OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNosirjon Joʻrayev
Asar nomiOsma soat (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Nosirjon Joʻrayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm2KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Osma soat (hikoya)
Nosirjon Joʻrayev

U qoʻli bilan devordagi soatni koʻrsatdi. Dadasi ham, onasi ham tushunishdi — Oʻgʻillari uxlamoqchi. Ikkovlari baravar bosh irgʻab jilmayishdi. U oʻrnidan sharpasiz turib, yogʻoch soʻriga ketdi. Yosh bolaligida agar uyqusi kelsa, gʻingshib yigʻlardi. Esini tanigandan boshlab, aniqrogʻi, dadasi shu osma soatni olib kelgan kundan uxlagani yotmoqchiligini soatga imo-ishora qilib aytadigan boʻldi. Ota-onaga ham yakkayu yagona gung oʻgʻillarining shu qiligʻi qulayroq edi. Bugun ham ishora takrorlandi.

Joyiga choʻzilgach, xayol sura boshladi. Hali ovqat payti onasining kuyunchak xatti-harakatidan, yuzini tushkunlik egallab eriga soʻzlashidan uyda yana non tugayotganini sezgandi. Hozir, garchi istamasa ham, bir hafta oldingi kunni esladi. Oʻsha kuni tush payti dadasi koʻchadan kulib kirdi, qoʻlida bir xalta non. Onasi darrov soʻradi.

«Qaerdan oldingiz?»

Dadasi miyigʻida kuldi-yu, «plashimni sotdim» dedi. Ona-bola angrayib qolishdi. Keyin onasi erini mahkam quchoqlab olib, «Sovuqda egningizga nima ilasiz?» deb rosa yigʻladi. Kechgacha qovoqlari shishib ketdi.

U hozir shularni oʻylarkan, plashning noni birpasda tugapti-da, deb afsuslandi. Keyin uxlab qoldi.

Ertasiga uyda onasiga yordamlashdi. Darvoqe, uyda boʻlmay qaerda boʻlsin. Qoʻl qisqalik qilib, uning xat-savodini chiqarisholmadi. Oʻz-oʻzidan koʻchadan tortildi. Ona-bola jimgina ishlashdi.

Choshgoh mahali yana xaltada non olib dadasi keldi. Ammo bu gal kamroq edi. U bu nonlar nimaning evaziga kelganini oʻylab onasiga xavotir bilan qaradi. Onasi esa, aksincha, indamay xaltani uyga kiritdi. Aftidan, bu safar ogohlantirilgan edi.

U kechgacha uyda nima kamiganini bilolmay yurdi. Kechqurun oʻziga taqsimlangan kartoshka va nonni yeb boʻlgach, odaticha devorsoatga qaradi. Lekin xuddi adashib boshqa devorga qarab qoʻygandek soat joyida yoʻq edi. Nigohi qaytguncha dadasi ham, onasi ham koʻzlarini olib qochishgandi. U shu tobda alamdan, afsusdan, xoʻrlanishdan, qashshoqlikdan — hamma-hammasining dastidan bor ovozi bilan dodlagisi keldi. Qani endi tovushi chiqsa.

2002