OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNosir Boymirzayev
Asar nomiPolvoncha raqs (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Nosir Boymirzayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/17
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Polvoncha raqs (hikoya)
Nosir Boymirzayev

Toʻychi polvon yiqildi. Davradagilar bir qalqib tushdi.
— Halol! Normoʻmin polvonniki halol! Polvonning zotini bering!

Bularni Toʻychi polvon eshitmadi. U butunlay oʻzini yoʻqotib qoʻygandi.

«Endi elning koʻziga qanday koʻrinaman?!» — Toʻychi polvonning miyasiga gurziday kelib tushgan narsa shu boʻldi. U shaxt bilan davradan chiqib ketdi. Shu paytda unga qashqir yoʻliqqanda ham bu vajohatni koʻrib dumini qisgancha qochib qolgan boʻlardi. U aybni Normoʻmindan qidirmadi. Chindan ham u halol yenggandi. Hammasiga oʻsha qanjiq sababchi, deya boʻralib soʻkindi. Tavba, shu tobda u qanday qilib esiga tushib qoldi ekan, oʻzi ham hayron. Ha, yodiga tushdi. Normoʻmin polvon Shoʻrchidan kelib edi. Toʻychi polvon u bilan avvallari salom-alik qilmagan boʻlsa-da, uning olishini uch-toʻrt toʻyda koʻrgan. Oʻshanda u Toʻychidan yiqilgan polvonlarga chiqib yurardi. Goh yiqitib, goh yiqilardi.

Turdiqul rais anchadan beri yigʻib yurganlarini bugun toʻkib-sochdi. Toʻyidagi kurashga koʻp-koʻp nomdor polvonlarni chaqirdi. Kurash qizigandan qizidi. Anchadan buyon bunday kurashni koʻrmagan kattayu kichik polvonlar uylariga xursand qaytadigan boʻldi, ishqilib, «bir nimalik» boʻlib qolishdi.

Kurashning «tagi koʻrinay» deganda, davraning bakovuli Hazrat polvon oʻrtaga chiqdi.
— Xaloyiq! — Uning ovozidan hamma tin oldi. — Eshitinglar, eng soʻnggi zot, «tovoq»ni e’lon qilayapman. Tovoqqa mana shu toʻy egasi Turdiqul rais bir tuya, bir qoʻchqor atabdi. Xullas, kim olsa — bir toʻn, bir qoʻchqor! Yuragimda oʻtim bor, degan polvonlar boʻlsa, chiqaversin.

Hazrat polvon qoʻlidagi tovoqni davraning oʻrtasiga qoʻyar ekan, zotdagi puldan bitta besh yuztalikni olib, tovoqning tagiga bostirib qoʻydi. Bu «xamir uchidan patir» degani boʻldi.

Davrada gʻala-gʻovur boshlandi. Birov «Toʻychidan boshqa kim ham olardi« desa, boshqa birov "Surxondaryodan ham polvonlar kelganmish, davradagi kurashda koʻrinmadi, balkim "tovoq»ni kutib oʻtirgandir», deya bahslashardi.

Toʻychi polvon shoshilmadi. «Qani, menga kim raqib boʻlarkan«, degan oʻyda davradan koʻz uzmadi. Davra bir muncha sovib qoldi. Bu paytga kelib, Toʻychi polvonning polvonlik gʻururi va gʻayrati shu darajaga yetgan ediki, endi davraga chiqmay iloji qolmagandi. Uni qandaydir kuch davraga chorlardi. Axir, falonchining toʻyiga Toʻychi polvon kelarmish desa, chekka-chekka hududlardagi qishloq ahli ham yumushini tashlab, tomoshaga otlanadi. Qolaversa davradagi bu hayqiriqlarning aksariyati unga tanish, bular uning hamqishloqlari. Chekka qishloqlarda qaerdansiz, deb soʻraganlarga "huv-v Toʻychi polvonni eshitganmisiz, oʻshaning qishlogʻidanmiz", deydiganlar ham mana shular. Toʻychi polvonni davraga sudrayotgan qandaydir kuch ana shu edi. Toʻychi polvon boshini eggancha kamtarona »tovoq» tomon borar ekan, bularni ich-ichidan his qilib turardi. Mana, u zotni oldi. Bakovul uni yengidan tutgancha davra boʻylab aylantirmoqda:
— «Tovoq»ni Makriddan Toʻychi polvon oldi. Shu polvonga talabgorlar bormi-i-i, davraga chiqsi-i-n!

