OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifNurali Qobul
Asar nomiKaptarlar qaytmagan tun (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Nurali Qobul
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/01/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kaptarlar qaytmagan tun (hikoya)
Nurali Qobul

Kampir har kuni ertalab tong yorishmasdan uygʻonadi. Shu kunga eson-omon yetkazgani uchun xudoga shukrona aytib, katta doka roʻmolini uzoq oʻraydi. Sirlangan chelakning qolgan-qutgan suvini hovliga sepib, yuz-qoʻlini yuvadi-da, bir necha burda non olib buloqqa tushadi. Yuz-qoʻlini yana qayta yuvgach, tushini suvga aytgancha nonni ushatib, buloqqa tashlay boshlaydi. Kampirning kelishiga oʻrgangan va uzoqdan qorasi koʻrinishi bilan uymalashadigan baliqlar suvni shaloplatib yuzaga otilib chiqishardi. Kampir esa ular bilan xuddi odamdek gaplashib, uvoq ulasha boshlaydi.
— Sizlar ham kichik boʻlgansizlar. Kichiklarga ham non beringlar, - dedi u katta baliqlarni tergab. — Uyalmaysizlarmi oʻz bolalaringning nonini tortib olib yeyishga. Odamlarga oʻxshab jonivorlar orasidan ham mehr-oqibat koʻtarilyapti.

Soʻng, u katta baliqlarni aldab turib, nonni maydalab kichik baliqlarga tashlardi. Bunga oʻrgangan baliqchalar katta baliqlar non boʻlagiga tashlanishganda non uvoqlarini kutib joylaridan jilmay turaverishardi. «Duo qilinglar, Xudo ham menga el qatori nevara bersin», derdi kampir suv toʻldirilgan chelakni koʻtarib iziga qaytayotganda. Baliqlar esa kampirning suv olishiga qoʻymay, chelakka kirib chiqaverishadi. Kampir zoʻrgʻa ularni chelaqdan haydab chiqarardi.

Lekin bari bir bitta-yarimta baliq ilashib chiqar, kampir chelakning ostida qolgan suv bilan yana qaytarib kelib buloqqa quyardi.

Sahar namozini oʻqigach, joynomozni yigʻishtirib qoʻyardi-da, hovli toʻrida mudrayotgan govmish bilan kattakon oq echkiga koʻz qirini tashlab don-dun saqlanadigan pastakkina omborxona tomon yurardi. Kampirning omborxona tomonga borayotganidan xabar topgan echki umidvor boʻlib sekin ma’rardi. Govmish biz ham bor, degandek erinibgina oʻqrayib qoʻyadi. Kampir oʻzicha ularga daf’i javob qaytarib, yoʻlida davom etadi. Uzoq paysallanib nimchasining choʻntagidan omborxona kalitini topadi. Shu bahonada choʻntagida yana nimalar borligini bilib qoʻyish uchun birma-bir yuziga yaqin keltirib, koʻzdan kechiradi. Choʻntagida esa hamma narsa boʻlardi. Bir yil burungi toʻydan olgan parvardadan tortib, charxning dugigacha. U choʻntagidagi mevalarni bejizga asramaydi. Qaysi toʻy ma’rakaga bormasin, «Ilohim Xudoyim meni ham shunday kunlarga yetkazsin!» deya bir juft parvardami, yongʻokmi oladi. Soʻng, yana bir parvardani olib tishsiz milklarida aylantirib soʻra boshlaydi. Atrofida bir-biriga gap bermay chuvillashayotgan xotin-xalajlar gapini mutlaqo eshitmayotgandek odamlarning boshi uzra togʻorti ufqiga tikilarkan «Ilohim yetkazgan kuningga, bergan rizqingga shukur», deydi.

