OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNosir Fozilov
Asar nomiRobinzonlar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Bolalar va oʻsmirlar adabiyoti
Mualliflar
   - Nosir Fozilov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Robinzonlar (hikoya)
Nosir Fozilov

Kish ayni avjiga chiqqan mahal edi.

Men maktabdan keldim-da, tez-tez ovqatlandim, ustimga bu yil dadam tiktirib bergan barra teri poʻstin bilan tulki tumoqni, oyogʻimga sal kattaroq boʻlsa ham, akam ovga kiyadigan yoʻgʻon, uzun qoʻnjli etikni kiydim. Dahlizda turgan bambuk sopli qarmogʻimni, tokchadan dadamning katta qalamtaroshini oldim-da, Seyitlarnikiga qarab yugurdim... Borsam, u ham issiq kiyinib boʻlibdi-yu, biroq qovogʻini osiltirib, bemalol oʻtiribdi. Yonida Matniyoz ham bor.

Matniyozni koʻrdim-u, jon-ponim chiqib ketdi: qiziq, bizlar nima qilmoqchi boʻlsak, u nuqul qarshi chiqadi. Oʻzini kattalardek tutib: «Oʻylab koʻrish kerak», — deydi.
— Qani, ketdik boʻlmasa, — dedim men Seyitga.
— Shu qattiq boʻronda-ya! — dedi Matniyoz gapga suqilib, — axir oʻylab koʻrish kerak...
— Bizlar oʻylab koʻrganmiz, — dedim.

Seyit yalt etib qaradi-yu, sekin oʻrnidan turdi.

U qarmogʻini, muz oʻyadigan lomni koʻtarib oldi. Uchalamiz uydan chiqdik. Matniyoz indamay uyi tomon burildi.

To Amu boʻyiga yetib, muz ustiga chiqqunimizcha Seyit lom-mim demadi. Daryo ustidagi muzga tushib, taxminan oʻrtaga qarab yigirma-oʻttiz metrcha yurib toʻxtadi. Men qoʻlqopimni kiyib, lom bilan muz oʻya boshladim. Sezib turibman: Seyit teskari qarab nimadir qilyapti... Men tomonga qarab-qarab tirjayib qoʻyadi. Uni yengidan ushlab oʻzimga qaratdim.
— Bu nima?
— Koʻrib turibsan-ku! — dedi u kulib.

Uning aqliga hayron qoldim: qarmogʻining uchiga kichkina batareya lampochkasini bogʻlab, mum bilan silliqlab, suv kirmaydigan qilibdi. Qarmoq ipi oʻrniga oq rangli elektr sim tortib tayoqchaga bogʻlabdi. Tayoq uchidan oxirigacha oʻsha simni tortib kelib, batareyaga ulabdi.
— Bu nima?
— Gazeta oʻqimaysan, oʻrtoq, — dedi-da, qoʻlidagi qarmoqni bir chetga qoʻydi, shoshilmasdan qoʻllarini ogʻziga tutib isitgan boʻldi, keyin choʻntagidan teri qoʻlqopini chiqarib bafurja kiydi-da, qoʻlimdagi lomga yopishdi. Jahlim chiqib ketdi.
— Bermayman, avval aytasan, keyin beraman, — deb lomni silkib tortib oldim-u, muzga bir urdim, lom qoq beligacha muzga kirib ketdi, tortib olgan edim, burillab suv chiqa boshladi. Ikkovlashib haligi joyni kengaytirdik.

Seyit qarmogʻini suvga tashladi, innaykeyin dastaga bogʻlangan batareya simlarini bir-biriga uladi-da, chaqqon yotib oʻyilgan joydan suvga qaradi. Men ham mukkamdan tushib qaradim. Qarasam... suv ichidagi haligi lampochka miltillab yonib turibdi... Endi tushundim... Baliq yorugʻlikka intilaman deb...
— Voy kalla-ey, — deb Seyitinng boshiga bir turtgan edim, xuddi shartlashib qoʻyganday poʻkak suvga shoʻshib ketdi, ikkalamiz ham oʻrnimizdan uchib turib, qarmoq dastasiga yopishdik.

