OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNouman Smaylz
Asar nomiKoʻk Turklari asiri (roman)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Britaniya adabiyoti
Boʻlimlar
   - Tarixiy nasr
Mualliflar
   - Nouman Smaylz
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Romanlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonA’zam Obidov (Ingliz tilidan)
Hajm347KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/29
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Koʻk Turklari asiri (roman)
Nouman Smaylz

Bismillahir Rohmanir Rohim!

Shuni aytishim kerakki... ma’zur tutgaysiz, buni inglizchada aytmasam boʻlmaydi. Bilaman, mening inglizcham buzuq, jaydari, hashaki inglizcha, lekin dunyoninng yarmidan koʻpi mana shunday inglizchada gaplashadi-ku, deya oʻzimni ovutaman. Nafsilamrini aytganda, men buni inglizchadan boshqa koʻpgina tillarda yetarlicha goʻzal hikoya qilib berishim mumkin edi. Afsuski, bu borada ancha chegaralanganman. Shu kungacha men inglizchada «Men buni juda yaxshi koʻraman» emas, «Men buni yaxshi juda koʻraman» deb keldim. Sizga aytmoqchi boʻlganim shuki, notiqlik yoki uslubning ahamiyati yoʻq men uchun. Qolaversa, til grammatikaga amal qilish emas, balki muomala vositasidir, shunday emasmi? Aytadilar-ku, aysam tilim, aytmasam dilim kuyar, deb. Mana shu narsa meni hikoyani boshlashga ruhlantirdi. Va nihoyat inglizcha mening tasarrufimdagi yagona bir til ediki, uni atrofimdagi kishilar mutlaqo tushunmasdi...

1

Deyarli bir oy oldin meni garovga olishdi. Oʻshandan beri qancha vaqt oʻtganini aniq ayta olmasligimga sabab, togʻlar orasidagi kichik meteorologik uychadagi tutqunlikda vaqtni aniqlashning imkoni yoʻq edi. Biz bunda ikki kishimiz: men va Li ismli bir xitoy yigit, yon atrofda oʻz mustaqilligi uchun kurashayotgan jangarilar guruhidagi turli-tuman odamlar. Umuman olganda, ular bizga oʻzlarini yaxshi koʻrsatishga intilishadi, sababi, biz chet ellikmiz, magar ba’zan hukumat uchoqlari ular ustiga bomba tashlash uchun yopirilib kelganda, judayam qoʻpol va yoqimsiz boʻlib ketishadi. Bunday paytda ular bizni ushlab, boshimizga qop kiygizib, yaqinroqdagi gʻor yoki boshqa pana joyga sudrab ketishadi. Biz esa kun bilan tunning farqiga bormay yotamiz. Bomba tushishini hisobga olmaganda, hayotimiz, agar uni hayot deb atash mumkin boʻlsa, bir-biriga bogʻlangan holda bir xildagi boshpana ostida uxlash, qachon berilishini kutiladigan ovqat - asosan, muzlagan kartoshka, suvda qaynatilgan makaron, ba’zan esa dudlangan goʻsht, qotgan non hamda Xitoy koʻk choyidan iborat. Hojatxona tashqarida boʻlib, yeguligimizga qarab bizni kuniga ikki-uch mahal boshimizga haliginaqa qoplarni oʻrab-chirmab, u yoqqa olib chiqishadi.

Boshqa paytlar biz faqat oʻtiramiz, ba’zan kitob oʻqiymiz, soʻzlashishga ruxsat yoʻq, lekin qochib ketgan ba’zi meteorologistlardan qolgan shaxmatni oʻynamoq mumkin. Qiziq, lekin odam zoti har narsaga koʻnar ekan, faqat taqdirim shu ekan-da, deya oʻylansagina, bunday turmushga koʻnish oson kechadi. Miyangiz boʻsh, na qoʻrquv va na umid hissi mavjud. Yolgʻiz, yupun holdagi bema’ni umr. Boshqa hollarda siz bunday sharoitda boʻlish qanchalik hayajonli ekani va uning mavjudlik borasidagi tajribangizni ne qadar boyitishi haqida oʻylagan boʻlardingiz. Hafsalangizni pir qilishga toʻgʻri keladi. Yon atrofda nuqul bir xillik. Toʻgʻrisini aytganda oradan faqat bir oy oʻtib, oʻzimga nima boʻlganiligi haqida oʻylashga va tahlil qilishga harakat qilyapman. Nega men bu yerga tushib qoldim? Dunyodagi eng baland togʻlar orasida, noma’lum bir joyning qoq oʻrtasida, qandaydir sabab bilan urushib yurgan gʻazabnok odamlar orasida nima qilib yuribman axir? Men oʻzi kimman?

2

Bundan ikki yil avval Shinjon - Uygʻuristonda Indianadagi katolik institutidan kelgan amerikalik islomshunos olimga tilmoch edim. Shinjon qayerdaligini bilasizmi? Bu Xitoyda, Tibet bilan Markaziy Osiyo oraligʻida joylashgan. Shunday qilib, Sharqiy Turkistonning borgan sari xitoylashib borayotgan turli oʻlkalariga bordik. Biz qadimgi qoʻlyozmalarni axtarib yurardik. Balki gʻoyat keng sahroning bir qancha vohalarini kezib, istalgan dinga oid qoʻlyozmalarni topish mumkin, demoq ham toʻgʻri boʻlar, negaki amerikalik doʻstim aytganiday, qadimgi uygʻurlar va ularning ajdodlari - qadimgi yoki Koʻk Turklari barcha dinlarga e’tiqod qilganlar. Luk Amerikadan olib kelgan bir necha buddist tarjimon bilan bir qatorda biz ham Hoʻtandan 17-sasrga taalluqli qoʻlyozma sotib oldik. Bu dastlabki Manixey matnlarining toʻplami edi. Qashgʻar tomonga joʻnar ekanmiz, bir juft Islomga oid kitob ham topib oldik va... uzr, alahsiyapman...

Biz Turfonni sayohatimizning soʻnggi nuqtasi, deya belgilab oldik. Lukning aytishicha, Turfon oʻzining joylashish oʻrni bilan mashhur. U dengiz sathidan taxminan 150 metr pastda joylashgan. Luk yana bunday pastliklarning din va diniy qoʻlyozmalar bilan qandaydir aloqasi mavjud ekanligini aytdi. U biznikidan-da quyiroq boʻlgan Oʻlik dengizni misol qilib keltirdi. Kelishuvimizga koʻra, men oldinroqda borib, ba’zi narsalarni aniqlashim, aloqa bogʻlashim va uchrashuv tashkillashtirishim lozim edi. Erta azonda Luk Urumchi muzeyiga, men esa turist sifatida olti nafar xitoy (nazarimda ularning bari xavfsizlik xizmati xodimlari edi) bilan Turfonga qarab ketdik. Shu boʻyi Lukni qaytib koʻrmadim...

3

Oʻsha kuni havoning avzoyi haddan ortiq buzuq, qattiq shamol esar, qumlar uyumining sahro va pasttekisliklar orasida uchib yurishi tabiiy bir holday edi. Har holda, endi yarim yoʻlga yetganimizda, kuchli shamol mashinamiz bilan birga koʻtarib chetdagi shagʻalliklar ustiga uchirib yubordiki, qandaydir moʻ’jiza tufayli hayhotday sahroning qoq oʻrtasida bir oʻlimdan saqlanib qoldik. Shu yerning oʻzida kattakon koʻzoynak taqqan va oʻzini sevgilisini bagʻriga bosayotganday qilib koʻrsatayotgan maxfiy agentning siri ochilib qoldi - u sof ingliz tilida menga soʻzlay ketdi. Salgina gʻurur bilan shuni anglaganday boʻldimki, u qanday boʻlmasin aqalli mening hayotimga javobgar edi. U «sevgilisi»ning sumkasidan choʻntak telefonini tortib chiqararkan, qizni butunlay esankiratib qoʻydi, chunki u nima qilishini bilmay qoldi, na oʻzini choʻntak telefonga ulangan quloqlaridagi ikki beoʻxshov eshitgich orqali pleerini eshitayotgan qilib koʻrsatishni va na sherigining idora bilan soʻzlashayotganini toʻsib turishni bilmas, nima boʻlganda ham, men ularning gʻalati xitoychalarini tushuna olmadim.

Chang-toʻzon va tumanli Turfonga kirish oldidan barchamiz qondoshlarga aylangandik. U katta qora koʻzoynagini biror marta boʻlsin yechmadi. Jon ismli (menimcha Zyan degan ismning buzib aytilishi) gonkonglik xitoy oʻz «kompaniya»sining mashinasini tokzorga qarab burishni buyurdi. U yerda meni mazali uygʻur taomi bilan siylashdi. Togʻ oralab oquvchi daryo boʻyidagi uzumzor soyasida ozroq muddatga hojatga oʻtib, shu bahonada bir uygʻur yigitdan ularning qoʻlyozma sotuvchilari haqida soʻrashga muvaffaq boʻldim. Uning aytishicha, Oʻlik Shaharning narigi tomonida bir darvishi devona boʻlib, oʻshanda biror nima boʻlishi mumkin ekan...

Shundan keyin biz Oʻlik Shaharga keldik. Men ashaddiy turist emasman, shu bois qadimdan qolgan quduq yoxud gʻayrioddiy uzum zahiralarining men uchun katta ahamiyati yoʻq, bari bir goʻr. Men hattoki Jon-Zyan tomosha qilish uchun arzigulik deya kamoli ehtirom bilan taklif qilgan ba’zi mashhur masjidlarga ham qiziqmadim. Magar Oʻlik Shaharga kelganda... U chindan ham boʻlakcha edi. Tarjimon sifatida juda koʻp tarixiy joylarda boʻlganman, lekin loy vayronalarni deb hech bir joyga telbalarcha oshiqmagan edim: bu shunday bir Zamin ediki, bir kun barpo etilib, yana bir kun tuproqqa aylanishi uchun vayron etilgan zamin. Tashvish shamoli bor uning boshida... Ham osmonda xira, qora, keraksiz quyosh...

Taajjubki, quyosh va uning issigʻi Jon va uning komandasini ortimdan ergashmaslikka majbur qilib qoʻydi. Ular buni sirayam yoqtirmasliklarini chindan ham tan olib, men bu Yoʻqlik boʻylab yolgʻiz kezgunimcha mashinada qolishga qaror qilishdi. Biroq men Urumchidan sayru sayohat ilinjida kelgan bu turistlarning bunday gʻaroyib joylarni koʻrishni rad etayotganlaridan taajubda edim. «Keyingi safar», deyishdi ular. Unda yanayam yaxshi, dedim oʻzimga-oʻzim va olov purkayotgan loy vayronalar orasidagi soʻqmoqdan yoʻlga tushdim. Quyosh qizitgandan qizitib borar, koʻrinmas soyam ustidan qadam tashlab borarkanman, Tarix yoki Vaqt oralab kezayotganday edim. Shaharning narigi tomonida tayoqni miltiq qilib oʻynayotgan bolalar yonidan oʻtdim, ularning yoniga yaqin kelib, nariroqda quruq daraxt tagida shumshayib oʻtirgan qariyaga koʻzim tushdi. Bilmayman, nimaga buni daraxt deb oʻylaganimni, balki cholning tayogʻi yerga suqib qoʻyilgani va kir-chir yopishqoq belbogʻi tayoqning uchiga ilib qoʻyilgani uchundir. Men cholga salom berdim. U xuddi ertaklardagiday: «Saloming boʻlmasa, ikki yamlab bir yutardim!» deya javob berdi. Na kulishimni, na qoʻrqishimni bilmay turib qoldim. Aniqrogʻi, qoʻrqib ketdim va oʻzimni yoʻqotib qoʻyayozdim. «Mabodo qadimiy aqlu zakovatni izlab yurgan boʻlsang, anavi yoqqa yur...» - shunday deb u chang-toʻzonda oʻynayotgan bolalar tomonga ishora qildi. «Men bunda oʻzim uchun yurganim yoʻq...», zoʻrgʻa ovoz chiqardim. «Bilaman, - dedi u, oʻn yil avval yahudiy bir yigit ham shu maqsadda kelib edi», - dedi chol va chang bosgan yuzini oʻgirib oli. Oʻlik Shahardan uzundan-uzoq shamol esardi.

4

Kun oxirlab qolganda bir qoʻlyozmaning parchasini topdim. Bu qogʻoz boʻlagi emas, balki kattakon toshga oʻyilgan qadimgi bitiklar edi, men darhol uni rasmga oldim. Bu yozuvni oʻqiy olmay, haligi qariyadan umid qildim, u esa toshni avval hech kim koʻrmaganini aytdi, bunga sabab, ming yillardan beri tosh yozuv qismi pastga qaragan holda yotardi. Chol joynamozini uning ustiga yoygandi, silliq qora tosh koʻzdan bekindi. Undan tafsilotlarni soʻrab oʻtirmadim, ikki kun ichida bilagʻon amerikalik doʻstimni bu yerga olib kelishim lozim edi. «Mana buni oʻqib koʻrsin-chi», deya chol kir muqovali bir daftarni tutqazdi qoʻlimga. Men xitoylik hamrohlarimni esladim va daftarni darhol terlab ketgan qoʻynimga yashirdim.

Keyinroq bu aqldan ozgan cholni aldaganga oʻxshab qoldim: biz uni ham, haligi toshni ham koʻrgani bormadik. Bunga men emas, Lukning Urumchida gʻoyib boʻlgani sabab boʻldi. «Hungshian Bingua» mehmonxonasida Lukni zudlik bilan mamlakatdan chiqib ketganini aytishdi, lekin bu chindan ham shubhali edi. Qolaversa, u menga na bir xabar va na ishim uchun bir chaqa qoldirgan edi!

Toshning surati tushirilgan plyonkani yuvdirish uchun oʻz hamyonimdan pul toʻlab, gʻurbatxonada boshimni ushlagancha yakka oʻzim plyonkaning ertaga tayyor boʻlishini kutib oʻtirarkanman, tugmalanmagan kuylagim sabab qoʻynimdagi boyagi daftarcha yerga tushib ketdi. Aqalli bu narsani oʻqishga ma’naviy haqqim bor-ku, deya oʻzimni ovutganday boʻldim va daftar muqovasini yirtib, uni ocha boshladim. Afsuski, bu qadimiy qoʻlyozma emas, balki kundalik bir daftar boʻlib, uning birinchi sahifasida 7 dekabr 1990 yil sanasi koʻrsatilgan edi.

«Men ushbu har ikki ishni orqaga surishga majbur boʻldim, bundan koʻzlangan maqsad birmuncha avvalroq boshlangan va tugallanish arafasida boʻlgan loyiha ustida ishlamoqdan iborat. Mening qadimiy koʻk turklarining siri haqidagi kitobim nihoyasiga yetdi va hozirda uni chop etish uchun noshir izlab yuribman - bu ish chindan ham koʻpgina vaqtimni oldi (oʻtgan yil yozidan hozirgacha). Bu borada bir necha qomusiy maqolalarim va 6-asr Turk xonligi haqidagi uchta chop etilmagan maqolam bor. Men oʻsha davr koʻk turklarining sehrli olamiga batamom berilib ketdim, hozir umid qilamanki, ularning diniy va shohona hayotiga oid kitob va maqolalarni kelgusi yoz oyi oxirigacha tartiblab boʻlaman. Ana undan keyin navbatdagi loyihaga oʻtishim mumkin...»

Bu gaplarni toʻgʻri oʻqiganimga shubhalanib qaradim. Toʻgʻrisini aytganda, qoʻlda yozilgan xatlarni oʻqishga noʻnoqroqman. Bu husnixat ham shu qadar kichik va tushunarsiz ediki, men oʻzimni qiynamaslikni ma’qul koʻrib, oxirgi varaqqa koʻz yugurtirdim. Uning sarlavhasi «6 fevral 1991 yil» edi.

«Soʻnggi ikki oy ichida hayotim qanchalik oʻzgarib ketganigidan taajjubdaman. Bu yerga ikki oy avvalroq kelgan edim, oʻshanda kelajakdan umid qilsa boʻlardi. Hozir xavfli vaziyatga tushib qoldimki, bu haqda eslatib oʻtish judyam yaxshidir. Hayotim Shia Changnikiday tartibsiz boʻlib ketdi. Uning oilasi faqatgina an’analarining kuchliligi uchun yashab turibdi. Afsuski, biz oʻzgarishlar qilish uchun oʻzimizda kuch topa bilavermaymiz. Bir oy oldin qanchalik goʻl boʻlgan ekanmiz-a! Uning vaziyatni qanday qabul qilayotganini bilish men uchun judayam qiziq. Shuningdek, uning bu vaziyatdagi shaxsiy oʻrni haqida ham tashvishdaman. Ertaga men uni Turfonda koʻrish uchun otlanaman. U meni oilasi bilan tanishishga taklif qilgan. Qiziq, negadir bu uchrashuvdan hayiqib turibman... bu Turfonda topganim yashirin matnni xotirimga solyapti...»

Yana bir karra ushbu yozuvlarni toʻgʻri oʻqiganimga ishonolmay turdim, lekin uni tugatishga ham, qayta koʻrib chiqishga ham vaqtim yoʻq edi, sababi, kimdir xonam eshigini taqillatardi, men darhol u sirli daftarchani qoʻynimga tiqib, eshikni ochishga turdim.

5

Qarshimda kelishgan xitoy ayoli turardi. Avval aytganimday, xitoychani mutlaqo bilmayman, shunga qaramay, xijolatdan qutulish maqsadida oʻzimni hamma narsaga tayyorday qiyofaga soldim. U mayin va musiqiy xitoychada gapirardi - bu menga forscha bir she’rni eslatdi:

«Yorim turkiyda coʻzlar, afsus, turkcha bilmayman,
Yo Rabki, uning tili mening ogʻzimda boʻlsa...»

Xitoy ayoli xonamdagi nimagadir ishora qildi. Uni ichkariga taklif qildim. Ostona hatlab kirarkan, qoʻngʻiroqday ovozda bir nimalar deb nogahon choʻmilish xonasiga boshladi va meni ham orqamdan yur, deganday imladi. Oʻsha paytdagi holatimni bir tasavvur qiling! Begona yurt, men bilmaydigan til, ishonchsiz ayol, kutilmagan taklif va aytib boʻlmaydigan vaziyat - bunday paytda nima qilishim kerak edi u yerda? Darhol miyamga ikki narsa keldi: birinchisi - bu ayol meni oʻldirgani kelgan, ikkinchisi - bu ajoyib, xayoliy bir imkoniyatdan foydalanib qolish kerak. Afsuski, xom xayol qilibman. Ayol avval sovuq suv, keyin issiq suv joʻmragini buradi, ulardan otilib suv chiqdi, bir muddat oʻtgach, vishillagan ovoz chiqdi va suv toʻxtadi. «Shu-shu», tushuntirgan boʻldi ayol, «Shu-shu», javob berdim men ham. Keyin u qoʻlidagi soatni koʻrsatib, bir-ikki raqamlarni koʻrsatdi va musiqiy bir nimalar deya xonamni tark etdi.

Eshik yoniga suyangan koʻyi uzun korridorda bu xitoy ayolining koʻzdan gʻoyib boʻlgunicha, nima boʻlganini tushunishga harakat qilib, serrayib qarab qoldim. Koshki bilolsam edi.

6

Muhabbat va Oʻlim doim birga yuradi, - oʻyladim men ikki kun oʻtgach uyda Zev ismli yahudiy yigitning kundaligini oʻqib oʻtirarkanman. Ajnabiy boʻlganim uchun koʻpgina soʻzlarni harfma-harf tushunaman, ya’ni masalan meni inglizchadagi «always» (har doim) coʻzining vaqt bilan aloqadorligi emas, balki makon bilan bogʻliqligi «all ways» (barcha yoʻllar) qiziqtiradi. Bunday deyishimga asos bor. Yaqinda bir halokatli tahdidga uchradim. Juda qisqa fursat ichida nihoyatda katta tajriba mujassam, shunday emasmi? Lekin angladimki, ba’zan hayot deganlari vodoprovod joʻmragidan oqib tushayotgan soʻnggi tomchilarga oʻxshab ketadi... Shu bois, butunlay oʻzni unutganim holda kimningdir kundaligini mukkadan ketib mutolaa qilishga harakat qildim.

Aytgancha, halokatli tahdid xususida aytmoqchiydim. Keling uni bir taroziga solib koʻraylik. Oʻsha kuni zudlik bilan, sekingina, hech qanday keskin harakatlarsiz Xitoydan oʻz yurtimga qaytib keldim. Ertasiga ertalab meni amerikalik tadqiqotchiga tarjimon sifatida ishga yollagan kompaniyaga yetib bordim. Ular meni oʻz mijozlarisiz koʻrganlaridan nechogʻli taajjubga tushishgani tabiiy. Angladimki, ular mijozlari toʻgʻrisida hech narsa bilishmaydi. Nima boʻlganda ham, hammasini aniqlamagunlaricha, menga bir tiyin ham toʻlamasliklarini aytishdi. Shunda Oʻlik Shahardagi toshni suratga olganim plyonkani unutib qoldirganimni esladim. Hay mayli, shunga shunchami? Ushbu byuro menga tez kunda yana ish taklif qilishga va’da berdi. Shu daqiqada qanchalik xato ketgan edim-a men!

Uyga kelib kundalikni oʻqishga tushdim. Dekabr tunlarining birida Zev Shia Chang bilan tanishadigan ma’lumu mashhur «Hungshian Bingua» mehmonxonasi qarshisidagi taksi toʻxtash joyiga yetganimda, kimdir menga qoʻngʻiroq qildi. Bu doʻstim edi. Yana bir bor inglizchamdagi chegaralanishni sezib qoldim. Aslida «dugonam» deyishim kerak edi, lekin u shunchaki doʻstim va shunchaki bir qizdir. U safarim haqida soʻradi va javobimni ham kutmay, birdan yigʻlashga tushdi va zudlik bilan huzuriga kirib oʻtishimni iltimos qildi.

Umuman olganda, men bu kabi ayollar fojiasini hecham xush koʻrmayman. Lekin nimadir meni shaharni kesib oʻtib, u bilan koʻrishishga undardi.

U davlatning yuqori mahkamasida boʻlgani, u yerda meni oʻlimga mahkum qilingani toʻgʻrisida ma’lumot olganini aytdi. Avval boshda, bu menga kulgili tuyuldi, lekin u yigʻlay boshlagach, vaziyatning jiddiyligini angladim. Men undan qaysi tashkilotni nazarda tutayotganini soʻradim. U oʻzini hech kimga hech nima aytmaslik va men bilan ham muloqotga kirishmaslik haqida ogohlantirishganini aytdi. U yana ular mening barcha rejalarimdan xabardor ekanliklari, Fransiyaga ketayotganim, lekin hech kim menga yordam bera olmasligi va qayerda boʻlmay, baribir meni topib olishlari haqida soʻzladi... Men doʻstimdan boshqa biror narsa ololmadim va umidsizlikka toʻlib uydan chiqib ketdim.

Shu alfozda kundalik ustida oʻylab oʻtirardim. Men Shekspir dramalarida odamlarning osongina va tez-tez oʻlib turishlariga taajub qilaman. Boshqa bir romanda esa birgina oʻlim sahnasiga barcha tafsilotlarini namoyish etib yuzlab sahifa ajratiladi, magar Shekspirning uslubi alohida: Hamlet urushib halok boʻladi, Romeo kurashib oʻladi, oʻnlab boshqa odamlar ham kurashda halok boʻlishadi va bu oʻlim birgina satrda ifodalanadi-qoʻyadi. Judayam sodda. Va birdan ushbu soddalik meni dahshat ichra oʻrab olganini his qildim. Bir oz chalgʻish maqsadida, yana bir necha varaqni ochdim. «Kolumbiya Universitetidagi uygʻur va turkshunoslikning yangi inqirozi chindan ham achinarlidir, biroq haqiqatning koʻziga tik qaramogʻim kerak. Markaziy Osiyo va Uygʻuriston Amerikada ancha shov-shuvga sabab boʻlgan, magar universitet boʻlimlarida uni bir makon sifatida rivojlantirishni istashayotgani sezilmayotir...»

Bema’nilik! Luk gʻoyib boʻldi, Zev asfalasofilinga ketgan chamasi, men esa xavotirdaman... Jin ursin! Bas!

«9 yanvar

Men oʻtgan asrning soʻnggida bu yerga kelgan rus rohibi Yefrem Valaamov (Valaomov?)ning oxirgi maktubini topib oldim. Taxminim toʻgʻri chiqdi. Uni zaharlashgandi. Mana uning mak...»

Uzr, telefonimni avtomatik javob berish qurilmasiga oʻtkazish yodimdan koʻtarilibdi. Kundalikni ochiq holda qoldirib, goʻshakni koʻtarishga turdim. Bu meni Luk uchun ishga yollagan firmaning boshligʻi ekan. «Bilasizmi, - dedi u, - siz uchun ikkita yangilik bor, yomoni shuki, Lukni qoʻporuvchilik harakatlari uchun hibsga olishibdi, yaxshi yangilik esa, siz ayni shu falokatdan qochib qutulibsiz, qandingizni uring erkinlikda. Yana bir boshqa xabar ham bor, lekin buning sizga aloqasi yoʻq, deb oʻylayman. Siz Urumchidan chiqib ketgan kun beshta joyda ommaviy portlashlar yuz bergan.» Men uchun ikkinchi yangilik muhimroq edi: bu bilan boshliq menga bir miri ham toʻlamasligiga ishora qildi. Lekin shunday boʻlsa-da, mening butun xayolim boshqa bir rus rohibida edi...

7

Keyingi 2 hafta ichida Salmon Rushdiyning hayotini yashaganday boʻldim: men Xitoyga ketgan doʻstimning kvartirasiga koʻchib oʻtib, har tun uning velosipedi bilan eshigimni barrikada kabi toʻsaman, har lahza oʻlimimni kutib yotaman. Nihoyat Fransiyaga viza oldim va asarlarini oʻzimizning tilimizga oʻgirganim doʻstimnikiga yetib kelgachgina, shu yerda, ya’ni Fontenebloda yaqin oʻtgan kunlardagi hayotim haqida oʻylashga imkon topdim. Charm kresloda sokingina oʻtirarkanman, ayni paytda, inson falokat va sokinlikka juda tez koʻnikarkan, deya oʻylardim. Kecha ustasi farang jinoyatchiday bekinib yurib edim, bugun esa birovning kundaligini, soʻnggi maktubini oʻqish imkonim bor.

«Milostiviy gosudar,

smeyu nadeyatsya, chto siye poslaniye zastanet Vas v dobrom zdravii i blagopoluchii, darax naimenee senimÑ‹x, pokuda sudba ne kosnesya svoyey shershavoy desnitsey...»

Ha, xat ruschada bitilgan va Zev uni tarjima qilib oʻtirmay nusxa koʻchirib olgan edi. Men ham 19-asrga oid bu uslubni saqlagan holda tarjima qilolmasam-da, boshlanishini urinib koʻraman: «Marhamatli Janob, umid qilishga haddim sigʻdiki, ushbu xabar sizni sogʻlom va farovon holda topajak, eng qadrsiz iqtidorlilik, taqdir oʻzining beoʻxshov oʻng qoʻlini sizga tekkizgunga qadar...» Ruschada bu yanada jimjimador va antiqa. Shunchalik beoʻxshovki - ba’zi falsafiy narsalardan soʻng u yana yozadi:

«Fonusda nurni saqlab turganingiz uchun tashakkur. Menga yuborganingiz V. Tomsonning oxirgi kitobi nihoyatda qimmatli mukofot boʻldi. U eng qoʻrqinchli vaziyatlarda ham yashashim uchun kuch-quvvat berib turibdi. Nazarimda u bir necha xarakter va soʻzlarni tahlil qilishda xatoga yoʻl qoʻygan, lekin umuman olganda, u juda zoʻr bir ishni nihoyasiga yetkazdi. Ayniqsa, menga Kul-Teginnig soʻnggi parchasi ma’qul keldi:

"Si Ku-tegin n’avait ete, un grande nombre d’entre vous auraiyent trouve la mort. Mais mon frere Kul-tegin perit, moi-meme je me desolai..."

«Agar Kul-Tegin boʻlmaganda, oralaringizdagi minglab kishilar oʻlim topgan boʻlurdilar. Kichik ukam Kul-Tegin vafot etdi, men uning uchun gʻam-gʻussaga botdim. Koʻrar koʻzim koʻrga aylandi, bilgan ilmim noma’lum boʻlib qoldi. Oʻzim esa anduh ichraman. Parvardigor vaqtni yaratdi, inson esa oʻlimga mahkum. Koʻp yillar dardu alam meni oʻrtadi. Koʻzlarimga yosh kelib, yuragimga qil sigʻmadi. Nahot ikki shahzoda, yosh birodarlarim va oʻgʻillarimning, qoʻmondonlarim va odamlarimning koʻzu qoshlari yigʻidan ozor topsa, deya oʻylab gʻussaga botdim.

Yigʻlaguvchilar va azadorlar kabi, Kitan va Tatabi aholisi Udar-sengunga tegishlidir. Xon Tabgʻach Ichi Liangga taalluqlidir. U koʻplab sovgʻa-salom va nokerak oltinu kumush keltirdi. Tibet xonidan bulon keldi. Ortidan, gʻarbdagi kunbotar tomondan, Soʻgʻd, Fors va Buxorodan ularning xoni Nian-syang keldi. Oʻn-oʻq oʻgʻillarimdan, Turgʻuzxondan tamgʻachilar Makrach va Oʻgʻuz-Bilga keldi. Qirgʻizxondan Tardush Inonchi Choʻr keldi. Maqbara qurish, toshga oʻyib yozish uchun Xitoy Imperatorining ustasi Chyang-sengun keldi.

Kul-Tegin Qoʻy Yilining oʻn yettinchi kuni gʻoyib boʻldi. Uning janozasini toʻqqizinchi oyning yigirma yettinchi kuni oʻtkazdik. Va biz ushbu abadiy toshni oʻrnatdik...»

Rus rohibi davom etdi:

Men goʻyo oʻzimning janozamda hozir boʻlganday his qildim oʻzimni. Biroq meniki ancha qisqa davom etsa kerak. Hech qanday tosh va uning ustidagi yozuvsiz albatta. Rashididdinning At-Tohariydan keltirishicha (bu kishini qaysidir bir sahroda boshlaridan judo qilishgan), ba’zi yashirin yoki yoʻqotib yuborilgan matnga koʻra, Nestorialik rohib ham ular bilan birga boʻlgan. Ba’zida, yolgʻizlik onlarimda men goʻyo bu voqeani va uni juda yaxshi biladiganday holga tushaman. Magar yaxshisi bas qila qoldim.

8

Judayam ta’sirchan odamman-da. Bu soʻzni toʻgʻri ishlatdimmi-yoʻqmi, harqalay, avval ishlatmoqchi boʻlganim «ishonuvchan»dan koʻra yaxshiroq bu soʻz. Aytmoqchimanki, meni ishontirish judayam oson. Yangi gazetaning har bir soni fikrimni oʻzgartirishi mumkin. Ushbu murojaatnomani Yefrem Valaamovdan oʻqish uchun nechogʻli ta’sirlanganimni tasavvur qilavering. Judayam insofli odamman shekil, lekin har bir chaqiriq oʻzimni aybdorday his qilishimga majbur qiladi, goʻyoki vaziyatga koʻra harakat qila olmayapgandayman.

Fonteneblodagi shohona parkda hayrat ichra sayr qila turib, uning chekkaroqdagi qismiga keldim va qadim daraxtlar ostidan oqayotgan erta kuzakning tip-tiniq jilgʻasiga tizzalab egildim. Ilk sariq bargchalar sokin oqayotgan suv yuzasida oʻynar, bu menga sahrodagi vohaning asta-sekin yemirilish jarayonini eslatdi. Gʻamgin boʻlib qoldim. Yoʻq, oʻzim uchun emas, balki oʻzim bilgan necha odamlarning umri uchun. Goʻyoki nafaqat oʻzimning janozamda, balki barchamizning umumiy hayotimiz janozasida qatnashayotganday chuqur qaygʻu ichra qoldim...

9

Daraxtning toʻkilgan bargi misol sirli Oʻlimning jilgʻasi aro surilib borar edim. Kim meni oʻldirmoqqa qasd qildi? Nega? Nahot, ma’lum bir nuqtadan, ya’ni Luk bilan hamkorlikni boshlaganimdan beri hayotimdagi har bir narsa oʻlim haqida kechgan boʻlsa? Qanday xato oʻtdi axir?

Bu savollarmi yoxud qiziqqonligim, bilmayman, qoʻlimda mavjud barcha ma’lumotlarni tekshirishga undagan narsa nima ekan, har qalay oʻshandan beri vaqtimning asosiy qismini Parij kutubxonalari va muzeylarida oʻtkazdim. Avval Yefrem Valaamovdan boshladim.

Men uning bir qancha maktublari, maqolalari va hatto Tibet tarixiga bagʻishlangan kitobini topdim. Bularning aksariyatini oʻqib chiqib, asta-sekin uning qiyofasini qayta tiklay boshladim. U Rusiya viloyatlaridan birida tugʻilgan boʻlib, ota-bobolarining kelib chiqishi tatar millatiga mansub boʻlgan. (Shu oʻrinda bir mashhur gapni bilib qoʻysangiz yomon boʻlmasdi: «Har bir rusning sirini koʻchirsang, tagidan tatar chiqadi». U «siri koʻchmagan» ruslardan edi.) 19-asr boshida dorilfununni tugatgach, u oʻzini ruhoniy boʻlishga tayyorladi va keyinroq rohib boʻldi.

Garchi u rohib boʻlsa-da, hech qachon turmushni diniy yoki dunyoviy deb ikkiga ajratgani yoʻq. Aleksandr Pushkin uning doʻstlaridan biri edi. 19-asr adogʻida uni pravoslav delegatsiyasining a’zosi sifatida Markaziy Osiyoga, keyinchalik esa Tibetga yuborishdi va u bu yerlarda mahalliy tillarni oʻrganib, qoʻlyozmalar yigʻish bilan mashgʻul boʻldi. Safari soʻnggida u Peterburgga 15 karvonga yuk boʻlgulik kitoblar keltirdi. Noma’lum sabablarga koʻra, Abo Yefrem mansabidan chetlashtirilib, Valaam Rohibgohiga joʻnatiladi va u shu yerda Valaamov degan sharif oladi. Bir necha yil u sharq qoʻlyozmalari ustida ish olib bordi. Keyinchalik rus hukumati uning rejalarini Markaziy Osiyoni kengaytirish va kolonizatsiya maqsadlarida ishlatish uchun bu sharmanda rohibdan foydalanishga, uni yana bir bor yarim-maxfiy yumush bilan oʻsha uzoq oʻlkalarga yuborishga qaror qiladi. Men Abo Yefremning josus boʻlgan-boʻlmagani haqida bexabarman, lekin uning bir qancha qoʻlyozmalarni rus va fransuz tiliga oʻgirgani, Markaziy Osiyo tarixi va turmushi toʻgʻrisida bir juft ilmiy kitob e’lon qilgani ma’lum. Shu tariqa uni Uygʻuristonda, aniqrogʻi, Qoshgʻarda hibsga olishgan va u bunda qanday vafot etgani ma’lum emas. Shekspir aytganiday, ana shunaqa kechdi uning hayoti.

10

Lukdan hech bir xabar boʻlmadi. Garchi Urumchidagi portlashlar ancha gʻavgʻoga sabab boʻlsa-da, menga shunday tuyuldiki, Luk bilan umuman hech kim qiziqmadi. Hech kim uning uchun qaygʻurgani yoʻq. Magar Lukning oʻzi, misol uchun, Zev toʻgʻrisida biror nima bilar edimi? Darvoqe, Zevga nima boʻldi? Lukka yetkazishim kerak boʻlgan kundalik daftarni har tun oʻqib chiqarkanman, ilmiy qogʻozlarni hisobga olmaganda, u asosan, Zevning Shia-Chang ismli yarim xitoy, yarim uygʻur qizga oshiq boʻlib qolganligi haqidagi ishq-muhabbat yozishmalaridan iborat edi. Gapning loʻndasini aytganda, u qizni mashhur «Hangshen Bingua» yonidagi taksi turar joyida uchratgandi. Oʻshanda u boʻm-boʻsh «Holidey In»da kechki ovqat qilib qaytayotgan, shu yerda bir italyan konstruktori mahalliy aholining xiyonatkorligi xususida uni ogohlantirib edi. «Ular kulib turib, boshingizdan ayirib ketishlari hech gapmas», degan edi sakkiz yildan beri shunda yashab kelayotgan italyan. Taksi turar joyida Zev mehmonxonaning narigi tarafidan shoshib kelayotgan qizga koʻzi tushdi. Ular ayni bir taksining oldida bir-birlariga urilib ketay deyishdi, shunda Zev unga iltifot bilan yoʻl berdi, bunga javoban qiz uygʻur tilida unga tashakkur aytdi. Zevning yozishicha, u uygʻurchani juda zoʻr bilmasa-da, lekin oʻsha lahzada uygʻurchada qandaydir chiroyli gap aytishning uddasidan chiqa olgan. Bundan qiz hayratga tushgan. Ularning sharq she’riyatiga mehri balandligini bilgan Zev agar bir-ikki daqiqa vaqtini ayamasa, qizga ularning qadim bir shoirlari toʻgʻrisida qiziq hikoya aytib berishini iltimos qilgan. Qizga bu gap yoqib tushib, «jonim bilan» deya unga quloq tutgan. U bu oʻrinda yolgʻon ishlatgan, chunki u hikoya qilmoqchi boʻlgani uygʻur emas, balki turk (garchi ikkisi ham bir) shoiri Fuzuliy edi. Kunlarning birida Fuzuliy koʻzasiga quduqdan suv olayotgan bir arab qizini uchratib qolibdi. Uning goʻzalligidan hayratga tushgan Fuzuliy soʻrabdi: Mening kimligimni bilasanmi, ey jonon? Men turkiyda she’rlar bitadigan buyuk shoirman. «Men turkchani bilmayman», debdi goʻzal. Uch kun ichida Fuzuliy arab tilida bir she’riy devon tartib berdiki, u boshdan oyoq ana shu goʻzalga bagʻishlangan edi. «Ikki daqiqada bu hikoyani sizga aytib berdim, magar uch kun ichida men ham Fuzuliy kabi sizga butun bir kitobni bagʻishlagan boʻlardim», xulosalaydi oʻz soʻzini Zev. Qiz xoxolab kulib yuboradi. Oʻsha tun ular birgalikda «Hunshang Bingua» roʻparasida turgan taksiga oʻtirib, atrofni tomosha qilishga ketishadi.

11

Moviy osmon ostida va qizgʻish yerning ustida odam yaralgan. Mening bobolarim Buminxon va Istamixon necha xalqlar ustidan hukmronlik qilib oʻtishdi. Ular turkiy xalqlar birligini mudom saqlab kelishdi. Dunyoning toʻrt tarafi yogʻiy edi. Ular butun dunyoni zabt etib, unda tinchlik-osoyishtalik hukm surishini ta’minlashgan. Yelkalariga bosh qoʻyganga qulluq qilib, tiz choʻkkanning qarshisida egilishgan. Ular shunday oqilu dono va botir xon edilar, ularning ishlari ham aqlga muvofiq va qoʻl ostidagi odamlari mard va jasur edi. Shu bois ular uzoq hukmronlik qilishdi. Soʻngra esa abadiy uyquga ketmishlar.

Aza kunida kunchiqar tomondan, tabgʻachlar, tibetliklar, avarlar, romanlar, qirgʻizlar, uchqoʻrgʻonlar, oʻtiz-tatarlar, xitanlar, tatabilar, son-sanoqsiz odamlar yigʻi va azaga toʻplanishdi. Ular ana shunday ulugʻ xon edilar.

Shundan keyin ularning inilari, soʻngra ularning ogʻalarining oʻgʻli xon boʻldi. Kichik ukalar katta akalari kabi emasdi, oʻgʻillar otalariga oʻxshamasdi.

Nooqil xonlar hukmronlikni boshlashdi, hokimiyat qoʻrqoq xonlar qoʻliga oʻtdi, ularning tartibi ham ma’nisiz va odamlarida jasoratdan uchqun yoʻq edi. Turklar oʻzlarining pokiza erkagu ayollari bilan tabgʻachlarga asir boʻlmishlar. Men-da bir Xon boʻldim, faqat badavlat xalq ustida emas, balki na ichi ovqatga va na tashi kiyimga yolchigan bir xalqqa. Shundoq, bir kambagʻal va bechora xalqqa xon boʻldim. Kichik ukam Kul-tegin bilan suhbat qurib shunday xulosaga keldikki, ajdodlarimizning nomi va shavkatini saqlab qolish maqsadida, men turkiy xalqlarning saodati deya tunlar mijja qoqmadim, kunlar huzurga berilganim yoʻq. Kichik ukam Kul-tegin bilan oʻla-oʻlguncha mehnat qildik...

Men butun dunyoni oʻzimga boʻysundirdim va barcha xalqlar menga bosh egdi...

O, turkiy xalqlar, eshityapsizmi? Aytmoqchi boʻlganimning barini ushbu abadiy toshga oʻyib yozdirdim... Bilga-xon...

12

Kecha birinchi marta qayerda ekanimizni oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Hatto asirlikda ham kishiga hordiq kunini yodga soladigan kunlar boʻlar ekan. Quyosh yanada yorqin va iliq nur sochyapti, kun ancha sokin va yoqimli. Atrofdagi odamlar ham bir qadar xushkayfiyat. Garchi buni meteorologik boshpanadan koʻrish imkoni yoʻq esa-da, lekin his qilish mumkin. Ikki soatcha keyin meni yana oʻsha bir xil his qopladi - qoʻriqchilarimiz shaxmat oʻynashar, Li va men kitob oʻqib oʻtirardik, lekin birdan samoda harbiy samolyotlarning ovozi eshitildi va shu bilan yakshanba kunimiz oʻz nihoyasiga yetdi. Qoʻriqchilar darhol bizni ushlab, boshimizga qop kiygizishdi-da, bombadan saqlanadigan boshpanaga sudrab ketishdi. Bu orada men yaqinlashib kelayotgan hushtak ovozi va judayam yaqinimizda bomba portlaganini eshitdim. Hammasi bir lahzada sodir boʻldi: otishma, portlash, toshlarning har tomonga sochilishi - doʻzaxni eslatuvchi manzara, hozir men uni birma-bir tahlil qilyapman: men Lining baqirganini eshitaman, toshlarning qulashi, qoyalarga otilgan tanam, hushtak ovozi, erib borayotgandayman... Lekin oʻzim haqimda oʻylashga fursat yetmaydi, magar shuni aniq bilamanki, miyamga kelgan fikr shu edi: Li oʻldi! Yoʻq, u tirik edi, uni sudrab borayotgan jangari tosh bosib oʻlgandi. Shunday qilib, biz hali boshpanaga yetib ulgurmagandik, sekin siljib borarkanmiz, kimdir Lini turtar, boʻralab soʻkar va la’natlarkan, boshqa bir ikkitasi meni tepa boshladi, men gʻujanak boʻlib oldim, badanimning zirqirab ogʻrishi hali tirik ekanimdan darak berardi.

Keyinroq bizni boshpanamizga olib kelishdi va boshimizdagi qoplarimiz bilan shu yerda qoldirishdi. Jangarilar boshligʻi kelib bizni boʻshatishni buyurdi. Men yuzimni koʻrolmasdim, lekin Lini ancha momataloq qilib qoʻyishgandi. Yuzimdan, yoʻq, soqolimdan qon oqayotganini sezdim. Komandir yuvinib olishimizni buyurdi, keyin qoʻriqchilarimizdan biri halok boʻlganini e’lon qildi. Ular ibodat qila boshlashdi. Nigohlari burgutnikiday oʻtkir, xushbichim, siyrak soqolli kelishgan komandir imomlikka oʻtdi. Soʻng ular chiqib ketishdi, bir muddatdan soʻng bir chopar kelib, komandir bizni ham koʻmish marosimiga olib borishni buyurganini aytdi. Bir oy ichida ilk bor boshimizdagi qopsiz yurishga ruxsat berishdi.

Shunday qilib, janozaga, ogʻriqqa va kelgusida boʻladigan qoʻrquvga qaramay, oʻsha kun yakshanba edi. Garchi ortimizdagi quyosh ortga qarashga qoʻymaydigan darajada yorqin nur sochayotgan boʻlsa ham, atrofimizdagi qoyalar moviy-qora, ustimizdagi muzliklar va choʻqqidagi qor koʻzni qamashtiradigan darajada oppoq edi. Bizni qoplab olgan qora-moviy osmon muzdek havodan nafas olgan kabi vujudimizga chuqur sizib kirdi. Men shunda jangarilar yigʻisini koʻrdim. Oʻlgan birodarlari uchun uvvos solib yigʻlashar edi ular. Keyin qichqirib osmonga qarata oʻq otishdi, soʻng komandir bizga bolgʻa va qalin oʻtkir pichoq berishni, menga inglizchada, Liga esa xitoychada, halok boʻlgan birodarlari ismi, tugʻilgan va oʻlgan yilini qoyatoshga oʻyib yozishni buyurdi...

13

U juda qattiq uxlardi. Arabistonda ekanimizda ham ertalab uni uygʻotish uchun ozmuncha mehnat sarf qilmasdim. Koʻzlarini ochishga unamagandan keyin, otga minayotganday qorniga minib olib qistash, uzun moʻylovlarini tizgin qilib tortish, «chux»lash kerak boʻlardi. Lekin bu kecha uni uygʻotishdan qoʻrqdim. Uygʻonsa, meni ilgarigiday yoniga oʻtkazishga koʻnmaydi, yalinib yolvorishimga qaramay, buvimga eltib beradi, deb oʻyladim.`

Zevning kundalik daftari menga yod boʻlib ketdi. Undan Shia Changning birinchi bor uni tashlab ketgani, ertasiga intizorlik bilan qizning qoʻngʻirogʻini kutishi, qiz esa bir kun oʻtib qoʻngʻiroq qilgani, ularning tungi izvoshda koʻrishishgani, Zevning qizni oʻpgani-yu, aldanib qolgani haqidagi tafsilotlar ayon edi menga. Bu chindan ham aysa arzigulik hikoyadir. Navbatdagi uchrashuvda Zev qizdan uyiga kelishini qattiq turib iltimos qildi. Avvaliga qiz singlisini bahona qilib koʻnmadi. Lekin darhol nimadir xarid qilish uchun Zevdan pul berib turishni soʻrab, taksiga oʻtirdi-da, magazinga ketdi. Zev uning qaytishini sabrsizlik bilan kutdi, oradan besh daqiqa oʻtdi, oʻn daqiqa oʻtdi, biroq qiz qaytib kelmadi. Ular zim-ziyo qorongʻilikda shahar tashqarisidagi kimsasiz bir joyda edilar, 15 daqiqa oʻtgach, Zev bezovta boʻla boshladi, churq etmay turgan haydovchi birdan toqati toq boʻlib, soatiga ishora qildi. Zev undan qiz qayerda qoldi, deb soʻradi inglizchada. Haydovchi inglizchani bilmasa-da, lekin savol mazmunini ilgʻadi va imo-ishora bilan qizning ketib qolganini tushuntirdi. Ketgan boʻlsa qaytardir, soʻradi u yana. Yoʻq, dedi haydovchi. Unday boʻlsa, nega bu yerda qaqqayib turibmiz? Zevning kayfiyati tushib ketdi, qanday bema’nilik, dedi u. Haydovchi yelkasini qisib qoʻydi.

Ertasi kuni qizga qoʻngʻiroq qilganda, u yomgʻirdan keyingi osmonday toza va bokira tutdi oʻzini. Zev uni na pul va na aldangani uchun aybladi, birgina «yana qachon koʻrishamiz», deb soʻradi. Qiz tayinli bir kunni aytdi, lekin bu safar tungi klubda uchrashishga kelishdilar.

14

Garchi ular oʻchib ketgan matnga ishora qilishgan boʻlsa-da, na Zev, na rohib Valaamov Kultegin janozasi toʻgʻrisidagi hikoyani davom ettirdi. Shuni qoʻshimcha qilishim kerakki, Abo Yefremning kitoblaridan birida Shahzoda maqbarasining ta’rifini uchratgandim. U toʻrt yuz fut maydonni egallagan xitoycha uslubdagi binodan iborat edi. Asosiy darvozalarning ikki tarafida bir-biriga qaratib qoʻyilgan qoʻchqorlarning marmar haykali qad rostlagan. Ichkariga tomon ketgan tor yoʻlakning oxirida hovuz boʻlib, uning yonida oʻyib yozilgan mashhur tosh bor edi. Bu tosh kattakon marmar toshbaqa ustiga oʻrnatilgandi. Orqa tomondagi maqbaraning oʻzi ham ajoyib me’morchilik uslubi bilan shoh san’at asari kabi koʻrilmishdi. Kul-tegin va uning ayoliga bagʻishlab ishlangan surat va haykallar ibodatxonaning ichki tomonini bezab turardi. Tashqi tomonda muqaddas qadamjoning atrofida Kul-tegin jangu jadallarda oʻldirgan minglab odamlarga oʻrnatilan tosh haykallarni koʻrish mumkin edi...

Biroq Karpini kitobiga yozgan sharhida rohib Valaamov Abulgʻozixon va At-Tohariyni Manixey va Zardushtiylarga oid matnlarni tarjima qilgan allomalar sifatida alohida ta’kidlab oʻtadi. Shuningdek, u xitoy qoʻlyozmalari, jumladan, Gan-mu va boshqalar xususida toʻxtaladiki, koʻplarining nomi esimda qolmagan. Shu yerga kelganda, Abo Yefremning aytishicha, hikoya kutilmagan bir uslubda davom ettiriladi, u «yashirin» degan soʻzni qoʻllaydi bu borada.

15

Men Abulgʻozixonni oʻqigandim, lekin At-Tohariyning «Tazkiratul-gʻaroyibatul-qadim»iga taalluqli hikoyaning boshlanishini topib oldim. Yana qayerda deng, Parijda emas, Fontenblodan koʻchib oʻtganim Bavariyaning Bamberg shahrida. Katolikshunoslik boʻlimida mijozim boʻlmish Luk AQShga ketishidan oldin oʻsha Tazkiraning nusxasini berdi. Bu haqda keyinroq aytib berarman. Avval Kul-tegin azasidan soʻng nima sodir boʻlganidan soʻzlasam. At-Tohariy juda islomiy, badiiy bir yoʻsinda aza hikoyasini quyidagicha davom ettiradi:

«Sakkizinchi kun Bilga-xoqon oʻzining oppoq shohona chodirida barcha mehmonlarini jamlab, ularga hamdardliklari uchun minnatdorchilik bildirdi, soʻng u dono vaziri Tongyuquqqa murojaat qilib dedi:

«Men dunyoning toʻrt burchini ishgʻol qildim, biroq suyumli jigarim Kul-Tegindan judo boʻlganimdan buyon, bu ishdan qoniqish hosil qilmay qoʻydim. Men kurrai zaminda necha oʻlkalarni oʻz tasarrufimga oldim, men makonni qoʻlga kiritdim, lekin zamon tutqich bermadi.

Siz toʻrt tomondan kelgan eng aqlli kishilarsiz, vaqt ustidan qanday qilib gʻalaba qozonish mumkinligini aytishingizni istayman. Bu ishni oʻzingiz boshlab bering. Siz atrofimdagi oʻnta chodirda qolib, yoʻqotish neligini bilmaydigan sirli bir dushman bilan olishgaysiz. Shu tariqa jahonnnig bori donoligini menga bildirgaysiz va men uni abadiy toshlarga oʻyib yozgum...

Dono Tongyuquq chuqurdan chuqur gʻam-anduh ichra jim qoldi...»

Keyinchalik yozmishlarida At-Tohariy Bilga-xonni butparastlikda ayblaydi, Bilga, deb yozadi u, tumanlik va jaholat ichra yashardi, magar u dunyoning turli burchidan janozaga yigʻilganlar - Udar-sengundan kelgan Xitan va Tatabi, Tabgʻachxon nomidan keraksiz oltinu kumush keltirgan Ichi Lyang, Tibetxon tarafdan tashrif buyurgan bulonlarning taqdiri nima kechgani toʻgʻrisida hech narsa demaydi. Orqa tarafdan, gʻarbdagi kunbotardan, Soʻgʻd, Fors va Buxorodan kelganlarning, Nyan-syang xonning oʻgʻli, Turgishxon tarafdan Oʻn-oʻqning oʻgʻillari, tamgʻachilar Makrach va Oʻgʻuz-bilgalarning ahvoli ne kechdi?

U hatto bu kishilarning garovga olinganligi xususida ham lom-mim demaydi.

16

Ba’zan Gumbazli Ibodatxonaga qaragan deraza yonida oʻtirib oʻsha odamlar haqida oʻyga choʻmar ekanman, menga shunday tuyuladiki, ular haqida qancha koʻp ma’lumotga ega boʻlsam, shuncha kam biladiganganga oʻxshayveraman. Odam senga qancha yaqin boʻlsa, uni shuncha yaxshi bilmaysan, deganlari toʻgʻrimi yo? Mana, masalan, oʻzim meni shu turklar bilan ovorai sarson qilib qoʻygan Lukni yaxshi bilamanmi oʻzi? Afsuski yoʻq.

Bambergdagi mehmonxonada Iso Masih haqidagi kitobni oʻqir ekanman, Lukning oilasiga maktub yozishga qaror qildim. U toʻgʻrisidagi eng soʻnggi xabarlarni hisobga olmaganda, balki ular Luk va Zev haqida biror yangi narsa deya olishar. Chunki Lukning taqdiri Zevniki bilan juda oʻxshash boʻlishi ehtimoldan xoli emas.

Oʻshandan keyin, ertasi kuni Zev mehmonxona yaqinidagi tungi klubga boradi. Qizil kiyimdagi kishi uni kutib olib, pastga boshlaydi. Sayohatlarga boy hayotida Zev koʻplab tungi klublarda boʻlgan, lekin bunisi boʻlakcha edi.

Balki xitoycha musiqa, sharqona atir hidi va yoki Shia Changning kutilmaganda qorongʻilik va sirlilik ichra ushbu klubning gʻaroyib egasi kabi paydo boʻlishimi, ishqilib, nimadir uni butunlay esankiratib qoʻyadi. Tomirlarida oqayotgan toza yaqudiy qonmidi yoxud ajnabiyga xos tuygʻumi, uni yaxshisi bu yerga kelmagani ma’qulligini aytib turgan. Shia Chang uni alohida xonaga boshlab kirib, xizmatkorga Xitoy vinosidan keltirishni buyuradi. U «xoʻp» degancha chiqib ketadi. Xizmatkor stolni tuzata boshlar ekan, Zev bir-ikki soʻm puli uchun Shia Changni ayblagani yodiga tushib, ancha xijolat boʻladi. Qiz judayam saxiy boʻlib koʻrinadi unga. Stolga xilma-xil Xitoy meva-sabzavotlari va turli-tuman vinolari qoʻyiladi. Avval qiz iliq soʻzlar aytadi va birga qadah koʻtarishadi. Xitoy vinosi ancha achchiq ekan. Zevning boshi aylanib ketayozdi. «Shu hayhotday joy senga qarashlimi?» - soʻraydi u ovozini koʻtarib. «Yoʻq, men bunda shunchaki bir raqqosaman», - javob beradi qiz. «Xoʻsh, kim uchun raqsga tushasan?» - soʻraydi Zev darhol. «Senga oʻxshaganlar uchun». Bu haqoratmidi yoki ragʻbat? Zev jim qoladi, chunki uning koʻz oʻngida behayo romanlardagi yalangʻoch haqiqat namoyon boʻlgan edi.

17

Bir hafta ichida men Lukning sevgilisidan maktub oldim. Ha, bu hozirgi kunda ham tez-tez uchrab turadi. Men sevgililarni nazarda tutyapman. Buning ustiga, qiz amerikalik leydi boʻlib, ota-bobolari muqaddas gʻordagi Shahzoda ota va ona boʻridan tarqagan turklarnnig eng qadimiy manzilgohlari sanalmish Oltoydan boʻlishgan. Qiz buni faxr bilan yozibdiki, uning sevgilisi izlanish olib borgan xalqlar tarixi bilan qiziqishimdan birmuncha xabari bor edi. Uning yozishicha, afsuski Lukdan hech bir xabar yoʻq, u hali ham ta’qib ostida va garchi Amerika Elchixonasi Xitoy hukumatiga protest bilan murojaat qilgan esa-da, u bilan koʻrishish uchun hech kimga ruxsat berilmayotgan emish. Qiz men bilan uchrashish istagini bildiribdi, chunki ular uchun Lukni hibsga olishlaridan avval u bilan oxirgi marta koʻrishgan inson men edim. Qizga faks yubordim va hafta oʻtib u bilan Nyurnbergda koʻrishdik.

