirganida diliga tukkan edi. Zavodga borsa, darrov munosibroq bir ish topib be-rishadi. Lekin endi poʻlat eritishga yaramaydi. Albatta-da!.. Ammo-lekin, zavodga bormaydi... Borolmaydi.

...bugun... bugun?.. – Bahrom chol bir-bir barmoq bukib sanay boshladi: Poʻlati-ning oʻtganiga toʻqson bir... toʻqson uch kun boʻlibdi. – Uch oyu uch kun. – Oʻgʻlining oʻtganining yetmish yettinchi kuni yer qimirlagan edi. – Demak, bugun – toʻqson uchinchi kun. Umrning oʻtishini-ey!..

Yaxshisi, ana, anavi qurilishga borgani durust: ham yaqin, ham...

Magazindan non, qand-qurs xarid qilayotganida bir necha bor eshitgan; kecha choy-xonadayam chollar biri olib biri qoʻyib aytayotuvdi: yonma-yon qurilayotgan besh qavat-li gʻishtin binolar qurilishi bitganidan keyin, atrof-tevarakdagi mahallalarning odamlarini oʻsha bir-biriga mingashgan kataklarga koʻchirisharmish; uy joy talabgorlariga Yunusobod, TashGRES tomonlardan bogʻ-hovli uchun yetti soʻtixdan yer berishar ekan.

...atta-a-ang, mahalla toʻzgʻib ketadi, – deb oʻyladi Bahrom chol. – Ha-da!.. Bi-rovlar – qavmidan, birovlar – kindik qoni tomgan ota hovlisidan uzoqlashadi.

Bogʻ-hovli qilmoqqa endi Bahrom cholning qurbi... Yoʻq, yetmaydi. Keyin... buyogʻi koʻrinib qoldi. Goʻriga olib ketarmidi.

Kecha xufton mahali suvni jildiratib qoʻygan edi. Ekinlar rosa miriqib qo-nibdi. Lekin begona oʻtlarning ham avji ancha baland. Yer yetilgach, mayda chopiq qilib, pomidorlarning, baqlajonlarning boʻgʻziga tuproq tortadi. Ana keyin yana bir chopiq qilsa, begona oʻtlarning tomiri qirqiladi.

...oʻt-alaf bizga begona, yerga emas, – deb oʻyladi Bahrom chol, suvning joʻmragi-ni boʻgʻayotib. – Yerga oʻz farzandiday. Oʻsaveradi. Ha-de, biz ekkan ekinlar avjining sustligi... hamisha parvarishga muhtojligi shundan.

Bahrom chol dahlizga kirdi. Shkafni ochdi. Shoshilmay, xotirjam ishton-koʻyla-gini almashtirdi. Soʻng, birpas tek qotib, nihoyat, fason kamzulini kiydi. Boshiga kulrang, movut shlyapasini qoʻndirdi-da, birrov oynaga qaradi: ana, nishonlarining yaltir-yultiri koʻzni oladi, besh yulduzi yonay deydi.

Beixtiyor olis, qonli jang manzarasi Bahrom cholning koʻz oʻngidan oʻtayotib, bu gal nishonini boshqacha siypalarkan, rahmatli safdoshi Ivanning bir qadar tajang va oʻsha qadar dilgir ovozi quloqlari ostida jaranglayotganday tuyuldi: balda, skora vayna kanchaetsya, a ti kagda nauchishsya menya pravilna nazvat?!.

...balda... Baldasi?.. Oʻzicha jinnivoy degani shekilli, – deb oʻyladi Bahrom chol, dahlizdan chiqayotib. – Ortidan eslaydigani boʻlsa – odamning oʻtmagani shu. Man uchun Ivan... oʻtmagan. Oʻtmagan. Moʻldaboy... oʻtmagan. – Oʻsha asnoda beixtiyor Bahrom chol oʻzining azizlarini – ayniqsa, Lolasiyu oʻgʻlini oʻylarkan, koʻksidan bir xoʻrsiniq toshib chiqdi. – Hay, Poʻlatjonima-a!..

Olaboy eshikning roʻparasida choʻnqaygan edi, xoʻjasining qayoqqadir shaylangan-ligini koʻrib, shodon oʻynoqladi, qoʻlini yaladi.

Bahrom chol ishkom ustunidan zanjirni oldi. Kumushrang, nozik toʻqilgan ushbu zanjirni vaqtiyi zamonida Poʻlati xarid qilgan... Hali u paytda Olaboy yoʻq edi. Shuni oʻylayotib, Bahrom chol zanjirning toʻgʻasini Olaboyning boʻynidagi qayishning halqasiga oʻtkazdi.

Olaboy xushhol, betoqat darvoza tomonga yoʻl boshladi.

* * *

Nihoyat, Bahrom chol xomush, xayolchan qurilish maydoniga yetdi. Maydon ancha gavjum, xiyla shovqin edi. Itining zanjirini tarvaqaylagan bir oʻrikning shoxiga ilayotib:
– Mani shoʻtta kutasan, Olaboy, – dedi.

Lekin, it koʻnmadi: qisqa-qisqa hurib, xoʻjasining ortidan jon-jahdi bilan oti­laverdi – mani yolgʻiz qoldirib ketmang, xoʻjam, iltimos?.. Iltimos – hav-hav?!.

Bepoyon maydonlikda bir nechta qavatli imoratlar qurilmoqda edi. Quruvchilar koʻp. Deyarli bari oʻris yigitlar. Birovlari baland koʻtarma kranlarning keng-moʻl yukxonasiga gʻisht, ba’zilari katta-katta togʻoralarga suyuq beton qorishmasi yuklayaptilar. Gʻisht ortgan, beton qorishma ortgan katta mashinalar esa gʻuvillab izma-iz maydonga kirib kelayotirlar. Shovqin... Chang...

Bahrom chol fason kamzulini kiyganiga pushaymon boʻldi. Va, itini yolgʻiz qol-dirmaslikni ma’qul bildi; zanjirni daraxt shoxidan yechayotganida, Olaboy oʻynoq-lab, shodon hurdi: yaxshi qildingiz, xoʻjam. Koʻrmayapsizmi?.. Koʻp yashang – av-av!..

Bahrom chol itning zanjirini kaltaroq ushlab, shoshib oʻtayotgan bir yigitni toʻxtatdi. Yigit – Poʻlatining yoshida: yigirma... uchlarda; koʻylakchan, boshyalang, mallasoch, koʻzlari koʻm-koʻk; chaqnaydi.

Bahrom chol oʻrischalab ishga kirmoqchiligini aytib:
– Kimga uchrasam boʻladi? – dedi. – Boshliqlaringiz kim?

Yigit birrov bosh-oyoq koʻz yugurtirgach, maydon oʻrtasidagi vagon-uychaga ishora qildi. Ayni oʻsha tobda ichkaridan boʻychanroq bir kishi chiqdi.
– Vot on nash prorab, – dedi yigit. – Pagavarite s nim. Da-da, idite... idite!..

Uzoqdan ishboshining ishchan, uddaburro alfoz yaqinlashayotganligini kuzatarkan, albatta ishga qabul qilinmogʻiga Bahrom cholning ishongisi keldi; oraliq masofa uch-toʻrt qadam qolganda, xiyla tetik ovozda:
– Assalom alaykum, – dedi.

Yigit yerga boqib kelayotgan edi:
– Salom, – deb, chetlanibroq oʻtmoqchi boʻldi.

Bahrom chol:
– Kechirasiz, inim? – dedi.

Yigit, qachonlardir yurak oldirib qoʻyganmi, itdan xavotirli nazarini uzmay, toʻxtadi.

Yigitning yoshi qirqlarda, moʻylovi oʻziga yarashgan, tepa sochlari siyrak, koʻzlari qora; egnida yenglari shimarigʻliq qoʻngʻirrang koʻylak; qoʻltigʻida qappaygan qora papka; oyogʻida yozlik tasma kavush.
– Mumkin boʻlsa, ishga kirmoqchiydim, inim?

Yigit, ancha xomushroqmidi, boshini chayqab:
– Bizda ish yoʻq, – deb, boyagiday shitob yoʻlga chogʻlandi.
– Yoʻqmi?
– Yoʻq-da!..