Mana, hademay, birinchi chavoqbaliq dumi bilan muz ustini shapatilay boshladi. Sal oʻtmay ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi... Oʻninchi chavoqbaliq, suenbaliqlar ham muz ustiga chiqdi.

Qancha vaqt oʻtganini bilmayman. Qaerdadir qars etib muz yorildi. Bir silkinib tushganday boʻldik. Atrofga alanglab qaradik, daryo oʻrtasi hali qotmagan, sal narida girdob boʻlib oqayotgan suv koʻrinib turardi.

Bir mahal shamol qulogʻimizga qandaydir bir chinqirgan tovushni olib keldi. Birinchisiga unchalik ahamiyat bermagan edik, ikkinchisi boyagidan qattiqroq, ayanchliroq eshitildi, boshimizni koʻtarib atrofga qaradik.

Nazarimda, qirgʻoq uzoqlashib ketgandek, narigi betda birov qalpogʻini qoʻliga olib, silkib qichqiryapti...
— Matniyoz-ku, — dedi Seyit tirjayib, — alam qilyapti shekilli-a?

Mening tilim gapga kelmay qotib qolgan edi. Seyit meni koʻrib shoshib qoldi.
— Nima boʻldi senga, Olloniyoz?!
— Oqib ketyapmiz, — dedim men yigʻlamsirab.
— A?!

Seyit ham, men ham oʻz turgan joyimizda qotib qoldik. Koʻp oʻtmay qirgʻoqdagi haligi odam koʻzdan gʻoyib boʻldi. Rostakamiga qoʻrqsa odam yigʻlay olmas ekan. Ikkalamizning koʻzimizda ham nam yoʻq. Ketib boryapmiz. Ba’zan toʻlqin muz parchamiz ustiga sapchib, doʻq urganday boʻlardi, oʻyilgan joydan chilp-chilp qilib suv chiqib, yana qayta tushadi. Avvaliga bilinmagan edi, biz turgan muz parchasi oʻrtaga surilib, tez oqqan sari koʻproq chayqala boshladi. Boyadan beri bizlar bir-birimizni aybdor qilmoqchi boʻlganday, yaqinlashmay, ikkalamiz ikki joyda qaqqayib turgandik, muz chayqalib bizlarni yaqinlashtirib qoʻydi. Bir-birimizni mahkam ushlashib, koʻzlarimizni javdiratib atrofdan madad qidirardik. Ammo na u qirgʻoqdagi, na bu qirgʻoqtsagi tilsiz qamishzor, toʻqayzordan biror sado eshitilmasdi.

Mana, kechga borib, shamol tindi. Biroq qor uchqunlay boshladi. Bora-bora koʻnikib koldik, bir-birimizni mahkam quchoqlab, koʻchma muzning oʻrtasiga oʻtirdik. Seyitni bilmayman, mening yuragimda qoʻrquv. U-bu desam, Seyit: «Menmi, senmi baliq oviga boshlagan», — deb ta’na qiladiganday nazarimda. Qayoqdanam shu ishni boshlay qoldim? Asta Seyitga qaradim, uyam, koʻzida yosh-u, tirjayadi tagʻin. Kulib yubordim.
— Endi nima qilamiz? — desam, u:
— Ziganshin, Poplavskiylar nima qilgan edi, — deydi tirjayib.
— Qoraqalpoqdan chiqqan Ziganshin, — dedim uni sekin quchoqlab. Shundan keyin gapimiz uzilib qoldi. Atrofimizni qorongʻilik oʻray boshladi. Muz «qayigʻimiz» boyagidan sal tinchroq oqsa ham qorongʻilik atrofimizga oʻzining koʻlankasini tashlay boshladi. Shunisi tuzuk boʻldiki, qor taqqa toʻxtadi. Nazarimda kun soviy boshlaganday. «Uf» desang ogʻzingdan oppoq bugʻ chiqadi. Quloqchin, tumoqlarimizning bogʻichlari qirovdan oppoq. Atrof zimiston. Daryoning shaldirab oqishi koʻrqinchli, qaerdadir muz muzga urilib qarsillaydi...

«Mabodo bizning tagimizdagi muz parchalansa-chi? Unda nima boʻladi?!» Shu qoʻrqinchli xayol bilan Seyitga qaradim. U ham jim. Xayol surib oʻtiribdi.

