OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNosirjon Joʻrayev
Asar nomiKunning oxiri (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Nosirjon Joʻrayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm3KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kunning oxiri (hikoya)
Nosirjon Joʻrayev

Yirtiq paypogʻini kiyayotgan onam meni koʻrmasin deb narigi yoqqa oʻgirilib oldi. Men esa kuzatib, sezib oʻtiribman — uning koʻziga yosh keldi. Yigʻlaganini bildirmaslik uchun paypogʻini kiyib boʻlgach ham birpas oʻsha alpozda oʻtirdi-da, keyin menga qaramay qoʻzgʻaldi. Oʻzini xushnud koʻrsatishga urinib:
— Bugun maosh olaman, oʻgʻlim! — dedi.

Men faqat jilmayib qoʻydim. Eh, koshki, anglamasam ekan onamning bu soʻzlarida shodlikdan koʻra qat-qat alamning, dardning nafasi borligini. Bir oy tinmay ishlab oladigan haqi kunda olinadigan ikkita nonning uchta boʻlishiga yetmasligini ikkalamiz ham yaxshi bilamiz-ku. Baribir u oʻzini dadil tutadi. Onam koʻchada har kun har tur kiyinadigan oʻzi tengqur ayollarni koʻrmaydi, hashamatlar haqida soatlab maqtanadigan satanglarni eshitmaydi, yillab bir xil koʻylak kiyib yurishdan or qilmaydi. U faqat meni koʻradi, meni biladi, yolgʻiz oʻgʻlini. Onam bir narsadan yomon qoʻrqadi. Endigina aqli toʻlishib, murti sabza urayotgan jigarbandining hamma-hammasidan erta sovib qolishidan hadik tortadi.
— Oʻqishingga kech qolmagin, bolam!

Onamning qaltiroq tovushi meni seskantirib yubordi. Shu titroq tovush esimni taniganimdan buyon qulogʻimda jaranglab keladi.

«Oʻqishingga bor» degani uning mendan kutayotgan jamiki orzu-umidlarining yigʻindisi ekanini, shu gapi «Bor umidim sendan, oʻgʻlim» degan oʻtinchga, iltijoga teng ekanini yosh koʻnglim bilan his qilaman.

Onam odaticha devorlari shoʻrlashgan shu qadrdon uyimizga tikilib-tikilib qaraydi-da, sumkasini qoʻliga oladi. Qaydam, ehtimol har safar uydan chiqayotganda shu ostonaga omon qaytishini, unga kuch va umid beruvchi oʻgʻlining yoniga tezroq kelishini tilar. Sumkasiga koʻzim tushib ezilaman. Olinganiga oʻn yillar boʻlgan bu sumkaning hammayogʻi titilib, koʻrimsiz holga kelgan. Hozir bunaqa matohni onamdan boʻlak hech kim tutmaydi.

Onamning ham hamma narsaga havasi keladi, koʻp narsalarni istaydi. Lekin barini mening ertam — Oʻqishim, ishlashim, yaxshi pul topishim bilan bogʻlaydi. Uning uchun eng shirin, osuda hayot — mening huzurim.

Ammo bularning birontasiyam boʻlmasa-chi? Mendek devonadil oʻgʻlining bu umidvorlikka qurbi yetmasa-chi? Unda erta qariyotgan umrini yolgʻiz menga sarflagan mushtiparning mukofotini kim beradi? Tuproqqa koʻmilgan havaslarning haqini kim toʻlaydi, yarim koʻnglini kim butun qilarkin? Meni shunday savollar endi-endi rosmana qiynay boshladi.

Onam ketganidan soʻng men ham koʻchaga chiqib ketdim...

...Kechqurun hayotimda ilk bor uyga onamdan keyin kirib keldim. Uning xavotirini — meni yoʻqotib qoʻygan yuragining potirlashini otamdan keyin bir yildayoq soʻlib boʻlgan chehrasiga bir qarashda sezdim. Jovdirab turganicha qotgan onamning yoniga bordim. Mushtimda siqilib, gʻijimlangan pullarni asta uzatdim. U mening bir kunda qadoq bogʻlagan, shilingan kaftlarimga, kulib tursam ham horgʻin koʻrinayotgan yuzimga boqib barchasini tushundi. Meni bagʻriga mahkam bosib uzoq, juda uzoq yigʻladi.

2003