Yigit toʻxtamadi, qaramadi ham.

Avval emasa-da, endi Bahrom chol qaerdan boʻlsayam biror ish topishni oʻylagan-cha, ortiga qaytmoqchi boʻldi; fe’li shunaqa oʻzi – koʻnglidan kechganini qilishi kerak, qilmasa – tinchiyolmaydi.

Lekin... Olaboy xoʻjasining xohishiga boʻysungisi kelmay, vagon-uycha tomon intildi. Xoʻjasining xomush uyga qaytmoqchi boʻlayotganligini bilib, boshqacha gʻingshidi: nima, bilmaysizmi, mingta ijrochidan bitta buyruqchi yaxshi-ku, yuring, xoʻjam, yuring – vau-vauv?!.

Bahrom chol Olaboyning ra’yiga yurarini ham, yurmasligini ham bilolmay, birpas gangibroq turganida boyagi koʻylakchan yigitning ovozi eshitildi:
– Nu, cho, ates?..

Uning qoʻlidagi yashil toʻr-xaltada oʻn shishacha «Qibray» pivosi bor edi; koʻzlari esa yanayam xushhol chaqnamoqda edi.
– Akazivaetsya, u vas rabota netu, sinok.
– Chush! – dedi yigit va yoʻlida davom etarkan, Olaboyning kallasini silayotib, ishonch bilan qoʻshib qoʻydi. – Znayte, vi luchshe zaxadite nachalniku!.. On bolshoy dob­ryak.

Olaboy boyayoq koʻylakchan yigitni yoqtirib qolgan edi, izidan keskinroq talpindi.

Hardamxayollanib, Bahrom chol Olaboyiga ergashdi.

Vagon-uycha tashqaridan koʻringaniday emas, bir dahlizu keng-kovul ikki xonali uyday ekan.

Aytilgani boʻyicha, Bahrom chol oʻng tomondagi xonaga kirdi. Va, kattakon stol ortida oʻtirgan oʻttiz yoshlardagi oʻris yigitga:
– Zdrastvuyte, – dedi.

Boshliq yigit salomga alik olib, bir zum... bir lahza hayronsirab qaragach, oʻr-nidan turdi, bamaylixotir stolni aylanib oʻtib, yuziyu koʻzlarida mayin jilmayish bilan, Bahrom cholga qoʻlini uzatdi:
– Kak pajivaete, ates? – deb, kursi surib qoʻydi. – Pajaluysta, prisajivayte.

Bahrom chol qoʻllarini koʻksiga bosib:
– Spasiba, – dedi. – Balshoe spasiba!.. Ya... ya na minutku, daragoy nachalnik. Ya prishol k vam, shtobi ustrayivatsya na rabotu.

Boshliq yigitning egnida yengi kalta oq koʻylak, kulrang shim; soqoli qirtish-langan, sochi qoʻngʻirrang, xiyol toʻzgʻinroq; koʻzlarida esa odamga shoyon bir mehrmi, xayrixohlik balqiydi.
– Znachit, ustraivatsa na rabotu? – dedi boshliq, tagʻin birrov nishonlarga koʻz tashab. – A... skolka vam let?

Bahrom chol uzoq yillar zavodning poʻlat quyuv tsexida ishlaganligini, zavodning faxriy poʻlat quyuvchisi ekanligini, lekin hozirda nafaqadaligini aytib, agar zavodga borsa, jon-jon deb boproq biror ish topib berishlarini, ammo-lekin borolmasligini; chunki, oʻgʻli – institutning kechkisida oʻqiyotgan yolgʻizi – bundan roppa-rosa toʻqson uch kun avval erigan poʻlat sachrab nobud boʻlganligini tushuntirgach:
– Eta – maya mahalla, – deb, darrov qoʻynidan hujjatlarini chiqardi. – Vot pas-port, vot vaenniy bilet, vot pensionniy knijka. Pajaluysta?.. Magu rabotat storojom. Padsobnim rabochim.

Boshliq yigit hujjatlarga qaramay, qanday olgan boʻlsa, birozdan soʻng, oʻshanday qaytarayotib, allatovur kulimsigan koʻyi:
– Znachit, storojom? – dedi.
– Da, luchshe storojom.

Ayni oʻsha paytda Olaboy, – xoʻjasi tushunadigan ohangda, – betoqat hurdi.

Deraza lang ochiq edi.

Hayal oʻtmay, Olaboy oldingi oyoqlarini derazaga qoʻyib, vagon-uychaga moʻraladi-da, choʻzib gʻingshidi: man buyoqda qolib ketdim-ku, xoʻjam – vov-vov?!.

Bahrom chol vajohat bilan:
– Olabo-oy!.. – dedi, birpas sabr qil, degandek. Olaboy yanayam mayin gʻingshib, derazadan oyoqlarini tortdi. – Eta – maya sabaka.

Boshliq yigit oʻrniga oʻtayotib:
– Volkadav? – dedi.
– Volkadav.
– Umnaya?
– Ochen!..

Har ikkala xonaning ham eshigi lang ochiq edi.

Boshliq yigit tik turgan koʻyi, mushtini stolga tirab, xiyol baland ovozda:
– Larisa?!. – dedi.

Oʻsha zahoti qoʻngʻiroqday bir ovoz jarangladi:
– Idu-u!..

Zum oʻtmay, boʻychangina, yuzlari loʻppi, koʻzlari shahlo, sochlari yelkasini, koʻksi-ni yopgan; sochlari toʻlqin-toʻlqin; shafaqrang matohdan kalta yengli, beli bugʻma, uzun koʻylak kiygan bir qiz xonaga kirib:
– Slushayu, Ivan Vasilevich? – dedi.

Boshliq – Ivan Vasilevich, Bahrom cholga qarab:
– Da, kak vas velichat? – dedi
– Bahrom... Prosta Bahrom.
– S sevodnishnevo dnya Baxram a k a budet rabotat u nas storojom, – dedi Ivan

Vasilevich, kotibasiga buyurib. – Pajaluysta, oformlyayte.

Kotibasi – Larisa:
– Budet zdelano, Ivan Vasilevich, – deb, Bahrom cholga ishchanlik bilan imo aralash: – Idyomte? – dedi-da, zippa ortiga qaytdi.

Bahrom chol esa yanayam xushhollik bilan qoʻllarini koʻksiga bosib:
– Spasiba vam! – dedi Ivan Vasilevichga, ortiga tisarilayotib. – Agromnoe spasiba!..

...ja-a boshqacha-ku! Oʻzimiznikilardan emas bular, – deb oʻylamoqda edi Bahrom chol, koʻzlari chaqnoq, koʻylakchan quruvchi yigitning boyagina: on bolshoy dobryak, deganini yana bir bor eslarkan, boshliq yigitdan koʻzlarini uzmay, minnatdorligini bildirayotib. – Bular – yigit ham, qiz ham – Toshkanni obod qilgani kelganlardan. Hoynahoy...

Ayni chogʻda Pyotr Xristoforovichning xushfe’lligi, Ulyana Petrovnaning hech kimnikiga oʻxshamagan boshqacha bir koʻngilchanligi beixtiyor Bahrom cholning yodiga tushib, bular – leningradlik boʻlsalar kerak, degan fikr kechmoqda edi koʻnglidan. Chindan ham, koʻngli cholni aldamayotgan edi.

* * *

Mana, ishga kirgani yaxshi boʻlgan ekan: quyoshning qizarib-boʻzarib botayotganli-gini ham bilmay qoldi. Boʻlmasa, koʻp koʻrgan... koʻp bor parishon xayollarga tolib ku-zatgan: quyosh Toshkanda boshqacha botadi.

...ba’zan odamning yuragini ezvoradi-e! – deb dilida qayd etdi Bahrom chol, bot-bot koʻrgani – rosa qizigan tandirning ogʻziday qip-qizil, quchoqqa sigʻmas quyosh xayolidan kechayotib. – Kun oʻtdi. Yana bir kun!.. Umrning betakror bir kuni.

