OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Nosirjon Joʻrayev. Domla (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNosirjon Joʻrayev
Asar nomiDomla (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Nosirjon Joʻrayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm3KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Domla (hikoya)
Nosirjon Joʻrayev

Tut pishgan kezlar. Osmon oqarishi bilan besh-olti tuyoqni oldimga solib, dalaga haydayman. Oʻt-oʻlanni nami qochmay yedirgan durust. Namiqqan moviy baxmaldek xira osmonga tikilib yotaman. Yotgan koʻyi soʻnishga kechikkan yulduz qoldimikan deb qidiraman.

Quyosh koʻtarilishiga hali biron soat bor. Shu payt haddan tashqari jimlikni tut shoxining shigʻillab sidirilishi, keyin «xah, toʻkilmagur» degan tovush buzdi. Oʻsha tomonga qaradim. U kishi qishloqning eng ziyoli odami, umri oʻqituvchilik bilan oʻtgan Halim domla edi. U pishgan tutlarni bir kaft-bir kaft terib yerdi. Qaraganimni sezib, «Qalaysiz, oʻgʻlim?» dedi. Birovni «sen» demagan bu odamga jilmayib bosh irgʻadim. Orqamni shudring ivitib, oʻtirib oldim. Soʻng oʻylana boshladim. «Kallai saharlab tut yeyish shartmidi? Et junjikib turganda muzday meva yoqarmikan?»

Ammo Halim domla har bir tutni avaylab uzar, yirik-yiriklarini rosa tomosha qilib, keyin ogʻziga solardi.

Chorak soatcha tut yedi, men esa uning xotini oʻtgandan keyingi oʻn yillik umrini, eng ogʻiri, befarzandligini oʻyladim.

Fursat oʻtib, dogʻli koʻylagidan xijolat tortib yonimga choʻkdi.
— Domla, yaxshimisiz?
— Shukr, oʻzingiz-chi, charchamadingizmi?

Ovozi ham beozor bu insonga tagʻin kulib javob berdim.

Domla ancha muddat tek oʻtirdi — gapirmadi ham, qimirlamadi ham. Ul-bul narsani soʻray dedimu xayolini buzgim kelmadi. U qotma yelkalarini bir uchirdi-da, soʻng gapirdi:
— Ilikuzildi paytda nafaqaning kechikkanini qarang, oʻlmagur.

Bu gap men uchun mayda koʻrinayotgan holatni keskin kattalashtirib yubordi, koʻp narsani ravshan qilib qoʻydi. Domlaning horgʻin koʻzi, salqigan qovoqlari, hiyol ochilgan ogʻzi, xunuk burishgan qoʻllari — bari menga bitta tushuncha berdi. Domla och edi.

Ikkalamiz ham boshqa gapirmadik. Quyosh koʻringanda turib, ketdi. Shu kuni oʻzimni yoʻqotib qoʻydim, boshimga «toʻq-toʻq» etib nimadir urardi. Oriyati zoʻr bir odam tut yeb, jon saqlayapti.

Ertasi atayin belimga non tugib bordim. Ammo domladan darak boʻlmadi. Uni kutib peshingacha qolib ketdim. Qaytishda eski mahalladan — uyining oldidan oʻtdim. Uy sukutda.

Kechga tomon onam gap topib keldi: «Halim domla yotib qolibdi». Keyin mendan soʻradi: «Belbogʻdagi nonni yemabsan-ku?» Indamadim. Oʻsha koʻrishuvda menga chidamu sabrni oʻrgatib qoʻygan bu odam koʻz oldimdan ketmay qoldi.

Domla ikki kunda oʻtdi. Ma’rakadan kelgach, onam shunaqa dedi:
— Bechora yaxshi odam edi. Dardini topisholmapti.

Negadir baqirib yubordim:
— Topisholmaydi ham!

Onam menga nima boʻlganini tushunmasdi.

2003