Toʻychi polvon atrofdagilarga zimdan burgut qarash qilib qoʻyyapti. Bu bilan u qani, marding bormi ichingda, deganday boʻladi. Davra yana soviy boshladi. Polvon zotida or kuchli-da, chidab turolmaydi. Shu payt davraga Toʻychiga qaraganda ancha yoshroq, qoruvligina yigit chiqib keldi. Kelib bakovulning soʻl qanotidan joy oldi. Hammaning nigohi shu ikki polvonga qaratildi. Yana Hazrat polvonning ovozi yangradi.
— Xaloyiq, eshitinglar! Hey, bolalardi orqaroqqa olinglar, davra kengroq boʻlsin! — U yordamchi bakovullarga tanbeh berdi-da gapida davom etdi: — Tovoqni Kitob — Makriddan Toʻychi polvon olib edi, unga Surxandayraning Shoʻrchisidan Normoʻmin polvon talab sob chiqdi. Bu ikkala polvondi zotiga Turdiqul raisni ukasi Rizoqul ham oʻn ming soʻm qoʻshdim, deyapti. Endi bu polvonlardi zoti bir tuya, bir qoʻchqor, oʻn ming pul boʻldi. Qani, polvonlar, shoʻx-shoʻx olishib, oʻrtada yiqitib, zotlaringizni halollab olingizlar!

Polvonlar har galgidek kurash davrasini zavq bilan kuzatib turgan chollarning qarshisiga borishdi. Keksa polvonlar: «Yigit piri qoʻllasin!«, "Pirlar madadkor boʻlsin!", »Yelkang yer koʻrmasin!» deya duo berdilar. Shundan soʻng polvonlar rizq ulashayotgan tuproqqa, yiqilsa koʻtarib suyaguvchi Ona zaminga ta’zim qilishdi, yer oʻpib, Tangridan madad soʻrashdi. Toʻychi polvon boshini sarak-sarak qildi. Keng yelkalarini tez-tez qimirlatdi. Soʻng qoʻllarini koʻkka choʻzib, barmoqlarini jazavaga tushgan odamga oʻxshab silkita boshladi. Shu asnoda dik-dik sakrab ham turdi.

Toʻychi polvonning koʻngli toʻq. Raqibini «mendan yiqilgan polvonlar bilan olishib yurgan polvon-da«, deb oʻyladi. Mensimasdan, bemalol olisha boshladi. Bir-ikki marta Normoʻmin polvonning yelkasi yer koʻrishiga oz qoldi. Hatto atrofdagilarning ba’zilari "Halol!" deb qiyqirib yuborishdi ham. Bu Toʻychi polvonni ancha havolantirdi. Gʻoliblik hidini tuya boshladi. Biroq, Normoʻmin polvon ham hadeganda boʻsh kelay demasdi. Balki, butun kuchini bir joyga toʻplash uchun peshqadamlikni keyinga surib turgandir, kim bilsin, yana? Xullas, nonini qulogʻiga yemaganligi koʻrinib turibdi. Ikki nomdor polvon kurashidagi xuddi mana shu sustkashlik Toʻychi polvonning xayolini oʻgʻirladi. Yoki xayoli unga xiyonat qildi. Shu tobda birinchi xotini Gulsanam yodiga tushdi, u ham unga xiyonat qilib, bir oʻgʻli bilan boshqaga tegib ketgan edi. Oʻshanda Toʻychi polvon "bu ukagʻarning zoti toza chiqmadi, qoni buzuq ekan", deb javobini bergandi. Axir, Toʻychi polvonning xotini "oʻyinchi" emish, degan gapni koʻtargandan koʻra, anov purviqor Paygʻambarsupa togʻini yelkasiga ortmoqlab yurgani ming karra oson. Tunov kuni joʻrasi Xolbozor bir gapni topib keldi: »Gulsanamlar hozir Shoʻrchida yashayotgan ekan. Oʻgʻli ham katta yigit boʻlib qolibdi. Surxondaryodagi qaysi bir toʻyda uchratib qolganmish». Hozir olishayotgan raqibining ham Surxondaryodan ekanligi yodiga tushdi.