Ishga qabul qilinganidan soʻng, kun davomida anavi tarvaqaylab oʻsgan qoʻsh gujum ostida oʻziga siniq-sarsiq gʻishtlardan baland qilib supa yasadi. Yoʻq, avval Olaboyiga eshikchasini keng olib, uycha qurdi; lekin, eshik qoʻymadi... Keyin – ham uychani, ham supani sersomon loy qorib suvadi.

Shunday qilib, ana, qarorgoh tayyor – ham oʻziga, ham itiga!..

Ammo-lekin, hali loyi qurigan emas. Buguncha karavotni pastda – qoʻshgujum soya-sida qoʻya turadi. Ertadan supaga chiqaradi.

Yaxshi boʻldi: boshliq yigit, – baraka topgur, Ivan Vasilevich! – buyurgan ekan, Ishboshi oʻzining «UAZ»igida oʻttiz metr shlang, elektr samovar, plitka, ikkita sirlangan paqir, qalin bir toʻshak, jun adyol, ikkita par yostiq, karavot, ancha-muncha idish-tovoq keltirdi.

Ashqal-dashqallarning barini Bahrom chol uyidan keltirmoqchi edi.

...mayli, qaytaga yaxshi.

Ishboshi karavotning zoʻridan olibdi: yap-yangi, poyalari qubbali, kumushrang.

Bahrom chol Pyotr Xristoforovichdan qolgan eski, urunganroq yigʻma karavotini keltirmoqchi edi.

Yigitlar darrov gujumlardan biriga pishiq kabeldan tortib, tok tushirib berishgach, katta simchiroqni bir necha bor yoqib-oʻchirib koʻrishdi.

...odamzotning qoʻli gul, – deb oʻyladi Bahrom chol, oʻzi ham simchiroqni oʻchirib-yoqib koʻrgach. – Ammo-lekin, araq-sharobga oʻchliklari yomon-da qistaloqlarning. Tavba, piva deganiyiz ayolu erkagining jonu dili. Yoʻmasa, bari odam-ning jonidayku-ya!..

Vagon-uycha atrofiga Bahrom chol obdan shakarob qilib suv sepganidan soʻng, endi qoʻshgujum tevaragiga xiyla moʻlroq sepayotgan edi.

...yaxshi-de, sal boʻlsayam changni bosib turadi. Ibn Sino aytgan emishki, agar dunyosida chang boʻlmasa, bandasi yuz yil yashardi.

Yigitlar, – hayron qolguday bir-biridan quvnoq, bir-biridan abjir, – ishdan yotoqxonasiga qaytayotganlarida, deyarli bari bir-bir yaqinlashib: otaxon, aroq to-piladimi, dedi. Bahrom chol biroviniyam betiga tik qaramay, xiyol qoʻrsroq ohangda: yoʻq, topilmaydi, dedi. Ana, doʻkonda boshini yeb yotibdi!.. Ba’zilari esa haliginday pul choʻzib, shipshidi ham: ertalabga ikki-uch yashik pivo olib qoʻysangiz, avvalo oʻzingizga yaxshi boʻlardi, otaxon. Bahrom chol keskin bosh chayqab: rosa ter toʻkib ishlagansan, bor, damingni ol, oʻgʻlim, dedi bariga. Manga nima yaxshiyu, nima yomonligini oʻzim bilaman. Davay!..

...toʻgʻri-da!.. Ana, tagʻin bittasi yaqinlashayapti. Qistaloqlarning zuvalasi araq-sharobga qorilgan-de! Qani edi, loaqal bittasi bir piyola choy soʻrasa ekan. Yoʻq soʻramaydi. Choyni oʻzbekka chiqargan.

Namchil yerni ship-ship bosib yaqinlashayotgan oyoq tovushining egasi, sal narida toʻxtab:
– Ates? – dedi, boshqacharoq ohangda.

Bahrom chol bezor boʻlayozgan edi, ovoz egasining koʻzlariga ilkis tik qaradi: koʻm-koʻkkina; ustidan suv quyinib yuvinganigami, sochlarini chiroyli tarab, manglayi ustiga koʻpirtirib qoʻyipti; yelkalari keng, mushaklari boʻrtiq; egnida hali ohori toʻkilmagan, yengi kalta, boʻzrang koʻylak, kulrang shim; oyogʻida yangi «Sebo» – qoʻngʻir-tus, charm kavush; qaroqlarida esa bir oʻtinch, bir iltijo javdiraydi; yoshi – rahmatli Poʻlatining yoshidan yo bir yosh katta, yo bir yosh kichik.
– Da, sinok?
– Pajaluysta, ates, do poluchki pyat rubley adaljite, a?

...besh soʻm. Besh soʻmga nechta araq beradi? – deb oʻyladi Bahrom chol, indamay, qoʻlini shimining kissasiga tiqayotib. – Ikkitami?.. Ikkita araq – gazagi bilan.
– Na, – dedi Bahrom chol, bir hovuch pulning orasidan bitta besh soʻmlikni yigitga uzatib. – Toʻlka ni pey, sinok?
– Net... net, ates! – dedi yigit, shodon kulimsib-jilmayib. – Eta mne ochen po vajnomu delu... Spasiba. Menya zavut Aleksandr. Ya...
– Idi, sinok, idi. Mi ni chujiyi.
– Yeщyo raz vam balshoe spasiba. Day box vam!..

...zdarovya, dedimi? – deb oʻyladi Bahrom chol, yengilgina entikib. – Zdarovya nichevo, sinok. Lekin... yuragim yara, sinok, yuragim.

Bahrom chol birrov yigitning ortidan qararkan, uning shunchaki yurib emas, huv narida yelka oʻgirib turgan, koʻylagi qizil gulli, uzun etagi boldirlarini yopgan, somonrang sochlari yelkalari uzra mavj urayotgan bir qiz sari uchib borayotganday uzoqlashayotganini koʻrib, koʻnglida ajabtovur bir iliqlikni tuydi-da, nimadir deya asta shivirlab, joʻmrakni buradi – suvni boʻgʻdi, soʻng shoshilmay shlangni kartning ostiga yigʻishtirib qoʻygach, Olaboyni zanjirdan boʻshatdi.

Olaboy suyunib, qoʻlini yaladi, soʻng birpas toʻshini yerga tegizguday dam chapga, dam oʻnga ikki oyoqlab oʻzini otib, xoʻjasi bilan oʻynashmoqchi boʻldi.
– Yaxshisan-da, Olaboy, – deb, Bahrom chol itining boshini silab-siypaladi. Tumshugʻining ostidan tutdi. Koʻzlariga qaradi: o, u n i n g k oʻ z l a r i !.. Va, shuning barobarida, Poʻlatining qazosi kunlari Olaboy motamdorlardan qochib, bogʻ etagida bir necha kun yemish yemay, suv ichmay, oldingi oyoqlariga tumshugʻini tiragancha, achchiq ayozlarda uzoq-uzoq chingsib, yum-yum yigʻlab yotganini esladi. – Sani bahoying yoʻq, Olaboy.

...sanga rostimni aytsam, man Poʻlatimni sogʻindim. Yomon sogʻindim, Olaboy. San-chi, san ham sogʻindingmi?

Ushbu jumlalarni Bahrom chol ovoz chiqarib aytdimi yo dilidan oʻtkazdimi – bi-lolmadi: itini ergashtirib, qurilish maydonining orqa-oldini bir aylanib chiq-moqqa chogʻlanmoqda edi.

...hammayoq ochiq-sochiq. Ammo-lekin, shukur, odamlarning koʻzi toʻq.

* * *

...yoz oʻtdi. Kuz?.. Ku-u-uz!..

Hali tong otganicha yoʻq: xonada ham, tashqarida ham jimjitlik – tiq etgan tovush eshitilmaydi. Xonaning havosiga poldan hamda devorlardan taralayotgan boʻyoq hidi, ohak hidi qorishib ketgan.

Fasllar bilan bogʻliq yuqoridagi parishon, ogʻriqli fikrlar esa, koʻzlari yumuq koʻyi, Bahrom cholning xayolidan kechmoqda edi.