Koʻrinib turgan shu togʻ ortida, Panjakent degan tomonda kampirning yakkayu yolgʻiz qizi yashaydi. Farzand koʻrmay turmushi buzilgandan soʻng, oʻsha yoqqa, togʻ ortidan kelib qishloqning molini boqib yuradigan Eshmurod ismli qoʻy ogʻzidan choʻp olmaydigan, oʻzidan toʻrt yosh chamasi kichik yigitga tegib ketdi. Odamlar «qizing oshiq-ma’shuq boʻlib, kochib ketdi», deya ta’na qilishdi. Kampir begʻubor va najottalab koʻzlarini moʻltiratib, ularning gaplarini eshitar, lekin gʻing demasdi. Xuddi hammasiga oʻzi aybdordek iyagini tizzasiga tiragancha jimgina oʻtirar, ichida sabrsizlik va alam bilan suhbatdoshining yoqimsiz gapini tugatishini kutardi. Ichida: «Xudo urganni paygʻambar hassasi bilan turtgandek, men shoʻriqisgan yolgʻizga shu gaplarni yetkazishdan bu insonlar ne muddao topisharkin?» deya oʻylar, oʻylab oʻyiga yetolmasdi.

Yakinda kampirga xushxabar keltirishdi... U anchagacha tushimmi-oʻngimmi degandek oʻtirgan joyida agʻrayib qotib qoldi. Qizining boʻyida boʻlgan emish. Shundan keyin kampirning ichiga oʻt tushdi. Kechalari birdan uyqusi qochib, qizini oʻylab ketadi. «Oʻgʻil boʻlsa otini Xudoyberdi, qiz, boʻlsa Biyfotma qoʻyaman», derdi oʻziga-oʻzi quvonchi ichiga sigʻmay. Ammo, tugʻilajak nevarasining ota-onalari bolaga ism qoʻyishni undan soʻrashadimi, yoʻqmi, buni xayoliga ham keltirmasdi.

Qulfning kalit soladigan joyini uzoq qidirib, zoʻrgʻa ochganda ham u bir narsani — qizining tezroq boʻshanishini oʻylar, yuragining tub-tubidan buni Xudodan oʻtinib soʻrardi. Erta sahardan shomga qadar oʻzicha savob deb bilgan ishlar bilan mashgʻul boʻlardi.

U chit koʻylagining yengini toʻldirib bugʻdoy oldi-da, yana omborxona eshigini kulflab qoʻydi. Boʻlmasa boʻshatib podaga haydaganda echki oʻzini omborxonaga uradi, Kampir esa halloslab unga yetolmaydi. Yetgunicha u bemalol biror kilo bugʻdoyni paqqos tushirgan boʻladi. Qopning ogʻzi bogʻloqlik boʻlsa yirtib yeydi. Kampirning hovlida gʻimirlab yurganini koʻrgan musichalar kukulashib atrofida girdikapalak boʻlib aylanishadi.

Kampir peshayvon ustunining tag kursisiga oʻtirganicha musichalar bilan gaplashib, don ulasha boshlaydi.
— Sadagʻang ketay Biyfotmaning beozor tovuqlari.

Qani endi hamma odamlar sizlarni jannatdan uchib chiqqanliklaringni bilganda edi. Odamlardan ham xafa boʻlib boʻlmaydi. Ularning ham tashvishi koʻp. Dunyo shunaqa ekan. Inson qancha qorni toʻyib, biri ikki boʻlsa shuncha sertashvish boʻlib qolarkan. Zamonang tulki boʻlsa tozi boʻlib quv degandek, odamlar faqat kunining orqasidan quvadigan boʻlib qolishdi. Ishqilib oxiri baxayr boʻlsin. Odamlarga qanchalik aql kirgan sari jonivorlarning, dov-daraxtlarning tinchligi buzilyapti. Magazinlarda un koʻpayib, sizlar rizq-roʻzilaringni terib yeydigan tegirmonni ham buzib tashlashdi. Uning hech kimga ogʻirligi tushayotgani yoʻq edi-ku?

