OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNurali Qobul
Asar nomiBurgutlar choʻqqilarda yashaydi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Nurali Qobul
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/31
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Kitob dunyosi», 2013 yil 13 fevral 3 (150) -sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Burgutlar choʻqqilarda yashaydi (hikoya)
Nurali Qobul

Sharshara dovonidagi hasharchilar oʻtovda tunab, ertasi ertalab Supa tekisligi orqali Baxmalga oʻtmoqchi edik. O’ylaganimizdek quyosh botar-botmas dovonga yetib kelib, uch yuz metrlar chamasi balandlikdan tushadigan sharsharani tomosha qildik.

Uzoq yoʻl yurib charchagan ekanmiz, shekilli, hammamiz barvaqt yotdik. Bunday havoda ikki soat uxlasang, bas, qushday yengil tortasan kishi. Men yarim kechadayoq toza havodan toʻyib uygʻondim. Tong yorishmay turib tashqariga chiqdim-da, sharshara tomon yurdim. Qarshimdagi qoyadan bir toʻp kaklik parillab osmonga koʻtarildi. Ularning sayragan ovozi togʻu toshda aks sado berib, darani yoqimli kuy egalladi. Kakliklar galasi qoyaning sharshara boshlanadigan joyiga borib qoʻndi. «Ertalabki suvga tushibdi», deya xayolimdan oʻtkazdim.

Sharshara hayotning davomiyligini, inson qayerda va qanday holatda yashamasin, dunyoning hech kim oʻzgartira olmas qonunlari barcha uchun barobar ekanligini ta’kidlamoqchidek, tinimsiz sharqiraydi. Qoyalar bagʻrini yaxshilikka burkab turgan necha yuz yillik vazmin archalar ham sharsharaning falsafasini ma’qullagan kabi qoʻl qovushtirib jimgina turishibdi.

Suvga qongan kakliklar galasi yana osmonga koʻtarilganda quyoshning ilk nurlari togʻ etaklariga yoyildi. Soʻng tepalik va qoyalar ham sargʻish yashil rangga boʻyalib, tasvirlab boʻlmas, tikilib toʻymas goʻzal qiyofaga kirdi. «Roʻzi Choriyevni olib kelish kerak ekan, hali uning bunaqa ranglarni ishlatganini koʻrmaganman», degan oʻy xayolimdan kechdi. Dovonga olib keladigan ilonizi togʻ yoʻlida yengil avtomashina qorayib koʻrindi. Kecha bizga hamroh boʻlib kelgan rahbar kishining mashinasi: haydovchisi qozon patir bilan kuvida pishilgan sariyogʻ olib kelgani ketgan edi.

Pastga qaytib tushganimda sheriklarim hali uyqudan uygʻonishmagan, haydovchi bilan hasharchilardan biri nimanidir oʻrtaga olgancha tikilib turishar edi. Ajabo, burgut!.. Bir zum joyimda tik turib qoldim.
– Qanotidan oʻq tegibdi, – dedi haydovchi yigit menga gunohkorona tikilib. – Mirzaqoʻzi otib tashlab ketgan ekan, olib keldim.

Javob qaytarmadim. Otilgan, yarador boʻlgan qush va hayvonlarni koʻp koʻrganman. Lekin burgutning ham shu ahvolga tushishi mumkinligini oʻylab yoki tasavvur qilib koʻrmaganman. Balki istamagandirman. O’q burgutning chap qanotiga tekkan, uzun va chiroyli qanoti endi unga boʻysunmas, toʻzib shalvirab yotardi. Vujudi ogʻriqdan burishgan. O’tkir tumshugʻi atrofidagi ajinlar osilib, uni shu qadar qaygʻuli va ayanchli qiyofaga solib qoʻygan ediki, uzoq va befarq qarab boʻlmasdi. U yurishni unutgandek yer bilan bitta boʻlib yotar, ikki koʻzi olis va qorli choʻqqilarda edi... Ahyon-ahyonda biz tomon sergak oʻgirilib, nafrat bilan boqardi.
– Uni qoʻyib yuborish kerak, – dedim boʻgʻzimga allanima tiqilib.

