OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNosirjon Joʻrayev
Asar nomiQuyosh qoraydi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Nosirjon Joʻrayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm2KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/06/13
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Quyosh qoraydi (hikoya)
Nosirjon Joʻrayev

Bir qarich boʻlib turgan somonlar oyogʻini tilib tashladi. Tovonini ayab-ayab bosib, qop sudraydi. Quyosh atrofni ayovsiz kuydirar, agar yana biroz qizdirsa, yangi oʻrilgan bugʻdoyzor yonib ketadigandek koʻrinadi. U nariroqda har qadamda yerga ilinj bilan boqib, boshoq qidirayotgan akasiga yalindi.
— Aka, akajon, ozgina dam olaylik.

Oʻn ikki yoshlardagi ozgʻin, qarimsiq koʻrinadigan bola ukasiga shunday bechorahol termildiki, bu ishlari shunchalik zarurligi tushunildi. Har boshoq topganda koʻzlarning yiltirashi davom etdi.

Kir yoqaning issiqda qayishdek qotgani bolaga azob boʻldi. Har safar egilib-turganda boʻynini shirillatib sidiradi. Ammo tinim yoʻq. Uzoqlarda xuddi oʻzlaridek qoraygan odamlar yurishipti. Ularda ham qop bor. Bola boshoq izlarkan, yana picha terishsa, ketishlarini, uyda onalari, olma daraxtining tagida salqin joy borligini oʻylardi.

Qoplari anchayin tikkayib qolganini koʻrib, tagʻin akasiga yolvordi.
— Jon, aka, oʻtiraylik.

Akasi yigʻlaguday qaradi. Ikkovining ham koʻziga achchiq ter tushar, yuziga, bilaklariga, boʻyinlariga bugʻdoy qiltanoqlari yopishgandi. Suv idishdagi oxirgi suvni ukasiga tutdi.
— Manavini ichgin-da, birpas oʻtir. Men teraman. Eslaysanmi, bu yil qish qanday ogʻir oʻtdi. Tagʻin onamga qiyin boʻladi.

Bu gapdan keyin u ham oʻtirolmadi. Idishni bir koʻtardi, isib qolgan suv tomogʻini kuydirib oʻtdi. Ichayotganda akasining yutinganini sezdi. Yana churq etmay qopni sudradi. Endi akasi chidolmadi, ukasiga rahmi keldi.
— Men suvga borib kelaman, ungacha damingni olib tur.
— Mayli.

Akasi ketgach, avval choʻkkaladi, keyin osmonga qarab yotdi. Kaftini koʻziga yopmoqchi boʻldi-yu, oftob koʻzini olmayotganini sezib qoldi. Tik boqib yotaverdi. Soʻng quyoshning kattalasha boshlaganiga hayron boʻldi. Qarab yotgani sayin quyosh ulkanlashar, ulkanlashgani sayin qorayib borardi. Oxiri butkul zimiston boʻlib ketdi. Qorongʻulikdan onasi bir qaragandek tuyuldi, keyin akasi, keyin jimir-jimir suv, keyin hech narsa.

Akasi qaytganda u sokin yuz bilan yotardi.

«Uka, suv opkeldim» dedi, indamadi. Suv sepdi, qimir etmadi. Soʻng qoʻrqa-pisa qaerdandir eshitganini qildi — ukasining koʻkragiga quloq bosdi. Jim-jit.

Akasining yuragiga bolalarcha vahm tushdi: «Shuncha boshoqni qanday koʻtarib ketaman!»

2002