Avval boshdan men oʻzimni aybli seza boshladim, chunki u bilan koʻrishganimiz ondan boshlab, behayolarcha qizni oʻzimga qaratishga urindim. Mening oʻrnimda boshqa kishi boʻlganda ham shunday qilgan boʻlardi: kelishgan jononlar kabi qiz mendan balandroq, haddan ziyod goʻzal va sarvqomat edi. Yana deng, u men bilan koʻrishgani keldi. Ayni paytda men bu qizni malikaday xayol qildim, oʻzim esa soʻlagi oqib yotgan och boʻriday bir alfozda edim. Uyatim ham qolmabdi!

Uyat-e, chunki birdan barcha ishimni unutib, aqlu hushimdan ayrildim, faqat qizga quloq tutarkanman, uning nima deyotganini tushunmay, gʻunchadek lablariga va unga uygʻun ravishda yonib turgan qaroqlariga suqlanib qarab turardim. Hatto qayerda turganimizni ham unutib qoʻyayozibman.

18

Jumladan, men rus rohibi Yerem Valaamovni butunlay yodimdan chiqardim. Ertasiga Fiona (Lukning ma’shuqasi ismi shunday edi) Uygʻuristonga ketmay turib, Luk oʻtkazgan soʻnggi tadqiqot xususida soʻzlar ekan, men bu hikoya Abo Yefrem haqida ekaniligini anglay olmabman. Aslida ham shunday edi. Bu rohib diniy yumush bilan Xitoy va Tibetga yuborilgach, bunda mahalliy rohib bilan tanishadi va uni pravoslav nasroniylikka da’vat etadi. Tenzig Datsaoning (rohibning ismi shunday edi) deyarli Muqaddas Uchlikka e’tiqodini oʻzgartirishga muvaffaq boʻlingan mahalda uning qiyofadoshi qadim kitoblarda oʻqigani bir hikoyani aytib beradi. Bir necha asr burun nasroniy missioneri bu yurtlarga kelib, sodda bir odamni uchratadi va uni Xudo hamda Uning Samoviy saltanatiga ishontira boshlaydi. Sodda kishi Abadiy Hayotga musharraf boʻlganiga bir bahya qolganda, birdan aynib qoladi, chunki, oʻzining aytishicha, nasroniylikda otning sutidan tayyorlangan qimiz ichish ma’n etilgani yodiga tushib qoladi. Men ham oʻshanga oʻxshadim, deydi rohib Tenzig. - Sizning diningizda oʻlganlar ruhini ozod qilishga ruxsat berilmagan. Abo Yefrem bu bilan nima demoqchiligini soʻraganda, u oʻzidagi Muqaddas Kitobni koʻrsatib, undan bir necha oyat oʻqib beradi.

Rohib Yefrem Valaamov oʻzi eshitgan oyatlarning ma’nosiga shu qadar qiziqib qoladiki, hattoki nega bu yurtlarga kelganini-da unutib, rohib Tenzig yordamida oʻsha Muqaddas Kitobni ruschaga oʻgirishga tushadi.

Ushbu hikoyaning Luk bilan bogʻliq tomoni aniq esimda yoʻq boʻlsa-da, kutilmaganda uni oʻzim bilan bogʻliqligini sezdim: goʻyoki mening oʻlik ruhim yangi bir hayotga oʻrlayotganday edi...

19

Harqalay Fiona istagan odam men emas deb oʻylagandim, lekin aksincha men unga kerak boʻlib chiqdim. Buyuk shoirlardan biri yozganidek: «Meni men istagan oʻz suhbatida arjumand etmas, Meni istar kishining suhbatin koʻnglim pisand etmas». Biz Nyurnbergdan Bambergga oʻtishga kelishdik, chunki men unga hoʻv gʻaroyib darvishning Lukka berib yuborgan Zevning kundaligi haqida gapirmoqchiydim. Toʻgʻrisini aysam, bu oʻylab topganim bir tuzoq boʻlib, kundalik daftar sumkamning ichida turgan edi. Shunga qaramay, iloji boricha samimiy tarzda qizni taklif etdim, goʻyoki kundalik men bilanmi-yoʻqmi esimdan chiqarganday edim, biroq, koʻrib turganingizday, niyatim buzuq edi. Esimda, yoshligimizda ogʻaynilarimdan biri kundaligini oʻqishga ruxsat berishini bahona qilib, universitet qizlarini yoʻldan urardi. U birinchi oʻljasini qanday qilib qoʻlga tushirgani voqeasi butun bir hikoyatdir. Qisqasi men ham oʻshanday qilmoqchi boʻldim shekil. Lekin balki men ancha tajribaliroq chiqdim chamasi. Nimaga deysizmi? Mayli, aytib bera qolay. Hali Nyurnbergdaligimda sobiq Iyezuit Instituti Katolik boʻlimida qadimiy qoʻlyozmalar ustida ishlashimda yaqindan yordam bergan ijara uyimnnig xoʻjayini va doʻstim kasalxonaga tushib qoldi deng. Oʻsha kuni u uyimizning kalitini tashlab ketish esidan chiqibdi. Shu bois biz Olmoniyaning chekkaroqdagi eng qadimiy va goʻzal shaharchasidagi zamonaviy me’morchilikning oynasi sanalmish koʻp qavatli kasalxonaga borishga majbur boʻldik.

Bilaman, til imkoniyatim Bambergni tasvirlab berishga ojizlik qiladi, bas, shunday ekan, ufqdagi tepaliklar va Altenberg minorasini naqadar jozibador, gumbazning toʻrt minorasi antiqa, Mishelberg ibodatxonasi biram fusunkor, desam ishonavering. Doʻstim oshqozon kasali bilan ogʻrib yotgan klinikaning oʻn uchinchi qavati oynasidan bu manzara yanada goʻzal koʻrinadi. Biz unga yangi gazetalarni qoldirib, kalitni olib chiqarkanmiz, birdan negadir yuqoriga koʻtarilib, Bambergning kunbotardagi qiyofasini tomosha qilishni taklif qilib qoldim.

Fiona rozi boʻla qoldi va orqamdan yurdi. Yongʻin paytida chiqishga moʻljallangan boʻm-boʻsh zinadan yuqoriga koʻtarilakanmiz, ish vaqti tugaganidanmi yoki bemorlar ovqatlanishayotganidanmi, harqalay atrofda hech kimsa koʻrinmas edi. Eng yuqorigi qavatda men qizga oʻzim yoqtiradigan joyni koʻrsatdim. Biz oynaband devorga yaqin keldik, lekin bir-birimizga yanada yaqin edik, nafasimizdan tiniq oynani ham tuman qopladi, koʻzlarim chaqnab, bir muddat jimlikdan soʻng qizni oʻpishdan boshqa yaxshi narsa topmadim. U qarshilik qilgani yoʻq.

Ayni paytda yelkamga osigʻliq sumkam bilan Fionaga yopishib turganim juda kulgili ekanligini tushundim. Ishongim kelmaydi, nahotki shu ishni qilgan boʻlsam: men uni oʻpdim, koʻkraklarini va uning uchlarini siladim (qoʻpolligim uchun ma’zur tutgaysiz, bu soʻzlarni shunday eshitganman), qoʻllarim yanada nozik joylarga tomon sirgʻalib tushdi, koʻylaklarini yuqoriga koʻtardim, barmoqlarim ishtoni ostida qoldi va nihoyat yelkamdagi sumkamdan qutulishga qaror qildim, uni chetga uloqtirgandim, borib ikki marmar zinaning orasidagi teshikka borib tushdi, biroq pastki qavatdagi hech kim bizni sezmadi. Qizning ishtoni juda tor edi, ayniqsa, ikki oyoqlari orasi. Uning baland boʻyi yana qoʻl keldi, intim a’zolarimiz ayni bir-birining qarshisiga toʻgʻri keldi. Qiz ishtonini pastroqqa tushirishimga ruxsat berdi va men endi oʻzimni mutlaqo tutib turolmadim, uning qaynoq lablaridan aqlimni yoʻqotdim. Yana qaytaraman: shu ishni qilganimga ishonmayapman, lekin klinikaning zinalarida quyoshning soʻnggi nurlari ostida men u bilan qovushganim rost. Biroq bunday gʻayritabiiy sarguzashtdan xursand boʻlishim kerakmi yoki xiyonatkorligim va telbaligim uchun oʻzimni ayblashim lozimmi, mutlaqo bilmasdim.

20

Bilga-xoqonning chodiri atrofida toʻqqiz rangli chodir qad rostladi va dono Tongyuquq qurollangan tilmochlariga ishga kerakli narsalarni tayyorlashni buyurdi. Xitoy qogʻozi va Suriya siyohi, Soʻgʻdiyona shamlari-yu Fors patqalamlari barchasi dunyoning toʻrt burchidan kelgan ajnabiylar uchun taxt qilib qoʻyildi. Oʻz qarashlarini toshlarga oʻyib yozishga odatlangan turklar dono Tongyuquq bilan ajnabiylarning shoshib qolganlarini koʻrib, ularni mazax qilishdi. Shunga qaramay, ish boshlab yuborildi.

Erta azonlab quyosh dashtlik chetidagi Otukan oʻrmoni ustida koʻrina boshlaganda, Forsdan kelgan zardusht ruhoniy Avestodan qoʻshiqlar kuylay boshladi, tibetlik Bulen sirli zikrini aytishga tushdi, Tabgʻach generali Ichi Lyang kunni jangovar san’ati bilan boshladi, Soʻgʻddan kelgan shahzoda oʻtov ichidagi bezaklarga, qayrilma shoxlaru ipak barglarga qarab, chuqur tafakkur qilishga oʻtirdi. Tardush Inonchi Choʻr doʻmbirasini qoʻliga olgandi, butun dashtlik boʻylab shamollarni yodga soluvchi mahzun navolar yangradi, generallar orasidagi birinchi nestoriyalik nasroniy va nestoriyalik nasroniylar orasidagi birinchi general, qilich va oʻq-yoydan boshqasini bilmaydigan Udar-Sengun Iso Masihning qiyofasi boʻlmagan kichik xochga qarab, qoʻllarini bir-biriga qovushtirdi, bu yerga Ibn-Qutaybaning otlarida kelgan Islom dinining yashirin bilimdoni, buxorolik shahzoda Nyang-syang esa Allohga ibodat qilish kerakmi-yoʻqmi bilmay, Konfutsiya an’anasiga sodiq Xitoy Imperatori bundan xabar topishidan qoʻrqib turardi...

Faqat Oʻn-oʻq tamgʻachilari, Makrach va Oʻgʻuzgina Bilga-xoqon va uning tilmochlari buyrugʻiga qaramay, uxlab yotishar, mahalliy shomon Udeghe ularning uyquda uchib yurgan ruhini saqlab turar edi.

21

Asirning tushlari. Oʻtgan kecha Liga suyanganim holda, bir chaqam ham yoʻqligini bilsam-da, bir necha yildan buyon davom etib kelayotgan kechki kurslarim uchun pul toʻlashim kerakligi haqida tush koʻribman. Deyarli yalangʻoch holda edim, ichki kiyimimdan nimadir qidirayotgan koʻrinaman. Otini esimdan chiqarib qoʻyganim oʻgay otamning hovlisiga yaqin eshik qarshisida eshak miyasini yeb turgan telbani uchratdim, u menga hovli egasi doʻkondor ekani va aqldan ozganidan beri kasal holda yotishini aytdi. Men bu telbadan oʻgay otamning ismini soʻrashga or qilib, uni tushungan misoli boshimni qimirlatib qoʻydim. Eshikni ochib, kattakon hovliga koʻzim tushdi, u qishloq sport maydoni yonida ekan, paxsa devor uni ochiq va yonib ketgan maydondan ajratib turardi. Men oʻgay otamni chaqirdim. Hovli toʻrida it emas, naq bir zanjirband sher uygʻonib ketdi. Men orqamga tisarilgandim, biroq sherxon jim boʻlib qoldi. Shu payt eshik ochilib, oʻgay otamning qorasi koʻrindi. Birdan sher emas, balki bir gijinglagan ot zanjirlarini uzib, xuddi tsirk sahnasidagi kabi hovli boʻylab yovvoyilarday chopa boshladi. Oʻgay otam bir baqirgan edi, orqasida oʻgʻli paydo boʻldi. Lekin ot oʻz shijoatidan boshi aylangan darvish kabi telbalarcha yugurardi. Men uning oʻgay otam ovozidan yoqimliroq boʻlgan tuyoq tovushlarini eshitdim. Uni tutmoqchi boʻlib qilingan barcha harakat zoye ketdi, hovlidagi tuproq paxsa devorlardagi chang bilan qorishib, toʻzon bu aqlsiz jonivorning uzun dumi kabi aylanar edi.

Nihoyat, mustang bu halqadan chiqib ketish uchun yetarli kuch toʻplab, birdaniga qoʻshimcha eshik qarshisida menga hujum qilishga qaror qildi. Men darhol himoya holatiga kirdim va oʻng oyogʻimni uning yuziga tomon koʻtargandim, u toʻxtab chunonam bir kishnadiki, xuddi shu payt oʻgay otam uni tutib oldi. U boʻralab soʻkar, «Keyingi safar seniyam mana bu oʻlik eshakka oʻxshab ta’ziringni beraman!» deya jigarrang terisi tuproqqa belanib yotgan eshakka ishora qildi. U mustangni jilovladi va ot oldingi oyoqlariga yotib, boshini tuproqqa qoʻydi. Umrim bino boʻlib bu jilovlangan otning boshidan-da gʻarib bir narsani koʻrgan emasman. Shundan soʻng oʻgay otam oldimga kelib, kutilmaganda menga pul uzatdi: «Ma ol, kechki kurslaringga toʻlarsan». Tavba, pulim yoʻqligini qayerdan bildiykin? Men hech narsa soʻramay, yetarli pulim bor, deya uni qaytarishga tushdim, lekin otam majburlagach, pulni oldim va «Singlimga berib qoʻyarman» deya pichirlagan boʻldim...

Tongga yaqin Li hammayoqni tepib, odatiy karatesini boshladi, qoʻriqchilarimizdan birining muzday suvning ustimizdan sepib yuborganidan, mening uyqum ham buzilib ketdi. Tomas Sterns Elliot aytganiday: «Odam sharpasi kelmay uygʻoting, soʻng choʻkaylik»...

22

Oʻtgan davr ichida kashf etganim shu boʻldiki, asirga tushish kurortda dam olgan bilan bab-barobar ekan. Men tushlar nuqtai nazaridan aytyapman. Qancha koʻp rohatlansangiz, shuncha uzoq oʻtmishdagi xotirotlar tushingizda namoyon boʻladi. Yashab turgan kuningizni-da tamoman unutib qoʻyasiz - goʻyoki ruhingizdagi eng yashirin tugunlarni yechib yuboradigan chuqur bir kechmishlar ichiga shoʻngʻiganday boʻlasiz. Harqalay, menda shunday kechdi.

Men Bambergda Fiona bilan qilgan gunohimni esladim. U bilan koʻchalar va yoʻllar boʻylab aksimizni goh doʻkon oynalarida, goh daryolarda koʻrgancha piyoda yurganimiz, hayotning oʻzi kabi noaniq mavzularda suhbat qurganimiz, tez orada Zevning akasi ikki oycha arxeologiya muzeyi a’zosi sifatida yashab turgan Kot-d-Azur tomondagi Antibsga kelib qolganimiz yodimga bir-bir kela boshladi. Tushimga nima kirganini anglay olmasdim: qumli plyajlar, issiq dengiz, arzon va mazali restoranlar, Avliyo-Margaret va Avliyo-Honore deb atalmish yovvoyi orollarga sayohatimiz, yoxud jazirama tunlardagi tong va muhabbat oraligʻidagi orzularim, quyosh tigʻida chang va issiq tuproq kechgan bolalik yillarim, yoxud balki Noam har ikkimizga aytib bergan tarixiy rivoyatlar, Fiona haqidagi xotiralar...

Aka-ukalar oʻzlarining birodarliklari haqida bolalikdan boʻlak nimayam bilishardi? Opa-singillar-chi? Deyarli hech nima. Biz Noamga ukasininig kundaligi haqida ogʻiz ochmadik. U Zev oshqozon kasalidan chet elda vafot etgan deb yurarkan. Lekin mutaxassis sifatida u bizga shunday bir narsani soʻzlab berdiki, bu Zevning butun kundaligidan ham qimmatliroq edi.

23

«Alovuddin» restoranida u bizga talabalik yillari haqida gapirib berdi. Oʻsha paytlarda u Quddusda emas, balki Leningradda yashar, ismi ham yashirincha Noam emas, oddiygina Nikita edi. Shuningdek, u Zev bilan qondosh boʻlgan. Otasi rus edi, shu bois uning asrlar osha sayqallashgan, qadimiy yahudiy qoni alal-oqibat rus qoniga aralashib ketgan va bu Noam hayotidagi barcha muammolarning sababchisiga aylandi. Arxeologiya institutining beshinchi kursida ular yozgi amaliy dala ishini Mongoliya dashtlarida oʻn-oʻq urugʻiga qarashli qadimgi kishilarning qoʻrgʻonini kavlash bilan oʻtkazishadi. U odamlarning jangovar tabiatini hisobga oladigan boʻlsak, qabilaning bunday nomlanishi u qadar ajablanarli emas. Oʻn oʻq boʻlsa boʻpti-da. Garchi Nikitka maqtanchoqligini tan olsa-da, biz uning uyatchanligini bilardik. U darhol mavzuni yigirma yil avvalgi Quddus voqealariga oʻzgartirdi. U oʻsha joyda topib olgan qoʻlyozma bilan tilla shoxni oʻgʻirladi. Shox-ku bir navi, lekin u qoʻlyozmaning na bahosi va na ma’nosini bilardi, magar u bir kunmas bir kun ushbu qoʻlyozma qaysidir institut javonlarida sargʻayib yotmasdan, oʻz oʻrnini topajagini ich-ichidan his qilardi.

Lekin Nikita hozircha faqat tilla shoxni qanday qilib sotish haqida bosh qotirar va nihoyat ba’zi oʻrtachi kishilar orqali uni Leningraddagi bir arab konsuliga sotishga muvaffaq boʻladi. Faqat Isroilga koʻchishga ruxsat berilgandan soʻnggina, u qimmatbaho qoʻlyozmani qayta esga oldi va uni oʻrganishga kirishdi. Buning natijasida qilgan kashfiyoti qogʻozning materiali bahosidan ming karra qimmatliroq boʻlib chiqdi. Ushbu qogʻozda Alloh Sinoyda Muso alayhissalomga yuborgan Oʻn Buyruqning nusxasi bor edi. Bu Oʻn-Oʻq qabilasi deya nomlanuvchi insonlar tarixida mutlaqo yangi bir sahifa ochdi.

Professor Noam Shatskiy oʻsha qabilaning nomi Oʻn-Oʻq emas, balki Oʻn Ahd ekanini isbot etdi.

24

Bu kashfiyot Zevni usmonli turklar madaniyati haqidagi izlanishlarini toʻxtatib, qadimgi turklarni oʻrganishga ruhlantirdi. Shularni aytar ekan, Noam Quddusda koʻrsatishga arzigulik boshqa narsalar ham borligiga ishora qildi va ishbilarmon odam sifatida darhol ikkimizni ikki oyga «Turfa dinlar Anjumani»ga taklif qildi. Men dabdurustdan rozi boʻlishdan tiyilib turar, chunki sezishimcha, u mening ishimdan koʻra Fionaga koʻproq qiziqib qolgandi. Fiona esa darhol rozi boʻldi. Birdan kayfim uchib ketdi, ancha oʻzimni yoʻqotib qoʻyayozdim: mening rashkim kelar, lekin bu rashk boshqa birovning yori uchun edi. Odam qariganda sharoitga nechogʻli tez koʻnikishi mumkinligi ajablanarli emasmi? Bir oy avval oʻlim bilan olishib yuruvdim, hozir esa Fionani Quddusga bormaslikka qanday koʻndirish mumkinligini oʻylayapman va bunga faqat Noam ham qizga yoqib qoldi shekil, deya oʻylayotganim sababdir.

Keyinroq arzon «Tropiko» mehmonxonasidagi bir kishilik xonamizda men qizga Zevning kundaligidagi quyidagi parchani koʻrsatdim:

«Biz uzoq muddat xitoycha musiqa joʻrligida vino ichib oʻtirardik. Shia Chang bilan birga oʻtkzayotgan vaqtim ancha huzurbaxsh edi. Lekin birdan qizil kuylakli ofitsiant oldimizga kelib, xonimning qulogʻiga nimadir deya pichirladi. Xonim xitoycha javob berarkan, uzr soʻrab, bir muddatga meni tark etishini aytdi. Men uni qancha kutish lozim boʻlsa, shuncha kutishga tayyorligimni bildirdim. Biroq yarim soatdayoq zerika boshladim. Meni yolgʻiz qoʻyishgani yoʻq: qizil kuylakli ofitsiant har daqiqa biror nima kerakmi, deya moʻralab turdi. Bir safar men uning ismini soʻradim. U Shia Changning ukasi ekanini aytdi. Undan muloyimlik bilan qizning qayerga ketganini soʻraganimda, u ayni paytda qizning boshqa mijoz oldiga ketganini aytdi. Hushim uchib ketdi. Yoʻq, bu yigitning odatiy yoʻsinda gapirayotganidan emas, balki ayni paytda tushunishni istamayotganim narsani anglaganimdan shu holga tushdim. Shia Chang chindan ham fohisha ekan! Men esa u bilan ishqiy oʻyinlarga berilib ketibman... Naqadar bachkana voqea!

25

Bunga javoban Fiona menga Luk haqida gapirib berdi. Umuman olganda, uning Koʻk Turklari bilan qiziqishi qoʻlyozmalar boisidan emas, balki faqatgina oʻsha turklarning deyarli barcha dinlarga e’tiqod qilganlari sababidan edi. Luk turli dinlarni solishtirar ekan, ular avvalo tilni, keyincha insonning mentalitetini oʻzgartirishi faktini aniqlashga harakat qildi. Uning fikriga yoki oʻzi aytganiday, «nazariya»siga koʻra, dunyoda yahudiy va arablar kabi «Xudo tanlab olgan» xalqlar bor. Alloh ular bilan bevosita gaplashaveradi. Qolganlar esa boshqalarning yoʻl-yoʻrigʻiga «Xudo unut» tillari-yu oʻy-fikrlarini moslashtirishlari lozim. U bu nazariyani deyarli barcha dinlarga e’tiqod qilgan qadimgi turklar misolida isbotlashga qaror qildi. Turfa dinlarning «zugʻumi» ostida xalqlarning tili qanchalik oʻzgarganini solishtirish maqsadida ishni turli muqaddas matnlarning qadimgi turkiycha tarjimalarini toʻplashdan boshladi. Bu borada islom, nasroniy, buddist, Manixey va shamanizmga oid matnlarning inglizchasini osongina topdi-yu, biroq uning maqsadi bu matnlarni asl turkiydagi muqobillari bilan solishtirishdan iborat edi. Shu tariqa bir necha yilni qadimgi turkchani oʻrganishga sarfladi. Ular bir-biri bilan tanishishdi. Fionaning ota-bobolari oltoylik boʻlib, u Lukka buvisidan qolgan juda koʻp naqllarni aytib berar va fursati bilan Luk yoʻliqqan asosiy muammolarni ta’kidlab oʻtardi. Luk taqqoslash asoslarini yaxshi bilmasdi. Barcha muqaddas matnlar qachonlardir tarjima qilingandi. Magar muqaddas turk tilining «tabiiy», «neytral» holati qanday ekanini Luk bilolmadi.

Qizning ertak va afsonalari ta’siri oʻlaroq, u shuni kashf qildiki, qadimgi turklarning qadim Xudosi - Tangriga e’tiqod qiluvchi bir qatlam mavjud boʻlgan. Shundan keyin u asta-sekin Tangri degan soʻz bor qoʻlyozmalarni izlashga tushdi. Shu yoʻsinda men uni uchratib qoldim.

Fiona menga Angʻiz Yer toʻgʻrisida gapirib berdi, u Moviy Samo Insoniyat Oʻgʻlonlariga nimadir berganini aytgandi (men buning neligini unutib qoʻydim), qisqa qilib aytganda, bu bizning oʻzaro munosabatimizda xuddi Noamga oʻxshash bir nimadir edi va shu bois men chalgʻib ketdim...

Oʻsha payt men na Oʻlik Shahardagi darvish va na Urumchida qoldirganim plyonka haqida unga soʻzladim, lekin shuni his qildimki, biz ayni paytda Luk bilan bir tomonda edik. Moviy samo yorqin quyoshga ham, qora bulutga ham birday taalluqli boʻlganiday, Luk nomidan mening rashkim kelib turardi.

26

«Pokiza jannatiy tartib ilmlari ichida mavjud ekanmiz, biz - ikki asosiy va uch oʻzgaruvchan qoidalar - jannatiy borliqning yorqin asosini va doʻxaxning zim-ziyo tubini bilamiz. Hali osmon va yer mavjud boʻlmagan vaqtda, nima boʻlgan deya, soʻrarkanmiz, rahmoniy va shaytoniy kuchlarning nima sababdan toʻqnash kelganini, yorugʻlik va zimiston kuchlarining uchrashganini, yorugʻlik va qorongʻulik qanday qilib bir-biridan ajratilganini va undan keyin nima boʻlganini bilardik...»

Soʻgʻdning Manixey Shahzodasi ushbu parchani Berke tilmochga tushuntiraman deb qiynalib ketdi. Umri bino boʻlib Berke ikki bora Xurosonni ishgʻol qilishga borgandi va garchi u maqsadiga erisholmagan boʻlsa ham, bir qancha asirlarni qul qilib oladiki, ularning bari Otukanga borishdagi uzoq yoʻlda halok boʻlishadi. Shu boisdan Berke Soʻgʻd Shahzodasining eng yaxshi tilmochi sanalardi. U bir necha yuz soʻgʻdcha soʻzlarni bilar, lekin Mani dinining hamma uchun ham tushunarli boʻlmagan bezakli yozuvlari mazmunini unga tushuntirib berish oson ish emasdi. Yorugʻlik va qorongʻulik oʻrtasidagi munosabatni unga qanday qilib tushuntirsa boʻladi? Shahzoda Mani diniga e’tiqod qiluvchilarning ibodatnomasi «Huastuanift»ning eng oson parchasini toʻgʻri tarjima qilganiga unchalik ishonmayotgandi, shuning uchun undan qayta-qayta oʻgirishni soʻrayverdi.

Berkening bunga sabri chidamadi, jahli chiqdi, lekin u Bilga-xoqon va uning farosatli maslahatchisi Tongyuquqning dunyodagi eng aqlli soʻzlarni huzurimga keltiring, degan buyrugʻini bajarishi lozim edi. Muloyimligi uni ushbu la’nati soʻzni qayta tarjima qilishga majbur qildi, yoʻqsa, bu yigit bir qilich zarbi bilan boshini tanasidan judo qilishi hech gapmas. U «Tangri» dedi va osmonga ishora qildi, «arigʻ» deya odam qanday qilib qoʻl yuvishini namoyish etdi, soʻngra oʻsha soʻzlarni qaytarib, ularning birgalikda qoʻllanishi, ya’ni Allohning pokligi ma’nosini aytdi. Shundan keyin u eski asirlarining biridan ilib olgan yana bir soʻzni aytdi - «nomugʻ» - «buyruq». Ushbu soʻz Shahzoda tushuna oladigan va rohat qiladigan yagona soʻz edi. «Men bilaman» - dedi Berke soʻgʻdchada. «Biz bilamiz» deya toʻgʻirladi uni Shahzoda. Berke uni tushundi, boshini qimirlatib, oʻz tilida nimadir dedi, lekin Shahzoda Berkening «Biz bilamiz» dedimi yoki Shahzodaga ishora qilib «Siz bilasiz» dedimi, tushunmay qoldi. Shahzoda ikki bora ularning hammalari bilishiga ishora qildi va Bilga-xon va Tongyuquqning nomlarini eslatdi. Berke esa yana boshini qimirlatdi - Xudo biladi nega - va soʻgʻd tilida «Yashasin» dedi. Shahzoda hozirgina eshitgani barcha soʻzlarning ma’nosini chaqishga urindi. Berke uni xursand qilishga va bu qurgur mashgʻulotni tezroq tugatishga intildi, qaniydi hozirning oʻzida ochiq sahroga, boshi oqqan tomonga qochib qutula qolsaydi...

Bu kabi har xil oʻylar qurshovida ikkilari ham Oʻn-oʻq qabilasidan boʻlgan Makrach va Oʻgʻuz-Bilganing xoxolab kulayotganini eshitishdi...

27

Fiona haqida oʻylash uchun vaqtim yetarli edi. U aqlliligi bilan boshqa ayollardan farq qilardi. Men oʻzimni ayolga oʻch odam deb hisoblashlarini istamayman, lekin nimani nazarda tutayotganimni tushuntirib bersam, meni tushunasiz, deb oʻylayman. Turk urugʻlaridan tashqari Fionaning oʻtmishda nemislarga bogʻliq jihati ham boʻlib, yo bobosi, yo otasi nemis boʻlgan. U falsafiy tafakkurni - men bilgan ayollar orasida kam uchraydigan ochiqlilik, samimiylikni meros qilib olgandi. Ha, menimcha, ayollarning asosiy kuchi aqllilikda emas va Fiona turklarga xos yovvoyiligi bois bunday toifa yaralmishlarning eng yaxshi va muloyim bir namunasi edi. Faqat, avval aytganimday, men uni sevishdan emas, balki suqrotona suhbatlar qurib oʻtirishdan koʻproq zavq olardim. U menga koʻp narsani oʻrgatdi. Masalan, ovchi va uning oʻljasi nazariyasini olaylik. U Lukni ovchi, oʻzini esa hayvon boʻlganini aytadi. Luk hayotida bir narsani: oʻz oʻljasini kerakli mahal va ayni joyida ushlashni yaxshi koʻrardi. Fiona ham har doim u yerda boʻlardi. Lekin otishdan avvalgi ayni soʻnggi lahzada doimo oʻqqa uchmaslikning uddasidan chiqar va ovchi uni boshqa joy va vaqtda yana moʻljalga olishga urinib koʻrardi...

Hozir esa Fiona uni poylab yuribdi. U menga butunlay boshqa bir hikoyani soʻzlab berdi. Biz Kann yaqinidagi Avliyo Margaret orolidagi archa boʻylari anqib turgan oʻrmonda sayr qilib yurardik, birdan u qabrtoshiga oʻtirib, oʻrxun yozuvlarini qanday qilib oʻqishganini bilish-bilmasligimni soʻradi.

«Rohib Yefrem Valaamovning doʻsti rus sayyohi Yadrinsev oʻrxun toshlarini topganda, niderlandiyalik tilshunos Vilgelm Tomson («Men uni bilaman!») ularni suratga olib, xitoycha varianti bilan solishtirib koʻrdi va undagi oʻziga xosliklarni oʻrgana boshladi. Eng avval u Oʻrxun toshi 38 ta qaytariladigan turli xil harflardan iboratligini aniqladi. Keyin u bu alifboda unli harflar bormi-yoʻqligi, agar bor boʻlsa, ularning qaysi ekanligi ustida ish olib bordi. Uning fikricha, masalan, «x-u-x» undosh-unli-undosh ketma-ketligi boʻlishi mumkin yoki aksincha. Shu tarzda u boshqa tilshunoslik qoidasiga koʻra unli tovush ekanini bildiruvchi bir necha belgilarni topdi. Shu bilan bir qatorda u bu unlilarning turli undoshlar bilan bogʻlanish yoʻllarini izlay boshladi. U topgan qoidalar izlayotgan tilida unlilar uygʻunligi mavjud ekaniga ishonch hosil qildirdi. Matndagi eng koʻp qaytariladigan soʻzlarni tahlil qilar ekan, ulardan biri ikki unlili soʻz ekanini aniqladi, bu «Tangri» degan soʻz edi. Ikkinchi eng koʻp ishlatilgan va xitoychaga asliga yaqin qilib tarjima qilingan soʻz «Kyuyeh-ti-kin» boʻlib, uzoq va ogʻir mehnatdan soʻng Vilgelm Tomson buning haqiqiy nomini aniqladi: «Kul-Tegin» yoxud Farovonlik Shahzodasi. Ushbu soʻzlar koʻp foydalanilgan uchinchi bir soʻzni oʻqish imkonini berdi: «Turk». Shunday qilib, «Tangri», «Kul-Tegin» va «Turk» soʻzlari toshdagi oʻqilgan birinchi soʻzlar boʻldi. Qandaydir ramziy ma’no borga oʻxshamayaptimi?»

Fiona hikoyasini toʻxtatib, jilmaygancha dedi: «Ba’zida shunday tuyuladiki, goʻyoki men ham bir unli tovushman va hayot meni qorongʻu undoshlar ichiga puflab turadi»...

28

Bu Tomsonning sharhi toʻgʻrisidagi hikoyaning soʻnggi emas edi. Fionaning gapiga qaraganda, Abo Yefrem - Yadrinsev sharhning qiyosiy usulini tanqid qilgan. U Kul-teginga bagʻishlangan bir xil toshdgi turkiy va xitoycha matnlarning boshlanishini birlashtirdi. Fiona yon daftarchasini olib, quyidagilarni oʻqidi:

«Yuqorida moviy osmon va quyida qoʻngʻir yer yaratilgach, ularning oʻrtasida inson bolasi vujudga keldi».

Endi xitoycha muqobilini eshiting:

«Oh, osmon buncha moviy! Sening himoyangda boʻlmagan hech bir narsa yoʻq! Osmon va insonlar ularning orasiga qoʻyilgan va koinot bir jinslidir...»

Ikkimiz ham birdaniga xoxolab yubordik. Boshimiz ustidagi qushlar bir choʻchib tushib, gʻalati ovoz chiqargancha qorongʻu daraxtzor tomon uchib ketdi.

29

Tan olishim kerak, Fiona yaqin kunlardagi hayotimning asosiy va eng iliq xotirasi boʻlib qoldi men uchun. Bir-birimiz bilan qanchalik oson topishgan boʻlsak, bir-birimizni shunchalik tez yoʻqotib ham qoʻydik. Aniqrogʻi, men uni yoʻqotdim.

Hammasi aniq, men bu yerda har bir narsani aniqlashga, tartibga tushirishga va barcha narsadan mantiq qidirishga urinmoqdaman, ayniqsa, oʻylash uchun fursat boʻlganda, yana shuni angladimki, hayot u qadar oʻtkinchi narsa ham emas ekan. U loyga oʻxshab, istagan shaklga kira oladi. Kunlarning birida ertalab uygʻonib qarasam, yonimda Fiona yoʻq. Miyamga kelgan birinchi fikr shu boʻldi: u Xitoyda Lukni tashlab ketganiday, meni ham hech bir ogohlantirishsiz qoldirib ketavergan. Dominik - biz turgan mehmonxona xoʻjayini qoʻli bilan ishora qilib «Xonim juda erta chiqib ketdi» dedi. Vahima qilganim yoʻq. Antibga bordim, shumshayib qolganday Pikasso muzeyida ancha vaqtimni oʻtkazdim, kimsasiz qirgʻoqqa bordim, lekin koʻnglim qaytarib boʻlmas nimadir sodir boʻlganligini sezardi. Odatga koʻra, tushlikka ikkimizga ham yoqib qolgan moʻ’jazgina «La kote a l-os» restoraniga keldim, bizni tanib qolgan ofitsiant «chiroyli xonim tez orada keladimi» deya soʻragandi, unga javoban qizil vinodan koʻproq keltirishni iltimos qildim...

U oʻzi rejalashtirib yurgani - Monakoga ketib qolgan, deya ishonishga urindim, aqalli u Noam bilan birga boʻlishi kerak, biroq vaqt oʻtaverardi, undan esa darak boʻlmadi. Kot d-Azurda yangidan-yangi bahonalar axtarib yana ikki kun qoldim: u Lukning sevgilisi boʻlgan, u mendan uzunroq edi va ikkimiz turganimizda juda kulgili tuyulardi, unda Noamga nisbatan «simpatiya» uygʻondi, bundan buyon gunohim kamroq boʻlar, va hokazolarni oʻylab tashladim. Birdan, bor pulimni ishlatib boʻlganim esimga tushdi va hech bir umidsiz, yoʻlovchi mashinalarda sayohat qilib, Bambergga qaytdim. Fiona aytganiday, uchar unlilarning shaffofligisiz, loyga qorishgan undoshlar kabi borardim...

30

Men hamma narsaning bir sababi bor-ku, deya oʻylashga oʻrganganman. Agar yor tashlab kesa, drama boshlanishi kerak edi, biroq mening holatimda bunday boʻlmadi, balki bu vaqtning belgisidir: u qayerga kelishni xohlasa kelardi, kimni tashlab ketishni istasa, tashlab ketaverardi. Ikki oy burun usiz yolgʻiz, oʻzim bilan oʻzim ovvorai sarson edim. Ikki oy oʻtib esa yana oʻsha holga tushdim, yana biror narsa qoʻshiladimi, kamayadimi, mutlaqo bexabar ekanman. Alal-oqibat, bir paytning oʻzida oʻsha nimadir qoʻshildi va yana koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Avvalgi ishimni davom ettirishga urinib koʻrdim: Fionadan qolgan qogʻozlardan Valaamov, At-Tohariy haqida oʻqidim, faqat gʻalati taqdirimga sababchi boʻlgan, deya Zevning kundaligiga tekkanim yoʻq. Ammo, asosan, urinishlarim yaqin kunlardagi hayotimning muhofazasiga qaratilgandi. Bu orada Olmoniya va Fransiyadagi turli tarjima va sayyohlik kompaniyalariga oʻzimning Osiyoning uzoq oʻlkalari boʻylab olib yurish va tanishtirish boʻyicha tajriba va malakalarimni taklif qilib maktublar yozdim. Doimo nima bilandir band boʻlishga intildim. Balki siz «sinish»ning ma’nosini bilmassiz, men goʻyo uzlatga chekiinayotganday edim. Hatto ob-havo ham menga qarshiday: yogʻayotgan yomgʻir ostimga, yoʻq, ustimga, yanayam aniqrogʻi, vujudimni kesib yogʻardi. «Yomgʻir shaharga emas, koʻnglimga yogʻmoqda» deya uning eski manziliga maktublar bitdim, telefonini topishga urindim, lekin hech biri samara bermadi: u jismu borligʻimdan butunlay gʻoyib boʻlib ketdi.

31

Qitanlik Udar-sengun, birinchi Nestoriya generali, boshqa diplomatik-diniy asirlarga nisbatan yaxshiroq sharoitda yashardi. Gap shunda ediki, marhum Shahzoda Kul-Teginnnig benihoya goʻzal xotini Koʻrk-xotin nasroniy dinining ishqibozi edi. Uzoq yillar avval otasining oʻtov-qasrida yoshgina shoh qizi boʻlib yurgan kunlarda bir armani rohibni koʻrgan, u tilla bilan tikilgan uzun kuylak, qimmatbaho toshlar va tovus pati bilan bezatilgan gʻaroyib toj kiyib olgandi. Rohibning bir qoʻlida ogʻir tilla xoch va ikkinchisida atir toʻldirilgan idish bor edi. Qiz otasining oldida rohib ijro etgan rangin va mungli qoʻshiqlardan shu qadar ta’sirlanganki, ertasigayoq otasidan u bilan koʻrishishga ruxsat olgan. Qiz rohibning kulbasiga biri bogʻdan, biri togʻdan keladigan savollarini ularning beoʻxshov qoʻpol tillariga tarjima qilib beradigan tilmoch bilan qoʻshib joʻnatiladi. U Bibi Maryam va uning odamlar uchun azob chekkan, bir kun qasos uchun qaytib keladigan oʻgʻli haqidagi eng yaxshi hikoyalarni aytib beradi. Garchi Koʻrk xotin Bibi Maryam haqidagi gaplarni toʻliq tushunmasa ham, lekin uning bir kun qaytib keladigan qutqaruvchi oʻgʻli sahroviy koʻnglini ishgʻol qilib olgandi. Tez orada botir Shahzoda Kul-Tegin nomidan oʻz otasi oldiga qizining qoʻlini soʻrab sovchilar kelganda, chin oshiq koʻngli bilan oʻsha qutqaruvchi oʻgʻildan sovchi kelganiga ishondi.

Magar endi oʻz Qutqaruvchisidan ayrilgach, u qandaydir moʻ’jiza yuz berishini kutar, bu goʻyo haligi armani rohibning qovushmagan tilmoch orqali unga va’da berganiga oʻxshardi. Shu bois u bir xizmatkorini nasroniylikda qanday yangi narsa kutilayotgani toʻgʻrisida biror narsa bilib kelish uchun Udar-sengunning oldiga yuboradi.

General juda yaxshi, biroq murakkab bir sharoitda edi. Aslida, xudojoʻyligini hisobga olmaganda, u haqiqiy nasroniy emasdi. Baxt unga kulib boqdi, chunki Qitan armiyasining masihiy gʻoyalarga boy boʻlgan boshligʻi agar hokimiyatni qoʻlga kiritishsa, oʻz oʻrniga uni tayinlashga va’da berdi. Lekin botir va aqlli jangari Udar-sengun hamma narsa uning foydasiga oʻzgarib ketganini sezdi. Yagona muammo kuchlarni bir joyga toʻplash va ularni muhim yoʻnalishga solishdan iborat edi. U Koʻrk-xotinga oʻzi yuborgan xizmatkor orqali xabar joʻnatib, Injilning nusxasi kerakligini, uni koʻk turklarining kattakon saltanati chegarasida biror rohibgohning armani rohibidan olish mumkinligini ilova qilib yubordi. Qolgan ishni oʻz zimmasiga oldi.

32

Li oz-moz fransuzcha bilardi. Umuman olganda, ular bir-birimiz bilan suhbatlashishga ruxsat berishmasdi, lekin janoza va undan oldingi qonxoʻrlikdan keyin oʻzlarini bizga yaqin olib, iliq munosabatda boʻla boshlashdi. «Endi bizning taqdirimiz - bu sizning taqdiringiz» dedi kunlarning birida jangarilar komandiri, Li ikkovimiz esa bu gapning ma’nosini chaqishga urindik. Yo ularga nima boʻlsa, bizga ham oʻsha boʻladi, yo ular ham biz kabi asir boʻladilar. Harqalay, endi bizni ilgarigiday qattiq qoʻriqlamaydigan boʻlishdi, balki bizning qochishimizdan naf yoʻq, hukumat tinimsiz ravishda havo kuchlari bilan zarba berib turgan boʻlsa, bunday sharoitda qochish asir oʻtirishdan ham xavfli deb oʻylashgan. Biz birga shaxmat oʻynashimiz, suhbat qurishimiz mumkin edi, lekin bunda tansoqchilarimizga fikrimizni sinxronik tarjima vositasida tushuntirardik. Ikkimiz ham sharoitdami yo komandirlar tafakkuridami, qandaydir bir noxush narsani sezganday boʻldik. Umrimiz kutish bilan oʻtdi. Shukrki, vaqti-vaqti bilan boʻlib turadigan bombardimonlardan boshqa narsa sodir boʻlgani yoʻq. Faqat komandir oʻzlarining avvalgi va hozirgi yurishlarining barcha bayonnomasini ingliz va xitoy tillariga tarjima qilishni iltimos qilgani yomon boʻldi. Ular bizga qalin daftarlarni tutqazishdi, ularda meteorolog boʻlgan salaflarimizning havoning darajasi va muzliklar holati boʻyicha kuzatuvlari aks etgan. Men bu yozuvlarni tarjima qilarkanman, ular avvalgi yozuvlar kabi qisqartirilgan holda boʻlishi kerak edi, shu bois nomlar ham bosh harf bilan yozilmagan. Li fransuzchada ancha muvaffaqiyatga erishib, ba’zi soʻzlarnnig ma’nosini mendan soʻrardi. Oʻzimni ikki karra asirday his qila boshladim: birinchisi - jangarilar asiri, ikkinchisi - Lining yaxshi niyatlari asiri.

33

Rostini aysam, Fiona hayotimni ostin-ustun qilib tashladi. Uni deb tashlab ketgan toʻgaraklarimga ham borolmay qoldim. Bu dunyoda nima ham qilardim? Hatto eslashga ham madorim yoʻq. Oʻlimga mahkum qilinganligim toʻgʻrisidagi faktning ham ahamiyati qolmadi. Kim? Nima? Qachon? Qayerda? Nega? Bema’ni savollar. Quduqqa zinama-zina tushib borayotgan kishini xayolingizga keltiring, u yo hayot manbaiga duch keladi, yo oʻzining qora aksiga. Bir qalqisa, bu chuqur va qorongʻu suvga yumalab tushadi. Men ham shunday boʻlib qoldim. Har qadamimni esga olishga urindim: Luk-darvish-Zev-Valaamov-At-Tohariy-noaniqlik...va Fiona. Hofiz yozganidek: «Ki ishq oson namud avval vale aftod mushkilho...» Hayotimning oxiri va yangi muqaddimasi. Boshimga avvalgidan-da battar noxushliklar yogʻdirayotgandayman, balki oʻlimga mahkumlik degani shudir va u allaqachon amalga oshirib boʻlingan balki?!

34

Quduq ichidagi Yusuf haqidagi hikoyani, hoynahoy, eshitgansiz. Oʻtkinchi yoʻlovchilar uni Misrda qul qilib sotish uchun suvidish bilan birga quduqdan tortib olishadi. Quduqdagi kishandan qullikdagi kishanga. Shunga oʻxshab, «AMIP Olimpia» degan bir fransuz firmasi meni sobiq sovet Markaziy Osiyosida s’yomka qilishni moʻljallayotgan kino guruhiga ekskursovodlikka taklif etdi. Bu paytda Fiona bergan qogʻozlarning yarmini oʻqib boʻlgan, fikrlar qurshovida aqldan ozay deb qolgan edim. Shu bois, ozroq moliyaviy tomonni oʻylab, koʻproq oʻzimni asrab qolish maqsadida bu ishga rozi boʻldim.

Ishimiz haqida koʻp vaysab oʻtirmayman, u odatiy bir narsa edi: bir jazoirlik yoki pokistonlik koʻzoynakli rejissyor oʻz boshliqlarini turli madaniyatga taaluqli odamlar guruhini, xudo biladi, qayoqqadir yuborishga koʻndiradi. Buning sababi uning cheksiz nafsi yoki ba’zi noaniq oilaviy mojarolar, ya’ni ularning ota-bobolari eng katta qit’aning qoq oʻrtasidan kelganlari haqidagi masalaga borib taqalardi...

Va ularning ishlagan filmlari: gitaraga oʻxshagan cholgʻu asboblari bilan buzib talqin etilgan sharqona musiqa, islomiy did va gʻarbona kelajak, nasihat va ertak... va da’vo, da’vo, da’vo... Toʻgʻrisini aysam, bunaqa yangilik-pangilikka hecham hushim yoʻq, agar pul uchun boʻlmaganda, oʻrislar aytganiday, bundaylar bilan keng dalada hojat uchun ham birga oʻtirmagan boʻlardim. Ular goʻshingni qiyma-qiyma, suyagingni mayda-mayda qiladi, qoningni tomchi-tomchilab ichadi va nihoyat kulingni bir qoshiqqa olib, butun dunyo boʻylab yangilik sifatida yoyib yuradi... Yuragimning urishi ularning zilzilasidan ming karra qadrliroq men uchun. Keling unutaylik shularni.

Sizga tasvirlab bermoqchi boʻlganim bu kuzgi sahro: yelkalarida zil-zambil osmonni koʻtarib turgan shamolli cheksiz yer yuzasi. Boshqa hech narsa. Va bu ikki vertikallikni bir-biri bilan bogʻlab turgan yagona narsa - Inson bolasi. Hayotimda birinchi bor koʻngil va fikrga mos ikki boʻshliq qanday qilib bu qadar shirin yolgʻizlikni keltirib chiqara olganligini his etdim. Yoʻqlik. Keraksizlik. Ovvorai sarsonlik va ruhning shamoli...

35

Dono Tongyuquq dashtning oʻrtasida umrining 86 kuzida turib edi. Quyosh ufqda soʻnib borar, qizgʻishlikning soʻnggi tilchalarigina qolgan edi. Hayot shunday kechardi. U vaqtdan yutdimi-yoʻqmi, baribir hayot oxirlab borardi. Koʻk Turklari unga «Tulki ovchisi» deb laqab qoʻyib olishgandi, chunki u eng aqlli va ayyor dushmandan ham oqilroq va uddaburroroq edi. Turklarning Koʻk Turklari deya nom qozonishlariga ham u sababchi boʻlgan. U Xitoyda tugʻilgan va shu yerda katta boʻlgan. Shu bois u Oʻrta Qirollikning urf-odatlarini, yashash tarzini hammadan yaxshi bilardi. U nafaqat mamlakat, balki har bir fuqaro chegarasini ham qoyilmaqom oʻzlashtirgandi. Magar Tongyuquqning sahroviy qoni endi bularga befarqday edi. Uning chegarasi ufqdan pastga ogʻgan, hayot yoʻli betoʻxtov va uning oʻzi musaffolik keltiruvchi sahro shamoliday barchaga birday ochiq edi.

Turklar oʻzlarining oʻldirilgani, vayron etilgani, deyarli yoʻq qilib yuborilayozganini unutmadilarmi? Ulardan soʻnggi yetti yuz kishi oʻrmonlarda tentirab yurganida, mana shu Dono Tongyuquq ularni birlashtirgan va Elturishni xoqon yoxud turklarning xoni etib tayinlashga qaror qilgan. Lekin bu ishda u: agar boʻlajak xoqon hoʻkizning qay biri origʻu, qay biri semiz ekanini bilmasa, u xoqon boʻlishi kerakmi, deya ikkilanadi. U bir oz oʻylanib turadi va shunga qaror qiladi: Tangri unga aqlu zakovat beribdimi, u Elturishni xoqon va oʻzini vazir etib tayinlajak. Shundan beri u tunlar mijja qoqqani yoʻq, kunlar esa kayfu safoga berilmadi. Oriq shoxni egish oson boʻladi.

Muloyim narsani sindirish ham oson deyishadi. Lekin agar oriq narsa keyinchalik qalinlashib kesa, uni bukish qiyin boʻladi. Muloyim narsa qoʻpollashsa, uni sindirish qiyin deyishadi. Shunday qilib, u turklarni bir joyga toʻpladi va turk xoqoni bilan birga Otukan oʻrmoniga boshlab bordi. Tunlar bedor, kunlar rohatsiz, qizil qonini oqizgan va qora terga botgan holda oʻn yetti bor xitoyliklarga, yetti bora qitanlarga, besh marta oʻgʻuzlarga qarshi kurash olib bordi. U turkiy qavmlarni uzoq yurishlarga joʻnatdi va ular jangu jadallar natijasida son-sanoqsiz tilla, kumush, goʻzal qiz va bevalar, oʻrkachli tuyalar bilan uyga qaytishdi. U na biror dushmanga Koʻk Turklari orasidan qutulib ketishiga va na biror yovvoyi otning betizgin ketishiga yoʻl berardi. Mana hozir uning sharofati bilan Koʻk Turklari dunyoning Toʻrt Burchida hokimlik qilishmoqda. Agar u gʻolib boʻlmaganda edi, na davlat va na xalq boʻlgan boʻlur edi. Uning muvaffaqiyati tufayli Koʻk Turklari gullab yashnagandan yashnayverdi.

Mana endi u qarib qoldi, yillar madorini quritdi, endi oʻzining sharafli gʻalabalarini emas, balki ogʻriqli yaralarini sanaydi, xolos. Qachonlardir Eltirish-xoqon tirikligida Tongyuquq Oʻn-oʻq qabilasiga qarshi yurishga chiqqan. Oʻshanda u odatiy uslublaridan shunday xulosa chiqargandi: dushman nimani niyat qilgan boʻlsa, oʻshani qil, faqat undan oldinroq. Shu payt xoqon tarafdan bir josus kelgan va «hech qayoqqa jilinmasin!» degan buyruq keltirgan. Lekin Tongyuquqqa xoqonning boshqa qoʻmondonlarga xabar yuborganini aytishadi: Dono Tongyuquq zolim va makkor. Unga ergasha koʻrmang! U bilan biror masalada sulh ham tuzmangiz! Lekin Tongyuquq oʻz qarorida qat’iy edi va ular hech bir soʻqmoqsiz Oltoy togʻiga tirmashishadi, hech bir kechuv joyi boʻlmagan Yertish daryosidan kesib oʻtishadi, jang qilib, Oʻn-oʻq qabilasini batamom tor-mor etishadi.

Eltirish-xoqon oʻlganda, uning atrofidagilarning bari qoni qaynab turgan Kul-Tegin tomonidan qatl etilgan. U oʻz inisi Bilgani hokimiyat tepasiga koʻtarib, uni xoqon deb e’lon qilgan. Dono Tongyuquq buni oldindan sezgandi. Shu sababdan hali shahzodaligidayoq qizi Pobekani Bilgaga nikohlab beradi. Garchi boshida bir oz xijolat qilgan boʻlsa-da, keyinchalik kuyovi Bilga-xoqon uni oʻziga vazir qilib oladi. Yoʻq, birgina yosh Kul-Teginning qaynoq qilichi emas, balki keksa Tongyuquqning yorqin aqlu zakovati Turk davlatini hozirgiday kuchli va yengilmas ayladi...

Hozir esa u yana yolgʻiz. Tarozining ikinchi pallasi ham ogʻib ketdi. Kul-Tegin oʻldi, dono Tongyuquq esa oʻzini boʻrining tillarang boshi tasvirlangan bayroq ostida odamlarni birlashtirgan botir boʻriday sezmayapti, yoʻq, qaytanga u oʻz oʻqidan azob koʻrgan qari mazlum kabi boʻlib qolgandi. U Bilga-xoqonnnig eng oxirgi qarori - dunyodagi jamiki dinlarni birlashtirish haqida oʻylardi. Bir necha yil avval, xuddi shu Bilga-xoqon oʻzini boshqa Xitoy Imperatori deya da’vo qilishga qaror qilganida va butun dashtni Buyuk Devor bilan oʻrab olish hamda Budda va Lao-Sziga bagʻishlangan ibodatxonalarni barpo qilishni niyat qilganida, oʻz kuyoviga shunday degan edi: «Koʻk Turklari xitoylik emaslar, ular oʻt va suvga e’tiqod qilib, faqat harbiy ishlar bilan mashgʻuldirlar. Ular kuchli boʻlgan mahalda zafar uchun olgʻa intilishadi, agar zaifliklarini sezishsa, katta yoʻqotishlarga yoʻliqmaslik uchun ortga chekinishadi. Qolaversa, Budda va Lao-Szining ta’limotlari odamlarni urushqoq va kuchli emas, balki shafqatli va zaif qilib qoʻyadi.»

Hozir gap faqat Budda yoki Lao-Szi haqida emas, balki jiddiyroq narsa ustida ketyapti. Tulki Ovchisi ushbu fursatda ham butun umr boʻyi erishgani kabi muvaffaqiyatga erishadimi? Koʻk-qora osmonda yuz ming tumanlari bilan koʻringan hilol soʻnggi qilich misol charxlanib turardi.

36

Taajjubki, Luk bilan Fiona ikki yil avval ayni bir joyda boʻlishgandi. Men Oʻrta Osiyoni nazarda tutyapman. Lekin menga oʻxshab, intervyu uyushtirish, vaqt va toʻlovlarni nazorat qilish, rejissyor va suhbatdosh ogʻzidan chiqayotgan har bir soʻzni tarjima qilish bilan shugʻullanishmagan ular. Luk odatiy ishi - koʻchmanchi va oʻtroq aholiga xos odatlarni bir-biri bilan solishtirish bilan band boʻlgan. U koʻchmanchilar va oʻtroq aholi tafakkuridagi farqlarni koʻrsatib oʻtgan bir muallifning «Yoʻl va maqom» maqolasidan misollar keltiradi. Oʻsha muallifning aytishicha, mahalliy oʻtroq aholi she’riyat deganda ayollarga muhabbatni tushungan, koʻchmanchilarning she’riyati esa birodarlarcha sevgidan iborat edi. Misol tariqasida u Bilga-xoqonning marhum birodari Kul-Tegin vafotiga bagʻishlagan aza qoʻshigʻini keltiradi.