Mana shunday ahvolda kelayotganimizda «qayigʻimiz»ning tumshugʻi bir narsaga kelib qattiq urildi. Bizlar oʻtirgan joyimizdan bir metrcha joyga sirgʻanib borib toʻxtadik. Bunday qarasam, qirgʻoqqa oʻxshaydi; yer, qamish... sevinib ketdim.
— Seyit, tur, — dedim men uni turtib, — qirgʻoqqa keldik, muz surilib ketmasdan tushib olaylik...
— Qanaqa yer?! — dedi u oʻrnidan turib.
— Boʻl, tez, muz oqib ketyapti, — dedim shoshilib. — Qarmoqlarni, baliqlarni ol.

Bizlar baliqlarni, qarmoqlarni tez-tez qirgʻoqqa otib sakrab chiqib olgan ham edikki, muz parchasi asta-sekin bizdan uzoqlasha boshladi. Qiziq, muz bizdan uzoqlashyaptimi, qirgʻoq uzoqlashyaptimi, bilib boʻlmas edi.

Nima boʻlsa ham boʻldi, bir amallab yerga chiqib oldik. Xoʻsh, endi nima qilish kerak? Oʻylay boshladik. Hammadan ham shunisi yaxshi boʻldiki, bu yer uncha sovuq emasdi, atrofdan iliqroq shamol esardi. Bizlar qamish oralab sal olgʻa yurgandik, oldimizdan suv chiqib qoldi, chapga bir oz yurgandik, yana suv chiqdi, keyin oʻngga yurdik, yana atrofimizning hammasi suv... Kichik bir orolga chiqib qolibmiz. Endi nima qildik?!

Asta yurib orolning oʻrtasiga keldik. Oʻtirib oʻylay boshladik. Bunday mahalda boshga tuzukroq fikr kelarmidi? Seyit, negadir, oʻrnidan turib, qamishlarning uch-uchidagi popuklarini sindira boshladi.
— Nima qilyapsan?
— Ishing boʻlmasin, — dedi u salmoq bilan, — qalamtaroshing bormi? Ozroq qamish oʻr, yoqamiz...

Juda quvonib ketdim. Demak, Seyitda gugurt bor ekan. Tezda bir-ikki bogʻ qamish oʻrib keldim. Seyit boyagi popuklarni bir bogʻ qamish tagiga qoʻyib, gugurt chaqdi.

Avvaliga bir oz tutab, keyin yondi. Boyagidan sal isiy boshladik. Biroq qamish lovillab yonib, tez oʻchib qolaverar ekan. Orolchani aylanib, uch-toʻrtta yovvoyi jiyda shox-shabbasini qirqib keldim. Seyit ularni olovga bir-bir tashlab, xayolchan oʻtirarkan:
— Ha, mana endi Robinzon ham boʻldik, — dedi xoʻrsinib. Men indamadim.
— Yer qimirlayaptimi? — dedi bir mahal Seyit.
— Nima deb aljiyapsan oʻzing!
— Ana, ana, qaragin.

Rost, orolcha sal chayqalganday boʻldi.
— Tagʻin bu koʻchma orol boʻlmasin, — dedi Seyit vahima qilib.
— Qoʻy-e, koʻchma orol Amuda nima qiladi? — dedim men unga tasalli berib, — dadam uni Orol dengizida boʻladi, deganlar-ku...
— Hozir Orol dengizida yurgan boʻlsak-chi?
— Nima! — yuragim shuv etib ketdi. — Rost, atrofimiz hammasi suv...

Ilgarilari Orol dengizida koʻchma orolcha borligini keksa baliqchilardan, oʻqituvchilardan eshitardik. Mana endi oʻzimiz koʻchma orol ustida yuribmiz.
— Toʻxta-toʻxta... Eshityapsanmi? Samolyot...

Rost, samolyot. Men oʻrnimdan uchib turib, osmonga qaradim. Samolyot! Ikkalamiz kuchimiz boricha baqirdik. U pastlab kelib, oʻng tomonimizdan oʻtib ketdi. Eh, attang!..