Yotogʻi oʻzgarganigami, qachon uyqusi qochganini Bahrom chol durustroq eslolmadi – biror soat avvalmi yo bir oz mizgʻiganidan keyinmidi – bilolmaydi – qush uyqu boʻlib qolgan; ustiga-ustak – yaqindan beri esi ham kirdi-chiqdi. Har qanday tuppa-tuzuk odamni hayotdan bezdirguvchi bunaqa davosiz dardga saratonning jaziramasi avj olayotgan gʻalogʻul kunlarda yoʻliqqan edi.

...kuz ham adoqladi, – deb oʻyladi Bahrom chol, nihoyat, xayoliy o l i s l a r d a n kimlaridir, – onasimi, Poʻlatimi yo Lolasimikan? – yorqin manzillar sari imlab chorlayotgandek tuyuldi. Ana oʻshandan soʻng yarim mudroq, yarim karaxt uyqusi tamomila oʻchdi. Betoqat... behalovat chap yoniga oʻgirildi. Lekin chap yoni bilan uxlasa, har xil noxush tushlar koʻrar, shu bois, kamdan kam hollardagina – oʻzi bilmagan ravishda, chap yoniga uxlab qolar edi, shuni oʻylab, garchi endi uxlayolmasligini bilayotgan esa-da, avvalgi holatiga qaytdi. Va, shuning barobarida, ayni yozning avji saraton kunlari mahallaning bogʻli-charvoqli hovlilarining bari yer bilan bitta qilinganligi yodiga tushib, xayolchan shivirladi: – Buyam bir oʻzicha zilziladan battar musibat-de!..

Oʻshanda... jiyanlari chapdastlik bilan tomlarning suvogʻini koʻchirayotib, hamma-yoqni chang-toʻzonga chulgʻayotganlarida, baridan, hatto oʻtmish azizlarining yodi-xotir-laridan ham mosuvo boʻlayotgandek, koʻksi tatalanaverib, hoʻng-hoʻng yigʻlagisi kelavergan, lekin har gal chakagi qaltirab, oʻz-oʻzini yupatgan: yigʻlama, Bahrom, yigʻlama!.. Joningdan aziz Poʻlatingning oldida bir hovuch tuproq nima boʻpti?!. Yigʻlama, azamat, yigʻlama!..

Ammo-lekin... osonmi – bir umrli gʻamkash... balokash boshpanadan ayrilayotgani yetmagandek, ustiga ustak – koʻngilning yanayam abgor boʻlayotgani-chi!?.

Mana, shu tobda ham dimogʻi kuyishib, boʻgʻziga nimadir qadalayotganini sezayap-ti... Nazarida, chindan ham, eng azizlaridan qayta boshdan ayrilgandek – nimadir kam, nimadir yoʻq.

...yoʻq-da, yoʻq – hidmi... sharpami?

Oʻsha kunlari gʻarq pishgan olma, shaftoli, noklardan kotiba Larisaga, boshliq yigit – Ivan Vasilevichga, quruvchi-pardozchi yigit-qizlarga togʻora-togʻora, chelak-chelak eltib berdi. Bunaqasini kutmaganlaridanmi, ularning buvasidan xoʻrozqand undirgan boladay koʻzlari chaqnab, irgʻishlaganlarini koʻrarkan, sal-pal ogʻriqlarini unutganday...

...e, qayogʻda!.. Pamildorilar, baqlajonlar, qalampirlar... – bari kunpayakun boʻldi-ku! Yolgʻonning nima keragi bor, – deb alamangiz dilidan oʻtkazdi Bahrom chol. – Odam oʻz-oʻzini aldayolmaydi-ku!

Imoratning taxta-yogʻochlari, toʻsinlari, eshik-derazalarini akasining toʻngʻichi, oʻgʻillari bilan kelib, ikki kun mashinada tashidi: koʻp narsa ekan!..

Bahrom chol akasining toʻngʻichi Shokirjonni, vaqtiyi-zamonida, – Shokirjon bolaligida kasalvand, shungami, koʻp yigʻloq edi, – mehri singganigami, hamon boshqacha koʻradi. Ancha lash-lushlaru ashqal-dashqallarni ham bervordi. – Aslida, bandasiga kerakli tosh ham zarurku-ya!.. Ammo-lekin qoʻymoqqa joy boʻlmasa, turgan-bitgani gʻalva ekan. Ana, bir necha sandiq, koʻrpa-toʻshak, gilam-palosu balo-battarlar – bari – bir xonani band qilib yotibdi. Erta bir kun ular ham... Albatta-de!..

Bahrom chol behalovatlanib, goʻyo hademay, uxlab qoladigan kabi koʻzlarini ochmay, chalqancha yotdi.

Ha-ya, ortiqcha kiyim-kechaklarni Shokirjonning oʻgʻillariga bervorganidan ke-yin, oʻsha kecha bir tush koʻrdi: yopiray, tushida – oʻgʻli – Poʻlati!.. Xuddi oʻtmagandek, koʻz oʻngida bor boʻyi basti bilan namoyon boʻlib, aniq-tiniq gina qilayapti: adajon, nima uchun doʻppimni goʻrkovga bermadiyizlar, boshim sovuq qotvotti-ku!..

...sochi tusday qalin-a! Caratonda-ya?!. Yo tavba, bu qanaqasi?.. – Oʻshanda tong otayozgan edi. Lahza kechib-kechmay, jonu jismiga oʻt ketdiyu, xomush-xayolchan toʻshakdan turib, odaticha, bosh-oyoq suv quyindi. Qiblaga yuzlanib, oʻgʻlining haqiga, oʻtmish barcha azizlarining haqiga duoyi fotiha qilgach, bir-bir sandiqlarni timirskilay boshladi. Qarasa, Lolasining bisot sandigʻida buklab-taxlab qoʻyilgan oq ishton-koʻylak, ustida doʻppi!.. Doʻppi oppoq, shirriq qogʻozga oʻralgan, yonida ikki qulochdan moʻlroq ipaksifat matoh... – Hay, Xudoyima-a!.. Boyoqish ona oʻgʻlining chimildiqda kiymogʻiga atab oq ishton-koʻylak, nikoh oʻqilayotgan mahalda boshiga qoʻndirmogʻi uchun doʻppiyu dastorlikni elburundan tayyorlab qoʻygan ekan-da!..

Oʻsha tong mahalida Bahrom chol sassiz-sadosiz yigʻlagan – selday quyilgan achchiq koʻzyoshlarini tiyolmagan edi. Keyin – nonushtadan soʻng, doʻppiyu dastorlikni hamda ishton-koʻylakni bir roʻmolga tugib, qabristonga borgan; koʻngli sezgan ekanmi, goʻrkov yigit, paymonasi uzilgan birovga atab, oʻriklarning quyuq soyasidan goʻr qaziyotgan ekan; chavandozlarday boshini qizgʻish bir belbogʻ bilan tangʻigan, egnida yengsiz, paxtali jujuncha, bilaklari, panjalari, yuzlari jiqqa terdan kir-chil... Salom-alikdan soʻng, uzr-ma’zurini aytib, omonatni topshirgach, Lolasining, Poʻlatining goʻrlari yonida uzoq oʻtirib, Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilgan edi. Qancha boʻlayapti shunga?.. Yoʻq – eslayolmadi. Oʻgʻlining oʻtganigachi?..

...tavba, boʻlarkan-da!.. – Xayolidan koʻtarilipti. Avvallari bunaqa emas edi. – E, nechanchi kunligining nima qizigʻi bor?! Oʻgʻlim hamisha, har nafas dilimda-ku! Kuni kecha Shokirjonning toʻngʻichi – TashDUda oʻqiydigani – Shukurjon kelgan edi. Katta bir qopda kartoshka, sabzi, piyoz keltiribdi. Yaxshi boʻldi: koʻch-koʻronni koʻchirishga koʻmaklashdi. Keyin, xufton mahali jiyani qaytayotganida: Olaboyni olaket, jiyan, dedi Bahrom chol, nochor-noiloj – til uchida. Koʻrvossan-ku, jonivor tangu tor katalakda qiynalmasin... Rostisi, oʻgʻli papalab oʻstirgan itini – qadrdonini – birovga bergisi yoʻq, lekin bermaslikning ham iloji yoʻq-da!.. Jiyani aytdiki, oʻzlarida ikkita emish: biri – bogʻda, ikkinchisi – hovlida…

...yo Xudo! – Erta bir kun itidan ham ayrilsa... – Uf-f-f!.. – Hatto, buni oʻylash ham dahshat. – Keyin qanday yashayman-a? – Prapiskang shoʻtta. Bundan keyin man bi-lan yashayver. Shoʻttan oʻqishingga qatnayverasan. Harna, bir qadam yaqin-ku, Shukur-jon, degan edi, jiyani mujmal javob qildi: mayli, amaqi. Koʻramiz. – Nimasini koʻ-rasan, nodon. Mishiqi! – deb shivirladi Bahrom chol, hazin entikib. – Xursand boʻla-vermaysanmi – bari bugunmi-ertami oʻzingga qoladi-ku, noshukur.