Musichalar talashib don yeyishardi. Ularga tevarak-atrofdan chumchuq, mayna va chugʻurchuqlar kelib qoʻshilishardi. Kampir hamma musichalarni tanirdi. Musichalar esa don talashib, kampirning kiyimlarini yulqilashadi. Kampir ularning xatti-harakatidan mast boʻlib kular, bu yoqimli daqiqalarni choʻzish uchun donni olisroqqa sochardi.
— Voy sadagʻang ketay beozor qushlar-ey! Shu donning hammasini sizlarga beraman! Sizlarga bermay kimga beraman? — derdi kampir hovuchini toʻldirib don socharkan.

Soʻngra u qushlar bilan astoydil xayr-xoʻshlashib, etagini qoqqancha boqqa qarab yuradi. Yongʻoqning shoxiga qistirilgan eski oʻrogʻini olib, govmish bilan echkiga uvatlardan oʻt oʻradi, pechak yuladi. Bedadan ham oʻrib berishi mumkin, lekin u qishga moʻljallangan. Shuning uchun kampir uzzu-kun bedapoyani qoʻriqlab, urchuq yigirib oʻtiradi. Uning ham oʻgʻli yoki nevarasi boʻlganda boshqalarnikidek qish uchun Taypoqsoy dalasidan toʻrt-besh qop somon keltirib berarmidi? Kampir doimo boriga kanoat va shukur qiladi. Hech qachon nolimaydi. U bari bir bir kun emas, bir kun nolalarim Xudoga yetib boradi deb oʻylaydi. Shuning uchun ham shukur qiladi.

Yoqimli hid ankib turgan barra oʻtni govmish bilan echkiga boʻlib solgandan soʻng tandirxonaga qarab yurdi. Sut sogʻadigan, yogʻi sirtiga urib ketgan kadisini olib kelpi. Govmishni iydirish uchun ogʻildan buzogʻini olib chiqib qoʻyib yubordi. Targʻil buzoq onasini turtkilab ema ketdi. Kampir buzoqqa bir oz tikilib turdi-da, soʻng ipini tortdi. Ichida uning ona suti emishdan mahrum etayotganiga achindi. Shunda birdan koʻz oldiga oʻsha — tugʻilajak nabirasi kelib ketdi. Nazarida uni ham birov onasi bagʻridan tortib oladigandek tuyuldi. Shu oʻyda qoʻli boʻshashib, xayoli qochdi. Agʻrayganicha buzoqning emishiga tikilib oʻtiraverdi. Lekin shu alpozda qarab oʻtira olmasligini angladi. Hademay sut oluvchi keladi. Unga kamida bir kadi sut berish kerak. Boʻlmasa u kampirga oz pul beradi. Hech kimga gap bermaydigan Safargul sutchi kampirning sutini hammadan arzonga oladi. Kampir buni biladi. Qoʻshnilar tushuntirishgan. Biladiyu, indamaydi. Biror nima degudek boʻlsa Safargul ogʻzidan chiqqan gapni yoqasiga tarmashtiradi. Safargul shartlashilgandek biror soʻm yoki bir necha tiyin kam bersa ham indamay olaveradi. «Bari bir, bir oʻzimga shuncha sut kerak emas. Pul bermasayam mayli. Odamlar ichib alqasa bas. Sut bergandan savob ish bormi dunyoda?» — Oʻylardi oʻzicha.
— Xudo xohlasa bu pullarni nevara toʻyiga ishlatasiz, — deydi Safargul kampirni ogʻiz ochirmaslik uchun nozik joyini topib.

Aniqrogʻi kampir pul sanashni bilmaydi. Shuning uchun ham kim nima bersa olaveradi. Ikki marta Safargul bergan pulni qoʻshnisi Bahrom oqsoqolning oʻgʻliga sanatgan edi, qanchayam kam dedi. Kamini Xudo berar, shungayam tashvish chekib yuradimi? Odamlar seni kam degani, yerga urgani bilan kam boʻlib qolmaysan, ishqilib egasi kam kilmasin, taqdiringni boshiyam oxiriyam boʻlmas ekan. Uyasini yoʻqotgan toʻrgʻaydek havoda muallaq boʻlib qolarkansan.

