OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNosirjon Joʻrayev
Asar nomiNuroyim (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Nosirjon Joʻrayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm2KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Nuroyim (hikoya)
Nosirjon Joʻrayev

Oʻn uch yil deganda Nuroyimdan xat oldim. Yozuvi juda qisqa — «Shoirim, rahmat. Kitobingizni oʻqidim» degan gap edi. Maktubning oradan shuncha yil oʻtib yozilganiga, meni qanday topib kelganiga hayron boʻlmadim. Faqat hanuz oʻz kuchini, qadrini zarracha yoʻqotmagan «shoirim» degan soʻz dilimni oʻrtab yubordi. Oʻrtamizdagi hamma xotirani bor boʻyi bilan koʻrsata oluvchi shu birgina soʻz edi. Mana, hozir gulqogʻoz toʻshalgan yozuv stolim ustidagi konvert, ikki enlik xat meni tagʻin ulkanlashtirib, dunyodan kechgudek holga olib keldi. Derazamdan daraxtlarning eng uchi, qator uylarning tomlari osha bu yerdan judayam olisdagi qishloq tomonga qaradim. Yana Nuroyimdan boshqani oʻylamay qoʻydim.

Oʻsha yili maktabimizga yangi qiz kelganini hammadan oxiri bildim. Ammo koʻngli-yu vujudi bilan tamoman oʻzgacha, ehtimol, mening koʻnglimdagidek qiz ekanini eng oldin ilgʻadim. Oʻylaganlarim rost keldimi, juda qattiq sevishib qoldik. Yuzi tiniqligidan qoshlari nihoyatda qora koʻrinadigan bu qiz ikki yilcha hayotimni toʻldirib yurdi. Oʻqishni bitirar yilimiz oʻz niyatimni oʻzgartirishga majbur boʻldim. Unga uylana olmasligimni roʻy-rost tushuntirdim. Tushundi. Tushungani uchun ham hamon ezilaman. Soʻnggi koʻrishganimizda:
— Meni oʻylab, boshqa siqilmang, — dedi.

Indamadim. Tagʻin gapirdi:
— Baxtingiz hali yoʻlingizda.
— Sizniki-chi?!
— Mening baxtim bugungacha boʻldi.

Men boshqa soʻz topolmadim.

Endi esa imkonlarim yetarli. Yaxshi yashashni, koʻp pul topishni uddalayman. Hattoki, kitob chiqardim. Biroq bundan oʻn yillar narida topilmagan qurbim hali-hanuz yoʻq.

Shahardan onamning uyiga kelgunimcha kech tushdi. Devorlar eskib, nuraganidan tor koʻchalarda tuproq koʻpaygan. Onam yilda bir keladigan oʻgʻlini koʻrib xursand. Men esa uning tezroq holi qolishini kutaman. Yarim kechada ogʻir boshimni onamning tizzasiga qoʻydim. Gapi tugashini poylab, keyin soʻradim:
— Aya, Nuroyimni tanirdingiz-a?
— Qoʻshni qishloqlik sinfdoshingmi?
— Uniyam bolalari katta boʻlib qolgandir.

Onam gapirmay qoʻydi. Keyin oppoq boshini tebratib, chuqur izlar bosgan yuzini siladi.
— Bolam, u bechoralar bir yaxshi yashayotgandi. Hech kim sababini bilmay yaqinda ajrashib ketishdi. Esiz-a, shuncha yillik turmush.

Vujudimga ogʻriq kirdi. Xayolimda toʻrt dona soʻz aylana boshladi.

«Shoirim, rahmat! Kitobingizni oʻqidim».

2002