«Yoshgina ukam Kul-Tegin oʻldi, men unga aza tutaman. Koʻrar koʻzim ojiz, bilar ilmim notanish boʻldi. Oʻzim anduh ichraman. Xudo vaqtni Inson bolasi oʻlishi uchun yaratadimi? Men chuqur qaygʻudaman. Koʻzimga yosh kelganda, koʻnglimga gʻam inganda, yondim, azoblandim. Qaygʻuga botib oʻyladimki, ikki shahzoda va yoshgina ukamning, oʻgʻillarimning, qoʻmondonlarim va xalqimning koʻzu qoshlariga yigʻidan ziyon yetgay».

Men esa oʻzimga qanday she’riyat yoqishini juda yaxshi bilardim.

37

Men maqola muallifi boʻlmish allaqaysi muallifni topishga harakat qildim, biroq uni quvgʻinda, deb aytishdi. Haqiqatda ham ushbu oddiy dalil s’yomka orasida meni izlanishni qaytadan boshlashga majbur qilgan boʻlishi mumkin. Alaloqibat - men voqealar nuqtai nazaridan aytyapman - Turfanga Shia Chang oilasini koʻrgani borish kutilmagan narsa boʻldi. Bu haqda avvalroq aytgan edim. Yana turli xil yozuvlar, shifrlangan, ya’ni koʻplab qisqartirishlar bilan yozilgan matn (masalan,, F.Yefr. uchrashdi 1.t. Tenz. oʻzining koʻpl. va dek...) bor edi, lekin unda nima deyilganini aniqlashga muvaffaq boʻldim.

«Rohib Valaamov oʻlimiga sabab boʻlgan holatni aniqladim. Bu taajjublaanarli bir hikoyadir. Misrliklarning Oʻliklar kitobidan tashqari tibetliklarning ham ayni shunday kitobi borligini Tengiz Datsaodan oʻrgangach, bularni qiyoslashga kirishgan. Aniqrogʻi Tenzigni oʻz joyida soʻnggi bor uchratgan kishi Abo Yefrem boʻlib, u uzoq Tibet safaridan keyin turli e’tiqodlar va Hotandagi hayotni bir-biri bilan solishtirishga urinib koʻrishni taklif qilgan. Ikki rohib bir qalandarga duch kelishadi. U «Och yuzim, gʻassol, bu dam, Yorugʻ jahonni bir koʻray» deya qoʻshiq kuylardi. Ular qalandarga ergashadilar va u qabristonga boshlab boradi. Oʻzi yashashga odatlangan kechki boʻm-boʻsh qabristonda qalandar bir qabrtoshiga oʻtirib, kamtargina kechki ovqatga - haligi qoʻshigʻini aytib topgan bor-budiga taklif etadi.

Rohib Valaamov oʻz maqsadlarini aytadi. Qalandar xurjunidan doʻmbirasini olib, qoʻshiq ayta boshlaydi. U mungli bir tovushda uzun hikoyani kuylar ekan, ba’zi oʻrinlarni aytib berish uchun oʻqtin-oʻqtin toʻxtab qoʻyardi. U Yer-Tushtuk degan qahramon haqida kuylar, bu qahramon esa oʻzining sehrgar xotinini izlab, yerning eng chekka burchigacha borgan va u yerda yerostidagi qandaydir bir saltanatning eshigiga yaqinlashadi. U bu eshikdan kirib, Qirollikning birinchi qatlamida koʻradi oʻzini . Qari kampir qiyofasidagi yalmogʻiz uni kutib turardi. Yigit unga salom beradi. «Saloming boʻlmaganda ikki yamlab bir yutardim», deydi yalmogʻiz. Yigit unga oʻz upasi, tarogʻi va oynasinigina tashlab ketgan sehrgar xotinini izlab yurganini aytadi. Qari yalmogʻiz bu notanish kishining soʻziga quloq solmas, uni qanday pishirib yeyishni oʻylardi. U yigitdan koʻproq oʻtin keltirgunicha kattakon qozon tagidagi olovga qarab turishni soʻraydi. Yer-Tushtuk hayoti xavf ostidaligini sezib, qochishga qaror qiladi. Kampir uning qochayotganini sezib, ortidan quvadi. Yetay-etay deganda, yigitning qoʻlidagi upa tushib ketib, ular oʻrtasida hayhotday sahro paydo boʻladi. Shu tariqa yigit yer ostining ikkinchi qatlamiga tushib qoladi.

Birdan oʻtkir shoxli hoʻkiz ta’qib qilayotganini sezadi. Hoʻkiz endi shoxiga ilintirib tepaga koʻtaraman deganda, yigit qoʻlidagi taroqni yerga tashlaydi va oʻrtada qalin, qorongʻu oʻrmon paydo boʻladi. Yer-Tushtuk keyingi qatlamda koʻradi oʻzini. Bu yerda ajdahoday bahaybat ilon uni tishlamoqchi boʻlganda, oynani yerga tashlaydi va oʻrtada cheksiz koʻl hosil boʻlib, yigitni hujumdan asraydi. Yerosti Qirolligidagi uch qatlamdan oʻtarkan, Yer-Tushtuk qizil bugʻular toʻdasiga uchraydi va qoʻrqib turganiga qaramay, bugʻular uning chuqurroq qatlamga tushishiga yordam beradi. Soʻngra Qora Tulki oʻzining izini va butun tanasini Qora Tunda yashirib, yigitni u yerda yolgʻiz tashlab ketadi. Nihoyat, Yer-Tushtuk eng soʻnggi togʻning choʻqqisida bir gʻorni koʻradi, u yerda Tepakoʻz yigitning yoʻqolgan sehrgar xotinini ushlab turardi...

Zev yozmishlarining birinchi qismi shu yerda qirqilgan va men ikkinchi qismni oʻqish orzusida sabr qilolmasdim. Bilmadim, Zev nimani nazarda tutgan ekan, lekin Yer-Tushtukning tabiatini oʻzimda aks ettirib koʻrdim. Qatlam ketidan qatlam, men odatiy zaminiy hayotimdan soyalarning zimiston dunyosiga tushib ketganday edim. Faqat kimni izlab?

38

Men hatto oʻsha guruh ichida reportyor boʻlib yurganimni ham eslashni istamayman. Yana, rejissyor xuddi oʻz Injilini saqlaganday avaylab yurgan «Dunyo bir kun ichida» kitobini ham umuman yodga olmasam deyman. Bir kuni ish jadvalini izlayotib, stol ustida ochiq holda turgan oʻsha kitobga koʻzim tushdi va qiziqqonligim bois undagi sariqlik toʻla maydon suratiga koʻzim tushdi. Unda tushuntirilishicha, bir kun ichida insoniyat chiqaradigan chiqindi Luiziana stadionini 19 metr chuqurlikda koʻmishi mumkin ekan. Yuqorida barcha odamning oltita konteynerga yuk boʻlgan chiqindisi bor edi. Hayratda qoldim. Yoʻq, oʻlchovlarni deb emas... bilmayman nimaga. Keyinroq ba’zi tahlillardan soʻng aqalli ikki sabab borligini tushundim: birinchisi - insoniyatga bio-massa sifatida qarash, ikkinchisi - oʻsha bio-masaning bir qismi sifatida har bir inson, oʻzimni ham hisoblaganda, bu faktdan juda xafa boʻlgan boʻlardi. Inson zoti borki oʻz shaxsiyatini, ya’ni oʻz chiqindisi, siydigini himoya qilishga intiladi.

Umuman biz kimmiz? Katta-katta maydonlarni oʻz chiqindilari bilan bulgʻovchi, uchta Nyu-Yorkka teng binodagi nonni yeb tashlaydigan va obi maniylari bilan butun galaktikani boyitadiganlarmi? Kimmiz oʻzi? Yaxshi-yomon, katta-kichik, baland-pastni barbod qiluvchilarmi? Kimmiz? Biznes kartamizda yoxud gazeta sarlavhasidagiday goʻng ustida oʻrmalayotgan qurtlarmizmi?..

Kimmiz axir? Matlubotning quli, har besh yil, yil, olti oy, bir oy, ikki hafta, bir hafta, har soniya nafsi hakalak otganlarmi yo? Kim, kim? Doʻzax deb atalmish maydonni yeganlarini qusib toʻldiradiganlarmi?..

39

Meteorologiya markazida oʻyga berilib oʻtirgan edim, birdan jangarilar jarimizning shundoqqina ogʻzida hujum qilishga qaror qilishsa boʻladimi. Oʻtgan kecha ular buni bizdan sir tutishmagan, bizni oʻzlariga qarashli kishilar deb hisoblashar va xavfsizligimiz bilan ham qiziqmay qoʻyishdi. Biroq ular bu borada xato ketdilarki, bizning borligimiz uchun ham qarshi taraf muzokaraga rozi boʻladi deb oʻylashgandi. Ular bizni xavfsiz yoʻlak yoki boʻlmasa aqalli bu yerda qishlash uchun oziq-ovqat zahirasiga sotmoqchi edilar. Eshitishimcha, ulardagi oziq-ovqat kamaygan, shu bois Li ikkovimiz ular uchun keraksiz narsaga aylanganmiz, bizdan qutilish oson emas, ular bilan qolishimiz ham bir tiyin foyda keltirmasdi. Shunda men bizni otib oʻldirishlari ham mumkin, degan oʻyga bordim, chunki vaziyat tobora keskinlashib borardi. Ular hujum qilish yo muzokaraga chiqish ustida bahslashishardi. Qoʻmondonlardan biri boshqasini qoʻrqoqlikda ayblagandi, ikinchisi bizga shunday gʻazab bilan qaradiki, goʻyoki ularning tortishuviga biz sababchi boʻlgandek. Lekin men boshqa bir narsadan qoʻrqayotgandim: biz uning zaifligiga guvoh boʻldik va jangarilar (faqat ular emas) buni osongina esdan chiqarishmaydi.

Biroq keyingi kun kechqurun nohaq ekanimni angladim.

Ertangi kun, bomdod namozidan keyin, juda erta boshlandi. Jangarilar qurollarini olib, bizni hech bir soqchisiz boshpanamizda qoldirishdi. Hatto bir-birimizga bogʻlab ham qoʻyishmadi. Lini bilmadim-u, lekin men oʻzimni ancha xoʻrlanganday his etdim. Ular bizni bir uyum axlat kabi hech bir gap-soʻzsiz tashlab ketishdi. Ular bilan bir oydan oshiq birga boʻldik, hamma narsani birga boʻlishdik, oʻlim oldida teppa-teng turdik va nihoyat ular bizni bu yerda unutib qoldirishdi... Quyosh koʻtarilib, tonggi shabada miltiqlarning aniq-tiniq ovozini keltirdi. Hech bir sababsiz Li ikimiz oʻrnimizdan irgʻib turib meteorologik minora oʻrnatilgan platforma tomon yugurdik. Sovuq qoyalarga tirmashib, torgina gʻorning ogʻzini, bir necha tank va zirhli mashinalar togʻlarga qarata oʻt ochayotganini va qoyalar ortiga bekinayotgan jangarilarning kichkina jussalarini koʻrdik. Tanklar yaqinlashib kelar va biz turgan joy jangni kuzatish uchun juda qulay edi. Li, imkoniyatdan foydalanib, hukumat kuchlariga bizning u yerdaligimizni bildirish uchun signal beradi, deb oʻylagandim, yoʻq, u churq etmay turdi. Qiziq, hayotimda birinchi marta haqiqiy urushni koʻrib turgan boʻlsam-da, lekin avvalgi bomba tushishlari sababmi yo oʻlim barchamizga yaqin boʻlib qolgani uchunmi, bu yerda oʻzimni ancha erkin tutdim. Pastda kechayotgan urush quyoshli kun, musaffo osmon va osuda tabiat tufayli qandaydir beoʻxshov koʻrinardi.

Shundan soʻng kutilmagan voqea sodir boʻldi: zirhli mashinalar tor yoʻlakning ogʻziga yaqin kelganda, kechagi vahshiy qoʻmondon jangning barcha qonun-qoidasini buzib, tankning old tomoniga oʻtdi-da, uni granata otib portlatib yubordi. Uning guruhidagi besh nafar jangari ortidan yurib, yonayotgan tankdan qochayotgan jangarilarni oʻqqa tuta boshladi. Biroq boshqa tomondan uchib kelgan olov raqibini yer tishlatdi. Snayperlar har tomonda bekinib turishgandi. Turgan joyimdan irgʻib turib, qochishimdan avval koʻrganim shu ediki, uchib kelgan granata snayperlar yashiringan joyga kelib, u yerning kulini koʻkka sovurdi. Li ikkimiz qaltirab qoldik. Qoʻrquv, hayajon, muzlash - bilmayman. Balki bularning bari. Biz bu jarlikdan qochib ketolmasdik - pastda urushayotgan jangarilar, yuqorida - sokin muzliklar va uyimiz - meteor markaz esa oʻrtada. Biz orqaga, uy tomonga yurishga qaror qildik. Jangarilar ancha kech qaytishdi. Yovuz qoʻmondonimiz ular orasida koʻrinmasdi. Bildikki, u halok boʻlgan. Uning kechagi raqibi yigʻlar, qoʻlida ilma-teshik boʻlib ketgan Qur’on nusxasi bor edi. Kitob ichidan marhum qoʻmondonning qizi yozgan maktubni oldi. Bola qoʻli bilan chizilgan palma daraxtining rasmini ham oʻq teshib oʻtgandi. Bir kun oldingi shubham uchun oʻzimni juda yomon his qildim va qaygʻuga botdim. Baribir, oʻsha mahal ham ular bizni tirik qoldirishdi.

40

Yozishni boshlaganimda, shunga ishonchim komil ediki, tilshunoslik manbalarining yoʻqligi sabab, faqat ishga oid uslubdan foydalanaman, tasvirni yashiradigan lirik chekinish va shunga oʻxshash bezaklardan yiroqroq boʻlaman, deb edim. Koʻp yillar davomidagi tarjimonlik tajribamdan bilamanki, tilning boyligi voqealarni ochishdan koʻra, ularni yashirishga xizmat qiladi. Maqsad-mohiyatni tushunmagan boʻlsangiz, uni tarjima qilish uchun qancha soʻzlarni ishlatib koʻrasiz? Hali hikoyaning soʻngi koʻrinmasa-da, borgan sari hayajonlanib ketyapman. Ochiqroq boʻlishim kerak. Oʻrta Osiyoga qilgan safarimni sizga nima uchun aytyapman? Chunki men u yerda Fionaga xiyonat qildim. Bu Fargʻona vodiysida roʻy bergandi.

Boshida biz Margʻilon degan joyda eng katta diniy arbobni uchratdik. U shu qadar ta’sirli ediki, darhol Oʻlik Shahardagi darvish yodimga keldi. Leonardo da Vinchiga oʻxshagan, oppoq libosda joynamoz ustida oʻtirgan kimsani xayolingizga keltiring, faqat sizning suhbatingizgina uni yer ustida ushlab turibdi, yoʻqsa u bir zumda jannatga uchib ketgan boʻlurdi... Ha, men darvishimni esladim va undan Koʻk Turklari haqida biror narsa bilishini, biror joyda oʻqiganini soʻradim. U oddiygina qilib, bu turklarning gʻaflat va tumanlikda hayot kechiradigan odamlar boʻlgani, lekin ular orasida bir kishi haqiqiy musulmon ekanini aytdi, faqat uning ismini yashirdi. Uning ismi Farididdin Attorning «Tazkiratul-avliyo» asarida bor. Shu payt uning oʻgʻli kelib namoz vaqti boʻlganini aytdi va ular ketishdi yoki biz ketdik, aniq esimda yoʻq. Shunday qilib yana bir bor fitnaga uchradim va bu fitna avvalgilariga qaytaradiganga oʻxshab koʻrindi.

Oʻsha kunning ikkinchi qismini va tunni Shohimardonda - togʻ bagʻridagi ajoyib dam olish maskanida oʻtkazdik. Aslida bu joy dam olish maskani emas, balki muqaddas ziyoratgoh boʻlib, u yerda Imom Alining 12 qabrlaridan biri joylashgan deyiladi, lekin shoʻrolar u yerda zinokorligi uchun toshboʻron qilib oʻldirilgan gunohkor bir shoirning qoldiqlarini qoʻyishgan va koʻngilochar joyga aylantirishgan. Baribir, gʻarblashgan mahalliy yoʻlboshlovchimiz sevgilisi bilan bizni u yoqqa boshlab chiqdi va jilgʻa boʻyida shu yerning aragʻidan keragicha urdik. Bilasiz, ichib olgach, boshqacha harakatlar qila boshlaysiz. Shu orada yoʻlboshlovchimizning sevgilisi bilan ikki-uch bor koʻzimiz toʻqnashib ketdi. U ajnabiylar bilan band edi. Keyin hammamiz uxlashga turdik, toʻgʻrisini aysam, u yerda yotishga karavotlar yoʻq edi, shuning uchun kimdir mashinada, kim mezbonimiz bergan koʻrpachada, yana kimdir menga oʻxshab devorga suyangan koʻyi uxlab qoldi. Sovuqdan junjikib uygʻonib ketganimda, soat tungi bir boʻlgandi. Tishlarim takkillab, bir-biriga tegmay qaltirardim. Sakrab oʻrnimdan turdim va mashq qilayotgan koʻyi harakat qildim. Biroq suyaklarim qotib qolganday edi, shu bois tashqariga chiqib yurishga qaror qildim. Hovli zim-zimiston, bedor jilgʻaning tovushidan boʻlak hech qanday sas yoʻq edi.

Xurrak tovushini hisobga olmassiz, deb oʻylayman. Qorongʻilikda tentiragancha darvoza yoniga keldim va uning yopiqligini sezib, undan oshib oʻtish uchun tirmashdim. Koʻzim osmondagi yorqin yulduzlarga tushdi. Hovli toʻla daraxt boʻlib, endi men togʻ va uning orasidagi tor jarliklar tomonga olib boradigan yoʻlni bemalol topa olardim. Balki haliyam kayfim bor edi, lekin nechundir togʻning tepasiga, tabarruk zot bilan gunohor shoir orom topgan joyga chiqishga qaror qildim.

Xudo biladi, nimanidir oʻylab toqqa koʻtarilar ekanman, birdan jarlikning narigi tomonida qarshidagi togʻning yaqinida turganday kattakon bir yulduzga koʻzim tushdi. Hech qachon bu qadar katta va shunchalik pastdagi yulduzni koʻrgan emasman. Yo Xudo, deb oʻyladim, qanchalik qudratlisan-a, yulduzlaringni togʻlarning ortiga oʻrnatib qoʻysang. Lekin hayratim qoʻrquvga aylandi, xuddi «togʻlar uvadaday uchib yuradi» oyatiga oʻxshash va shu onda ikki togʻ kitob varagʻi kabi meni va yorqin yulduzni ichiga olib bir-birining ustiga shunday yopiladiki, zudlik bilan yuqoriga chiqib, ochiq va xatarsiz osmonda koʻraman oʻzimni, deya oʻyladim.

41

Togʻning tepasi boʻm-boʻsh edi. Bu koʻproq toq bagʻridagi tekis yalanglikka oʻxshar, chunki choʻqqiga hali ancha bor, u qalin oʻsgan daraxtlar ortida yashirinib turardi. Lekin bu yer boya yulduz koʻrganim joydan ancha xavfsiz edi. Haqiqatda, hayajonga tushmay aytishim mumkinki, bu tunda qoʻrqadigan hech narsa yoʻq edi, faqat shoirning qabri oldidagi qandaydir bir sharpadan chindan ham juda qoʻrqib ketdim. Nimani oʻyladim? Ne ham oʻylar olardim? Farishta, pari, shoirning imonsiz ruhimi? Yoʻq, bu yoʻlboshlovchimizning sevgilisi edi. Uyat-e, hatto bu qiznnig ismini ham bilib olmabman. «Yolgʻizlikni izlab yuribman», - dedi u aybdorlarday. «Men esa sening izingdan kuzatib yuribman». Yo qiz bu yerga chiqishim sababini tushundi, u ham menday oʻylayotgandi, buni bilmayman. Harqalay, meni kuzatib yurgan, deb oʻylab, bir oz noqulay ahvolga tushdim. Lekin haliyam kayfim tarqamagan, oʻzimning yolgʻizligimni ikkimizning birga yolgʻiz boʻlishimiz uchun qurbon qilishga tayyorligimni aytish uchun kuch topoldim. Oʻylashimcha, qiz ham yetarli otib olgan, bu kabi qoʻpol muomalaga laqqa tushganday edi. U kuldi. Siz keyin nima boʻlganini anglash uchun sharq qizlarining tabiatini bilishingiz kerak boʻladi. Ular uchun soʻzning juda katta ahamiyati bor. Boshqacha qilib aytganda, gʻarblik qizlarga qaraganda, soʻz ular uchun ancha muhim narsa hisoblanadi. Shu bois, bu yerda yotgan shoir hatto yotgan joyida ham juda mashhurdir.

Qolaversa, qiz oʻsha shoirdan qandaydir sharqona satrlar keltirdi:

Oʻylasam, bu dilbarim makkorga oʻxshaydi-ku,
Rahmi yoʻq bir bevafo xunxorga oʻxshaydi-ku...

Qiz buni ovoz chiqarib emas, balki pichirlab oʻqidi, umuman, vaziyatning oʻzgaruvchanligi va qaltisligi bois biz pichirlab gapirardik. Bir nojoʻya qadamni deb pastimizdagi tubsiz jarga qulab tushish mumkin edi. Men unga pastdagi vodiy va boshimiz ustidagi yulduzlarni tomosha qilishni taklif etdim. Biz tekisroq bir joy topib oʻtirdik va bu jimlikda tezda sovuq qota boshladim. Yana bir noqulaylik - tobora boʻshangim qistab ketayotgani edi. Jin ursin, deb oʻyladim, nahot hayotingdagi eng ajoyib daqiqalar shu kabi ehtiyojlar tufayli barbod boʻlsa? Qizni noqulay vaziyatda oʻpib oldim. U qarshilik qilmadi. Unga bir daqiqadan keyin kelaman, deya oʻrnimdan turdim. «Qayoqqa ketyapsiz?» - pichirladi u. Men yer tepinib qoldim. Bu hayotimdagi eng yomon daqiqalardan biri edi. Lekin aslo chidab turolmasdim va yugurgancha shoir qabrining narigi tomoniga oʻtib ketdim.

Qaytib kelganimda, qiz hududsiz va yovvoyi koinotda shu qadar yolgʻizday oʻtirardiki, uni bu boʻm-boʻsh mangu tundan himoya qilgan koʻyi birdan soʻradim: sizning ham tashqariga chiqqingiz kelyaptimi? Bu mahalliy tilda hojatga chiqish deb tushunilardi. Bunday deyish juda qoʻpollik sanalardi, lekin imonim komilki, bu gap mening unga yaqinligimni isbotladi. U «yoʻq», deya yuzini koʻksimga yashirdi. Umrimda birinchi bor ayol kishini hirs bilan emas, doʻstlarcha oʻpdim. Garchi bu qiz bilan boshqa hech uchrashmasligimni, men unga va u menga kerak boʻlmasligini bilsam ham, oʻsha tun bizni Xudo biladi qayerda uchrashtirdi, lekin, biroq, baribir, alaloqibat biz uyat boʻladigan ishni qildik. Qanday boylik va qanaqa begunohlikni yoʻqotdim men unda... xuddi tabarruk kishi oldidagi aybdor shoir misoli..

42

Na yoʻlboshchimiz va na uning sevgilisi oldida oʻzimni aybdor sanadim, chunki ertasiga ertalab ular bilan butunlay xayrlashib ketdim. Lekin noma’lum Fionaning (aslida Lukning noma’lum Fionasi) oldida oʻzimni aybdor his etdim. Haqiqiy gunohlar... men ularning ichiga botib ketdim.

Tibetlik Bulen binafsharang kuylagini uyida kiyardi. U kitoblarida yozilgan oʻtmish hikoyalaridan birini aytib berishga qaror qildi. Bu voqea tibetliklarning maymun va oʻrmon arvohidan, turklarning esa oʻn yoshli Hunnu shahzodasi va dasht boʻrisining nikohidan tugʻilganidan keyin sodir boʻlgan. Tibetlik ruhoniylar - shaminlar butparastlikni turk shahzodasi Ashina podsholigiga keltirishdi. Oʻsha koʻchmanchi xalqning bir necha shahzodasi darhol u dinni qabul qildiki, ularning azoblanishiga muhabbatlari emas, balki butparast rohibalarga uylanganlari sabab boʻldi. Nahot rohibalar oʻz dinlarini yoyish uchun ularga erga tegishgan boʻlsa? Bu juda chigal masala boʻlib, Bulen undan qanday qilib qutulish ustida oʻylardi.

Yosh shomon ayollardan biri Shahzodaning qarorgohida yashar, uning ismi Dohun-devon boʻlib, ertaklardagi parilarday goʻzal edi. U azob chekayotgan shahzoda va malikalarni ajdodlar ruhi bilan davolashga odat qilgandi. Lekin koʻpchilik shahzodalar xudosiz rohiba ayollarga uylanib olgach, ajdodlar ruhi gʻalayon qilib, uni nafaqat mijozlaridan, balki moʻ’jizali kuchidan ham mahrum qildi. Bu goʻzalning barcha urinishlari behuda ketdi: raqsga tushdi, baqirdi, doʻmbira chertdi, qilmagan narsasi qolmadi, magar ruhlar qaytib kelmadi.

Shahzodaning rohibasi koʻzi yoriyotganda, Dohun-devon bir necha tibetlik shomin va rohiba ayollar bilan tezda uning chodiriga taklif qilinadi. Shominlar chodirga kiraverishda ibodat qilib turishardi: «Ishqsiz va hissiz yurak zaharga oʻxshaydi. Biroq kimki nafsni yengsa va nafssiz hayot qursa, u pokiza yerning tishlangan, lekin zaharlanmagan podshohiga oʻxshaydi...» Doxun-devon chodirga bir necha rohiba ayollar bilan birga kirib keldi. Shahzoda ham u yerda, volidai muhtaramasining oldida oʻtirardi. Uning xotini oʻlayotgandi. Atrofdagi ayollar bezovtalanib turishardi. Nafratning kuchsizligi Doxun-devonning yuz qiyofasini oʻzgartirib yubordi va goʻyoki ovozi hayvonlarnikiday boʻgʻiq yuz yoshli jodugar kampirga oʻxshab qoldi. Boʻgʻzidan chiqqan tovushni eshitib, hamma birdan yalt etib unga qaradi va yana bir yosh va goʻzal Doxun-devonni koʻrdi. Hech kutilmaganda uning oʻxshashi, aksi, ruhi tugʻayotgan ayol ustiga tushdi. Ayolga yaqinlashar ekan, birdan haligi goʻzal va yosh qizdan kuchli urgʻochi boʻriga aylanib qoldi. Ogʻzini katta ocharkan, uning qichqirigʻi oʻtovdagilarning yigʻisi bilan qoʻshilib ketdi. Chaqaloq oʻlik edi.

Doxun-devon terga botgan va qaltiragan koʻyi chetda turar, chiroyli chehrasini toʻzgʻigan qora sochlari berkitgan edi. Boshqa bir Devon-doxun oʻtovni tashlab chiqar ekan, osmon bilan oʻtovni bogʻlab turgan «teshik» tomonga qiynalib chiqib borardi.

Ertasiga uni oʻlimga mahkum qilishadi. Garchi Shahzoda bunga qarshi boʻlsa-da, onasi Doxun-devonni zaharlab oʻldirdi. Ana shundan keyin mamlakatda gʻalayon avj oldi. Shahzodaning onasi uni jujanlarga qarshi kurashga chorladi. Shahzoda jangu jadalda yurarkan, onasi kichik oʻgʻlini shoh qilib koʻtarishga qaror qildi, lekin Shahzodaning tarafdorlari hokimiyatni oʻz qoʻllariga olib, ayolni va uning oʻgʻlini oʻldirishdi. Qolganlar qochib qutuldi va Xitoyga sotilib, dushman qoʻshinini oʻz odamlari ustiga olib bordi.

Garchi turklar Doxun-devonni oʻldirilgani bois ajdodlar ruhi bezovtalanib qoldi, deya ishonishsa-da, Bulenning tibetcha kitoblari yangi tugʻilgan chaqaloqning shafqatsiz oʻlimi bilan bogʻliq voqealarni tushuntirib bera olardi. Shunday qilib, Bulen binafsharang kiyimda oʻtirar ekan, bu hikoyani Bilga-xoqonga qanday yetkazish toʻgʻrisida oʻylardi.

43

Teleguruh ham jonimga tegib ketdi, chunki Markaziy Osiyodagi eng katta shahar sanalmish Toshkentga kelar ekanmiz, mavristonlik prodyuser xonimning fikri birdan bir yuzu sakson gradusga oʻzgarib, qishloq va podachilar haqidagi filmni olmaslikka qaror qildi, faqat qayerda deng, a’lo kontinentning qoq oʻrtasidagi a’lo shaharlarga yetganda! U oʻsha mahallar faoliyatini Toshkentga kelishi kutilayotgan Boney-M degan pop-guruhdan boshlagan edi. Guruh nomi Money-B midi yo? Hay mayli, nima boʻlganda ham guruh pul (money) haqida edi, pul boʻlganda ham V (big) katta pul toʻgʻrisida. Har holda men ularni kutib olgandan soʻng, prodyuserim bilan koʻrishgach, u guruhning ma’muri meni Markaziy Osiyo va Rossiya boʻylab gastrol safarlarida koʻmak berishimni taklif etdi va katta oylik va’da qildi. Albatta, u mavristonlik prodyuserimga «oʻtkazish haqi»ni ham toʻladi. Ular bilan prodyuserim berayotgan haqdan uch barobardan ziyodroq oylikli ishga djentelmenlarcha shartnoma tuzgan holda, bundan keyin shu guruhda ishlay boshladim.

Guruh ichida qanday vazifa bajarishimni yaxshi tushunmaganim aniq: barcha safar tadbirlari, ya’ni konsertlar, pul, taklif, prezidentlar va mashhur kishilar bilan uchrashuvlar avval boshdan tayyorgarlik koʻrilgan holda yuqori darajada uyushtirildi. Mening vazifam, ma’murga koʻra, uni va uning ikki solistini jononlar (suyuqoyoqlar bilan emas) bilan ta’minlashdan iborat edi. U bunday jononlarni oʻzlari safar qilayotgan barcha mamlakatda yigʻishgan. Uning tushuntirishicha, bu mamlakatlarda qandaydir qat’iy udumlar bor, deb eshitgan va shu bois men ularga kerak boʻlgan ekanman. Asta-sekin oʻzimni qoʻshmachi sifatida sotib olishganini anglab, yuzim burisha boshlaganda, u darhol gapini «bu ular bilan aloqa qilish uchun emas, faqat koʻngilxushlik uchun» deya toʻgʻirladi.

Lekin Xudo yorlaqab, konsertdan keyin koʻrdimki, son-sanoqsiz jononlar atrofda aylanib yurishar, men esa va’da qilingan katta pulni ularni jalb qilganim uchun emas, balki tarqatib yuborganim uchun qurtday sanab oldim. Jononlarga boʻlsa, estrada yulduzlari sizlar bilan ertaga uchrashadi deya va’da berdim. Biroq bechoralar yulduzlar faqat tunda chiqadi-ku, deya taajjublanishardi...

44

Kuzning boshlarida kimdir axiri bizni ham esga oldi. Aniqrogʻi bizni emas (Li va meni), chunki qoʻshni darada yuqori mansabli asirlarning boshqa bir guruhi borligi ayon boʻldi. Yulduzlar bodrab chiqqan tunlarning birida qoʻmondonimiz bir kishini boshlab kirdi. Xira kerosin lampa yonib turgan boshpanamizda yoʻqolib qolgan bu kishining koʻzlarini ishqalayotganini koʻrdik, u yon atrofga jovdirab, kimga va qanday qilib murojaat etishni bilmay talmovsirardi. Men qoʻlda ruchka bilan meteorologik qurilma ustida oʻtirardim, u men tomonga yaqinlashdi. Chinovniklarga oʻxshab oʻtirganim uchun menga tomon yurdi shekil, biroq uning murojaatidan burun men uning orqasida turgan qoʻmondonga ishora qildim. Begona kishi juda uyalib ketdi. Qoʻmondonimiz oʻzini arang kulgidan ushlab turib, unga damini olishini va ertalab gaplashishini aytdi. Lekin u boshqalarni namozga chorlaganda, mehmon ikkilanib, qoʻmondondan boshqalarga qoʻshilish uchun ruxsat soʻradi. Qoʻmondon esa yana arang oʻzini kulgidan tiyib, qatorga turishga ruxsat berdi.

Tongda bu kishi hammadan erta uygʻonib, navbatchi zobit boshqalarni uygʻotgunicha, tahoratini olib tayyor turdi. Muzokaralar nima haqida boʻlganidan xabarim yoʻq, lekin u bizni asirlar qatorida koʻrmagani, umuman, boshqalardan mutlaqo ajratolmaganidan taajjublandim. Ochigʻi, u bu shafqatsiz haqiqatdan bexabar ediki, shaxsan mening oʻzim hayotimni unga ishonmagan boʻlardim. Li ham shunday qilarmikin?

45

Eng oxirgi voqealar jarayoni Liga boʻlgan yaqinligimni yanada mustahkamladi. Negaligini bilasizmi? Bir tasavvur qilib koʻring, bir yarim yil avval u oʻzining Xitoyida, Shinjon-Uygʻuristonda asirga tushganini aytib berdi. Xitoyliklar boshqa sharqliklarga oʻxshab, juda sirli boʻlishadi, shuning uchun men avval boshda unga ishonmaygina qaradim, lekin Li Yangi Hududlarni (Shinjonning tarjimasi shunday) oʻrganishga kelgan kishilarga tarjimonlik qilganini soʻzlaganda, ishonmay turolmadim. Ayniqsa, Fransiyadan kelgan Farrah ismli mavristonlik prodyuser xonim boshchiligidagi teleguruh bilan ham birga boʻlganmi-boʻlmaganini soʻraganimda, u boshini qimirlatib ma’qulladi. Tasavvur qilyapsizmi, Li ayni men tarjima qilgan guruh bilan ishlagan. Lekin bu hammasi emas, chunki «qoʻporuvchilik maqsadi»da yurgan guruh bilan hamkorligi uchun qamalgan Li turmadaligida bir amerikalik diniy peshvo bilan uchrashadi, uning ismi... toping-chi, nima edi uning ismi, - ha, albatta, Luk! Boshida garchi Li inglizchani bilishini tan olmasa-da, u kundaliklarimni oʻqigan, deb oʻyladim. Biroq, Li oʻzi haqida men bila olmagan ba’zi tafsilotlarni gapirib berganda, unga ishonishga qaror qildim. Avvalo, Luk mansabdorlar undan xitoyliklarga qarshi qoʻlyozma topib olishganida qoʻlga olishganini Liga aytib bergan. Garchi u qoʻlyozmaning qadimiyligi va bugungi Xitoyga mutlaqo tegishli emasligini isbotlasa ham, uni tarixiy va diniy tadqiqot niqobi ostida aksil-Xitoy gʻoyalarni targʻib qilishda ayblashadi. Lukning hafsalasi ancha pir boʻlgan chamasi, u qoʻlyozmaning zamonaviy Xitoy bilan aloqasi yoʻqligiga Lini ishontirishga uringan.

Unga koʻra, qoʻlyozma Xitoy Hukmdori koʻplab sovgʻa-salomlar bilan bir turk shahzodasining janozasiga yuborgan uch kishi toʻgʻrisida boʻlgan. Ulardan ikkitasi mohir usta boʻlib, shahzoda uchun maqbara qurish va xitoycha hamda turkcha yozuvlar bilan bezash ishi shularga topshirilgan. Lekin uchchalovi ham Turk Xoni tomonidan qoʻlga olinib, Hukmdor nomiga yozilgan maktublarini uygʻur tiliga oʻgirishadi, qoʻlyozmada Xitoy hamda dasht aloqalari bilan bogʻliq masalalar bayon etilgandi. Shularni hayajonda eshitar ekanman, voqealarning ajoyib bir tarzda bir-biriga mos tushayotganidan yana qayta shubha girdobi ichida qoldim, biroq Li birdan hikoyasini toʻxtatdi, chunki ikki kundan beri qorasi koʻrinmayotgan tunov kungi kishi qoʻmondonimiz bilan boshpanamizga kirib keldi.

U bilan birga yana bir boshqa yigit bor edi, elchi uni oʻzining jangari emas, balki haqiqiy vakil ekanining isboti sifatida keltirgandi. Yigitning jangari boʻlishni istashini, shu maqsadda tinch-totuvlikdagi hayotini qoʻyib, kurashish uchun bu yoqqa kelganini aytishdi. Biroq jangarilar qoʻmondoni uni yana bir asir kabi bizga qoʻshib qoʻydi. Rostini aysam, u bizdek boʻlishga da’vogar ekanidan koʻnglim xijil boʻldi va «haqiqiy» asir kabi unga qarshi yuragimda gʻalayon uygʻondi. Bechora yigit boʻlsa, na bizga va na jangarilarga qoʻshilolmay, arosatda qoldi hamda elchiga boshqa ishonmay qoʻydi.

46

Hozir u biz bilan doʻstlarcha suhbat qurardi. Men jangarilar va Li uchun tarjima qilarkanman, toʻgʻrisi, terga botib ketardim, yoʻq, faqat Lining ogʻzidan chiqqan ba’zi qaltis gaplarni tarjima qilish jarayonida emas, balki shugina oddiy xizmatimni deb e’tibordan mahrum boʻlishni oʻylasam shunday boʻlardi. Hatto ziyrak jangarilarning shubhasini bir chetga qoʻyib turganda ham. Tasavvur qiling, Li fransuzchada aytgan «Ular mening boshimga sumka qoʻyib qoʻyishsa koʻrgani koʻzim qolmaydi. Nafasim qisilib ketayotganga oʻxshayman. Har lahza ular meni doʻpposlab qolishlari mumkin deya oʻylayman. Keyin esa muz qoplagan loyga tiqib qoʻyishadi va namlik suyak-suyagingga oʻtib ketgach, baqirib-chaqirib xoʻrlashadi...» Men buni shunday tarjima qilaman: «Hukumat kuchlari ustimizga bomba yogʻdirganda, undan himoya qilish uchun isyonchilar boshimiz ustiga chidab boʻlmaydigan ogʻir sumkalarni qoʻyishga majburlar...» va hokazo. Bunda aytadigan soʻzlarimni taroziga solaman, Lidan nimani nazarda tutayotganini qayta-qayta soʻrayman... Qisqa qilib aytganda, bu mamlakatlarda shunday gap bor: six xam, kabob ham kuymasin...

47

Xuddi tovlamachiga oʻxshab qolgandayman. Bu hikoyani ikki daqiqada ham aytib bersam boʻlardi. Lekin bu kabi boʻlak-boʻlak, bayon ketidan bayon qilib yozishdan nima tutib turibdi meni? Bu bilan hayotimni saqlab, vaqtni choʻzyapmanmi yo? Muzokarachi elchi ketib, uning oʻrni boʻsh qoldi. Hikoyam Bilga-Xoqonning suyukli birodari Kul-Tegin hayotining bahosi uchun asirga olingan kishilar xususida edi. Xoʻsh, qoʻqqisdan tushgan tosh kabi nechun samodagi burgut misoli oʻlja uchun tashlanmasdan, faqat qanot qoqib aylanib yuribman? Nega sizga Bilga-Xoqonning oʻzi shohona uyida, nima qilib qoʻygani haqida xavotir olib oʻtirganini aytib bermayapman? Balki u ham ayni paytda men tushgan ahvolda qolgandir? Yo bunga boshqa sabablar ham bormidi?

Bilga-Xoqon shohona oʻtovida ajib bir kayfiyatda oʻtirardi. Suyukli birodari Kul-Teginnning oʻlimiga mana bir oy toʻldi, bu orada garchi gʻamu gʻashlikdan deyarli forigʻ boʻlgan boʻlsa-da, qandaydir boʻshliq uning oʻrnini egallab olib, yuragini nurli iplar va mayin ogʻriqlar bilan ohista tortar va qitiqlardi. Maqbaraning qurilishi bitay deb qolgan, toshga oʻyib yozilgan, dunyoning toʻrt burchidan kelgan mehmonlar barcha aqlu zakovatni birlashtirish maqsadida kuyib pishar, lekin anglash qiyin boʻlgan bir nima jangchining huvillagan va bezovta koʻnglini qiynab turar edi. Bu jangu jadallarning yoʻqligi va tinchlikdan qoʻrquvmidi? Tongyuquqning ma’qullamasligi yoki oʻgʻli Shahzoda Yoʻllikning xitoy Ichi Lyangning jangovor san’atidan zavq olishimi? Dashtlikning kuzgi harakati va uning ustidagi samo va yo fursatning vaqtinchalik toʻxtab qolishimidi? Nima edi yoʻqsa? U maqsadsizlikni tushunishga harakat qildi, soʻzlar boʻshliqqa toʻsqinlik qilolmadi, shu bois u boʻshliqdir va hech kim uni jilovlay bilmas.

Ha, uning barcha mehmonlari oʻz e’tiqod va ishonchlarining qaymogʻini namoyish etish bilan band edi, biroq qanday tasavvur qilish mumkinki, uning yagona oʻgʻli Shahzoda Yoʻllik xudosiz xitoylik general Ichi Lyangning san’atiga oshufta boʻlib qolsa. Haqiqatda ham bu unchalik ahamiyatga ega boʻlmagan fakt, ya’ni bolakayning kecha-yu kunduz dushmanning hayvoniy oʻyinlari bilan ovora boʻlishi boshqa narsalarning ochilishiga olib keldi: birdan Bilga-Xoqon hayot hech narsaga parvo qilmay davom etishini anglab yetdi. Garchi bir oy avval birodarining gʻamida adoyi tamom boʻlganida, endi vaqt toʻxtab qoladi, kunlar nihoyasiga yetadi va hayot tugab bitadi, deya oʻylagandi...

Hech bunday emas...

48

Negaligini bilmayman-u, lekin tunlari kishi hammadan uzr soʻragisi kelaveradi. Men ham shunday. Muzokarachi ketgach, uzoq vaqt uxlay olmadim. Garchi u ketib, biz yana qolganimiz ogʻriqli his uygʻotsa ham, bizni tashlab ketganidan afsuslanmayman. Kutilmaganda teleguruhimga achinib ketdim, chunki oʻsha tun Farrah va uning jamoasi mamlakatni tark etish oldidan xayrlashuv kechasi oʻtkazgandi. Ular chindan ham doimgiday soxta kishilarga oʻxshamas, Farrahning koʻzlari boshqacha porlardi. Jurnalistlardan biri menga bir hikoya aytib bergandiki, uning haqiqiy ma’nosini shu asirlikdagi tunda anglab yetdim. U yaqindagina oilasi bilan ajrashgan va uch qizi ham onasi bilan ketganini aytgandi. Men na Eynshteyn va na Eysenshteynman, balki oddiy bir jurnalistman va bir kun umrim tugasa, hech kim meni esiga ham olmaydi, - degandi u. «Lekin bir qobiliyatim boʻlardi: qizlarim bilan oʻtirganimizda, shishadagi suvni stakanlarga quyishni odat qilgandim va avtomatik ravishda toʻrtta stakanni ham bir xil miqdordagi suv bilan toʻldirishning uddasidan chiqardim. Qizlarim bundan katta zavq olib, qiyqirib yuborishardi va men yana oʻsha ishni takrorlardim. Endi boʻlsa ular onalari bilan meni tashlab ketishdi, bu qobiliyatimning nechogʻli ahamiyati qoldi endi?» Shunday deya u chindan ham bir xil miqdordagi aroqni toʻrtta stakanimizga quygandi.

Uni nima deb yupatganimiz esimda yoʻq, lekin ayni paytda shuni tushunib yetdimki, uni yupatishning hech bir yoʻli yoʻq ekan, ogʻriqlarini ketkazish va yolgʻizligini toʻldirishning imkoni qiyin ekan... Har tomondan bizni oʻrab olgan boʻm-boʻsh va cheksiz tun qoʻynida unga juda achinib ketdim. Yolgʻizlikdagi soqov sadolarimiz xuddi cheksiz koinot bagʻridagi mitti yulduzlarga oʻxshab ketardi...

49

Avval aytganimday, ba’zan hayotdagi barcha voqealar bir yo ikki kungagina jamlanadi. Bu borada turklar shunday deyishadi: «Yilning yetti jumasi bir keldi». Ruslar: «Bu yer boʻsh, lekin bu yer zich». Eroniylar va yahudiylar bu haqda nima deyishganidan xabarim yoʻq, lekin «Interkontinental» mehmonxonasida men yuqoridagi ikki mamlakatdan ikkita faks oldim. Biri Noamdan boʻlib, u nafaqat meni e’tiqodlararo anjumanga taklif qilgan, balki u yerda sinxron tarjima qilib moʻmaygina pul ishlab olishim mumkinligini ham aytgandi. Ikkinchi faks Olmoniyadan joʻnatilgandi, unda bir futbol jamoasinining boshligʻi Eronga norasmiy safar qilmoqchi ekani-yu, men tarjimon va yoʻlboshlovchi sifatida juda kerak boʻlib qolganimni yozibdi. Garchi toʻsqinlik boʻlmasa-da, bu ikki mamlakatga borishga ham urinish ayyorlik boʻlur edi. Qolaversa, shuni yaxshi bilardimki, agar pasportingizga Isroil vizasini olsangiz, Eronga borish uchun hech qachon ruxsat ololmaysiz va aksincha. Lekin yahudiylar ancha moslashuvchan boʻlishadi, shunday emasmi? Isroil konsulligida sharoitimni tushuntirganimda, konsulning oʻzi shunday dedi: «Qonunlar ularga amal qilish uchun emas, balki chetlab oʻtish uchun ishlab chiqiladi». Bu mingyillik falsafiy gapdan keyin u menga pasportimga yopishtirishimning hojati boʻlmagan alohida viza qilib berdi. Eron vizasini olish xamirdan qil sugʻurganday oson boʻldi. Biroq, shundan soʻng men yana uchinchi bir faks ham oldim. Unda quyidagi yozuvlar bor edi: «Sening qayerga joʻnamoqchi boʻlganingni bilamiz, lekin qayerda boʻlsang ham topib olamiz». Negaligini bilmayman-u, lekin bu xatarni shahardagi portlashlar bilan bogʻlaganim rost.

50

Garchand qayerdan boshlagan boʻlsam, xuddi oʻsha joyning oʻziga qaytib kelgan boʻlsam ham, vaziyat u qadar aniq emasdi. Menga xavf solayotgan kim edi va nega? Isroilliklar Eronga borishim ehtimolini deb va yoki aksincha hol uchun meni xavotirga qoʻyishlari mumkinmi? Yana nima boʻlishi mumkin? Yo boʻlmasa bir necha kishilar, jumladan, Luk va Zevning hayotini oʻrganganim uchunmi? Valaamov, At-Tohariy yoxud boshqalarning yuz yillar avval oʻlib ketgani endi menga ta’sir qilishi mumkinmi? Oʻzimni jinoyat sodir qilgan joyiga qaytib kelishni koʻzlagan jinoyatchi sifatida his qilarkanman, shuni tushunib yetdimki, garchi Isroilga ham, Eronga ham ketayotgan boʻlsam-da, undan keyin Shinjon-Uygʻuristonga qaytaman. Xavotirning sababini aniqlay olamanmi-yoʻqmi, lekin allaqachon qat’iy qaror qabul qilib qoʻygandim.

51

Quddusdagi tayyoragohda meni terroristlarni tekshirganday koʻzdan kechirishdi. Qaysidir ma’noda bu mening ishonchimga ishonch qoʻshdi. Ular barcha borar manzilimni obdon surishtirishdi va men agar shubhali inson sifatida meni nazoratga olishsa, aqalli shularning himoyasida boʻlaman-ku, deb oʻyladim va anjuman oʻtadigan joylarni ham, Noamning uy manzilini ham qoʻshib berdim. Xavfsizlikka javobgar quvgina xonim Isroilga kirishimga ruxsat berishi hamono Noam meni quchoq otib kutib oldi. Birinchi savoli nima boʻlganini toping-chi? «Fiona qani?» Oʻzimning xavotir ostida ekanim yetmaganiday, u oʻtmishdagi ogʻriqlarni ham kavlashtira boshladi. Shaxsiy himoyamni oʻylab ehtiyotlik bilan qurganim keyingi ikki oydagi voqealarning barcha qatlami bir urinishda sidirib tashlandi. Yana qayta kuchli shamol supurib tashlashga urinayotgan yalangʻoch va himoyasiz oʻsimlikday his qildim...

Anjumanda Fiona koʻrinmadi. Lekin anjuman boshqa xalqaro uchrashuvlar kabi «komediya» boʻldi. Insoniy behudalik yarmarkasi. Tarjimon sifatida men keraksiz sharaf bilan shuhratni tortadigan tarozi pallasiday edim. Ibrohim dinlarining vakillari uchrashishdi. Pravoslav poplar qora va binafsharangli kiyimda, Ahmadiya mullalari sallalarda, yahudiy olim va ravvinlar qora tsilindrlarda, kamtar katolik va oʻziga bino qoʻygan missionerlar bir hafta davomida Muqaddas Shaharning turli burchaklarida uchrashuv oʻtkazishdi. Anjuman barcha dinlar uchun muhim boʻlgan asosiy masalalar, xususan, zamonaviy dunyodagi SPIDga, ma’naviy inqirozga qarshi kurash, globallashuv jarayonidagi masalalar ustida ish olib bordi. Anjuman dasturi shularni oʻz ichiga olardi. Lekin aslida ularning yaxshilari yagona Ollohga shu kunlarga, muqaddas joylarga ziyorat uchun yetkizgani uchun shukrona aytishsa, yomonlari mehmonxonalarning bar va restoranlarida boʻlajak e’tiqodlararo va xalqaro aloqalar uchun oʻtirishdi. Hatto bir gal oʻzim tarjima qilganim fohishabozlik haqida ma’ruza oʻqigan ruhoniy meni oʻz xonasiga yosh va kelishgan ofitsiant bilan beodob suhbatlarini tarjima qilishga chaqirganida hayron qoldim, tez orada bu suhbat bema’ni va arzimas gaplarga aylanib ketdiki, men ular orasida toʻgʻanoq boʻlishni istamay, yolgʻiz qoldirib chiqib ketdim. Qolaversa, men kim boʻpman ularga hukm oʻqiydigan?

52

Oʻn-oʻq qabilasidan boʻlgan Makrach Ollohning Muso alayhissalomga tushirgan oʻnta buyrugʻining toshga oʻyilgan parchasini koʻchirib oldi. Bular Tangrining yagonaligiga imon keltirish, butlarga xizmat qilmaslik, Tangri nomini behuda qoʻllamaslik, shanba kunlari ishlamaslik, ota-onani hurmat qilish, qon toʻkmaslik, oʻgʻirlik qilmaslik, zino qilmaslik, yolgʻon guvohlik bermaslik, xotin yoki yaqinlarning mulkiga zulm qilmaslik. U ushbu parchani Oʻgʻuz-Bilgaga koʻrsatdi. Oʻgʻuz-Bilga duduq edi, shuning uchun u yozuvlarni oʻqishni boshlaganida, Makrach kulib yubordi. Tasavvur qiling: T-t-tan-n-g-g-g-ri, ya-gg-ooo-nnn-aa.... be-be-be (qoʻyga oʻxshamay qol) deya oʻqiyotgan edi, uni toʻxtatib, yozuvni qaytib oldi. Garchi Oʻgʻuz-Bilga duduq boʻlsa ham, oʻnta buyruqni toʻgʻri tartibda eslab qololdi. Makrach boʻlsa shanba kuni haqidagisini eslab qoldi, unga qolsa, shu buyruqlar haqqi har kunini shanba deb e’lon qilgan boʻlardi, chunki baribir sanalar tartibini unutib qoʻyilgandi. Tosh yozuvning qolgan qismiga kelsak, Makrach uni sodda qilib sahrodagi daryoga oʻxshash hayotga mengzadiki, bu daryo uning qurib qolishini hisobga olmaganda, ba’zan qirgʻoqdan chiqmay sokin oqadi, ba’zan qirgʻoqdan toshib ketadi, ba’zida esa butunlay oqimini oʻzgartiradi.

Makrachning Oʻgʻuz-Bilga bilan bir oʻtovdagi hayotiga nazar soling. U koʻp narsani bilgani uchun ham Bilga - oqil degan laqab olgan. Biroq ayni paytda uning oqilligidan yordam kutsa boʻladimi? Aslida bu uning ahvolini biror telbanikidan ham battarroq qiladi. U aqlining koʻpligidan aqldan ozadi. Boshqa bir tunda u Makrachning koʻrpasi ostiga biqinib olib, kimdir uni doimo ta’qib qilayotganidan qoʻrqayotganini aytadi. Makrach boʻlsa yon-atrofga qarab, oʻtovning teshigidan toʻlin oy va birgina yulduzdan boʻlak hech nimani koʻrmaydi. Oʻgʻuz-Bilga esa battar qaltirab, Makrachning yelkasiga tirmashadi. Keyinroq, Makrach orqasida, belining pastrogʻida nimadir kattalashayotganini his qiladi va garchi dastlab gʻazab otiga mingan boʻlsa-da, yuzini Oʻgʻuz-Bilgaga qaratib, uning shirin uyquga ketganini koʻradi. Makrach doʻstini narigi tomonga qaratib, qoʻllarini Oʻgʻuz-Bilganing yelkasiga qoʻyadi. Oxirgi marta oʻylagan narsasi shu edi: «Bu tun shanba tuni emas...»

Bu hikoyani Noam oʻzining Quddusdagi armanilar kvartalidagi uyiga taklif qilganda gapirib beruvdi. Men uning yagona mehmoni boʻlganim uchun (Fionasiz) ham ikki narsadan xavotirga tushardim. Biri - doim gomoseksual tahqir yoki shunga ishoradan qoʻrqishim boʻlsa, ikkinchisi - u meni Fionasiz taklif qilgan va ishonchim komil ediki, faqatgina Fiona haqqi menga gʻamxoʻrlik qilayotgan edi. Bu ikki noaniqlikdan ham qochish maqsadida suhbatimizni uning marhum birodari Zev tomonga burishga qaror qildim.

53

Li bizning jangarilar tomonidan boshqa bir joyda qoʻlga olingan yapon yoki xitoy asirlarini ozod qilish boʻyicha kechgan muzokara muvaffaqiyatli boʻlganini menga yashirin tarzda aytib berdi. Navbatdagi umidli muzokara bizniki boʻlishi mumkin. Bu yerlarga oʻrganib qolganimga qaramay, tunlari sovuq shunday zabtiga olardiki, garchi Lining sersuyak tanasiga qapishib olsam-da, bizning ehtiyotkorona yaqinligimizdan sovuq ustun kelaverardi. Shuning uchun Liga quloq solarkanman, buning qandaydir oldini oladigan yengillikni his qildim. Kun boʻyi mavzuga juda erk bermaganim holda Luk haqida suhbatlashishga harakat qildim. Lining aytishicha, u Lukni uchratgan joy qamoqxona emas, balki qandaydir bir harbiy boshpana boʻlib, u yerda Lukni kechayu kunduz soʻroq qilishardi. Sayr paytida ular bir-biri bilan uch-toʻrt marta koʻrishishgan va Luk oʻsha qonli qoʻlyozma toʻgʻrisida gapirib bergan. Lining boshqa hech narsa aytib bera olmasligini sezgach, ehtiyotkorlik bilan undan Zev haqida soʻradim. «Bu aqldan ozgan bir besoqolboz oʻn yil avval oʻldirgan oʻsha yahudiy yigitmi?» - ovozini koʻtardi u. Garchi voqeaning ikkinchi qismidan gʻoyat taajjubga tushgan boʻlsam ham, boshimni qimirlatib ma’qulladim. «Ha, bir fohisha uni oʻz akasi uchun uyiga taklif qilganda, oʻsha telba uni rashkdan oʻldirib qoʻygan. Qolaversa, sening Luking unga eslatganki...» «Nima degan u?» «U yigit - oti nimaydi - Zivmi, Zevmidi, Lukning bu yerga kelishiga sababchi boʻlgan va qoʻlga tushgan».