Kampir shu oʻylar bilan govmishni sogʻishga oʻtirdi. Kadi koʻpirgancha toʻlib borardi. Sut kunligidan kam chiqdi. Kampirning xayoliga «endi meni Safargul koyiydi» degan fikr keldi. U yana buzoqni emishga qoʻyib yubordi. Har yili echkini sogʻin qilib oladi. U govmish bilan basma-bas sut beradi. Buzogʻi koʻproq emgan kunlari qariyb ikkisining suti baravar keladi. Kadidan ortgan sut kampirning oʻziga koladi. U bu sutni pishiradi. Bir kosasini sap-sariq kattakon urgʻochi mushuk ikkalasi ichishadi. Mushuk deyarli har yili bolalaydi. Kampirning tashvishiga tashvish qoʻshiladi. Shunda mushuklarning oʻziga bir kosadan ortiq sut ketadi. Qolgan sutni qatiq qilib xaftada bir marta kuvi pishadi. Kampirning chayir va baquvvat qoʻllari kuvini tezda yoqqa keltiradi. Sut kadidan ortmagan kuni u sutsiz qoladi. Piyolaga kallaqandni solib, non toʻgʻrab yeydi. Mushukka esa qolgan-qutgan ovqatlardan beradi. Sut moʻljaldagidan ozroq boʻlsa Safargul kampirga oʻshqiradi. «Va’dalashib qoʻygan odamlarimga nima deyman?» deydi u koʻzlari olayib. Oʻsha sut kelishini kutayotgan odamlar va bolalarni oʻylab, kampir buzoqning rizqini qiyardi. Safargul oʻzidan olgan sutni uch barobar pullashini esa xayoliga ham keltirmaydi. «Shuncha sutni eshakka ortib, rayonga olib tushishning ham oʻzi boʻladimi? Safargul bechoraga ham qiyin, boshida eri yoʻq», deya oʻylardi u sut oluvchi koʻrinmay ketgunga qadar orqasidan tikilib.

Sutni koʻtarib olgach, yuvindisiga qorni ichiga kirib ketgan, doimo toʻymay yuradigan Olaparga itoshi qiladi. Tokchadan bir kosacha kepak oladi-da, sal mazaliroq boʻlsin uchun bir hovuch qora bugʻdoy unidan aralashtiradi. Olapari ogʻzi kuyganiga qaramay itoshini yalay ketadi. Bu paytda mushuk miyovlab kampirning atrofida girdikapalak boʻlaveradi. Uning kosasiga ham bir choʻmich sut solib, ikki-uch toʻgʻram qotgan non tashlaydi.

Etakdan ma’rashib qishloq podasining togʻ tomon oʻrlayotgani eshitiladi. Kampir qoʻlini soyabon kilib, quyoshning koʻtarilayotganini kuzatadi-da, oʻzicha podahaydar mahali boʻlganini fahmlaydi. Irgʻay yogʻochdan qilingan choʻponlarning tayogʻiga oʻxshash hassasini qoʻliga olib govmish bilan echkini koʻchaga haydaydi. Echki echkiligini qilib, orqaga qochmoqchi boʻladi. Kampir unga zugʻum qiladi.
— Togʻu toshda maza qilib oʻtlab, oʻynab kelmaysanmi shaytondan tarqalgan? — deydi hassa oʻqtalib.

Echki kampirga oʻqraygancha podaga qarab yuradi. «Nega kampir bechorani qiynaysan» degandek ularni kuzatib turgan govmish echki oldiga tushgach, unga ergashadi. U echkiga ergashib, oʻrganib qolgan. Kechqurun podaqaytar mahali boʻlgach, u ma’rab echkini topib oladi-da, ortidan qishloqka qaytadi. Echki qochib, uyga qaytib kirsa kampir yetolmasligini ham biladi. Biroq, boʻyniga arqon tushgandan soʻng, kampir uni jazolaydi, hassasining uchi bilan bir-ikki nuqib qoʻyadi.