Nogoh, nimadir qitirladi.

Bahrom chol yalt koʻzlarini ochib, quloqlarini ding qildi. Deraza tomonga oyogʻini uzatib yotgan edi, osmonga qaradi: osmon yorqin binafsharangga doʻnipti.

...iy-e, tong otipti-ku! – Yana nimadir qitirlagani barobarida, itining gʻing-shigani qulogʻiga chalindi. – Olaboy!.. Ayvonchaning eshigini tirmalavotti... Jo-nivor... Bu... bu katalak – manga ham, kenglikka, erkinlikka oʻrgangan jonivorga ham – qafas-de!.. Uf-f-f!..

Bahrom chol karavotdan oyogʻini tushirdi. Lekin, dast turib ketolmay, bir muddat tek qotdi.

Karavotning gʻichirlaganini eshitib, Olaboy allatovur qisqa-qisqa – shodon – hurdi: vov-vov – bormisiz, xoʻjam?!.
– Hozir, Olaboy, hozir!..

Bahrom chol bilmadi-da, bari ana oʻshandan keyin boshlandi: bori koʻrgilik zan-jir halqasiday bir-biriga ulanib ketaverdi: hademay roʻy berajak gʻalvalardan be-xabar, ayvonchaning eshigini ochishi bilan, dimogʻiga noxush bir hid urilib, beixtiyor burnini jiyirdi.

...yaxshiyamki, derazalarning lang ochiqligi.

Olaboy esa, allaqachon har ikkala oldingi oyogʻini xoʻjasining koʻksiga tirab, yuzlaridan, lablaridan, koʻzlaridan yalab-yulqalamoqqa urinmoqda edi.

Bahrom chol keskin boshini orqaga tortib:

– Olaboy! – dedi. – Sanga aytvomman, Olaboy-y?!.

Olaboy, xoʻp-xoʻp, tushundim, xoʻjam, deganday bir chingsib, oyoqlarini tushirdi-da, xoʻjasining qoʻllarini yaladi.

Bahrom chol mixdan zanjirni olayotganida, Olaboy hurib-oʻynoqlab, dahlizga chiqdi. Xoʻjasiga qaramay, eshik tomonga yoʻrtdi.

Bahrom cholning xayoli parishon edi, Olaboyni zanjirlash esidan koʻtarilib, eshikni ochdi.

Eshik ochilar-ochilmas, Olaboy oʻzini yoʻlkaga urib, yashasin – erkinlik, deganday baralla hurdi: hav-hav – yashang, xoʻjam!.. Va, zinapoyalardan bir sakrab, shoʻx-shodon hurgancha, koʻcha eshikka otildi.

Zum oʻtmay, bir qizaloqning chinqirab yigʻlagani hamda paqirning daranglab dumalagani yoʻlkani tutib ketdi.

Daf’atan nimalar roʻy berganini bilib-bilolmay, Bahrom chol – qoʻlida zanjir, nogahon yashin urganday bir lahza tek qotdi-yu, soʻng ilkis koʻcha eshik tarafga shoshildi.

Oʻsha asnoda roʻparadagi xonadonning eshigi shitob ochilib, ichkaridan uzun ishton kiygan, maykachan, koʻksini qalin jun qoplagan, qoshlari baroq, yoshi oʻttizlardan oʻtgan birov otilib chiqdi-da, Bahrom cholga bir oʻqraygancha, zinapoyadan yugurib tusharkan, armanchalabmi, gruzinchalabmi, hovliqib yupatgancha, ogʻzi-burnidan qon oqayotgan oʻn-oʻn bir yoshlardagi qizaloqni dast koʻtarib, bagʻriga bosdi, tagʻin oʻzining tilida nimalardir dedi.

Hamon qizcha chinqirab yigʻlamoqda edi.

Bahrom chol zinapoya roʻparasida ota-qizga yoʻl boʻshatayotib, koʻzlarida bir dunyo hadigu bir dunyo tavallo bilan:
– Sased – daragoy, ya benavat, – dedi. – Ne uspel... Izvinite, pajaluysta?..

Yuzlari rapidadek, qoshlari baroq qoʻshni yigit, qizini bagʻriga bosgancha, Bahrom cholga vajohat bilan oʻqrayarkan:
– Ya sechas tebe pakaju! – dedi soʻkinib. – Za takie shutki zaplotish... Suka!..

...oʻzing suka, – deb gʻudrandi Bahrom chol, emchaklari uzluksiz soʻrilaverganidan choʻzilib ketgan bechora bir daydi qanjiq – s u k a – beixtiyor koʻz oʻngidan oʻtarkan, zinapoyadan tushayotib. – Koʻrinmas balo oyoq ostida, deganlari shu-da, koʻramiz.

Bahrom chol – hanuz bir qoʻlida zanjir, xomush-xafagazak alfoz, paqirni oʻnglab, qoʻshnining sochilgan axlatlarini termoqqa tutindi. Endi hovuchidagi chiqindilarni paqirga tashlayotganida, qoʻshnining eshigi taraqlab yopildi; nihoyat, qizaloqning yigʻi tovushi oʻchdi.

Va, hayal oʻtmay, Baroqqosh – qoʻlida qoʻshtigʻ, Bahrom cholni devorga taqab, koʻksi-ga miltiqni qadadi:
– Pryam seychas-je vizovyosh svoyu sabaku! – dedi. – Ya pri tebya prstirilyu yeyo. A to ti sam poluchish pulyu v lob. Yasno, tebe , gad?!.
– Ti menya ne pugay, sased, – dedi Bahrom chol, qilt yutinib, bosiq, lekin xiyol xirqiroq ohangda. – Ti sam gad. Ya ni iz tex puglivix. Panyatno tebe?

Baroqqosh bunaqasini kutmagan edi, birdan koʻzlari qonga toʻlguday qizarib, kes­kin bir qadam orqaga tisarildi:
– Ax, gad! – dedi. – Ax, gad!..

Nogoh, shitob oʻrtadagi eshik ochilib, Aleksandr koʻrindi. U uzun trusida, latta shippakda edi:
– Bahrom aka! – dediyu, otilib tushib, shartta Baroqqoshning qoʻlidan miltiqni yulqib oldi. Va, boʻgʻziga chang solib, shitob devorga taqadi. Soʻng, to Baroqqosh es-hushini yigʻvolguncha, qulochkashlab miltiqni zinaning temir panjarasiga urdi: miltiq ustma-ust gumburlab, teng oʻrtasidan ikki boʻlak boʻldi.

Xayriyat, oʻqlar sochma ekan, hech kimga daf qilmadi.

Shaqr-shuqr miltiqni Baroqqoshning qoʻliga tutqazayotib, Aleksandr:

– Ey, ti – gad! – dedi. – Zapomni – raz i na vsegda: yesli yeщyo raz piknish Baxrom ake, pinay na sebe. Teper idi!..

Baroqqosh – qoʻlida boʻlak-soʻlak miltiq, zinapoya tomon jilayotib:
– Ya s taboy pa raschitayus, – dedi, chakagi qaltirab. – A yevo pagannuyu sabaku se-ravno ubyu!.. – Uning koʻksida qizining ogʻzi-burnidan oqqan qon qotib qolgan edi. – Ya... ya... eto tak ne astavlyu. Uchti: krepka zaplotish ti za vsyo eto!
– Kagda? – dedi Aleksandr. – Gde?!. – Shunday deb, qahr bilan bilagini tirsa-gidan bukib, choʻqmorday mushtini koʻrsatdi. – A vot etu ne xochesh?..