Toʻychi polvonning chalgʻishi pand berdi. Raqibi uning oʻngini olib, oʻziga qulay chilni qoʻllaganini sezganida kech boʻlgandi. Uni hech bir usul bilan qaytarib qolish imkoni yoʻq, endi oʻzining yarim, nari borsa bir daqiqadan soʻng «yulduz sanash»ini his etishdan oʻzga chorasi qolmagandi. Shunday boʻldi ham.

Bu kecha Toʻychi polvonning koʻzi uyquga ilinmadi. Magʻlubiyat alami bir daqiqa ham orom bermadi. Ovqat koʻtarib kirgan xotinini ham soʻkib-soʻkib, Gulmat nosfurushnikiga nosga chiqarvordi.

Tong payti, xoʻrozlar hali qichqirishga ulgurmasdan Toʻychi polvon dalaga yoʻl oldi. Otining xurjuniga ketmon, belkuraklarini solvoldi. Erta bahor Paygʻambarsupaning kunchiqar tomonidan yer olib edi. Oʻzicha yeriga ishlov bergan boʻldi.

Tushga yaqin kun qitzigandan qizidi. Toʻychi polvonning tomogʻi quridi. Xurjunini yelkaga ilib, yaqin atrofdagi doʻlananing tagidan chordona qurdi.

«Oysuluvim aqlli xotin, — koʻnglidan oʻtkazdi u. — Menga bildirmasdan xurjunga bir kosada qatiq, ikkita non, bidonchada suv solib qoʻyibdi».

Toʻychi polvon tushdan soʻng yana ishida davom etdi. Qosh qorayishi bilan ot jilovini uyi tomon burdi. Bu kunlarda Toʻychiga otidan boʻlak mahrami-doʻst yoʻq edi. Shu taxlit bir necha kun elning koʻziga koʻrinmadi. Bu orada polvonning hovuri birmuncha bosildi. Alamlari unutilganday boʻldi. Endi u intiqlik bilan navbatdagi kurashni kutardi. Normoʻminni xalqning koʻz oʻngida yiqitib, yuzi yorugʻ boʻlishi kerak. Axir davralarning toʻri, osh betidagi ilikning zoʻri oʻziniki boʻlgan. Toʻychi polvon qirq kundirki, birovga katta gapirolmaydi. Odamlar «Avval Normoʻminni yenggin-da, keyin koʻkragingni ker», deganday boʻlaveradi. Ha, oʻshanda Toʻychi polvon kuragi bilan yiqilmadi, yuragi bilan yiqildi.

Toʻychi polvon kutgan kun keldi. Toʻrt-besh polvon ogʻaynilari bilan Shoʻrchidagi toʻyga yoʻl oldi. Kurash boshlanishidan bir kun oldin kelib, shu atrofdagi hovlilarning birida qoʻnoq boʻlishdi.

Ular yetib kelganlarida davrada bolakaylar navbati tugab, gal oʻsmir-yigitchalarga yetgandi. Davra atrofi tumonat odam. Ular bir-birlarining yelkasi osha boʻylashib davradan koʻz uzishmas, polvonlarning kurashishini katta bir zavq bilan kuzatishmoqda. Asta-sekin kurash «kattalasha» bordi. Birin-ketin nomdorroq polvonlar kurasha boshladi. Toʻychi polvonning sheriklaridan Nayim polvon davraga chiqdi. Davradagilar uning qashqadaryolik ekanini eshitgach, polvonga nopisandlik bilan qichqirishdi.
— Ha, Fayzulla, boʻsh kelma, shuni yiqitolmasang, nima qilib yuribsan, — deya oʻz hamqishloqlarini olqishlay boshladilar.