Qirda eshagiga ikkita sut idishi solingan xurjun ortgan Safargul koʻrindi. U yetib kelguncha kampir sadaqayragʻoch shoxidagi kadini olib chiqdi. Gap-soʻzsiz Safargulning idishiga quydi. Biror nima dermikin degandek koʻzlari javdirab, uning ogʻziga tikildi.

Eshagiga oʻnglanib oʻtirish uchun oyogʻini qayta uzangiga solarkan:
— Sutingiz kundan-kun suyulib boryapti, Oybuvi momo, — dedi Safargul.
— Sigir bilan echkini tuzukroq boqmayapsiz. Yoki sutga suv-puv qoʻshyapsizmi? Bunday boʻlsa sutingizni olmay qoʻyaman.

Kampir nima deyishini bilmay agʻrayib turardi. Sababi: Safargulning bunday deyishi yetti uxlab tushiga kirmagan edi.

«Umrida sut sogʻmagandek gapiradi-ya, sutga ham suv aralashtiradimi? Qaysi Xudodan koʻrqmaydigan shunday qiladi?» — boshi kotib oʻylardi kampir. «Nega u uyalmay-netmay shunday deydi? Oyogʻim goʻrga yetib qolgan bir yoshda shunday qilamanmi? Men esimni taniganimdan beri doʻzaxi ish qilganim yoʻq! Bundan buyon ham qilmayman! Men cholginamning oldiga oʻz ajalim bilan halol pokiza borishim kerak!»

Sutchi xotin allaqachon ikki kir oshib ketib kolgan edi. Kampir hamon qoʻlida kadisi bilan qaqqayganicha qotib turardi. Undan ikki qadamcha narida yalpayib yotgan Olapar lab-lunjini yalab, egasining ma’yus holatini kuzatardi. Kampirning nimadir esiga tushgandek oʻziga kelib, shosha-pisha uyga qarab yurdi. Mushuk yeganda sachragan uvoqlarni donalab terib, oxistagina chumolilar ini ogʻziga eltib koʻydi. Soʻngra sadaqayragʻoch soyasidagi eski soʻriga oʻtirib nonushta qilgan boʻldi. Sut ichayotganida yana xayoliga tugʻilajak nabirasi keldi. «Boʻlganda u ham sut ichardi», deya oʻyladi xomush boʻlib. «Nega Xudo doimo baxtni kechikib beradi?» oʻylardi kampir termilib. «Bolaning qadriga yetmaydiganlarga besh-oʻntalab farzand beradi. Mening qizimga esa...»

Chugʻurlashib sadaqayragʻochga uchib qoʻnayotgan chumchuklar dasturxondaga nonga yopishganda kampirning xayoli boʻlindi. Yengini silkitib qushlarni uchirgan boʻldi. Dasturxondagi qolgan-qutgan ushoqlarni koqib ogʻziga soldi-da, nonni oʻrab yostiqning ostiga bostirib qoʻydi. Soʻngra sadaqayragʻochning shoxiga qistirigʻliq urchugʻini qoʻlga oldi.

Soya qaytishi bilan yana chap yengini bugʻdoyga toʻldirdi-da, urchugʻini qoʻltiqlaganicha uyning kun chiqish tomonidagi qirga chiqdi. U deyarli har kuni kunning ikkinchi yarmini shu yerda oʻtkazadi. Kampir qirga chiqishi bilan bu yerga Kattajarning kaptarlari uchib kelishadi. Kaptarlar kir ustida bir-birini turtkilab, bir-ikki aylanishgach, qoʻnishadi. Ular qirga qoʻnishi bilan kampir galaga yangi qoʻshilgan kaptarlarini kuzata boshlaydi. Ularning kun sayin koʻpayib borayotganidan oʻzicha xursand boʻladi. Lekin, nega xursand boʻlayotganini aniq tasavvur eta olmaydi. Kaptarlar donga toʻymay, kampirni turtkilashaversa, u yana omborxonaga borib keladi. Bugʻdoy esa oxirlab borardi. Kuyovi kela qolganda edi, bozordan biror qop bugʻdoy, yoki yorma olib kelib berarmidi? Yoki birorta qoʻni-qoʻshnidan ot-ulov soʻrasamikan? Don tugab qolsa kaptarlar qaerga boradi?