Oʻq gumbirlagan zahoti Baroqqoshning xotini – doʻmboqqina juvon – jonhovri dahlizga otilib chiqqan edi: koʻzlari ola-kula, sochlari toʻzgʻigan, uzun tunkoʻylakda; tunkoʻylagining bir yon bogʻichi kiftidan pastroqqa osilib, momiqday koʻkragi xiyol koʻrinib turardi.

Xotin, labi-labiga tegmay, nimalardir deb, javray boshlagan edi, Baroqqosh oʻzining tilida qahrchan bir gap aytib, darrov ortiga qaytardi.

Eru xotin koʻzdan pana boʻlar-boʻlmas, taraqlab oʻrta eshik ochild-yu, Aleksandr-ning xotini koʻrindi: u oldi ravaraq xalatda, oyoqyalang edi:
– Sasha! – dedi. – Sasha?!. – Nogoh Bahrom cholga koʻzi tushib, ila-chila yoqasini yopdi. – Oy, Baxrom aka, shto s vami?

Bahrom chol – qoʻlida zanjir, devorga suyanib turgan edi. Indamadi.
– Vsyo v paryadke, – dedi Aleksandr. – Idi, ya seychas... Nu, idi-je?!. – Xotini iziga qaytgach, Aleksandr Baxrom cholga yuzlandi. – Alabay gde, Baxram aka?

Roʻy bergan bedodlikdan Bahrom chol diltang, parishon edi:
– Olaboy?.. – dedi. – Olaboy na ulitse. Gulyaet.
– Idyomte, ya vas pravaju, Baxram aka?
– Spasiba, sinok, – dedi Bahrom chol, koʻcha eshik tomonga yurib. – Spasiba... – Bahrom chol ikki odim otib, toʻxtadi. Aleksandrga qaradi. – Vintovku jalka... – Yoʻlka Bahrom cholga judayam tanish porox hidiga toʻlib ketgan edi. – Va vsyom ya benavat.
– A vi ab etom ne dumayte, Baxram aka. Maxnite!..
– Da... Maxnutbi...

...ax, qani edi, qoʻl siltashning iloji boʻlsa?!. – Bahrom chol koʻchaga chiqdi. Xomush borib, qoʻshgujum ostidagi supaga choʻnqaydi. – Yaxshi boʻlmadi.

Hali supa buzilmagan edi; ana, Olaboyning uychasiyam...

Kim ham buzardi. Buzsa, Bahrom cholning oʻzi buzadi. Shu kungacha buzmaganligi-ning sababi shuki, uycha – jonivorga boshpanalik qilarmikan, degan umidda edi. Oʻylab qarasa, uychaga ishonib, oʻgʻlidan bir tirik xotiraday aziz qadrdonidan ayrilib qoladigan: bunaqasi bir toʻragan-da!.. Jonivor aqlli: iznsiz hech kimga, hech nimaga daf qilmaydi; juda boshqacha.

Olaboyning boshqachaligiga mahliyo boʻlganidanmi, kecha – birinchi kuni – uyga olib kirgan edi. Endi esa pushaymon: boya ayvonchaga kirgisi kelmay, choʻzilib, arang zanjirni mixdan olayotganida burnini jiyirgani ham shundan edi; qoʻshni qizchaning ola qoniga boʻyalganiyu, miltiqning singani, mana, dard ustiga chipqon boʻldi.

...baribir, tilsiz jonivor-da, – deb oʻyladi Bahrom chol. – Boshqa bir chorasini topish... Bunaqasi ketmaydi... Ketmaydi.

Quruvchilar har uchala besh qavatli gʻishtin binoning pardoz-andozini ham tugatganlaridan soʻng, joʻnab ketishlaridan avval shaharning kazolari, hukumat arboblari ishtirokida katta toʻy-tantana bilan, kalitlarni xonadon egalariga topshirgan edilar. Boshliq yigit – Ivan Vasilevich, endi toshkentlik boʻlib qolayotgan oʻn chogʻli vakillari – yosh kelin-kuyovlar – qatorida, Bahrom cholga ham oʻsha tantana chogʻida ikki xonali uyning kalitini hamda vasiqasini bergan, lekin Bahrom chol Olaboyini deb kuni kechagacha koʻchmagan edi. Aslida haliveri koʻchmoqchi emas edi-ku, lekin shishaday tonglarning ayozi... Har ne qilsa ham, kuz – kuz-da!.. Keyin, bir xayoli, mahalla oʻrnida qurilayotgan anavi toʻqqiz qavatlik uylarning qorovulligini qilmoqchi edi. Afsuski, ular temir-betondan ekan; qorovul kerak emas emish.

...qarovullik bahonasida yana tunu kun Olaboy bilan... – Diltanglanib qisma-tini oʻylarkan, ajab bir hikmat Bahrom cholning yodiga tushdi. – Nasib qilmadi-da, mashoyixlarning ham bilgani bilgan ekan.

Kecha, asr payti jiyani Shukurjon bir qop sabzi-piyoz opkelib qoldi-yu, chodirda bosilib yotgan lash-lushu ashqal-dashqallarni yangi qoʻshni yigitlar yordamida koʻchirdi-qoʻydi. Asl mahalladosh qoʻshnilar esa: nima, tobutim derazamdan chiqadimi, qavatli kataklari oʻzlariga nasib qilsin!.. – deb, har yoqlarga toʻzgʻib ketdilar: birlari – Yunusobod tomonlarga, yana birlari – TashGRES taraflarga.

...at-ta-a-ang! – deb oʻyladi Bahrom chol, erta bir kun qoʻldan-qoʻlga lapanglab oʻtajak oʻz tobutini tasavvur etayotib. – El qatori men ham bir parcha yer olaversam boʻlar ekan. Har bir ishning pushaymoni bor, deganlari shu-da!.. – Biladi, endi bari behuda. Harduri, qurama qoʻshnilarga koʻnikishi kerak. Yaxshiki, uchala uyda ham oʻz farzandiday boʻpqogan leningradlik navqiron oilalar bor – bir-biridan mehribon, bir-biridan kuyinchak yigitlar, qizlar. – Baraka topishsin!.. Lekin anavi Baroqqoshga oʻxshaganlar ham har yoqlardan oqib-yogʻilib... Mahallada oʻgʻri yoʻq edi, aroqxoʻr-pyanista yoʻq edi, buzuqi... yoʻq edi. Yoʻq... yoʻq!.. Endi... Oxiri baxayr boʻlsin. Esizgina musulmonobod mahalla-ya!.. – Ayni oʻsha tobda sirma xalat kiygan loʻppi bir juvon, ana – sanga, mana – sanga, deyayotganday xiromon yurib, axlat tashlagani oʻta boshladi. – Yo tavba, ertalabdan-a?!. – Bahrom chol yuzini chetga burayotib, nima uchun gʻishtin supada choʻnqayib oʻtirganligini eslarkan, beixtiyor Lolaginasining bir gapi quloqlari ostida jaranglab ketganday tuyuldi: biz qaddu qomativuzani, hatto, toʻpigʻivuzaniyam otavuzadan yashirib oʻsganmiza. – Xudo rahmat qilsin baringni, Lolajon. Otangniyam. Omin!..

Xayolchan yuzlariga fotiha tortgach, Bahrom chol:

– Olaboy, – dedi. – Olaboy!..

Jonivor, – ovozni eshitguday yaqin atrofda ekan, – halloslagan koʻyi, yetib kel-di-da, choʻnqayib, koʻzlari chaqnagancha, xiyol kallasini burib qaradi: buyuring, xoʻjam?
– Oʻzing yaxshisan-u, lekin... ba’zan oshirvorganing yomon-de! – Bahrom chol zan-jirning toʻgʻasini qayishning halqasiga oʻtkazayotganida, Olaboy qoʻllarini yalayotib, zanjirlamang mani, xoʻjam, deyayotganday mayin chingsidi. – Tushunsang-chi, man sani palakatdan qutqarishim kerak, Olaboy. Lekin qanday... qanday qilib? Aqllisan-ku, oʻzing yoʻl koʻrsat?