Bu baqir-chaqirlardan ruhi tushdimi, yo raqibi rostdan ham zoʻr ekanmi — bu Nayim polvonga ayon. Har qalay, tomoshabinlarning bilgani — davrada Nayim polvonning yelkasi «er iskadi«. Nayim polvonning origa Toʻychi polvon yonidagi Poʻlat polvonni turgʻizib yubordi. Poʻlat polvon bilan Fayzulla polvonning kuchi bir oz teng keldi shekilli, ularning olishishidan davradagilar zerikdi. Bakovul ikkala polvonning kuchi teng ekan, deb natijani durang qilmoqchi boʻldi. Yana davrani olomonning baqir-chaqiri tutdi. »Indamang, olishsin, Fayzulla oʻlar-qolar joyda emas, polvonning shashtini qaytarmang!».

Bu qiy-chuvlardan kuch olgan Fayzulla polvon «Yo, Ali!« deya qoʻqqisdan Poʻlat polvonni "qoʻshsha"ga oldi. Poʻlat polvon "gurs" etib oʻng yoni bilan tushdi. Hamma shuni kutib turgan shekilli, birvarakayiga »Halol!» deb yuborishdi.

Poʻlat polvon bakovulga har qancha e’tiroz bildirmasin, davra raisi hamkorlariga qarshi borolmadi. «Fayzulla polvon, zotingizni oling!« deya e’lon qildi. Shu payt tishini-tishiga bosib oʻtirgan Toʻychi polvon otilib chiqdi. Toʻychi polvonning vajohati shu qadar vahimali ediki, hozir u oʻn-oʻn besh chogʻli odam bilan doʻpposlashganda ham ularning barini yerga koʻrpachaday »toʻshab» qoʻyishga koʻzi yetardi. Toʻychi polvon bakovulga yopishdi:
— Nega gʻirrom aytasan? Kimni aldamoqchi boʻlayapsan! Bu oʻyiningni borib enangga qil!..

Toʻychini sheriklari zoʻrgʻa ushlab qolishdi. Shunda davradagilar bunisi ham olishsin, armonda ketmasin, deya Toʻychi polvonni masxara qildi. Toʻychi polvon qarasa, rostdan ham oʻzining gali kelganga oʻxshaydi. Qolgan ikki-uch sherigidan umid yoʻq. Ularni Fayzullaga qoʻyish — bulutsiz osmondan yomgʻir kutganday bir gap. Fayzulla polvon ustma-ust gʻalabadan ancha oʻzini bosib oldimi, qishloqdoshlari oldida havolandimi, ishqilib, bakovulga qarata: «Mayli, chiqaman», dedi. Bu Toʻychi polvonning gʻazabini battar oshirdi. Bakovul bir yonida Fayzulla polvon, bir yonida Toʻychi polvonni yetaklab davraning oʻrtasiga chiqdi.
— Oʻng tomonimda turgan Shoʻrchidan Fayzulla polvon, chap tomonimdagi qashqadaryolik Toʻychi polvon. Toʻychi polvon oshnalarining origa Fayzulla polvonga talab solib chiqyapti, bu ikkala polvonning zoti — bir qoʻchqor, bir taka!..

Fayzulla polvon raqibiga tezroq chiqsang-chi, deganday davra aylanib turdi. Toʻychi polvon yaktagini kiyib chiqarkan, yoʻl-yoʻlakay belbogʻini bogʻlab oldi. Raqibining keng koʻkraklariga, chayir mushaklariga koʻzi tushgach Fayzulla polvonning ichidan qirindi oʻtdi. Lekin buni bildirmaslikka urindi. Polvonlar davraga chiqishdi. Davrada endi ikkalasidan boshqa hech kim olishayotgani yoʻq. Hammaning koʻzi shu ikkala polvonda. Toʻychi polvon raqibiga yaqinlashdi. Epchillik bilan Fayzulla polvonning ichiga kirib belbogʻidan tutdi-yu, beliga mindirib, «Yo, pirim!» deya hayqirdi. Hayqiriq tinganda Fayzulla polvon bor boʻyi bilan davra oʻrtasida choʻzilib yotardi. Koʻz ochib, yumguncha boʻlib oʻtgan bu hol sharmandaligi Fayzulla polvon uchun yillarga tatirdi. Fayzulla polvon Fayzulla polvon boʻlibdiki, hali bunday kuchli raqibga sira yoʻliqmagan edi. U yomon yiqildi shekilli, zoʻrgʻa oʻrnidan turib davrani tark etdi. Shu payt qaerdan paydo boʻldi, davrada Normoʻmin polvon koʻrindi. Gʻala-gʻovur boshlandi.
— Ana endi kurashning zoʻri boʻladi, — deyishardi tomoshabinlar. — Chunki Normoʻmin polvonning keyingi paytda rosa kuni tuqqan, uning oldini kesib oʻtadigan polvon yoʻq hozir.