Kishloq bolalari allaqachon bu kaptarlarni bezdirishardi. Xayriyatki, Olapar bor. Kaptarlar uchib kelganda u kirga hech kimni va hech qanday hayvonni yoʻlatmaydi. Shu daqiqalarda kampir bu dunyodan mutlaqo ajralib qoladi. Shunda u hamma narsani unutadi. Nazarida oʻzini ham qushga oʻxshagan allaqanday jonivorga aylanib qolganday his qiladi. Harakatlari ham gʻayritabiiy boʻlib qoladi.

Kaptarlar uzala tushib yotgan Olaparning ustida oʻrmalashib yurishar, juni orasidan nimalarnidir terib yegandek choʻqishardi. U esa mudraganicha yer bilan bitta boʻlib yotar, qushlarning choʻqishi unga shu qadar xush yoqardiki, birpasda koʻzi ilinardi.

Kampir yana don olib kelish uchun oʻrnidan turganida, gʻov ogʻziga yukini oʻzi tushiradigan mashina kelib toʻxtadi. Kampir qoʻlini soyabon qilib, kelganlarni kuzatdi. Kabinadan qoʻngʻiz moʻylovli haydovchi bilan Safar soqovning oʻziga oʻxshagan tili chuchuk oʻgʻli Tursunali tushdi.
— Hormang, Oybuvi momo! — dedi u shipshigan ovozda. — Kaptarlarni boqib yotibsizmi? Damlikkina yuribsizmi?

Shukur, bolam... Bir navi. Oʻzlaring omonmisilar? Ota-onalaring baquvvat yurishibdimi? Ancha boʻldi, enangni koʻrmadim. Qizimni kutyapman, hech daragi boʻlmayapti...
— Vaqt ziq, momo, siz bilan gaplashadigan gap bor, — Oʻgʻri qarash qildi Tursunali.
— Nima gap? Aytaqol tezroq, bolam, — uning ogʻziga tikilib agʻraydi kampir.
— Sizga bugʻdoy kerak emasmi?
— Kerak, bolam, qani endi uni olib kelib beradigan odam?
— Mana bu mashinaning kuzovi toʻla bugʻdoy. Olsangiz, arzon garovga sotamiz. Koʻp emas, sakson soʻm bersangiz boʻladi, — bidillab ketdi Tursunali.
— Voy! Bir mashina bugʻdoyni nima kilaman, boʻtam! — hayron boʻldi kampir.
— Xudo berganiga shukur kilib olavermaysizmi? Omborxonangizga oʻn mashina bugʻdoy sigʻadi. Shu bilan bir necha yil bugʻdoy olmaysiz. Oʻzimiz tashib beramiz.

Kampir ularni alqab-alqab rozi boʻldi. Bugʻdoyni omborxonaga tashish uchun ikkita xalta olib chiqdi. Shofyor bilan Tursunali terlab-pishib, bir zumda bugʻdoyni omborxonaga tashib kiritishdi. Kampir roʻmolchaga tugib, koʻrpaning orasiga qistirib qoʻygan pulini olib chiqdi. Tursunali pulning yarmidan koʻprogʻini olgach, ular shosha-pisha mashinaga oʻtirishdi.
— Biror kishiga bu haqda ogʻiz ochib yurmang, tagʻin, — tayinladi duduqlanib Tursunali ketayotganida, — bilasiz-ku, hozir odamlar oyogʻi bilan emas, ogʻzi bilan yuradi.