54

Bu Bilga-Xoqonnning Kul-Tegin vafotidan soʻng ikkinchi bor barcha mehmonlarni oʻzining shohona chodirida yigʻishi edi. Oʻtgan tun u gʻalati bir tush koʻrgandi. Oq samoviy qushlar uning ustida charx urar va asta-sekin pastlar ekan, temir tumshuqli qushlarga aylanib, yon atrofdagi hamma narsani choʻqiy va birdan Bilga-xoqonnnig oʻtovini mayda-mayda boʻlaklarga ajrata boshladi. Qushlarning biri uning oʻgʻli Yoʻllik-Teginga chang soldi, Bilga esa unga tomon otilgan edi, shu paytning oʻzida boshqa bir qush uning xotini Pobekaga tashlandi, Bilga oʻzini yoʻqotib qoʻydi, lekin ustiga bostirib kelayotgan temir panjali qushga koʻzi tushar ekan, uning changaliga tushmasdan avval dahshatdan uygʻonib ketadi...

U ana shu qoʻrqinchli tushning ta’birini bilishni istardi. Mehmonlar bir-biri bilan pichirlashib turishardi. Bilga ularning har birini alohida-alohida soʻroqqa tuta boshladi. Nestorialik general Udar-sengun haliyam armani rohibni kutar (Kul-Teginnnig xotini Koʻrk-xotin va’da qilgan), oʻzi tush ta’birini aytishda noʻnoqroq edi, biroq harbiy boʻlgani uchun birinchi hamlaning ma’nosini anglaganday shunday dedi: «Mening nazarimda, harbiy qoʻshin sizning ustingizga bostirib kelayapti va siz uch jabhadan turib jangga kirishasiz...»

Oʻn-oʻq qabilasidan boʻlgan Makrach Udar-sengunning fikriga qoʻshilmadi va bunga nasroniylarning uchlik bilan bogʻlanib qolganlarini sabab qilib koʻrsatdi. U Bilga-Xoqon ustida necha qush uchib yurganini soʻragan edi, Xoʻjayin «toʻqqiz-oʻnta» deb javob berdi va Makrach hayajonini yashira olmadi. U: «Oʻnta qush Tangrining oʻn buyrugʻi va ularning ba’zisini Bilganing xotini, oʻgʻli va oʻzi amalga oshirishi kerak» dedi. Lekin uning soʻzini Qirgʻiz Xonining elchisi Tardush Inonchi chor boʻlib qoʻydi. U doʻmbirasini olib kuylay boshladi:

Biri ikkinchisin qoʻshiqlariga
Quloq tutgan qushday tinglayman seni
Oʻzgalar ustiga tashlangan qushday
Haqiqatdan hamla bor menda.
Chang solingan qahramon va ahlining boshi
Samo uchun juda katta oʻlja boʻlgusi...

Soʻgʻd Shahzodasi shohona qadr-qimmatsiz oʻz Manixean koʻrinishini ochmoqchi boʻlganida, u hali qoʻshigʻini tugatmagan edi. U ovozini chiqarib oʻqidi: «Yaralmishning besh turiga taalluqli - birinchidan, ikki oyoqli odamlar, ikkinchidan toʻrt oyoqli hayvonlar, uchinchidan, uchib yuruvchi jonivorlar, toʻrtinchidan, suv ostidagi barcha narsalar, beshinchidan, sudralib yuruvchilar; biz, yer yuzida gunohlarimizga oʻralashib yurganlar, ey Xudoyim, biz ularni qoʻrqitib yurdik, biz ularni sarosimaga soldik, toʻntarib tashladik, doʻpposlab oʻldirdik; biz shu qadar gunohkor va ayblimizki, hozir bir urinishda oʻzimizni gunohning changalidan qutqazish uchun sendan oʻtinib soʻraymiz: gunohlarimizni magʻfirat qil, Ollohim...
Uning oraga kirishi avvalgi Tardush Inonchi Choʻr kabi shu qadar kuchli boʻldiki, hamma jim qoldi: ba’zilar ilhombaxsh gʻoyadan, ba’zilar kuchli ta’sirdan, boshqalar nafasi ichiga tushib ketganidan. Bir lahza oʻtib, Bilga Xoqon bu tinchlikni buzib, tibetlik Bulenga murojaat qildi...

55

«Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, bir shahar va uning sobiq qotil hukmdori boʻlgan ekan, - dedi Bulen xalq uslubida. Lekin u oʻzini oʻzgartirgan boʻlib, kunlarning birida qizining balogʻatga yetganligi munosabati bilan ziyofat beradi. Buning uchun koʻplab mol, qoʻy, choʻchqa, tovuq va oʻrdak soʻydiradi. Ziyofatdan oʻn kun oʻtgach, hukmdor birdan holsizlanib, asta-sekin soʻla boshladi. Alal-oqibat uning umri oʻz nihoyasiga yetadi. Eshitgan kishi borki, koʻz yosh qilib, qattiq iztirobga tushadi. Biroq koʻmish marosimida hukmdor birdan tobutdan qoʻzgʻalib, oʻrnidan turadi va yeyish uchun ovqat soʻraydi. Yigʻilganlar dahshat ichra qolishadi va qochishga tushadilar, lekin hukmdor ularni qoʻrqmaslikka va unga quloq solishga chaqirib, shunday deydi: «Mendan qoʻrqmangiz, men narigi dunyoga borib qaytib keldim, xolos, va endi sizga oʻsha yoqdagi sarguzashtlarimni aytib beraman». Shundan soʻng odamlar ortga qaytishadi. U gap boshlaydi: Qachonki umrim tugab oʻla boshlaganimda, toʻrt shayton oldimga keldi. Birining qoʻlida qamchi, ikkinchisida arqon, uchinchisida qisqich boʻlib, toʻrtinchisi otda oʻtirgan qoʻmondon edi. Shaytonlar meni qoʻmondon aytgan joyga keltirishdi. Unga yaqinlashganimda bir hujjatni oʻqib eshittirdi. Bu ziyofat kuni soʻydirganim hayvonlarning shikoyati edi. Ularning aytishicha, avvalgi hayotlarida inson boʻlib tugʻilishgan, lekin gunohlari sababli hayvon kabi qayta dunyoga kelishgan. Ular hayvon boʻlib oʻz gunohlarini yuvayotgan paytlarida men ularni soʻyishga buyurib, inson kabi yana qayta tugʻilishlariga emas, balki oʻlimga mahkum etganman.

«Shularning shikoyati sababli biz seni oldik», - dedi qoʻmondon va qolgan uch shaytonni ham huzuriga chaqirdi. Biri boʻynimga arqon soldi, ikkinchisi boʻgʻib, nafasimni qisdi, uchinchisi boʻlsa qoʻliga qamchi ushlab, ta’qib qilaverdi. Ular: «Kun, oy va yillarning hali tugamay turib, nima uchun seni olganimizni bilasanmi?» deb soʻrashdi. Men dedim: «Ey hurmatli janoblar, nechun endi kelib-kelib meni, axir atrofimda qanchadan-qancha kishi hayvonlarni soʻyib, qurbonlik qilayotganligi uchun hech bir jazo olmayapti-ku? Soddaligimni kechirgaysiz!» Shularni eshitarkan, shaytonlar deyishdi: «Shohimizning saroyida seni oʻttiz turli yaralmish kutmoqda. Ular seni temir koʻz va temir yuz bilan kutib olgay. Qochib qutulishning hech imkoni yoʻq.» Ular meni urib-niqtab ta’qib qilishga tushdilar. Qoʻrquvdan yalinib yolvora boshladim: «Ey, mehribonlar, modomiki, qutulishning iloji yoʻq ekan, boyagi aytganingiz yaralmishlarsiz shohning oʻzini qanday koʻrsam boʻladi?» Ular deyishdi: «Ey inson farzandi, agar sen ularning qotili sifatida afsus cheksang va shu nadomat va pokiza qalbing bilan Buddamizning koinot roʻparasida turgan yaltiroq, dunyolarga nur taratib turgan shohona kitobini toʻlaligicha qayta yozib chiqishga va’da bersang, bu azob-uqubatlardan qutulishing mumkin.»

Bu soʻzlarni eshitgan zahoti qilgan xatolarimga afsus-nadomat chekdim va darhol hamma narsaning oldida turgan nurli kitobga amal qilishga va’da berdim. Men bu ishim bilan oʻldirgan hayvonlarimning keyingi hayotlarini saqlab qolishimga qattiq ishondim. Men baland ovozda xizmatimni oʻtashga tayyorligimni bildirdim va shundan soʻng biz shaharga kirdik. U yerda hamma narsadan yuqorida Ozodlik Qiroliga koʻzim tushdi. Uning qarshisidagi yalanglikda behisob tutqunlar xuddi men kabi qilgan gunohlari uchun baqirib-chaqirib turishar, vodiyni bezovtalik va urush-janjal tutib ketgandi.

Shaytonlar meni keltirishganini Shohga bildirishdi. Ozodlik Qiroli shunday dedi: «Uning aybi gʻoyat katta, u nihoyatda gunohkordir. Nega uni buncha kech olib keldingiz? Hoziroq borib uning oʻrtachisini keltiring!» Shaytonlarim tashqariga chiqib mening himoyachilarimni axtarib baqira boshlashdi. Hech kimdan sado boʻlmadi. Ular Shohning oldiga qaytib kelib, meni himoya qila oladigan hech kim yoʻqligini aytishdi. Ozodlik Qiroli ularni ikkinchi va uchinchi bor ortlariga joʻnatdi. Lekin ular bir kishini ham topisholmadi. Men eng yomon narsaga ham tayyor turganimda, Besh Yoʻlning Egasi Shohga noma yoʻlladi. Unda mening aybimga iqror boʻlib, tavba-tazarru qilganim, soʻyilgan va azoblangan hayvonlarni asrab qolish va hayotga qaytarish maqsadida nurli kitobga amal qilishga va’da berganim bayon etilgandi.

Ozodlik Qiroli uni oʻqib chiqqach, baland ovoz bilan dedi: «Garchi shu qadar koʻp hayotga zomin boʻlgan esang-da, ularni asrab qolish va ozod etish vositasini uddalay olding. Mayli, seni qoʻyib yuboraman, lekin bundan buyon yer yuzida oʻldirish, zulm qilish, buzgʻunchiliklar qilish senga yot boʻlsin va faqat savobli ishlar bilan shugʻullan!» Shu tariqa yangi hayot qurish uchun uygʻonib, oʻrnimdan turib ketdim, - dedi hukmdor».

Bu gʻaroyib hikoyani eshitgach, janozada hozir boʻlganlarning barchasi Nurli Shohona Kitobning qoʻlyozmasini izlashga tushishdi va u eski bir ibodatxonadan topildi. Shundan soʻng bu kitobdan nusxalar koʻchirib, koʻngillarini tozartirishga va ruhlarini asrashga kirishdilar.

56

Mutlaqo kutilmaganda, ogʻaynilarimdan biri - Li bilanmi, Luk yo Zev bilanmi yoxud boshqa birov bilanmi yurganim tushimga kiribdi. Bir toʻda shaytonlar oldimizga kelganda, har kungi ishimizni qilayotgan ekanmiz. Tushimning birinchi qismini eslolmasam-da, ikkinchisini aniq-tiniq eslayman. Men chigitning farqiga bora olaman. Ogʻaynim mendan shuni soʻraganida, uni odamlar urugʻlarni vagonlarga ortayotgan ombor tomonga temir yoʻl yoqalab boshlab bordim. U yerga kelganimizda mashina qoʻzgʻalishga tayyor turgan edi, haydovchi esa savolimizga javob ham bermay oʻzi bilan birga yurishimizni taklif qildi va u bilan dalalarni oralab yelib ketdik. Mashina tezlikni oshirganida, yo qarshi tomondan kelayotgan shamolni yo tezlikni deb, uning qismlari oshqovoqning poʻsti kabi bir-bir yerga tushib qola boshladi. Bu juda qoʻrqinchli hol edi, biroq temir yoʻl yoqasidagi paxta dalasiga yetib kelganimizda, bir ayol yigʻlab chiqib, hayotidan noliy boshladi, u oilasining kuni chigitdan ham battar boʻlgan kunjutga qolgani haqida soʻzlardi.

Ayoldan uzoqlashib, ortdagi stansiyaga piyoda qaytarkanmiz, birdan yer qimirlab, temir yoʻllarda qattiq portlashga oʻxshash nimadir gumburladi, kelayotgan aniq Shayton edi. Uning odamlari allaqachon bizning oramizda boʻlib, ularning biridan «kelayotgan chindan ham Iblismi?» deb soʻragandim, u «ha» deya tasdiqladi. U oʻrta yoshlardagi qora sochli, suzik qorakoʻzli, gʻaroyib yuzli va qop-qora kiyimdagi kishi ekan. U bizga bir qarab qoʻydi. Oʻsha yerda bu kishining Iblis ekaninin biladigan boshqa bir yigit ham bor ediki, hayratlanarli tomoni, u qoʻrqib turgan ikkinchi gruhga qoʻshilib ketdi. Biz oʻsha tomonga qaray-qaray, xayrlashmasdan koʻcha, mahalla va shaharni tashlab, tez-tez yurib ketdik. Soʻnggi tekshiruv joyi - bozordan oʻtganimizda, qovun sotayotganday oʻtirgan tarozibonga koʻzimiz tushdi va ular ortimizdan ta’qib qilib kelayotganday, yana temir yoʻl tarafga qocha boshladik. Tilla jingalak sochli yigit boya Iblismi yoʻqmi deb soʻraganim kishi ekanini sezib qoldim, yo tavba, turgan joyini va ishini shunchalik tez oʻzgartiradimi ular, deya taajjubga tushdim...

Temir yoʻl boʻylab qochib bordik. Iblis tarozisini tashlab ortimizdan quva boshladi. Ikki yuz metrdan keyin u bizga yaqinlashib keldi, lekin biz urushishga tayyor turdik. Garchi Iblisning yengilmasligini bilsak ham, unga qarata oʻq uzdik, bu oʻzimizni keng boʻshliqqa chiqib olishimizga yetarli fursat berdi. Bu osmon bilan yer orasidagi bir joy edi. Men Allohdan yordam berishini soʻrab yolvordim, ikki-uch soniya ichida bulutli osmon koʻrindi. Iltijo qilar ekanman, birdan osmon toʻntarilib, chakalokzorga tushib qolganimni angladim. Ular orasidagi soʻqmoq trubasimon boʻlib, temir yoʻl ufqqa tomon torayib ketgani uchun, soʻqmoq ham tor va qorongʻilashib borardi. Iblis boshliq guruh ortimizdan bir qiyalikka qadar ta’qib qilib keldi. Ular shundoq ketimizda oʻtirishardi. Tikanaklar koʻkrak qafasimizni qisib kelaverdi. Yoʻl qorongʻilashgandan qorongʻilashaverdi va changalzor butunlay oʻtishga yoʻl bermay qoʻydi. Men arang, inqillab-sinqillab ularni chetlab oʻtishga urinar, oldinda jinday boʻlsa-da yordam qoʻlini choʻzadigan biror narsadan umidvor intilardim. Qorongʻilik va qoʻrqinch, umidsizlik va tushkunlik ichra bir joyda qotib qolganimda, birdan oldimdagi eshik yorugʻ bir kunga ochilganini sezib qoldim... men uygʻonib ketgandim...

57

Shunday qilib tibetlik Byulen oʻz sharhini tugatdi va tasbeh oʻgira boshladi. Aslida Bilga-Xoqon allaqachon Tabgʻach-xondan kelgan Ichi Lyangga qarab turardi. Oʻgʻli Yoʻlluk-Tegin yonida shogird oʻz ustozi bilan oʻtirganday oʻtirardi. Xitoylik general oʻz sharhini shunchalik past tovushda boshladiki, shundoqqina oʻtov yonida otning kishnashi uning ovozini bosib tushdi. «Xitoylar qanday qilib oʻzlariga e’tibor qaratishni yaxshi bilishadi» - oʻyladi Tongyuquq jahlini ichiga yutib. Ichi Lyang tush ta’birlash oʻrniga, soddagina qilib marhum akasidan hokimiyatni meros qilib olgan Xitoy Imperatorining holi ne kechganini aytib berdi. Temir qushlar yoxud ajdodlar ruhi - «shanlar» unga hamla qilgani kelgan va u hokimiyatni boshqarishdan avval Falak bilan munosabatini aniqlashtirib olishi lozimligini anglab yetgan. U yerda bir general boʻlib, garchi u tirik boʻlsa ham, «shanlar» darajasiga yetgan va bu kabi ruhiy holatlarni yaxshi bilardi. Shuning uchun Imperatorga akasininig xotirasidan qutulish uchun bir gulxan yoqishni va shundan keyin yashayotganlar va ruhlar oʻrtasida yangi qonun va tartiblar ishlab chiqishni aytadi. Olov saroyni va u bilan birga marhum akaninig xotirasini oʻchirib tashlagach, Imperator oʻz generalini tiriklar va oʻliklar uchun yozilgan qonunlarning ikki kitobini saqlayotgan adirdagi bir ustoz oldiga yuboradi. Kunlarning birida maxsus marosimdan keyin Imperator kitoblarning birinchisini ochib oʻqiydi. Odamlarning baxtiga barcha qonunlar bir xil edi. Shundan keyin u ikkinchi kitobni olib, qoʻrqinch ichra Imperatorligini oʻz oʻgʻliga qoldirishini oʻqiydi va shu tariqa «shanlar» iyerarxiyasini boshqarib boradi... Mana shu narsa Falak qonuni edi...

Ichi Lyang jim qoldi, lekin ot yana bir kishnadi-yu, Tongyuquq sokinlikni buzib yubordi...

58

Noam gapimni boʻlib, uyalmasdan akasi unga gʻamxoʻrlik qilmayotganini aytdi. U menga qarab kuldi va men bu qarashdan titrab ketdim. Rostini aysam, men bu kabi aka-ukalarni juda yaxshi bilaman, ularning marhumlarni koʻrarga koʻzi yoʻq, janozaga esa qalin kitoblarni koʻtarib kelib, marosim davomida jamoatchilik ichida koʻzboʻyamachilik qilib, balandparvoz parchalarni oʻqib oʻtirishadi. Bundaylar tobut ichida yotgan marhum birodarlaridan koʻra, ularning soyalariga koʻproq marhamat koʻrsatishadi.

59

Barcha dinlar anjumani bir tekisda davom etayotgandi. Biroq, bir safar Oltoy Shomon an’anasining asosan «chuqur tomoq ovozi» bilan kuylayotgan va qolgan vaqtda beoʻxshov gaplarni gapiradigan gʻalati bir vakiliga tarjima qilib turganimda, Lama sektasi noiblari namoyishkorona anjuman zalini tark etishdi. Sessiyani boshqarib turgan yahudiy ravvin kuylashni va tarjimani toʻxtatib, poplar, mullalar, yepiskoplar, presviterianlar, kvakerlar va boshqa mormon va ruhoniylar orasidagi qizil kiyimli «birodarlar» sektasiga murojaat qildi. Lekin ular e’tibor bermay chiqib ketaverishdi, vaholanki ularning tarjimoni prezidium tomonga yurib, menga bayonotnomani topshirdi, bu bizga oʻxshagan intellktual proletarlar birligining belgisi edi. Men bayonotni ochib, undagi «...ning Muqaddas Nomi bilan... - Norozilik nomasi» degan sarlavhani koʻrishim bilan darhol uni rais janoblariga uzatdim. Oʻrtamizdagi Shomon esa kuylashdan toʻxtab, jimgina kutib turardi. Ravvin qogʻozni duo kabi ochib oʻqidi va hech bir ikkilanmasdan tanaffus e’lon qildi.

Keyin nima boʻlganini bilib oldim. Lama sektasining aniqlashicha, pravoslav boʻlmagan mustaqil ruhoniylardan biri bu yerda Budda rohiblaridan birining qiyofasi xunuk va haqoratli tarzda tasvirlangan kitobni tarqatib yurgan va goʻyoki u kuniga ikki marta Shaytonga ibodat qilarmish. Bu kitobni hech kim oʻqimadi, chuni u niderland yo dat tilida edi, lekin birdan bu masala e’tiqodlar oʻrtasidagi qaynoq tortishuvga sabab boʻldi, faqat kimning qaysi tomondaligini hech kim bilmasdi. Rais janoblari maxsus trans-e’tiqodiy komissiya tuzdi va men tilmochlik qilib ancha pul ishlab oldim. Ushbu komissiya barcha ishtirokchilar va qiziquvchilarning dalillariga quloq tutib, ularni tahlil qilish bilan shugʻullandi. Garchi pravoslav boʻlmagan mustaqil ruhoniy haligi kitobi va haqoratlangan sektaning katta-kichik rohiblari bilan koʻrinmay qolgan boʻlsa ham, qolganlar ulardan juda xafa boʻlishdi. Anjumanda Salmon Rushdiy va Usoma bin Laden haqida ham gapirildi. Rais janoblari fatvo Paygʻambar (s.a.v.)ni deb boʻlmaganligini, balki chet elda yashayotgan Imomning oʻz tasviri tufayli boʻlganini zimmasiga oldi. Deobandilar komissiyani ham, anjumanni ham tark etishdi. Rais janoblari darhol oʻz raislik lavozimidan boʻshashini e’lon qildi. Tarafdorlari unga va uning boʻshangligiga qarshi chiqishdi. Pravoslavlar ularni anjumanga qarshi chiqishda aybladi va hokazo va hokazo. Hech kim, hatto gʻoyib boʻlgan Noam ham bu toʻqnashuv va janjalni, global e’tiqodlararo munosabatning sinishini bostira olmadi, alal-oqibat, qolgan-qutgan mablagʻ, oliyjanoblik bilan, haliyam shu yerda qolgan tashkilotchilar bilan mening oʻrtamda taqsimlandi.

60

Ha, aytgancha, bir gal men oddiy Lamani (Mongoliya va Tibetdagi buddist rohiblar) emas, balki buyuk Dalay-Lamani uchratganman. Bu Moskvada roʻy bergan boʻlib, tarjimon va boshlovchi sifatida Boltiqboʻyi yozuvchilari delegatsiyasini bu yerga olib kelgandim. Oʻshanda qayta qurish davri edi. Garchi Dalay-Lama tibet tilida gapirayotgan boʻlsa ham, men uning gaplarini tushunib turardim: «qurolsizlanish», «zulm qilmaslik», «yangi era» va «yangi global tartib» kabilar. Kulgili odam. Men uni gipnoz qilishga uringandim, aqalli sirli aloqa oʻrnatishga intildim, yoʻq, bari befoyda boʻldi, u haddan ortiq siyosiy tus bergandi oʻziga. Hafsalam pir boʻlgandi oʻshanda. Ma’ruzadan soʻng, mezbonlar oʻzlarini aqlliroq koʻrsatishga urinishganda, Dalay-Lama buning aksini qilgan va yozuvchilar uni tavof qilishga tushishgandi. Hanuz esimda, dinni yangi qabul qilgan Boltiqboʻyi delegatsiyamizdagi xonimlardan biri Hazratning oldiga yaqinlashgan, bir qadam - jilmayish, yana bir qadam - yana jilmayish, uchinchi qadam - jilmayish va egilish, shu tariqa Dalay-Lamaning muqaddas qoʻliga yetguncha, ayolning ichidan suv kelib, boʻlari boʻlib boʻlgandi... Oʻsha uchrashuvdan qolgan xotira mana shundan iborat.

61

Men Lining aslida juda koʻp narsadan xabardorligiga shubha qilardim. Misol uchun, ushbu bobga kelganimda, u qalin daftarimga ishora qilib «Mana endi bu mustahkamroq boʻla boshladi» dedi. Bu bilan nimani nazarda tutgan? Oltmish birinchi boʻlakda jangarilarimiz harakatining tayyor bayonidan qochgan boʻlarmidik? Ha, chindan ham «tarjima» deb ataluvchi ikki-uch turdagi oltmish bayonotdan soʻng, endi yangi bayonotni tarjima qilyapman, deya olmayman, chunki boshqa yangisininig oʻzi yoʻq. Xoʻsh, nima qilmoqchiman? Avvalgi bobga sayqal beryapman deb oʻtirishim kerakmi? Yo shaxsiy masalalarni yozyapman, deyinmi? Ular meni oʻldirishgan boʻlardi. Lekin agar yozishni tugatsam, shu meni oʻldiradi. Shu oʻylar bilan chalgʻib oʻtirganimda, Li taklif kiritib qoldi: «Menga inglizcha oʻrgatsang boʻlmaydimi, men esa senga xitoychani...» Bu bir bahona boʻlishi mumkin edi... Aslida Li oxirgi gapni baland ovozda aytgani yoʻq, men buni sezdim va bu gap aytilmagan, deb hisobladim.

62

Bir hafta ichida hayotimizda keskin oʻzgarishlar sodir boʻldi. Jangarilar togʻni kesib oʻtib, Afgʻonistonning Badaxshon viloyatiga oʻtishga qaror qilishdi. Nazarimda, bu uzoq yoʻl edi. Li ularning yapon asirlari uchun katta oʻlpon olganliklarini aytdi, biroq biz bilan hech kimning qiziqmayotganini koʻrgan qoʻmondon, vodiyga borib mahalliy hukumatga sotilamizmi yo shu boshpanamizda qolib, qishni oʻtkazamizmi va yoinki Badaxshonga boramizmi, shu haqda bizdan soʻradi. Bu menga ertakdagi uch yoʻlni, ya’ni borsa kelar, borsa yo kelar, yo kelmas va borsa kelmasni eslatdi. Afsuski, ayni holatimizda qaysi yoʻl qanaqa ekanini bilolmasdim. Li boʻlsa aqalli oʻz Vataniga yaqinroq boʻlishni oʻylab, ular bilan birga borishga qaror qildi va shu bilan tanlash imkoniyatini ham yoʻqqa chiqardi. Agar vodiyga borsam, yoki shu yerning oʻzida qolsam, ular meni keraksiz guvoh deya oʻldirib yubormasliklariga kim kafolat beradi? Shuning uchun ham ularga qoʻshilishga mahkum edim...

63

Togʻli Badaxshonga ketishimizdan avval qoʻmondon qayerdadir oxirgi marta eski elchi bilan uchrashdi va biz bilan birga qoldirilgan yigitga xat olib keldi. Qoʻmondonga sodiq qolish uchun u maktubni oʻzi ochmadi, shunga qaramay, men uning xat mazmunidan shubhalanayotganini sezdim. Balki u mana bunday oʻylayotgandi: «Sening vazifang tugadi, bazaga qayt». Sabrimiz chidamasdi, lekin maktub mazmunini bilgach... Yigit xatni oʻqir ekan, koʻkarib ketdi va kutilmaganda, telbalarcha kula boshladi yoki xiqillab qoldi...

Maktubni uning xolasi yozgan boʻlib, unda yigitning ota-onasi u ketgandan bir hafta oʻtib oʻzlarini osib qoʻyishgani yozilgandi. Yigit aqldan ozib qoldi, lekin harbiy qism uni oʻzi bilan olib ketdi va shundan beri u biz bilan birga turadigan boʻldi.

64

Oqil va keksa Tongyuquq «Bilga ularning bari bizning dushmanimiz boʻlgani, hozirda shunday ekani va kelgusida ham dushman boʻlishini yodda tutarmikin?» deya oʻylardi. Bilga Xitoy Imperatori, Oʻn-oʻq qabilasi va Qirgʻiz xonning yogʻiyimizligini unutgani yoʻqmi? Ular birlashib bizga qarshi urush ochishgan edi-ku. Ular shunday deyishgan: «Agar biz ularga qarshi jang qilmasak, ularning jasur xoqonlari va dono vazirlari bor ekan, bizga hech omonlik yoʻq va bir kunmas bir kun albatta barchamizni qirib tashlaydilar». Shu gaplarni bilganimdan soʻng, tunlari na koʻzimga uyqu keldi, kunlari na bir zavq olishni istadim. Axiri qaror qildimki: «Agar biz birinchi boʻlib qirgʻizlarga qarshi yurish boshlasak, toʻsatdan ularni esankiratib qoʻyishimiz va qoʻlga olishimiz mumkin». Yurish uchun Kogman orqali oʻtadigan birgina tor yoʻl bor edi, u ham boʻlsa butkul qor bilan qoplangan. Agar shu yoʻldan borganimizda, yaxshilikka olib kelmasligi aniq edi. Men bu yerlarni yaxshi biladigan biror kishini axtarib, uni Az qabilasi orasidan topdim. U shunday dedi: «Ani daryosi yoqasida bir soʻqmoq yoʻl bor, kengligi bitta ot siqqulik xolos». U bir gal shu yerdan yurganini aytdi. «Agar bu chavandoz oʻsha joylarda boʻlgan boʻlsa, biz ham undan oʻta olamiz», deya qaror qildim.

Bilga bu haqda eshitganmi-yoʻqmi, bilmadim, lekin bobosi Eltarish-hoqondan izn olib, qoʻshinimga yurish boshlashni buyurdim. «Daryoga otda tushavering», dedim ularga va Oq-Termel daryosini kechib oʻtdik. Shundan soʻng ot ustida turgan holda qorni yorib kirishga buyurdim. Men va boshqalar otlarimizni oldinroqqa qoʻyib yuborib, oʻzimiz daraxtlarga tirmashdik. Oldindagi qoʻshin qorni surib, yoʻlni ochib bordi va shu tariqa togʻdan oʻtib oldik hamda pastga asta sirgʻalib tusha boshladik. Oʻn kecha kunduz piyoda qor ichida yoʻl bosdik. Yoʻlboshlovchimiz yoʻldan adashdi va boshidan judo boʻldi. Shuning uchun Hoqon shunday dedi: «Shoshilingiz! Ani daryosi yoqalab yuramiz!» Shunday qilib daryo boʻylab yurdik va otlarimizdan tushib, necha kishi qolganini hisobladik. Otlarimizni daraxtlarga bogʻlab, kunu tunni unutib, qirgʻizlar ichiga yurdik.

Ularning ustiga uxlab yotgan paytlarida hujum qildik. Qurollarimiz bilan soʻqmoq yoʻlni ochdik. Ularning Xoni va qoʻshini toʻplandi. Biz ularga oʻq otib, ilma-teshik qildik va xonlarini oʻldirdik. Qirgʻizlar tor-mor etildi va boʻysundirildi. Shundan soʻng Kogman yoʻli orqali ortimizga qaytdik».

Koʻrinadiki, hech kim bu haqda eslamaydi. Bugun yashayotgan har bir kishi mudrayotgan dunyoda yashaydi va birgina yetim ot dono Tongyuquqning xayolini boʻlib, oʻtmishdgi urushlarni eslab kishnaydi xolos...

65

Agar shu yerda sargardon boʻlishimni bilganimda, bir bogʻ somon gʻamlab qoʻygan boʻlardim. Oʻn kechayu oʻn kunduz Xudo urgan Togʻli Badaxshonga qarab safarga chiqishimizni kim bilibdi, deysiz. Kunduzi hujumlardan himoya qiladi, deya gʻor va togʻ yoriqlarida yashirindik, tunlar sangʻib yurgan och tulkiday yoʻl yurdik. Hamma bir-biriga bogʻlangan edi, faqat biz - men, Li va telba yigit boshqa zanjirda edik, arqonnning uchi boʻlsa, qoʻriqchimizning qoʻlida. Telba tixirlik qilib, osilishga tushgan edi, qoʻriqchi uni arqonning uchi bilan savalab tashladi va bola paqir ingrab, oʻz qiligʻidan pushaymon boʻldi...

Inson qalbi eng oxiri muzlaydigan narsa va boshqa hech narsa qolmaganda uni ichingda olib yurish shu qadar azobki... Oyoqlarga kunda ikki bora araq surtasan, lekin araqni ham, bosgan qadamingni ham his qilmaysan, barmoqlaringdagi tirnoqlar ogʻriqqa mixlangandek, shamolda qovurilgan yuzing endi seniki emas, ammo qalb... U aslo muzlamaydi, u borgan sayin sovuqdan qisilib boradi, kim biladi nega, shuning uchun uni tashqariga tortib chiqarolmaysan va u oʻrtanib, azob chekaveradi...

Barcha voqealarni kunma-kun eslab qolmaganman, bu xotirda yorqin dogʻ qoldirgan, esda koʻp ham turmaydigan bema’ni narsa xolos oʻzi. Boʻshliq qorongʻi va qovogʻi soliqday: qor tun qoʻyniga osmondan tushib keladi, qoʻmondonning hoʻl qor tagida yoʻqolgan chirogʻi: hech kim xavfsizroq joy yoki jarlikning qayerdaligini bilmaydi, faqat arqonni boʻshroq ushlagan holda xavfsirab yurishdan oʻzga iloj yoʻq, mabodo biror kishi qulab, halok boʻlsa, zum oʻtmay sening ham bor-yoʻqligingga kafolat yoʻq...

Yumshayotgan tonna-tonna qorga, muzning metalsimon qatlamlariga qaramay, daryoning shovqini bir zum ham toʻxtamaydiganga oʻxshaydi. Yo bu shunchaki boshdan oxirigacha bizni ta’qib qilib kelgan sarobmikin? Yo boshqa narsami?

Men yurishimizning eng soʻnggi kunini yaxshi eslayman, lekin oxirgi kun boʻlmaganda, eslab qolgan boʻlarmidim-yoʻqmi, ishonchim komil emas. Tunda ketar ekanmiz, birdan togʻ tugab, qorlar oʻrniga oldimizda uzun kenglik koʻrindi va hammamizning koʻzimiz yaqindagina izillatib turgan shamoldan keyingi issiq havoning ufurishiga oʻxshagan shaytoniy olovlarga tushdi. Qoʻmondon toʻxtashimizni va yoʻl sumkalarimizni qoʻyishni buyurdi. Biz arqonlarimizdan boʻshalgandik, telba yigit haligi olovga qarab zorlana boshladi. Qoʻriqchi unga e’tibor bermadi, balki uning ham koʻnglida xuddi shunday his gʻimirlagandir. Qoʻmondon bizni sanab chiqdi va oxirgi marta olov yoqib, soʻnggi kartoshkalarni pishirishimizni aytdi. Araqlarimizning koʻp miqdordagisi ichimiz va tashimizni qizitish oʻrniga, olov yoqish uchun sarflandi. Olovni tanalarimiz bilan oʻrab olib, oxirgi burdani yeb tugatganimizda, qoʻmondon shunday dedi: «Biz ularni uxlab yotgan paytlarida qoʻlga tushiramiz!»

Togʻ qishlogʻini erta azonda ishgʻol qildik. Hatto Li bilan menga ham pulemyot berib, qoʻriqchimiz bilan birga togʻ chetidagi eng kichik uyni olishga joʻnatishgandi. Garchi otish haqida ogohlantirilgan boʻlsak ham, hayajon va qoʻrquvdan qurolimni u yoq-bu yoqqa burib, soʻkinardim xolos. Uyga kirganimizda, unda qari bir kampir oʻtirar, bizni chaqirilmagan ajinaga oʻxshatib, bir yondan ikkinchi yonga oʻgirilib oldi. Kampirning yuzi koʻpib, achib ketgan xamirga oʻxshardi...

66

«Xuddi shunaqa narsa tabgʻachlar, oʻn-oʻq qabilasi, Qitanlar va boshqalarda ham sodir boʻldi. Tongyuquq va Elturish-xonning donoligi, keyinroq Kul-Teginnning kuchi ularning popugini pasaytirmaganda, Koʻk Turklari bundan-da battar, bundan-da past va kuchsiz boʻlgan boʻlur edilar. Hozir Bilga-Hoqon ularning oʻz tushi haqidagi ta’biriga goʻyoki dunyodagi bor aqlu zakovatni aytib berishayotganday quloq tutardi. Ishdan boʻshaganidan beri ichishga mukkasidan ketgan shu yerlik shomon Udeganing oʻzini taklif qilsa yetmasmidi? U oʻzimizning Bashorat Kitobidan quyidagilarni oʻqigan boʻlardi:

«Men oltin qanotli qora yirtqich qushman. Tanamdagi ranglarning sanogʻi ham yoʻq. Dengiz uzra uchar ekanman, koʻnglim tusagan narsani tutaman va xohlagan narsamni yeyman. Ana shunaqa kuchliman men! Bilingki, bu yaxshi alomatdir!

Men ola-bula va uchqur lochinman! Daraxt ustida oʻtirganimdan behad mamnunman. Eshityapsizmi?

Lekin «Quyon!» deya qichqirib, lochin osmondan oʻqday uchib tushdi va quyonni tutib oldi. U oʻtkir tirnoqlarini koʻrsatdi va yana yashirib oldi. Lochin quyonni changallab yuqoriga koʻtarildi. Quyonning terisi tushib qoldi. Bilingki, bu yomonlik alomatidir!»

«Oʻzimizning Bashorat Kitobida ana shunday deyiladi, - deya oʻyladi dono Tongyuquq, - agar oʻzingni quyonga oʻxshab tutsang, istagan qushga oʻlja boʻlishga mahkumsan va ayniqsa, agar bu qushlar bizning temir tumshuqli qushlarday boʻlsa!»

Lekin u buni eshittirib aytgani yoʻq, birinchidan, undan hech kim soʻramadi, ikkinchidan, Bilga-Hoqonning elchilar bilan uchrashuvini yana boshqa bir narsa buzib yubordi.

67

Isroilni tark etish Eronga kirishday gap boʻldi. Har ikki sharoitda ham mana bunday savollarga duch keldim: kim edim, qayerlikman, nima qildim, qanday ish qilyapman, bu yerda nima qilishni niyat qilgandim, nimadan xabarim bor, kim bilan uchrashdimu, kim bilan uchrashmoqchiman, kelgusi rejalarim qanaqa va hokazo. Hozir bu savollarga yuzaki va oʻylamasdan javob berganligimni oʻylayapman, yoʻqsa, metafizikaga berilib ketib, kim bilsin, balki hozirda yoʻliqqanim ba’zi javobsiz savollarni yechish imkoniyatidan foydalangan boʻlarmidim? Anglaganim shu boʻldiki, biz kutilmagan voqealarni achchiq xotiralar tufayli qoʻldan boy berar ekanmiz. Men faqat ikkita misol aytaman. Yoshligimda butunlay turlicha boʻlgan ikki qiz bola doʻstim boʻlardi. Yaqinda ularning familiyalari turli tilda bir xil ma’noni anglatishini aniqladim. Bu shunchaki uygʻunlik va tushuntirib boʻlmaydigan hodisami edi? Dorilfunundagi oʻrtoqlarimdan biri oʻsha qizlardan biriga oshiqu beqaror boʻlib qolgandi, shunga qaramay, natijada hech narsa sodir boʻlgani yoʻq. U boshqa kishiga turmushga chiqdi. Oʻshandan beri uning qorasini koʻrmadim. Lekin ikki yil avval bu ayol oʻzi sevishib yurgan kishining ismi bilan bir xil boʻlgan hamkasbim orqali men bilan topishdi. Yo bu ham tasodifmi?

Balki siz endi nima uchun Isroil va Eronni birgalikda esga olganimni tushungandirsiz?

68

Biz amerikalik ikkinchi liga klubininig komandasi bilan Tehron stadionida oʻyin boshladik. Bizga qarshi kim oʻynayotganini bilmasdim, ularning tayyorgarligi juda sirli kechdi, lekin bu kabi futbolni umrimda koʻrmaganman: u mahoratga qarshi mahorat emas, aksincha, qoʻpollikka qarshi qoʻpollik oʻyini boʻldi. Bu kimning mahoratsizligi yaxshiroq yo yomonroq, kim oʻzining qobiliyatsizligi ustidan gʻalaba qiladi, degan soʻroq gap boʻldi. Tasavvur qiling, oʻz oyogʻiga qoqilib yurgan oʻyinchilar, yetim toʻpning ulardan biri yetib kelguncha kutib turgani va shu bechora toʻpni yogʻoch oyoq bilan tepilganiyu boshga oshirilgani va hokazo. Bu shamollatilgan boʻm-boʻsh xonadagi shishirilgan sharga oʻxshar va darvozabonlar sodir boʻlishi mumkin boʻlgan xavfni befoyda kutishdan charchab ketishgandi. Yodimga saksonchi yillarda shoʻro komandasini Jahon Chempionatida kuzatganim va ukrainalik futbolchining barcha erkin zarbalarni tepgani yodimga tushdi. Odatda, u toʻpni gruzin oʻyindoshininig kallasiga moʻl oshirardi. Gruzinning vazifasi esa harakat qilishmas, balki bir joyda turishdan iborat boʻlardi. Natijada toʻp uchib kelib uning boshiga tegardi-da, darvozaga kirib ketardi.

Baxtga qarshi bizning oʻyinimizda oʻshanaqa mohir oʻyinchilar yoʻq edi-da. Oxir oqibat darvozabonimiz bor umidsizligini toʻplab, toʻpni bir tepgandi, u oʻqday uchib borib, eronlik hujumchining boshi orqasiga kelib urildi, tabiiy, u buni hech kutmagandi, soʻngra toʻp xuddi oʻsha mashhur gruzin hujumchisining boshidan uchgan kabi orqaga qaytib, darvoza ustuniga tegdi va darvozabonimiz yelkasini yalab oʻtib, oxiri darvozaga kirib ketdi.

Oʻsha mahal maydonda, nafaqat maydonda, balki, shaharda va butun mamlakatda nima sodir boʻlganini xayolingizga keltirib koʻring-a! Xuddi yangi bir inqilob roʻy berdi: olomon ibodat qilishni ham unutib, kecha-yu kunduz qoʻshiq aytar, biz masxara va achinish sababchisiga aylangandik. Oʻyinda yutqazib qoʻyib, shu qadar katta shuhratga erishdikki, bizdan keyingi oʻyin gʻoliblari ham mashhurligimizga toʻsiq boʻla olmadi.

69

Nega Erondagi futbolni esga oldim? Yoʻq, faqat e’lon qilingan oʻlimimni kutib yotganim, uning Isroilda sodir boʻlmagani uchun emas. Erondagi voqealarni eslashga uringanimga sabab, uch kun avval Togʻli Badaxshondagi qor bilan qoplangan qiyalikda futbol oʻynaganimiz va toʻp oʻrnida paytava tiqib toʻldirilgan moʻynali telpakdan foydalanganimiz edi. Qishloqni zabt etgan komandamiz, qilgan dushmanligimizga qaramay, yaxshi qabul qilgan mahalliy aholiga qarshi toʻp surdi. Darhaqiqat, keyinroq Erondagi nemis komandasiga oʻxshab, ularni zerikishdan saqlab turgan katta yangilikka aylandik, lekin bizning oʻyinimiz noʻnoqlikka qarshi noʻnoqlik oʻyini boʻlmadi. Mahalliy aholi qishloqlarini tunda ishgʻol qilgan biz qoʻrqoqlardan kuchli ekanliklarini isbotlash uchun kurashishdi. Biz ham boʻsh kelmadik. Lekin hayot uchinchi bir narsani isbotladi. Sirpanib, surilib muzlab qolgan oyoqlarimiz bilan toʻpni tepishga chiranib turganimiz mahalda, bizga ovqat tayyorlashga unnaymiz degan uch jangari yoʻqolib qolsa boʻladimi. Biz oʻyinda yutqazib qoʻydik, buning ustiga, oʻlganning ustiga tepganday qilib, butun lager trevogadan oyoqqa turdi. Oʻlguday ochiqqan va charchagan boshqa jangarilar qochoqlarni izlashga yuborildi. Toʻrttamiz - men, Li, telba yigit va qoʻriqchimiz ovqat tayyorlashga qoldik.

Hali oʻlganning ustiga tepki, degan iborani eslatdim, bu esa murdaning ustida raqs tushganga oʻxshadi. Jangarilar qishloqni tark etishlari hamono, sakkiz kishi qurol koʻtarib oshxonamizga kirishdi va hech bir ikkilanmay, qoʻl-oyogʻimizni bogʻlashdi. Bir asirlikdan ikkinchisiga tushdik. Bu biz oʻylaganchalik emasdi, men chindan ham qoʻrqib ketgan, qishloqni ishgʻol qilayotib, qari kampirga qanday qilib baqirganimni esga olardim. Bunisi endi soʻnggisi, deya oʻyladim. Agar avalgi asirligimda har qalay tushunishlariga va kechirishlariga umid qilgan aybsiz boʻlgan boʻlsam, bu gal ancha aybli va nafratga loyiq edim. Endi bular ham boshimizga qop kiygizishadi, deb qoʻrqib turuvdim, yoʻq, unday boʻlmadi, baxtimizga ular bizni qorongʻi yertoʻlaga tashlab, bir nechta un va gurunchli qoplarni uning qopqasi ustiga bostirib, tezda gʻoyib boʻlishdi. Bir-birimizga qapishgan holda zimiston va noaniq qoʻrquv ichra qolaverdik...

70

Ular bizni oʻzlarini haqoratlaganlarga qarshi urushish maqsadida shu holda tashlab ketishdi. Afsuski buni yoza olmayman...

71

.............................................................................

72

Agar Bambergni yaxshi bilsangiz, demak, Otto-Fridrix Gimnaziyasi orqasida torgina yoʻl borligidan ham xabaringiz bor. Bu yoʻl avval keng dalalarga, undan keyin esa adirlarga olib boradi. U Altenberg qasri yonigacha turli-tuman daraxtlar bilan qoplangan. Bir gal Fiona ikkimiz ilonizi yoʻllardan birgalikda borarkanmiz, u Luk bilan munosabatlari toʻgʻrisida gʻamgin bir hikoya aytib bergandi. Ochigʻi, bu hikoyani aniq eslolmasam-da, lekin Fionaning siniq ovozi, mungli koʻzlari va kuzning boshlanishi kabi horgʻin nafas olishi hanuz esimda. Balki bu barcha uzun boʻyli va ixcham kishilarga xos odatiy xislatdir, lekin men uning titrayotgani, shu boisdan qoʻlini choʻntakka yashirib olganini sezdim. Balki u bizning birga qilgan eng ajoyib sayrimiz boʻlgandir, chunki ikkimiz yolgʻiz edik, uning gʻamgin soʻzlari alpinistlarning arqoni singari ikkalamizni ham birlashtirib turardi. Oʻshanda Fiona ajrashgani va Luk muammolar dastidan Xitoyga qochib ketganini aytgandi. Endi boʻlsa, u oʻz vazifasini bajarib yuribdi, biroq uning jimligida bu soʻzlardan ham gʻamginroq nimadir bor edi.

Biz Altenbergga keldik va kechani «Liberfromilch»da oʻtkazdik. Oddiy hayotimizning oddiy tafsilotlari... Tavba, nega bu narsalarni eslayapman oʻzi?..

73

Mahalliy shomon Udege Bashorat Kitobini emas, balki Tongyuquqning jahlini qoʻzitgan sehrli qora pechda yaqindagina kuydirilgan ikki yelka suyagini keltirdi. U suyaklarni Bilga-Hoqonga uzatdi va Imperator ularga kelajagini tasavvur qilayotganday tikilib qaradi. Suyaklar bir necha joyidan uzunasiga emas, eniga yorilgandi. Yaqinroq kelib Tongyuquq sezdiki, qora sehrning yangi turiga koʻra, Imperatorning niyati amalga oshmaydi, qaytanga uni muvaffaqiyatsizlik kutib turardi. Bilga-Hoqon avval Udegega va keyin boshqa mehmonlarga qaradi. Udege suyaklardagi baxsizlikning sababchisi kabi boshini quyi solib turar, lablari nimanidir eshitilar-eshitilmas pichirlardi. Birdan Imperator gezarib vahshat ichra oʻrnidan turdi va ikki qadamda Udegega yaqinlashib, uning siyrak soqolidan ushlab qoʻlidagi yelka suyagi bilan kekirdagini kesib tashladi. Suyak yorilib, boʻlaklarga ajralib ketdi. Suyakdan bulgʻangan qop-qora qon Bilga-Hoqonning oppoq yuziga sachradi. Atrofdagilar hayratdan ogʻzini ochib qoldi. Udege turgan joyida gir aylanib, asta-sekin oʻz Hukmdori qarshisida tiz choʻkdi. Yangi qondan hosil boʻlgan koʻlmak uning atrofida aylana hosil qilib, faqatgina qora yelka suyagini qoplab oldi...

74

Oʻldirilgan kishilar qanday oʻlishini bilasizmi? Yoʻq deysizmi? Toʻgʻri, nimaga ham bilishingiz kerak-a? Ming yillardan buyon oʻlimning siri haqida gapiramiz, oʻzimizni uning kelishiga tayyorlaymiz, lekin u shu qadar odatiy va bexosdan sodir boʻladiki, goʻyoki suhbat chogʻida, hojatxonada yoxud qassobxonada goʻshtni qiymalayotib giriboningizdan oladi. Ha, barchamiz bir tanu bir jonmiz, na birovimiz oqilroq, na yaxshiroq va hatto pokizaroqmiz.

Qisqa otishuvdan keyin jangarilar boyagi qishloqdagi barcha erkaklarni oʻldirib yuborishdi. Bizni esa yertoʻladan sogʻ-omon holda topishdi, u yerdan chiqqach, oʻldirilgan odamlar qanday boʻlishini koʻrdim. Gʻalati holda har yer-har yerda choʻzilib yotganlarga koʻzing tushsa... Agar oʻlik hayvonni koʻrib qolsak, ha oʻlibdi-da, deb ketamiz, lekin inson zotining koʻcha-koʻyda oʻlib yotganini xayolga keltirilmaydi: uning kiyim-kechagi bor, oyogʻida etigi, soati hanuz chiqillab turibdi, u goʻyoki boshqa bir narsa uchun mavjudday, xuddi chidab boʻlmaydigan bir qop goʻshtdan ham boshqa narsa kabi.

Hatto boʻyin atrofida qotib qolgan qonda ham nedir xatolik borday va bu sening shundoqqina oldingda tursa, hammasi nechogʻli oddiy ekaniga ham ishonging kelmaydi. Osmon uzilib yerga tushmas, yer portlab ham ketmagay, yoʻq, hech narsa sodir boʻlmaydi. Ikki soatgina avval ismi, xotirasi bor bu tanalar endi axlat uyumiga aylandi-qoldi. Faqatgina ularning sochlari shamolda tiriklikdan darak berganday hilpiraydi...

Qoʻmondon ularni toʻplab, oʻraga tashlashni buyuradi. Jangchilar yer chizib borayotgan oʻliklarni sudrab ketishadi, ulardan faqat ana shu izlar qoladi. Kimdir aytgandi: «O inson, oppoq qor ustida himoyasiz boʻl!»

75

Isfahonda Registon atalmish moʻ’jizali maydonning orqasida bir necha boshi berk koʻcha bor. Unda qadimgi, loydan qurilgan uylar orasidan uchib chiqadigan gʻalati qargʻalar sizga hamroh boʻlib olishi umkin. Yoki toʻsatdan oldingizda paydo boʻlgan qop-qora matoga oʻralgan ayol sizdan oʻzini yashirib oʻtib qoladi. Axlat uyumi yonida oʻtirar ekansiz, oʻzingizning qanchalik keraksiz ekaningizni anglab qolasiz: agarki bu dunyoda oʻzing oʻzingga yuk ekansan, yana kimga ham kerak boʻla olarding? Bu kabi oʻlim sharpasini keltiradigan barcha dahshatlar bir qarashda kulgili tuyuladi, shu sabab birdan ular qutqu soladiganday: goʻyoki oʻsha qora qargʻa sizni mudom ta’qib qilib kelgan, qora kiyimdagi ayol esa sizni oʻldirish uchun yuborilganday. Hamma narsani unutgan holda, keraksizliging boisidan bari qoʻrquv va bezovtalikni bir-bir tahlil qilishga kirishasan kishi.

76

Futbolchilar ham turlicha boʻlishadi-da. Gap trenerning koʻzini shamgʻalat qilib, biror shahar koʻchasiga sayrga chiqish ustida bormoqda. Bu Sherozmi, Karmana va yo Isfahonmi, farqi yoʻq. Ular har gal biror narsani, masalan, gemmoroylarining gazak otib ketayotgani va yo shaxsiy guvohnomalarining mashgʻulotdan qaytayotib tushib qolganini bahona qilib, meni ham birga olib ketishga odatlanishgandi. Garchi bu ishlaridan aytarli foyda chiqmasa ham, baribir koʻchaga oshiqaverardilar. Hay mayli. Poyabzal magazini yaqinida shu yerlik ikki bola ajnabiyligimizni sezib, kimligimiz, nimani izlayotganimiz, kim bizni olb kelgani toʻgʻrisida savolga tuta boshladi. Gap gapga qovushib, ular bizdan AQShda bir shisha viski qancha turishi, koʻchada yengiltak ayollarni topish qanchalik osonligi, nasha va marixuana haqida soʻrashdi. Bu odatiy hol edi.

Oʻtkinchi yoʻlovchilardan biri menga shubhalanib quloq tutdi, men forscha va inglizcha oʻrtasida sarson edim. Soʻng bu oʻyinni tugatishga qaror qildim. Lekin futbolchilar ortga qaytishni istashmasdi. Ular yon atrofda hayot qiziyotganini sezgan va biz Isfaxonning boshqa doʻkonlarini aylanishga ketdik.

Garov oʻynashim mukmin, istagan futbol jamoasida, albatta, bitta boʻlsa ham hammani orqasidan diqqatga sazovor joylar, muzey yoki kitob doʻkonlariga boshlab yuradigan «ntelligent» boʻladi. Shunga oʻxshab, bizda ham bir yigit boʻlib, u forschani oʻrganayotgan va Rumiyning kitobini axtarib yurardi. Shuning uchun kitob doʻkonini koʻrishi bilan oʻzini ichkariga urdi, qolganlar toʻdalashib koʻchada kutib turdik. Lekin u uzoq vaqt koʻrinmadi va yana ikki kishi birin-ketin uni izlab doʻkonga kirib ketdi, biroq ular ham zim boʻldi-qoldi. Bu safar oʻzim xonaga kirdim va uzoqroqdagi burchakda kitob sotuvchisiga koʻzim tushdi, futbolchilar uning qarshisida turishardi. Sotuvchi qoʻlini koʻksiga urib, nimanidir zoʻr berib tushuntirayotgandi. Ularga yaqinlasharkanman, sotuvchining muqaddas soʻzlarni takrorlayotgani va uning ma’nosini inglizchada tushuntirishga urinayotganini eshitdim: La ilaha illalloh - Allohdan boshqa iloh yoʻq. - Iloh yoʻq, derdi u va qoʻllari bilan ishora qilardi, na qoʻlida, na javondan olgan kitobning tagida, hech qayerda, - faqat Allohdan boshqa. U boshqa ilohlar kabi mavjud emas, biroq u yagona, u Alloh kabi mavjuddir...

Men uning oʻz bilgicha tushuntirayotganini sezdim, lekin futbolchilar bu kabi nomavjud mavjudlikdan hayron qolib turishardi. - Men bularga urfon oʻrgatyapman, dedi u mening forscha tushunishimni anglab. U qiyshiq yuzli va badbashara gʻalati bir yigit boʻlib, ma’naviyati yuksak kishilarday bir kechada mistik oqimni bizga oʻrgata olishini aytdi. Ochigʻi, garchi mistitsizmning bu kabi bilagʻonlarini birinchi marta koʻrib turmagan boʻlsam ham, bunday xunuk yuzlilarga ishongim kelmaydi. Insof bilan aytganda, ba’zan ularning qoshi qulogʻi bilan mosligining farqi yoʻq, deb oʻylayman, shunga qaramay, mening estetikam adolatimdan kuchliroqdir.

Shunday qilib, u bizni oʻsha kech bir joyga taklif etdi va «intelligentimiz» bu taklifga jon deb rozi boʻldi. Bu uning shaxsiy tarjimoni sifatida mening ham birga borishimni bildirardi, biroq ushbu ish trenerning rejasi va umuman, komanda tartib-itizomiga qanchalik mos edi? Ustunlik - bu hamisha nomuvofiqlik haqida boʻladimi, bu hayot oqimidan orqada qolib ketish deganimi yo, xuddi hozir men mavzudan adashib ketganimga oʻxshab-a?