Bakovul polvonlarni tanishtirib, zotini ovoza qildi. Davra chetida raqibini kutib turarkan, Toʻychi polvon butun kuchini bilaklariga toʻpladi. Kurash boshlandi. Birinchi ushlashishdayoq Normoʻmin polvonni tizzalatib qoʻydi. Keyingi ushlashuvlarda ham Toʻychi polvon Normoʻminni ancha dovdiratib qoʻydi. Normoʻmin polvon oʻqtin-oʻqtin davra aylanib yurdi, bu oʻzini olib qochayotgani boʻldi. U bakovulni durang bilan tugatib berishini kutardi. Bakovul ularga oxirgi ikki «qafas»ni e’lon qildi. Bu ikkita ushlashuvdan soʻng, hech qaysi tomon yiqitmasa, kurash durang bilan ajrim topadi, degani edi.

Toʻychi polvon bezovtalandi. U Normoʻminni yiqitaman, deb necha kunlar oromidan ayrildi. Endi imkon boʻldi, deganda esa... Shularni xayolidan oʻtkazarkan, raqibiga yanada sinchkovroq qaradi. Shu payt bir narsani sezib qoldi: Normoʻmin polvon ogʻirligini koʻproq chap yoniga tashlab turibdi. Toʻychi polvon vaqtni boy bermay deya, shahd bilan raqibining, chap tovoniga «qoqma« berdi. Raqibi butun kurash davomida shuni kutayotgan edi, ogʻirligini chap oyogʻiga tashlab, Toʻychi polvonning oʻng oyogʻidan koʻzini uzmasdi. Bu uning tuzogʻi edi. Toʻychi polvonning bor kuchi bilan tepgan »qoqma»si bekor ketdi. Raqib chap oyogʻini olib qochishga ulgurdi va epchillik bilan muvozanati qochgan Toʻychining oʻziga oʻsha usulni qaytarma qildi. Toʻychi polvonning ikkala oyogʻi ham yerdan uzilib, bor boʻyi bilan agʻnadi. Toʻychi polvonning koʻziga bu dunyolar qorongʻi boʻldi. Bu gal uning jahli chiqmadi, avvalgiday koʻzlariga qon quyilmadi, boʻgʻziga nimadir kelib tiqildi. Toʻychi polvon ich-ichidan boʻzladi. Hamma yigʻlasa ham polvon yigʻlamasin ekan.

Bir ovoz azaga chorlayotgan jarchining ovoziday quloqqa yomon keldi: «Toʻychi polvonning origa chiqadigan bormi? Qani, Qashqadaryodan kelgan polvonlar, nega nafaslaring chiqmay qoldi?..»

Hamma bir-biriga qaraydi. Hozir yer yorilganida, birinchi boʻlib unga Toʻychi polvon oʻzini otgan boʻlardi. Biroq yer juda qattiq boʻldi, osmon esa yiroqdan-yiroq. Bakovulning ovozi yana bir bor yangradi. Olomon orasidan kimningdir «Qoʻying, bakovul, koʻp qiynamang, bechoralarni boshqa pichoqqa ilinadigani qolmadi« — degan masxarasi eshitildi. Shu payt davraga bir yigitcha otilib chiqdi. Yoshining oʻn olti-oʻn yetti yasharligini hisobga olmasa, boʻy-bastiga qarab uni «yigitcha» deb boʻlmasdi.
— Toʻychi polvonning origa men chiqaman! —