Yigit burgutni koʻtarib pastlikka qarab ketgan yoʻlning chetiga olib borib qoʻydi. Tosh yoʻl ustida burgut ikkalamiz qoldik. O’zimni panaroqqa olib, uni kuzata boshladim. U yoʻlning chap tomonidagi qumli qiyalikka chiqmoqchi boʻlib urinar, ammo silliq qumloqdan sirgʻalib yana yoʻlga yiqilib tushardi. Negadir pastlikka qarab ketgan tekis yoʻldan yurmas edi. Xiyol vaqt bir joyda qotib turgach, ilk qadam bosgan chaqaloqdek quyi tomon lapanglab bir-ikki yurdi-da, taqqa toʻxtadi.

Togʻu toshda yoqimsiz aks sado berib, olashaqshaqning tovushi eshitildi. Zum oʻtmay u burgutning oldida paydo boʻldi. Yoʻl chetidagi xarsangdan xarsangga sakragancha gir aylanib, burgutning xatti-harakatlarini kuzata boshladi. Bu kattakon va besoʻnaqay qushning oyoqda zoʻrgʻa turganiga ishonch hosil qilgach, yaqinroq bordi. Yoqimsiz tovush bilan baralla qichqirib, uni mazax qilishga tushdi. Burgutning tepasida charx urib gir aylanarkan, dumi bilan uni bir-ikki turtib ham oʻtdi. Uning betinim shaqillashidan darak topgan ikkita olashaqshaq va yana allaqanday qushchalar qayerdandir paydo boʻlib qoldi. Ular endi bir toʻp boʻlib yarador burgutni oshkora mazax qilishardi goʻyo. Burgut esa olis va qorli choʻqqilarga tikilgancha qotib qolgan edi. Bu holatga uzoq tikilib oʻtirib boʻlmasdi...

Burgutni koʻtarib qoyaning etagiga olib kelib qoʻydim-da, sekin uzoqlashdim. U anchagacha yarador qanotini yozib yotdi. Mening koʻzdan gʻoyib boʻlganimga ishonch hosil qilgandan soʻng oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Yarador qanotini yigʻishtirib olishga bir urindi-da, choʻqqiga qarab shu qadar tez yurib ketdiki, xiyol shalviragan chap qanotini hisobga olmaganda unga oʻq tegmagandek edi. Archalarni panalab, men ham choʻqqi tomon borardim. Kichikroq bir xarsangga chiqqanda, u yarador va qonli qanotini choʻqiy boshladi. Ajabo! U alamdanmi, ochlikdanmi, ogʻriqning zoʻridanmi, oʻz goʻshtini oʻzi choʻqirdi...

U yana choʻqqiga qarab yura boshladi. Men uni kuzatib qoldim. Ana, u archalar panasida koʻzga koʻrinmay ketdi. Lekin u olis va qorli choʻqqilar tomon dadil borardi. Men buni yurak-yurakdan his etib turardim. Men uning shijoatidan ikki haqiqatni uqdim: agar u tuzalsa, oʻsha choʻqqidan yana begʻubor va cheksiz samoga koʻtariladi. Uni otib yarador qilgan, shu mudhish qilmishi bilan oʻzini gʻolib bilgan oʻtkinchi bagʻritosh odamning ustidan qanotlarini keng yozib uchib oʻtadi. Boʻronlarga koʻksini tutib, choʻqqilarni tutashtiradi... Mardlik va gʻoliblik timsoli boʻlib qorli togʻlar boshida parvoz etaveradi.

Lekin... lekin u tuzalmasligi ham mumkin. Yarador qanoti gazak olib, oʻzidek magʻrur choʻqqilar bilan abadiy vidolashishi ham mumkin. Nazarimda, u buni his etib borayotgandek... Bunday hol esa u faqat choʻqqiga chiqqandan soʻnggina yuz berishi kerak... Buning uchun kuch-quvvati borida, oʻz etini yeb boʻlsa hamki, choʻqqiga chiqishi kerak... Shuning uchun u favqulodda dadil ilgarilab borardi. Eng muhimi, choʻqqida oʻlsa – oʻligini olashaqshaqlar koʻrmaydi...

Men yana bir haqiqatni ayon sezib turardim: burgutlar faqat yuksaklikka qarab yurar ekan... Ular choʻqqilar uchun yaratilgan. Choʻqqilarda esa faqat burgutlar parvoz etadi!