77

Yoʻq. Bu chindan ham hayotimdagi eng ajoyib tunlardan biri boʻldi, desam adashmagan boʻlaman. Kechqurun trenerga oʻzimizni uxlayotganday koʻrsatib, uning xurrak otishini kutib yotdik, soʻngra qorovulga bizni tushungani uchun choychaqa berib halokat chiqishidan suqilib oʻtdik va mehmonxonaning orqasida koʻrishib, taksiga oʻtirdik. Yarim soatda manzilga yetib keldik. Hozir men bu narsalarning birontasini ham qilmagan boʻlardim, chunki bular Eronda qat’iyan taqiqlab qoʻyilgandi. Lekin ochigʻini aysam, oʻsha tun intelligent futbolchimizni deb emas, balki oʻzimning qiziqqonligim bois keldim u yerga. Bilmadim, nega mistikaga bu qadar qiziqar ekanmiz, biroq, men hech bir shubhasiz bu munosabatlarning asl muddaosini bilaman. Biz kitob sotuvchisining uyiga keldik, u bizni turli katta-kichik eshiklar, loysuvoq uylar va devorlar orqali kattakon bir uyga yetakladi. U yerda yigirmadan ziyod kishi oʻtirgan holda Paygʻambarni sharaflab na’t oʻqirdi. Yoʻlboshlovchimiz bizni ma’qulroq joyga boshladi va yoniga oʻtirishimizni aytdi. Futbolchilar-ku doim shugʻullanib turishadi, lekin mening chordona qurib oʻtirishim juda noqulaylik tugʻdirdi-ki.

Bu yerda hech kim bizga e’tibor bergani yoʻq, kimdir Rumiydan oʻqishni boshladi, qolganlar undan zavq olib, ohista tebranib oʻtirishdi. Chorak soatlar chamasi oʻtgach, orqa tarafimizdagi eshik ochilib, ularning Piri bir necha kishi kuzatuvida ichkariga kirib keldi. Hamma qatori biz ham oʻrnimizdan turdik va bizdan tashqari, turganlarnnig barchasi maxsus madhiyani kuylay ketdi. Bir paytning oʻzida har bir kishi qatorlar orasidan oʻtayotgan Pirning qoʻlini oʻpishga intilardi. Bir gʻaroyib tuygʻu ichra Pirning barmoqlari boʻgʻinlarini qisgan holda ochiq qoʻlini oʻpish uchun egilgan edim, bu harakatim shunaqa beoʻxshov chiqdiki, Pir menga gʻalati qarab oʻtib ketdi. Oʻzimga ham juda kulgili tuyulgan ushbu holni hisobga olmaganda, qolgani ancha koʻngildagidek kechdi, hech kim bizni ajnabiyga yoʻymadi va zikr, tafakkur mashqi boshlab yuborildi.

Keling, batafsilroq ayta qolay: Ustoz qorongʻi burchakda birgina sham yorugʻida Qur’ondan oyatlar oʻqidi, qolgan jamoat esa uni joʻr boʻlib qaytardi. Keyin Pir oʻqishini tezlashtirdi va biz ham ba’zi oyatlar, muqaddas soʻzlar va oxirida yolgʻiz Allohning nomini takrorlab turdik. Xudoning 99 ismini zikr qilishni tugatgach, Ustoz faqat «Alloh» kalimasini aytishni buyurdi. Keyin u «U» degan ma’noni beruvchi «Hu» soʻziga oʻtdi va biz chuqur-chuqur nafas olib «Hu-hu-hu» deyishga kirishdik.

Siz buni boshdan kechirishingiz kerak. Tushuntirib berishga soʻz ojizlik qiladi. Faqat bir qiyos: bolaligimizda buvim turfa bayramlar arafasida pudab shishirilgan sharlar sotuvchisi edi va biz u sharlarni shishirib berib turardik. Agar birdaniga yigirmata sharni pudalsa, oʻzingizni shunday his qilasizki, xuddi oʻsha sharlar kabi yengil va boʻm-boʻsh boʻlib qolasiz va biror kishi shunchaki barmogʻini tegizib qoʻysa, osmonu falakka uchib ketguday boʻlasiz. Oʻsha tun ham shunday kechinmani tuydik.

78

Majlis nihoyasida nima boʻlganini bilasizmi? Biz yigʻinni namoz boshlangach tark etdik, kitob sotuvchimiz bizni tashqariga kuzatib chiqarkan, futbolchimizning gʻoyib boʻlganini sezdim. Sotuvchi forschada shunday dedi: «Hoʻtik dumini axtargani chiqib, ikki qulogʻini yoʻqotib qaytdi». U bizni tungi avtobus bekatiga tashlab, uyiga qaytarkan, irfon nuri endi bizning ham ichimizga kirganiga ishontirdi. Koʻchadagi boshqa odamlar orasida jimgina turarkanmiz, burchakda avtobus koʻrindi va qayrilayotib chiroq ustuniga urilib ketdi. Natijada elektr simlari uzilib, har tomonga uchqun otildi. Yaqinroqda turgan kishi boshini changallab baqira boshladi. Biz bekatdan uzoqroqqa qochishga urindik. Kimdir: «Ushlang ularni!» deya baqirdi va ikki kishining qorasi koʻrindi. Garchi u yerda boʻlmaslikni afzal koʻrsam ham, baribir endi voqeaning guvohiga aylangandim. Oʻylaganim toʻgʻri chiqdi.

Birdan xuddi oʻsha burchakda furgon mashina koʻrindi va ikki daqiqa avval bekatda qichqirgan odam ikki politsiyaga qoʻshildi. Ular qochib ketganlarni emas, balki bizni qoʻlga olishdi va mashinaga oʻtirishga ishora qilishdi. Men ajnabiy ekanligimiz, boʻlib oʻtgan voqea bilan hech qanday aloqamiz yoʻqligi, kechki ibodatdan kelayotgan futbolchilar ekanimizni isbotlashga urindim. Temirni qizigʻida bosishga urinib, nafaqat politsiyaga, balki mashinadagi jinoyatchilarga ham murojaat qila ketibman. Harqalay, ular bizning jinoyatchi emasligimizga kafil boʻlishdi. Ular boshlarini qimirlatishdi. Endi xursand boʻlib, yonimizni oladiganlar ham bor ekan-ku, deb turganimda, jinoyatchi deb oʻylagan kishilar fuqaro kiyimini yechishgan edi, barchalari politsiya ekani ayon boʻlib qoldi. Ularning barchasi boshini qimirlatib, battar ustimizdan xaxolab kuldi. Men esa oʻzimni tutib turolmasdan, xuddi kinofilmlardagiday: «Advokatim bilan koʻrishishga ruxsat beringlar!» deya baqira boshladim. Politsiyachilar esa kulgidan arang tiyilib turishardi.

79

At-Tohariy tarixiy risolasida shunday yozgandi:

Hamma joyda ham odamlar asir boʻlishning avval oʻylanganidan koʻra jiddiyroq va xavfliroq ekanini tushunib yetishgan. Hammaning ichida qoʻrquv paydo boʻldi. Birgina islom dinining bilimdoni buxorolik Shahzoda Niyan-Siang hamma narsa Alloh qoʻlida ekanini bilardi. U ustozi ibn Qusamning soʻziga quloq solib, kundalik ibodati sonini oʻn toʻqqiztaga koʻpaytirdi. Uning vafodorligini nafaqat Toʻgʻluk tilmoch, balki tulki ovchisi Tongyuquq ham aytib oʻtgan.

Shundan soʻng At-Tohariy mavzuni butunlay oʻzgartiradi, lekin Zev keltirib oʻtgan rus rohibi Yefrem Valaamov avvalgi xatlardan birida deydiki:

Nestoriyalik rohiblar Turk hoqonlari saroyida katta rol oʻynagan va bu Koʻk Turklari Saltanatining inqirozida muhim ahamiyat kasb etdi. Ularning merosxoʻrlari boʻlmish uygʻurlar bu ta’sir darajasini bilishgan, haqiqatda ularning davlati Nestoriyaliklar davlati boʻlib qoldi. Shu oʻrinda Shahzoda Kul-Tegin vafotidan soʻng Bilga Hoqon saroyiga kelgan armanistonlik rohib haqida eslatib oʻtmasam boʻlmas. U marhum Kul-Teginnning xotini nazarida gʻoyat ahamiyatli kishi edi (shu bois armiya nazarida ham), chunki kunlarning birida Kul-Tegin qusishi uchun unga oʻsimlikdan tayyorlangan dori bergan va hayotini saqlab qolgandi.

Keyinroq Valaamov doʻsti Tenzig rohib haqida yana boshqa bir parchani keltiradi:

Bir gal u menga odatiy majlislarning birida Bulen bilan ba’zi diniy masalalar borasida tortishib qolgan xitoylik general va quruvchi haqida oʻqib bergan. Maqbara quruvchi oʻzining nafaqat jismni, balki ruhni ham saqlab qolganini isbotlagan, shunga qaramay, Bulen avvalo ruhni uni ozod qilishdan va keyin qayta mujassamlashdan saqlashini aytgan. Shunda General ularning soʻzini boʻlib, Bulendan oʻz nazariyasini isbot qilib berishini taklif etgan. Bulen esa bu asosda oʻlishdan bosh tortgan, bunga bir vaqtning oʻzida ham ob’ekt va sub’ekt boʻlolmasligini sabab qilib koʻrsatgan, lekin agar General ozod boʻlish va qayta kirish ob’ekti boʻlishga rozi boʻlganda, u nazariyasini isbotlay olgan boʻlardi. General bu taklifni darhol qabul qilarkan, oldindan bir necha shart qoʻyadi. Meni bunga bogʻlanib qolmasligim uchun Tenzig rohib boshqa hech narsa demagan.

Lekin Zevning oʻzi bu narsani sharhlab deydiki:

«Bu menga katolik ruhoniy bilan tortishgan ravvin toʻgʻrisidagi latifani eslatadi. Ravvin ruhoniydan ulardagi eng oliy maqomni soʻraganda, ruhoniy «Pop» deya javob beradi. Ravvin esa kulib shunday deydi: «Lekin bizning oʻgʻil sizlarning Xudoyingiz boʻlib qolishda muvaffaqiyat qozondi».

Generalning kayfiyatini his qila olsam ham, Yefrem Rohib maktubi bilan latifa orasidagi bogʻliqlikni tushunmadim. Quyida Fiona aytib bergan, lekin Lukka tegishli yana bir parcha:

Siz u yoki bu voqeaning qanday rivojlanishini hech qachon bilolmaysiz. Bir niyat bilan boshlagan ishingiz oxir oqibat mutlaqo teskari natija bilan tugashi mumkin. Bilga-Hoqon oʻzining mashhur ishini «tafakkur qaymogʻidan totish uchun» janozaga aytilgan mehmonlar bilan boshlagandi. Lekin oqibatda butun Saltanatni barbod qildi, oʻgʻlidan ayrildi, eng yaqin maslahatchisini oʻldirdi, nikohini bekor qildi va nopok holatlarda vafot etdi. Tafakkur qaymogʻi-chi, u nima boʻldi? Alalxusus kim uni nihoyasiga yetkazdi?

Yo hayoti nursiz zindondagi qurt-qumursqalar ichida nihoya topgan Yorugʻlik Shahzodasi Manixeymi?

Ozod tabiatning ozod kuychisi boʻlmish Tardush Inonchi Choʻrning misolimi? Uning cheksiz qoʻshiqlari avval qogʻozga, soʻngra toshga oʻyib yozilganida va eng yomoni - oʻziga soʻzma-soʻz qaytirlganda - u ikki koʻzgu oʻrtasidagi yirtqich kabi telbaga aylanib qolgandi... Bechora yaralmish...

Bularning barchasi bir xil narsa xususida edimi, yoʻqmi, ana shuni bilmasdim.

80

Qorongʻi yertoʻlada oʻtirarkanman, hayotimning qaysi qismida turganimdan xabarim yoʻq edi. Bu hozir sodir boʻlyaptimi yo kelajakdami? Bu goʻyoki turmushning vaqtinchalik holati edi. Men unga odatiy hol sifatida qarashga koʻnikib qolgandayman. Bu yerdan qutulib ketish uchun nima qilish keraligini oʻylamayapman ham. Oʻzini botqoqlikdan sochidan tortib chiqargan Baron Myunxauzen emasman, vaqtimni tartibga solayotganim ham yoʻq. Shunchaki zim-ziyo yertoʻlada oʻtiribman xolos. Hech narsa roʻy bermadi, bermayapti, bermaydi ham. Mana shu mening hayotim. Hech kim menga oʻzimchalik yaqin emas. Oʻzimga bek, oʻzimga xonman. Kuchli, davomiy, mangu, har narsa boʻlib borayotirman.

81

Kundalik turmushda inson nimanidir oʻzgartirishga intiladi: kichik hayot kichik oʻzgarishlarni talab etadi, magar qarama-qarshi narsa rostga aylansa, bugun qotil yo oʻlik boʻlsangiz, hayotingizning qanday kechishi butunlay oldindan aytib boʻlmaganda, Xudodan oʻzingizni olisda qolgan zerikarli kunlarga qaytarishini oʻtinib soʻray boshlaysiz. Sizga kulfat emas, tinchlik kerak. Oʻtgan kunlaringizni sogʻinib-sogʻinib ketasiz. Hozir men hattoki Fontenbloda yashaganimda qatnashishga koʻnikkanim davralarni naqadar aziz boʻlganini his qilmoqdaman. Uch katolik, bir juft musulmon, bir yahudiy xonim, ateist negr qiz, buddist rohib, menga oʻxshagan bir necha notanish kishilar - barchamiz yahudiy qizning hind yigitiga muhabbati kabi dinlararo masalalarni muhokama qilishga odatlangandik. Romeo va Julettadan aslo kam boʻlmagan. Ota-onalar oʻz bolalariga qarshi, oshiqlar esa oʻz ota-onalariga, biz boʻlsak - oʻrtada choy bilan biskvit yeb, oʻz fikrini bildiruvchi qozi.

Men uzr soʻraganim holda uzumni turli millat vakillari: arab, turk, grek va forslarning turlicha nomlagani xususidagi Rumiy hikoyatini aytib beraman. Ular hikoyatning magʻzini chaqqunlaricha, aytamanki, har bir bogʻ turfa gullarga ega boʻlsagina chiroylidir va undagi har kim oʻzini turfa gullarning biri deb oʻylagani holda baxtiyorlik tuyadi.

Hozir men bor haqiqatni ochyapman.

Bir kun Rossiya Prezidentligiga saylovdan qaytdim. U yerda oʻzim kabi Gʻarbiy turmushdan zerikkan xalqaro kuzatuvchilarga tilmochlik qilgandim. Gʻalati alomat. Oʻzingizni Rossiyadagi milliarder yoki koʻchadagi gado sifatida tasavvur qilib koʻring. Xonananing bir burchida «alkogolik»ka oʻxshab yotgan Prezidentlar, paygʻambarlikka da’vogar yozuvchilar, masxarabozlik koʻrsatayotgan paygʻambarlar, Oblonskiy uyining aralash-quralashlari, aroq, ikra... Va birdan oʻlchab qoʻyilgan Gʻarb hayotining tomchisi.

Esimda, ruscha turmush chizigʻida boʻlganlar, avvalo, gʻarbliklar edi. Mehmonxonadagi istalgan fohisha ularni yovvoyiga aylantira olardi. Ular taksilarga oʻtirib, Moskva tashqarisidagi dala hovlilarga yoʻl olishganda, turmushning yangi bir mazasini tuyishdi. Men ularning kutilmagan uchrashuvlarida tarjimonlik qilish uchun bordim.

Bir rus tarjimoni menga yordam berdi, u yarim tatar boʻlib, kuzatuvchilar xonimlari bilan saunaga kirib ketishganda, u bilan dala hovlining ayvonida juda mazza qildik. Irma ismli bu hamkasb qiz ishqiy sarguzashtlarda ustasi farang boʻlib, har bir qovushishdan keyin yuvinish xonasiga borar, unda qoʻshiq kuylar va suv sachratib yana bir bor huzuringizga kelardi. Birinchi bor choʻmilish xonasida unga yaqinlashganimda, «Suyaklarim ostigacha yayrab ketdi» - dedi u. Suv menga musobaqadosh boʻldi.

Moskvadan qaytar ekanman, oʻsha gʻarbliklarni koʻrib, nega yana gʻazab otiga mindim. Nechun yoʻqotilgan qadr-qimmat va Gʻarbni boʻralab soʻkdim? Bu balki ular fohishalar uchun pul toʻlashgani va men Irma bilan bepul mazza qilganim uchundir?

82

Tongyuquq bir narsani aniq bilardi: dushman ustidan gʻalaba qilishning yagona yoʻli yov yoʻlidan, u ishlatayotgan quroldan birinchi boʻlib foydalanish edi. Dushmandan oldinroqqa oʻtib ketish kerak. Bu avval ham sinalgan, nega endi hozir ishonchni oqlamasin? «Tong tekkanlar» yoki «Tulki ovchilari» hozir ayni harakat payti ekanini tushunish maqsadida Bilga-Hoqon tuzgan tafakkur komediyasini yetarlicha koʻrishgandi. U halaqit berishga qaror qilgandi, biroq juda kechikdi.

Yugurayotgan odam tezroq yugurishga intilib, yuztuban yiqiladi, qattiqroq baqirishga kuchangan kishi tomogʻini yirtadi. Tafakkur ham shunga oʻxshaydi, - oʻyladi Tongyuquq. Agar ular eng yaqinlriga muhabbatdan dars berishsa, sevishga izn ber, lekin tez orada ular oʻzini koʻrarga koʻzlari qolmasligini anglaysan. Ular qonga qon soʻrashsa, marhamatingni darigʻ tutma va yana va yana talab qilishlarini koʻr: nafaqat koʻz, balki quloq va burunni ham. Agar ular mangu beparvolikni targʻib qilishsa, yalangʻoch va beparvo ayol bilan qoldir, vassalom... Shu tariqa ularning qurollarini oʻzlariga qarshi ishlat.

Eng avval miyasiga Pobeka - qizi va Bilga-Hoqonning xotini keldi. Qat’iyatli va intiluvchan Pobeka nimani toʻgʻri deb bilsa, shuni qila olardi. Boshqa onalar kabi u ham oʻgʻli Yoʻllugʻni oʻzidan ham ortiq koʻrar, Tongyuquqning oʻzi ham uni sevardi. Pobeka zanjirdagi chiqarib tashlanishi kerak boʻlgan birinchi halqa edi...

Yon atrofdagi dasht - shu qip-qizil va kuyib yotgan zamin seziltirmasdan qurigan maysani koʻtardi, goʻyo u bunga roziday. Koʻrinmas tulki shundoqqina yonidan yugurib oʻtdi, qari Tongyuquq uning hidini sezdi va siyrak moʻylovini silab kulimsiradi...

83

Hayotga qiziqishim qolmadi. Agar ertaga umring tugaydi, deyishsa, ikkilanib oʻtirmasdim. Ha, olam aro aylanib yurishimni tugatdim. Menga nima boʻlgan boʻlsa ham, hech narsam oʻzgarmadi; qalbim, kayfim, tuygʻum qanday boʻlsa, hozir ham shunday. Bu kunba-kun saqlanish, yurish va tirmashishdan, uzrxoh boʻlishdan osonroq. Shunday boʻlaqolsin! Ha, agar barcha buyuk tuygʻularimizni bir qoʻshiqning satrlariga jo qilish imkoni bor ekan, nafsimiz bilan ishqiy munosabatlarga kirishishdan na foyda? Toʻxtang!

Ey, kimda-kim meni oʻldirmoqchi boʻlsa, qani, kelsin! Men tayyorman!

Jimlik
Menga ism bering! Shu hayqiriq deb
Derazalar chil-chil, sindi eshiklar...
Ochiq osmon ostida bitta
Janozadan qolgan oina.
Bu oina faqat bir lahza
Gʻamni oʻz aksiga yashirdi yoki
Kimningdir savolin sadosi:
Ey, ismsiz, kim baqirdi menga?

84

.............................................................................

85

Ayni paytdagi kayfiyatim sababli bir muddat yozganim yoʻq. Yana bir bor, ha yana bir qayta buni nega yozyapganimni oʻylayotgandim. Odatdagiday miyaga har xil narsalar keladi, lekin tuzukroq narsaga uchramaysan. Shu tariqa hozirning oʻzida tugatib qoʻyaqolasan. Ayniqsa, mening holatim kabi goʻyoki jismonan hech qayerda boʻlmagan onlarda shunday boʻladi. Davom ettirishim kerakligi va oxiriga yetkazishim lozimligini hisobga olmaganda, hozir hech qanday boshqa sabab koʻrmayapman. Ba’zan buning nechogʻli qiyin ish ekanini his qilaman: «A» dedingmi, «B» ham deyishing kerak, lekin soʻnggi «H» ga yetgunga qadar toʻxtatib qoʻyolmaysan. Bir gap tugamasidan burun boshqasi ergashib turadi va gapni oxiriga yetkazishga majbur boʻlasan, shu tariqa hikoyaning asiriga aylanaman. Qolaversa, har tomonga otib yuborganim toshlarni toʻplaydigan ham oʻzimman-ku.

86

Siz balki ishonmassiz, lekin Li, mening ikkinchi qismim boʻlgan Li ham ularning biri boʻlib chiqdi! Shuncha paytdan beri men josusmanmi-yoʻqmi, shuni bilish uchun oʻzini asir qilib koʻrsatgan va menday yashagan ekan. Naqadar jinnilik va sotqinlik! Qanday telbavor sotqinlik va sotqinona telbalik! Yo notoʻgʻri tushunganim biror narsa bormi? Chunki kecha tunda qoʻmondon uni uygʻotib, boshqa xonaga olib chiqqani va meni nimadir qilish haqida muhokama qilishganini sezib qoldim. Oʻrnimdan sekin turib, bir necha bor oʻz ismimni va Lining inglizcha bir nimalar deganini eshitdim. Keyin Li yonimga qaytib keldi, biroq sira uxlagim kelmadi. Tongga qadar sherigimning shunchalik ayyorlik qilib yurganini oʻyladim va ertalab turiboq uning yuziga tupuraman, deya reja tuzdim. Afsuski, ertalab qotib uxlab qolibman, ular meni uygʻotishganda, Li gʻoyib boʻlgandi...

87

Hozir uning menga aytgan har bir soʻzi, talaffuzi, ovozidagi oʻzgarishni, nigohi va kayfiyatini eslashga harakat qilyapman. Oxirgisi birinchi keladi, deydilar. Mana uning isyonkor badaxshonliklarning yertoʻlasida asir boʻlib oʻtirganimizda fransuzchada aytib bergan soʻnggi hikoyasi yodimga keldi:

«Eslaysanmi, bir gal senga Lukning asir tushishiga sabab boʻlgan qoʻlyozma haqida aytib beruvdim? Bu sening Zeving Shia Changning akasidan izlayotgan qoʻlyozmaning oʻzginasidir. Undagi gʻayritabiiy hikoyani bilishni istaysanmi? Yo koʻproq bu hikoya atrofidagi holatga qiziqasanmi?» Garchi Liga «har ikkisi ham men uchun qiziq» degan boʻlsam ham, u quyidagini aytib bergan edi:

«Sen Ichi Lyang deb aytadigan kishi aslida bitta odam emas, qoʻlyozmaga koʻra, bu ismning ortida ikki kishi yashiringan: Chyan Kuy va Lyu Syan. Ular egizak edilar, biroq Ichi Lyang Bilga-Hoqonning oʻgʻli Yoʻllugʻga yaqin boʻlguniga qadar hech kim buni bilmagan edi. Chyan Kuy unga harb san’atini oʻrgatgan va kunlarning birida Turk Shahzodasini oʻtoviga taklif qilgan. U yerda hech bir shubha tugʻdirmagan holda uning egizagi paydo boʻladi. Garchi Shahzoda Yoʻllugʻ sirni ochmaslikka qasam ichgan boʻlsa ham, tez orada uning onasi Pobeka bundan voqif boʻlib qoladi.

Oʻsha payt uning otasi Dono Tongyuquq barcha asirlarga, eng avvalo, abadiy dushmani vakili, kelajakda Dasht Hukmdori boʻlmish nabirasini harb san’atiga oʻqitayotgan Ichi Lyangga qarshi yashirin kurash boshlagandi. Bir gal Tongyuquq tafakkurga choʻmib oʻtirgan mahal uning oldiga onasi bilan birga nabirasi keladi. «Afsonaviy oʻtmishdan soʻzlab bering», - deya soʻraydi Shahzoda Yoʻllugʻ. Keksa Tongyuquq unga turklarning kelib chiqishi, Shahzodaning toʻngʻich oʻgʻli urgʻochi boʻridan tugʻilishidan boshlab to Yoʻllukning togʻasi Kul-Tegin vafotigacha boʻlgan davrdagi barcha bilganini soʻzlab beradi. Dasht ruhlari uygʻongan va ularning harakati uvlayotgan shoqollar va pishqirayotgan otlarda aks etgan goʻyo. «Biz Ona Boʻrining avlodlarimiz» - dedi Tongyuquq. Biz hech qachon oʻzimizni yoʻlbars rolini oʻynayotgan mugʻombir va ayyor tulkiday tutmasligimiz kerak. Ertagimni eshit: boʻrilar galasida boshqalaridan kuchliroq boʻlgan bir boʻri bor ekan, u hatto gala boshligʻi - qari ota-onasidan ham kuchli ekan. Shu yaqin atrofda unga dushman boʻlgan bir tulki bor ekan va bir kunmas bir kun boyagi yosh boʻri yakka ov qilayotganda uchrataman-ku, garchi yoʻlbars toʻqayning xoʻjayini boʻlsa ham, bunda dashtdagidan quyruq koʻp axir, deb yurarkan.

Biroq, - debdi tulki, - u mening doʻstim, yaxshisi uni yoʻlbars bilan tanishtirib qoʻyay va u ham xotirjam ov qilaveradi u yerda. Keyingi safar ayyor tulki boʻrini dasht chekkasida qoldirib, oʻzi toʻqayga kirib ketibdi va boshqa bir tulkini uchratibdi. Lekin u yerdagi tulkilarning bari yoʻlbarsga oʻxsharkan. Shunday qilib, tulki qaytib chiqib, hamma narsa hal qilingani va boʻrining ov qilishi mumkinligini aytadi. Sodda boʻri toʻqayga ov qilgani kiradi, lekin tez orada yoʻlbarslar oilasining oʻljasiga aylanadi. Garchi boʻri kuchli va jasur boʻlsa-da, kuchlar nisbati teng emasdi va yoʻlbarslar uni nimta-nimta qilib tashlaydi. Goʻshtini esa tulkilar yeb ketadi.

Qani ayt-chi, boʻrining asosiy xatosi nimada edi? - soʻradi Tongyuquq nabirasidan va bolaning taraddudlanib qolganini koʻrib, oʻzi javob berdi. - Garchi kechirib boʻlmaydigan boʻlsa ham, tulkining soʻziga laqqa tushgani ham, galasini tashlab kelgani ham asosiy xato emas. Asosiy xatosi uni boʻri qilib turgan Dashtni tashlab ketgani edi, shunday qilmaganda, yoʻlbarslarning changaliga tushmagan boʻlardi...

88

Li nega qoʻlyozmaning bu qismini aynan oʻsha mahal aytib berganikin? Bu qandaydir maqsadga qaratilganmidi yo u shunchaki uzundan-uzoq asirlikdagi soatlarni qisqartirish uchun shunday qilganmi? Bu uning oxirgi ishiga qanchalik mos tushadi? U boʻrilarning menga oʻxshab soddaligidan kulayotgan tulkilarning biriga oʻxshamayaptimi? Yo u hikoyani boshqa bir sabab bilan aytdimikin? Agar shunday boʻlsa, qanaqa sabab edi u? Biz hamisha mana shunaqa savollar bilan oʻzimizni qiynashimizni sezyapsizmi? Nechun dunyoda sodir boʻlgan yoki sodir boʻlayotgan narsalarga murojaat qilamiz? Qaysi nafs buni mumkin yoki ma’qul qilib qoʻyadi? Oʻsha qoʻlyozmadan Li boshqa hikoya ham soʻylab bergandi:

Bilga-Hoqon gʻalati bir kayfiyatda edi. Avval hech bunday shubhali koʻrinmagandi. U shu qadar xayolga berilgandiki: dunyoning butun aqlu zakovatini aniqlash uchun jamiki Muqaddas Kitoblar tarjima qilinib, yuzlab bugʻu terisidan tayyorlangan sahifalar uning huzuriga keltirilgandi. Ba’zan tilmochlar tilmochi, dunyodagi barcha tillarni yaxshi biladigan oq boshli Yaril ulardan parchalar oʻqib berar, Bilga-Hoqon buni arang tushunar, lekin ulardagi noaniqlik aqlu zakovatning isboti kabi edi. Bilga hech qachon Yarildan ularning barchasini oʻqib berishni soʻramasdi, chunki u boshqa yumush - parchalarning barini eng katta toshga oʻyib yozishni amalga oshirish uchun saqlab turilgandi. Bunday toshning abadul abad Bilga-Hoqon nomi bilan oʻrnatilishi haqidagi gʻoya uning yuragini qizitardi.

Ikkinchi tomondan esa, aqlu zakovatni tarjima qilgan kishilarni kuzatarkan, Bilga ulardagi nomukammallikka e’tibor qaratardi. Birgina Qitan va Tatabudan kelgan Udar Sengunni olaylik. Bu nestorialik general armani rohibni marhumning xotini Koʻrk xotin koʻmagida keltirib katta muvaffaqiyat qozongandi. Kul-Tegin avval undan Muqaddas Kitobni tarjima qilishda foydalangan, keyin esa begunoh beva xotinni zoʻrlashda ayblagan. Shunday qilib Bilga armanini qatl etishi kerak edi. Armani qachonlardir qutqarib qolgan Koʻrk xotin oʻsha qoʻrqinchli voqeani la’natlab yurdi. Udar, Bilga-Hoqon va general bundan uning haqligi va bevaning jinoyatini isbotlash uchun foydalanishga urinishdi. Qolaversa, ularning Muqaddas Kitobida shunday deyilgan: «Yoningizdagi kishilarni seving...»

Yo Parsdan kelgan zardusht ruhoniy Farmuzdni oling. Uning cherkov qoʻshiqlariga bir quloq tuting-a:

«Quyosh osmonga koʻtarilgan zamon Yerga rahmat yogʻiladi va undagi oqayotgan, bir joyda muqim turgan va dengiz suvlariga rahmat yogʻilgay. Muqaddas Ruhning barcha yaratilganlari yorlaqalanmish. Magar Quyosh koʻkka koʻtarilmasa, shaytonlar Yerda buzgʻunchilik qila boshlaydi va samoviy hech narsa tirik qolmas. Men baland ovozda duo qilib Quyoshga ibodat qilaman, ha, oʻlmas va abadiy Quyoshga sajda qilaman, fikru xayolim, ishu a’molim va toʻgʻri soʻzim bilan iltijo qilaman. Men Quyoshga ibodat qilaman!»

Bilga-Hoqon yuragining tub-tubigacha his etadigan bunday soʻzlarni aytar ekan, quyoshga ibodat qilishga ruxsat berilgan tonglarning birida u tilmochni chalgʻitib, uning otini oʻgʻirlagan va qochishga uringan, lekin Bilganing abjir yigitlaridan biri uni tutib, ortiga qaytargandi. Bilga-Hoqon bu ishi uchun uni jazolamagan, biroq Quyoshga ibodat qilishiga chek qoʻygandi. Xoʻsh, hozir u qorongʻi boshpanada Axura-Mazdaning qizi ilohiy Ashiga ibodat qilayotib, qanday pinhoniy narsa tayyorlayotgan ekan? Ashining mana bunday soʻzlari bor:

«Uchqur otli turklar meni ta’qib qilganda, oʻzimni kuchli hoʻkiz tuyoqlari ostiga yashirdim; lekin u yerdan yosh yigitlar va er koʻrmagan qizlar meni topib olishdi. Yana bir bor uchqur otli turklar ta’qibiga uchradim va oʻzimni qoʻyning boʻyni ostiga yashirdim. Bu safar ham yosh yigitlar va er koʻrmagan qizlar meni topib olishdi. Yana meni uchqur otli turklar ta’qib etishdi.

Avval boshda Ashi duv-duv yosh toʻkib, bir bolasiz urgʻochiga zorlandi: «Unga yaqinlashma, u bilan birga yotma; lekin men ular bilan nima qilishim kerak? Osmonga uchmogʻim darkormi va yo yerga qaytmogʻim?»

Keyin Ashi duv-duv yosh toʻkib oʻz bolasini eriga keltirib bergan boshqa biridan homilador urgʻochiga shikoyat qildi: «Ular bilan nima qilmogʻim kerak: osmonga uchaymi va yo yerga qaytaymi?»

Soʻngida ilohiy Ashi yoshini oqizib zorlandi: «Bokira qizlarni olib ketib, ularni bolasiz ayolday qaytarib keladiganlar mudhish jinoyatga qoʻl uradilar. Ular bilan nima ham qilardim? Osmongami uchay yo yerga tushaymi?»

89

Ha, eronliklarning hibsidan darhol qutulib chiqdim. Garchi mendagi qoʻrquv haqiqatdagidan koʻra kuchliroq boʻlsa ham, voqeaning nima bilan tugashini hech qachon bilib boʻlmas ekan. Inson hayoti shu qadar oʻzgaruvchan, shu qadar kimningdir kayfiyati, ma’lumoti va yo boshqa narsalarga bogʻliq ekanki, lekin faqatgina tanazzul onlarida kayfiyat yo gʻaflatdan kuchliroq boʻlgan haqiqat mavjudligini anglay boshlaysiz. Shundan keyin imkoniyat deb ataluvchi narsalarning bari sarobga aylanadi. Ayni paytda men oʻtgan kunlarimni sarhisob qilarkanman, qanchalik haq ekanimni oʻrganyapman. Hayotim va yoʻlim qanchalik toʻgʻri kechdi? Eron Inqilobining meni oʻldirib yuborishga qodir yoki chirkin zindonga tashlashi mumkin quyuq soqolli qoʻriqchisi borligidan xabarim bormidi? Oʻylaganim shu edi: «Hammasi tugadi, u har narsani biladi! Aslida u (balki U) meni qotillik bilan qoʻrqitgan va hozir Isroilga safarimdan soʻng bundan ham yomoni boshlanadi». Lekin birinchisidan kattaroq boshqa bir qoʻriqchi borligini oʻylamagan ekanman. Vazifam unga undan ham yirikrogʻi borligini unutishiga yoʻl qoʻymaslikdan iborat. Aslida men buni bexosdan bilib qoldim. Chunki kichik va hal qiluvchi qoʻriqchi meni nima qilish haqida bir qarorga kelmasdan burun hujjatlarimni titkilayotganda, Oyatulloh Homayniyning surati pasportim ichidan tushib ketdi. Shu kichik surat soʻroqchimning qiyofasini butunlay oʻzgartirib yuborganini sezdim. Bu oʻrinda mening ushlab turilishim keyingi kunni - Prezident uchun emas, uning kelgusi hukmronligi uchun - barbod qilishi mumkinligini aytib oʻtish yetarli boʻldi. Bir maqol bor: Otdan tushsa ham egardan tushmaydi, degan. Shunga oʻxshab, kichik qoʻriqchi oʻqrayib turib menga baqirdi, biroq u telefon orqali qoʻmondonini topishga tushdi. Shundan keyingina Katta Trenerim ishga aralashdi...

90

Nega buni xuddi muhim narsaday sizga aytyapman? Nega tartibsiz tilmochlik hayotimning ahamiyatini aniqlashga urinmoqdaman? Oʻsha ma’nisiz kunlardan qanchalik uyalganimni bilsangiz edi. Bir kun bu yoqda, bir kun u yoqda, faqat berilgan vaqtni zamonaviy hayot deb ataluvchi yuzakilikka sarflash. Botayotgan quyosh ortidagi soyani ta’qib qilish. Bularning bari nima haqida? Vositachi sifatida xizmat qilganim hamma tadqiqotchi, prodyuser, ruhoniy, qoʻshiqchi, futbolchi, harbiy politsiyachi, top-model, barcha yulduzlaru zamonaviy jamiyat qaymogʻi boshqa dunyo bilan koʻprik oʻrnatish maqsadida edimi?

Yoki bu kabi oʻylashim bilan ularning emas, mening hayotim gʻayritabiiy tus oldi, deya kibrga berildimmi? Ya’ni bu boshqalarnikiga oʻxshamaydigan, oʻsha boshqalar boʻlishadigan ayqash-uyqashlikmi? Bir narsa aniq: roʻy bergan barcha narsa haqiqat, yagona, yolgʻiz, yakka haqiqat. Balki men aqlliroq boʻlishim, yulduzlar hamda ishqibozlarning emas, oʻtmish va kelajakning ikki tegirmon toshi orasida yanchilayotgan shu gʻaroyib sarobdan voz kechmogʻim kerakdir?

91

Yana gap zardushtiylarning qoʻshiqlari haqida. Moskvadagi sarguzashtimga sabab boʻlgan Irma eri toʻgʻrisida bir hikoya aytib berdi. (Boshida uni Fionaga oʻxshatdim, koʻpgina xonimlarga oʻxshab, yaqinlikdan keyin u ham eri haqida gapirdi). Ular Moskvadan ancha uzoqda joylashgan qishloqda yashashga odatlanishgan ekan, lekin ikkovlari ham Shoʻrolar poytaxtida ishlashgan. Odatda yarim soat avtobusda, soʻngra Qozon stansiyasiga qadar poyezdda va oxiri metroga tushisharkan. Bir gal Irmaning qandaydir ishi chiqib qolib, shaharda qolishiga toʻgʻri keladi va qishloqda shirakayf boʻlib oʻtirgan eriga sim qoqadi. «Eshit, - deydi u eriga, - Ertaga Bolshoyga kunduzgi tomoshaga tushmoqchimiz, soat oʻnda u yerda boʻlishing kerak, otlar turgan ustun tagida. Qayerligini uqdingmi?» «Albatta! Bolshoyni kim bilmaydi? Qizil Maydon yaqinida-ku!» «Boʻpti, uxlab qolma!»

Uning eri oʻsha zahoti uxlashga yotadi va radioni oʻchirmay qoldiradi. Shoʻrolar gimni yangi kunni e’lon qilgan paytda irgʻib oʻrnidan turadi, chiroyli kiyinib, avtobus bekatiga chopadi. Koʻcha negadir qorongʻi edi. «Kecha juda koʻp ichvoribman», - tushuntiradi u oʻziga oʻzi va qishloq chetidagi bekat tomon tez-tez qadam tashlab ketadi. U yerga yetib kelsa, avtobus yoʻq emish. Bir soat kutsa hamki hech narsaning daragi boʻlmabdi. «Bugun bayrammi?» - oʻylaydi u, - lekin nimaga qoʻngʻiroqlar chalinmayapti? Yana yarim soat kutgach, bir mast oʻtkinchiga koʻzi tushadi. «Ogʻayni, nega avtobus yoʻq?» - soʻraydi u. «Jinni-pinnimasmisan, yarim tunda qanaqa avtobus senga?» U qaytib soatiga qaraydi. Soat tungi ikki. Buvisini uygʻotadi: «Qarang, nimaga gimn aytishdi?» «Tentak bola-ya, - deydi u, - soat tungi oʻn ikkida faqat soʻzsiz cholgʻu chalinadi, ertalabki oltida esa gimnni qoʻshiq qilib aytishadi. Bularning farqi bor!»

Shunday qilib, soat oltida Shoʻrolar gimni aytilgach, er yana avtobus bekatiga boradi. Soat oʻnda u kattakon ustun tagida turar, lekin Irmadan darak yoʻqmish. U birdan atrofga qarab tomoshaga kelmayotgan faqat Irma ekanligini oʻylabdi va tekshirib koʻrish uchun ustunning yuqorisiga qarabdi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, marmar otlardan nishon yoʻq emish. U chindan ham qoʻrqib ketibdi: jin ursin qayerdaydi axir ular? U boshqa bir mast yoʻlovchidan otlar qayerda deb soʻrabdi. «Jinni-pinnimasmisan, Manejning ustida otlar nima qilsin? Ular Qizil Maydonning xuddi shunaqa narigi tomonidagi Bolshoyning ustida!»

92

Eronda ekanman, guruhimiz oxirgi oʻyinga tayyorgarlik koʻrgunicha hamma narsani unutishga va diqqatga sazovor joylarni tomosha qilishga qaror qildim. Sheroz avtobus bekatida kelib-ketish vaqti koʻrsatilgan jadvaldan uzoqlashayotganimda, bir taksi haydovchi oldimga kelib, istagan yerimga olib borib qoʻyishini taklif qildi. U dedi, bu dedi, qisqasi, men uni emas, u meni yolladi. Shu asnoda unga 100 ming riyol, ya’ni taxminan 30 dollar pulga kelishdik va u meni shahar boʻylab olib yuradigan boʻldi. Chindan ham taksi haydovchi hamma yoqni koʻrsatdi. Biz kunni birgalikda oʻtkazdik, hatto sayohatimiz soʻnggida u meni uyiga taklif qildi. Unda ayoli bilan qizlari islomiy qonun-qoidalarga mutlaqo qarshi boʻlgan savollarni ustimga yogʻdirishdi. Bu futbolchilar, mening sayru sayohatim va shaxsiy hayotimga oid savollar edi asosan. Bir soʻz bilan aytganda, biz aka-ukaday boʻlib qoldik goʻyo. Axiri haydovchi qaytib oʻsha Sheroz bekatiga meni eltib qoʻyarkan, kelishganimiz 100 ming riyolni chiqarib unga uzatdim. Lekin u pulni olmadi, bundan buyon unga qarindosh ekanim va biror kun aziz mehmonim boʻlishdan boshi osmonga yetishini aytdi. Men ham xuddi unga oʻxshab quyuq mehmondorchilik qilishga soʻz berib, pulni olishini oʻtindim. Biroq u yana rad etdi. Men qayta qistagandim, u birdan «Yaxshi, - dedi, - modomiki majburlayotgan ekansiz, u holda menga 110 ming riyol berishingiz kerak, chunki tashrif buyurganingiz hamma muzeylarga ham biletni oʻzim sotib olib berdim...»

93

Bir safar Fionaning Togʻli oltoylik jiyani zamonaviy sakkiz yashar turk oʻgʻli bilan uni koʻrgani Indianaga kelishdi. Bolakay kecha-yu kunduz televizor koʻrishdan charchamasdi. Onasi unga ruxsat bermaydigan birgina narsa - ishqiy sahnalarni koʻrmasligi kerak edi. Bir gal onasi qarasa, qoʻli bilan bir koʻzini berkitgan holda u haliyam televizor koʻrib oʻtirgan ekan. «Nimaga haliyam bu yerdasan?», - tutoqibdi ona. Bola esa shunday javob qilibdi: «Men faqat erkakka qarayapman.»

94

Kibru havodan yiroq boʻlgan holda, bu kulgili hikoyalarni koʻplab yangi hislar topish uchun esladim. Bu qanday tuygʻular ekanini keyinroq aytib beraman. Lekin hozir Lining menga boʻlgan munosabatini va oʻzimning unga munosabatim zamirida qanday ma’no yotganini chaqishga harakat qilmoqdaman. Bir kuni meteorologik boshpanamizda u asirdoshlarining biridan eshitgan hikoyani soʻzlab bergandi. Oʻsha mahal bu hikoyaga u qadar e’tibor bermagan ekanman, biroq endi undagi har bir tafsilotni ikir-chikirigacha eslashga urinyapman, chunki bu koʻp narsani tushunishga yordam beradi. Hikoya jangarilarimizdan bir nechasi jalb qilingan portlash xususida edi. Hozir angladimki, bu men Urumchi va Lukni tashlab qochganimda sodir boʻlgan portlash ekan.

«Portlashlar mahalliy terrorchi kuchlarga toʻnkalgan va hukumat ulardan istalgan norozilikni barbod qilishda foydalangan. Jangarilar ustidan katta sud boʻlib, ularning bari jinoyatni boʻyinga olishgandi, shunga qaramay, koʻplari oʻlimga mahkum etilgan. Qizigʻi shundaki, bir kishidan tashqari, mahkumlarning birortasi portlash joyida boʻlmagan. Haqiqiy jinoyatchilar esa qochib ketishga ulgurgan.

Undan-da qizigʻi: oʻsha harakatning yetakchilaridan biri portlashdan uch oy avval qoʻlga olingan. U xavfsizlik xizmatiga ikkiga ajralgan ekstremist guruh borligi, ular tashvish tugʻdirish mumkinligi haqida gapirib, u guruhning boshligʻi ismini aytib bergan. Alalxusus, portlashlarga uning oʻzini aybdor deb topishgan. Oʻsha yigit turmada oʻzini oʻzi oʻldiradi.

Shundan soʻng Li bu yetakchi juda ilmli ekani va undan koʻplab yangi narsalarni oʻrganganini aytadi. Oxir oqibat ular harbiy asirlar lagerida ma’lum bir qoʻlyozmani birga oʻqishadi. Li yana qoʻshimcha qildiki, biror kimning yaxshi niyati ularni toʻgʻridan-toʻgʻri doʻzaxga eltishi mumkin edi. Unutilgan oʻlim dahshati darhol boshimda qanot qoqa boshladi, lekin ayni paytda koʻproq Li haqida oʻylayapman. Agar oʻsha portlashlarni hukumat tashviq qilgan yoki rejalashtirgan boʻlsa, Li bu xususda qayerdan bilishi mumkin? Va agar u buni va mening hayotimni yaxshi bilsa, u davlatga ishlayotgan boʻlib chiqadimi? Lekin bir soniya toʻxtang - yigirma daqiqa burun uni jangari deya meni kuzatib yurganidan shubhalandim. Kim oʻzi u? Hozir qayerda yuribdi?

95

Saltanat xavf ostida qolgandi. Tongyuquq buni dashtdagi noyakdillik isidan sezdi, shunga qaramay Bilga-Hoqon umumjahon aqlu zakovat daftari ustida gʻururlanib oʻtirardi. Boshing aqlsiz boʻlgani holda dunyo zakovatining ma’nisi ne boʻldi? Bu zakovatni keltirgan kishilar asal beruvchi nayzali asalariga oʻxshashadi. Ikkiyuzlamachi xitoylik josus va shu tomonda dashtning kelgusi hukmdori. Tibetlik Bulen rasmiy dini Lamaizmni unutib yubordi va norasmiy Bon dinini oʻqitib yurdi. Udar-Sengun Kul-Tegin bevasining sevgilisiga aylandi; tamgʻachi Makrach va Oʻn-oʻq qabilasidan kelgan Oʻgʻuz-bilga yangi sharhlarini shahvoniyatning ob’ekti sifatida ishlatadi... Va bu buzuqlik choʻzilgandan choʻzilaveradi.

Janubda, Xitoy hukmdori uygʻur qabilasi boshligʻi Shansuni quvgʻin qiladi. Uygʻurlar hozir xitoyliklar va Koʻk Turklari zulmidan bezor. Shansuning oʻgʻli Hoshu gʻalayon koʻtarib, Xitoy-Otuken karvon yoʻlini toʻsib qoʻyadi. Sharqda Qitan Katugan boshligʻi Xitoy elchisini oʻldirib, uning boshqa generallarini turklarga yuboradi. Lekin turklar oʻralashib oʻtirmaydi va xitoylik yuborgan josus Katugan va uning oilasini kallasidan judo etadi.

Qitanlar garchi sotqinni chopib tashlagan va yana bir bor koʻk turklariga murojaat qilgan boʻlsa-da, Bilga-Hoqon ayni paytda Saltanatdan ayrilib qolishga aloqador oʻzining mangu ishlari bilan band edi...

Tongyuquq allaqachon Hukmdorga ta’sir qilishga uringan, xavfni kengaytirishga koʻmaklashgan va buni Hukmdorga koʻrsatgani holda Bilga-Hoqonni oʻgʻlidan ayirgan, shunga qaramay, Tongyuquqning qizi hanuz ishning borishiga ta’sir koʻrsatib turardi. Hoqon bekordan-bekorga Makon ustidan gʻalaba qilgani kabi Vaqtni ham yengaman deb urinib yuribdi. Dono tulki ovchisi kelajakka borishi kerakmi va yana oʻzi kelajak haqida qaygʻursinmi? Nahot Tangri samoviy javobgarlikni uning choʻkib borayotgan sersuyak yelkasiga yuklayotgan boʻlsa?

96

Ba’zi oʻrinlarda Koʻk Turklari tarixi xususida juda koʻp kishilar tadqiqot olib borganini anglayman: Radlov va Malov, Klauson va Chavannes, Bang va Ota Malik Juvoniy, Bichurin va Gumilev, Grouset va Peliot, Liu Mau-tasai va Julen. Faqat nomlar, nomlar, nomlar. Ba’zi nuqtalarda men ularning hayoti bilan qiziqdim va avval Luk va Zev, Valaamov va Tenzig, At-Tohariy va ismsiz darvish kabi ularning hayotiga shoʻngʻib ketishim mumkinligini angladim.

Ikkinchi tomondan oʻzim ham ularning biriga aylandim va hayotim oʻrganishga arzigulik misol boʻlib qoldi. Ish shuni taqozo etdi. Bu qachon sodir boʻlganini sezmagan esam-da, lekin hozir uni aniq bilaman. Shuning uchun yuqorida keltirganim tasodifiy ajnabiylar (ishonchim komilki, ularni eslay olmaysiz) orasidan oʻzim tomonga yangi yoʻl qurib oldim. Kimman oʻzi? Oʻsha yoʻlovchilar, ajnabiylar va qahramonlarning shunchaki soyasimi, yoki sifatli bir narsami va yo ozod ustixonlik allakimmi? Yoxud haqiqat zamonaviylik tomonda turgan mana shu koʻpchilik oʻrtasidami? Yoxud hatto hech bir yerda: men u haqiqatni ularning orasidan topishga urinarkanman, shu ishni qilayotganimni unutaman, biroq buni bilsam, ular orasidan axtarayotganimga e’tibor bermayman...

97

Albatta, Tulki Ovchisi tulkilar oʻzini aldashda deyarli muvaffaqiyatga erishganini yaxshi bilardi. Saltanat qulab borar, lekin buni hali hech kim bilmasdi. Qanaqa davlat bu? Bu - iroda, uzundan-uzoq iroda. Butun dasht kabi choʻzilgan iroda. Zakovat va kuch-qudratni keltirgan iroda. Keksa Tongyuquq dono edi, biroq kuchli emasdi u qadar. Kul-Tegin oʻlgandi. Boʻrilar kuchsiz boʻlsa, tulkilar, shoqollar va qargʻalar hukmronlikka oʻtadi. Sariq tulkilar ham ularni chuv tushirdi.

Lekin dashtda ov qilishning juda qadimgi yoʻli bor: chavandozlar tulkilarni ufq chegarasigacha toʻxtamay quvib borishadi va birdan ular oʻng tarafdan kelib, yana ularni ufqning boshqa chegarasigacha quvishadi. Soʻngra chavandozlar yana boshdan oʻng tarafdan kelishadi va tulkilarni qayta-qayta ufqning uchinchi chegarasiga qadar quvishadi. Bu bir fitnadir. Lekin oxiri chavandozlar katta egri chiziq tortib tulki bilan yuzma-yuz kelishadi. Tulki esa chap berish oʻrniga, yerga qulab oʻladi. Ular dasht gʻoyasiga toqat qilolmaydi. Bu Buyuk Qaytaruv deb ataladi. Dono va Keksa Tongyuquq ana shu Buyuk Qaytaruvga tayyor turardi.

98

Bu yilgi qish mening uzun oʻylarimdan ham choʻzilib ketdi. Bu togʻli oʻlkaga bahor kelishiga ham shubhalanib qoldim. Hozir oʻsha kar-soqov ayol bilan yashayapman. Ba’zan uni boʻm-boʻsh pulemyotim bilan qoʻrqitib qoʻyaman. Men bilan hech kimning ishi yoʻq. Tavba, dunyoning yarmini kezib chiqqan, yer yuzidagi eng goʻzal joylarni koʻrgan menday bir kishi kimsasiz va la’nati qishlogʻidan nari chiqmagan qari jodugar yoxud bokira ayol oldida oʻlayotgan boʻlsam, shu tobda oʻlim oldida qay birimiz boyroq va bechora hol ekanmiz? Bir soʻfiy shoir yozganidek:

Ruhoniy ilmi-la faxr etar, kambagʻallar koʻtarar isyon,

Jazo kuni kimning toshi ogʻir kelar, kim ham bilardi?

Qishloqqa jangarilar hujum qilganda, bu ayolning uyi vayronaga aylangandi. Har kuni u tosh terib kelib, bitta-bittalab devorini tiklaydi. Uzun hayotning ikir-chikirlari...

Balki men uchun ham dunyoning yarmiga sochib yuborilgan toshlarimni terish fursati yetgandir?

99

Bilga-Hoqon gʻazab otiga mingandi. La’nati aqldan ozgan qari chol nima qilib oʻtiribdi? Toʻgʻri, u Saltanatni oyoqqa turgʻizishda katta foyda bergan, biroq endi uning aqli boshidan uchib, mamlakatni xarob qilmoqda. U hokimiyatga qizi Malika Pobekani jalb qildi, xuddi Hukmdorga oʻgʻli Shahzoda Yoʻllukdan mahrum boʻlgani yetmaganday. Ular barcha muqaddas kitoblarning nusxasini olib, nafaqat ularni oʻqishga, balki turfa kitoblarni ularni tarjima qilgan kishilar bilan birga turli turkiy qabilalarga yuborishga qaror qilishdi. Agar bu ish boshida tilmochlar tilmochi turmaganda, Hukmdor hech narsani bilmagan boʻlardi.

Bilga-Hoqon birodari Kul-Tegindan ayrildi, oʻgʻli Shahzoda Yoʻllukni yoʻqotdi, oʻz xotini Pobeka sotqinlik qildi, folbini Udegeni qatl etdi, lekin bu uning soʻnggi zabt etgan narsasi - Dunyo Aqlu zakovatini bir chetga yigʻishtirib qoʻydi degani emasdi. Bu aqldan ozgan, tishi tushgan chol uni butun dashtga yoyishni istadi. Xuddi shamol uchirayotgan tuproq kabi...

Uni oʻldiring!

100

Niyatlarimning birortasini roʻyobga chiqarolmadim. Hammasi yarim yoʻlda chala qolib ketdi. Luk, Zev, Fiona, Noam, rohib Valaamov, Tenzig, At-Tohariy. Kecha Li qaytib kelganda, uni oʻldirganim yoʻq, hatto qayerga borganini, nima qilganini-da soʻrab-surishtirmadim. Uni na shubhali josuslikda va na sotqinlikda aybladim. Soʻroqqa tutadigan sudyamidim? Axir gunohi kabiralarni qilib yurgan, Xudoga ishonmaydigan (garchi behudaga Uning Ismini eslab yursam ham), shaytonga qoʻl bergan, ota-onasini unutgan, zinokor va qasamxoʻr, deyarli qari xotinni oʻldirgan, qadimiy qoʻlyozmani oʻgʻirlagan bir notavon boʻlsam... Bu dunyodagi xom sut emgan bandalar ichida nima qilib yuribman oʻzi?..

Li oʻzini hech narsa boʻlmaganday tutdi. Men ham. Kechqurun kampir oʻzining qoplon terisi toʻshalgan tosh yotogʻiga ketganda, Li shamchiroqni yoqib, qoʻynidan turli xil varaqlarni chiqarib menga uzatdi. Bu xitoycha va uygʻurcha muqaddas yozuvlar edi. Men ularning nima haqida ekanini juda yaxshi bilardim.

Li avval xitoychasini oʻqidi va tarjima qila boshladi:

«Tan sulolasining asoschisi xitoysifat turk Li Yuan boʻlgan. Shu bois sulola ikki ma’noli boʻlib qolgan. Taotzun hukmronligi vaqtida koʻpgina turklar uning atrofiga toʻplanishgan: Kibi Heli, Ashina Sheni, Tongyuquq... Bu vaqt oraligʻida Taotzunning oʻgʻli Gaotzun oʻz otasi haramidagi Yu degan goʻzal ayolni sevib qoladi. Lekin koʻp oʻtmay Hukmdor vafot etib, uning barcha xotinlari ibodatxonaga joʻnatiladi. Kunlarning birida yangi hukmdor Gaotzun ibodatxonaga borib, sevgilisi Yu bilan koʻrishadi. Chunki uning xotini farzandsiz boʻlib, hukmdor haramiga rohiba olishga rozilik bergandi. Gaotzun Yuni oʻzidan ham ortiq koʻrar va tez orada oʻz oʻrnini unga boʻshatib beradi. Hukmdor ayol esa imkoniyatdan foydalanib, eng avval oʻz raqibini sharobga gʻarq qiladi, soʻng barcha ajnabiylarni quvgʻin yoki surgun qiladi. U judayam haddidan oshib ketadi. Tez fursatda u sulolani deyarli barbod etib, erining vafotidan keyinoq hokimiyat tepasiga keladigan oʻgʻlini qatl etadi. Shu tariqa Yu Tan sulolasining nomini butunlay hayot sahnasidan olib tashlaydi. Buddist rohiblarning yozishicha, bu Buddaning qizi boʻlgan ekan.