Bahrom chol zanjirni uychaning yonidagi qoziqqa bogʻladi. Soʻng uyiga yoʻl olayotib, endi paysalga solmasligi kerakligini oʻylarkan, tuyqus xayolidan kechayotgan fikrlar oʻziga ma’qulday tuyuldi: zopark qulaymi yo tsirk?

Sirk – uzoq; gavjum koʻchalarni kezib oʻtishga toʻgʻri keladi. Tramvayga chiqsa boʻladi-ku, lekin... noqulay – katta shaharda moʻysafid odam, bahaybat itni yetaklab yurishi... Kulgili-da!.. Qishloq?.. Qishloq yanayam uzoq. Qishloqqa eltsa-ku, darrov ega topiladi. Negadir qishloqqa sira oyogʻi tortmaydi: sababi ham ma’lum, ham... noma’lum.

...yoʻq – ma’lum, – deb oʻyladi Bahrom chol, achchiq xoʻrsinib. – Ma’lum!.. Sirkdan koʻra, zopark ma’qul shekilli.

Bahrom chol Baroqqoshning uyi tomonga qaramay, oʻzining qiya ochiq eshigidan uy-ga kirayotib, agar iloji boʻlsa, hayvonot bogʻining qorovulligimi yo farroshligini olishni koʻngliga tugdi – ushbu niyati amalga oshsa, har qalay, Olaboyidan ayrilib qolmaydi.

...yaxshi-de, – deb oʻyladi Bahrom chol, goʻyo hali-zamon ishga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi buyruq qoʻliga tegadigandek, shimining kamarini har qachongidan ham mahkamroq tortayotib – Yaxshi... yaxshi!..

Eshikni yopganidan soʻng, Bahrom chol bir muddat nimasinidir unutganday tek qotdi, lekin nimaligini eslayolmadi.

Koʻchaga chiqdi.

Allaqachon mahalla gavjum boʻlayozgan edi, birovlar ishiga, bolachalar maktabga shoshilayaptilar: ana, yasan-tusan ayollar, ikki bolacha esa hammadan oldinda, yelka-larida maktab jildlari, har ikkaloviyam kimoʻzarga yugurib ketyapti.

Xoʻjasining yaqinlashayotganini koʻrib, Olaboy, – hademay, nafaqat xoʻjasi bi-lan, balki, umuman yorugʻ dunyosi bilan vidolashajagini bilmay, – shodon oʻynoqlab hurdi: hav-hav – o, xoʻjam!..

Bahrom chol yaxshi biladi: hayvonot bogʻiga eltsa, jon-jon deb olishadi, lekin Olaboyni qiynashlari tayin: toʻp tepishni, yer qimirlagan tongda osmonga qarab nola qilganidek, – huv bir zamonlar Poʻlatini tomoshaga eltganida, oʻzi guvohi boʻlgan! – karnay-surnaylaru tomoshabin bolachalarning chapaklari ostida jonivorga ulib-ulib nola chekishni; tasqara bir masxaravoz minvolgan allambalo aravani tortishni; lovullab yonayotgan olovli halqalardan sakrashni... E, yana allaqancha burdi-balolarni uzun qamchi bilan savalab-savalab oʻrgatadilar. Oʻshanda – ming yillar avval – Poʻlati bilan tomoshaga borganida havoni shuv-shuv kesib qarsillagan uzun qamchining tovushi, mana, shu tobda ham quloqlari ostida sovuq-sovuq qarsillayotgandek!..

...yoʻq, zopark yaxshi. Ishqilib... – Oʻylay-oʻylay, nihoyat, Bahrom cholning qarori yanayam qat’iylashdi. – Mayli, moyana bermasangizlar ham mayli, deyman. Ana keyin – jon deyishadi. Albatta-de!..

Bahrom chol zanjirni yechayotganida, Olaboy oyoqlariga suykandi. Soʻng, qayoqqadir borishlari kerakligini bilib, ildam yoʻl boshladi.

Olaboyga yetib yurish uchun, Bahrom chol yanayam chaqqonroq odimlashi kerak edi:
– Olaboy, – deb, zanjirni ozorsiz siltadi.

Olaboy, toʻxtagisi kelib-kelmay, kallasini burdi: ha, xoʻjam?
– Qatga shoshvossan, jinni? A san qatga boravotganivuzani, nima uchun boravotganivuzani bilmaysan-ku!..

Shundan soʻng sekin, yonma-yon yurib, katta yoʻlga chiqdilar.

Katta yoʻlda bir-biridan oʻzib, zuvillab yelayotgan mashinalar ham, yoʻlaklarda shoshilinch ketib borayotgan yoʻlovchilar ham koʻp edi.

...hamma qayoqqadir shoshvotti, – deb oʻyladi Bahrom chol, biri plashiga, biri paltosiga chulgʻangan ayolu erkak aralash-quralash yoʻlovchilarga xomush nazar solar-kan, bir lahzaga oʻz gʻussasini unutib. – Shu-de, odamzot degani.

Chorrahaga yaqinlashib qolgan edilar, orqadan mataseklini pat-patlatib yeldirib kelayotgan matasekilchi, Olaboyga birrov qaradi-yu, birdan tezlikni pasaytirib, besh-oʻn qadam narida taqqa toʻxtatdi.

Bahrom chol, garchi taajjublanayotgan esa-da, parvo qilgisi kelmadi.

Matasekilchi, – qoʻnji uzun etik kiygan, yoshi oʻttizlardan oʻtgan, gʻoʻlabirday yigit, – shartta tushib, qalpogʻini oʻrindiqqa qoʻydi-da, kulimsirab, Olaboydan hayiqmay, Bahrom cholga dadil yaqinlashaverdi.

Olaboy, noxush nimanidir sezganday yovqur irillab, matasekilchiga tishlarini koʻrsatgach, yorib tashaymi, xoʻjam, deganday Bahrom cholga qaradi.
– Olaboy, – dedi Bahrom chol, shoshma-chi, deyayotgandek, jonivorning kallasini silab. – Jim!..

Ikki-uch qadam qolganda, matasekilchi:
– Assalom alaykum, amaqi! – deb, eskitdan qadrdonlarday koʻngilchan jilmayib, qoʻlini uzatdi. – Itiyizga suqim tushdi, amaqi.

Bahrom chol alik olayotib, matasekilchining qoʻli kattaligini, kafti qattiqligi-ni sezgan edi:
– Siz it urushtiradiganlardanmassiz, – dedi. – Dehqon boʻlsayiz kerak.
– Toʻgʻri topdiyiz, amaqi, – dedi matasekilchi, yanayam jilmayarkan, Olaboyning kallasini siypalab. – Bogʻbonman... bogʻbon! Rohatti boʻyida kotta bogʻim bor, polizim bor. Itiyizzi manga soting, amaqi?
– E, nima devossiz?! – dedi Bahrom chol. – Sotmayman. Yoʻq... yoʻq. Zoparkka ber-gani opketvomman.
– Parodasi olaboy boʻlsa kerak-a?
– Otiyam Olaboy, – dedi Bahrom chol, uyga... uyiga iti sigʻmaganligini aytib. Yana koʻp gaplarni ham hangoma qilgisi keldi-yu, gapirmay qoʻya qoldi: begona birov tu-shunarmidi. – Domga koʻchib oʻtdim. Noilojman.
– Manga qarang, amaqi, qoʻlingizni bering? – deb, matasekilchi Bahrom cholning qoʻlini mahkam siqib, kaftini koʻksiga bosdi. – Iltimos, sazammi oʻldirmang, amaqi, manga bering shu Olaboyizzi? Toshkan bozorlariga birinchi boʻlib man qovun-tarvuz olib chiqaman. Oloyning eng shirin-shakar mevasi maniki: oʻrik deysizmi, olma deysizmi, shaftoli yo anor deysizmi – baridan manda bor. Qishin-yozin meva-chevangizni oʻzim yetkazib turaman. Manga adresizzi ayting, amaqi, iltimos?... Iltimos-de, amaqi?!. Ayting, amaqi, ayting-ayting?
– Domim ana: huv anetta, – deb, Bahrom chol boshi bilan ishora qildi. – Ana, oʻr-tadagi dom. Boʻttan koʻrinmavotti. Huv ana, qoʻshqayragʻochchi oldida. Koʻrvossizmi?..
– Domiyizzi oʻzim topvolaman, amaqi, – dedi matasekilchi yigit, zanjirga qoʻl uzatib. – Zoparkka berganiyiz bilan birov sizdan minnatdor boʻlarmidi. Manga bering, amaqi, manga?.. Olaboyiz bahonasida ota-oʻgʻil boʻlib qolavuza. Mani Poʻlat payvand deydila. Payvandchilikning ustasiman: tarvuzzi – jangalga, yantoqqa – qovunni payvand qilaman. Hali man olib keladigan qovun-tarvuzlardan yeb koʻrganiyizda oʻziyiz ham aytasiz, amaqi!..