U sal oʻtmay chap tomonimizdan yana koʻrindi. Men katta, bir uchi yonayotgan shoxni baland koʻtarib, u yoqdan-bu yoqqa silkidim. Yana u parvo qilmay oʻtib ketdi. Oʻtib ketdi-yu, yana orqa tomonimizdan pastlab uchib oʻtdi. Bu gal ham ovozimiz boricha qiyqirib, yonayotgan shoxni baland koʻtarib silkidik.
— Ana, ana koʻripti, ur-re... koʻripti. Signal beryapti, — dedi Seyit quvonib, — koʻryapsanmi Olloniyoz, signal beryapti...

Samolyot koʻk, qizil chirogʻini bir oʻchirib, bir yondirib, asta-sekin qorongʻi tun bagʻriga shoʻngʻib ketdi.
— Koʻrganda nima, bu yerga qoʻna olarmidi, — dedim men hafsalam pir boʻlib.
— Rost, — deb xoʻrsindi Seyit.

Samolyot qaytib kelmadi. Bizlar uni kuta-kuta yana olov atrofiga jim choʻkkaladik. Har kuni bu mahalda men allaqachon ovqatlanib boʻlib, darslarimni tayyorlayotgan boʻlardim. Oyim bugun qanday ovqat qilgan ekan-a? Qornim ochgani endi bilina boshladi... Miyamga bir fikr kelib qoldi:
— Seyit, baliq pishirmaymizmi?

Qorni ochib turgan ekanmi, boyagi tutgan baliqlarni topib kelgani oʻrnidan uchib turdi-yu, nimagadir tikilib, qotib qoldi.
— Chiroq, chiroq koʻrinyapti, Olloniyoz, — dedi u quvonib. Men ham oʻrnimdan uchib turdim. Qarasam, bir chiroq kelyapti. Koʻzimga u xuddi quyosh oqib kelayotganday koʻrindi. Suv ustida nur oʻynardi. Ana, qandaydir gudok...
— Kater... — dedim men asta. Keyin ikkalamiz rosa baqira boshladik. U tinmay gudok chalib, borgan sari yaqinlashar, bizlar hamon baqirardik. Uning oʻtkir yogʻdusi kichik orolchani butunlay yoritib kelardi. Sal oʻtmay koʻzimiz qamashib, katerga qaray olmay qoldik... Ana, tarillagan tanish tovush, yozda daryoda yuradigan kichkina kater... U sal oʻtmay orolchaga tumshugʻini taqadi. Ana, ustidan bir-ikki kishi tushdi. Birortasi ham tanish emasday...
— Seyit, Olloniyoz! — deb qichqirdi kimdir, kater ichidan. Ovozidan darrov tanidim: Matniyoz...
— Qani, qahramonlar katerga chiqinglar, — dedi bir yoʻgʻon ovozli kishi. Men, rosa boplab urishsa kerak, deb oʻylovdim. Xayriyat, negadir indamadi. Avval, Seyit, keyin men katerga chiqdik. Haligi odamlar ham chiqishdi. Men, Matniyoz, Seyit qator oʻtirishdik.
— Rosa qichqirsam ham qaramadinglar, — dedi Matniyoz, — men ham qarmogʻimni olib chiqib, shunday qirgʻoqqa kelsam, oqib ketayotgan ekansizlar... Qichqirdim-qichqirdim, eshitmadinglar, keyin ovulga qarab yugurdim.
— Qani, ketdik, — dedi haligi ovozi yoʻgʻon kishi. Qorongʻida basharasi koʻrinmasdi. Faqat ustiga kiyib olgan dengizchilar formasi bilan moʻylovigina zoʻrgʻa koʻrinardi. Kater asta orqaga burilib, bir silkindi-yu, suvni yorib suzib ketdi.
— Sizlarning bu joyda ekanligingizni samolyotdan bilishdi, — dedi Matniyoz shivirlab, — qancha odam ovora boʻldi... Oʻylab koʻrish kerak edi...

Seyit uning bu soʻziga indamadi. Men asta Matniyozning boʻynidan kuchoqlab oldim. U qarshilik koʻrsatmadi.

Kater tarillaganicha butun dahshat va qoʻrqinchni orqada qoldirib, olgʻa intilardi...