Oʻshanda turklar endi-endi yuzaga kelayotgan paytlar edi...»

Shundan soʻng Li keyingi qogʻozni oʻqishga oʻtdi:

«Oʻrta Saltanatning poytaxti Chan’an saroy fitnalarining markaziga aylandi. Hukmdor Tjun-Sunning xotini Vey Shey ajdodi boʻlmish Yuning kirdikorlarini qaytarishga urindi. Mavqeidan foydalanib, bu ayol oʻz erining tarafdorlarini qatl ettiradi va oxiri erini ham zaharlaydi. Malika An-lo bilan birgalikda Hukmdorning oʻlimini yashirgan holda, uning hokimiyatdan oʻz xohishi bilan boʻshagani xususidagi soxta farmonga imzo chekishadi. Shunday qilib, uning oʻgʻli yangi Hukmdor deya e’lon qilinadi.

Lekin hukumatni olishga urinish ish bermaydi. Hukmdorning jiyani Li oʻz qoʻshini bilan saroyga hujum qilib, isyonkorlarning boshini tanidan judo qiladi. Tez orada u sulolaning yangi Hukmdori va Suantzyun nomi ostida Koʻk Oʻgʻliga aylanadi. Turklarning Hukmdori Bilga-Hoqon Koʻk Oʻgʻliga oʻz otasiday hurmat koʻrsatishga soʻz beradi.

Keyinroq Koʻk Oʻgʻli Bilga, Kul-Tegin va Tongyuquqni Tayshan togʻi ostidagi qurbonlik marosimiga taklif etadi, biroq oʻz elchilari Meyluchjoni yuborgani holda ularning birortasi ham marosimga kelmaydi...»

Keyingi qogʻoz uygʻur tilida boʻlib, Li uni menga uzatdi, Men oʻqiy boshladim:

«Soʻgʻddan kelgan Manixey Shahzoda e’tiqodi kuchliroq boʻlgan oʻz tilmochi Berke bilan munozara qilib turardi. Berke Shahzodaga tegishli barcha narsani, xususan «Nom»ning tarjimasini ham olib, bir joyga toʻpladi va ustidan oʻt qoʻydi. Olov tillari yuqoriga oʻrlaganda, Berke uning atrofida pichirlab, har xil soʻzlar aytib, qoʻngʻiroq va doʻmbira chalib, oʻyinga tusha boshladi. Birdan u aqlu hushini yoʻqotib, gʻalati ovozlar chiqara boshladi va nogoh yerga yumalab tushdi-yu, oʻlib qoldi. Kitob oʻt ichida qoldi, sahifalari gurillab yona boshladi. Shahzoda hech qachon bu kabi ajoyib manzarani koʻrmagan edi. Yerda Berkening oʻligi yotardi...»

Li boshqa bir xitoycha yozilgan qogʻozni tortib chiqardi va betartib oʻqiy ketdi:

«Koʻk Oʻgʻli Suntzyun oʻzining ikkiyuzlamachi xizmatchilari Chjan Kuy va Lyu Syan tufayli Bilga-Hoqonning Otukendagi saroyida nimalar sodir boʻlayotganini juda yaxshi bilardi. Uning ularni asirga olayotganlaridan jahli chiqardi. Bu ularning avvalgi va’dalariga qarshi boʻlib, oʻziga nisbatan oʻta hurmatsizlik ham edi. Vaziyatning birgina afzal tomoni ularning haliyam u yerda turib, oʻz ishlarini davom ettirishayotgani boʻlib, bu Suantzyun asosiy dushmani haqida koʻproq narsa bilishi mumkinligini anglatardi. Shunga qaramay, xizmatkorlar urush ochish fursati yetgani haqida xabar joʻnatishgandi.

Koʻk Oʻgʻli isyonchilarga qarshi qanday kurashish kerakligini bilardi. U turklarning elchisi Meyluchjoni Otuken oʻrmoniga yuboradi. Meyluchjo oʻz ishidan va uni amalga oshirgach, evaziga nima olishidan yaxshi xabardor edi...»

101

«Tongyuquq ularning elchisi Meyluchjo ortiga qaytib kelgani va eng avval Hukmdor bilan koʻrishganini eshitgan zahoti hammasini tushundi. Avval uning oʻzi Xitoy hukumati tomonidan xuddi shunaqa ish uchun yuborilgan, lekin oʻz odamlarini sotgan emasdi. Aksincha, u hamma narsani dashtning asosiy dushmanlariga qarshi koʻtargan va hozir koʻk turklar saltanati dengiz osha kengayib bormoqda. Uning hayotdagi vazifasi tulkilarni izlab topish, ta’qib etish va ovlashdan iborat edi, ayni paytda u tulkilarning yana qayta boʻrilar mulkida ekanini his etdi.

Har daqiqa u Meyluchjoning huzuriga kelishini intiqib kutar, chunki saltanat bir qoʻlsiz ham saltanat, hatto ikkinchi qoʻli yoʻq boʻlsa ham saltanat, lekin boshsiz saltanat saltanat emasdir. Meyluchjo Chan’andaligida bunga oʻqitilgandi. Biroq, Dono Tongyuquq Hukmdorning ahvolini bilish uchun odam yuborib, Pankul boshliq saralangan qoʻshinni qoʻqqisdan boshlanadigan hujumga tayyor turishini buyurdi.

Dono Tongyuquq Buyuk Qaytaruvni boshlab nechogʻli toʻgʻri ish qilganini yana bir karra his etdi.

Xonasida oʻtirarkan, eshik ogʻasi ichkari kirib, Koʻk Oʻgʻli janobi oliylarining elchisi kutib turganini aytdi. Shan’anda ildiz yozgan barcha gaplar Tongyuquqning gʻazabini qoʻzgʻatgandi, biroq u Meyluchjoga kirishga izn berdi. Lekin u ichkariga kirmasidan burun, elchilar va Bilga-Hoqonning jallodlari oʻtovga bostirib kirishdi va Tongyuquq haq boʻlib chiqdi. Dasht Hukmdori zaharlangandi. U hayot uchun kurashar ekan, zudlik bilan Meyluchjoni tutishni va butun urugʻi bilan qirib tashlashni buyurdi. Keksa Tongyuquq koʻzlari yonib turgan la’nati shoqolga tikilib qaradi, lekin sotqin bu sokin sharmandalikka chiday bilmadi...

Saltanat xavf ostida qoldi...»

102

Odatda oʻzing biladigan narsalardan boshqalar ham xabardor deb oʻylaysan kishi, shuning uchun ham ularga har tomonlama e’tibor qaratmaysan, masalan, oʻz qaydlaringga. Ba’zi oʻrinlarda men ham shunday qilganimni angladim: soʻnggi ikki yil ichida hayotimda roʻy bergan voqealarni hamma bilishi kerak deb oʻyladim va shundan buyon qaydlarimdagi mantiq yoki batafsillikka u qadar e’tibor qaratmaydigan boʻldim: ular ma’lum bir vaqtdagi kayfiyatimning in’ikosi edi xolos. Lekin hayotning mantiq bilan ishi yoʻq, u oʻz yoʻlida davom etaveradi. Shundan boʻlsa kerak, saltanatlarning barbod boʻlishi, sivilizatsiyalararo toʻqnashuv kabi yirik masalalar qolib, arzimas shaxsiy voqealar, hatto voqeadan ham kichkina narsalar toʻgʻrisida gap boshlanadi. Bu menga «Tuyani shamol uchirsa, echkini osmonda koʻr» degan maqolni eslatadi.

Fionadan ayrilganim koʻnglimni qattiq ogʻritib yurgan kunlarning birida biror joyga sayohatga chiqishga qaror qildim. Sayyohlik agentligi Venaga borishni taklif qildi. Ha, ado boʻlgan saltanatlardan birining poytaxtiga. Har kimning tasavvuri turlicha boʻlgani kabi, men ham Venani musulmonchasiga tasavvur qilardim. Lekin hammaning xohish-istagi har xil. Siz bu kompleks sayohat nima ekanini bilasiz: avtobusdagilar unga oʻtirgandan boshlab, bir-biri bilan tanishishga tushib ketishadi, oqibatda bu tanishuv bir shisha oʻrta sifatli nemis vinosidan otib olgach, allaqanday xira doʻstlikka aylanadi va oqibatda mast-alastlarning «Doktor Gesler, Postgas, 14» pansionida bitta oʻringa yotib uxlab qolish bilan yakunlanadi. Buni tan olish qiyin, lekin undan ham qiyini ularni ayblayotganing va oʻzing ham xuddi shunday ekanligingda.

Yakka oʻzim Venaning dabdabali va uncha keng boʻlmagan tosh koʻchalaridan Hukmdor uylari, bogʻ, favvoralar, Opera teatrini tomosha qilib borarkanman, Domen-Platsga kelib qoldim, u yerda yoshlar breyk tushayotgan va boshlarida aylanib oʻynashayotgandi. Yaqin atrofdagi ibodatxonada qoʻngʻiroqlar chalina boshlandi, lekin hech kim unga quloq tutmasdi. Vahimali musiqa uni bosib tushar va yoshlar «Ole, ole!» deya qichqirishardi. Bob Marli «Sen bilan qisilib qolishni istayman» qoʻshigʻini kuylar, toʻplanganlar orasida yaponlar va hindlar, turklar va avstriyaliklar, britaniyalik va kariblik, meksikalik va sloven, xitoy va rus, yahudiy va loʻlilar bor edi.

Men ibodatxonaga kirdim. Pasxa bayramiga bagʻishlangan marosim boshlanish arafasida edi. Aslida men bu marosimda qatnashishga emas, bu joylarni tomosha qilishga kelgandim, lekin eshik ogʻasi mendan marosimga keldingizmi, deb soʻraganida, «ha» deb yuboribman. Men yolgʻon gapirgandim, lekin endi ichkariga kirib boʻlgandim.

Cherkovda nimalar boʻlganini sizga aytmoqchi emasman. Bu juda kitobiy va ma’naviy bir narsaga oʻxshab qoladi. Aksincha, yepiskop bu dunyoni tark etgan Oʻgʻil haqida kuyinib gapirib turganda, oʻrtachilik qilib yurgan hayotimdan soʻylaydigan arzimas, yaroqsiz bir hikoya esimga tushib ketdi.

Bir kuni, bu hikoya boshlanmasidan burun, tilmochlik byuromizning rahbari mendan muhim bir ishni tugatishni soʻradi. Ish yuzasidan juda koʻp kishilar bilan aloqa qilishimga toʻgʻri kelar, ular orasida teatr oliygohining rektori ham bor boʻlib, u bilan munosabatimiz yaxshi edi. Boshligʻimning poytaxtimiz atrofidagi togʻlarda yurgan jiyani bor edi, bir kun u ana shu jiyanining ajoyib aktyor ekanini aytib qoldi. U qoʻshiq kuylash, raqsga tushish va kichik sahna asarlari ijro etishda ustasi farangligidan, teatr oliygohiga oʻqishga kirishni orzu qilarkan. Mendan rektor bilan gaplasha olamanmi-yoʻqmi deb soʻradi u, chunki imtihon topshirish muddati oʻtib ketgandi. Men harakat qilib koʻrishimni aytdim. Shunday ham qildim. Tanishimga oʻsha yigit haqida iliq gaplar aytdim, uning iste’dodli yigit ekani, hind filmlari uchun tappa-tayyor yulduz boʻlishini soʻzladim. Rektor imtihon vaqti oʻtganini eslatib, lekin mening ham soʻzimni yerda qoldirmaslik maqsadida yordam berishga soʻz berdi. Biz shunga kelishdik: men yosh iqtidorli yulduzni olib keladigan va rektor boshqaruvning navbatdan tashqari kengashini tashkil etadigan boʻldik

Shunday qilib boshligʻimni xursand qildim va jiyanini dushanba kuni olib kelishini soʻradim. Aytilgan kun keldi. Men oʻzi baland boʻyli kishi emasman, lekin «oʻsib kelayotgan yulduz»ni birinchi bor koʻrganimda oʻz boʻyimdan uyalib ketdim. Bundan tashqari, u qandaydir rangsiz, tussiz bir bola ediki, «albinos» ekaniga shubhalana boshladim. Bu uning faqat tashqi qiyofasi edi. Undan jasorat qilib ismini soʻraganimda, kuchli bir aksent bilan yarim tovushni yutib yuborgan holda bir nima degandi, meni hiqqa tutib qoldi. «Suyagi bizniki, eti sizniki» dedi boshligʻim va bizni holi qoldirdi.

Va’daga vafo deya bu yaralmishni oliygohga olib keldim. Garchi rektorning gavdasi menikiday boʻlsa ham, lekin yuragi ikki marta katta edi. Chunki u men bilan mening bema’ni iltimosim va gʻalati maqsadli mana bu gʻayritabiiy yaralmish oʻrtasida qolgandi. Bizni koʻrib, kamzulining choʻntagiga qoʻlini tiqqanicha, jahl otiga minmay, bolani kengashga olib chiqish oldidan xonaning u yogʻidan bu yogʻiga Gulliverga oʻxshab katta-katta qadam tashlab yura boshladi. U «aktyor sahnada koʻrinib turishi kerak», dedi xolos. «Hatto eng orqa qatordagi tomoshabin ham uni koʻrishi shart. Hozir sizga koʻrsataman» deya narigi xonadan kimnidir boshlab chiqdi. Bir aktyor momoqaldiroq ovoziday gumburlab xonaga kirib keldi. «Bilasanmi, - dedi rektor, - kelgusi yil qoʻgʻirchoq teatri uchun kurslar ochamiz, oʻshanda kelsang, hech qanday imtihonsiz oʻqishga olamiz, boʻptimi?»

Jiyan kelasi yil oʻqishga bordimi-yoʻqmi, xabarim yoʻgʻu, lekin sezdimki, va’da berilgan joy oʻrtachilik qilib yurgan mendek qoʻgʻirchoqbozga qarata aytilgandi. Shu oddiygina hikoyada ham avvalgilaridagiday bir necha xulosalar va qarorlar borligini koʻraman. Ular biz oʻylaganchalik sodda emas-ov. Aslida har bir hikoya ma’lum bir ruhidan tashqari oʻzining suyak va etlariga ega boʻladi. Lekin men ularni sharhlab oʻtirish niyatim yoʻq. Men faqat Venada Pasxa bayrami munosabati bilan uyushtirilgan marosimda esladim bularni. Bor-yoʻgʻi shu.

103

Yana bir qoʻldan berilgan saltanat bu shoʻ’rolar saltanatidir. Isroil va Erondan qaytganimdan soʻng, koʻp oʻtmay, Yevropa tashkilotlaridan biri Gruziyaga borishni moʻljallayotgan nozik delegatsiya uchun tarjimonlikka yolladi. Aniqrogʻi, men ana shu delegatsiyaning safar ahamiyatini yoritib beradigan jurnalistlari uchun tilmochlikka yollandim. Biz Yevropadagi bir poytaxt shahardan shaxsiy samolyotda uchib ketdik. Bu rahbarlar har kuni bahramand boʻladigan ba’zi narsalar: eng yaxshi vinolar va ikra, shirin tabassumlar va bepul xizmatdan biz ham bebahra qolganimiz yoʻq. Ular safar kundaligini oʻzgartirishganida esa, zavqimiz yanada oshib ketdi: gruzinlar mehmonnavozlikda juda mashhur boʻlib, imkoniyatdan foydalanib, nimaga qodir ekanliklarini namoyon etishdi: rasmiy nonushtalar, shohona tushliklar, tashriflar, tashriflar... Lekin menga oʻxshagan chetdagilar bu kun tartibi faqat rais va uning kuzatuvchilari sharafiga tuzilganini unutibmiz. Biz buni tayyoragohda bildik: delegatsiya bir tomonga, biz ikkinchi tomonga ketib, qorongʻi hayotimiz boshlandi.

«Rasmiy safarlarda yuradigan jurnalist» nima ekanini bilasizmi? Bu - halaqit beradigan, lekin aqalli pashshani qoʻrib turadigan bir dum degani. Tarjimon esa ana shu dumning dumi degani. Matbuot kotibi sizni navbatdagi voqeaning zoʻr boʻlishiga qiziqtirib, mehmonxonadan olib chiqadi, siz deylik, Tashqi Ishlar Vazirligiga kelasiz, u yerda chavandozlar qurshovida zirhli avtomobilda keladigan raisingizni bir soat kutasiz, shundan keyin gullar, yaltir-yulturlar, tabassumlar, tekin xizmatlar, lekin sizga hech narsa yoʻq. Shundan soʻng xizmatchilar toʻpiga shoʻngʻib ketasiz va oʻzingizning nechogʻli keraksiz va qatordan tushib qolganingizni his etasiz. Kechroq ular dabdabali bezatilgan stollar ortida gʻoyib boʻlishadi, eshiklar taqa-taq berkitiladi va matbuot kotibi yana sizni bir oz kutishingizni iltimos qilib, ajoyib matbuot anjumani boʻladi, deya qiziqtiradi. Siz na marmar zinalarda va na forsiy gilamlarda oʻtirishga haddingiz sigʻmay, aytilgancha kutasiz. Anchadan keyin xushchaqchaq holda ularning qip-qizil yuzlari koʻrinadi: yaltir-yulturlar, tabassumlar, qarsak-tarsaklar va rais qorovullar qurshovida yana bir boshqa joyga ketadi. Bechora matbuot kotibi esa u yerda savollar berish imkoni tugʻiladi, deya ishontirishga tushadi.

Ochqagan, chanqoq va nafratlangan holda mamlakat Prezidentini kutib olish uchun joʻnaysiz. U yerga har galgiday xavfsizlik yuzasidan bir soat ilgari kelib turasiz. Jiddiy va qat’iy tan soqchilari (tavba, kimning tanini saqlar ekan ular? Boshqa tomondan qaraganda ular oʻz tanasini shu qadlar yaxshi qoʻriqlaydiki, siz oʻzingizning tanangizni ham qoʻriqlashlari yoki tintishlariga ishonasiz) kuylagingizning har bir tugmasini tekshirib chiqishadi, lekin aslida, siz ashqol-dashqol toʻla pidjagingizni detektorning narigi tomoniga tashlab qoʻyasiz va uni eson-omon qoʻlga olasiz. Keyin Prezident raisni qabul qiladigan oʻn birinchi qavatga koʻtarilasiz. Yuqorida yana bir qoʻriqchilar guruhi sizni kutib turadi va tekshiruv oʻtkazadi, endi tugatay deganlarida, bir ziyrakrogʻi protokol boʻlimi ismingizni yozishda xato qilganini sezib qoladi. Ular tintuv boshlashadi va bir toʻxtamga kelgunlaricha, Prezident va rais yopiq eshiklar ortida yuzma-yuz suhbatni boshlab yuborgan boʻladi.

Endi Protokol boshligʻi yarim-soat bir soat ichida ularning ikkisi ham birinchi qavatda matbuot anjumani oʻtkazadi, deya ruhlantiradi. Siz pastga tushasiz va mahalliy jurnalistlar orasida yana allaqancha vaqt kutasiz, jurnalistlar sizni Prezident hech qachon pastga tushmasligiga ishontirishadi. Ular birinchi qavatni nazarda tutishyaptimi va yo umuman, yernimi - bu tilshunoslikning siri boʻla qolsin.

Mana endi bilgandirsiz rasmiy safarlarni yoritib boradigan jurnalist boʻlish qanaqaligini? Bir soʻz bilan aytganda, u asirdir. U holda asirning tarjimoni boʻlgan siz kim boʻldingiz?

Nochor xayollarga berilib turarkansiz, lift ichida osmondan tushgan farishtaday boʻlib raisning qorasi koʻrinadi. U shu qadar baxtiyorki, bu holida gʻamginlar bilan suhbatlashib oʻtiradi deysizmi? Shunga qaramay, biz har kuni oʻnlab, balki yuzlab uchrashuvlar boʻlayotganini koʻramiz, oʻqiymiz va eshitamiz.

Oʻsha yerda va faqat oʻshandan keyin jurnalist va diplomat orasidagi farqni tushunib yetdim. Jurnalist yoʻqdan bor qilganda, diplomat hatto borni ham yoʻqqa chiqarar ekan.

104

Meni ma’zur tutgaysiz, lekin siz oʻylagandan aqlliroqman deyishga haqliman. Nega sizga bularni - turli mamlakat va joylardan bir qarashda tasodifiy boʻlgan lirik chekinishlarni keltiryapman? Konus qonunini bilasizmi? Avval hammasi noaniq boshlanadi, soʻngra qizillik, yana va yana, bosim koʻtariladi va oxiri bir nuqtaga zarba beradi. Shundan keyin zarbaning kuchini tasavvur qila olasiz.

Agar shu oʻrinda sizga makon ustidan gʻalaba qilgan, lekin vaqtni yengolmagan Dunyoning Toʻrt Burchi Hukmdori Bilga-Hoqonga oʻxshash tomonimni aytib bersam, balki bu tartibsiz hikoyalarimga bir oz his bergan boʻlarmidi? Ha, nimanidir saqlab qolishga intilib, men u yerdan bu yerga koʻchib yurdim: turli odamlar oʻrtasida roʻy bergan bu hikoyalar Sahro Hukmdori boshidan kechirgan qoʻshimcha aqlu zakovat topishga urinishning ayni oʻzidir. Shuni tushunib yetganimda, bu dunyodan uzoqlashishning yoʻlini topdim. Buni sizga tushuntirib beraman: misol uchun, siz Londonga uchmoqchisiz va hamma bundan xabardor, deylik. Siz qarindoshlaringiz, hamkasblaringiz va doʻstlaringizga nima qilmoqchiligingiz, qayerga ketayotganingiz, kim bilan uchrashmoqchiligingiz va qachon qaytib kelishingizni aytasiz. Atrofingizga boqing, siz har doim pillaga oʻxshab munosabatlaringizning kumush iplari bilan oʻrab olingansiz. Lekin yaxshisi, ularni chaqiring-da, ish yuzasidan bir kechaga, Xudo biladi, aloqa qilish mumkin boʻlmagan qaysidir bir qirgʻinga ketayotganingizni ayting, biroq, baribir ertaga tunda orqaga uchib kelaman-ku, deng.

Haqiqatda esa poyezdga oʻtirib, deylik, siz birovni va hech kim sizni bilmaydigan Edinburgga joʻnaysiz. Bu qochish qanchalik gʻamgin va shirin va siz hech kim uchun mavjud boʻlmaysiz, oʻzingizdan boʻlak hech kimniki boʻlmay qolasiz... Faqat mangu toshlar va sovuq oʻtirgʻichlar sizning shu yerdaligingiz, odamlar orasida yoʻqolib qolganingizga guvoh xolos. Bu yolgʻiz qolishnnig yagona xili: siz odamlar orasida qorday erib ketasiz yoki ertaklardagiday gʻorda yo sahroda oʻlib ketgan boʻlasiz. Balki hozir pilladan uchib chiqqan kapalak birinchi bor ipak qanotlarini boshqa kapalaklar orasida qoqqan zamon oʻzini xuddi shunday sezayotgandir.

Buyuk shoir aytganiday: «El netib topgay menikim, men oʻzimni topmasam...»

105

Soʻnggi voqealar boʻroni meni bu yerga olib kelgan sabablar va qadamlarni davom ettirishga vaqt bermayapti. Qolaversa, bu boʻron nafaqat badiiy bayon, balki haqiqat hamdir. Li menga oʻsha hikoyani aytib bergandi. Oʻtgan hafta telba doʻstimiz bilan oʻnta jangari togʻli qishloqdan qochishga va hukumatga taslim boʻlishga qaror qilishdi, chunki ba’zi choparlar hukumat oʻzi bosh egib kelgan istagan kishini afv etishi haqidagi yangilikni olib kelgandi. Shuning uchun oʻn-oʻn ikki kishi qochishga kelishgan. Qoʻmondonlar buni yarim kechasi sezib qolib, orqalaridan darhol odam yuborgan. Bu guruh qochoqlarni torgina togʻ yoʻlining pastida muzliklarni kesib oʻtayotgan holda topgan Lekin ularni tutib olish yoʻli yoʻq edi va guruh oʻt ochishga kirishadi. Isyonchilar ham qarab turmay, jang qilishgan va natijada bahorgi erishga shaylanayotgan qorlar koʻchib, ikki guruhni ham jarga uloqtirib yuboradi. Tirik qolgan birgina kishi bu bizning telba ogʻaynimiz edi. U ust-boshiga qarab boʻlmaydigan bir holda oʻzi orqaga qaytib kelib, ovoz chiqarmay yum-yum yigʻladi, goʻyo yoshlari telbaligini yuvib tushayotganday edi. U hammaning koʻziga gʻamgin va jimgina boqar, lekin hech kim bu qarash kechirim soʻrashmi, uyatmi va yo afsus-nadomat - nimaligini bilolmasdi. Shu oʻrinda butunlay boshqa bir manzara xayolimga keldi.

Bir yil avval xalqaro yordam guruhiga tarjimonlik qilish uchun Moʻgʻulistonga borgandim. Balki siz allaqachon bunday xalqaro guruhlarga shubha bilan qarashimni sezgandirsiz - mening qat’iy fikrimga koʻra, ularning koʻpchiligi qalloblik bilan shugʻullanadi, yo qaysidir yoʻl bilan pul topishga intiladi va yo boshqalarning qashshoqligi hamda ogʻriqlari ustidan kulishni biladi, biroq men aytayotgan jamoa unday emasdi. Siz bu mamlakatga halokatli ta’sir koʻrsatgan hayvonlar vabosini eslaysiz, albatta. Qutqaruvchilar guruhi mol doʻxtirlari, zoologlar, ekologlar va boshqa mutaxassislardan iborat boʻlib, ular tabiiyki, odamlar bilan shugʻullanishmaydi.

Hayotimda hech qachon bunchalik katta fojiaga guvoh boʻlmagandim: Moʻgʻulistonning oppoq qorli kengliklari qoramollarning oʻlik tanasi bilan toʻlib ketgandi: ular orasida eng kuchlisi sanalgan otlar oʻrnidan turishga intilib, ogʻriqdan toʻlgʻonar, yunglari muzli qorlarga yopishib qolgan yuvoshgina qoʻylar esa, kuchsiz ovozda oppoq va kar osmonga qarab ma’rardi. Izgʻirin oʻlim sharpasini olib kelar yoxud Oʻlim qanotlari halokatli shamolni surib kelayotganday edi goʻyo. Va yo Chingizxon ruhi ana shu kengliklar sari kezib yurib, dunyoviy qarzlarini qaytarayotganday. Har holda oʻta vahimali manzara...

Parlament a’zosi boʻlgan inglizcha gapiruvchi xonim bizni kutib olib, qishloq joylariga boshlab bordi. U Kembridjda tahsil olgan va shu bois koʻp narsadan xabardor edi. Shu bilan birga Orxon viloyatiga vertoloyotda uchib borarkanmiz, bu xonimdan Bilga-Hoqon va Tongyuquqning mashhur tosh yozuvlari hanuz bormi, deya soʻragan edim, u nafaķat boshini qimirlatib qoʻydi, balki ularni menga koʻrsatishga va’da ham berdi. Albatta, birinchi galda yaylovlarga bordik.

Sizga manzaraning naqadar nochorligini aytdim: normal hayotimizda bu dunyoda qancha hayvon yashashi haqida oʻylab koʻrmaymiz, biz faqat oʻzimizni hisobga olamiz xolos, lekin aslida barcha hayvonlar, qushlar va hasharotlar yashayotganimiz zaminga bizday haqlidir. Ular kamtargina boʻlib tugʻilish va oʻlishlarini bildirishmaydi, na tugʻruqxonalari va na qabristonlari bor. Lekin agar mol sovuqdan va ochlikdan oʻlsa, bu insonning boshiga tushgan kulfatga guvoh boʻlgandan ham battar. Horgʻin choʻponlar ochdan oʻlayotgan qoʻylarga muzlab yotgan smolani sindirar, qoʻylar esa yoʻq hashakka talpinib, muzlagan tumshuqlarini dam-badam oxurga tiqishardi.

Bilmadim, bu qutqaruvchilar hayvonlarga ozuqa boʻlmagan bir sharoitda qanday yordam koʻrsata olarkin, lekin mana ular nima qilishdi: choʻponlar umidsizlikka tushib, oʻlib qolmasidan burun koʻproq qoʻylarni soʻyib yuborishga urinishardi. Moʻgʻullar oʻlimtik iste’mol qilishmaydi, faqat soʻyilgan hayvonni yeyishadi, shu bois ular aqalli oʻzlari uchun goʻsht boʻladi, deya hayvonlarni soʻyishardi. Guruh bir chetda soʻyish xonasi tashkil etdi. Xudo biladi qayerdan, lekin ular bir qochoq echkini topib olishgandi va bu ayyor va toʻq jonivor qoʻylarning birinchi guruhini ovqat va iliqlik va’da qilib, soʻyish joyiga boshlab keladi. Unda oddiy soʻyish mashinasi boʻlib, echki maxsus teshikdan ichkariga kirgach, bechora och qoʻy ovqatga talpinib boshini suqadi va shu zahoti keskich uni boshidan judo qiladi, tanasi esa oʻlim talvasasida bir tomonga gursillab yiqiladi...

106

«Oʻlim talvasasi» Afgʻonistonda roʻy bergan undan-da mudhish manzarani yodimga soladi. Nega u yerda boʻlganimni aytishdan avval oʻshandan beri unuta olmaganim gʻaroyib marosimni tasvirlab bersam. Bu Mozori Sharif va Qoshgʻar oraligʻida joylashgan togʻlar bagʻridagi bir qishloqda roʻy bergandi. Qishloq oralab ketib borarkanmiz, qurollangan qoʻriqchi bizni toʻxtatib, qatl marosimiga qoʻshilishimizni buyurdi. Men, mijozim (u haqda keyinroq gapirib beraman) va haydovchimiz olomonga qoʻshildik va aytilgan joyga keldik. U yerda boshiga qop kiygizilgan, qoʻli bogʻliq bir kishini koʻrdik. Jarchilar baland ovozda baqirgan edi, boshqa bir kishi nariroqda turgan qozon tagiga olov yoqdi. Ular jamoatchilikka osh pishiryaptilarmi, deb taajublandim. Lekin nega? Qatl degani oʻyin-kulgi emas-ku, buning ustiga oshning masalliqlari ham yoʻq. Qozon ichi qaynab turgan yogʻga toʻla edi: uning hidi atrofga taralib turardi. Baribir, koʻp narsa oʻylolmadim. Birdan jallod haligi kishini orqasiga bir turtib, gandiraklab yerga qulab tushgunicha kallasidan judo qildi. Boshni olomon orasida aylantirib chiqishdan avval, jallod tanani mahkam qisib, uning kesilgan tomogʻi tomonini qizib turgan yoqqa soldi. Qon hamma yoqqa favvoraday otilguncha yogʻ uni jizgʻanak qildi, shundan soʻng jallod tanani yerga irgʻitib yubordi. Boshsiz tana bujmayib, odamlar va chang oʻrtasida toʻlgʻona boshladi. «Oʻlim talvasasi», pichirladi haydovchimiz...

107

Bilga-Hoqon oʻlim oldi talvasasida yotardi. «Agar prodshoh onangga tegajogʻlik qilsa, dardingni kimga aytasan?», - eng soʻnggi kuchini toʻplab baqirdi u. Na xotini Pobeka va na oʻgʻli Yoʻlluk bu soʻzlarning asl ma’nosini tushundi: Hukmdor bu bilan Koʻk Oʻgʻlini nazarda tutdimi yo saltanatning koʻzu qulogʻi boʻlishi uchun yuborgani Meyluchjonimi? Balki Bilga-Hoqon uni hamma narsadan mahrum qilgan Hukmdorlar Hukmdori - Tangrining Oʻzi haqida shikoyat qildimi? Boshqa kimdan shikoya qilishi mumkin?

Nimagayam Kul-Teginning janozasiga kelganlarni atrofida toʻplashga qaror berdi? Demak, ularni oʻzining janozasida qatnashishi uchun tutib turgan ekan-da. Ulardan nima kutgan edi - aqlu-zakovat kitobinimi va yo insoniyliknimi? Oʻzlari qilgan ishga mos kelmaydigan soʻzlarinimi? Butun umr bilgani, soʻzi bilan emas, faqat qilich kuchi bilan oʻziga boʻysundirgani nokomil inson zotidan nima kutgan edi? Nima sababdan oʻzini oʻzi sotdi, nechun sarob ortidan ergashdi?

Mana endi ekkan hosilini oʻryapti: tarafdorlari uni yoʻldan ozdirdi, dushmanlari yanada kuchliroq boʻlib ketdi, mamlakat esa qum, balki mayda-mayda tuproq zarrachalariga aylandi. Hatto oʻz oilasi barbod boʻldi: Pobeka koʻchmanchi aravasini bir tomonga tortadi, Kul-Teginnning xotini oʻzini boshqa tomonga tashlaydi, oʻgʻli Yoʻlluk osmonlarda uchib yuradi va Dono Tongyuquq ularning barchasini bir joyga yigʻolmay halak... Bilga-Hoqonning oʻzi nima istagandi? Biladimi oʻzi? Bu dunyoda askarlarining bevafoligiyu sargardon odamlarining zaharlab qoʻyishlarini bilarmi edi? Aqldan ozib boʻlganingda dunyoning aqlu zakovati nimaga kerak endi? Oʻlayotganingdagi kuch-qudratingdan ne foyda? Ne...

108

Ikki safar ham orqamda turgan odamlardan yuzimni oʻgirgancha, koʻnglim behuzur boʻlib qayt qildim. Moʻgʻulsitonda Oyun (yoʻlboshichimizning ismi shunday edi) menga yordamga keldi, yuzim va ogʻzimni muzdek, ta’msiz qor bilan yuvib olganimdan keyin, u ichirgan achchiq hind choyini obihayot kabi his qildim. Moʻgʻul ayollari boshqa barcha koʻchmanchi ayollar singari ruhan juda kuchli boʻlishadi, ular erkaklar bilan bab-baravar, balki ulardan ham kuchli va aqlliroqdirlar. Balki bunga ularning tillarida «jenskiy rod»ning yoʻqligi sababdir. Oyun ham ana shunaqalar xilidan edi: kamgap va hayajonga tez berilmaydigan, lekin dilkash va ishonchli. Buning ustiga u judayam goʻzal ayol edi, lekin umrimda birinchi marta ayolga nisbatan shahvat tuymadim. Hayotimda ilk bor yaqinlikka oʻxshash bir hisni angladimki, u shahvoniy hirsdan koʻra shirinroq edi. Mahalliy choʻponlar va taklif etilgan mutaxassislarga hamma narsa tarjima qilib boʻlingach, Oyun endi biror joyga bora olishimizni aytdi. U qolganlarga mening doktorga uchrashim kerakligini tushuntirdi va biz «Jip» ga oʻtirgancha sahroga qarab ketdik.

U meni Oʻrxun yozuvlarini koʻrishga olib keldi. Garchi bu vaqtga kelib ular toʻgʻrisida deyarli hamma narsadan xabardor boʻlsam-da, lekin bu oddiy va kattakon toshlarning qanday qilib sahrodan osmonga otilib chiqqanini hech tasavvurga sigʻdira olmasdim. Qor ularning tusini oʻzgartirolmadi, shamol necha asrlar avval oʻyib yozilgan harflarini uchirib ketolmadi, hatto odamlar oʻz ehtiyojlari uchun ularni sudrab ketishga botinishgani yoʻq.

Men bir toshga tekkan edim, barmoqlarimni tok urdi. Bu nima edi? Ob-havoning sovuqligimi yo yurak ogʻrigʻimning issiqligi? Bilmadim, lekin Oyun yengchamdan tortib, barmogʻini lablariga bosdi...

109

Tongyuquq Ichi Lyang degan bir odam ostida yashiringan oʻsha xitoylik egizaklar - Chjan Kuy va Lyu Syan haqida xabardor edi. Lekin u oʻz dushmanining kuchini oʻziga ogʻdirib olishni yaxshi bilardi: ikki bor joyda uch ham boʻlishi kerak. U Tatabbu qabilasidan oʻsha ikki xitoylikka ikki tomchi suvday oʻxshaydigan odamni topdi. Buning ustiga bu jangchi xitoy tilining «mandarin» dialektida juda yaxshi gapirardi. Tongyuquqning oʻzi unga saboq berdi va u tayyor boʻlgach, tulki ovlovchilar qizi Pobeka va nabirasi Yoʻllukni taklif qildi. Bu Bilga-Hoqonnning oʻlimi arafasida sodir boʻldi. Har ikkilari Ichi Lyang kabi uchinchi odamga murojaat qilishdi.

Kyule Hukmdorni zaharlagan kun va Chjan Kuy Hukmdorning chodiri atrofida uning oʻquvchisi Shahzoda Yoʻllukni axtarayotgan koʻyi tentirab yurganida, uchinchi odam chodirga yuboriladi hamda maxsus signaldan soʻng Lyu Syan burchakdan chiqadi va «Chjan Kuy» deb chaqiradi. Lyu Syan uchinchi odamdan hammasi rejaga asosan ketyaptimi-yoʻqmi deya soʻraydi, ya’ni Sahro Hukmdori oʻldimi yoki ular fursatni qoʻldan bermay harakat qilishsinmi? Shundan soʻng ular batafsil reja tuzib olishadi va buning natijasida xitoylik egiz Tongyuquq odamlari tomonidan qoʻlga tushiriladi.

Keyinroq, Chjan Kuy chodirga keladi va maxsus signaldan soʻng uchinchi odam burchakda koʻrinadi hamda Chjan Kuy unga «Lyu Syan» deya murojaat qiladi. U Sahro Hukmdori zaharlangani va Koʻk Oʻgʻli tuzgan rejaga koʻra ularning oʻquvchisi Shahzoda Yoʻlluk taxtni qabul qilib olishga tayyorgarlik koʻrayotgani, shu bois, zudlik bilan barcha rejalarni hal qilib olish lozimligini aytadi...

Uni ham qoʻlga olishadi. Egizaklar oʻrniga kelgusi rejalarga toʻliq birgina turk Ichi Lyang qoldirilgandi...

110

Oyun Koʻk Turklari tarixini yaxshi bilardi, bu menga gʻalati tuyuldi, chunki moʻgʻullar odatda Chingizxon tarixidan oʻzlarini yiroq tutishadi. Lekin u menga mutlaqo notanish boʻlgan bir necha manbalarni keltirdi va hatto moʻgʻullar va Koʻk Turklari tarixi oʻrtasidagi mutanosiblikni koʻrsatib berdi. U Chingizxon boʻlishidan avval Temuchin va Jamuha oʻrtasidagi sirli birodarlik toʻgʻrisida soʻzladi. Natijada men «Moʻgʻullarning sirli tarixi» kitobini oʻqidim va kunlarning birida Sahroning qoq oʻrtasida yuzma-yuz koʻrishgan va qondosh aka-ukaga aylangan ikki raqobatchi haqida bilib oldim. Ular bir-birlariga sodiq qolishga va oʻlguncha yordam berishga soʻz berishadi. Biroq ularning qondoshligi koʻplab sotqinlikdan iborat boʻladi: bir-birlariga qarshi kurash, ochiqdan-ochiq dushmanlik, buning natijasida Temuchinning Jamuhani qatl etishi... Shu voqeadan keyin Temuchin buyuk Chingizxonga aylanadi va moʻgʻul dashti va oʻrdani birlashtiradi. Lekin Oyun menga ularning munosabati - birlashgan va kuchli dasht haqqi jentlmenlarcha tuzilgan shartnomaning yashirin tarixini aytib berdi. Jamuha chindan ham oʻla-oʻlguncha Temuchinga sodiq qoladi va buni Temuchin jallodining tigʻi ostidagi oʻlimi bilan isbot etadi. Lekin avval oʻzini oʻz qondosh birodarining dushmani kabi tutadi. U haqiqiy dushmanlar bilan ittifoq tuzadi va Temuchin ularning barini yakson qiladi. Aslida Jamuha Chingizxonning kelajagi haqqi josuslikka qoʻl urgan va Chingizxon har doim Jamuhasiz dashtning buyuk Hukmdoriga aylana olmasligini yaxshi bilardi.

Oyun bu aniq va sirli birodarlik hikoyasini aytib berar ekan, shunga oʻxshagan munosabat mening ham boshimdan oʻtganini his etdim...

111

Li bu hikoyani eshitib shunday dedi: «Biz ham shunday vaziyatda emasmizmi?» Men bir oz taraddudlanib qoldim va uyalib ketdim, chunki buni aslo xayolimga keltirmagandim. «Nima demoqchisan?»- soʻradim undan. «Shunchaki bir gap» - javob berdi u va gapni boshqa tomonga burdi. «Bilasanmi, ular seni haliyam josus deb oʻylashyapti», - deya eshik tomonga ishora qildi u jangarilarni nazarda tutib. «Nima?! Nima deding?» - soʻradim men jahlim chiqib. Lekin tezda oʻzimni bosib oldim, esimga qoʻrqqan oldin musht koʻtarar, degan gap tushib ketdi. Men Lining oʻzini nazarda tutyapman, chunki u birinchi boʻlib hujumga oʻtdi: «Sen juda koʻp mamlakatlarda boʻlgansan, qanchadan-qancha odamlar bilan koʻrishgansan, oʻnlab aloqalaring mavjud, shuning oʻzi gʻalati emasmi?»- soʻradi u. «Sen buni qaydan bilasan?» «Bas qil, bu dunyoda yashirin biron narsaning oʻzi yoʻq. Bir kishiga ma’lum narsa hammaga ayon boʻladi! Shuni bilmasmiding?» Men hech nima demadim.

Nima ham derdim? Uni josus deya shubhalandimmi? Shu bilan men, u va yo jangarilar uchun biror narsa oʻzgarib qoladimi? Bilmadim nimaga, lekin keyin unga shunday dedim: «Bilaman, hozir odamlar oʻz qarashlari va hayotlarini oʻzgartirmoqdalar», - va birdan unga quyidagi hikoyani ayta boshladim:

«Moʻgʻulistonda boʻlganimda, Oyun shunday degandi: «Bilasizmi, Ulan-Batorga maxsus ish bilan kelgan bir tilmoch ayol sizni bilar ekan...» Miyamga birinchi kelgan soʻz «Fiona!» boʻldi. Ha, Fiona! «U uzun boʻylimi?»-soʻradim. Bu bema’ni savol edi, xuddiki men uni Oyunnning oʻzi bilan solishtirayotganga oʻxshadim, lekin Oyun tezda javob berdi: «Yoʻq, oʻrta boʻyli». «Uning ismi Irmami?» - soʻradi Oyun past ovozda. «Ha, Irmami...» - yuzimda hafsalam pir boʻlgani yaqqol sezildi, chunki Oyun yana qayta meni ruhlantirishga intildi: «U judayam chiroyli ekan!»

Men odatda ayollarga xos masalalarni boshqa ayollar bilan muhokama qilishni yoqtiraman: ularni bilib olishning eng maqbul yoʻli shu. Birinchidan, bunda vaysaqilik kerakmas, chunki bu boshqa bir ayol haqida, ikkinchidan, oʻzingiz suhbatlashayotgan ayolda yaxshi taassurot qoldirishga intilasiz, uchinchidan, suhbat asnosiga qarab, oʻzingizni oʻzgartira olasiz, toʻrtinchidan, u ayol u yoki bu sharoitda oʻzini qanday tutishi haqida gapirib, barcha sirlarini oshkor qilib qoʻyadi, beshinchidan, oltinchidan va hokazo. Lekin men Oyun bilan hech kimni muhokama qilmoqni istamadim. Balki bunga uning sirliligi sabab boʻlgandir.

Ikki kun ichida qoʻylarni ommaviy raviщda soʻyib turishguncha, biz Ulan-Batorga ketdik. Men qochoq echkiga oʻxshab, «qoʻzichogʻim» bilan ajoyib tunlarni oʻtkazishni orziqib borardim. Shovqinli vertolyotimizda unga qanday qilib tegishim, oppoq, sovuq yelkalari, boshqa joylarini silashni xayolimga keltirdim, nafasim illyuminatorni xiralashtirar va hech qayerga qaramasdan oʻtirardim...

Oyun holatimni sezdimi-yoʻqmi, bilmayman, lekin ba’zan javobgarlik hissini yoʻqotib qoʻyaman. U meni markazdagi mehmonxonaning qarshisida qoldirib, «Yordam kerak boʻlsa, qoʻngʻiroq qilarsiz», deya telefon raqamlarini berdi. Lekin u payt bir narsadan boʻlak hech narsani oʻylamasdim. Unga nimadir deb pichirladim, balki bu uning kamtarin yordami uchun minnatdorchilik edimi, esimda yoʻq. Soʻng mehmonxonaga kirib ketdim.

Qanchalik gʻalati boʻlmasin, kotiba qiz xonimni koʻchaga chiqib ketdi va uch kundan keyin boʻladi, deb aytmadi, balki darhol Irma bilan bogʻlab berdi va mening asalimning ovozi eshitildi: «Eshitaman...» Ayolni ayol qiladigan narsa nima ekanini bilasizmi? Uning ovozi. Siz yuzingizga upa-elik surtib, goʻzallashtirishingiz, qomatingizni oʻzgartirishingiz, koʻkraklaringizni kattalashtirishingiz mumkin, lekin hech qachon ovozingizni soxtalashtira olmaysiz. Irmaning ovozi mayin va rom qilarli darajada shirin edi.

U oʻz xonasida ekan, betoqatligimni koʻrsatmagan holda uni pastki qavatdagi qahvaxonaga taklif etdim. U zavqimga zavq qoʻshib, suhbatga jon deb rozi boʻldi. «Aytadigan gap koʻp»,-dedi u va men u nimani nazarda tutganini tasavvur qildim. Shunday qilib, oʻn daqiqadan keyin pastda koʻrishishga kelishdik. Shu daqiqalar ichida turli holatlarni oʻylagan holda nafsimni tinchlantirib turdim. Qisqasi, oʻn daqiqa oʻn yil, oʻn asrga choʻzilganday boʻldi.

Axiri Irma ortimda paydo boʻldi. Avval uning qoʻngʻiroqday ovozi eshitildi, soʻng unga qaragan edim, xoh ishoning, xoh ishonmang, u rohibalarning kiyimida kulib turardi. «Bunisi yanada qiziq», deb oʻyladim men.

Biz qahvaxonaga kirib oʻtirdik, men uning roʻmoliga qarab: «Tishingizga biror nima boʻldimi?» deb soʻradim. «Yoʻq». Men jinni boʻlib qolay dedim, chunki u: «Biz bu yerga umumjahon universal dini delegatsiyasining bir qismi sifatida keldik», dedi. «Sen ularning tarjimonimisan?»- umid bilan soʻradim men. «Yoʻq, men delegatsiya rahbariman. Biz...aniqlayapmiz... oʻz maqsadlarimiz bor... universal ishonch... e’tiqodimizga koʻra... moʻljallayapmiz..., qisqasi shunga oʻxshagan gaplar. Men uning soʻzlarini boʻlmasdan, diqqatini ja’m qilgan oʻquvchiday berilib eshitdim, u esa bundan zavqlanib soʻzlardi.

Oʻsha yerda va oʻsha payt koʻp narsaga chiday olishimni angladim. Aslida bu na Blavatskizm, na Gurjizm yo Oshoizm va yoxud boshqa «izm»lar, balki haddan ortiq notabiiy ayollar ta’limotizmi haqida ediki, barcha boshqa narsalarni qoʻshib hisoblaganda ham mening uchun qoʻrqinchliroq edi.

112

Nafsilamrini aytganda, bu men koʻrsatishga uringanimchalik keskin emasdi. Ba’zi oʻrinlarda uning nasihatomuz gaplariga chek qoʻyib, suhbatimizni yakunlagim, yumshoq oʻrinda emas, masalan, qahvaxona hojatxonasida boʻlsa-da, mazza qilgim keldi. Biroq, uning gʻazablanishi emas, balki qandaydir bir horgʻinlik hayvoniy va shahvoniy istagimni tiyib turishga sabr va kuch berdi. Avval uning da’vatlari koʻnglimga xush yoqayotgani, u yuz yillar avval boʻlgan bosqichda turganimni bildirishga tirishdim. Xudo Irmadan rozi boʻlsin, lekin bu juda ogʻir bir hol edi. Harqalay bu ishlardan oyogʻimni uzganimdan xursandman...

113

Men Afgʻonistondagi mashhur tolibonlar ham bechora Irma bilan solishtirganda, ob’ektiv va erkin oʻylaydigan kishilar boʻlganini esladim.

Oxirgi gap Lini qiziqtirib qoʻydi. Irma haqidagi hikoyamning ma’nisini soʻramadi, garchi men uni xulosa oʻrnida aytgandim, u faqat mening bunchalik gʻazabnok ekanimni bilmaganini aytib, tolibonlar toʻgʻrisida gapirib berishimni qattiq talab qildi.

Ba’zan nega ikki yildan beri shular bilan sizning ustingizga bomba yogʻdirib yurganimdan taajjubga tushaman. Davom ettirishga nima toʻsqinlik qiladi? Bu yolgʻizlikni chetlab oʻtishning yagona yoʻlimi yoki oʻlim qoʻrquvi bilan shugʻullanishmi? Bilasiz: men ham siz kabi ma’nisiz hayotni yashab oʻtdim, lekin endi uning ma’nisizligi qaysidir bir kun keladigan oʻlimning mumkinligi bilan koʻpaytirildi. Yoʻq, unday emas, aniqrogʻi, oʻlimning har kun kelishi mumkinligi uning har doim biz bilan va bizning atrofimizda ekanida, lekin men boshqacha vaziyatdaman, chunki men Xudoning emas, balki odamlarning qoʻlidaman.

Oʻzimni jangarilar qoʻlida deb hisoblayman. Xoʻrozlardan qoʻrqqan telba haqidagi hazilni bilasizmi? Xoʻrozlar goʻyoki telbani donga oʻxshatib, uni qoʻrqitayotganga oʻxshaydi. Fizioterapevt uni davolab, don emasligiga ishontiradi va kasalxonadan chiqarib yuboradi. Besh daqiqadan keyin u qoʻrquv ichra orqasiga qaytib keladi va «Huv anavi yerda bir xoʻroz bor ekan, u meni choʻqib yeb qoʻyishi mumkin». «Lekin sen don emassan-ku, shundaymi?» - «Toʻgʻri, lekin xoʻroz buni qayoqdan bilsin?»

Men ham shunaqa: jangarilarga tegishli va ularning yaxshi-yomon xohish-istagiga bogʻliq edim. Qoʻqqisdan keladigan va qattiq oʻlim tuygʻusining nechogʻli qoʻrqinchli ekanini yaxshi bilardim. Men oʻlishni istamayman, chunki kimdir taqdirimni hal qilib qoʻydi va har zamon Oʻlim Farishtasi meni dunyodagi nima bilandir chalgʻitib turarkan, gʻazablanganim va vaysaqi boʻlganim joyda yana moʻralab turadi, lekin oʻsha chidab boʻlmas qoʻrquv...

114

Ba’zan oʻlimdan qoʻrqib yurishdan charchab ketaman va nega bunchalik choʻzilmasa, deya oʻylayman. Mard boʻlsang kel va bu gʻamlarni koʻtar...

Lekin Venesiyaga oʻxshagan joylar bor ekan, nega odamlar oʻladi? Koʻchalar oʻrnida dengiz mavj urib oqadigan shahar, shunday shaharki, san’at degan tushuncha ma’nisiz, chunki undagi hamma narsa san’at, zamonaviylikni quvib oʻtgan shahar, chunki u mangu... Men uchun hamma narsa qayta boshlangan shahardir bu.

Hayotda tasavvur va haqqoniylik mavjud. Men ularning oʻrtasida boʻlmoq istayman. Haqqoniylik hech qachon tasavvurga teng boʻlolmaydi, avval istalgan markaga qarang, soʻngra Venesiyaning oʻziga. Yaltiroq kam, koʻproq haqqoniyat: devorlarning toʻkilib tushayotgan ohaklari, shoʻrxok va zax yerlaru tor yoʻlaklar va million-million turistlar ichida inson zoti oʻzini ham yoʻqotib qoʻyadigan boshi berk koʻchalar... Yolgʻizligingiz Qirol Saroyida ham sizni tark etmaydi. Galereyaning chap qanotiga oʻting yoki xohlasangiz, oʻng tomoniga - oʻzingizni qamoqxonaning biror xonasiga yashiring...

Hozir Togʻli Badaxshondagi telba qariyaning tosh qafasida shunday hisga berildim. U goh ichkariga kiradi, goh tashqariga chiqadi, Li qarshimda mixlangan, lekin men oʻzimni yanada yolgʻiz sezmoqdamanki... Tasavvur va haqqoniylik bilan boʻlgan oʻyinlarim oʻz hosilini berdi: Men oʻzimdan ham farqli edim, hech kim haqiqatda kim ekanimni bilmasdi. Li meni josus, deya shubhalanadi, qariya bosqinchi deb, oʻzim esa, bir qurbon, deya sanayman oʻzni. Xoʻsh, kim haqu kim nohaq?

Umrimning koʻp qismini tarjimonlik qilib behuda oʻtkazdim: ikki tentaklik oʻrtasidagi koʻprik boʻlganing va ularga oʻzingni kupaytirganing zamon bundan-da boʻshroq kasb boʻlishi mumkinmi? Bir boʻshliqdan ikkinchi vakuumga quyilasan, hech narsa haqqi oʻzingning barcha sifating va mavjudligingni unutasan. Zamonaviy deya ataluvchi hayotning deyarli barcha tomonlarini koʻrdim. Ularning bari menga talabgor edi: sartaroshlar ogʻzaki tasavvurlarini oʻz qoʻgʻirchoqlariga ifodalab berishimni soʻrashdi, tish doʻxtirlari tishdagi murakkabliklarni bechora mijozlariga tushuntirib berishim uchun taklif qilishdi; kema izidan tushgan dengizchilarga, oʻzlarini birinchi duch kelgan chuqurga koʻmishga tayyor shoirlarga, besoqolbozlar bilan gaplashgan kommunistlarga, narkotik bilan shugʻullanuvchilarga, opera qoʻshiqchilariga, bir gal hatto birinchi televideniye orqali ginekologga, rohiba va kosmonavtga va yana allakimlarga tilmochlik qildim. Amakim aytganiday: «Bu mamlakatdagi eng mashhur qizlar bilan birga boʻldim, lekin ularning birortasi bitta sichqon boʻlsin tugʻib bermadi.» Men ham shunday...

Berke tilmoch Soʻgʻdning Manixean Shahzodasi bilan shuncha koʻp vaqt birga yashadiki, natijada uning barcha urf va odatlarini qabul qildi. Endilikda u kunni Yorugʻlik Xudosiga ibodat qilish bilan boshlaydi, soʻng Buyuk Xabarchining Muqaddas Kitobini oʻqiydi, keyin peshonasidan chiqadigan ichki bir nur ichra tafakkurga choʻmadi, undan keyin kunduzgi ibodatga oʻtiradi, soʻng...

Ularga hech kim halaqit bermaydi, chunki ular barcha Manixean kitoblarini tarjima qilishgan va endilikda bu ish nihoyasiga yetib, uni Hukmdorga uzatilgach, Berke tilmoch tarjima jarayonida tashlab ketgan ba’zi tushunmovchiliklarning asl ma’nosini anglay boshlaydi, lekin ularni toʻgʻrilashning imkoni yoʻq. Haqiqatda hech kim uni ochib berolmagan, chunki matnni oʻqish boshqa, uni hayotga tadbiq etish boshqa bir ishdir.