Uning ovozi barchani oʻziga qaratdi. Hamma hayron. Toʻychi polvon ham. Hayronligini boisi, bu zuvalasi pishiq yigit qashqadaryolik polvonlar oʻtirgan tarafdan emas, balki surxondaryoliklar qatoridan chiqib kelgandi. Yigitcha gapini boshqa takrorlamadi. Aslida bunga hojat yoʻq edi. Davraga otilib chiqayotgan paytdayoq uning ovozini hamma eshitib boʻlgandi. Normoʻmin polvon ham ajablandi. U yigitchaga boshdan-oyoq razm solarkan, bu qarashdan «sen qoluvding oʻzi», degan ma’noni anglash qiyin emasdi. Bakovul polvon bilan haligi yigitni davra oʻrtasiga yetaklab chiqdi. Hamma bakovulning ogʻziga qaragan. Hammaning qulogʻi ding.
— Oʻng qoʻlimdagi — surxondaryolik Normoʻmin polvonga chap qoʻlimdagi manavi polvon talab solib chiqdi!

(Bakovul yigitchaga oʻzingni tanishtir, deya qulogʻini tutdi.
— Surxondaryodansan, shekilli, oting nima?
— Yoʻq, Qashqadaryodanman. Otim — Ergash.
— Xaloyiq! Tinchlaninglar! — bakovul yana hammani oʻziga qaratdi: — Chap qoʻlimda turgan polvon — Qashqadaryodan Ergash polvon, bu ikki polvonning zoti bir tuya, bir qoʻchqor, oʻn ming pul boʻldi. Oʻrtada kim halollab yiqitsa, zot shuniki-i!

Kurash boshlandi. Davradagilar bir-biriga pichirlay boshladilar.
— Ey-ya, bu elbayonlik Mahkam brigadirning oʻgʻli-ku!
— Yoʻgʻ-e, Mahkam brigadirning oʻgʻli yoʻq edi, shekilli.
— Toʻgʻri, bu ikkinchi xotinining bolasi. Onasiga ergashib kelgan.
— Ey-ha, bu haligi Gulsanamning oʻgʻli-da, Qashqadaryo tomonlardan kelib qolgan.

Gap shu joyga kelganda Toʻychi polvon shartta orqasiga oʻgirilib qaradi. U hammasini eshitib turgandi. Oxirgi gap esa etlarini jimirlatib yubordi. Peshonasiga issiq ter qoʻyildi. Bu hayajonmi, sevinchmi, gʻururmi — Toʻychi polvonning oʻziga ham noayon.

Toʻychining otasi bir paytlar katta polvon oʻtgan. Ergash polvon, desa, chekka-chekka hududlargacha tanishardi. Toʻychi polvon oʻgʻillik boʻlganida onasi hayot edi. Oʻgʻlining ismini momosi topgan, nevaram bobosiday polvon boʻlsin deb, ismini Ergash qoʻygan edi...
— Yo, otam! — Bu hayqiriq Toʻychining xayolini toʻzgʻitib yubordi.

«Halol!«, "Otangga rahmat!", »Ergash polvon, zotingizni oling!» Davra ahli qiyqirib polvonni olqishlashardi. Toʻychining koʻzlaridan duv-duv yosh quyildi. Ergash polvon davra oʻrtasida qoʻllarini koʻkka choʻzgancha boshini sarak-sarak qilib, barmoqlarini silkitib-silkitib, sakrab-sakrab oʻynardi. Bu raqs shunchalik zavqli ediki, u kindik qoni toʻkilgan joyning orini oqladi.

Ergash polvon ijrosidagi raqs polvonlar oʻyini, deyiladi. Uni hech kim polvonchalik mahorat bilan ijro etolmaydi. Bu oʻyinni koʻrgan har qanday kishining ham yeng shimarib, kurash tushgisi keladi.

Toʻychi polvon oʻz oʻyinini tanib, hayratdan yoqa ushladi — qoniga tortibdi-da, oʻzimga oʻxshabdi. Mana, qancha vaqtlar oʻtdiki, keyingi paytda Toʻychi polvon kurashlarda bunday yayrashni, bunday huzurni tuymagan edi. U davraga yugurib chiqdi.

— Oʻgʻlim! — deya hayqirib, Ergash polvonni bagʻriga bosdi. Soʻng qoʻllarini koʻkka choʻzgancha, barmoqlarini silkitib-silkitib, sakrab-sakrab oʻynadi.