Kampir indamay agʻrayib turardi. Uning nega bunday deganini tushunmadi. Soʻng, roʻmolchasida qolgan pulga qaradi. «Yarmidan koʻprogʻi sakson soʻm boʻlsa, qolgani qancha ekan!» deya oʻylardi u pulni qayta tugarkan. Biroq Tursunalining 150 soʻmga yaqin olganini xayoliga ham keltirmasdi. «Dunyoda qanday yaxshi odamlar bor-a? — derdi oʻziga-oʻzi. — Xudoning oʻzi yetkazaman desa, hech gap emas ekan. Kizim bilan kuyovim bugʻdoyni koʻrib suyunishadi, - beixtiyor xayolidan oʻtkazdi kampir quvonchi ichiga sigʻmay. — Kaptarlarim bilan musichalarim Xudo degan ekan». — Kampir endi musichalar va kaptarlarga koʻproq don beradi. Ular qanchalik talashib don yeyishsa, kampir yayrab ketar, kuyib-pishib ular bilan oʻzicha soʻzlashardi.

U qirda kaptarlarga don sochib oʻtirgan edi. Urchugʻi yonida yumalab yotar, kaptarlarni qorni toʻyib, oʻzi bilan oʻynashishni istayotgan Olapar ularning har bir xatti-harakatidan koʻz-qoʻloq boʻlib, choʻnqayib oʻtirardi. Kun peshindan oqqan, mashriq tomondan salqin shabada esardi. Kampirning xayolini mashinaning boʻgʻiq ovozi buzdi, Gʻov oldiga usti yopiq kichkina mashina kelib toʻxtadi. Undan kishloq sovetida ishlaydigan Xoʻjatoʻpi mahallalik Turdibek bilan shapkali odam tushdi. Kampir uni doimo shapka kiyib, qishlok bolalarini tergab yuradigan Xolbek togʻbega deb oʻyladi. Diqqat bilan tikilgach, militsioner ekanligini payqadi. Ular oʻzaro nimalarnidir soʻzlashishdi. Soʻngra militspioner hovli tomon, Turdibek qirga qarab yurdi. Kampir yengida qolgan-qutgan bugʻdoyni uymalashayotgan kaptarlarga toʻkib, oʻrnidan qoʻzgʻaldi.
— Hormang, Oybuvi momo! — dedi Turdibek kampirga yaqinlasharkan. Negadir uning salom bermagani kampirning koʻngliga keldi. «Tursunali ham salom oʻrniga, hormang, deb kelgan edi. Bu ham he-be yoʻq shunday deb kelyapti. Odamlar salomni unutishyapti. Oxiri baxayr boʻlsin», oʻylardi kampir Turdibekka sinchkovlik bilan tikilarkan.
— Assalomu alaykum, boʻtam!
— Salom, momo!

Kampir salomdan soʻng nimadir demoqchi edi, unutib qoʻydi. Tiliga kalima kelmay Turdibekning ogʻziga tikilib turaverdi.
— Kaptarlarga don beryapsizmi? — xijolatomuz jilmayib soʻradi Turdibek.
— Ha, bolam, shundoq ermak qilib...

Shu payt Olapar irillab oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Kampir oʻgirilib qaragan edi, dumini qisib nariroq ketdi. Kaptarlar gurillagancha osmonga koʻtarilishdi. Turdibek sochilib yotgan bugʻdoyni kaftiga olib koʻra boshladi.
— Pastga tushaylik, momo! — dedi ovozi allaxil tovlanib, bugʻdoyni siqimlagancha soylikka qarab yurarkan.