U hozir Soʻgʻd Shahzodasiga oʻxshab qolgan: juftliklar hayotlarining soʻnggida bir xil boʻlib qolishadi - umumiy ish, umumiy ehtiyoj, umumiy farzandlar ularni bir xil qilib qoʻyadi. U nurga toʻlgan koʻyi oʻzining Berke tilmochligini ham unutib qoʻyadi ba’zan, oʻzini ibtidoiy odamlar orasidagi notanish Shahzoda kabi koʻradi. Faqat Hukmdori - Dono Tongyuquq bu tuygʻularni qoʻllab quvvatlab, unga zavq bagʻishlaydi... «Hamma narsa Tangrining irodasi bilan boʻladi», deydi u.

115

Men buni hali hammasi boshlanmasidan burun Venesiyadaligimda «Quaderni di Studi Euroasiatici» da oʻqigandim. U kasbimning oʻzgarishi bilan bogʻliq boʻlgani uchun ham hisobga olib qoʻygandim. Oʻsha paytda gap nima haqda ekanini bilganimda edi! Afsus, u payt gʻuborsiz kunlar boʻlgan, oʻshanda men Markaziy Osiyoni tadqiq etish boʻyicha Yevropa Seminarida tarjimonlik qilar, shu orada bunday yigʻinlarga bajonidil qatnashib turadigan yosh va kelishgan bir olimani axtarardim.

Biroq, shiringina ayolning oʻrniga, meni Shinjon safariga ishga taklif etgan Luk bilan koʻrishdim.

U global geopolitikaga yoxud mahalliy chegara muammolariga oid zerikarli ma’ruzalarni tinglagani emas, balki Venesiyadagi shaxsiy kutubxonalarda ma’lum va noma’lum venesiyalik sayyohlarning Dashtga bogʻliq qadimiy qoʻlyozmalarini oʻrganish maqsadida kelgandi. Sharqqa oid biror ilovaga duch kelgan chogʻlarda mendan tarjima qilishda yordam soʻrardi. Bu munosabatlarimizning muqaddimasi boʻldi. Afsuski, oʻsha ilovalarning mazmunini aniq-tiniq eslolmayman, chunki ularning koʻpchiligida Moʻgʻul xonlarini koʻklarga koʻtarib maqtalgan va ularning sayyoh ruhoniylarini va aksincha, ruhoniy sayyohlarini xafa qildirib qoʻymasliklari toʻgʻrisidagi va’dalari bitilgandi. Biroq ulardan biri miyamga qattiq oʻrnashib qolgan va endilikda buning ma’nisini tushunib yetgandayman.

Bu qadimgi uygʻur tilidagi bir maktub boʻlib, sahifaning toʻrtdan birida egri harflar yuqoridan pastga qarab tizilgan, goʻyoki harflar osmondan yerga uchib tushayotganga oʻxshardi. 13-asrda daraksiz ketgan, deb sanalgan venesiyalik sayyoh bu maktubni uygʻur qamoqxonasida yozgan va 18-asrning oʻrtalarida yana bir italiyalik sayyoh uni boshqa qoʻlyozmalar bilan birga Hoʻtan bozoridan sotib olgan. Asirga tushgan sayyoh mahalliy xalq haqida yozib qoldirgandi:

«Hayotimda birinchi boʻlib dunyodagi barcha ma’lum dinlarga e’tiqod qiladigan xalqni koʻrdim. Bunda manixean va saratsinlarni, olovga sigʻinuvchilar va nestorianlarni, buddist va lamaistlarni, shomon va iudaistlarni uchratish mumkin. Ularning bari bir xil tilda soʻzlashadi, bir xil turmush tarziga ega, faqat e’tiqodi boʻlak. Bunga qanday qilib erishildi? Umuman, bu mumkinmi? Men bu hodisaning ildizlarini oʻrganishga kirishdim: bu haddan tashqari chidamlilik, bee’tiborlilikmi yo adashgan sir-sinoatmi? Ularning fikrlash yoʻsiniga kirib borish uchun bu xalqning tilini oʻrgana boshladim va tez orada uning soʻz oʻzagiga oʻxshagan bir necha asosiy elementlardan iboratligi va bir qancha funksional qoʻshimchalar yordamida birgina asosiy elementdan koʻplab turli ma’nolarni yasab olish mumkinligini aniqladim. Bu mantiq va tartib meni qoʻrqitib yubordi. U Dashtdagi yagona qora dogʻdan kattalashib-kattalashib paydo boʻlgan minglab kishilar oʻrdasiga oʻxshardi. Bu sizga otilayotgan sonsiz oʻq-yoylar demakdir. Bu Dashtning oʻzi kabi milliard qum zarralarining bu dunyoning ishonchsiz bogʻlariga tomon surilishiga oʻxshardi... Goʻyoki osmon jangchilari boshimizga yogʻilib tushayotganday.

Men buni bir lahzalik sirli tushday koʻrdim va shu sovuq zindonda nega hayotim yakun topganini yaxshi bilardim. Garchi bu xalq orasida oʻttiz yildan ortiq umr kechirgan esam-da, bundan ortiq hech narsa deyolmayman. Bir narsani aniq bilaman: bu ancha avval boshlangan, lekin juda uzoq davom etajak. Aytadilar-ku: «Hamma narsa Tangrining irodasiga bogʻliq. Omin!»

May kunlarining birida, kechqurun Ponte Rialto yaqinida Luk bilan gʻaroyib shirinlikni «Muscato Siciliano» bilan qoʻshib yeb oʻtirarkanmiz, oʻsha asirga tushgan sayyohning aniq nimani nazarda tutganini muhokama qilardik. Uning har bir soʻziga urgʻu berishga intilsak-da, lekin ular «betartib yoʻlakli boqqa» oʻxshar, bu esa ikki yil asirlikda yolgʻiz yashashni va oʻsha qadimgi uygʻur tilida yozilgan venesiyalik kishi maktubining asl ma’nosini bilib olishni talab etdi...

116

Yoʻq, adashmadim, bugun asirligimning roppa-rosa bir yuzu oʻn oltinchi kuni.

Li qishloqqa qaytganidan keyin jangarilar soni ortganini sezdim. Ular oʻrtasida nima sodir boʻlgandi? Shuni aytishim kerakki, ishonchsizlik asirlikdagi eng yomon narsadir. Oʻz shubhalaringga gʻarq boʻlarkansan, keyingi lahzada yuqoriga suzib chiqasanmi-yoʻqmi bilolmaysan. Bu men uchun xavflimi yo xavfsiz? Liga nisbatan qanday munosabatda boʻlmogʻim kerak?

Avvalgi kuni u tolibonlar haqida soʻraganida, ularning bolsheviklarga oʻxshab bir kechada oʻz jamiyatlarini oʻzgartirishni istashganini aytganimda, xoxolab kulib yuborgandi. Bundan ruhlanib, aytdimki, afgʻon jamiyati qashshoqlashib boryapti, bu qaymogʻi olingan sutga oʻshaydiki, u qaymoqning ham yupqaligiga shubha yoʻq. Li bu fikrni ham ma’qulladi. Men gapimni davom ettirib, tolibonlarning oʻzlariga ishonchlari haminqadarligi sabab aldanganliklarini aytdim. Lekin ular yosh boʻlib, shuning uchun ham radikal edilar, hatto eronlik Oyatullohlar ular oldida tish-tirnoqsiz sherga oʻxshaydi; ikkinchidan ular yangi kelganlardi va kelgusi yigirma yilda hukmronlik qilishlari mumkin; uchinchidan, noan’anaviy tarzda hamma narsaga qiziquvchan va ruhoniylik nuqtai nazaridan istalgan muammoni muhokama qilishga tayyordirlar ular; toʻrtinchidan, intiluvchandirlar va shu bois ishontirish qiyin va hokazo...

Munday olib qarasa, bu sifatlarning aralashmasi qaysidir darajada Lida ham aks etgandi. Chunki oxiri u yuz qiyofasini oʻzgartirmasdan «Bilasanmi, Tolibon hududlarida ularning tayyorlov bazalari mavjud», dedi va davom etdi: «Lekin sen qaydlaringda oʻz kuzatishlaringdan foydalansang boʻlardi».

Bu nima degani: qoʻrquvmi yo shunchaki bir maslahat? Bunga oʻxshash arzimas bayonotni oʻnlab boshqa millat va jamiyatlar toʻgʻrisida ayta olgan boʻlardim. Masalan: «boʻlmoq»dan koʻra «tuyulmoq» muhimroq boʻlgan fransuzlarning ichi boʻshligi, hech qachon koʻrsatmaydigan, lekin bajaradigan nemislarning mustahkam ichki dunyosi, oʻnta imkoniyatdan biri tavakkalli boʻlsa ham hech narsa qilmaydigan inglizlarning ehtiyotkorligi, Ellin ilohiyotini Semitik pravoslaviyega aylantirgan greklar, arablarning takabburligi, janjalkash ruslar, oʻzini kamtar ozchilikday koʻrsatadigan bir yarim milliard xitoyliklar...Bas! Yetar endi. Lekin ularning birortasini oʻz oʻrnimda koʻrishni istardim, ha menga gʻamxoʻrlik qilmaydigan, aksincha oʻsha adashgan Li va uning shaykasi bilan bir yuzu oʻn olti kunim ustidan bosim oʻtkazadigan aqalli birortasini...

117

Nihoyat Venesiyada (koʻnglimning yolgʻiz yupanchi!) oʻzimning «bella ragazza»mni topdim. U provinsiyalik italyan qiz boʻlib, davrlar va yoʻllar tutashgan chorraha - Iosif Brodskiy qatnashgan Xalqaro anjuman ishtirokchisi edi. Garchi she’riyatning katta shaydosi boʻlmasam ham, ayol koʻnglining nozik torlarini chertish yoʻlida undan qanday foydalanishni bilaman. Qolaversa, bir gal Brodskiyga Nyu-Yorkdagi adabiy simpoziumda tarjimonlik ham qilganman.

Men oʻzimni ilhom ogʻushiga olgan damlarda juda yoqtiraman. Dabdabali qayiqda oʻtirarkanman, bu dunyoda har kim oʻz ismining sehrli merosini koʻtarib yurishga mahkum, deya badiiy oʻqishga berilib ketaman, shunga oʻxshab, Brodskiyning hayotida oʻz Vatanining turmasidagi quduqqa tashlangan Sohibjamol Iosifning aksini koʻrish mumkin, keyinchalik u oʻz mamlakatidan tashqarida shuhrat topdi va avval dushman boʻlgan birodarlari uning kuch-qudratini tan olishga kelishdi. Gersoglar saroyi va turma oʻrtasidagi «Chuqur Nafas Koʻprigi»dan oʻtganimizda, aytganimday, dengiz yuzasiga chiqdik. Men Saltanatlar mavzusiga batafsil toʻxtala boshladim va qolgan boshqa barcha imperiyalarga qarshi oʻlaroq, sovet imperiyasi boʻsh hokimiyat ustiga qurilgan mafkuraviy va quruq imperiya ekanini aytdim. Bu xayoliy bir imperiya edi. Shuning uchun ham yozuvchilarning roli unda gʻoyat buyuk edi. Oʻsha buyuk kuch ustidan gʻalaba qilishning koʻpgina yoʻllari bor edi va ularning birini Brodskiy topgan: uning erkin xayollari rus she’riyatining an’anaviy shakliga qarshi qoʻyilgan. «Oʻz xohishiga qarshi borish»dan xolilik uning she’riyatiga xos asosiy qoida edi.

Bular chindan ham men Nyu-Yorkda tarjima qilganim Brodskiyning gʻoyalari edi, lekin Marsellam uchun ular qandaydir yangilik boʻldi. U bularning barini xalqaro anjumanda hamkasblari bilan oʻrtoqlashish uchun yozib oldi. Qayiqchi bizni suratga tushishga taklif qilganida, u jon deb tezroq undan qutulish uchun fotoapparatini tutqazdi va DNK tuzilishi haqidagi soʻzlarimni boshlagancha, Grand Kanal tomonga burilib ketdik. Bilasiz, kasbim tufayli keraksiz bilimlarga toʻlib toshganman: masalan, DNK chizigʻi toʻrt unsurdan tashkil topganligini bilaman, bular DNK zanjirini yuzaga keltiradigan sulfonatlar, spiral hosil qiladigan ikkita bir-biri bilan bogʻlangan zanjir va bu spirallar oʻzaro bogʻlanib hayot asosi uchun toʻrtinchi bosqichni tashkil qiladi. Brodskiy she’riyati ham shunga oʻxshaydi...

Marsella mendan DNK tuzilishini chizib berishni soʻradi. Men uning rasmini hech qachon koʻrmagandim, chunki faqat soʻzlarni tarjima qilaman xolos, shu bois oldindan tayyorgarliksiz, Venesiya daryo va kanallari sxemasini chiza boshladim, biroq Marsella bundan bexabar, naqadar oʻzini baxtiyor sezardi...

Shu orada mayin shabada suhbatimizga qoʻshilishni istagan koʻyi sochlarimizni tortqilay boshladi.

Qayta eslayotganim uchun ma’zur tutgaysiz, xullas oʻsha kuni gaplarimiz bir-biriga ulanib-ulanib, suyukligim Venesiyada hozir ham suv uzra uchib borayotgan qayiqdagi ajoyib hayotimizdan esdalik suratlarni va fotoapparatni unutib qoldirgandik... Soʻzlar, soʻzlar, soʻzlar...

118

Bilga-Hoqon oʻldi, lekin qoʻshni hukmdorlarning birontasi ham oʻz elchilarini uning janozasiga yubormadi. Aslida uning oʻlimi hatto ochiq e’lon ham qilinmagandi va hokimiyat toʻgʻridan-toʻgʻri Pobeka boshchiligidagi oʻgʻil Yoʻlluk qoʻliga oʻtgan, shunga qaramay, Dono Tongyuquq saltanatda sodir boʻladigan hamma narsaga javobgar edi. Saltanat choʻkib borar, Tongyuquq buni bilsa-da, lekin toʻxtatolmasdi: bosh boʻlmagan joyda hech narsani boshqarib boʻlmaydi...

Necha kunki chodirida oʻtirib, Katta Qaytishning strategiyasi haqida xayol qilar, aslida buni allaqachon boshlab qoʻygandi: boshqa bir kun Berke-tilmoch Soʻgʻdning manixean shahzodasi bilan boʻlgan bahsning oʻrtasida oʻladi, haqiqatda esa oʻlgan kishi Berke emas, balki Shahzodaning oʻzi edi va Tongyuquq va Berkedan boshqa hech kim buni bilmasdi. Endi, Yorugʻlik Shahzodasi zindonga tashlandi, unda oʻz e’tiqodini oʻzgartirishi mumkin, dinni yangi qabul qilayotganlarga oddiy ogʻriq va azobdan-da kuchliroq boshqa narsa da’vat qilmaydi.

Berke oʻzini bagʻishlaganlarning ichki jamoasini tuzish kerakligini yaxshi bilardi va unga boʻysunganlarning barchasi oʻzlarining besh kishilik ibodatxonalarini tashkil etishga kirishishadi va ularning ham har biri boshqa beshtani oʻz qoʻl ostiga olgan boʻlardi. Faqat yuqori qismigina pastigacha boʻlgan hamma narsani biladigan piramida...

Birgina Ichi Lyang Saltanat yuz tutayotgan tartibsizlikka qarshi majburiy fan sifatida yaqinda e’lon qilingan harbiy san’atlar bilan mashgʻul...

Sobiq Saltanatning har bir sobiq asiri buni qoʻllab-quvvatlashi kerak edi...

119

Balki siz Koʻk Turklari toʻgʻrisida batafsil ma’lumotni qayerdan olganligimni oʻylayotgandirsiz? Asosan, shu yerda va mana shu dushmanlik holatimda. Shinjonga qilgan birinchi safarimdan keyingi ikki yil davomida oʻqiganlarimni eslayapman xolosmi? Qisman, ha, lekin bu faqat shundan iborat emas. Li bilan boʻlgan uzundan-uzoq suhbatlar va uning xitoy manbalari bilan tanishligi menga qoʻshimcha bilim berdi. Lekin sizga hali eng asosiy narsani aytganim yoʻq: toʻrt yarim oycha burun axiri Shinjonga qaytib keldim va agar esingizda boʻlsa, Oʻlik Shahardagi toshlarning nafaqat suratini oldim, balki yana boshqa narsalarga ham ega boʻldim. Va bu hozir yonimda turibdi...

120

Tugallanmaganlik belgisi har qayerda boʻladi: hayot ramkaga solingan rasmga mos keladigan adabiyot emas. Haqiqiy hayotni gapirib bersang, u moyboʻyoq bilan ishlangan suratdagi haykal boʻlagiga oʻxshab qoladi: yo oyoq yuzadan sugʻurib olinadi, yo marmar boʻlagi ramkaga kelib uriladi. Lekin aslida hayot bundan ham battar: u qahramonlar sonini hisoblab oʻtirmaydi, yoxud uygʻun holatlarni poylab yurmaydi, hech narsaga e’tibor qilmay davom etaveradi: Luk qamoqxona osudaligida gʻoyib boʻladi, Fiona ishqiy hikoyamning qoq oʻrtasida yoʻqolib qoladi, Zev oʻzining Shia Changiga yetisholmay halak, siz bilan mening atrofimdagi yana qanchadan-qancha ismli va ismsiz odamlarni hisobga olsakmi... Hatto Li soʻnggi bir necha kun ichida meni tashlab ketdi va faqat yogʻ bosgan qariya yaqinlashib kelayotgan oʻlim qiyofasida kibru havo bilan kezinarkan, oʻz devorini tiklay boradi: tosh ustiga tosh...

Eski hayotimga qaytarmikanman va yo bu kampir bilan qorongʻilikka qamalib qolib ketamanmi? Hayotim hamma narsa va har kimniki kabi dunyodagi eng boʻlmagur joyda yakun topadimi?

121

Hayotning oʻzi uchun boʻlsa, hech qachon yasholmagan boʻlardim. Hatto Venesiyadan keyin, Marsella ona yurti Lido di Jessologa taklif qilganda va vaqtimizni Adriatika dengizining qirgʻoqlarida xush oʻtkizgan onlarimizda ham hayotimda nimadir yetishmayotganday tuyulaverdi. Avvaliga buni qoʻlimning kaltaligiga yoʻydim, lekin ba’zan choʻntakda pulning yoʻqligiga umuman e’tibor bermay qoʻyarkansan kishi va Remark aytganiday, qarzga yashayverasan. Bu turmush tarzingga aylanadi. Bu hali pulning yoʻqligi haqida emas. Undan-da chuqurroq. Tasavvur qiling, qirgʻoqda dengiz toʻlqinlari qurshovida asta yurib ketyapsiz, lekin negadir oʻzingizni shu uchun baxtiyor sezmaysiz. Hech narsa uchun baxt boʻlarmi? Axir siz baxt nimadir uchun boʻlishiga oʻrganib qolgansiz: koʻproq pul, yaxshi ish, yaxshi boshqariladigan yumush va bu bogʻliqlik ikkinchi oʻzingizga aylanadi, oʻzingizdan ham kuchlirogʻiga. Shunga oʻxshab men ham oʻzimdagi hokimlardan qutula olmadim.

Ha aytgancha, ayni oʻsha kunlarda Venesiyada oʻtadigan «Qay bir insoniyatga qaysi Xudo?» deya nomalanuvchi yana bir yirik anjumandan qoldim. Unga asosiy tarjimonlardan biri sifatida taklif qilingandim. Oʻzim koʻzdan kechirib chiqishim lozim boʻlgan mavzular hanuz esimda: «Dinlar va dindorlik», «Din va insoniyat», «Din va boshqa e’tiqodlar». Yana bir bor mabodo mavzular ikki yarim yil ichida nazariy yoʻldan-da ortiqroq bir yoʻsinda ortimdan ergashib yurishini bilganimda, Jessolodagi urush-janjalni ming karra afzal bilgan boʻlardim.

Lekin bu safar ham nohaq chiqdim. Hozir buni eslar ekanman, oʻzimni baxtiyor his etyapman. Xuddi hayotingiz sizga beruxsat yoki oʻzingizning bexabarligingiz sabab berilgani kabi, baxsizlik ham shunday, hech kutilmaganda qarshingizdan chiqib turadi. Shunda oʻsib ketgan soqolingiz jangarilar harbiy forma oʻrniga bergan oʻquv kiyimiga ishqalanishiga, islanib ketgan toʻzgʻin sochlaringizga, umuman, hech narsaga e’tibor bermay davom etayotgan hayotdan minnatdor boʻlib ketasiz...

Nega oʻtmish xotirada bu qadar iliq va shirin holda saqlanib qolarkin? Siz uni yashab oʻtgansiz, lekin oʻsha mahal uning shirinligini mutlaqo sezgan emassiz, toʻgʻrimi? Hatto hozir yashayotgan hayotingizning nechogʻli shirin ekanini-da sezmayapsiz. Balki qorongʻida yolgʻiz oʻtirganingiz, qari oʻrgimchak toshdan toʻr toʻqiyotgan, hayotingiz va oʻzingiz oʻrtasida hech narsa mavjud boʻlmagan ushbu daqiqalar oʻtmish-bugun-ertangizdagi eng yaxshi kechgan fursatdir va siz uni hozirning oʻzida qadriga yetmayotgandirsiz balki? Bu faqat toʻrning navbatdagi uyasi kabi keyingi toshdir va yo avvalgisining haqiqiy qimmatini koʻrsatib beradigan qaydlarning navbatdagi bobi boʻlsa ne ajab? Lekin kelayotgan kunda yana qanday koʻrguliklar bizni kutib turibdi ekan?

122

Bugun majburiy bayram ibodatidan keyin xonamga qaytib kelsam, qaydlar daftarimning oxirgi sahifasiga Li ingliz tilida bir parcha yopishtirib ketibdi:

«Qirgʻiz oqini Tardush Inonchi Chor tulki ovlovchilar tegmagan yagona xabarchi edi. Uni telbaga chiqarib qoʻyishgan, sababi u oʻz soʻzlarini toshga oʻyib yozishlariga toqat qilolmagan va shundan buyon qaytib birorta soʻz yozmagan edi. Dono Tongyuquq oʻzining Katta Qaytishini bajarar ekan, yaxshiroq josuslik qilish uchun oʻzini telbalikka solib yuribdimi-yoʻqmi, shuni aniqlash uchun Tardushni huzuriga chaqiradi. Inonchi Choʻr har galgiday jim va gʻamgin edi.

U oʻz aksini qariya orqasida koʻrgancha Tongyuquqning qarshisida turardi. «Muncha katta oyna» deya oʻyladi u, tushimmi-oʻngim? Lekin birdan uning aksi Baxshi duosini kuylashga tushdi:

«Bizning Xonimiz Qizil Togʻning ustida! Muqaddas Bibi Maryam Hoʻkiz Togʻning ustida! Muqaddas Hoʻkiz Qoʻchqor Togʻning ustida! Muqaddas Inson, kel, Katta Bugʻudan chiqib kel, Yerdan chiqqan Ajdahodan chiqib kel! Agar «Oʻlik!» desam, «Oʻlik!» de! Agar «Tirik!» desam, «Tirik»! de...

Bechora Tardush Inonchi Chor ajdaho qarshisidagi qoʻzichoqday qaltiradi va aksi kuylashni toʻxtatgan zahoti qoʻrquvini ichiga yutib, boʻgʻiq ovozda qichqira boshladi, chunki uzoq muddat ovozini chiqarmay yurgandi.

«Osmon Shohining oʻgʻli bir kuni Yerga tushdi. U dunyoning ikki qismida ham nazorat oʻrnatishni istagandi. U yer ostidagi yetti qatlam orqali oʻtib, ularni va ularning qoʻriqchilarini istilo qildi. Lekin Yer osti Shohining Qizi Qora Tulkiga aylanib, yosh yigitlarni Yer ostiga olib tushdi va otasining jamgʻarmasini koʻpaytirib, ularni oʻldirdi.

U Osmon Shohining Oʻgʻlini tovlanuvchi rangin terisiga oshufta aylab, oʻziga ogʻdirib oldi. Oʻgʻil ham unga oshiqu beqaror boʻldi. Lekin qiz sevgisi uchun uning jonini soʻragan edi, oʻgʻilning oti pishqirib, sakrab yubordi. Shunda qiz jonining oʻrniga uning otini soʻraganda, Osmon Shohining oʻgʻli shunday dedi: «Bir yigitda bir jon, bir sevgi va bir ot boʻladi, agar u bir uchun ikkini bersa, oʻzida bor hamma narsadan ayriladi!» Shu soʻzlar bilan oʻz sevgisiga yakun yasadi va otini boʻsh qoʻyib, tubsiz jarlikka quladi va unda oʻlim topdi. Shundan buyon Quyosh ot choptirib, Tun esa Qora Tulkiday momiq yulduzlarning ranglari bilan oʻynashib yuradi, biroq ular hech qachon bir-biri bilan koʻrishmaydi...»

«Naqadar chiroyli, shunday emasmi?» - deb yozgandi Li soʻnggida, lekin men hikoyaning goʻzalligi haqida emas, koʻproq uning tag ma’nolari toʻgʻrisida oʻylayotgandim va ular serob edi...

123

a) Li qayd daftarimni qayerdan topib oldi?
b) undagi hamma narsani oʻqib chiqdimi?
v) agar buni inglizcha yozishning uddasidan chiqqan ekan, xoʻsh, nimani da’vo qiladi, nega?
g) nimaga u bilan hanuz sichqon-mushuk boʻlib yuribman? Boshqa nima qila olaman?
d) yana biror narsa yozishim kerakmi va yo shu yerda hammasini toʻxtatishim?
e) agar Li va keyinroq ularning barchasi hammasini bilgan boʻlsa, nega davom ettirishimga izn beryapti, nega ertaroq oʻldirib yuborishmadi? Ularga nima uchun kerak boʻlib qoldim?
j) meni oʻzlarining yilnomachilari sifatida tutib turishibdimi, boshqa qanaqa tushunish mumkin, bir xil ovqat yeb, bir xil xavf ostida turib, bir xil hayot kechirib, uch oydan oshiq vaqtni oʻtkazdim, hali ularning biri ekanimni his qilganimcha yoʻq, ular ham meni oʻzlarining biri ekanini sezishmaydi... Li meni josus deydi, shunday ekan nega meni oʻldirishmaydi?
z) Li menga ma’lum hamma narsadan xabardormi? U meni kuzatgan holda men bilan bir xil turmush kechirdi, birga uxladi, birga ovqatlandi, birga gaplashdi, mana endi hatto yozganlarimni ham oʻqib yurgani ayon boʻldi...
i) ...

Bas, agar bu Polichino siri boʻlsa, u holda yashirinib, xitoychani inglizchaga aralashtirib, buzuq inglizchada yozganlarimning ma’nisi qayda qoldi? Bu bema’ni narsani yozishni toʻxtatishim kerakmi?

124

Mana endi avval menga ma’nisiz tuyulgan narsani tushuntirish fursati yetdi. Oʻsha mahal «Nima balo bu!» deb oʻylagandim. Lekin hozir butunlay boshqacha fikrdaman.

Siz Noam Shatskiy va uning marhum birodari Zevni unutmagandirsiz? Garchi Noamning birodari hayotidagi roli nechogʻli ahamiyatga egaligini bilmasam-da, kunlarning birida Quddusda Noam menga xorijdan Zevning jasadi solingan tobutni olganda, bu uning birodari jasadi boʻlmaganini aytgandi...

«Jasadni olgandan soʻng, uni yuvib, oq kafanga oʻrayotganimizda, koʻzlarini matoga oʻrashdan avval birdan uning atrofida juda mayda kesiklar borligini sezib qoldim, xuddi koʻzlari kosmetik jarrohlik qilinganga oʻxshardi. Aslida uning odatga koʻra darhol koʻmilmagani ham meni shubhalantirgandi... Haqiqiy yahudiy hech qachon oʻlimidan yetti kun keyin koʻmilishi kerakmas!»

Oʻsha mahal men uning tomogʻi va boʻyni atrofida ham kesiklar boʻlishi mumkinligiga qiziqdim, lekin Noam javob berish oʻrniga koʻzini olib qochdi. Oʻshanda nechogʻli toʻpori va sodda boʻlganimni endi tushundim...

125

Haqiqatda men bu hikoyadan xabarim bor edi, chunki uni allaqachon uchratgandim!

Zev oʻz kundaligida Rohib Valaamovning Dandan Uylig ismli uygʻurning noma’lum manbasidan keltirgan iqtibosini eslatib oʻtadi., Toʻrtburchak yahudiy yozuvida qandaydir «Ahbar» tomonidan yozilgan oʻsha manbaga koʻra, Valaamov va Zev bir yahudiy ruhoniy bilan munosabatda boʻlgan. Yahudiy Oʻn-Oʻq qabilasining Koʻk Turklari mahkamasiga yuborilgan ikki elchisidan biri ikkinchisining tobutini koʻtarib, ortiga qaytib kelgan.

«Oʻgʻuz-Bilga tamgʻachi Makrach solingan tobutni yelkasiga olib, Oʻn Xushxabarning koʻplab bilimdonlari bilan ortga qaytib keldi. Oʻgʻuz-Bilganing oʻzi juda azob chekkandi: uning yuziga chuqur chandiq tushgan, tili kesilgandi va dinni yangi qabul qilganlar dashtning oʻrtasidagi zindondan qanday qilib qochishgani toʻgʻrisidagi fojeiy hikoyani aytib berishdi. Lekin tamgʻachi Makrachning jasadi yuvilganda, uning xotini bu eri emasligini bilib, yigʻlay boshladi. Kattalar jasadni tezroq koʻmishga buyurib, xotinning qiligʻini gʻam va uzoq judolikning natijasiga yoʻyishdi, lekin bu voqea baribir shubha tugʻdirdi. Afsuski tili kesik Bilga-Oʻgʻuz oʻzicha bir nimalar deb gapirmoqchi va tushuntirmoqchi boʻlar, lekin uni hech kim tushunmasdi. «Elchiga oʻlim yoʻq» - bu hatto dushmanlar oʻrtasida ham mangu qoida edi, biroq ana shu qoida buzildi, shunday qilib, Oʻn-Oʻq qabilasi Iloh nomi bilan koʻk turklariga qarshi urush e’lon qildi...

Lekin na Zev, na Valaamov va na noma’lum manba dasht oʻrtasidagi Oʻn-Oʻq qabilasiga kelgan dinni yangi qabul qilganlar toʻgʻrisida hech nima demagan.

126

Afgʻonistondagi Mozori Sharifga yetib kelganimda, bu qoʻrqinchli tush boshlangan joyga borgan sari yaqinlashib kelayotganimni tasavvur qilolmasdim. Mashhur ziyoratgoh yaqinidagi bozor yonida BMT xodimi boʻlgan mahalliy yigitni uchratib qoldik, u bu yerdan Shinjondagi eng mashhur shahar - Qoshgʻarga bormoqchi ekanliklarini aytdi. Rumiyning taqdir haqidagi rivoyatini bilasizmi? Uning aytishicha, kunlarning birida boyning xizmatkori bozordan hafsalasi pir boʻlib qaytib keladi. «Senga nima boʻldi?», - soʻraydi undan xoʻjayin. «Men bozorda Ajalni koʻrdim, u meni qoʻrqitdi. Men undan qochib, toʻgʻri uyga keldim. Shuncha yil chin dildan xizmatingizda boʻldim, agar mumkin boʻlsa, otingizni berib tursangiz, men Hindistonga qochib kesam.» - «Albatta!», degan javob boʻladi. Shundan keyin xizmatkor otni olib, u mamlakatdan chiqib ketadi. Keyinroq, xoʻjayin bozorga borib, u ham Ajalni koʻradi. «Nega mennig xizmatkorimni qoʻrqitding? Sal muloyimroq boʻlsang boʻlmaydimi?», - soʻrabdi Ajaldan. «Bilasanmi, - debdi Ajal, - bugun kechasi uning jonini Hindistonda olishim kerak edi, u boʻlsa hanuz shunda...»

Bu rivoyatni BMT xodimi boʻlgan oʻsha yigit bilan uchrashuvni oʻylaganimda esga olaman. Buni hech kimga, hatto Afgʻonistonda tarjimonlikka yollagan nodavlat tashkilotining vakiliga ham aytmadim. Erta azonda mahalliy koordinatorga ikki yuz dollar toʻladim va u bir fojeiy hikoya «oʻylab topdi», unga koʻra, u Qashgʻarga bora olmadi, lekin oʻz oʻrniga xoʻjayiniga mening borishimni taklif qildi va u uchinchi yoʻlovchi sifatida oq-koʻkish «Toyota» jipida meni olib ketdi.

127

Sizga qoʻrqinchli yoʻllar haqida aytib oʻtirmayman, ularni «oʻlim talvasasi»da aytib oʻtganman, lekin chindan ham butun yoʻl rasvo edi. Bunaqa yoʻllarda siz oʻzingizniki boʻlmay qolasiz, hatto yashayotganingizga shubhalanasiz, chunki istagan kishi hech bir sababsiz sizni toʻxtatishi, tintuv oʻtkazishi, urishi va oʻldirib yuborishi mumkin. Togʻ dovonlari undan ham battar: arang turgan tor yoʻlaklar, toʻsatdan yogʻadigan qor va tumanlik, na yuqorida va na jardaligingni bilmasliging, tekis yerga chiqamanmi-yoʻqmi deya umidsizlikka tushish... Bunaqa yoʻllar odatda faqat ertaklarda aks ettiriladi. Lekin bu boʻsh yupanchdir, chunki haqiqatda u yakun emas, balki qoʻrqinchli tushning boshlanishidir.

Lekin ular yoʻl tugadi deyishsa ham, sayohat hanuz davom etardi. Biz Qoshgʻarda avval Rossiya elchixonasi boʻlgan, bir kechalik tunash bahosi 500 dollarlik (BMT ning choʻntagidan ketadi-ku) mehmonxonada toʻxtadik. Bu dabdabali binoda «Yirik Oʻlja», polkovnik MakKartni, josuslar ari uyasi va romantizm hanuz saqlanib qolgandi. Ajoyib suratlar, gʻaroyib mebel va ipak devorlar... Mening bu mamlakatga kirish uchun vizam yoʻq edi, xoʻjayin buni bilar, dam-badam «Biz BMT himoyasidamiz» deb qoʻyardi. Chindan ham xoʻjayin mehmonxonaga toʻlagan bahoni koʻzdan kechirarkan, hech kim mendan bu haqda soʻramasdi. Xoʻjayin esa pasportini umuman koʻrsatmas, uning oʻrniga hamma joyda BMT guvohnomasini koʻrsatar, faqat bir gal kanadalik qizining rasmini pasportining ichidan olib koʻrsatganda, unga koʻzim tushdi. U pasportni boshqa qogʻozlarining ustiga tashlab, kelgusi rejalarni muhokama qilishga tushdi.

Men esa rejamni allaqachon pishitib qoʻygandim...

128

Jan-Per Balpening soxta pasporti bilan Qoshgʻardan Urumchiga yoʻlga chiqqan avtobusda ikki kun vaqt oʻtkazdim. Bu men chiqqan avtobuslar ichida eng antiqasi edi. Avval haydovchi qoʻzgʻalish vaqti oʻtib kesa ham, odam toʻlguncha kutib oʻtirdi. Soʻng u avtobusni Qoshgʻarning narigi bir chetidagi garaj tomonga haydab, mexanik bilan nimadir toʻgʻrisida gaplashdi, keyin yaqinroqdagi qassobxona tomonga burildi, u yerda baland ovozda chaqirgandi, bir bolakay ikki kilocha goʻsht keltirib berdi. U goʻshtni uyiga tashlagandan soʻnggina Urumchiga qarab yoʻlga tushishimizni e’lon qildi. Bu shunchaki gap ekan, chunki avtobus Qoshgʻardan chiqishi hamono odamlar u yoqqa-buyoqqa olib borib qoʻying, deya soʻray boshlashdi. Shu tariqa avtobus goh oʻngga, goh chapga, hatto bir yoʻlovchi uxlab qolgan ekan, bekati oʻtib ketgani uchun, uni orqaga ham tashlab keldi. Siz nechogʻli gʻazab va xavotirga toʻlganimni tasavvur qilyapsizmi? Chunki birinchi qayrilishdayoq haydovchi meni politsiyaga topshiradi va unda meni qattiq jazolashadi deb oʻylagandim. Lekin eng sharmandalisi, har tun uchun 500 dollar toʻlagan Jan-Per menga xuddi mayda oʻgʻriga tikiladigan koʻz bilan qaragan boʻlardi!..

Avtobuslar orqasidan kelayotgan harakatdagi kuch qayrilib ketayotganini koʻrgach, ancha xotirjam boʻldim, garchi BMT vakili janob Balpe barcha politsiya kuchlari va nazorat punktlarini oyoqqa turgʻizishi mumkin edi. Lekin agar shunday qilsa, vizasiz shubhali bir kishiga boshpana bergani uning ba’zi qoidalarni buzganini ochiq-oydin koʻrsatib qoʻygan boʻlardi. Har holda u bunday qilmadi, BMT haqida ijobiy fikrim yana bir karra oqlandi. Lekin sahroning oʻrtasiga kelganda, niyat-maqsadim xotirimdan koʻtarildi - qayoqqa buncha shoshilib ketayotgan edim? Nega? Qachon? Nimaning ortidan? Nihoyat ikki (balki uch) kundan keyin Urumchiga yetib keldim.

129

Dono Tongyuquq haliyam chodirda yakka oʻzi Bilga-Hoqon toʻplagan Universal Aqlu-zakovatni varaqlab oʻtirardi. Mana molxonada bir yulduz ostida moʻ’jiza tufayli otasiz tugʻilgan bola haqidagi hikoya. Moʻ’jizani koʻrishga kelishadi, lekin podshoh ona va bolani oʻldirishga buyruq berdi...

Yoki Xonning daryo yoqasida yettita bola tugʻib, oʻlim talvasasida yotgan urgʻochi sherni uchratgan uch oʻgʻli haqidagi hikoya bor unda. Eng kichik shahzoda ona sherni hayotga qaytarish uchun ozroq goʻsht va qon kerak deb oʻylaydi va shu onda yangi tugʻilgan bolalar va ona sher uchun oʻzini qurbon qilishga qaror qiladi. Uzoq tafakkurga choʻmgach, oʻzini ona sherga yediradi. Hikoyaning davomi uning akalari va ota-onasining bu voqeadan gʻam-anduhga botganligi toʻgʻrisida...

Bunday hikoyalar odamni kuchsiz va boʻsh-bayov, ta’sirchan va vayron qilib koʻrsatadi. Tongyuquq bir gal Bilga-Hoqonga shunga oʻxshash gap aytgan, lekin u e’tiborga olinmagan. Endi nima boʻldi? Bilga-Hoqon oxirgi vasiyatini qoldirdi:

«Ey, turk qoʻmondonlari va xalqi, quloq tuting! Ustingizdagi osmon qulab tushib, ostingizdagi yer oʻpirilib ketmasa, ey turklar, kim sizning Saltanatingizni va hayotingizni barbod qila olardi? Ey turklar, afsus va nadomat cheking! Qat’iyatsizligingiz uchun doimo oshqozoningizni va miyangizni toʻydirib turgan oʻz dono Hoqoningizni sotib qoʻydingiz, oʻzingiz dunyoning Toʻrt Burchiga qadar choʻzilgan davlatga xoinlik qildingiz va oʻzingiz gʻalayon koʻtarilishiga sababchi boʻldingiz. Mana endi qoningiz daryo boʻlib oqadi, suyaklaringiz uyumidan togʻlar barpo etiladi va oʻzi qul boʻlgan xoʻjayinlar oʻgʻil farzand koʻradilar...»

Hukmdor oʻldi, Qahramon endi yoʻq, birgina Tongyuquq dunyo aqlu zakovatini anglagan, lekin oʻz yoʻlidan adashgan xalqi haqida qaygʻurishi lozim...

Ana shu oʻzim qoʻlda koʻchirib yozgan va kundaligimdan yirtib olganim parchani atayin oʻtirgʻichim ustiga Li koʻrsin deb tashlab ketdim.

130

Urumchi vokzaliga yetmay turib, atrofni kuzatganim holda, bu vokzaldan oldingi oxirgi bekatmi-yoʻqmi, aniq bilmasdan avtobusdan tushib oldim. Urumchiga qilgan bu safarim avvalgisidan katta farq qilardi. Tarjimonning koʻchmanchi hayotini yashab oʻtib, bir kun josuslikda qoʻl keladigan ajoyib texnikalarni oʻrganib olganman. Masalan, siz Robiya Qodir supermarketi qayerda joylashganini juda yaxshi bilasiz, lekin oʻsha tomonga qarab ketayotgan yoʻlovchidan «Kechirasiz, Robiya Qodir supermarketi qayerda joylashgan?» deya soʻraysiz. U sizga tushuntira boshlaydi va «Men ham oʻsha yoqqa ketyapman, albatta koʻrsatib qoʻyaman», deydi. Shu nuqtadan oʻzaro suhbatingiz boshlanadi. Agar yaxshi niyat qilsangiz, suhbatingiz natijasida doʻstlashib qolishingiz mumkin.

Ayolning ismi Maryam boʻlib, yolgʻiz ona edi. Uning oʻgʻliga supermarketdan telepuzikmi va yo dangasapolvonningmi rasmi tushirilgan futbolka sotib olgandim. Ayol meni uygʻurcha lagʻmonga taklif etdi. Ikki kunni uning Urumchi atrofidagi loyshuvoq uyida oʻtkazdim. Maryam ikki kun «Xangshian Bingua» mehmonxonasi qarshisidagi suratxonadan mening chiqarib qoʻyilgan rasmlarimni olib kelish uchun yugurdi. Axiri ularni keltirib berdi - ikki yoshli rasmlar: sahro oʻrtasidagi eshak, mashhur soʻfi Ofoq-xoʻja ziyoratgohi, «Ikki ot bir-birini tepgan mahal ularning oʻrtasidagi eshak oʻladi» degan buyuk shoir Yusuf Hos Hojib ziyoratgohi, Urumchi tepaligidagi Xitoy ibodatxonasi, bir juft Manixean qoʻlyozma va ... va... yuragim Urumchidan Turfonga qadar qattiq urib turgandi... bir, ikki, uch, toʻrt... bir necha mutlaqo oppoq suratlar. Yoʻq, ular tamoman oq emasdi: bir necha ovalsimon nur toʻrt tomondagi chang burchakdan taralib turardi... Oʻlik Shahardagi tosh...

131

Li ikki yarim yil avval Turfonda meni kuzatib yurgan odamning ayni oʻzi edi. Li yo Jon deb ataladi yo Jonni Li. Bu tushuncha miyamni teshib oʻtib, meni qoʻrqitib yubordi. Nega oldinroq buni sezmadim-a? Bu shunchalik aniq ediki! Mayin soqolini qirtishlab, katta qora koʻzoynak taqib, inglizcha gapirtirib qoʻysangiz bas, qarshingizdagi yo orqangizdagi Lidan koʻra, ustingizdagi Jonni yasaysiz-qoʻyasiz. Bu uning xavfsizlik kuchlari xodimi ekanini bildiradimi? Shunga qaramay, u jangarilar orasida ularning ishonchini qozonib yuribdimi? Qanday qilib? Qachon? Qayerda? Nega?

Voy Xudo, jinni boʻlib qolyapmanmi?

Katta qora koʻzoynak taqib Turfonga ketayotgan avtobus orqasidagi oʻrindiqda oʻtirib ketardim, koʻzoynaklar qiyofamni oʻzgartirish uchun taqilgan, qolavresa, bu oʻlkalarda koʻzga yaqqol tashlanadigan birinchi belgi boʻlib, mening turistligimga ishora edi. Ayniqsa, mening ikki yildan ziyod vaqtdan beri qidiruvdagi portlatuvchi sifatidagi har bir nazorat punktiga osigʻliq turgan suratimni xayolga keltirsam... Harqalay xavfsizlik xodimining qoʻliga tushmasligim kerak edi, hayotimning birgina umidi - Jan-Perning pasportini qoʻrquv ichra olib yurardim. Shukurki, manzilga yetib keldim. Dunyoning eng chuqur inqirozi.

Hammasi teskari tartibda qaytarilayotgan edi. Ter bosgan qoʻyindagi qogʻoz parchasi, katta qora koʻzoynakli Jon-Ziangning zugʻumi ostida maxfiy agentlar toʻgʻrisidagi xayollar, Oʻlik Shaharning oʻzidan avval kelayotgan chang isi. Jannat deb oʻylaganim jahannam qurshoviga qaytayapmanmi? Shunday xayollar meni yanada ehtiyotkor qilib qoʻydi, birinchi duch kelgan uygʻur dorixonasidan koʻzoynaklar sotib oldim va uni taqqandan keyingina oʻzimni bir oz xavfsizroq sezdim, lekin koʻzoynakda atrofni arang koʻrib turardim. Shu yerliklarning aytishi boʻyicha: qassobdan sotib olib, baqqolga pulini toʻlaydi. Bu ikkinchi halqa boʻlib, men zamonaviy sivilizatsiyaning markazida emas, balki uchinchi dunyo mamlakatlarida umrguzaronlik qilardim. Dunyoning hanuz odam kun kechirayotgan nokerak oʻlkasi. Shunday qilib, qovushmagan koʻzoynaklarim tufayli yuzaga kelgan bosh ogʻrigʻini bosgan koʻk choydan ichib, tokzordagi uzumlar ostida kunim oʻtdi. Kechga yaqin aylanma yoʻl orqali Oʻlik Shaharga tomon yoʻlga tushdim.

Avvaldan hisobga olmagan boʻlsam-da, oʻsha tun oy toʻlib turgan edi. Birdan, Xitoy manbalarida yozilishicha, koʻk turklarning oydin kechada hujumga oʻtishlari esimga tushib ketdi.

132

Bugun ertalab, yana bir bor, yashab yashagim kelmay qoldi. Kecha yarim tunda qoʻmondon telba birodarimizni oʻz qoʻli bilan otib oʻldirdi. U bu safar ham qochib ketmoqchi edi, lekin qoʻriqchi uni topib oldi. Ular: «Berkingan joyingdan chiq, senga tegmaymiz, pulemyotimiz ham oʻqlanmagan!» deya baqirishdi. Telba yigit oyogʻini qayirib olgan chamasi qimirlay olmasdi, lekin avval patrul, keyin qoʻmondon unga yaqinlashib keldi va telbani oyoqqa turgʻizmoqchi boʻldi. U esa ikki qadam yuriboq, yumalab tushdi. Qoʻmondon uni yana turgʻazib qoʻydi, lekin telba ojiz mushukchaday zoʻrgʻa sudraldi va qorga yiqildi. Qoʻmondon uni yana bir bor oʻrnidan koʻtardi va oldinga tomon itardi. Yigit bir qadam qoʻydi-yu, chalqanchasiga quladi... Qoʻmondon nariroqqa borib, unga qarata oʻt ochdi. Tana bir necha bor toʻlgʻonib, yer tishladi qoldi.

Bu mudhish voqea oydin kechada roʻy berdi...

133

Men Antraktikaning qoq oʻrtasida oʻlmoq istayman. U yerda hech kim meni topolmaydi va oʻlik tanamni koʻrib gʻamga ham botmaydi.

Nima deb valdirayotganimni bilaman. Men unda bir marta boʻlganman. Bu ham xalqaro anjumanlardan biri edi, homiylar chegarani buzib, Antarktikada yigʻilish oʻtkazishga kelishishgandi. Men doimo bu mintaqaga borishni orzu qilardim. Shuning uchun bu Atlanta afsonasiga oʻxshagan bir narsa boʻldiki, qorli togʻlardagi ishonish qiyin boʻlgan gʻaroyibotlar ichida oʻz yoʻqotgan jannatingni topib olganday boʻlasan kishi: uzun paporotniklar, dinozavrlar va bolalikdagi rangli, tasavvurlarga boy xayoliy hayotdagi yana minglab boshqa narsalar...

Afsuski, buning oʻrniga xunukdan-xunuk bir qavatli metall uylarni koʻrdimki, ularning birida xalqaro anjuman homiylari «razminka» qilishni boshlashdi. Birinchi kun ichkilik bilan oʻtdi-ketdi, lekin Qozogʻiston choʻllaridan kelgan Donobek degan bir yosh sovet yigiti bilan tanishdim. U yon atrofni aylantirishga va’da berdi va mijozlarimiz joʻrlikda xurrak otishni boshlab yuborishganda, hujjatlarimizni stol ustiga qoʻyib, boshpanamizdan chiqib ketdik. Barcha yoʻl signal bayroqlari oʻrnatilgan simlar bilan belgilab qoʻyilgan, Donobekning tushuntirishcha, eng xavfli narsa qor ostidagi muz yoriqlari ekan. Shamol qaysidir tomondan yana bir qaysidir yoqqa esar, tikanli qor uchqunlari chirogʻimizning yorugʻida nurlanib, naq koʻzimizni moʻljalga olardi.

Donobek qor ustida yuradigan chana olishni taklif qilgandi, men osudalikni buzishni yoqtirmasligimni aytib rozi boʻlmagandim. Biz ikki juft changʻi oldik. Donobek oldinda, men orqada bordik. Biz oppoq qorongʻilikda yetim uchoq shumshayib turgan uchish maydoni tomonga qarab ketdik. Uning oxirida kichik tepalik bor edi. Men changʻi uchish uchun u yerga borishni taklif qildim. Donobek xohlamaygina taklifimga koʻndi va birinchi boʻlib tepalikning ustiga chiqib, uchish maydoniga tomon yelib ketdi. Uning qizil qor kostyumi qorongʻilikda koʻzdan gʻoyib boʻldi. Men ham oʻsha tepalikka chiqib, bir zum atrofga boqdim va ajoyib manzarani koʻrdim - shamol bulutlarni qor uchqunlaridan ham tezroq oldinga surar va ba’zan qorongʻi osmonda oyning qorasi koʻrinib qolardi. Bu lahzalarda butun vodiy sehrli nurga choʻmilgan, mening zavqim oshib-toshib ketib, birdan tepalikning narigi tarafiga sirpanib ketdim. Bu shunchalik kutilmaganda roʻy berdiki, men aslo toʻxtay olmas va buning naqadar xavfli ekanini tushuna boshlagandim, chunki u tomonda tutish uchun arqonlar yoʻq edi. Xudo biladi oldinda nima kutib turganini, qaysi la’nati yoriq hayotimga yakun yasaydi va yo tezlashib borayotgan harakatimga qaysi qoya chek qoʻyadi...

Hatto hozir ham oʻsha tanamni muzlatib yuboradigan poygani yaxshi eslayman. Lekin oʻlganim yoʻq. Bir soatcha oʻtib, Donobek ikki qutqaruvchi bilan qor ustida yuradigan chanada kelib, meni tutib qolishdi. Lekin umrim bino boʻlib Yerning ustida-yu osmon ostida unchalik qoʻrquvga, shuning bilan birga, u qadar zavqu shavqqa toʻlgan emasman..

134

Bu voqeani yarim tunda Oʻlik Shaharning boshqa yeri va boshqa osmoni ostida esga oldim. Buni oʻzimga dalda berish uchun esladim, chunki hatto eng yirik mintaqaning oʻrtasida (Yerning qoq kindigida) ham yolgʻizligimdan dahshatga tushayotgandim. Sherigim - toʻlin oy qop-qora osmonga bezbetlarcha kirib keta boshlagan, uning qarashidan yulduzlar ham erib ketayotganga oʻxshardi. Tomirlarimda qon oʻrniga qoʻrquv oqayotgan edi goʻyo. Men sirli yozuvlar oʻyib yozilgan toshni koʻrsatgan oʻsha qariyani koʻrmoqni istardim. Undan Zevning taqdiri toʻgʻrisida soʻramoqchiydim. Agar shu ishni qilsam, oʻtgan ikki yil ichidagi voqealarning tagiga yeta olaman deb oʻylardim. Aslida bu bema’ni bir fikr edi. Lekin u Bilga-Hoqonning fikrichalik ma’nisiz emasdi. Haqiqatda esa, hamma telbalik oʻzimda edi, chunki oʻsha qariya tunda meni kutib oʻtirgan deya ishonardim. Biroq, koʻpincha aniq narsalar noaniq narsalarni keltirib chiqaradi.

Baribir! Men Oʻlik Shaharning boʻm-boʻsh loy shakllari, hatto vayron qilingan yarim shakllari orasidan oldinga yurib borardim. Yer ostidagi har bir ilonning vishillashiyu, qurigan oʻt orasidagi har bitta chigirtkaning ovoziga diqqat bilan quloq tutardim. Axiri mudhish tunda Oʻlik Shaharni kesib oʻtdim, lekin shuni sezdimki, toʻxtagan zahoting, atrofingga boqib, tunning qatnashchilaridan biriga aylanar ekansan, masalan, qabrga oʻxshagan bir narsaning ustiga kichik yozilish qilishga toʻxtaysan va shu onda qoʻrqinchdan asar ham qolmaydi. Harakat qilishing bilan hammasi yana boshlanadi. Hatto tunda ham asirga olishlari, zugʻum oʻtkazishlari yoki hujum qilishlaridan qoʻrqib turasan.

Shu xayollar bilan oʻtgan safar sirli darvish bilan uchrashgan joyimga keldim. U yerda yerga qoqilgan bir tayoq va uning uchida bir necha muqaddas lattalar bilan otning yollari hilpirab turardi. Lekin hech kim yoʻq edi. Atrofga qarab, hayot asarini koʻrmadim, lekin yaqinroqda silliq bir nimadir turganiga koʻzim tushdi. Yurak yutib unga yaqinlashdim: bu darvish menga koʻrsatgan toshning oʻzi edi. Oʻsha payt ne ahvolga tushganimni tasavvur qilib koʻring: istagan yerimni topgandim! Tosh tuproqqa koʻmilib ketgan, shu bois uning atrofini tozalashga tushdim, biroq uning yuzasi tep-tekis edi. Shunda toshni agʻdarish uchun yerni kavlay boshladim. Qizishganimdan biror asbobim yoʻqligini ham unutib, yerni ertaklardagi jodugarlar singari qoʻlimda kavlay ketibman. Yuzu badanim qora terga botib ketdi. Bir soatdan oshiq vaqt qattiq ishlab, toshni oʻgirdim, lekin ne koʻz bilan koʻrayki, uning boshqa tomoni gʻadir-budir va tishli boʻlib, unda hech qanday yozuv koʻrinmasdi...

135

Endilikda vaqtini asosan jangarilar shtabida oʻtkazayotgan Li stol ustidagi yozuvni oʻqigandi. U buni men uxlab yotganimda oʻqigan va javobini yozib, yana oʻsha stol ustida qoldirgandi:

«Buxorolik shahzoda Nyan Syang (At-Tohariyning yozishicha, haqiqiy ismi Nihon Sang - Yashirin Tosh) axiri noaniqlikka barham berib, Islom dinida ekanini tan oldi. Aslida, har bir e’tiqodli inson musulmondir, dedi u, chunki bu faqat Allohga boʻysunmoq degani. «Nega sen e’tiqodingni bizning tilimizga oʻgirmading? Nechun Xitoycha e’tiqoddaman deb da’vo qilib yurding?», deya soʻradi undan Tongyuquq. - «Qorongʻi xonada qora mushukni topish juda mushkul ish, ayniqsa, mushuk u xonada boʻlmasa...» - javob berdi shahzoda.

«Keyin unga nima boʻlganini bilasanmi? - deb soʻragandi Li javobida. Birdan uning xushxabarlari har tomonga tarqab ketdi. - Lekin men mushuklar haqidagi boshqa bir rivoyatni bilaman - davom ettirgandi Li. - Kunlarning birida er uyiga bir kilo goʻsht sotib olib kelibdi. Kechroq uyga mehmon keladi, buni pishirib berasan, - debdi u xotiniga. Xotini goʻshtni yaxshilab qovuribdi, lekin u pishgunicha bitta-bitta olib, yeb qoʻyibdi. Eri uyga kelgach, unga «qovurilgan goʻshtni mushuk yeb qoʻydi», deb shikoyat qilibdi. Jahli chiqqan eri darhol mushukni olib taroziga solib tortibdi va mushuk roppa-rosa bir kilo chiqibdi. Agar goʻshtni yegan mushuk boʻlsa, goʻsht qani va agar goʻsht uning ichida boʻlsa, mushuk qani? - degan ekan qiziqqon er...»