...oti Poʻlat ekan. Poʻlat, – deb oʻylamoqda edi Bahrom chol, endi Poʻlat pay-vandning gaplarini aniq-tiniq eshitib-eshitolmay. – Poʻlatjon... Oʻgʻlim!..

Qarasa, zanjir Poʻlat payvandning qoʻlida, qachon berib qoʻygan – bilmaydi; Olaboy – oʻrtada – choʻnqayib oʻtiribdi: dam Poʻlat payvandga, dam Bahrom cholga jav-dirayotganday tikiladi: ha, xoʻjam, nima qivossiz oʻzi?!.
– Manda shunaqa bir zoʻr qanjiq bor, – dedi Poʻlat payvand, tagʻin Olaboyning kallasini silab. – Uyam olaboy naslidan. Shu yil mayda Chimkentga erta pishar oʻrikdan oborganimda, qozoqlardan opkeganman. Juda xohlasayiz, bahorda sizga bolasidan opkelaman. Maylimi, amaqi, berasiz-a?..

...toʻgʻri aytvotti, jonivor oʻzidan koʻpaysin, – deb oʻyladi Bahrom chol, erta kuz kunlari daydi qanjiqlarga Olaboyning zanjirni uzguday otilganlarini eslab. – Zoparkka eltib, jonivorni temir qafasda chingsitgandan koʻra...
– Boʻpti, – dedi Bahrom chol, allatovur shavqsiz kulimsigan koʻyi, bosh irgʻab. – Sizga nasib qilgan ekan, Poʻlatjon.
– Yashang, amaqi! – deb, Poʻlat payvand Bahrom cholning kiftidan quchdi. – Xudo xohlasa, bundan keyin siz bilan ota-oʻgʻil boʻlib qolovuza... Yur, jonivor, yur!..

Olaboy joyidan jilmay, gʻingshib, Bahrom cholga qaradi: ha, xoʻjam, bu qanaqa-si?!.
– Manga bering? – dedi Bahrom chol, Poʻlat payvandning qoʻlidan zanjirni olib. – Boshlang.

Olaboy Bahrom cholga ergashdi.

Bahrom chol kajavaga chiqdi. Oʻrindiq tomonga oʻtdi.

Xoʻjasining ortidan Olaboy bir sakrab, kajavaga koʻtarildi; oʻrindiq tomonga oʻtmoqchi boʻlganida, Bahrom chol yoʻl bermay, zanjirni Poʻlat payvandga uzatdi:
– Kajavaning tutqichiga bogʻlang!..

Olaboy katta emasmi, kajavaga sigʻmadi.

Bahrom chol jonivorning belini mayishtirib, orqa oyoqlarini kajavaning oyoq uzatadigan tomoniga bir amallab oʻtkazdi.

Olaboy orqa oyoqlariga chor-nochor choʻnqaygan kabi oldingi oyoqlarini oʻrindiqqa tirab, tagʻin zorlanayotganday chingsidi: xoʻjam?.. Hoy, xoʻjam?!.

Bahrom chol Olaboyning allatovur javdirayotgan koʻzlariga qaramoqdan yuragi bezillab:
– Xayr, Olaboy! – dedi, beixtiyor ovozi boshqacha tovlanib. – Mandan rozi boʻl, qadrdonim?..

Nihoyat, Poʻlat payvand, shitob matasekilini patillatib, xushhol oʻrindigʻiga oʻtirarkan:
– Ishonavering, amaqi, hali Olaboyingiz sizni koʻp duolar qiladi, – dedi. – Boʻpti, amaqi, xayr!..

Matasekil keskin siltanib, joyidan jildi.

Olaboy nimalar boʻlayotganligini anglayolmay, avval gʻalati vangilladi, soʻng xoʻjasidan koʻzlarini uzolmay, qattiq, qahrchan hurdi-da, birdan bor kuchi bilan otil­di.

Yurak hovuchlaguday bir titroq bilan Bahrom chol barini kuzatib turgan edi, Olaboyning jonhovri osmonga sapchiganini koʻrgan zahoti, chirt koʻzlarini yumdi. Va, lahza kechib-kechmay, yalt koʻzlarini ochdi-yu, koʻrayotganlariga ishonolmay-ishongisi kelmay, bir zum, bir lahza qotdi-qoldi: Olaboy – jonivor, yoʻl boʻyida oyoqlarini choʻzib, ana, jimgina yotibdi.

Bahrom chol lolu ma’lul itiga yaqinlashdi. Choʻnqayayotib, jonivorning ogʻzidan qon oqayotganini koʻrdi:
– Olaboy, – dedi asta, tobora boʻgʻziga nimadir qattiqroq qadalayotgandek, qilt yutinib. – Olaboy?..

Bahrom chol itining kallasini koʻtarmoqchi boʻldi, lekin boʻyni uzilgan shekilli, shilq etib osildi.

...tamom! – Bahrom chol, koʻzlarida jiqqa yosh bilan, huv narida hamon matasekilidan tusharini ham, tushmasligini ham bilolmay, angrayib turgan Poʻlat payvandga qaradi. – Nima qilib qoʻyding?..

Xuddi it egasining alam bilan qarashini kutayotgandek, Poʻlat payvand sekin matasekilini jildirdi; katta yoʻl serqatnov edi, hayal oʻtmay, mashinalar oqimida koʻzdan yitdi.

...ax-x!.. – Bahrom chol behud Olaboyiga oʻgirildi: haligina koʻzlari qop-qora koʻzmunchoqday edi, endi koʻm-koʻk – sovuq, shisharang tus olipti. – Huv oʻshanda Poʻlatining jonsiz – ruhsiz – koʻzlarini silab-silab, arang yumdirolganligi yodiga tushdi. Qoʻllari mayin titramoqda edi. Olaboyning koʻzlarini ozorsiz silab-siypalay boshladi. – Yoʻq, behuda. Endi man bu koʻzlarni... Poʻlatjon?.. – Iloyo, chin dunyosida bizga yorugʻ yuz bilan diydorlashmoq nasib etsin, bolajonim, degan yoniq bir tavallo dilidan kechdi. – Oʻgʻlim, koʻrvossan-ku, Oʻ z i shohid, man Olaboyingni asrayolmadim.

Poʻlatining qazosi kunlarida Olaboyning motamdorlardan qochib, bogʻning eta-gida, achchiq ayozlarda bir necha kun yemay-ichmay, bot-bot chingsib, dam-badam osmonga qarab uluganlari; keyinroq – erta kuzak kunlari – gala-gala koʻppaklarni izidan ergashtirgancha izgʻigan qanjiqlarga zanjirni uzguday betoqat talpinib-talpinib hurganlari bir-bir Bahrom cholning xayolidan oʻtarkan, koʻzlaridan oqayotgan qaynoq yosh tomchilari yuzlarini kuydirib, moʻylovini oralamoqda edi.

...Olaboy... Olabo-o-oy!..

Uzoqdan tramvay taraqlab yaqinlasha boshladi.

Biroq, Bahrom chol nimanidir koʻradigan, nimalarnidir eshitadigan ahvolda emas, hamon Olaboyning koʻzlarini asta, behud silab-siypalamoqda edi.