Kampir indamaygina uning orqasidan ergashdi. Militsioner hovlini aylanib yurardi. Kampir bilan sovuqqina soʻrashgach, omborxonaning eshigini ochishni buyurdi. Kampir uzoq paypaslanib, eshikni ochdi. Bugʻdoyni koʻrib ikkisi ham anchagacha jimib qolishdi.
— Bugʻdoyni sizga kim olib kelib berdi? — dona-dona qilib soʻradi militsioner.
— Safar soqovning oʻgʻli bilan yana bir moʻylovli shopir, — dedi kampir allanima sezganday.
— Qachon olib kelishdi?
— Oʻtgan kuni.
— Ular bilan qachondan beri aloqa qilasiz?
— Qanaqa aloqa?
— Oʻzini goʻllikka solyapti, — Turdibekka qarab dedi militsioner,

Bu kishining ular bilan aloqasi yoʻq. Ular olib kelishgan, kampir sotib olgan, — dedi Turdibek toʻgʻrisini aytib.

Siz ishni pachava qiladigan koʻrinasiz, shekilli. Qaerdan bilasiz aloqasi bormi, yoʻq? — Turdibekka yovqarash qildi u.

Turdibekning dami ichiga tushib, jimib qoldi. Kampir zoʻrgʻa yutinib qoʻydi. Yutinganda koʻzlari yiltillab ketdi.
— Eng muhimi kalavaning uchini topdik, buyogʻi hech gap emas, — Oʻzicha gapirinib, nimalarnidir yozardi militsioner. Yozuvi tugagach, kampirga ruchka berib qoʻl qoʻydirdi.
— Ertaga ertalab rayonga, militsiyaxonaga borasiz. Bozorning shundoqqina roʻparasida, — dedi militsioner kampirning qoʻliga toʻrt burchak shaklidagi qogʻoz tutarkan.
— Buni nima qilay, boʻtam? — qogʻozni koʻrsatib soʻradi kampir.
— Bu chaqiriq qogʻozi. Shuni olib borasiz. Agar bormay qolsangiz, oʻzingizga qiyin boʻladi, — ta’kidladi u.

Kampir nimadir deb, javob bermoqchi boʻldi. Biroq, tiliga hech qanday soʻz kelmadi. Mehmon kuzatganday ular bilan iliqqina xayrlashdi. Soʻriga taklif qilgandi militsioner koʻnmadi. Ular ketgandan soʻng aql-hushini joyiga qoʻyib, voqeaning magʻzini chaqa boshladi. Oxiri oʻzicha nimanidir tushundi-yu, koʻzlari katta-katta boʻlib ketdi. Iztirobda butun vujudi yonardi.

Podaqaytar mahali boʻlib qolgan edi. Kampir echki bilan sigirni ajratib kelish uchun podaning yoʻliga chiqmoqchi boʻldi. Lekin turolmadi. Bir amallab sudralib uyga kirdi.

...Shu kuni ilk bor govmish bilan echki boyloqsiz qoldi. Kampirning koʻzini shamgʻalat qilib, oʻzini bedapoyaga uradigan echki ostonadan jilmadi. Yelini toʻlib ketganidan oyoqlari tarvaqaylab, bor ovozi bilan ma’radi. Shu kuni ilk bor buzoq ham onasini emolmadi. Mushuk uxlab yotgan kampir atrofida oʻrmalashardi. Govmish ogʻil bilan ostona oʻrtasiga borib kelardi. Ular shu alpozda tong ottirishdi.

Ertalab baliqlar buloqda gʻujgʻon oʻynagancha qolaverdi. Musichalar ostonada toʻplanib, nimanidir kutishardi. Echki erta-indin kampirning yettisiga soʻyilishini bilgandek, hovlini boshiga koʻtarardi...

Sugni olib ketish uchun kelgan Safargul avval kampirni chaqirdi. Javob boʻlmagach, eshagidan tushib, musichalar galasini uchirganicha uyga kirdi. Kirdi-yu, dodlagancha qaytib chiqdi.

Quyosh mashriqqa ogʻishi bilan begʻubor osmonni toʻldirib uchib kelgan kaptarlar galasi qirga qoʻnmadi. Ular yarim tunda ham uyalariga qaytmay, qishloq ustida aylanib uchishardi.