136

Ushbu javob mazmunining ikki ma’noliligi oʻz yoʻliga, lekin undagi mantiq yuragimda turli xil tuygʻularni uygʻotib yubordi. Oʻquvchilik yillarimda bir kuni siyohdon tagidagi chuqurchada bir yozuv borligini sezib qoldim. Buni qiz bola yozgani bilinib turardi: «Men seni sevaman va javobingni intizorlik bilan kutaman». Qanaqa ahvolga tushganimni bir tasavvur qiling. Oʻshanda javob yozib, bu gapni kim yozganini soʻragandim. Lekin gapni yozgan qiz oʻzini koʻrsatmadi, shunga qaramay, hayotim maktublardagi sirli muhabbat hayajonlariga toʻliq kechdi.

Hozir Lining qisqacha xatini oʻqib, negadir oʻsha tuygʻuni boshimdan kechirdim, garchi u sevgi haqida emas, balki mening hayotim va oʻlimim xususida edi.

Men sharq she’riyatidan tarjima qilib turardim. Bir gal qaysidir kitobga yozilgan soʻzboshida shoirning bir satrini sharhlash an’anasi mavjud ekanini oʻqiganman. Soʻzboshi muallifi gapida davom etar ekan, agar biror kishi shu shoirning bir satrini 39 yoʻlda sharhlagan va bu satr ortida boshqa narsa yoʻqligiga ishonch hosil qilgan boʻlsa, boshqa bir mutaxassis bu sharhga yana 47 ta qoʻshimcha sharh yozganini aytgandi.

Shuni nazarda tutgan holda, Lining mushuk va goʻsht toʻgʻrisidagi soʻzlarini birgina tuygʻu bilan sharhlashga yuragim betlamagan boʻlardi: «Li josusmi yo jangari?» yoki: «U Jon emasmi, agar shunday boʻlsa, bu yerda nima qilib yuribdi?» Hatto: «Li mening qiyofadoshimmi yoxud oʻzim Li emasmanmi?» deb ham soʻray olmasdim. Hozir oʻsha 47 ta qoʻshimcha sharh yozgan ikkinchi bilimdonga oʻxshab, yozishmada batamom boshqa qatlam ham mavjudligini koʻra oldimki, uni sizlarga tushuntirishga harakat qilaman.

137

Hafsalam pir boʻlgandi. Xonavayron boʻlgandim hatto. Na rasm va na qari darvish bor, buning ustiga Shinjonda har xil bosh ogʻriqlarga yoʻliqardim. Ertasiga kunning qoq yarmida, biror jonzot inidan chiqmay yashirinb yotadigan mahal yana oʻsha joyga bordim. Yaxshiki, oʻyinqaroq bolalarni uchratib qoldim va ular darvishning ikki-uch yil oldin ketib qolganini aytishdi. Meni Turfonga bogʻlab turgan birgina rishta - bu Zevning kundaligi edi. Bolalar hamma narsadan xabardor boʻlib, ularning biri Urumchida yashaydigan Shia Chang xolaning ismini bilar, uning bu yerda ukasi ham borligini aytib berdi. Xolaning ukasi yaqinda qamoqdan qaytdi, dedi bolakay va hatto menga uning qayerda yashashini koʻrsatib qoʻyishgacha rozi boʻldi. Garchi u Kariz degan joy yoki yer osti oʻralari yaqinida bir manzilni koʻrsatib qoʻygan esa-da, lekin hali Shia Changning ukasi bilan uchrashishga tayyor emasdim. Axir unga nima ham derdim: «Salom, Men Zevning kundaligini oʻqib chiqdim...?» deymanmi? Xoʻsh, nima boʻpti?

Men nima qilishni oʻylab, oʻsha oʻralarni koʻrishga bordim. Aslida Zevning qotili bilan koʻrishish uchun yoʻlga chiqqandimki, albatta, u meni koʻrishdan xursand boʻladi, deb oʻylash telbalik boʻlur edi. Undan nima olishim mumkin? Umuman, nega bu yerga keldim? Yaxshisi, ortimga qaytib, janob Jan-Per Balpega oʻzimni topshirganim ma’qulmasmi? Shu xayollar bilan bir soatcha tentirab yurdim va biror yaxshiroq qarorga kelolmay, axiri yer osti kanalida tinmay oqib turadigan suvga oʻxshab, tavakkaliga u bilan koʻrishish uchun ketdim.

138

Haddan tashqari koʻrkam yuzli, oʻrta yoshlardagi muloyim bir kishi eshikni ochdi va oʻzimni tanishtirmasimdan burun ichkariga taklif qildi. Ochigʻi, uzun hovlida uning ortidan ergashib borishdan qoʻrqayotgandim, xuddi u qochoq echki-yu men qurbonlikka soʻyiladigan qoʻy kabiman. Buning ustiga, u uyda yolgʻiz yashaydiganday tuyulardi. Meni atirgul soya solib turgan taxta supaga oʻtirishga taklif qildi. Oʻn yoshlar chamasi qizaloq darhol dasturxon keltirib yozdi va non-choy keltirdi. Toʻgʻrisi, uni koʻrgach, sal oʻzimga keldim.

«Biz sizni kutayotgan edik» - dedi u. Men qoʻrqib ketdim, kelishimni qayoqdan bildiykin? «Zamin toʻla gʻiybat» - dedi u va jilmaydi. Bilishimcha, Shia Chang yarim xitoy, yarim uygʻur edi, uning ukasini esa koʻproq xitoyga tortgan boʻlsa kerak, deb oʻylardim, lekin qarshimda turgan kishida xitoylarga xos hech bir alomat sezilmasdi. Qayerga kelib qoldim, deya ikkilanishga tushdim. «Siz Shia Changni qoralab kelgansiz, mana men uning ukasiman» - dedi u kishi xuddi fikrimni oʻqiyotganday.

Lolu hayron boʻlib, oʻzim, keyingi ikki yilda kechgan hayotim, Luk, keksa darvish, Zevning kundaligi, bu yerga qaytishim haqida deyarli hamma narsani gapirib berdim... U diqqat bilan quloq soldi va birgina gap aytdi, lekin oʻsha gap meni esankiratib qoʻydi. U: «Oʻsha qariya mening otam boʻladi» degandi.

139

Xitoy Hukmdori qon hidini sezdi. Birinchi maysa yerni yorib chiqqan va Bilga-Hoqonning kulini yerga topshirish fursati yetganda, u elchisi knyaz Suanni hamdardlik bildirish va qurbonlik qilish uchun yubordi. Tongyuquq uning tashrifidan koʻzlangan asosiy maqsadni yaxshi bilardi, lekin Ichi Lyangni Oʻrta Qirollikka qaytishga qaror qilmasdan burun knyaz delegatsiyasiga qoʻshib yuborish lozim edi.

Tongyuquq hisobidagi vaqt kamaygandan kamayib borardi. Oʻzining yirik yurishida hatto koʻtarilib-tushib turgan saroy ahlini-da unutib qoʻygandi: Pobeka oʻgʻli Yoʻllukni oʻziga ogʻdirib olgan, lekin uning ikki amakisi - Saltanatning oʻng va chap qanot shahzodalari hukumatni boshqarishda toʻsqinlik qilar, shu bois Pobeka oʻz oʻgʻlini gʻarbiy shahzodani qatl etib, uning armiyasiga ega boʻlishga koʻndirdi. Lekin aytmishlarki, qoʻrqoq oldin musht koʻtarar. Gʻarb shahzodasi Hoqon saroyiga hujum qilib, Yoʻllukni oʻldirdi. Lekin koʻp oʻtmay, uning oʻzi ham Muqaddas Dugʻin togʻiga qilgan soʻnggi ziyoratidan qaytayotganida, Tongyuquq odamlari tomonidan oʻldirildi.

Unda Halha degan joyda Allohning inoyati bilan shahzoda Ashina va Ona Boʻridan Koʻk Turklari dunyoga keldi. Beshinchi oyning oʻrtasida Tongyuquq daraxt, oʻsimlik va oʻt-oʻlan oʻsmaydigan daryo yoqsidagi muqaddas Bodun-inli tepaligiga kelib, Tangri nomi bilan bir oq qoʻyni qurbonlik qildi. U yerda, tepalikning ustidan turib koʻrdiki, turli qabilalarning turfa vakillari har xil yoʻldan ketib borishar, lekin soʻnggi borar manzillari bir ekan. Garchi u buni butun hayoti davomida koʻrgan boʻlsa ham, birinchi marta uning yashirin ma’nosini tushunib yetdi.

Odamlar Tangridan xuddi shu yerda Tongyuquqqa xabar kelgan deyishadi, ular muqaddas togʻning tepasidan daryo qirgʻogʻiga tushib turgan bir nurni koʻrishgan, lekin tulki ovlovchilar hech kimga biror narsani ochiq aytishmagan...

140

Tushimga bir uy kiribdi, bu uy Emma Bovari yoki Anna Karenina kabi mashhur adabiy qahramonga qarashli emish. Odamlar mening u bilan munosabatimdan dahshatga tushishyapti. Ichkariga kirib, quloq tutaman. Zalda diniy qoʻshiq aytayotgan bolalar xori. Ularga halaqit bermaslik uchun yuqoriga chiqishim kerak, lekin zinaga koʻtarilmoqchi edim, uning oʻrnida nur taratib turgan yirik ayiqpolvon turganini sezaman. Taxtadan foydalanib, yuqoriga tirmashaman, lekin u shunchalik silliqki, orqaga sirpanib tushaveraman.

Qahramonning oʻzi oldimga kelib, men bilan jiddiy bir narsa xususida suhbatlashadi, lekin fikru xayolim boshqa narsada.

Qasrning yuqorisiga qarab yuguraman va birdan dovul boshlanadi. Qora, qoʻrgʻoshin bulutlar kompyuterdagiday suzadi, shamol uning zanjirlarini buzib yuboradi. Lekin men allaqachon qasrning yuqorisidaman. Undan pastga qarayman, toshqin hamma narsani buzib yubormoqda. Eng soʻnggi harakat - qarshidagi eshikni ochishim va xona ichkarisiga kirishim kerak, lekin dovul bunday qilishga yoʻl bermaydi...

Birdan shunday tuygʻu bilan uygʻonib ketdimki, endi nima qilishni aniq bilardim. Qorongʻilikdagi Lining oʻrindigʻiga qaradim. U yoʻq edi, soʻng yana uxlab qoldim va boyagi tushning davomini koʻrdim (qiziq!).

Birinchi epizodda yuqoridagi kutubxonaga chiqaman, uning eshigi oʻrnida bir teshik bor, plastik ramkaga tegishim hamoni u surila boshlaydi. Uni surib, birinchi qavatdagi plastik tomda koʻrganimga oʻxshash kutubxonaga kiraman. Unda na devor, na shift bor, faqat egiluvchan tom mavjud. Avval choy toʻla piyolamni tushirib yuboraman, soʻng pastga sakrayman va garchi «tap» etib tomga tushmasam ham, u bilan bab-baravar turaveraman, xuddi uchayotganday...

Ikkinchi epizod issiq yomgʻir haqida edi. Yomgʻir ostida yalangʻoch turardim, osmondan quyilayotgan kuchli oqim butun badanimni yuvib tushardi. Men uyga tomon yurar, yuvinib olishni oʻylardim, kim bilsin, qanaqa yomgʻir yogʻyapti ekan hozir...

Garchi keyingi ikki epizod ham ancha yoqimli boʻlsa-da, ularning nima bilan tugaganini bilolmay uygʻonib ketdim. Nihoyasi qanday boʻldi ekan?

141

Hayotda ba’zan biz oʻylagan narsalarning aksi sodir boʻladi. Shia Changning ukasi Zevni oʻldirmagandi. Uning ismi Kamol boʻlib, Zevning qotili sifatida oʻn ikki yil qamoqda oʻtirib chiqqan, lekin aslida hammasi boshqacha roʻy bergandi.

Ha, Zev ularnikiga kelgani rost. «Qora Tulki haqidagi qadimgi ertakni eslaysizmi?» - soʻradi mendan Kamol. Boshimni qimirlatgan edim, u «Shunday qilib Shia Chang uni bu yerga olib keldi» - dedi. Lekin Zev uning otasi bilan tanishgach, qizni unutdi. Ular tuli xil tarixiy masalalar xususida suhbat boshlashgan, ertasiga Shia Chang Urumchidagi ishiga ketganida ham, Zev u yerda qolib, hikoya ketidan hikoya yozib oʻtirardi. (Shu payt u menga Zevning oʻsha hikoyalar yozilgan kundalik daftarini uzatdi, ularning koʻpini avval keltirib oʻtganman...)

«Otam: «Hamma shoxlar bir tanadan oʻsib chiqadi» deya koʻp takrorlardi, shu bois u xitoy millatiga mansub boʻlgan onamizga uylangan, shuning uchun Zev undan sufizm bilan shugʻullanishni soʻraganida, u qarshilik qilmagandi. Keyinchalik, otam mendan Zevni yolgʻizlikdagi qirq kun - chilla paytida Gansudagi mashhur buddistlar gʻoriga olib borishimni iltimos qilgan. Ular muqaddas yozuvlarga toʻla ekani va men ularni Zevga oʻqib berishim kerak edi. U menga hatto ularni qayerda, qanaqa toshning ortida topishimiz mumkinligini aytgandi. Ertasiga Zev bilan Suchjuga yoʻl oldik. Avtobusda deyarli ikki kun yurdik va axiri manzilga yetib keldik va birinchi gʻorga kirishimiz bilan, u yerda oʻq tovushi eshitildi va meni hibsga olishdi. Zevga nima boʻlganidan xabarim yoʻq, lekin meni qamoqqa tiqib, uning qotili sifatida jazoga tortishdi...

Aytgancha, hozir otam Shia Chang bilan oʻsha yerda...»

142

Orqaga chekinishga yoʻl yoʻq edi. Men undan oʻsha yoqqa olib borishini soʻragandim, Kamol qat’iyan rad etdi. Doimiy nazorat ostida yurgan ayni holatida u faqat Gansudagi gʻorlarga borish yoʻlini tushuntirib bera olishini aytdi. Uning qoʻlbola kartasi va sxemasini olib, yarim tunda orqa tomondagi kichik eshikdan chiqib ketdim. Lekin josusona tuygʻular oʻrniga birdan shoʻrolar guruhi bilan birinchi marta Xitoyga qilgan safarim esimga tushib ketdi. Ana shuni hikoya desa boʻladi!

... Men Yurmaladagi kurortda Irmani kutib olish uchun yetib keldim va biz unda archazorlar, qaynoq, sovuq va romantik dengiz qirgʻogʻida mazza qilib ikki kun qolib ketdik. Unga shunchalik oʻrganib qolgandimki, u Uzoq Sharqqa ketishi lozimligini aytganda, u bilan borishga qaror qildim. Tasavvur qiling - eng yirik qit’ani u betidan bu betiga kesib oʻtish... Avval Moskvaga uchdik, keyin poyezdga oʻtirib, Novosibirskka, soʻng yana uchoqda Vladivostokka uchdik. Bu port delegatsiya a’zolari yigʻiladigan va soʻng birgalikda Xitoyning San-Fan-Hi shahriga joʻnaydigan markaz ekan. Irmaning tushuntirishicha, San-Fan-Hi ruschada xitoychadagiday emas ekan, endi bilishimcha, u inglizchada ham unday emaskan. Ma’nosi - miriqayotgan a’zo... Irma buni aytishga uyalgan, undan ham, meni delegatsiya bilan birga olib ketishga iymangan edi, garchi San-Fan-Hi Irmani nega tashlab ketmaganimning asosiy mazmunini tashkil qilardi. Men uni oʻzi bilan olib ketishga koʻndirdim. U viza masalalarini hal qildi va ertasiga Vladivostokdagi mehmonxonadan noma’lum San-Fan-Higa tomon qarab ketdik.

Poyezdda men «san-fan-hiyimiz» uchun arang vaqt ajratishimiz mumkinligini tushundim, shuningdek, Irma nega meni oʻzi bilan birga olib ketishdan uyalganini ham angladim. Turistik guruhimiz «meshochniki» deb atalgan savdo-sotiq uchun chiqqan guruh ekan. Har besh minutda ular eshigimizni qoqishar va xitoylar bilan suhbatlashish uchun yordam berishimizni soʻrashardi. Har besh minutda Irma ikkimiz tarjima qilishga chiqar, allaqanday shinelning qancha turishi yoki sassiq bir etikning narxini soʻrab berardik.

Harbiy kiyim-kechakdan tashqari sovetlar ikki xil boshqa narsani - erkak metall xanjarlarni, ayol esa erkak a’zosi ichida quritilgan ayiqning safrosini Xitoyga olib ketishayotgandi. Bu ikki tovar ham noqonuniy edi, shuning uchun vagonimizdagi ikki ajoyib xitoylik nima qilish kerakligini aytdi. Ayol egilgan xanjarlarni soniga bogʻlab olishi, erkak esa quritilgan ayiq safrosini erkaklik matohining yoniga osib olishi lozim edi. Ha, xuddi shunday, bu hazil gap emasdi.

Bunday sayohatlarda nudistlarning plyajidagi kabi sharmu hayoni yigʻishtirib qoʻyishga toʻgʻri kelarkan. Esimda, kupeyimizdagi qoʻshnilar menga ayiqning haliginaqa narsasini berishgan va sonlariga xanjarlarni yashirayotgan Irmaning qarshisida turib, uni shimimning ichiga kirgizgandim. Ayollarga qiyin boʻlgandi oʻshanda, chunki ular yo turib ketishi, yo faqat yotib ketishi lozim edi, har qalay ikki yo uch xanjarni songa osvolib ketishning oʻzi boʻlmaydi-ku!

San-Fan-Higa jinsilarimiz va xanjar hamda qilichlarimiz bilan harbiy shinellarimizni kiyib yetib kelganimizda, xitoy mulozimlari bizni shaxtyorlar mehmonxonasiga joylashtirishgandi. Har kuni ertalab butun shahar baraban ovozidan uygʻonib ketar, qovogʻi uyilgan shaxtyorlar «Tai-chi»larini mashq qilish uchun mehmonxonamiz oldidagi markaziy xiyobonga kelishardi. Kunlar sal yorishib qolgan, bizni bir safga tizib, bita-bittalab bozorga kirita boshlashgandi.

Hamma oʻzi olib kelgan narsani chiqarib qoʻygan. Semiz bir sovet xotin futbolka va ichki kiyimlar sotib, oriq va oʻta jiddiy xitoy erkaklarini avray boshlardi. Ayol ularning oldida kiyimlarini yechar, xitoylik erkaklarning katta ochilgan koʻzlari uchun marvarid talab qilardi. Guruhimizdagi boshqa bir erkak esa xuddi shu xotinni mehmonxonaga qaytishda avrashga tushgan: ular shaxtyorlarga ham oʻz tovarlarini sotishni istashgandi.

Ikki kommunist saltanatning bozor iqtisodiga oʻtish sharoitidagi mangu doʻstligi...

Birdan oʻsha sayohat esimga tushib ketib, Xitoyning ichkarirogʻiga kirish ishtiyogʻim ortdi.

143

Balki nega bunaqa narsalarni vaysab oʻtiribdi deb oʻylayotgandirsiz? Lekin mening oʻrnimga oʻzingizni bir qoʻyib koʻring, telbaga aylanishingizni bir koʻrib qoʻyay...

Yomon, juda yomon narslarni oldindan sezyapgandayman. Uch kundan beri Lining qorasi koʻrinmaydi. Odamdan koʻra uning sharpasiga oʻxshab qolgan qariya u yoqdan bu yoqqa tentirab yurgan bu tosh gʻordan chiqishga ikki haftaki menga ruxsat berishmadi. Qoʻrqyapman, eng yomonidan qoʻrqyapman, Li uchun... Chunki unda mening hayotimga kiriladigan kalit bor...

144

Uning soʻnggi javobi avvalgi joyga qoʻyilmgandi, lekin kampir uni choponining ichidan chiqarib berdi. Bu shoshilib yozilgan uzun maktub boʻlib, uni ikki marta oʻqib chiqdim. Unda soʻzboshi yoʻq, toʻgʻridan-toʻgʻri matn boshlangandi:

«Tongyuquqning oʻlimi tarixini bilasanmi?

U hamma narsani oʻz rejasiga koʻra amalga oshirib boʻlgach yoki oʻzing aytganingdek, Buyuk Qaytishni bajarib boʻlgach, Shahzoda Kul-Teginning janozasiga kelgan barcha asir elchilar oʻzlarining e’tiqodini oʻzgartirgan turklarning katta guruhi bilan oʻz mamlakatlariga qaytgach, qizi Pobeka qolgan-qutgan turklar bilan Gersoginya unvoni va yiliga 200 000 gran oq qoʻrgʻoshin va’da qilgan Xitoy saroyiga koʻchib oʻtishga tayyor turganda, Tongyuquq koʻk turklarning barcha qolgan jangchilarini toʻplab, Hukmdorning saroyini yoqib yuboradi. U shuningdek boshlarga oʻrnashib olgan universal aqlu zakovatning ham kulini koʻkka sovurdi va shundan soʻng xitoy generali Van-Chjun-Si qoʻshinlariga qarshi oxirgi urushga kirdi.

Kulrang tulpori ustida u koʻp bor jangga kirgan, bahodirligi va aqlliligi uchun shuhrat topgan bahaybat burgutga oʻxshardi. Shu holda dushmanga hamla qilib, bir nechasini yer tishlatdi. Duch kelganini yakson ayladi, qolgan Koʻk Turklari bilan dushman qoʻshinining ichiga yorib kirib, jon jahdi bilan olishdi. Bir mahal dushmanlardan biri uning tulporini urib yiqitdi, lekin eski jangchi darhol oʻzini oʻnglab, yana dushman ustiga yopirildi. U xitoy generali Van-Chjun-Sini oʻldirdi, lekin oʻzining ham oʻlimi ana shu jangda qaror topishi aniq boʻlib qoldi, chunki dushman unga zaharli oʻq otgan edi, oʻq orqasini teshib oʻtdi va oppoq tulpordan yerga gursillab quladi. Tanasi parcha-parcha boʻlib ketdi va dushman otining tuyoqlari uni sahro boʻylab sudrab ketdi. Suyaklari esa tuproq bilan bir boʻldi...

Quyosh osmonda qora tortdi, sahro tuprogʻi kuchli shamoldan yuqoriga koʻtarildi, ona daryo Enasoydan suv oʻrniga qon oqdi. Kuchlar teng boʻlmagan oʻsha urushda koʻk turk jangchilari bitta qoldirmay qirildi. Har yili bahorda ana shu sahroda qip-qizil giyohlar boʻy choʻzadi...»

145

«Turklar uchun jangda halok boʻlishdan sharafliroq jasorat yoʻq edi, - davom etdi Li. - Kasallik yo qarilikdan oʻlish ular uchun or boʻldi. Qanday qahramonlik zamoni! Ayniqsa, millionlab odam yo ochlikdan va yo toʻqlikdan oʻlib ketayotgan bizning zamonamiz bilan solishtirganda... Biroq senu men butunlay boshqacha holatdamiz, shunday emasmi? Xoʻsh, nega sen Gansuga borishga qaror qilding?

Koʻp bor щuni aniqlab olishga urindim: nega oʻsha buddistlarning gʻoriga bordim? Birinchi galda, nima uchun oʻzimga oʻlim jazosi tayinlangan Shinjonga yana qaytib keldim? Nechun bu yoʻlga turib oldim? Yo aslida yoʻlning tabiati shunaqami, ya’ni tanlash imkoni yoʻq, tushdingmi, bas, yoʻl seni istagan tomonga olib ketaveradimi? Boshqa bir narsa: ikki yilllik hayotimda juda koʻp uygʻunlik, bir xillik, muvofiqlik alomatlari koʻrinmayaptimi? Ularni eslashga nima majbur etdi? Bu balki oʻtgan ikki yilning shunchaki qarama-qarshiliklari va yo favqulodda holatlarimikin? Yo bu qandaydir bir butun bogʻliqlikmi?

Turfonda yollaganim sariq yapon avtomobilida Suchjou tomonga qarab ketarkanman, xuddi shunday xayollar menga hamroh edi. Shu xayollar bilan boʻlib, oʻzimdagi qoʻrquv va ogohlik hissini yoʻqotib qoʻydim va bu menga ancha yordam berdi. Masalan, haydovchi meni toʻppa-toʻgʻri militsiya punktiga olib ketayotganiga ham e’tibor bermabman, chunki bunday uzoq safar uchun u maxsus ruxsatnoma olishi kerak ekan. Biroq oʻzimni BMTning madaniyat ishlari bilan shugʻullanadigan xodimiman, Suchjou politsiyasining boshligʻi meni kutib turibdi (balki rostdir!), deya u yerdan osonlik bilan qutulib oldim. Lekin qoʻlyozmalarni deb gʻorga ketayotganimni yashirib oʻtirmadim. Mahalliy politsiyachi ruxsat qogʻozimizga qizil muhr bosib berdi va biz Xitoyning boshqa viloyatiga qarab ketdik.

Oʻz ishimning qahramonlik ekaniga ishonchim komil emasdi. Bu butunlay shaxsiy masala edi. Agar muvofiqlik haqida soʻrasangiz, bu Xitoyda 200 000 gran oq qoʻrgʻoshinga burkangan Pobeka kabidir. Men doim yirik jamoat siquvidan qoʻrqar, gazeta oʻqisam boshim ogʻrir, oʻzimni erkin tutishga oʻrgangan edimki, kutilmaganda biror kishi jamoat ishlari xususidagi fikrimni soʻrab qolishi mumkin. Lekin Li ba’zan haq boʻlib chiqardi. Hatto shu yerda ham bir necha marta Bilga-Hoqon tutib turgan oʻsha elchilarning holati bilan oʻzimning holatim orasida muvofiqlik sezardim. Oʻtgan ikki yildagi voqealar va men nomini keltirgan va keltirmagan tadqiqotchilar orasidagi oʻxshashlikni hisobga olmaganda, bir necha bor holatimning Hoqonnikiga oʻxshab ketishini his qildim. Ikkovimiz ham, masalan, turli usul bilan makonni zabt etdik. U ham, men ham dunyodagi barcha mavjud aqlni bir joyga yigʻishga intildik, lekin vaqt ikkimizning ham popugimizni pasaytirib qoʻydi. U-ku Bilga-Hoqon. Endi Li Tongyuquqni eslatyapti. Xoʻsh, navbatdagisi halqaning boshi sanalmish marhum shahzoda Kul-Teginmi?

Va bu Lining oʻzi haqida emasmikin? «Jangda halok boʻlishdan sharafliroq ish yoʻq...»

146

«Buxorolik shahzoda Nihon-Sang Dono Tongyuquqning eng oxirgi suhbatdoshi edi. Bir gal u paygʻambarlari boʻlmish Muso alayhissalomning Hizr alayhissalom bilan uchrashgani toʻgʻrisidagi hikoyani aytib bergandi. Nihon-Sang ushbu hikoyani goʻyoki maxfiy bir manbadan aytib berayotganga oʻxshardi:

«Muso unga dedi: Oʻzingizga ma’lum boʻlgan toʻgʻri yoʻlni oʻrgatishingiz uchun sizga ergashsam maylimi? U aytdi: Yoʻq, siz menday boʻlomaysiz. Nega menga berilgan ilm sizga berilmaganini tushunishni istamaysiz? U dedi: Xudo shohid, siz menga sabr qilishni koʻrsatgaysiz va men hech bir narsada sizga qarshilik qilmasman. U dedi: Yaxshi, agar menga ergashmoqchi boʻlsangiz, oʻzim sizga sababini aytmaguncha, hech narsa soʻramang.

Xullas ikkovlari daryo yoqasidagi bir kemani koʻrishdi va Hizr alayhissalom kemaning bir joyini teshib qoʻydi. Muso dedi: «Bu teshikni kemadagi odamlar choʻkib kesin deb qildingizmi? Siz chindan ham yomon ishga qoʻl urdingiz.» U dedi: Sizga men biladigan narsani bilmaysiz deb aytmaganmidim? Muso dedi: «Mendan gʻazablanmang, aytgan soʻzingizni unutibman, xatoimni kechirgaysiz.»

Shunday qilib ular safarni davom ettirishdi va yoʻlda bir bolani uchratishdi. Hizr alayhissalom uni oʻldirdi. Shunda Muso soʻradi: «Bu begunoh bolani nega oʻldirdingiz? Siz chindan ham juda yomon ish qildingiz.» U dedi: «Sizga men bilgan narsani bilmaysiz deb aytmaganmidim?» Muso dedi: «Kechiring, tagʻin unutibman, bu safar sizdan biron nima soʻrasam, meni tark etasiz.»

Ular yoʻlda davom etishdi va bir shaharchaga kelishdi. U yerdagi odamlardan ovqat soʻrashgandi, ular mehmon qilishni istashmadi. Hizr yerda yiqilay-yiqilay deb turgan devorni bir zumda tuzatib qoʻydi. Muso dedi: «Agar istasangiz, bu ishingiz uchun haq olishingiz mumkin.» U dedi: «Mana shu siz bilan mening ajralishimizga sabab! Mana endi sabr qilolmay soʻragan narsangizni sharhlab bersam boʻladi.

Haligi kema daryoda ishlaydigan kambagʻal kishiniki boʻlib, men uni choʻktirib, shu atrofda daryodagi barcha kemalarni zoʻrlik bilan olib qoʻyayotgan podshohdan asrab qoʻydim.

Bolaga kelsak, uning ota-onasi imonli kishilar edi, biz bu farzandning e’tiqodsizligidan, gʻalayon koʻtarishidan qoʻrqardik. Biz Alloh ularga oʻsha boladan yaxshiroq bir mehribon va imonli farzand berishini istadik.

Endi devor xususida; u shahardagi ikki yetim bolaga qarashli boʻlib, tagida xazina bor edi. Ularning otalari haqgoʻy inson edi, Alloh ular imonga kelishlari va xazinani Allohning rahmati sifatida olishlarini istadi. Bu ishlarni oʻz xohishim bilan qilganim yoʻq. Mana siz toqat qilolmagan ishlarning sharhi».

147

Keksa Tongyuquq buni kitobdan oʻqib oʻrgangan emas, balki oʻz boshidan kechirgan. Avval qoʻrqinchli tuyulgan harakatlar, keyincha uning mutlaqo aksiga aylansa, yaxshi ish deb atalgan narsalar ham ana shunday aks oʻzgarishga yuz tutishi mumkin emasmi? Yaxshi niyat yoʻlni doʻzaxgacha olib keldi, deyiladi kitoblarda. Oʻz faoliyatini birorta Xudoga ham ishonmaydigan xitoy falsafasidan boshlagan Nihon-Sangning oʻzi ham qarama-qarshi tomonga kelib qolmadimi? Barcha elchilar shu darajada vafodorlik qilishdiki, aslida bu butunlay teskari natijalarga olib kelmadimikin? Mashhur «buddist azobi» tushunchasi boshqalarga nisbatan qoʻrqoqlik va e’tiborsizlik kabi nihon topdi, universal nasroniylikka e’tiqod qilish gʻamgin himoyasizlik boʻlib qoldi. Manixean nadomat hamma narsaga ruxsat berishga aylanib qoldi... Elchilar hayoti buni isbotlab turibdi...

Lekin Tongyuquq Nihon-Sang hikoyasini berilib eshitdi, chunki u tulki ovlovchilarning soʻnggi maqsad-gʻoyalarini tasdiqlardi. Kunning soʻnggida uning Katta Qaytishi oʻsha haqida edi...

Lekin oʻzimiz-chi?..

Shu yerda Li oʻz xatiga yakun yasagan va men nega Tongyuquq oʻlimi bilan boshlangan hikoya uning Katta Qaytishi bilan nihoyalanishini tushunishga harakat qildim. Xuddi Qaytish uning oʻlimidan tashqari yuz beradi, deb oʻylangan kabi...

148

Tavba, nega endi Tongyuquq hayotini tushunish oʻz hayotimda yordm beradi, deb oʻylayapman? Nega Turfon-Suchjou yoʻlida togʻlar bagʻridagi daryo yoqasida joylashgan Kumush qishlogʻida toʻxtaganimizda ham ana shu xayolga bordim? Endi, Lining xatini oʻqib boʻlgach, nega u haqida oʻylayapman va bundan avvalgi fikrni Tongyuquqning soʻnggi ziyoratiga moslashtiryapman? Yo oxirgi jang toʻgʻrisida oʻylayapmanmi? Kim haqida? Tongyuquqmi? Balki oʻzim va Li xususidadir?

Kumulda koʻp qimiz ichvolib, koʻzim ilingan ekan, gʻalati tush koʻrdim: choʻmilish havzasi oldida oʻtirgan emishmiz va plastik yo qogʻoz oqqush suv yuzasida bizni xushnud qilish uchun suzib kelmoqda ekan. Birdan u tupura boshladi va men uning soʻlagi zaharlanganini sezdim. Agar qimirlasam, u buni sezadi, - oʻyladim men - lekin bu ochiq joyda ham oʻtira olmayman. Shu bois sekingina qoʻzgʻalgan edim, oqqush ortimdan ergashdi va qochishdan oʻzga choram qolmadi. Qochar ekanman, ortimdan jodugar ta’qib etib kelardi. Narirogʻdagi devorda chiqish eshigi bor edi, uni itararkan, naqadar ogʻirligini his etdim. Lekin undan-da ogʻiri eshik ortida ham devor borligi haqida oʻylash edi. Shu tariqa eshik orqasiga yashirindim - endi u zahar tupurolmadi.

Lekin alvastini gʻisht devor ortidan keladi, deb kutayotganimda, birdaniga pol shishib, metall panja oʻt ochayotganini koʻrdim. Shunda metall ustunlar pastga qulab tusha boshladi, men ularning ustimga tushib ketishidan qoʻrqib, tumtaraqay qochardim. Hollivud filmidagi kabi dahshat! Qiyomat qoʻpgan misol.

Hamma qutqaruv uchogʻi tomon yugurgan. Kimdir bilet sotyapti. Baribir, ichkariga kirib oldim. Uchoq qoʻzgʻaladi, uni tashqaridan nimadir tebratib yuboradi. Qoʻmondon filmlardagi singari e’lon qilganda, kinoga tushayotganday sezasan oʻzingni: «Biz ikkita boshqa samolyot noma’lum kuchlar tomonidan garovga olingan platformaga qarab uchamiz». Shunga qaramay, qanotlarimiz ostidagi shahar hanuz biz bilan edi, balki u togʻ tomondaligi uchun shunday koʻringandir yo bu shunchaki dekoratsiyadir, harqalay, farqiga borolmadim.

Baribir oʻsha aytilgan platformaga qoʻndik va hamma uchoqdan tusha boshladi. Men tusholmay chetroqda turibman, chunki beysbol shapkam platformadagi shoʻx bolalar qoʻlida edi va ular «kim shapkasini unutdi» deya meni tashqaridan turib jahlimga tegishyapti. Nihoyat nuragan, vayron boʻlgan cheksiz-chegarasiz bir yoʻlakka tushib oldim.

Unda qoʻrqinchli labirintlar mavjud, yorugʻlikda gʻalati mahluqlar koʻrinadi, noma’lum kuchning sharpasi yo qoʻrquv yurakni chertadi. Odamlar qayga yoʻqoldi?

Birdan qoʻrquv ichra baqirgancha ikki oʻsmir qiz men tarafga yugurib keladi, ularni labirintning yoritilgan tomonidan kelganini sezaman. Yon tomondagi xonaga kiramiz va qizlar baqira ketadi: «U bizni zoʻrlamoqchi. U momiqqina qizlarni kolleksiya qilaman, deb aytyapti!» Dahshat, men ularning ketlaridan qon oqayotganini koʻraman. Shu mahal barmoqlaridan qon tomayotgan odam ichkariga kiradi. Men uning ikki oyoqlari orasiga tepaman, lekin u hech qanday ogʻriq sezmaydi va ustimga yopiriladi...

149

Yarim tunda togʻ qishlogʻimizdagi patruldan boʻlak hamma uyqudaligida, yashirinib tashqiriga chiqdim. Agar patrul sezib qolsa, hayotimning tugashi aniqligini bilardim. Lekin juda ehtiyotkorlik bilan, bildirmay harakat qildim.

Suchjou yaqinidagi xitoylarning Vunfigu degan qishlogʻida ham shunday boʻldi. Yarim kechada buddistlarning gʻoriga oʻtish uchun tashqariga otlandim. Oʻtgan hafta bu yerga uygʻurlar ziyoratga kelganini bilardim, balki ularning ba’zilari hali ham shu yerdadir, xuddi keksa darvish singari. Lekin u buddist emasdi. Menda Kamol bergan sxema-reja bor edi. Unga koʻra, ikkinchi tepalikka tirmashib chiqishim va olti boʻsh gʻorndan oʻtib, yettinchisiga kirishim lozim edi. Oy yoritib turardi. Qishloqning narigi tomonida itlar hurar, oyoqlarim ostidagi chirildoqlar oʻtlar ichiga yashirinar, men esa tez-tez yurib birinchi tepalikka chiqardim. Lekin ikkinchi tepalik tik qoyaga oʻxshardi. Oy uning orqasida koʻrinmay qolgan, birinchi tepalikda hayot sasi oʻchgan va men hansiragan nafasim bilan birga qolgandim.

Bir daqiqadan keyin oʻzimni oʻnglab oldim-da, yarim metrcha kenglikdagi soʻqmoq yoʻlni topib, oldinga qarab ketdim. Bu soʻqmoqdan foyda yoʻqqa oʻxshar, eng yomoni, miyamda «Bu yerlarda nima qilib yuribman?» degan savol aylanardi. Lekin baxtimga oldimda bir gʻorning ogʻzi koʻrindi. Bu birinchi gʻormi-yoʻqmi, bilmasdim, harqalay taxminimga suyanaverdim.

Hayot gʻalati-ya. Nafaqat: «Bu yerda nega tentirab yuribman?» balki «Muncha telba boʻlmasam, togʻdagi gʻor shunchagi gap emasligini tushunmadimmi?» degan savol ham qiynardi. Bu tamoman qorongʻilik, mutlaqo yolgʻizlik va dahshatli qoʻrqinch edi. Men uning qirgʻogʻiga oʻtirib, birinchi tepalik ortidagi miltillayotgan ufqqa qararkanman, xuddi orqamdan qandaydir mahluq ta’qib qilib kelayotganga oʻxshardi. Orqaga qaytishim kerakmi? Lekin qayerga? Shu yerda tonggacha qolib, soʻngra yana qidiruvni davom ettirganim ma’qulmi edi?

Buvim «Bekor oʻtirgandan koʻra bekor ishlagan yaxshi» deb tez-tez takrorlardilar. Xullas, qoʻrquvni quvish uchun yoʻlimda davom etdim. Uchinchi gʻorga yetganda, shuni aniq tushundimki, garchi istasam ham, ortga yoʻl yoʻq edi endi. Bu yerga chiqish uchun rosa ter toʻkkandim. Yana bir bor ufqdagi sarobga qarab turdim-da, yoʻlda davom etdim. Biror narsa toʻgʻrisida oʻylayotganmidim? Aytish qiyin. Balki shunchaki xayol uchqunidir, ya’ni bu ertakdagi soʻqmoqlarga oʻxsharkan, deganga oʻxshash. Toʻrtinchi yo beshinchi gʻor oldida yonayotgan archa va qogʻoz tutuni dimogʻimga urildi va uning qayerdan kelayotganini bilishga intilib, ketaverdim, ketaverdim...

Tun va kun oʻz ma’nosini yoʻqotgan, dunyodagi boshqa barcha narsalar ham ma’nisiz koʻringan mahal yettinchi gʻorga yetib keldim...

150

Qishloqning narigi tomonida itning hurishi eshitildi. Qorovulimiz qishloqdagi eng oxirgi itni oʻzi bilan olib yurishga odatlangandi. Kampirning tosh qafasidan toʻppa-toʻgʻri shtab tomonga qarab yurdim. Bu oʻsha qachonlardir oʻzimiz panjara ortida oʻtirgan bino. Ichkarida chiroq yoniq turardi. Binoga yaqinlashib, quloq tutdim: it hurishi uzoqlashib borar, derazadan sariq shu’la taralardi. Ehtiyotkorlik bilan orqa tarafdagi derazadan ichkariga nazar tashladim. Hech kim yoʻqqa oʻxshardi. Yana quloq tutdim. Yuragimning urishidan boʻlak tovush eshitilmasdi. Keyingi deraza tomonga surilayotib, oyogʻimning tagidagi boʻsh paqirga qoqilib ketdim va u qorongʻi boʻshliqda ovoz chiqarib quldirab ketdi. Oʻzimni yoʻqotib qoʻyayozdim. Hoziroq eshik ochilib, ular sokin tunni, unda mening oʻzimni chilparchin qilib yuborishadi, deb oʻyladim. Baxtimga qishloqning narigi tomonida it hurdi va uning sadosi qoyalarga urilib jimib qoldi. Nafasimni ichimga yutib, derazadan qaradim va xona oʻrtasida kimdir polda yotganini koʻrdim. Shu zahoti tana qanor qopga oʻralgani va tananing yuz qismi qonga belanganiga koʻzim tushdi. It hurib, men tomonga yaqinlashayotgan zamon, yerda uzala tushgan tananing oyoq tarafida ikki tanish trener ham borligini sezib qoldi nigohim...

151

Li oʻlgan edimi? Yo qanor tagida qotib qolgan eski qon bilan uxlab yotibdimikin? Lekin qonli qopga kim uni oʻrab qoʻyishi mumkin? Chiroq nega yoniq turibdi? Qolganlar qayoqqa ketdi? Menga endi nima boʻladi? Ana shu savollar qurshovida kampirning tosh qafasi ortida qaltirab turardim. Qoʻriqchi yaqin atrofda tentirab yurar, qattiq hurish uy yonida eshitila boshlagandi. Ular meni ta’qib etisharmikin? Atrofimda nima boʻlayotganini bilmay qoldim. Bu qachonlardir yettinchi gʻorda asir boʻlganim tuygʻuga juda oʻxshab ketardi.

U yerda, oʻn besh-yigirma daqiqadan soʻng, osmon sargʻaya boshlagach, zim-zimiston gʻor ichiga kirib ovoz berdim. Lekin oʻz ovozimning aks-sadosidan boʻlak tovush yoʻq edi unda. Asta chuqurroq kiraverdim. Balki keksa darvish tonggi ibodat bilan mashgʻuldir, degan xayol oʻtdi miyamdan. Bir oz kutib turib, yana qorongʻilikka qarab salom berdim. Hech kimdan sado chiqmadi. Yanada ichkari kirib, gugurt chaqdim. Gʻira-shiralikda tafakkurga choʻmgan holda qimir etmay oʻtirgan gʻalati shakldagi odamlarga koʻzim tushdi. Qoʻrquv va qiziqish ichra ulardan biriga yaqinlashib, qoʻlimni tekkizib koʻrdim.

U Buddaning tosh haykali edi. Gʻorning chuqurrogʻida jildirab oqayotgan suvning tovushi eshitildi va oʻsha tomonga qarab yurdim. Mana endi avval yodlab olganim gʻorda aniq-tiniq moʻljal ola bilardim. Birinchi zalning yuqorisida oʻtirgan yettinchi Buddaning orqasidagi maxsus joyda qadimgi uygʻur qoʻlyozmalari boʻlishi kerak. Ularning orasidan Keksa Darvish yolgʻiz oʻtirib, tafakkurga choʻmadigan, gʻorning eng muqaddas joyini koʻrsatib beradigan ikkinchi sxema-rejani topa olardim. Shunday qilib, qoʻlimni teshikka tiqib, qogʻozlarni paypaslab topgach, endi tashqariga tortib chiqarmoqchi boʻlib turganimda... birdaniga qoʻllarimni orqaga qayirib, boshimga dagʻal bir qop kiygizishga ulgurishdi. Kattakon qoʻl chang latta ostidan ogʻzimni yopib turardi... Keyin yuzim Buddaning tosh haykaliga urilib, koʻzlarimda olov chaqnab ketdi va shu zahoti hushimni yoʻqotdim.

Shu tariqa ana shu joyda asirga tushdim.

152

Zamon va makon tuygʻusidan ayrildim. Berkitilgan yuzimning ogʻrigʻi shivalab yogʻayotgan yomgʻir ostida toʻxtab-toʻxtab borayotgan yuk mashinasining harakati bilan qoʻshilib ketgandi... Hech bir narsani oʻylolmas, bunga madorim ham yoʻq edi. Nimaga kelgandimu, nima bilan qaytyapman?

Hozir ham xuddi shunday tuygʻu yuragimni oʻrtardi. Barcha rejalarim notoʻgʻri boʻlib chiqdi, bari barbob boʻldi. Tartib bilan yaratilgan koinot tartibsiz bir narsaga aylandi. Saltanatlar ostin-ustun, odamlar halok boʻldi. Yo bu shunchaki mening boshimda qanot qoqayotgan oʻlim nafasimikin? It hurishi miltiq tovushi bilan qoʻshilib ketdi.

Oʻzimni ikkinchisini yoʻqotib qoʻygan egizakday his qildim. Nogiron kishining yolgʻiz oyogʻi kabi. Lekin mening ikkinchim kim edi? Li-mi? Luk? Zev? Rohib Valaamov? At-Tohariy? Bilga-Hoqon? Tongyuquq-mi? Va yo oʻlimidan oldin oʻlgan Kul-Teginmi? Balki ularning hammasidir? Balki oʻzim oʻzimga egizakdirman? Xuddi «grosbux»da mijozlari boʻlmaganda, oʻziga-oʻzi tilmochlik qiladigan tarjimon singarimanmi?

Balki butun dunyo oʻziga oʻzig egizdir va shu bois ma’nisiz, hissiz hayotning yuzada davom etishiga toʻsqinlik qilmas, bu yuza suvning yuzasiga oʻxshab nurli, oppoq, uchib yurgan bulutlarni oʻzida aks ettiradi, lekin kimda-kim bu sarobga ishonsa, uni oʻz qa’riga choʻktirib, bir zumda asir oladi. Men dono tulki ovlovchi jangda halok boʻlish uchun ketmasidan burun, Tongyuquqning buxorolik shahzoda Nihon-Sangga aytgan soʻnggi soʻzlarini hech kimga aytmagandim. Bu soʻzlarni taqinchoq kabi boʻynimga osib yuribman, uni oʻz muhabbatining nishonasi sifatida hayotimning eng yaxshi va eng yomon lahzalari uchun Fiona (o, mening kulgili, noqonuniy, imkonsiz va yagona sevgim!) bergan edi menga. Bu uning ota-bobolari - Koʻk Turklaridan yodgor edi.

Tangri bizni kurashish va gʻalaba qozonishimiz uchun kuch-qudrat bilan siyladi. Hatto dushman koʻpchilikni va biz ozchilikni tashkil etishimizga qaramay, gʻalaba biz tomonda boʻldi. Biz undan-da ulugʻroq marhamat istadik. Uzun istaklarimizning asiriga aylandik. Biroq halokat ostida yana bir yangi gʻalaba bor. Menkim, Tangri yorlaqagan Dono Tongyuquq, unutilgan odamlarimni koʻk turklarning gʻolibona shon-shuhratini yoyish va abadiylashtirish uchun dunyoning toʻrt burchiga yubordim.

Soʻngsoʻz

Shu joyda qoʻlyozma oʻz nihoyasiga yetadi. Biroq ikki betli boshqa bir ilova ham olgandik. Garchi bu galgisi avvalgisi kabi husnixatda yozilmagan esa-da, lekin buzuq inglizchada xuddi oʻsha mavzuda bitilgandi, shu bois uni ham Grossbux matniga ilova sifatida taqdim etish foydadan xoli boʻlmasa kerak, deb oʻyladik. Alalxusus, mana oʻsha matn.

«Men hamma joyda boʻlganman, biroq hech qachon dunyoning eng baland nuqtasi, masalan, Everestda boʻlgan emasman. Lekin tap-taqir qoyada oʻtirarkansiz, pastdagi istagan tomonga qarab, eng baland tepalikda turibman, deb tasavvur qilishingiz mumkin. Hamma yoʻllar oyoqlaringiz ostiga keladi, barcha tomonlar sizning koʻrish nuqtangizdan tarqaladi. Issiq shamolu qor koʻchkinlariga e’tibor bermang, koʻzni qamashtiradigan ultrabinafsha nurlar toʻgʻrisida oʻylamang, faqat atrofingizu pastga nazar tashlang. Hayotingiz butun pasttekisliklar boʻylab yoyilib ketgan.

Marko Polo oʻzining terroristlar haqidagi asariga qistirib oʻtgan bir hikoyani oʻqigandim. Birinchidan, u hikoyadagi voqealarni rivojlantirib, oʻz zamonasiga moslashtirgan, ikkinchidan, qariyaga Olovuddin deb ot qoʻygan, uchinchidan, terroristlarning maqsadini ancha osonlashtirgan. Toʻrtinchidan...

Ming yillar avval ismi «Tongga tutash»ga oʻxshagan bir chol oʻtgan ekan. U toʻrt dengiz boʻylab yoyilgan buyuk davlat barpo etibdi. Uning qarorgohi eng katta sahroning oʻrtasida, Qutlugʻ Vodiydagi Muqaddas Togʻ ostida va Tabarruk daryo ustida ekan. Ana shu yerda qariya bogʻ yaratibdi, u bogʻ goʻzallikda jannat bilan tenglasha olarkan. Bu boqqa hech kimning kirishiga izn berilmagan ekan.

Cholning bir nechta qizi boʻlgani holda birorta ham oʻgʻli yoʻq edi, shuning uchun oʻz jiyani jangda halok boʻlganida, uning bolasini asrab, oʻziga oʻgʻil qilib olibdi. Shu bola katta boʻlib, qahramonga aylanibdi, yetmish yetti jangga kirib, biron marta boʻlsin yengilmabdi. Butun qit’a uning qoʻl ostida ekan. Lekin kunlarning birida yollangan bir sotqin dushman uning orqasidan pisib kelib, oʻldirib ketibdi.

Barcha mamlakatlarning elchilari marhum Shahzodaga yashirin suiqasd uyushtirganlar bilan qoʻshilib, uning janozasiga kelibdilar. Azadan keyin hamma chin dildan ibodat qilib boʻlgach, qariya ularning hammalarini qattiq mast boʻlguncha ichishlarini buyuradi. Elchilar uxlab qolishgach, ularni alohida-alohida holda vodiyni oʻrab turgan togʻlardagi maxsus gʻorlar orqali boyagi sirli bogʻning turli qismlariga olib ketishadi. Ular ana shu bogʻda uygʻonib, jannatga tushdik, deya xayol qilishadi. Qirgʻogʻida asal tomib turgan sutli daryolar, nozik qoʻllarida sharob tutgan yalangʻoch huru parilar - hamma narsa jozibali va kishini oʻziga tortar edi... Qadahlar qayta-qayta koʻtariladi... Keltirilganlardan biri hatto Muqaddas Togʻning eng yuqorisidagi osmon toqiga olib chiqiladi...

Keyingi safar ularning bari oʻzlarining bogʻlaridagi ajoyib, lekin zerikarli makonlaridagi tarjimonlari oldida uygʻonishadi. Va boʻlgan voqeani tush deb oʻylab, jannatda, hatto mayin havoli Muqaddas Togʻda boʻlganliklarini bir-birlariga aytib berishadi, ularni tarjimonlar batafsil yozib oladilar. Qizigʻi shuki, har bir elchi bunday moʻ’jizali makonda yolgʻiz oʻzim boʻldim, deb xayol qiladi. Garchi uyga qaytish fursati yetgan boʻlsa ham, ular moʻ’jiza yana takrorlanishiga ishonib, intiqlik bilan kutaverishadi. Asta-sekin ularning har biri bu tuygʻuni boshidan oʻtkazgani ayon boʻladi. Shunda hamma oʻzinikini ma’qullab, boshqalar shunchaki uni takrorlashayotgan va yo taqlid qilishayotganini isbotlashga kirishib ketadi.

Ayniqsa, togʻ choʻqqisida boʻlgan elchi hammadan koʻp oʻz soʻzini ma’qullaydi. Aytishicha, unga borgan joyida bir sirli koʻzgu berishgan va bu koʻzgu orqali nafaqat Moviy Osmon qarshisidagi oʻz yuzini, balki oʻn sakkiz ming olamning bor aqlu zakovatini koʻrgan. Biroq, uning samimiyat ila soʻzlashicha, mast holda qoʻllarida koʻzguni tutib turolmagan. Yo balki bu insonga xos hayajon tufayli sodir boʻlgan. Harqalay, u koʻzguni qoʻlidan yerga tushirib yuborgan va u chilparchin boʻlib, butun vodiyga sochilib ketgan. Shunga oʻxshash hikoyani aytib bergan elchilardan biri daryo yoqasida boʻlgan. U ham birinchi elchi gaplarini aytgan, lekin bitta farqi shuki, daryo ularni uzoqqa supurib tashlagan. Harholda ularning barchalari orasida koʻr-koʻrona dushmanlik paydo boʻlgan... Kunlarning birida qariya ularni yana bir joyga toʻplaydi va tagʻin mast qilib, hammalarini avvalgi boqqa eltadi. Bu safar ular uygʻonib, qarshilarida oʻzlarining egizlari turganini koʻrishadi. U egizlar, ulardan qarshi oʻlaroq, singan oynaparchalar bir joyga yigʻilgan koʻyi oʻtirishgan va tarqoq elchilarni oʻzlariga qoʻshilishga taklif qilishardi. «Biz sizlarning pok ruhlaringiz boʻlamiz, - tushuntirishibdi ular, - siz esa pastkash dunyodagi jismimizsiz.» Oʻz akslariga boqib, elchilar yigʻlashga tushibdi: «Hayotimizdagi kirliklar nimadan iborat edi, dunyoda nima gunoh qilibmiz?» Shu tariqa ular oʻzlarining komil ruhlari bilan birga oʻz nuqson va gunohlariga iqror boʻlib, kun va tunlarni oʻtkazadilar, lekin bir pokiza hur endi ular oʻz dunyolariga qaytishlari va unda barcha muqaddas bilimlarni tarqatishlari lozimligini e’lon qilganida, hamma elchilar oʻsha turgan joylarida qolishni, dunyoga esa oʻz ruhlarini yuborishni oʻtinib soʻraydilar.

Shu narsalarni boshqarib turgan qariyadan boʻlak hech kim Buyuk Qaytaruv uchun kim tanlab olinganini bilmas edi...

Hikoya ana shunaqa nihoyaga ega. Marko Polo uning soʻnggi variantini ishlab chiqdi va boqqa yuborilgan kishilarni qariya haqqi-hurmati hukmdorlar, shohlar va imperatorlarni oʻldirgan terroristlar kabi ifodaladi. Ular saltanat va qirolliklarni vayron qiladi, oila va urugʻlarni chilparchin etadi, oʻlim va qoʻrquv urugʻini ekadi... Ular dunyoni zimdan oladi...

Koʻpgina kishilar shu tarjimaga amal qilib kelishgan, chunki hikoya orqali ma’lum bir nuqtaga yetgan deyarli barcha odamlar yo qotilning, yo boshqa bir turdagi qirgʻinning qurboniga aylangan. Bunday qissalarga boy kitoblar toʻlib yotibdi, ularni gazetalarda oʻqish, oynai jahonda tomosha qilish, internetda ochish mumkin. Zombilar, jangarilar, partizanlar, qotillar... Ular har joyda, har bir irqda, dinda, millatda mavjud, ular hatto oralaringizda zirapchaday yashirinib yurgan boʻlishlari ehtimoldan xoli emas... Va siz yashirin bir ilmning qoʻli tegadigan navbatdagi oʻljasi boʻlishingiz mumkin... Endi navbat sizga yetdi...

Lekin boshqa bir sharh ham mavjud. Eng baland choʻqqida atrofni tomosha qilib oʻtirarkanman, endi hech bir suiqasd yo fitnadan qoʻrqmagayman. Men bunda qoʻrquv va tashvish parcha-parcha qilib yuborgan jismini tark etgan jon kabi yagonaman. Balki ular oʻldirishmas, balki shunchaki ishonch hosil qilishmoqchidirki, siz bir-biriga yelimlangan siniq oyna - havo qisqargan, quyosh koʻzni qamashtiradigan darajada yorqin, osmon shundoqqina yelkangizda oʻtirgan yolgʻiz togʻning choʻqqisida kutib turgan oʻzingizning egizingiz yo soyangiz, ruhingiz yo joningiz bilan qovushgaysiz. Chunki kunning soʻnggida Koʻk Turklari bor, shunday emasmi?

Shu joyda hammasi tugaydi.

Nouman Smaylz, Hartfordshir»